8-mavzu: Madaniyat, sivilizatsiya va qadriyatlar falsafasi. (2 soat). Ma’ruza rejasi
Download 82.66 Kb.
|
8 мавзу Маданият, цивилизация ва қадриятлар фалсафаси
2 – savol bayoni: sivilizatsiya. «Sivilizatsiya»1 tushunchasi, madaniyat tushunchasiga o‘xshash katta ahamiyatga ega bo‘lgan, keng foydalanadigan ilmiy tushunchadir. U Ma’rifat (XVIII asr) davrida ilmiy so‘z boyligiga kiritilgan. Eng umumiy ma’noda u yovvoyilikka nisbatan inson va jamiyatning holatini anglatadi. sivilizatsiyalashgan jamiyat nima? Bu erkinlik, adolat, aql, qonunga asoslangan jamiyat. Bu yerda moddiy madaniyatning rivojlanishi ham muhim rol o‘ynaydi. Shunday qilib, odam ancha tarixiy paytgacha yovvoyilik holatida qolib, ma’lum holatga o‘tgandan keyin sivilizatsiya belgilari paydo bo‘ldi. Unga nima yordam qildi? Bunga faylasuflarning fikricha mehnat taqsimoti, sinflar va tovar-pul munosabatlarining vujudga kelishi, davlatning paydo bo‘lishi, ma’anaviy madaniyatning rivojlanishi, yozuvning paydo bo‘lishi, ibtidoiy jamoada oilaviy munosabatlarning o‘zgarishi va boshqalar.
Sivilizatsiya (lot. civilis – fuqarolik, davlatga doir) atamasi har xil ma’noda ishlatiladi. Birinchidan – insoniyat rivojlanishida varvarlikdan keyin boshlangan va sinflar, davlat vujudga kelishi, urbanizatsiya va yozuv paydo bo‘lishi bilan tavsiflanadigan tarixiy bosqich. Mazkur talqinda «sivilizatsiya» atamasi «jamiyat» tushunchasi bilan qisman mos keladi va jamiyat hayotini tashkil etishning ijtimoiy shaklini tabiiy vujudga kelgan urug‘doshlik shakllariga qarama-qarshi qo‘yishga xizmat qiladi. Hozirgi adabiyotlarda «sivilizatsiya» atamasi o‘zining varvarlikka qarama-qarshi sifatidagi dastlabki ma’nosini saqlab qolmoqda. Ikkinchidan – barcha madaniyatlar yaxlitligining tavsifi, ularning umuminsoniy birligi sifatida («jahon sivilizatsiyasi», «ma’rifatli hayot tarzi» va sh.k.) namoyon bo‘ladi. Uchinchidan – «moddiy madaniyat» atamasining sinonimi sifatida: qulay narsa, texnika yaratadigan qulaylik (turar joy, ro‘zg‘or texnikasi, transport va aloqa, xizmatlar ko‘rsatish va sh.k.)ni ifodalaydi. To‘rtinchidan – tarixiy jarayon birligining tavsifi sifatida xarakterlanadi. Bu tushuncha ijtimoiy boylik rivojlanishi munosabati bilan tarixning muayyan bosqichlariga qiyosiy baho berish mezoni bo‘lib xizmat qiladi. Ayni holda jamiyatning rivojlanishi «ma’rifatlilik», «sivilizatsiya rivojlanishining quyi bosqichi», «sivilizatsiyaning umumiy darajasi», «sivilizatsiyaning oraliq bosqichlari» tushunchalari bilan tavsiflanadi. Ammo sivilizatsiyaning mazkur talqini o‘ziga to‘q emas, chunki uning rivojlanish darajasi yoki bosqichini aniqlash imkonini beradigan mezon yo‘q. Jamiyatning sivilizatsion asoslari sivilizatsiyalar tipologiyasida ayniqsa bo‘rtib namoyon bo‘ladi. Bunda sivilizatsiyalarning yevropacha va noevropacha tiplarini farqlash muhim ahamiyat kasb etadi. Bu farqlar shu darajada kattaki, yevropacha sivilizatsiya qadriyatlari uzoq vaqt oliy qadriyatlar sifatida tavsiflangan. Xo‘sh, yevropacha va noevropacha sivilizatsiyalar o‘rtasidagi farq nimada? Sivilizatsiyalarning tiplari. Noevropacha sivilizatsiyalar ancha katta guruhni tashkil etadi (A.Toynbi tasnifiga ko‘ra, bunday sivilizatsiyalar 21 ta). Bu sivilizatsiyalarning aksariyati betakror tarzda o‘ziga xos va ayni vaqtda umumiy tipologik jihatlarga ega. Bular yevropacha sivilizatsiyadan ancha oldin vujudga kelgan an’anaviy sivilizatsiyalardir. An’anaviy jamiyat juda sust rivojlanadi va mavjud hayot tarzini asrlar va hatto ming yilliklar osha saqlashga qodir. Noevropacha sivilizatsiyalarning xo‘jalik faoliyati qishloq xo‘jaligi, hunarmandchilik ishlab chiqarishi va texnologiyasining hukmronligiga asoslanadi. An’anaviy sivilizatsiyaning ma’naviy sohasida diniy-mifologik tasavvurlar hukm suradi, ilmiy bilimlarning dastlabki shakllari asosan mavjud faoliyat turlari uchun retseptura vazifasini bajaradi. Noevropacha sivilizatsiyalar evolyusiyasi siklliligi va o‘ziga xos institutlar va normalarga ega bo‘lgan davlat vaqti-vaqti bilan dam kuchayib, dam zaiflashib turishi bilan tavsiflanadi. Bunday jamiyat halokati sivilizatsiya tipini o‘zgartirmaydi, u ijtimoiy vorisiylik mexanizmlari yordamida avloddan-avlodga o‘tadi. Yevropacha sivilizatsiya ijtimoiy va madaniy rivojlanishning alohida tipi bo‘lib, u Yevropada taxminan XV-XVII asrlarda shakllangan. Uning o‘tmishdoshlari antik dunyo madaniyatlari va Yevropa xristiancha an’anasidir. Uyg‘onish davrida bu ikki an’ana sintezi texnogen sivilizatsiyaning teran o‘ziga xosligini va uning texnika va texnologiya jadal sur’atlarda rivojlanishini, odamlar o‘rtasidagi ijtimoiy aloqalar tubdan o‘zgarishini ta’minlagan madaniyatini shakllantirdi. Uning zamirida huquqiy davlatning vujudga kelishi, shaxs o‘z tashabbuskorligi, faolligi va mustaqilligi bilan oliy qadriyat sifatida ijtimoiy hayot markazidan o‘rin olishi yotadi. Odamlar o‘rtasida muloqotning faollashuvi va samarali kommunikatsiya vositalari paydo bo‘lishi texnogen sivilizatsiyaning o‘ziga xos xususiyatlaridan biridir. Madaniyatda ilmiy oqilonalik alohida o‘ziga to‘q qadriyat sifatida hukm suradi. Inson tabiatni faol va oqilona tarzda o‘zgartirishiga imkoniyat yaratgan qonunlarning kashf etilishi fanning ustunligini tasdiqlaydi. Unda yangilik va unumdorlik, biluvchi sub’ektning bilimi, erkinligi va mustaqilligini tinimsiz oshirish talablari shakllanadi. Sivilizatsiyaning «yevropacha» va «noevropacha» tiplari tushunchalari umumiy, muhim, jins bildiruvchi belgilarni qamrab oladi. Mazkur tiplar doirasida mavjud turga oid farqlar pirovard natijada jahon tarixida yevropacha sivilizatsiyaning betakrorligini e’tirof etish bilan bog‘liq. Ayrim mutaxassislar fikriga ko‘ra, u an’anaviy jamiyat madaniyatining mutatsiyasi natijasida vujudga kelgan va insoniyat tarixida uning o‘xshashi mavjud emas. Shunga qaramay sivilizatsiyalar tipologiyasi yevropacha va noevropacha rivojlanish xususiyatlari bilan cheklanmaydi, chunki insoniyat tarixida ozmi-ko‘pmi o‘xshash bo‘lgan ko‘p sonli sivilizatsiyalar mavjud. Jumladan, madaniy-tarixiy birlik belgisiga ko‘ra G‘arbiy, Sharqiy va Janubi-Sharqiy Yevropa mamlakatlarini, shuningdek yevropacha sivilizatsiyaga mansub bo‘lgan, lekin o‘z madaniyatining xususiyatiga ko‘ra farq qiladigan AQSh va Kanadani farqlash mumkin. Vujudga kelish va halok bo‘lish davriga ko‘ra hozirgi zamon sivilizatsiyalari va o‘lik sivilizatsiyalar (masalan, meksika, xaldeylar yoki qadimgi somiylar sivilizatsiyasi) farqlanadi. Sivilizatsiyalar tipologiyasida madaniy-diniy birlik belgisi ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi. A.Toynbi, S.Xantington va boshqa olimlar taklif qilgan sivilizatsiyalar tasnifida diniy omil muhim rol o‘ynaydi. A.Toynbi tasnifiga ko‘ra hozirgi vaqtda G‘arb-xristian, pravoslav-xristian, islom, hind, Uzoq Sharq sivilizatsiyalari mavjud. O.Toffler, D.Bell, K.Pekka ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanish darajasini tasniflash uchun asos qilib olib, quyidagi sivilizatsiyalarni farqlaydilar: - ilk sivilizatsiya (arxaik, an’anaviy yoki ibtidoiy jamoa); - qishloq xo‘jalik-hunarmandchilik sivilizatsiyasi; - industrial (sanoatlashgan) sivilizatsiya; - hozirgi postindustrial yoki informatsion sivilizatsiya. Shunday qilib, sivilizatsiya – tarixning, jamiyatning sifatiy o‘ziga xosligini, u yoki bu mamlakat doirasida amal qiladigan ishlab chiqarish kuchlari, inson faoliyati, madaniyati tomonidan belgilanadigan umumiy ijtimoiy qonuniyatlarning spesifikasini ifodalaydi. Bularning barchasi sivilizatsiyaning yaxlit bir butunligini ta’minlaydi, bu sifatiy xususiyatlar yo‘qolishi sivilizatsiyaning halokatini anglatadi. Demak, sivilizatsiya tushunchasi muayyan xalq, mamlakat, jamiyatga yoki uning rivojlanishining sifatiy jihatdan farqlanuvchi ayrim bochqichlariga nisbatan qo‘llanilgandagina aniq ilmiy va metodologik mazmunga ega bo‘ladi. Madaniyat esa sivilizatsiyaning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Agar ishlab chiqarish sivilizatsiyaning moddiy asosini tashkil etsa, madaniyat ijtimoiy hayotning barcha sohalarini qamrab olib sivilizatsiyaning qiyofasini, o‘ziga xos shakllanishini, mavjud bo‘lishi va rivojlanishini belgilab beradi. Shu bois, sivilizatsiya madaniyatning konkret namoyon bo‘lishini, uning real mavjud hayotini aks ettiradi. Shunday qilib, jamiyatning muhim xususiyatlari ijtimoiy hayotni tashkil etishning keng ko‘lamli shakli sanalgan sivilizatsiyaga asoslanadi. sivilizatsiyalar vaqtda va makonda o‘ta barqaror bo‘ladi, individlar va ijtimoiy guruhlarning aloqalarini tartibga soladigan va jamiyatning moddiy asoslarini ham, ma’naviy asoslarini ham belgilaydigan umumiy normalarga asoslanadi. Ular madaniyat va ijtimoiy munosabatlarning umumiy shakllarini yaratib, jamiyat hayotining tizim tashkil etadigan muhim asosi sifatida amal qiladi. sivilizatsiya - avlodlar vorisiyligini ta’minlovchi tarixiy tajriba manbaidir. sivilizatsiya ijtimoiy hayotning barcha omillarini: madaniyat va madaniyatsizlikni, yutuqlar va kamchiliklarni o‘zida birlashtiradi. Ma’lumki, jamiyat rivojlanishiga qarab uning normalari eskirib boradi. Ular mazkur sotsiumning o‘zgargan yashash sharoitlari bilan to‘qnashib, uning mavjudligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid soladi. Ammo muhimi shundaki, normalar o‘z holicha jamiyatning saqlanishini kafolatlamaydi, ular mazkur normalarga amal qilishga, ulardan o‘z faoliyatida foydalanishga, ularni o‘ziga xos tarzda talqin qilishga qodir bo‘lgan odamlarni shakllantirishni nazarda tutadi. Shu sababli madaniyat sivilizatsiyaning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Download 82.66 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling