9-mavzu. Globallashuv va global muammolarning falsafiy jihatlari
Download 47.14 Kb.
|
9-mavzu. Globallashuv va global muammolarning falsafiy jihatlari
Kelajak ssenariylari – bu kuzatilayotgan tendensiyaning ehtimol tutilgan kelajagi haqidagi u yoki bu tusmolni asoslovchi dastlabki farazlarning tartibga solingan yig‘indisi. Ssenariylar: a) u yoki bu nazariy vaziyatni qay yo‘l bilan bosqichma-bosqich amalga oshirish mumkinligini; b) voqyealarning muayyan rivojiga yo‘l qo‘ymaslik, ularni yengillashtirish yoki chetlab o‘tish uchun voqyealarning har bir ishtirokchisi uchun har bir bosqichda qanday variantlar mavjudligini aniqlaydi.
Shunday qilib, ssenariy murakkab tizimlarni o‘rganishga nisbatan tizimli va tarixiy yondashuvlarni birlashtiruvchi ko‘p variantli prognozdir; aksariyat hollarda u tavsifiy xususiyat kasb etadi va kompleks prognozlarni tuzishda keng qo‘llaniladi. Ijtimoiy hodisalar va jarayonlarning rivojlanish imkoniyatlarini prognoz qilish natijasi prognoz hisoblanadi. U kelajak u yoki bu muammolarining rivojlanishi va ularni yechishning mumkin bo‘lgan barcha variantlarini, ularning bir-birini istisno etuvchi variantlarini, stixiyali va ongli jarayonlarni, ularning vaqt va ko‘lam parametrlarini aniqlash imkonini beradi. Kelajakning ijtimoiy prognozlar taklif qilayotgan tavsifining mazmuniga qarab, ular insonni yo unga faol intilishga, yo uning yuz berishiga qarshi harakat qilishga, yo uni passiv kutishga da'vat etadi. Shu sababli har qanday ijtimoiy prognoz ilmiy-bilishga doir mazmunni ham, muayyan mafkuraviy vazifani ham o‘zida birlashtiradi. Bunda bilishga doir funksiya ustunlik qilishi ham, mafkuraviy funksiya ustunlik qilishi ham mumkin. Turli prognozlarning mazmuni va vazifasidan kelib chiqib, ularning to‘rt asosiy tipini farqlash mumkin. Qidiruv prognozi – ijtimoiy ob'ektning kelajagi qanday bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatish uchun tuziladigan prognoz. U rivojlanish qaysi yo‘nalishda yuz beradi, kelajakning muayyan davrida prognoz ob'ektining holati qanday bo‘lishi mumkin, degan savollarga javob beradi. Normativ prognoz – boshqaruvni optimallashtirish yo‘llarining oqilona tashkil etilgan tahlili. Bu prognoz obrazli qilib «teskari prognoz» deb ataladi, chunki unda o‘rganish teskari yo‘nalishda – kelajakdan hozirgi davrga qarab amalga oshiriladi. Normativ prognoz qo‘yilgan maqsadlarga erishish yoki qo‘yilgan vazifalarni yechish uchun nima qilish mumkin yoki kerak, degan savolga javob beradi. Normativ prognozning predmeti sifatida ijtimoiy jarayonlar xususiyatini butunlay o‘zgartirishga qodir bo‘lgan g‘oyalar, gipotezalar, farazlar, axloqiy me'yorlar, ijtimoiy ideallar, maqsadlar va mo‘ljallar amal qiladi. Analitik prognoz. U kelajakni o‘rganishning turli metodlari va vositalarining bilishga doir qimmatini ilmiy maqsadlarda aniqlash uchun tuziladi. Prognoz-ogohlantirish. Bu prognoz kishilarni ehtimol tutilgan kelajakning masalan, yuz berishi kutilayotgan ekologik halokatlarning oldini olishga majbur qilish maqsadida ularning ongi va xulq-atvoriga bevosita ta'sir ko‘rsatish uchun ishlab chiqiladi. Shuni qayd etish lozimki, prognozlarning bu asosiy tiplari o‘rtasidagi farq shartlidir; ayni bir konkret ijtimoiy prognozda bir necha turdagi belgilar mavjud bo‘lishi mumkin. Shunday qilib, ijtimoiy hayotni tartibga solishning ijtimoiy qonun, zaruriyat, ehtiyoj, manfaat, muammo, maqsad, vazifa, ideal, norma, kishilar faoliyatining tamoyili vositalaridan ongli ravishda foydalanish zamirida prognoz qilish yotadi. U bilishni amaliyot bilan bog‘lovchi bo‘g‘in sifatida amal qiladi, fanning nazariyani kundalik hayot bilan, bilishning amaliy voqyeligi bilan uzviy bog‘lovchi funksiyasi hisoblanadi. Ilmiy boshqarish, xususan, uning muhim funksiyalaridan biri – rejalashtirish prognoz qilishga asoslanadi. Prognoz qilish yuz berishi muqarrar bo‘lgan yoki ehtimol tutilgan maqbul ijtimoiy hodisalar haqidagi bilimlarni ham, nomaqbul ijtimoiy hodisalar haqidagi bilimlarni ham shakllantiradi.
Download 47.14 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling