9-mavzu. Mirtemir va zulfiya hayoti va ijodiy merosi


Download 140 Kb.
bet6/7
Sana25.02.2023
Hajmi140 Kb.
#1228609
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
9-MA\'RUZA

Na oltin, na javohir edim,
Armonli bir yosh shoir edim.
Zuhro bo‘lmasang ham chiroyda,
Men ishqingda naq Tohir edim.
... Gunohim ne? – Jangda bo‘lganim,
Qon kechganim, yuz bor o‘lganim.
Diydoringni unutolmayin,
O‘limlardan hatlab ketganim...

Lirik qahramon suratga tikilib, undan muhabbatiga vafo, sadoqat so‘roqlaydi. Uning qo‘ynida to‘rt yil asralgan surat esa jim. Undan ko‘zlari qiyg‘och, sochlari sumbul, tarqoq, zap qiyilgan qalam qoshli go‘zal beun boqadi. Uning ko‘zlarida bevafolik nash’asi o‘zini namoyon qiladi. Qalbi o‘ksigan yigit: “Yey voh, qanday zil yuk bo‘ynimda, seni asrab to‘rt yil qo‘ynimda...” – deya beun, sassiz faryod chekadi:


Ham nafratim, ham ayanchim bor,


Yurak – ikki dardga mubtalo.
Gʻamzalar... oh, bekor-ku, bekor...
Qayta og‘ir bo‘ldi bu balo!
Ko‘rmay desam, ko‘zim ko‘r emas,
Yurmay desam, oyog‘im butun,
Ammo yurak ortiq jo‘r emas,
Xayollarga bo‘laman tutqun.

“Surat” og‘ir hayot yo‘lini kechirgan, “O‘limlardan hatlab” o‘tgan, urush olovida toblanib ulg‘aygan kishining qalb nidosiday jaranglaydi.


Umrining oxirlarida Mirtemir dramaturgiya sohasiga murojaat qilib, “Birinchi prezident” degan sahna asari yaratdi. Unga shoirning yoshligida O‘zbekiston oqsoqoli Yo‘ldosh Oxunboboyev yonida kotiblik vazifasida ishlaganligi turtki bergan bo‘lsa ajab emas. Yoshlik taassurotlarini, xotiralarini va keksalik o‘y-mushohadalarini chatishtirgan holda Mirtemir o‘z asarida Yo‘ldosh Oxunboboyevning jonli timsolini gavdalantirishga intilgan edi. Balki mazkur asar dramaturgiya sohasida ilk tajriba sifatida maydonga kelganligi uchun bironta ham teatrda sahnalashtirilmadi va shoirning eng yaxshi she’rlari darajasida e’tibor qozonmadi. Demak, bu asar muallifning umri oxirigacha ham izlanishlardan tinmaganligidan guvohlik beruvchi hodisa hisoblanadi.
Butun umri davomida Mirtemir chinakam badiiy asarlar yaratish, tarjimalar qilish bilan bir qatorda o‘zidan teran fikrlarga boy adabiy-tanqidiy maqolalar ham qoldirdi. Ularning ko‘pchiligi shoirning zamondoshlari haqidagi xotiralari yoki ayrim asarlarga doir taqrizlar shaklida yozilgan bo‘lsa-da, ba’zilarida nazariy tafakkurni boyituvchi qimmatli qarashlar ham ilgari surilgan edi. O‘shanday qarashlar orasida Mirtemirning mashq bilan haqiqiy she’r orasidagi farqni tushunishga yordam beruvchi quyidagi so‘zlari adabiyot dunyosi uchun hech qachon o‘z qadrini yo‘qotmaydigandek tuyuladi: “Qofiyani qofiyaga urishtirishdan she’r emas, juda omadi kelganda, nazm paydo bo‘ladi. Holbuki, haqiqiy she’r timsollar silsilasidan dunyoga keladi”.
Mirtemir bir umr hayot haqiqatiga, go‘zalligiga ishondi va ularga talpinib yashadi. Shoir 1978 yilda 28 yanvar kuni Toshkentda olamdan o‘tdi.
Adib Uyg‘un ta’kidlaganidek, “Mirtemir she’riyatimizning haqiqiy ma’nodagi bobodehqoni, zahmatkash, ulkan shoirlaridan biri” bo‘lib qoldi.
Shoir Abdulla Oripov esa Mirtemir xotirasiga she’r bag‘ishlab, unda ustoz shaxsiyatini: “Yalangto‘sh, mehnatkash, qalam dehqoni”, – deb atagan edi.
Mirtemir ijodi yuzasidan tanqid va adabiyotshunoslikda 30-yillarda qizg‘in munozaralar bo‘lgan. Keyin esa adabiyotshunoslikda uning ijodini yoki ayrim asarlarini ijobiyroq baholash tamoyili ustunlik qila boshlagan. Shoir ijodiga oid diqqatga sazovor asarlar sifatida O.Sharafiddinovning “Mirtemir” nomli adabiy portretini, Q.Azizovning xuddi shunday sarlavhali biografik ocherkini, I.Gʻafurovning “Ona yurt kuychisi” va T.Halilovning “Mirtemir mahorati” kitoblarini ajratib ko‘rsatish o‘rinli bo‘ladi.

Bexato, [24.10.2022 15:46]


Zulfiya
(1915−1996)

Zulfiya XX asr o‘zbek she’riyati va dostonchiligida sezilarli iz qoldirgan shoira hisoblanadi. Uning she’riyatida hayot zavqi, yaratish shavqi, g‘oliblik g‘ururi, kelajak sururi hamda inson baxti, oshiqlar ahdi, xalqning yovga, yomonlikka g‘azabi, qirg‘in, urush keltirgan azobi-yu ayolning bardoshi, xullas, xilma-xil tuyg‘ular, fikrlar, g‘oyalar ifodalanadi. Zulfiya ijodining harorati, ruhini belgilagan omil undagi yuksak, jo‘shqin va faol insonparvarlikdir. U insonning shodligiga shodlik qo‘shishga, dardiga sherik, yarasiga malham bo‘lishga intilib, tinchlik, adolat, haqiqat, ezgulikni farzandini e’zozlagan ona kabi himoya qilib yashadi.


Zulfiya Isroilova 1915 yil 1 martda Toshkentning “O‘qchi” mahallasida, hunarmand-degrez oilasida tug‘ilgan. Bolaligidan u bahorga, tabiatga oshno bo‘lib kamolga yetgan. Bu haqda Zulfiya o‘z xotiralarida shunday deb yozgan edi: “Yes-es bilaman, bolaligimda kurtaklarning bargga aylanganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rgim kelardi. Tushlarimda bu holatlarni necha-necha bor ko‘rganman: jajji mushtdan ham jajjiroq kurtakchalar jilmayadi, jilmayisha yaproqlarga aylanadi, yaproqchalar hademay yoyiladi va shamolda raqs tusha boshlaydi”.
Zulfiyaning otasi Isroil Muslimov temirchi edi. “Otam kiyimlarining u yer-bu yerida cho‘g‘ izi, horg‘in kirib kelardilar, doimo olov isi kelardi otamdan. Otam po‘lat quyuvchi edilar. Men otamning cho‘g‘day po‘latni istagan shaklga sola olganlarini, undan turli buyumlar yasaganlarini, bundan rosa hayratga tushganlarimni ham kechagiday eslayman”,− deb xotirlaydi shoira.
Zulfiyaning onasi Xadicha opa shoirtabiat, ko‘p narsani biladigan, farzandlarini katta dunyo sari dadil yetaklagan, zehnli ayol edi. Xadicha opa xalq og‘zaki ijodini yaxshi bilar va bolalariga turli xil qo‘shiq, ertak, afsona hamda dostonlar aytib berar edi. Shoira o‘tmishini xotirlarkan: “So‘zga shaydolik hissini qalbimda oddiy bir ayol−ona uyg‘otgan, agar iste’dodim bor bo‘lgan bo‘lsa, uning chashmasi−onam”,− degan edi. Shoiraning bolaligi beg‘ubor va baxtiyor o‘tgan. U akalarini eslar ekan: “Mening to‘rt akam bor edi, biri-biridan ko‘rkam, yerga ursa ko‘kka sapchiydigan yigitchalar−mahallaning o‘smir bolalari... Ajoyib do‘stlar edik”, −deydi.
Zulfiya yoshligida Amerika yozuvchisi Benjamin Spok asarlarini sevib o‘qigan. O‘sha asarlar orqali u ma’naviy boy, pok hayot bag‘ridagina beg‘ubor bolalik bo‘lishi mumkinligiga yana bir karra ishonch hosil qilgan. Asqad Muxtor Zulfiyaning adabiyotga kirib kelishini kuzatar ekan: “Davr bilan birga ulg‘ayish, oiladagi nafosat doirasi, keyin esa Vera Inber, Olga Berggols, Silva Kaputikan kabi satrdosh dugonalar qurshovi, Hamid Olimjon, Oybeklarning quyoshli qalami uni cheksiz kengliklarga yetaklab chiqdi”,- deb yozgan edi. (Asqad Muxtor. Yulduzli she’riyat. “Tongning o‘ziday pok va yorqin”, maqolalar to‘plami. –T., “Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti”, 1996, 101 B. )
1928 yili boshlang‘ich maktabni tugatgan Zulfiya Toshkent xotin-qizlar pedogogika bilim yurtiga o‘qishga kiradi. Zulfiya umrining bu sahifasini “qo‘shiq avjlariday shiddatli “hujum”, deb atashardi.
O‘sha yillari Samarqand, Buxoro, Toshkent maydonlarida gulxanlar lovillar, unga qo‘shilib paranji-chachvon ham yonardi”,−deb xotirlaydi.
Xuddi shu yillarda Zulfiyaning qalbida adabiyotga qiziqish uyg‘ongan. U Alisher Navoiy, Lutfiy, Fuzuliy, Shekspir, Bayron, N.A. Nekrasov va M. Yu. Lermontovlarning asarlarini sevib o‘qidi. Yosh qiz Hamza, Sadriddin Ayniy, Abdulla Qodiriy, Gʻayratiylarning asarlarini o‘rganib, zamonaviy yozuvchilar ijodini sinchiklab kuzatdi. Daholar ijodini o‘rganish shoiraga qanot baxsh etdi. U o‘zining juftlangan, ohangdosh baytlar to‘qiy boshlaganini payqab qoldi. Zulfiyaning ilk mashqi bo‘lmish “Qizil durra” she’ri tug‘ilishiga paranjisini tashlab, zavod-fabrikalarda boshlariga alvon ro‘mol o‘rab ishlay boshlagan ayollar hayoti turtki bergani bejiz emas.

Bexato, [24.10.2022 15:46]


Zulfiya: “Dastlab, odamlar ko‘zidan yashirinib she’r yoza boshladim”,- deb xotirlagan edi. 1930 yildan boshlab “Ishchi”, “Yosh leninchi”, “Kolxozchi bolalar”, “Yangi yo‘l” singari gazeta va jurnallarda yosh shoiraning dastlabki she’rlari bosilib chiqadi. Uning 1931 yilda matbuotda bosilgan ilk she’ri “Ishchi” deb atalgan edi. O‘sha she’rini eslab, shoira: “1930 yildan so‘ng dadilroq bo‘lib qoldim, she’rlarim birin-sirin jurnal va gazetalarda bosilib chiqa boshladi”,− deb yozgan edi. 1932 yilda 17 yoshli shoiraning birinchi she’rlar to‘plami−“Hayot varaqlari” bosilib chiqdi. Undan “Yuksalish qo‘shig‘i”, “Men ishchi qizi”, “Zavod yo‘lida”, “Kolxoz qizi”, “Ozod qiz” kabi davr ruhi bilan sug‘orilgan she’rlar o‘rin olgan edi. Ammo bu she’rlarda muallifning dunyoga, voqelikka, insonga o‘z nuqtai nazaridan qarash yo‘q edi. “Hayot varaqlari” kitobi haqida shoiraning o‘zi shunday degan edi: “Bu to‘plamni varaqlab qolganimda, ko‘zimga g‘o‘rlik va kamchiliklar yaqqol tashlanib, meni xijolatga soladi”. Shunday bo‘lsa-da, bu she’riy to‘plamcha o‘sha vaqt uning tuyg‘ulariga bir olam quvonch baxsh etgan edi. Shoira “Hayot varaqlari” to‘plamida turmushga, insonlar qalbiga yaqinlik, ya’ni mavzuni, fikrni, tuyg‘uni, orzu-armonni ulardan qidirishga dav’at etadi.
Shoira ilk ijodidagi kamchiliklarni o‘sha vaqtdayoq sezgan edi va butun kuchini o‘qishga, bilim hamda mahoratini oshirishga, iste’dodining tarbiyasiga sarf qilgan edi. Bu sohada taniqli adib Hamid Olimjon bilan taqdirining bog‘lanishi shoira hayoti va ijodida ulkan burilish yasadi. U voqeani Zulfiyaning o‘zi quyidagicha xotirlagan edi: “Hamid Olimjon mening uchun talabchan ustoz, mehrli do‘st edi. She’rlarimni ilk bor hayajondan titrab, unga o‘qirdim. U ayovsiz tahrir etardi”.
1933 yili o‘qishni tugatgan Zulfiya Toshkent davlat pedagogika istitutida tahsil oldi (1933−1935). Keyin esa u A.S. Pushkin nomidagi Til va adabiyot ilmiy tekshirish instituti aspiranturasida o‘qidi (1935−1938). So‘ngra u “Bolalar” nashriyotida muharrirlik qila boshladi, keyinchalik Zulfiya “Saodat” jurnalida bosh muharrir bo‘lib ishladi. U Osiyo va Afrika yozuvchilar harakatida faol qatnashdi, mamlakatimiz vakili sifatida Hindiston, Yugoslaviya, Shri-Lanka, Misr kabi mamlakatlarda bo‘ldi.
1938-1939 yillarda adibaning ikkita she’riy to‘plami − “She’rlar” va “Qizlar qo‘shig‘i” chop etildi. Shoira bu to‘plamdagi she’rlarida ona -Vatan tabiatining go‘zal manzaralari, chaman bog‘larini zavq bilan kuylaydi. “Bahor”, “Bahor kechasi” shunday she’rlar jumlasidandir. “Hojar”, “Nishondor”, “Seni sevdim”, “Studentka” kabi she’rlarida shoira xotin-qizlar tushunchasidagi hayotga, istiqbolga dadil intilishlarni yorqin ifodalaydi.

Savod so‘zin bilmadi onang,


Sen-chi, mudom kitobga yo‘ldosh.
Nelar ko‘rgan inson o‘tmishda,
Nelar bo‘lgan ish, dono sirdosh?
Kechirganing shu marmar tongda
Sen o‘qiding, men she’r yozdim.
Ey nur qizi, shod studentkam,
Shu parchani senga atadim.

Bexato, [24.10.2022 15:46]


Zulfiya sevgi-sadoqat, hijron, o‘lim, ona, tong, dunyo, umr, hayot, yurtdoshlari jasorati, irodasi haqida yozadi, yozganda ham ularni o‘z taqdiri nuqtai nazaridan, shaxsiy dardi, tashvishi tarzida talqin qiladi.
Bu vaqtda shoiraning o‘sha davr siyosati, mafkurasi ta’siri ostida yozgan “Saodatning chet ellik bir xonimga javobi”, “O‘zbek qizi ovozi” kabi she’rlarini e’tiborga olmaganda, ko‘pgina asarlari haqiqiy lirika namunalari darajasiga yaqinlashgan edi.
Zulfiya she’rlariga xos xususiyatlardan biri shundaki −shoira siyqasi chiqqan obrazlardan qochadi, ko‘proq istioraviy fikrlarni ifodalashga intiladi.
Urush yillarida Zulfiyaning ijodi yanada mazmundorlik, badiiy jihatdan mukammallik kasb etadi. Shoira “Uni Farhod der edilar” (1943), “Hijron kunlarida” (1944), rus tilida “Vernost” to‘plamlarini nashr ettirdi. Bular orasida “Qo‘limda qurol-u ustimda shinel”, “Gullar ochilganda”, “Palak”, “O‘g‘lim, sira bo‘lmaydi urush” she’rlari, ayniqsa, diqqatga sazovordir.
“Urush yillari kamolot davri bo‘ldi,− deydi Zulfiyaning o‘zi.−Aqlli gaplarni o‘ylab topishga, yasama dard yoki zavq-shavqni kuylashga o‘rin qolmadi, turmushning o‘zi qat’iyat bilan haqiqat talab qildi. Beixtiyor ravishdami yoki birovning tajribasiga murojaat qilish natijasidami, asl so‘zlar o‘z-o‘zidan quyilib kelavergandan keyin, ularni o‘rni-o‘rniga joylashtirish, bir-biriga bog‘lash yo‘lini topar ekansan... 1947 yilda chiqqan “Hulkar” kitobim yangi ishning yakuni bo‘ldi. She’rlarim voqeaband bo‘lib qoldi. Men bu she’rlarga o‘z ruhiy tariximning bir parchasini joylashtira boshladim: bu parchaning o‘z tuguni, kulminatsiyasi va yechimi bor edi. Endi yozmoq uchun, Lev Tolstoy aytganidek, dastlab, gapning uchini uchiga ulab olishim kerak edi. She’rni boshlab qo‘yib, oxirini topmagunimcha uni davom ettirolmas edim. Endilikda qayoqqa qarab ketayotganligimni bilganimdan yo‘lning eng qisqasini izlab topa olardim. Natijada she’rlarim muxtasar va tugal bo‘la boshladi”:

Kelib derazamdan boqding jilmayib,


Ko‘rdim-u, sevinchdan tilim bo‘ldi lol.
Bir nafasga keldim, deding, ko‘rgali
Qushday uchib chiqdim oldingga darhol.
Men uyg‘onib qoldim. Qalbim bezovta,
So‘ngra bedor o‘tdim ol tong otguncha.
Ham tushda, ham o‘ngda izlayman seni,
Sen yovni yo‘qotib, omon qaytguncha.

Zulfiya sevgini ardoqlab, hijrondan shunchalar qo‘rqadiki, hatto yorini “tushda ko‘rmoqlik”ni “hijronli kunlar”idan afzalroq deb qarar edi.


Zulfiya she’rlariga o‘z ruhiy tarixining bir parchasini joylashtira boshlaganidan uning ijodida keskin ko‘tarilish yuz berdi, chunki Ibsen so‘zlari bilan aytganda: “Boshidan kechirmoq bilan yashamoqni bir-biridan farqlamoq kerak, faqat birinchisigina ijod manbai bo‘lib xizmat qiladi”. Shoira boshidan kechirganlarini, hayotiy tajribalarini, ruhiy tarixini, hissiy holatlarini, qalb zarblarini tahlil etish orqali keng olamga va kishilar ichki dunyosiga chuqur kirib bordi.
Zulfiya baxtiyor ayollar g‘ururini ifodalovchi, urush boshidanoq qizlar irodasi va mardligini ochuvchi ko‘plab she’rlar yozdi. Shoiraning ko‘plab asarlarida sevimli yorini frontga jo‘natib, hijron azobiga dosh berayotgan ayol timsoli yaratilgan. Ular orasida “Palak” she’ri alohida diqqatga sazovordir. Chunki 1943 yilda yozilgan bu asarda milliy kolorit juda yaqqol seziladi:

Qizlar bo‘yi yetsa, tikardi palak,


Men seni sevdim-u, oldim qo‘limga.
Savatda tovlanar rang-barang ipak,
Bahor nusxa tashlar chizgan gulimga.
Uni tika berdim kechalar bedor,
Qarshimda surating, tortdim qatimni,
Xayolimda sensan doim, aziz yor,
Ishqing bilan chekdim sevgim xatini.
Yovni tamom qilib, sen qaytsang g‘olib,
Ishqda birga tepgay bizdagi yurak.
Seni qarshilagay quyoshday yonib,
Yo‘lingga ko‘z tutib men tikkan palak.

Bexato, [24.10.2022 15:46]


Laziz Qayumov shoiraning ushbu she’rini tahlil qilar ekan, shunday deb yozgan edi: “She’r shu qadar samimiylik bilan yozilganki, uni o‘qiganingda urushning og‘ir kunlarida mehnat qilib, charchab uyga kelgan, uyqu qochgan uzun tunlarda yorini o‘ylab palak tikib o‘tirgan muqaddas va pok yor obrazi ko‘z oldingizda yorqin gavdalanadi.” (Qayumov L. Zamondoshlar. – T., “Mumtoz so‘z”, 2011, 107 B. )
Shoira xalqining ruhini, o‘zgalarning hijroni, g‘ami va shodligini o‘ziniki sifatida chuqur his etib tasvirlay oldi. Shelli aytishicha: “Haqiqiy oliyjanob bo‘lish uchun inson o‘zini o‘zganing va ko‘pgina boshqalarning o‘rnida tasavvur qila olishi kerak”. Zulfiya bu yillarda xuddi mana shu ijodiy prinsiplarga suyangan edi, keyinchalik bu yo‘l unga doimo hamroh bo‘ldi. Masalan, shoira 1942 yilda shunday yozgan edi:

Ishonchim buyukki, bo‘lar zo‘r bayram,


Mening sevganim ham qaytadi g‘olib.
Yo‘liga chiqaman quchog‘im to‘la,
Bog‘laringda o‘sgan gullardan olib.

Zulfiya urush tugagach yozgan “Gʻoliblar qaytganda” she’rida go‘yo yuqoridagi asar syujetini davom ettirgandek, diqqatni o‘sha lirik qahramonning holatini chizishga qaratadi.


Gʻalaba ko‘plarning hijroniga chek qo‘ydi: “O‘ldiruvchi qattiq bir hijron zafar alangasida tamom yondi”. Ammo bu qahramonning sevgilisi qaytmadi. Olamni g‘alaba shodiyonasi tutgan bir paytda, u sevgilisining suratini olib, “o‘ksib-o‘ksib boqadi, yanog‘ida tomchilar qotadi”. Biroq g‘alabadan va butun el shodligidan quvongan ayol: “Chiqmasam bo‘lmaydi, butun elda to‘y”, deb guldasta olib g‘oliblarni qutlagani chiqadi.
“O‘g‘lim, sira bo‘lmaydi urush” she’rida ham urushdan qaytmagan er-yigitlar, jangda eridan ajragan ayol haqida yozib, uning goh bo‘yi yetib qolgan o‘g‘li bilan gaplashib, goh yonida otasi yo‘qligidan o‘ksinishini Zulfiya o‘ziga xos tarzda tasvirlagan.
Ona deydi:
Urush, noming o‘chsin jahonda,
Hamon bitmas sen solgan alam.
Sen tufayli ko‘p xonadonda,
Ota nomli buyuk shodlik kam.
Ikkala she’rida ham Zulfiya o‘zgalarning shodligi va g‘amini o‘zinikidek his qiladi, o‘zinikini esa xalqnikiga qo‘shib yuboradi.
Urushning og‘ir yillarida Zulfiya uchun juda katta yo‘qotish sodir bo‘ldi. U 1944 yili umr yo‘ldoshi Hamid Olimjondan fojiaviy halokat tufayli ajralib qoldi. Zulfiya umrining oxirigacha uning yodi bilan yashadi. Shoira o‘sha fojiani eslarkan, shunday deydi: “Yillar o‘tdi, yillarning biri bilan qo‘shilib Hamid Olimjon ham ketdi. Endi men satrlarimga uning nigohi bilan qarashni o‘rgandim. Hali hanuz mening juda ko‘p qoralamalarim ish stolim g‘aladonlarida aynan shu nigohdan o‘tolmay qolib ketadi”.
Shoira Hamid Olimjonga bo‘lgan muhabbati, sadoqati, vafosini o‘z xatti-harakati bilan isbotlagani holda, uni she’rlarining mazmuniga aylantirdi. “Hijron kunlarida”, “Baxtiyor sevgini kuylaydi sozim”, “Sen qaydasan, yuragim”, “Bahor keldi seni so‘roqlab” kabi she’rlar shu hijronning mevalaridir:

Sog‘inganda izlab bir nishon,


Qabring tomon olar edim yo‘l.
Keltirarding menga bir zamon,
Endi har chog‘ men eltaman gul.
Hijroning qalbimda, sozing qo‘limda,
Hayotni kuylayman, chekinar alam.
Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda,
Men hayot ekanman, hayotsan sen ham.

Bexato, [24.10.2022 15:46]


Ko‘rinadiki, ilgarilari yigit sevgilisiga gul taqdim etish bilan ikki qalbni bitmas-tuganmas shodlikka to‘ldirgan. Endi esa yigit o‘limidan so‘ng ayol sevgilisi qabriga gul qo‘yish bilan birga, ruhini hadsiz-hududsiz iztirob qamraganini, mangulikka daxldor sadoqatini yuzaga chiqaradi. Demak, mazkur misralarda tazod san’atini o‘ziga xos qo‘llash orqali shoira qahramonlari ko‘nglidagi ziddiyatli tug‘yonlarni ta’sirchan shaklda ro‘yobga chiqarishga muvaffaq bo‘lgan. Shu tariqa bevaqt judolik oqibatida shoira qalbida tug‘ilgan yangidan-yangi tuyg‘ular uning ijodida ilgari deyarli uchramagan tashbehlar, jonlantirishlar, istioralar yuzaga kelishiga yo‘l ochgan. Natijada, muallifning eng nozik, eng ezgu tuyg‘ularini nihoyatda teran va lirik kashfiyot darajasiga ko‘targan “Bahor keldi seni so‘roqlab” kabi she’rlari tug‘iladi. Bunday she’rlar Zulfiya ijodida falsafiy ruhning teranlashuviga yo‘l ochdi. Oqibatda shoira ijodida muhim hodisa hisoblanuvchi va deyarli boshidan oxirigacha o‘quvchini hayotning ma’nosi, yashashning mazmuni haqida o‘ylashga majbur qiluvchi “Kamalak” she’riy turkumi maydonga keladi. Unga kirgan “Bo‘m-bo‘sh qolibdi bir varaq qog‘oz”, “O‘g‘irlamang qalamim bir kun” she’rlari inson umrining qadr-qimmatini san’atkorona ulug‘lovchi falsafiy lirikaning nodir namunalari darajasiga ko‘tarildi. Zulfiya she’rlari bilan kishilar yuragiga yaxshilik urug‘i sepib, qalb harorati yordamida uni isitmoqchi bo‘ladi. Agar “qalbidagi o‘t kor qilmasa, u sochini yoqib, uchqun sochmoqqa” ahd qiladi. Shoiraning kishilarni yuragiga yaqin olishi, hammani “ko‘zi-qoshi singari do‘st, abadiy yelkadosh, taqdirdosh birodar” hisoblashi, “yurtim xotirasi-mening yuragim” deyishi shundan.
Uning “O‘g‘irlamang qalamim bir kun” she’ri aynan mana shunday Vatanga, xalqiga, kishilarga bo‘lgan muhabbatini o‘zida mujassamlashtiradi:

Hazilingiz ko‘chirdi jonim,


Naq yaroqsiz qolarday bu chun.
Sirqiradi tole’ imonim,
O‘g‘irlamang qalamim bir kun.
Meni etmang soqov va cho‘loq,
Taqinchog‘im, anjomim to‘kin.
Bari qo‘lga, ko‘zga yaqinroq,
Yetar, olmang qalamim bir kun.

Muallif o‘z qalamini hamma narsadan ustun qo‘yadi. Shoira she’rini shunchalik sevadiki, unga ta’sir etishdan “tole−imoni” zirqiraydi. Uning uchun taqinchoq, asbob-anjomlar hech narsa emas, uning uchun hammadan ustuni−ruhiy dunyosi:


Men Hofizdek ulashmayman yurt,
Iste’dodim, qalbim sizlarga.
Yaxshi nomim, baxt-sevinchim but,
Barchasini beray qizlarga.
Yuragimdan uzayin parcha
Va keltirib sham deb tutayin,
Xohish, kohish, izmingiz barcha−
Barchasini ko‘zga surtayin,
O‘g‘irlamang qalamim bir kun.

Shoira iste’dodini, qalbini xalqiga baxshida etishga tayyor. U hatto yuragini “sham kabi” tutib, o‘rniga hech narsa so‘ramaydi:


Gar paxtadan tushmasa reja,


Sochlarimni berayin qo‘shib.
Sizga orom bermasa kecha,
Oling mendan, men bedor jo‘shib.
Baxtingizni olay qalamga,
Ochib beray sizga qalbingiz.
Shuhratingiz yoyay olamga,
Mehnatingiz, sevgi kashfingiz,
O‘g‘irlamang qalamim bir kun.
Qalam-la men to‘qiyman qo‘shiq,
U−insonga, elga hurmatim.
Burchin bekam ado etgan yo‘q,
Qarzim uzar ikki farzandim.
Farzand mehri va qalamimni,
Xudo haqqi, qo‘ying o‘zimga.
Usiz qolsam, o‘ldi deb mani,
Sekin parda torting yuzimga,
O‘g‘irlamang qalamim bir kun!..

Bu yerdagi so‘zlar shunchaki sharqona lutf emas, balki shoiraning ijodiy muddaosi. U o‘z she’riyati orqali xalqining baxti, insoniyligi, qalbining beg‘uborligini kuylaydi.


Zulfiyaning she’riy turkumlari ko‘p bo‘lib, har birida uning ruhiy olamidan yangi qirralar yuzaga chiqadi. Agar “Hijron kunlarida” turkumida urushning shafqatsiz alangasidan qalbning g‘olib chiqishi ifodalansa, “Yuragimga yaqin kishilar”da insondagi matonat, sadoqat, ona-vatan mehri jo‘sh uradi. “Mushoira” turkumida esa insonning taqdiri, tashvish, intilishlari mushtarakligi ta’kidlanadi. Bunda shoira avlodlar davomiyligi, hayotning qonunlari haqida fikr yuritadi:
Kechagina borliq edi moviy qor,
Sevgidayin kun taftida eridi.
Esda:
Biz yosh, qor bahordan serviqor,
Tanimizda ming bir oftob bor edi.
Necha ajdod kechgan bog‘da yo‘l qoldi,
U yo‘llarda sizu mendan yo‘qdir iz,
Sizni men-u

Bexato, [24.10.2022 15:46]


, Meni onalik oldi,
Ayol jinsi ketmas hayotdan izsiz.

Bexato, [24.10.2022 15:46]


Bu misralarda shoira kecha va bugun haqida nihoyatda teran fikr yuritganining guvohi bo‘lamiz.
“O‘ylar”, “Yillar, yillar” turkumlarida bo‘lsa hayot va inson, umr mazmuni, muhabbat va sadoqat, yashash va kurash ma’nosi ustida fikr yuritiladi:
Muz kuydirar qalbimni,
Bor vujudim bo‘lar part.
O‘t quchganda tanimni,
Tortmagandim bunday dard.
Muz kuydirar qalbimni,
Chip-chip uzar tutganin.
Na chora, muzday keldi
Alanga deb kutganim.

Zulfiya ijodining xususiyatlaridan biri shundaki, u hayotda deyarli hamma narsani inson qalbidan o‘tkazgan holda xilma-xil kashfiyotlar bilan bog‘liq tarzda ko‘rsatishga intiladi. Ammo Zulfiya ularni ayol qalbi ila tinglab turib, idrok etib shoira ovozida kuylaydi.


Shoira hayoti davomida ko‘p mamlakatlarda bo‘ldi. Uning Hindiston safari natijasi bo‘lgan “Mushoira” asari juda katta shuhrat qozondi. “Mushoira”da Zulfiya umuminsoniy g‘oyalarni, Sharq xalqlarining “bir ulkan qalb bo‘lib birlashib”, “haqiqat va nurga intilishi”ni ta’sirchan shaklda ifodalaydi. Shoira birdamlik tuyg‘usini oddiy turmush tafsiloti-“o‘zi bir dunyo” bo‘lgan poyabzallarni tasvirlash orqali ta’kidlaydi. Keyin shoira she’r o‘qiyotganlarning qalbiga, ko‘ziga, sochiga boqadi. U “daryoday oqqan ko‘z yoshida” , iroda va umidda Osiyo, Afrika xalqlarining ayanchli ahvoli, haqiqat yo‘lidagi kurashi hamda ertangi porloq kuniga ishonchini ifodalaydi:

Go‘zal tuproq uzra quyildi oqshom,


Kunduz olar dam.
Jo‘shqin mushoira etadi davom,
Do‘stim, kel sen ham!
Yangi kuy, yangi o‘y olib shoirlar
Davraga kelardi, kelardi hamon.
Dillarni payvandlar edi satrlar,
Do‘stlik, qardoshlikning ko‘prigisimon.

Zulfiyaning she’rlari ixchamligi bilan ajralib turadi. Shoiraning “Uni Farhod der edilar”, “Quyoshli qalam”, “Xotiram siniqlari” dostonlari ham juda ixcham tarzda yozilgan. Zulfiya doston janridan ko‘ra lirik shaklda ijod qilishni xush ko‘rgan. Uning “Yuragimga yaqin kishilar” turkumiga kirgan badiiy suhbat bobida bu haqida o‘zi shunday yozadi: “Doston janrini uncha xush ko‘rmayman, undagi kenglik menga maydalashib ketgandek tuyuladi. Men siqiq janrni− lirikani sevaman”.


Zulfiyaning urush yillari yozilgan va elga manzur bo‘lgan birinchi dostoni “Uni Farhod der edilar” asari edi. Doston markazida hayotda chindan ham mavjud bo‘lgan qahramonning vatanparvarlik, mardlikka to‘la ma’naviy dunyosi tahlil etiladi. Asar zamirida, san’atkorning so‘zi bilan ishi bir bo‘lishi kerak, degan g‘oya yotadi. Dostonga asos qilib olingan san’atkor Qobil qori Siddiqov o‘zbek sahnasida juda ko‘p rollar ijro etib, qahramonlik, insonparvarlik, yurtga jonfidolik kabi tuyg‘ularni namoyon qilgan edi. Qobil qorining so‘zi bilan ishi bir edi. U frontga borib, jonini ona-vatan yulida tikadi, qurbon bo‘ladi. Uning qahramonona kurash yo‘li va fojiali taqdiri “Hayotimizni saqlab qol, do‘stlar uchun qasos ol”, degan chaqiriq yanglig‘ yangraydi:
Keng paxtazor, vodiy bog‘-bo‘ston,
Bari bo‘lib bir O‘zbekiston,
Go‘yo unga bag‘ishladi kuch,
Dedi:−O‘ch ol, dushmandan ol o‘ch.

Zulfiya Oybek xotirasiga bag‘ishlangan “Quyoshli qalam” dostoni bilan biz uchun ajoyib meros qoldirdi. Dostonda Oybek bizning ko‘z o‘ngimizda zahmatkash ijodkor, ulkan yozuvchi, shuningdek, xasta vujud egasi hamda nuroniy siymo sifatida gavdalanadi. Shoira uning qiyofasini jonlantirishda o‘z xotiralariga, yozuvchi bilan qilgan safari, suhbatlariga, asarlaridan olgan taassurotlariga tayanadi. “Quyoshli qalam” dostoni Oybekning Vatan, xalq, tarix, kelajak avlod oldidagi burchi to‘g‘risidagi asar. Unda yo‘l obrazining falsafiy ma’no kasb etishi bejiz emas. Shoira uning vositasida Oybekning ruhiy olami, yuksak orzu-armonlarini teran ifodalagan:


Noqulay jimlikni ko‘tarar mezbon:


−Olinglar, mana bu “qora janjal”dan.
Shoir yana kayfga qaytganday shu on,
Dedi:
−O‘zbek xalqi shoir azaldan.
Uzum−“qora janjal”, yurak−kabutar
Sahro−Tollimarjon, qishlog‘i –Vodil,
Hayotni xayol-la bezab naq marjon,
Go‘zallik yaratib kelar ming-ming yil.

Bexato, [24.10.2022 15:46]


Zulfiyaning so‘nggi nidosidek jaranglab qolgan “Xotiram siniqlari” ham xuddi “Quyoshli qalam” singari lirik doston hisoblanadi. Unda shoira deyarli ilgari hech bir she’rida ifodalay olmagan his-tuyg‘ularini, zamon o‘zgarishi bilan tug‘ilgan qarashlarini to‘kib solishga, hissiy emotsional tarzda kishilarga yetkazishga urinadi. Dostonda shoira istiqlol davrini hurriyat sifatida olqishlaydi. Shu o‘rinda O‘zbekiston xalq yozuvchisi P. Qodirovning “Zulfiyaxonim mehrigiyosi” maqolasidagi fikrlarini keltirib o‘tish o‘rinli: “Zulfiya opa kamtarlik bilan “Xotiram siniqlari” deb atagan dostonlari biz boshdan kechirgan mustabid zamonlar haqiqatini olmos qirralaridek nurlantirib ko‘rsatadi. Doston so‘ngidagi:

Kelding-yey, Istiqlol, istiqbol bo‘lib,


Qalbiga nasiming bilan yo‘l solding.
Sen shu hur nazmga ixtiyor berib,
Men og‘ir bulutdek bir yog‘ib oldim...-
degan satrlari Zulfiya opaning mardona ruhi istiqloldan hurlik olib, yangi yuksaklikka ko‘tarilganidan va shu yuksaklikda gavharday bebaho she’rlar yaratganidan dalolat beradi.” (Qodirov P. Zulfiyaxonim mehrigiyosi. “Tongning o‘ziday pok va yorqin”, maqolalar to‘plami.-T., “Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va san’at nashiryoti”, 1996, 58 B.)
Avvalgi dostonlardan “Xotiram siniqlari” asari psixologik tahlilning teranlashganligi, umumbashariy falsafa ifodalanganligi bilan ajralib turadi. Zulfiya bu dostoniga o‘z tarjimai holi sahifalarini asos qilib olib, xalqimizning og‘ir, dahshatli, ammo qahramonona yo‘lini haqqoniy ifodalab bergan. Asarda asosiy mazmunni ifodalovchi so‘zlar qayta -qayta ishlatilib, hissiyot, tuyg‘u, kechinmalar to‘la yuzaga chiqarilishiga erishiladi:

Onam qo‘lida mushtdek tuguncha−


Tosh shaharni kezar avaxta izlab.
Avaxta nechadir, zor ona necha,
Nechalar yashardi zamonni sizlab.
Taqdir, taqdir dedim, yashadim uzoq,
Taqdir peshonaga yoziq, deyishdi
Yoziqni peshonaga urdim-u biroq
Men sindim, qonimdan g‘ishtlari pishdi.
Alam yomon, ko‘zing ko‘r bo‘lsa,
Lekin so‘qir dillik undan-da dahshat.
Xalq ganjin yulmoqqa cho‘zilgan qo‘lga
Biz alvon guldasta tutibmiz faqat.

Shoiraning ko‘z oldiga do‘zax va jannat manzarasi keladi. U bosib o‘tgan yo‘lini, qilmish-qidirmishini haqiqat tarozisiga qo‘yadi−gunohi ko‘pmi, savob ishimi? Shuni aniqlashga urinadi. Axir shoira halol yashadi, riyo-haromdan uzoq yurdi, qilgan ezgu ishlari, ko‘rgan azob-uqubatlari jannatga yo‘l bermaydimi? So‘ngra o‘zi: “Bosh-oyoq quyuq jismimni nimasini ham yoqardi do‘zax o‘tlari!”−deb yozadi. Qatag‘onlarga to‘la mustabid tuzumga nisbatan isyonkorlik, alamzadalik ruhi bilan sug‘orilganligiga ko‘ra, “Xotiram siniqlari” dostoni mashhur rus shoirasi A.Axmatovaning “Rekviym” asariga hamohangdek jaranglaydi. A.Axmatova va Zulfiyaning bu asarlarini zulmlar, ta’qiblar, nohaqliklar qarshisida ayol ilojsizligidan, ojizligidan tug‘ilgan iztiroblar hamda ularning barchasiga nisbatan qalblarda to‘lqin urgan isyonkorlik ruhi mushtarakligi o‘zaro yaqinlashtiradi.


Zulfiya shuningdek, A. S. Pushkin, M. Yu. Lermontov, T. G. Shevchenko, L. Ukrainka, N. Tixonov, V. Inber, Edi Ognesvet, Q. Quliyev kabi adiblar ijodidan namunalar tarjima qildi.
Zulfiya 1995 yili “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi. O‘zbekiston xalqining ardoqli farzandi Zulfiya 1996 yilning 1 avgustida vafot etdi. U o‘zidan avlodlarga meros sifatida ayol qalbi to‘g‘risidagi haqiqatni qoldirib ketdi. Uning ijodi yuzasidan tanqid va adabiyotshunoslikda rus hamda o‘zbek tilida ko‘plab maqolalar, kitoblar e’lon qilingan. Ularning aksariyatida shoira ijodi ancha ko‘tarinki pardalarda talqin etilgan. Zulfiya ijodiga bag‘ishlangan tanqid va adabiyotshunoslik asarlari orasida O. Sharafiddinovning “Qalbimizga yaqin shoira” maqolasi, L. Qayumovning “Shoira Zulfiya”, A.Akbarovning “Zulfiya” (rus tilida) kitoblari nozik kuzatishlarga hamda teran qarashlarga boyroq ekanligi bilan ajralib turadi.



Download 140 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling