A. Yuldashev “lingvistik tahlil metodlari” fanidan ma’ruzalar matni toshkent-2021


Download 276.68 Kb.
bet5/65
Sana14.11.2023
Hajmi276.68 Kb.
#1772083
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   65
Bog'liq
Umumiy tilshunoslik kafedrasi-hozir.org (1)

4. Bilishning asosiy vositalari.
Bilishning eng oddiy vositasi – kuzatishdir. Tabiiy shart-sharoitda o‘rganilayotgan ob’ektning alohida holat va xususiyatlarini his-tuyg‘u vositasida idrok etish yo‘li bilan bajariladigan kuzatish harakatining fandagi o‘rni alohidadir. Kuzatish tadqiq etilayotgan ob’ekt haqidagi dastlabki ma’lumotlarni olish imkonini beradi. Ammo kuzatish yo‘li bilan biz hodisalarning faqatgina tashqi ko‘rinishi haqidagi ma’lumotga ega bo‘lamiz va bu natijaning tasodifiy bo‘lishiga, xulosaning ishonchsiz chiqishiga sabab bo‘ladi. Fan esa voqelikni yuzaki va tasodifiy faktlar asosida emas, balki botiniy, qonuniy va zaruriy bog‘liqliklar asosida bilishni talab qiladi.
Bunday intilishga bilish faoliyatining asosiy vositalaridan biri bo‘lgan tajriba-sinov harakati javob beradi. Bu vosita kuzatish jarayonida yig‘ilgan ma’lumotni rejali asosda qayta nazorat qilishni ta’minlaydi. Tajriba-sinovining oddiy kuzatishdan ustunligi uning kuzatish natijalarini qayta tekshirish, sinash vositasiga, ya’ni tajriba amallariga ega bo‘lishidadir. SHunday bo‘lsa-da, tajriba jarayonida tadqiq etiladigan natija va xulosalar ham birlamchi, dastlabki ma’lumotlardan iborat bo‘lib, ular batafsil ilmiy tahlilga muhtojdirlar.
Barcha fan sohalarida tadbiq etiladigan bilishning intellektual vositalari qatoriga induksiya va deduksiya amallari kiradi.
Induksiya alohida kuzatuvlar natijalarini umumlashtirishdir. Ushbu bilish faoliyati aniqlikdan (reallikdan) mavhumlikka yo‘naltiriladi. Induktiv taxdil tajribadan tizimlashtirishga, tizimlashtirilgan dalillardan empirik qonunlar kashfiga, ilmiy xulosalarga intiladi.
Deduksiya induksiyadan farqli o‘laroq, umumiylikdan xususiylikka, qarab yo‘naltirilgan bilish usulidir. «Deduksiya vositasida tadqiqotchi bir sinf, bir jins, bir guruh narsa yoki hodisa to‘grisidagi umumiy bilimlardan ularning har biri haqida alohida bilimlarni hosil qiladi».
Zamonaviy falsafada induktiv va deduktiv vositalar o‘zaro bog‘liq, evristik faoliyatni ta’minlovchi aqliy tahlil usullari sifatida talqin qilinadi. Ushbu usullardan qaysi birini o‘rinli qo‘llash masalasi bevosita ilmiy tadqiqotning ikki bosqichi, ya’ni empirik (dalillar, faktlar to‘plash) va nazariy (ilmiy xulosalar chiqarish) bosqichlari farqi bilan bog‘likdir.
Empirik tadqiqot dastlabki bosqich bo‘lib, uning jarayonida oddiy kuzatish yoki tajriba yo‘li bilan dalillar to‘planadi va tizimlashtiriladi. Ushbu maqsadda bajariladigan tadqiqotning asosiy metodi induksiyadir. Lekin bu holatlarda induktiv tahlil ma’lum darajada yashirin deduksiya ko‘rinishida kechadi, chunki bu tahlilning amalga oshirilishi voqelikning yaxlitligi va undagi aloqalar umumiyligini inobatga olinishini taqozo etadi.
Nazariy tahlilda esa boshqacha yo‘l tutiladi. Bu tahlil yo‘nalishi alohida tushuncha va tamoyillarga asoslanib, voqelikning yakka hodisalari haqida xulosalarga kelinadi.
Induktiv va deduktiv bilish usullari analiz va sintez amallari bilan bog‘liq.
Analiz – ob’ektni tajribada yoki fikran qismlarga ajratish va ularning xususiyatlarini aniqlash amalidir. Demak, bu amal yakkaning xususiyatlari asosida umumiylik, yaxlitlikni bilish uchun zamin yaratadi (masalan, kimyoda murakkab moddaning molekulyar tarkibi tahlili yoki tilshunoslikda so‘z morfem tuzilishi tahlili). Ammo u yoki bu ob’ektning mohiyatini to‘liq ochish uchun uni qismlarga ajratish va alohida xususiyatlarni o‘rganish etarli emas. Bunda qismlar va ularning alohida xususiyatlari o‘rtasidagi munosabat, aloqalar tartibini aniqlash lozim bo‘ladi va bu holda analiz amali bevosita sintezga borib taqaladi.
Sintez ham mantiqan yoki tajriba jarayonida bajariladigan amaldir. Uning bajarilishi jarayonida analiz usulida ajratilgan qism va xususiyatlar bir butunlikka to‘planadilar va ob’ektni yaxlit hodisa sifatida o‘rganish sharoiti tug‘iladi. Sintez usuli yaxlitlik tarkib topishining ichki mexanizmini aniqlash imkonini beradi.
Faraz – tadqiq etilayotgan predmet qismlari va bo‘laklarining botiniy munosabatlarini yaxlit tasavvur qilishdir. Ushbu munosabatlar tajribadan oldin, fikran tasavvur etiladi va mantiqiy e’tirof asosida biz real voqelikni oldindan bashorat qilish va izohlash imkoniyatiga ega bo‘lamiz.
Farazlar vositasida voqelikni bilish jarayonida tug‘iladigan savollar, vazifalarni echishga harakat qilamiz. Lekin faraz faqatgina ehtimollardan iborat va bu ehtimollar tadqiqot jarayonida o‘z tasdig‘ini topishi yoki inkor etilishi mumkin. Qo‘yilgan muammo haqida faraz to‘g‘ri va isbotli bo‘lishi uning mavjud dalillarga mos kelishi bilan bog‘liq. Dalillar asosida isbotlangan faraz ilmiy nazariya yoki g‘oya shaklini oladi. Lekin farazning dalillarga mos kelishini o‘ta oddiy tasavvur etmaslik kerak.
Ayrim hodisalar cheksiz va doimiy o‘zgarishdagi xususiyatlarga ega bo‘lishi mumkinligi inobatga olinsa, barcha turdagi xususiy hodisalarning barcha belgi-xususiyatlarini bir xilda o‘rganishning imkoniyati chegaralanadi. SHu sababli ilm sohalarida ideallashtirish yoki approksimatsiya (lat. – yaqinlashish) amallari ham mavjud. Bu amal vositasida real borliqda mavjud bo‘lmagan, faraz qilinayotgan ob’ekt (aniqrog‘i, ushbu ob’ekt haqidagi tushuncha) fikran shakllantiriladi. «Ideallashtirish yordamida shakllangan tushunchalardan keyinchalik real ob’ektning in’ikosi sifatida izlanishlar olib borishda, mulohazalar yuritishda, real jarayonlar mavhum sxemalarini tuzishda keng foydalanish mumkin». Ideallashtirilgan ob’ektlar taxdili natijasida voqelik hodisalari haqida ishonchli ma’lumotlar to‘plash imkoniyatidan tadqiqotchilar keng foydalanib kelmoqdalar.
Tadqiqot ob’ektini ideallashtirish harakati mavhumlashtirish va mantiqii tajriba harakatlari bilan hamkorlikda bajariladi. Mavhumlashtirishning eng keng tarqalgan turlaridan biri tenglashtirish (o‘xshatish)dir. Tenglashtirish bilan bog‘liq mavhumlashtirishda biz kuzatilayotgan predmetlarning ayrim individual xususiyatlarini «unutib», ulardan umumiylikni izlaymiz va shu umumiy belgilar asosida ularni bir xil, hatto ba’zan yagona bir predmet sifatida qabul qilamiz.
Mavhumlashtirish kuzatish natijalariga asoslanadi va ushbu natijalarni aniq bir yondashuv asosida umumlashtirishdan iboratdir.
Predmet va hodisalarning botiniy (bevosita kuzatuvdan yashirin holdagi) xususiyatlarini bilish uchun shakllantiriladigan «nomoddiy» mavhum ob’ektlarni konstrukt deb atashadi.
Konstrukt nazariy bilim va voqelik o‘rtasida vositachilik vazifasini o‘taydi. Nazariy bilim voqelikni konstrukt doirasida in’ikos ettiradi va bunday in’ikos bevosita tajribaviy in’ikosga nisbatan to‘liqroq bo‘ladi. Ushbu in’ikosning haqiqatga qay darajada mosligi esa, dastlabki o‘rinda nazariy xulosaning mantiqan asoslanganligi bilan bog‘liq va nihoyat, u tajribada sinovdan o‘tib, o‘z tasdig‘ini topadi.
O‘rganilayotgan ob’ektning ideallashtirilishi uni o‘rganish sharoiti, muhiti bilan bog‘liq holda kechadi. Ammo ushbu sharoitni doimo real yaratish imkoni bo‘lmaydi, ana shunday hollarda tadqiqotchi fikriy tajriba amaliga murojaat qiladi. Bunday tajribaning mohiyati shundaki, biz ob’ektni faqatgina fikran tasavvur etilayotgan ideal sharoitda ko‘rishga harakat qilamiz.
Umuman olganda, fikran tajriba «shunday bo‘lsa nima bo‘lar edi...» qabilidagi tafakkur harakatlarining barchasida sodir bo‘ladigan hodisadir va u tilshunoslikda keng qo‘llaniladi. Bunday holda tadqiqotchi, agar u tadqiq qilinayotgan tilni etarli darajada yaxshi bilsa, bevosita nutqiy muloqot jarayoni matnlaridan material yig‘ib o‘tirmasdan, fikran tajriba o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu tajriba jarayonida til birliklarini (so‘z, grammatik shakllar va boshqalar) fikran muayyan nutq vaziyatlarida qo‘llanishini tekshirib ko‘radi va shu asosda tadqiq qilinayotgan tilning ichki tuzilishi haqida to‘liq ma’lumot yig‘ish imkoni vujudga keladi.
Kuzatiladigan ob’ektlarni ilmiy bilishning bevosita uslublaridan yana biri modellashtirishdir. Modellashtirish (qoliplashtirish) ehtimolli tenglashtirish (approksimatsiya) amalining bir turidir. Bunda biror bir qiymat boshqa oddiyroq, ko‘proq ma’lum bo‘lgan qiymatga tenglashtirilgan holda ifodalanadi.
Odatda, modellashtirish amaliga biror bir ob’ektni bevosita tadqiq qilish yoki uni tasavvur etish qiyinlashsa (chunki uning ayrim xususiyatlari o‘ta yashirin holda mavjud bo‘ladi) murojaat qilinadi. Bunday holda ob’ektning o‘rniga uning modeli, ya’ni soddalashtirilgan ramzi o‘rganiladi.
Modellardan bilish faoliyatida foydalanish mantiqiy o‘xshatish amali bo‘lib, uning vositasida bir predmetning xususiyatlari, munosabatlarini bilish «ushbu predmetning boshqa predmetlar bilan o‘xshashligi mavjudligini bilish bilan bog‘liqdir».
Modellashtirish turli ko‘rinishga ega bo‘lishi mumkin: moddiy, fizik, matematik, mantiqiy va hokazo. Bu modellar tuzilishida model va asliyatning o‘xshashligi, teng tomonlari inobatga olinadi.



Download 276.68 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   65




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling