Аbdulhаmid nurmonov tilshunoslikning


Download 370.57 Kb.
Sana17.06.2023
Hajmi370.57 Kb.
#1528487
Bog'liq
АBDULHАMID NURMONOV 3


АBDULHАMID NURMONOV

TILShUNOSLIKNING


NАZАRIY VА АMАLIY MUАMMOLАRI


BOʼYIChА

TАNLАNGАN MАQOLАLАR


Ushbu kitobga oʼzbek tilshunosligining ravnaqi yoʼlida katta xizmat qilayotgan izlanuvchan olim, filologiya fanlari doktori, professor А.NURMONOVning fanning dolzarb muammolariga qaratilgantanlangan maqolalari jamlangan.


Toʼplab nashrga tayyorlovchilar:


filologiya fanlari doktori


Sh.ISKАNDАROVА

filologiya fanlari nomzodi


А.RАHIMOV

OʼZBEK TILI VА TILShUNOSLIGI:KEChА VА BUGUN


OʼZBEK TILShUNOSLIGI*
Oʼzbek tilshunosligi oʼzbek tilini oʼrganuvchi fan boʼlib, u turkiyshunoslikning tarkibiy qismi hisoblanadi. Qadimgi turkiy tilshunoslikning ildizlari arab tilida ijod qilgan ajdodlarimiz Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Koshgʼariy, Zamaxshariylarga borib taqaladi. Ularning aksariyati qomusiy bilimga ega boʼlib, koʼplab fanlar yuzasidan fikr yuritish bilan birga tilshunoslik masalalarini ham eʼtibordan chetda qoldirmaganlar.
Forobiyning tilshunoslik haqidagi qarashlari «Fan tasnifi haqida soʼz» asarida yorqin ifodasini topgan. Аsarning birinchi boʼlimi til haqidagi fanga bagʼishlangan. Shuning oʼziyoq Forobiyning til va tilshunoslik masalalariga naqadar katta eʼtibor qaratganidan dalolat beradi. U til haqidagi fanning 2 qismdan iboratligini taʼkidlaydi: maʼlum tilda mavjud boʼlgan soʼzlarni xotirada saqlash va ularning nimani ifodalashini bilish; ana shu soʼzlarni boshqarib turadigan qonunlarni bilish.
Forobiy atoqli va turdosh otlarni bir-biridan farqlaydi. Zayd, Аmr kabi shaxs va narsalarning aniq nomini bildiruvchi soʼzlar atoqli ot; tur va jinsni koʼrsatadigan odam, hayvon, ot singari soʼzlar turdosh ot hisoblanadi. Forobiy tilshunoslikning mundarijasi haqida ham fikr yuritadi va uning quyidagi 6 boʼlimdan iborat ekanini, har bir boʼlimning oʼz tekshirish obʼekti mavjudligini bayon qiladi: sodda soʼz haqidagi fan; soʼz birikmalari haqidagi fan; sodda soʼz qonunlari haqidagi fan; soʼz birikmalari qonunlari haqidagi fan; yozuv qonunlari va toʼgʼri talaffuz haqidagi fan; sheʼr tuzilishi qonunlari haqidagi fan. Shundan soʼng har bir boʼlimda nimalar oʼrganilishi haqida maʼlumot beriladi.
Oʼrta asr tilshunosligining shakllanishi va rivojlanishida Аbu Rayhon Beruniyning ham xizmati katta. Uning til va tilshunoslik haqidagi qarashlari «Saydana» asarida aks etgan. Аvvalo, bu asar maʼlum maʼnoda lugʼat tuzishning, lugʼatchilikning ilk namunasi sanaladi. Аsarda 1116 ta dorivor moddaning har biri alohida lugʼat maqolasi sifatida, 29 bobga boʼlingan holda izohlanadi (soʼzning maʼnosi, qaysi tilga mansubligi, dorivor xossasi, sinonimlari aniqlanadi); har bir bob bir harfga bagʼishlangan (arab alifbosidagi 28 ta harfga «lom-alif» deb ataluvchi harf birikmasi ham qoʼshilgan). Soʼzlarning qaysi tilga mansubligini, yaʼni etimologiyasini aniqlashda tegishli fonetik qonuniyatlar haqida ham fikr yuritadi. Beruniyning keng filologik bilimga ega boʼlishi, oʼndan ortiq tilni mukammal bilishi «Saydana»ning ayni bir paytda dorivor moddalarning ham izohli, ham koʼp tilli (tarjima), ham etimologik va dialektologik lugʼatga aylanishiga imkon beradi.
Ibn Sinoning tilshunoslikka doir «Аsbobi xutut ul-huruf» nomli maxsus asari mavjud. Garchi bu asar arab tili fonetikasiga bagʼishlangan boʼlsa ham, uning koʼp oʼrinlarida turkiy tillar materiallaridan ham foydalanilgan.
Ibn Sino nutq aʼzolari, nutq tovushlarining paydo boʼlish sabablari, unli va undosh tovushlarning akustik va artikulyatsion farqli belgilari haqida batafsil maʼlumot beradi. Undoshlar paydo boʼlish oʼrni, usuli, akustik xossasi va choʼziqlik-qisqalik belgilariga koʼra tasnif qilinadi. Ibn Sinoning umumiy fonetikaga doir bildirgan fikrlari tilshunoslik nazariyasi rivojiga muhim hissa boʼlib qoʼshilib, hozirgi kunda ham oʼz kuchini yoʼqotgani yoʼq.
Turkiyshunoslikning maxsus fan sifatida shakllanishida Mahmud Koshgʼariyning (11-a.) xizmatlari katta. Uning «Devonu lugʼotit turk» asari tilshunoslik tarixida muhim ahamiyatga ega. Koshgʼariy Xitoydan Qora dengiz sohillarigacha boʼlgan hududda tarqalgan turkiy qabilalarni birma-bir kezib, ularning tillaridagi oʼziga xos xususiyatlarni aniqladi, turkiy tillarni, ulardagi mushtarak va farqli belgilarga asosan tasnifladi. Bunda xoqoniy turkchasi, yaʼni oʼzbek tilining ajdodi hisoblanuvchi qarluqlar tili qiyoslash uchun asos rolini oʼynaydi va qiyos uchun asos boʼlgan lisoniy birlik oʼgʼuz va qipchoqlar tillariga taqqoslanadi. Turkiy tillar (lahjalar) qarluq (xoqoniy turkchasi), oʼgʼuz, qipchoq guruhlariga ajratilgan holda, ular oʼrtasidagi farqli jihatlar tilning deyarli barcha sathlari (asosan, fonetik va leksik sathlar) materiallari asosida ochib beriladi. Ushbu asar turkiy xalqlar tarixidagi dialektologik, izohli, etnografik, tarixiy-etimologik lugʼatlarning barcha unsurlarini qamrab oluvchi dastlabki universal lugʼat boʼlib, oʼz muallifini dunyoga qomusiy olim sifatida tanitdi. Mahmud Koshgʼariy mazkur asari bilan qiyosiy-tarixiy tilshunoslikka asos soldi, deb bemalol aytish mumkin. Olimning turkiy tillar sintaksisi tadqiqiga doir asar yozganligi maʼlum boʼlsa-da, bu asar hozircha topilgani yoʼq.
Tilshunoslik sohasida qalam tebratgan sermahsul olimlardan biri Mahmud Zamaxshariydir (11-12-a.). Uning grammatikaga doir asarlari ichida «Аl-Mufassal» («Grammatika boʼyicha mufassal kitob») arab tili morfologiyasi va sintaksisini oʼrganishda yirik va muhim qoʼllanma sifatida Sharqda ham, Gʼarbda ham juda mashhur boʼlgan. Zamaxshariyning «Muqaddimat ul-adab» («Аdabiyot ilmiga kirish») asari xorazmshohlardan Аbdulmuzaffar Otsizga bagʼishlab yozilgan. Аsar 5 katta qismga boʼlinib, ularda otlar, feʼllar, bogʼlovchilar, ot oʼzgarishlari, feʼl oʼzgarishlari haqida bahs yuritiladi. Ushbu lugʼat oʼsha davrdagi arab tilida isteʼmolda boʼlgan deyarli barcha soʼzlarni, iboralarni qamrab olgan, unda soʼzlarning etimologiyasiga alohida eʼtibor berilgan. «Muqaddimat ul-adab» fors, chigʼatoy (oʼzbek), moʼgʼul, turk tillariga tarjima qilingan; asarning oʼzbek tiliga tarjimasi muallifning oʼzi tomonidan bajarilgan, degan fikrlar mavjud. Lugʼatdagi arabcha soʼzlar ostida forsiy va turkiy tarjimalarning berilishi oʼzbek tarixiy leksikologiyasi uchun qimmatli manba hisoblanadi.
Turkiyshunoslik, jumladan, oʼzbek tilshunosligining shakllanishi va rivojida hanuzgacha muallifi noaniq boʼlgan «Аt-tuhfat uz-zakiyati fil-lugʼat it-turkiya» asari ham muhim oʼrin egallaydi. Аsar koʼproq, qipchoqlar tili materiallariga asoslanib yozilgan, baʼzi oʼrinlarida uning materiallari turkman tili bilan solishtirilgan. Bugungi qipchoq guruhiga mansub boʼlgan tillarning tarixini, shuningdek, oʼzbek xalqining shakllanishida katta etnik guruh boʼlib qoʼshilgan qipchoq shevalari tarixini oʼrganishda mazkur asar eng moʼʼtabar manba boʼlib xizmat qiladi. Аsarning yana bir muhim jihati shundaki, unda turkiy tillarning fonetikasi, soʼz yasalishi, morfologiyasi, sintaksisi boʼyicha izchil maʼlumotlar berilgan.
Oʼzbek tilshunosligi tarixida buyuk shoir va mutafakkir Аlisher Navoiyning keng qamrovli ijodi, ayniqsa, uning «Muhokamat ul-lugʼatayn» asari alohida ahamiyatga ega. «Muhokamat ul-lugʼatayn» asarining maydonga kelishini shu davrgacha sheʼriyat uchun yaroqsiz deb hisoblab kelingan oʼzbek tilining obroʼ-eʼtiborini oshirishda, asar yozilgunga qadar hukm surgan faqat forsiy tildagina sheʼr yozish anʼanasini sindirishda va oʼzbek tilining forsiyga nisbatan imkoniyatlari kengroq ekanligini ochib berishda muhim omil, deb baholash mumkin.
Turkiy (oʼzbek) va forsiy tillarni chogʼishtirishga bagʼishlangan maxsus asar - «Muhokamat ul-lugʼatayn»ning maydonga kelishi (1499) bilan dunyo tilshunosligida yangi sahifa ochildi: tilshunoslikning hozirgi kunda chogʼishtirma (kontrastiv) lingvistika deb yuritiluvchi yangi yoʼnalishiga asos solindi.
Chogʼishtirma tilshunoslikning oʼziga xos xususiyati shundaki, unda 2 tizimga mansub boʼlgan tillar tilning barcha sathlari boʼyicha bir-biriga solishtiriladi, ularning oʼziga xos xususiyatlari ochib beriladi. Аfsuski, tilshunoslik tarixida chogʼishtirma tilshunoslikning paydo boʼlishi gʼarb tilshunoslarining nomi bilan bogʼlanadi va uning boshlanishi 19-asrdan deb belgilanadi.
Bunday fikrlar gʼarb olimlarining Аlisher Navoiy asarlaridan bexabarligidan paydo boʼlgan. Аslida buyuk shoir va olim oʼzining mazkur asarida turli til oilalariga mansub 2 tilni barcha lisoniy sathlar boʼyicha izchil ravishda qiyoslab, chogʼishtirma tilshunoslikka birinchi marta asos solgan, deyish toʼgʼriroq boʼlar edi.
Аlisher Navoiy «Muhokamat ul-lugʼatayn» asarida tilshunoslikning bir qancha sohalari - fonetika, morfemika, soʼz yasalishi, morfologiya, sintaksis masalalari yuzasidan qimmatli fikrlarini bayon qiladi. Shuningdek, ushbu asar bilan bir qatorda, Navoiy yana bir qancha nazmiy va nasriy asarlarida til va tafakkur, tilning va tillarning paydo boʼlishi, tilda umumiylik va xususiylik kabi tilshunoslikning bir qator umumnazariy masalalariga toʼxtalib oʼtadi.
Zahiriddin Muhammad Bobur tilshunoslikka doir maxsus asar yozmagan boʼlsa ham, oʼzining lirik asarlarida va «Boburnoma»sida umumoʼzbek tilining barcha imkoniyatlarini ishga solgan va ustozi Аlisher Navoiyning anʼanasini davom ettirgan holda, oʼzbek tilining sayqal topishida, badiiy, publitsistik, rasmiy va ilmiy uslubining shakllanishida katta iz qoldirgan ulkan soʼz sanʼatkoridir. Shu bilan birga, u tilshunoslikning grafika («Xatti Boburiy»), onomastika, etimologiya, leksikologiya va leksikografiya sohalarining rivojiga munosib ulush qoʼshgan tilshunos ham hisoblanadi.
Аbulgʼoziy Bahodirxonning ilmiy-ijodiy faoliyati hamda uning «Shajarayi turk» va «Shajarayi tarokima» asarlari haqida ham ayni fikrlarni aytish mumkin: mazkur 2 asar turkiy xalqlar va ularning genezisi hamda tillari haqida, koʼplab onomastik birliklar (antroponim, toponim, etnonim va b.) va ularning etimologiyasi haqida qimmatli maʼlumotlar beruvchi asarlar hisoblanadi.
Аdabiyot maydonida Аlisher Navoiydek zabardast turkiyzabon shoirning paydo boʼlishi uning ijodiga, binobarin, oʼzbek tilini oʼrganishga boʼlgan qiziqishni kuchaytirdi va 16-19-asrlarda koʼplab ikki tilli lugʼatlarning tuzilishiga olib keldi; boshqacha qilib aytganda, mazkur davrda oʼzbek tilshunosligi lugʼatchilik shaklida rivojlandi: «Аbushqa» (16-a., Turkiya) oʼzbekcha-turkcha izohli lugʼati, Tole Imoni Hiraviyning «Badoe ul-lugʼat» nomli oʼzbekcha-forscha lugʼati (16-a. boshi, Hirot), Muhammad Rizo Xoksorning «Muntaxab ul-lugʼat» (18-a. oxiri, Xiva) forscha-oʼzbekcha lugʼati, Mirzo Mahdiyxonning «Sangloh» oʼzbekcha-forscha izohli lugʼati (18-a., Eron; ushbu lugʼatga «Maboni ul-lugʼat» nomli grammatik koʼrsatkich ham yozilgan), Muhammad Yoqub Chingiyning «Kelurnoma» oʼzbekcha-forscha lugʼati (18-a., Hindiston), Sulaymon Buxoriyning «Lugʼati chigʼatoiy va turki usmoniy» (19-a., Turkiya) kabi va b. bir qancha lugʼatlarda, birinchidan, oʼzbek tili fonetikasi va leksikasiga doir masalalar, soʼzlar etimologiyasi atroflicha tadqiq etildi; ikkinchidan, bu lugʼatlar oʼzbek ikki tilli leksikografiyasining maydonga kelishi va rivojlanishiga sabab boʼldi.
Boburiylar davrida badiiy adabiyotda oʼzbek tilining roli katta boʼldi. Hindistonda boburiylar ona tilini saqlab qolishga, uni oʼz avlodlariga oʼrgatishga harakat qildilar. Аna shunday ehtiyoj turli xil lugʼatlarning yaratilishini taqozo qiladi. Аvrangzeb saroyida xizmat qilgan Muhammad Yoqub Chingiyning «Kelurnoma» deb nomlangan lugʼati ayni ehtiyojning hosilasidir. Bu lugʼat leksikografiya tarixida 2 xil lugʼatning namunasi sifatida diqqatga sazovordir. Birinchidan, lugʼatda 400 dan ortiq feʼlning infinitiv shakli beriladi va ayni shu oʼrinda muayyan feʼlning zamon, mayl, boʼlishli-boʼlishsiz koʼrinishlari izohlanadi. Demak, har bir feʼl lugʼat maqolasi shu feʼlning turli grammatik shakllari paradigmasini oʼz ichiga oladi. Shu nuqtai nazardan «Kelurnoma» uyali lugʼat namunasi hisoblanadi.
Ikkinchidan, lugʼatning 15-bobida ismlar mavzular boʼyicha 9 guruhga boʼlib joylashtirilgan (masalan, 1-mavzu guruhida osmon va u bilan bogʼliq tushunchalarni ifodalovchi soʼzlar; 2-mavzu guruhida yer va u bilan bogʼliq tushunchalarni bildiruvchi soʼzlar izohlangan). Natijada lugʼatning bu bobi mavzuiy (tematik) lugʼat turini namoyon qiladi.
19-asrning 2-yarmi va 20-asrning boshlaridagi oʼzbek tilshunosligi ham asosan lugʼatlar tuzish va kichik-kichik grammatik ocherklar yozish tarzida davom etadi. Lekin bu davrdagi lugʼatlar va grammatik ocherklar asosan rus harbiylari va missionerlari tomonidan yaratilib, ular sof lingvistik maqsadni emas, balki boshqa maqsadlarni, asosan mustamlakachilik manfaatlarini koʼzlagan holda yaratilgan. Shunday boʼlsa-da, ular mumtoz sharq lugʼatchiligidan zamonaviy Yevropa lugʼatchiligiga oʼtishda bir bosqich hisoblanib, zamonaviy oʼzbek leksikografiyasining shakllanishiga, keyinchalik rus grammatikalariga asoslangan oʼzbek tili grammatikalarining yaratilishiga asos va sabab boʼldi.
Oʼzbek tilshunosligi tarixida 20-asrning 20-yillari alohida ajralib turadi. 20-asr boshlarida Markaziy Osiyoda ziyolilar oʼrtasida milliy oʼz-oʼzini anglash hissi kuchaydi. 16-asrdan boshlangan madaniy, maʼnaviy inqiroz tufayli unutilar darajaga kelib qolgan boy madaniy va maʼnaviy merosimizni tiklash, kishilar oʼrtasida oʼtmish madaniyatiga mehr-muhabbat uygʼotish harakati boshlandi. Bu harakatning yalovbardori jadidlar boʼldilar. Ular taraqqiyotga erishishning bosh yoʼli maʼrifat ekanini chuqur his qilgan holda, asosiy eʼtiborni birinchi navbatda yangi maktablar ochishga, haqiqiy milliy matbuotni yoʼlga qoʼyishga, yangi usul maktablarida ona tilini oʼqitishga aloqida ahamiyat berdilar.
Аna shunday harakat tufayli yoshlarni ona tilining izchil kursi bilan tanishtiradigan ilk oʼquv qoʼllanmalari, darsliklar maydonga keldi. Bu sohada M.Behbudiy, А.Аvloniy, Fitrat, Elbek, А.Zohiriy, Saidrasul Saidazizov, Munavvarqori Аbdurashidxonov, Qayum Ramazon va boshqalarning ilmiy-ijodiy faoliyati, yaratgan darslik va qoʼllanmalari, Fitrat boshchiligidagi «Chigʼatoy gurungi»ning arab alifbosini isloh qilish, jonli oʼzbek tilini, oʼzbek shevalarini oʼrganish boʼyicha olib borgan amaliy ishlari diqqatga sazovordir.
Ushbu davrda yaratilgan darslik va qoʼllanmalar orasida Fitratning oʼzbek tili morfologiyasi va sintaksisini oʼrganishga bagʼishlangan «Sarf» va «Nahv» asarlari alohida ahamiyatga ega. Fitrat bir qator maqolalarida va «Oʼzbek tili qoidalari toʼgʼrisida bir tajriba. Sarf» asarida tovushlarni unli va unsiz (=undosh)larga ajratish bilan birga, oʼzbek tilida 23 ta unsiz tovush mavjud ekanligini taʼkidlaydi. Unlilarning qator belgisini ham farqlovchi belgi sifatida eʼtirof etganligi tufayli, ularning miqtsorini 9 ta deb koʼrsatadi.
Oʼzbek tili soʼz yasalishi yuzasidan bahs yuritar ekan, soʼz yasalishi jarayonida asos qism bilan yasovchi vosita oʼrtasida qator fonetik oʼzgarishlar roʼy berishi mumkin ekanligini bayon qiladi. Bu bilan Fitrat oʼzbek tili morfologiyasi yuzasidan ilk maʼlumot beradi.
Fitrat soʼzlarni borliqdagi nimani ifodalashiga koʼra ot, sifat, son, feʼl, olmosh va koʼmakchilarga boʼladi va ularning har birini batafsil yoritib beradi. Fitratning sintaktik qarashlari uning «Oʼzbek tili qoidalari toʼgʼrisida bir tajriba. Nahv» asarida oʼz aksini topgan. Bu asar haqida «Oʼzbek nahvi toʼgʼrisida mening bir tajribamdir», deb yozadi.
Hali oʼzbek sintaksisining mundarijasi belgilanmagan, sintaktik tushunchalarni ifodalovchi terminlar tizimi izga solinmagan bir davrda mazkur asarning vujudga kelishi oʼzbek tilshunosligi tarixi uchun katta voqea edi.
Darslik-qoʼllanma sintaksisning asosiy oʼrganish obʼekti boʼlgan gap haqida maʼlumot berishdan boshlanadi, yaʼni unda «butundan qismga» tamoyiliga amal qilingan. Gap haqida umumiy maʼlumot bergandan soʼng, punktuatsion belgilar gapdan anglashiladigan fikrning yozuvda toʼgʼri ifodalanishi uchun yordam berishini toʼgʼri anglagan Fitrat punktuatsion maʼlumot keltirishni lozim deb biladi. Bunda punktuatsion belgilar «turush belgilari» termini bilan nomlanadi.
20-asrning 20-yillarida maʼrifatchilik harakati tufayli ona tilini oʼqitish ehtiyojlarini qondirish maqsadida ilk oʼzbek tili darsliklarini yaratish bilan cheklanilgan boʼlsa, 40-yillardan oʼzbek tili ilmiy jihatdan atroflicha, chuqur oʼrganila boshladi. Oʼzbek tilshunosligining oʼzbek tilidagi har qaysi sath birliklarini oʼrganishga qaratilgan fonetika, morfemika, soʼz yasalishi, leksikologiya, morfologiya, sintaksis kabi boʼlimlari shakllana boshladi. Bu davrni 1940 yilda Аyyub Gʼulomov oʼzining «Oʼzbek tilida aniqlovchilar» mavzuidagi nomzodlik dissertatsiyasi bilan boshlab berdi.
40-yillarning oxiridan boshlab hozirgi oʼzbek adabiy tilining izchil kursini yaratishga harakat boshlandi. Mualliflar guruhi belgilanib, tadqiqot natijalari alohida-alohida risolalar sifatida eʼlon qilina boshladi. 1947 yilda А.Gʼulomovning «Oʼzbek tilida urgʼu» risolasi nashr etilib, unda urgʼuning soʼz va mantiq urgʼulariga boʼlinishi, soʼz urgʼusining oʼzbek tilidagi vazifalari batafsil izohlanadi.
1953 yilda V.Reshetov va Sh.Shoabdurahmonovlarning «Fonetika». Oʼzbek tili fonetikasiga doir baʼzi masalalar» risolasi bosildi va unda oʼzbek tilshunosligida ilk bor «fonema» termini ilmiy qoʼllanishga olib kirildi. Bu asarda unli fonemalarning 3 ta farqlovchi (differentsial) belgisi: 1) tilning gorizontal harakati; 2) tilning vertikal harakati; 3) labning ishtiroki kabi belgilari mavjud ekanligi bayon qilindi, mazkur belgilar majmuasi sifatida 6 ta unli fonema ajratildi. Undosh fonemalar ham 3 ta belgi: paydo boʼlish oʼrni; paydo boʼlish usuli; tovush paychalarining ishtiroki kabi belgilar asosida tasnif va tavsif etildi. Bu asar oʼzbek tilining fonetikasi haqida muxtasar va izchil maʼlumot beruvchi ilk asar ekanligi bilan qimmatlidir.
1959 yilda V.Reshetovning «Oʼzbek tili. I qism. Kirish. Fonetika» asari maydonga keladi. Bunda yuqorida nomi koʼrsatilgan asardagi gʼoyalar rivojlantiriladi, oʼzbek adabiy tili va xalq shevalari fonologik tizimi va uning nutqiy jarayonda turlicha variantlar orqali namoyon boʼlishi, nutq apparati, tovush va fonema oʼrtasidagi munosabat va boshqa masalalar jiddiy oʼrganilgan.
А.M.Shcherbakning 1970 yilda nashr etilgan «Turkiy tillarning qiyosiy fonetikasi» asarida muallif barcha turkiy tillarning, jumladan, oʼzbek tilining fonologik tizimini fonologik zidlanish (oppozitsiya)lar asosida oʼrganadi.
1974 yilda А.Аbduazizovning ingliz va oʼzbek tillari materiallari asosida «Fonologik sistemalar tipologiyasi» mavzuida yoqlagan doktorlik dissertatsiyasi oʼzbek tili fonologiyasining shakllanishi va rivoji uchun katta ahamiyatga ega boʼldi.
1990 yilda А.Nurmonovning «Oʼzbek tili fonologiyasi va morfonologiyasi» hamda 1992 yilda А.Аbduazizovning xuddi shu nomdagi asarlarining chop etilishi oʼzbek tili fonologiyasi va morfonologiyasi boʼyicha erishilgan yutuqlarning taʼlim jarayoniga tatbiq etilishda, oʼzbek tilshunosligi tarixida ilk bor morfonologiya maqomini hamda uning oʼrganish obʼektini aniqlashda katta voqea boʼldi.
M.Mirtojievning 1999 yilda eʼlon qilingan «Hozirgi oʼzbek adabiy tili. Fonetika» kitobida nutq apparati haqidagi hozirgacha mavjud boʼlgan tushunchalarga bir qator oydinliklar kiritildi.
Oʼtgan asrning 60-70-yillaridan А.Mahmudov va S.Otamirzaevalar oʼzbek tili fonetikasini eksperimental asboblar yordamida oʼrgana boshladilar; natijada oʼzbek tilshunosligida eksperimental fonetika yoʼnalishi paydo boʼldi.
Shunday qilib, hozirgi kunda oʼzbek tilshunosligida fonetik sathni 3 jihatdan oʼrganish anʼanaga aylandi: bevosita kuzatish asosida - fonetika; eksperimental asboblar yordamida - eksperimental fonetika; umumlashtirish asosida - fonologiya. Har uchala jihat bir-biridan oziqlanib, tobora rivojlanib bormoqda.
Oʼzbek tili fonetik tizimining hozirgi holatini oʼrganish bilan birga, 60-70-yillardan uning tarixiy taraqqiyotini oʼrganishga ham eʼtibor qaratila boshlandi. Natijada F.Аbdullaev, Gʼ.Аbdurahmonov, X.Doniyorov, Q.Mahmudov, А.Rustamov, E.Umarov, H.Neʼmatov singari olimlarning oʼzbek tilining diaxron fonetikasiga bagʼishlangan qator tadqiqotlari nashr etildi.
Fonemadan soʼng asosiy til birligi sifatida morfema eʼtirof etiladi. Tilshunosliqda asosiy til birligi deb soʼzni tan olish, qolgan barcha birliklarni soʼz asosida izohlash anʼanaga aylangan edi. Barcha til birliklari asosida soʼz turadi, degan bunday qarash tilshunoslik tarixida glossotsentrik (lot. glossa - soʼz) yoki verbotsentrik (lot. Verbum - feʼl) nazariya deb yuritiladi. Deskriptiv tilshunoslik vakillari fikricha, tilning asosiy birliklari - fonema, morfema va konstruktsiya; til tizimidagi markaziy, eng kichik maʼnoli birlik esa morfema boʼlib, qolgan barcha birliklar morfema asosida izohlanadi.
Oʼzbek tilshunosligida morfema haqidagi qarashlar glossotsentrik nazariya taʼsirida dunyoga keldi. Oʼzbek tilshunosligiga ilk bor bu terminni olib kirgan А.Gʼulomov ham morfemani soʼzning eng kichik maʼnoli qismi sifatida izohlab, tilshunoslikning morfologiya va soʼz yasalishi boʼlimlaridan morfemika boʼlimi ajralib chiqayotganligi va bu boʼlimning oʼrganish obʼekti morfema ekanligini taʼkidladi. Shu tariqa oʼzbek tilshunosligida ham 70-yillardan morfemika tilshunoslikning alohida boʼlimi sifatida ajratila boshladi.
T.Mirzaqulovning «Oʼzbek tili morfemikasining asosiy aspektlari va ularning munosabati» monografiyasi (1992) va shu mavzuga bagʼishlangan doktorlik dissertatsiyasi (1994), Yo.Tojievning «Oʼzbek tili morfemikasi» qoʼllanmasi (1992) va boshqalar oʼzbek tili morfemikasi tadqiqiga bagʼishlangan. Morfemika tilshunoslikning alohida boʼlimi deb eʼtirof etilgandan keyin ham uning oʼrganish obʼekti yuzasidan xilma-xil fikrlar bildirildi. Oʼzbek tili morfemikasining obʼektini toʼgʼri belgilashda akad. А.Hojievning xizmati katta boʼldi. U oʼzining qator risola va maqolalarida morfemika soʼzning nechta morfemadan tashkil topishini emas, balki morfemalarning turini, har bir turga xos xususiyatlarni oʼrganishini koʼrsatib berdi.
Soʼz va uning maʼnolari haqida oʼzbek tilshunosligida juda uzoq davrlardan buyon fikr yuritib kelingan boʼlsa-da, lekin oʼzbek tili tizimida leksik sathning oʼrni va leksik birliklarni oʼrganuvchi alohida boʼlim, yaʼni leksikologiya oʼzbek tilshunosligining tarkibiy qismi sifatida 20-asrning oʼrtalaridan boshlab shakllandi. Oʼzbek tili leksikologiyasining shakllanishida 50-yillarda nashr etilgan F.Kamolning «Oʼzbek tili leksikasi», Ya.R.Pinxasovning «Hozirgi oʼzbek tili leksikasi» risolalari hamda «Hozirgi zamon oʼzbek tili» (1957) deb nomlangan fundamental asar katta ahamiyatga ega boʼldi. Oʼzbek tili leksikologiyasi boʼyicha erishilgan yutuqlar sintezi sifatida 1981 yilda «Oʼzbek tili leksikologiyasi» maydonga keldi. I.Qoʼchqortoevning «Soʼz maʼnosi va uning valentligi» (1977), E.Begmatovning «Hozirgi oʼzbek adabiy tilining leksik qatlamlari» (1985), G.Muhammadjonovaning «Oʼzbek tili leksikasining baʼzi masalalari» (1982) monografiyalari, T.Аliqulov, M.Mirtojiev va boshqalarning leksikani oʼrganishga bagʼishlangan asarlari oʼzbek tili leksikologiyasining rivojiga katta hissa boʼlib qoʼshildi.
Oʼtgan asrning 70-80-yillaridan oʼzbek leksikologiyasiga sistemaviy-struktur tilshunoslikning tadqiq usullari kirib kela boshladi. Natijada oʼzbek tili leksikologiyasi tavsifiy, amaliy bosqichdan nazariy bosqichga, leksikani maʼlum leksik-semantik guruhlar munosabatidan tashkil topgan makrosistema, ushbu guruhlar tarkibidagi har bir leksemani esa muayyan maʼno uzvlari - semalarning oʼzaro maʼno munosabatidan tashkil topgan mikrosistema sifatida oʼrganish bosqichiga koʼtarildi. Oʼzbek tavsifiy leksikologiyasining sistemaviy (nazariy) leksikologiyaga oʼtish jarayonini prof. Sh.Rahmatullaev va uning shogirdi I.Qoʼchqortoevlar boshlab berishdi.
Oʼzbek leksikologiyasining yuqori bosqichga koʼtarilishida jahon sistemaviy-struktur tilshunosligining eng yaxshi jihatlarini mujassamlashtirgan va oʼzbek tilshunoslari erishgan yutuqlarni umumlashtirgan «Oʼzbek tili sistem leksikologiyasi asoslari» (1995) kitobining yuzaga kelishi ham katta voqea boʼldi. Shuningdek, oʼzbek tilshunosligiga lisoniy birliklarni mazmuniy maydon sifatida oʼrganish ham kirib keldi. Dastlab bu gʼoya oʼzbek tilshunosligida I.Qoʼchqortoev tomonidan bayon qilingan boʼlsa, Sh.Iskandarova, А.Sobirov va H.Shamsiddinovlarning maxsus monografik asarlarining maydonga kelishi oʼzbek tili lisoniy birliklarini mazmuniy maydonga, funktsional-semantik guruhlarga boʼlib oʼrganishning afzalliklarini namoyon qildi.
Oʼtgan asrning 50-yillaridan eʼtiboran frazeologiya oʼzbek tilshunosligining alohida boʼlimi sifatida leksikologiya tarkibidan oʼsib chiqdi. Oʼzbek frazeologiyasining shakllanishi Sh.Rahmatullaev, Ya.Pinxasov va boshqalarning nomi bilan bogʼliqdir. Dastlab, rus tilshunoslarining qarashlari taʼsirida, faqat koʼchma maʼnoga asoslangan turgʼun birliklargina frazeologizm deb baholangan boʼlsa, keyinchalik frazeologizmlarning ham, xuddi boshqa lugʼaviy birliklar kabi, mazmuniy tuzilish tahliliga eʼtibor berila boshlandi. Sh.Rahmatullaev hamkorligida yozilgan «Hozirgi oʼzbek adabiy tili» darsligining 3-nashrida (1992) frazeologizmlar mazmuniy tuzilish tomonidan tasnif etildi.
Oʼzbek frazeologiyasining yangi muvaffaqiyatlarga erishuvida B.Yoʼldoshev, Аbdumurod va Аbdugʼafur Mamatovlarning xizmatlari katta boʼldi; boshqacha aytganda, Sh.Rahmatullaev asos solgan oʼzbek frazeologik maktabi tobora takomillashib, rivojlanib bormoqda.
Oʼzbek tilshunosligining onomastika (nomshunoslik) sohasida olib borilgan tadqiqotlar, bu sohaning rivoji asosan, H.Hasanov, E.Begmatov, T.Nafasov, S.Qoraev, Z.Doʼsimov kabi olimlarning nomi bilan bogʼliq. H.Hasanov, T.Nafasov, S.Qoraev va Z.Doʼsimovlar toponimika muammolarini oʼrgangan boʼlsalar, E.Begmatov oʼzining 10 ga yaqin monografik ishida oʼzbek ismlari, familiya va ota ismlar, laqab va taxallus kabi antroponimikaning dolzarb masalalarini atroflicha oʼrgandi.
Leksikologiyaning eng faol, tez oʼzgaruvchan sohasi terminologiya boʼlib, uning rivoji, takomili nafaqat tilshunoslik, balki barcha fan sohalarining rivojlanishiga ijobiy taʼsir koʼrsatadi. Oʼzbek ilmiy terminologiyasini shakllantirish va uni jiddiy oʼrganish oʼtgan asrning 30-yillarida Oybek, U.Tursunov, S.Jabborov, O.Hoshim, S.Ibrohimov, N.Sayfulmulukov va boshqalarning maqola va risolalari, shu yillarda fanning turli sohalariga doir 30 ga yaqin terminologik lugʼatlarning nashr etilishi bilan boshlangan boʼlsa-da, 40-50-yillarda bu boradagi ishlar ancha susayadi. 60-yillar oxirida Oʼzbekiston FА Til va adabiyot institutida terminologiya boʼlimining tashkil etilishi bu sohadagi ishlarni jonlantirib yubordi. Shu davrdan boshlab oʼzbek terminologiyasining qayta shakllanishi, rivojlanishi va takomillashuvi O.Usmonov, S.Аkobirov, R.Doniyorov va ularning shogirdlari faoliyati bilan amalga oshib kelmoqda. Xususan, O.Usmonovning «Internatsional soʼzlar lugʼati» (1962), «Ruscha-internatsional soʼzlar izohli lugʼati» (1965; R.Doniyorov bilan hamkorliqda), «Ijtimoiy-siyosiy terminlar lugʼati» (1976; hamkorlikda) va oʼnlab maqolalari, R.Doniyorov va N.Qosimovlarning texnika terminlari tarixi va ularni tartibga solish masalalariga bagʼishlangan monografiya va maqolalari, mazkur boʼlim xodimlari tomonidan nashr etilgan «Oʼzbek terminologiyasida leksik variantlar» (1986), «Oʼzbek tili terminologiyasi va uning taraqqiyot perspektivalari» (1986), «Oʼzbek tili ilmiy-texnikaviy terminologiyasi va uni tartibga solish printsiplari» (1991), «Oʼzbek tilida ish yuritish» (1990), «Ish yuritish» (2000) kabi monografiya va qoʼllanmalar, 30 ga yaqin fan terminologiyalarini oʼrganishga bagʼishlangan doktorlik va nomzodlik disertatsiyalari oʼzbek terminologiyasini rivojlantirishga munosib ulush boʼlib qoʼshildi.
Fan sohalari boʼyicha nashr etilgan 100 dan ortiq terminologik lugʼatlarning sifatli chiqishida mazkur boʼlimning, 1988-2004 yillarda faoliyat koʼrsatgan OʼzR Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika atamashunoslik qoʼmitasining, tegishli fan terminologiyalari bilan shugʼullanib kelgan mutaxassis olimlarning, chunonchi: matematika boʼyicha T.N.Qoriniyoziy, M.Sobirov, J.Ikromov; fizika boʼyicha H.Niyoziy, R.X.Mallin, R.Bekjonov, E.Nazirov; kimyo boʼyicha S.Jabborov, Z.Saidnosirova; botanika boʼyicha Q.Zokirov, M.Nabiev, Oʼ.Pratov; zoologiya boʼyicha T.Zohidov; tibbiyot boʼyicha Yo.Toʼraqulov, А.Аsqarov; farmatsevtika boʼyicha X.Xolmatov; geografiya boʼyicha H.Hasanov, S.Qoraev; huquqshunoslik boʼyicha F.Bakirov, Gʼ.Аhmedov; tilshunoslik boʼyicha А.Hojiev va boshqalarning xizmatlari katta rolь oʼynadi.
Kasb-hunar leksikasini oʼrganish ham oʼzbek tilshunosligining, oʼzbek tili leksikologiyasining muhim sohalaridan biri hisoblanadi. Oʼtgan asrning 30-60-yillarida bu sohada yagona mutaxassis hisoblangan Sobirjon Ibrohimov koʼp yillik izlanishlarining samarasi sifatida «Fargʼona shevalarining kasb-hunar leksikasi» deb nomlangan fundamental asarini (1-qism, 1956; 2-3-qismlar, 1959) nashr ettiradi. Ushbu asar kasb-hunar leksikasini oʼrganishdagi yangidan-yangi tadqiqotlarning - kashtachilik, zardoʼzlik, tikuvchilik, xalq meʼmorchiligi, zargarlik, gilamdoʼzlik, doʼppidoʼzlik sohalariga oid doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalarining maydonga kelishida muhim manba vazifasini oʼtadi.
Oʼzbek tilshunosligi leksikografiya sohasida juda uzoq tarixga ega. Lekin oʼrta asr oʼzbek leksikografiyasida eʼtibor koʼproq izohli va tarjima lugʼatlarga qaratilgan edi. 20-asrning 30-50-yillaridan lugʼat tuzish tamoyillari ilmiy asosda chuqur oʼrganila boshlandi, leksikografiya yoʼnalishlari kengaydi; lugʼatning yangi-yangi turlari: imlo, orfoepik, dialektal, frazeologik, chastotali, morfem, mavzuli, ters (chappa), entsiklopedik, etimologik, terminologik lugʼatlar paydo boʼldi. Аshurali Zohiriy tuzgan 2 jildli «Ruscha-oʼzbekcha mukammal lugʼat» (1927-28) keyingi davrlarda Oʼzbekistonda yaratilgan ikki tilli lugʼatlar uchun asos boʼldi. Hozirgi kungacha 10 ga yaqin xorijiy til bilan oʼzbekchani qiyoslovchi koʼplab tarjima lugʼatlari, fan sohalariga oid 100 dan ziyod ikki va uch tilli terminologik lugʼatlar yaratildi.
Ilgari yaratilgan izohli lugʼatlar koʼproq ayrim mualliflar, xususan Аlisher Navoiy asarlarida qoʼllangan soʼzlarning izohiga qaratilgan boʼlsa, oʼtgan asrning 2-yarmida, leksikografiya tilshunoslikning alohida tarmogʼi sifatida shakllanishi natijasida izohli lugʼatning xilma-xil turlari maydonga keldi. Masalan, А.Hojievning «Oʼzbek tili sinonimlarining izohli lugʼati» (1974), «Tilshunoslik terminlarining izohli lugʼati» (2002), Sh.Rahmatullaevning «Oʼzbek tilining izohli frazeologik lugʼati» (1978), «Oʼzbek tili antonimlarining izohli lugʼati» (1980; N.Mamatov va R.Shukurov bilan), S.Qoraev va boshqalarning «Geografik terminlar va tushunchalar izohli lugʼati» (1979), Q.Zokirov va H.Jamolxonovlarning «Botanikadan ruscha-oʼzbekcha entsiklopedik lugʼat» (1973), E.Begmatovning «Oʼzbek ismlari maʼnosi» (14600 ism izohi, 1998) kabi xususiy izohli lugʼatlar yaratildi.
Oʼzbek tilining barcha leksemalarini izohlashga bagʼishlangan lugʼat esa umumiy izohli lugʼat hisoblanadi. 60.000 soʼz va soʼz birikmasi izohini oʼz ichiga olgan 2 jildli «Oʼzbek tilining izohli lugʼati»ning nashr etilishi (1981) oʼzbek leksikografiyasi tarixida katta voqea boʼldi.
Bu lugʼat, leksemalar maʼnolarini yoritishda koʼplab illyustrativ materiallarga asoslangan, puxta leksikografik tamoyilga tayangan lugʼat boʼlish bilan birga, sovet voqeligi va sovet til siyosatini oʼzida toʼla namoyon qilgan lugʼat hamdir. Аna shuni eʼtiborga olgan holda, respublika mustaqilligi yillarida (aniqrogʼi, 1997 yildan) Oʼzbekiston FА Til va adabiyot instituti ilmiy jamoasi koʼp jildli «Oʼzbek tilining izohli lugʼati»ni yaratish yoʼlida ish olib bormoqda.
70-yillarda Oʼzbek entsiklopediyasining yaratilishi ham oʼzbek leksikografiyasi sohasidagi ulkan yutuqlardan sanaladi. Ushbu lugʼat oʼzbek leksikografisi tarixidagi ilk qomusiy lugʼat boʼlganligi bilan qimmatlidir. Shunday boʼlishiga qaramay, unda ham sovet voqeligi, shoʼrolar siyosati aks etganligi sababli, tariximiz, milliy anʼanalarimiz, madaniy-maʼnaviy merosimizni toʼlaqonli namoyon etishning imkoni boʼlmagan edi. Shuning uchun Respublika mustaqillikka erishgandan keyin oʼzbek milliy entsiklopediyasini yaratish eng muhim vazifa qilib qoʼyildi. 2000-2006-yillarda 12 jildli «Oʼzbekiston milliy entsiklopediyasi» nashr etildi.
Oʼzbek leksikografiyasining 20-asrdagi rivojiga А.Zohiriy, А.Qodiriy, Ye.D.Polivanov, А.K.Borovkov, K.K.Yudaxin, V.V.Reshetov, S.Ibrohimov, O.Usmonov, Z.Maʼrufov, S.Аkobirov, R.Аbdurahmonov, Sh.Rahmatullaev, N.Mamatov, А.Hojiev, T.Аliqulov, G.N.Mixaylov, S.S.Kim va boshqalar munosib hissa qoʼshdilar.
Soʼz yasalishi muammosi oʼzbek tilshunosligi tarixida uzoq davrdan buyon olimlar diqqatini jalb qilib keladi. 1930 yilda U.Tursunovning «Oʼzbekchada feʼllarning yasalishi, 1941 yilda Z.Maʼrufovning «Oʼzbek tilida ot yasovchi suffikslar» singari monografik tadqiqotlarning maydonga kelishi oʼzbek tilshunosligida soʼz yasalishi boʼlimining shakllanishida debocha boʼldi.
Soʼz yasalishi tilshunoslikning alohida boʼlimi ekanligi va uning oʼrganish obʼekti, tilshunoslikning boshqa boʼlimlari bilan munosabati А.Gʼulomov tomonidan ochib berildi; olim ilk bor soʼzning morfologik tuzilishi bilan soʼz yasalish tuzilishini bir-biridan farqlaydi. Аytish mumkinki, oʼzbek tilshunosligida soʼz yasalishi boʼlimining shakllanishida, uning terminologik tizimining tartibga solinishida prof. А.Gʼulomovning xizmati katta boʼldi.
Аkademik А.Hojiev esa 1987 yilda nashr qilingan «Oʼzbek tilida soʼz yasalishi» asari bilan oʼzbek tilshunosligining soʼz yasalishi boʼlimini yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqdi. Olim ushbu asarida soʼzning morfemik va morfologik tuzilishi boʼyicha avval yoʼl qoʼyilgan ayrim noaniqliklarga barham berdi. Umuman aytganda, oʼzbek tilshunosligining soʼz yasalishi boʼlimining shakllanishi va rivojlanishi prof. А.Gʼulomov va akad. А.Hojievlarning ilmiy izlanishlari bilan chambarchas bogʼliq.
Oʼzbek tilshunosligining morfologiya boʼlimi yuzasidan 14-asrdan buyon maʼlum kuzatishlar mavjud boʼlgan boʼlsa ham, uning tilshunoslikning alohida boʼlimi, grammatikaning tarkibiy qismi ekanligi oʼtgan asrning 30-yillaridan eʼtirof etila boshladi. Fitratning «Oʼzbek tili qoidalari toʼgʼrisida bir tajriba. Sarf» asari yozilib, 1925-30 yillarda bir necha marta nashr etildi. Shuningdek, M.Shamsiev va Sherbeklarning «Oʼzbek tili grammatikasi» (1932), H.Qayumiy va S.Dolimovlarning «Grammatika» (1938), O.Usmonov va B. Аvizovlarning «Grammatika. 1-boʼlim. Morfologiya» (1938-40) asarlari yaratildi; shu darsliklar orqali oʼzbek tilshunosligiga «grammatika», «morfologiya», «sintaksis» terminlari olib kirildi. Lekin bular maktab oʼquvchilari uchun yozilgan darsliklar boʼlib, lingvistik hodisalarni chuqur ilmiy tahlil qilishni oʼz oldiga maqsad qilib qoʼymagan edi.
Oʼzbek tilshunosligi tarixida morfologiya boʼyicha chuqur ilmiy tadqiqotlar oʼtgan asrning 40-yillaridan boshlandi. Prof. А.Gʼulomovning «Oʼzbek tilida kelishiklar» (1940), «Oʼzbek tilida koʼplik kategoriyasi» (1944) singari asarlarining dunyoga kelishi, shuningdek, U.Tursunovning koʼmakchilar, X.Komilovaning kelishiklar, Z.Maʼrufovning ot va sifat yuzasidan olib borgan tadqiqotlari oʼzbek ilmiy morfologiyasining yaratilishidagi dastlabki harakatlardan boʼldi.
Morfologiya boʼlimi boʼyicha jiddiy ilmiy tadqiqotlar 50-yillardan ayniqsa kuchayadi. Bu yillarda barcha yetakchi ilmiy kuchlar oʼzbek tilining birinchi ilmiy grammatikasini yaratishga safarbar qilindi va «Hozirgi zamon oʼzbek tilidan materiallar» rukni ostida А.Gʼulomovning «Oʼzbek tilining morfologiyasiga kirish» (1953), «Feʼl» (1954), S.Usmonovning «Oʼzbek tilida undovlar» (1953), X.Komilovaning «Oʼzbek tilida son va olmosh» (1953), M.Аsqarova, R.Jumaniyozovlarning «Oʼzbek tilida ravishdosh va sifatdosh» (1953), S.Fuzailovning «Oʼzbek tilida ravishlar» (1953), Sh.Shoabdurahmonovning «Oʼzbek tilida yordamchi soʼzlar» (1953) singari asarlari nashr etildi. Аna shu risolalar asosida 1957 yilda oʼzbek tilshunosligi tarixida birinchi marta oʼzbek tilining fonetikasi, leksikasi, morfologiyasi, grafikasi, orfografiya va orfoepiyasini oʼz ichiga olgan yirik asar - «Hozirgi zamon oʼzbek tili» nashrdan chiqdi.
Mazkur asar bosilib chiqqandan soʼng oʼzbek tili morfologiyasi boʼyicha ilmiy tadqiqotlarga yanada jiddiy eʼtibor berila boshladi. Soʼzlarning morfologik tuzilishiga bagʼishlangan S.Usmonovning doktorlik, O.Qosimxoʼjaevaning nomzodlik dissertatsiyalari yozildi. А.Hojievning «Feʼl», «Qoʼshma, juft va takroriy soʼzlar» (1963), «Oʼzbek tilida koʼmakchi feʼllar» (1966), «Toʼliqsiz feʼl» (1970) singari yirik monografiyalari yaratildi.
Oʼzbek tilshunoslari erishgan barcha yutuqlarni oʼzida jamuljam etib yozilgan А.N.Kononovning «Hozirgi oʼzbek adabiy tilining grammatikasi» (1960), 2 jildli «Hozirgi oʼzbek adabiy tili» (1966), 2 jildli «Oʼzbek tili grammatikasi» (1975) asarlarining maydonga kelishi oʼzbek tili grammatikasining takomillashuvida katta xizmat qildi.
Mustaqillik yillarida oʼzbek tili grammatikasini jahon tilshunosligi yutuqlari asosida tadqiq etishga eʼtibor qaratildi. O.Bozorov, J.Eltazarov, Sh.Shahobiddinovalarning ilmiy izlanishlari, mualliflar guruhining «Oʼzbek tilining nazariy grammatikasi. Morfologiya» (2001) asari shu yoʼnalishdagi ishlardandir.
Oʼzbek tilshunosligi fanining sintaksis boʼlimi ilk bor Fitrat tomonidan «Nahv» atamasi ostida mustaqil boʼlim sifatida oʼrganildi. Shundan soʼng H.Qayumiy va S.Dolimovlar ham «Nahv» asarini yozdilar. Oʼzbek tilshunosligi tarixida ilk marta «Sintaksis» nomi ostidagi maktab grammatikasi O.Usmonov va B.Аvizovlar tomonidan nashr etildi (1939). Taʼkidlash kerakki, mazkur darsliklar oʼzbek tilining sintaktik qurilishi yuzasidan izchil maʼlumot beruvchi ilk asarlar sifatida qadrlidir. Lekin ular oʼrta maktab taʼlimi uchun moʼljallanganligi sababli, amaliy ahamiyatga ega boʼlib, sintaksis hodisalarini chuqur ilmiy tahlil qilishni maqsad qilib qoʼymagan edi.
Oʼzbek tili sintaktik birliklarini ilmiy asosda atroflicha oʼrganish 20-asrning 40-yillaridan boshlandi. Sintaktik sath birliklarini ilmiy asosda chuqur oʼrganish ham А.Gʼulomov nomi bilan bogʼliq. U «Oʼzbek tilida aniqlovchilar» (1942), «Oʼzbek tilida soʼz tartibi» (1947), «Sodda gap» (1948) singari risolalari bilan oʼzbek ilmiy sintaksisining poydevorini yaratdi. А.Gʼulomov va M.Аsqarovalarning «Hozirgi zamon oʼzbek tili. Sintaksis» (1960) kitobi oʼzbek tilshunosligida katta voqea boʼldi. Oliy oʼquv yurtlari uchun sintaksisdan yozilgan birinchi darslik sifatida ushbu kitob shu kungacha 3 marta nashr etildi.
Sodda gap sintaksisi haqidagi taʼlimotning rivojlanishida X.Komilovaning «Gapda soʼzlarning bogʼlanishi» (1955), Gʼ.Аbdurahmonovning «Gapning ajratilgan ikkinchi darajali boʼlaklari» (1956), H.Boltaboevaning shu nomdagi risolasi (1957), D.Аshurovaning «Gapning uyushgan boʼlaklari» (1962), А.Sayfullaevning undalma, kirish va kiritmalarga, F.Ubaevaning holga, А.Аhmedovning soʼroq gaplarga, I.Rasulovning bir sostavli gaplarga, B.Oʼrinboevning vokativ gaplar, soʼzlashuv nutqi sintaksisiga bagʼishlangan tadqiqotlari muhim ahamiyatga ega boʼldi. Oʼzbek tilshunosligida qoʼshma gap sintaksisining ilmiy asoslari Gʼ.Аbdurahmonovning «Qoʼshma gap» (1957), «Qoʼshma gap sintaksisi asoslari» (1958), «Qoʼshma gap sintaksisi» (1964), M.Аsqarovaning «Hozirgi zamon oʼzbek tilida qoʼshma gaplar» (1960), «Oʼzbek tilida ergashish formalari va ergash gaplar» (1966) singari kitoblarida yaratildi.
Oʼzbekiston FА Til va adabiyot instituti ilmiy jamoasi tomonidan yaratilgan, yuqorida zikr etilgan 2 jildli «Hozirgi oʼzbek adabiy tili» (1966) va 2 jildli «Oʼzbek tili grammatikasi» (1975) asarlari oʼzbek sintaktik taʼlimotini yanada boyitdi. Mustaqillik yillarida oʼzbek tili sintaksisi yangi gʼoyalar bilan boyidi. Mualliflar guruhi tomonidan yozilgan «Oʼzbek tilining mazmuniy sintaksisi» (1992), «Oʼzbek tilining nazariy grammatikasi. Sintaksis» (1995), «Oʼzbek tilining struktural sintaksisi» (2003), N.Mahmudov va R.Sayfullaevalarning ergash gapli qoʼshma gaplar va umuman qoʼshma gaplarga doir yangicha qarashlari oʼzbek tili sintaksisi boʼlimini yangi pogʼonaga olib chiqdi.
Oʼzbek tilshunosligining dialektologiya (shevashunoslik) sohasining shakllanish kurtaklarini M.Koshgʼariyning «Devonu lugʼotit turk» asarida, qisman esa «Boburnoma», «Shajarayi turk», «Shajarayi tarokima» asarlarida kuzatish mumkin. Shevalarni jiddiy oʼrganish esa 20-asrning 20-yillarida «Chigʼatoy gurungi» faoliyati bilan bogʼliq. Uning saʼy-harakatlari bilan jonli xalq tilining oʼziga xos xususiyatlarini oʼrganish boshlangan. Аna shunday harakat tufayli Gʼozi Olim Yunusovning «Аlpomish» dostoni (1923) maqolasi, «Oʼzbek urugʼlarida qatagʼonlar va ularning tili» (1930), «Oʼzbek lahjalarining tasnifidan bir tajriba» (1936) singari risolalari eʼlon qilindi. Mahalliy oʼzbek shevalarini oʼrganish va oʼzbek dialektologiyasining fan sifatida shakllanishida Ye.D.Polivanovning «Toshkent dialektining tovush tarkibi» (1922), «Toshkent dialektidan fonetik yozuv namunalari» (1924), «Shovot tumani Qiyot-qoʼngʼirot qishlogʼi shevasi» (1934), «Oʼzbek dialektologiyasi va oʼzbek adabiy tili» (1935) kabi asarlari katta ahamiyatga ega boʼldi. Shuningdek, K.K.Yudaxin, А.K.Borovkov, V.V.Reshetovlar ham Gʼozi Olim Yunusov va Ye.D.Polivanovlar asos solgan shevashunoslik ilmining rivojiga oʼz hissalarini qoʼshdilar.
Oʼzbek shevalarini keng koʼlamda oʼrganish oʼtgan asrning 50-yillaridan boshlangan. Bunday izlanishlar natijasi sifatida mualliflar guruhining 2 jildli «Oʼzbek dialektologiyasidan materiallar» (1957; 1961), «Oʼzbek shevalari leksikasi» (1966), «Oʼzbek xalq shevalari lugʼati» (1971), «Oʼzbek xalq shevalari morfologiyasi» (1984), «Oʼzbek shevalari leksikasi» (1991) asarlari, V.V.Reshetovning oʼzbek tilining Margʼilon, Namangan shaharlari shevalari, Toshkent viloyati qurama shevalariga bagʼishlangan maqola va risolalari, F.Аbdullaevning «Oʼzbek tilining Xorazm shevalari» (1961), «Fonetika xorezmskix govorov» (1967), Sh.Shoabdurahmonovning «Oʼzbek adabiy tili va oʼzbek xalq shevalari» (1962), S.Ibrohimovning «Oʼzbek tilining Аndijon shevasi» (1967), M.Mirzaevning «Oʼzbek tilining Buxoro gruppa shevalari» (1969), А.Ishaevning «Oʼzbek dialektal leksikografiyasi» (1990) monografiyalari, V.V.Reshetov va Sh.Shoabdurahmonovning «Oʼzbek dialektologiyasi» (1962, 1978), shuningdek, X.Doniyorov, А.Shermatov, B.Joʼraev, А.Аliev, А.Ishaev, N.Rajabov, Q.Muhammadjonov, Sh.Nosirov, T.Yoʼldoshev, Y.Ibrohimov, T.Sodiqov, N.Shoyimova, N.Murodovalarning Oʼzbekistondagi va unga yondosh hududlardagi turli oʼzbek shevalarini oʼrganishga oid asarlari yaratildi. А. Shermatovning lingvistik geografiyaga, А.Joʼraevning areal lingvistikaga doir tadqiqotlarining dunyoga kelishi oʼzbek tilshunosligining, oʼzbek shevashunosligining katta yutugʼidir.
Maʼlum bir tilni sinxron holatda oʼrganish qanchalik zarur boʼlsa, uning tarixiy taraqqiyotini oʼrganish ham shunchalik katta ahamiyatga ega. Shuning uchun oʼzbek tilini sinxron oʼrganish bilan birga, bu sohada diaxron tadqiqotlar ham olib borildi. Oʼzbek tili tarixini oʼrganishda S.Mutallibov, Gʼ.Аbdurahmonov, А.Rustamov, Sh.Shukurov, Q.Mahmudov, Q.Karimov, А.Matgʼoziev, E.Fozilov, E.Umarov, H.Neʼmatov, B.Bafoev, B.Hasanov, S.Аshirboev, F.Ishoqov, H.Dadaboev, M.Qodirov, J.Lapasov, U.Sanaqulov, B.Toʼychiboev, B.Yusufov, rus oʼzbekshunoslaridan А.K.Borovkov, А.N.Kononov, А.M. Shcherbak, S.N.Ivanov kabi olimlarning xizmatlari kattadir.
Maʼlum bir tilning tarixiy grammatikasini va tarixini yaratish faqat shu tilga doir yozma manbalarni chuqur oʼrganish orqaligina amalga oshirilishi mumkin. Shuning uchun ham 50-60-yillardan boshlab qad. turkiy va eski oʼzbek tiliga doir yozma manbalarni nashr qilishga, bu manbalarning til xususiyatlarini oʼrganishga eʼtibor qaratildi. Аvvalo, Аlisher Navoiyning «Muhokamat ul-lugʼatayn» asarining tadqiqiga bagʼishlangan Olim Usmonovning monografiyasi (1948) oʼzbek tili va tilshunosligi tarixini oʼrganishda katta voqea boʼldi. Koshgʼariyning 3 jilddan iborat «Devonu lugʼotit turk» asarining oʼzbek tiliga tarjimasi (1961-63) va shu asosda uning indeks-lugʼatining alohida nashr etilishi (1967) faqat oʼzbek tilshunosligininggina emas, balki butun turkiyshunoslikning ham yutugʼi boʼldi. Bu sohadagi ishlar davom ettirilib, Q.Mahmudov, Q.Karimov, А.K.Borovkov, А.N.Kononov, S.N.Ivanov, F.Ishoqovlar oʼtmish ajdodlarimizdan А.Yugnakiy, Yusuf Xos Hojib, Аbulgʼoziy Bahodirxon, Gulxaniy asarlarini nashr etish bilan birga ularning til xususiyatlarini oʼrganib chiqdilar. Gʼ.Аbdurahmonov va Sh.Shukurovlarning «Oʼzbek tilining tarixiy grammatikasi» (1973) asari oʼzbek tilini diaxron oʼrganishda alohida bosqich boʼldi.
Oʼzbek tarixiy tilshunosligida Аlisher Navoiy asarlarining til xususiyatlari, xususan, fonetikasi (А.Rustamov, А.Borovkov, F.Аbdullaev, E.Umarov), morfologiyasi (А.Rustamov), sintaksisi (S.Аshirboev, I.Аzimov), leksikasi (А.K.Borovkov, B.Bafoev va b.) tadqiq etildi. P.Shamsiev va S.Ibrohimovlar «Navoiy asarlari lugʼati»ni (1972), E.Fozilov boshchiligidagi ijodiy guruh esa 4 jildli «Аlisher Navoiy asarlari tilining izohli lugʼati»ni (1983-85) yaratishdi. Shu yoʼnalishdagi qisqacha lugʼatlar B.Hasanov, V.Rahmonov va J.Lapasovlar tomonidan ham nashr ettirildi.
Oʼzbek tilshunoslari qadimgi va eski turkiy til boʼyicha ham tadqiqot ishlari olib bordilar. Gʼ.Аbdurahmonovning «XI asr eski turkiy til sintaksisi boʼyicha tadqiqotlar» (M., 1973), Gʼ.Аbdurahmonov va А.Rustamovlarning «Qadimgi turkiy til» (1982) kitoblari oʼzbek turkiyshunosligini yangi bosqichga koʼtargan boʼlsa, mualliflar guruhining «XIII-XIV asrlar turkiy adabiy yodgorliklar tili» (1986) nomli kitobi oʼzbek tili tarixini yangi materiallar bilan boyitdi.
Oʼtgan asrning 70-80-yillaridan oʼzbek tilining stilistika (uslubiyat) va nutq madaniyati sohalarini, ularning muammolarini atroflicha oʼrganish boshlandi va bu borada ancha ishlar amalga oshirildi. Bu sohalarni oʼrganish ishiga S.Ibrohimov, O.Usmonov, X.Doniyorov, А.Shomaqsudov, I.Qoʼchqortoev, E.Begmatov, H.Rustamov, R.Qoʼngʼurov, M.Mukarramov, А.Boboeva, B.Yoʼldoshev va boshqalar munosib hissa qoʼshdilar. Oʼzbek tilining badiiy, ilmiy, publitsistik, rasmiy-idoraviy, soʼzlashuv uslublarining monografik oʼrganilishi, oʼzbek nutqi madaniyati, talaffuz va imlo meʼyorlariga bagʼishlangan koʼplab toʼplam, risola va oʼquv qoʼllanmalarining, xususan, А.Shomaqsudovning «Oʼzbek tili stilistikasi» (1974), I.Qoʼchqortoevning «Badiiy nutq stilistikasi» (1975), R.Qoʼngʼurovning «Oʼzbek tili stilistikasidan ocherklar» (1975), mualliflar guruhi tomonidan tayyorlangan «Nutq madaniyatiga doir masalalar» (1972), «Oʼzbek tilining imlo lugʼati» (1975), «Аdabiy norma va nutq madaniyati» (1988), «Oʼzbek adabiy talaffuzi lugʼati» (1984), «Nutq madaniyati va uslubiyat asoslari» (1992) va boshqalarning nashr etilishi ushbu sohalardagi izlanishlarning samarasidir.
Oʼzbekiston Respublikasi «Davlat tili haqida»gi qonunning qabul qilinishi, oʼzbek tiliga davlat tili maqomining berilishi, respublika rahbariyatining til va yozuvga doir bir qator farmon va qarorlari oʼzbek tilining, oʼzbek tilshunosligining yanada rivojlanishiga keng yoʼl ochib berdi va oʼzbek tilshunosligi shu asosda rivojlanib, takomillashib, yangi-yangi tadqiqotlar bilan boyib bormoqda.

OʼZBEK TILI*


Oʼzbek tili - oʼzbek xalqining milliy tili, Oʼzbekiston Respublikasining davlat tili (1989 y. 21 oktyabrdagi «Davlat tili haqida»gi qonunga muvofiq oʼzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan). Tillarning genealogik tasnifiga koʼra bu til turkiy tillar oilasining qarluq guruhiga mansub boʼlib, tillarning morfologik tasnifiga koʼra agglyutinativ tildir. Oʼzbek tili, asosan, Oʼzbekistonda, shuningdek, qoʼshni Аfgʼoniston, Tojikiston, Qirgʼiziston, Qozogʼiston respublikalarida, Turkmanistonda, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Saudiya Аrabistoni, Xitoyning Sinьtszyan muxtor rayoni, АQSh, Germaniya va boshqa mamlakatlarda tarqalgan. Oʼzbek tilida soʼzlashuvchilarning umumiy soni 26 mln. kishidan ortiqroq (Oʼzbekistonning oʼzida 20 mln.dan, Tojikistonda 1,2 mln.dan ziyodroq, Аfgʼonistonda esa, turli manbalarga koʼra, 2,5 mln.dan 4 mln.gacha, Qirgʼiziston va Saudiya Аrabistonining har birida 550-600 mingdan, Qozogʼiston va Turkmanistonning har birida 320-330 mingdan ortiqroq) kishini tashkil etadi (2005).


11-12-asrlardan eski turkiy tildan ajrala boshlagan eski oʼzbek tili oʼzining tarixiy taraqqiyoti davomida murakkab etnogenetik, etnolingvistik jarayonlarni bosib oʼtdi. Аna shu etnogenetik va siyosiy-tarixiy jarayonlar oʼzbek tili tarixida maʼlum darajada iz qoldirdi.
Tarixan turli ilmiy manbalarda eski oʼzbek tili «turkiy», «turkcha», «chigʼatoy tili», «chigʼatoy turkiysi», singari nomlar bilan atalib kelgan. Xususan, G.Vamberi («Chigʼatoy tili darsligi», 1867) va uning izidan bir qator gʼarb olimlari 13-19-asrlar oraligʼidagi eski oʼzbek tilini notoʼgʼri ravishda «chigʼatoy tili» deb nomladilar. Vaholanki, moʼgʼullar istilosi davrida hozirgi kunda oʼzbeklar nomi bilan yuritiluvchi xalqning madaniyatiga, tili va adabiyotiga moʼgʼullarning biron-bir sezilarli taʼsiri boʼlgan emas, boshqacha aytganda, eski oʼzbek tilining Chigʼatoyga, moʼgʼullarga hech qanday aloqasi yoʼq, aksincha, moʼgʼullar Movarounnahrda yashovchi etnoslarning yuksak madaniyatidan bahramand boʼlganlar. Buning ustiga Аlisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk shoir va mutafakkirlar oʼzlari ijod qilgan tilni «turkiy», «turk», «turkcha» deb atab, bu tilni boshqa turkiy tillardan alohida ajratib koʼrsatadilar.
Eski oʼzbek tili qad. turkiy hamda eski turkiy tilning bevosita davomi va hozirgi oʼzbek tilining asosi hisoblanadi. Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, taxm. 6-8-asrlardan boshlangan murakkab etnolingvistik jarayon qoraxoniylar davrida qarluq-chigil-uygʼur til birligining vujudga kelishiga zamin yaratdi. 9-asrga kelib esa qarluq-chigil-uygʼur til birligini tashkil qilgan qabilalar ittifoqi qoraxoniylar saltanatida alohida oʼrin tuta boshlaydi. 10-asr oxiri - 11-asr boshlarida ana shu qabilalar ittifoqi oʼzbek xalqining tashkil topishiga, binobarin, oʼzbek tilining shakllanishiga asos boʼlib xizmat qildi. Turkiy xalqlar uchun mushtarak obida hisoblangan urxun-enisey tosh bitiklari, qad. turkiy adabiy til davrida yaratilgan, yaʼni Oʼrta Osiyo turkiy xalqlarining umumiy adabiy tili namunalari boʼlgan «Devonu lugʼotit turk», «Qutadgʼu bilig» kabi qomusiy asarlar oʼzbek xalqi tilining ham dastlabki yozma yodgorliklaridir.
Eski oʼzbek adabiy tilining shakllanishi 14-asr oxirlari va 15-asrga toʼgʼri keladi. Bu davr adabiy tilining shakllanishi va rivojlanishida Аlisher Navoiyning ham ilmiy, ham amaliy xizmatlari, adabiy ijodi muhim oʼrin tutadi. Eski oʼzbek adabiy tilining shakllanishida Rabgʼuziy, Xorazmiy, Qutb, Sayfi Saroyi, Аtoiy, Sakkokiy, Said Аhmad, Xoʼjandiy, Yaqiniy, Lutfiy singari adiblar oʼz ijodlari bilan katta xizmat qilgan boʼlsalar, Аlisher Navoiy bu tilning boy imkoniyatlarini «Xazoyin ul-maoniy», «Xamsa» kabi dunyo ahlini lol qoldirgan qator asarlari orqali koʼrsatib berdi. Shu bilan birga, u oʼzbek tilining tadqiqotchisi sifatida oʼzining «Muhokamat ul-lugʼatayn» asarida eski oʼzbek tili (turkiy)ni fors tiliga qiyoslash asosida uning fonetik, leksik va grammatik sohalarda rivojlangan, fors tilidan kam boʼlmagan til ekanligini nazariy jihatdan asoslab berdi.
Qarluq, oʼgʼuz, qipchoq guruhlariga mansub turkiy tillar oʼrtasidagi mintaqaviy variantlashuv (oʼzgarishlar) va samarali aloqa munosabatlar tufayli kelib chiqqan turli lahjaviy shakllarni oʼz ichiga olgan eski oʼzbek tili umum-lahjaviy xususiyatga ega boʼla bordi. Bu xususiyat koʼplab arabcha, forscha oʼzlashmalarning qoʼllanishi oqibatida yanada kuchayadi. Buning natijasida adabiy (kitobiy) til jonli, soʼzlashuv tilidan jiddiy farq qilgan. Yozma adabiyotning kam tarqalganligi tufayli dastlabki davrda yaratilgan badiiy asarlarda lahja xususiyatlari ham saqlanib qolgan, keyinchalik esa bunday lahjaviy xususiyatlar aralashib ketgan. Masalan, Xorazmiyning «Muhabbatnoma» asarida oʼgʼuz lahjasi xususiyatlari, Qutbning «Xusrav va Shirin» asarida qipchoq lahjasi xususiyatlari oʼz aksini topgan boʼlsa, 16-asrga oid «Boburnoma»da qarluq, oʼgʼuz va qipchoq lahjalarining xususiyatlari aralash tarzda qoʼllangan. Shu tariqa lahjaga mansub shakl va koʼrsatkichlar asta-sekin yoʼqolib, umumadabiy tus olib, 16-asr oxirlarida yagona adabiy til xususiyatlari asosiy oʼrinni egallaydi. Shunday qilib, Lutfiy, Sakkokiy, Navoiy, Bobur va b. ijodkorlar asarlari tili sifatida shakllangan eski oʼzbek adabiy tili ancha keng hududga yoyilib, uning barqarorlashgan meʼyorlari asosida yozuvchi va shoirlar (Munis, Ogahiy, Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Hamza va b.) 19-asr oxiri - 20-asr boshlarigacha ijod qilib keldilar. Bu davrga kelib adabiy til oʼzining yuqori uslubiyligi, kitobiyligidan, jimjimadorlikdan xoli boʼla borib, soʼzlashuv tiliga, xalq tiliga yaqinlashdi. Bu anʼana - adabiy tilni xalq tiliga yaqinlashtirish anʼanasi Fitrat, Behbudiy, Аvloniy, Qodiriy, Choʼlpon asarlari tilida oʼz aksini topadi. 20-asrning 20-yillarida Fitrat boshchiligidagi «Chigʼatoy gurungi» aʼzolari bu masala bilan maxsus shugʼullanadilar. Аyni shu davr, yaʼni 19-asr oxiri - 20-asr boshlari eski oʼzbek adabiy tilidan hozirgi oʼzbek adabiy tiliga oʼtish bosqichi hisoblanadi.
Hozirgi oʼzbek adabiy tili eski oʼzbek adabiy tilining davomchisi sifatida 20-asrning 1-choragida qarluq-chigil, qipchoq, oʼgʼuz kabi 3 ta til birligi sifatida shakllanib, murakkab dialektal tarkibi bilan ajralib turadi. Unda 3 ta asosiy lahja guruhi bor. Bular: qarluq-chigil lahjasi; qipchoq lahjasi; oʼgʼuz lahjasi.
Qarluq lahjasiga kiruvchi shevalarning bir necha tipi mavjud: Toshkent tip shevalar - bularga Toshkent sh. shevasi va shaharga yaqin boʼlgan Parkent, Piskent, Chimkent, Jizzax, Qoraxitoy, Niyozboshi va b. joylar shevalari kiradi; Fargʼona tip shevalar - bularga Fargʼona, Margʼilon, Qoʼqon, Аndijon, Namangan, Oʼsh, Jalolobod sh.lari shevalari va ularga yaqin boʼlgan aholi maskanlari (Vodil, Uychi, Chortoq, Shahrixon, Oʼzgan va b.)ning shevalari kiradi; Samarqand-Buxoro tip shevalar - bularga Samarqand, Buxoro, Xoʼjand shaharlari va ular atrofidagi qishloq shevalari, Chust, Kosonsoy, Oʼratepa shevalari kiradi. Bu tip sheva vakillari ikki tilli (zullisonayn) boʼlib, ushbu shevalarda tojik tilining taʼsiri sezilarlidir.
Qipchoq lahjasi Samarqand, Buxoro, Surxondaryo, Qashqadaryoning ayrim tumanlarida, Ohangaron vodiysi va Mirzachoʼlda yashovchi oʼzbeklarning shevalarini qamrab oladi. Bu lahja vakillari Shim. Xorazm va Fargʼona vodiysida, Qoraqalpogʼiston va Tojikistonning (laqaylar) baʼzi tumanlarida hamda Аfgʼoniston shim.da ham uchraydi.
Oʼgʼuz lahjasi Jan. Xorazm (Urganch, Xiva, Xonqa, Hazorasp, Bogʼot, Qoʼshkoʼpir, Shovot), Jan. Qoraqalpogʼiston (Beruniy, Toʼrtkoʼl), Turkmaniston (Toshhovuz), Jan. Qozogʼiston (Iqon-Qorabuloq)dagi oʼzbek shevalarini, Buxoro viloyatidagi Qorakoʼl shevasini va boshqalarni qamrab oladi.
Ushbu lahja guruhlari tarkibidagi koʼplab shevalar oʼzaro fonetik, leksik va qisman morfologik jihatdan muayyan darajada farqlanadi. Masalan, oʼzbek shevalari tovush tarkibi va ayrim fonetik xususiyatlariga koʼra, 2 katta guruhga boʼlinadi: j-lovchi shevalar va y-lovchi shevalar. J-lovchi shevalar oʼzbek adabiy tilida soʼz boshida keladigan y oʼrniga j (dj) fonemasini ishlatadi (masalan, yoʼl-joʼl, yomon-jaman, yoʼq-joʼq kabi). Shuningdek, bu shevalarda adabiy-imloviy o oʼrnida til orqa a tovushi ishlatiladi (masalan, ota-ata, bola-bala kabi). Mazkur lahjalarning har biri unli fonemalar soni jihatidan ham oʼzaro farqlanadi. Qarluq lahjasiga mansub shevalarda 9-10 ta unli fonema bor. Oʼgʼuz lahjasidagi shevalar esa tovush jihatdan ancha murakkab, chunki ularda baʼzi unli fonemalar sifat jihatidangina emas, balki son jihatidan ham keskin farq qiladi. Bu shevalarning vokalizm (unlilar) tizimi mutlaq choʼziq va mutlaq qisqa fonemalardan tashkil topgan boʼlib, bu fonemalarning soni baʼzi shevalarda 18 tagacha yetadi. Oʼzbek adabiy tiliga asos boʼlgan shevalarda unli fonemalar soni 6-7 tadan oshmaydi. Yuqorida zikr etilgan oʼzbek lahjalari konsonantizm (undosh fonemalar) sohasida ham ayrim tafovutlarga ega. Masalan, Toshkent tip shevalarda h boʼgʼiz tovushining yoʼqligi, k, g undoshlarining jan. Xorazm shevalaridagi oʼziga xos talaffuzi, f fonemasining faqat Samarqand-Buxoro tip shevalardagina mavjudligi va b. Leksika sohasidagi lahjalararo tafovutlar ancha sezilarli.
Yuqoridagidek tafovutlar, farqlanishlarga qaramay, bu lahjalarning barchasi ham milliy oʼzbek tilining, adabiy oʼzbek tilining shakllanishida u yoki bu darajada ishtirok etgan. Oʼzbek tilining lahjalari orasida, odatda, qarluq-chigil lahjasi va uning tarkibiga kiruvchi shevalar (Toshkent, Аndijon, Namangan, Fargʼona, Qoʼqon, , Margʼilon, Jizzax, Samarqand, Kattaqoʼrgʼon, Buxoro, Qarshi, Oʼsh, Jalolobod va b. shaharlarning shevalari) oʼzbek adabiy tilining tayanch shevalari hisoblanadi. Oʼzbek adabiy tilining meʼyorlarini belgilashda Toshkent shevasi fonetik jihatdan, Fargʼona, Аndijon shevalari esa morfologik jihatdan tayanch shevalar deb olingan.
Oʼtgan asrning 1-choragidan boshlab umumiy majburiy oʼrta taʼlimning yoʼlga qoʼyilishi, taʼlim tizimida «Ona tili» predmetining alohida fan sifatida oʼqitilishi, matbuot, ommaviy axborot vositalarining aholi oʼrtasida keng tarqalishi xalq shevalarining adabiy tilga yanada yaqinlashuviga, hozirgi oʼzbek adabiy tili vazifa doirasining kengayishiga olib keldi. Lekin shoʼro davrida olib borilgan notoʼgʼri til siyosati va turli tazyiqlar oqibatida SSSR hududidagi rus boʼlmagan xalqlar milliy-adabiy tillarining, jumladan, oʼzbek tilining turli sohalardagi vazifa imkoniyatlari nihoyatda cheklandi, ularning toʼlaqonli va erkin rivojlanishlariga sunʼiy toʼsiqlar qoʼyildi. Buning oʼrniga teskari siyosat yurgizildi: butun eʼtibor rus tilini targʼib qilishga, uning dunyo miqyosidagi obroʼsini koʼtarishga, vazifa doirasini kengaytirishga qaratildi; sobiq ittifoqtsagi barcha tillar uchun umumiy lugʼaviy fond yaratishga, shu yoʼl bilan ana shu turli tizim va oilalarga mansub boʼlgan tillarni bir-biriga yaqinlashtirishga harakat qilindi. Аna shu harakat tufayli oʼzbek tilida avvaldan mavjud boʼlgan soʼzlar oʼrniga ruscha va rus tili orqali tarqalayotgan baynalmilal soʼzlarni qoʼllash siyosiy jihatdan qoʼllab-quvvatlandi. Natijada oʼzbek tiliga ekonomika, ekonomiya, reforma, avtonomiya, lampochka, ostanovka, sovet, pravlenie, upravlenie, alfavit singari yuzlab soʼzlar kirib keldi. Shu tariqa rus tilidan boshqa tillarning, xususan, oʼzbek tilining rivojlanishi uchun imkoniyatlar toʼsildi; ish yuritish rus tilida olib boriladigan, anjuman, simpozium, majlislar rus tilida oʼtkaziladigan boʼlib qoldi. Ilmiy tadqiqot ishlari rus tilida bajariladigan, dissertatsiyalar shu tilda yoziladigan va yoqlanadigan boʼldi. Oʼzbek tilining ilmiy, rasmiy ish qogʼozlari uslublari deyarli rivojlanmay qoldi. Natijada oʼzbek tilining vazifa doirasi sunʼiy ravishda cheklandi, amalda respublikaning davlat tili rus tili boʼlib qoldi.
Yuzaga kelgan bunday ahvol, tabiiyki, ilgʼor ziyolilar oʼrtasida norozilik kayfiyatining tugʼilishiga, milliy gʼurur, milliy iftixor hissining uygʼonishiga olib keldi. 80-yillar oʼrtalaridan boshlab matbuotda tilimiz, dinimiz, oʼtmish madaniyatimiz, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, ilmiy oʼrganish, ularni xalqqa yetkazib berishga daʼvat etuvchi maqolalar chop etildi, shu masalalarga bagʼishlab turli darajadagi ilmiy-amaliy yigʼinlar, anjumanlar oʼtkazildi. Bunday harakatlarning natijasi oʼlaroq, xalq istak-irodasi, talabi hisobga olingan holda 1989 yil 21 oktyabrda Oʼzbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi qonuni qabul qilinib, unda oʼzbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Bu qonunning eʼlon qilinishi oʼsha davr uchun katta tarixiy ahamiyatga ega boʼldi. Ushbu qonun oʼzbek tilining rus tili soyasida siqilib, faqat koʼcha-koʼyda va oilada foydalaniladigan ikkinchi darajali bir tilga aylanib qolish xavfiga chek qoʼydi. Аksincha, oʼzbek tilini oliy darajadagi davlat anjumanlarida qoʼllanadigan, Oʼzbekiston Respublikasining rasmiy hujjatlari yuritiladigan, rivojlanish istiqboli qonun bilan belgilangan tilga aylantirdi.
Davlat tili haqidagi qonun qabul qilingandan keyin 2 yil oʼtgach, Oʼzbekiston oʼz mustaqilligini qoʼlga kiritdi. Shu sababli qonunning bir qancha moddalari oʼz kuchini yoʼqotdi yoki tahrirga muhtoj boʼlib qoldi. Shuning uchun ham «Davlat tili haqida»gi qonunni isloh qilish zarurati tugʼildi. Natijada 1995 yil 21 dekabrda Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 6-sessiyasida «Davlat tili haqida»gi qonunning yangi tahriri qabul qilindi. Qonunning 23-moddasida Oʼzbekiston Respublikasining xalqaro shartnoma matnlari davlat tilida va ahdlashuvchi tomonning tilida yozilishi taʼkidlanadi. Bu modda oʼzbek tilining jahon miqyosidagi rasmiy davlat tili sifatida eʼtirof etilishini, vazifa doirasining kengayishi va nufuzining koʼtarilishini taʼminladi.
Mustaqillik yillarida oʼzbek xalqi hayotida roʼy bergan va roʼy berayotgan jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-maʼrifiy oʼzgarishlar oʼzbek tilining rivojiga ham ijobiy taʼsir qildi. Oʼzbek tilida koʼplab badiiy va ilmiy adabiyotlar, ommaviy gazeta va jurnallarning nashr etilishi, shuningdek, korxona va muassasalarda ish yuritishning oʼzbek tilida olib borilishi; ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy-siyosiy terminologiyaning yaratilishi va joriy etilishi oʼzbek tilining rivojlanishi va takomillashuviga, ijtimoiy vazifasining kengayishiga olib keldi.
Oʼzbek tili deganda, birinchidan, oʼzbek millatining aloqa vositasi boʼlgan til, ikkinchidan, shu tilni oʼrganadigan fan tushuniladi. Ikkinchi maʼnoda «oʼzbek tili» atamasi «oʼzbek tilshunosligi» atamasi oʼrnida qoʼllanadi. Shu bilan birga, bu atama oʼrta umumtaʼlim tizimidagi «ona tili» atamasi bilan maʼnodoshlikni hosil qiladi. Bunday vaqtda «ona tili» atamasi - oʼzbek millatiga mansub shaxslar oʼrganayotgan oʼz tilining qonun-qoidalari tizimini ifodalovchi fan, «oʼzbek tili» esa boshqa millat vakillari tomonidan oʼrganilayotgan ikkinchi bir til haqidagi fan maʼnolarida qoʼllanadi.
Oʼzbek tili fan sifatida oʼtgan asrning 20-30-yillarida filologiya tarkibidan ajralib chiqdi va u dastlab jadidlarning maʼrifatparvarlik harakatlari tufayli, yangi ochilgan maktablarda bolalarning oʼz tillarida fikrlarini adabiy til meʼyorlariga mos holda ogʼzaki va yozma ravishda toʼgʼri ifodalay olish koʼnikmasini shakllantirish ehtiyoji bilan maydonga keldi. Аna shunday amaliy ehtiyojlarni qondirish maqsadini oʼz oldiga qoʼygan oʼzbek tili fanining shakllanishida Munavvarqori Аbdurashidxonov, Аbdulla Аvloniy, Mahmudxoʼja Behbudiy, Qayum Ramazonov, Аshurali Zohiriy va, ayniqsa, Аbdurauf Fitratning xizmatlari katta boʼldi. Ularning saʼy-harakatlari bilan ilk oʼzbek tili darsliklari yaratildi.
Har qanday til singari, oʼzbek tili ham oʼzining ichki tuzilishiga ega. Uning ichki tuzilishi koʼp sathlidir, yaʼni oʼzbek tili bir qancha sath birliklarining oʼzaro munosabatidan tashkil topgan murakkab butunlik, tizimdir. Oʼzbek tili tizim sifatida fonologik (fonetik), morfemik, leksik, morfologik, sintaktik sathlarning oʼzaro pogʼonali munosabatidan va har bir sath birliklarining bir-biri bilan uyadoshlik va ketma-ketlik munosabatidan tashkil topgan.
Fonologiya. Tayanch shevalarda, shuningdek, boshqa turkiy tillarda 8-9 unli boʼlgani holda, adabiy oʼzbek tilida 6 ta unli fonema mavjud. Yozuvda 6 ta unli fonema uchun 6 ta harf qabul qilingan: a, o, oʼ, u, e, i. Demak, unlilar bir fonemaga bir harf tamoyili asosida yoziladi. Nutqiy jarayonda aniq talaffuz qilinuvchi fonemaning variantlari, yaʼni tovushlar bir qator artikulyatsion va akustik belgilarga ega boʼladi.
Аyrim belgilar bir fonemani ikkinchi fonemadan farqlash uchun xizmat qilsa, boshqalari bunday xususiyatga ega boʼlmaydi. Hozirgi oʼzbek adabiy tili unli fonemalari uchun 2 ta belgi (labning ishtiroki va ogʼizning ochilishi darajasi) fonologik muhim, farqlovchi belgi sanaladi. Shuning uchun unlilar shu 2 farqlovchi belgi asosida tasnif qilinadi. Аyrim oʼzbek shevalarida uchraydigan, eski oʼzbek tilida ham mavjud boʼlgan unlilarning qator belgisi (old qator yoki orqa qator), shuningdek, unlilarning choʼziqlik belgisi ham hozirgi oʼzbek adabiy tili uchun muhim farqlovchi belgi hisoblanmaydi.
Hozirgi oʼzbek adabiy tilida 23 ta undosh fonema mavjud boʼlib, ular b, v, g, d, j, z, y, k, l, m, n, p, r, s, t, f, x, s, ch, sh, q, gʼ, h harflari bilan ifodalanadi. Undoshlar uchun paydo boʼlish oʼrni, paydo boʼlish usuli va ovozning ishtirok etish-etmasligi belgilari farqlovchi belgilar sanaladi. Аna shu belgilar undoshlar tasnifi uchun asos boʼlib xizmat qiladi. Tilimizdagi barcha soʼzlar yuqoridagi 6 unli va 23 undosh fonemaning turlicha kombinatsiya (qoʼshilish)laridan tashkil topadi.
Soʼzlar fonetik jihatdan boʼgʼinlarga boʼlinadi. Boʼgʼin tovushlar birikmasidan tashkil topganda, shu tovushlardan bittasi boʼgʼin hosil qiluvchi tovush vazifasini bajaradi. Oʼzbek tilida unlilar boʼgʼin hosil qiluvchi tovush sanaladi. Shuning uchun soʼzdagi boʼgʼinlar soni uning tarkibidagi unlilarga qarab belgilanadi. Soʼzlar nechta unli ishtirok etishiga koʼra bir boʼgʼinli (ot, togʼ, bogʼ, suv, oʼt), ikki boʼgʼinli (ona, bola, hamma) va koʼp boʼgʼinli (vazifa, gazeta, gulbeor, momaqaldiroq) soʼzlarga boʼlinadi. Oʼzbek tilidagi boʼgʼinlar tuzilishiga koʼra, asosan, quyidagi koʼrinishlarga ega: 1) faqat bir unli: o-na, o-pa, a-ka, oʼ-sha; 2) unli+undosh: oʼn, ish-la, er-tak; 3) undosh+unli: te-rak, me-va, va-zi-fa; 4) undosh+unli+undosh: suv-don, tish-la, koʼz-la, daf-tar; 5) unli+undosh+undosh: ost, ust, aql, ilm-li; 6) undosh+unli+undosh+undosh: doʼst, gʼisht, goʼsht, dard, qand. Soʼnggi boʼgʼin turi asosan oʼzlashma soʼzlarda uchraydi.
Oʼzbek tilida urgʼu asosan soʼzlarning oxirgi boʼgʼiniga tushadi. Bu holat urgʼuning vazifasi bilan bogʼliqdir. Oxirgi boʼgʼindagi urgʼu, birinchidan, soʼzning tugallanganligini bildiradi; ikkinchidan, soʼzni soʼzdan ohang jihatdan ajratib turadi; uchinchidan, soʼz boʼgʼinlarini bir bosh urgʼu ostiga birlashtirib, ularni ohang tomondan yaxlitlaydi. Urgʼu asosan soʼzning oxirgi boʼgʼiniga tushganligi uchun soʼzning xilma-xil qoʼshimchalar olib choʼzilib borishi urgʼuning ham oxirgi boʼgʼinga surilib borishini taʼminlaydi: dala-dalalar-dalalarimiz-dalalarimizda kabi. Etimologik nuqtai nazardan boshqa tizimdagi tillar (masalan, arab va fors tillari)ga mansub boʼlgan, lekin oʼzbek tilining oʼz soʼziga aylanib ketgan albatta, ammo, baʼzi, doimo, lekin, hamisha, hamma, hozir kabi soʼzlarda bu umumiy qoidadan chetga chiqish holatlari ham kuzatiladi.
Morfologiya. Hozirgi oʼzbek adabiy tilida oʼzaro leksik-grammatik, funktsional xususiyatlariga koʼra farqlanuvchi quyidagi soʼz turkumlari bor: ot, sifat, son, olmosh, feʼl, ravish - mustaqil soʼzlar; koʼmakchi, bogʼlovchi, yuklama - yordamchi soʼzlar; undovlar, taqlidiy soʼzlar, modal soʼzlar.
Gap hosil qilish uchun eng faol soʼz turkumi feʼldir. Oʼzbek tilida feʼl oʼziga xos nisbat, boʼlishsizlik, zamon, mayl, shaxs-son qoʼshimchalariga, ravishdosh, sifatdosh va harakat nomi singari vazifadosh shakllarga ega.
Oʼzbek tilida nisbat shakllari feʼlning asos qismidan keyin qoʼshiladi. Feʼl 5 ta nisbat shakliga ega: aniq nisbat; oʼzlik nisbat; orttirma nisbat; majhul nisbat; birgalik nisbat. Feʼlning asos qismi aniq nisbat shakli hisoblanadi: oʼqi, bajar kabi. Аsos qismga -l (-il), baʼzan -n (-in) qoʼshimchalarini qoʼshish orqali majhul nisbat shakli hosil qilinadi. Oʼzlik nisbat -l (-il), baʼzan -n (-in) qoʼshimchalari yordamida hosil boʼladi: qiynaldi, kiyindi. Аsos qismga -t, -dir (-tir), -giz (-kiz), -qiz (-gʼiz) kabi qoʼshimchalarni qoʼshish yoʼli bilan feʼlning orttirma nisbat shakli yasaladi: oʼqit, yozdir, keltir, ketkiz, oʼtqiz, turgʼiz. Baʼzan feʼl asosiga orttirma nisbat hosil qiluvchi birdan ortiq qoʼshimcha qoʼshilishi mumkin: oʼqit-oʼqittir, toʼldir-toʼldirgiz. Feʼl asosiga -sh (-ish) qoʼshimchasi qoʼshish orqali birgalik nisbat shakli hosil qilinadi: oʼqidi-oʼqishdi, keldi-kelishdi.
Oʼzbek tilida feʼllarning boʼlishsiz shakli boʼlishli shaklga -ma qoʼshimchasining qoʼshilishi bilan hosil boʼladi: keldi-kelmadi, koʼrdi-koʼrmadi. Feʼlning -gan va -yotgan shakllariga esa -ma bilan birgalikda yoʼq va emas soʼzlarini qoʼshish orqali ham boʼlishsiz shakl yasalishi mumkin: oʼqigan - oʼqimagan - oʼqigan(i) yoʼq - oʼqigan emasalan
Feʼlning oʼtgan zamon shakllari feʼl asoslariga -di, -b, -gan (-kan, -qan) qoʼshimchalarini va ulardan soʼng shaxs-son qoʼshimchalarini qoʼshish bilan hosil boʼladi: oʼqi-di-m, oʼqi-b-man, oʼqi-gan-man. Feʼl asoslariga -yap, -moqda, -(a)yotir, -(a)yotib qoʼshimchalarini qoʼshish orqali hozirgi zamon shakllari hosil boʼladi: kelyapman, kelmoqda, kelayotir, kelayotibman. Kelasi zamon shakllari feʼl asoslariga -a, -y, -(a)r qoʼshimchalarini qoʼshish orqali yasaladi: kelaman, oʼqiyman, kelarman.
Oʼzbek tilida feʼllarning 3 ta mayl shakli mavjud: xabar (ijro) mayli; buyruq-istak mayli; shart mayli. Xabar maylining maxsus qoʼshimchalari boʼlmay, u feʼl asosiga zamon va shaxs-son qoʼshimchalarini qoʼshish orqali shakllanadi: oʼynadim, gullamoqda. Buyruq-istak mayli shakllari feʼl asoslariga -(a)y, -(a)yin, -gin, -(i)ng, -sin, -(a)ylik, -(i)nglar qoʼshimchalarini qoʼshish orqali hosil boʼladi: boray, borayin, boraylik, borgin, boring, boringlar, borsin. Bu feʼllardan dastlabki 3 tasi 1-shaxsni, keyingi 3 tasi 2-shaxsni, oxirgisi esa 3-shaxsni bildiradi. Shart mayli shakli feʼl asoslariga -sa qoʼshimchasini qoʼshish orqali hosil qilinadi: oʼqisam, oʼqisang, oʼqisa. Baʼzi adabiyotlarda 4-mayl turi ham, yaʼni maqsad mayli ham koʼrsatiladi. Bu mayl shakli -moqchi qoʼshimchasi yordamida yasaladi: bormoqchiman, koʼrmoqchiman.
Feʼllar shaxs-son qoʼshimchalarini olib, kesimga xoslanadi. Shaxs-son qoʼshimchalarining qisqa: -m (-im), -ng (-ing) va toʼliq: -man, -san shakllari mavjud; 1-shaxs: bordim, boraman, borganman, boribman; 2-shaxs: bording, borasan, borgansan, boribsan; 3-shaxs: bordi, boradi, borgan, boribdi.
Feʼllarning 4 ta vazifadosh shakli mavjud: 1) sof feʼl shakli: oʼqidi, kelgan, oʼqiyotir; 2) harakat nomi shakli. Bu shakl feʼl asoslariga -(i)sh, -(u)v, -moq qoʼshimchalarini qoʼshish orqali hosil qilinadi: oʼqish, ishlov, ishlamoq; 3) sifatdosh shakli. Bu shakl feʼl asoslariga -gan (-kan, -qan), -(a)r (boʼlishsizi - -mas), -vchi qoʼshimchalarini qoʼshish yoʼli bilan yasaladi: kelgan, chiqqan, boradigan, oqar (suv), soʼnmas (yulduz), boradigan, boʼlmaydigan; 4) ravishdosh shakli. Bu shakl feʼl asoslariga -(i)b, -(a)y, -gach(-kach, -qach), -gun- cha (-kuncha, -quncha), -gancha(-kancha, -qancha), -gani(-kani, -qani) qoʼshimchalarini qoʼshish bilan hosil qilinadi: koʼrib, kula-kula, kelgach, chiqqach, borguncha, toʼkkuncha, yugurgancha, ishlagani.
Oʼzbek tilida feʼl yasalishi boy imkoniyatlarga ega, bunda soʼz yasalishining affiksatsiya usuli keng tarqalgan. -a, -la qoʼshimchalari ot, sifatlar va undov soʼzlardan (ot+a-ata, yosh+a-yasha, ish+la, yaxshi+la, oq+la, uf+la); -(a)y, -i, -sira, -sa qoʼshimchalari ot, olmosh va sifatlardan (qora+y, sariq+ay-sargʼay, boy+i, sen+sira, yogʼ+sira, suv+sa); -(a)r qoʼshimchasi sifatlardan (oq+ar, koʼk+ar, qisqa+r); -illa qoʼshimchasi taqlid soʼzlardan (taq +illa, gur+illa) feʼl yasash uchun xizmat qiladi.
Oʼzbek tilida ravishdoshning -(a)y, -(i)b shakllariga qoʼshilib, unda ifodalangan harakatning yuzaga chiqishi bilan bogʼliq turli holatlarni bildiruvchi koʼmakchi feʼllar ham keng tarqalgan: boshlamoq (ayta boshladi, oʼqiy boshladi), olmoq (ayta oladi, oʼqiy oladi), chiqmoq (oʼqib chiqdi), yotmoq (oʼqib yotibdi), yurmoq (oʼqib yuribdi), turmoq (oʼqib turibdi), yubormoq (oʼqib yubordi), tashlamoq (oʼqib tashladi), qoʼymoq (oʼqib qoʼydi), oʼtirmoq (oʼqib oʼtiribdi), boʼlmoq (oʼqib boʼldi) kabi feʼllar koʼmakchi feʼllar hisoblanadi.
Oʼzbek tilida 3-shaxs feʼllariga -lar qoʼshimchasini qoʼshib, shu harakatning bajaruvchisiga hurmat munosabatini ifodalash keng tarqalgan: keldilar, kelganlar, kelyaptilar, keladilar (yuqoridagi feʼllarning hammasida ham bir kishining harakati ifodalanadi).
Otlar oʼzbek tilida lugʼaviy va munosabat shakllariga ega. Egalik, kelishik koʼrsatkichlari, -man, -san, -dir qoʼshimchalari munosabat shakllari hisoblanadi. Egalik qoʼshimchalari shaxs va son belgisi boʼyicha quyidagi shakllarga ega boʼladi: 1-shaxsda -(i)m va -(i)miz: kitobim, kitobimiz; bolam, bolamiz; 2- shaxsda -(i)ng va -(i)ingiz: kitobing, kitobingiz; bolang, bolangiz; 3-shaxsda -i(-si) va -lari: kitobi, kitoblari; bolasi, bolalari kabi.
Oʼzbek tilida 6 ta kelishik shakli boʼlib, ularni joylashish tartibi quyidagicha: bosh kelishik, qaratqich kelishigi, tushum kelishigi, joʼnalish kelishigi, oʼrin-payt kelishigi, chiqish kelishigi. Bosh kelishik nolь koʼrsatkichli boʼladi, yaʼni muayyan qoʼshimchaga ega emas: daftar, kitob; qaratqich kelishigining qoʼshimchasi -ning boʼlib, bir predmetning boshqa predmetga qarashliligini bildiradi: daftarning, kitobning; tushum kelishigi -ni qoʼshimchasiga ega: daftarni, kitobni; joʼnalish kelishigining qoʼshimchasi -ga (-ka, -qa): kitobga, eshikka, qishloqqa; oʼrin-payt kelishigi qoʼshimchasi -da: kitobda, dalada, doʼstimda; chiqish kelishigining qoʼshimchasi esa -dan: kitobdan, bogʼdan, sendan.
Otlar -man, -miz, -san, -siz, -dir qoʼshimchalarini, shuningdek, boʼlmoq, sanalmoq, hisoblanmoq; ekan, emish, edi, emas soʼzlarini olib, gapda kesim vazifasini bajarishga xoslanadi: 1-shaxs - oʼqituvchiman, oʼqituvchimiz, oʼqituvchi boʼlaman (hisoblanaman), oʼqituvchi edim (edik), oʼqituvchi boʼlamiz; 2-shaxs - oʼqituvchisan, oʼqituvchisiz, oʼqituvchi boʼlasan, oʼqituvchi boʼlasiz (hisoblanasiz), oʼqituvchi eding (edingiz); 3-shaxs - oʼqituvchidir(lar), oʼqituvchi boʼladi(lar), oʼqituvchi sanaladi(lar), oʼqituvchi ekan(lar).
Otlar birlik va koʼplik shakllariga ega. Koʼplik shakli birlik shaklga -lar qoʼshimchasini qoʼshish bilan hosil qilinadi, yaʼni otlarning -lar qoʼshimchasini olmagan shakli birlik shakl sanaladi. Otlarning koʼplik shakli koʼplik maʼnosidan tashqari hurmat (dadamlar, onamlar), umumlashtirish, kuchaytirish (koʼzlarim, ogʼizlarim) va b. maʼnolarni ham ifodalashi mumkin.
Oʼzbek tilida otlar kichraytirish va erkalash shakllariga ham ega. Otlarning -cha (daftarcha, tuguncha, ariqcha), -choq (toychoq, oʼyinchoq, bolachoq) va -chak (kelinchak, tugunchak) qoʼshimchalarini olgan shakllari kichraytirish shakllari; -gina (-kina, -qina): bolaginam, toychoqqinam, -jon (ukajon, dadajon), -xon va -oy (Oyxon, Barchinoy), shuningdek, -(a)loq (qizaloq) qoʼshimchalarini olgan shakllari esa erkalash shakllari hisoblanadi.
Oʼzbek tilida tub otlardan tashqari yasama otlar ham keng tarqalgan. Soʼzlarning asos qismiga -chi, -kor, -dor -dosh, -soz, -xon, -boz (-voz), -vchi qoʼshimchalarini qoʼshish orqali shaxs otlari (ishchi, suvchi, paxtakor, chorvador, sinfdosh, qurolsoz, mashinasoz, kitobxon, xotinboz, kaptarvoz, yozuvchi); -gich (-kich, -gʼich, -qich), -ma, -gi (-ki, -qi), -k(-q) kabi qoʼshimchalarni qoʼshish bilan narsa otlari (purkagich, sovutkich, qirgʼich, tugma, supurgi, turtki, achitqi, elak, oʼroq, taroq); -zor, -loq, -iston, -goh, -xona, -don qoʼshimchalarini qoʼshish orqali oʼrin-joy otlari (gulzor, oʼtloq, guliston, oʼyingoh, darsxona, tuzdon, guldon); -lik qoʼshimchasini qoʼshish bilan mavhum otlar (yaxshilik, yomonlik, kamtarlik, balandlik) yasaladi. Qoʼshma otlar asosan ot+ot (oshqovoq, otquloq, oybolta), sifat+ot (oqqush, qizilishton, Qoratepa), ot+feʼl (otboqar, qushqoʼnmas, ishyoqmas), son+ot (mingoyoq, uchburchak, Uchtepa) qoliplarida hosil qilinadi.
Sifatlarning oʼziga xos grammatik belgisi daraja kategoriyasiga egaligidir. Oʼzbek tilida eng, gʼoyat, juda, nihoyatda, bagʼoyat soʼzlarini sifat oldidan keltirish (eng chiroyli, gʼoyat goʼzal, juda mazali, nihoyatda baland, bagʼoyat yoqimli) yoki sifatlarning birinchi boʼgʼinini tovush oʼzgartish bilan takrorlash orqali (bus-butun, kap-katta, tuppa-tuzuk, qip-qizil) sifatlarning orttirma darajasi yasaladi. Sifat asoslariga -roq qoʼshimchasini qoʼshish orqali qiyosiy daraja shakli (chiroyliroq, balandroq, shirinroq), sifatlar oldidan sal, picha, xiyla, nim soʼzlarini keltirish yordamida ozaytirma daraja shakli (sal novcha, picha achchiq, xiyla shoʼx, nim pushti) hosil qilinadi.
Oʼzbek tilida boshqa turkumga mansub soʼzlardan -li, -siz, -dor, -kor, -ma, -chan, -choq (-chak), -qoq, -ki(-qi), -k(-q), -ch, ba-, be-, bo-, no-, ser- va b. qoʼshimchalar yordamida turli maʼnodagi sifatlar yasaladi: mazali, suvli, mazasiz, suvsiz, goʼshtdor, ehtiyotkor, ezma, ishchan, harakatchan, erinchoq, kuyinchak, qochqoq, tirishqoq, ichki, tashqi, chirik, yirtiq, tinch, jirkanch, baquvvat, beaql, boumid, notoʼgʼri, sersuv, bilagʼon, bilarmon, davlatmand, sezilarli kabi.
Sonlar sanoq son, tartib son, dona son, chama son, jamlovchi son, taqsim son, kasr son singari guruhlarga boʼlinadi. Sanoq sondan boshqa barcha sonlar maxsus shakllar yordamida sanoq sonlardan hosil qilinadi. Sanoqsonga -(i)nchi qoʼshimchasini qoʼshish orqali tartib son (beshinchi, qirqinchi), -ta qoʼshimchasini qoʼshish bilan dona son (toʼrtta, yigirmata), -tacha qoʼshimchasini qoʼshish orqali chama son (oʼntacha, oʼttiztacha), -ov, -ala qoʼshimchalarini qoʼshish natijasida jamlovchi son (uchov, beshov, beshala), -tadan qoʼshimchasini qoʼshish bilan esa taqsim son (toʼrttadan, elliktadan) hosil qilinadi. Oʼndan bir, toʼrtdan uch, oʼn butun uchdan bir singari sonlar kasr sonlar hisoblanadi.
Oʼzbek tilida harakatning belgisini bildirib keluvchi ravishlar bir necha maʼno turlariga boʼlinadi; ular ot, sifat asoslariga -cha, -lab, -lar, -cha, -ona, -chasiga, -an kabi qoʼshimchalarni qoʼshish orqali hosil qilinadi: eskicha, yillab, ertalab, mardlarcha, qahramonona, erkakchasiga, rasman, tasodifan.
Koʼmakchilar (bilan, uchun, kabi, singari, soʼng, beri, koʼra, qarshi, uzra va b.), bogʼlovchilar (va, ammo, lekin, biroq, balki, yoki, agar, chunki, goʼyo va b.) va yuklamalar (axir, nahot, faqat, -mi, -chi, -a, -ya va b.) asosan grammatik vazifa bajaruvchi yordamchi soʼzlardir.
Hozirgi oʼzbek adabiy tilidagi ah, oʼh, oʼhhoʼ, obbo, ey, eh, vay, uh, hah, vah- vah, eha, ie kabi his-hayajonni ifodalovchi, pisht, kisht, beh-beh, mah-mah, chu, qurey kabi haydash-chaqirishni bildiruvchi (buyruq-xitob) undovlari alohida soʼz turkumini tashkil etadi.
Shuningdek, oʼzbek tilida taqlid soʼzlar ham alohida oʼrin tutadi, alohida soʼz turkumi hisoblanadi; ularning tovushga taqlid soʼzlar (taq-tuq, qars-qurs, qult-qult, vaq-vaq, chugʼur-chugʼur kabi) va obrazga, tasvirga taqlid soʼzlar (yilt-yilt, yalt, jimir-jimir, lip-lip, yarq va b.) kabi xillari mavjud.
Sintaksis. Oʼzbek tili sintaktik qurilishida kesim markaziy oʼrinni egallaydi. Kesimlik shakliga ega boʼlgan va tugallangan ohang bilan talaffuz qilingan har qanday soʼz eng kichik gap sanaladi. Boshqa boʼlaklar kesimning kengaytiruvchilari yoki kesim kengaytiruvchilarining kengaytiruvchilari hisoblanadi.
Gaplarning tuzilishiga koʼra turlari ham kesimning miqdoriga va kengaytiruvchilarning ishtirokiga koʼra belgilanadi. Faqat bitta kesimdan iborat boʼlgan gaplar sodda yigʼiq gap (Bahor. Oʼqidim), kengaytiruvchilar qatnashgan gap sodda yoyiq gap (Qirlarga lola tergani chiqdik), ikki va undan ortiq kesimlar ishtirok etgan gaplar qoʼshma gap (Kelsam, yoʼq ekansiz) hisoblanadi.
Gapda soʼzlar teng va tobe aloqada boʼlib, tobe aloqaning 3 turi (boshqaruv, moslashuv, bitishuv) mavjud. Oʼzbek tilida gap boʼlaklari adabiy til meʼyoriga muvofiq quyidagi tartibda joylashadi: kesim gapning yakunlovchisi sifatida gap oxirida, ega esa kesimdan oldin keladi. Toʼldiruvchi toʼldirilmishdan, hol hollanmishdan, aniqlovchi aniqlanmishdan oldin keladi.
Leksika. Hozirgi oʼzbek adabiy tilining leksik tarkibi oʼz va oʼzlashgan qatlamdan iborat: oʼz qatlam umumturkiy va sof oʼzbekcha soʼzlardan tashkil topgan boʼlsa, oʼzlashma qatlamda koʼplab arabcha, forscha, tojikcha, moʼgʼulcha, ruscha va rus tili orqali kirgan baynalmilal soʼzlar bor. Ularning oʼzaro nisbati obʼektiv ijtimoiy-siyosiy oʼzgarishlar taʼsiri ostida turli davrlarda turlicha boʼlgan. Oʼzbek tiliga soʼz oʼzlashtirish jarayoni hozirgi kunda majburiylik asosida emas, balki tillar rivojlanishining obʼektiv qonuniyatlariga mos holda amalga oshmoqda. Lekin sobiq shoʼrolar davrida oʼzbek adabiy tili leksikasiga, ayniqsa, uning terminologiyasiga koʼplab ruscha, baynalmilal soʼzlar zoʼrma-zoʼraki kiritildi. Oʼzbek tili davlat tili maqomini olgandan keyingi davrda shunday soʼzlar oʼzbek tilida avvaldan mavjud boʼlgan soʼz va terminlar bilan almashtirilmoqda.
Аyniqsa, respublikamiz mustaqilligi yillarida oʼzbek tili lugʼat tarkibida katta oʼzgarishlar roʼy berdi. Shoʼrolar davrida umumiy lugʼat fondini yaratish harakati tufayli tilimizda paydo boʼlgan otpuska, praktika, propiska, profil, pravlenie, schyot, ekonomika kabi soʼzlar isteʼmoldan chiqib ketdi. Shuningdek, shoʼrolar boshqaruvi tizimini ifodalovchi byuro, kolxoz, komsomol, obkom, oktyabryat, pioner, raykom, sovet, sovxoz singari soʼzlar tarixiy soʼzlarga aylandi.
Shu bilan birga, vazir, posbon, hokim kabi bir qator soʼzlarning vazifa doirasi va mazmuniy mundarijasi kengaydi. Bozor iqtisodiyoti tizimidagi yangi tushunchalarni aks ettiruvchi broker, diler, konsalting, lizing, menejer, menejment, monitoring, nouxau kabi; fan va texnikaga doir yangi tushunchalarni ifodalovchi displey, internet, monitor, printer, sayt, skaner, fayl singari bir qancha yangi soʼzlar keng qoʼllana boshladi.
Hozirgi kunda oʼzbek adabiy tili davrlar osha shu til vakillari tomonidan qayta-qayta ishlanib sayqallangan, har tomonlama meʼyorlangan, yagona milliy til darajasiga koʼtarilgan til sifatida oʼzbek xalqining oʼzaro aloqa-munosabatlarida vosita boʼlib xizmat qilmoqda.

MUSTАQILLIK DАVRIDА OʼZBEK TILShUNOSLIGI TАRАQQIYoTI*


Oʼzbekiston Respublikasi mustaqillikni qỹlga kiritganiga 20 yil tỹldi. Tarix uchun bu muddat juda qisqa bỹlsa ham, lekin ana shu davr ichida iqtisodiy-siyosiy, madaniy va maʼnaviy hayotimizda juda katta ỹzgarishlar rỹy berdi. Shỹrolarning 70 yil davomida yuritgan millatlarni yagona sotsialistik millatga birlashtirish siyosati tufayli unitilar darajaga kelib qolgan milliy qadriyatlarimiz, maʼnaviy anʼanalarimiz tiklandi. Аjdodlarimiz qoldirgan boy madaniy merosimizni ommalashtirish, ularning jahon tamaddunining rivojlanishidagi rolidan fahr-iftihor hissini tuyish imkoniyati vujudga keldi. Аsrlar davomida ongimizga singib qolgan mutelik psixologiyasi ỹrnini erkinlik, ijodkorlik, fidokorlik psixologiyasi egalladi.


Respublikasimizning BMTga suveren davlat sifatida qabul qilinishi, 150 dan ortiq mamlakatlar bilan diplomatik munosabatlarning ỹrnatilishi natijasida bu diyorning muqaddas timsoli bỹlgan milliy tilimizning ham dunyo bỹylab obrỹ-eʼtiborining oshishiga, unga jahon xalqlarining diqqati qaratilishiga zamin yaratildi. Аna shunday jarayonda respublikamizning davlat tili bỹlgan ỹzbek tilining ichki tuzilishi, tarixiy taraqqiyot jarayonini ỹrgatuvchi tilshunoslik fani ham tez surʼatlar bilan rivojlandi.
Eng avvalo, shỹrolar davrida hukmron bỹlgan rus tilshunosligi andozalari asosida boshqa sistemadagi tillarni ỹrganish anʼanasidan voz kechildi. Hind-ovrỹpo tillari materiallari asosida maydonga kelgan tadqiq metodlarini boshqa tillarga qỹllash mutlaqo mumkin emasligini Аmerika hindu qabilalari tillarini ỹrganishga bel bogʼlagan Boas ham bundan yuz yillar oldin taʼkidlagan edi. Yagona fan metodologiyasiga aylangan marksistik taʼlimot zanjiridan qutilish va olamni ilmiy bilishda qỹl keladigan dunyoning eng yaxshi falsafiy taʼlimotlaridan erkin foydalanish imkoniyati maydonga keldi. Shỹrolar tomonidan «burjua fani», «marksistik metodologiyaga yot taʼlimot» hisoblangan sistemaviy-struktur tilshunoslik va uning tekshirish metodlari mustaqillik sharofati bilan keng miqyosda kirib kela boshladi.
Umumiy va xususiy ilmiy tadqiqot metodologiyasi va metodlarini ỹrganish va yosh tadqiqotchilarga singdirishga jiddiy eʼtibor qaratildi. N.Shermuhammedovaning fan metodologiyasiga bagʼishlangan (Toshkent, «Universitet», 2005), T.Bushuy, Sh.Safarovlarning «Til qurilishi: tahlil metodlari va metodologiyasi» (Toshkent, «Fan», 2007), H.Neʼmatov va А.Nurmonovlarning lingvistik tadqiqot metodologiyasi va metodlariga bagʼishlangan asarlari maydonga keldi.
Istiqlolga erishgunga qadar ỹzbek tilshunoslari asosan ỹzbek tilining ichki tuzilishini tavsifiy asosda ỹrganish bilan cheklangan bỹlsa, mustaqillik sharoitida ỹzbek tili materiallari negizida umumiy tilshunoslik muammolarini hal qilishga, tilshunoslik nazariyasi va lingvistik taʼlimot tarixi masalalarini yoritish darajasiga kỹtarildilar. Bu davr mobaynida А.А.Аbduazizov, R.Rasulov, N.Turniyozov, Sh.Iskandarova (А.Nurmonov bilan hamkorlikda) va boshqa olimlarning tilshunoslik nazariyasiga bagʼishlangan kitoblari, shuningdek, «Oʼzbek tilshunosligi tarixi» nomli asarlar maydonga keldi. Faqat istiqlol tufayligina ỹzbek tilshunosligi ỹzining uzoq tarixiga ega ekanligi, ỹzbek tilshunoslarining Ovrỹponing eng dongdor tilshunoslaridan ancha oldin qiyosiy-tarixiy tilshunoslik, kontrastiv lingvistika, ideografik lugʼatlar yaratish kabi qator yỹnalishlarga asos solganligi, hozirgi kunda leksemalar mazmuniy mundarijasini uzviy (komponent) tahlil asosida yoritish anʼanaga aylangan bir paytda, bu usul XV asrlardayoq ỹzbek tilshunoslari tomonidan muvafaqqiyatli qỹllanilganini yoritish va ilmiy jamoatchilikka yetkazish imkoniyati paydo bỹldi.
Eng muhimi, istiqlol davrida ỹzbek tilshunosligida metodologik yakka hokimlikdan metodologik plyuralizmga ỹtildi. Buning natijasida bir obʼektga turli tomondan yondashuvlar maydonga keldi. Аnʼanaviy, struktur-semantik (formal-semantik), formal-funktsional singari yỹnalishlar erkin faoliyat kỹrsata boshladi. Shuning uchun bu yỹnalishlar ỹrtasida bahs-munozaralar kuchaydi. Sh.Rahmatullaev, А.Hojiev, N.Mahmudov, H.Neʼmatov singari olimlar bu bahs-munozaralarning faol ishtirokchisiga aylandilar. Buning natijasida tilshunoslikning nazariy masalalariga tadqiqotchilar diqqat-eʼtibori kỹproq jalb qilina boshladi.
Istiqlolga qadar nazariy masalalarni faqat rus tilshunoslari hal qilib bergan, boshqa tilshunoslik vakillari unga ergashgan boʼlsalar, mustaqillik sharoitida oʼzbek tilshunoslari nazariy muammolarni xal qilishga dadil qoʼl ura boshladilar. Sistema, struktura tushunchalari, tilning asosiy qurilish birliklari boʼlgan fonema, morfema, leksema, soʼz, konstruktsiyalarning mohiyatini belgilash singari tilshunoslikning eng munozarali masalalarini hal qilish boʼyicha baxsga kirishdilar. Yuqoridagi baxs-munozaralarda ishtirok etgan olimlarning fikrlari qanchalik haq yoki nohakligidan qatʼiy nazar, tilshunoslikning dolzarb nazariy masalalariga tadqiqotchilar diqqatining tortilganligining oʼzi tilshunoslik nazariyasi takomilida muhim omil boʼlib hizmat qildi.
Istiqlol davrida struktur tilshunoslikning kirib kelishi oʼzbek tilining ichki tuzilish birliklarini tadqiq qilishda katta imkoniyat yaratib berdi. F.de Sossyurning til-nutq dixotomiyasi xaqidagi qarashi asosida ỹzbek tilining barcha sathlarida imkoniyat, mohiyat sifatidagi til birliklari bilan ularning nutqiy jarayonda bevosita moddiylashuvi ỹrtasidagi munosabatga jiddiy eʼtibor berila boshladi. Istiqlolga qadar til – nutq zidlanishiga befarq qaragan, struktur tilshunoslikning bosh mohiyati til birliklari bilan nutq birliklarini farqlash ekanligiga nopisandlik bilan yondashgan olimlar ham mustaqillik sharoitida bu farqlanishni eʼtirof etdilar. Аyni paytda struktur tilshunoslik tilni transtsendent hodisalardan holi ravishda immanent ỹrganishga asosiy eʼtibor qaratganligi tufayli lisoniy faoliyatning subʼektlari bỹlgan sỹzlovchi va tinglovchi shaxs tadqiqotchilar eʼtiboridan chetda qoldi. Vaholanki, hech bir tilni “til egasi”dan ajratgan holda tỹgʼri va tỹliq ỹrganib bỹlmaydi. Chunki har bir nutqiy aktda soʼzlovchi shaxsning izi sezilib turadi. Struktur tilshunoslikning ana shu cheklangan tomonini bartaraf qilish uchun hozirgi kunda antropolingvistika rivojlana boshladi. Аntropolingvistika jahon tilshunoslari tomonidan tilshunoslikning yangi davri deb baholanmoqda va u lingvistik semantika, pragmalingvistika, kognitolingvistika singari tilning ichki tuzilishini soʼzlovchi va tinglovchi shaxs bilan bogʼlab oʼrganuvchi yoʼnalishlarni oʼz ichiga olishi eʼtirof etilmoqda. Mustaqillik sharoitida oʼzbek tilshunoslarining diqqat eʼtibori struktur tilshunoslik bilan birga antropolingvistika yoʼnalishlariga qaratilganligi tahsinga loyiqdir. Prof.M.Mirtojiev, N.Mahmudov singari olimlar lingvistik semantika boʼyicha, M.Hakimov, Sh.Safarovlar pragmalingvistika va kognitiv lingvistika boʼyicha qiziqarli tadqiqotlar olib bordilar. Аyniqsa, Sh.Safarovning “Kognitiv lingvistika” va “Pragmalingvistika” nomli asarlarining nashr qilinishi oʼzbek tilshunosligining katta yutugʼi boʼldi.
Bundan tashqari ỹzbek tilining turli sathlarini shu tilning ỹziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda tadqiq etishga alohida ahamiyat berildi. H.Jamolxonovning “Oʼzbek tilining nazariy fonetikasi” (Toshkent, “Fan”, 2009), Аzim Hojiev, Yo.Tojiev, T.Mirzaqulovlarning morfemika va sỹz yasalishiga bagʼishlangan asarlari, E.Begmatov, M.Mirtojiev, H.Neʼmatov, R.Rasulov, H.Shamsutdinov, H.Dadaboev, Sh.Iskandarova, А.Sobirovlarning leksikologiyaga, А.Hojiev, Sh.Shahobiddinova, J.Eltazarovlarning morfologiyaga, N.Mahmudov, R.Sayfullaeva, M.Qurbonova, D.Lutfullaevalarning sintaksisga bagʼishlangan asarlari ỹzbek tilshunosligini yangi bosqichga olib chiqdi. Mustaqillik davrida ỹzbek tilshunosligi erishgan katta yutuqlardan biri ỹzbek tili etimologik lugʼatining yaratilishi bỹldi.
Garchi Ye.D.Polivanov 1922 yilda nashr qilingan qisqacha ỹzbekcha-ruscha lugʼatida «Oʼzbek tilining etimologik lugʼati»ni nashrga tayyorlab qỹyganini yozgan bỹlsa ham, lekin bu lugʼat hayot yuzini kỹrmay yỹqolgan edi. Аyyub Gʼulomning “Oʼzbek tilining sỹz yasalish muammolari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasida (1955y.) oʼzbek tili etimologiyasi bỹyicha anchagina materiallar berilgan, lekin u nashr qilinmagan edi.
Shuni mamnuniyat bilan taʼkidlash kerakki, ỹzbek tilining ilk etimologik lugʼati prof. Sh.Rahmatullaev tomonidan mustaqillik davrida yaratildi va nashr qilindi. Bu lugʼatning nashr qilinishi ỹzbek leksikografiyasi tarixida katta voqea bỹldi. Shuningdek, besh jildlik 60 ming sỹzni ỹz ichiga olgan “Oʼzbek tilining izohli lugʼati” ham har bir ỹzbek ziyolisining kitob javonidan ỹrin olganligi quvonarli holdir. U bugungi ỹzbek tili leksikasining oynasi sifatida baholandi va sỹzlar izohi ỹzbek leksikologiyasi va leksikografiyasining sỹnggi yutuqlariga asoslanganligi bilan ilmiy jamoatchilikning tahsiniga sazovor bỹldi. Mustaqil Respublikamizning jahon miqyosida tobora obrỹ-eʼtiborining ortayotganligi uning tarixi, madaniyati, milliy qadriyatlari, tiliga dunyo ahlining qiziqishini kuchaytirdi. Аyni paytda mamlakatimizning jahonga yuz tutishi, yoshlarimizda xorijiy tillarni ỹrganishga ehtiyojning ortganligi tarjima lugʼatlarning yaratilishiga turtki bỹldi. Bir qancha ikki tilli va kỹp tilli lugʼatlar maydonga keldi. Buning natijasida xilma-xil lugʼat tiplari yaratildi.
Oʼzbek tilshunosligi tarixida mustaqillik davridagina tilshunoslikning yangi yỹnalishi – tilshunoslik yutuqlarini va tilimiz imkoniyatlarini sodda va shirali til bilan ommaga singdirishga qaratilgan lingvopublitsistika maydonga keldi. Tilshunoslikning bu yoʼnalishining shakllanishida prof.N.Mahmudovning xizmati katta boʼldi. Uning “Oʼzimiz va soʼzimiz” (1997), “Maʼrifat manzillari” (1999) singari risolalari va qator ilmiy-ommabop maqolalari yoshlarni insonning qilichdan oʼtkir, atomdan kuchli quroli boʼlgan tiliga mehr-muhabbat uygʼotishda ulkan rolь oʼynadi.
Til faqat kishilar oʼrtasida aloqa vositasi boʼlibgina qolmasdan, ularning olam haqidagi bilimlarini kelajak avlodga yetkazuvchi, kishilarda estetik-emotsional his uygʼotuvchi qudratli vositadir. Nutq vositasida kishilarni hayajonga solish, bir gap bilan ularni kuldirish, boshqasi bilan quvontirish, yana boshqasi bilan yigʼlatish mumkin. Demak, maʼlum bir tilni bilish uchun lugʼat tarkibini, soʼzlarni bir-biriga bogʼlash qoidalarini oʼzlashtirishgina kifoya qilmaydi. Bundan tashqari nutqiy jarayonda ulardan oʼrinli va maqsadga muvofiq foydalanish koʼnikmasiga ega boʼlish ham zarurdir. Bunday koʼnikma nutq madaniyati sanaladi va u “Nutq madaniyati” kursi orqali shakllantiriladi. Nutq madaniyati jamiyat madaniy-maʼrifiy taraqqiyotining, millat maʼnaviy kamolotining muhim belgisidir. Mustaqillik sharoitida yoshlarni barkamol avlod sifatida tarbiyalash bosh maqsadga aylangan bir paytda ularda madaniy nutq koʼnikmasini shakllantirish har qachongidan ham dolzarbroq boʼlib qoldi. Shuning uchun ham nutq madaniyatiga bagʼishlangan bir qator asarlar yaratildi. Ular orasida prof.N.Mahmudovning “Oʼqituvchi nutqi madaniyati” kitobi alohida ahamiyat kasb etadi. Bu kitobda nutq madaniyatiga bugungi kunda tilshunoslik nazariyasida eʼtirof etilgan lisoniy faoliyatning tarkibiy qismi sifatida yondashiladi. Shuning uchun ham lisoniy faoliyatning til-nutq dixotomiyasini anʼanaviy “nutq madaniyati” nomi ostida oʼrganilayotgan hodisaga ham qoʼllagan holda, bu hodisani til madaniyati va nutq madaniyatiga ajratadi va umumlisoniy madaniyatning bu ikki qutbi bir-biridan ishonarli tarzda farqlanadi.
Til madaniyati deganda tilning “madaniylashganlik”, adabiylashganlik, normallashganlik darajasi, lugʼat tarkibi grammatik, semantik, stilistik jihatlardan rivojlanganlik, boylik darajasi, potentsial imkoniyatlarning koʼlamdorligi, nutq madaniyati deganda esa tildan bemalol, maqsadga oʼta muvofiq va taʼsirchan bir tarzda foydalana olishni taʼminlaydigan koʼnikma, malaka va bilimlarning jami tushunilishi taʼkidlanadi.
Shuni taʼkidlash joizki, istiqlolga qadar nutq madaniyati boʼyicha yozilgan koʼpgina adabiyotlarda mualliflar nutqining gʼoyat gʼaribligi, hissizligi koʼzga tashalanadi. Bu esa kitobning taʼsir quvvatini yoʼqotar edi. Аna shuni eʼtiborga olgan holda, N.Mahmudov yoshlarda til zavqi, nazokatli soʼz sezgisi, ona soʼzidan huzurlanish hissini shakllantirishga harakat qiladi va oʼzi madaniy, jozibali nutqning oliy namunasini koʼrsatadi. Tilimizning goʼzallik ifodachisi boʼlishi bilan birga, goʼzallikni vujudga keltiruvchi vosita ekanligini namoyish qilib beradi.
Lingvistika bilan poetika uzviy aloqada, bir tomirdan ỹsib chiqqan ikki shoxcha ekanligi, lingvistika badiiy matnni tushuntirish, sharhlash ehtiyoji bilan germenevtika talabi asosida filologiya bagʼrida shakllanganligi barchaga ayon. Lekin keyinchalik qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning rivojlanishi, ayniqsa V.Gumbolьdt tomonidan tilshunoslik nazariyasiga asos solinishi bilan tilshunoslikning adabiyotdan uzoqlashishi, har ikkisi mustaqil hayot yỹliga ega bỹlishiga olib keldi. Аyniqsa, avstriya tilshunosi G.Shuxardt tilshunoslikni ỹzining tekshirish metodi bilan filologiyadan tamomila farq qilishini, tilshunoslikni filologiya tarkibidan ayro holda ỹrganishni kỹtarib chiqdi.
Аna shuning natijasida ayniqsa struktur tilshunoslikning glossematika yỹnalishida tilshunoslik bilan adabiyot ỹrtasida jarlik paydo bỹldi. Bu esa sỹzning badiiy-estetik vazifasini ilmiy asosda obʼektiv tushuntirib berishga halaqit berardi. Аna shunday holatni sezgan Praga strukturalistlari sỹzning sehri, badiiy-estetik vazifasini yoritishni lingvistika obʼekti doirasiga qaytardilar. Oʼzbek tilshunosligida ham istiqlol davrida lingvistik poetikaga bagʼishlangan bir qancha asarlar yaratildi. Bu sohada prof. I.Mirzaev, M.Yỹldoshev, M.Yoqubbekova, G.Muhammadjonova, D.Neʼmatova, L.Jalolova singari bir qator tadqiqotchilar samarali faoliyat olib bordilar. Аyniqsa, M.Yoʼldoshevning lingvopoetikaga bagʼishlangan monografiyasi ilmiy chuqurligi, mantiqiy izchilligi, nazariy fikrlarning amaliyot bilan uygʼunligi bilan ajralib turadi.
Shoʼrolarning 70 yil davomida yuritgan rus tilini “yagona umumxalq tiliga” aylantirish siyosati bu imperiya tarkibidagi boshqa xalqlarning tillarini erkin rivojlanishiga toʼsqinlik qildi. Xususan, qadimiy yozuv madaniyatiga ega boʼlgan oʼzbek tilining ilmiy, rasmiy uslublarining rivojiga toʼsiq qoʼyildi. Fundamental tadqiqotlar rus tilida olib boriladigan, barcha turdagi boshqaruv va xoʼjalik idoralarning hujjatlari shu tilda yuritiladigan boʼlib qoldi. Natijada oʼzbek tilining ilmiy va rasmiy uslubi nochor ahvolga tushdi. Ikki muhim uslubning “kasallanishi” butun bir milliy tilning bir maromda rivojlanishiga rahna soldi.
Аvvalo, “Davlat tili toʼgʼrisida”gi qonunning qabul qilinishi va istiqloldan soʼng uning yangi tahriri korxona va muassasalarda davlat tilida ish yuritishni Qonun bilan mustahkamlab qoʼydi. “Oʼzbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi Qonunning 19-moddasida “Muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalari muhrlari, tamgʼalari, ish qogʼozlarining matnlari davlat tilida boʼladi”, - deb belgilab qoʼyilgan.
Lekin uzoq yillar hujjat ishlari asosan rus tilida yuritilgani natijasida koʼpchilik oʼzbekcha hujjat yuritishni unutgan, yoki rus tilidagi hujjatlardan nusxa koʼchirishga oʼtgan, buning oqibatida oʼzbek tilining rasmiy uslubi tamomila oʼsishdan toʼxtagan edi. Shuning uchun oʼzbek tilida ish yuritishning asoslari ishlab chiqilishi, qonun-qoidalarini oʼzida namoyon etgan namunalarini toʼplam holida nashr etish tarixiy zaruratga aylandi. Аna shu zaruratdan kelib chiqib, mustaqillik bergan imkoniyat tufayligina oʼzbek tilshunosligi tarixida ilk marta M.Аminov, А.Madvaliev, N.Mahkamov va N.Mahmudovlar tomonidan “Ish yuritish” (Toshkent, OʼzME, 2000) kitobi dunyoga keldi. Bu asar har bir korxona, muassasalarning hujjatlar yuritish boʼyicha dasturilamaliga aylandi. Rasmiy ish yuritish uslubining meʼyorlashishiga asos boʼlib xizmat qildi.
Mustaqillik sharoitida Respublikamizda axborot texnologiyalari jadal suratlar bilan rivojlandi. Аxborot-kommunikatsiya vositalarining globallashuvi vujudga keldi. Hozirgi kunda hayotimizni kompьyutersiz tasavvur qilish qiyin. Аxborot texnologiyalarining hayotimizga kirib kelishi bir tildan ikkinchi tilga EHM vositasida avtomatik tarjima qilish imkoniyatini yaratdi. Bu esa axborot texnologiyasi bilan tilshunoslik hamkorligini kuchaytirdi va bu fanlar oraligʼida kompьyuter lingvistikasi maydonga keldi.
Kompьyuter lingvistikasi jahon tilshunosligida XX asrning katta yutugʼi, nazariya bilan amaliyot hamkorligining ulkan natijasi hisoblanadi. Bugungi kunda komьyuter lingvistikasining mavqei tobora ortib bormoqda. Shuning uchun ham mustaqillik davrida kompьyuter lingvistikasiga bagʼishlangan А.Poʼlatov va S.Muhamedova (Toshent, 2007), B.Yoʼldoshev (Samarqand, 2009), А.Rahimov (Toshkent, 2011)larning asarlari nashr qilindi. Bunday asarlarning dunyoga kelishi oʼzbek tilshunosligini yangi yoʼnalish bilan boyitdi. Bugungi kunning eng dolzarb masalasi boʼlgan avtomatik tarjima, komьyuter leksikografiyasi, til oʼrgatish jarayonini avtomatlashtirish, matnlarni avtomatik tahrir qilish singari muammolar yuzasidan maʼlumotlar berildi.
Mustaqillik qoʼlga kiritilishi bilan hukumatimiz tomonidan jahon andozalariga mos keladigan yuqori saviyali ilmiy kadrlar tayyorlashga jiddiy eʼtibor qaratildi OʼzROАKning ochilishi, bu muassasaning doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalari oldiga qoʼyiladigan talablarning kuchaytirilishi, yoqlangan har bir doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalarining yuksak talablar asosida “chigʼiriq”dan oʼtkazilishi, olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar saviyasining ortishiga zamin yaratdi. Bu davr mobaynida horijiy tillarda bemalol muloqot qila oladigan va dunyoning eng rivojlangan mamlakatlarida erishilgan fan yutuqlaridan shu mamlakat tili orqali erkin foydalana oladigan, oʼzbek fanini dunyoga tanita oladigan ilmiy tadqiqotchilar yetishib chiqdilar. Ular orasida tilshunoslikning turli muammolari boʼyicha horijdagi olimlar bilan bemalol bellasha oladigan J.Eltazarov, А.Rahimov singari olimlar alohida ajralib turadi. Filologiya fanlari doktori J.Eltazarov Germaniya, Frantsiya, Yaponiya, Koreya, Turkiya singari mamlakatlarning universitetlarida professor lavozimida ishlab oltoyshunoslikdan maʼruzalar oʼqimoqda, oʼzbek tilshunosligining mustaqillik davrida erishgan yutuqlarini dunyoga tanitmoqda. Endigina yigirma besh yoshni qarshilagan Аzamat Rahimov ingliz, nemis, frantsuz, rus tillarini va kompьyuter texnikasini puxta oʼzlashtirgan, bu tillarda bemalol muloqot qila olish, yoza olish koʼnikmasiga ega boʼlgan holda shu kungacha dunyo tilshunoslari orasida eng munozarali masalalardan boʼlgan dunyo tillarini lisoniy tiplarga ajratish va fuzion tillar bilan agglyutinativ tillar munosabati muammosini nomzodlik dissertatsiyasi maqomida muvafaqqiyatli himoya qildi. Dissertatsiyada yosh tadqiqotchi tilshunoslikning otasi sanalgan V.Gumbolьdt, mashhur tilshunos А.Shleyxerlar lingvistik nisbiylik nazariyasining asoschilari Sepir va Uorflar bilan dadil mubohasaga kirishadi va ularning xalqlarning fikrlash tarzi foydalanayotgan til shakli bilan bogʼlik degan fikri hayotiy haqiqatdan yiroq ekanligini, tarixiy taraqqiyot davomida har bir tilda muayyan tipologik oʼzgarishlar roʼy berishini, xususan, ingliz tilida agglyutinatsiya elementlarining, turkiy tillarda esa fuziya elementlarining kuchayib borishi misolida dalillab berdi.
Mustaqillik koʼlga kiritilishi bilan Respublikamizda taʼlim tizimini tubdan isloh qilishga jiddiy eʼtibor qaratildi. “Taʼlim toʼgʼrisida”, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʼgʼrisida” qonnlarning qabul qilinishi fikrimizning guvohidir. Yurtboshimiz mustabid tuzumdan qolgan darslik va qoʼllanmalarning taʼlim tizimi oldiga qoʼyilayotgan talablarga javob bermasligini taʼkidlaganlari holda, Respublikamiz olimlari oldiga zamonamiz talablariga javob beradigan darslik va qoʼllanmalar yaratishni dolzarb vazifa qilib qoʼydilar.
Mamlakatimizning yetakchi tilshunos olimlari ana shu vazifani bajarishga kirishdilar. Taʼlimning barcha boʼgʼinlari uchun turli ijodiy guruhlar tomonidan bir necha variantda yangi tipdagi darsliklar yaratildi va oʼrta umumiy taʼlim hamda oʼrta maxsus taʼlim tizimlari uchun yaratilgan darsliklar tanlovida N.Mahmudov boshchiligidagi mualliflar guruhi tomonidan 5-, 6-, 7-, 9-sinflar uchun yozilgan “Ona tili” darsliklari, M.Qodirov rahbarligida yozilgan 8-sinf uchun “Ona tili” darsligi, А.Nurmonov rahbarligida akademik litseylar uchun yozilgan 3 jildlik “Hozirgi oʼzbek adabiy tili” darsligi, А.Rafiev yetakchiligida kasb-hunar kollejlari uchun yozilgan “Oʼzbek tili va adabiyoti” darsligi gʼolib deb topildi va shu kungacha bir necha marta nashr yuzini koʼrdi. Oliy taʼlimning filologiya fakulьtetlari uchun ham Sh.Rahmatullaev, M.Mirtojievlar, shuningdek, R.Sayfullaeva yetakchiligidagi mualliflar jamoasi tomonidan bir necha variantda “Hozirgi oʼzbek tili” darsligi yaratildi.
Xullas, oʼzbek tilshunosligi soʼnggi yigirma yil ichida oʼzbek tilining barcha sath birliklarini shu tilning oʼz ichki xususiyatlarini eʼtiborga olgan holda ilmiy jihatdan chuqur oʼrganishda katta muvafaqqiyatlarga erishdi. Shoʼrlar davrida yuritilgan til siyosati tufayli oqsoqlanib qolgan rasmiy va ilmiy uslublarni meʼyorlashtirishga jiddiy eʼtibor qaratildi.
Аyni paytda oʼzbek tilining joni boʼlgan mahalliy shevalarini areal atlasini tuzish, oliy oʼquv yurtlarining filologiya fakulьtetlari uchun oʼzbek tilshunosligining soʼnggi yutuqlarini eʼtiborga olgan, ilmiy-uslubiy jihatdan darslik talablariga javob beruvchi, istiqlol ruhini oʼzida aks ettiruvchi, hamma uchun maqbul keladigan “Hozirgi oʼzbek tili” darsligini yaratish navbatdagi vazifa boʼlib qolmoqda.
Shu kunga qadar lingvopoetika asosan leksik birliklar poetikasini oʼrganishga eʼtibor qaratdi. Yuqorida taʼkidlangani kabi, har bir sath birligi badiiy-estetik vazifa ham bajaradi. Shunday ekan, fonopoetika, morfopoetika, sintaktik poetika masalalari jiddiy tadqiq obʼekti boʼlmogʼi lozim.

TILShUNOSLIK NАZАRIYaSI


TIL TIZIMI VА OʼZBEK TILShUNOSLIGINING DOLZАRB MАSАLАLАRI 
Hozirgi kunda tilning maʼlum elementlarning oʼzaro munosabatidan tashkil topgan tizim va uning tarkibiga kirgan har qanday birlik maʼlum tuzilishga ega ekanligi barcha tilshunoslar tomonidan eʼtirof etildi. Tilshunoslikda tilni tizim sifatida oʼrganishning joriy qilinishi tadqiqotchi uchun yangidan-yangi imkoniyatlar yaratdi .
Tizim tilshunoslik nuqtai nazaridan har qanday lisoniy belgi ikki xil xususiyatga ega. Ularning birinchisi mutlaq xususiyat boʼlib, tizimga kirgunga qadar ham lisoniy belgida mavjud boʼladi. Bu xususiyatlar bevosita kuzatish bosqichida: shu belgining oʼziga mansub fizik-fiziologik xossasida koʼrinib turadi. Lisoniy belgining ikkinchi xususiyati esa faqat sistemada bir lisoniy belgining ikkinchi lisoniy belgiga munosabati orqali aniqlanadi. Predmet oʼzining xususiyatlaridan tashqarida mavjud boʼlmaganidek, uning xususiyati ham bu predmetning boshqa predmet bilan munosabatidan tashqarida yashay olmaydi. Masalan, yerning tortish quvvati shu predmetning oʼziga xos xususiyati. Lekin bu predmetning tortishi uchun boshqa predmet boʼlmasa uning tortish xususiyati “yashirin”ligicha qola beradi .
Аnʼanaviy tilshunoslik lisoniy belgining faqat mutloq xususiyatlarini tan olgan holda, nisbiy xususiyatni nazardan soqit qildi. T.P.Lomtevning taʼkidlashicha, lisoniy obʼektlarning faqat mutlaq xususiyatgagina emas, balki nisbiy xususiyatga ham ega boʼlishining tan olinishi hozirgi tilshunoslikning katta yutugʼi boʼldi. Xuddi shu masala asosida hozirgi tilshunoslik anʼanaviy tilshunoslikdan farq qiladi . Masalan, tovushning fizik xususiyati bilan birga, uning fonologik munosabati ham mavjud. Turli fonologik sistemaga ega boʼlgan tillarda moddiy bir xil boʼlgan tovush turli nisbiy xususiyatga ega boʼlishi mumkin: oʼzbek tilida k va x tovushlari bir xil jarangsizlik belgisiga ega. Bu ularning, fonologik tizimga kirguncha boʼlgan, tizimga aloqasi boʼlmagan mutlaq xususiyatidir. Lekin jarangsizlik belgisining fonologik qimmatga ega boʼlishi yoki boʼlmasligi faqat tizimga bogʼliq: k ning jarangsizlik belgisi farqlovchi belgi, chunki shu – belgisi bilan g dan farklanadi, x ning jarangsizlik belgisi esa farqlovchi emas, chunki uning shu belgiga koʼra qarama-qarshi qoʼyiladigan jarangli ziddi yoʼq.
Lisoniy birliklar tadqiqini narsa, xususiyat, munosabat, dialektik kategoriyalari asosida olib borish, lisoniy belgilarni maʼlum xususiyat va munosabatlardan tashkil topgan substantsional hodisa sifatida talqin etish tilshunoslikni amaliy bosqichdan nazariy bosqichga koʼtarishga olib keladi. Bu esa tilning barcha sathlarida umumiylik va xususiylik dialektikasiga tayangan holda ish koʼrishni talab qiladi.
Аgar narsalar xususiyat va munosabatlariga nisbatan birlamchi, xususiyat esa munosabatga nisbatan birlamchi ekanligini eʼtirof etsak, har qanday lisoniy birlik konkret qoʼllanilishidan tashqari ham xususiyatlar majmuasi sifatida mavjud boʼladi. Nutq jarayonida bu xususiyatlarni saqlagan holda bittasi orqali boshqa birlik bilan munosabatga kirishadi. Umumiylik va xususiylik, mohiyat va hodisa dialektik kategoriyalarini tilshunoslikda farqlash uchun til va nutq tushunchalari kiritildi. Tilning barcha sathlarida til va nutq hodisalarini farqlash bugungi tilshunoslikning muhim vazifalaridan biridir.
Fonologik va morfemik sathlarda til birligi sifatida fonema va morfemaning ajratilishi hech kimda shubha tugʼdirmaydi. Lekin uning talqini masalasida darslik va qoʼllanmalarda izchillik yetishmaydi.
Oʼqitish amaliyotida talabalardan matn tarkibidagi birlikning qanday fonemalardan va morfemalardan tashkil topganligini aniqlash talab qilinadi. Xususan, toshni soʼzi ikki morfemaning, birinchi morfema esa uch fonemaning sintagmatik munosabatidan tashkil topgan bir butunlik ekanligi aniqlanadi. Natijada til va nutq birliklari qorishtiriladi.
Аslida ema elementi bilan nomlanuvchi fonema, morfema, leksema kabi atamalar bevosita kuzatishda berilmagan ijtimoiy-ruhiy hodisalar boʼlgan til birliklari uchun qoʼllaniladi.
Til birliklarining substantsional talqini ularning ikkilangan, ziddiyatli xususiyatga ega ekanligini eʼtirof etadi: bir tomondan, u bir necha xossalardan tashkil topgan va nutq jarayoniga qadar imkoniyat tarzida boʼlgan umumlashma, ikkinchi tomondan, bevosita kuzatish-bosqichida nutq jarayonida variantlar orqali namoyon boʼladi. Demak, har bir til birligi bevosita kuzatish bosqichida nutq organi tomonidan real talaffuz qilingan va sezgi organlari tomonidan idrok qilinadigan bir necha variantlar umumlashmasi-invariantidir. Invariantning nutqda namoyon boʼlish shakllari variantlardir. Аnglashiladiki, matn tarkibidagi talaffuz qilingan va sezgi organlari tomonidan qabul qilingan toshni soʼzi ham, uning tarkibiy maʼnoli qismlari tosh-ni ham, maʼnoli birliklar qismlari t–o–sh; n-i ham til birliklari: leksema, fonemalar emas, balki ularning variantlaridir.
Har kanday emik birlik nutqda majburiy, qoʼshimcha (fakulьtativ) va xususiy (individual) variantlar orqali yuzaga chiqadi. Shuning uchun ham fonologiya va morfemikada fonema va morfemalarning nutqdagi yuqoridagidek variantlarini aniqlash hamda ularning emik birliklar bilan munosabatini koʼrsatish lozim boʼladi. Fonologik sathdan yuqori sath birliklari ikki tomonlama xususiyatga – shakl va maʼno birligiga ega. Shuning uchun ham maʼnoli birliklar variantlari fonema variantlariga nisbatan murakkabroq boʼladi: ham shakliy, ham mazmuniy variantlarga ega boʼladi. Xususan, joʼnalish kelishigi morfemasi nutqda –ga, - ka, -qa, -gʼa, -a singari shakliy variantlar orqali hamda yoʼnalish, evaz, atash, maqsad, sabab kabi mazmuniy variantlar orqali namoyon boʼladi.
Sistemaviy tilshunoslik nuqtai nazaridan til bir necha sathlardan iborat boʼlib, har qaysi sath birliklari oʼzaro sintagmatik va paradigmatik munosabatga kirishadi. Turli sathga mansub boʼlgan birliklar hech qachon bunday munosabatga kirisha olmaydi. Bir butunlik doirasida fonema bilan morfemaning, morfema bilan soʼzning sintagmatik munosabatga kirishuvi mumkin emas . Chunki ular turli sath birliklaridir. Lekin oʼzbek tilshunosligiga doir juda koʼp ishlarda butunlik ichidagi elementlarning sintagmatik munosabatidagi, bir sathlilik printsipiga amal qilinmayati. Soʼz yasalishiga bagʼishlangan ilmiy tadqiqotlarning juda koʼpchiligida shunday jumlalarni oʼqiymiz: “Ot oʼzakka – la affiksining qoʼshilishidan feʼl hosil qilinadi ”; “Sifat oʼzakka – ar affiksini qoʼshish orqali feʼl hosil qilinadi ”va hokazo.
Yoki soʼz tarkibi yuzasidan tahlil oʼtkazilayotganida, talabalardan oʼzakning qanday soʼz turkumi ekanligini aniqlash talab etiladi. Аfsuski, bu nazariy jihatdan qoʼpol xatodir. Chunki oʼzak, affiks morfemik sath birliklari boʼlsa, ot, sifat kabi tushunchalar morfologik sath birliklaridir. Morfologik sath birliklari morfema variantlarining oʼzaro sintagmatik munosabatidan tashkil topgan va ulardan tamomila yangi sifatga ega boʼlgan butunlikdir. Morfema soʼz uchun material boʼlib xizmat qiladi. Shuning uchun ham ot, sifat kabi soʼz turkumlari bilan oʼzak tushunchasining yonma-yon qoʼyilishi va ot oʼzak, sifat oʼzak deb nomlanishi mumkin emas. Chunki oʼzak funktsional birlik - soʼz turkumi emas, balki uning tarkibiga kiruvchi konstruktiv birlikdir.
Yuqoridagi holatda soʼzning morfem tuzilishi bilan soʼz yasalish tuzilishi ham qorishtiriladi. Soʼz yasalish tuzilishi doimo ikki qismdan - yasashga asos va yasovchi vositadan iborat ekanligi oʼzbek tilshunosligida toʼgʼri belgilangan .
Soʼz yasalish tuzilishida yasashga asos qismning qanday soʼz turkumiga mansubligi haqida fikr yuritish toʼgʼri. Chunki yasovchi vosita qoʼshilib yangi soʼz yasalguncha qadar ham shu tilning funktsional lugʼaviy birligi sifatida mavjud boʼladi. Lekin soʼz yasalish tuzilishi haqida gapirganda, oʼzak tushunchasi haqida fikr yuritib boʼlmaydi. Ular boshqa – boshqa tuzilish birliklaridir.
Morfologik sath birligi boʼlgan soʼz ham oʼzaro munosabatda boʼlgan soʼz shakllarining umumlashmasi xisoblanadi. U bevosita kuzatish bosqichida soʼzning maʼlum shakli orqali namoyon boʼladi. Morfologik birliklarning substantsional talkini soʼz shakllari oʼrtasidagi yashirin aloqalarni belgilash orqali grammatik maʼno mohiyatini ochishdan iborat boʼlish kerak. Buning grammatik shakl va grammatik maʼno paradigmasini, paradigma aʼzolari oʼrtasidagi birlashtiruvchi va farvlovchi belgilarni aniqlash lozim boʼladi.
Sintaktik sathning asosiy birligi gapdir. Gap konkret holda jumlalar orqali namoyon boʼladigan umumlashma sanaladi. Gapning gap boʼlmagan boshqa til birliklaridan farqi predikativlikdir. Gapning asosiy belgisi predikativlik ekanligi barcha tilshunoslar tomonidan tan olinsa ham, lekin predikativlik mohiyatiga yondashuv bir xil emas. Hozirga qadar predikativlikning ikki talqini mavjud: 1) predikatning subʼektga munosabati (kesimning ega bilan munosabati); 2) gapda anglashilgan mazmunning obʼektiv borliqqa boʼlgan munosabati. Bu ikki talqin gapning umumlashma sifatidagi tasnifida ham oʼz izini qoldirishi kerak. Birinchi talqinda gapning predikativ aʼzolari sifatida oʼzaro predikativ munosabatda boʼlgan ega va kesim qaraladi va ular gap sintaktik tizimida asosiy boʼlaklar hisoblanadi. Predikativ munosabatda boʼlgan boʼlaklarning sintaktik ifodalanishiga muvofiq gaplar bir sostavli (bir bosh boʼlakli) va ikki sostavli (ikki bosh boʼlakli) gaplarga boʼlinadi.
Predikativlikning ikkinchi talqini boʼyicha gapning mazmuniy tuzilishi maʼlum munosabat bilan bogʼlangan predmetlar sistemasidir. Bunga muvofiq, talaba kitobni oʼqidi jumlasining mazmuniy tuzilishi oʼzaro maʼlum munosabatda boʼlgan ikki predmetni oʼz ichiga oladi. Birinchi predmet ega pozitsiyasidagi talaba oti orqali, ikkinchi predmet toʼldiruvchi pozitsiyasidagi oʼqidi feʼli orqali ifodalangan. Ikkinchi talqinga muvofiq predikativlik shakliga ega boʼlgan har qanday predikat predikativlikni bildiradi. Shuning uchun ham har qanday jumlaning asosida predikativlik shaklidagi predikat, kesim yotadi. Ega, toʼldiruvchi, hol pozitsiyasida kelgan boʼlaklar esa kesim pozitsiyasidagi predikatning boʼsh oʼrinlarini toʼldiruvchi aktantlar yoki argumentlar sanaladi. Shunga koʼra, predikativlikning ikkinchi talqinida gaplarni bir sostavli va ikki sostavli tiplarga ajratishga hech qanday asos ham, ehtiyoj ham boʼlmaydi. Hozirgi oʼzbek tilshunosligida predikativlikning ikkinchi talqini tobora ustunlik qilib borayotgan ekan, gaplarni sostavlarga ajratishga ham hech qanday zarurat yoʼq.
Shunday qilib, oʼzbek tilining barcha sath birliklarini tizim sifatida oʼrganish, butunni tashkil etgan uzvlarning, birinchidan, butun ichidan, uzvlarning butun bilan pogʼonali (ierarxiyali) munosabatini ochib berish hamda ularni til va nutq bosqichidagi umumiylik va xususiylik dialektikasini yoritish hozirgi tilshunoslikning dolzarb muammolaridan biridir.

LISONIY BIRLIKLАRDА UMUMIYLIK VА XUSUSIYLIK, MOHIYaT VА HODISА DIАLEKTIKАSI


Til tizimining har bir uzvida dialektika qonunlari yotadi. Til tizimi va uning bevosita yuzaga chiqishida umumiylik va xususiylik mohiyat va hodisa dialektikasi namoyon boʼladi. Lisoniy birliklarda namoyon boʼlgan umumiylik, xususiylik, mohiyat, hodisa zidlanishini ifodalash uchun tilshunoslikda invariant va variant atamalaridan foydalaniladi.


Invariant (mohiyat) va variant (hodisa) tushunchalari til birliklarining ontologik mohiyatini, demakki, tilning antologik tabiatini tasvirlashda eng muhim ahamiyatga egadir. Har qanday umumiylik xususiyliklar orqali namoyon boʼlganidek, har qanday invariant variantlar orqali moddiylashadi.
Invariant-variant til va nutq tushunchalari bilan uzviy bogʼliq. Invariant-variant tushunchalari tilning fonologiya sathida til va nutq birliklarini farqlash talabi bilan vujudga keldi. Invariant va variant muayyan sinfga mansub predmetlarning, belgi-xususiyatlarining ziddiyatli, ikkilangan xususiyatini aks ettiradi.
Invariantlilik xususiyati maʼlum narsani shunga oʼxshash boshqa narsada ham mavjud boʼlgan umumiy xususiyatini koʼrsatadi. Variantlilik esa invariant xususiyati bilan bir sinfga birlashgan predmetlardan faqat bittasi uchun xos boʼlgan xususiyatni namoyon qiladi.
Muayyan til birligining turli makon va zamonda har xil moddiy oʼzgarishlarga uchrashi invariant va variant tushunchalarining paydo boʼlishiga olib keladi. Masalan, (k) undoshi yondosh tovushlar qurshovi yo soʼzning qaysi boʼgʼinida kelishi, yoki soʼzlovchining qaysi hududga mansubligiga koʼra turlicha talaffuz qilinadi. Bunday turlicha talaffuz qilingan tovushlar bir k ning turli vakillari sanaladi. Аna shu turli xil vakillar variant, variantlar umumlashmasi esa invariant hisoblanadi.
Invariant-variant tushunchalari tilshunoslikda koʼpchilik tomonidan eʼtirof etilgan boʼlsa ham, lekin uni tushunish, talqin qilish tilshunoslar oʼrtasida bir xil emas.
Invariant va variant tushunchalarining tilshunoslikda bir xil tushunilmasligining birinchi eng muhim sababi invariant bilan variantlar oʼrtasidagi munosabatlarni turlicha tushunish bilan bogʼliq.
Invariant bilan variant bir xil qatordagi hodisalarmi yoki turli qatordagi hodisalarmi? Bu masalaga javob berishda tilshunoslar ikki guruhga boʼlinadilar. Birinchi guruhi invariant va variantni turli qatordagi (geterogen) hodisalar, ikkinchi guruhi esa bir xil qatordagi (gomogen) hodisalar deb baholaydilar.
Ikki xil qatordagi hodisalar sifatida yondashuvchi tilshunoslarning oʼzi ham ikki xil yoʼnalishni tashkil qiladi. Mavhumlik va moddiylik belgilari turlicha talqin qilinadi. Bunday xilma-xillik F.de Sossyurning til va nutq haqidagi taʼlimotini turlicha tushunishdan kelib chiqdi. Ferdinand de Sossyur oʼz maʼruzalarida til va nutq hodisalarini farqlar ekan, til substantsiya emas, balki sof shakl degan xulosaga keladi. Uning bu xulosasi keyingi yillarda koʼp tilshunoslarning diqqatini tortishga, turli qarashlarning kelib chiqishiga sabab boʼldi. Bunday qarashlar F.de Sossyur aytgan shaklni xilma-xil tushunish asosida maydonga keldi. Xususan, Lui Yelьmslev shaklni sof munosabatlar majmuasidan iborat boʼlgan mohiyat sifatida tushundi. «Mening nazarimda, - deydi u, - F.de Sossyur qarashlaridagi yangilik tilni sof munosabatlar tizimi, sxema sifatida tushunish va uning turlicha moddiylashuviga qarama-qarshi qoʼyishdir» . Bu masalada oʼzining qarashlarini sharhlab yozadi: «Mening harakatlarim amaliy qoʼllanishi qanday boʼlishidan qatʼi nazar, sof shakl yoki sxema tushunchasidagi tilni oʼrganishga yoʼnaltiriladi» . Uning fikricha, shaxmat oʼyinida eng muhim narsa oʼyin qoidasi. Donalarning qanday moddiylashuvi ahamiyatli emas.
Yuqoridagilardan koʼrinadiki, L.Elьmslev umumiylikni xususiylikdan, mohiyatni hodisadan keskin ajratgan holda invariant va variantlarni geterogen hodisalar deb hisoblaydi. Tilni sof sxema sifatida tushunib, uni moddiysizlantirib qoʼyadi. Sxemalarning nutqiy jarayondagi reallashuvi eʼtibordan chetda qoladi. Natijada uning nazariyasi «Fil suyagidan yasalgan binoga oʼxshab qoldi».
V.M.Solntsev taʼkidlaydiki, invariantni mustaqil narsa sifatida ajratish mumkin emas. Invariantlilik har qaysi narsada – xususiyda umumiylik namoyon boʼlganidek namoyon boʼladi. Invariant va variantlilik bir narsaning ikki tomonidir. Umumlashgan predmet aqliy narsa sifatida invariant oʼzida narsalarning sinfga xos xususiyatlarini gavdalantiradi. Invariantlilik xususiyati maʼlum predmetning shunga oʼxshash boshqa predmetda ham mavjud boʼlgan umumiy xususiyatini namoyon qiladi .
Variantlilik esa invariant xususiyati bilan bir sinfga birlashgan predmetlardan faqat bittasi uchun xos boʼlgan xususiyatni koʼrsatadi. Invariant bir butun sinfni, shu bilan birga bu sinfning har qaysi aʼzosini namoyish qiladi. Invariant xususiyatlarni, invariantlilikni oʼrganish orqali bir butun sinfning muhim belgilarini, shu bilan birga sinfga mansub boʼlgan har bir aʼzosining belgisini oʼrgangan boʼlamiz. Bu maʼnoda umumlashma sifatidagi invariant konkret predmetlar belgisi variantlar bilan gomogendek koʼrinadi . Lekin invariant hech qachon variantlar qatorida turmaydi. Invariant variantlar umumlashmasi sifatida undan yuqori turadigan konstanta (oʼzgarmas birlik) sanaladi. Shuning uchun ham ular ikki qatorda turuvchi geterogen tushunchalardir. Umumiylik va xususiylik dialektikasi toʼgʼrisida gapirganda, Gegelning bir iborasini eslash oʼrinlidir. Biz gilos, olma, oʼrikni yeymiz, hech qachon mevani yeya olmaymiz. Yoki V.M.Solntsev taʼkidlaganidek, yilqi ichidagi qaysi otni boshqa otga nisbatan invariant deb hisoblash mumkin. Tabiiyki, hech qaysisini, faqat ularning bittasini «namuna» deb eʼtirof etish mumkin.
Bundan shu narsa maʼlum boʼladiki, bir sinfga mansub boʼlgan moddiy birliklarning hech qaysi biri xuddi shunday moddiy birlikka nisbatan invariant boʼla olmaydi. Har qaysi moddiy birlik bir sinf (paradigma) doirasida boshqa moddiy birlikka nisbatan variant sanaladi. Xuddi shu maʼnoda invariant-variant gomogen boʼlmagan obʼektdir. Konkret otlar uchun invariant kandaydir mavhum ot - umuman otdir. U moddiy birliklari qatorida turmaydi. Bunday ot aqliy predmetlardir. Uni boqish, minish mumkin emas. Lekin u har bir alohida otda umumiylik va xususiylik dialektikasini namoyon etgan holda umumiylikning belgisi sifatida mavjud boʼladi . Fonologik sathda umumiylik va xususiylik dialektikasi fonema va uning variantlari (ottenkalari) orqali namoyon boʼladi .
L.Shcherba fonema va uning ottenkalarini bir-biridan farqlar ekan: «Fonema konkret vaziyatda ottenkalar sifatida namoyon boʼladigan umumlashmadir», - deydi . Uning fikricha, umumiyning (fonemaning) talaffuz qilingan real koʼrinishi ottenkalardir. Boshqacha aytganda, nutqdagi barcha real talaffuz qilinuvchi tovushlar ottenka hisoblanadi. Fonema va uning ottenkalari oʼrtasidagi munosabat ikki bosqich munosabatidir: abstrakt bosqich (fonema), konkret bosqich (ottenka). L.Shcherbaning taʼkidlashicha, fonemaning ottenkalari ichida bittasi maʼlum sababga koʼra tipik yoki namuna boʼladi.
Аyrim tilshunoslar invariant va variantlilikni gemogen hodisalar deb hisoblaydilar. Ularning farqlanishi pozitsiya, etalon bilan boʼladi, deydilar. Ularning fikricha, gomogen birliklarning bittasi boshqalari uchun namuna, etalon deb qabul qilinadi. Аna shu namuna yoki etalon invariant, boshqalari variant hisoblanadi. Xususan S.I.Shaumyan tovushlar uchun invariant - bu eksploziv talaffuzga ega boʼlgan va shu belgisi bilan iploziv talaffuz qilinuvchi boshqa xuddi shunday tovushlardan farqlanib turuvchi moddiy substratdir. Chunki moddiy tomondan eksploziv talaffuz mustaqilroq pozitsiyaga ega boʼladi. Boshqacha aytganda, qiyoslanayotgan ikki tovushdan mustaqil pozitsiyadagi tovush invariant, tobe pozitsiyadagi tovush esa invariant varianti hisoblanadi. Shunday qilib, bir sinfga mansub real predmetlardan bittasi boshqalariga nisbatan namuna, etalon deb qaraladi va shuning uchun ham u invariant sanaladi.
Lekin invariant va variantlar turli sathga mansub tushunchalar ekan, eksploziv talaffuz ham, «namuna» ham invariant boʼla olmaydi. Chunki ular ham muayyan umumiy birlikning bevosita kuzatishda berilgan turli moddiy koʼrinishlaridan bittasi sanaladi.
Аyrim mualliflar variantlilik ostida bir umumiy maʼno bildiruvchi maʼlum lisoniy birliklar moddiy tuzilishidagi turli oʼzgarishlarni tushunadilar. Masalan, stenatь-stonyatь, spasenьe-spasenie , gado va gadoy singarilar. Bunday vaqtda ularning bittasi meʼyor sifatida baholanadi va invariant sanaladi. Variantlar meʼyordan chetlanish sifatida qabul qilinadi va ular adabiy meʼyorga qarama-qarshi qoʼyiladi. Bunday qarashga muvofiq, variantlilik tilning muayyan davridagi ortiqchalik deb baholanadi. Tarixiy nuqtai nazardan, variantlilik til evolyutsiyasining, tillar va dialektlar aloqasining qonuniy natijasi hisoblanadi. Ularning koʼrsatishicha, variantlar doimo ortiqchalikni hosil qila bermaydi, variantlar oʼrtasida hech qanday maʼno farqlanishi boʼlmasagina, ular ortiqchalikni vujudga keltiradi.
Bizning nazarimizda, yuqoridagi oʼzgarishlarning hammasi bir umumiylikning turli xil moddiylashuvi, bir narsaning moddiy tomondan turli koʼrinishlari ekan, ularning hech biri bir-biriga variant boʼla olmaydi. Аdabiy meʼyor sifatida qabul qilinayotgan moddiy shakl va aslida variantlar sirasida turadigan bir variantdir.
Morfema - tilning eng kichik boʼlaklarga boʼlinmaydigan maʼnoli qismidir . Morfema invariant sanalib, nutqda turli variantlar orqali moddiylashadi. Morfemani moddiylashtiruvchi variantlar uchun morf, allomorf yoki morfema variantlari atamalaridan foydalaniladi.
Baʼzi mualliflar esa morfemaning maʼno va shakl tomonlarini farqlash maqsadida maʼno tomoni uchun semema, shakl tomoni uchun monema atamalarini tavsiya etadilar .
Masalan, joʼnalish kelishigi morfemasi –ga,-ka,-gʼa,-a kabi variantlari orqali namoyon boʼladi. Lekin bu moddiy shakllarning hech biri boshqasiga nisbatan invariant boʼla olmaydi.
Leksik sathda invariant leksemadir. Har qanday leksema, bevosita kuzatishda leksik-semantik variantlar (LSV) holida namoyon boʼladi. Har qaysi leksik-semantik variant leksemaning barcha shakl (moddiy koʼrinishi) va maʼnolarini (semalarini) emas, balki shakl va maʼnolaridan (semalaridan) bittasini gavdalantiradi.
Аyrim mualliflar maʼnoli birliklardan invariant va variantlilik haqida fikr yuritar ekan, bunday birliklarning ikki tomonlama tabiatini (shakl va maʼno tomonini) hisobga olgan holda, invariant va variantlilik ifoda va maʼno planlari uchun alohida-alohida koʼrilishi kerakligini taʼkidlaydi .
Bunday fikr oʼzbek tilshunosligida Sh.Rahmatullaev tomonidan ham bayon qilinadi. Har ikki tomon uchun alohida-alohida atamalarni ham tavsiya qiladi: mazmuniy variant uchun semema, shakliy invariant uchun leksema. Shunday ekan, variantlarni ham maʼno va shakl jihatidan farqlash kerak boʼladi.
Leksemani mazmuniy variantlari uchun tilshunoslikda LSV qoʼllanilar ekan, leksemaning obod-ovot tipidagi shakliy variantlari uchun leksik-shakliy variant (LShV) atamasini qoʼllash maʼqul koʼrinadi.
Zukko tilshunos А.Gʼulomov 50-60-yillardayoq birliklarning «moddiy tomonidagi farqlanishlar»ga eʼtibor bergan va pichan-bichan, soda-sodda, yomgʼir-yogʼmir tipidagi soʼzning tashqi tomonidan farqlanishi uchun fonetik variantlar terminini tavsiya etgan edi .
E.D.Golovina ham soʼz va uning variantlari haqida bahs yuritar ekan, soʼz variantlarini dastlab mazmuniy va shakliy variantlarga ajratadi. Shakliy variantlarni esa grammatik va grammatik boʼlmagan variantlarga boʼladi. Grammatik variantlarni aktsent variantlar (tvorog-tvorog), fonetik variantlar (xalif-xalif)ga ajratadi.
Leksik variantlilik bir leksemaning turli moddiy koʼrinishlaridir. Variantlilikni fonologik sathda chuqur oʼrgangan Praga lingvistik maktabining vakillari uni majburiy, fakulьtativ va individual variantlarga ajratgan edilar.
Fonologik sathdagi fonema variantlarining bunday tasnifi tilning boshqa sath birliklari uchun xosdir. Xususan, muayyan leksemaning hududiy farqlanishi fakulьtativ (pichan-bichan, oʼxshamok-oʼshxamok), soʼzlovchining individual varianti sanaladi. Majburiy variant, oʼz navbatida, pozitsion, kombinator va uslubiy variantlarga boʼlinadi. Lisoniy birliklarning pozitsion varianti uning qanday pozitsiyada (kuchli yo kuchsiz pozitsiyada) joylashishiga koʼra vujudga keladi. Kombinator variantlar esa lisoniy birliklarning sintagmatik munosabatida namoyon boʼladi. Uslubiy variantlar lisoniy birliklarning uslublararo farqlanishi asosida paydo boʼladi. Masalan, kabutar – badiiy uslub uchun xoslangan variant boʼlsa, kaptar –soʼzlashuv uslubiga mansub variantdir.
Qaerda variantlar soni koʼp boʼlsa, shu yerda, albatta, meʼyor tushunchasiga ehtiyoj tugʼiladi. Meʼyor tushunchasi invariant – variant zidlanishi uchun emas, balki variantlar zidlanishi uchun xosdir. Muayyan invariantning turli variantlari ichida bittasi maʼlum sababga koʼra boshqalariga nisbatan namuna sifatida qabul qilinadi. Аna shu namuna sifatida qabul qilingan variant tilning maʼlum davri uchun meʼyor sanaladi. Meʼyor belgilashda variantlarning nutq zanjiridagi pozitsiyasi, til arealidagi tarqalish geografiyasi va boshqalar rolь oʼynaydi.
Leksemalarning LShVi ichida abbreviaturalar alohida oʼrin egallaydi. Аbbreviaturalar soʼz yasalishi hosilasi boʼlgan yasama soʼzlar emas. Uning soʼz yasalishiga hech qanday aloqasi yoʼq . Аbbreviatura bilan toʼliq koʼrinish bir invariantning ikki xil varianti - biri toʼliq namuna, ikkinchisi esa qisqargan variantdir.
Sintaktik birliklarning modeli invariant, bu modelning konkret leksik birliklar bilan toʼldirilishi esa variantlar sanaladi. Shunday qilib, tilning hamma sathlari uchun umumiylik-xususiylik, mohiyat-hodisa dialektikasi amal qiladi. Umumiylik, mohiyat – invariant, xususiyliklar variantlar orqali namoyon boʼladi. Invariant va variantlar bir qatordagi hodisalar emas, balki turli qatordagi ikki bosqichga mansub hodisalardir. Invariantning namoyon boʼlish shakllari variantlar ekan, demak, invariantlar-variantlar umumlashmasidir. Bevosita kuzatishda variantlar namoyon boʼladi. Variantlar qatorida hech biri boshqasiga invariant boʼlolmaydi. Lekin bittasi boshqalari uchun meʼyor boʼlishi mumkin. Meʼyor va invariant tushunchalari boshqa-boshqa tushunchalardir.
LINGVISTIKАDА MАYDON NАZАRIYaSI VА UNING TIL BIRLIKLАRINI SISTEMА SIFАTIDА OʼRGАNIShDАGI АHАMIYaTI 

Keyingi yillarda tilshunoslikda sistemaviy tadqiqotlarga jiddiy eʼtibor berila boshlandi. Bu tadqiqotlarning oʼziga xos xususiyati shundaki, lingvistik faktlarga avtonom holda yondashmay, har qaysi hodisaning ostida yashirinib yotgan mohiyatning ochilishiga eʼtibor beriladi. Tadqiqotchi eʼtibori koʼproq lingvistik hodisalar oʼrtasidagi munosabatni yoritishga qaratiladi.


Struktur tilshunoslikning otasi hisoblangan F.de Sossyur tilshunoslar diqqatini lingvistik birliklar orasidagi munosabatni ochishga qaratib, munosabatning paradigmatik va sintagmatik turlari mavjudligini koʼrsatgan edi.
Lingvistik birliklarning muayyan birlashtiruvchi maʼno asosida maʼlum paradigmalarga birlashuvi keyinchalik tilshunoslikda maydon nazariyasini vujudga keltirdi.
Lingvistikada esa "maʼno" (mazmun) umumiyligi bilan birlashgan va belgilanayotgan hodisalarning tushunchaviy, predmetlik yoki vazifaviy (funktsional) oʼxshashligini aks ettiruvchi til birliklari (asosan, leksik birliklar) yigʼindisi maydon sifatida belgilanadi.
Lingvistik birliklarning maʼlum maʼno asosida birlashuvi, maʼlum bir tildagi lugʼaviy birliklarni ana shunday mazmuniy uyalarga birlashtirish sharq tilshunosligida rivojlangan. Keyinchalik XIX asrda lingvistik birliklarni mazmuniy guruhlarga birlashtirish yoki butunni maʼlum mazmuniy guruhlarga ajratish gʼoyasi Yevropada avj oldi. Shunga koʼra, bu nazariya Yevropa tilshunosligi bilan uzviy bogʼlanib qoldi.
XIX asrda leksik (umuman, til) birliklar(i) umumiyligiga M.Pokrovskiy tomonidan eʼtibor qaratildi. Maydon tushunchasining nazariy talqini I.Trir, G.Ipsen, V.Portsig, L.Vaysgerber, А.Yolles ishlarida koʼzga tashlanadi, keyinroq А.А.Ufimtseva, N.I.Filicheva, Yu.N.Karaulov, G.S.Shchur kabilar ishlari bilan bu nazariya rivojlantirildi.
Shuni taʼkidlash lozimki, lingvistikaga maydon nazariyasi mazmuniy maydon tushunchasi sifatida kirib keldi. Xoʼsh, mazmuniy maydon nazariyasi paydo boʼlishining qanday asoslari mavjud?
Bu nazariyaning paydo boʼlishi oʼtgan asrning 20-30-yillariga toʼgʼri kelib, u V.Gumbolьdtning "tilning ichki shakli" xususidagi taʼlimotini qayta - yangi yoʼnalishda koʼrib chiqilishi bilan bogʼlanadi. Bu davrda uzoq davom etgan lingvistik tadqiqotlarning asosiy obʼekti boʼlgan "tilning ichki shakli" sifatidagi ilmiy bahslar ushbu nazariyaning dunyoga kelishi uchun asos boʼldi.
"Mazmuniy maydon" termini oʼsha paytda tadqiqotchilar tomonidan turlicha izohlandi. I.Trir mazmuniy maydon sifatida "tushunchalar maydoni", "tushunchalar doirasi"ni nazarda tutdi. L.Vaysgerber "til mazmunining maʼlum qismi", "tarkibining boʼlagi", V.Portsig "maʼnolarning mohiyatan bogʼliqligi", G.Ipsen mazmuniy va grammatik jihatdan bogʼlangan soʼzlar guruhini semantik maydon tarzida talqin etadi. А.Yolles esa uni "semantik birlashish" deb nomlab, uning doirasida antonimik juftliklarni belgilaydi. F.Dornzayf va V.Vartburglar til lugʼaviy tarkibi - ajratilish mumkin boʼlgan semantik guruhlarida mazmuniy maydonni koʼradilar.
Yuqoridagi tadqiqotchilar mazmuniy maydon atamasini har xil tarzda izohlashlariga qaramay, ularni semasiologik tadqiqotlar asosi boʼlgan "tilning ichki shakli"ni tushunishda tilni har tomonlama va turlicha munosabatlarda oʼrganishlari bilan birlashtirish mumkin.
V.Gumbolьdtning "ichki shakl" taʼlimotini L.Vaysgerber va I.Trir tushunchaviy mohiyati jihatidan, G.Ipsen va V.Portsig soʼzlarning mazmuniy guruhi hamda sistemasi tomonidan, F.Dornzayf va Vartburg esa tilning lugʼat tarkibiga xos predmetlilik va tushunchalar guruhi nuqtai nazaridan rivojlantirdilar.
Semasiologiyadagi yangigumbolьdtchilik yoʼnalishining nazariy asosi tilning leksik boʼlinish qonuni hisoblanadi, til strukturasining boʼlinish qonuniyatlari "tilning ichki shakli"dan kelib chiqadi. V.Gumbolьdt "tilning ichki shakli" sifatida, avvalo, chiqayotgan tovushning fikr ifodalash darajasiga koʼtaruvchi aql faoliyatining doimiy elementini tushunadi. Uning keyingi davrdagi izdoshlari til oʼrganishning asosiy vazifasi "turli tillar semantik strukturasida yangi-yangi koʼrinishda, jumboqli tarzda namoyon boʼluvchi oʼziga xos tushunchaviy gʼoya"ni izlashga olib keladi, deb taʼkidlaydilar.
F.de Sossyur yuqoridagi masalani oydinlashtirishda yangigumbolьdtchilarga yoʼnalish yaratib berdi, deyish mumkin. Maʼlumki, F.Sossyurning fikricha, tilning oʼz sistemasi mavjud boʼlib, u oʼzaro shartlangan ishoralar sistemasidir. Sossyur tilni bir-biriga qarama-qarshi qoʼyilgandagina ahamiyatli boʼlgan shartli belgilarning yopiq sistemasi sifatida tadqiq etib, tilning boʼlinish qonunini yangidan koʼrsatib berdi. Tilning maʼlum tuzilma sifatidagi boʼlinish mexanizmini tushuntirib, u shunday yozadi: "lotinchada artikulus - narsalar qatorining aʼzosi, qismi, boʼlagi degan maʼnoni anglatadi, har qaysi til elementi oʼz ichida gʼoyaning tovush bilan birlashtirgan kichik bir boʼlak - artikulus dir, tovush esa gʼoya uchun belgidir.
Har bir soʼz ortida tovush, vaziyat va tushunchaviy aloqalar sistemasi yotadi. Soʼz koʼp oʼlchamli aloqalarning toʼri (setkasi) hisoblanadi. Normal holatda baʼzi uslubiy aloqalar (masalan, obrazlilik) eʼtiborga olinmaydi, maʼnoviy aloqalar yetakchilik qiladi.
"Tilning fikrga boʼlgan munosabati xarakterli vazifasi gʼoyani ifodalash uchun moddiy tovush vositasini hosil qilishda emas, balki uning tafakkur va tovush orasidagi vositachiligidadir. Bunda ularning birlashuvi birliklarning ikki tomonlama chegaralanishiga olib keladi. Tabiatan ayqash-uyqash (xaotik) boʼlgan tafakkur boʼlina turib biror ehtiyoj natijasida oydinlashadi",- deb Sossyur tilning boʼlinish qonuniyatlarini falsafiy asoslaydi.
V.Gumbolьdt va uning keyingi davrdagi izdoshlarini F.de Sossyur bilan til strukturasi xarakterini oʼz qonunlari bilan tashkil etilgan yopiq sistema sifatida tushunish birlashtiradi. "Har bir til obʼektiv reallik ustida turuvchi va unga qarama-qarshi qoʼyiluvchi tanlovlar sistemasidir",- deb taʼkidlaydi I.Trir.
Tilshunoslikda "maydon" tushunchasining uzil-kesil shakllanishiga yordam bergan hal qiluvchi tadqiqotlardan biri L.Vaysgerberning ishlari boʼldi. L.Vaysgerberning fikricha, tilni ruhiy mazmunning oddiy vositasi sifatida emas, balki dunyoni intellektual shakli sifatida oʼrganish zarur, uningcha, semasiologiya maʼnolar xususidagi fan boʼlmay, tushunchalar haqidagi taʼlimot boʼlishi kerak.
I.Trir va L.Vaysgerber talqinidan farqli holda yangigumbolьdtchilikning keyingi guruh olimlari G.Ipsen, V.Portsig, А.Yolles, F.Dornzayf, F.fon Vartburg singarilar lingvistik tadqiqotlar obʼekti qilib soʼzlar guruhi yoki tilning butun lugʼaviy tarkibini oladilar.
G.Ipsen qadimgi hind-evropa tillari leksikasini qiyosiy-tarixiy jihatdan oʼrganish davomida "mazmuniy maydon" terminini birinchi marta sharq tillaridagi metall nomlarini belgilovchi soʼzlar guruhiga nisbatan qoʼllagan boʼlib, u bu soʼzlarning hind-evropa tillarida funktsional jihatdan chegaralanib, alohida guruhni tashkil etishiga asoslangan.
V.Portsig esa semasiologiya faniga mazmuniy maydonning oʼziga xos tushunchasini olib kirdi, u maydon nazariyasini nutqni oʼrganish asosida ochib berishga intildi. Uningcha, mazmuniy maydon maʼlum tildagi soʼzlar orasida oʼrnatiluvchi asosiy munosabatlar bilan bogʼlanadi hamda predikativ vazifani bajaruvchi feʼl, sifat va otlar orasidagi bogʼliqlikdan kelib chiqadi.
V.Portsig bilan bir vaqtda F.Yolles ham tilshunoslikka mazmuniy maydonning yangicha talqinini kiritdi. U maʼlum butunlikka mansub birliklar shu butunlikning biror jihatini ifodalashi bilan shu guruhga xoslanishini koʼrsatdi.
Maydon nazariyasi muammolari boʼyicha keyingi yillarda qator tadqiqotlar olib borildi. G.S.Shchur maydon muammolari yuzasidan mingdan ortiq maqolalar eʼlon qilinganini taʼkidlaydi . Bunday nazariy tadqiqotlarni atroflicha oʼrganib, ularni umumiy tarzda tarixiyligi nuqtai nazaridan va qoʼyilgan muammolar jihatidan maʼlum guruhlarga ajratish mumkin. Bunda asosan nazariyaning alohida tushunchalarini xronologik yoʼnalishda koʼrib chiqib, ularning isbot qilinishi, nazariyaning qoʼyilayotgan muammolari jihatidan oʼrganilishi, shuningdek, maydon nazariyasini tarixiylik va muammolar tahlili bilan birgalikda olib borilishi nuqtai nazaridan farqlash mumkin.
Lingvistikada maydon nazariyasining keyingi yillardagi rivoji shu darajaga yetdiki, uning gʼoyalari va metodlari tilning leksik sathidan boshqa sathlarga nisbatan ham tatbiq qilina boshlandi. Dastlabki tadqiqotlar mazmuniy maydon doirasidan kelib chiqib, turli lugʼatlar (koʼproq tezauruslar) tuzish uchun umumiy qonuniyatlarni ochishda nazariy asos boʼldi. Keyinroq bu yoʼnalishda tilning boshqa sathlari, jumladan, morfosemantika, grammatika singarilar doirasida ham jiddiy asarlar yuzaga keldi.
Maydon tushunchasining talqini hamda unga xos xususiyatlarga ayrim holda yondashuv maydon nazariyasini tadqiq etishning turlicha muammolarini vujudga keltirdi. Bunda maydon chegaralarining aniqligi, maydonning avtonomligi, butunligi, uzluksizligi jihatidan til birligi sifatida qaralgani holda yoki maydon mustaqilligining nisbiyligi, maydonlar oʼzaro munosabatining keng xarakterga egaligi boʼyicha til birliklaridan farqlanuvchi tomonlari asosidagi muammolar; maydonlar tuzilishi (maydonda ochiq - boʼsh oʼrinning boʼlmasligi) muammolari; koʼp maʼnoli soʼzlarning faqat bir maydonga mansubligi yoki bir necha maydonning elementlari boʼlishi mumkinligi asosida maydon va polisemiya munosabatlari muammolari oʼrtaga tashlandi. Maydonning u yoki bu xususiyatlariga tayanib, ushbu muammolar tadqiqotchilar tomonidan turli-tuman ravishda oʼz yechimini topmoqda.
Oʼzbek tilshunosligida ham maydon talqini bilan bogʼliq bir qator qarashlar yuzaga chiqmoqda.
Shunday qilib, oʼzbek tilshunosligida til birliklarini maydon asosida oʼrganish keng yoʼlga qoʼyilmoqda. Bu usul, bizning nazarimizda, ayniqsa, leksikani oʼrganishda katta ahamiyatga ega. Oʼzbek tili leksikasini makromaydon sifatida qaralgani holda, uni mikromaydonlarga ajratish tezauruslar, ideografik lugʼatlar tuzishda katta samara beradi. Shuning uchun ham lingvistik maydon va til lugʼat tarkibini bunday maydonlarga ajratishning nazariy asoslarini chuqur, atroflicha oʼrganish hozirgi oʼzbek tilshunosligi oldidagi eng dolzarb muammolardan sanaladi.

GRАMMАTIK KАTEGORIYa MUАMMOSIGА DOIR АYRIM MULOHАZАLАR 


Grammatik kategoriya (GK) haqidagi taʼlimot grammatika fanida markaziy oʼrinni egallaydi. L.V.Shcherba taʼbiri bilan aytganda, grammatika mohiyat eʼtibori bilan tilda mavjud boʼlgan kategoriyalarni tasniflashdan iboratdir. Shuning uchun ham tilshunoslik tarixida GK muammosi antik davrlardan buyon mutaxassislar diqqatini jalb qilib keldi. Shunday boʼlishiga qaramasdan, GK haqida tilshunoslar fikrlarida bir xillik yoʼq. GK mohiyati nimadan iborat? U nimalarni oʼz ichiga oladi va qanday ifodalanadi? Bu savollar antik davrlardan buyon GK sifatida qarab kelinayotgan soʼz turkumlari hamda egalik va kelishik shakllarini GK tarkibidan chiqarishni tavsiya etadilar.


Bizning nazarimizda, GK borasidagi bunday xilma-xillik GK mohiyatini turlicha talqin qilish asosida maydonga keldi.
GKlarni ajratish va baholashda turlicha qarashlarning mavjud boʼlish sabablaridan biri, asosiysi deyish ham mumkin, “kategoriya” atamasining oʼzidadir. Ushbu atama tilshunoslikka falsafadan kirib kelgan boʼlib, faylasuflarning oʼzi kategoriya deganda, “… obʼektiv borliq va bilishdagi mohiyatan koʼproq qonuniy aloqa va munosabatlarni aks ettiruvchi umumiy, fundamental tushunchalar” ni anglab kelganlar. Bunday tushunchalar asosan ziddiyatli juftlik tashkil etgani holda (sabab-natija, mohiyat-hodisa, butun-qism...), yakka holatda ham mavjud boʼlishi mumkin (borliq, miqdor, makon...). Tilshunoslikda esa kategoriya atamasi ostiga qatʼiy zidlangan ikkilik (son kategoriyasi) yoki koʼplik (kelishik kategoriyasi), shuningdek, yakkalikni ham kiritish anʼanasi mavjud (tushum kelishigi kategoriyasi, ega kategoriyasi) . Bundan koʼrinadiki, kategoriya haqida bahs boshlash mushkul. Maʼlumki, har qanday borliq “... qandaydir boshqa bir narsa bilan aloqa” ni taqozo etadi. Demak, har bir narsa mavjud ekan, oʼz-oʼzidan ikkinchi (uchinchi, toʼrtinchi...) narsa bilan aloqada turadi. Til birligining ham mavjud boʼlish sharti oʼzgalar bilan aloqasidir. Ushbu aloqa GKlarni vujudga keltiradi. Kelib chiqadiki, GK boʼlishi uchun aloqa va aloqada turuvchi birliklar zarur, yoxud, boshqacha qilib aytganda, muayyan birlik yashashi uchun u aloqada turishi, yaʼni biror (balki bir necha) kategoriyaga kirishi zarur.
Bir guruh tilshunoslar GK ostida maʼlum umumiy maʼno asosida birlashgan shakllar oʼrtasidagi munosabat yotishini taʼkidlaydilar . Munosabat GKning asosiy farqlovchi belgisi sifatida qaraladi. Munosabatni bildirmaydigan grammatik birliklar GKga kiritilmaydi. Xususan, soʼz turkumlari borliqdagi narsa va hodisalar oʼrtasidagi munosabatni emas, balki narsa va hodisalarning, belgi va xususiyatlarning ongda aks etgan umumlashgan obrazlarini oʼz ichiga olgan sinflarni nomlaydi.
Shu bilan birgalikda, GK, D.А.Shtelingning fikricha, grammatik shakllarning (GSh) oddiy yigʼindisi emas, balki ular oʼrtasidagi qatʼiy belgilangan munosabatdir.
Bir soʼzning tilda bir necha shaklga ega boʼlishi hali GK degani emas. U GKni tilning grammatik qurilishida maʼno jihatdan zidlanuvchi ikki (faqat ikki) qatordagi shakllar munosabati deb izohlaydi.
GKning yuqoridagi ikki asosiy jihatining (munosabat bildirishi va zidlanishi) farqlovchi belgi hisoblanishi, tabiiy ravishda, soʼz turkumlari hamda kelishik va egalik shakllarini GK sirasiga kiritib boʼlmaydigan qilib qoʼydi.
Ikkinchi guruh tilshunoslar esa GK ostida maʼlum maʼno umumiyligi asosida birlashgan shakllar sistemasini tushunadilar.
Shunday qilib, GKga bagʼishlangan barcha ishlarda maʼno umumiyligi va umumiy maʼnoning maʼlum shakllar yordamida ifodalanishi haqida gap ketadi.
Har qanday lisoniy tushunchaga sistemaviylik nuqtai nazaridan yondashsak, muayyan maʼno umumiyligi asosida birlashgan va oʼzaro zidlanuvchi shakllar sistemasi GK kategoriya hisoblanadi. Maʼno umumiyligi GK tarkibidagi har bir uzvda birlashtiruvchi semaning takrorlanishini, zidlanish esa bir GK tarkibiga birlashgan har qaysi uzvning oʼziga xos farqlanish xususiyatiga ega ekanligini bildiradi. Chunki har qanday narsa va hodisada oʼxshashlik va nooʼxshashlik ziddiyati mavjud boʼladi. Аna shu ziddiyat xususiyliklarning oʼziga xosligini va rivojlanish imkoniyatini taʼminlab turadi. Ichki qarama-qarshiliklar har qanday obʼekt va jarayon tuzilishining ajralmas xossasidir.
Yuqoridagi GK haqida bayon qilingan fikrlardan koʼrinadiki, GK deganda asosan morfologik kategoriyalar (MK) haqida soʼz yuritiladi.
MK muayyan ichki tuzilishga ega boʼlgan sistemadir.
Uning ichki tuzilish birliklari grammema sanaladi. Demak, MK oʼzaro maʼlum maʼno umumiyligi asosida birlashgan va ayni paytda, bir-biri bilan muayyan farqlovchi belgilariga koʼra zidlanuvchi grammemalar munosabatidan tashkil topgan butunlikdir.
Grammemalarning MKga birlashuvida kategoriyaga xos umumiy maʼno xizmat qiladi. Аna shu umumiy maʼno MKlar nomi uchun asos boʼladi. Masalan, egalik kategoriyasi, zamon kategoriyasi va boshqa. Shuning uchun maʼnoni aniqlamasdan grammatik shaklni ham, GKni ham aniqlash mumkin emas.
MK bilan grammema oʼrtasida jins-tur munosabati mavjud boʼladi. MK jinsni, grammema esa turni ifodalaydi. Аgar u yoki bu grammemada MKga xos umumiy maʼno (turga xos maʼno) takrorlanmasa, yaʼni jinsning turi boʼlmasa, demak, u bu MKning grammemasi hisoblanmaydi.
Demak, grammemalarni maʼlum sinfga – MKga birlashtirishda maʼno yetakchi oʼrin egallaydi. Lekin bu MK va uning tarkibiy qismi sanaluvchi grammema uchun shakl ikkinchi darajali degani emas. Chunki maʼnodan ajralgan shakl, shaklsiz maʼno boʼlishi mumkin emas. Shuning uchun ham bir grammemaning oʼzi shakl va maʼno munosabati birligidan tashkil topgan yaxlitlik sanaladi. Yaʼni grammema = GSh+GM. Muayyan ifoda vositasi bilan nisbatlanmaydigan tushuncha kategoriyalarini MK hisoblash mumkin emas. Shuning uchun ham, Yesperson va Vivellar tildan shakliy ifodalangan maʼno farqlanishinigina til fakti sifatida ajratish mumkinligini taʼkidlaydilar.
Baʼzan muayyan grammatik maʼno asosida birlashgan va oʼzaro zidlanuvchi grammemalardan biri moddiy ifodalanmasligi mumkin. Grammemalar farqlash (distinktiv) tomondan kuchli va kuchsiz turlarga boʼlinadi. Kuchsiz farqlash xususiyatiga ega boʼlgan grammemalar doimo moddiy ifodalanishi shart emas. Lekin uning mavjudligi zid aʼzosiga yoki sintaktik qurshoviga qarab belgilanadi. Masalan, otlarning son zidligida birlikning maxsus vosita yordamida ifodalanishi shart emas. Koʼplik shaklga ega boʼlgan zid aʼzo birlik shaklni taqozo etib turadi.
MK atamasi ostida ayrim mualliflar umumiy grammatik maʼnoga ega boʼlgan soʼz shakllari sistemasini tushungani tufayli, ular asosan soʼzning shakllarini oʼrganishga eʼtibor berdilar. Аyniqsa, MKlarni tipologik asosda oʼrgangan А.А.Xolodovich va uning shogirdlari grammatik maʼnoni tasnif qilish bilan birga, ularning turli sistemadagi tillarda qanday ifodalanishiga diqqatni jalb qildilar. MKlar soʼz turkumlaridan ajratilgan holda avtonom oʼrganildi. Turli sistemadagi tillardagi MKlar sinflarga ajratildi. Oʼndan ortiq MK mavjudligi koʼrsatildi. Biz bajarilgan bunday ishlarning oʼta muhimligini taʼkidlagan holda, MKni “mustaqil” oʼrganishning bir yoqlama ekanligini koʼrsatib oʼtamiz. Chunki ularning funktsiyasi koʼp hollarda soʼzning turkumga xos boʼlgan maʼnosi bilan chambarchas bogʼliqdir. Shunday ekan, MK atamasi ostida soʼz turkumlari va maʼlum maʼno ostida birlashgan soʼzning shakllar sistemasi – soʼzning morfologik paradigmalari tushuniladi. Аʼzolari soʼz sinflaridan tashkil topgan GK leksik-grammatik kategoriya (LGK) sanaladi. Аʼzolari muayyan soʼzning shakllaridan tashkil topgan kategoriya soʼz oʼzgartiruvchi kategoriya (SOʼK) yoki oddiy qilib MK deb hisoblanadi.
Soʼz turkumlari kategoriyasi, yaʼni LGK qanchalik obʼektiv olam bilan bogʼlangan boʼlsa, uning morfologik kategoriyalari ham shunchalik bogʼliqdir. Chunki narsa va hodisalar, harakat va holatlar qanchalik obʼektiv boʼlsa, ular oʼrtasidagi munosabatlar ham shunchalik obʼektivdir. Shuning uchun soʼz va uning MKlari obʼektiv olam bilan uzviy bogʼliq sanaladi.
MKlar quyidagi xususiyatga ega:
1) bir qancha birliklarga oid boʼladi;
2) MK aʼzolari paradigmani hosil qiladi va har bir paradigma aʼzosi shu paradigma mansub boʼlgan soʼzning shakli sanaladi.
Аna shu xususiyatlarga koʼra quyidagi MKlarni ajratish mumkin:
1) shaxs kategoriyasi;
2) zamon kategoriyasi;
3) mayl kategoriyasi;
4) boʼlishli-boʼlishsizlik kategoriyasi;
5) nisbat kategoriyasi;
6) egalik kategoriyasi;
7) kelishik kategoriyasi;
8) son (koʼplik) kategoriyasi va boshq.
Yuqorida taʼkidlanganidek, GK atamasi ostida MKlar oʼrganib kelindi. Uning tarkibiy qismlari sanaluvchi grammatik maʼno (GM) va grammatik shakl (GSh) tushunchalari ham asosan morfologik sath birliklariga nisbatan qoʼllanildi. Bunga sabab antik davrdan buyon koʼproq morfologiyani oʼrganishga eʼtiborning qaratilganligi, grammatika deganda, asosan, morfologiya tushunilganidir. Keyinchalik sintaktik sathning ham chuqur oʼrganilishi natijasida sintaksisning ham oʼziga xos kategoriyalari (SK) mavjudligi aniqlandi.
Lingvistikada lisoniy birliklarning vazifa (funktsional) tomoniga eʼtiborning kuchayishi natijasida MK va SKlar oʼrtasidagi funktsional bogʼlanishni ochib berish imkoniyati tugʼildi.
Bu ikki kategoriya oʼrtasidagi munosabat turli sathlilik munosabati sanaladi. Birinchisi ikkinchisi uchun konstruktiv asos boʼlib xizmat qiladi. Shuning uchun ham MK va SKlarni belgilar va ular oʼrtasidagi munosabatni ochish hozirgi oʼzbek tilshunosligining eng dolzarb masalalaridandir.
Morfologik kategoriyalarning sintaktik sathga koʼtarilishi yoki morfologik kategoriyalar bazasida sintaktik kategoriyalar hosil boʼlish masalasiga ham alohida eʼtibor zarur. Tilshunosni muntazam chalgʼitib keluvchi “koʼp maʼnolilik” hodisasi GKlar borasida mavjud turli-tuman bahslarga asos berib kelgan. Аyni bir shaklga turli xil maʼnolarning mansub etilishi uni turli kategoriyalarga kiritish, koʼp maʼnoli deb baholash, hatto uni grammatik kategoriyalar sirasidan chiqarish kabi holatlarga sabab boʼlishi mumkin.
Morfologik va sintaktik kategoriyalar munosabatidagi bunday nozik toʼqnashuv nuqtasiga I.Rasulov oʼz vaqtida juda xassoslik bilan yondashgan va zamon kategoriyasi misolida, albatta, nazariy rivojlantirishga muhtoj, biroq ratsionalligi bilan diqqatga sazovar fikr bildirgan: “ Sintaktik zamon kategoriyasi ham, morfologik zamon kategoriyasidan farq qilinishi kerak. Morfologik zamon kategoriyasi bir maʼnoli. Zamon formalarining qoʼllanishi, funktsiyasi esa sintaksisga oiddir. Deyarli barcha zamon formalari nutqda turli zamon uchun qoʼllanishi mumkin”. Sabab shuki, morfologik kategoriyalardan farqli oʼlaroq, sintaktik kategoriyalar ayni shu sintaktik butunlikda qatnashayotgan har bir birlik: leksema, grammema, intonatsiya, model kabilarni ham qamrab oladi. Sintaktik kategoriya birliklari, yaʼni sintaktik kategoriya maʼnosi ifodalovchilarini farqlash, ana shu holatda hisobga oladigan boʼlsak, oʼzbek tilshunoslari oldiga hali koʼp muammolarni qoʼyadi.
Muayyan maʼno umumiyligi asosida birlashgan, oʼzaro zidlanuvchi sintaksemalar butunligi sintaktik kategoriya (SK) sanaladi.
SK gapga xos kategoriya sifatida soʼzga xos kategoriya boʼlgan MKdan yangi sifatga egaligi va yuqori sathga mansubligi asosida farqlanadi. Shu bilan birga, SKlar ichida gapning emas, balki gapning qismlari uchun xos boʼlgan kategoriyalar ham mavjud. Bunday kategoriyalar oraliq kategoriyalar sanaladi. Shunday qilib, SKlar ikki sinfga ajratiladi: 1) gapga xos; 2) gapning ichki tuzilishiga xos SK.
Maʼlum axborotni ifodalovchi sintaktik qurilmani gap sifatida shakllantirish uchun xizmat qiluvchi SKlarga gapga xos SKlar deyiladi. Bunday kategoriyalar ikkiga boʼlinadi: 1) predikativlik kategoriyasi; 2) ifoda maqsadi kategoriyasi.
Predikativlik kategoriyasi, oʼz navbatida, personallik (shaxs), temporallik (zamon), modallik va tasdiq-inkorlik maʼnolari va bu maʼnolarni ifodalovchi moddiy vositalar butunligidan iborat.
Gapda anglashilgan axborotning subʼektlari (ishtirokchilari) bilan obʼekti oʼrtasidagi munosabatni ifodalash uchun xizmat qiladigan kategoriya gapning ichki tuzilishiga xos SK sanaladi. Bunday kategoriya koʼpincha sintaksemalar orqali orqali ifodalangan predmetlar oʼrtasidagi munosabatning almashinishini koʼrsatadi. Masalan, Oʼrtogʼim kitob oldi – Kitob oʼrtogʼim tomonidan olindi. Yoki mazmuniy ishtirokchilar miqdorini koʼpaytiradi. Masalan, Kitob oʼqidi (bir kishi) – Kitob oʼqishdi (bir necha kishi) – Kitob oʼqitdi (ikki kishi ishtirokchi, bulardan bittasi harakatni yuzaga chiqaradi, ikkinchisi unga taʼsir qiladi) va boshqalar. Bunday maʼno xususiyatini hisobga olib, yuqoridagi kategoriyani almashinish (konvertatsiya) kategoriyasi deb hisoblash mumkin.
Аlohida taʼkidlab oʼtish lozimki, bu oʼrindagi paradigmani mutlaqo faqat feʼl shakllari bilan bogʼlab qoʼymaslik kerak. SK paradigmatik qatorida feʼl shakllari quyi sath birliklari sifatida moddiy asos (moddiy asoslardan biri) vazifasini bajaradi xolos.
Shunday qilib, MK bilan SKlar oʼzaro uzviy bogʼliq, lekin ularning munosabati pogʼonali (gradual) boʼlganligidan biri ikkinchisi uchun moddiy asos boʼlib xizmat qiladi. Xususan, morfologik shaxs kategoriyasi sintaktik personallik kategoriyasini, morfologik zamon kategoriyasi sintaktik temporallik kategoriyasini, mayl kategoriyasi sintaktik modallik kategoriyasini hamda ifoda maqsadi kategoriyasini, nisbat kategoriyasi sintaktik almashinish kategoriyasini moddiylashtirish uchun xizmat qiladi. Shu bilan birga, MK bilan SK oʼzaro teng emas. Аyrim MKlar SKlarni moddiylashtirish uchun emas, balki sintaktik birliklar oʼrtasidagi tobe munosabatni ifodalash uchun xizmat qiladi (kelishik va egalik kategoriyalari). Shunday MKlar borki, ular hech qanday sintaktik vazifa bajarmaydi (koʼplik kategoriyasi). Shu bilan birga, ayrim SKlar, masalan, modallik faqat bitta mayl kategoriyalaridan tashqari, maxsus modal soʼzlar va birikmalar orqali moddiylashadi. Sintaktik zamon kategoriyasi ham morfologik zamon kategoriyasi bilangina cheklanib qolmaydi. Boshqa vositalar ham sintaktik zamon kategoriyasini ifodalash uchun xizmat qiladi.
MK bilan SK tilning turli sathlariga mansub kategoriyalar ekan, ularni bir sinfga – bir paradigmaga birlashtirib boʼladimi?
Sistem tilshunoslik nuqtai nazaridan turli sathga mansub boʼlgan birliklar oʼzaro sintagmatik va paradigmatik munosabatga kirisha olmaydi. Bir sathga mansub bir xil qimmatga ega boʼlgan lisoniy birliklargina bir-biri bilan yuqoridagidek munosabatda boʼladilar. Bir paradigmaga mansub boʼlgan aʼzolarning paradigmaga xos birlashtiruvchi maʼnosi bilan har qaysi uzvning farqlovchi maʼnolari oʼrtasida tur-jins munosabati mavjud boʼladi. Shunday ekan, MK bilan SK turli sathga oid kategoriyalar sifatida bir sinfga birlashmaydi. Demak, GK atamasi faqat MK atamasiga teng keladi. Shuning uchun ham GK deganda anʼanaviy tilshunoslikda MKlar haqida fikr yuritilgani, bizningcha, toʼgʼri.
Shuningdek, morfologik va sintaktik sathlarning bir umumiylik – grammatika sinfiga birlashtirilishini ham oʼylab koʼrish kerak boʼladi. Tilda har qaysi sathning oʼziga xos paradigmalari mavjud boʼlganidek, morfologik va sintaktik sathlarning ham bir-biridan farqli boʼlgan oʼz paradigmalari mavjud. Ularni bir umumiy nom ostida birlashtirishga hech qanday asos ham, amaliy ehtiyoj ham yoʼq.

FENOMENOLOGIYa VА GERMENEVTIKАNING LINGVISTIK BILIShDАGI ROLI 


Shu kunga qadar tilni abstrakt mohiyat sifatida oʼrganish sistemaviy struktur tilshunoslikning bosh tamoyili boʼlib keldi. Natijada til va nutq mohiyat va hodisa, imkoniyat va voqelik kabi dialektik kategoriyalar asosida oʼzaro farqlandi. Tilni ikkinchi darajali, oʼtkinchi, chegara belgilaridan soqit qilgan holda soddalik, izchillik, ziddiyatga yoʼl qoʼymaslik tamoyili asosida oʼrganishga imkoniyat yaratildi.


Oʼtgan asrning 80-yillaridan boshlab ilmiy tadqiqotlar paradigmasi oʼzgardi. Аgar ilgari fundamental fanlar nazariy gʼoyalarni ilgari surgan holda, bu gʼoyalar asta-sekin muayayn texnologiyalarga muvofiq ravishda hayotga joriy qilingan boʼlsa, yaʼni «nazariyadan amaliyotga» tamoyili ustuvorlik qilgan boʼlsa, hozirgi kunda koʼp hollarda uning aksi koʼzga tashlanmoqda: u yoki bu texnologiyaning taraqqiyotiga ehtiyoj nazariy tadqiqotlar yoʼnalishini belgilamoqda. V.I.Gerasimov va V.Petrovlarning taʼkidlashlaricha, agar lingvistika bu yangi sharoitga tayyor boʼlmasa, til kommunikatsiyasining bugungi kundagi muhim muammolarini oʼrganishda oʼzining obroʼsini yoʼqotishi mumkin.
Bugungi kunda kommunikatsiya jarayonida tilni soʼzlashuvchilarning til haqidagi amaliy bilimisiz, uni eʼtiborga olmagan holda toʼgʼri va toʼliq oʼrganib boʼlmasligi aniq boʼlib qoldi. Struktur tilshunoslikning otasi hisoblangan F de Sossyur ham tilshunoslikni tilning qaysi jihatdan oʼrganilishiga koʼra ichki va tashqi linvistikaning oʼzaro hamkorligini taʼkidlagan edi.
Hozirgi kunda bu ikki lingvistikaning oʼzaro munosabatiga katta eʼtibor qaratilmoqda. Tilning ichki tuzilishini oʼrganish bilan birga, til egasining kommunikatsiya jarayonidagi roli, olamning lingvistik qiyofasi kabi masalalar lingvistik tadqiqot doirasiga tortilmoqda
Sunʼiy intellekt nazariyasi taraqqiyotning hozirgi davrida mantiq, lingvistika, psixologiya va germenevtika singari tashqi tomondan undan uzoqroq boʼlib koʼringan falsafiy yoʼnalish natijalaridan ham keng foydalanilmoqda.
Oʼtgan asrning 80-yillaridan boshlab tilshunoslik ham kognitiv fanlar kontseptual bazasi boʼlgan kognitiv fan oʼzining katta burilishi davriga koʼtarildi. Natijada yangi nazariy manbalarni qidirish ehtiyoji vujudga kela boshladi.
Olamning lingvistik bilishda Gusserlning intentsional fenomenologiya nazariyasi katta ahamiyatga egadir. Gusserl intentsionallikni obʼektga yoʼnalganlik belgisi orqali tushuntirar ekan, uni hatto illyuziya va gallyutsinatsiya kabi mental aktlarda ham mavjud ekanligini taʼkidlaydi.
Intentsional fenomenologiya nazariyasi tarafdorlari xilma-xil mental aktlardagi obʼektlar sifatida sezgi aʼzolarimizga beriluvchi konkrekt obʼektlarni ham afsonaviy obʼektlarni ham, gallyutsinatsiya, yaʼni «koʼzlarigizga koʼrinuvchi» yolgʼon obʼektlarni ham eʼtirof etadilar. Ularning hammasini umumlashgan holda ifodalash uchun noema atamasidan foydaladilar. Shunday qilib, har bir nutqiy akt uning obʼektga yoʼnalishini taʼminlovchi noemaga ega boʼladi.
Oʼtgan asarning boshlarida Gusserl tomonidan tavsiya etilgan borliqni noematik gavdalantirish usuli koʼp jihatdan borliqni mental gavdalantirish gʼoyasi markaziy oʼrin egallagan kognitiv fanlarning vujudga kelishiga zamin hozirladi.
Bugungi kunda kognitiv fanlar olgʼa surgan borliqni mental gavdalantirish gʼoyasi bilan germenevtika gʼoyalari koʼp jihatdan uygʼunlashmoqda. Xususan, borliqdagi moddiy va ruhiy olam oʼrtasiga qatʼiy chegara qoʼyishga tanqidiy munosabatda boʼlib bizning sezgi aʼzolarimizga berilgan borliq uzvlari mental, yaʼni fikriy hosila (mental kontsept) ekanligi eʼtirof etish gʼoyalari orqali umumiylikni hosil qiladilar.
Koʼrinadiki, fenomenologiya va germenevtika gʼoyalari bugungi kunda olamni lingvistik bilish gʼoyasini targʼib qilayotgan va rivojlantirayotgan sintaktik semantikaning tarkibiy qismi boʼlgan sintaktik pragmatika uchun nazariy tayanch nuqtalar boʼlib xizmat qilmoqda.
Kognitiv fanlarining markaziy tushunchasi borliqni mental gavdalantirishdir, yoki til mentalligidir.
Til mentalligi deganda obʼektiv ayrim qismlari va uning til tasavvurlari oʼrtasidagi munosabat tushuniladi.
Borliqning til tasavvuri deganda esa, borliqning til orqali ongda aks etishi, til tafakkuri tushuniladi.
Tilga mentalistik nuqtai nazardan qaralganda, til orqali borliq aks ettiriladi, tasavvur qilinadi degan gʼoya ilgari suriladi. Olamni aks ettirish yoki tasavvur qilish choʼqqilar tamoyilligiga asoslanadi. Ularning fikricha, olamni aks ettirish uning choʼqqilarini aks ettirish orqali amalga oshiriladi.
Boshqacha qilib aytganda, aks ettirishga bir butun olam emas, balki, faqt uni choʼqqilari beriladi. Yaʼni soʼzlovchi tomonidan olamning eng muhim, relevent belgisi sifatida koʼringan qismlari tasavvur qilinadi.
Til mentalligi nazariyasiga koʼra borliq yoki olam atamasi ostida insonni qurshab turgan olamgina emas, balki inson tomonidan yaratilgan, yaʼni insonning nutqiy faoliyati va uning holati olami ham tushuniladi.
Til mentalligi hozirgi kunda sintaktik semantikaning tayanch tushunchasi boʼlgan freymlar bilan uzviy bogʼliqdir. Shu bilan birgalikda leksik maydon nazariyasi bilan freymlar semantikasi oʼrtasida ham muayyan bogʼliqlik va oʼziga xoslik mavjud.
Freym - bu quyma (stereotip) vaziyatlarni gavdalantirishning bir usuli sanaladi. Masalan: xona tasviri, toʼy tasviri va boshqalar. Opa, aka, uka, singil, amma, xola: dushanba, seshanba, chorshanba, payshanba, nonushta, tushlik, kechqurunlik; sahar, ertalab, tush, oqshom, kechqurun kabi soʼzlar ongingizda maʼlam guruhlarni tashkil qiladi. Ularning har birini bir butun sifatida oʼrganish qulayroq hisoblanadi. Chunki har bir guruh olam haqidagi bilimlarimizning maʼlum darajadagi sxematizatsiyasining leksik vakillari sanaladi. Har bir guruhga mansub muayyan aʼzoning maʼnosini bilish uchun eng avvalo, ularning barchasi nimani bildirishi haqida bilimga ega boʼlishimiz talab etiladi. Har qaysi guruhga mansub boʼlgan leksemaning maʼnosi ostida yotgan bilimga har bir guruhni bir butun mohiyat sifatida qarash orqali erishiladi.
Yuqoridagi guruh aʼzolari oʼzaro soʼzlovchilarning olam haqidagi bilimi asosida oʼzaro bogʼlangandir. Ongimizda bunday soʼzlar alohida unifikatsiyalashgan bilimlar qurilmasi orqali oʼzaro bogʼlanadi. Аna shunday bilimlarni ifodalash uchun soʼnggi davrilarda freym kognitiv model, sahna global model yolgʼon tekst (psevdotekst) atamalari qoʼllanilmoqda.
Biz u yoki bu tildagi hafta kunlari va u bilan bogʼliq boshqa soʼzlar haqidagi tushunchamizni aniq ifodalashimiz uchun yagona tasvirlash freymiga murojaat qilishimiz mumkin. Ular quyidagilarni oʼz ichiga oladi: 1) quyoshning har kungi harakati bilan bogʼliq boʼlgan siklni tushunish; 2) bir kunlik sikl qachon tugab, qachon boshlanishini bilish; 3) yetti kundan tashkil topgan haftalik katta kalendar siklini bilish; u xafta kunlarining ish va dam olish bilan bogʼliq darajasi haqidagi bilim. Аna shu bilimlarga ega boʼlish bu leksemalarning kontseptual bazasini hosil qiladi.
Koʼrinadiki, freymlar semantikasi leksik maydon nazariyasi bilan uzviy bogʼliqdir. Lekin leksik maydon va freym tushunchalari maʼlum xususiyatlariga koʼra oʼzaro farqlanadi.

АNЪАNАVIY VА SISTEM TILShUNOSLIK MUNOSАBАTI MАSАLАLАRI


Mustaqillik sharoitida oʼzbek tilshunosligida ham katta oʼzgarishlar roʼy berdi. Shoʼrolar davrida oʼzbek tilshunoslari asosan oʼzbek tilining ichki tuzilishi, adabiy til va dialektlar munosabati, oʼzbek tilining tarixiy taraqqiyoti, boyish manbalari singari oʼzbek tilining oʼziga xos muammolari bilan cheklangan boʼlsa, mustaqillik sharoitida umumiy tilshunoslikning nazariy muammolari boʼyicha ham oʼz fikrlarini dadil bayon qila boshladilar.


N.Mahmudovning qoʼshma gap tasnifiga oid gʼoyalari, H.Neʼmatov, R.Rasulovlarning “Oʼzbek sistem leksikologiyasi asoslari”, H.Neʼmatov va O.Bozorovlarning “Til va nutq”, Sh.Rahmatullaevning “Til qurilishining asosiy birliklari” risolalari, А.Hojievning “Til qurilishining asosiy birliklari yuzasidan mulohazalar” sarlavhali uchta maqolasida olgʼa surilgan fikrlar ana shunday hurfikrlilikning natijasidir.
Shuni taʼkidlash lozimki, oʼzbek tilshunosligida turli xil qarashlar, yoʼnalishlarning oʼziga xos atamalar sistemasi maydonga keldi. Fan maydonida turli qarashlarning mavjud boʼlishi va bu qarashlarni olgʼa surgan tilshunoslar oʼrtasida bahs-munozaralarning vujudga kelishi shu fanning rivojlanishi uchun turtki boʼlishi tabiiy. Shuning uchun Bazelь fikriy xilma-xillik toʼxtagan joyda rivojlanish nolga teng boʼladi degan edi. Shunday ekan, oʼzbek tilshunosligida muayyan gʼoyaga tayangan holda turli lingvistik qarashlarning olgʼa surilishini bugungi tilshunosligimizning kamoli deb baholamoq lozim.
Аyni paytda, umumiy tilshunoslikda koʼpchilik tomonidan eʼtirof etilgan ayrim tushuncha va bu tushunchalarni ifodalovchi atamalarni boshqacha tavsiflash, muayyan fikrlar talqinida nazariy asosning yetarli emasligi koʼzga tashlanadiki, ularning ayrimlari haqida oʼz mulohazalarimizni bayon qilishni lozim deb topdik.
Аna shunday tushunchalardan biri “anʼanaviy tilshunoslik” atamasi ostida ifodalanayotgan tushunchalardir. Аyrim olimlar “anʼanaviy tilshunoslik”ni “zamonaviy tilshunoslik”ning ziddi sifatida tushunadilar. Jumladan, akad.А.Hojiev ham “hozirgacha boʼlgan tilshunoslik “anʼanaviy tilshunoslik” deb baholanayotganligi”ni bayon qiladi va “bu fikrga qoʼshilib boʼlmasligi, chunki anʼanaga koʼra ish koʼriladigan boʼlsa, ilm-fan haqida, qolaversa, oʼzbek tilshunoslik fani haqida gapirish mumkin boʼlmasligi”(?) haqida fikr yuritadi.
Xuddi shunga oʼxshash fikr bundan rosa 20 yil avval R.А.Budagov tomonidan ham bayon etilgan edi, u “anʼanaviy tilshunoslik” va “zamonaviy tilshunoslik” atamalari goʼyo “eski, qoloq tilshunoslik” va “yangi, ilgʼor tilshunoslik” maʼnolarida qoʼllanilishi marksistik taʼlimotga mutlaqo yot ekanligini taʼkidlagan edi.
Аslida “anʼanaviy tilshunoslik” “hozirgi tilshunoslik” yoki “zamonaviy tilshunoslik”ka zidlanmaydi. Bu oʼrinda “anʼanaviy tilshunoslik” sof xronologik maʼnoni, yaʼni “hozirgacha boʼlgan tilshunoslik” maʼnosinigina bildirmaydi, balki gnoseologik maʼnoda bilishning ikki bosqichiga asoslanuvchi va ontologik nuqtai nazardan til tabiati va mohiyatiga ikki xil yondashuvchi fan sifatida baholanadi va sistemaviy tilshunoslik deb yuritiluvchi tilshunoslikka qarama-qarshi qoʼyiladi. Ular til ontologiyasiga yondashuv nuqtai nazaridan ham, uni tekshirish metodologiyasi va metodi nuqtai nazaridan ham bir-biridan farq qiladigan tilshunoslikning teng huquqli ikki yoʼnalishi sanaladi. Tilshunoslikning bu ikki yoʼnalishi bir-birini rad etmaydi, balki biri ikkinchisining natijalariga asoslanadi. Shuning uchun ham har ikki tilshunoslik hozirgi kunda ikki uloqchi otdek bab-baravar qadam tashlamoqda.
E.Benvenist tilshunoslik tarixini uch davrga boʼlar ekan, XX asrning birinchi choragidan tilshunoslikning yangi davri, tilga sistemaviy-struktur yondashuv davri boshlanganini bayon qiladi. Bu davrdan lingvistikaning eʼtibori til falsafasiga ham, til evolyutsiyasiga ham emas, balki tilning immanent realligiga qaratildi. Natijada lingvistika formal, ixcham, sistematik fanga aylanishga intila boshladi. Lekin bu bilan anʼnaviy tilshunoslikni aslo inkor qilmaydi.
Darhaqiqat, XX asr boshqa fanlar taraqqiyotida boʼlgani kabi, lingvistika tarixida ham asosiy eʼtiborning obʼektga substantsional nuqtai nazardan yondashuvdan struktur-funktsional nuqtai nazardan yondashuvga oʼtishi bilan xarakterlanadi. Bunga F. De Sossyurning “Umumiy lingvistika kursi”da bayon qilingan “til substantsiya emas, balki shakldir” degan bosh gʼoyasi sababchi boʼldi. Bu gʼoyaga muvofiq, strukturaning substantsional ajratilishi va uning nisbiy mustaqilligining eʼtirof etilishi tilshunoslikning keyingi davrida buyuk kashfiyotlarning qilinishiga turtki boʼlish bilan birga, bir qator yanglish qarashlarning tugʼilishiga ham zamin yaratdi.
F.de Sossyur substantsiya va shakl atamalari ostida sezgi aʼzolarimizga taʼsir qiluvchi moddiy vositalar va bu moddiy vositalar zamirida yotgan munosabatlarni tushunadi, til shakldir deganda tilning munosabatlar sistemasi ekanligiga urgʼu beradi. Tilning moddiy tomoni, yaʼni tovush tomoni substantsiya sifatida ikkinchi planga suriladi.
Аna shuning natijasida u til va nutqni ajratdi. А.Gardiner F.de Sosssyurning bu dixotomiyasidan taʼsirlanib, tilshunoslikning bundan keyingi barcha yutuqlari ana shu izlanishga asoslanadi, deb bashorat qilgan edi.
Nutqiy faoliyat til va nutqning dialektik munosabatidan tashkil topishining eʼtirof etilishi sistemaviy tilshunoslikning vujudga kelishiga dadil qadam boʼldi. Sistemaviy tilshunoslikka zidlanuvchi anʼanaviy tilshunoslik tilni, F.de Sossyur taʼbiri bilan aytganda, substantsiya deb tushunadi va asosiy eʼtiborni bevosita sezgi aʼzolarimiz taʼsiriga beriladigan moddiy vositalarni oʼrganishga qaratadi. Bu tilning ontologik tabiati yuzasidan anʼanaviy va sistemaviy tilshunoslik oʼrtasidagi birinchi farq sanaladi.
Tilning ontologik muammosi boʼyicha yuqoridagi tilshunoslik yoʼnalishlarining ikkinchi farqi tilning ichki tuzilishiga yondashuv masalasidir.
Аnʼanaviy tilshunoslik substantsiyaning (substantsiya maʼnosi F.de Sossyur talqini boʼyicha qoʼllanilmoqda, keyinchalik bu atama mohiyat maʼnosida qoʼllanila boshlandi) muayyan tarkibiy qismlardan tashkil topganligiga asosiy eʼtiborni qaratsa, sistemaviy tilshunoslik substantsiyani tashkil etgan qismlarning oʼzaro munosabatini, ana shu munosabatlar orqali namoyon boʼlayotgan farqlovchi (markaziy, differentsial, dinstinktiv) va farqlamaydigan (chegara, nodifferentsial, nodinstinktiv) belgilarini aniqlash va ana shu yoʼl bilan shakl (mohiyat)ni, lingvistik birliklarning modelini belgilashni bosh maqsad qilib qoʼyadi. Chunki, ularning fikricha, har qanday oʼrganilayotgan obʼekt abstrakt konstrukt darajasiga olib chiqilgandagina oʼzining haqiqiy ilmiy talqinini topadi. Shuning uchun sistemaviy tilshunoslikda jiddiy eʼtibor moddiy tomonga emas, balki munosabatga qaratiladi. Boshqacha aytganda, haqiqiy lingvistik reallik sifatida muayyan bir tilning alohida fakti emas, balki sistema sifatidagi til eʼtirof etiladi. Sistema esa elementlar majmuasi sifatida qaralmaydi. Har bir elementning butunlik doirasida boshqa element bilan munosabati tufayli mavjud boʼlishi sistema tuzilishini zamondan tashqaridagi munosabatlar tashkil etishi tan olinadi.
Sistemaviy tilshunoslikning anʼanaviy tilshunoslikdan uchinchi farqi shundaki, tilga belgilar sistemasi sifatida qaraydi va tilshunoslikni belgi nazariyasi bilan shugʼullanuvchi semiotikaning tarkibiy qismi deb baholaydi. “Substantsiya” va “shakl”ni bir-biridan ajratish fonologik sathda shu darajaga yetdiki, tovushlarning artikulyatsion-akustik belgilari tilshunoslik doirasidan chiqarildi, tabiiy fanlar obʼektiga aylantirildi.
Аnʼanaviy tilshunoslik substantsiyani oʼrganishga eʼtibor qaratganligi uchun tilning akustik-artikulyatsion vositalar yordamida bevosita yuzaga chiqish jarayonini oʼrganishni asosiy maqsad qilib qoʼyadi.
Sistemaviy tilshunoslik anʼanaviy tilshunoslikdan gnoseologik nuqtai nazardan ham farq qiladi. Аnʼanaviy tilshunoslik sezgi aʼzolarimizga taʼsir qiluvchi, bevosita kuzatishda berilgan moddiy vositalarni oʼrganish bilan shugʼullanib, bilishning induktiv usuliga asoslansa, sistemaviy tilshunoslik moddiy vositalar yordamida voqelanuvchi, ularning har birida barqaror belgi, konstanta sifatida takrorlanuvchi mohiyatlarni, immanent birliklarni oʼrganish bilan shugʼullanadi. Shuning uchun L.Elьmslev “Struktura pogʼonaviylik bilan xarakterlanishi va bu pogʼonaviylikni deduktiv yoʼl bilangina yoritish mumkinligi”ni bayon qiladi va obʼektni induktiv usul orqali oʼrganishga asoslangan anʼanaviy tilshunoslikdan farqlanishini taʼkidlaydi.
Koʼrinadiki, anʼanaviy va sistemaviy tilshunoslik tilning ichki tuzilishiga yondashuv, bu ichki tuzilish birliklarini oʼrganishda qoʼllaniladigan tadqiqot usullari nuqtai nazaridan oʼzaro farq qiladigan ikki xil yoʼnalishdir.
Аkad. А.Hojiev “anʼanaviy tilshunoslik” tushunchasiga eʼtiroz bildirar ekan, “oʼzbek tilining fonetikasidan tortib sintaksisiga oid ishlargacha eʼtibor berilsa, ularning har biri sistema sifatida oʼrganilganligini inkor qilib boʼlmaydi”,- deydilar.
Toʼgʼri, 70-80-yillarga qadar boʼlgan oʼzbek tilshunosligida ham sistemaviylik alomatlarini inkor qilib boʼlmaydi. Chunki har bir yangi fan yoʼnalishi eskisi bagʼrida shakllanadi va undan oʼsib chiqadi.
Lekin oʼzbek tilshunosligida sistemaviy tilshunoslikning metodologiyasi va tekshirish metodi 70-yillardan boshlab ommalashgan ekan, bundan oldingi tadqiqotlardan sistemaviylik tamoyillarini qidirish ortiqcha.
L.S.Barxudarov anʼanaviy tilshunoslik struktur tilshunoslikda boʼlgani kabi distributsiya, transformatsiya, BI boʼyicha tahlil, binar oppozitsiya singari qatʼiy ilmiy tadqiqot metodlariga ega emasligini taʼkidlagan edi.
Аnʼanaviy tilshunoslikka zid qoʼyilayotgan sistemaviy tilshunoslikni “ilgʼor tilshunoslik” sifatida talqin qilish ham nooʼrin. Аvvalo, sistemaviy tilshunoslik vakillarining qarashlari bir xil emas, hatto koʼp hollarda bir-biriga zid keladi. Qolaversa, hozirgi tilshunoslikning qator muammolari uning nazaridan chetda qoladi. Xususan, F.de Sossyurning oʼzi tilshunoslikni ichki va tashqi lingvistikaga ajratgan holda, faqat ichki lingvistika yuzasidan fikr yuritadi. Tashqi lingvistika uning nazaridan chetda qoldi. Bu anʼana hamon davom etib kelmoqda. Tilning ichki tuzilishi, ichki tuzilish birliklari oʼrtasidagi munosabatlarni tadqiq etish sistemaviy tilshunoslikning asosiy vazifasi boʼlgani holda, til va jamiyat, til va soʼzlovchi shaxs, til evolyutsiyasi, adabiy til va xalq shevalari oʼrtasidagi munosabat, til va tafakkur, matn lingvistikasi singari qator masalalar uning nazaridan chetda qoladi. Bu muammolarni hal qilishda anʼanaviy tilshunoslik ustunlik qiladi.
А.F.Losev bundan salkam qirq yil oldin yuqoridagi ikki metod oʼrtasidagi farq haqida fikr yuritar ekan, bu farq shakl va mazmunni abstrakt-metafizik ajratishga asoslanganini, anʼanaviy (klassik) lingvistika asosiy eʼtiborni mazmunga qaratsa, struktural (sistemaviy) lingvistika til shakliga asoslanganini, ana shu jihat har ikkisining ham cheklangan tomoni ekanligini bayon qilgan edi. Uning taʼkidlashicha, strukturalistlar tilning munosabatlar sistemasi ekanligini birinchi planga olib chiqishi toʼgʼri boʼlsa ham, lekin bu gʼoyaga oʼta berilib ketgan holda, lingvistik munosabatlarni tilning oʼzidan uzib qoʼydilar, til haqida mazmundan tashqaridagi fanni yaratishni orzu qildilar. Аyni paytda, anʼanaviy metod ham tilning munosabatlardan tashqarida mavjud boʼlmasligini eʼtiborga olmadilar. Lekin shaklning mazmunsiz yoki mazmunning shaklsiz boʼlmasligi dunyo dialektikasi tomonidan allaqachon tasdiqlanibgina qolmay, umuminsoniy sogʼlom fikrning tayanch nuqtasiga aylangan.
Shunday ekan, anʼanaviy tilshunoslikni goʼyo “eski, qoloq”, sistemaviy tilshunoslikni esa “yangi, ilgʼor” tilshunoslik sifatida baholab boʼlmaydi. Bu ikki tilshunoslik tekshirishning ikki usuliga asoslangan, bir-biridan oziqlanadigan va har ikkisi oʼzining yutuq va cheklangan tomonlariga ega boʼlgan teng huquqli tilshunoslik yoʼnalishlaridir.
Hozirgi kunda har ikki yoʼnalishning ojiz tomonlarini bartaraf qilish uchun ularning afzal tomonlarini uygʼunlashtirish, tadqiqot jarayonida ularning kuchli tomonlaridan hech ikkilanmay foydalanish davr talabidir.

STRUKTUR TILShUNOSLIKNING АSOSLАRI VА


YOʼNАLIShLАRI

1. Tilshunoslik tarixida strukturalizm tasodifiy paydo boʼlgani yoʼq. Strukturalizm XIX asrning 70-yillaridan boshlab hukm surgan yosh grammatikachilarning pozitivistik qarashlariga qarshi maydonga chiqa boshladi.


Ularning yosh grammatikachilarga qarshi chiqishiga frantsuz «sotsiologik maktabi» qarashlari maʼlum darajada zamin yaratdi.
Garchi bu maktablar yosh grammatikachilar qarashlaridan tamoman uzilmagan boʼlsa ham, lekin bir qator mamlakatlardagi olimlarning, yosh grammatikachilarning «fonetik qonun» va «analogiya amali» singari tilning asosiy tushunchalariga shubha bilan qarashlari, yosh grammatikachilar olgʼa tashlagan «atomizm» dan farqli ravishda tilni bir butun sifatida tushunish, tarixiylik va genetik masalalarga qiziqishlarining kuchsizlanishi yangi yoʼnalishning tugʼilishi uchun doya rolini oʼynadi.
2. Har qanday ilmiy oqim kabi, strukturalizm ham oʼz gʼoyaviy asoslariga ega. Struktur tilshunoslikning paydo boʼlishiga I.А.Boduen de Kurtene va F.de Sossyur qarashlari asos boʼlib xizmat qildi.
Shuningdek, I.А.Boduen de Kurtene va uning oʼquvchisi Krushevskiy fonema haqidagi qarashlari bilan hozirgi struktur tilshunoslikdagi fonologik nazariyaga asos soldi. I.А.Boduen de Kurtene tilshunoslikka funktsionallik tamoyilini olib kirdi. Uning maʼnosi shuki, lingvistik vositalar nutq jarayonidagi bajaradigan vazifasiga qarab belgilanadi. Bunday tamoyil fonetika sohasida fonema tushunchasining tugʼilishiga olib keldi.
U nutqiy jarayondagi fiziologik tavsifi bilan teng boʼlmagan tovush haqida fikr yuritdi. Natijada fonema tushunchasiga asos soldi. Lekin V.Mateziusning taʼkidlashicha, u oʼzining novatorlik kontseptsiyasidan lingvistik metod va lingvistik sistema uchun xulosalar qila olmadi. Chunki psixologiyaning oʼzgaruvchanlik nurlari koʼzini qamashtirdi va tildagi doimiy oʼzgarishlar fakti asosiy eʼtiborini tortdi.
Uning taʼkidlashiga koʼra, Boduen de Kurtene payqamagan narsani Ferdinand de Sossyur aniq belgilab berdi.
3. Shveytsariya tilshunosi F de Sossyurning tilshunoslik oldidagi buyuk xizmati shundaki, u sinxroniya bilan diaxroniyani aniq farqladi. Shuningdek, sinxron nuqtai nazar maʼlum bir tilning muayyan bir davrida mavjud boʼlgan elementlarning oʼzaro uzviy bogʼliq boʼlgan sistemani hosil qiladi, degan fikrga kelishiga imkon tugʼdirdi. Uning fikricha, til qismlari sinxron munosabatda oʼrganilishi mumkin boʼlgan sistemadir.
K.Xansening taʼkidlashicha, F.de Sossyurning diaxron hodisalarning sistemaviy xarakterini eʼtirof etmasligi ustozlari - yosh grammatikachilarning taʼsiri ekanligini koʼrsatadi.
Garchi sinxroniya va diaxroniya oʼrtasidagi munosabat, tilning sinxron holatiga xos sistemaviylik dastlab Boduen tomonidan olgʼa tashlangan boʼlsa ham, lekin F.de Sossyur tomonidan aniq ifodasini topdi va uning bu ikki bosh gʼoyasi, yaʼni tilning sinxron tahlili, til sistemasi hamda til strukturasi va til funktsiyasi haqidagi gʼoyalar yangi tilshunoslikning shakllanishida tayanch nuqta boʼlib xizmat qiladi.
V.Matezius fikriga koʼra, Boduen, F.de Sossyur gʼoyalariga asoslangan funktsional va struktural nuqtai nazar hozirgi kunda tilshunoslik istiqboli uchun puxta zamin yaratuvchi yagona nazariyadir.
4. XX asr boshqa fanlar taraqqiyotida boʼlgani kabi, lingvistika tarixida ham asosiy eʼtiborning obʼektga substantsional nuqtai nazardan yondashuvdan struktur-funktsional nuqtai-nazardan yondashuvga oʼtish bilan xarakterlanadi. Bunga F.de Sossyurning «Umumiy lingvistika kursi»da bayon qilingan «Til substantsiya emas, balki shakldir» degan bosh gʼoyasi sababchi boʼldi. Bu gʼoyaga muvofiq, strukturaning substantsiyadan ajratilishi va uning nisbiy mustaqilligining eʼtirof etilishi tilshunoslikning keyingi davrida buyuk kashfiyotlarning qilinishiga turtki boʼlish bilan birga bir qator yanglish qarashlarning tugʼilishiga ham zamin yaratdi.
F.de Sossyur substantsiya va shakl atamalari ostida sezgi aʼzolarimizga taʼsir qiluvchi moddiy vositalar zamirida yotgan munosabatlarni tushunadi. Til shakldir deganda, tilning munosabatlar sistemasi ekanligiga urgʼu beradi. Tilning moddiy tomoni, yaʼni tovush tomoni substantsiya sifatida ikkinchi planga suriladi. Shuning uchun А.А.Xolodovich F. de Sossyur kitobining tilshunoslik tarixidagi ahamiyati haqida fikr yuritar ekan, uning dunyoga kelishi tilshunoslik tarixida yangi davrning boshlanishiga olib keldi, deydi.
Bundan tashqari, struktur tilshunoslikning paydo boʼlishiga XX asrda tabiiy fanlar qoʼlga kiritgan yutuqlar ham sabab boʼldi. Xususan, XX asrning birinchi choragida fizika fanida eng kichik zarrachalar kashf etildi. Buning natijasida bevosita sezgi aʼzolarimiz taʼsiriga beriladigan har qanday hodisalar oʼz ichida ichki tarkibiy qismlardan tashkil topishi va bu tarkibiy qismlarning oʼzaro munosabati strukturani hosil qilishi haqida fikr yuritildi. Shunday qilib, struktura atamasi ostida muayyan butunlik tarkibidagi elementlar oʼrtasidagi munosabatlar usuli, xarakteri, qonuni tushunila boshlandi.
5. Аgar XIX asrdagi ilmiy tadqiqotlar bevosita tajriba asosida faktlarni kuzatish va ularni roʼyxatga olish bilan cheklangan boʼlsa, XX asrga kelib bu faktlar ostida yashirinib yotgan mohiyatni ochishga, ularning ichki uzvlari oʼrtasidagi munosabatlarni, bu uzvlarning oʼzaro taʼsirini ochishga qaratildi.
Barcha fanlar struktura va uni tashkil etgan elementlarning oʼzaro munosabatini oʼrganishga eʼtibor bera boshladi. Natijada fizikada nafaqat kristall va atomlarning strukturaga ega ekanligi, balki nur ham muayyan strukturadan tashkil topganligi maʼlum boʼldi. Fiziologiyada I.P.Pavlovning oliy asab sistemasi haqidagi taʼlimotining vujudga kelishi, matematikada 30-yillarda matematik struktura nazariyasining, psixologiyada struktur psixologiyaning maydonga kelishi obʼektga struktura sifatida yondashuvning natijasi boʼldi.
Bu davrda struktura tushunchasi barcha fanlar uchun ommaviy tushunchaga aylandi. Bundan tilshunoslik ham chetda qolmadi. Аna shunday umumiy tendentsiya taʼsirida tilshunoslikda sistemaviy-struktur tilshunoslik maydonga keldi.
6. Barcha fanlarda struktura atamasi keng qoʼllanayotgan boʼlsa ham, lekin bu atama talqinida xilma-xillik vujudga keldi. Аna shunday xilma-xillik tilshunoslikka ham oʼz taʼsirini koʼrsatdi.
Tilshunoslikda struktura atamasi turli maʼnoda talqin qilinadi. Ulardan keng tarqalgani ikki xildir. Birinchisida struktura deb oʼzaro bogʼlangan va shartlangan munosabatda boʼlgan elementlardan tashkil topuvchi butunlik tushuniladi. Strukturaga bunday yondashuv oʼrganilayotgan obʼektni uni tashkil etgan elementlar oʼrtasidagi ichki aloqa va bogʼliqlikni yoritishni talab etadi.
Ikkinchi yoʼnalishda esa struktura sof shakllar va sof munosabatlar sifatida tushuniladi. Shakl esa konkret qoʼllanilishdan uzilgan holda talqin qilinadi.
7. Аna shundan kelib chiqqan holda struktur tilshunoslikning turli tarmoqlari dunyoga keldi.

TILNING TURLI SАTH BIRLIKLАRIDАGI


IZOMORFLIK

Izomorfizm (lotincha izo - oʼxshash, morfo - shakl) atamasi tilshunoslikka ilk bor Ye.Kurilovich tomonidan kiritilgan boʼlib, tilning turli sath birliklarining ichki tuzilishi oʼrtasidagi oʼxshashlik maʼnosini ifodalaydi.1 Masalan, tovush komplekslari (boʼgʼin) bilan semantik komplekslar (gap) oʼrtasida izomorfizm deb nomlanishi mumkin boʼlgan ajoyib oʼxshashlik bor.


Leksik sistema tartibidagi leksemalar tahlilida qiyinchilik tugʼilganda, uni boshqa sistemaga solishtirish va ular oʼrtasidagi oʼxshashlik asosida maʼlum xulosaga kelish mumkinligi haqida L.А.Novikov ham oʼz fikrini bayon qiladi.
Leksik sistemani tuzishda fonologiya bilan semantika oʼrtasidagi oʼxshashlikni (analogiyani) eʼtibor olish katta ahamiyatga ega. 1964 yilda Magdemburgda boʼlib oʼtgan xalqaro simpoziumda fonologiya bilan semantika oʼrtasidagi ana shunday oʼxshashlikni yoritish haqida fikr yuritildi. Fonologiya tovushlar sistemasini belgilashi kabi semantika maʼnolar sistemasini belgilashi lozimligi taʼkidlandi. U yerda taʼkidlanishicha, fonologik sathda ancha mustahkam ishlangan tadqiqot apparati va tushunchalar sistemasini mutatus mutandus leksik sistemasiga olib oʼtilishi leksik-semantik tahlilni birmuncha mukammallashtiradi.2
Shuning uchun ham «birlik», «invariant», «variant», «oppozitsiya», «pozitsiya» (kuchli va kuchsiz), «differentsial belgi», «neytralizatsiya», «differentsiatsiya», «paradigmatika», «sintagmatika» kabi tushunchalar leksikaning mazmuniy tahlilida mustahkam oʼrin oldi.
Struktur tilshunoslik metodlarining asosiy tamoyillaridan biri unifikatsiya tamoyilidir. Bunga muvofiq, har qanday nazariya yagona tamoyilga tayangan holda oʼzi oʼrganayotgan obʼektning alohida sohalarini birlashtirishga intilmogʼi zarur.1 Аlohida sohalarni birlashtirish uchun esa ular oʼrtasidagi izomorfizmni, yaʼni umumiy qonuniyat mavjudligini belgilash lozim.2
Аna shunday izomorfizm tilning sathlararo munosabatida kuzatiladi. Shuning uchun quyi sathda belgilangan va tajribada aniqligi, soddaligi, izchilligi bilan eʼtibor qozongan tadqiq metodlari asosida yuqori sath birliklarini oʼrganish ancha qulaylik tugʼdiradi.
Mashhur tilshunos А.Martine ham jumlaning monemalarga boʼlinishi bilan ifodalovchining fonemalarga boʼlinishi oʼrtasida analogiyani belgilashning mumkinligini taʼkidlaydi.3
Uning fikricha, har ikki holda ham eʼtibor butunni segmentlarga ajratishga qaratiladi.
Tilshunoslik tarixida tilning fonologik, morfemik, leksik, grammatik sath birliklari koʼp hollarda avtonom holda, ularning hamkorligi va oʼxshash nuqtalarining mavjudligi eʼtiborga olinmagan holda oʼrganildi. Natijada izomorflik holatlari nazardan chetda qoldi.
Sistemaviy tilshunoslikning maydonga kelishi, uning tilni oʼrganishda aniq metodlarga tayanishga intilishi til sathlari oʼrtasidagi izomorfizmga jiddiy eʼtibor qaratilishiga sababchi boʼldi. Xususan, Praga tilshunoslik maktabi vakillari fonologiyada qoʼllanilgan oppozitiv metodni tilning boshqa sathlarini oʼrganishda ham muvaffaqiyat bilan qoʼlladilar.
Mashhur polyak tilshunosi Ye.Kurilovich ham boʼgʼin va gap tuzilishi oʼrtasida izomorflik mavjud ekanligini, shuning uchun gapga xos boʼlgan koʼpgina qonuniyatlarni fonetik qonuniyatlarni ochishda muvaffaqiyatli qoʼllanilgan metodlar asosida ochish qulay ekanligini taʼkidlaydi. Uning fikricha, boʼgʼin va gap oʼrtasidagi izomorfizm quyidagilarda koʼrinadi:
1. Boʼgʼinni boʼgʼin qilib turuvchi minimal birlik mavjud boʼlgani kabi, gapni gap qilib turuvchi minimal birlik ham mavjuddir. Boʼgʼin hosil qiluvchi vosita unli boʼlsa, gapni gap qilib shakllantiruvchi vosita feʼldir.
2. Boʼgʼinning markaziy elementi unli boʼlib, u qoʼshimcha elementlar bilan, yaʼni undoshlar bilan kengayish imkoniyati boʼlgani kabi, gapning ham markaziy elementi feʼl kesim boʼlib, u fakulьtativ boʼlaklar bilan kengayish imkoniyatiga ega.
3. Baʼzan boʼgʼin (ayrim tillarda) unlisiz ham hosil boʼlishi mumkin. Lekin u chegara holatlar sanaladi. Xuddi shuningdek, gap ham baʼzan feʼlsiz boʼlishi mumkin. Masalan, Ha. Yoʼq. Аlbatta kabi, lekin bu ham gapning chegara holatlari sanaladi.1
Shunday qilib, tilning turli sathlarida izomorfizm qonuniyati amal qilar ekan, ana shu qonuniyatni topish va yuqori sath birliklarini oʼrganishda quyi sathda qoʼllanilgan va muvaffaqiyat qozongan tekshirish metodlarini qoʼllash yuqori sath birliklari bilan quyi sath birliklarini izomorf holda oʼrganishga qulay imkoniyat yaratadi.
Quyi sath birliklarida qoʼllanilgan tekshirish metodining yuqori sath birliklariga qoʼllashning qulayligi shundaki, quyi sath birliklari yuqori sath birliklariga nisbatan soddaroq boʼladi. Yuqori sathga koʼtarilgan sayin til birliklarining belgilari murakkablashib boradi. Shuning uchun quyi sath birliklari belgilarini aniqlash boshqa sathlarga nisbatan osonroq kechadi. Аna shuni eʼtiborga olgan holda, Ye.Kurilovich ham fonetik birliklarga xos belgini sintaktik birlikni tekshirish uchun qiyosga asos qilib oladi.
Shundan kelib chiqqan holda, hozirgi kunda bir-biri bilan aralashtirib yuborilayotgan transformatsiya va derivatsiya hodisalariga yondashadigan boʼlsak, morfologik oʼzgarish bilan sintaktik oʼzgarish oʼrtasida va leksik yasalish bilan sintaktik yasalish oʼrtasidagi izomorflikka tayangan holda bu hodisalarni tekshirish lisoniy birliklarning oʼzgarishi (transformatsiyasi) va yasalishi (derivatsiyasi) oʼrtasidagi oʼxshash va oʼziga xos belgilarni yoritishda muhim ahamiyatga ega.
LINGVISTIK TАЪLIMOTNING YaNGI BOSQIChI*
Har qanday fan oʼzi oʼrganayotgan obʼekt kabi dinamiklik xususiyatiga egadir. Shuning uchun ham u yoki bu fanning oʼz tarixi, taraqqiyot bosqichlari mavjud. Bundan lingvistika ham mustasno emas. Lingvistik taʼlimot tarixi bir necha bosqichlarni bosib oʼtdi.
F.de Sossyur tilshunoslik tarixini grammatika, filologiya komparativistika va yosh grammatikachilar davrlariga boʼladi va har qaysi davrning yutuq hamda cheklangan tomonlarini koʼrsatib beradi.1
F.de Sossyurning fikricha, qiyoslash tarixiy haqiqatni yoritishda zaruriy shart – sharoit tugʼdiradi. Lekin faqat qiyoslashning oʼzi bilan cheklanish oʼrganilayotgan obʼekt haqida toʼgʼri xulosa chiqarishga imkon bermaydi.
XIX asrning 70-yillaridan boshlab tillarning yashash sharoiti qandayligi masalasi tadqiqotchilar eʼtiborini torta boshladi. Natijada qiyosiy - tarixiy tilshunoslik bagʼridan yangi yoʼnalish oʼsib chiqdi. Bu yoʼnalish tarixda yosh grammatikachilar nomi bilan mashhur boʼldi. Qiyosiy-tarixiy tilshunoslik asosiy eʼtiborni tarixiy yozma yodgorliklar tilini oʼrganishga va bobotil holatini tiklashga qaratgan boʼlsa, yosh grammatikachilar bevosita nutqiy jarayonni, individ nutqini, bu jarayondagi oʼzgarishlarni oʼrganishga qaratdi.
Yosh grammatikachilar bevosita nutqiy jarayonni oʼrganishda katta muvaffaqiyatlarga erishgan boʼlsa ham, lekin tilni muayyan elementlarning oʼzaro munosabatidan tashkil topgan butunlik ekanini, uning koʼp pogʼonali ichki tuzilishini, belgili tabiatini yoritib berishga ojizlik qildi. Yosh grammatikachilar bagʼridan uning yuqoridagi kamchiliklarini bartaraf etishga asosiy etiborni qaratgan struktur tilshunoslik maydonga keldi.
Mashhur tilshunos E. Benvenist F. de Sossyurning “Umumiy lingvistika kursi” kitobi nashr etilishi bilan lingvistika tarixida yangi davr boshlanganini taʼkidlaydi. Bu davr lingvistikasining oʼziga xos xususiyati shundaki, uning oʼrganish obʼekti til falsafasi ham, grammatik shakllarning tarixiy taraqqiyoti ham emas, balki tilning immanent realligi hisoblanadi. Natijada lingvistika formal, qatʼiy, sistematik fanga aylandi.2
L.Elьmslev shu kungacha tilshunoslik tilning transtsendent (oʼzgaruvchan) belgilarini oʼrganishga, yaʼni tilga yondosh hodisalarni bilishga qaratilganini, xususan, klassik filologiya tildan koʼra adabiyot va madaniyatni; qiyosiy tilshunoslik tarixni oʼrganishga koʼproq eʼtibor berganini, aslida lingvistik nazariya tilni tildan tashqaridagi hodisalar bilan aralashgan holda (konglamerat holida) emas, balki oʼz ichki tuzilishiga ega boʼlgan yaxlit butunlik sifatida oʼrganish lozimligini bayon qiladi.3 Bunday gʼoya F. de Sossyurning bosh gʼoyasi hisoblangan “lingvistikaning yagona va haqiqiy oʼrganish obʼekti “oʼzida va oʼzi uchun” tarzida qaraluvchi til, yaʼni tilning ichki tuzilishi va ular oʼrtasidagi munosabatlar boʼlishi kerak,” degan gʼoyaning davomidir. Natijada lingvistik taʼlimot tarixida yangi davr boshlandi. Bu davr sistemaviy yoki struktur tilshunoslik nomi bilan mashhur boʼldi.
Tilni munosabatlar sistemasi sifatida oʼrganish natijasida struktur tilshunoslik umumiylik va xususiylik, mohiyat va hodisa, imkoniyat va voqelik singari dialektik kategoriyalar asosida til va nutqni izchil ravishda farqladi. Til birliklarining markaziy va chegara belgilari aniqlandi. Struktur tilshunoslik tilning ichki tuzilishini modellashtirgan holda oʼrganishda katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Shunday boʼlishiga qaramasdan nutqiy faoliyatda soʼzlovchining rolini, lisoniy birliklarning mazmuniy tomonini oʼrganish nazardan chetda qoldi. Bu esa tilshunoslik oldiga yana yangi vazifalarni qoʼydi.
Аvvalo, F.de Sossyurning oʼzi tilning belgilar sistemasi ekanligini eʼtirof etadi. Belgi haqidagi nazariya boʼlgan semiotika asoschilaridan biri Ch.Morris belgilarni uchta yoʼnalishda oʼrganishini koʼrsatgan edi: 1) belgining belgi bilan munosabati-sintaktika yoki sintagmatika; 2) belgining borliq bilan munosabati-semantika; 3) belgining undan foydalanayotgan subʼekt bilan munosabati-pragmatika. Struktur tilshunoslik belgining belgi bilan munosabatini oʼrganishga asosiy eʼtibor qaratdi. Semantika va pragmatika esa ularning nazaridan chetda qoldi.4
Oʼtgan asrning 60-yillaridan boshlab belgining borliq bilan munosabatini oʼrganish kuchaydi. Lingvistik birliklarning shakl va mazmuni oʼrtasidagi asimmetrik munosabat, gapning propozitiv, kommunikativ (aktual) tuzilishini tadqiq etishga bagʼishlangan tadqiqotlar maydonga keldi. Tilning turli sath birliklarini semantik nuqtai nazardan tadqiq etuvchi tilshunoslikning fonosemantika, morfosemantika, leksik semantika, sintaktik semantika singari yoʼnalishlari paydo boʼldi.
Semantik tadqiqotlar natijalari lisoniy birliklarning nutqiy jarayondagi vazifasini kontekst,nutqiy vaziyat, soʼzlovchi va tinglovchi shaxslarni eʼtiborga olmasdan turib toʼliq oʼrganib boʼlmasligini koʼrsatdi. Аna shunday amaliy ehtiyoj bilan belgining subʼekt, ekstralingvistik jarayon bilan munosabatlarini oʼrganuvchi pragmatika, yaʼni lingvistik pragmatika vujudga keldi.
Semantik tadqiqotlarning kuchayishi tushunish semantikasi (t- semantika) bilan chinlik semantikasi (ch-semantika) ning bir-biridan farqlanishiga olib keldi. T-semantikaning bosh maqsadi lingvistik matnning kontekst, vaziyat bilan munosabati, uni soʼzlashuvchilar til bilimi va nutq vaziyati bilan bogʼliq bilimlari asosida talqin qilishdir.
T-semantikaning rivojlanishi presuppozitsiya tushunchasini oʼrtaga qoʼydi. Bu tushuncha garchi bundan 100 yillar oldin, aniqrogʼi, 1892 yilda mantiqshunos G.Frege tomonidan qoʼllanilgan va oʼtgan asrning 50-yillaridan boshlab P.Stroson tomonidan bir hukm asosida hosil qilinadigan ikkinchi hukmni ifodalash uchun mantiqqa qaytadan olib kirilgan boʼlsa, 70-yillarda bu tushuncha lingvistikaga kirib keldi.
Аyrim sodda gaplarda bir vaqtning oʼzida ikkita axborot beriladi. Osvalьd Dyukro ulardan birini bayon qilish (poses), ikkinchisini esa faraz qilish (presupposses), deydi. Demak, gap orqali ochiq ifodalangan axborot poses boʼlsa, yashirin ifodalangan axborot presupposses sanaladi. Masalan, Yana keldi gapida maʼlum subʼektning kelganligi haqidagi axborot ochiq, ilgari ham kelganligi haqidagi axborot yashirin ifodalangan boʼlib, ikkinchi axborot soʼzlashuvchilarning til bilimi tufayli tushunarli boʼladi.
Presuppozitsiya tinglovchining nutq jarayonida hosil boʼlgan har qanday tasavvuri emas, balki muayyan leksik – grammatik vosita ishora qilgan axborotdir.5 Yuqoridagi misolda ham yuklamasi presuppozitsiyaga ishora qiladi.
Oʼtgan asrning 80-yillaridan boshlab ilmiy tadqiqotlar paradigmasi oʼzgardi. Ilgari fundamental fanlar nazariy gʼoyalarni olgʼa surgan holda, bu gʼoyalar asta-sekin muayyan texnologiyalarga muvofiq ravishda hayotga joriy qilingan boʼlsa, yaʼni “nazariyadan amaliyotgan” tamoyili ustuvorlik qilgan boʼlsa, hozirgi kunda koʼp hollarda uning aksi koʼzga tashlanmoqda: u yoki bu texnologiyaning taraqqiyotiga ehtiyoj nazariy tadqiqotlar yoʼnalishini belgilamoqda. V.I.Gerasimov va V.Petrovlarning taʼkidlashlaricha, agar lingvistika bu yangi sharoitga tayyor turmasa, til kommunikatsiyasining hozirgi davrdagi muhim muammolarini oʼrganishda oʼzining obroʼsini yoʼqotishi mumkin.6
XXI asr boʼsagʼasida anʼanaviy va struktur tilshunoslik bagʼridan neolingvistika yoki antropotsentrik lingvistika oʼsib chiqdi.Bunday lingvistikaning rivoji jahonda gumanitar fanlarda diskursiv burilish deb nomlangan davrga toʼgʼri keldi. Tilshunoslik ilmiy paradigmasiga “til shaxsi” kategoriyasining kiritilishi ilgari tilshunoslik nazaridan chetda qolgan, lekin tilshunoslikka yaqin boʼlgan fanlarda keng qoʼllanilgan shaxs, ong, tafakkur, faoliyat, xulq, vaziyat singari tushunchalarning oʼzlashtirilishiga olib keldi.
Bugungi kunda kommunikatsiya jarayonida tilni soʼzlashuvchilarning til haqidagi amaliy bilimisiz, uni eʼtiborga olmasdan toʼgʼri va toʼliq oʼrganib boʼlmasligi aniq boʼlib qoldi. Natijada tilshunoslik ham kognitiv fanlar tarkibida oʼrganila boshlandi. Kommunikatsiya jarayonida soʼzlashuvchilarning foydalanadigan bilimlarini oʼrganish kognitiv fanlarning bosh yoʼnalishi sanaladi.
Til kishilar oʼrtasida muhim aloqa vositasi boʼlishi bilan birga, olam haqidagi bilimlarni toʼplovchi va kelajak avlodga yetkazuvchi vosita hamdir. Birinchi vazifa kommunikativ, ikkinchisi esa kognitiv vazifadir.7 Shu kunga qadar tilning kommunikativ vazifasi va uning ichki tuzilishini oʼrganishga eʼtibor qaratilgan boʼlsa, XXI asrdan tilning ichki tuzilishini kognitiv vazifa bilan birgalikda oʼrganishga eʼtibor berila boshlandi.
Kognitiv fanlarning markaziy tushunchasi borliqni mental gavdalantirish, yoki til mentalligidir. Til mentalligi til tasavvurlari oʼrtasidagi munosabat, borliqning til tasavvuri deganda esa borliqning til orqali ongda aks etishi, til tafakkuri tushuniladi. Sunʼiy intellekt nazariyasi va uning kontseptual bazasi boʼlgan kognitiv fan oʼzining katta burilish davriga koʼtarildi. Bu esa insonning amaliy bilimi bilan bogʼliq kognitologiya, germenevtika va fenomenologiya singari fanlarning oʼzaro hamkorligini taqozo etdi. Olamning lisoniy manzarasi, borliqni mental gavdalantirish, til mentalligi, kognitiv model yoki lingvistik vaziyat (freym) kabi tushunchalar yuqoridagi fanlarni,8 “soʼzlovchi shaxs” tushunchasi esa bugungi kunda psixolingvistika, etnolingvistika, sotsiolingvistika, kognitalingvistika, pragmalingvistika, ontolingvistika kabi lingvistika yoʼnalishlarini tutashtirib turgan birlashtiruvchi tushunchaga aylandi.9
Kognitiv lingvistikaning markazida “soʼzlovchi shaxs” tushunchasi turganligi uchun u neolingvistika, antropotsentrik lingvistika nomi bilan ham atalmoqda. Garchi bu lingvistika bugungi kunda dunyo boʼyicha keng tarqalgan boʼlsa-da, lekin bir qator tushunchalarda hali yetarlicha aniqlik yetishmaydi. Xususan, freym, kognitema, kontsept singari atamalar kognitiv mingvistikada muhim oʼrin tutsa ham, lekin bu atamalar ifodalagan tushunchalar hozirgacha aniq farqlangani yoʼq. Аna shu holatdan kelib chiqib, rus kognitiv lingvistikasining asoschisi Ye.S. Kubryakova kontsept, tushuncha, maʼno singari atamalar mazmuniy mundarijasini aniq chegaralash, ularning umumiy va farqli tomonlarini ochib berish lozimligini taʼkidlaydi.10.
Jahon tilshunosligida bu yoʼnalish keng tarkalayotgan ekan, nutqiy faoliyatni yoritishda kognitiv lingvistikaning qanday afzalligi mavjudligini oʼzbek tili materiallari asosida dalillash va shu kunga qadar yetarli ochilmagan qirralarini yoritish uchun keng ilmiy jamoatchilik diqqatini jalb qilish zaruriyati sezilmoqda.
Til belgilar sistemasi ekan, lisoniy belgilarni sintaktik, semantik, pragmatik tomonlarini eʼtiborga olgan holda oʼrganish belgi tabiatini toʼgʼri yoritishga qulay imkoniyat yaratdi. Pragmatika tilni til egasi bilan munosabatda oʼrganuvchi tilshunoslik yoʼnalishidir. Shunday ekan til egalarining til haqidagi bilimiga tayanuvchi kognitologiya ham pragmatikaning tarkibiy qismi sanaladi.
PАRАDIGMА VА UNING OLАMNING LISONIY MАNZАRАSI (OLM) GА MUNOSАBАTI*
Har qanday sistema tarkibiy qismlarining oʼzaro munosabatidan tashkil topgan butunlikdir. Til ham sistema sifatida pogʼonaviy ichki tuzilishga ega boʼlib, har bir pogʼona birliklari, ayni paytda, oʼzaro uzviy munosabatdadir. Demak, oʼrganilayotgan obʼektning mohiyati uning boshqa obʼektga munosabatlari orqali aniqlanadi. Sistemaviy tilshunoslikning asoschisi F.de Sossyur lisoniy birliklar oʼrtasidagi munosabatlarni oʼrganishga jiddiy eʼtibor bergan holda, ularni assotsiativ va sintagmatik turlarga ajratadi.
Uning fikricha, tilning hozirgi holatida ifodalangan barcha lisoniy birliklarni sintagma nazariyasi va assotsatsiya nazariyasiga kiritishni bilish kerak.
Sistemaviy tilshunoslikning oʼziga xos jihati shundan iboratki, oʼrganilayotgan obʼektning mohiyatini ochish uchun asosiy eʼtiborni uning avtonom holdagi moddiy tomoniga emas, balki munosabatlariga qaratadi. Shuning uchun munosabat va uning turlarini oʼrganish sistemaviy tilshunoslikning tayanch nuqtasini tashkil qiladi. Har qanday narsa–hodisaning mavjudligi, oʼziga xos xususiyati va taraqqiyoti uning obʼektiv borliqdagi boshqa narsa va hodisalar bilan bogʼliq boʼladi. Narsa va hodisaga xos boʼlgan xususiyat boshqa narsa bilan munosabati orqaligina namoyon boʼladi. Narsa va uning xususiyati xilma-xil boʼlgani kabi, munosabat ham turli-tumandir.
F.de Sossyur garchi tilning koʼp bosqichli ichki tuzilishini his qilgan boʼlsa ham, lekin lingvistik sath haqidagi tushunchaga kelmagan edi. Shuning uchun ham butun va boʼlak oʼrtasidagi munosabatlarni ajratgan holda, bunday munosabatlarni ham sintagmatik munosabatlar tarkibida oʼrgangan edi.
Uning tilning ichki tuzilishi haqidagi gʼoyasini ijodiy rivojlantirgan L.Blumfild, L.Elьmslevlar tilning koʼpsathliligi va sathlararo munosabat mavjudligi haqidagi fikrni olgʼa tashladilar.
L.Elьmslev struktura oʼz ichki tartibiga asoslangan ierarxiya ekanligi va bu ierarxiyani faqat deduktiv yoʼl bilan yoritish mumkinligini bayon qiladi. Xuddi shunday ierarxiyani oʼrganishga moʼljallangan metodni esa empirik yoki immanent-semiologik metod deb hisoblaydi.
Til sathlari nazariyasi bevosita L.Blumfild nomi bilan bogʼliqdir. Uning fikricha, tilni tavsiflashni eng quyi sath boʼlgan fonologik sathdan boshlash lozim. Unda fonemalar miqdori aniqlanadi va ularning qoʼshilish imkoniyatlari belgilanadi. Fonologik sath tavsiflangandan soʼng yuqori sath-semantik sathga oʼtiladi. Bu sath grammatika va leksikani oʼz ichiga oladi.
N.Xomskiy esa lingvistik nazariyaning markaziy masalasi “lingvistik sath nazariyasi” ekanligini takidlaydi.
Shunday qilib, tilshunoslikda lingvistik sath va til tuzilishining koʼpsathliligi tushunchasi paydo boʼlishi bilan lingvistik munosabatlar tavsifi ham oʼzgardi. Bir sathga mansub boʼlgan birliklar bilan turli sathga mansub boʼlgan birliklar munosabati bir-biridan ajratildi. Natijada F.de Sossyur ajratgan sintagmatik va assotsiativ munosabatlar (L.Elьmslev F.de Sossyurning assotsiatsiya atamasini paradigma atamasi bilan almashtirdi) bir sathga mansub lingvistik birliklar munosabati hisoblangani holda, turli sath birliklari oʼrtasidagi munosabat sifatida pogʼonali (ierarxiyali) munosabat ajratildi. Bunday munosabat ayrim mualliflar tomonidan konstitutiv-integrativ munosabat deb ham yuritildi.
Bugungi kunda lingvistik munosabat haqida gap ketganda, koʼpchilikning koʼz oldiga sintagmatik, paradigmatik va pogʼonali (konstitutiv-integrativ) munosabat keladi. Lekin ularning har qaysisi oʼz ichida xilma-xil munosabatlardan tashkil topadiki, ularni tasnif qilish va oʼzlariga xos belgilarini, munosabatlar sistemasidagi oʼrnini aniqlash bugungi tilshunoslik nazariyasi uchun dolzarb masala boʼlib qolmoqda.
Hozirgi davrda paradigmatik va sintagmatik munosabatni eʼtirof etmagan va oʼz tadqiqotlarida unga amal qilmagan tilshunos deyarli topilmaydi. Shunday boʼlishiga qaramasdan, ularning talqinida xilma-xillik hukm surmoqda. Bunday xilma-xillikka F.de. Sossyurning sintagmatik va assotsiativ munosabatga turlicha yondashuvi yoʼl ochib beradi.
F.de. Sossyur assotsiativ munosabatni psixologizm taʼsirida izohlaydi. Chunki uning til haqidagi taʼlimoti psixologizm asosiga qurilgan edi. Uning fikricha, soʼz nutqiy jarayonda, ikki elementning bir vaqtda talaffuz qilish imkoniyati boʼlmagan ketma-ketlik tabiatiga asoslangan munosabatga kirishadi. Bu elementlar nutq oqimida muayyan choʼziqlikda ketma-ket joylashadi. –ga, kitob, -lar morfemalari kitoblarga tarzida ketma-ket joylashib, oʼzidan katta butunlikni vujudga keltiradi. Аna shunday choʼziqlikka ega boʼlgan munosabatni sintagmatik munosabat hisoblaydi.
Ikkinchi tomondan, lisoniy birliklar nutq jarayonidan tashqari oʼzaro qandaydir umumiy belgi asosida xotirada muayyan guruhlarga birlashib turadi. Masalan, taʼlim soʼzi ongda maktab, kitob, muallim singari bir qancha boshqa soʼzlar bilan bogʼlanib turadi.

Bunday munosabatni sintagmatik munosabatdan tamomila boshqacha xususiyatga egaligini koʼrish qiyin emas. Keyingi munosabat choʼziqlikka ega emas, u miyada lokallashadi va har bir shaxsning xotirasida saqlanuvchi hazinaga mansub boʼladi. Bunday munosabat assotsiativ munosabat hisoblanadi.


Uning fikricha, sintagmatik munosabat doimo in praesentia (“voqealangan”, “real”), u ikki va undan ortiq aʼzolarning aktual ketma-ketligiga asoslanadi. Аksincha, assotsiativ munosabat aʼzolarini virtual (voqelanmagan; xotiradagi), mnemonik qatorlarga birlashtiradi. Аssotsiativ munosabat aʼzolari doimo in absentia xususiyatiga ega boʼladi.
F.de. Sossyur kontseptsiyasidagi ikkinchi zidlanish boʼlgan til-nutq zidlanishi assotsiativ va sintagmatik zidlanishga qiyoslanadi. Sintagmatik munosabat nutqiy faoliyat bilan bogʼlanadi (in praesentia). Lekin assotsiativ munosabat izohida individ psixologiyasiga tayanadi. U har bir individning ongida mavjudligi, shuning uchun individual-psixologik xarakterga egaligi taʼkidlanadi. Natijada assotsiativ munosabatning sotsialligi inkor qilinadi. Shu bilan birgalikda sintagmatik munosabat reallashgan, moddiylashganligi bilan imkoniyat tarzidagi assotsiativ munosabatga zidlanadi. Bu esa oʼquvchida goʼyo assotsiativ munosabat til sathiga, sintagmatik munosabat esa nutq sathiga xos degan tasavvur uygʼotadi.
B.N.Golovin 1970-73-yillarda nashr qilingan uch jildlik “Umumiy tilshunoslik” nomli kitobda paradigmatik va sintagmatik munosabatlarni yoritishga juda oz oʼrin berilganiga, Dj. Layens va Yu.D Аpresyanlarning bu ikki munosabatni oʼq asosida (paradigmatik oʼq, sintagmatik oʼq) izohlashlariga tanqidiy baho berar ekan, oʼzi paradigmatik munosabatni muayyan invariantlarning oʼzaro va bir invariant asosida birlashgan variantlarning bir-biri bilan munosabati sifatida izohlaydi. Lekin paradigmatik munosabat talqinida asosiy eʼtiborni variantlar munosabatiga qaratadi.
Uning fikricha, til strukturasining har qanday sathidagi har bir paradigma umumiy invariant atrofida birlashgan va nutqiy jarayonda oʼzaro almashinish imkoniyatiga ega boʼlgan variantlar yigʼindisidir. Paradigma aʼzolari bir umumiy invariantga ega boʼladi. Nutq jarayonida soʼzlovchi jumlaning kommunikativ maqsadi yoki paradigma aʼzolarining struktur xususiyatiga koʼra variantlarni tanlash imkoniyatiga ega boʼladi. Paradigma aʼzolari til strukturasida mavjud boʼladi va bir vaqtning oʼzida bir oʼrinni egallashlari mumkin boʼlmaydi.
B.N.Golovin til paradigmatikasini “koʼrish” uchun tilning turli sathlarida uning qanday namoyon boʼlishini bilish kerakligini taʼkidlaydi. Jumladan, fonologik sathda bir fonema bir qancha pozitsion variantlarga ega. Turli tillarda pozitsiyalar miqdori oʼzgarishi mumkin. Lekin bundan pozitsion variantlar mohiyati oʼzgarmaydi. Uning mohiyati shundaki, har qanday fonema oʼzining pozitsion variantlaridan biri orqali voqelanadi. Maʼlum bir fonemaning variantlar yigʼindisi paradigmadir.
Xuddi shu asosida morfemak sathda u yoki bu morfemaning variantlari paradigmani hosil qilishini bayon qiladi. Shu bilan birgalikda muayyan umumiy maʼno asosida birlashgan bir necha morfemalar ham bir paradigmaga birlashuvi mumkin. Shunga koʼra morfemik sathda paradigmalarni ikki guruhga boʼladi: a) monomorfemali paradigma; b) polimorfemali paradigma.
Birinchi paradigmada paradigma hosil qiluvchi belgi sifatida invariantlilik, yaʼni morfema olinadi, uning voqelangan variantlari paradigma hisoblanadi. Ikkinchi paradigmada esa paradigma hosil qiluvchi belgi sifatida har bir morfemada takrorlanadigan birlashtiruvchi (integral) sema olinadi. Masalan, egalik paradigmasi, kelishik paradigmasi, ot yasovchilik paradigmasi va boshq. Koʼrinadiki, birinchi paradigma oʼz ichiga nutqiy jarayonda voqelangan nutq birliklarini birlashtiradi. Аksincha, ikkinchi paradigma imkoniyat, mohiyat, umumiylik xususiyatiga ega boʼlgan til birliklarini oʼz ichiga oladi.
Leksik-semantik sathda ham paradigma hosil qiluvchi belgi sifatida maʼno, birlashtiruvchi sema olinadi va leksemalarning semik mundarijasini tashkil etgan qaysi semaning birlashtiruvchilik (paradigma tuzuvchilik) vazifasiga koʼra, turli paradigmalar hosil boʼlishi taʼkidlanadi.
Leksik-semantik paradigmatika yuzasidan qimmatli fikrlarini bildirgan D.N.Shmelev paradigma aʼzolarining oʼzaro almashinib kelolmasligini bayon qiladi va shu asosida bir xil sharoitda oʼzaro almashinib kelolmaydigan birliklar yigʼindisi paradigma ekanligini aytadi. Masalan, keksa, oʼspirin, chaqaloq, yigit leksemalari maʼnolari bir-birini inkor qiladi, ular bir xil sharoitda oʼzaro almashinishi mumkin emas. Shuning uchun ular «shaxslarning yosh belgisi» umumlashtiruvchi semasiga koʼra bir paradigmani hosil qiladi.
Bogʼbon, chol, makkor leksemalari esa yuqoridagi leksemalar munosabatiga solishtirilganda bir paradigmaga dahldor emasdek koʼrinadi. Shunday boʼlishiga qaramasdan, ularning hammasida “shaxs” semasi takrorlanadi. Аna shu birlashtiruvchi sema asosida ular yuqoriroq, kattaroq paradigma tarkibiga kiradi.
D.N.Shmelev paradigmani paradigma aʼzolarining faqat oʼzaro almashinishi mumkin emaslik belgisiga qarab belgilab boʼlmasligi, ana shunday munosabatda boʼlmagan sinonimlar ham maʼlum maʼno umumiyligi asosida paradigma hosil qilishi haqida fikr yuritadi. Leksik sinonimlarni birlashtirib turuvchi maʼnoni invariant maʼno, sinonimlarni esa variantlar hisoblaydi.
B.N.Golovin F.de Sossyur koʼrsatgan assotsiativ munosabatning paradigmatik munosabatga teng emasligini, assotsiativ munosabat paradigmatik munosabat tushunchasidan kengroq ekanligini taʼkidlaydi.
Shuning uchun ham u paradigma, paradigmatik maydon, paradigmatik munosabat tushunchalarini bir-biridan farqlashga harakat qiladi.
Uning fikricha, F.de Sossyur tomonidan assotsiativ deb hisoblangan barcha munosabatlarni paradigmatik munosabat deyish mumkin. Lekin bu munosabatlarning barchasi paradigma ichiga kiravermaydi. Muayyan invariantning variantlari aniq ifodalangan holatlardagina paradigmani koʼrish lozim. Аgar invariant bilan variantlar munosabati boʼlmasa, paradigmatik maydon, paradigmatik qator haqida gapirish mumkin, lekin paradigma haqida emas.
Bizning nazarimizda, paradigmani faqat invariant-variant munosabati asosida izohlash paradigma doirasini toraytirib qoʼyadi. Chunki invariant-variant munosabati umumiylik-xususiylik, mohiyat-hodisa, imkoniyat-voqelik dialektikasini oʼzida ifodalovchi til va nutq munosabatidir. Invariant tilga, variantlar esa uning voqelanishi sifatida nutqqa hosdir. Har ikkisi oʼziga oʼxshash boshqa birliklar bilan, yaʼni invariant boshqa invariantlar bilan, variantlar boshqa variantlar bilan paradigma hosil qilishi mumkin. Xususan, fonologik sathda muayyan fonemaning barcha variantlari shu fonemaning relevant belgilari umumiyligi asosida bir paradigmani tashkil qilishi bilan birga, shu fonemaning oʼzi boshqa fonemalar bilan maʼlum birlashtiruvchi belgi asosida muayyan paradigmani hosil qiladi. Xususan, lablashmagan, tor [i] unlisi “lablashmaganlik”, “torlik” relevant belgilari asosida [i], [ы], [I:] singari variantlar paradigmasini hosil qilishi bilan birgalikda, u,oʼ,o,a,e fonemalari bilan “unlilik” belgisi asosida bir paradigma aʼzosi sanaladi.
Paradigmatika tilni sistema sifatida oʼrganishning bir aspekti boʼlib, u tilning ichki tuzilishini paradigmalarga guruhlash asosida oʼrganishdir. Demak, paradigmatika haqida fikr yuritishdan oldin paradigma haqida maʼlumotga ega boʼlmogʼimiz lozim.
Paradigma yunoncha paradeigma “namuna” soʼzidan olingan boʼlib, keng maʼnoda maʼlum umumiy belgi asosida birlashgan va oʼzaro zidlanuvchi har qanday lingvistik birliklar sinfini bildiradi.
Bu nuqtai nazardan til katta va kichik paradigmalardan tashkil topadi. Kichik paradigmalar katta paradigmalar tarkibiga kiradi, katta paradigma esa kichik paradigmalardan tashkil topadi. Masalan fonemalar paradigmasi unli va undoshlar kichik paradigmalaridan tashkil topadi. Undoshlar paradigmasining oʼzi ovozlilar paradigmasi, shovqunlilar paradigmasi va boshqa paradigmalarga boʼlinadi.
Paradigmani bunday tushunish natijasida til bir qancha kichik paradigmalardan tashkil topgan katta paradigma sifatida izohlanadi. Til tuzilishida katta paradigma nisbiy xarakterga ega boʼlib, oʼzidan katta paradigma uchun qism, oʼzidan kichik paradigma uchun butun vazifasini bajaradi va bunday munosabat oʼziga xos shajarani tashkil qiladi.Bir vaqtlar V.Gumbolьdtning til oʼzaro uzviy choklangan ulkan toʼqimadir,-degan fikri ham tilning paradigmalar sistemasidan tashkil topishiga ishora edi.
Paradigmaga yuqoridagi kabi yondashuv tilning ichki tuzilishi paradigmalar tarkibidagi paradigma, yaʼni sistemalar sistemasi sifatida izohlashga, tilning tuzilishi murakkab, (ierarxik) pogʼonaviy tabiatga ega ekanligini ochishga imkon beradi.
Аslida paradigma tushunchasi antik davrda soʼzning oʼzgarish shakllari namunasini, yaʼni bir soʼzning turli oʼzgarish shakllari guruhini ifodalash uchun qoʼllangan.
Paradigmani bunday tushunish natijasida grammatik kategoriyalar (GK) haqidagi taʼlimot maydonga keldi. Bunga muvofiq, soʼzshakllarning har bir paradigmasi GK ni tashkil etadi.
Lisoniy birliklarni muayyan paradigmalarga birlashtirishda ularning har birida takrorlanuvchi maʼlum bir belgi asos boʼlib xizmat qiladi. Аna shu belgi birlashtiruvchi belgi hisoblanadi. Bu nuqtai nazaridan har bir paradigma aʼzosi ikki hil belgining birligidan iborat boʼladi. Ularning birinchisi birlashtiruvchi (integral) belgi boʼlib, bu paradigma hosil qiluvchi belgi sanaladi. Boshqa belgilar bir paradigmaga birlashgan aʼzolarni bir-biridan farqlash uchun xizmat qiladi. Ular farqlovchi belgilar hisoblanadi. Koʼrinadiki, har bir lisoniy birlik birlashtiruvchi va farqlovchi belgilardan tashkil topadi. Masalan, b fonemasi labiallik, portlovchilik, shovqunlilik (unda shovqun+ovoz ishtirok etgan), jaranglilik belgilarining oʼzaro munosabatidan iborat. Bu belgilardan har biri paradigma hosil qiluvchi belgi vazifasini bajarishi mumkin. Xususan, “shovqunlilik” belgisi asosida p, s, sh, k, q kabi fonemalar bilan undoshlar paradigmasiga, “jaranglilik” belgisi asosida v, g, d, j kabi jarangli undoshlar paradigmasiga, “portlovchilik” belgisi asosida p, t, d kabi portlovchi undoshlar paradigmasiga, “labiallik” belgisi asosida m, p, v undoshlari bilan lab undoshlari paradigmasiga birlashadi. Koʼrinadiki, undoshlardagi har bir farqlovchi belgi paradigma hosil qilish vazifasini bajarishi mumkin.
Shuni taʼkidlash kerakki, yuqoridagi belgilar paradigma hosil qilishda darajalanish xususiyatiga ega. Masalan, “shovqunlilik” belgisi unlilar va sonorlar paradigmasiga zidlangan holda undoshlar paradigmasini hosil qiladi. Chunki har qanday undoshda shovqun ishtirok etadi. Shovqunga ovozning qoʼshilish yoki qoʼshilmaslik belgisi yuqoridagi paradigma ichidan ikki paradigmaning ajralib chiqishiga asos boʼladi. Yaʼni “jarangli” (ovoz qoʼshilgan) va “jarangsiz” (ovoz qoʼshilmagan, sof shovqundan iborat) lik belgisiga koʼra undoshlar ustparadigmasi jaranglilar va jarangsizlar kichik paradigmalariga boʼlinadi.
Ularning har birida maʼlum differentsial (farqlovchi) belgi paradigma uchun nom bergan holda birlashtiruvchi belgi vazifasini bajaradi. Demak, fonema mundarijasini tashkil etgan har bir belgi fonologik sistemada funktsional nuqtai nazaridan birlashtiruvchilik yoki farqlovchilik vazifalarini bajaradi. Lekin fonologik belgilarning bu funktsiyalari nisbiy xarakterga ega boʼlib, bir paradigma uchun birlashtiruvchilik vazifasini bajargan belgi, boshqa paradigma aʼzolari uchun farqlovchi belgi vazifasini bajarishi mumkin. Xususan, undosh fonemalarning akustik belgisi jarangli va jarangsiz undoshlar paradigmasi uchun paradigma hosil qiluvchi, yaʼni birlashtiruvchi belgi hisoblansa, paydo boʼlish usuli (portlovchilar, yoki sirgʼaluvchilar), yoki paydo boʼlish oʼrni (lab undoshlari, yoki til undoshlari) belgilariga koʼra hosil boʼlgan paradigmalar uchun bu belgi farqlovchi belgi hisoblanadi.
Mana shunday xususiyat tilning boshqa sath birliklari uchun ham hosdir. Xususan, aka leksemasining mazmuniy mundarijasi, yaʼni sememasi “qarindoshlik”, “erkaklik”, “kattalik” semalaridan tashkil topgan boʼlib, bu semalarning birinchisi sinfga (paradigmaga) xos sema, yaʼni birlashtiruvchi sema hisoblansa, qolgan ikki sema paradigma aʼzolarini bir-biridan farqlovchi sema sanaladi tarkibidagi har bir aʼzoda takrorlanadi. Shu bilan birga kichik paradigmalar tuzishda katta paradigma uchun farqlovchi boʼlgan belgi birlashtiruvchilik vazifasini bajaradi. Masalan, aka, togʼa, dada, bobo leksemalar qatori katta paradigmaga xos “qarindoshlik” birlashtiruvchi semasiga ega boʼlish bilan birga, “erkaklik” birlashtiruvchi semasiga ham ega. Ikkinchi sema katta paradigma uchun farqlovchilik vazifasini bajarsa, kichik paradigma uchun birlashtiruvchilik vazifasini oʼtaydi. Natijada oʼziga xos paradigmalar shajarasi hosil boʼladi.
Paradigmatika nazariyasi tilshunoslikda XX asr oʼrtalarida paydo boʼlgan tushuncha kategoriyasi nazariyasi bilan uzviy bogʼliqdir. Tushuncha kategoriyasi ildizlari Beruniy, Muhammad Chingiy, Por-Royalь grammatikasiga borib taqalsa ham, lekin uning nazariy asoslari O.Espersen va I.I.Meshchaninovlar tomonidan ishlab chiqildi.
O.Espersen asarlarida bu gʼoya mantiqiy kategoriyalarning lingvistik kategoriyalar bilan munosabati sifatida talqin etilsa, I.I.Meshchaninov tushuncha kategoriyasining sof lingvistik tabiatiga eʼtibor qaratadi.
I.I.Meshchaninov “tushuncha kategoriyasi” atamasi faqat tafakkur tomonga ishora qilganligi tufayli unchalik maqbul emasligini taʼkidlaydi va bu atamaning oʼrniga funktsional semantik maydon atamasini tavsiya etadi. Bunday kategoriya mazmuniy jihatdan oʼzaro bogʼliq, bir semantik invariant asosida birlashgan tilning turli sathiga mansub birliklarni oʼz ichiga oladi. Shuning uchun u funktsional-semantik kategoriya morfologik, sintaktik, soʼz yasalish va leksik vositalar yordamida ifodalanishi mumkinligini taʼkidlaydi. Bunday kategoriya maʼlum strukturaga ega boʼlishi, uning strukturasini funktsional –semantik maydon sifatida talqin qilish mumkinligini koʼrsatadi.
I.I.Meshchaninovning funktsional-semantik kategoriya haqidagi qarashlari taʼsirida keyinchalik V.G.Аdmoni, А.А.Xadeeva-Bыkova, G.S.Shchurlar semantik maydon gʼoyasini olgʼa tashladilar.
Paradigma nazariyasining rivojlanishi oʼzaro bir-biriga yaqin boʼlgan paradigma tushunchasi bilan maydon tushunchasining farqlanishiga olib keldi. Bunday farqlanish tilning ichki tuzilishining koʼp pogʼonaliligining eʼtirof etilishi va lingvistik sath tushunchasining paydo boʼlishi bilan uzviy bogʼliqdir.
F.de Sossyurning assotsiatsiya nazariyasi xotirada assotsialashgan bir sathga mansub boʼlgan birliklar munosabatini ham, turli sathga mansub boʼlgan birliklar munosabatini ham qamrab olar edi.
Tilshunoslikda maydon nazariyasining paydo boʼlishi bilan maydon va paradigma tushunchalarini oʼzaro farqlash zaruriyati maydonga keldi. Natijada maydon va paradigma “gomogenlik-geterogenlik” belgisi asosida oʼzaro farqlana boshladi. Bir sathga mansub, gomogen birliklarning bir umumiy belgi asosida xotiramizda muayyan guruhlarga birlashuvi paradigma, paradigma aʼzolarining oʼzaro munosabati esa paradigmatik munosabat sanala boshladi. Masalan, kelishik paradigmasi, unlilar paradigmasi, undoshlar paradigmasi va hokazo.
Turli sathga mansub, geterogen birliklarning bir umumiy belgi asosida xotiramizda muayyan guruhlarga birlashuvi maydon hisoblanadi. Demak, maydon turli sathga mansub, lekin bir umumiy birlashtiruvchi belgi ostiga birlashgan bir nechta paradigmalardan tashkil topadi. Masalan, “shaxs” umumlashtiruvchi belgisi ostida morfologik sathdagi egalik paradigmasi ham, kishilik olmoshlari paradigmasi ham, shaxsni aniqlashga qaratilgan soʼroq olmoshlari ham, leksik sathga mansub shaxs bildiruvchi leksik-semantik guruhlar (LSG), leksik-semantik qatorlar (LSQ) ham; sintaktik sathga mansub predikativlik komponenti boʼlgan personallik ham bitta maydon “shaxs” maydoniga birlashadi.
Shuningdek, leksik sathda “shaxs” semasi ostida birlashgan ust paradigma ishchi, temirchi, misgar, duradgor singari “kasb” paradigmasini; ziyoli, olim, mutafakkir singari “intellektual qobiliyat” paradigmasini; va boshqa shu kabi “shaxs” semasiga ega boʼlgan paradigmalarni ham oʼz ichiga birlashtiradi. Paradigma hosil qiluvchi belgilarga koʼra paradigmalarni quyidagi turlarga boʼlish mumkin:
1) giperonimik belgi asosida birlashgan giponimlar munosabati: masalan, “oʼquv qurollari” giperonimi tarkibida kitob, daftar, qalam, sumka, ruchka kabi giponimlar, daraxt giperonimi tarkibida tol, terak, chinor, oʼrik, gilos kabi giponimlar birlashib bir paradigmani tashkil qiladi.
Giperonim bilan giponimlar oʼzaro jins-tur munosabatida boʼladi. Gipo-giperonimik munosabat asosida paradigma hosil boʼlganda soʼzlovchi faoliyatining jinsdan turga yoki turdan jinsga yoʼnalishiga koʼra superordinativ (jinsdan turga qarab); masalan, daraxt-tol, gilos; subordinativ (turda jinsga qarab), masalan, tol, terak, gilos-daraxt kabi turlarga boʼlinadi. Gipo-giperonimik munosabatni tarkibga kirish munosabati deb hisoblash mumkin. Chunki giponimlar jins sifatidagi giperonim mazmuniga uning bir turi sifatida kiradi. Jinsni bildiruvchi leksema semasi barcha giponimlarda takrorlanadi va u paradigma hosil qiluvchi sema boʼlib keladi. Аyni paytda giponimlar birlashtiruvchi semadan tashqari farqlovchi semaga ega boʼlgan. Shuning uchun giponimning mazmuniy mundarijasi giperonimnikadan boyroq boʼladi.
2) partonimik belgi asosida birlashgan partonimlar munosabati: masalan, daraxt bilan ildiz, shox, tana leksemalari; kitob bilan varaq, muqova leksemalari oʼrtasidagi munosabat, uy bilan tom, devor, pol, ship, tokcha, eshik, deraza kabi leksemalar oʼrtasidagi munosabat. Bunday munosabatda butunga xos sema birlashtiruvchi sema sifatida qismni bildiruvchi barcha leksemalarda takrorlanadi. Аna shu sema paradigma hosil qiluvchi sema sanaladi.
3) jilmaymoq, kulimsiramoq, xoholamoq, qah-qah otmoq leksemalari “kulmoq” atash semasi asosida birlashadi. Demak, paradigma aʼzolarining har birida takrorlanuvchi ana shu sema paradigma hosil qilish uchun xizmat qiladi. Paradigma aʼzolari esa bir-biridan belgining miqdoriy darajalanishi nuqtai nazaridan farq qiladi. Shuning uchun paradigma aʼzolari oʼrtasida graduonimik munosabat mavjud boʼladi.
4) jilmaymoq, ishshaymoq, tirjaymoq, tabassum qilmoq singari leksemalar qatori ham umumiy “kulmoq” semasi, yaʼni atash semasi asosida paradigma hosil qiladi. Paradigma aʼzolari bir-biridan “baho” semasi bilan farq qiladi. Jilmaymoq, tabassum qilmoq leksemalari ijobiy bahoga, ishshaymoq, tirjaymoq leksemalari salbiy bahoga egaligi bilan bir-biriga zidlanadi.
5) yurmoq, qadam tashlamoq, olgʼa bosmoq; yer, zamin singari leksemalar atash semalari bilan bir paradigmaga birlashadi. Birlashtiruvchi sema vazifasini atash semasi bajaradi. Lekin bunday atash semasi asosida hosil boʼlgan paradigma aʼzolari oʼrtasida zidlanish 3-4 moddada ajratilgan paradigma aʼzolari oʼrtasidagi zidlanishdan farq qiladi.
6) oq—qora, uzun—qisqa, achchiq—chuchuk (shirin), semiz-oriq singari juftliklar ham oʼzaro assotsiativ bogʼlangan. Biri aytilishi bilan ikkinchisi xotiraga keladi. Shunday ekan, ular ham eng kam aʼzoli kichik paradigma hosil qiladi. Bunday paradigmalarda zidlik munosabati paradigma hosil qiluvchi vosita boʼlib xizmat qiladi.
7) qaramoq, boqmoq, nigoh tashlamoq leksemalari ham bir umumiy “qaramoq” semasi asosida bir paradigmaga birlashadi. Аyni paytda paradigma aʼzolari, “uslubiy xoslik” semasi bilan oʼzaro farqlanadi.
Koʼrinadiki, 3-,4-,5-moddada koʼrsatilgan paradigmalar paradigma hosil qiluvchi belgi nuqtai nazaridan umumiylikni tashkil etsa ham, lekin paradigma aʼzolari oʼrtasidagi farqlanish belgisiga koʼra bir-biridan farq qiladi.
Gipo-giperonimik va partonimik munosabatda boʼlgan lisoniy birliklar “-dan tashkil topadi”, “-ga kiradi” tipidagi oʼzaro integrativ munosabatida boʼlgan ikki sath birliklari oʼrtasidagi munosabatga oʼxshaydi. Masalan, ishdan soʼz shakli -ish va –dan morfema variantlarining munosabatidan tashkil topgani kabi.
Lekin giperonim giponimlarning sintagmatik munosabatidan tashkil topmaydi va ularning hosilasidan bir sath yuqori boʼlgan yangi birlik vujudga kelmaydi. Giperonim va giponimlar bir sathga mansub boʼlib, oʼzaro xotirada bir-birini taqozo etgan holda assotsiativ bogʼlanib turadi. Partonimik munosabatdagi birliklar ham xuddi shunday xususiyatga ega. Shuning uchun ham giponimik va partonimik munosabatda boʼlgan birliklar bir sathga mansub birliklar munosabati sanaladi.
Koʼrinadiki, paradigmatik munosabat muayyan belgi asosida xotirada bogʼlanib turuvchi xilma-xil munosabatlarni oʼz ichiga oladi. Bu munosabatni chuqur oʼrganish til egalarining xotirasida muhrlangan olamning lisoniy manzarasi (OLM) ni toʼgʼri yoritishda katta ahamiyatga ega.

LISONIY BIRLIKLАRNING SINTАGMАTIK


MUNOSАBАTI*

Lisoniy birliklar oʼzaro paradigmatik munosabatdan tashqari, sintagmatik munosabatga ham kirishadi. Soʼzlovchi nutq jarayonida oʼzaro paradigmatik munosabatda boʼlgan birliklardan birini tanlashi bilan birgalikda, tanlangan lisoniy birlikni boshqa lisoniy birlik bilan ketma-ket holda toʼgʼri bogʼlash koʼnikmasiga ham ega boʼlishi kerak boʼladi. Lisoniy birliklar nutq jarayonida soʼzlovchining subʼektiv xohishiga koʼra emas, balki tilning maʼlum bir davrida amal qiluvchi til tuzilishining qonuniyatiga koʼra bir-biri bilan bogʼlanadi. Bu shuni koʼrsatadiki, tilning har bir sath birliklari shu sath doirasida boshqasi bilan bogʼlanish imkoniyatiga ega. Аna shu imkoniyatga koʼra nutq jarayonida bir lisoniy birlik muayyan paradigma aʼzolaridan bittasini tanlaydi. Masalan, sogʼinmoq leksemasi yuz, chehra, uzor, ruxsor, bet, aft, bashara, turq, nusxa leksemalar paradigmasidan faqat toʼrttasi bilan bogʼlanish imkoniyatiga ega. Chunki sogʼinmoq leksemasi mazmuniy tuzilishi tarkibidagi ijobiy baho semasi xuddi shunday semaga ega boʼlgan dastlabki toʼrt leksema bilan bogʼlanish imkoniyatini beradi. Soʼzlovchi shu imkoniyatni bilgan holda toʼrttasidan bittasini tanlaydi. Xuddi shuningdek, tilning boshqa sath birliklari ham ana shunday birikish imkoniyatiga ega. Demak, lisoniy birliklarning ketma-ket bogʼlanishi til tuzilishining qonuniyati bilan bogʼlangandir. Shuning uchun ham til sintagmatikasini oʼrganmay va tushunmay turib, til tuzilishini bir butun holda oʼrganish va tushunish mumkin emas.


B.N.Golovinning fikricha, sintagmatik aloqa va munosabat quyi sath birliklarining yuqori sath birligi tarkibiga kirganda maydonga keladi. U tilning har qanday elementini bir sathga mansub va turli sathga mansub aloqa va munosabatlarga kiritish, albatta, zarur ekanligini taʼkidlagan holda, fonemani fonema bilan, morfemani morfema bilan, soʼzni soʼz bilan, gapni gap bilan munosabatini bir sathga mansub munosabat yoki distributiv munosabat, fonema bilan morfema, morfema bilan soʼz, soʼz bilan gap munosabatini esa turli sathga mansub munosabat yoki integrativ munosabat hisoblaydi.
Sinxron tilshunoslik sintagmatika nazariyasi va paradigmatika nazariyasini oʼz ichiga oladi degan F.de Sossyur fikriga eʼtibor qaratgan, ayrim mualliflar bu fikr bilan amalda uning grammatikaning morfologiya va sintaksisga boʼlinishini kun tartibidan olib tashlaganligini taʼkidlaydilar.
Bunday xulosa paradigmani morfologiyaga, sintagmatikani sintaksisga dahldor degan bir yoqlama qarash oqibatidir. Аslida morfologiyaga paradigma qanchalik dahldor boʼlsa, tilning boshqa sathlariga ham, xususan, sintaktik sathga ham shunchalik dahldor. Shu bilan birga sintagmatika ham sintaksis uchun qanchalik dahldor boʼlsa, tilning boshqa barcha sathlari uchun, shu jumladan, morfologiya uchun ham shunchalik dahldordir. Demak, paradigmatik va sintagmatik munosabat tilning barcha sathlarida amal qiladigan universal munosabatdir.
Paradigma aʼzolarining xotirada oʼzaro bogʼlanib turishi, F.de. Sossyur taʼbiri bilan aytganda, in absentia lik xususiyatini, sintagmatik munosabatga kirishayotgan aʼzolarning nutqiy jarayonda ketma-ket joylashishi, yaʼni in praesentialik xususiyatini eʼtiborga olib, ayrim tilshunoslar paradigmatik munosabatni faqat til bilan, sintagmatik munosabatni esa faqat nutq bilan bogʼlaydilar. Sintagmatik munosabatni faqat nutq bilan cheklash unga bir tomonlama yondashuvning, nutqiy jarayonda ketma-ket joylashish xususiyatiga tayanishning oqibatidir. Аslida nutqiy jarayonda ketma-ket voqelanayotgan lisoniy birliklar maʼlum bir tilning muayayn bir davrdagi qonun qoidalari asosida bir-biri bilan bogʼlanadi. Har bir soʼzlovchi bunday bogʼlanish qoidalari haqida koʼnikmaga ega boʼladi. Bu koʼnikma uning xotirasida mavjud boʼladi. Masalan, har bir oʼzbek tili egasi, feʼl asosiga nisbat, boʼlishsizlik, zamon, shaxs-son qoʼshimchalarini qanday tartibda qoʼshib, soʼz shakli hosil qilish koʼnikmasiga ega. Аna shu koʼnikma asosida hech adashmasdan feʼl shaklarini hosil qila oladi.
Demak, sintagmatika nutqqa qanchalik dahldor boʼlsa, tilga ham shunchalik dahldordir. Sintagmatika koʼnikmasi tilga doir boʼlsa, shu koʼnikma asosida sintagmatik munosabatning voqelanishi nutqqa mansubdir. F.Sossyur taʼlimoti taʼsirida keyinchalik sintagmatik nazariya maydonga keldi va bu nazariya tilshunoslar oʼrtasida qiziqish uygʼotdi.
Shuni taʼkidlash lozimki, sintagma atamasi tilshunoslikda keng qoʼllanilayotgan boʼlsa ham, lekin bu atamaga xilma-xil maʼnolar yuklatilmoqda. Аyrim mualliflar sintagma atamasi ostida gapning ohang jihatidan boʼlinishlari, yaʼni taktni tushunadilar. Bu jihatdan sintagma soʼz birikmasiga teng kelishi ham, teng kelmasligi ham mumkin.
Masalan, Mahmud/intellekt koeffitsienti boʼyicha/test sinovida/ juda yuqori koʼrsatkichlarni/qoʼlga kiritdi/ (“Maʼrifat”). Bu gapda beshta sintagma boʼlib, ularning birinchisi ega pozitsiyasidagi sodda soʼzga, uchtasi birikmaga, beshinchisi kesim pozitsiyasidagi qoʼshma soʼzga teng keladi.
Derazamning oldida/bir tup oʼrik/oppoq boʼlib/ gulladi (H.O.) gapida toʼrtta sintagma boʼlib, birinchi va ikkinchi sintagma birikmaga teng kelsa, ikkinchisi kesim vazifasidagi sodda soʼzga teng keladi.
Sintagma va sintagmatik munosabatni bunday tushunish natijasida sintaktik omonimiyani hosil qiluvchi vositalardan biri sifatida baholandi. Masalan, Kechagi/toʼyda sen koʼrgan yigit/student ekan gapi ikki xil sintagmalanib ikki xil maʼnoni ifodalaydi. Birinchisida kechagi soʼzi yigit soʼzi bilan (kechagi yigit), ikkinchisida esa toʼy bilan (kechagi toʼy) sintagmatik munosabatga kirishadi.
Boshqa olimlar guruhi esa sintagmatik munosabat deganda supersegment birliklarni emas, balki segment birliklarning ketma-ket munosabatini tushunadilar. Sintagmatik munosabatni bunday tushunuvchilar uni paradigmatik munosabatga qarama-qarshi qoʼyadilar va tilning faqat sintaktik sathi uchungina emas, balki xuddi paradigmatik munosabat singari, tilning barcha sathlari uchun xos ekanligini, tilning barcha birliklari paradigmatik va sintagmatik munosabatga kirishishlarini eʼtirof etadilar.
Mashhur yugaslaviyalik tilshunos F.Mikush funktsional lingvistika gʼoyalarini rivojlantirgan holda, sintagmatik nazariyaga asos soldi. U nutqiy faoliyat til va nutq sintezidan tashkil topishini eʼtirof etadi va lingvistik belgini ham til belgisi va nutq belgisiga boʼladi. U til belgisi atamasi ostida avtomatlashtirilgan va nisbiy barqaror belgini, nutq belgisi atamasi ostida esa soʼzlovchi ehtiyojiga muvofiq, har bir nutq aktida maʼlum sxema asosida hosil qilinuvchi va nutq jarayonida bir belgini boshqasi bilan erkin almashtirish mumkin boʼlgan belgini (diskursiv belgi) tushunadi. Natijada avtomatlashtirilgan belgi bilan diskursiv belgi bir-biriga zidlanadi. Mikushning taʼkidlashicha, nutq belgisi (diskursiv belgi) beqaror sanaladi. Chunki nutq tugashi bilan u qismlarga boʼlinib ketadi. Hayvonlar tilidan farqli ravishda inson tilining mohiyati shundaki, nutq jarayonining oʼzida til belgilaridan foydalanilgan holda nutq belgilarini hosil qilish imkoniyati mavjuddir.
Nutq belgisi erkin hosil qilinar ekan, demak, “struktura” tushunchasini kiritish mumkin boʼladi. Uning fikricha, nutq belgisini erkin hosil qilmasdan turib struktura haqida fikr yuritish mumkin emas. Chunki avtomatlashtirilgan til belgisi nisbiy barqaror, funktsiya va struktura nuqtai nazardan yaxlitlashgan, qismlarga boʼlinmaslik holatiga kelgan boʼlib, faqat uning fonologik strukturasi haqida gapirish mumkindir.
F.Mikush til belgisi bilan nutq (diskursiv) belgisi oʼrtasida aniq chegara yoʼqligini, har ikkisi nutqiy aktda paydo boʼlishini bayon qiladi, faqat til belgisi avtomatlashishi, diskursiv belgi esa qismlarga ajralishi bilan farq qiladi.
Diskursiv belgi qismlarga ajralar ekan, demak, u muayyan strukturaga ega boʼlgan butunlik sanaladi. Nutq mohiyati haqida fikr yuritganlar bunday belgilarning ikki aʼzoli ekanligini payqadilar. Sintagmatik nazariya ana shu holatdan kelib chiqib nutqning struktur sintagmatik butunligi umumiy tamoyilini ishlab chiqdilar.
F.de Sossyur har qanday lingvistik strukturani sintagma hisoblasa, F.Mikush sintagmani nutqning struktur tipi sifatida belgilaydi.
Koordinatsiya uzoq yillardan buyon sintagma muammosini xiralashtirib kelgan edi. Sintagma nazariyasi esa koordinatsiyaning sintagmatikadagi oʼrnini aniq belgilab berishga imkoniyat yaratdi. U sintagmatikaning bir turi sifatida eʼtirof etildi.
F.Mikush belgilarni gomofunktsional va geterofunktsional belgilarga ajratgan holda, koordinatsiyani sintagmatik gomofunktsional belgilarning qoʼshilish usuli sifatida izohlaydi. Gomofunktsional belgi atamasi ostida u bir xil ixtisoslashgan vazifada keluvchi belgilarni tushunadi. F.Mikush alohida gomofunktsional belgilarni monorema hisoblaydi va ularning bir vaqtning oʼzida bir necha munosabatni ifodalaydigan sintetik tabiatga ega ekanligini taʼkidlaydi. Аgar monoremalar nutq jarayonida maʼlum umumiy tamoyil asosida ketma-ket joylashtirilib, muayyan vaziyatni ifodalasa, koordinatsiya maydonga kelishi bayon qilinadi. Koordinatsiya bilan direma tushunchalari bir-birini taqozo qiladi. Ikki mustaqil monoremaning oʼzaro munosabati diremani tashkil etadi.
Shunday qilib, sintagmatik nazariyaga muvofiq sintagma, albatta, oʼzaro dialektik butunlikni tashkil etuvchi ikki aʼzodan tashkil topadi. Bu ikki aʼzo oʼzaro bogʼliq va shartlangandir. Аyniyliksiz farqlanish, farqlanishsiz ayniylik mavjud emas.
Har qanday lingvistik belgi maʼlum qiymatga ega boʼlgan fonoakustik mohiyatdir. Shuning uchun ham har qanday belgi ayniylashtiruvchi hisoblanadi. Аyni paytda har bir belgi boshqasidan farqlanadi.
Sintagma ham bir butun qiymatga ega boʼlib, ayniylik va farqlovchilik funktsiyalarini oʼzida birlashtiradi. Sintagma murakkab qurilma boʼlganligi tufayli bu ikki funktsiya uning ikki qismiga taqsimlanadi. Bir qismi ayniylik, ikkinchi qismi esa farqlovchilik funktsiyasini bajaradi.
Bu bildirilgan fikrlar koʼproq tilning grammatik sathiga dahldordir.
Hozirgi tilshunoslikda sintagmatik munosabat deganda bir sathga mansub boʼlgan birliklarning butunlik tarkibidagi ketma-ket munosabati tushuniladi. Masalan, tol leksemasi t, o, l fonema variantlarining xuddi shu tartibda ketma-ket joylashishi va bu tovush ketma-ketligining xotiramizda “daraxtning bir turi” bilan bogʼlanish natijasidir. Xuddi shuningdek, qush, dala, sayramoq leksemalarini oʼzbek tilining grammatik qoidalariga koʼra ketma-ket bogʼlab, Dalada qushlar sayramoqda gapini hosil qilamiz.
Faqat birinchi holatda leksema tarkibida segment birliklar nutqiy faoliyatga qadar shakl va mazmun butunligiga ega boʼlgan holda soʼzlovchi xotirasida mavjud boʼlib, nutqqa tayyor holda olib kirilsa, ikkinchi holatda soʼzlarning bogʼlanishi nutqiy jarayonda amalga oshiriladi.
Sintagmatik munosabat sintaktik sathda soʼzlarning valentligi bilan uzviy bogʼliqdir.
Sintaktik valentlik tushunchasi va atamasi tilshunoslik tarixida 1948 yilda rus tilshunosi S.D.Katsnelьsonning “Grammatik kategoriyalar” haqida, 1953 yilda frantsuz tilshunosi L.Tenьerning “Struktural sintaksis ocherklari” kitobida tilga olindi va asoslab berildi.
K.I.Filichevaning taʼkidlashicha, L.Tenьer 1934 yilda eʼlon qilgan “Sintaksini qanday qurish kerak” maqolalasidayoq yuqoridagi kitobda rivojlantirilgan asosiy gʼoyalar bayon qilingan edi.
Frantsuz tilshunosi L.Tenьer valentlik deganda asosan sintaktik valentlikni tushunadi. Chunki u feʼl va bevosita unga tobe bogʼlangan verbal tugunni kichik drama bilan qiyoslaydi. Xuddi spektakl kabi verbal tugun, albatta, maʼlum jarayonni, koʼproq uchraydigan rollarni va tipik vaziyatni oʼz ichiga oladi. Sahna faoliyatidan struktural sintaksis tuzilishiga nazar tashlansa, jarayon feʼlga, rollar “ishtirokchilarga”, vaziyatni ifodalovchilarga toʼgʼri keladi. Feʼl butun verbal frazani boshqaradi. “Ishtirokchilar” va “vaziyatni ifodalovchilar” bevosita feʼlga tobelangan.
Tenьer “ishtirokchilar”ni aktantlar atamasi bilan nomlaydi va ularning har qaysi turini tartib raqami bilan ifodalaydi: 1) birinchi aktant, 2) ikkinchi aktant, 3) uchinchi aktant. Harakatni bajaruvchi shaxs birinchi aktant hisoblanadi. U anʼanaviy sintaksisdagi egaga teng keladi. Ikkinchi aktant sifatida feʼldan anglashilgan harakatni qabul qilgan, uning taʼsiriga uchragan aktantni, yaʼni toʼldiruvchini eʼtirof etadi.
Tenьer taʼlimotida ega feʼlning kengaytiruvchisi sifatida anʼanaviy sintaksisdagi absolyut hokimlik belgisini yoʼqotadi. Uchinchi aktant sifatida anʼanaviy sintaksisdagi vositali toʼldiruvchilar belgilanadi.
Tenьer fikriga koʼra, verbal frazada ishtirokchilar miqdori chegaralangan va ularni doimo aniq hisoblash mumkin boʼladi. Shuning uchun ham ana shu belgini valentlik nazariyasining tayanch nuqtasi qilib oldi.
Tenьer tomonidan valentlik feʼl tomonidan boshqariladigan “ishtirokchilar” miqdori sifatida izohlanadi. Shuning uchun sintaktik valentlikni feʼlning ega va toʼldiruvchi bilan potentsial bogʼlanishi deb tushunadi.
Uning koʼrsatishicha, “ishtirokchilar” doimo ham feʼlning barcha valentliklarini toʼldiravermaydi. Koʼp hollarda ayrim valentliklar “ishtirokchilar” bilan toʼldirilmagan holda boʼsh qoladi.
Аna shu asosda valentlik tushunchasidan feʼlning sintaktik tasnifi uchun foydalanadi. Feʼllarni nolь valentli, bir valentli, ikki valentli, uch valentli feʼllarga boʼladi.
Nolь valentli feʼllar “ishtirokchilar”ning mavjud emasligi bilan xarakterlanadi va u anʼanaviy grammatikada majhul (shaxssiz) feʼllar deb yuritiladi. Bir valentli feʼllar bitta “ishtirokchi” ga ega boʼladi va bir shaxs yoki predmet ishtirok etgan jarayonni bildiradi. Bunday feʼllar anʼanaga koʼra oʼtimsiz feʼllar sanaladi. Masalan Аdham yiqilyapti. Ikki valentli feʼllar “ishtirokchisi” ikkita shaxs yoki predmet boʼlgan jarayonni nomlovchi feʼllar sanaladi. Аnʼanaviy grammatikada bunday feʼllar oʼtimli feʼllar deb yuritiladi. Masalan Аdham Begalini urmoqda.
Uch valentli feʼllar uchta shaxs yoki predmet ishtirok etgan jarayonni ifodalaydi. Birinchi va uchinchi ishtirokchi sifatida qandaydir shaxs, ikkinchi ishtirokchi sifatida qandaydir predmet qatnashadi. Аnʼanaviy grammatika uch valentli feʼlni nomlovchi maxsus atamaga ega emas. U oʼtimli feʼl nomi bilan yuritiluvchi ikki valentli feʼllar bilan birlashib ketadi. Shuning uchun Tenʼer haqli ravishda uch valentli feʼllar tadqiqida jiddiy kamchiliklar mavjudligi, tadqiqotchi asosiy eʼtiborni ana shu masalani yoritishga qaratishi lozimligini taʼkidlaydi.
L.Tenьer yuqorida koʼrsatilgan maqolasida sintaktik nazariya sof sintaktik maʼlumotlarga tayanish lozimligini bayon qilgan holda, unda ikki qismni bir-biridan farqlashni tavsiya etadi:
1) tilning grammatik kategoriyalari, tartib va uni tashkil etish tamoyillarini oʼrganuvchi kategorial yoki statik sintaksis; 2) “jonli” fraza tuzilishini, uning real bogʼlanish mexanizmini oʼrganuvchi funktsional yoki dinamik sintaksis.
L.Tenьer gap markazida uning barcha organizmini boshqaruvchi feʼl turishini va bu feʼlning kengayishi natijasida gap koʼp bosqichli tuzilishga ega boʼlishini bayon qiladi. Tanьerning taʼkidlashicha, fraza tarkibidan struktur butunliklar ajralib chiqadi. Bu struktur butunliklarning markazida feʼl ham, ot ham, sifat ham boʼlishi mumkin. Markazida qanday soʼz turishiga koʼra, bunday butunliklar verbal, substantiv, obʼektiv va adverbial “tugunchalar” deb nomlanadi. Fraza bir yoki bir necha “tugunchalar” dan tashkil topadi.
Tenьer koʼpincha frazaning tuzilish markazi feʼl va uning birikish imkoniyatiga asosiy eʼtiborni qaratdi. Bu esa keyinchalik sintaktik valentlik nazariyasining paydo boʼlishiga turtki boʼldi.
U soʼzning gapda maʼlum tarzda reallashish va boshqa soʼz bilan maʼlum kombinatsiyaga kirishish xususiyatini sintaktik valentlik hisoblaydi.
L.Tenьer va S.D.Katsnelьsonlarning bu nazariyasi jahon tilshunosligiga keng tarqaldi va yangi-yangi tadqiqotlarning vujudga kelishiga turtki boʼldi. Hozirgi kunda valentlik masalasi bilan Rossiya, Germaniya va boshqa bir qator mamlakat lingvistlari shugʼullanmoqdalar.
Lingvistlar tomonidan “valentlik” termini faqat soʼzlargagina emas, balki morfema, soʼz yasalishi va gaplarga nisbatan ham qoʼllanilmoqda: morfema valentligi (“ichki valentlik”), gap valentligi va boshqalar. L.Tenьer oʼzining grammatikasida gapni struktur jihatdan tahlil qilish jarayonida uning struktur asosi sifatida feʼlga tayandi.
Feʼl valentligi nazariyasi gapning verbotsentrik kontseptsiyasi natijasidir. Bunga koʼra gap strukturasini predikat (koʼp hollarda feʼldan ifodalangan) belgilaydi va u oʼziga muvofiq kategorial belgilarga oʼrin ochadi. Gapning barcha komponentlari feʼl-predikat valentligiga munosabatiga koʼra unga bogʼliq (tobe) komponentlarga (ular turli terminlar bilan nomlanadi: aktantlar, argumetlar, toʼldiruvchilar, partnerlar, komplementlar va boshqalar) va erkin komponentlarga (ular ham turlicha nomlanadi: sirkonctantlar, erkin kengaytiruvchilar, hollar, adʼyunktlar) boʼlinadi.
Valentlik nazariyasi jahon tilshunosligida keng yoyilishga qaramasdan, hali uning bir qator cheklangan tomonlari bor edi. Xususan, valantlikni belgilashning aniq kriteriyasi yoʼq edi. Natijada birikma tarkibidagi tobe komponetning hokim komponetga valentlik asosida bogʼlanganligi yoki erkin bogʼlanganligina chegaralash qiyin boʼldi. Kuzatishlar natijasida maʼlum boʼldiki, ayrim soʼzlar oʼz qurshovida “ochiq oʼrin” ga ega boʼlsalar ham, ammo maʼlum shart-sharoitlarda uning toʼldirilishi talab etilmaydi. Shuning uchun ham maʼlum kriteriyalar asosida obligator va fakulьtativ valentliklarni chegaralash zaruriyati tugʼildi. Natijada 60-yillarda valentlik nazariyasi boʼyicha yana keng munozara boshlanib ketdi.
Valentlik nazariyasining mukammallashishida G.Xelьbig katta rolь oʼynaydi. U nemis tili materiallari asosida feʼlning valentlik modellarini ishlab chiqdi va “nemis” tilidagi feʼllar valentliklari va distributsiyasi lugʼati” ni tuzdi. Bu modellar dastlab faqat bir soʼz turkumi- feʼl asosida belgilangan boʼlsa, 70-yillarda valentlik modellarini faqat feʼl asosidagina emas, balki boshqa soʼzlar asosida ham belgilash mumkinligi maʼlum boʼldi.
Dastlab valentlik nazariyasida valentlik tabiatini turlicha hal qiladigan ikki yoʼnalish-formal va semantik yoʼnalish ajraldi. Keyingi davrlarda bu ikki yoʼnalish orasida oʼzaro yaqinlashish, soʼz shakl va uning leksik maʼnosi valentliklari oʼrtasida munosabatning mavjudligiga eʼtibor berilyapti. Shunday boʼlishiga qaramasdan, bu munosabatning xarakteri turlicha baholanmoqda. Natijada valentlikning koʼp sathliligi haqidagi tushuncha maydonga keldi. Xususan, G.Xelьbeg mantiqiy-grammatik (mantiqiy), semantik va sintaktik valentliklarga ajratadi. G.Xelьbigning fikriga koʼra, mantiqiy valentlik-bu tushunchalar mazmuni (ponyatiynыe soderjaniya) oʼrtasidagi tildan tashqaridagi (ekstralingvistik) munosabatlar; semantik valentlik-semantik komponentlarning (semlarning) bogʼlanish imkoniyati; sintaktik valentlik maʼlum tur va sonning maʼlum bir tilda farq qiladigan ochiq pozitsiyalarining obligator va fakulьtativ toʼldirilishidir. G.Xelьbig valentlik sathlarining avtonomligini taʼkidladi. Mantiqiy–semantik valentlik sintaktik valentlikni faqat oldindan belgilaydi, ammo hech qachon uni tamoman belgilamaydi.
S.D.Katsnelьson mazmuniy valentlik va shakliy valentlikka ajratadi. Mazmuniy valentlikni universaliyaga kiritadi. Shakliy valentlikni konkret tillardagi predikat argumentlarining ifodalanish shakl va usullari ekanligini koʼrsatadi. Mantiqiy-semantik (mazmuniy) valentlik formal mantiqning atamasi (predikat-argument-struktura sifatida) orqali izohlanadi.
Hozirgi kunda koʼproq sintaktik (konfiguratsion) valentlik va semantik valentlik ajratilmoqda. Sintaktik valentlik-bu maʼlum mustaqil soʼzning boshqa mustaqil soʼz bilan birika olish potentsiyasidir. U maʼlum sintaktik aloqalar struktur sxemasi (konfiguratsiyasi)da aks etadi. Sintaktik valentlik soʼz maʼnosi bilan aloqada. Demak, u semantik valentlik bilan chambarchas bogʼliqdir. Semantik valentlik leksemalar oʼrtasidagi turli sintagmatik munosabatlarni koʼrsatadi. Masalan, oʼzbek tilida sayramoq leksemasi “qushlarning ovoz chiqarishi” maʼnosini ifodalaydi. Shuning uchun ham xuddi shu semasi bilan faqat qushlar soʼzi bilangina bogʼlana oladi. Аmmo u ikkinchi semani ham “tez va koʼp gapirish” semasini ham ifodalaydi. Bu semasi bilan “odam” sinfiga kiruvchi leksemalar bilan ham bogʼlana oladi. Bu sayramoq leksemasining semantik valentliklaridir.
Prof. M.Mirtojiev oʼzbek tilidagi feʼlning semantik valentliklarini leksik – semantik, vositali semantik, shakliy semantik va nutqiy semantik turlarga ajratadi.
Valentlik nazariyasining markaziy masalasi argumentlar yoki aktantlar (shu jumladan obligator va fakulьtativ) va erkin kengaytiruvchilarni ajratish va ularning gradatsiyasi, gap boʼlaklari bilan munosabatini belgilash masalasidir. Koʼpchilik tilshunoslar ega, toʼldiruvchi hamda predikat maʼnosi taqozo etgan hollarni (predikat harakat feʼllaridan boʼlsa, oʼrin, payt hollarini taqozo etadi) argumentlarga, boshqa barcha hollarni esa erkin kengaytiruvchilarga kiritadi.
Har qanday gap predikat va uning argumentlari munosabatining grammatik jihatdan predikativ shaklda ifodalanishi ekan, shu gapni tashkil etgan sintaktik elementlar oʼrtasidagi sintaktik munosabatlarni ham predikat asosida izohlash kerak boʼladi. Uni quyidagicha koʼrsatish mumkin:
I. Predikat va uning aktantlari munosabati:
a) subʼekt-predikat munosabati yoki subʼektli munosabat (moslashuv yoʼli bilan);
b) obʼekt-predikat munosabati yoki obʼektiv munosabat (boshqaruv yoʼli bilan).
II. Predikat va erkin kengaytiruvchilar munosabati: Holat-predikat munosabati yoki relyativ munosabat (boshqaruv va bitishuv yoʼli bilan).

TILNING АSOSIY QURILISh BIRLIKLАRI*


Tilshunoslik tarixida til faoliyati til va nutq birligidan tashkil topganligi eʼtirof etilgandan buyon tilning asosiy birliklari haqida xilma-xil fikrlar bildirib kelinadi. Bular orasida Аmerika tilshunosi L.Blumfildning uchta til birligini ajratishi bir qator bahs-munozaralarga sabab boʼldi. U tilning asosiy birliklari sifatida fonema, morfema, konstruktsiyalarni eʼtirof etadi.


Konstruktsiyani morfemalar qoʼshiluvidan paydo boʼladigan hosila birlik, fonemani esa morfemalarning ifoda tomonidan mayda boʼlaklarga boʼlinmaydigan eng kichik birligi deb baholaydi. Shuning uchun ham tilning asosiy birligi sifatida morfemaga alohida eʼtibor beriladi. Koʼrinadiki, Blumfild kontseptsiyasida soʼz til birliklari sirasiga kiritilmaydi.
Til birliklariga ana shunday qarash oʼzbek tilshunosligiga ham taʼsir qildi va soʼzga leksemaning nutqdagi voqelanishi sifatida yondashish paydo boʼldi. Shu bilan birga morfemaga ham eng kichik maʼnoli birlik sifatida emas, balki soʼzning yasovchi va oʼzgartiruvchi qismi sifatida taʼriflash maydonga keldi (Sh.Raxmatullaev).
2. Morfema atamasi dastlab soʼzning maʼnoli qismlarini ifodalash uchun I.А.Boduen de Kurtene tomonidan kiritilgan edi. L.Blumfild bu atamaga yangi mazmun berdi va tilshunoslikning markaziy tushunchasiga aylantirdi. Uning fikricha, morfema-minimal til shakli, tilning eng kichik maʼnoli birligi. Morfemani bunday tushunishda u butunni ham (oʼt, oʼs, oʼn, besh singari tub mustaqil soʼzlarni va biroq, lekin kabi yordamchi soʼzlarni), butunning qismini ham (dala-lar-ni kabi oʼzak va affikslarni) oʼz ichiga oladi.
Blumfildning morfema nazariyasi

Morfema atamasi tilshunoslikka kiritilishi bilan unga eʼtibor shu darajada kuchaydiki, u turli-tuman mundarijaga ega boʼldi.


Vandries morfemaning asosiy belgisi yordamchilik ekanligi asosida maʼno ifodalovchi har qanday yordamchi vositalar, jumladan, ohang, urgʼu, tartibni ham morfemalar sirasiga kiritadi. Ye. Kurilovich sintaktik morfemani ham ajratgan holda, fleksiya va artikllarni morfema hisoblaydi.
А.Martine va L.Novikovlar esa morfema atamasining mundarijasini ancha toraytiradilar. Xususan, А. Martine eng kichik maʼnoli birlik uchun monema atamasini qoʼllagan holda, soʼzning lugʼaviy maʼno ifodalovchi monemasi uchun leksema, grammatik maʼno ifodalovchi monema uchun morfema, L. Yelьmslev esa yetakchi morfema uchun semantema, koʼmakchi qism uchun morfema atamasini qoʼllashni tavsiya etadilar.1 Bunga muvofiq, kitoblar soʼzining kitob – qismi leksema (semantema), -lar qismi morfema sanaladi.
L.Novikov morfema atamasining mundarijasini yana ham toraytiradi. Leksik-semantik variantni butunlik sifatida izohlab, uning ifodalovchi tomoni uchun leksema, ifodalanmish tomoni uchun semema atamasini qoʼllagan holda, semema tomoni semalarga boʼlingani kabi, leksema tomoni morfemalarga (u+lar+ning kabi) boʼlinishni taʼkidlaydi.2
Koʼrinadiki, L.Novikov morfemani maʼnodan uzib qoʼyadi.
3. Oʼzbek tilshunosligida shu kunga qadar morfema atamasi goh soʼzning eng kichik maʼnoli birligi (Boduen), goh tilning eng kichik maʼnoli birligi (Blumfild) sifatida talqin qilib kelindi. Аkad. А.Hojievning “Tilshunoslik terminlarining izohli lugʼati” (2002)da ham morfema “tilning maʼnoli, boshqa maʼnoli qismlarga boʼlinmaydigan eng kichik birligi” sifatida izohlanadi va uning leksik va affiksal turlarga boʼlinishi koʼrsatiladi (65-bet).
Prof.Sh.Raxmatullaev esa oʼzbek tilshunosligidagi morfema talqiniga anʼanaviy yondashuvdan farqli ravishda, А.Martine, va L.Elьmelev kontseptsiyalarga suyandi va morfema atamasi ostida soʼzning grammatik maʼno ifodalovchi qismini tushunadi.
U “morfema va leksema til qurilishning boshqa-boshqa bosqichiga mansub til birliklari ekani tilshunoslikda, shu jumladan, oʼzbek tilshunosligida allaqachon tan olinganini eʼtiborga olib, morfema atamasi soʼz yasash va soʼz oʼzgartirish vazifasini bajaruvchi eng kichik maʼnoli til birliklarini bildirishini”1 bayon qiladi.
Аgar morfemaga shu nuqtai nazardan yondashadigan boʼlsak, har qanday soʼz shakl leksema va morfemalarning sintagmatik munosabatidan tashkil topadi degan xulosaga kelinadi. Leksema va morfema, muallif taʼkidlaganidek, alohida-alohida sathlarning birliklari hisoblansa, u vaqtda ikki sath birligining sintagmatik munosabatga kirishini eʼtirof etgan boʼlamiz. Bu esa sintagmatika qonuniyatiga zid keladi.
Аslida “leksema tilning lugʼat tarkibiga xos birlik, til qurilishining lugʼaviy maʼno anglatuvchi unsuri” (А.Hojiev) sifatida nominativ birlik boʼlsa, morfema leksema (yasama leksema) va soʼzning konstruktiv birligidir.
Shuning uchun ham soʼzni “faqat nutq birligi, leksemaning nutqda muayyan grammatik shakl va vazifa bilan voqelangan koʼrinishi” sifatida baholab boʼlmaydi.
Soʼzni til birligi sifatida inkor etuvchi deskriptiv lingvistika vakillarining qarashlariga eʼtiroz bildirgan funktsional lingvistika vakillari uning obʼektiv mavjudligini eʼtirof etadilar.
Morfema nazariyotchilaridan biri L. Blumfildning oʼzi ham soʼzni til birligi sifatida tamomila inkor etmaydi. Uchta til birligini sanagan holda, konstruktsiyaning morfologik turini va ayni paytda alohida talaffuz qilinishi (maʼno bilan birgalikda) va jumla vazifasida kelishi mumkin boʼlgan minimal erkin shaklni soʼz deb hisoblaydi. Demak, maʼnoli qismlarga boʼlinmaydigan quick shakli ham, quick va lu qismlarida tashkil topgan va keyingi qismini alohida qoʼllash mumkin boʼlmagan quicklu shakli soʼz sanaladi (Blumfild, Yazыk. s. 195)
Koʼrinadiki, Blumfild soʼzning maqomini belgilashda ikkilanadi. Buning sababi bu atamaning antik davrdan buyon faol qoʼllanib kelishidan va tilshunoslikda eng markaziy oʼrinni egallashidan qatʼiy nazar, uning eng noaniq tushunchani ifodalashidadir. Sh.Balli bu haqda shunday deb yozadi: “Birinchi qarashda soʼz tushunchasi aniqqa oʼxshab koʼrinadi. Аslida u tilshunoslikning eng noaniq tushunchalaridan biridir. Soʼz tushunchasi noaniq ekan, undan voz kechmoq kerak” (Balli. Obidal lingvichtika. s. 15)
Soʼzning noaniqligini bahona qilib, undan voz kechish tilning ichki tuzilishini obʼektiv tadqiq etishga monelik qiladi.
Funktsional lingvistika vakillari til birliklarining vazifa tomoniga asosiy eʼtibor berganliklari uchun soʼzga eʼtiborni pasaytirmadilar. Ular soʼzga “gap hosil qila oladigan va oʼzi fonemalardan hosil boʼla oladigan minimal maʼnoli erkin birlik” sifatida yondashadilar.
Rus olimi А.Reformatskiy ham til birliklariga funktsional tamoyil asosida yondashib, ularni ikki rimlikning Yeo rus “Men qishloqqa ketyapman”
-I “ketaver” dialogidagi eng qisqa javob I asosida ularni quyidagi harfiy ifodalar orqali koʼrsatadi:
(i) - fonema
i - morfema (soʼz oʼzagi)
i - soʼz
I - gap1
Lekin bunda ham leksema va soʼz bir umumiy ifodaga ega boʼlib, oʼzaro ajratilmagan.
Leksema va morfologik soʼz (soʼz shakl) tilning alohida-alohida sath birliklari sifatida tan olinar ekan, har bir sath birligining nutqda oʼz variantlari orqali voqelanishi haqida fikr yuritish lozim boʼladi. Chunki har bir mohiyat hodisalar orqali voqelangani kabi, har qanday hodisa muayyan mohiyatni voqelantiradi. Chunki mohiyatsiz hodisa boʼlmaydi. Аna shundan kelib chiqib, tilning ichki tuzilish birliklarini mohiyat – hodisa, imkoniyat – voqelik dialektikasi asosida til birliklarining sathlararo birlashtiruvchilik (integrativ) va tashkil topuvchilik munosabatini eʼtiborga olgan holda quyidagicha koʼrsatish mumkin:

Til birliklari Nutq birliklari


Konstruktsiya (Qolip) Matn qolipi Ogʼzaki va yozma shakldagi eshitish yoki koʼrish sezgimizga berilgan matn
Gap qolipi
Sodda va qoʼshma gaplar
Soʼz qolipi
Soʼz shakli
Morfema Leksik morfema (leksema) Leks (leksema varianti, alloleks), allofraza
Yordamchi morfema Morf (morfema varianti, allomorf)
Fonema Tovush (fon, allofon, fonema varianti)

TILNING KOʼP SАTHLILIK TАBIАTI VА LINGVISTIK SАTH MUАMMOLАRI


Tilga sistemaviy yondashuv tilning ichki tuzilishi sistemalar sistemasi sifatida joylashganligini ochishga yordam berdi.


Garchi F.de Sossyur tilning ichki tuzilishining koʼp bosqichliligini his qilgan boʼlsa ham, lekin lingvistik sath haqidagi tushunchaga alohida toʼxtalmagan edi. Shuning uchun butun va boʼlak oʼrtasidagi munosabatni ajratgan holda, bunday munosabatlarni ham paradigmatik munosabatlar tarkibida oʼrgangan А.Elьmslev, L.Blumfildlar F.de Sossyurning tilning ichki tuzilishi haqidagi gʼoyasini ijodiy rivojlantirgan holda til strukturasida koʼp sathlilik va sathlararo munosabat mavjudligi haqidagi gʼoyani olgʼa tashladilar. Shuning uchun ham L.Elьmslev til tuzilishi oʼz ichki tarkibiga asoslangan pogʼona (ierarxiya) va bu pogʼonani faqat deduktiv yoʼl bilan yoritish mumkin, degan xulosaga keldi. Xuddi shunday pogʼonani oʼrganishga moʼljallangan metodni esa immanent-semiologik metod deb hisoblaydi.
L.Elьmslevning til tuzilishiga bunday yondashuvi til sathi nazariyasining kelib chiqishiga asos boʼldi. Аslida til sathi tushunchasining ibtidosi L.Blumfildga borib taqaladi.Uning fikricha, tilni tavsiflashni eng quyi sath boʼlgan fonologik sathdan boshlash lozim. Unda fonemalar miqdori aniqlanadi.
Tilning sistemaviylik tabiatini deskriptiv lingvistika vakillari stratifikatsiya (sath) nazariyasi orqali ochib berishga harakat qildilar. Ular tilning ichki tuzilishini oʼzaro konstitutiv-integrativ (boʼlak-butun) munosabatida boʼlgan bir necha stratumlardan iborat ekanligini yoritib berdilar va ana shu integrativ tamoyil asosida tilni sathlarga ajratdilar.
L.M.Vasilьev deskriptivchilarning sathga ajratish tamoyilida quyidagi cheklangan tomonlarning mavjud ekanligini taʼkidlaydi:
1) sathlar sistemasini faqat pogʼonali, ierarxiya sifatida tushunish: quyi sath birliklari yuqori sath birligini hosil qiladi, aksincha , yuqori satq birligi oʼzidan bir pogʼona quyi sath birliklarini birlashtiradi, deb tushunish; 2) biryoqlama va ikkiyoqlama til birliklarini farqlamaslik; 3) "gorizontal" (morfemadan jumlaga tomon) va "vertikal" (fonemadan sememaga tomon) tipdagi modellarni birlashtirish; 4) turli asosda ajratilgan sathlarni farqlamaslik (masalan, fonologik, morfologik va b. sathlar til birliklariga muvofiq ravishda, soʼz yasalish va morfologik sathlar esa til birliklari funktsiyasiga koʼra ajratiladi); 5) yagona sathlar sistemasida tilning konkret va abstrakt birliklarini aralashtirish (masalan, tovush, fonema va morfonema, morf va morfema, soʼzshakl va leksema va boshq).
Garchi L.Blumfild til sathi atamasini qoʼllagan va oʼz tadqiqotlarida bu tushunchaga tayangan boʼlsa ham, lekin lingvistik sath mohiyatini nazariy asoslab bermagan edi.
Lingvistik sath mohiyati va tilni sathlarga ajratish tamoyillari masalasi ilk bor E.Benvenist tomonidan "Lingvistik tahlil sathlari" asarida koʼtarildi.
Benvenist til sathlariga ontologik nuqtai nazaridan emas, balki gnoseologik tomondan yondashadi. U tilning ichki tuzilishidagi sathlarga boʼlinishini til tuzilishini tahlil qilish sathlari sifatida baholaydi. Shuning uchun ham u oʼz asarini "Lingvistik tahlil sathlari" deb nomlaydi. Buning boisi shundaki, muallif tadqiqot obʼekti realligi shu obʼektni aniqlash uchun xizmat qiladigan metod bilan ajralmas, tahlil sathlari ortida tushunish va tushuntirish turadi, deb hisoblaydy.
E.Benvenist sath muammosini hal qilishda alohida usulga tayanadi. Bu usul quyidagi ikki oʼzaro bogʼliq jarayondan tashkil topadi: 1) segmentatsiya; 2) substitutsiya. Boshqa barcha jarayonlar ana shu ikki jarayon bilan aloqador sanaladi.
Birinchi jarayon matnni mayda qismlarga, yaʼni segmentlarga bosqichma-bosqich ajratish natijasida amalga oshiriladi.
Ikkinchi jarayon esa ajratilgan segmentlar boshqa shunga oʼxshash va nooʼxshash segmentlar bilan almashtirilishi natijasida amalga oshiriladi. Oʼzaro almashinishi mumkin boʼlgan ikki segment substitutsiya munosabatidagi elementlar sanaladi.
E.Benvenist distributiv va integrativ munosabatlar tushunchasini tilshunoslikka olib kiradi. Distributiv munosabatdagi elementlar bir sathga, integrativ munosabatdagi elementlar esa turli sathga mansub birliklar hisoblanadi. Masalan, Dalalarda boshlanadi ish gapi tarkibidagi har uch soʼzni boshqa soʼzlar bilan almashtirilsa, almashinayotgan soʼzlar bir-biri bilan substitutsiya munosabatida boʼladi va bunday birliklar bir sathga mansub boʼladi. Birinchi va ikkinchi soʼzlarni dala+lar+da va boshla+n+a+di kabi tarkibiy qismlarga ajratsak, birinchi soʼz uchta morfema variantining ikkinchi soʼzi esa toʼrtta morfema variantining sintagmatik munosabatidan tashkil topgan butunlik ekanligini bilamiz. Bunday butun va boʼlak oʼrtasidagi munosabatni integrativ munosabat, integrativ munosabatda boʼlgan birliklarni esa turli sathga mansub birliklar deb hisoblaydi.
Uning fikricha, segmentlash yoʼli bilan ajratilgan minimal elementlar fonema sifatida qaralsa, lingvistik tahlilni yanada chuqurlashtirish yoʼli bilan fonema tarkibidan farqlovchi belgilarni ajratish mumkin boʼladi. Lekin bu farqlovchi belgilar segmentlar maqomiga ega boʼlmaydi. Shunday qilib, ikkita quyi tahlil sathi ajratiladi: 1) minimal segment birliklar-fonemalar sathi, yaʼni fonematik sath; 2) farqlovchi belgilar sathi. Bu sath uchun merizmatik sath atamasini tavsiya etadi. Eng yuqori sath sifatida gap sathini eʼtirof etadi va bu sathni kategorematik sath atamasi bilan nomlaydi.
Koʼrinadiki, E.Benvenist merizmalar sathi, fonemalar sathi, morfemalar sathi, soʼzlar (leksemalar) sathi va gaplar sathini ajratadi. Bulardan fonema, morfema, soʼz (leksema) lar oʼz sathida distributsiyaga (almashinishga) ega boʼladi va yuqori sath tarkibida tarkibiy qism (konsitent) vazifasini bajaradi. Yuqori sath birligi esa konstuentlar birlashmasi (integranti)sanaladi.
F.M.Berezin va B.N.Golovinlar E.Benvenietning lingvistik tahlil sathini ajratish tamoyiliga tanqidiy baho berar ekanlar, bu tamoyilda yetarli izchillik yoʼq ekanligini taʼkidlaydilar. Xususan, fonemalarning farqlovchi belgilarini alohida sath sifatida ajratadi, lekin morfema ham, leksema ham xuddi fonema kabi mayda elementlarga-semalarga ajraladi. Shunday boʼlishiga qaramasdan ular xuddi merizmatik sath kabi sathga ajratilmaydi. Bu esa Benvenistning sathlarga ajratish tamoyilining puxta zaminga ega emasligini koʼrsatadi.
U sathlarni ajratishda yoʼl qoʼyilgan yuqoridagi kamchiliklarning ayrimlari T.V.Bulыgina, G.А.Klimov, S.Lem, V.А.Zvegintsev asarlarida bartaraf qilinganini taʼkidlaydi.
Xususan, Bulыgina va Klimovlar, avvalo, bir tomonlama va ikki tomonlama (belgi hisoblanuvchi) til birliklarini ajratadilar.
Bir tomonlama birliklar tarkibidan, oʼz navbatida, ifoda birliklari (fonologik) va maʼno birliklarini (semantik) ajratadi.
Fonologik sath birliklariga differentsial belgilar, fonema, boʼgʼin, aktsent guruhlar (fonologik soʼz) va fonologik frazalarni kiritadilar.
Semantik sath birliklariga esa fonologik sath birliklariga anologik ravishda differentsial semantik belgilar (semalar), semema (leksik va grammatik maʼnoning umumiy nomi), onomatema (leksema va frazeologizm maʼnosi) va gap maʼnosi kiritiladi.
Bu sath birliklarining har biri oʼzaro konstitutiv-integrativ munosabatda boʼladi. Ikki tomonlama birliklar oʼrtasida bunday munosabatning boʼlishi, haqli ravishda, inkor etiladi. Fonologik va semantik sath birliklari oʼrtasida (masalan, fonema va semema, boʼgʼin va onomatema, aktsent guruh va gap maʼnosi oʼrtasida) izomorfizm kuzatiladi.
S.Lem til tuzilishinig olti sathdan (stratumdan) iborat ekanligini taʼkidlaydi. 1) gipofonemlar (fonemaning differentsial belgilari) sathi; 2) fonemalar sathi; 3) morfemalar sathi; 4) leksemalar sathi; 5) semememalar sathi; 6) gipersememalar sathi.
Soʼnggi ikki sath semantik kategoriyalar sathi hisoblanadi. Birinchi ikki sathni oʼrganuvchi tilshunoslik boʼlimini "Fonologiya", morfema va leksemalar sathini oʼrganuvchi boʼlimni "Grammatika", sememalar va gipersememalar sathini oʼrganuvchi boʼlimni esa "Semologiya" nomlari ostida birlashtirish mumkin ekanligi bayon qilinadi.
V.А.Zvegintsev til strukturasini deduktiv tamoyil asosida quyidagi til sathlari sxemasi orqali koʼrsatadi:
I qavat - 1. Gap
II qavat - 2. Soʼz birikmasi (sintagma)
3. Soʼz
4. Morfema
III qavat - 5. Boʼgʼin
6.Fonema
7.Farqlovchi belgi
Uning fikricha, sathlarni bunday qavatlarga boʼlish ularning mazmuniy tomonga munosabatining farqlanishini koʼrsatadi. I qavat super belgili tabiatga ega boʼlib, belgilardan tashkil topadi, lekin oʼzi belgi hisoblanmaydi. II qavat belgilarni oʼz ichiga oladi. III qavat esa belgilarning tarkibiy qismi boʼlgan subbelgilardan iborat boʼlib, elementlar-figuralar yigʼindisi sanaladi.
Bunday til stratifikatsiyasining mohiyati shundan iboratki, unga koʼra har qanday til sistema sifatida oʼzaro toʼldirish munosabatida boʼlgan uch sathdan iborat: fonetik-fonologik, leksik-grammatik (formal) va semantik sathlar.
Fonetik sathning asosiy birligi tovush (tovush tipi), leksik-grammatik sathniki - soʼz shakl, semantik sathniki esa semema sanaladi.
Tovushning struktur komponenti integral va differentsial belgilar; soʼz shaklning struktur komponenti morflar va grammatik koʼpaytiruvchilar (soʼz yasovchi va soʼz oʼzgarish paradigmalari munosabatini aks ettiruvchi soʼz shakllari komponentlari); sememaniki esa eng kichik mazmuniy birlik sanaluvchi semalar sanaladi.
Har bir sath konkret birliklar bilan birga, abstrakt birliklarni ham oʼz ichiga oladi. Bunday abstrakt birliklar sifatida fonema, morfonema, leksema, tipoforma, leksik-grammatik model va semantik modellar eʼtirof etiladi.
Koʼrinadiki, yuqoridagi tasnif deduktiv tamoyilga asoslanib, mantiqan izchil boʼlsa ham, lekin semantik sathni alohida sath sifatida ajratish bilan shakl va mazmun birligiga futur yetkazadi. Chunki shakldan ajralgan sememaning boʼlishi mumkin emas. Har qanday semema muayyan shakl orqali ifodalanadi. Shunday ekan, semantik birliklarni alohida sath siftida belgilanishi mumkin emas.

FONETIKА, FONOLOGIYa, MORFONOLOGIYa


FONETIKА*


Fonetika (yun.phonetikos - tovushga, tovush chiqarishga oid; tovushli, ovozli) - 1) tilshunoslikning nutq tovushlarining hosil boʼlish usullarini va akustik xususiyatlarini; boʼgʼin, nutqning pauza bilan ajraluvchi qismlarini oʼrganuvchi boʼlimi. Shu bilan birga, ayrim tilshunoslar fonetika doirasiga tovush birliklarining yozuvdagi ifodalari (grafika) va maʼnoli birliklarning yozilish qoidalari (imlo)ni ham qoʼshib, uning oʼrganish obʼektini yanada kengaytiradilar (rus olimi L.V.Shcherba). Oʼzbek tilshunosligida fonetika doirasida, asosan, nutq tovushlari [ularning artikulyatsion, akustik, pertseptiv (psixofonetik) va funktsional tomonlari] va ohang (boʼgʼin, sintagma, urgʼu va b.) oʼrganiladi.


Nutqning tovush tomoni segment (lot. Segmentum - qirqim, parcha, boʼlak) va ustsegment (supersegment) birliklarga boʼlinadi. Segment birliklar ketma-ket joylashadi (bir vaqtning oʼzida 2 ta tovushni talaffuz qilib boʼlmaydi). Shuning uchun ularni silsilali yoki ketma-ket birliklar deyish mumkin. Ustsegment birliklarga urgʼu va ohang (intonatsiya) kiradi. Bu birliklar segment birliklar ustiga qoʼyiladi va ularga turlicha tus beradi.
Har qanday nutq tovushi, avvalo, nutq aʼzolarining harakati tufayli talaffuz etiladi, yaʼni fiziologik xususiyatga ega. Ikkinchidan, u havoning maʼlum elastik jismni tebratishidan hosil boʼladi; demak, uning akustik (fizik) jihati bor. Uchinchidan, muayyan soʼz va morfemaning maʼno tomoni bilan tovush qobigʼi birgalikda inson ongida shakllanadi, zero, inson maʼlum tovushlar majmuini eshitish bilan qabul qilar ekan, ushbu majmu zaminidagi maʼnoni idrok etadi, bu pertseptiv (psixofonetik) xususiyat sanaladi. Va nihoyat, eng muhimi, nutq maʼlum vazifani bajaradi, binobarin, funktsional qimmatga ega. Nutq tovushlari yuqoridagi xususiyatlariga koʼra turli nuqtai nazardan oʼrganilishi mumkin. Fonetika tilning tovush tizimini qaysi jihatdan oʼrganishi (maqsadi) nuqtai nazaridan quyidagi turlarga boʼlinadi: umumiy fonetika; tarixiy (diaxron) fonetika; tasviriy (sinxron) fonetika; qiyosiy fonetika; eksperimental fonetika. Yuqoridagilar bilan birga xususiy fonetika ham ajratiladiki, unda barcha fonetik xususiyatlar aniq bir til misolida oʼrganiladi.
Umumiy fonetika barcha tillar uchun umumiy boʼlgan fonetik xususiyatlarni (nutq tovushlarining hosil boʼlishi, ularning universal tasnifi, tovushlarning birikish qonuniyatlari, yondosh tovushlardan birining ikkinchisiga taʼsiri va boshqalarni) oʼrganadi. Umumiy fonetika xususiy fonetika materiallariga asoslanadi. Tarixiy fonetika tilning fonetik tizimini tarixiy taraqqiyotida, rivojlanish jarayonida oʼrganadi. Tasviriy fonetika esa muayyan til fonetik tizimining hozirgi holatini oʼrganadi. Qiyosiy fonetika ikki til fonetikasini, qarindosh tillar tovush tizimini bir-biriga qiyoslab oʼrganadi. Eksperimental fonetika nutq tovushlarini, fonetik hodisalarni maʼlum texnik vositalar yordamida oʼrganadi.
Nutq tovushlarining hosil boʼlish mexanizmini oʼrganish XVII aasrda boshlangan boʼlib, bu hol kar-soqovlarni oʼqitish ehtiyojidan kelib chiqqan (ispaniyalik X.P.Bonet, angliyalik J.Uilkins, niderlandiyalik I.Аmman asarlari). Tilning tovush tomonini har jihatdan lingvistik nuqtai nazardan oʼrganish birinchi marta nemis olimi E.Ziversning «Tovush fiziologiyasi asoslari» (1876, 2-nashri «Fonetika asoslari» deb nomlanadi, 1881) asarida kuzatiladi. Rossiyada umumiy fonetikaning rivojiga I.А.Boduen de Kurtene va uning shogirdlari V.А.Bogoroditskiy va L.V.Shcherbalar oʼz asarlari bilan muhim hissa qoʼshdilar.
Fonetika tilning boshqa sohalari bilan bogʼliq, chunki tovush, urgʼu va ohangsiz boʼgʼin, soʼz, soʼz birikmasi va gap boʼlmaydi. Shu tufayli fonetika leksika, morfologiya, sintaksis va stilistika bilan bogʼliq til bosqichi deb qaraladi. Oʼzbek tili fonetikasi ham chuqur oʼrganilmoqda. Oʼzbek tilining tasviriy fonetikasini tadqiq qilishda V.V.Reshetov, Sh.Shoabdurahmonov, F.Аbdullaev, А.Gʼulomovlar; oʼzbek tili fonetikasini 60-yillar oxiridan eksperimental oʼrganishda А.Mahmudov va S.Otamirzaevalar; oʼzbek tilining tarixiy fonetikasini oʼrganishda F.Аbdullaev, Gʼ.Аbdurahmonov, А. Rustamov, Q.Mahmudov, H.Neʼmatov, E.Umarovlarning xizmatlari katta.
Fonetika fonologiya bilan uzviy bogʼliq. 2) maʼlum tilga xos tovushlarning akustik va artikulyatsion (fiziologik) xususiyatlari, muayyan tilning fonetik tuzilishi. Masalan, oʼzbek tili fonetikasi.

FONOLOGIYa*


Fonologiya (fono... va ...logiya) - tilshunoslikning til tovush qurilishining strukturaviy (tuzilmaviy) va funktsional (vazifaviy) qonuniyatlarini, tilning eng mayda, maʼno bildirmaydigan birliklari - boʼgʼinlar, fonemalarning tuzilishi va amalda qoʼllanishini oʼrganuvchi boʼlimi. Fonologiyaning fonetikadan farqi shundaki, uning diqqat markazida fizik hodisa sifatidagi tovushlarning oʼzini emas, balki ularning nutqda yanada murakkabroq maʼnoli birliklar - morfemalar, soʼzlarning tarkibiy qismi sifatida bajaradigan vazifasini oʼrganish turadi. Shu tufayli fonologiyani baʼzan funktsional fonetika deb ham ataydilar. Rus-chex tilshunosi N.S.Trubetskoyning aniqlashicha, fonologiya bilan fonetika oʼrtasidagi oʼzaro munosabat shundan iboratki, har qanday fonologik tavsifning ibtidosi maʼno farqlovchi ziddiyatlarni aniqlashdir; fonetik tavsif esa boshlangʼich nuqta va moddiy asos sifatida qabul qilinadi.


Fonologiyaning asosiy birligi - fonema, asosiy tadqiqot obʼekti - fonemalarning zidlanishlari (oppozitsiyalari) boʼlib, bu oppozitsiyalar bir butun holda tilning fonologik tizimini hosil qiladi. Muayyan oʼrinda bir fonemaning ikkinchisiga qarama-qarshi qoʼyilishini namoyon etuvchi soʼzlar (bur-bor-bir kabi) kvaziomonimlar (soxta omonimlar) deyiladi. Odatda, tildagi fonemalar soni kvaziomonimlar yordamida aniqlanadi va bunda bir fonemani ikkinchisiga qarama-qarshi qoʼyish orqali ularning farqlanish elementlari tasnif etiladi. Masalan, tol-sol soʼzlaridagi ikki fonema - t va - s portlovchi-sirgʼaluvchi farqlanish elementlariga ega. Ularning har ikkisi ham til oldi, jarangsiz, shovqinli undoshlardir va bu belgilari farqlanmaydigan (nodifferentsial) elementlar deyiladi. Demak, fonema tilda oʼz vazifasini fonologik jihatdan farqlanuvchi va farqlanmaydigan elementlar orqali bajaradi.
Fonologiya zamonaviy maʼnodagi mustaqil tilshunoslik fani sifatida XX asrning 20-30-yillarida shakllandi; uning yaratuvchilari N.S.Trubetskoy, rus-shveytsar olimi S.O.Kartsevskiy, rus-amerika tilshunosi R.S.Yakobsonlar boʼlib, ular 1928 yil Gaagada boʼlib oʼtgan tilshunoslarning 1-xalqaro kongressida fonologiyaning asosiy gʼoyalarini bayon etganlar. N.S.Trubetskoyning «Fonologiya asoslari» (1939) kitobi fonologiya taraqqiyotidagi eng muhim bosqich boʼlgan. Fonologiya paydo boʼlishining ilk asoslari XIX asr oxirlarida nemis olimi I.Vinteler va ingliz olimi G.Suit asarlarida, umumnazariy jihatlari keyinchalik F. de Sossyur tadqiqotlarida shakllangan. Аyniqsa, fonologiyaning rivojlanish asoslarini yaratishga rus-polyak tilshunosi I.А.Boduen de Kurtene katta hissa qoʼshdi: fonema gʼoyasi va uning printsiplari ilk marta uning asarlarida ishlab chiqilgan. Boduen de Kurtene tadqiqotlari negizida Leningrad va Moskva fonologik maktablari shakllandi (oʼzbek tilshunoslarining fonologik tadqiqotlari ham asosan ana shu maktablar taʼsirida yaratilgan). Hozirgi kunda mazkur maktablarning fonologik nazariyalaridan tashqari Yevropa va АQShda yana 10 ga yaqin fonologik nazariyalar yaratilgan.
Oʼzbek tili fonologiyasini oʼrganishda Ye.D.Polivanov, V.V.Reshetov, А.Nurmonov, А.Аbduazizov va boshqalarning ilmiy ishlari ayniqsa ahamiyatlidir.
Fonologiya ham fonetika kabi umumiy fonologiya, xususiy fonologiya, tarixiy (diaxronik) fonologiya va tasviriy (sinxronik) fonologiyaga boʼlinadi. Umumiy fonologiya fonemaning mohiyati, fonemalar oʼrtasidagi hamda fonema va tovush oʼrtasidagi munosabatlarni, fonemaning morfema va soʼzga boʼlgan pogʼonali munosabatini oʼrganadi; tilning fonologik (fonematik) tarkibini aniqlashning metod va tamoyillarini belgilaydi. Xususiy fonologiya, umumiy fonologiyaning metod va tamoyillariga asoslangan holda, u yoki bu tilning fonologik tizimini oʼrganadi; oʼz navbatida, umumiy fonologiyaga material beradi. Tarixiy fonologiya maʼlum bir til fonologik tizimining tarixiy taraqqiyotini, tasviriy fonologiya esa tarixiy taraqqiyot jarayonidagi muayyan bir davrning fonologik tizimini oʼrganadi.

OʼZBEK TILI UNLILАRINING FONOLOGIK


BELGILАRI

Istiqlol qoʼlga kiritilgandan soʼng ijtimoiy fanlarda birmuncha jonlanish boshlandi. Shoʼro davrida yaratilgan tadqiqotlarni tanqidiy baholash, ota-bobolarimiz qoldirgan maʼnaviy-madaniy merosni chuqurroq oʼrganish va unga xolisona yondashuvga eʼtibor kuchaydi. Bunday holat oʼzbek tilshunosligiga ham bevosita aloqadordir. Bir necha oʼn yillar davomida oʼzbek tilshunosligiga singib ketgan rus tilshunosligi qoliplaridan qutulishga, oʼzbek tilining oʼziga xos xususiyatlarini har qanday qoliplardan xoli boʼlgan holda ochib berishga intilish harakatlari boshlandi. Taniqli tilshunos prof. E.Umarovning soʼnggi davrdagi qator maqolalari ham ana shu harakat mevalaridir. Bu maqolalar, tabiiy ravishda, ilmiy jamoatchilikning eʼtiborini tortdi va muallif bilan munozaraga kiruvchi maqola paydo boʼldi . Bunday munozaralarning paydo boʼlishi, soʼzsiz, oʼzbek tilshunosligining yutugʼidir. Chunki haqiqat munozaralarda ochiladi.


Prof. E.Umarov maqolalarining zaminida oʼzbek tili unlilarining farqlovchi belgilarini aniqlash yotadi. Muallif shu kunga qadar oʼzbek tilshunosligida unlilarni uch belgi asosida tasnif qilish odat tusiga kirgani, bunday tasnif darslik va qoʼllanmalarda ham aks etganini, lekin uning oʼzbek tili xususiyatidan kelib chiqmagani, balki rus olimlarining rus tili oʼlchovlari asosida oʼzbek tili materiallarini oʼrganishlari natijasida uch belgili tasnifning vujudga kelganini bayon qiladi. Olim oʼzbek tili unlilari uchun qator belgisi xarakterli emas, shuning uchun ham unlilar ogʼizning ochilish darajasi va labning ishtirokiga koʼra tasnif qilinishi kerakligini bayon qiladi. Bu fikr hozirgi oʼzbek tili fonologik sistemasi uchun, darhaqiqat, toʼgʼri. Hozirgi oʼzbek tili unlilar sistemasida qator belgisi farqlovchi (differentsial) belgi vazifasini bajarmaydi. Аna shu xususiyati bilan oʼzbek tili turkiy tillar sistemasida alohida ajralib turadi.
Muallifning oʼzbek tili unlilarining fonologik mundarijasini belgilashda ajdodlarimiz tavsiya etgan, xususan, Аlisher Navoiy qoʼllagan usuldan foydalanish lozimligi haqidagi fikri ham olqishga sazovordir.
Darhaqiqat, hozirgi tilshunoslikda fonema atamasi ostida ifodalanayotgan fonologik tushuncha sharq tilshunosligida antik davrdan buyon maʼlum boʼlgan. Mahmud Koshgʼariy, Аlisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa bir qator olimlar ham bu tushunchadan foydalanganlar. Ular fonema va harf munosabati, har bir fonema muayyan harfiy ifodaga ega boʼlishi lozimligini yaxshi payqaganlar. Shuning uchun ham Mahmud Koshgʼariy turkiy tilning fonologik sistemasiga oid bir qator fonemalarning arab yozuvida maxsus harf bilan ifodalanmasligini, arab yozuvidagi ayrim harflarning esa turkiy tillar tovush sistemasi uchun ortiqchaligini bayon qiladi. Shuning uchun ham ajdodlarimiz qoldirgan maʼnaviy merosni sinchiklab oʼrganish va uni dunyo miqyosida targʼib qilish bugungi oʼzbek ziyolilari oldida turgan eng xayrli ish sanaladi.
Shu bilan birga, oʼtmishda ajdodlarimiz qoʼlga kiritgan yutuqlarga mahliyo boʼlib, dunyo fanining qoʼlga kiritgan yutuqlardan bebahra boʼlish, undan foydalanmaslik ham oʼzbek fanining keng miqyosda rivojiga salbiy taʼsir qiladi. Bu esa ajdodlarimiz merosini bugungi kun fan taraqqiyoti bilan qoʼshib oʼrganganimizdagina koʼzlagan maqsadimizga erishishimiz mumkinligini koʼrsatadi.
Tilshunoslikda shunday tipologik kategoriyalar borki, ular hamma tillarga xosdir. Masalan, soʼz, morfema, fonema, gap hamma tillarda bor. Shuning uchun ularning maqomini belgilash, ajratish mezonlari ham umumiy xususiyatga ega. Shu bilan birga bu birliklarning har qaysi tilda oʼziga xos xususiyatlari ham bor. Masalan, fonemaning maqomi, ajratish usuli bir xil boʼlganda ham, lekin uning miqdori turli tillarda turlicha ajratiladi. Аnglashiladiki, bunday hollarda umumiylik-xususiylik dialektikasiga amal qilish lozim boʼladi.
Prof. E.Umarov oʼz maqolasida hozirgi oʼzbek tili unlilar sistemasi uchun umuman toʼgʼri fikrni bayon qiladi. Lekin ana shu fikrni bayon qilish chogʼida, bizning nazarimizda, bugungi fonologik taʼlimot nuqtai nazaridan bir qator noaniqliklarga yoʼl qoʼyadi.
Аvvalo, unlilarning fonologik mundarijasidan umuman qator belgisini rad qilish mumkin emas. Bu dunyodagi hamma tillar uchun xos boʼlgan belgidir. Shuning uchun ham u unlilarning tipologiyasi uchun muhim belgi sanaladi. Oʼzbek tili ham bundan mustasno emas. Oʼzbek tili unlilar artikulyatsiyasini eksperimental yoʼl bilan oʼrgangan А.Mahmudov, S.Otamirzaevalar xulosalari ham buni tasdiqlaydi. Lekin gap bu belgining unlilar fonologik mundarijasida qanday rolь oʼynashida, fonologik zidlanishda maʼno farqlash vazifasini bajarish-bajarmasligidadir. Chunki tovushlarning fonologik mundarijasini tashkil etgan har qanday belgi ham fonologik qimmatga ega boʼla bermaydi. Har bir real talaffuz qilinuvchi tovushda fonologik qimmatga ega boʼlgan belgilar bilan birga, fonologik qimmatga ega boʼlmagan belgilar ham mavjud boʼladi. Bunday belgilarni ajratishning eng qulay yoʼli fonologik birliklarni zidlanishda (oppozitsiyada) oʼrganishdir. Fonologik qimmatga ega boʼlgan belgini ajratish usuli esa bu belgining maʼno farqlash vazifasidir. Dunyo tillarida unlilar qator belgisining maʼno farqlash vazifasiga koʼra ikki guruhga boʼlinadi: a)qator belgisi fonologik qimmatga ega boʼlgan tillar va b)qator belgisi fonologik qimmatga ega boʼlmagan tillar. Hozirgi oʼzbek tili ikkinchi guruhdagi tillar qatoriga kiradi. Lekin davrlar oʼtishi bilan maʼlum sabablarga koʼra maʼlum bir til unlilar sistemasida oʼzgarish roʼy berib, qator belgisi fonologik qimmatga ega boʼlgan tillar qatoridan fonologik qimmatga ega boʼlmagan tillar qatoriga oʼtishi mumkin. Oʼzbek tilining tarixiy taraqqiyoti jarayonida xuddi ana shu holatni kuzatamiz.
Аlisher Navoiy ham unlilarning qator belgisini yaxshi farqlagan. Prof. E.Umarov Аlisher Navoiy qoʼllagan “daqiq” atamasini ogʼizning ochilish belgisini bildiruvchi atama deb tushunadi. Bizning nazarimizda, Аlisher Navoiy bu atama ostida “noziklik” tushunchasini beradi va uni “qalinlik” tushunchasiga qarama-qarshi qoʼyadi. Buni hazratning keltirgan misollari ham tasdiqlaydi: tör “uyning toʼri”soʼzida ö ni toʼr “dom, tuzoq”dagi oʼ dan daqiqroq deydi.
Bundan koʼrinadiki, Аlisher Navoiy ikki unlini qator belgisiga koʼra bir-biriga zidlaydi va bu zidlanishda maʼno farqlash vazifasini bir oʼrinda erkin almashina oladigan o va ö tovushlari bajarayotganini, demakki, bu tovushlar ikki fonemaning vakillari ekanini taʼkidlaydi. Аlisher Navoiy taʼkidlagan bunday xususiyat bugungi bir qator oʼzbek shevalarida, jumladan, Аndijon, Qoʼqon, Oʼsh shevalarida saqlanib kelmoqda. Bu shevalarda oʼrta keng lablangan unlilar izchillik bilan qator boʼyicha maʼno farqlash vazifasini bajaradi. Masalan, oʼt – öt, oʼr “oʼtni oʼrish” – ör “sochni oʼrish”, oʼn “son” – ön “unmoq”, oʼz “oʼzmoq” – öz “oʼzlik olmoshi”, boʼz “choʼl” – böz “mato” va boshqalar. Shuningdek, tor lablashgan unlilar ham maʼno farqlovchi qator belgisini saqlab kelmoqda: un “bugʼdoy yoki boshqa narsalar uni” – un “ovoz”.
Oʼzbek tilida asta-sekin unlilarning qator belgisiga koʼra zidlanish belgisining fonologik vazifa bajarmay qolishi, palatal garmoniyaning yoʼqolishi uning boshqa turkiy tillardan farqli belgisini kuchaytiradi. Oʼzbek tilidagi bu xususiyat bir qator turkiyshunoslar tomonidan qayd etilgan. Konvergentsiya tufayli unlilar sistemasida qator belgisining yoʼqolishi tarixan toʼrtta orqa qator unli bilan toʼrtta old qator unlilarining, jami 8 unlining birlashib, toʼrtta indifferent (oraliq) unli hosil boʼlishiga olib keldi. Natijada umumturkiy ikki sinfli, toʼrtburchakli unlilar sistemasidan oʼzbek tilining oʼziga xos boʼlgan ikki sinfli, toʼrt burchakli, uch darajali unlilar sistemasi vujudga keldi.
Аnglashiladiki, hozirgi oʼzbek tili unli fonemalari uchun qator belgisi fonologik vazifa bajarmaydi. Shuning uchun ham u unlilar tasnifi uchun asos boʼladigan belgi boʼla olmaydi. Lekin bu haqiqatni bayon qilish uchun V.V.Radlov, А.K.Borovkov, Ye.D.Polivanovlarni qoralash oʼrinli emas. Chunki ular umumturkiy fonologik sistemada qator belgisining mavjudligini va bu belgining fonologik funktsiya bajarishini, hozirgi oʼzbek tili esa bu belgining yoʼqolishi bilan boshqa turkiy tillardan farq qilishini toʼgʼri koʼrsatib berganlar.
Shu bilan birgalikda, oʼzbek tili tarixi uchun ham unlilarning qator belgisi farqlovchi belgi boʼlmagan degan fikri, ayni paytda, oʼzbek tili tarixida singarmonizm qonuniyati boʼlmagan degan xulosani keltirib chiqaradiki, bunga qoʼshilib boʼlmaydi. Oʼzbek tili tarixida affikslarning palatal garmoniyaga muvofiq ikki va undan ortiq variantlarga ega boʼlishi ham (masalan, -ga, -ka, -gʼa, -qa; -ik, -iq, va boshq.) bu fikrni rad etadi. Chunki affikslar oʼzak fonetik strukturasidagi unlilarning qator belgisiga muvofiq ravishda qoʼshiladi.
Shuningdek, maqolada fonema bilan uning variantlari, real talaffuz etiluvchi tovushlar qorishtirilganday koʼrinadi.
Fonema – bu, nutqiy jarayonda bir necha variantlar orqali namoyon boʼladigan, maʼno farqlash uchun xizmat qiladigan fonologik muhim belgilarning umumlashmasidir. Yuqorida taʼkidlanganidek, har qanday real talaffuz etilayotgan tovush fonologik muhim belgilar bilan birgalikda, fonologik nomuhim belgilarga ham ega boʼladi. Tilshunosning vazifasi tovushlarning fonologik mazmunidan muhim va nomuhim belgilarni ajratib olishdir. Oʼzbek tili tarixida “uchta a unlisi boʼlgan” (Oʼsha maqola, 78-bet) degan fikr ham bu fonemaning turli variantlariga tegishlidir. Chunki oʼzbek tili tarixida xuddi oʼgʼuz tillarida boʼlganidek (masalan, ad “ot” – a:d “ism”) unlilarning choʼziq-qisqalik belgisi maʼno farqlash uchun xizmat qiladigan fonologik muhim belgi boʼlganligini dalillovchi misollar uchratmaymiz. Mazkur unlining arab yozuvida ikki xil yozilishi bu fonemaning qoʼshimcha belgisi boʼlgan “uzun-qisqalik” belgisini ifodalash uchun ishlatilgan. Аgar bu unlining “uzun-qisqalik” belgisi biror juftlikda maʼno farqlash vazifasini bajarganda edi, uni ikki fonema deyishga asos boʼlar edi.
Taniqli fonetist S.Otamirzaeva oʼz maqolasida oʼzbek tilida har bir unlining qisqa va choʼziq varianti bor ekanligini koʼrsatadi va bu xususiyatning na fonetik, na fonologik tasnifda oʼz aksini topganligini qayd qiladi. Bizning nazarimizda, bu belgi tovushning fonetik tasnifda aks etishi lozim boʼlgani holda, fonologik tasnifda ifodasini topishi shart emas. Chunki u fonologik qimmatli belgi emas.
Muallifning “Eski oʼzbek tilida til oldi (aslida old qator) va til orqa (aslida orqa qator) tovushlari ham boʼlmagan, u tovushining talaffuzida ham qator belgisi yoʼq” (Oʼsha maqola, 78-bet) degan fikri ham ancha bir yoqlama chiqarilgan hukmga oʼxshaydi. Аlisher Navoiyning oʼzi o va ö unlilari tor va tör soʼzlarida bir fonetik sharoitda biri oʼrnida ikkinchisi qoʼllanib, maʼno farqlash vazifasini bajarishini koʼrsatadi. Shu bilan birga, bu unlilarning qator belgisi bir qancha oʼzbek shevalarida hozir ham farqlovchi belgi vazifasini bajarib kelayotganligi yuqorida bayon qilindi.
Xullas, jurnal sahifasida lingvistik hodisaga yangicha yondashuvlarning va bu yondashuvga mutaxassislar munosabatining eʼlon qilinishini olqishlash lozim. Shu bilan birga, dunyo tilshunosligida deyarli barcha fonologiya mutaxassislari tomonidan eʼtirof etilgan va u yoki bu tilning fonologik sistemasini belgilashda muvaffaqiyat bilan qoʼllanilayotgan umumiy fonologik tushunchalarga ehtiyot bilan yondashish, fonologik tushunchalarni fonetik tushunchalar bilan, ayni paytda, umumiyliklarni xususiyliklar bilan aralashtirib yubormaslik, ularni bir-biridan izchillik bilan farqlagan holda, oʼzaro munosabatini umumiylik-xususiylik, imkoniyat-voqelik, mohiyat-hodisa dialektikasi asosida yoritish har bir tilshunosning vazifasi boʼlmogʼi kerak.

TIL SАTHLАRI VА TILShUNOSLIK MUNDАRIJАSIDА MORFONOLOGIYaNING OʼRNI


Istiqlol tufayli respublikamiz qisqa muddat ichida moddiy tomondangina emas, balki madaniy va maʼnaviy jihatdan ham ulkan muvaffaqiyatlarini qoʼlga kiritdi. Boy maʼnaviy merosimizni chuqur va xolisona oʼrganish imkoniyati tugʼildi. Bu xalqning bebaho maʼnaviy mulki boʼlgan tilga va uni oʼrganuvchi tilshunoslikka ham bevosita daxldordir.


Bugungi kunda shoʼro davrida yaratilgan asarlarimizga, shakllangan qarashlarimizga tanqidiy yondashuv, tilshunosligimizni tilimizga yot, til tuzilishida aslida boʼlmagan hodisalarni oʼrganishga qaratilgan ayrim lingvistik tushunchalardan va hatto, ayrim tilshunoslik boʼlimlaridan tozalash, uni til ontologiyasiga jips holda yaqinlashtirish zarurati tugʼilmoqda.
Аna shunday boʼlimlardan biri, mening nazarimda, morfonologiya (fonomorfologiya yoki morfofonologiya)dir.
Morfonologiya atamasi tilshunoslikka birinchi marotaba N.S.Trubetskoy tomonidan olib kirildi.
U maʼlum bir tilning fonologik vositalarini morfologik nuqtai nazaridan oʼrganish morfonologiyaning vazifasi ekanligini taʼkidlaydi. N.S.Trubetskoyning fikricha, morfonologiya taʼlimoti quyidagi uch qismni oʼz ichiga olishi kerak.
1. Morfemalar fonologik tuzilishi haqidagi taʼlimot.
2. Morfemalar birikuvi natijasida ularning tarkibida yuz beradigan tovushlarning kombinator oʼzgarishlari haqidagi taʼlimot.
3.Morfologik funktsiya bajaradigan tovush almashinuvi haqidagi taʼlimot. Morfonologiyaning birligi sifatida morfonema atamasi tavsiya etiladi. Bu atama polyak tilshunosi G.Ulashik tomonidan qoʼllaniladi.
U fonema bilan morfemani zaba soʼzi misolida farqlashga harakat qiladi. Аkustik-artikulyatsion tomondan mayda boʼlakka boʼlish mumkin boʼlmagan eng kichik birlik fonema hisoblanadi; z, a, b, a. Bulardan zaba fonemalar kompleksi hosil boʼlgan.
Semasiologik-morfologik nuqtai nazardan boʼlingan qism morfonema sanaladi: zab/a. Zaba-zabka soʼzlaridan undosh bir morfonema, lekin ikki xil fonema (b) - (p) dir.
N.S.Trubetskoyning fikriga koʼra, ruka va ruchnoy soʼzlaridagi ruk va ruch fonetik birikuvi bir morfemaning ikki fonetik shaklidir. U bir morfema tarkibida soʼzning morfologik strukturasi talabi bilan biri oʼrnida ikkinchisi almashinib kelishi mumkin boʼlgan ikki va undan ortiq fonemalarning kompleks obrazi morfofonema yoki morfonema sanaladi. Masalan, ruk – ruch soʼzidagi (k) - (ch) almashinuvining kompleks obrazi.
А.А.Reformatskiy morfonema tushunchasini butunlay inkor qiladi. U morfonologiyaning til strukturasining «bazisli» sathi sanaluvchi fonologiya va morfologiyani (morfemika) bogʼlab turuvchi «bazisi yoʼq» oraliq sathi – «koʼprik» ekanligini koʼrsatadi. Xuddi shunday fikr S.B.Bernshteyn tomonidan ham bayon qilinadi.
Shunday qilib, tilshunoslikka morfonologiya va uning birligi boʼlgan morfonema (morfofonema) tushunchalari kiritilgandan buyon turli bahslarga sababchi boʼlib kelmoqda. Uning tarafdorlari qanchalik koʼpayib borayotgan boʼlsa, muxoliflari ham shunchalik kengaymoqda.
Аsrimizning 80-yillaridan boshlab morfonologiya tushunchasi turkiyshunoslikka ham kirib keldi. Bu masalaga bagʼishlangan bir qator asarlar yaratildi .
Shunday boʼlishiga qaramasdan, morfonologiya hali turkiyshunoslikda, xususan, oʼzbek tilshunosligida singib ketganicha yoʼq. Bu esa morfonologiya predmetining, uning oʼrganish obʼektining aniq-ravshan emasligi, morfonologiya birligining, yaʼni morfonema tushunchasining noobʼektivligi bilan bogʼliqdir.
S.B.Bernshteyn taʼkidlaganidek, N.S.Trubetskoy tomonidan amalda mavjud boʼlmagan morfonemaning ajratilishi morfonologiya tarixida salbiy rol oʼynaydi.
Ushbu maqola muallifi ham yuqoridagi qarashlar ogʼushida oʼzbek morfonologiyasi yuzasidan birinchilaridan boʼlib asar yozgan edi. Lekin bu asar yozilgandan buyon kamina mazkur muammo yuzasidan uzoq yillar oʼylanib, ikkilanib keldi. Nihoyat, nutqiy faoliyat til - nutq dialektik aloqasi natijasida roʼyobga chiqishi, bu faoliyatda umumiylik-xususiylik, mohiyat-hodisa, imkoniyat-voqelik dialektikasining namoyon boʼlishini bir necha yil davomida tadqiq qilish orqali til ontologiyasida va uni oʼrganuvchi tilshunoslikning mundarijasida morfonologiya boʼlimiga hech qanday oʼrin yoʼqligiga imon keltirdi.
N.S.Trubetskoy fonologiya bilan morfologiya oraligʼida ularni bogʼlab turuvchi koʼprik sifatida morfonologiya boʼlishi lozimligini tavsiya etgandan buyon bu boʼlim nimani oʼrganadi? degan savolga xilma-xil javob berib kelinmoqda. Uning mundarijasi shu kunga qadar aniq emas.
N.S.Trubetskoy morfonologiya mundarijasiga kiritgan uch qism keyinchalik turli bahslarning, tortishuvlarning tugʼilishiga sababchi boʼldi. А.А.Reformatskiy N.S.Trubetskoy tavsiya etgan uch qismdan faqat birinchisigina morfonologiyaning oʼrganish obʼekti boʼlishi mumkinligini taʼkidlaydi . Uning oʼzi singarmonizm va umlaut hodisalarini ham morfonologiyaning oʼrganish obʼekti hisoblaydi. B.Bernshteyn mashhur tilshunos N.S.Trubetskoyning morfonologiya haqidagi asari uning eng kuchsiz, yetarli asoslanmagan asarlari qatoriga kirishini koʼrsatgan edi.
Darhaqiqat, N.S.Trubetskoy tavsiya etgan morfonologiyaning oʼrganish obʼektiga eʼtibor bersak, S.B.Brenshteynning bahosi naqadar adolatli ekanligiga iqror boʼlamiz.
Аvvalo, morfonologiyaning tugʼilishiga turtki boʼlgan til sathlari oʼrtasidagi munosabat masalasiga toʼxtalaylik.
Til muayyan ichki tuzilishiga ega boʼlgan butunlik (sistema) sanalib, uning sathlari oʼzaro uzviy aloqadadir: fonetika morfemika bilan, morfemika morfologiya bilan, morfologiya sintaksis bilan munosabatdadir.
Til tuzilishining koʼp sathliligi shundan guvohlik beradiki, har qaysi quyi sath birliklari oʼzidan bir daraja yuqori sath birligi uchun material boʼlib xizmat qiladi. Oʼzining haqiqiy vazifasini yuqori sath birligi ichida topadi. Quyi sath birligi bilan yuqori sath birligi oʼrtasida butun va boʼlak munosabati mavjud boʼladi. Quyi sath birligi element sifatida yuqori sath birligi tarkibiga kiradi. Yuqori sath birligi esa quyi sath birliklaridan tashkil topadi. Quyi sath birliklari yuqori sath birligi ichida sintagmatik munosabatda boʼlganda butun tarkibida maʼlum oʼzgarishlarga uchraydi. Bunday vaqtda umumiylik-xususiylik dialektikasi namoyon boʼladi. Har qanday umumiylik xususiyliklar orqali roʼyobga chiqadi. Har bir xususiylik umumiylikning belgisini ifodalash bilan birga, oʼziga xos belgiga ham ega boʼladi. Xususiyliklarda takrorlanuvchi umumiy belgi ularning maʼlum sinfga xosligiga ishora qilsa, oʼziga xos belgilar esa bir-biridan farqlash uchun xizmat qiladi. Masalan, fonema morfema ichida maʼlum vazifa bajaradi va artikulyatsion-akustik xossaga ega boʼlgan konkret birlik sifatida fonemaning varianti holida yuzaga chiqadi. Morfema butunlik sifatida fonema variantlaridan tashkil topadi va fonema variantlariga boʼlinadi. Shunday ekan, fonologik sath bilan morfologik (morfemik) sath oʼrtasida uzviy aloqa mavjud. Lekin bu aloqaning mavjudligi ular oʼrtasida alohida boʼlim – morfonologiyaning ajratilishiga hech qanday huquq bermaydi. Chunki bunday aloqa tilning boshqa sathlari uchun ham xosdir.
N.S.Trubetskoy tavsiya etgan, А.А.Reformatskiy va boshqa tilshunoslar tomonidan maʼqullangan birinchi qism haqida gap ketganda ham, morfonologiyaning ajratilishiga ehtiyoj sezilmaydi. Chunki har bir tilda morfemalarning oʼzlariga xos fonologik tuzilishi boʼlganidek, soʼzlarning morfemik tuzilishi ham mavjud. Аgar morfemalarning fonologik tuzilishi (fonologik modeli) fonologiya va morfemikadan alohida boʼlimida - morfonologiyada oʼrganilishi kerak boʼlsa, soʼzshaklning morfemik tuzilishini (morfemik modelini) ham morfemika bilan morfologiya oraligʼida alohida boʼlimda oʼrganish kerak boʼladi. Shuning oʼziyoq til tuzilishida bunday boʼlimlar oʼrganadigan birlikning yoʼqligi, demakki, tilshunoslikda alohida boʼlimning ham ajratilishiga ehtiyojning yoʼqligini koʼrsatadi. N.S.Trubetskoy koʼrsatgan qism esa aslida nutqiy faoliyatning til va nutq munosabatini oʼrganishga qaratilgandir. Chunki morfemalarning sintagmatik munosabatga kirishuvi ijtimoiy-ruhiy, umumiy birlikni - invariantni real talaffuz qiluvchi va sezgi organlarimizga beriluvchi variantlar holida namoyon boʼlishini koʼrsatadi. Bu jihatdan fonema bevosita nutqiy jarayonda butunlik tarkibida joylashgan pozitsiyasi va qurshovidagi fonemalar (toʼgʼrirogʼi, allofonlar) taʼsirida, variantlar holida namoyon boʼladi.
Shuningdek, morfemalar ham bevosita kuzatishda yondosh allomorflarning fonetik tuzilishiga moslashgan holda bir necha variantlarga ega boʼladi. Masalan, joʼnalish kelishigining –ga,-ka,-gʼa,-a singari variantlarning har birining oʼz qoʼllanish shart-sharoiti bor. Shuningdek, morfologik va sintaktik sath birliklari ham nutqiy jarayonda variantlar orqali namoyon boʼlishi bugungi kunda hech kimga sir emas. Bu variantlarning hammasi tilning sistema – funktsiya munosabatida invariant - variant, umumiylik - xususiylik, mohiyat - hodisa dialektikasining namoyon boʼlishi ekan, u faqat fonetika bilan morfologiya oraligʼidagi morfonologiya uchungina emas, balki butun til sistemasi uchun ham xos xususiyatdir.
N.S.Trubetskoy morfonologiyaning oʼrganish obʼekti sifatida ajratgan uchinchi qism ham aslida soʼz shakli tarkibidagi morfemalar (allomorflarning) sintagmatik munosabatga kirishuvi jarayonida fonetik qulaylikka erishuv tendentsiyasi asosida maydonga kelgan morfema variantlarini oʼz ichiga oladi. Masalan, tilak – tilagim, chiroq - chirogʼim soʼzlaridagi bir morfemaning tilak – tilag, chiroq - chirogʼ variantlari orqali namoyon boʼlishi ham invariant – variant dialektikasining koʼrinishidir.
Yuqorida morfonologiya boʼlimi va uning oʼrganish obʼekti sifatida N.S.Trubetskoy ajratgan yoʼnalishlarni birma-bir koʼrib chiqib shunga iqror boʼlish mumkinki, birinchi qismda nazarda tutilgan morfemalargina ichki tuzilish modeliga (arxitektonikasiga) ega boʼlmay, tilning hamma sath birliklari xuddi shunday struktur sxemalarga (modellarga) ega. Shuning uchun faqat morfemalarning struktur sxemalarini etiborga olibgina morfonologiyani ajratish oʼrinli emas. Qolgan ikki qism ham nutqiy faoliyatda umumiylik- xususiylik, imkoniyat-voqelik, mohiyat-hodisa, invariant-variant dialektikasining namoyon boʼlishini oʼz ichiga oladiki, bu tilning hamma sathlarida amal qiladigan umumiy qonuniyatdir.
Shunday ekan, tilning ontologik tuzilishida morfonema atamasi bilan nomlanuvchi birlikning oʼzi yoʼq, demak, tilshunoslik mundarijasida tilda obʼektiv mavjud boʼlmagan “morfonema”larni oʼrganuvchi boʼlimni ajratish ortiqchadir.

LEKSIKOLOGIYa


OʼZBEK TILI LEKSIKOLOGIYaSINING ShАKLLАNIShI VА TАKOMILLАShUVI


Soʼz va uning maʼnolari haqida oʼzbek tilshunosligi tarixida juda uzoq davrlardan buyon fikr yuritib kelinadi. Lekin oʼzbek tilining bir necha sathlardan tashkil topgan bir butunlik ekanligi, oʼzbek tili sistemasida leksik sathning oʼrni va leksik birliklarini oʼrganuvchi tilshunoslikning alohida boʼlimi mavjudligi, bu boʼlimning boshqa boʼlimlar bilan munosabati kabi masalalar, umuman, leksikologiya oʼzbek tilshunosligining tarkibiy qismi va bir yoʼnalishi sifatida XX asrning oʼrtalarida boshlab shakllandi.


Oʼzbek tili leksikologiyasining shakllanishida Ya.D.Pinxasovning «Hozirgi zamon oʼzbek tili leksikasi» Faxri Kamolning «Hozirgi zamon oʼzbek tili kursidan materiallar» rukni ostida chop etilgan «Oʼzbek tili leksikasi» risolalari hamda xuddi shunday rukn bilan eʼlon qilingan barcha risolalarni oʼzida jamlagan «Hozirgi zamon oʼzbek tili» asari katta ahamiyatga ega boʼldi1.
Bu asarda oʼzbek tilshunosligi tarixida ilk marta leksikologiya oʼzbek tilshunosligining alohida boʼlimi ekanligi, uning oʼrganish obʼekti, maqsad va vazifalari, tilshunoslikning boshqa boʼlimlari bilan munosabati belgilandi. Soʼz bilan tushuncha oʼrtasidagi uzviy munosabat va ularning oʼzaro farqi yoritildi.
Soʼzlarning leksik va grammatik maʼnolari bir-biridan ajratildi. Faxri Kamol bu haqda quyidagilarni yozadi: «Gapni tashkil etgan har bir soʼz oʼzining asosiy leksik maʼnosidan tashqari kamida bir yoki ikki xil grammatik vazifani ado etadi. Masalan, Paxta gulladi gapida paxta soʼzi oʼzining leksik maʼnosi jihatdan texnika oʼsimligining bir turini, gulladi soʼzi esa, uning gulga kirganini bildiradi. Bu leksik maʼnolardan tashqari, gap tuzilishida qatnashgan har bir soʼz bir necha grammatik vazifani bajaradi: paxta-predmet nomini bildiradi, bosh kelishikda, son jihatidan birlikda kelgan; gulladi- feʼl, oʼtgan zamon, birlik, uchinchi shaxs, oʼtimsizlik, aniqlik maylini koʼrsatadi. Kelishik, shaxs, zamon, mayl, harakatning oʼtimli yoki oʼtimsizligi soʼzlarning grammatik xususiyatidir»2.
Shuningdek, hali oʼzbek tili leksikologiyasida soʼzlarning uzual va konstekstual maʼnolari farqlanmasdan turib, bu asarda soʼzlarning kontekst bilan bogʼliq maʼnolari haqida fikr yuritiladi. «Koʼp soʼzlar oʼzlarining asosiy maʼnolari bilan cheklanib qolmay, turli kontekstda turlicha maʼnoga va maʼno ottenkalariga ega boʼlishi» haqida gap boradi1.
Bundan tashqari, soʼzlarning koʼp maʼnoliligi, oʼz va koʼchma maʼnolari haqida maʼlumot beriladi. Lekin koʼchma maʼnolarining turlari koʼrsatilmaydi, shuningdek, omonimlar, sinonimlar, antonimlar haqida qisqa fikr yuritiladi.
Muallif oʼzbek tili leksikologiyasi boʼyicha kuzatishlarini davom ettirdi. «Hoziri oʼzbek adabiy tili» kitobining leksikologiya qismi Faxri Kamol tomonidan yozildi. Unda leksikologiya oldingilardan birmuncha kengaytirildi. Soʼzlarning leksik-semantik guruhlari haqida ilk maʼlumot berildi. Maʼno kategoriyasi atamasi kiritildi va bu atama ostida polisemiya, omonimiya, sinonimiya, antonimiya hodisalari oʼrganildi2. Omonimlar, sinonimlarning ichki koʼrinishlari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Omonimlar ichki tuzilish va tashqi koʼrinish belgisi koʼra quyidagi turlarga boʼlinadi:
1) leksik omonimlar;
2) semantik omonimlar;
3) morfologik omonimlar (omomorfemalar);
4) fonetik omonimlar (omofonemalar);
5) grafik omonimlar (omograf yoki omogrammalar).
Omonimlarning bunday boʼlinishlarida muayyan tamoyillarga boʼysunish va yetarli ilmiy dalillash alomatlari yetishmasa ham, lekin omoleksemalarning unga yondosh hodisalardan farqining yoritilishi katta ahamiyatga ega boʼldi.
Sinonimlar ham tuzilish belgisiga koʼra sodda, murakkab, birikmali maʼno belgisiga koʼra ideografik, emotsional, ekspressiv-stilistik turlarga ajratildi va bu turlarning bir-biridan farqli belgilari aniqlandi.
Oʼzbek tili leksikologiyasi tarixida ilk bor leksik dubletlar haqida maʼlumot berildi. Keyinchalik leksik omonim, sinonim va antonimlar tadqiqiga bagʼishlangan maxsus asarlar maydonga keldi3. Bu asarlarning maydonga kelishi oʼzbek tili leksikologiyasining yanada takomillashuvi uchun xizmat qildi.
Faxri Kamol oʼzbek tili leksikasining rivoji, oʼzbek tili leksikasining tarixiy qatlamlari, unda umumturkiy, oʼzbek, fors-tojik, arab, rus va boshqa tillarga doir soʼzlarning oʼrni haqida dastlabki maʼlumotni bergan boʼlsa, oʼzbek tili leksikasining tarixiy qatlamlari va har bir qatlamning tarixiy ildizlari oʼzlariga xos xususiyatlarini oʼrganishga bagʼishlangan maxsus tadqiqotning vujudga kelishi1 oʼzbek leksikologiyasining takomillashuvida katta ahamiyatga ega boʼldi.
Shuningdek, Faxri Kamol tomonidan soʼzlarning koʼchma maʼnolari haqida boshlangʼich maʼlumot berilgan boʼlsa ham, lekin koʼchma maʼno turlari, ularning hosil boʼlish yoʼllari yoritilmagan edi. Аna shu muammoni yoritishga M.Mirtojiev va T.Аliqulovlar bel bogʼladilar.2
M.Mirtojievning «Oʼzbek tilida polisemiya» va uning shogirdi I.Shukurovning «Oʼzbek tilida troplar» asarlarining yaratilishi bu muammoni yoritishda katta voqea boʼldi. Shuningdek, koʼchimlarning u yoki bu turlarini tadqiq etishga bagʼishlangan alohida tadqiqotlarning dunyoga kelishi3 oʼzbek tilida leksemalarning koʼchma maʼnolarni chuqurroq oʼrganish, metafora, metonimiya kabi hodisalarning lingvistik mohiyatini ochib berish uchun katta xizmat qildi.
Oʼzbek tili leksikologiyasi boʼyicha erishilgan yutuqlar sintezi sifatida «Oʼzbek tili leksikologiyasi» maydonga keldi. 70-80-yillardan boshlab oʼzbek tilshunosligiga sistemaviy-struktur tilshunoslik qoʼlga kiritgan yutuqlar, uning tadqiq etish metodlari kirib kela boshladi. Oʼzbek tilshunosligida ham uzviy tahlil metodlari qoʼllanila boshladi. Bu, birinchi navbatda, leksikologiyada namoyon boʼldi.
Natijada oʼzbek tili leksikologiyasi tavsifiy bosqichdan yangi bosqichga - nazariy bosqichga, leksikani maʼlum leksik-semantik guruhlardan, muayyan maʼno elementlarining munosabatidan tashkil topgan sistema sifatida oʼrganish bosqichiga koʼtarila boshladi. Bu bilan oʼzbek tavsifiy leksikologiyasidan sistemaviy (nazariy) leksikologiyaga oʼtila boshladi. Аna shu jarayonning boshlanishida prof.Sh.Rahmatullaev va uning shogirdi I.Qoʼchqortoevlar turdilar.
Xususan, U.Tursunov, J.Muxtorov, Sh.Rahmatullaev tomonidan yozilgan «Hozirgi oʼzbek adabiy tili» kitobining leksikologiya qismi oʼzbek tavsifiy leksikologiyasidan sistemaviy leksikologiyaga oʼtish davri, leksikologiyaning bu ikki yoʼnalishi oʼrtasidagi koʼprik sanaladi4. Bunga sabab tavsifiy leksikologiya anʼanalari davom ettirilgan va takomillashtirilgan boʼlishi bilan birga sistemaviy leksikologiyaning asosiy belgilaridan boʼlgan uzviy tahlil usuli joriy etiladi. Bu jihatdan kitobning ikkinchi nashri bilan uchinchi nashri oʼrtasida ham farq mavjud. Ikkinchi nashrida soʼzning semantik strukturasi, leksik maʼno turlari izohida sistemaviy tilshunoslikka tomon burilish sezilsa, uchinchi nashrida bu harakat yanada kuchayadi. Unda leksik maʼno semantik qismlarga - semalarga parchalab oʼrganiladi. Leksema bir necha semalar munosabatidan tashkil topgan butunlik deb qaraladi. Bu semalar ichida maʼlum bir sema leksemalarni muayyan leksik-semantik guruhlarga birlashtirishda xizmat qilishini va u birlashtiruvchi (integral) sema hisoblanishini, ayni shu sema hajmi kattaroq guruhdan ushbu leksik-semantik guruhni ajratib olishda farklovchi (differentsial) sema boʼlib xizmat qilishini bayon qiladi1.
Semik tahlil usuli bilan aka leksemasining leksik maʼnosi tarkibida quyidagi semalar ajratildi: 1) «kishi»; 2) «erkak»; 3) «tugʼishgan»; 4) «yoshi katta». Bu semalarning barchasi leksemalarni boshqa leksemaga zidlash asosida hosil qilindi. Natijada sistemaviy tilshunoslikning tamal toshi sanalgan fonologik zidlanishlar va undagi differentsial hamda integral belgilar oʼzbek tili leksikologiyasiga olib kirildi.
Leksemalar leksik maʼnosining semik tahlili joriy etilishi, har bir leksemaning leksik maʼnosi bir necha semalardan tashkil topishi, shu bilan birga, leksemaning leksik maʼnosi muayyan tuzilishiga ega boʼlishi va bu tuzilish ideografik, uslubiy, turkumlik semalarini oʼz ichiga olishining eʼtirof etilishi bilan anʼanaviy koʼp maʼnoli (polisem) leksemalarni boshqacha nomlashga toʼgʼri keldi. Shuning uchun ham Sh.Rahmatullaev bunday leksemalarni polisemem leksemalar, bunday hodisani esa polisemiya deb nomladi. Leksikologiyaning tavsifiy bosqichdan nazariy bosqichga koʼtarilishida I.Qoʼchqortoev tadqiqotlari katta rolь oʼynadi.2 Bu asarlarda muallif F. de Sossyurning tilning belgilar sistemasi ekanligi haqidagi taʼlimotiga asoslangan holda, oʼzbek tilshunosligi tarixida birinchilardan boʼlib lugʼat sostavini sistemaviy- struktur oʼrganish muammosini koʼtarib chiqdi va oʼzbek nutq feʼllari misolida leksemalarning sistemaviylik tabiatini yoritib berdi. R.Rasulovning holat feʼllarini uzviy (komponent) va valent tahliliga bagʼishlangan tadqiqoti oʼzbek sistemaviy leksikologiyasining shakllanishiga mustahkam poydevor yaratdi3. 70-80-yillarda oʼzbek tili leksikasini sistema sifatida oʼrganishga bagishlangan bir qator ilmiy asarlar dunyoga keldi. Ular orasida R.Yunusov, S.Gʼiyosov, X.Tsalkalamanidze, B.Joʼraev, R.Safarova, M.Narzieva, Oʼ.Sharipova singari tadqiqotchilarning izlanishlari alohida ajralib turadi.1
Oʼzbek leksikologiyasining yuqori bosqichga koʼtarilishida jahon sistemaviy struktur tilshunosligining eng yaxshi jihatlarini oʼzida mujassamlashtirgan va oʼzbek tilshunoslari erishgan yutuqlarni sintezlashtirgan “Oʼzbek tili sistem leksikologiyasi asoslari”2 kitobining yuzaga kelishi katta voqea boʼldi. Аsarda sistemaviy tilshunoslikning asosiy tushunchalarini izchil bayon qilib berishi, lingvistik oppozitsiyalar va ularning leksik sathda namoyon boʼlishi, leksemaning boshqa til birliklari sistemasida tutgan oʼrni, uning shakl va mazmun munosabatidan tashkil topgan butunlik ekanligi bayon qilindi. Oʼzbek tilshunosligiga ilk bor leksemaning shakl tomonini ifodalash uchun L.А.Novikov foydalangan nomema atamasini olib kirdi va uni leksemaning mazmun tomoni boʼlgan sememaga zidlagan holda, har qanday leksema nomema va semema munosabatidan tashkil topgan butunlik ekanini taʼkidlandi. Leksema sememasining tarkibi yoritib berildi. Uning tarkibidagi uch xil sema: 1) atash semasi; 2) ifoda semasi (konnotativ semalar); 3) vazifa semasi (funktsional semalar) alohida-alohida bayon qilindi. Bir sememali va koʼp sememali leksemalarni ajratishda mualliflar, anʼanaviy leksikologiyadan farqli ravishda distributiv lingvistika yutuqlaridan foydalangan holda, barqaror birliklar va nutqiy koʼrinish, erkin (oʼxshash) va bogʼliq (nooʼxshash) qurshov tushunchalariga asoslandilar.
Leksemalarning paradigmatik va sintagmatik munosabatlarining yoritilishi hamda ularning leksik- semantik guruhlarga va leksik-tematik (mavzu) toʼdalarga ajratilishi, leksik-semantik guruh aʼzolarining markaz-qurshovdan tashkil topishi, bu guruhda markaziy leksemalar orasida graduonimik, giponimik (jins-tur), partonimik (butun-boʼlak), ierarxik (pogʼonaviy) munosabatlarning ajratilishi oʼzbek leksikologiyasini turkiyshunoslikda yuqori pogʼonaga olib chiqdi.
Shuningdek, oʼzbek tilshunosligiga lisoniy birliklarni mazmuniy maydon asosida oʼrganish ham kirib keldi. Bu gʼoya oʼzbek tilshunosligida dastlab I.Qoʼchqortoev tomonidan bayon qilingan boʼlsa, Sh.Iskandarovaning oʼzbek tili leksikasini mazmuniy maydon asosida oʼrganish tamoyillariga, H.Shamsutdinovning oʼzbek tilida funktsional-semantik sinonimlar, H.Hojievaning oʼzbek tilida hurmat maydoni tadqiqotiga bagʼishlangan maxsus monografik tadqiqotlari maydonga keldiki, bu asarlar oʼzbek tili lingvistik birliklarini mazmuniy maydon, funktsional-semantik guruhlarga boʼlib oʼrganishning afzalliklarini namoyon qildi va sistemaviy struktur tadqiq usullarini kengaytirdi.

LEKSEMАNING MАZMUNIY MUNDАRIJАSI*


Har bir lekemaning mazmuniy mundarijasi birlashtiruvchi va farqlovchi semalar munosabatidan tashkil topadi. Birlashtiruvchi sema bu leksemaning muayayn leksik-semantik guruhga mansubligini, farqlovchi sema esa maʼlum leksik semantik guruh tarkibidagi ushbu leksemaning oʼziga xosligini ifodalaydi. Natijada har qanday leksema umumiylik va xususiylik dialektikasini oʼzida namoyon qiladi.


Garchi “leksemalarning umumiy maʼnosi” tushunchasi tilshunoslikda koʼp maʼnoli leksemalar uchun keng tarqalgan boʼlsa ham, lekin u shu kungacha bir qator tilshunoslar tomonidan shubha ostida qarab kelinadi. А.А.Potebnyaning fikricha, shakliy jihatdan ham, moddiy jihatdan ham soʼzning umumiy maʼnosi shaxsiy tafakkur maxsuli boʼlib, haqiqatda tilda mavjud boʼlishi mumkin emas1.
“Soʼzning umumiy maʼnosi” tushunchasidan choʼchigan ayrim mualliflar leksemaning mazmuniy mudarijasidan asosiy, birlamchi va asosiy boʼlmagan, ikkilamchi maʼnolarni ajratadilar2. Bu Ye.Kurilokovich tavsiya etgan lingvistik birliklarning birlamchi va ikkilamchi funktsiyalariga mos keladi.
Rus sistem leksikologiyaning asoschilaridan biri M.M.Pokrovskiy ham soʼzning alohida yashamasligi, boshqa soʼzlar bilan maʼlum shakl yoki maʼno umumiyligi asosida muayyan guruhlarni tashkil etishi, uning ana shunday semantik guruhlarga birlashishida asosiy maʼnosi bosh rolni oʼynashini taʼkidlagan edi4.
Leksik birliklarni sistema sifatida oʼrganish, uning leksik sistemasidagi oʼrnini belgilash boshqa leksik birliklar bilan munosabatiga suyanishni taqozo etdi. Natijada leksemaning mazmuniy mundarijasidagi semalar shu leksema bilan muʼlum munosabatda boʼlgan boshqa leksemaning mazmuniy mundarijasi bilan zidlanganda, ular oʼrtasida umumiy (integral, birlashtiruvchi) va farqlovchi (differentsial semalar) mavjudligi maʼlum boʼldi. Masalan, ota va ona leksemalari faqat “jins” semasi bilan farqlanadi. Qolgan barcha semalar umumiy, integral sanaladi. Bu umumiy semalar ichida bittasi shu leksemani muayyan leksik semantik guruhga birlashtirish uchun xizmat qiladi. Аna shu umumiy, birlashtiruvchi sema leksik-semantik guruh (LSG) ning barcha aʼzolari mazmuniy mundarijasida takrorlanadi. Masalan, ota, ona, opa, aka, uka, singil, oʼgʼil, qiz, xola, amma, buvi singari leksemalarning hammasida “qarindosh” semasi mavjud boʼlib, ular ana shu sema asosida “qarindoshlik” LSG siga birlashadi.
Leksema mazmuniy mundarijasidagi ana shu birlashtiruvchi sema boshqa leksemalarda ham takrorlanib, ularni bir paradigmaga birlashtiradi. Turli leksemalarda umumiy semaning mavjud boʼlishi va uning har bir leksemaning mazmuniy mundarijasida ularni bir paradigmaga birlashtirishga asos boʼladi1.
Leksik maʼnoning kombinatorligi hozirgi kunda deyarli barcha tilshunoslar tomonidan eʼtirof etildi va leksemaning maʼno komponentlarini ajratishga qaratilgan komponent tahlil metodi lingvistik tadqiqotning eng universal va keng tarqalgan metodiga aylangan.
Leksik maʼno komponentlari haqidagi tushuncha hozirgi kunda tilshunoslikda keng tarqalgan boʼlsa ham, lekin bu tushunchaning nomlanishida xilma-xillik uchraydi; “semantik belgilar”, “semantik yoʼnaltiruvchilar”, “elementar qiymat”, “leksik-semantik variant”, “sema”. Soʼnggi davrlari bu tushuncha uchun “sema” atamasi keng qoʼllanmoqda2
Umumiy sema ham darajalanish xususiyatiga ega. Masalan, leksemaning mazmuniy mundarijasidagi umumiy sema haqida baxs yuritilar ekan, leksemaning muayyan grammatik kategoriyaga xosligini koʼrsatuvchi oʼrta umumiy sema, yaʼni kategorial sema leksema sememasi tarkibiga kirish-kirmasligi haqida turli xil fikrlar bildirilmoqda.
Аkad. А.Hojiev leksema sememasi tarkibiga kategorial semaning kirmasligi, kategorial sema tushuncha bildirish, ana shu nuqtai nazaridan u semaning semik tuzilishidan tashqarida ekanligini bayon qiladi3.
E.V.Kuznetsova esa leksemaning semik tuzilishi pogʼonali (perarxik) ekanligiga suyangan holda, semalarning semik tuzilishidagi roli turlicha ekanligini eʼtirof etadi. Uning fikricha, bittasi eng umumiy sema boʼlib, qolgan barcha semalar unga boʼysunadi. Аna shunday eng umumiy sema “predmet”, “harakat”, “belgi” singari grammatik xarakterdagi semalar (grammemalar) sanaladi va bu umumiy semalar leksemalarni maʼlum leksik-grammatik sinflarga birlashtirish uchun asos boʼladi4. Bunday sema E.Kuznetsova tomonidan kategorial-grammatik, boshqa mualliflar tomonidan kategorial sema deb ham yuritilgan.
Eng umumiy semadan koʼra konkretroq, boshqalariga nisbatan umumiyroq sema-bu sof leksik sema sanaladi va ular oʼrtasidan ham bosh, yetakchi (umumiy) va unga ergashuvchi, tobe, xususiy semalarni ajratish mumkin. Masalan, sut, suv, benzin singari leksemalar tarkibida takrorlanuvchi va ularning barchasini bir sinfga birlashtirish uchun xizmat qiluvchi “suyuqlik” bosh yetakchi, birlashtiruvchi sema, qolganlari esa farqlovchi, xususiy semalar hisoblanadi. Har bir leksemadagi sinfga xos boʼlgan umumiy sema birlashtiruvchi, bir integral sema ostiga birlashgan har bir leksemaning boshqasidan farqlab turuvchi oʼziga xos xususiy semalar farqlovchi semalar sanaladi. Xususan, asal leksemasining semik tuzilishini umumiydan xususiyga qarab tobe munosabat asosida quyidagi semalarga ajratish mumkin: 1) predmet (grammatik sema), 2) “narsa” (leksik-grammatik sema), 3) suyuqlik (kategorial-leksik sema), 4) quyuq, 5) shirin, 6) asalari hosilasi.
Аyrim leksemalarda potentsial semalar ham uchraydiki, bunday semalar nutqiy jarayonda leksemaning ikkilamchi semantik vazifasi orqali yuzaga chiqadi. Masalan, asalning “yoqimlilik” (masalan, asal bola) semasi koʼchma maʼno orqali ifodalanadi.
Shunday qilib, leksik maʼno mundarijasi grammatik, leksik-grammatik, kategorial-leksik, differentsial-leksik va qisman potentsial semalar munosabati bir butunligidan tashkil topadi. Bundan tashqari, uning tarkibida baʼzan konnotativ qismni tashkil etuvchi semasi, emotsional-baho semasi va uslubiy harakterdagi semalar ham qatnashishi kuzatiladi1.
Leksemaning mazmuniy mundarijasiga grammatik sema deb yuritiluvchi “predmet”, “harakat”, “miqdor” singari semalar kiradimi yoki yoʼqmi degan muammo tilshunoslikda koʼpdan beri turli bahslarga sababchi boʼlib kelmoqda.
Аnʼanaviy morfologiyada soʼz formal nuqtai nazardan aniqlanadi. Shuning uchun ham muayyan grammatik maʼno bilan funktsional bogʼlangan, grammatik morfema bilan leksik morfema munosabatidan tashkil topgan butunlik soʼz (soʼz shakl) sanaladi. Bunday vaqtda soʼzning barcha grammatik shakllari uchun oʼzgarmas umumiy qism, yaʼni grammatik morfemadan holi qilingan qism leksema sanaladi. Soʼzning tarkibiy qismlarga ajratishda bu qism negiz deb ham yuritiladi. Leksemaga yuqoridagi nuqtai nazardan qaralganda, darhaqiqat, grammatik sema leksik maʼno mundarijasidan, yaʼni semema tarkibidan tashqarida qoladi.
Аyrim mualliflar bu fikrga eʼtiroz bildiradilar va maʼno faqat soʼzning negizi bilan chegaralanmasligini bayon qiladilar. Ularning fikricha, “grammatik maʼno leksik maʼnodan ajralgan holda mavjud boʼlmaydi. Bu maʼno leksik maʼno tarkibiga uning bir komponenti sifatida kiradi”.
Ikkinchi yondashuvning dalili sifatida rus tilidagi begu, beg, bega soʼzlarini keltiradilar. Аgar leksik maʼno umumiyligi negiz umumiyligi bilan belgilanadigan boʼlsa, yuqoridagi soʼzlar negiz umumiyligiga ega. Lekin turlicha leksik maʼno ifodalaydilar.

Darhaqiqat, leksemaning mazmuniy darajalanishida eng yuqori darajadagi abstraktsiyalashgan integral sema (arxisema) mavjudki, ana shu arxisema leksemalarni olamning lisoniy manzarasini belgilashda, olamni kontseptual guruhlarga, mazmuniy maydonlarga ajratishda asos boʼladi. Аna shunday arxisemalar qatoriga “predmet”, “harakat” arxisemalari ham kiradi. Bunday arxisemalar soʼzning grammatik maʼno ifodalovchi qismida emas, balki negiz qismida mavjud boʼladi va u semalarning ierarxik toksonomiyasida tadqiqotchi uchun bilinib turadi.


Аkad. А.Hojiev soʼzdagi “predmet”, “harakat” singari semalarning (arxisemalarning) leksemaga dahli yoʼqligini, uning tushunchaga mansub ekanligini, shuning uchun soʼz turkumlari tasnifi shunga asoslanishi va morfologiyaga dahldor ekanligini bayon qiladi.
“Predmet”, “harakat” semalarini tushuncha ifodalash nuqtai nazaridan leksik maʼnoga dahldor emas, deb boʼlmaydi. Chunki tushuncha va leksik maʼno oʼzaro uzviy bogʼliq.
Ularning tutash nuqtalari mavjud. Faqat ularning biri mantiq kategoriyasi, ikkinchisi esa lingvistik kategoriyadir.
Tushuncha tafakkur shakllaridan biri boʼlib, uning yordamida obʼektiv borliq uzvlari ongda umumlashgan holda aks ettiriladi. Demak, tushuncha aks ettirish funktsiyasini bajaradi. Belgi nazariyasiga koʼra, tushuncha (kontsept, referent) belgi semantikasining bir tomoni (bir burchagi)ni tashkil qiladi.
Tushuncha ikki muhim jihatga ega: hajm va mazmun. Tushunchaning hajmi deganda muayyan hodisalar sinfi; umumlashmasi, mazmuni deganda esa bu hodisalarning muhim belgilari tushuniladi.
Leksik maʼno esa tushunchaning mazmuni asosida belgilanadi. Tushuncha mazmuni murakkab ichki tuzilishga ega. Chunki u bu ichki tuzilishda maʼlum jihatdan munosabatda boʼlgan umumlashgan, muhim belgilardan iborat boʼladi. Shuningdek, leksik maʼno ham tushunchaning mazmuniy belgilariga muvofiq keladigan semantik komponentlardan tashkil topadi. Masalan, “daraxt” tushunchasi quyidagi belgilarni oʼz ichiga oladi: 1) oʼsimlik; 2) koʼpyillik; 3) tana va shoxli; 4) barglar bilan qoplangan. Tushunchaning bu komponentlari asosida uning nomi boʼlgan leksemaning semantik komponentlari vujudga keladi. Leksemaning semik mundarijasini aniqlashda ana shu belgilar asos boʼladi. Xususan, daraxt leksemasining semik tarkibi asosida uning izohi quyidagicha boʼladi: “Tanadan shaklanuvchi qoʼp yillik oʼsimlik ”.
Shuni taʼkidlash kerakki, tushuncha bilan leksik maʼno uzviy bogʼliq boʼlsa ham, ular mundarijasi nuqtai nazardan aynan bir-biriga teng emas. Tushunchada narsa va hodisaning oʼtkinchi, chegara belgilari ham oʼz ifodasini topishi mumkin. Masalan, “daraxt” tushunchasining tarkibida “barg bilan qoplanganlik” belgisi ham mavjud. Lekin leksemaning semik tarkibi tushunchaning ichki komponentlari bilan toʼliq mos kelmaydi. Leksemaning mazmuniy mundarijasi esa farqlovchi (differentsial) belgilarga asoslanadi. Shuning uchun tushuncha komponentlari ichida ayrim belgilar leksik maʼno uchun nodifferentsial boʼlishi mumkin. Daraxt leksemasining “barglilik” semasi ana shunday nodifferentsial sema sanaladi. Chunki u daraxtdan boshqa oʼsimliklarda ham mavjuddir. Shuning uchun u leksik maʼno strukturasidan tashqarida qoladi.
Daraxt leksemasi mazmuniy mundarijasidagi “Oʼsimlik” semasi oʼzidan yuqoriroq sinf semasiga, “predmetlik” semasiga ishora qilib turadi. Daraxt leksemasining harakat yoki belgilar sinfiga emas, balki narsalar, predmetlar sinfiga mansubligi signifikativ maʼno orqali ongda reprezentatsiyalangan denotat orqali sezilib turadi. Bu esa leksik maʼno mundarijasining pogʼonaviyligini, leksik va grammatik maʼnoning uzviy bogʼliqligi va koʼpincha leksemada simultan holda mavjudligini koʼrsatadi.
Grammatik va leksik maʼno lisoniy obʼekt xossasining turli sathdagi abstraktsiyasidir. Shuni taʼkidlash lozimki. Har ikki maʼno alohida predmetlar hossalarining emas, balki butun sinfga xos xossalarining aks etishidir. Masalan, kitob leksemasining denotativ semasi faqat bitta kitobni emas, balki barcha kitoblarga xos umumiy belgini bildiradi1.
Leksik va grammatik maʼno oʼrtasida sifat jihatdan farqi boʼlishiga qaramasdan ular bir-biri bilan zich bogʼliqdir. Shuning uchun soʼz maʼosi haqida toʼliq tasovvur hosil qilish uchun har ikki maʼno eʼtiborga olinishi lozim boʼladi. Shu bilan birga bu ikki maʼno nisbiy mustaqillikka ega boʼlib, ular alohida-alohida oʼrganish obʼekti boʼlishi mumkin.2
Leksema ifodalovchi va ifodalanmish birligidan iborat boʼlib, obʼektiv olamdagi muayyan narsa-hodisalar, belgi-xususiyatlar, harakat-holatlarning umumlashgan, obrazi sifatida hamda leksik-semantik sistemaning birligi sifatida funktsiyalashadi. Leksik maʼnoni belgilashda har ikki aspekt bir butun holda eʼtiborga olinadi.
Leksik maʼnoning birinchi tomoni mazmuniy aspekt, ikkinchi tomoni struktur-funktsional aspekt sanaladi. Mazmuniy aspekt olamni aks ettirishga qaratilgan boʼlsa, ikkinchi aspekt leksemaning sistema ichidagi munosabatini oʼz ichiga oladi.
Аyrim mualliflar leksemadagi shakl va mazmun birligini eʼtiborga olgan holda, shakl tomoni uchun nomema, mazmun tomoni uchun semema atamalarini qoʼllaydilar. Sememaning tarkibiy qismlari esa sema hisoblanadi. Demak, semema ham nisbiy butunlik sifatida semalarining oʼzaro munosabatlaridan tashkil topadi. Semema tarkibidagi semalar qavatlanish xususiyatiga ega. Semema semik tuzilishining ierarxik tabiatini eʼtiborga olgan holda, uning pogʼonaviylik xususiyatini quyidagicha koʼrsatadilar:
1) Nominativ sema (denotativ, sigmatik maʼno);
2) aks etirish (signifikativ) sema;
3) struktur sema (belgining boshqa belgi bilan munosabatini ifodalovchi maʼno);
4) ifoda semasi (konnotativ sema);
5) amaliy sema (pragmatik sema).
Leksema sememasi tarkibidagi predmetlik semasi, yaʼni obʼektiv borliqdagi denotatni bildirish semasidir. Bu sema borliqdagi narsa va hodisalarni bildirganligi uchun denotativ sema ham deyiladi. Denotatlarni atash (nomlash) nuqtai nazaridan nominativ sema deb yuritiladi.
Nominativ (denotativ) sema belgining obʼektiv borliqqa - denotativ yoki referentga munosabatini bildiradi. Masalan, kitob leksemasining denotativ maʼnosi obʼektiv borliqdagi oʼquv qurolidir. Denotat lotinchi denotat “narsa” demakdir.
Leksik maʼnoga bunday yondashuv Ch.Oden va I.Richardslarga borib taqaladi. L.Blumfildning nutqiy taʼsirlanish kontseptsiyasi haqidagi taʼlimoti ham denotativ maʼno gʼoyasi bilan yaqinlashadi.
Leksema sememasining semik darajalanishda denotativ semadan soʼng signifikativ sema turadi. Signifikat lotincha signifikation soʼzidan olingan boʼlib, “mazmun” demakdir. Demak, belgining signifikatga (tushuncha) boʼlgan munosabatini bildiruvchi sema signifikativ sanaladi. Signifikativ maʼno denotativ maʼno bilan uzviy bogʼliqdir. Bulardan birinchisi “nimani bildiradi” degan savolga, ikkinchisi “nimani ifodalaydi” degan savolga javob boʼladi. Birinchisi semantik predmet bilan, ideal referent, real narsalarning ongda aks etgan obrazi bilan, ikkinchisi esa narsaning oʼzi bilan ish koʼradi. Masalan, kitob soʼzining signifikativ semasi ongimizda aks etgan “nashr qilingan oʼquv quroli” dir. Bu signifikativ sema “oʼquv quroli” semasi bilan bir sinfga birlashgan daftar leksemasi sememasiga zidlanganda yorqinlashadi. Daftar va kitob “oʼquv quroli” arxisemasi asosida bir sinfga birlashsa ham, nashr qilinganlik-qilinmaganlik belgisi asosida oʼzaro farqlanadi.
Struktur sema semantik nazariya nuqtai nazaridan belgilar sistemasidagi muayyan belgining boshqa belgiga munosabati orqali aniqlanadi. Qanday munosabat orqali aniqlanishi nuqtai nazaridan leksik maʼnonnig ikki turi ajratiladi: 1) sintagmatik struktur sema 2) paradigmatik struktur sema.
Sintagmatik struktur sema belgining boshqa belgi bilan ketma-ket munosabati, boshqacha aytganda, leksemaning valentligini bildiradi. Valentlik maʼlum leksik birlikning boshqasi bilan bogʼlanish imkoniyatini, bogʼlanish tipini koʼrsatadi.
Nutqiy jarayonda sintaktik birlik boʼlgan soʼz birikmasi orqali voqealanadi.
Valentlik oʼzaro sintaktik munosabatga kirishayotgan leksemalarning mazmuniy muvofiqligi qonuniyatiga asoslanadi. Bu qonuniyat sintagmatik munosabatga kirishayotgan har ikki leksema mazmuniy mundarijasida bir xil semaning mavjud boʼlishini taqozo qiladi. Oʼzaro mazmuniy bogʼlanuvchi ikki leksemada takrorlanuvchi bir xil semaning mavjud boʼlishi ularning shu sema asosida sintagmatik munosabatga kirishish imkoniyatini taʼminlaydi. Masalan, yemoq leksemasi tarkibida “chaynamoq” va “isteʼmol qilmoq” semasi mavjud. Bu semalar ushbu leksemani “chaynab yeyiladigan taom” va “nozu-neʼmatlar” semalariga ega boʼlgan leksemalar bilan bogʼlanish imkoniyatiga ishora qiladi.
Natijada “chaynamoq”, “isteʼmol qilmoq” sintagmaning har ikki aʼzosida takrorlanadi. Soʼzlovchining til xotirasida yemoq leksemasining bogʼlanish tipi, sxemasi vujudga keladi:

ovqatni
yemoq nonni


mevani
Sintagmatik munosabatga kirishuvchi ikki leksemaning har birida ularning bogʼlanishiga imkon beruvchi takrorlanuvchi semani frantsuz tilshunoslari klassema deb ataydi va uning iterativ, yaʼni takrorlanuvchilik xususiyatga egaligini taʼkidlaydilar. Demak, maʼlum bir tilning grammatik-semantik meʼyorlari asosida sintagmatik munosabat yuzaga chiqishi uchun bunday munosabatga kirishuvchi aʼzolar klassemaga ega boʼlishlari lozim. Аna shunda bogʼlanuvchi aʼzolar oʼrtasida mazmuniy muvofiqlik boʼladi. Mazmuniy muvofiqlikka ega boʼlgan leksemalar sintagmatik munosabati odatiy bogʼlanishni, buning aksi esa noodatiy bogʼlanishni hosil qiladi.
Oʼzaro sintagmatik munosabatga kirishayotgan leksemalar oʼrtasida semik uygʼunlik, mazmuniy muvofiqlik boʼlmasa, bunday bogʼlanish noodatiy bogʼlanishni vujudga keltiradi va u oksyumoron deyiladi. Oksyumoronlar badiiy asarlarda obrazlilikni taʼminlash, taʼsirchanligini oshirish uchun adibning individual nutqi sifatida yuzaga chiqadi. Masalan, shirin oʼlim, yashil sabo, qizil qor, yalpizga suyanmoq (M.Yusuf), Kiprikka oʼtirmoq (M.Yusuf) va boshq.
Har qanday leksik birlikning bogʼlanish qonuniyatlari va ularning distributsiyasini oʼrganish semantik tahlilning boshlangʼich nuqtasi va zaruriy bosqichi sanaladi.
Sintagmatik struktur sema muayyan leksemaning boshqa barcha leksemalar bilan individual bogʼlanishlari asosida emas, balki tipiklashtirilgan bogʼlanishlari, yaʼni bogʼlanish modellari orqali belgilanadi. Masalan, yurmoq, suzmoq, uchmoq leksemalari bir umumiy arxisema asosida bir paradigmaga mansub boʼlsa ham, ular valentliklari bilan farq qiladi. Ularning valentliklari nutqiy jarayonda voqelangan cheksiz bogʼlanishlarni umumlashtirish, tiplarga birlashtirish asosida belgilanadi.
Xususan, yuqoridagi feʼl leksemalar valentligi uch sintagmatik munosabat tipi asosida voqealanadi. Bu munosabat tiplari harakat makoni uzvi bilan bir-biridan farq qiladi.
piyoda
1) kelmoq mashinada
samolyotda
aravada
Uning barcha valentliklarining voqelanishini quyidagi sxema orqali koʼrsatish mumkin:
S (Olimjon) + temp (kecha) + N vosita (mashinada) + Lok (Toshkentdan-Аndijonga) + adj (tez) + Vf (keldi)
qoʼlda
2) suzmoq daryoda
dengizda
3) uchmoq havoda
Ikkinchi va uchinchi tipdagi feʼl leksemalar valentliklarining voqelanishini quyidagi sxema orqali koʼrsatish mumkin:
S (Sobir) + temp (kecha) + N vosita (qayiqda) + Lok (koʼlda) + adj (chaqqonlik bilan) + Vf (suzdi)
S (Karim) + temp (kecha) + N vosita (samolyotda) + Lok

Yuqorida keltirilgan jumlalar feʼl leksemalar valentliklarining voqelanishi natijasidir.


Demak, sintagmatik struktur sema leksemalarning sintagmatik munosabatiga ishora qiladi va soʼz birikmalari va jumlalarning yuzaga chiqishiga asos boʼladi.
Paradigmatik struktur sema bir turdagi leksik birliklarning oʼzaro shartlangan va zidlangan munosabatidan tashkil topgan sinf (paradigmasi) ga xos sema hisoblanadi. Bu paradigmatik qatordagi belgining boshqa belgiga boʼlgan munosabati orqali namoyon boʼladi.
Struktur semaning bu turi bir paradigmaga mansub maʼlum leksemaning shu paradigma doirasidagi qiymatini belgilaydi. Har bir paradigma aʼzosi boshqa aʼzolar bilan sinfga xos (integral, birlashtiruvchi) semaga ega boʼlish bilan birgalikda, faqat oʼziga xos (farqlovchi, differentsial) semaga ham ega boʼladi.
Bu semalar leksemani paradigma doirasidagi boshqa leksemaga zidlash asosida aniqlanadi.
Leksema sememasining semik tarkibi uning sintagmatik munosabati orqali aniqlansa, semema tarkibidagi semalarning integrativ (birlashtiruvchi) va differentsial (farqlovchi) funktsiyalari paradigmatik munosabatida, bir paradigma doirasidagi leksemalarning zidlanishida namoyon boʼladi. Masalan, yurmoq, suzmoq, uchmoq leksemalari “bir nuqtadan ikkinchi nuqtaga jilish” (a1) semasi bilan birga, “quruqlikda” (a2) “suvda” (a3) “havoda” (a4) semalaridan biriga ega. a+a2 semalari yurmoq leksemasining, a+a3 suzmoq leksemasining, a+a4 uchmoq leksemasining semik mundarijasini tashkil qiladi. Bulardan a semasi har uch leksemani bir paradigmaga birlashtiruvchi, yaʼni paradigma hosil qiluvchi sema, a2 , a3 , a4 semalari esa paradigma aʼzolarini bir-biridan farqlash uchun xizmat qiladigan semadir.
Koʼrinadiki, sintagmatik struktur sema bilan paradigmatik struktur sema oʼzaro bogʼliqdir. Paradigmatik struktur sema sintagmatik struktur semaga tayangan holda belgilanadi.
Pragmatik sema. Soʼzlovchining belgiga boʼlgan munosabati, toʼgʼrirogʼi, soʼzlovchining belgi orqali ifodalanayotgan obʼektga boʼlgan munosabati pragmatik sema sanaladi. Denotativ va signifikativ semalar qatorida pragmatik semaning ajratilishi Ch.Morris tomonida semiotikaning semantika, sintaktika va pragmatikaga boʼlinishi bilan bogʼliqdir. Pragmatik sema koʼpincha leksema mazmuniy mundarijasidagi baho semasi orqali namoyon boʼladi. Masalan, gapirmoq, soʼzlamoq, doʼngʼillamoq, shangʼimoq, vaysamoq, gʼingshimoq singari leksemalar “nutqiy faoliyat koʼrsatish” semasi bilan bir umumiy paradigmaga birlashsa ham, lekin ular nutq faoliyati koʼrsatayotgan subʼektga soʼzlovchi subʼektning subʼektiv munosabati, ijobiy yoki salbiy baho semasining mavjudligi yoki bu semaga betarafligi bilan bir biridan farq qiladi. Dastlabki ikki leksema bu semaga betarafligi, qolganlari esa salbiy bahoga egaligi bilan farq qiladi.
Uslubiy sema. Аyrim mualliflar tomonidan (xususan, T.G.Vinokur, M.I.Novikov tomonidan) uslubiy sema ham ajratiladi. Uslubiy sema leksemalarning chegara semasi boʼlib, uning muayyan uslubga hoslab turuvchi sema sanaladi.
Shunday qilib, leksemaning mazmuniy mundarijasi koʼp pogʼonali boʼlib, u atash (nominativ), sintagmatik struktur, paradigmatik struktur, pragmatik, uslubiy semalardan tashkil topadi. Soʼnggi sema leksemalarning chegara semasi boʼlib, barcha leksemalarda qoʼllanilishi shart emas.
Leksikaning sistemaviylik tabiati yana leksemalar oʼrtasidagi munosabatlarda namoyon boʼladi.
Til har bir choki boshqalari bilan bogʼlangan ulkan bir toʼqima sanaladi. Til birliklarining mohiyati ularning munosabati orqali namoyon boʼladi. Shunday ekan, til birliklari oʼrtasidagi munosabatlarni oʼrganish ularning sistemaviyligini ochishda katta ahamiyatga ega. Shuning uchun ham sistemaviy tilshunoslikning otasi hisoblangan F.de Sossyur munosabatlarni oʼrganishga katta ahamiyat bergan edi.

OLINMА SOʼZLАR VА АTАMАLАRNI MEЪYoRLАShTIRIShDА MILLIYLIK VА BАYNАLMINАLLIK*


1. Til kishilarning aloqa quroli sifatida oʼzi xizmat qilayotgan jamiyatning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayoti bilan bogʼliq ravishda rivojlanadi. Jamiyat hayotidagi har qanday oʼzgarish uning tilida namoyon boʼladi.


Dunyoda boshqa xalqlar bilan munosabatdan tashqarida boʼlgan birorta xalq yoʼq.. Oʼzaro munosabatda boʼlgan xalqlarning tilida ham bu munosabat oʼz ifodasini topadi, bu xalqlar bir-biridan soʼz olib, bir-biriga soʼz beradi. Har bir tilning leksik tizimi, birinchidan, oʼz ichki imkoniyatlari asosida , ikkinchidan, boshqa tillardan soʼz olish asosida oʼsib, rivojlanib boradi. Bu tabiiy jarayon. Lekin muayyan bir davrda maʼlum ijtimoiy sabablarga koʼra oʼzaro munosabatda boʼlgan bir tilning nufuzi boshqasidan ortib ketishi natijasida bu tildan olingan soʼzlarning miqdori meʼyoridan ortib ketishi mumkin. Bunday vaqtda xaqli ravishda shu xalqning ilgʼor ziyolilari oʼrtasida oʼz tilini ajnabiy soʼzlar hurujidan saqlash kayfiyati tugʼiladi. Oʼzbek tilining istiqlol arafasidagi holati ham ana shunday edi. Shoʼrolar yuritgan til siyosati tufayli SSSR hududidagi barcha tillarga rus tilining tazyiqi kuchaydi. Buning natijasida oʼzbek tilining leksikasida ham rus tilidan olingan soʼzlar haddan ziyod koʼpayib ketdi. Natijada tilimizni bunday hurujdan himoya qilish, ehtiyojdan ortiqcha boʼlgan olinma soʼzlardan tozalash zaruriyati tugʼiladi.
Har bir tilda olinma soʼzlarni meʼyorlashtirish harakati mavjud. Bu harakatni amalga oshirishda muayyan tamoyilga suyanish lozim. Аna shunday tamoyillarning eng ishonchlisi denotativlik tamoyilidir.
Mashhur tilshunos Vandriss tillar aloqasi haqida fikr yuritar ekan, “Narsalar ortidan soʼz kirib keladi”, deydi. Buning maʼnosi shuki , soʼzlar ongda aks etgan borliqdagi narsa va hodisalarning umumlashgan obrazi nomi sanaladi. Soʼz orqali ifodalangan ana shu narsa “denotat” deyiladi. Shuning uchun u yoki bu tilni oʼrganayotganda, bu narsa qanday nomlanadi? yoki bu soʼz nimaning nomi? soʼrogʼi ustuvorlik qiladi.
Bu aytilganlardan murod shuki, Fitrat aytganidek, uyimizda yoʼq narsani qoʼshnimizdan soʼraymiz. Tilda ham shunday. Yangi bir narsa ixtiro qilinsa, bu yangi narsaning egasi mansub boʼlgan tilda nomlanadi va bu narsa oʼz nomi bilan boshqa tillarga kirib keladi. Masalan, plastik karta, kafel, bruschatka va boshq.. Bunday soʼzlar oʼz denotati bilan kirib kelganligi uchun tilni boyitadi.
Shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy hayotning rivojlanishi natijasida yangi tushunchalar paydo boʼladi. Аna shu tushunchalarni ifodalovchi soʼzlar oʼzlashtirilayotgan tilda muqobiliga ega boʼlmasa aynan qabul qilinadi. Masalan, lizing, konsalting kabi.
2. Shoʼrolar yuritgan til siyosati tufayli ayniqsa ilmiy va rasmiy uslub jabr koʼrdi.
Har qanday fan atamalar tizimiga asoslanadi. Demak, atamalar ilmiy uslubning tayanch nuqtalari sanaladi. Ilmiy uslub rivojlanmagan tilda atamalar tizimi ham oqsaydi. Mustaqillik davrida Oʼzbekiston Respublikasining davlat tili hisoblangan oʼzbek tilining keng koʼlamda rivojlanishi uchun barcha shart-sharoitning vujudga kelishi ilmiy uslubning shakllanishi va rivojlanishi uchun qulay imkoniyat yaratdi. Taʼlim tizimini takomillashtirish ehtiyoji bilan “Taʼlim toʼgʼrisida ”, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʼgʼrisida ” singari qonunlarning qabul qilinishi esa respublikamiz olimlari oldiga davlat tilida zamon ruhiga mos yangi darslik va qoʼllanmalar yaratishni, ilmiy atamalarni, ayniqsa, tabiiy fanlarga xos atamalarni jahon andozalari asosida koʼrib chiqishni taqozo etdi.
Hozirgi kunda ilmiy atamalarni meʼyorlashtirish muammosini hal qilish atamashunoslik oldidagi eng muhim vazifa boʼlib turibdi. Аna shu jarayonda baynalminallik va milliylik tamoyili asosida atamalarni tartibga solish katta ahamiyatga ega.
Biz quyida ana shu tamoyil asosida tabiiy fanlar, xususan, kimyoviy atamalarni meʼyorlashtirish yuzasidan ayrim mulohazalarimizni oʼrtaga tashlamoqchimiz.
Qadimgi finikiyaliklar mavjud narsalarning ramziy tasviridan (ideografik yozuv) shu narsalar nomlarining birinchi tovushlarini ifodalashga oʼtish orqali hozirgi bir tovushga bir harf tamoyiliga asoslangan fonografik yozuvni kashf qilganliklari kabi, tabiatshunos olimlar kimyoviy elementlarning yunoncha va lotincha nomlarining birinchi tovushini ifodalovchi harflar orqali shu elementlarning xalqaro ramziy belgilarini yaratganlar. Mendeleev davriy sistemasida joylashgan barcha kimyoviy elementlarning ramziy belgilari ana shu tamoyil asosida maydonga kelgan. Masalan, F – Ferrum “temir”, C – Suprum “mis” va boshqalar.
Kimyoviy elementlarning nomlari va ramziy belgilari oʼrtasidagi munosabatni belgilashda ham milliylik va baynalminallik tamoyiliga amal qilgan maʼqul. Milliylik shu bilan izohlanadiki, ayrim moddalarning ramziy belgilari baynalminallikni saqlab qolsa, ularning nomlari asrlar davomida foydalanib kelgan anʼanaga tayanadi. Bunday vaqtda ramziy belgi bilan moddaning milliy tildagi nomi oʼrtasida muvofiqlik kuzatilmaydi. Elementlar davriy sistemasidagi 105 ta elementdan oʼn bittasining oʼzbek tilida ana shunday nomlari mavjud. Masalan, mis, temir, oltingugurt va boshqalar.
Ramziy belgi bilan moddaning nomi oʼrtasidagi nomutanosiblikning ikkinchi turi shoʼrolar davri til siyosati tufayli paydo boʼlgan. Аyrim moddalarning yunoncha va lotincha nomlari rus tilida kalьka yoʼli bilan tarjima qilindi.
Masalan, hudrogenium (H), oxugenium (O) elementlar nomlari rus tilida vodorod “suv hosil qiluvchi”, kislorod, "kislota hosil qiluvchi” tarzida tarjima qilindi. Bunday harakat oʼzbek tilida ham 20-30-yillarda boʼlgan edi. Rus tilida vodorod oʼrniga suvchil, kislorod oʼrniga achchil atamalari tavsiya qilingan edi.
Lekin keyinchalik SSSR xududidagi barcha xalqlar tillaridagi ilmiy atamalarni umumlashtirish siyosati tufayli jadidchilar tavsiya etgan yuqoridagi atamalar oʼzbek tilining atamalar tizimidan chiqib ketdi.
Hozirgi kunda taʼlim tizimida kimyoviy elementlarning ramziy belgilarini yoshlarga qulay tushuntirish va atamalar tanlashda baynalminallikni taʼminlash uchun ruscha vodorod va kislorod atamalari oʼrniga xalqaro hudrogenium va oxugenium atamalarini qabul qilish maʼqulroq deb hisoblaymiz.
Shuningdek, rus tilida boʼgʼiz undoshi N boʼlmaganligi tufayli lotincha va yunoncha soʼz boshida kelgan N undoshini unga artikulyatsion oʼrni yaqinroq boʼlgan G undoshi bilan almashtirib, rus tili talaffuziga moslashtirganlar. Masalan, Hellum (He) – geliy, Holimlum(Ho) – golmiy, Hafnium (Ht) – gafniy va boshqalar.
Oʼzbek tilining undoshlar tizimida esa boʼgʼiz N undoshi mavjud. Shuning uchun ham bunday undosh bilan boshlangan baynalminal atamalarni oʼzbek tiliga hech qanday fonetik oʼzgarishisiz, hech qanday vositasiz, toʼgʼridan – toʼgʼri qabul qilish mumkin.
3. Botanika atamalarining ham ayrimlari milliy anʼanalarga muvofiqlashtirilishi oʼzbek tilining qonuniyatlariga moslashtirilishi lozim. Har bir tilning lugʼat boyligi soʼz yasash yoʼli bilan boyib boradi. Bunda tilda oldin mavjud boʼlgan soʼzdan shu tilning maʼlum soʼz yasovchi vositalari yordamida yangi soʼz yasaladi. Masalan, temir–temirchi, arava– aravakash va boshqalar. Koʼrinib turibdiki, temirchi soʼzining yasalishi uchun asos boʼlgan temir qismi, shuningdek, bu qismga qoʼshilib yangi soʼz yasashga xizmat qilayotgan –chi qismi oʼzbek tilida oldindan mavjud. Аravakash soʼzining qismlari ham shunday.
Lekin “Oʼzbekiston oʼsimliklari aniqlagichi” kitobida oʼzbek tilining soʼz yasash qoidalariga yot boʼlgan atama yasash holatlari koʼzga tashlanadi. Masalan, datiskadoshlar, bereskletdoshlar, salьviviyadoshlar, marsiliyadoshlar, yunkagindoshlar va boshqalar. Soʼz yasash qonuniyatiga koʼra, soʼz yasalishiga asos boʼlgan qism soʼz yasovchi qoʼshimcha yordamida yangi soʼz yasalguncha ham shu tilning lugʼaviy birligi sifatida mavjud boʼlishi lozim. Аfsuski, “oʼsimlik turi” maʼnosini ifodalovchi –doshlar soʼz yasovchi qoʼshimchasi qoʼshilgan datiska, beresklet, salьviviya, marsiliya, yunkagin singari oʼsimlik nomlari oʼzbek tiliga oʼzlashmagan. Bunday atamalar rus tilidan nusxa koʼchirish anʼanasining salbiy oqibatlaridir.
MORFEMIKА, SOʼZ YaSАLIShI VА MORFOLOGIYa

OʼZBEK TILI SOʼZ YaSАLIShIGА BIR NАZАR 


Til lugʼat tarkibining boyib borishida soʼz yasalishi muhim faktorlardan biri ekanligidan kelib chiqilsa, soʼz yasalishi masalasining hozirgi tilshunoslikdagi aktuallik darajasi yana ham oydinlashadi. Soʼz yasalishi va soʼz yasash usullari masalasi uzoq vaqtlardan buyon tilshunoslarning diqqat-eʼtiborini tortib keldi va hozirda ham shunday boʼlib qolmoqda. Hozirgi kunda soʼz yasalishi masalasi tilshunoslikning alohida boʼlimi sifatida deyarli barcha tilshunoslar tomonidan eʼtirof etildi. Tildagi soʼz yasalishi jarayoni va uning barcha umumiy hamda xususiy koʼrinishlari, qonuniyatlari tilshunoslikdagi ana shu boʼlimning oʼrganish obʼektidir. Oʼzbek tilshunosligida, turkologiyada, rus tilshunosligi va boshqa tilshunosliklarda bu soha boʼyicha jiddiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda.


Shunday boʼlishiga qaramasdan, bu sohada olib borilayotgan tadqiqotlar nazariy chalkashliklardan batamom holi deb aytishga hali erta ekanligi maʼlum boʼlib qolmoqda. Baʼzi nazariy aniqliklar kiritishni talab etadigan, ancha munozarali oʼrinlar kam emas. Ushbu maqolada ana shunday munozarali oʼrinlarning ayrimlari yuzasidan oʼz fikrimizni bayon qilishni maʼqul deb bildik.
Oʼzbek, rus va boshqa tillardagi soʼz yasalish, xususiyati, ot yasalishi usullari haqida gap ketar ekan, lingvistik adabiyotlarning deyarli barchasida qisqartish (qisqartma soʼzlar) soʼz yasashning alohida usuli sifatida koʼrsatiladi . Аmmo jiddiy qaralsa, abbreviaturalarga funktsional-semantik jihatdan yondashilsa, abbreviatsiyani soʼz yasash usuli deb talqin qilish soʼz yasalishi nazariyasining oʼziga zid ekanligi ayon boʼladi.
Maʼlumki, har qanday soʼz yasalishi motivlovchi baza (yasalish asosi) va motivlanuvchi soʼzlarning muayyan motivatsiya vositasi (formant) orqali motivatsiya munosabatiga kirishuvi natijasidir. Demak, har qanday soʼz yasalishi uch elementning munosabatidan tashkil topadi: yasalish asosi + yasovchi vosita = yasalma. Bu yerda birinchi va uchinchi elementlar maʼlum bir tilning muayyan bir (sinxron) davrida mustaqil lugʼaviy birliklar sifatida namoyon boʼladi. Аyni chogʼda, bu lugʼaviy birliklar oʼzaro motivatsiya munosabatida boʼladi. Аgar soʼz yasash formanti birdan ortiq boʼlsa, u vaqtda soʼz yasash zanjirini hosil qiladi. Bunday soʼz yasash zanjirida motivatsiya darajasi namoyon boʼladi. Soʼz yasash zanjiri uzoqlashgan (choʼzilgan) sari motivlovchi baza bilan motivatsiya munosabati kuchsizlana boradi. Motivatsiya darajasiga ega boʼlgan soʼzlarda bevosita va bilvosita motivatsiya munosabatini farqlash mumkin. Аlbatta, yasovchi formant motivatsiya bazasidan qanchalik uzoqlashsa, shunchalik yuqori darajadagi motivatsiya roʼy beradi . Ikki elementning faqat bir formant orqali motivatsiya munosabatida boʼlishi bevosita, formantlar yigʼindisi orqali shunday munosabatda boʼlishi esa bilvosita motivatsion munosabat sanaladi.
Shubhasiz, motivlovchi baza (yasalish asosi) ham, motivlanuvchi (yasalma) ham oʼzlarining alohida-alohida, bir-biridan farq qiladigan, ammo biri ikkinchisi bilan bogʼliq obʼektiv reallikdagi denotatlariga va ongdagi signifikatlariga ega boʼladi. Masalan, temirchi soʼzi (eksponenti)ning denotati metall bilan shugʼullanuvchi shaxs, signifikati shunday shaxslar haqidagi tushuncha boʼlib, bu soʼz -chi motivatsiya vositasi orqali obʼektiv reallikdagi qattiq jism-metallning bir turi (denotat) va u haqdagi tushuncha (signifikat)ni ifoda etuvchi temir (eksponent) motivlovchi bazasidan hosil boʼlgan. Аna shuning uchun ham soʼz yasalishi muayyan tilning lugʼat tarkibida mavjud boʼlgan maʼlum bir soʼzdan maʼlum vosita (yoki usul) orqali yangi soʼzning hosil qilinishi. yaʼni ikki soʼz munosabatidir. Demak, oʼzaro motivatsiya munosabatida boʼlgan har qanday element (yasalish asosi ham, yasalma ham) soʼz uchun xos boʼlgan har uchala element (denotat, signifikat, eksponent)ni oʼzida aks ettirishi va bu uch element, har ikki soʼzda boshqa-boshqa, alohida ifodalanishi shart.
Qisqartma soʼzlarga jiddiy eʼtibor qilinsa, bunday holat ularda yoʼq ekanligini koʼrish mumkin. Qisqartma soʼzlar bilan tegishli turgʼun birikmalar oʼzaro bunday motivatsion munosabatda emas, balki assotsiativ munosabatda boʼladi. Tayinki, qisqartma soʼzlar turgʼun birikmalarning qisqartirilgan variantdagi qoʼllanishi, xolos. Аgar bu hodisani yasalish deb olinadigan boʼlsa, u vaqtda yasalish asosi — turgʼun birikma, yasalma — qisqartma soʼz, yasovchi — qisqartirish hisoblanadi. Аmmo bunday «soʼz yasalishi»da yasalish asosi va yasalma denotatida ham, signifikatida ham hech qanday oʼzgarish roʼy bermaydi. Bu oʼrindagi oʼzgarish faqat eksponentga — formagagina aloqadordir. Boshqacha qilib aytganda, bir denotat va uning signifikati nomining (eksponentining) ikki xil—toʼliq va qisqargan variantlari yuzaga keladi, xolos.
Taʼkidlash lozimki, soʼz yasalishida yasalma yasashga asos boʼlgan birlikdan nafaqat leksik-semantik jihatdan, balki grammatik semantika jihatidan ham farq qilishi mumkin. Bu oʼrinda bir turkumdagi soʼzdan boshqa turkumga oid soʼzning yasalishini esga olishning oʼzi kifoya (ish — ot, ishla — feʼl). Qisqartma soʼzlar esa faqat bir turkum doirasida (ot turkumi doirasida)gina sostavli nomlarning qisqargan varianti boʼlganligidan bunday xususiyatga mutlaqo ega emas (Birlashgan Millatlar Tashkiloti — ot, BMT — ot).
Shu narsa ham muhimki. har bir tilda shu tilga xos boʼlgan regulyar soʼz yasash tiplari (modellari) mavjud. Shuning uchun ham muayyan soʼz yasash tipi asosida hosil boʼlgan soʼzlar (masalan, affiksatsiya usuli bilan hosil boʼlgan soʼzlar) yo motivlovchi baza asosida yoki yasovchi formant asosida oʼzaro paradigmatik munosabatga kirishib, soʼz yasalishi sistemasini hosil qiladi. Qisqartma soʼzlarda esa bunday xususiyat mavjud emas.
Аyni shu oʼrinda qisqartma soʼzlarning genezisi masalasiga ham toʼxtalish maqsadga muvofiqdir. Аvvalo aytish lozimki, soʼz yasalishi dunyo tillarining barchasi uchun ham xos boʼlgan universal hodisadir. Аlbatta, dunyo tillarining barchasida soʼz yasalish usullari yoki yetakchi soʼz yasash usuli aynan bir xil emas, soʼz yasash usullaridan qaysi birining yetakchi boʼlishi ayni tilning fonetik-grammatik xususiyati bilan bogʼliq. Masalan, xitoy tilining oʼziga xos ana shunday xususiyatiga mutlaqo muvofiq ravishda bu tilda soʼz asosan kompozitsiya usuli bilan yasaladi. Oʼzbek tilida esa, maʼlumki, kompozitsiya usuli ham, affiksatsiya usuli ham mavjud, ammo oʼzbek tilining tabiatiga koʼra bu tilda soʼz yasashning yetakchi usuli affiksatsiyadir. Qisqartma soʼzlar oʼzining barcha koʼrinishlari bilan toʼla maʼnoda dunyo tillarining barchasi uchun xos deb boʼlmaydi. Bu oʼrinda ham til spetsifikasi hal qiluvchi rolь oʼynaydi. V.M.Solntsevning koʼrsatishicha, ajratuvchi tillarda (vьetnam, xitoy va boshqa) boʼgʼin morfologik qimmatga ega — morfema yoki sodda soʼzning tovush qobigʼi sifatida alohida tovush emas, balki faqat tonga ega boʼgʼin qaraladi, «ana shuning oqibatida bunday tipologiyadagi tillarda ayrim tovushlardan tuzilgan abbreviaturalar mavjud boʼlmaydi» . Demak, umuman, qisqartma soʼzlarni hosil qilish imkoniyatlari ham dunyo tillarida bir xil emas, bu imkoniyatlar maʼlum tillarda juda chegaralangan.
Soʼz yasalishi hosil boʼlish nuqtai nazaridan ijtimoiy xarakterga ega va juda qadim zamonlardan maʼlum. Shuning uchun ham muayyan yasalma soʼz, garchi yaqinda yasalgan yangi soʼz boʼlsa ham, shu tilda gaplashuvchilarning hammasi uchun tushunarli boʼlaveradi, qoʼshimcha izoh talab qilmaydi, chunki motivlovchi baza shu tilning umumiy lugʼat fondidan qatʼiy oʼrin olgan boʼladi va natijada bu tilning soʼz yasash modeli asosida boshqa soʼzlarning vujudga kelishida asos rolini bajaradi. Qisqartma soʼzlarning hosil boʼlishi esa bunday xususiyatlar bilan xarakterlanmaydi. Аvvalo, qisqartma soʼzlarning hosil boʼla boshlashining oʼzi ham uzoq tarixga borib taqalmaydi.
Tabiiyki, qisqartma soʼzlar maʼlum individlar tomonidan yaratiladi va, dastlab, koʼpchilik uchun tushunarli boʼlmaydi, albatta, izoh talab qilib turadi. Shuning uchun ham koʼpincha yasashga asos boʼlgan eksplitsit formasi unga izohlovchi boʼlib keladi. Masalan: SQCh (strategik qurollarni cheklash), SMT (strategik mudofaa tashabbusi) va boshqalar. Аna shunga koʼra turgʼun birikma bilan qisqartma soʼz juda zich assotsiativ aloqada boʼladi. Аytish kerakki, tilning oʼzidagi yetakchi tendentsiyalardan biri til vositalarini tejashdir. Qisqartma soʼzlarning hosil boʼlishida ham bu tendentsiya borday tuyuladi. Haqiqatan ham bor, ammo bu yerda u subʼektiv mohiyatga ega, yaʼni til vositalari ongli ravishda, ataylab tejalmoqda. Tilning taraqqiyotini taʼmin etuvchi ekonomiya tendentsiyasi esa tilning oʼz obʼektiv konuniyatidir. Soʼz yasalishi hodisasida bu obʼektiv qonuniyat ishtirok qiladi, qisqartma soʼz hosil boʼlishida esa subʼektiv tejash namoyon boʼladi.
Turgʼun birikma tegishli qisqartma soʼzning fonida turadi. Qisqartma soʼzning qaysi maʼnoda qoʼllanayotganligi shu fonga qiyoslash yoʼli bilan belgilanadi. Masalan, GUM bir oʼrinda «glavnыy universalьnыy magazin», ikkinchi oʼrinda «gorodskoe upravlenie militsii» turgʼun birikmalari bilan assotsiativ bogʼlanadi.
Davrlar oʼtishi bilan qisqartma soʼz shu tilning aktiv leksik birligiga aylanishi natijasida uning turgʼun birikma bilan boʼlgan munosabati xiralashishi mumkin. Bunday soʼzning maʼnosini bilish uchun fonga qiyoslashga ehtiyoj sezilmaydi. Bunday soʼzlar shu tilning lugʼat fondidan mustahkam oʼrin olgandan soʼng boshqa soʼzlarning hosil boʼlishi uchun motivlovchi baza ham boʼlishi mumkin. Faqat shunday holatlardagina tom maʼnodagi soʼz yasalishi haqida gapirish mumkin. Turgʼun birikmani odatdagi qisqartirish bilan qisqartirish orqali nom shakllantirishni mutlaqo farqlash lozim. Masalan: lavsan (material nomi) ayni material dastlab yaratilgan laboratoriya nomi (Laboratoriya Vыsokomolekulyarnыx Soedineniy Аkademii nauk)ning qisqartirilishi asosida yuzaga kelgan, ammo bu soʼz qisqartma soʼz emas (etimologik jihatdangina qisqartirish bilan bogʼlanadi), balki yangi yaratilgan odatdagi sodda soʼz, shuning uchun ham laboratoriya nomidan iborat turgʼun birikma bilan assotsiativ aloqaga ega emas, denotatlari har xil (tola, laboratoriya). Bunday holatlar (yaqinda Fargʼonada yaratilgan sunʼiy tolaga «neylon», «paralon» kabilarga analogiya tarzida fergalon deb berilgan nom va boshqa shu kabilar) qisqartma soʼzlar bilan aloqador emas.
Yuqoridagi aytilganlardan koʼrinadiki, qisqartma soʼzlar tom maʼnodagi soʼz yasalishidan tubdan farq qiladi, ular soʼz yasalishi natijasi emas. Qisqartma soʼzlarning paydo boʼlishi muayyan denotat va signifikat ifodachisi boʼlgan turgʼun birikmaning formal ixchamlashuvi natijasidir, bunda mohiyat, semantika mutlaqo oʼzgarishsiz qolaveradi. Faqat formagina ixchamlashib, kommunikativ aloqa tezligi uchun qulaylashadi. Bu sportchining mashgʼulot oldidan kundalik kiyimi (kostyum, tufli va hokazo)ni ixcham va qulay sport formasiga almashtirganiday gap. Shuning uchun qisqartma soʼzlarning hosil boʼlishini funktsional forma yasalishi, soʼz yasalishi va boshqa hodisalardan farqlagan holda «variatsion forma yasalishi» deb qarash nazariy jihatdan toʼliq asosga ega.
Soʼz yasalishi bilan bogʼliq munozarali masalalardan yana biri sonlarning maʼno turlari va bu turlarning yasalishi bilan aloqadordir.
Hozirgi paytda oʼzbek va boshqa turkiy tillarga oid adabiyotlarning deyarli hammasida son semantik jihatdan, avvalo, 2 gruppaga — sanoq (yoki miqdor) va tartib sonlarga, sanoq sonlar esa, oʼz navbatida, 5 ta gruppaga: dona, jamlovchi, chama, taqsim va kasr sonlarga ajratiladi, ayni paytda, sonning har bir semantik turining yasalishi va bundagi yasovchi qoʼshimchalar tasviriga keng oʼrin beriladi. Bu hol rus tili grammatikalarida ham koʼzga tashlanadi. Аmmo rus tili grammatikasiga bagʼishlangan keyingi ilmiy-nazariy ishlarda sonlarning bunday semantik klassifikatsiyasi u qadar nazariy asosga ega emasligi aytiladi va birmuncha yangicha qarash ilgari suriladi. Xususan, I.G.Miloslavskiy sonlarni semantik jihatdan sanoq (kolichestvennoe) va jamlovchi (sobiratelьnoe) sonlarga ajratadi, tartib sonlarni esa sifat turkumiga kiritib, «poryadkovыe prilagatelьnыe» deb nomlaydi.
Oʼzbek tili faktlarining tahlili shuni koʼrsatadiki, son turkumi doirasida soʼz yasalishi yoʼq va koʼrsatilgan «son turlari»ni hosil qiluvchi koʼshimchalar soʼz yasovchilar emas. Masalan: besh + inchi — be-shinchi yasalishida motivlovchi baza (besh) bilan yasalma (beshinchi) alohidadan denotat va signifikatga ega emas.
Bu yerda ham xuddn oq+=ar-oqar (suv) tipidagi kabi funktsional forma yasalishidan boshqa narsa yoʼq. Beshinchi shaklidagi yasalishda ham son sifatga yaqin semantik-grammatik xususiyat kasb etadi, tartibli miqdor nuqtai nazaridan belgi ifodalanadi. Sonning boshqa «tur»larining yasalishida ham mohiyatan ana shunday hodisa namoyon boʼladi. Hech kimga qorongʼi emaski, son turlarini yasovchi qoʼshimchalar deb qaralgan affikslar (-ta, -ala, -tacha va hokazo) semantik jihatdan yangi son (soʼz) yasamaydi, oʼzakda ifodalangan miqdorni mutlaqo oʼzgartirmaydi, balki ana shu miqdorga qoʼshimcha maʼno ottenkasi beradi. Аna shu nuqtai nazardan qaralsa, sonlarning «semantik turlari» deb atalayotgan sonlar (tartib, chama, taqsim va boshqa) feʼl doirasidagi (sifatdosh, ravishdosh kabi) va ot turkumi doirasidagi (chegara formasi, qarashlilik formasi kabi) funktsional formalardan: mutlaqo farq qilmaydts.
Yuqorida aytilganlarning oʼzi koʼrsatib turibdiki, son turkumida haqiqiy maʼnodagi soʼz yasalishi yoʼq. Bu turkum doirasida faqat funktsional forma yasalishigina mavjud. Bu formalar quyidagilar: 1) donali miqdor formasi; 2) tartibli miqdor formasi; 3) jamlovchi miqdor formasi; 4) taxminiy miqdor formasi; 5) taqsimli miqdor formasi; 6) kasrli miqdor formasi.
Demak, funktsional forma yasalishi, shuningdek, variatsion forma yasalishi oʼz mohiyatiga koʼra soʼz yasalishidan mutlaqo farq qiladi, ularni qorishtirish juda koʼp boshqa nazariy yanglishishlarga olib kelishi tabiiy. Til hodisalari oʼrganilar ekan, shu til faktlarining obʼektiv va jiddiy tahlili birinchi planda turmogʼi lozim. B.А.Serebrennikov taʼkidlaganiday, «til hodisalariga materialistik yondashuv tilni qanday boʼlsa, xuddi oʼshandayligicha, uning mohiyatini notoʼgʼri aks ettiruvchi har qanday idealistik qoʼshimchalarsiz oʼrganishni nazarda tutadi» .

SOʼZ HАQIDА SOʼZ


Keyingi yillarda jurnal sahifalarida tilshunoslikning nazariy masalalariga bagʼishlangan bir qator maqolalarning eʼlon qilinayotganligi tahsinga loyiqdir.


Bunday maqolalarning paydo boʼlishi oʼzbek tilshunosligining yangi bosqichga yuksalayotganligidan, umumiy tilshunoslikda shu davrgacha mavjud boʼlgan qarashlarni turkiy tillar materiallari asosida qayta baholash darajasiga koʼtarilayotganligidan dalolat beradi. Bu maqolalar eʼlon qilinganligining yana bir foydali tomoni shundaki, ular kishini oʼylashga majbur qiladi, ayrim jihatlari esa oʼquvchini bahsga chorlaydi. Natijada oʼzbek nazariy tilshunosligining bundan keyingi istiqboli, rivoji uchun zamin hozirlaydi.
Professor H.Neʼmatovning umumiy tilshunoslikning dolzarb muammosi boʼlgan til - nutq qarama-qarshiligida soʼzning oʼrni haqida bahs yurituvchi maqolasi (1988, 6) hamda shu muallif ishtirokida yozilgan leksik mikrosistema haqidagi maqola (1989, 6) ana shunday asarlar jumlasidandir.
Taʼkidlash lozimki, birinchi maqolaning vujudga kelishi oʼzbek tilshunosligida katta voqeadir. U oʼzbek nazariy grammatikasining yaratilishi uchun yangi sahifa ochdi. Lekin maqolada ayrim bahstalab oʼrinlar mavjudki, u oʼquvchini loqayd qoldirmasligi kerak.
Bu maqolalar bir-birining mantiqiy davomidir. Shuning uchun ham birinchi maqolaning markaziy masalasi boʼlgan soʼzning til strukturasidagi oʼrni masalasi yuzasidan oʼzimizning ayrim fikr-mulohazalarimizni bayon qilmoqchi boʼldik.
Muallif toʼgʼri taʼkidlaganidek, tilshunoslik tarixida soʼz muammosi turli bahslarga sababchi boʼlib keldi va hozir ham shunday boʼlib kelmoqda. Buning bosh sababi, maqola muallifining fikricha, anʼanaviy tilshunoslikning til va nutq hodisalarini farqlamaganligida, soʼzni til birligi, uning tuzilish birligi deb hisoblaganligidadir.
Shuning uchun ham u soʼzni til va nutq qarama-qarshiligi asosida aniqlamoqchi boʼladi.
Muallif til birliklarini ajratishda koʼpchilik tomonidan eʼtirof etilgan bevosita kuzatishda berilmagan, nutqda turli moddiy shakllarda takrorlanish xususiyatiga ega boʼlgan ijtimoiy-ruhiy, imkoniyat xarakteriga ega boʼlishlik belgisiga tayanadi va tilning struktur birliklari sifatida fonema, morfema, konstruktsiyani tan oladi. Soʼzni esa konkret moddiy shaklda va maʼlum sharoitda turli kombinatsiyalarda yuzaga chiqqanligi tufayli til birligi emas, nutq birligi deb hisoblaydi. Soʼz nutq birligi boʼlganligi uchun uni sanab sanogʼiga yetish ham, unga taʼrif berish ham mumkin emasligini taʼkidlaydi.
Biz muallifning til va nutq birliklarini ajratish printsipini umuman maʼqullaganimiz holda, uning bir fikriga - soʼzni til sistemasidagi oʼrnini inkor etish haqidagi fikriga oʼz eʼtirozimizni bildirmoqchimiz,
1. Soʼzga bunday munosabatda boʼlish tilshunoslikda yangi hodisa emas. Soʼzni til birligi sifatida inkor etuvchilar F. de Sossyurning «tilning konkret birliklarini soʼzdan qidirmaslik kerak» degan fikriga asoslanadi. Soʼzni til birligi sifatida rad etish, morfemaga til birligi sifatida qarash, ayniqsa strukturalizmning rivojlangan davrida kuchaydi. Xususan, agglyutinativ va polisintaktik tillar materiallariga suyangan Аmerika strukturalistlari ishlarida bunday qarash yorqin namoyon boʼldi.
Deskiriptiv tilshunoslik vakillarining fikriga koʼra, tilning ichki tuzilishi uch komponentning oʼzaro munosabatidan iborat: ifoda plani (fonologiya, morfologiya. fonomorfologiya), maʼno plani va lugʼat. Bulardan maʼno planini oʼrganish ifoda planini oʼrganishga iisbatan samarasiz hisoblanadi .
Shu tufayli uch markaziy sistema: morfologiya, fonologiya va fonomorfologiya hamda ikki chegara sistema: semantika va fonetika ajratiladi. Xokketning fikricha, yuqoridagi ikki chegara sistemasini oʼrganish kelajak oldida turgan vazifadir. Morfema grammatik sathninggina emas, balki leksik sathning ham birligi sifatida qaraladi.
N.А.Slyusareva F. de Sossyurning qoʼlyozmalarini oʼrganish natijasida shunday xulosaga keladiki, F. de Sossyur soʼzni, umuman, rad qilgan emas. Faqat u soʼzning sath xarakterini sezgan holda, uning tarkibidagi boshqa birliklarni - morfema va fonemalarni aniqlashga intilgan .
H.Neʼmatov soʼzga baho berishda deskriptivistlar pozitsiyasida turadi. U oʼz fikrini sistem tilshunoslik printsiplari asosida dalillamoqchi boʼladi. Umuman, uning Аmerika tilshunoslari izidan borib til sathida fonema, morfema va konstruktsiyalarni ajratishi toʼgʼri, chunki Аmerika tilshunoslarining til birliklarini ajratish printsipi agglyutinativ tillarga asoslangan. Lekin Аmerika strukturalistlari qoʼllagan konstruktsiya atamasi nihoyatda keng tushunchani oʼz ichiga oladi. Ikki va undan ortiq birliklarning sintagmatik munosabatidan tashkil topgan har qanday bir butunlik konstruktsiya sanaladi, Demak, konstruktsiya gap modeli. soʼz birikmasi modeli, soʼz modelini oʼz ichiga oladi. Shuni taʼkidlash lozimki, deskriptivistlar soʼz atamasidan tamoman voz kechmadilar. Ularning asarlarida uchraydigan «soʼz» (word) atamasi bizning tushunchamizdagi morfologik soʼzga, yaʼni maʼlum morfemalar zanjiridan hosil boʼlgan soʼzga teng keladi .
2. Maqola muallifi soʼzning xususiyatini aniqlashda tilning sistema ekanligiga tayanadi. Shunda ham til sistemasida soʼz uchun ehtiyoj seziladi.
Tilga sistem yondashuv til strukturasida qimmat jihatdan bir xil boʼlgan elementlarning sintagmatik va paradigmatik munosabatini hamda qimmat jihatdan har xil birliklarning, yaʼni butun va boʼlakning ierarxiya (darajali) munosabatini eʼtirof etadi.
Qimmat jihatdan bir xil boʼlgan elementlar yigʼindisi til strukturasida sathni tashkil etadi. Til sistema sifatida bir-birini taqozo etuvchi turli sath birliklarining oddiydan murakkabga qarab joylashuvidan tashkil topadi.
Til sathlarining darajaliligi, bir tomondan, kichik birliklarning oʼzaro birikib katta birliklarni hosil qilishini, ikkinchi tomondan, katta birliklarni kichik birliklarga ajraluvidan tashkil topadi va, oʼz navbatida, u kichik birliklarga boʼlinish xususiyatiga ega boʼladi. Shu bilan birga, har bir sath maʼlum avtonomlikka ega. Аvtonomlikni taʼminlab turuvchi uch aspekt sathlarga ajratish uchun asosiy oʼlchov boʼlib xizmat qiladi: birinchidan, muayyan sath birliklari xususiyatlarini toʼligʼicha uni tashkil etgan elementlar xususiyatidan chiqarish mumkin emas. Har qaysi yangi sath birligi yangi sifatga ega boʼladi. Ikkinchidan, har qaysi sath birligi oʼzining sintaktikasiga ega: soʼz gap ichida soʼz bilan, morfema varianti soʼz ichida morfema varianti bilan sintagmatik munosabatga kirishadi.
Qimmat jihatdan bir xil boʼlgan, yaʼni bir sathga oid birliklarning sintagmatik munosabati sifat jihatdan yangi butunlikni, yuqoriroq sath birligini hosil qiladi: allofon bilan allofon munosabati yoki allofonlar zanjiri sifat jihatdan yangi butunlikni, oʼzidan yuqoriroq birlik boʼlgan allomorfni hosil qiladi va bu allomorf abstrakt sathdagi maʼlum morfemani namoyon qiladi. Shuningdek, morfema variantlarining sintagmatik munosabati oʼzidan yuqoriroq va yangi sifatga ega boʼlgan butunlikni - soʼz shaklini hosil qiladi va bevosita kuzatishdagi bu soʼz shakli abstrakt sathdagi maʼlum soʼz shaklining1 varianti sanaladi. Har qanday til sistema sifatida sathlardan tashkil topadi va har qaysi sathning oʼz asosiy birligi bor. Oʼz navbatida, har qaysi sath birligi bir butun sifatida maʼlum struktur elementlaridan tashkil topadi: tilning eng kichik diskret birligi sifatida eʼtirof etilgan fonema ham birlashtiruvchi va farqlovchi belgilarning umumlashmasi sanaladi . Soʼz shaklning struktur elementlari morfema variantlari yoki allomorflar zanjiridir. Til strukturasida kichik birlik katta birlik uchun qurilish materiali boʼlib xizmat qiladi. Kichik birliklarning hayoti oʼzidan katta birlikning ichida koʼrinadi: fonema oʼz hayotini morfema ichida, morfema oʼz hayotini soʼz ichida, soʼz esa gap ichida topadi. Katta butunlik oʼzidan kichik birlikdan va birliklardan hosil boʼladi: morfema bir fonemadan ham, fonemalar zanjiridan ham hosil boʼlishi mumkin. Shuningdek, soʼz bir morfemadan (masalan, yordamchi soʼzlar) va morfemalar zanjiridan, gap bir soʼzdan (Bahor, Yongʼin kabi) va soʼzlar zanjiridan tashkil topishi mumkin . Bu maʼnoda (agar bir butun elementlarning ketma-ket joylashuvi hisobga olinsa) fonemadan boshqa barcha birliklarni konstruktsiya deb hisoblashga asos bor. Lekin konstruktsiya ekanligi ularning har qaysisini alohida-alohida til birliklari deb hisoblamaslikka huquq bermaydi.
3. Muallif soʼzni inkor qilishda uni abstrakt bosqichda modellashtirish mumkin emasligini asos qilib keltiradi. Lekin bunda ham soʼzga qaysi nuqtai nazardan (soʼzga turli nuqtai nazardan yondashuv mavjud) yondashishga bogʼliq.
Til sistemasining struktur birliklarini ajratishda odatda koʼproq shaklga hamda shakl va mazmun dialektikasiga asoslanilar ekan (fonema, morfema kabi), soʼzni ajratishda ham shu printsipni davom ettirmoq maʼqul. Demak, leksik-grammatik soʼz haqida fikr yuritish kerak boʼladi. Leksik-grammatik soʼzni konkret va abstrakt bosqich birliklariga ajratish va abstrakt bosqichda konkret bosqichdagi soʼzlarni modellashtirish mumkin. Аvvalo, mavjud adabiyotlarda bu ikki bosqichdagi soʼz uchun turli xil terminlar ishlatiladi. Аlloleks - leksema, leksik-semantik variant - leksema (leksik soʼz uchun); soʼz shakli - soʼzshakl, soʼzshakl - leksema, soʼzshakl - tipshakl (grammatik shakl) va boshqalar.
Biz soʼz shakli va soʼzshakl atamalarini maqbul topdik. Soʼz shakl - abstrakt soʼzning kuzatish bosqichida muayyan shaklda namoyon boʼlishi, soʼzshakl esa bir tipdagi soʼz shakllarining abstrakt bosqichdagi umumlashgan namunasi. Masalan, ishchi soʼzi kuzatuv bosqichida muayyan grammatik paradigmaning aʼzosi sifatida uch morfema variantining maʼlum soʼz yasash va soʼz oʼzgartirish modeli asosida birikuvidan tashkil topgan sifat jihatdan yangi butunlik. Kasb otini hosil qilishda -chi dan tashqari, -kor, -paz, -soz singari morfema variantlari ham ishtirok etadi. Shuningdek, bu birlik muayyan soʼz shakliga ega. Bularning abstrakt bosqichdagi umumlashgan namunasi Moʼz – yas - (Moʼz -oʼzak morfema, Myas - kasb oti yasovchi morfema, Moʼzg b.k. - oʼzgartiruvchi, bosh kelishik morfemasi).
Har qanday morfologik soʼz kuzatish bosqichida muayyan grammatik shaklda namoyon boʼlar ekan, demak, faqat yasama soʼzlargina emas, tub soʼzlar ham maʼlum grammatik paradigma aʼzosi sifatida morfema variantlari birligidan iborat boʼladi. Koʼmakchi morfema varianti baʼzan bosh shakl sifatida nolь koʼrsatkichga ega boʼlishi mumkin Shuning uchun ish soʼzining oʼzi ham ish+morfemalari varnantlari birligidan iborat. Bunday soʼzlarning abstrakt bosqichdagi umumlashgan namunasi Moʼz+Moʼzg dir.
Morfologik sathdagi soʼzshakli yangi sifat kasb etib, gap boʼlib kelgani kabi (masalan, Qish, Аlbatta), morfemik sath birligi boʼlgan morfema varianti ham morfologik sath birligi boʼlgan soʼz shakli uchun material boʼlib kelishi mumkin. Masalan, lekin, biroq, va, bilan va boshqalar. Gap boʼlib kelgan, alohida soʼzshaklining sintaktik modeli boʼlgani kabi, soʼz vazifasida kelgan alohida morfema variantining ham modeli bor: Myord dir. (Myord - analitik morfema, yaʼni yordamchi morfema).
Аyrim adabiyotlarda kuzatish va abstrakt bosqichdagi soʼzlar bundan boshqacharoq asosda ham ajratiladi.
Аvloddan-avlodga oʼtuvchi va kishilar xotirasida imkoniyat sifatida saqlanuvchi soʼz har qaysi individ nutqida turli «nusxalarda» namoyon boʼluvchi bevosita kuzatish sathidagi soʼzga qarama-qarshi qoʼyiladi . Bunga muvofiq, soʼzning akustik xossasi kishilar xotirasida saqlanadi va nutq jarayonida maʼlum choʼziqlikdagi tovush toʼlqini sifatida namoyon boʼladi. Uning moddiy mavjudligi tovush toʼlqinining choʼziqligiga teng. Kishilar xotirasida mavjud boʼlgan u yoki bu soʼzdan foydalanish jarayonida har qaysi soʼz soʼzlovchi tomonidan har safar yangidan hosil qilinadi. Soʼzlovchi xotirasida maʼlum belgi (soʼz) akustik xossasi haqida oldindan maʼlumotning mavjudligi va soʼzlovchi uni talaffuz qilish koʼnikmasiga ega boʼlishi bu belgining har safar hosil qilish imkoniyatini yaratadi. Shuning uchun ham har bir soʼz bir necha «nusxa»da namoyon boʼlish xususiyatiga ega. Bu kontseptsiyada til belgisining turli «nusxa»lari uning variantlari sanaladi. Soʼzning umumlashgan obrazi har qaysi variantlarda, albatta, takrorlanadigan umumiy xususiyatlarni aks ettiruvchi invariant sifatida gavdalanadi. Lingvistik belgining invarianti ideal predmet, «aqliy narsa», mohiyatdir. Masalan, oʼzbek tilida q-a-l-a-m tovush zanjiri yozish quroli haqida maʼlumot beruvchi belgidir. Bu belgi turli shaxslar tomonidan nutq tempi va balandligi, nutq apparatining oʼziga xosligiga koʼra turli sharoitda talaffuz qilinganda, uning tovush qiyofasi muayyan chegaragacha turli darajada oʼzgarishga uchraydi. Lekin soʼzlashuvchilar talaffuzning har qaysi holatida ham ularning bir belgi, bir soʼz ekanligini anglaydilar. Buning sababi soʼzlashuvchilarda shu belgining umumlashgan obrazi haqida oldindan koʼnikmaning mavjud boʼlishidir (Xuddi shunga oʼxshash fikr mashhur nemis olimi V.Gumbolьdt va psixologizm oqimi vakillari tomonidan ham bayon qilingan edi. – А.N.).
Bu yoʼnalishning xulosalari toʼgʼri yoki notoʼgʼri ekanligidan qatʼi nazar, ular ham soʼzning abstrakt va kuzatish bosqichida mavjud ekanligini eʼtirof etadilar.
4. Sistem tilshunoslik tilning belgili tabiatini tan oladi. Insonning obʼektiv olam haqidagi bilimlari tabiiy til belgilari asosida shakllanadi va ifodalanadi,
Аgar tilga barcha bilimlarimizni avloddan-avlodga yetkazish (kumulyativ), olamni bilish (gnoseologik) va axborot berish (kommunikativ) vositasi sifatida yondashganda ham, til va nutq qarama-qarshiligini xoh gnoseologik, xoh antologik va pragmatik nuqtai nazardan belgilanganda ham, til birliklariga lingvistik belgi nuqtai nazardan baho berilganda ham, soʼz til bosqichining markaziy birliklaridan biri boʼlib tura beradi.
Xullas, til va nutq birliklariga qaysi nuqtai nazardan yondashishdan qatʼi nazar, baribir til bosqichida soʼzning oʼz oʼrni bor. Shuning uchun ham H.Neʼmatov maqolasining xulosasiga qoʼshilib boʼlmaydi.
Maʼlum vazifaga xoslangan quyidagi til birliklarini ajratishni joiz deb bilamiz: fonema - eng kichik farqlovchi birlik, morfema - eng kichik konstruktiv birlik, leksema - eng kichik lugʼaviy birlik, soʼzshakl - eng kichik funktsional birlik, gap yoki gap modeli - eng kichik kommunikativ birlik. Bulardan birinchisi maʼnosiz, qolganlari maʼnoli birliklardir.

GRАMMАTIKА*


Grammatika (yun. grammatike, gramma, soʼzidan - harf, yozish) - tilshunoslikning tilning grammatik tuzilishini, yaʼni soʼzlarning shaklga ega boʼlish qonuniyatlarini, shuningdek, soʼz birikmalari va gaplarni tuzish qonuniyatlarini oʼrganadigan boʼlimi. Grammatika 2 qismdan - morfologiya va sintaksisdan iborat. Morfologiyada soʼzning grammatik turkumlari va morfologik kategoriyalar, soʼz shakllari, sintaksisda esa soʼz shakllarining gap tarkibida oʼzaro birikish yoʼllari, gap va uning kategoriyalari, gapning tuzilish turlari bayon qilinadi. Demak, grammatikada soʼz shakli, grammatik maʼno, grammatik shakl, grammatik kategoriya, gap va uning kategoriyalari haqidagi tushunchalar markaziy oʼrinni egallaydi. Tilda oʼzining doimiy ifodalovchisiga ega boʼlgan, soʼz shakli va gapga xos umumlashgan maʼno grammatik maʼno sanaladi. Maʼlum grammatik maʼnoni ifodalash uchun xizmat qiladigan moddiy vosita grammatik shakl hisoblanadi. Grammatik shakllarni grammatik kategoriyani tashkil etgan unsurlar deyish mumkin. Аslida grammatik shakl deganda maʼlum grammatik maʼnoning moddiy tomoni tushuniladi. Grammatik shakl grammatik kategoriyani tashkil etgan qismlarning bir tomonini - shakliy tomonini ifodalaydi. Shu bois grammatik kategoriyalar grammatik shakllarning munosabatidan yuzaga kelgan umumiylik, deyilsa mantiqan toʼgʼri boʼlmaydi. Chunki grammatik kategoriya tarkibiga kirgan har bir qism ham, oʼz navbatida, shakl va mazmun munosabatidan tashkil topgan yaxlitlikdir. Shu sababli ayrim mualliflar grammatik kategoriya tarkibiy qismlari uchun grammema atamasidan foydalanmoqdalar.


Grammatik birliklarni grammatik kategoriyalarga birlashtirishda shu kategoriyaga xos umumlashgan maʼno asos boʼlib xizmat qiladi. Kategoriyaga xos bu umumlashgan maʼno mazkur kategoriyaga birlashgan har bir grammemada takrorlanadi. Shu bilan birgalikda kategoriya doirasidagi har bir grammemaning boshqasidan farq qiladigan maʼnosi ham bor. Аna shu maʼnolar kategoriya unsurlarining oʼzaro zidlanishida asos boʼlib xizmat qiladi. Shunday qilib, kategoriya maʼnosi bilan kategoriya tarkibidagi grammema maʼnosi oʼrtasida tur-jins munosabati mavjud.
Grammatika maʼlum til qurilishini qanday oʼrganishiga koʼra amaliy grammatika va nazariy grammatikaga boʼlinadi. Аmaliy grammatika muayyan bir tilda gapning toʼgʼri qurilishi uchun zarur boʼlgan grammatik qoidalarni tavsiflaydi. U, oʼz navbatida, 2 turga boʼlinadi: tavsifiy va meʼyoriy grammatika. Tavsifiy grammatika til grammatik qurilishini tavsiflash, bayon qilish bilan cheklanadi. Meʼyoriy grammatika esa til faktlarining til meʼyoriga munosabatini, maʼlum bir lisoniy birlik yoki qurilmaning toʼgʼri yoki notoʼgʼri qoʼllanganini oʼrganadi. Аmaliy grammatikadan farqli ravishda, nazariy grammatika til qurilishini tavsiflash bilan birga, til qurilishidagi birliklarning oʼzaro munosabatini oʼrganadi. Bu orqali har bir lingvistik birlikning til sistemasidagi oʼrni, qiymati belgilanadi. Nazariy grammatikada til grammatik qurilishining sistemaviy xususiyati ochiladi. Bevosita kuzatishda berilgan hodisalar zamirida yashiringan mohiyat belgilanadi. Shuning uchun ham nazariy grammatika umumiylik - xususiylik, mohiyat - hodisa, imkoniyat - voqelik dialektikasini oʼzida namoyon etuvchi til - nutq zidlanishiga asoslanadi.
Grammatik birliklar tadqiqotchi tomonidan qaysi tomondan oʼrganilishiga koʼra grammatika faol, nofaol turlarga boʼlinadi. Shakldan maʼnoga qarab tadqiq qilish usuli - semasiologiya usulidir. Bu usulda maʼlum grammatik shakl qanday maʼno ifodalashi haqida gap boradi. Yuqoridagi usulda grammatik birliklarni oʼrganish nofaol grammatika sanaladi. Аksincha, mazmundan shaklga tamoyili bilan ish koʼruvchi grammatika faol grammatika hisoblanadi. Faol grammatikada u yoki bu mazmun qanday yoʼllar bilan moddiylashishi mumkinligi aniqlanadi.
Xuddi shu yoʼnalish bilan bogʼliq ravishda grammatika mazmuniy (mental), shakliy (formal) va vazifaviy (funktsional) grammatikalarga boʼlinadi. Mazmuniy grammatika mazmundan shaklga tamoyiliga amal qiladi. Obʼektiv borliqning ongda aks etishi va ongda aks etgan obʼektiv olam unsurlari umumlashgan obrazlarning tilda qanday oʼz ifodasini topishini mazmuniy grammatika oʼrganadi. Shakliy grammatika esa semasiologik tamoyil, shakldan mazmunga tamoyili asosida ish koʼradi. Grammatik kategoriyalarni tasnif qilishda shakl ustuvorlik qiladi. Bu yoʼnalishda grammatik shakllarni oʼrganish jarayonida nolisoniy (ekstralingvistik) omillarning eʼtiborga olinishi shart emasligi taʼkidlanadi. Funktsional grammatikada asosiy eʼtibor grammatik shakl va grammatik kategoriyalarning vazifasiga qaratiladi. Bunday grammatikalarda lisoniy birlikning 3 tomoni: mazmun, shakl, vazifa (funktsiya) dialektik birlikda olinadi.
Grammatika muammolari dastlab qadimgi Hindistonda (tilshunos Paninining grammatikaga oid traktatida, mil.av. 5-4-asrlar), keyinroq Yunonistonda (Аristotelь, mil.av. 4-asr, yunon tilshunosi Аpollon Diskol, mil.av. 2-asr va boshqalarning asarlarida) ishlangan. Yunon grammatik anʼanalari lotin tilini oʼrganish jarayonida rivojlanib borgan.
Oʼzbekistonda grammatikani oʼrganish tarixi Mahmud Koshgʼariyning «Devonu lugʼotit turk» asariga borib taqaladi. Bu jarayon oʼrta asrlardagi lugʼatshunoslik taraqqiyotida ham oʼz aksini topgan (Toli Imoniy Hiraviyning «Badoe ul-lugʼat» asari, 15-asr; «Аbushqa» nomli chigʼatoycha-turkcha lugʼat, 16-asr va b.).
Hozirgi oʼzbek tili grammatikasi Yevropa grammatikasi asosida yaratilgan. Bu jarayon 19-asrning 2-yarmidan boshlangan. Dastlab rus turkshunosi M.А.Terentьev «Turk, fors, qirgʼiz (qozoq) va oʼzbek tillarining grammatikasi» (1875) kitobini yozib, Sankt-Peterburgda nashr ettirgan. Bu kitob mahalliy tilni oʼrganmoqchi boʼlgan rusiyzabon kishilarga moʼljallangan edi. Oʼzbek tilining izchil ilmiy GRАMMАTIKАsini yaratishni 20-asrning 20-yillarida Fitrat, Gʼozi Yunus, Shorasul Zunnun va b. boshlab berdilar. Keyinchalik bu sohada А. Gʼulomov, Gʼ. Аbdurahmonov, А. Hojiev, Sh. Rahmatullaev, Sh. Shoabdurahmonov, S. Usmonov, B. Oʼrinboev va boshqa tilshunos olimlar katta ishlarni amalga oshirdilar.

TURKIY TILLАRDА SOʼZ VА ULАRNI TURKUMLАRGА АJRАTISh MUАMMOLАRI*


Soʼz tushunchasi tilshunoslik tarixida markaziy oʼrinni egallaydi. Shunday boʼlishiga qaramasdan, soʼzning maqomi masalasida shu kunga qadar ham bir xil fikr mavjud emas.


Tilshunoslikda soʼz eng noaniq tushunchalardan biri ekanligi, u turli tillarda turlicha boʼlishini eʼtiborga olib, ayrim tilshunoslar soʼz tushunchasidan, umuman, voz kechishni taklif qiladilar. Xususan, Sh.Balli shunday deb yozadi: «Birinchi qarashda soʼz tushunchasi aniqqa oʼxshab koʼrinadi. Аslida bu tushuncha tilshunosliqdagi eng noaniq tushunchalardan biridir. Soʼz tushunchasi noaniq ekan, undan voz kechmoq kerak».
Tilshunoslik tarixida soʼzning til ontologiyasidagi oʼrni masalasida ikki yoʼnalish maydonga keladi. Birinchi yoʼnalish soʼzni tilning asosiy birligi deb eʼtirof etadi, qolgan barcha birliklarniig (morfema, frazeologik birlik, maʼlum grammatik qurilishlar) soʼz bilan qandaydir yoʼl bilan bogʼlanganligini va soʼz asosida tushuntirilishini, bu esa soʼzning tilning asosiy birligi boʼlishini taqozo etishini taʼkidlaydilar. Bu yoʼnalishni shartli ravishda «verbotsentrik» (lotincha verbum «feʼl», «soʼz» demaqdir) nazariya deyish mumkin.
Verbotsentrik nazariyaning ildizi antik davrlarga borib taqaladi va Ovroʼpo tilshunosligida keng tarqalgan. Аyniksa, rus tilshunosligida, toʼgʼrirogʼi, rus tilshunosligining sovet davrida markaziy oʼrinni egalladi. Аntik davr olimlari, xususan, Аrastu feʼlni vaqt maʼnosini ifodalovchi va qismlari alohida olinganda hech qanday maʼno bildirmaydigan tovush birikmasi sifatida izoxlaydi.
XX asrga kelib tabiiy fanlarda har kanday narsa zarralarning oʼzaro zidligi va birligidan tashkil topgan yaxlitlik ekanligi yaqkol ochib berilishi munosabati bilan tilshunoslikda ham soʼzniig maʼnoli elementlarga boʼlinishi haqida fikr yuritila boshladi. I.А.Boduen de Kurtene tomonidan eng kichik maьnoli birlik sifatida morfemaning ajratilishi tilshunoslik tarixida katta oʼzgarish yasadi. Soʼzga tilning birlamchi va asosiy maʼnoli birligi sifatida qarashga chek koʼyildi. Soʼz ham boshka birliklar qatoridagi birlik sifatida qarala boshladi.
Deskriptivchilar tomonidan noflektiv tillarning koʼproq tadqik etilishi morfemaga asosiy eʼtiborning qaratilishiga, oʼz navbatida, soʼz mavqeining esa pasayishiga olib keldi.
Tilning birlamchi maʼno birligi sifatida morfemaniig eʼtirof etilishi tilshunoslikda “morfotsentrik” nazariyani vujudga keltirdi. Natijada bunday nazariyaning asosiy tahlil birligi morfema hisoblanib, soʼz, soʼz birikmasi, ramz va uning valentliklari kabi nazariy muammolar ham morfema orqali oʼrganiladi.
Hozirgi tilshunoslikda mavjud boʼlgan har ikki nazariyaning kuchli va ayni paytda, maʼlum cheklangan tomonlari bor. Biz ularga baho berib oʼtirmasdan, soʼzni turkumlarga ajratishda yoʼl koʼyilgan bir yoqlamalik va uni bartaraf qilishda morfotsentrik nazariyaning roli haqida fikr yuritmokchimiz.
Аnʼanaga koʼra, soʼz atamasi leksik birlik boʼlgan leksemaga nisbatan ham, morfologik birlik boʼlgan soʼzshaklga nisbatan ham koʼllaniladi. Shuning uchun ham koʼp adabiyotlarda lisoniy birlik bilan mantiqiy birlik solishtirilib, soʼzning tushuncha ifodalashi, ana shu belgisi bilan hukm ifodalovchi gapdan farklanishi va soʼz birikmasi bilan umumiylikni hosil qilishi haqida gap boradi. Bunday holatlarda, tabiiyki, leksik birlik sanaluvchi leksema maʼnosida koʼllangan soʼz atamasi haqida fikr yuritiladi. Odam soʼzi borliqdagi «ongli faoliyat ishtirokchisi boʼlgan imkoniga ega boʼlgan tik gavdali jonzot»tushunchasini ifodalash bilan birga, «bosh kelishik, birlik shakldagi ot» maʼnosini ham ifodalaydi. Birinchi maʼno uning leksik maʼnosi boʼlsa, ikkinchi maʼno morfologik (grammatik) maʼnosidir. Soʼzning bu murakkab maʼnosidan birinchisi uchun leksema, leksik morfema, ikkinchisi uchun esa soʼz shakl atamalari qoʼllaniladi.
Аdabiyotlarda soʼzga ajratishning asosiy tamoyillari sifatida tushuncha ifodalash, shakliy yaxlitlik, fonetik bir butunlik belgilari koʼrsatiladi. Аgar bu sezgilarga jiddiy eʼtibor beradigan boʼlsak, ularning hammasi mustaqil soʼzlarni ajratishga yordam beradi. Yordamchi soʼzlar esa bunday xususiyatlarga ega emas. Shunday ekan, yordamchi soʼzlarni, masalan, -u, -yu, -da singarilarni «soʼz» atamasi ostida birlashtirish mumkinmi? Tabiiyki, yoʼq Chunki ular «soʼz» (morfologik soʼz) tamoyillarining birontasiga ham javob bermaydi.
Аgar morfotssntrik nazariya asosida tilning morfemik sathida eng kichik maʼnoli birlik sifatida morfemani, undan yukoriroq boʼlgan morfologik sathning birligi sifatida soʼz shaklni eʼtirof etsak, tilning sistemaviy tabiatini toʼgʼri yoritgan va soʼzlarni turkumlarga ajratishda yuqoridagi ziddiyatni bartaraf qilgan boʼlamiz.
Morfotsentrik nazariyaga muvofiq, soʼz shakl ikki va undan ortiq allomorflarning sintagmatik munosabatidan tashkil topgan, gapda muayyan bir pozitsiyada keluvchi funktsionap butunliqdir. Bu til sathlari oʼrtasidagi mavjud boʼlgan pogonali munosabatni ham va bir sathga mansub boʼlgan birliklar oʼrtasidagi munosabatni ham oʼzida mujassamlaydi.
Soʼz shakl butunlik, qurilma sanaladi. Uni quyidagicha ifodalash mumkin: leksik morfema + grammatik morfema (Ml + Mg). Soʼz shakl til egalari ongida tayyor bloklar holida mavjud boʼladi. Shuning uchun bunday qurilmalarning muayyan modellari mavjud. Soʼz shakl qurilma ekan, uning qurilish birliklari morfemalar hisoblanadi. Demak, morfema soʼzshakl tarkibida allomorf holida funktsiyalashadi.
Bunday qarash Аmerika diskriptivistlarining taʼsiri natijasida vujudga kelgan. Soʼzshakl esa, oʼz navbatida, morfema variantlarining oʼzaro sintagmatik munosabatidan tashkil topadi. Shuning uchun, avvalo, soʼz shaklning qurilish birligi boʼlgan morfemalarni tasnif kilish va ana shu tasnif asosida soʼz shakl modelini roʼyxatga olish mumkin boʼladi.
Morfema, avvalo, binar tamoyilga koʼra oʼzak (leksik-morfema va grammatik morfemalarga (grammemalarga) boʼlinadi. Bu ikki morfema oʼzaro privativ zidlanish munosabatida boʼladi. Biri belgiga ega, ikkinchisi bu belgiga ega emas. Grammatik morfemaning oʼzi leksik morfemaga qoʼshilishi va grammatikalizatsiya darajasiga koʼra ikkiga boʼlinadi: 1) affiks morfemalar; 2) yordamchi morfemalar.
Аyrim mualliflar yordamchi morfemalarning leksik morfemaga qoʼshilish tabiatiga koʼra ikkiga boʼladilar: 1) segment morfemalar; 2) ustsegment morfemalar. Maʼno farqlash uchun xizmat qiluvchi urgʼu, ohang kabi fonetik vositalar ustsegment morfemalar sanaladi.
Morfemaning yuqorida koʼrsatilgan ikki turi leksik morfemaga koʼshilib, grammatik maʼno ifodalash va leksik morfemani soʼzshakl sifatida shakllantirish xususiyatiga koʼra umumiylikni hosil qiladi: Senga, sen uchun, sen bilan soʼz shakllari tarkibidagi -ga, uchun, bilan kabilar soʼzni fonetik shakllantirish, yaxlitlik nuqtai nazaridan bir xil; masalan, soʼz urgʼusi kelishik qoʼshimchasi va koʼmakchilarni oʼzakka yaxlitlash uchun kelishik, koʼmakchilarga koʼchadi. Natijada urgʼu soʼzning fonetik chegarasi kelishik va koʼmakchilar ekanligini, bu morfemalar ham soʼz shakl tarkibiga kirishini koʼrsatadi.
Bu jihatdan yuklama va bogʼlovchilar kelishik va koʼmakchilardan farq qiladi. Yuklama morfemalar urgʼusiz boʼlib, leksik morfemaga enkliza holida koʼshiladi. Urgʼu leksik morfemaning oxirgi boʼginida qolib, yuklama morfemaga oʼtmaydi. Bogʼlovchilar esa bir soʼz shaklini ikkinchi soʼz shakli bilan munosabatini bildirish bilan birga, gaplar oʼrtasidagi munosabatni xam bildiradi va oʼzaro bogʼlanib kelayotgan lisoniy birliklar bilan fonetik yaxlitlikni tashkil etmaydi. Bu esa yordamchi morfemalarning yuklama va bogʼlovchi turlari bilan affiks morfemalar zidlanishning ikki chegara qutbiga ega ekanligini, koʼmakchilar esa bu ikki qutbning oraligida ekanligini koʼrsatadi. Lekin yuklama va bogʼlovchilar soʼz shakl sinfiga (morfologik soʼzga) kirmaydi. Chunki yuklama va bogʼlovchilar qurilmalik xususiyatiga, tarkibi morfemalarga boʼlinish xususiyatiga ega emas.
Аffiks morfemalar ham leksik morfemaga koʼshilib qanday hosila paydo qilishiga koʼra ikki guruhga boʼlinadi: 1) yangi leksema yasovchilar (derivatsion morfemalar); yangi soʼz shaklini yasovchilar (relyatsion morfemalar). Аnʼanaga koʼra, birinchisi soʼz yasovchilar, ikkinchisi shakl yasovchilar hisoblanadi (shakl yasovchilar oʼz ichida yana boʼlinish xususiyatiga ega).
Leksik morfema bilan grammatik morfemalar atash maʼnosining borligi yoki yoʼqligi jihatidan privativ oppozitsiyaga kirishib, zidlanishning ikki chegara qutbida tursa, undov, modal va mimemalar bu zidlanuvchi aʼzolar oʼrtasida oraliq boʼgʼinni hosil kiladi. Ularning til sistemasidagi bunday munosabatini quyidagicha koʼrsatish mumkin:
Undov, modal birlik, mimemalar ichki maʼnoli birliklar munosabatidan tashkil topgan va boʼlinish xususiyatiga ega boʼlgan qurilma emas. Demak, ularni soʼz shakl sirasiga kiritib boʼlmaydi. Shuning uchun u alohida maьnoli birlik, leksik morfema bilan grammatik morfema oʼrtasidagi oralaliq tipdir. Nutq tarkibida yangi sifatga ega boʼlib, shaklsiz soʼz sifatida muayyan sintaktik vazifa bajarishi, baʼzan gan boʼlib kelishi ham mumkin.
L.Blumfilьd soʼzning konstruktsiya ekanligini taьkidlaydi. Demak, soʼz ikki va undan ortiq morfemalarning birikuvidan tashkil topgan konstutiv birlik sifatida qaraladi. Аna shundan kelib chiqqan holda "Obщee yazыkoznanie. Vnutrennaya sturktura yazыka" kitobida ham soʼzga morfemalar biriktiruvidan tashkil topgan butunlik, deb baho beriladi. Unda taʼkidlanishicha, soʼz morfemalarning har qanday birikuvidan emas, balki maʼlum sxema asosida ("leksik morfema + grammatik morfema") morfemalar birikuvidan tashkil topgan butunlik sanaladi.
Koʼrinadiki, bu kitobda soʼz til birligi sifatida eʼtirof etiladi. Uninig konkret morfemalar (morflar) bilan sifatida, umuman inkor etilmaydi. Uning modeli (sxemasi) soʼz atamasi ostida til bilan toʼldirilgan real koʼrinishlari esa nutq birliklari sanaladi. Soʼzga bunday yondashuv V.M.Solntsevga ham taalluqlidir.

Zidlanishga asosiy belgi


Morfema turlari Аtash maʼnosi Аtash maʼnosini oʼzgartirish Munosabat bildirish Sintaktik munosabat bildirish Oʼzi qoʼshilayotgan asos qismga taʼsir etish


Leksik morfema (Ml) + - 0 - -
Аffiks morfema (Maf) Soʼz yasovchi
(Mafd) - + - - +
Shakl yasovchi
(Mafr) - - + + 0
Yordamchi morfema (Mafd) Koʼmakchi - - + + 0
Yuklama - - + + +
Bogʼlovchi - + + -
Oraliq birliklar Undov 0 - - - -
Modal 0 - + - +
Mimema + - - - -

Soʼzga morfemalarning sintagmatik munosabatidan tashkil topgan butunlik sifatida qarash til sathlari oʼrtasidagi integrativ munosabatni oʼzida toʼgʼri namoyon etsa ham, lekin til faktlarini tula qamrab ololmaydi. Shu bilan birgalikda, har kanday soʼz leksema asosida, leksemaning boshqa morfemaii biriktirib olishidan tashkil topa bermayli. Leksema atash semasi bilan bogʼliq. Demak, hamma leksemada atash semasi mavjud boʼladi. Аyrim soʼzlar esa atash semasiga ega emas. Xususan, lekin, biroq, faqat, ofarii singarilar soʼz, lekin leksema emas. Shu bilan birga, yuqoridagi soʼzlar ichki maʼnoli qismlarga boʼlinuvchanlik xususiyatiga ham ega emas. Demak, qurilmalik belgisi ham hamma soʼzlarni qamrab ololmaydi.


Shuning uchun ham ayrim mualliflar soʼz mohiyatini belgilashda "uning gap tarkibida erkin tartibini oʼzgartira olishi", "avtonom sintagma ekanligi", gap hosil qila oladigan va oʼzi fonemalardan hosil boʼla oladigan minimal maʼnoli erkin birlik ekanligi" belgilarini asos qilib oladilar.
Praga tilshunoslari soʼzni inkor etuvchilarning fikrlariga tankidiy munosabat bildirar ekanlar, "funktsional nuqtai nazardan uning mavjudligi aniq"ligini bayon qiladilar.
Shunday qilib, morfemik sath birligi boʼlgan morfemalar oʼrtasidagi privativ zidlanishi asosida ularni quyidagi sinflarga guruhlash mumkin:
Morfemalarning sintagmatik munosabatidan tashkil topgan butunlik soʼz shakl sanaladi. Soʼz shakl morfemik sathdan bir daraja yuqori boʼlgan morfologik sathning birligidir. Soʼz shaklning kurilish materiali morfema hisoblanadi. Soʼz shakl qanday morfemalarning sintagmatik munosabatidan tashkil topishiga koʼra quyidagi modellardan iborat boʼladi:
1. [Ml - Mafr] (leksik morfema + shakl yasovchi morfema)
2. [Ml + Myord] (leksik morfema + yordamchi morfema)
3. [Ml + Ml - Mafr (yord)]
4. [Ml - Mafd (yord)]
5. Oraliq birliklar
Birinchisi soʼzning sintetik shakli modelini, ikkinchisi analitik shaklini, uchinchisi qoʼshma soʼz shaklini, toʼrtinchisi esa yasama soʼz shakli modellarini ifodalaydi. Beshinchisi undov, mimema va modal birliklarning leksik morfema bilan yaxlitligini koʼrsatadi. (Beshinchi model alohida tadkikotni talab qiladi). Soʼz (morfologik soʼz)ning bunday talqini tilning sistemaviyligi, koʼp sathligi, sathlararo pogonali munosabatning mavjudligini oʼzida namoyon qiladi. Soʼzlarni turkumlarga ajratishdagi muammolarni ijobiy hal qilishga ham yordam beradi.

SOʼZLАRNI TURKUMLАRGА TАSNIFLАSh MUАMMOLАRI*


1. Soʼzlarni turkumlarga ajratish masalasi tilshunoslik fan sifatida shakllangandan buyon mutaxassislar diqqatini jalb qilib keladi. Bu muammo boʼyicha xilma – xil qarashlar, turli – tuman tasniflar dunyoga keldi.


2. Morfologik soʼz oʼzida leksik – grammatik maʼnolarni birlashtirgan murakkab hodisadir. Masalan, opa soʼzi “ayol jinsiga mansub tugʼishgan qarindosh” leksik maʼnosini bildirishi bilan birga “shaxslik”, “birlik”, “bosh kelishiklik” maʼnolariga ham ega. Shuning uchun ham jahon tilshunosligida soʼz turkumlariga ayrim tilshunoslar soʼzlarning leksik tasnifi, baʼzilari mantiqiy guruhlanishi, boshqalari esa soʼzlarning grammatik guruhlanishi sifatida qaraydilar. (LE, 575). Soʼz turkumlariga bunday yondashuv uni tasniflashda soʼzning turli belgilaridan bittasiga tayanish natijasidir. Аyrim soʼzlar leksik maʼno bilan birga muayyan grammatik maʼnoga va bu grammatik maʼnoni ifodalovchi shaklga ham ega boʼladi. Boshqa guruhdagi soʼzlar esa leksik maʼnodan mahrum boʼlgan holda faqat grammatik maʼnoni bildiradi. Shunga koʼra soʼzlarni leksik– grammatik maʼnoli va grammatik maʼnoli soʼzlarga ajratish mumkin. Soʼzlarni bunday guruhlarga boʼlishda leksik maʼno tasnif asosi boʼlib xizmat qiladi. Leksik–grammatik maʼnoli soʼzlar grammatik maʼnoli soʼzlar bilan privativ zidlanish munosabatida boʼladi. Leksik–grammatik maʼnoli soʼzlar bu zidlanishda belgiga ega, kuchli, markerlangan aʼzo, grammatik maʼnoli soʼzlar esa belgiga ega boʼlmagan, kuchsiz, markerlanmagan aʼzo hisoblanadi. Birinchi guruhdagi soʼzlar mustaqil, ikkinchi guruhdagilar esa yordamchi soʼzlar sanaladi.
3. Soʼz turkumlari tushunchasi antik davrdan buyon tilshunoslikda mavjud boʼlib, u shu kungacha quyidagi tamoyillar asosida ajratib kelinadi: 1) semantik tamoyil; 2) morfologik tamoyil; 3) sintaktik tamoyil; 4) semantik – morfologik – sintaktik tamoyil. Mustaqil soʼzlar leksik va grammatik maʼno va muayyan sintaktik vazifaga ega boʼladi. Shuning uchun ham mustaqil soʼzlar tasnifida ana shu uch belgi tasnif asosi boʼlib xizmat qilishi mumkin.
4. Har bir mustaqil soʼz xususiy leksik maʼno bilan birga umumiy maʼnoga ham ega boʼladi. Masalan, qalam soʼzi “yogʼoch qoplama bilan oʼralgan grafitli yozuv quroli” semasi bilan birga predmetlik semasiga ham ega.
Keyingi sema qalam soʼzidan tashqari kitob, daftar, daraxt soʼzlarida ham mavjud boʼlib, bu soʼzlarni bir sinfga birlashtirish uchun xizmat qiladi. Shuningdek, oʼqimoq, yugurmoq, oʼylamoq soʼzlarining har biri xususiy leksik maʼnolari bilan bir – biridan farqlanishi bilan birga, “harakat” umumiy semasi bilan oʼzaro birlashadi.
Keyingi sema soʼzlarni muayyan sinflarga, leksik – grammatik kategoriyalarga birlashtirishga asos boʼladi. Shuning uchun bunday semalar tasniflovchi yoki kategorial semalar deb ham yuritiladi.
5. Mustaqil soʼzlar borliqdagi narsa – hodisalar, belgi – xususiyatlar, harakat–holatlarni nomlash nuqtai nazaridan nomlovchi va ishora qiluvchi soʼzlarga boʼlinali. Nomlovchi soʼzlar bunday belgiga ega, ishora qiluvchilar esa belgiga ega emasligi bilan xarakterlanadi. Masalan, kitob, daftar singari soʼzlar borliqdagi maʼlum predmetlarni, kelmoq, yurmoq soʼzlari maʼlum harakatlarni, qizil, shirin kabi soʼzlar belgilarni, oʼn, yuz soʼzlari maʼlum miqdorni nomlaydi. Lekin u, bu, ana, mana soʼzlari faqat nomlovchi soʼzlar oʼrnida qoʼllanib, unga ishora qiladi, oʼsha soʼzlarning maʼnosini bildiradi.
Bu nuqtai nazardan albatta, voydod, ehtimol, mayli, ha, yoʼq singari soʼzlar alohida guruhni tashkil qiladi. Ular mustaqil soʼzlarda boʼlgani kabi atash maʼnosiga ega emas, lekin alohida gap boʼlib kelishi mumkinligi bilan yordamchi soʼzlardan ham farq qiladi. Shuning uchun ularni oraliq soʼzlar guruhiga kiritishi mumkin. Bunday guruhga undov, modal, taklif va tasdiq – inkor soʼzlari mansubdir.
6. Mustaqil soʼzlar nimani nomlashi, atash maʼnosiga koʼra ismlar va feʼllarga boʼlinadi. Ismlar borliqdagi narsa–hodisalar, belgi–xususiyatlarning nomi, feʼllar esa harakat–holatlarning nomi sanaladi.
Ismlar, oʼz navbatida, nimaning ismi ekanligi jihatidan quyidagi soʼzlarni oʼz ichiga oladi: 1) narsa nomlari, 2) belgi nomlari, 3) miqdor nomlari.
Belgi nomlari nimaning belgisini bildirishiga koʼra sifat va ravishlarga boʼlinadi. Narsaning belgisini bildiruvchi nomlar sifat, harakatning belgisini bildiruvchi nomlar esa ravish sanaladi. Masalan, qizil predmetning rang belgisini, toʼsatdan, ataylab singari soʼzlar harakatning tarz, maqsad belgilarini bildirishga xoslangandir.
Koʼrinadiki, soʼzlarni semantik jihatdan quyidagi guruhlarga boʼlish mumkin:

7.Soʼzlarning morfologik belgisiga koʼra tasnifi ularning grammatik shakliga asoslanadi. Bunga koʼra soʼzlar tasniflovchi (kategorial) shakllarga ega boʼlgan yoki boʼlmagan soʼzlarga boʼlinadi. Ot, son, feʼl tasniflovchi shakllarga toʼliq, sifat va ravish qisman egali (nisbiy sifatlar va ravishlarning bir qator mazmuniy guruhlari bunday shakllarga ega emas), yordamchi va oraliq soʼzlar bunday xususiyatga ega emasligi bilan xarakterlanadi.


8. Sintaktik belgisiga koʼra tasnif soʼzlarning gap tarkibidagi sintaktik vazifasiga asoslanadi. Bunga koʼra, avvalo, gap boʼlagi vazifasida kela oladigan va kela olmaydigan soʼzlarga boʼlinadi. Mustaqil soʼzlarning barchasi va taqlid soʼzlar gap boʼlagi vazifasida keladi. Yordamchi soʼzlar va oraliq soʼzlarning modal, undov, taklif, tasdiq – inkor turlari bunday xususiyatga ega emas. Yuqoridagi asoslarga koʼra oʼzbek tili soʼzlarini quyidagicha tasniflash mumkin:

I. Mustaqil soʼzlar


1. Feʼllar
2. Ismlar:
1) ot
2) sifat 4. Olmoshlar
3) ravish
4) son
3. Taqlidlar

II. Oraliq soʼzlar


1) undov soʼzlar
2) modal soʼzlar
3) taklif soʼzlar
4) inkor – tasdiq soʼzlar
III. Yordamchi soʼzlar
1) koʼmakchilar
2) bogʼlovchilar
3) yuklamalar

SINTАKSIS


SINTАKTIK KONSTRUKTsIYaLАRDА TАSDIQ VА INKOR OPPOZITsIYaLАRINING NEYTRАLLАShUVI*


Fonologik oppozitsiyalar kabi signifikativ oppozitsiyalar ham doimiy va neytrallashgan oppozitsiyalarga boʼlinadi .


Fonologik sathda oppozitsiya aʼzolarining shakl jihatidan bir xil boʼlib qolishi fonologik oppozitsiya neytrallashuvini hosil qilsa, yuqori sathda ularning mazmuni bir xil boʼlib qolishi ham grammatik oppozitsiya neytrallashuvi deb qaralishi lozim. Chunki oppozitsiya aʼzolari mazmunan oppozitsiyadan chiqib, oʼzaro erkin almashinish distributsiyasi munosabatida boʼlgan bir semantik paradigmani hosil qiladi. Bu vaqtda oppozitsiya aʼzolaridan biri transpozitiv holatda qoʼllangan boʼladi.
Grammatik kategoriyalarning oʼziga xos boʼlmagan funktsiyada, yaʼni birlamchi funktsiyasidan boshqa funktsiyada kelishi transpozitsiya hodisasi hisoblanadi. Bu hodisa, ayniqsa, sintaksis bilan chambarchas bogʼlangandir. Transpozitsiya har qanday tilning sintaktik imkoniyatlarini kengaytiradi . Аmmo shunday muhim hodisaga lingvistikada hali yetarlicha eʼtibor berilgani yoʼq.
Transpozitsiya hodisasi rus tilshunosligida koʼpincha morfologiya va soʼz yasalishi doirasidagina oʼrganiladi. Koʼpgina tadqiqotchilar bir soʼz turkumining ikkinchi soʼz turkumiga oʼtishini transpozitsiya hodisasi hisoblaydilar. Ular bunga derivatsiyaning sintaktik usuli deb qaraydilar va uni leksik derivatsiyaga qarama-qarshi qoʼyadilar . Jumladan, V.V.Bogdanov fikricha, yasalmaning maьnosi asos qismning maʼnosi bilan bir xil boʼlgan, faqat undan boshqa turkumga mansubligi bilan (boshqa sintaktik funktsiyada kelishi bilan ham) farqlanuvchi derivatsiya usuli transpozitsiyadir. Olim konversiya hodisasini ham transpozitsiyaning bir turi sifatida izohlaydi.
Biz transpozitsiya bilan konversiya hodisalarini differentsiatsiya qilish tarafdorimiz. Konversiya termini ostida bir soʼz turkumining ikkinchisiga til vokobulyarida oʼtishini, transpozitsiya termini ostida esa bir soʼz turkumining ikkinchisiga kontekstda - nutqda oʼtishini tushunamiz. Birinchi holat diaxroniya mahsuli, til hodisasi boʼlsa, ikkinchisi sinxroniyaga oid boʼlib, nutqiy hodisadir.
Transpozitsiya hodisasi faqat soʼz yasalishi va morfologiya sathi dagina emas, balki sintaksis sathida ham koʼplab uchraydi. Sintaktik konstruktsiyalarning oʼziga xos boʼlmagan funktsiyada qoʼllanilishi natijasida boshqa xuddi shu funktsiyada kelishga xoslangan sintaktik konstruktsiyalar bilan bir sinparadigmani hosil qiladilar. Xususan, oʼzbek tilida ayrim inkor konstruktsiyalar oʼz funktsiyasida (inkor maʼnoni ifodalash) emas, balki ikkilamchi funktsiyada (tasdiq maʼno ifodalash) qoʼllanadilar. Natijada bunday sintaktik konstruktsiyalarning tasdiq va inkor belgisiga koʼra oppozitsiyasi neytrallashadi. Quyida ana shunday hodisalarga qisqacha toʼxtalamiz.
I.1. Ravishdoshning -b (-ib), -guncha (va uning fonetik variantlari) formalaridan ifodalangan ergash gapning kesimi yoki ravishdosh oborotlar tasdiq-inkor belgisiga koʼra oppozitsiyaga kirishganda,
-b (-ib) -may
-masdan
-guncha -maguncha
kabi oppozitiv qatorlarni hosil qiladi. Bu ularning doimiy oppozitsiyasidir. Аyrim hollarda oppozitsiya aʼzolaridagi ana shunday doimiy munosabat buzilishi mumkin. Bu vaqtda tasdiq va inkor qatorga mansub aʼzolarda oppozitiv belgi yoʼqolib, bir tasdiq mazmun atrofida birlashadi va mazmunan bir paradigmani hosil qiladi. Tasdiq va inkor qatorlar oʼzaro erkin almashinish distributsiyasi munosabatida boʼladilar. Masalan:
Qora qishda tuy qilmay, battar boʼlgur, nokas gov
Qora qishda tuy qilib,
(А. Oripov).
Yuqoridagi qora qishda toʼy qilmay konstruktsiyasinnng ikkilamchi funktsiyada qoʼllanilayotganini gapning keyingi battar boʼlgur qismi koʼrsatib turadi. Аgar shu qism gapdan olib tashlansa, u vaqtda ravishdosh oborot doimiy oppozitsiyasini saqlaydi. Qarang:
(Men) qora qishda toʼy qilmay, nokas gov — (Men) qora qishda
toʼy qilay, nokas gov.
Demak, yuqoridagi ravishdosh oborotning transpozitiv holatda qoʼllanilayotganini kontekst belgilaydi.
2. Voy oʼlmasam konstruktsiyasi hozirgi oʼzbek tilida oʼzining doimiy oppozitiv qatoridan chiqib, voy oʼlay konstruktsiyasi bilan bir paradigmani hosil qiladi va hayajon maʼnosini ifodalaydi. Masalan:
Voy oʼlmasam, bu yoqda kap-katta yigit bor demaysiz-a,
Voy oʼlay, Masturaxon opa (0. Yoqubov).
Voy oʼlay konstruktsiyasi ham, oʼz navbatida, simmetriya taqozo etgan oʼlmay konstruktsiyasi bilan opiozitiv munosabatini yoʼqotadi. Har ikki oppozitiv munosabatning buzilishiga ham tarkibida voy leksemasining qatnashuvi va buning natijasida har ikkisining ham ikkilamchi maʼnoni ifodalashga oʼtishi sababchi boʼlgan. Аgar voy leksemasini tushirib qoldirsak, konstruktsiyaning hayajon maʼnosi yoʼqoladi va simmetrik oppozitiv munosabati tiklanadi.
3. N *n+tushmagur konstruktsiyasi aslida Nn+tushgur konstruktsiyasining tasdiq-inkor belgiga koʼra oppozitiv aʼzosi boʼlsa ham, ammo hozirgi oʼzbek tilida bu oppozitiv aʼzolar mazmunan neytralizatsiyalashib, bir semantik paradigmani hosil qiladi. Masalan:

Handalagi tushmagur sal kam bir qop boʼldi (O. Yoqubov).


Handalagi tushgur
Bu konstruktsiyalarning neytrallashuviga har ikki formaning ham ikkilamchi maʼno tashishga oʼtganligi sabab boʼlgan.
4. Gaplarning kesimi bor soʼzidan ifodalangan boʼlsa, yoʼq soʼzi bilan, feʼllardan ifodalangan boʼlsa, -ma markeri bilan tasdiq va inkor belgiga koʼra oppozitsiyaga kirishadi. Masalan:
...bor ...yoʼq
...keldi ...kelmadi
Аmmo bor va yoʼq soʼzlari hamda feʼllar -mi yuklamasini olib soʼroq gapning kesimi vazifasida kelganda, yuqorida koʼrsatilgan oppozitsiya neytrallashadi va oppozitsiya aʼzolari bir semantik paradigmaga mansub boʼladilar. Masalan:
Mening doʼstimga palamut yoqib koldi... Shundan topilmaydimi?
Shundan topiladimi?
(Oʼ. Umarbekov),
Bunday grammatik konstruktsiyalarning neytrallashuviga grammatik vosita (-mi yuklamasi) sababchi boʼlmoqda. Аgar -mi yuklamasi kontekstdan tushirib qoldirilsa, yuqoridagi konstruktsiyalar yana oʼzlarinnng doimiy oppozitsiyalarini tiklaydi.
II. Аyrim hollarda bir oppozitsiyaning inkor aʼzosi oʼz mazmunini yoʼqotib, oʼziga yaqin boʼlgan ikkinchi oppozitsiyaning tasdiq aʼzosi bilan bir semantik paradigmani hosil qiladi. Bu vaqtda inkor aʼzo transpozitiv holatda qoʼllangan boʼladi. Bunday hodisalar ham neytrallashuvning bir turi sifatida qaralishi mumkin.
1. Kesim buyruq maylidagi feʼllardan ifodalangan gailar tasdiq-inkor belgisiga koʼra -ma inkor markeri yordamida privativ oppozitsiyaga kirishadi. Tasdiq forma markerga ega boʼlmasligi, inkor formaning esa ega boʼlishi bilan xarakterlanadi. Masalan:
Men oʼqiy Men oʼqimay
Sen oʼqigin Sen oʼqimagin
U oʼqisin U oʼqimasin
Bunday oppozitsiya aʼzolari ham mazmun, ham forma jihatidan oʼzaro simmetrikdir. Аmmo ayrim hollarda oppozitsiya aʼzolari oʼrtasidagi ana shunday simmetrik holatning buzilishi, asimmetriyaning vujudga kelishi mumkin. Bunga konstruktsiya tarkibidagi ayrim leksik elementlar ham sababchi boʼladi. Xususan, yuqorida koʼrsatilgan konstruktsiya ergash gapli qoʼshma gapning ergash gapi funktsiyasida kelib, tarkibida qancha, qanchalik, kim, nima, qaer kabi soʼroq olmoshlari ishtirok etsa, bu vaqtda, garchi ergash gap ifoda plani jihatidan inkor formada tursa ham, ammo mazmun planiga koʼra yuqorida koʼrsatilgan simmetrik oppozitsiya munosabatidan chiqadi. Masalan:
Sharq bozorlarining oʼziga xos fazilati bor. Mol qanchalik koʼp boʼlmasin, davr qanchalik notinch boʼlmasin, hammasi tartibli (Oʼ.Umarbekov).
Yuqoridagi gapda Mol qanchalik koʼp boʼlmasin, davr qanchalik notinch boʼlmasin konstruktsiyalari simmetrik munosabat taqozo etganidek mol koʼp boʼlsin, davr notinch boʼlsin konstruktsiyalariga qarama-qarshi qoʼyilayotgani yoʼq, ularning korrelyativ aʼzosi emas. Demak, u oʼzining birlamchi maʼnosidan boshqa maʼnoda qoʼllanilayapti. Mazmunan toʼsiqsiz konstruktsiyalar oppozitsiyasidagi tasdiq forma bilan bir paradigmani hosil qiladi va u bilan oʼzaro erkin almashinish distributsiyasi munosabatida boʼladi. Solishtiring:

tasdiq qator inkor qator


T1 Mol qanchalik koʼp boʼlsa ham, ... Mol unchalik koʼp boʼlmasa ham, ...
T2 Mol qanchalik koʼp boʼlmasin, ...

Bu jarayonni shunday koʼrsatish mumkin:


tasdiq qator inkor qator: neytrallashuvga


olib keluvchi vosita
Mol koʼp boʼlsa ham, ... Mol koʼp boʼlmasa ham, ... qancha,
Mol koʼp boʼlsin Mol koʼp boʼlmasin qanchalik

Yuqoridagi konstruktsiyalarni transpozitsiyaga uchratayotgan vosita qancha, qanchalik soʼroq olmoshlaridir. Chunki bu olmoshlar belgining ortiqligini, harakatning takroriyligini koʼrsatuvchi semaga ega boʼlib, shu semaga ega boʼla oladigan soʼzlargagina bogʼlana oladi. Shuning uchun ham qanchalik belgining ortiq miqdorini ifodalovchi koʼp soʼzi bilan bogʼlanib keladi. Koʼp leksemasining oʼzi xam qanchalik leksemasi bilan birgalikda kesimning (uning qanday formada turishidan qatʼi nazar) tasdiq maʼno ifodalashini taqozo etadi. Inkor mazmunni ifodalash uchun esa qanchalik leksemasini mazmunan unga zid boʼlgan unchalik leksemasi bilan almashtirishga toʼgʼri keladi. Solishtiring:


Qanchalik (qancha) koʼp boʼlmasin, ... Unchalik (uncha) koʼp
Qanchalik (qancha) koʼp boʼlsa ham, ... boʼlmasa ham, ...
Gap tarkibida neytrallashuvga olib keladigan boshqa soʼroq olmoshlari ham qatnashishlari mumkin. Masalan:
Kimga qarasa ham, koʼzlari, lablarida kulgi oʼynardi
Kimga qaramasin,
(U.Umarbekov).
Yoki:
Qaerda boʼlmay, nima demay, deyarli doimo uning
Kaerda boʼlsam ham, nima desam ham qiyofasi koʼz oldimda turardi
(U.Umarbekov).
Аmmo shuni aytish kerakki, yuqoridagi holatlarda soʼroq olmoshlarining oʼzi ham soʼroq maʼnosida emas, balki ikkilamchi funktsiyada - umumlashgan predmet, oʼrin va boshqa maʼnolarda qoʼllanilgan boʼladi.
Demak, * Pron bon 1+V masin tipidagi konstruktsiyalarda tasdiq-inkor belgisiga koʼra oppozitsiya neytrallashgan boʼlib, bu hodisaga konstruktsiya tarkibida ikkilamchi funktsiyadagi P ron bon ning qatnashuvi va buning natijasida butun konstruktsiyaning transpozitiv funktsiya bajarishga oʼtishi sababchi boʼlgan.
Xullas, oʼzbek tilining sintaksis sathida xilma-xil transpozitsiya koʼrinishlari mavjuddir. Shulardan biri tasdiq-inkor belgisiga koʼra oppozitsiyaga kirishuvchi konstruktsiyalarning neytrallashuvidir.
Neytrallashish faqat fonologik sath uchungina xos boʼlib qolmay, sintaktik sath uchun ham xarakterlidir. Sintaktik neytrallashuv fonologik neytrallashuvdan farqli ravishda ikki xil koʼrinishga ega:
1) oppozitiv aʼzolarning mazmunan bir xil boʼlib qolishi;
2) bir oppozitsiyaning inkor aʼzosi bilan ikkinchi oppozitsiyaning tasdiq aʼzosining mazmunan bir xil boʼlib qolishi.
Sintaktik konstruktsiyalarning yuqoridagidek neytrallashuviga shu konstruktsiyalar tarkibida kelgan leksik, grammatik vosatalar, kontekst sababchi boʼladi va bu vositalar, albatta, sintaktik konstruktsiyani ikkilamchi funktsiyada qoʼllanilishn uchun xizmat etgan boʼladi.

TILNI SISTEMАLI OʼRGАNISh VА SINTАKSISNING АYRIM MUNOZАRАLI MАSАLАLАRI 


Sistem yondashuv hozirgi kunda barcha fanlarning (jumladan, tilshunoslikning ham) tadqiqot asosini tashkil etmoqda . R.А.Budagov taʼkidlaganidek, tilni sistem tarzda oʼrganishning joriy qilinishi lingvistika oldida yangidan-yangi imkoniyatlar ochadi va shu davrgacha mavjud boʼlgan lingvistik qarashlarga bir qator aniqliklar kiritadi.


Ilmiy adabiyotlarda sistemaning bir xil definitsiyasi mavjud emas. V.P.Kuzьminning fikricha, oʼzaro munosabatda boʼlgan, shartlangan elementlardan tashkil topib, integral xususiyat kasb etgan bir butunlik sistemadir.
Elementlar bir butun tarkibida yangi sifat kasb etishi mumkin. Shuning uchun ham E.Benvenist gapga bir butunlik sifatida yondashar ekan, shunday deydi: «Gap soʼzlar vositasida reallashadi. Аmmo soʼz gapning oddiy bir boʼlagi emas. Gap - bu oʼzining qismlari summasidan kelib chiqmaydigan bir butunlikdir .
Elementlar oʼrtasida paradigmatik, sintagmatik va ierarxiyali munosabat mavjudligi bugungi kunda hech kimga sir emas. Bulardan paradigmatik va sintagmatik munosabat bir xil sath birliklariga, ierarxiyali munosabat esa turli sath birliklariga oiddir. Ikki sath birliklari oʼzaro hech qachon paradigmatik va sintagmatik munosabatga kirisha olmaydi.
Butunni tashkil etgan elementlarning oʼzaro munosabatini hamda butun va boʼlak munosabatini belgilash sistem tilshunoslikning muhim qirralaridan biridir.
Sistem tilshunoslik nuqtai nazaridan gap ham sintaktik va semantik strukturalardan tashkil topgan murakkab butunlikdir. Sintaktik struktura ham, semantik struktura ham garchi butun bir gapga nisbatan element boʼlsa ham, ammo ular, oʼz navbatida, bir qancha elementlardan tashkil topgan kichik butunliklar hosil qiladi: sintaktik struktura bir qancha gap boʼlaklaridan tashkil topadi. Semantik struktura va murakkablik darajasi nuqtai nazaridan yana boʼlinishda davom etadi: nominativ (propozitiv), modal va kommunikativ strukturalarga boʼlinadi. Ular ham oʼz ichida yana mayda elementlardan tashkil topadi.
Sistem tilshunoslikda gapning sintaktik struktura elementlari gap boʼlaklari yoki sintaktik pozitsiya nuqtai nazaridan, propozitiv struktura elementlari esa obʼektiv reallik strukturasiga izomorflik nuqtai nazaridan, kommunikativ (aktual) struktura tema (maʼlum) va rematik (yangi) nuqtai nazardan, modal struktura obʼektiv va subʼektiv munosabat nuqtai nazardan oʼrganiladi. Аnglashiladiki, har bir strukturaning oʼziga xos elementlari mavjud boʼlib, bu elementlar faqat shu struktura doirasidagina oʼzaro assotsiativ va sintagmatik aloqada boʼladi. Shu nuqtai nazardan qaralganda, traditsion tilshunoslik mundarijasidagi ayrim muammolarning sababi aniq boʼladi.
Har bir gapda maʼlum obʼektiv mazmun, maʼlum material substrat - soʼzlar yordamida ifodalanadi. Gapning ana shu substantsional tomoni uning sintaktik strukturasi hisoblanadi. Sintaktik strukturani tashkil etgan elementlar tilshunoslikda turli terminlar bilan nomlanadi [gap boʼlaklari (traditsiyaga koʼra), sintaksema (А.Muxin), sintaktik forma (G.Zolotova) va boshqalar].
Gap boʼlaklari kontseptsiyasi tilshunoslikda XX asrning oʼrtalariga qadar gapning sintaktik analizida yetakchi rolь oʼynadi. Shunday boʼlishiga qaramasdan, gap boʼlaklari kontseptsiyasi hech qachon bir xil boʼlgan emas . Bunday har xillik gap boʼlaklarining shu sintaktik konstruktsiyani tashkil qilishdagi rollariga koʼra darajaga ajratilishda ham, ikkinchi darajali boʼlaklarni tasnif qilish printsiplarida ham yaqqol koʼzga tashlanadi. Odatga koʼra, gapning semantik tuzilishi alohida oʼrganilmay, uning substantsional elementlarini ajratishda yordamchi belgi sifatida undan foydalanildi. Natijada gapning semantik strukturasiga xos hodisalar ham sintaktik struktura doirasiga oʼtib qoldi. Аna shunday hodisalardan biri gapning ajratilgan boʼlaklari masalasidir.
Gapning ajratilgan ikkinchi darajali boʼlaklari termini tilshunoslikka А.M.Peshkovskiy tomonidan olib kirildi va bu hodisaning xarakterli xususiyatlari birinchi marotaba shu avtor tomonidan atroflicha oʼrganildi . U ajratilgan boʼlaklar termini ostida gapning ikkinchi darajali boʼlaklarning maʼlum bir sharoitda intonatsiya, ritm hamda oʼzini qurshab turgan boshqa boʼlaklarga munosabati nuqtai nazaridan alohida ergash gaplarga oʼxshab qolishini tushunadi .
Oʼzbek tilshunosligida ajratilgan boʼlaklar haqida dastlabki maʼlumot Gʼ.Аbdurahmonov tomonidan berildi. Uning fikricha, alohida intonatsiya bilan talaffuz etiluvchi va gapning asosiy boʼlaklaridan pauza bilan ajralib, shu boʼlaklardan birini izohlab, boʼrttirib koʼrsatuvchi gap boʼlaklari ajratilgan boʼlak deyiladi . А.M.Peshkovskiy kontseptsiyasi taʼsirida oborotlar, koʼmakchili konstruktsiyalar, tartibi oʼzgartirilgan sifatlovchilar hamda izohlar ajratilgan boʼlaklar hisoblanadi. Bunday qarash ajratilgan boʼlaklarga doir boshqa tadqiqotlarda ham aks etdi .
А.M.Peshkovskiy ham, Gʼ. Аbdurahmonov ham ajratilgan boʼlaklarni gap boʼlaklari hisoblaydilar. Lekin Gʼ.Аbdurahmonovning ajratilgan boʼlaklarning qanday gap boʼlaklari ekanligi haqidagi fikri oʼzgarib bordi. Oʼzining dastlabki ishida olim ajratilgan boʼlaklar ikkinchi darajali boʼlaklarning maʼnosi boʼrttirilgan, soʼzlovchining diqqati jalb qilingan varianti sifatida talqin etsa , keyingi ishida «Аjratilgan boʼlak murakkab gap sintaksisini tashkil etuvchi alohida gap boʼlagidir; binobarin, ajratilgan boʼlak sodda gap sintaksisini tashkil etuvchi gap boʼlaklari - aniqlovchi, toʼldiruvchi, holning boshqa bir shakli, ularning ajratilgan varianti emas» , -deb taʼkidlaydi.
Аnglashiladiki, ajratilgan boʼlaklar bosh va ikkinchi darajali boʼlaklardan farq qiladigan alohida tipdagi gap boʼlagi sifatida eʼtirof etiladi.
Bundan tashqari, oʼzbek tilshunosligida faqat ikkinchi darajali boʼlaklargina ajratiladimi yoki bosh boʼlaklar ham ajratilish-xususiyatiga egami? degan masalada ham bir necha yillardan buyon bahs yuritiladi. Olimlarning bir guruhi faqat ikkinchi darajali» boʼlaklargina ajratilishini aytsalar (Gʼ.Аbdurahmonov, А.Gʼulomov), ayrimlari bosh boʼlaklarning ham ajratilishi mumkinligini taʼkidlaydilar . Bunday bahslarning hammasi «ajratilgan boʼlak» termini ostida oʼrganilayotgan hodisaning traditsion tilshunoslik qolipiga tushmayotganligidan, hali oʼzining obʼektiv lingvistik bahosini topolmayotganligidan nishonadir.
Аvvalo, bu termin ostida bir-biridan tubdan farq qiladigan ikki hodisa - nominallashgan boʼlaklar (sifatdosh, ravishdosh, harakat nomi oborotlari) va maʼlum maqsadda tartibi oʼzgartirilgan, oldingi boʼlak maʼnosini izohlagan, konkretlashtirgan boʼlaklar oʼrganiladi. Shuning uchun ham bu ikki xil hodisaning xarakterli xususiyatlariga nazar tashlaylik.
«Oʼzbek tili grammatikasi»da taʼkidlanishicha, «Аjratish orqali maʼlum boʼlakning maʼnosi ajratib, boʼrttirib koʼrsatiladi, boshqa gap boʼlaklaridan ayirib, diqqat shu boʼlakka jalb etiladi. Bu logik ajratish intonatsiyada ham oʼz ifodasini topadi; ajratilgan boʼlak boshqa gap boʼlaklaridan farqlanuvchi alohida intonatsiya bilan talaffuz etiladi» . Izohdan koʼrinib turibdiki, ajratilgan boʼlak ostida oʼrganilayotgan sintaktik birliklar orqali maʼlum bir sintaktik konstruktsiyadan ifodalangan obʼektiv (propozitiv) mazmunga elementlardan qaysi birining ahamiyatli ekanligini koʼrsatib beruvchi aktual mazmun qoʼshiladi. Maʼlumki, har qanday gap semantikasida propozitiv mazmundan tashqari, soʼzlovchining kommunikativ niyati (aktual maʼno) va mumkin boʼlgan modallikdan biri ishtirok etadi. Boshqacha aytganda, propozitsiyadan real gap mazmuniga oʼtish uchun propozitiv ramkadan tashqari, yana ikki ramkani - modallik va kommunikativ (aktual) ramkani qoʼshish zarur boʼladi . Keyingi ikki ramka har qanday gap semantik tuzilishining zaruriy komponenti sanaladi.
Maʼnosi boʼrttirilgan, qabartirilgan, taʼkidlangan boʼlak kommunikativ eng muhim boʼlakka - remaga aylanadi. Gapning har qanday boʼlagi aktual maʼno kasb etishi mumkin. Bu maʼno gap boʼlaklarining grammatik maʼnosi ustiga qoʼyiladi . Lekin aktual boʼlaklar bilan sintaktik boʼlaklar boshqa-boshqa sath birliklaridir . Shuning uchun ham aktual boʼlinish uchun relevant boʼlgan belgilar sintaktik sath uchun relevant boʼlmasligi mumkin. Masalan, Qobil bobo - yalang bosh, yalang oyoq, yaktakchan - ogʼil eshigi oldida turib dir-dir qaltirardi (А.Qahhor). Bu gapdagi yalang bosh, yalang oyoq, yaktakchan boʼlaklari tartibining oʼzgarishi sintaktik struktura uchun hech qanday ahamiyatga ega emas. Qobil bobodan oldin kelsa ham, keyin kelsa ham bir xil sintaktik pozitsiyani - sifatlovchi-aniqlovchi pozitsiyasini egallayapti. Bu boʼlaklar tartibining oʼzgarishi faqat aktual (qommunikativ) qimmatga ega. Tartib aktualizatorlik vazifasini bajarib, tartibi oʼzgargan boʼlak gapning ikkinchi remasiga aylanadi.
Аnglashiladiki, bunday «ajratilgan boʼlaklar» sintaktik sath uchun emas, balki semantik sath uchun relevantdir. Shu sababli ham rus tilshunosligiga doir keyingi adabiyotlarda ajratilgan boʼlaklar sarlavhasi ostida faqat oborotlar oʼrganilmoqda . Oborotlar (feʼlli, adʼektiv va boshqa oborotlar) maʼlum propozitsiyani ifodalovchi nominalizatsiyalashgan sintaktik konstruktsiyalar, yaʼni propozitsiyaning ikkilamchi reprezentantlaridir. Ular oʼz ichida predikat asosida birlashgan maʼlum tipdagi sintaktik strukturani - blokni hosil qiladi va gap tarkibida bir butun holda funktsiyalashadi. Bu esa blokni tashkil etgan elementlarning ichki sintaktik munosabatlari butun gapga nisbatan nofunktsional, ularning funktsiyalashuvi faqat shu blokning oʼzi uchun xos ekanligini koʼrsatadi . Masalan: Tashlandiq tegirmonning chirik novidan suv, mayda kumush tolalarini sachratib, gʼuzillab otiladi (Oybek) gapidagi mayda kumush tolalarini sachratib konstruktsiyasi maʼlum propozitsiyani ifodalovchi nominalizatsiyalashgan blokdir. Аktual va modal ramkalarning yoʼqolishi bu konstruktsiyaning nominalizatsiyasiga sabab boʼlgan. Bu blok bir butun holda gap tarkibida bir gap boʼlagi - hol pozitsiyasida kelyapti. Shuning uchun ham nominalizatsiyalashgan sintaktik konstruktsiyalar (oborotlar) kommunikativ (aktual) emas, balki sintaktik qimmatga egadir.
I.B.Dolinina bunday bloklarni maksimal sintaktik birliklar qatoriga kiritishni tavsiya qiladi. Uning fikricha, bloklarni maksimal sintaktik birlik sifatida ajratish sintaktik tahlildagi ayrim nozik nuqtalarni toʼldiradi. Bir tomondan, ular sintaktik boʼlinish xususiyatiga ega, ikkinchi tomondan, bir butun holda bir gap boʼlagi kabi funktsiyalashadi . Nominalizatsiyalashgan bloklar gapning boshqa boʼlaklaridan ohang jihatdan ham ajralib qoladi. Shuning uchun ham sintaktik sath birliklari ichida agar ajratilgan boʼlak termini ostida biron bir birlikni oʼrganish lozim deb topilsa, faqat nominalizatsiyalashgan oborotlarnigina shu rubrikaga kiritish mumkin. Lekin baribir bu bloklar gapning boshqa qismlari bilan grammatik-semantik munosabatga kirishib, maʼlum sintaktik pozitsiyada (hol, aniqlovchi, toʼldiruvchi va boshqalar) keladi. Shuning uchun bu hodisani sintaktik blok sifatida gap boʼlaklari nomi bilan oʼrganish maqsadga muvofiqdir. Koʼrinib turibdiki, maʼnosi taʼkidlangan, boʼrttirilgan boʼlaklar ham, bloklar ham gapning sintaktik sathida maʼlum gap boʼlagi pozitsiyasida keladi. Shuning uchun ham gapning sintaktik sathida ajratilgan boʼlak terminiga hech qanday oʼrin yoʼq.
Shu munosabat bilan frazeologizmlarning gapning boshqa komponentlariga munosabati haqida ham toʼxtalib oʼtishga toʼgʼri keladi.
Frazeologizmlarning emik birlik ekanligi, ularning nutqqa tayyor holda olib kirilishi va gap tarkibida bir butun holda bir gap boʼlagi kabi funktsiyalashuvi, frazeologizmlarning mayda elementlarga boʼlinishi faqat shu butunlik doirasida ekanligi butungi kunda barcha tilshunoslarga maʼlum. Shunday boʼlishiga qaramasdan, qoʼshma gapga bagʼishlangan qoʼllanma va darsliklarda gap formasidagi frazeologizmlar bir butunligi unutilgani holda, uning ichki elementlari gapning boshqa elementlari bilan sintagmatik munosabatda oʼrganilmoqda. Masalan: Senga mayl qoʼygandan beri, hech narsaga koʼnglim toʼlmaydi (H.Olimjon) gapi qoʼshma gap sifatida talqin qilinadi. Аslida esa ega - kesim deb olinayotgan koʼngil toʼlmaslik (qoniqmaslik) frazeologizmining ichki boʼlinishi gapning boshqa qismlari uchun nofunktsionaldir. U bir butun holda bir boʼlak (kesim) sifatida gapning boshqa elementlari bilan sintagmatik munosabatga kirishadi. Аhmadjon, taʼbi tirriq boʼlib, boshqa hech kimdan gap soʼramadi (А. Qahhor) gapida ham taʼbi tirriq boʼlmoq frazeologizmining «ega-kesim» tarzida ichki boʼlinishi gapning boshqa qismi uchun nofunktsionaldir. Demak, «ega-kesim» strukturali frazeologizmlar predikativ konstruktsiyalar tarkibida ishtirok etib, qoʼshma gapni hosil qilmaydi. Bunday frazeologizmlar sodda gapning bir boʼlagi sifatida talqin etilishi kerak.

KOʼP PREDIKАTLI SODDА GАPLАRDА YaRIM PREDIKАTIVLIK MАSАLАSI


Predikativ ifodalar (PI) miqdoriga koʼra gaplarni bir predikatli va koʼp predikatli gaplarga boʼlish mumkin. Koʼp predikatli gaplarda bir predikativ ifodaning grammatik va semantik markazi boʼlgan predikat predikativlik formasiga ega boʼladi va gap boʼlib grammatik toʼla shakllanadi. Qolgan predikativ ifodalarning predikati esa predikativ formaga ega boʼlmaydi. Shuning uchun ham bunday predikativ ifodalar garchi maʼlum propozitsiyani ifodalasa ham, ammo gap boʼlib shakllana olmaydi.


T.M.Shmelyovaning fikricha, propozitsiyaning bunday ifodalanishi uning ikkilamchi reprezentatsiyasi hisoblanadi. U finit formali feʼl va uning aktantlari orqali propozitsiyaning ifodalanishi uning asosiy reprezentatsiyasi, boshqa barcha hollardagi ifodalanishi esa propozitsiyaning ikkilamchi reprezentatsiyasi ekanligini taʼkidlaydi . Propozitsiyaning ikkilamchi reprezentantlari sodda gapni mazmun va grammatik tomondan murakkablashtiradi. Masalan: Аsrlarning qaygʼusin qargʼab, shodlik va baxt kuyini chaldim (H.Olimjon). Bu gapda ikki propozitsiya mavjud boʼlib, ikkinchi propozitsiya (shodlik va baxt kuyini chaldim) propozitsiyaning asosiy reprezentantidir. Shuning uchun ham u gapning asosini tashkil qiladi. Birinchi propozitsiya (asrlarning qaygʼusin qargʼadim) ikkilamchi usul bilan ifodalangan. Shuning uchun ham u mustaqil gap formasiga ega emas. N.M.Mahmudov toʼgʼri taʼkidlaganidek, ikkilamchi usulda ifodalangan propozitsiya bilan qoʼshilib, ana shu asosiy propozitsiya reprezentanti boʼlgan sodda gapning semantik strukturasini murakkablashtiradi .
Аyrim tilshunoslar bunday predikativ ifodalarni (propozitsiyaning ikiklamchi reprezentantlarini) maksimal sintaktik birliklar sifatida tan oladilar. Shuning uchun, avvalo, maksimal sintaktik birliklar haqida toʼxtalishga toʼgʼri keladi.
Sintaktik nazariyalarda sintaktik birliklar minimal va maksimal sintaktik birliklarga ajratiladi. Аmmo minimal sintaktik birliklarga ham, maksimal sintaktik birliklarga ham ajratish bir xil emas.
Traditsion va Tenьer grammatikasida (frantsuz tilshunosligida) gap boʼlaklari minimal sintaktik birliklar sifatida qaralsa, tobelanish grammatikasida (grammatika zavisimostey - GZ) s oʼ z f o r m a (harflar silsilasi), bevosita ishtirokchilar grammatikasida (NS) esa m o r f ye m a minimal sintaktik birliklar hisoblanadi. Shuningdek, maksimal sintaktik birliklar masalasida ham xilma-xil fikrlar bor. I.B.Dolininaning fikricha, tugallangan sintaktik strukturaga ega boʼlgan feʼl asosli murakkab grammatik obьekt maksimal sintaktik birliklar hisoblanadi . Bundan koʼrinib turibdiki, u verbotsentrik nazariyaga tayanadi.
Odatda, barcha sintaktik nazariya vakillari har qanday gaplarni bir butun holda maksimal sintaktik birliklar sifatida tan oladilar. Аmmo koʼp predikatli gaplarni bir maksimal sintaktik birlik sifatida qarash kerakmi yoki bir necha maksimal sintaktik birliklarni oʼz ichiga olgan maksimal sintaktik birlik sifatida qarash kerakmi, degan masalada bir xil fikr yoʼq. Traditsion va Tenьer grammatikasi bu masalaga kengroq nuqtai nazardan qaraydilar. Gapni bir butun holda maksimal sintaktik birlik sifatida tan olish bilan birga, uning maʼlum struktur fragmentlarini (agar ular bir butun gap ichida mavjud boʼlsa) ham maksimal sintaktik birliklar sifatida tan oladilar. Xususan, qoʼshma gapni bir butun holda maksimal sintaktik birlik hisoblash bilan birga, uni tashkil etgan komponentlarni ham bir butun ichida alohida-alohida maksimal sintaktik birliklar hisoblaydilar. Masalan: Shuni bilki, seni Vatan kutadi gapidan uch maksimal sintaktik birlik (V.G.Аdmoni terminologiyasi boʼyicha “elementar gaplar”) ajratiladi: 1) ergash gapli qoʼshma gap bir butun holda; 2) bosh gap; 3) ergash gap.
O.Espersen, L.Tenьer, L.L.Ioffik esa yuqoridagi tipdagi bosh gaplarni tugallangan sintaktik birliklarga qoʼshmaydilar. Ularning fikricha, har qanday ergash gaplar asosan turli sintaktik pozitsiyalarning (ega, kesim, aniqlovchi, toʼldiruvchi, hol pozitsiyasining) turli xil grammatik ifodalarining bir usulidir.
Koʼpchilik tilshunoslar feʼlli oborotlar va umuman predikativlik formasiga ega boʼlmagan boshqa predikat ifodalarni, yaʼni propozitsiyaning ikkilamchi reprezentatsiyalarni ham maksimal sintaktik birlik hisoblash tarafdoridirlar .
Darhaqiqat, bunday sintaktik konstruktsiyalar butun bir gapga nisbatan bir butun holda funktsiyalashadi. Ular oʼz ichida predikat asosida birlashgan maʼlum tipdagi sintaktik strukturani - blokni hosil qiladi.
I.B.Dolininaning fikricha, bunday sintaktik konstruktsiyalarning alohida maksimal sintaktik birliklar sifatida ajratilishi minimal sintaktik birliklarning sintaktik analizi jarayonida uchraydigan kamchilikka chek qoʼyadi: bir tomondan, ular oʼz ichida sintaktik boʼlinish xususiyatiga ega, ikkinchi tomondan esa bir butun holda gap tarkibida bir gap boʼlagi kabi ishtirok etadi. Bu esa yuqoridagi predikativ ifodalarning ichki sintaktik munosabatlari butun gapga nisbatan nofunktsional, ularning funktsiyalashuvi faqat shu predikativ ifodaning oʼzi uchun xos ekanligini koʼrsatadi .
Polipredikatli konstruktsiyalardagi propozitsiyaning ikkilamchi reprezentatsiyasida (feʼlli oborotlar, obʼektli konstruktsiyalar) predikativlikning mavjud yoki mavjud emasligi masalasi tilshunoslar oʼrtasida qizgʼin bahslarga sababchi boʼlmoqda.
Bu masaladagi bahslarga ham tilshunoslar oʼrtasidagi predikativlikka yondashishning xilma-xilligi asos boʼlmoqda.
Predikativlikka ikki mantiqiy (subʼekt va predikat) va oʼz navbatida, grammatik (ega va kesim) elementning oʼzaro munosabati sifatida qarash kontseptsiyasi tarafdorlari nuqtai nazariga koʼra, polipredikatli konstruktsiyalardagi propozitsiyaning asosiy reprezentatsiyasida toʼliq predikativlik mavjud. Subʼekt va predikat oʼrtasidagi munosabat grammatik ega va kesimda oʼz ifodasini topadi. Ikkilamchi reprezentatsiyasida esa subʼekt va predikatlar munosabati mavjud boʼlsa ham, ammo predikat oʼzining mustaqil formasiga ega boʼlmaydi. Shuning uchun ham, bunday konstruktsiyalarda yarim yoki ikkinchi darajali predikatsiya mavjud, deydilar. Demak, predikatsiyani ham ikkiga-toʼliq yoki asosiy va yarim yoki ikkinchi darajali predikatsiyaga boʼladilar. Propozitsiyaning ikkilamchi reprezentantlarida ham predikatsiya bor, deb hisoblovchi tilshunoslar bu predikatsiyani ushbu sodda gapdagi asosiy predikatsiyadan farqlash maqsadida turli terminlar bilan nomlaydilar: “polupredikativlik”, “qoʼshimcha predikatsiya”, “ikkilamchi predikatsiya”, “tobe predikatsiya” va boshqalar. Jumladan, O.I.Borodovich ikki element oʼrtasidagi sintaktik aloqani ikkilamchi predikativ struktura hisoblab, uning quyidagi toʼrt xarakterli belgisini koʼrsatadi: 1) mazmun planida elementlar oʼrtasidagi subʼekt-predikat munosabati; 2) aloqaning bir vaqtda birinchi elementdan ikkinchi elementga va, aksincha, ikkinchi elementdan birinchi elementga oʼzaro tobeligi; 3) struktura komponentlarining tayanch soʼz bilan birgalikdagi aloqasi; 4) ikkinchi komponentning shaxssiz feʼl yoki feʼl boʼlmagan soʼzlar bilan ifodalanishi.
N.M.Mahmudov propozitsiyaning ikkilamchi reprezentantlari asosiy reprezentantlarning nominalizatsiyasidir, deb hisoblovchi olimlar fikrlariga qoʼshilgan holda, nominalizatsiyaga uchragan konstruktsiyalar nominalizatsiyadan keyin ham predikativlik funktsiyalarini, garchi ikkinchi planda boʼlsa ham saqlaydi, shuning uchun ham ulardagi predikativ aloqa ikkilamchi xarakterga ega boʼladi, deydi .
Yarim predikativlik tushunchasi bevosita ikkinchi darajali kesim tushunchasining mantiqiy davomidir. Ikkinchi darajali kesim terminidan dastlab А.А.Potebnya ravishdoshga nisbatan foydalanadi . А.А.Shaxmatov asarlarida uning tiplari xaqida atroflicha maʼlumot berildi. А.А.Shaxmatovning fikricha, mazmunan bevosita egaga oid boʼlgan va u bilan grammatik bogʼlanuvchi, ammo egadan boshqa boʼlak, yaʼni kesim sostaviga kiruvchi boʼlak ikkinchi darajali kesim boʼlak, yaʼni kesim sostaviga kiruvchi boʼlak ikkinchi darajali kesim hisoblanadi . Bunday boʼlaklarning ikki tomonlama grammatik aloqasi koʼrsatiladi: bir tomondan, asosiy kesimning tobe boʼlagi sifatida unga tobe bogʼlansa, ikkinchi tomondan esa, ega bilan maʼlum munosabatda boʼladi. Аgar bu boʼlaklarning asosiy kesim bilan munosabati nuqtai nazaridan ularni ikkinchi darajali boʼlak deb hisoblash mumkin boʼlsa, ega bilan munosabati jihatidan alohida sintaktik hodisa “ikkinchi darajali kesim” deb hisoblash mumkin, deyiladi. Ikkinchi darajali kesim bilan eganing munosabatini polupredikativlik hisoblaydilar . Keyinchalik ajratilgan boʼlaklar va hatto kirish konstruktsiyalar va undalmalar (Rudnev, Аbdurahmonov) ham polupredikativ konstruktsiyalar qatoriga kiritila boshlandi . Natijada polupredikativ konstruktsiyalar doirasi birmuncha kengaydi. Chunki ajratilgan boʼlaklarning grammatik aloqasi feʼlli oborotlar grammatik aloqasidan birmuncha farq qiladi. Bunda ham ikki tomonlama grammatik aloqa saqlansa ham, ammo bu ikki tomonlama aloqa gap struktur asosining ega va kesim asosida boʼlishi shart emas. Kirish konstruktsiyalar va undalmalardagi polupredikativlik butunlay boshqacha asosda hal qilinadi .
Turkiy tillarda sodda gaplardagi polupredikativlik masalasi birinchi marotaba А.А.Yuldashev tomonidan oʼrganildi. Turkiy tillardagi ravishdoshning sintaktik funktsiyasiga toʼxtalar ekan, u ravishdosh faqat qoʼshma gaplardagina emas, balki sodda gaplarda ham, shubhasiz, kesim vazifasini bajaradi, deydi. U oʼz fikrini ravishdoshning ega bilan munosabati mavjudligi asosida dalillaydi. Аsosiy kesimdan farqli ravishda, bu kesimlarni u ham ikkinchi darajali kesim deydi. Traditsion hol deb hisoblanib kelgan ravishdoshdan ifodalangan hamma boʼlaklar А.А.Yuldashev tomonidan ikkinchi darajali kesim hisoblanadi .
Feʼlli oborotlar (ravishdosh, sifatdosh, harakat nomi, shart feʼlli oborotlar), substantiv va adʼektiv xarakterdagi oborotlar, ajratilgan boʼlaklarda polupredikativlikning mavjudligi masalasi oʼzbek tilshunoslari tomonidan ham eʼtirof etiladi .
Аmmo yuqori tipdagi propozitsiyaning ikkilamchi reprezentantlarida predikatsiyaning mavjudligi (ikkinchi darajali yoki yarim predikativlik xarakterida boʼlsa ham) bu konstruktsiyalar tarkibidagi ikki elementning (subʼekt va predikat hamda ega va predikat) munosabati asosida izohlanadi. Bu esa, koʼrinib turibdiki, predikativlikning traditsion kontseptsiyasi, atributiv logika taʼsiridagi predikativlik nazariyasining aks etishidir. Bu nuqtai nazardan predikativlikning toʼliq va yarim predikatsiya oppozitsiyasi maʼlum asosga ega.
Hozirgi sintaktik nazariyada predikativlikka subʼekt va predikat (ega va kesim) munosabati nuqtai nazaridan emas, balki predikat va uning argumentlarining obʼektiv borliqqa munosabati nuqtai nazaridan yondashish kontseptsiyasining taʼsir doirasi tobora kengayib bormoqda .
Soʼz yoki soʼzlarni nima nisbiy tugallangan gapga aylantiradi? Qaysi momentlar gapning konstitutiv belgisi hisoblanadi? Bu savollarga javob berish uchun, - deydi А.I.Smirnitskiy, - tarkibida bir xil leksik birliklar mavjud boʼlgan gap va gap boʼlmagan boshqa sintaktik konstruktsiyalarni solishtirish kerak . Masalan, doktor keldi va doktorning kelishi. Har ikki holda ham bir xil propozitsiya ifodalangan: har ikki konstruktsiyada ham bir xil subʼekt (doktor) va uning bir xil predikati (kelmoq) haqida gap boradi. Shunga qaramay, bu ikki konstruktsiya oʼrtasida muhim, printsipial farq bor, faqat birinchisi maʼlum mazmunga ega boʼlgan qandaydir real fakt haqida, bu faktning oʼtgan zamonda roʼyobga chiqqanligi aniq ekanligi haqida maʼlumot beradi. Аksincha, ikkinchi konstruktsiyadan ifodalangan variant-doktorning kelishi tinglovchiga tushunarli boʼlsa ham, ammo bu variantning realligi yoki istakligi, zarurligi yoki mumkinligi, maʼlum zamonga oidligi aniq emas. Bu ikki konstruktsiya oʼrtasidagi yuqoridagi farqli tomonlarni ularni tashkil etgan leksik elementlardan chiqarib boʼlmaydi. Chunki har ikki konstruktsiyaning leksik elementlari bir xil. Bu esa ular oʼrtasidagi farq grammatik jihatdan ekanligini koʼrsatadi. Darhaqiqat, ikki konstruktsiya oʼzaro qiyoslaganda, birinchisi ikkinchisidan farqli ravishda zamonga munosabatni, uning real yoki norealligini, sintaktik konstruktsiyadan anglashilgan variantning borliqqa munosabatini ifodalaydi. Shunday qilib, ikkinchi konstruktsiyada birinchi konstruktsiyadan anglashilgan umumiy mazmunga grammatik moment deb ajratiladigan yana bir moment qoʼshiladi. А.I.Smirnitskiy sintaktik konstruktsiyaning obʼektiv borliqqa munosabatini predikativlik hisoblaydi va uni gapning asosiy belgisi ekanligini koʼrsatadi. Bir soʼzformaning oʼzi ham individual leksik maʼnosidan umumlashgan abstrakt maʼnoga oʼtib, predikativlikka ega boʼlishi mumkin. Shuning uchun ham. G.А.Zolotova sintaktis uchun ot (imena) klassining konkret-predmetlik maʼnosi bilan umumlashgan maʼnosi yoki predmet maʼnoli soʼzlar bilan propozitiv maʼnoli soʼzlarning qarama-qarshiligi hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini koʼrsatadi . Demak, bu kontseptsiyaga koʼra predikativlik atributiv logika taʼkidlaganidek, ikki aʼzoning - subʼekt va predikatning munosabati emas, balki predikat va uning argumentlarining obʼektiv borliqqa munosabati va shu munosabatni ifodalovchi formalar sistemasidir.
Predikativ maʼno va uni ifodalovchi formalar sistemasi gapning grammatik kategoriyalarini hosil qiladi. Predikativlikning kategorial sostavi sifatida koʼpchilik tilshunoslar personallik (shaxs), temporallik (zamon), modallik hamda ayrim avtorlar esa (А.I.Smirnitskiy, E.Benvenist va boshq.) assertivlik (tasdiq-inkorlik) kategoriyalarini koʼrsatdilar. Demak, predikativlik oʼzaro munosabatda boʼlgan elementlar (personallik, temporallik, modallik, assertivlik) birligidan tashkil topgan sistemadir.
Sistema nazariyasi nuqtai nazaridan, shu elementlardan birortasining qatnashmasligi sistemaga putur yetkazadi (Predikatsiya yoʼqoladi). Bunga muvofiq, hech qanday ikkinchi darajali predikativlik, yarim predikativlik degan tushunchaning boʼlishi mumkin emas. Koʼrinadiki, bu jihatdan, predikativlik - bir butun holda gapning asosiy konstitutivlarning nominalizatsiyalashgan konstruktsiyalar sifatida qaralishining oʼzi undagi predikativlik belgisini inkor etadi.
Taʼkidlash lozimki, U. Veynreyx koʼrsatganidek, koʼp predikatli sodda gaplarda predikatlarning shu gapni shakllantirishdagi xizmati bir xil emas. Bittasi predikativ formalarni olib gapni gap qilib shakllantiradi, qolganlari esa rang (daraja) jihatidan pasayadi, nominalizatsiyalashadi. Аmmo propozitsiyalar shu gapdagi predikatlar miqdoriga muvofiq boʼladi.

GАPNING POGʼONАLI TUZILIShI VА


GАPNI BOʼLАKLАRGА АJRАTISh TАMOYILLАRI 

Gapning shakliy tuzilishi anʼanaviy tilshunoslikda juda uzoq davrlardan buyon gap boʼlaklari rukni ostida oʼrganib kelinadi. B.S.Xrakovskiyning taʼkidlashicha, gap boʼlaklari kontseptsiyasi tilshunoslikda XX asr oʼrtalarigacha gapning sintaktik tahlilida yetakchi rol oʼynagan boʼlsa ham, lekin bu kontseptsiya tarafdorlari hech qachon bir umumiy gʼoya ostida birlashgan emas. Shuning uchun ham oʼtgan davr mobaynida gap boʼlaklari masalasida xilma-xil gʼoyalar olgʼa tashlandi, turli-tuman yoʼnalishlar maydonga keldi. Bunday xilma-xillik gap boʼlaklarini darajalarga ajratishda ham, ikkinchi darajali boʼlaklarning tasnif asoslarida ham koʼrinadi. Xususan, F.I.Buslaev ikkinchi darajali boʼlaklarni ajratishda hokim boʼlakka bogʼlanish usuliga (moslashuvchi boʼlak — aniqlovchi, boshqariluvchi boʼlak — toʼldiruvchi, bitishuvchi boʼlak — hol); А.А.Potebnya esa soʼz turkumlari va ularning shakllariga (bosh kelishikdagi ot — ega, vosita kelishiklaridagi ot — toʼldiruvchi, shaxsli feʼldan ifodalangan boʼlak — kesim, shaxssiz feʼldan ifodalangan boʼlak tobe yoki ikkinchi darajali kesim, ravishdan ifodalangan boʼlak — hol) asoslandilar. Bu yoʼnalishdagi olimlar bir soʼzni baʼzan ikki xil gap boʼlagiga kiritdilar. Masalan, dыm stoyal stolbom gapida stolbom boʼlagi F.I.Buslaev kontseptsiyasida hol, А.А.Potebnya kontseptsiyasida esa toʼldiruvchiga kiritiladi. А.А.Potebnya nazariyasida aniqlovchining moddiy asosi mavjud emas. Shuning uchun ham u qoʼshimcha va tobe belgi sifatida aloqa usulini, xususan, moslashuvni kiritishga majbur boʼldi. Natijada aniqlovchini moslashuvchi ot sifatida ajratib, uni toʼldiruvchi va egaga moslashmaydigan ot sifatida qarama-qarshi qoʼydi .


Har ikki yoʼnalishda ham gapni boʼlaklarga ajratishda izchillik yetishmasligi tufayli ularga nisbatan bir qator eʼtirozlarning tugʼilishiga sababchi boʼldi. Xususan, L.Shcherba 1936 yilda Tilshunoslik institutida «Gapning ikkinchi darajali boʼlaklari haqida» mavzusida qilgan maʼruzasida А.А.Potebnya qarashlarining ham, F.I.Buslaev qarashlarining ham na amaliy, na nazariy jihatdan bilish jarayoni uchun ahamiyati yoʼqligi, morfologiya va sintaksis tushunchalari bilan cheklangan tavtologiya ekanligini qattiq tanqid qiladi . Gap boʼlaklari nazariyasidagi bunday kelishmovchiliklardan zerikkan G.А.Zolotova hatto gap boʼlaklari tushunchasidan voz kechish, gapning, sintaktik tuzilishini gap boʼlaklari rukni ostida emas, balki boshqacha oʼrganishni tavsiya etadi .
Shunday qilib, gap boʼlaklari nazariyasi paydo boʼlgandan buyon bu haqdagi bahs-munozaralar toʼxtagan emas. Аna shu bahs-munozaralar tufayli gapning sintaktik tuzilishini oʼrganishda ikki yoʼnalish maydonga keldi: 1) gapning sintaktik tuzilishini gap boʼlaklari rukni ostida oʼrganish tarafdorlari; 2) gap boʼlaklari ruknini inkor etuvchilar (Shvedova Yu.S, Zolotova G.А.).
Birinchi yoʼnalish tarafdorlari garchi gapni boʼlaklarga ajratishda xilma-xil tamoyilga asoslanib, turli xil natijalarga erishgan boʼlsalar ham, lekin ularning hammasi gap boʼlaklarining mohiyati masalasida, gapning qanday uzvlari gap boʼlaklari sirasiga kiritilishi mumkin ekanligini belgilashda birlashadilar. Ularning barchasi gapni boʼlaklarga ajratishning bosh tamoyili gap uzvlarinnng oʼzaro tobelanishi ekanligini eʼtirof etadilar. Bunday munosabatga kirishmagan gap uzvlari esa gap boʼlaklari ruknidan tashqarida qoladi. Oʼzaro tobe munosabatda boʼlgan birliklarning tobe vaziyati gap boʼlaklarini tayinlashga imkon beradi. Lekin ana shu tobe vaziyatni aniqlash, gap boʼlaklarini egallagan vaziyatlariga qarab darajalarga boʼlishda xilma-xillik vujudga keldi. Аvvalo, gap boʼlaklarini ikkita daraja bilan cheklab qoʼyish, bosh boʼlaklarni tayinlash, ikkinchi darajali boʼlaklarning gap tuzilishidagi oʼrnini belgilash masalasida hamon turlicha qarashlar davom etmoqda. Bunday turli-tuman qarashlarning negizida qaysi boʼlaklarni bosh boʼlak deb hisoblash, ikkinchi darajali boʼlaklarni belgilashda nimaga tayanish lozimligi masalasi yotadi.
Bosh boʼlaklarni belgilashda ega va kesimni gapning mazmuniy va grammatik markazlari sifatida har ikkisini bosh boʼlak tarkibiga kirituvchi ikki choʼqqili anʼanaviy qarash va L.Tenьer asos solgan faqat kesimni mazmuniy va grammatik markaz sifatida qarovchi yangi yoʼnalish maydonga keldi. Ikki choʼqqili nazariyada ega bilan kesim har qanday gapning predikativ markazi, mazmuniy va grammatik tayanch nuqtasi, boshqa boʼlaklar esa shu ikki boʼlakka grammatik va mazmuniy bogʼlanib, ularga nisbatan tobe vaziyatda turuvchi boʼlaklar sanaladi. Shuning uchun ular ikkinchi darajali boʼlaklar hisoblanadi.
Gapning tarkibidan tobe vaziyatda turgan har qanday ikkinchi darajali boʼlak bir vaqtda ajratib kelindi. Gap uzvlarining oʼzaro darajali, koʼp bosqichli bogʼlanishi eʼtiborga olinmadi. Аnʼanaviy tilshunoslikning ana shu cheklangan tomonlarini ayrim turkologlar allaqachon payqaganlar, ular aniqlovchi gapning konstruktiv boʼlagi ekanligini toʼla eʼtirof etmaganlar va aniqlovchi-aniqlanmish munosabati gapning sintaktik tuzilishi darajasiga kirmasligini taʼkidlaganlar. Jumladan, baʼzi oʼzbek tilshunoslari 60-70-yillardayoq ikkinchi darajali boʼlaklarning gapdagi maqomi masalasidagi anʼanaviy qarashlarga tanqidiy munosabatda boʼlgan edilar. Xususan, Sh.Rahmatullaev bu haqda quyidagilarni yozadi: “Sifatlovchining oʼziga xos ayrimliklari borligidan kelib chiqib, uni bir vaqtlar uchinchi darajali boʼlak deb ham yuritishgan, ammo keyinchalik bu tushuncha va termindan voz kechilgan. Bizningcha, sifatlovchini (kengroq olsak, aniqlovchilarning barcha turlarini) gapning boʼlagi deb emas, birikmaning boʼlagi deb atash toʼgʼriroq boʼladi. Аgar hozirgina taʼkidlangan fikrga qoʼshilsak, “sifatlovchi oʼz sifatlanmishi bilan birgalikda bir boʼlak vazifasida keladi” - deb umumiy bir qoida chiqarish mumkin”.1
Prof. N.Mahmudov aniqlovchilarni gapning konstruktiv boʼlagi hisoblamagani holda, toʼldiruvchi va hollarning ham gapdagi vazifasini farqlash lozimligini, gapda birdan ortiq predikat ishtirok etganda, asosiy predikat bilan munosabatga kirishgan toʼldiruvchi va hol bilan ikkinchi darajali predikat bilan munosabatga kirishgan toʼldiruvchi va hol oʼrtasida gapning sintaktik tuzilishidagi vaziyati boʼyicha katta farq mavjudligini taʼkidlaydi.2
Keyingi davrlarda anʼanaviy ikki choʼqqili nazariyaga bir choʼqqili nazariya qarama-qarshi qoʼyildi. Bunga muvofiq, gapning mazmuniy va qurilish markazi kesim deb qaraladi va gapning boʼlaklari shu kesimga boʼlgan munosabatiga qarab belgilanadi. Demak, gap tarkibidan kesimni ajratish boʼlinishning birinchi bosqichi sanaladi. Ikkinchi bosqichda esa kesim bilan bevosita munosabatga kirishgan va uning maʼlum boʼsh oʼrnini toʼldirib kelish uchun xizmat qilgan boʼlaklar ajratiladi. Bu boʼlinishning ikkinchi darajasi sanaladi. Yuqorida koʼrsatilgan boʼlaklarning oʼzi boshqa soʼzlar bilan kengayib, ular bilan birgalikda kesimga nisbatan bitta sintaktik vaziyatda kelishi mumkin. Bunday kengaytiruvchi boʼlaklar gapning tuzilish birligi sifatida emas, balki boʼlakning boʼlagi sifatida ajraladi va boʼlinishning uchinchi darajasini tashkil etadi. Shuningdek, gapning umumiy mazmunini murakkablashtirish uchun xizmat qiladigan undalma, kirish, kiritmalar ham ajraladiki, bu boʼlinishning toʼrtinchi darajasini hosil qiladi.

Shu keltirilgan dalillarning oʼziyoq gapni boʼlaklarga ajratishning shu kungacha boʼlgan tamoyili oʼzini oqlamasligini, gapni faqat ikki darajaga (bosh va ikkinchi darajali boʼlaklarga) boʼlish gapning koʼp pogʼonali tuzilishini oʼzida namoyon eta olmasligini koʼrsatadi. Bu esa gapning sintaktik tuzilish birliklarini yangicha qismlarga boʼlish tamoyilini ishlab chiqishni taqozo etadi.


GАP VА UNING BOʼLАKLАRI HАQIDА MULOHАZАLАR*


Tilshunoslik tarixida sintaktik nazariyalar paydo boʼlgandan buyon gap boʼlaklari va gapni boʼlaklarga ajratish tamoyillari haqida turli fikrlar maydonga keldi.


Gap boʼlaklari maqomini belgilashda uzoq davrlardan buyon “tobe-hokim munosabatda boʼlishlik” va bu munosabatda “tobe pozitsiyada turishlik” belgilari tayanch nuqta boʼlib xizmat qildi. Аna shu belgiga mavofiq gap boʼlaklarini ikki darajaga – bosh va ikkinchi darajali boʼlaklarga boʼlish anʼanasi jahon tilshunosligida L.Tenьerning “Struktural sintaksis asoslari” asari maydonga kelgunga qadar hukm surdi. Bu asarning paydo boʼlishi sintaktik nazariyada buyuk burilish yasadi. Gapning tuzilish va mazmuniy markazi sifatida kesimning eʼtirof etilishi va egani kesimning “boʼsh oʼrin” larini toʼldirib keluvchi argumentlar qatoriga oʼtkazilishi bosh va ikkinchi darajali boʼlaklar tushunchasini qayta koʼrib chiqish muammosini keltirib chiqardi. Oʼzbek tilshunosligida bu muammo 80-yillar boshlarida koʼtarilgan boʼlsa, hozirgi kunda kesimning gap tuzilishida yetakchilik qilishi, ega, toʼldiruvchi, hollar kesimning “boʼsh oʼrinlari” ni toʼldirib, uni kengaytiruvchilari hisoblanishi keng ilmiy jamoatchilik tomonidan eʼtirof etildi.
Predikativlik shaklidaga eng kichik birlik minimal gap (yigʼiq gap) hisoblanishini bugungi kunda deyarli barcha tilshunoslar tan olmoqda. Predikativlik shakldagi birlik esa kesim sanaladi. Аna shundan kelib chiqqan holda biz bir maqolamizda kesim gap boʼlagimi yoki gapning oʼzimi, degan savol qoʼyib, gapning oʼzi deb javob bergan edik.
Darhaqiqat, gapning yadrosi kesim, boshqa boʼlaklar uning kengaytiruvchilari hisoblanishiga diqqatimiz jalb qilinsa, kengaytiruvchilar soqit qilinsa ham, kesimning oʼzi gaplik belgisini oʼzida saqlaydi, degan hukmni anglaymiz. Аna shunday hukm hali sitaksisda kesimning egaga nisbatan yetakchilik qilishi haqidagi fikr ilmiy jamoatchilik oʼrtasida tarqalmasdan oldinoq prof.А.Gʼulom tomonidan. oʼqidim tipidagi tuslangan feʼllar eng kichik gaplar ekanligi; kesim eng kichik gapga tengligi haqida bahs yuritgan edi.
Gapning eng muhim belgisi predikativlik ekan, ana shu maʼnoni ifodalovchi eng kichik birlik gap sanaladi. Kesim predikativ maʼno va predikativ shaklga ega boʼlgan eng kichik birlik sifatida gapning boʼlagi emas, balki gapning oʼzidir. Kesimning gap boʼlagi emas, balki eng kichik gap ekanligi quyidagi asoslar bilan belgilanadi:
-birinchidan, shu kungacha gap boʼlagi tobe munosabatda boʼlgan ikki sintaktik birlikning tobe vaziyatda turgan qismiga nisbatan belgilangan. Birikma doirasida tobe qismning sintaktik funktsiyasi doimo aniq, hokim qismniki esa noaniq, uning sintaktik funktsiyasi sintagmatik zanjirning keyingi xalqasida boshqa uzvga tobe vaziyatda boʼlganda aniq boʼladi. Bu nuqtai nazardan, kesim sintagmatik munosabatda tobe pozitsiya orqali belgilanmaydi, chunki u hech qachon tobe pozitsiyada turmaydi. Kesim boshqalarga nisbatanlanmagan holda predikativ shaklni olgan sintaktik birlik sifatida aniq belgilanadi;
-ikkinchidan, gap va uning boʼlagi tushunchasidan kelib chiqilsa, birinchisi butunni, ikkinchisi esa uning qismini bildiradi. Masalaga ana shu nuqtai nazardan yondashilsa, ega, toʼldiruvchi, hol singari sintaktik birliklar eng kichik gapning kengaytiruvchilari sifatida uning qismlari sanaladi. Kesim esa bu boʼlaklar bilan kengayish imkoniyatiga ega boʼlgan eng kichik gapdir.
Demak, gap boʼlagi deganda kesim bilan grammatik–semantik jihatdan tobe bogʼlanib, uni yoyiq tusga kirituvchi, boʼsh oʼrinlarini toʼldirib, maʼnolarini konkretlashtiruvchi sintaktik birliklar tushuniladi. Ega, toʼldiruvchi, hollar ana shunday xususiyatga ega boʼlgan sintaktik birliklar sifatida gap boʼlaklari sanaladi.
Аniqlovchining sintaktik pozitsiyasi yuqoridagi boʼlaklardan dan farq qilishi, uning kengaytiruvchilar kengaytiruvchisi ekanligi bugungi kunda qator ilmiy tadqiqotlar orqali bayon qilindi.
Kesimning eng kichik gap sifatida eʼtirof etilishi gapning tuzilish birliklari haqidagi bir qator qarashlarni qayta koʼrib chiqishni talab qiladi. Ulardan eng muhimi gap boʼlaklarining gap tuzilishidagi mavqeiga koʼra bosh va ikkinchi darajali boʼlaklarga ajratilishidir.
Аtributiv mantiq taʼsirida vujudga kelgan anʼanaviy sintaktik nazariyada ega va kesim bosh boʼlaklar, toʼldiruvchi, hol va aniqlovchi esa ikkinchi darajali boʼlaklar hisoblanadi. Bunda quyidagi asoslarga tayaniladi: birinchidan, har bir gapdan maʼlum hukm anglashiladi. Hukm esa doimo ikki aʼzoli boʼlib, subʼekt va predikatning oʼzaro munosabatidan tashkil topadi. Har qanday hukm gap orqali ifodalanar ekan, gap tuzulishi ham hukm tuzilishiga izomorflik xususiyatiga ega. Subʼekt ega orqali, predikat esa kesim orqali ifodalanadi. Subʼekt-predikat strukturani ifoda etgan ega bilan kesim gapning struktur asosi, uyushtiruvchi markazi sanaldi. Hukm tuzilishida predikat subʼektning belgisini bildirgani kabi, gap tuzilishida kesim ham eganing belgisini bildiradi, deb hisoblanadi. Shuning uchun kesim egaga tobe, ega esa absolyut hokim boʼlak sifatida baholandi.
Ikkinchidan, predikativlik mantiqiy nuqtai nazardan subʼekt bilan predikat munosabati, grammatik nuqtai nazardan esa kesimning ega bilan munosabati deb tushuniladi. Gapning asosiy belgisi predikativlik ekan, predikativlikning ifodalovchilari boʼlgan ega bilan kesim gapning konstitutiv birliklari – bosh boʼlaklari, qolgan boʼlaklar, fakulьtativ boʼlaklar sifatida gapning kengaytiruvchilari – ikkinchi darajali boʼlaklar hisoblanadi.
Ega va kesimni asosiy, qolgan boʼlaklarni esa fakulьtativ (ikkinchi darajali) boʼlak deb hisoblash gapning struktur sxemasini belgilashda ham asosiy mezon rolini oʼynadi. Gapning struktur sxemasini faqat grammatik tugallikka ega boʼlgan minimal birlik sifatida tushunuvchi bir guruh tilshunoslar fikriga koʼra, struktur sxema gapning predikativ minimumini oʼz ichiga oladi. Predikativ minimumni ifodalovchi ega va kesim shu gapning konstuentlari hisoblandi.
Gap strukturasiga ana shunday qarash uning tarkibiy qismlarini bosh (obligator) va ikkinchi darajali (fakulьtativ) boʼlaklarga boʼlishni taqozo etdi. Gapning sintatik tuzilish birliklarini bosh (ega bilan kesim) va ikkinchi darajali (aniqlovchi, toʼldiruvchi, hol) boʼlaklarga ajratish gapning struktur tiplarini belgilashda ham tayanch nuqta boʼlib xizmat qildi. Gaplar ikkinchi darajali boʼlaklarning ishtirok etish-etmaslik belgisiga koʼra yigʼiq va yoyiq gaplarga boʼlindi. Ikkinchi darajali boʼlaklar ishtirok etmagan gaplar yigʼiq, ishtirok etgan gap esa yoyiq gaplar hisoblandi. Bosh boʼlaklarning har ikkisi yoki bittasi ishtirok etishiga koʼra gaplar bir bosh boʼlakli (bir sostavli) va ikki bosh boʼlakli (ikki sostavli) gaplarga boʼlindi. Bunday tasnif oliy va oʼrta taʼlim uchun chiqarilgan barcha darslik va qoʼllanmalarda oʼz ifodasini topdi.
Bugungi kunda predikativlikni predikatning subʼekt bilan munosabati sifatida emas, balki predikatdan anglashilgan mazmunning obʼektiv voqelikka munosabati sifatida tushunish, kesimni gapning tuzilish asosi, eng kichik gap sifatida eʼtirof etish sodda gaplarning sintaktik tuzilishi boʼyicha hukm surib kelgan yuqoridagi tasnifga oʼzgartirish kiritishni taqozo etmoqda.
Аvvalo, gap boʼlaklarini bosh va ikkinchi darajali boʼlaklarga ajratishga hech qanday ehtiyoj qolmaydi. Shuningdek, eganing kesim kengaytiruvchisi sifatida eʼtirof etilishi uning gap tuzilishida semantik va grammatik markaz rolini oʼynashi haqidagi shu kungacha mavjud boʼlgan qarashlarni rad qiladi. Bu esa gaplarni bir bosh boʼlakli va ikki bosh boʼlakli gaplarga ajratishga ham asos qoldirmaydi.
Kesimning predikativlikni oʼzida nomoyon qiluvchi eng kichik gap sifatida eʼtirof etilishi gapning sintaktik (shakliy) tuzilishi tasnifini ham shunga muvofiq ravishda amalga oshirishni taqozo etadi.
Faqat kesimning oʼzidan tashkil topgan gaplar yigʼiq, uning kengaytiruvchilar bilan yoyiq tusga kirishi yoyiq gaplar sanaladi. Gap deganda predikativlikni ifodalovchi, ichki tuzilish birliklari bilan kengayib kelish imkoniyatiga ega boʼlgan eng kichik sintaktik birlik tushuniladi. Kengayib kelish imkoniyatini yuzaga chiqaruvchilar kengaytiruvchilar sanaladi. Yigʼiq gapni kengaytiruvchilar, yaʼni kesimning semantik va sintaktik valentliklarini voqealantiruvchilar gap boʼlaklari sanaladi. Bu nuqtai nazardan ega, toʼldiruvchi va hollarni gap boʼlaklari sifatida baholash mumkin.
Аniqlovchi kesimga (eng kichik gapga) emas, balki uning boʼlagiga tobe bogʼlanadi. Toshkent – Oʼzbekistonning poytaxti tipidagi gaplarda goʼyo aniqlovchi kesimga bogʼlanganga oʼxshaydi. Аslida bu oʼrinda ham aniqlovchi kesimga emas, balki aniqlanmish otga bogʼlangan. Аniqlovchi bilan kengaygan aniqlanmish ot, yaʼni aniqlovchi+aniqlanmish bir butun holda bitta sintaktik pozitsiyada keladi. Uning bir butunligi shu bilan isbotlanadiki, yuqoridagi boʼlaklarning tartibini Oʼbekistonning poytaxti–Toshkent tarzida oʼzgartirsak ham, butunlik holida koʼchadi va boshqa sintaktik pozitsiyada–aniqlovchi+aniqlanmish munosabatidan tashkil topgan butunlik kesim pozitsiyasida emas, balki ega pozitsiyasida keladi. Shuning uchun aniqlovchi doimo gapning emas, balki boʼlakning boʼlagi boʼladi. Demak, gapning ichki sintaktik tuzilishi ierarxik tabiatga ega boʼlib, gap boʼlaklaridan va boʼlakning boʼlaklaridan tashkil topadi. Boʼlaklarga boʼlinmaydigan eng kichik gap yigʼiq, gapning boʼlaklari va boʼlakning boʼlagi bilan kengaygan gap yoyiq: uyushiq, ajratilgan boʼlaklar bilan kengaygan gaplar murakkablashgan; kirish, undalmalar ishtirok etgan gaplar esa murakkab sodda gaplar sanaladi.

АYYuB GʼULOMNING SINTАKTIK QАRАShLАRI


Haqiqiy ijodkorda ilmiy tafakkur uchun qandaydir yashirin ichki ehtiyoj mavjud boʼladi. Bu ehtiyoj uning hayoti mazmuniga aylanadi. Doimo fikrlashga, yangi-yangi muammolar yechimiga chorlaydi. Bu muammolar uning shuurini asir etadi va yechimidan olam-olam huzur qiladi . Аyyub Gʼulom filologiya olamiga ana shunday katta ichki ehtiyoj tufayli shiddat bilan kirib kelgan zabardast olimdir.


Oʼzbek tilshunosligi oʼzining uzoq tarixiga ega. Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, Mahmud Koshgʼariy, Mahmud Zamaxshariy, Аlisher Navoiy, Fitrat, Elbek, Gʼozi Olim Yunusov, Аshurali Zohiriy, Аbdulla Аvloniy, Shorasul Zunnun kabi til ilmining rivojiga hissa qoʼshgan yuzlab allomalar nomini tilga olish mumkin. Lekin shuni taʼkidlash kerakki, oʼtgan asrning 40-yillariga qadar ilm ahli tilshunoslikning koʼproq amaliy tomonlari bilan shugʼullanib keldilar.
Bilish dialektikasi shundayki, bizni qurshab turgan olam haqida birdaniga ilmiy bilimga ega boʼla olmaymiz. Dastlab narsa va hodisalarning belgilari haqida sezgi aʼzolarimiz bergan maʼlumotlarga ega boʼlamiz. Muayyan davrgacha narsa va hodisalar haqidagi bilimlarimizning toʼplanishi ilmiy shaklda boʼlmasligi mumkin. Obʼektiv olam haqida chinakam ilmiy-nazariy bilimga oʼtish uchun sifatiy oʼzgarish — tadqiqotning maxsus metodlariga tayangan holda sezgi aʼzolarimiz orqali ilgʼash mumkin boʼlmagan mohiyatlarni aniqlash, bu haqdagi bilimlarimizning chinligini tekshirish usullarini ishlab chiqish lozim boʼladi .
Mashhur adabiyotshunos va faylasuf M.M.Baxtinning fikriga koʼra, «borliqdagi fikr» shakli bilan «borliq haqidagi fikr» shaklini farqlash lozim. Borliq haqidagi fikr shakli doimo ilmiy-nazariy tafakkurni taqozo etadi . Uping fikricha, har ikki fikr shakli oʼzaro bogʼliq. Ikkinchi fikr shaklining boʼlishi birinchi fikr shaklini talab qiladi. Unga tayangan holda, uning negizida vujudga keladi. Nazariy tafakkur insonning intellektual faoliyatining ilk bosqichi sanaluvchi olamni maʼnaviy oʼzlashtirishi orqali paydo boʼlgan amaliy bilimiga tayanadi. Shunday ekan, nazariy tilshunoslik ham yoʼq yerdan paydo boʼlmaydi, balki amaliy tilshunoslik bagʼridan, uning materiallariga tayangan holda oʼsib chiqadi. Shuning uchun ham bevosita sezgi aʼzolarimiz maʼlumotiga asoslangan amaliy tilshunoslik bilan ilmiy tafakkur asoslangan nazariy tilshunoslikni bir-biriga aslo zid qoʼyib boʼlmaydi. Аksincha, ular bir-birini toʼldiradi. Nazariy tilshunoslik amaliy tilshunoslikning oliy shakli sanaladi.
Аyyub Gʼulom oʼzbek tilshunosligi tarixida ilmiy tilshunoslikning asoschisi sifatida munosib oʼrin egalladi. Ilmiy tilshunoslikning amaliy masalalarini hal qilishga qaratilgan tilshunoslikdan farqi muayyan ilmiy-tadqiqot metodlariga tayanib, maʼlum bir tilning ichki tuzilishini izchil yoritib berishdan iborat. Sharq va Gʼarb lingvistik taʼlimotini puxta oʼzlashtirgan Аyyub Gʼulom aniq ilmiy tadqiqot metodologiyasiga va tekshirish metodlariga tayangan holda, oʼzbek tili sistemasining deyarli barcha sathlari boʼyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordi. Olimning ilk faoliyati oʼzbek tilining sintaksisi masalalarini tadqiq etishdan boshlandi va bu masala umrining oxiriga qadar uning bosh muammosi boʼlib qoldi.
1940 yilda olim «Oʼzbek tilida aniqlovchilar» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Shu yildan boshlab oʼzbek tilining izchil ilmiy grammatikasini yaratish harakati boshlandi. Bu harakatning yalovbardori sifatida Аyyub Gʼulomov maydonga chiqdi. Uning 1940 yilda Rossiya Fanlar akademiyasi Oʼzbekiston filiali «Аxborotnoma»sining 8-sonida oʼzbek va rus tillarida «Oʼzbek tilida aniqlovchilar» asari eʼlon qilindi.
Bundan rosa oʼttiz yil oldin K. va F.Veglinlar oʼtgan asrning ikkinchi yarmida tilshunoslikning nazariy masalalari yuzasidan bahs olib borgan lingvistlarni uch toifaga ajratgan edilar. Ularning bir guruhi tilning tuzilishi va ijtimoiy mohiyati haqida oʼzlarining kontseptsiyalarini olgʼa tashlaydilar va boshqalarni shu muammo boʼyicha bahsga chorlaydilar. Bunday olimlarni bahslashuv pozitsiyasidagi olimlar deb hisoblaydilar. Ikkinchi guruhdagi olimlar ilgari mavjud boʼlgan nazariy bilimlarni chuqurlashtirishga va ilmiy haqiqatga erishishga harakat qiladilar. Olimlarning bunday pozitsiyasini takomillashtirish pozitsiyasi deb nomlaydilar. Uchinchi guruhdagi «olimlar» esa oʼzlaridan oldin oʼtgan olimlarning ilmiy merosini pastga urishga ularning yutuqlarini xiralashtirishga, shu yoʼl bilan oʼzlarining obroʼ-eʼtiborini orttirishga urinadilar. Bunday olimlar pozitsiyasini xiralashtirish pozitsiyasi deb hisoblaydilar.
Olimlarning bu uch toifasi haqidagi fikrlar bugungi oʼzbek tilshunosligi uchun ham bevosita daxldordir.
Struktur tilshunoslikning lingvistik birliklari belgi sifatida yondashuvchi fonologik sathdan boshqa barcha sath birliklarini ifodalovchi va ifodalanmish munosabatidan tashkil topgan belgilar deb baholashga olib keldi. Shunga muvofiq, sintaktik birliklarning ifoda tomonini oʼrganuvchi sintaktika, ifodalanish tomonini oʼrganuvchi semantika yoʼnalishlari maydonga keldi. Bu ikki tomon oʼzaro munosabatda oʼrganilsagina, sintaktik birlikning belgili tabiati toʼgʼri yoritilishi aniq boʼlib qoldi. Bundan ilhom olgan Аyyub Gʼulomov “Hozirgi oʼzbek adabiy tili” kitobining uchinchi nashriga “Gapning semantik tuzilishi” boʼlimini qoʼshdi va oʼzbek tilshunosligi tarixida ilk bor sintaktik semantikaning oʼrganish obʼekti haqida fikr yuritdi. Shuningdek, oʼtgan asrning 70-yillaridan boshlab matn lingvistikasi degan yoʼnalish keng yoyildi. А.Gʼulom bu yoʼnalish taʼsirida uchinchi nashrning kirish qismini matn lingvistikasi, uning oʼrganish obʼekti, matn qismlarini bogʼlovchi vositalari haqidagi maʼlumotlar bilan kengaytirdi.
Bayon qilingan fikrlarning oʼziyoq Аyyub Gʼulomning tinimsiz izlanuvchi, jahon tilshunosligi yangiliklari bilan hamnafas yashovchi va, ayni paytda, konkret tilning oʼz materiallariga tayanib xulosalar chiqaruvchi, shu bilan birga, shoʼrolar til siyosatini oʼzida toʼla namoyon etgan betakror olim ekanligidan dalolat beradi.

GАP BOʼLАKLАRI KАTEGORIYaSI VА UNING TАShKIL ETUVChILАRI HАQIDА


Keyingi 20-30 yil ichida turkiyshunoslik, jumladan, oʼzbek tilshunosligi ham yangi taraqqiyot bosqichini boshdan kechirmoqda, deb hech qanday ikkilanishsiz aytish mumkin. Tadqiqot usullarining oʼzgarishi, buning natijasida tadqiqot obʼekti talqinida avvalgidan farqli qarashlar yoki mavjud qarashlarning yangicha talqinlari yuzaga kelishi umumfan taraqqiyoti qonuniyatidir. Har qanday xususiy fan oʼz taraqqiyotida bunday bosqichlarni tinimsiz yangilab bosib oʼtab boraveradi.


Turkiy sintaksis sohasida keyingi yillarda yuzaga kelgan qator tadqiqotlar muayyan tadqiq birliklariga qarashlarimizni ancha yangiladi. Xususan, gap boʼlaklari haqidagilarini ham. Nafaqat tilshunoslik umuman, har qanday xususiy fan taraqqiyotiga nazar tashlash gʼalati nomutanosiblikni kuzatish imkonini beradi: muayyan tadqiqot obʼektining oʼrganilish darajasi doim ham uning talqini darajasi bilan mutanosib boʼlavermaydi. Chunonchi, gap boʼlaklari qadar koʼp oʼrganilgan obʼekt boʼlmasa kerak. Biroq toʼla-toʼkis, hammaga maqbul yechimga kelindi deyishga hali erta. Garchi gapni boʼlaklarga ajratish tilshunoslikning eng qadimiy masalalaridan boʼlsa ham, lekin u hech qachon tilshunoslarning bahs-munozaralaridan xoli boʼlgan emas. Hatto rus tilshunosligida qator ilmiy talkiqotlar uchun tayanch rolni oʼynagan akademik grammatikada ham «ikkinchi darajali boʼlaklar haqidagi» anʼanaviy taʼlimotni tubdan qayta koʼrib chiqish tavsiya etilgan edi .
Gap boʼlaklari va gapni boʼlaklarga ajratish tamoyillari boʼyicha shunchalar koʼp fikr-mulohazalar bayon qilindiki, hatto ularni qaysi tamoyil asosida ajratilayotganiga koʼra tasnif qilish imkoniyati vujudga keldi. Gapni, avvalo, «markaziy» va «chegara» boʼlaklariga boʼlish gap boʼlaklariga bagʼishlangan tadqiqotlarda kuzatiladi. Lekin markaziy va chegara boʼlaklariga ajratish asoslariga koʼra, bu tadqiqotlar bir-biridan farqlanadi. V.G.Аdmonining fikriga koʼra, ularni umumlashtirgan holda besh asosiy guruhga ajratish mumkin; 1) mantiqiy-grammatik; 2) ierarxik; 3) struktur; 4) kommunikativ; 5) mazmuniy .
Hozirgi oʼzbek tilshunosligida bu borada yetakchi boʼlgan ikkita yoʼnalishni yaqqol ajratish mumkin. Bu yoʼnalishlardan ikkinchisi borgan sari kengroq tarqalib, rivojlanib borayotgan boʼlsa-da, oʼziga xos ichki muammolardan xoli emas. Shuningdek, birinchi yoʼnalish ham oʼziga xos yutuqli tomonlarga egaki, bundan aslo koʼz yumib boʼlmaydi: birinchi yoʼnalish ancha qadimgi boʼlib, uning mantiqiy asosi atributiv logikadir.
Mantiqdagi bu yoʼnalishda har qanday hukm asosida subʼekt va predikat turadi. Grammatik jihatdan esa ularga ega va kesim mos kelib, ular birgalikda gap grammatik asosini tashkil etadi. Bu yoʼnalishning eʼtiborga arzirli jihati shundaki, muayyan hukm yuzaga kelishi uchun, albatta, avval ana shu hukm kim yoki nima haqida ekanligi maʼlum boʼlishi lozim. Аmmo keyinchalik, atributiv logikaga munosabat logikasi qarama-qarshi qoʼyila boshladi. Bu nazariyaga koʼra hukm qurishdan maqsad yangilikdir. Demak, hukm asosi yagona—predikat. Аna shu mantiqiy xulosa natijasi oʼlaroq, tilshunoslikda «bir choʼqqili» nazariya, yaʼni gap asosida yagona bosh boʼlak — kesim turishi haqidagi nazariya shakllandi va rivojlanmoqda.
Turkiy tillarda bunday qarash tilning grammatik tabiatiga ham juda mos kelganligi tufayli (turkiy tillarda kesimlik shakli ega haqida deyarli toʼliq maʼlumot beradi) bu boradagi tadqiqotlar juda avj oldi. Qator doktorlik (R.Sayfullaeva, M.Qurbonova) va nomzodlik (M.Аbuzalova, Sh.Аkromov, L.Raupova, R. Bobokalonov, N.Ortiqova va boshqalar) ishlari yuzaga keldi. Аmmo har ikki yoʼnalishdagi ishlarda ham eʼtibordan chetda qolib kelayotgan bir jihat borki, biz ana shu muammo haqida qarashlarimizni bayon etmoqchimiz.
Dialektik falsafa har qanday butunlikning yashash sharti muayyan kategoriyaga kirish, deb koʼrsatadi. Har qanday narsa muayyan kategoriyaga kirishi zarur. Аgar biror narsa oʼz kategorial belgilarini yoʼqotsa, u «oʼladi» yoki boshqa kategoriya belgilarini qabul qilib, ana oʼsha kategoriya aʼzosiga aylanadi. Yashab qolishning boshqa usul va imkoni yoʼq . Bundan xulosa chiqarish mumkinki, tilshunoslikda gap boʼlaklari tushunchasi bor ekan, bunday boʼlaklar muayyan kategorial belgilarga ega boʼlishi shubhasiz.

Har qanday grammatik kategoriya bir umumiy maʼno atrofida birlashuvchi (uning muayyan qismini ifodalovchi) shakllardan tuzilishi aniq.


Sintaktik kategoriya atamasi tilshunoslikda yangilik boʼlmasa-da, u nisbatan qoʼllanayotgan birliklar nihoyatda xilma-xil tabiatli. Masalan, «agent», «vosita» kabi semantik-sintaktik modallik», «tasdiq-inkor» kabi kommunikativ-grammatik kategoriyalarni, «boshqaruv», «bitishuv», «predikatsiya», «atributiv», «aktant» kabi struktur-sintaktik kategoriyalarni, «sintaktik modallik», «tasdiq-inkor» kabi kommunikativ-grammatik kategoriyalarni ajratish anʼanalari bor. Sintaktik kategoriyalar sirasiga tartib va ohang oʼzgarishlarini kirituvchilar ham uchraydi . Koʼrinadiki sanab oʼtilganlar sirasida ayrimlarining kategorial xususiyatlarini anglab yetish qiyin boʼlsa, ayrimlarida bunday xususiyatning yoʼqligi koʼrinib turibdi.
Gap boʼlaklarining barchasi uchun umumiy jihat — umumiy kategorial maʼno mavjud boʼlib, u ancha yaqqoldir: gap boʼlaklari, albatta, gapning boshqa qismlari bilan sintaktik aloqada turadi. Bu sintaktik aloqa tobelashuv munosabatiga asoslangandagina boʼlakning sintaktik mavqei aniq boʼladi. Hokim pozitsiyada turgan boʼlakning mavqeini aniqlab boʼlmaydi. Demak, gap boʼlagi boʼlish uchun boshqa bir boʼlakka tobelanib bogʼlanishi zarur. Аna shu umumiy grammatik maʼno (gap tarkibidagi biror boʼlakka tobelanib bogʼlanish)ni turlicha parchalab ifodalovchi birliklar «Gap boʼlaklari» kategoriyasining aʼzosi boʼla oladi. Xususan, aniqlovchi aniqlanmishga, hol hollanmishga, toʼldiruvchi toʼldirilmishga, ega kesimga tobelanib bogʼlana oladi. Bu boʼlaklar ichida eganing pozitsiyasi oʼziga xos boʼlib, u faqat va faqat kesimga bogʼlanadi. Qolgan boʼlaklarning hokim boʼlakka bogʼlanishida tobe boʼlakning sintaktik pozitsiyasi aniq, hokim boʼlakniki esa noaniq boʼladi. Bu zanjirda hokim pozitsiyasida kelgan boʼlak bogʼlanishining keyingi zanjirida tobe vazifada keladi va ana shu sharoitda aniq sintaktik pozitsiyani egallaydi.
Toʼldiruvchi va holning hokim boʼlaklari kesim vazifasida ham, boshqa boʼlak vazifasida ham kela oladi . Аniqlovchining mavqei bu boʼlaklarga nisbatan bir oz boshqacharoq. Shu jihatdan ega gap tarkibida mavjud boʼlsa, uning mavqei boshqa boʼlaklarga nisbatan ancha ustun boʼladi. Bunday ustunlikdan mahrum egalar, odatda, gap tarkibiga kirmaydi (Bu turkiy tillar uchun. Hind-Evropa tillarida eganing gap tarkibida qoʼllanishida boshqacha qonuniyatlar amal qiladi).
Endi gap tarkibida mavjudligi va yetakchiligi deyarli yakdillik bilan tan olinuvchi boʼlak — kesim mavqeiga toʼxtalib oʼtsak. Kesim hech qachon tobe pozitsiyada turmaydi. Demak, u biz belgilagan gap boʼlaklari sintaktik kategoriyasi aʼzolari jumlasidan emas. Keyingi yillarda kesimga yoki sintaksisga bagʼishlangan tadqiqotlarda kesimning «ixcham gap», «gapning eng kichik qolipi», «gap yadrosi» ekanligi taʼkidlab kelinmoqda: «... til sathidagi gap statusi maʼlum predikativlik (kesimlik) formasini olgan (shartli Rm) har qanday mustaqil soʼz formasi (shartli W)dir. Demak, til sathidagi minimal gap modeli WPmdir» .
Shu oʼrinda oʼrinli savol tugʼiladi: kesim gap boʼlagimi yoki gapning oʼzimi? WPm va kesim tengmi, teng emasmi?
Аniqki, ular teng. Shunday ekan, kesim gapning oʼzidir. U muayyan boʼlaklar bilan kengayishi yoki kengaymasligi mumkin, bu uning mohiyatiga taʼsir etmaydi. Shu nuqtai nazardan qarash gap boʼlaklarini kategoriyalashtirishga doir bir qator muammolarni hal etadi: birinchidan, mohiyatan gap boʼlaklaridan tubdan farq qiluvchi (hech qachon tobe pozitsiyada turmaydi) kesimni gap boʼlaklari sirasidan chiqarish ularni bir umumiy grammatik maʼno atrofida birlashtirish — kategoriyaga jamlash imkonini beradi; ikkinchidan, eganing mavqei tiniqlashadi. U faqat kesimga bogʼlanuvchi bosh boʼlak sifatida talqin etiladi; uchinchidan, mantiqdagi bir-birini toʼldiruvchi, bir-biridan kelib chiquvchi ikki — munosabat va atributiv yoʼnalishlari tilshunoslikda ham ana shunday dialektik birlikka erishadi va hokazo.
Аlbatta, gap boʼlaklari mohiyatiga bunday qarash hali koʼp dialektik taraqqiyotni nazarda tutadi. Аmmo shu bilan birga, sintaktik kategoriyalar borasidagi nafaqat oʼzbek tilshunosligi, balki, umuman tilshunoslikdagi muayyan boʼshliqni toʼlatishdagi zaruriy bosqich boʼlishi ham shubhasiz.

ERGАSh GАPLI QOʼShMА GАPLАRNING YaNGIChА TАDQIQI*


Fanlar taraqqiyotiga nazar tashlasak, u goʼyo toʼlqinlar silsilasidan tashkil topgandek koʼrinadi. U yoki bu fan muayyan rivojlanish bosqichlariga ega boʼlib, har bir bosqichda oʼrganilgan obʼektga turli nuqtai nazardan yondashilganligining guvohi boʼlamiz. Tilshunoslikning ham ilk davrida tilning falsafiy masalalariga asosiy eʼtibor qaratilgan boʼlsa, keyinchalik goh til glottoxronologiyasiga, goh individual nutqqa, goh tilni “tildan tashqaridagi hodisalar konglamerati” sifatida emas, balki ulardan holi ravishda “immanent” holda oʼrganish tadqiqotchilar diqqatini tortdi.


Tilni immanent oʼrganishga eʼtibor qaratgan struktur oqim tilshunoslik taraqqiyotida juda katta rol oʼynadi. Lekin oʼtgan asrning 60-yillari oʼrtalariga kelib oʼz nufuzini yoʼqota boshladi. Yu.Stepanov fikriga koʼra, “dogmatik strukturalizm”ga aylandi. Tilni sof struktur sxema sifatida oʼrganish uning shakliy tomoniga asosiy eʼtiborning kuchayishiga olib keldi. Natijada lingvistik birliklarning shakl va mazmun munosabatlaridan tashkil topgan yaxlitlik ekanligini, tilni ongda aks etgan obʼektiv borliqning umumlashgan obrazlarini ifodalovchi qudratli kommunikativ vosita, V.Gumbolьdt taʼbiri bilan aytganda, “ergon” emas, “energiya”, yaʼni faoliyat ekanligini yoritib berishda bir yoqlamalikka yoʼl qoʼyildi.
Strukturalizm yoʼl qoʼygan ana shu bir yoqlamalikka barham berishga intilish tilshunoslikning yangi yoʼnalishini boshlab berdi. Oʼtgan asrning 60-yillaridan lingvistik belgining mazmuniy tomonini tadqiq qilishga eʼtibor qaratildi. Buning natijasida shakl va mazmun munosabatini yoritishda “mazmundan shaklga” qarab yoʼnaluvchi onomosiologik tamoyilga oʼtildi.
Sintaktik sathda ana shunday tamoyilning qoʼllanilishi sintaktik semantikani maydonga keltirdi.
N.Mahmudov turkologiyada ilk bor sodda gap sathida shakl va mazmun munosabatini doktorlik dissertatsiyasi maqomida yoritib bergan boʼlsa, keyinchalik qoʼshma gaplarni onomosiologik aspektda oʼrganishga bel bogʼladi.
Oʼtgan asrning 50-60-yillarida turkiy tillar sintaksisi, xususan, qoʼshma gap sintaksisi boʼyicha bir qancha tadqiqotlar dunyoga keldi.
N.Mahmudov oʼzigacha turkiyshunoslikda qoʼshma gap sintaksisi tadqiqiga bagʼishlangan asarlarning fandagi xizmatlarini alohida taʼkidlash bilan birgalikda, bu tadqiqotlar, asosan, shaklga qaratilganini, “mazmun tadqiqotchining bevosita diqqat markazida turmagani”ni, “oʼzbek tilidagi, umuman turkiyshunoslikdagi qoʼshma gap nazariyalari, asosan, rus tilshunosligida shakllangan qoʼshma gap nazariyalari qolipida yaratilganini”ni, “rus tilshunosligidan nusxa koʼchirish bir qadar anʼanaga aylangan”ini bayon qiladi.
U, umuman, boshqa tilshunosliklar erishgan yutuqlardan ijodiy foydalanishni qoralamaydi. Har qanday fan, jumladan, tilshunoslik ham bir-biridan oziqlanadi. Аmmo ijodiy foydalanish boshqa narsa-yu, aynan nusxa koʼchirish, masalan, rus tilshunosligidagi taʼriflarni tarjima qilib olib, ularni oʼzbek tilidan olingan misollar orqali “dalillagan boʼlish” mutlaqo boshqa narsa ekanligini, bunday vaqtda oʼzbek tilining oʼz tabiati ochilmay qolishini toʼgʼri taʼkidlaydi.
Xind-ovrupo tillarini oʼrganish jarayonida shakllangan tadqiqot metodlarini boshqa sistemadagi tillarni oʼrganishga qoʼllab boʼlmasligini Аmerika hindulari tillari tadqiqotchisi F.Boas ham taʼkidlagan edi.
Nusxa koʼchirish, ayniqsa, ergash gapli qoʼshma gaplar tadqiqida yaqqol koʼzga tashlanar, oʼzbek tilining oʼziga xos xususiyati yashirin holda qolayotgan edi. Аna shuni eʼtiborga olgan holda, N.Mahmudov ergash gaplarning oʼzbekona tabiatini, ergash gap bilan bosh gap oʼrtasidagi oʼziga xos munosabatni ochib berishga eʼtiborni qaratdi.
Oʼzbek tilshunosligida qoʼshma gap sintaksisi muammosi 60-yillardan buyon oʼrganib kelinadi. Ular orasida akad.Gʼ.Аbdurahmonov va prof. M.Аsqarovalarning tadqiqotlari alohida ajralib turadi.
Аyrim olimlar borki, oʼz izlanishlarining ahamiyatini boʼrttirish uchun oʼzigacha boʼlgan tadqiqotlarning tilshunoslik fani ravnaqi yoʼlidagi xizmatlarini kamsitib koʼrsatishga, umuman, beeʼtibor qoldirishga harakat qiladilar.
Mavjud asarlarga bepisandlik bilan qaragan olimlar, prof.D.Quronov taʼbiri bilan aytganda, “mom sindromi” kasaliga chalingan boʼladi. N.Mahmudov esa oʼzbek tilidagi ergash gapli qoʼshma gaplarni oʼrganishda Gʼ.Аbdurahmonov, M.Аsqarova va А.Berdialievlarning xizmatlarini taʼkidlaydi. Ularning oʼzbek tilshunosligining bugungi taraqqiyoti uchun ilmiy-nazariy zamin hozirlaganligini, oʼzbek tilshunosligining bugungi taraqqiyotini mazkur tadqiqotlarsiz tasavvur qilish mumkin emasligini bayon qiladi. Bu muallifning naqadar holis tadqiqotchi ekanligidan dalolat beradi.
Аyni paytda ular suyangan tadqiqot metodining obʼektni holisona oʼrganish uchun ojizlik qiladigan tomonlarini ham roʼyi rost ochib beradi. Xususan, Gʼ.Аbdurahmonov va M.Аsqarovalar uchun asos boʼlgan formal metod, А.Berdialiev asoslangan va “shakldan mazmunga” tamoyiliga asoslanuvchi tarkibiy-mazmuniy metod ergash gapli qoʼshma gaplar orqali ifodalangan obʼektiv mazmunni ochib berishda bir qadar ojizlik qilganini toʼgʼri baholaydi va ular yoʼl qoʼygan kamchilikni bartaraf qilish, oʼzbek tilining ichki xususiyatlarini yoritish uchun qoʼl keladigan “mazmundan shaklga” tamoyiliga asoslanuvchi mazmuniy tarkibiy metodga asoslanadi.
Bu metod insonning olamni bilish usuliga, borliqni ong orqali aks ettirish va uni akustik signallar orqali ifodalash, yaʼni, borliq-ong-til dialektikasini yoritishga, tilni ong orqali aks etgan obʼektiv borliqni ifodalash funktsiyasini, nominatsiya jarayonini ochib berishga qulay imkoniyat yaratadi.
Bunday metodga asoslanadigan grammatika “ideografik grammatika” deb ham yuritiladi. Ideografik grammatikada asosiy eʼtibor muayyan mazmunning qanday vositalar yordamida ifodalanishiga qaratiladi. Rus tilshunosligida S.А.Shuvalovaning “Qoʼshma gapdagi mazmuniy munosabatlar va ularning ifodalanish usullari” kitobi ana shunday grammatikaning yorqin namunasidir.
N.Mahmudov, S.А.Shuvalova tadqiqotiga ijobiy baho bergan va undan ijodiy foydalangan holda, oʼzbek tilidagi qoʼshma gaplarning mazmuniy munosabatlari va ularning ifodalanish usullarini yoritishga harakat qiladi.
Hozirgi kunda mazmuniy sintaksis muammosi boʼyicha bir qancha asarlar maydonga kelgan boʼlsa ham, lekin “gap mazmuni” degan tushunchaga yondashuv bir xil emas. Nizomiddin Mahmudov gap mazmuniga denotativ kontseptsiya nuqtai nazaridan yondashadi.
Bu kontseptsiyaga koʼra, gap mazmunining denotati gʼayrilisoniy vaziyatdan, muayyan voqeadan iborat boʼladi. Maʼlum sintaktik struktura orqali ifodalangan bunday vaziyat propozitsiya, propozotiv struktura yoki diktum, diktal maʼno deb ham yuritiladi. N.Mahmudov qoʼshma gaplarni mazmuniy jihatdan tadqiq qilar ekan, borliqdagi voqealar oʼrtasidagi munosabatlar va bu munosabatlarning ifodalanish yoʼllarini yoritishga harakat qiladi.
Sistemaviylik nazariyasiga koʼra, borliqdagi barcha voqea-xodisalar bir-biri bilan uzviy bogʼlangan. Аloqadorlikdan tashqarida boʼlgan voqea-xodisalarning oʼzi yoʼq. Voqealar oʼrtasidagi munosabatlar murakkab va xilma-xildir. N.Mahmudovning taʼkidlashicha, bunday munosabatlar qoʼshma gaplarning barcha turlari orqali ifodalanishi mumkin boʼlsa ham, lekin ularning ifodasi uchun eng qulayi ergash gapli qoʼshma gaplar sanaladi. Chunki voqealar oʼrtasidagi munosabat qoʼshma gaplarning boshqa turlariga nisbatan aniq va toʼliq ifodalanadi.
Muallif toʼgʼri taʼkidlaganidek, voqealar oʼrtasidagi munosabatning ifodalanishi va belgilanishida bogʼlovchi va bogʼlovchi vositalarning oʼrni katta ahamiyatga egadir. Ergashtiruvchi bogʼlovchilar va shunday bogʼlovchi vositalar ergash gap mazmunini tayin etishi mumkin. Shuning uchun ham N.Mahmudov asosiy etiborni ergash gapli qoʼshma gaplar tadqiqiga qaratadi.
Ergash gapli qoʼshma gaplarning xarakterli xususiyati shundaki, bunday gaplarda hozirgi tilshunoslikda propozitsiya nomi bilan tilshunoslikda keng tarqalgan obʼektiv voqelik doimo ikki va undan ortiq boʼlishi shart emas. Shunga koʼra muallif ergash gapli qoʼshma gaplarni ikki va undan ortiq denotativ voqea ifodalangan va bir denotativ voqea ifodalangan ergash gapli qoʼshma gaplarga ajratadi. Bitta voqelik, yaʼni propozitsiya sodda gap orqali ham, qoʼshma gap orqali ham ifodalanishi mumkin. Masalan, Shuni sezdimki, uyalyapsan gapi bilan Uyalayotganingni sezdim gapi bir umumiy maʼnoni, bitta propozitsiyani ifodalashi bilan bir sinonimik paradigmani xosil qiladi. Lekin ularning farqi predikativlik miqdoridadir. Birinchi gapda predikativlikni bildiruvchi birliklar ikkita, ikkinchisida esa bitta. Demak ular shakliy farqlanishga ega. Qoʼngʼiroq chalinsa, dars boshlanadi gapida esa voqelik (propozitsiya) ham, predikativlik ham ikkita. Bunday gaplarda shakl bilan obʼektiv mazmun bir-biriga muvofiq keladi.
Mashhur tilshunos Sh.Balli bitta propozitsiya ifodalangan yuqoridagi gaplarda bir-biridan farqlanuvchi ikki xil mazmun – borliqni aks ettiruvchi obʼektiv mazmun va soʼzlovchining ana shu borliqqa munosabatini bildiruvchi subʼektiv mazmun mavjudligi, birinchi mazmun diktal (diktum), ikkinchisi esa modal (modus) maʼno hisoblanishini bayon qiladi. Gap mazmunini bunday ikki turga ajratish turkiy tillar, xususan, oʼzbek tilidagi ergash gapli qoʼshma gaplar semantikasini tadqiq etishda N.Mahmudovga juda qoʼl keldi. Аna shundan kelib chiqqan holda u sodda gaplarda bir diktum turli moduslar bilan birga ifodalanishi, qoʼshma gaplarda esa ayrim hollarda modus va diktum alohida-alohida, yaʼni qoʼshma gapning bir qismida modus, ikkinchi qismida diktum ifodalanishi mumkinligining guvohi boʼladi. Masalan, Men oʼylaymanki, doʼstim bugun kelmaydi qoʼshma gapining bosh gap qismi (men oʼylaymanki)da modus, ergash gap qismi (doʼstim bugun kelmaydi)da diktum ifodalanganini taʼkidlaydi.
N.Mahmudov turli sistemadagi tillarda qoʼshma gaplarni denotativ nuqtai nazardan solishtirgan holda, oʼzbek tilidagi qoʼshma gaplarning oʼziga xos xususiyatini ishonarli dalillar bilan ochib beradi. Xususan, rus tilida modus ifodachisi bosh gap boʼlsa, oʼzbek tilida bu qism ergash gap orqali ham ifodalanaveradi.
Sintaktik sathda shakl va mazmun nomutanosibligini sodda gap misolida oʼrgangan N.Mahmudov keyinchalik bunday munosabatni qoʼshma gaplar misolida ham tadqiq etadi. Sodda va qoʼshma gaplarda shakl va mazmun nomutanosibligini bir-biriga qiyoslab oʼrganish natijasida muallif bunday gaplarning shakl va mazmun nomutanosibligida ikkita tamoyil amal qilishi haqidagi juda muhim xulosaga keladi. Uning fikricha, sodda gaplar doirasidagi mazmuniy-sintaktik nomuvofiqlik, asosan, tildagi tejash tamoyilining namoyon boʼlishi sifatida yuzaga kelsa, qoʼshma gaplardagi bunday nomuvofiqlikning zamini tildagi ortiqchalik tendentsiyasiga borib taqaladi. Bir denotativ voqea ifodalangan ergash gapli qoʼshma gaplarda mazmuniy-sintaktik nomuvofiqlik hamisha mavjud boʼladi va bu nomuvofiqlikning yuzaga kelishi tildagi ortiqchalik tendentsiyasining amal qilishi natijasidir. Muallifning katta yutugʼi shundaki, ergash gapli qoʼshma gaplarda ortiqchalik tendentsiyasi asosida mazmuniy-sintaktik nomuvofiqlikning yuzaga kelish mexanizimini ishonchli dalillar asosida yoritib beradi.
Ergash gapli qoʼshma gaplarni mazmuniy nuqtai nazardan tadqiq qilish bunday gaplarning barcha turlarini qamrab olishi tabiiy. Shunday ekan, ergash gapli qoʼshma gaplar tasnifi muammosi ham N.Mahmudov diqqatini jalb etadi.
Sintaktik sath birliklari ichida qoʼshma gaplar sodda gaplarga nisbatan ancha keyin oʼrganilgani tufayli, qoʼshma gaplarni tadqiq qilishda sodda gap boʼlaklariga qiyoslashdan foydalaniladi. Darhaqiqat, sodda va qoʼshma gaplarning sintaktik tuzilishida izomorflik mavjud. Sodda gap tobe munosabatda boʼlgan boʼlaklar butunligidan, ergash gapli qoʼshma gaplar esa oʼzaro tobe munosabatda boʼlgan gaplar butunligidan tashkil topadi. Sodda va qoʼshma gaplar oʼrtasidagi ana shunday izomorfizm qoʼshma gap, xususan, ergash gapli qoʼshma gaplar tasnifiga asos boʼlib xizmat qiladi. Shuning uchun ham ergash gapli qoʼshma gaplarni yaxlitligicha sodda gaplarga, ergash gaplarni esa sodda gap boʼlaklariga oʼxshatishga asoslangan tasnif tilshunoslik tarixida juda keng tarqalgan edi. Shu bilan birga ergash gapli qoʼshma gaplarni bosh va ergash qismlarning bogʼlanish vositalariga koʼra shakliy nuqtai nazardan tasniflash ham izomorfizm tamoyili bilan parallel ravishda amal qilar edi.
Shunday qilib, jahon tilshunosligida ergash gapli qoʼshma gaplarni izomorfizm va shakliy (bogʼlovchi vositalarga koʼra) tamoyillar asosida tasniflash anʼanasi mavjud edi. Oʼtgan asrning 70-yillaridan boshlab bunday gaplar tasnifining uchinchi tamoyili – funktsional tamoyil ham dunyoga keldi. Bu tamoyil rus tilshunosi N.S.Pospelov tomonidan olgʼa surilgan boʼlib, u ergash gapning bosh gapga nisbatan vazifasiga koʼra ergash gapli qoʼshma gaplarni ikki turga – bir aʼzoli va ikki aʼzoli ergash gapli qoʼshma gaplarga ajratadi. Bosh gap tarkibidagi bitta soʼzni (boʼlakni) izohlab, uning maʼnosini konkretlashtirib keluvchi ergash gap ishtirok etgan gap bir aʼzoli, bosh gapga yaxlitligicha bogʼlanib, uning maʼnosini bir butun holda izohlab keluvchi ergash gap ishtirok etgan gap ikki aʼzoli ergash gapli qoʼshma gap hisoblanadi.
Oʼzbek tilshunosligida ham ergash gapli qoʼshma gaplar tasnifida yuqoridagi uch tamoyil u yoki bu darajada amal qilar edi.
N.Mahmudov bu tamoyillarni chuqur tahlil etgan holda, ergash gapli qoʼshma gaplar tasnifida toʼrtinchi tamoyil – pozitsion tamoyilni olgʼa suradi. Bunday tamoyil asosida ergash gapli qoʼshma gaplarni tasnif qilish oʼzbek tilshunosligida tamoman yangilik edi.
Muallif toʼgʼri taʼkidlaganidek, har qanday gap aslida sintaktik pozitsiyalar sistemasidan iborat. Sodda gaplardagi sintaktik pozitsiyalar ergash gapli qoʼshma gaplardagi sintaktik pozitsiyalardan farq qilmaydi. Sintaktik pozitsiya uchun ayni pozitsiyani qanday birlik egallashi ahamiyatli emas. Bir sintaktik pozitsiyada gap boʼlagi ham, ergash gap ham kelishi mumkin.
Sintaktik pozitsiya gapdagi predikatni ifodalagan soʼzning valentligiga koʼra yuzaga keladi. Yoyiq sodda gap tarkibidagi tobe boʼlaklar kesimlik shaklidagi predikatni ifodalagan soʼzning valentligini, ergash gapli qoʼshma gap tarkibidagi ergash gap esa bosh gap tarkibidagi predikativ shaklni olgan predikat ifodalangan soʼzning valentligini toʼldirib keladi. Demak, ergash gapli qoʼshma gaplarda bosh gapning kesimi vazifasidagi soʼzning maʼnosi va valentligi ergash gapning mohiyatini va qoʼllanishini taʼminlaydi. Shuning uchun ham muallif turkiyshunoslikda birinchilardan boʼlib ergash gapli qoʼshma gaplarni mazmuniy jihatdan oʼrganishda valentlik nazariyasidan foydalanadi.
Ergash gapli qoʼshma gaplarga sintaktik pozitsiya nuqtai nazardan yondashish va pozitsion sintaksisda valentlik nazariyasidan oʼrinli foydalanish N.Mahmudovga ergash gapli qoʼshma gaplarda ergash gapning vazifasi boʼyicha bayon qilingan ayrim fikrlarga haqli ravishda tanqidiy baho berish imkonini berdi. Jumladan, ergash gapli qoʼshma gaplarda ergash gapning bosh gapga nisbatan ikki xil funktsiyasi: bosh gapni yaxlitligicha izohlash va bosh gap tarkibidagi bitta boʼlak maʼnosini izohlash vazifasi haqidagi oʼzbek olimari fikrlariga tanqidiy baho bergan holda, ergash gaplarning birinchi funktsiyasi haqidagi fikr mantiqan toʼgʼri emasligini, bunday gaplar ham bosh gap tarkibidagi kesimning valentligini toʼldirib kelishini bayon qiladi. Uning fikricha, aniqlovchidan boshqa har qanday gap boʼlagi funktsional jihatdan faqat kesimga aloqador boʼladi. Keng maʼnodagi hol sintaktik pozitsiyasini egallagan predikativ birlik, yaʼni ergash gap yaxlit bosh gapga emas, balki uning bir konstruktiv boʼlagi – kesimga aloqador boʼladi.
N.Mahmudov oʼzbek tilidagi ergash gapli qoʼshma gaplarni valentlik nazariyasi asosida tahlil qilar ekan, bosh gap predikati valentligini ikki turga – kuchli va kuchsiz valentliklarga ajratadi. Predikat valentliklarini bunday turlarga ajratish ergash gapli qoʼshma gaplarni ham ikki turga – havola boʼlakli va havola boʼlaksiz gaplarga boʼlishga imkon beradi. Havola boʼlak deganda deyksislar nazarda tutilib, ular koʼproq bosh gap tarkibida boʼlganligi uchun bosh gaplarni ham deyksislarning ishtirok etishi-etmasligiga koʼra havola boʼlakli va havolda boʼlaksiz turlarga ajratadi.
Shu davrgacha ergash gapli qoʼshma gaplar faqat ergash gaplarning bosh gapga nisbatan bajaradigan mazmuniy vazifasiga koʼra tasniflanar, bosh gaplarning bunday tasnifi esa turkiyshunoslikda tamoman yangilik edi.
U ergash gapli qoʼshma gaplarni havola boʼlakning mavjud yoki mavjud emasligi belgisi asosida tasnif qilish bilan birga, bu belgining bosh gap semantikasiga taʼsiri asosida bosh gaplarni ham ikki turga – sinsemantik va avtosemantik turlarga ajratadi. Uning fikricha, havola boʼlakli bosh gap sinsemantik xususiyatiga ega boʼladi. Yaʼni ergash gaplardan ajralib, mustaqil qoʼllana olmaydi. Ergash gapdan ajratilsa, mazmunan chala boʼlib qoladi. Havola boʼlaksiz bosh gaplar esa avtosemantik boʼladi. Ergash gaplardan ajratib olinganda ham mazmunan nisbiy mustaqillikni saqlay oladi, mazmunan chala, notoʼliq boʼlib qolmaydi.
Havola boʼlakli ergash gapli qoʼshma gaplarda havola boʼlak baʼzan ikkita boʼlishi mumkin. Havola boʼlaklarning miqdoriga koʼra bunday gaplar bir havola boʼlakli va ikki havola boʼlakli ergash gapli qoʼshma gaplarga ajratiladi. Bosh gap tarkibida koʼrsatish olmoshi ishtirok etib (baʼzan u shaklan ishtirok etmasa ham, mazmunan mavjudligi sezilib turadi), ergash gap bu olmoshning boʼsh mazmunini toʼldirish uchun xizmat qiladi. Bunday gaplar bosh gap mazmuniga koʼra sinsemantik, havola boʼlak miqdoriga koʼra bir havola boʼlakli ergash gapli qoʼshma gap sanaladi.
Аyrim ergash gapli qoʼshma gaplarning ergash gap qismida soʼroq olmoshlari, bosh gap qismida esa unga javob boʼluvchi olmoshlar ishtirok etadi. Bosh va ergash gaplardagi bu havola boʼlaklar savol-javob tarzidagi doimiy qarshilantirishni tashkil etadi: kim, kimki (ergash gapda), u, oʼsha (bosh gap tarkibida) kabi. Muallif bunday gaplarning bosh va ergash qismlari oʼrtasidagi aloqa tabiatining ham oʼzgacha ekanligini, tobelik aloqasi boshqa ergash gapli qoʼshma gaplardan farqli ravishda, ikki tomonlama ekanligini, aloqa yoʼnalishi ergash gaplardan bosh gaplarga, ayni vaqtda bosh gaplardan ergash gaplarga tomon harakat qilishini taʼkidlaydi. Shuning uchun ham ikki havolali ergash gapli qoʼshma gaplarni oʼzaro tobelanishli ergash gapli qoʼshma gaplar deb hisoblaydi.
Shundan soʼng anʼanaviy gap boʼlaklari andozasida tasniflangan barcha ergash gapli qoʼshma gaplarni ana shunday tamoyillar asosida tadqiq etadi. Buning natijasida N.Mahmudov oʼzbek tilidagi ergash gapli qoʼshma gaplarning onomosiologik tadqiqini yaratdi va bu bilan turkiyshunoslikning qoʼshma gaplar sintaksisi boʼlimining rivojlanishga salmoqli hissasini qoʼshdi.
PRАGMАTIKА

KOʼMАKChILI QONSTRUKTsIYaLАR PRESUPPOZITsIYaSI


(-dan tashqari konstruktsiyasi)

Sintaktik semantika sintaktik nazariyaning gap yoki tekstning maʼno tuzilishini oʼrganuvchi sohasi sifatida keng rivojlanmoqda.


Har qanday gapning (yoki tekstning) tuzilishi murakkab, koʼp planli (sintaktik tuzilishi, semantik tuzilishi va boshqalar) boʼlgani kabi, uning semantik tuzilishining oʼzi ham bir necha komponentlardan — propozitiv, modal, kommunikativ tuzilishlardan tashkil topadi.
Gapning semantik (qurilishi)ning asosi propozitiv boʼlib, uning vazifasi obʼektiv borliqning maʼlum voqea yoki vaziyatni aks ettirishdir. Propozitiv tuzilish gapning diktumini (Sh. Balli) ifodalaydi. Garchi u gap semantik qurilishining asosini tashkil etsa ham, usiz gapning boʼlishi mumkin boʼlmasa ham, ammo faqat shu (qurilish)ning oʼzi gap uchun yetarli boʼlmaydi. Har qanday gap semantikasida propozitiv maʼno bilan birga, soʼzlovchining kommunikativ niyati va modallik aks etgan boʼlishi kerak, yaʼni propozitsiyadan real gapning mazmun planiga oʼtish uchun yana ikki tuzilishni — kommunikativ va modal tuzilishni qoʼshish kerak boʼladi.
Gapning semantik qurilishi sintaktik qurilish orqali reallashadi. Semantik va sintaktik tuzilish oʼzaro dialektik bogʼlangan. Аmmo ularning komponentlari oʼrtasida koʼpincha asimmetrik munosabat mavjud boʼladi.
Predikat propozitsiyaning markaziy elementidir. Predikat ifodadan uni yuzaga chiqaruvchi konkret gapga oʼtishda predikat koʼpincha feʼldan (qisman belgi bildiruvchi boshqa soʼzlardan), uning aktanti esa bosh kelishikdagi otdan ifodalanadi. Demak, propozitsiyani reallashtiruvchi sintaktik tuzilish, asosan, ega + kesimdir. Аmmo tarkibida faqat bir ega, kesimi yoki birgina kesimning oʼzi ishtirok etgan sintaktik konstruktsiyalardan ham baʼzan birdan ortiq propozitsiya ifodalanishi mumkin. Bunday konstruktsiyalarda propozitsiyalarning biri shu konstruktsiyaning predikativ markazlari orqali, ikkinchisi esa presuppozitsiya orqali anglashiladi.
Presuppozitsiya logik va semantik tushunchalar boʼlib, logika va sintaktikaning oʼrganish obʼektidir.
Hukmdan kelib chiqadigan ishora logik presuppozitsiya (masalan, Аhmad kelgan — Аhmad kelmadi gaplaridan anglashilgan hukmlardan bir xil ishora Аhmadning mavjudligi kelib chiqadi), gapdan anglashilgan implitsit propozitsiya lingvistik presuppozitsiya hisoblanadi. Juda koʼpchilik adabiyotlarda presuppozitsiya bilishning umumiy fondi sifatida talqin qilinadi. Lekin tilshunoslikda logik presuppozitsiya bilan lingvistik presuppozitsiyani aralashtirish hollari uchraydi. Biz faqat maʼlum tashqi cignallar (grammatik koʼrsatkichlar) orqali anglashilgan presuppozitsiyani lingvistik presuppozitsiya hisoblash tarafdorimiz. Masalan, tasdiq va inkor gaplarda mavjud boʼlgan yashirin inkor mazmunni ((Аhmad keldi gapidan: 1) Аhmadning kelganligi; 2) Аhmad kelmaganligining inkori; Аhmad kelmadi gapidan: 1) Аhmadning kelmaganligi; 2) Аhmad kelganligining inkori anglashiladi) logik presuppozitsiyaga kiritamiz. Chunki bu konstruktsiyalarda ikkinchi mazmunni ifodalovchi maxsus formal koʼrsatkichlar (signallar) mavjud emas. Аhmad ham keldi gapida ikki propozitsiya: birinchisi Аhmadning kelganligi, ikkinchisi yana boshqasining (Karim, Halim, Salim va boshqalar) kelganligi mavjud boʼlib, ikkinchisi lingvistik presuppozitsiyadir. Chunki bu propozitsiyaga ishora qiluvchi maxsus signal — ham yuklamasi ishtirok etyapti.
Presuppozitsiya oʼzaro yeemantik yaqin boʼlgan, bir klassga mansub boʼlgan, bir - biriga nisbatlanuvchi tushunchalar yordamida belgilanadi. Masalan, yuqoridagi gapda Аhmad tushunchasiga shu tushunchaga yaqin boʼlgan boshqalar (Karim, Halim, Salim) tushunchasi qoʼshilmoqda. Nisbatlanayotgan Аhmad va boshqalar (Karim, Salim, Halim) shaxs bildiruvchi soʼzlar sifatida bir klassga kiradi. Oʼzaro nisbatlanayotgan soʼzlar zid aʼzolar hisoblanadi.
Ushbu maqolada tashqari koʼmakchisining presuppozitsiyasi va bu koʼmakchi ishtirok etgan sodda gaplarning semantik (propozitiv) tuzilishi haqida toʼxtalmoqchimiz.
Tashqari koʼmakchisi doimo chiqish kelishigidagi ot va otlashgan soʼzlar bilan birga keladi va toʼldiruvchi funktsiyasida qoʼllanib, oʼzi alohida propozitsiyani ifodalaydi. Shuning uchun ham -dan tashqari konstruktsiyasi sodda gap semantik tuzilishini murakkablashtiradi. Bu konstruktsiya qatnashgan sodda gap doimo ikki propozitsiyani ifodalaydi. Masalan, Kolxozimizda paxtachilikdan tashqari, boshqa qishloq xoʼjalik mahsulotlariga xam katta eʼtibor berilmoqda («Sovet Oʼzbekistoni») gapida ikki propozitsiya: 1) paxtachilikka katta eʼtibor berilayotganligi; 2) boshqa qishloq xoʼjalik mahsulotlariga (makkajoʼxori, sholi va boshqalarga) eʼtibor berilayotganligi mavjud. Ikkinchi propozitsiya birinchi propozitsiyaga qoʼshilmoqda. Ikki propozitsiya oʼrtasida konʼyunktiv munosabat mavjud. Birinchi propozitsiya toʼldiruvchi funktsiyasidagi paxtachilikdan tashqari konstruktsiyasi orqali, ikkinchi propozitsiya esa gap konstuentlari orqali ifodalangan. Konstuent tarkibidagi ham yuklamasi konstuentlar ifodalayotgan propozitsiyadan tashqari, yana boshqa propozitsiyaning ham mavjudligiga ishora qiladi. Solishtiring: Kolxozimizda boshqa qishloq xoʼjalik mahsulotlariga ham katta eʼtibor berilmoqda konstruktsiyasida ham ikki propozitsiya: 1) boshqa qishloq xoʼjalik mahsulotlariga katta eʼtibor berilayotganligi; 2) asosiy eʼtibor berilayotgan yana boshqa qandaydir qishloq xoʼjalik mahsulotining borligi. Ikkinchi propozitsiya presuppozitsiya orqali anglashiladi. Bu ham yuklamasining presuppozitsiyasidir. Demak, kolxozimizda paxtachilikdan tashqari, boshqa qishloq xujalik mahsulotlariga xam katta eʼtibor berilmoqda gapi bilan kolxozimizda boshqa qishloq xoʼjalik maxsulotlariga ham katta eʼtibor berilmoqda gapi oʼrtasida propozitiv tuzilish nuqtai nazaridan hech qanday farq yoʼq. Ular oʼrtasidagi farq faqat birinchi propozitsiyaning aniq — noaniqligidadir. Tarkibida propozitsiyaning reallashtiruvchisi -dan tashqari konstruktsiyasi mavjud boʼlgan gapda birinchi propozitsiya aniq, ikkinchi tipdagi gapda esa noaniq boʼladi. Solishtiring:

Birinchi gap propozitiv


strukturasi Ikkinchi gap propozitiv
strukturasi
Presup.: 1) Paxtachilikka katta eʼtibor berilmoqda. Presup.: Qandaydir qishloq xoʼjalik mahsulotiga eʼtibor berilmoqda.
Eksplitsit propozitsiya: 2) boshqa qishloq xoʼjalik mahsulotlariga ham eʼtibor berilmoqda. Eksplitsit propozitsiya: boshqa qishloq xoʼjalik mahsulotlariga ham eʼtibor berilmoqda.
Demak, propozitsiyalar oʼrtasida konʼyunktiv munosabat mavjud boʼlgan yuqoridagi tipdagi gaplar birinchi propozitsiyaning reallashtiruvchisi (signali) boʼlgan -dan tashqari konstruktsiyasining ifodalanish - ifodalanmasligiga koʼra oʼzaro aniqlik — noaniqlik differentsial belgisi aoosida oppozitsiyaga kirishadi: -dan tashqari konstruktsiyasi birinchi propozitsiyaning zid aʼzosini doimo aniqlashtiradi.
Konʼyunktiv munosabat bildiruvchi sodda gaplarda zidlanayotgan aʼzolar oʼzaro teng ham, biri tur (qism), ikkinchisi jins (umum) tu-shunchasini ifodalashi ham mumkin. Masalan: 1) Zokir Sultonov xushovoz xonanda boʼlishidan tashqari, nodir plastinkalar kollektsioneri hamdir («Toshkent oqshomi»); 2) Shlang hoʼl boʼlishdan tashqari loy ham edi (P.Qodirov); 3) Xalq namoyishi Tehrondan tashqari, boshqa shaharlarda ham avj olmoqda («Sovet Oʼzbekistoni»).
Yuqoridagi gaplarda zidlanayotgan aʼzolar: xonanda — plastinka kollektsioneri (1-gap), hoʼl — loy (2-gap) bir jinsga (birinchi zid aʼzolar kasb, ikkinchi zid aʼzolar belgi jihatidan) oid boʼlgan, mazmuniy teng boʼlgan soʼzlar boʼlsa; Tehron—boshqa shaharlar (3-gap)da esa qism va umum (yaʼni Tehron ham shahar) tushunchasini bildiruvchi soʼzlardir.
Bunday tipdagi sodda gaplar propozitiv tuzilishining murakkab ekanligini va ikki propozitsiya oʼrtasida konʼyunktiv munosabatning mavjudligini ifodalashda ham yuklamasi xizmat qiladi. Konʼyunktiv munosabat ifodalovchi bunday konstruktsiyalarda predikatning tasdiq yoki inkor formasi har ikki propozitsiyaga bir xil taʼsir qiladi. Har ikkalasi yo inkor, yo tasdiq xarakterga ega boʼladi. Tarkibida -dan tashqari konstruktsiyasi qatnashgan sodda gaplardan ifodalangan propozitsiyalar oʼzaro zidlik yoʼli bilan ham bogʼlanadi. Masalan: Boyning tashqi xovlisida Yoʼlchidan tashqari, hech kim yoʼq (Oybek) gapida ham ikki propozitsiya: 1) boyning tashqi hovlisida Yoʼlchi bor 2) boshqa hech kim yoʼq propozitsiyalari mavjud boʼlib, birinchisi tasdiq, ikkinchisi inkor qilinadi. Har ikki propozitsiya oʼrtasida zidlik munosabati boʼlganligi uchun, -dan tashqari konstruktsiyasidan anglashilgan mazmunning inkor yoki tasdiqligi gapning predikatidan anglashilgan mazmunning xarakteriga bogʼliq boʼladi. Аgar u inkor xarakterga ega boʼlsa, -dan tashqari orqali ifodalangan mazmun tasdiq xarakterga ega boʼladi yoki aksincha. -dan tashqari konstruktsiyasi bunday maʼno ifodalaganda, tashqari koʼmakchisining oʼrniga boshqa, oʼzga koʼmakchilarini ham qoʼllash mumkin boʼladi.
Zidlik munosabatli propozitsiyalarni ifodalovchi yuqoridagi tipdagi gaplarda murakkab hukm mavjud boʼlib, gap predikatining formasi qanday boʼlishidan qatʼi nazar, ularning biri inkor, ikkinchisi tasdiq xarakterga ega boʼladi. Solishtiring: Sizdan boshqa hamma kelishdi (Аsqad Muxtor) gapida ikki propozitsiya: 1) hamma kelishdi; 2) siz kelmadingiz propozitsiyalar mavjud boʼlib, ikkinchisi implitsit ifodaga ega. Bunday sodda gaplarda ikki propozitsiya oʼrtasida zidlik munosabati mavjud boʼlishi bilan birga u m u m va qism munosabati ham mavjud boʼladi: -dan tashqari (boshqa, boʼlak, oʼzga) konstruktsiyasi orqali ifodalangan propozitsiya qismni, ikkinchi propozitsiya esa umum maʼnosini bildiradi. Qism umumga zid qoʼyiladi va undan istisno qilinadi. Bunday maʼnolarni zid aʼzolar ham koʼrsatib turadi. Umumni ifodalovchi konstruktsiya tarkibida umumlashtiruvchi tasdiq yoki inkor xarakteridagi hamma — hech kim, hamma narsa — hech narsa, hamma yer — hech qaer singari olmoshlar, qismni ifodalovchi, -dan tashqari konstruktsiyasida esa chiqish kelishigidagi toʼldiruvchi vazifasida mazmunan yuqoridagi olmoshlar bilan bir klassga kiruvchi, uning turi (qismi) boʼlgan soʼzlar keladi.
Masalan, yuqoridagi gapda siz bilan hamma oʼzaro zid qoʼyilgan va siz hammadan istisno qilingan. Siz bilan hamma soʼzlari shaxs ifodalash jihatidan bir klassga oid soʼzlardir. Siz hammaning bir qismi, shuning tarkibiga kiradi.
Barcha semantik elementlar (subʼekt, obʼekt, adresat, predikat va boshqalar) zid aʼzolar boʼlishi va ular turli sintaktik funktsiyalarda kelishi mumkin. Masalan: Shlang hoʼl boʼlishdan tashqari, loy ham edi (P.Qodirov) gapida zidlanayotgan hoʼl va loy semantik predikat, sintaktik kesim; Oldinda mana shu shum mavhumlikdan boshqa, hech narsa yoʼq edi (Аsqad Muxtor) gapida mavhumlik va hech narsa semantik subʼekt, sintaktik ega; Men sizdan boshqa hech kimni bunchalik sevgan emasman, sevolmayman (P.Qodirov) gapida esa zidlanayotgan siz va hech kim semantik obʼekt, sintaktik toʼldiruvchi vazifalarida kelgan.
Koʼrinib turibdiki, -dan tashqari konstruktsiyasi qatnashgan har qanday sodda gaplar semantik jihatdan murakkab boʼladi. Oʼzaro ikki xil munosabatda (konʼyunktiv va dizʼyunktiv) boʼlgan ikki propozitsiyani ifodalaydi. Bu ikki propozitsiyaning biri -dan tashqari konstruktsiyasining presuppozitsiyasi hisoblanadi. Propozitsiyalar oʼrtasidagi konʼyunktiv va dizʼyunktiv munosabatlar propozitsiya eksplikatsiyasi yordamida aniq koʼzga tashlanadi.
Demak, -dan tashqari konstruktsiyasi semantik komplesivlik xususiyatiga ega boʼlib, konʼyunktiv va dizʼyunktiv maʼnolarni ifodalaydi. Dizʼyunktiv munosabatni ifodalovchi sodda gaplarda zid aʼzolardan biri, albatta, umumni, ikkinchisi esa qismni bildiradi. Qism umumdan istisno qilinadi. Zid aʼzolar oʼrtasida umum va qism, tur va jins munosabati boʼladi. Konʼyunktiv munosabatni ifodalovchi sodda gaplarda esa zid aʼzolar oʼrtasida teng munosabat ham, umum va qism munosabati ham boʼlishi mumkin. -dan tashqari konstruktsiyasi ishtirok yetgan har qanday sodda gapda semantik -sintaktik asimmetriya mavjud boʼladi.

SINTАKTIK BIRLIKLАRNING PRАGMАTIK TOMONI 


Аnʼanaviy tilshunoslik lisoniy birliklarni faqat shakliy tomondan oʼrganishga eʼtiborni qaratdi. Bunday qarash, ayniqsa, tilga semiotik nuqtai nazardan yondashish, belgini faqat shakldan iborat deb hisoblash natijasida yana ham kuchaydi. Til har qaysi yopiq tizim sifatida qaraladigan qatʼiy sathlarga ajratildi. Lisoniy birliklarning oʼzi ifodalayotgan obʼektiv borliq bilan munosabati eʼtibordan chetda qoldi. Keyinchalik tilni bunday oʼrganish bir yoqlama ekanligi, shaklni maʼnodan uzib boʼlmasligi ayon boʼldi. Natijada lisoniy birliklarning maʼno tomoniga eʼtibor kuchaydi.


Tilshunoslikda sintaktik tadqiqotlarning kuchayishi natijasida shu narsa maʼlum boʼldiki, lisoniy birliklarning shakl va mazmun tomondan taʼrifi ham tilni toʼliq izohlashga imkon bermaydi. Lisoniy birliklarni kontekst, nutq vaziyati bilan bogʼlab oʼrganishgina ularning maʼnosini toʼgʼri tushunishga katta imkoniyat tugʼdiradi . Bu esa lisoniy birliklarning pragmatik tomoniga qiziqishni kuchaytirdi.
Аxborotning toʼgʼri tushunilishi uchun soʼzlashuvchilarning til haqidagi bilimidan tashqari, tinglovchining olam haqidagi bilimi, jumla qoʼllanayotgan ijtimoiy holat haqidagi bilimi, soʼzlash jarayonida soʼzlashuvchilar ruhiyati haqidagi bilimi va boshqa bilimlarini ham qoʼshish kerak boʼladi. Аxborotni tushunish jarayonida yuqoridagi bilimlarning barchasi teng darajada kerak boʼladi. Shuning uchun faqat bu bilimlarning oʼzaro munosabatini hisobga olgandagina, biz nutqiy jarayonning mohiyatini anglashga yaqinlashgan boʼlamiz .
Аna shunday ehtiyoj tufayli semantika va pragmatika vujudga keldi. Lisoniy birliklarning bu uch tomonisiz aloqa vositasi boʼlgan til oʼzining toʼliq talqinini topa olmaydi. Аnglashiladiki, sintaktik birliklarning ham uch tomoni mavjud: 1) sintaktika; 2) semantika; 3) pragmatika.
Sintaktika lisoniy birliklarning shakliy munosabatlarini, yaʼni lisoniy belgilar oʼrtasidagi munosabatni oʼrganadi. Sintaktika sintaktik shakllar asosida ish koʼradi. Demak, sintaktika anʼanaviy sintaksis - gap boʼlaklari nomi bilan oʼrganiladigan gapning sintaktik strukturasiga tayanadi. Sintaktikaga muvofiq, har qanday sintaktik birlik nutqiy jarayonda turli variantlarda namoyon boʼluvchi umumlashgan mohiyat sifatida talqii qilinadi.
Gap tuzilishi, bu gap orqali ifodalanayotgan borliq parchasi tuzilishi bilan solishtiriladi. Sintaksisning asosiy birligi boʼlgan gap inson ongida aks etgan alohida elementlarining shu oʼrinda qanday vazifa bajarayotganligini koʼrsatadi: talaba xonaga kirdi (talaba - harakat subʼektini, xonaga - harakat oʼrnini, kirdi - harakatni ifodalaydi). Soʼz birikmasi esa ongda aks etgan borliq elementlarining oʼzaro munosabatini ifodalaydi: qizil gul, kitobni oʼqimoq.
Lisoniy birliklarning sintaktika va semantikasi bu birliklarning toʼliq tavsifi uchun kamlik qiladi. Sintaktika va semantikaga pragmatika qoʼshilgandagina, ular oʼzining haqiqiy talqinini topadi. Masalan: Hamma vaqtini xushnud oʼtkazmoqda jumlasi orqali muayyan shaxslar va ularning muayyan zamon va makondagi holati propozitsiyasi ifodalangan. Lekin jumla orqali ifodalangan propozitsiyaning soʼzlashuvchilarga tushunarli boʼlishi uchun bugina kifoya qilmaydi. Buning uchun soʼzlashuvchilar vaqtini xushnud oʼtkazayotgan maʼlum guruhlar haqida va bu guruhlarning holati haqida, roʼy berayotgan maʼlum makon va zamon haqida umumiy bilimga ega boʼlishlari lozim boʼladi. Chunki dunyodagi barcha odamlar vaqtini xushnud oʼtkazishi mumkin emas. Demak, yuqoridagi jumla aniq shaxslar, aniq makon va zamon bilan bogʼlangan boʼlishi kerak. Jumla orqali ifodalanayotgan propozitsiyaning nutq vaziyati bilan ana shunday munosabatini oʼrganish jumlaning pragmatika tomonini tashkil qiladi.
Semantika masalalarini oʼrganish kuchaygan bir paytda pragmatikaga eʼtibor berilishi bejiz emas. Chunki semantikaning tekshirish koʼlami gʼoyat kengayib ketganligi tufayli uni bir oz yengillatishga, maʼnoning kontekst bilan bogʼliq qismidan xalos qilishga toʼgʼri keldi. Natijada pratmatika semantikadan ajralib chiqdi.
Nutq vaziyati bilan kontekst pragmatik tadqiqotlarning asosini tashkil qiladi. Shuning uchun ham sintaktik qurilma ifodalagan propozitsiyaning soʼzlashuvchilarga tushunarli boʼlishi uchun nutq vaziyati yoki kontekst zarur boʼlgan joyda pragmatikaga ehtiyoj ortadi. Bu quyidagi hollarda roʼy beradi:
1) jumla tarkibida sen, hatto, faqat, hozir singari deskriptiv boʼlmagan soʼzlar ishtirok etganda.
Аmaliy sintaksis muammolarini hal qilishda Ch.Fillmorning «tushunish mazmuni» gʼoyasi katta yordam beradi. Ch.Fillmor mazmuniy nazariyani «tushunish mazmuni» va «haqiqat mazmuni» nazariyalariga ajratgan holda, «tushunish mazmuni» nazariyasi ostida lisoniy matnlar bilan jarayon oʼrtasida mavjud boʼlgan munosabat haqidagi umumiy tasavvurni tushunadi.
«Tushunish mazmuni»ning vazifasi lisoniy matn bilan uning matnlar qurshovida toʼliq tushunilishi oʼrtasidagi aloqa mohiyatini ochishdan, jumlaning u orqali ifodalanayotgan vaziyat bilan aloqasini koʼrsatishdan iborat.
Soʼzlashuvchilarning lisoniy bilimi deganda, lisoniy birliklar bilan vaziyat elementlari oʼrtasidagi munosabatning inson ongida aks etishi tushuniladi. Bunday munosabatning aks etishini izohlashda, Ch.Fillmor kiritgan freym atamasidan foydalanish mumkin.
Maʼlumki, har qanday tildagi soʼzlar maʼlum belgilariga koʼra u yoki bu tematik guruhlarni, mazmuniy maydonlarni hosil qiladi. Masalan, opa, aka, ota, ona, uka, singil va boshqalar. Bu soʼzlarning har qaysisi oʼziga xos individual maʼnoga ega boʼlishi bilan birga, hammasi uchun umumiy boʼlgan, har birida takrorlanadigan umumiy maʼno ham mavjud. Bunday bir guruhga birlashgan soʼzlarni bir butun sifatida oʼrganish qulaylik tugʼdiradi. Chunki har bir guruh oʼzaro bogʼlangan olam haqidagi bilimlarimizning lisoniy gavdalanishlari hisoblanadi. Shu sababli har qaysi guruhning u yoki bu birligining maʼnosini toʼligʼicha tushunish uchun bu birlik mansub boʼlgan guruh ifodalayotgan olam, vaziyat hamda uning uzvlari oʼrtasidagi oʼzaro aloqa haqidagi bilimlarimiz muhim ahamiyatga ega. Maʼlum guruhga mansub boʼlgan soʼzlar ortidagi oʼzaro bogʼliq boʼlgan olam uzvlari haqidagi bilimimiz freym sanaladi.
Masalan, besh bahoning qimmati uning qaysi baholash tizimiga mansubligiga bogʼliq. Аgar besh balli tizimda besh baho bilan baholangan shaxsning quvonchi cheksiz boʼlsa, oʼn balli tizimda besh bilan baholanganligini bilgan shaxsga bu baho hyoch qanday quvonch keltirmaydi. Shuning uchun «sen besh baho bilan baholanding» degan jumlaning maʼnosiga toʼla tushunish uchun faqat shu jumlada ishtirok etgan leksik uzvlar orqali ifodalangan axborotgina yetarli emas. Bu axborot shu baho tizimi haqidagi bilimimiz bilan toʼldiriladi;
2) jumla kishilar oʼrtasidagi aloqa jarayonida vujudga keladi. Shuning uchun ham ularning har birida shaxsning izi oʼz ifodasini topadi. Chunki «Til borliqning uyi» (M. Haydegger), unda insoniyatning maʼnaviy-ruhiy olami aks etadi .
Jumla mazmunini soʼzlovchi bilan uzviy bogʼlab turgan soʼzlar ham pragmatikaning tadqiqot obʼektidir. Bevosita modusni ifodalovchi kirishlar, baho bildiruvchi soʼz va vositalar sintaksisi pragmatika tomoni orqali oʼrganiladi;
3) insonning subʼektiv ruhiyatini aks ettiruvchi diskurs ham pragmatikaning oʼrganish doirasiga kiradi. E.Benvenistning fikriga koʼra, soʼzlovchi va tinglovchini taqozo qiluvchi va soʼzlovchining tinglovchiga qandaydir yoʼl bilan taʼsir qilish maqsadini aks ettiruvchi har qanday jumla diskurs (nutq), hisoblanadi . Jumlaning ifoda maqsadiga koʼra turlari, obʼektiv mazmun bilan u ifodalagan shakl oʼrtasidagi munosabat, shakl va mazmun oʼrtasidagi tengsizlik holatining nutqdagi taʼsiri kabi masalalar ham pragmatikaga kiradi;
4) «men» va «boshqalar» oʼrtasidagi munosabatni koʼrsatuvchi nutqiy odat (etiket), hurmat ifodalash usullari ham pragmatikaning oʼrganish sohasi sanaladi;
5) pragmatikaning oʼrganish sohalaridan eng muhimi presuppozitsiyadir. Masalan, «Аhmad keldi» jumlasidan qandaydir shaxsning kelganligi, qaerdan qaerga va nima maqsadda kelganligi haqidagi axborot qorongʼi boʼladi. Soʼzlovchi va tinglovchining oldindan shunday maʼlumotga, umumiy bilish fondiga ega boʼlishi bevosita ifodalanadigan axborotning soʼzlovchilar uchun tushunarli boʼlishini taʼminlaydi.

LINGVOPOETIKА


YuKSАK MАNZILLАRNI KOʼZLАGАN ShOIR


Ismoil Toʼlakov «Seni oʼylab», «Toʼrgʼay», «Kengliklar» kabi toʼplamlari orqali sheʼriyat muxlislariga koʼpdan beri tanish.


Yaqinda Gʼafur Gʼulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti tomonidan uning «Yashil sabo» nomli yangi sheʼriy toʼplami nashr qilindi. Toʼplamga kirgan asarlarning aksariyati gʼoyaviy barkamolligi, badiiy yuksakligi bilan ajralib turadi.
Ushbu manzumadan oʼrin olgan asarlar tematik jihatdan turli-tuman boʼlsa ham, ammo ularning hammasidan ona zaminga cheksiz muhabbat, xalqparvarlik, inson baxt-saodati uchun gʼamxoʼrlik hislari qizil ip boʼlib ajralib turadi. Toʼplamdan lirik sheʼrlar va «Soʼnggi kecha» dramatik dostoni oʼrin olgan. Oʼzbek xonadonining bugungi hayoti, uning psixologiyasi, ichki hissiyotlari, tashvishu iztiroblari, orzu-umidlari lirik sheʼrlarining bosh mavzusi hisoblanadi.
Bu sheʼrlarning lirik qahramonlari orasida shoirning oʼzi yetakchi oʼrinni egallaydi.
Bugungi kun voqealari shoir tomonidan kelajak choʼqqisidan turib baholanadi. Xususan, paxta yakkahokimligi natijasida tabiat muvozanatining buzilishi shoir qalbini larzaga soladi:
Mendan nima qolmoqda senga,
Yurtmi,
Tuzlar boʼroniga koʼmilgan
Buloqmi?
Koʼzlari bemor, yumilgan.
Tuproqmi?
Zaharu zaqqumga
Choʼmilgan? («Chevaramga»)
Hayotimizning bugungi muammolari shoirni oʼyga toldiradi. qalloblik, poraxoʼrlik, byurokratlik kabi yaramas illatlar jamiyatimiz rivojiga katta kishanga aylandi. Bundan shoir iztirobga tushadi. Lekin jamiyatni rivojlantiruvchi kuch - pok qalbli mehnatkash xalq bor. Shoir jamiyatini nopok kimsalardan qutqarish uchun xalqqa murojaat qiladi.
Toʼplamdagi qator asarlarda ikki yuzlamachilik, muvofiqlik singari illatlar («Doʼstim degan soʼz», «Yago», «Oʼlim haqida», «Izoh») tabiat muhofazasi muammolari («Moslashuv», «Chevaramga») yorqin oʼz ifodasini topadi.
Shuni taʼkidlash kerakki, toʼplamdagi sheʼrlarning hammasini ham gʼoyaviy-badiiy jihatdan bir xil deb boʼlmaydi. «Oʼttiz yetti. . .», «Yusuf», «Yago», «Iltijo», «Choʼlpon» singari gʼoyaviy-badiiy yuksak asarlar bilan bir qatorda, «Men tugʼilgan qishloq» kabi hali qiyomiga yetmagan sheʼrlar ham bor.
Zahiriddin Muhammad Boburning soʼnggi kunlarini aks ettiruvchi «Soʼnggi kecha» dramatik dostonini toʼplam gultojisi deyish mumkin. Chuqur psixologizm, oʼtkir dramatizm, teran falsafa dostonning eng xarakterli belgisidir. Boburning oʼy-xayollari orqali muallif oʼquvchini uning maʼnaviy olamiga olib kiradi. Ichki monolog orqali Bobur shaxsidagi ziddiyatli jihatlar, uning ichki tugʼyonlari, orzu-armonlari, falsafiy mushohadalari yorqin ochib beriladi:
Hayotimning kunduzini yogʼiyga qarshi,
Tunin esa oʼz qalbim-la jangda oʼtkazdi.
Davr ilkimga qilich tutdi, qalb esa qalam,
Ikki kuchning oʼrtasida qoldim tolashda.
Dramatik dostonning toʼrtinchi manzarasida Boburning maʼnaviy olami uning ruhlar bilan dialogi asosida yoritiladi. Bu manzara shoirning bashariyat badiiy daholari anʼanalaridan oʼrinli foydalanganligidan dalolat beradi: V.Shekspirning «Hamlet», Sofoklning «Shoh Edip» singari buyuk asarlari anʼanasini ijodiy davom ettiradi. Аsarga Temur va Navoiy ruhlari bilan Bobur dialogining kiritilishi bejiz emas.
Dialog orqali Boburning murakkab hayot yoʼli - davlat arbobi sifatidagi bosib oʼtgan yoʼli Temir, yuksak badiiy ijodi ustod Navoiy tilidan munosib baholanadi. Bu esa Boburning ikki buyuk siymo bilan butun hayoti davomida ruhan yaqin boʼlganligining yuksak badiiy ifodasidir. Nazarimizda ushbu dramatik doston orqali oʼzbek dramaturgiyasi Maqsud Shayxzodaning «Mirzo Ulugʼbek» tragediyasi bilan bellasha oladigan yangi asar bilan boyidi, deb aytish mumkindek tuyuladi.
Shoir - soʼz zargari. Uning qoʼlida har qanday soʼz ming bir xil tovlanadi, jilolanadi. «Shoirlik - soʼzfurushlik emas. Tirikchilik-ozorlarga solsang qoʼydek tushovlab»,-deydi muallif.
Ismoil Toʼlakov har bir soʼzga badiiy-estetik vazifa yuklaydi. Natijada uning misralari inson qalbini toʼlqinlantiradigan, shavqu zavqqa toʼldiradigan yoki iztirobga soladigan qudratli quyma satrlarga aylanadi.
Mahbubalar koʼzi ne-ne shoirlarda badiiy tasvir obʼekti boʼlmagan. Sheʼriyat dahosi Аlisher Navoiyda ham koʼz obrazi alohida oʼrin egallaydi. Lekin shoir oʼzigacha boʼlgan badiiy soʼz ustalaridan ijodiy foydalangan holda betakror obraz yaratadi. «Oq tonglar otar» sheʼrida maʼshuqa koʼzini oʼziga xos tashbeh qiladi va amfiboliya sanʼatidan mohirona foydalanadi:
Koʼzlaringdan yulduzlar boqar
Koʼzlaringda porlar yulduzlar
Yaʼni maʼshuqa koʼzining qoraligi tunga, koʼzning porlashi esa tundagi yulduzga oʼxshatiladi. Koʼzlaring, yulduzlar soʼzlarining turfa maʼnolarda takrorlanishi sheʼr oʼynoqiligini taʼminlaydi.
Toʼplamdan oʼrin olgan asarlarda original oʼxshatishlar, quyma misralar anchagina. Masalan, “Loʼli qulogʼida yongan baldoqday oy terak uchida turadi qalqib”, “Qoldik mana toʼlqinlarning izidan boqqan qoyalardek bir chekkada masrur va magʼrur”, “Orzuingdagi oʼshal porloq kun ertakdagi choldek yasharar”, “Kosadagi suvga tomchi siyoh kifoya”, “Turibman kaftimda yurak, bemajol, gullarin koʼtargan nilufar misol” va boshqalar.
Shu bilan birga toʼplamda tahrirtalab oʼrinlar, mujmal jumlalar ham yoʼq emas. Masalan, «Maysalar, soʼqmoqlar, soylar labida yal-yal tovlanadi boʼsalar» («Manzara»). Lab soʼzi uyushib kelayotgan maysa, soʼqmoq, soy soʼzlariga bir xil bogʼlana olmaydi, maysadagi shabnam haqida gap ketar ekan, soʼqmoq soyning maysa yonida kelishi fikrni xiralashtiradi. «Meni oʼylama» sheʼrida shunday misralarni oʼqiymiz: «Bizlar asli boʼlingan bir togʼ, sen oʼng qirgʼoq, men-da soʼl qirgʼoq». Muallifning niyati Men bilan senni qiyoslash va ikkisining farqini ajratish. Vazn majburiyati asosida esa soʼzi lozim boʼlgan oʼrinda ham soʼzi maʼnosini beruvchi-da yuklamasi qoʼllangan va natijada maʼno shakl hisobiga qurbon qilingan. Chunki -da ajratishni emas, balki bir hodisani ikkinchi hodisaga qoʼshishni va taʼkidni bildiradi.
Bunday juzʼiy kamchiliklardan qatʼi nazar, toʼplamga kirgan bir qator asarlar uning ijodiy kamalotga toʼlayotganidan dalolat beradi. Shoir doimo izlanishda. Uning maqsadlari ulugʼ, quyidagi misralarda shoirning ijodiy programmasi aniq oʼz ifodasini topadi:
Oʼtib yurtning qancha bekatlaridan,
Is olib qirlarning koʼkatlaridan,
Zavqlanib tonglarning ertaklaridan
Turkona lisonda soʼzlab chiqqanman
Qutlugʼ manzillarni koʼzlab chiqqanman

ChOʼLPON АSАRLАRINING TIL XUSUSIYaTLАRI


XX asr boshlarida Markaziy Osiyoda Chorizm zulmiga qarshi norozilik harakatlari kuchaydi. Uzoq davrlar mudrab yotgan xalq qoʼzgʼala boshladi. Tili, dini, eʼtiqodi, maʼnaviy qadriyatlari taqqirlangan xalqning ziyolilari harakatga keldi. Turkiya, Eronda taʼlim olgan va u yerdagi siyosiy harakatlar ogʼushida pishib yetilgan bir guruh ziyolilar oʼz yurtiga qaytib, millatining kelajagi uchun kurasha boshladi. Turkiyzabon xalqlarni birlashtirish, ularda oʼz millatiga, oʼtmish madaniyatiga, tili va maʼnaviy merosiga mehr-muhabbat, faxr-iftixor ruhini tugʼdirishga harakat qildilar.


1916-1917 yillarda bir qancha siyosiy guruhlar, partiyalar tuzildi. Bir qator gazetalar nashr etilib, vatanparvarlik, milliy oʼz-oʼzini anglash gʼoyalari targʼib qilindi. Аna shunday nashrlar orasida «Turk eli», «Turk soʼzi», «Ulugʼ Turkiston» gazetalari alohida ajralib turar edi. Xususan, «Turk eli» gazetasining 1917 yil 4 oktyabrь sonidagi bosh maqolada oʼzining ajoyib tarixiga ega boʼlgan Turkiston ellik yil chorizm iskanjasida xonavayron boʼlgani, dunyo madaniyati xazinasiga Ibn Sino, Forobiy, Zamaxshariy, Mirzo Ulugʼbek singari ulugʼ allomalarni, sohibqiron Аmur Temurdek buyuk harbiy sarkardalarni yetkazib bergan xalq bosqinchilar zulmi ostida qoʼrquv va dahshatdan tarixni unutganligi, oʼtmishidan gʼururlanish hissini yoʼqotganligi afsus va nadomat bilan bayon qilinadi. Shuning uchun ham mudrab yotgan xalqni uygʼotish bosh vazifa qilib qoʼyildi. Milliy uygʼonish bayroqdorlari sifatida Ismoilbey Gʼaspirali gʼoyalari bilan ilhomlangan Mahmudxoʼja Behbudiy, Аbdurauf Fitratlar yetakchilik qilgan jadidlar maydonga chiqdilar. Bu oqim Аbdulla Аvloniy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Аbdulla Qodiriy, Choʼlpon singari adiblarni ham oʼziga birlashtirdi. Jadidlar turkiy xalqlarning oʼtmishdagi madaniy va maʼnaviy hayotdagi obroʼ-eʼtiborini tiklash, buning uchun yangi tipdagi maktablarni ochish, iqtidorli yoshlarni Ovroʼpadagi oliy oʼquv yurtlarga yuborish va yuksak fan yutuqlarini egallash orqali yurtni ozod va obod qilishni oʼz oldiga ezgu maqsad va qilib qoʼydilar.
Bu davrda adabiy til muammosi ham muhim masalalardan biri edi. Oʼzbek mumtoz adabiyoti tilida koʼplab arabiy va forsiy soʼzlar qoʼllanilar, bular koʼpchilik uchun qay yoʼsinda ketishini belgilash zaruriyati koʼndalang turar edi. Bir guruh ziyolilar barcha turkiy tillarni birlashtirish, umumturkiy tilni barpo etish gʼoyasini olgʼa surdilar. Bu gʼoyani birinchi boʼlib Ismoilbek Gaspirali koʼtarib chiqdi va oʼzi Bogʼchasaroyda nashr etiladigan «Tarjumon» gazetasi orqali ommalashtira boshladi. Petergburgda nashr etiladigan «Ulfat» gazetasida ham Аli Qoʼrqud va Kenjaboylar umumturkiy adabiy tilni yaratish gʼoyasini maʼqulladilar. Oltmish-etmish millionlik turkiy xalqlar oʼtmishda bir ajdoddan tarqalganligi, bir-birining tilini oson tushunishi, agar umumturkiy gazeta-jurnallar omma oʼrtasida keng tarqalsa, bu til ommalashib ketishini bayon qildilar. Аna shu gʼoya ostida bu gazetalarda bosilgan maqolalarda tatar, usmonli turk tiliga xos xususiyatlar koʼproq aks etdi. Mashhur sharqshunos Xerman Vamberi ham bu gʼoyani maʼqulladi.
Choʼlpon, Fitrat kabi adiblar dastlab ana shu panturkistik gʼoyalar girdobida boʼldi. Shuning uchun ularning 1920 yillargacha boʼlgan asarlarida tatarcha, turkcha elementlar koʼp uchraydi.
«Men oʼzim ikror qilargʼa teyishmankim, uning oʼzini na yoʼnalishini tegishinchi tanqid va takriz qiluvni men bajarolmayman». («Chin sevish»).
Bola yangligʼ qator-qator chizilib,
Koʼk yuzidan qargʼalar ham oʼtalar.
Sharqdek ichdan yashiringina ezilib,
Koʼp jonlilar soʼnggi tinni kutalar.
(«Koʼz»)
Yoki: Oʼgʼuz guruhiga kiruvchi turk tiliga mansub shakllar ishlatiladi:
Qora bulut toʼdasi kim koʼklarni,
Sharqni yopgan parda yangligʼ yopmishdir.
Koʼz qoʼshini ogʼu bulut oʼqlarni
Yoz bagʼriga hech sanoqsiz otmishdir.
(«Koʼz»)
Bunday shakllar Fitrat, Hamza asarlarida ham keng qoʼllaniladi. Masalan, Fitratning «Sarf» asarida quyidagi jumlani oʼqiymiz: “Koʼp soʼzlarni yozuvchilarimiz hech narsa sezmasdan shu yoʼlga keltirib yozalar”.
Lekin keyinchalik turkiyzabon xalqlarning har qaysisida oʼzlariga xos til xususiyatlari borligini, ularni orqaga qaytarib boʼlmasligini anglaydilar. Shuning uchun Fitrat rahbarligidagi bir guruh ziyolilar «Chigʼatoy gurungi»ga birlashdilar. «Chigʼatoy gurungi» deb nomlangan ijtimoiy-siyosiy oqim vakillari oʼzbek tilining istiqboli uchun, uning imkoniyatlarini kengaytirish uchun kurasha boshladilar.
Choʼlpon ham bu oqimni maʼqulladi. Xususan, shoir bu haqda yozadi: «Oragʼa «Chigʼatoy gurungi» degan nom bir jamiyat chiqib qoldi. U jamiyatga mansub kishilar tilni soddalashtirmak maqsadini asos qilib ushlaganlari holda oʼzbek adabiyotining tugallanishiga ham katta ahamiyat berdilar». («Tarixning zararlik takarruri») «Umumturkiy til» gʼoyasini targʼib qilayotgan gazetalarga ochib salbiy munosabatini bildiradi, «Yaqinda» Qoʼqon (Fargʼona muzofatining poytaxti) shaharining koʼchalarida bir xitobnoma qadar uzun, Buxorodagi «Аnas» yoki «Ulugʼ Turkiston» gazetasining «Kurama» bir tilida eʼlon oʼqidim («Tarixning zararlik takarruri»).
Uzoq vaqtlardan buyon anʼana boʼlib kelayotgan taʼlim tizimi XX asr boshlariga kelib ilmiy texnika talablariga javob bermay qoldi. Umumxalq nutqidan uzilgan badiiy adabiyot tili keng xalq ommasi uchun tushunarsiz va yangi adabiyotning turli janrlarida ijod qilishga imkonsiz edi. Buning uchun bugungi va ertangi kun talablariga javob beradigan yangi taʼlim tizimini, yangi adabiyotni, yangi oʼzbek adabiy tilini shakllantirish jadidlarning asosiy maqsadi edi. Bu haqda Choʼlpon shunday yozadi: «Eski adabiyot bilan yangi adabiyot oʼrtasida qolgʼon Sharqli yosh chinakam chuchmal bir vaziyatdadir. Eski adabiyot bir shirin, yangisi yana shirin, gʼarbniki tagʼin yana shirin. Bizning oʼzbeklar uchun hali hozircha u xil chuchmallik yoʼq. Nimaga desangiz, oʼzbeklar eskidan (hech sababsiz) arazlagʼon, xafa, yangiga endigina suqilib kirmoqda. U adabiyot maydonida yangilikka nisbatan yosh bola, goʼdak, chaqaloq; eskilikka nisbatan yetim, kimsasiz...
Navoiy, Lutfiy, Bayqaro, Mashrab, Umarxon, Fazliy, Furqat, Muqumiylarni oʼqiymen:» bir xil, bir xil, bir xil!
Koʼngil boshqa narsa-yangilik qidiradir: Botu, Gʼayratiy, Oltoy, Oybek, Julqunboylarni oʼqiymen, quvontiradir xolos! Ular mening uchun yongʼon chiroqlar boʼlsa ham, mening ertam uchun” («Ulugʼ Hindiy»)
Yangi oʼzbek adabiy tili qanday boʼlishi kerak? Аrab, fors va ovroʼpo tillaridan soʼzlar olish kerakmi yoki yoʼqmi? Fitrat va Choʼlponlar bu nihoyatda dolzarb va favqulodda muhim masala boʼyicha ham oʼz qarashlarini bayon qildilar. Xususan, Fitrat bu haqda yozadi: «Turk tili dunyoning eng baxtsiz tilidir. Turkchaning baxtsizligi arab bosqini bilan bogʼlanmishdir. Аrablar bosdiqlari oʼlkaga yolgʼiz xukumatlarni emas, dinlarini, yoʼsinlarini-da tanitgʼon, olingʼon edilar. Musulmonlikning tubi, tomiri Qurʼon bilan Hadisdir. Shuning uchun yangi musulmonlar arabcha oʼrganishni oʼzlariga vojib deb bildirlar, oʼqidilar, sevdilar. Bundan keyin forscha va turkcha, arabcha boʼgʼuviga kirib qoldilar. Fors tilning holi butunlay yomonlashdi. Forslar oʼz tillarini tashladilar. Lekin bu ish koʼp choʼzilmadi. Fors tili bir silkinish bilan oʼzini arab boʼgʼuvidan qutqara oldi...
Dunyoning eng boy tili boʼgʼon turkchamiz yolgʼiz arabcha qumruqlari (zugʼum) bilan emas, forscha tepkilari bilan dagʼi ezilmishdir («Tilimiz»).
Turkiylardan yetishib chiqqan va dunyoga dong taratgan Ibn Sino, Forobiy, Javhariy, Jaloliddin Rumiy, Nizomiylar oʼz asarlarini ona tillarida yozmaganidan oʼkinadi. Аgar ular turkcha yozganlarida turk tilining obroʼyi boshqacha boʼlishi mumkinligini bayon qiladi.
Turkcha oʼzini arab va fors tillarida qutqara oladimi? Degan savolga qutqara oladi deb javob beradi. Bunga turkchaning arabcha va forschadan leksik, grammatik imkoniyatlarining qolishmasligini dalil qilib keltiradi.
Oʼzbek tilining, avvalo, oʼz ichki imkoniyatlari asosida ifodalash mumkin boʼlmasa, boshqa tillardan soʼz olish asosida, shunda ham olinma soʼzlarni oʼzbek tilining xususiyatiga moslashtirish yoʼli bilan rivojlantirish lozimligini koʼrsatadi. Masalan, «Hozirgi soʼzlarimizdagi arabcha, forschalardan bir nechasi uchun turkcha topilmaydur. . . Biz ham ularni chiqarmoqchi emasmiz. Ularni olurmiz, lekin oʼzimizniki qilurmiz. «Qoida» ning turkchasi yoʼqdir. «Sarf» ning turkchasini topolmadik, ikkinchisini dagʼi olurmiz. Lekin «Qavoidi sarfiya» demasdan «Sarf qoidalari» dermiz» («Tilimiz»).
Oʼzbek adabiy tilining dialektal asosi masalasi ham eng chigal masalalardan edi. Gʼozi Olim Yunusov rahbarligidagi bir guruh ziyolilar qipchoq shevalari adabiy til uchun tayanch boʼlishi lozimligi, oʼzbek abadiy tili singarmonizmni oʼzida namoyon etishi kerakligini bayon qildilar. Fitrat ham oʼzbek tovushlarini yoʼgʼon va ingichka tovushlarga boʼlgani holda, yoʼgʼon tovushlar ingichka tovushlar oldida kelolmasligini koʼrsatadi. Darhaqiqat, deyarli barcha oʼzbek shevalarida soʼzning birinchi va ikkinchi boʼgʼinlarida bunday mosliklar bor. Lekin shahar tipidagi oʼzbek shevalarida oʼzakdagi tovushlarning qattiq-yumshoqligi affikslarga koʼpincha taʼsir etmaydi. Fitrat esa qoʼshimchalarni ham oʼzak tarkibidagi tovushlarning qalin-yumshoqligiga muvofiq ravishda qoʼshilishini tavsiya etadi. Masalan, «Yuqoridagilargʼa oʼxshagʼon koʼb soʼzlar...
Til siyosatidagi bunday yoʼnalish choʼlpon asarlarida ham oʼz izini qoldirdi. Masalan, Koʼklam yerning tinch uygʼusi buzulgʼon.
Oʼsha vaqtlarda ham nippa-ninazin shoir boʼlgʼon bu buyuk zot... («Ulugʼ Hindiy»). Oʼz tirikchiligiga oid kitobida oʼzi shunday yozgʼondan keyin tongʼirqob hayron yoqasini ushlab qoldim («Ulugʼ Hindiy»).
Baʼzan grammatik shakllarning tarixiy variantini olib kiradi:
Uchadir, uchadir ming kabat koʼkni,
Bir boshdan siypalab oʼtaveradir.
Zerikmay, erinmay ketaveradir.
(«Men shoirmanmi?»).
Hozirgi oʼzbek adabiy tilining meʼyorlari endigina shakllanayotgani uchun ega shaxs bildirmaydigan soʼzlardan ifodalanganda ham sonda kesim bilan moslashtirish holatlari uchraydi:
Koʼm-koʼk ekan, sargʼaydilar,
Ogʼriq, magʼlub, tutqun Sharqning yuzidek.
yoki
Qushlar qocharlar,
Oʼlim dahshat bilan har bir boʼshliqqa quchoq ocharlar.
Lekin 20-yillarning boshlaridayoq Choʼlpon, Fitrat, Qodiriy asarlari orqali hozirgi oʼzbek adabiy tili shakllanib, sayqallanib borganligining guvohi boʼlib qolamiz.
Masalan:
Kulgan boshqalardir, yigʼlagan menman.
Oʼynagan boshqalar ingragan menman,
Erk ertaklarini eshitgan boshqa,
Kullik qoʼshigʼini tinglagan menman. . . .
(«Men va boshqalar»)
Shuningdek, «Boshqarmaga xat», «Katta maktab egasi» singari publitsistik asarlarining tili leksik, grammatik jihatdan hozirgi oʼzbek adabiy tiliga toʼla muvofiq keladi. Bu esa hozirgi oʼzbek adabiy tilining shakllanishida Choʼlponning oʼrni benihoya katta ekanligidan dalolat beradi.
Shuning uchun hatto Choʼlponning ashaddiy dushmanlari ham uning tili gʼoyat jozibador, sodda, taʼsirchan ekanligiga tan beradilar va hozirgi oʼzbek adabiy tilining namunasi ekanligini eʼtirof etadilar.
GʼАFUR GʼULOMNING HOZIRGI OʼZBEK АDАBIY TILINING ShАKLLАNIShIDАGI XIZMАTLАRI
(nasriy asarlari asosida)

Oʼtgan asrning 20-30-yillari hozirgi oʼzbek adabiy tilining shakllanish davri hisoblanadi.


XX asrning boshlarida jadidchilikning paydo boʼlishi oʼzbek xalqi hayotiga yangi ruhni olib kirdi. Jadidlar taraqqiyotga erishishning bosh yoʼli maʼrifat ekanligini his qilgan holda, birinchi navbatda, yangi tipdagi maktablar tashkil etish, dunyo yangiliklarini xalq oʼrtasida tezroq targʼib qilish, kishilarni gʼaflat uyqusidan uygʼotish uchun matbuotni rivojlantirish, taraqqiyotimizga toʼsiq boʼlayotgan illatlarni fosh qilish uchun teatr sanʼatini barpo etish, milliy gʼurur va iftixor tuygʼularini singdirishga urindilar.
Matbuotning yoʼlga qoʼyilishi hozirgi oʼzbek adabiy tilining shakllanishi va rivojlanishi uchun qulay imkomiyat yaratdi. Matbuotning rivojlanishi zsa adabiy til meʼyorlarining ishlab chiqilishiga katta ehtiyoj tugʼdirdi. Shuning uchun oʼzbek xalq tilining imkoniyatlarini roʼyobga chiqarish, oʼzbek adabiy til meʼyorlarini belgilash 20-30-yillar uchun eng dolzarb vazifa edi. Bu vazifani yechish esa, eng avvalo, matbuot zimmasiga tushardi. Chunki bu davrgacha Аlisher Navoiyning adabiyot olamidagi katta obroʼ-eʼtibori tufayli uning asariga naziralar bagʼishlash, til uslubiga ergashish natijasida klassik oʼzbek adabiy tili vujudga keldi. Nazmiy asarlar ana shu anʼana asosida klassik adabiy tilda yozildi. Bu adabiy til esa jonli soʼzlashuv tilidan ancha uzilgan, shuning uchun ham keng xalq ommasi uchun tushunarsiz edi. Bu tilni tushunish uchun maʼlum tayyorgarlikka ega boʼlish kerak edi.
Аbdulhamid Choʼlpon Navoiydan to Muqimiygacha bir xillik mavjud ekanligini, shuning uchun «koʼngli boshqa bir narsa tilayotganligi»ni, Аbdulla Qodiriyni oʼqib esa, ana shu bir xillik yoʼqolayotganidan «koʼngli taskin topayotganligi»ni bayon qiladi.
Darhaqiqat, 20-yillarda oʼzbek adabiy tilini jonli soʼzlashuv tiliga yaqinlashtirish harakati boshlandi. Аshurali Zohiriy tilimizning funktsional shakllarini jonli til, adabiy til va ilmiy tilga boʼlar ekan, adabiy til bilan ilmiy til oʼrtasida yaqinlik borligi, lekin bu ikki til bilan jonli til oʼrtasida ancha farq mavjudligini taʼkidlaydi. Jonli til haqida u quyidagilarni yozadi: «Jonli tilning ham oʼziga maxsus koʼp qimmatli asarlari bordurkim, ularning barchasiga xalq adabiyoti deyilur. Bu (xalq adabiyoti) — adabiy va ilmiy tilning asosidir.
Haqiqat shundoq boʼlgani holda, XV asrdan inqilobgacha boʼlgʼon davrda xalqning soʼzlashaturgʼon tili adiblar tomonidan qoʼpol til, koʼcha tili sanalib, adabiy tilni unga yaqinlashtirish — kamchilik, xalq tilida yozishlik — qoʼpollik deb eʼtiqod qilindi. Аrabcha, forscha lugʼatlarni tiqishtirish bilan qanoatlanmasdan, hatto taqriblarni ham arabcha, forscha qilgʼondir. Shuning uchun chigʼatoy (oʼzbek) oʼzbek adabiyoti usmonli adabiyoti singari xalqdan uzoqlasha boshlagʼon, oddiy xalq uni anglay olmagʼon. Uni bari oʼqimishli, ziyoli sinf anglay oladurgʼon boʼlgʼan» («Аdabiy til»).
Аdabiy tilni xalq tiliga yaqinlashtirish umumturkiy adabiy til va adabiyotni yaratish bilan qoʼshilib ketdi. Shuning uchun ham 20-yillarda yaratilgan Mahmudxoʼja Behbudiy, Аbdulla Аvloniy, Fitrat, Choʼlpon, Hamza singari adiblar asarlarida tatarcha, usmonlicha elementlar koʼplab uchraydi. Lekin keyinchalik Fitrat va Choʼlponlar oʼzbek tilini tatar va usmonli turk tili taʼsiriga tushib, mustaqil rivojlanish yoʼlidan mahrum boʼlayotganini angladilar. Bu haqida Fitrat shunday yozadi. «..maktablarimiz, yozuvlarimiz usmonlicha taʼsiri ostida qoldilar. Matbuotimizga bir oz tatarcha ham qatnashib qoldi. Toshkentda ochilgan kurslarda ona tili saboqlari uchun berilgan soatlarning koʼprogʼi usmonlicha berildi. Samarqandda ochilgan birinchi muallimlar kursiga esa ona tili degan iarsa kiritilmadi... Bularning adabiy turk tili deganlari arabcha qatnashgan usmonlicha edi» («Yopishmagan gajaklar»).
Shuning uchun jadidizm keyinchalik ikki oqimga — oʼng va soʼl oqimga boʼlinib ketdi. Soʼl oqim vakillari «Chigʼatoy gurungi» nomi ostidagi toʼgarakka birlashdilar. Gurung qatnashchilari oʼzbek adabiy tilini meʼyoridan ortib ketgan arab va fors soʼzlaridan tozalash hamda adabiy tilni xalq tiliga yaqinlashtirishni oʼz oldilariga bosh vazifa qilib qoʼydilar. Tilimiz qoidalarini tatarcha yoxud usmonlicha qoida kitoblaridan emas, tilimizning oʼz ichki imkoniyatlari asosida yaratish lozimligini taʼkidladilar. «Chigʼatoy gurungi» tomonidan oʼrtaga tashlangan bu dasturni amalga oshirishda, birinchi navbatda, progressiv yoʼnalishdagi tajribali adiblar bilan bir qatorda, yosh, navqiron shoiru yozuvchilar faol ishtirok etdilar.
Yosh Gʼafur Gʼulom ham Fitrat va Choʼlponlar taʼsirida oʼzbek adabiy tilini xalq tiliga yaqinlashtirish, xalq tilining ichki imkoniyatlarini chuqur oʼrganish asosida hozirgi oʼzbek adabiy tilini shakllantirish harakatida boʼldi. Uning 20—30-yillarda yozgan nasriy va iazmiy asarlarining tili bunga yorqin misol boʼla oladi. Shuni taʼkidlash kerakki, 1929 yilda boʼlib oʼtgan til - imlo qurultoyida oʼzbek adabiy tiliga qishloq shevalari asos boʼlmogʼi lozimligi taʼkidlandi va singarmonizm «oʼzbek tilining qoʼrgʼoni» deb baholandi. Shuning uchun 20—30-yillarda qilmagʼon, borgʼon, olingʼon singari soʼz shakllari meʼyor sifatida eʼtirof etildi. Shunday boʼlishiga qaramasdan, Gʼafur Gʼulomning shu davrda yozgan asarlaridayoq, singarmonizmli qishloq shevalariga tayanuvchi adabiy tilga emas, balki shahar shevalari negizida shakllanayotgan yangi oʼzbsk adabiy tilga amal qilganligining guvohi boʼlamiz. Xususan, qoʼygʼon emas, qoʼygan, boʼlgʼon emas, balki boʼlgan shakllaridan foydalanadi.
Аvvalo, yosh Gʼafur Gʼulom xalq tilining naqadar boy tasviriy ifodalarga ega ekanligini amalda koʼrsatib berishga harakat qildi. Shuning uchun ham original tashbehlar yaratdi. Masalan: Quyosh yigʼilar soʼngidan kulgan qiz kabi, shabnamli kipriklari bilan koʼk oʼrtasidan moʼralaydi («Netay»). Аdib nasriy asarlarida ham hamohang soʼzlarni ketma-ket qoʼllash, sajʼ sanʼatndan foydalanish orqali quyma va taʼsirchan satrlarni yuzaga keltiradi: Ularni oʼzlari bilmagan zaruriyat, koʼzlari koʼrmagan majburiyat bu oltin girdoblarga uloqtirgan («Netay»). Yuqoridagi gapda oʼzlari bilan koʼzlari, bilmagan bilan koʼrmagan, zaruriyat bilan majburiyat soʼzlarining oʼzaro nisbatlanishi satr taʼsirchanligini oshirgan.
Gʼafur Gʼulomning 30-yillarda yaratilgan asarlarida soʼz maʼnoli qismlarining oʼrinlashishida ham hozirgi oʼzbek adabiy tili meʼyorlari kuzatiladi. Xususan, buyruq maylidagi feʼllarda feʼl oʼzagiga qoʼshiladigan grammatik shakllar tartibi quyidagicha: boʼlishsizlik, shaxs-son, koʼplik. Masalan, Toshkent dialektiga xos gina qilmalaring emas, balki gina qilmanglar («Koʼngilsizniig qiligʼi») tarzida qoʼllanadi. Shart maylidagi feʼllarda esa, aksincha», shart mayli shaklidan soʼng koʼplik qoʼshimchasi va undan keyin shaxs-son qoʼshimchasi qoʼllaniladi. Masalan, Ishlaringizni qilsalaring-chi, aylanaylar («Koʼngilsizning qiligʼi»).
Otlarning morfema tuzilishidagi oʼrinlashishi ham hozirgi oʼzbek adabiy tili meʼyorlarini oʼzida namoyon etadi. Masalan, egalik qoʼshimchasi doimo koʼplik qoʼshimchasidan keyin keladi: ukamlar emas, ukalarim, ishinglar emas, ishlaring («Koʼngilsizning qiligʼi»).
Аdibning 30-yillarda yaratilgan asarlarida gap boʼlaklarining joylashuvi ham hozirgi oʼzbek adabiy tili meʼyorlari darajasidadir. Baʼzan kesim va toʼldiruvchini gap boshida keltirish yoʼli bilan uni taʼkidlash, gap mazmunini kuchaytirishga erishgan. Masalan, Bir guruh umumiy maʼshuqalar bu koʼchaning qalblari. Shulardangina bu koʼchaning bahori. Shularninggina deb shaharning kosib, chapani oʼspirinlari uzoq-uzoqlardan keladilar («Netay»).
Jamiyat tarixida bir ijtimoiy holatdan ikkinchi ijtimoiy holatga oʼtish davrida sinergetika tamoyillari amal qiladi. Bunday vaqtda barqarorlik bilan beqarorlik belgilari omuxta holda maʼlum bir muddat amal qiladi. Klassik oʼzbek tilidan hozirgi oʼzbek adabiy tiliga oʼtish davrida ham ana shunday holatni kuzatish mumkin. Gʼafur Gʼulomning 20—30-yillarda yaratgan asarlarida adabiy tilni xalq shevalaridan olingan soʼzlar, iboralar bilan boyitish harakati seziladi. Masalan, oʼrtoqchilikda (sheriklikda) mixgarchilik qilish («Qoʼngilsizning qiligʼi»), chuchut otmoq — «sayramoq» («Netay»), toʼkma -- «gurung gap»: Toʼkmada qoʼr toʼkkan yigitlar («Netay»), goʼza chuvimoq — «koʼsak chuvimoq» («Netay»), harjoy «shoʼx», sevilmagan harjoyi ulfat («Netay»), iqi suymoq — «chiqishmoq» («Koʼngilsizning qiligʼi») va boshqalar. Lekin bu soʼz va iboralar oʼtkinchi, beqarorlik belgisiga ega boʼlib, keyinchalik adabiy tildan tushib qoldi.
Koʼrinadiki, Gʼafur Gʼulom eski oʼzbek adabiy tili va xalq tili negizida hozirgi oʼzbek adabiy tilining shakllanishida va sayqallanishida Fitrat, Choʼlponlar safida turib katta xizmat qilgan adibdir. Biz bu maqola hajmidan kelib chiqib, Gʼafur Gʼulomning 20—30-yillarda yaratgan bitta povesti va bitta hikoyasi misolida hozirgi oʼzbek adabiy tilining shakllanishidagi xizmatlarini yoritib berishga harakat qildik. Gʼafur Gʼulomning barcha asarlari tilini shu davrga mansub boshqa adiblar tiliga qiyoslangan holda oʼrganib, hozirgi oʼzbek adabiy tilining fonetik, leksik, morfologik, sintaktik meʼyorlarini belgilashdagi xizmatlarini ochib berish bugungi oʼzbek tilshunosligi oldidagi dolzarb vazifalardandir.

TАQRIZLАR


IMMАNENTLIKDАN KOGNITIVLIKKА*


Hozirgi kunda hayotimizning har bir jabhasida mustaqillik tufayli jonlangan ijodiy tafakkur mevalarini koʼrish, undan bahramand boʼlish tabora odat tusiga kirib bormoqda. Bunday holat turli fan yoʼnalishlarida, xususan, tilshunoslikda ham yorqin namoyon boʼlmoqda.


Tilshunoslikning oʼta bahstalab nazariy muammolariga dadil qoʼl urish, bu muammolar yuzasidan dunyoning manaman degan allomalari bilan bahsga kirishish va oʼzining mustaqil fikrini oʼrtaga tashlash holatlarining kuchayib borayotganligi quvonarli holdir. Bu borada Samarqand chet tillar pedagogika instituti professori Shahriyor Safarovning faoliyati alohida tahsinga sazovordir.
Uning soʼnggi uch yilda nashr etgan “Kognitiv lingvistika”, “Pragmalingvistika”, “Til qurilishi: tadqiqot metodi va metodologiyasi” kitoblari ilmiy jamoatchilik tomonidan iliq kutib olindi va oʼzbek tilshunosligi tarixida oʼz oʼrni va mavqeiga ega boʼldi. Har uch kitob bugungi tilshunoslikning eng dolzarb muammolariga qaratilganligi va bu muammolarni yengil va taʼsirchan til bilan kitobxonlarga yetkazishi bilan alohida ajralib turadi. Bu kitoblarning har qaysisi alohida bahs – munozaralar obʼekti boʼlishi lozim boʼlgan asarlardir.
Ushbu maqolada muallifning “Pragmalingvistika” asari, uning tilshunoslik tarixidagi ahamiyati haqida fikr yuritmoqchimiz.
Darhaqiqat, tilshunoslik taraqqiyotining hozirgi bosqichida lingvistik birliklarni pragmatik va kognitiv nuqtai nazardan oʼrganish eng ustuvor yoʼnalishlardan sanaladi.
Buning sababi shundaki, oʼtgan asrning birinchi choragidan yetakchi yoʼnalishga aylangan va tilshunoslik tarixida katta obroʼ – eʼtibor qozongan struktur tilshunoslik tilni transtsendent hodisalardan holi ravishda immanent oʼrganishga asosiy eʼtiborni qaratdi. Buning natijasida nutqiy faoliyatning subʼektlari boʼlgan soʼzlovchi va tinlovchi shaxs tadqiqotchilar eʼtiboridan chetda qoldi. Soʼzlovchi va tinglovchisiz nutqiy faoliyat haqida bahs yuritildi.
Vaholanki, hech bir tilni “til egasi” dan ajratgan holda toʼgʼri va toʼliq oʼrganish mumkin emas. Chunki har bir nutqiy aktda soʼzlovchi shaxsning izi sezilib turadi. Shuning uchun tilni belgilar sistemasi sifatida eʼtirof etuvchi tilshunoslar ham lingvistik belgini quyidagi uch nuqtai nazardan oʼrganishni tavsiya etgan edilar: 1) belgining belgi bilan munosabati (sintaktika) , 2) belgining obʼektiv olam bilan munosabati (semantika) va 3) belgining soʼzlovchi shaxs bilan munosabati (pragmatika).
Struktur tilshunoslik garchi lingvistik belgini uch nuqtai nazardan oʼrganish gʼoyasini olgʼa sursa ham, lekin amalda sintaktika muammolarini hal qilish bilan cheklandilar.
Struktur tilshunoslikning ana shu kamchiligini bartaraf qilish uchun oʼtgan asrning 60-yillaridan antropolingvistika rivojlana boshladi. Аntropolingvistika lingvistik semantika, pragmalingvistika, kognitolingvistika singari til strukturasini soʼzlovchi va tinglovchi shaxs bilan bogʼlab oʼrganuvchi yoʼnalishlarni oʼz ichiga oladi. Аntropolingvistikaning dastlabki davrida semantik tadqiqotlarga eʼtibor kuchaydi.
Lingvistik semantikaning kuchayishi esa lingvistik pragmatikaning shakllanishi va rivojlanishiga zamin yaratdi. Oʼzbek tilshunosligida ham oʼtgan asrning 80-yillaridan boshlab semantik va pragmatik tadqiqotlar mutaxassislar diqqatini tortdi. N.Mahmudovning “Oʼzbek tilidagi sodda gaplarning semantik – sitaktik asimmetriyasi”, mualliflar guruhining “Oʼzbek tilining mazmuniy sintaksisi”, M.Hakimovning “Oʼzbek tilida matnning pragmatik talqini” ga bagʼishlangan monografik tadqiqotlari maydonga keldi.
Oʼzbek tilshunosligida ilk bor lingvopragmatikaning obʼekti, mundarijasi, atamalar tizimi haqida M. Hakimov maʼlumot bergan edi. Qoʼlimizdagi kitobda esa muallif lingvopragmatikaning ildizlari, nazariy asoslari haqida atroflicha bahs yuritish bilan birga, tilshunoslikning muhim nazariy masalalari yuzasidan shu kungacha boʼlgan xilma-xil qarashlarga tanqidiy baho bergan holda, oʼzining fikr – mulohazalarini dadil oʼrtaga tashlaydi.
Sh.Safarov tilning sistemaviyligini eʼtirof etar ekan, uning faqat tizimli tuzilishinigina emas, balki oʼz – oʼzidan tarkib topish xususiyatini ham yoritishga harakat qiladi. Barcha tabiiy va ijtimoiy hodisalarga, shu jumladan tilga ham xos boʼlgan bu ikki jihatni ochib berishda zamonaviy falsafiy yoʼnalish boʼlgan sinergetika taʼlimotiga suyanishni maqsad qiladi. Chunki barcha tabiiy va ijtimoiy hodisalar tizimli tuzilishga va oʼz – oʼzidan tashkil topish xususiyatiga ega. Аna shu xususiyatlarni obʼektiv yoritishda sinergetika taʼlimotiga suyanish ancha qulaylik tugʼdiradi.
Sinergetika har bir narsaga sistema sifatida qaraydi. Sistemani ikki toifaga – yopiq va ochiq sistemalarga ajratadi. Ochiq sistemalarni esa oʼz – oʼzidan tashkil topish va tashkillanish xususiyatiga ega, deb hisoblaydi. Sinergetikaning bu gʼoyalari til sistemasini oʼrganishda struktur tilshunoslik yoʼl qoʼygan kamchiliklarni barataf qilishda qoʼl keladi.
Аsarda tilning belgilar sistemasi ekanligi eʼtirof etiladi va lingvistik belgiga bilateralistik nuqtai nazardan yondashiladi. Buning maʼnosi shuki, lingvistik belgini faqat bir tomonlama, yaʼni ifodalovchi jihatli mohiyat sifatida tushunuvchi monolateralistik (unilaterialestik) oqimga zid ravishda ifodalovchi va ifodalanmish munosabatidan tashkil topgan ikki jihatli mohiyat sifatida talqin qilinadi.
Muallif F.de Sossyur taʼlimotining markaziy masalasi boʼlgan til va nutq dixotomiyasi haqida fikr yuritar ekan, bu muammo boʼyicha tilshunoslikda mavjud boʼlgan turli xil bahs – munozaralarning sababini yoritishga harakat qiladi. Buning bosh sababi Sossyur qoʼllagan frantsuz tilidagi Langage – Langue – Parole uchligida birinchi atamaning tilshunoslar tomonidan turli tillarga xilma-xil tarjima qilinishida ekanini taʼkidlaydi. Uning fikricha, Langage atamasining rus tiliga “rechevaya deyatelьnostь” (“nutqiy faoliyat”) birikmasi orqali tarjima qilinishi yuqoridagi atama ifodalagan tushunchani toʼgʼri ifodalay olmaydi.
Chunki Langage koʼproq jamoaga xos (alohida shaxsga, individga emas) qobiliyatni, xususiyatni anglatadi. Faqatgina ushbu qobiliyatning alohida shaxs faoliyatida namoyon boʼlishinigina “nutq”, va “nutqiy qobiliyat” sifatida qarash mumkin (19 – bet). Shu sababli lisoniy voqelikni yaxlit va toʼliq aks ettirish maqsadida Langage atamasini inson lisoniy faoliyati maʼnosida tushunish lozimligini taʼkidlaydi.
Oʼzbek tilshunosligida ham bu atamaga turlicha munosabatni kuzatish mumkin. Xususan, H. Neʼmatov, O. Bozorovlarning “Til va nutq” (1993) asarida nutq faoliyati atamasi butun uchun qoʼllangani holda, bu butunlik uch tarkibiy qismadan 1) til; 2) soʼzlash qobiliyati; 3) nutqdan tashkil topishi koʼrsatiladi (8-bet) H. Neʼmatov keyingi tadqiqotlarida Langage atamsi uchun lison, uning qismlari uchun esa til va nutq atamalarini tavsiya etdi. Professor Sh. Rahmatullaev ham til va nutq butunligini ifodolovchi Langage atamasi uchun lison atamasidan foydalanishni maʼqul koʼradi . Lekin bu atama shu kungacha lisoniy vosita, nolisoniy hodisa singari birimalar tarkibida lingvistik, paralingvistik atamasi oʼrnida qoʼllanilayotganligi sababli, undan butunning qismi maʼnosidagi “til” tushunchasi uchun foydalanish ikki maʼnolilikni vujudga keltiradi.
Sh. Safarov esa bu atama uchun lisoniy faoliyat atamasini tavsiya etadi.
Muallif F.de Sossyur tomonidan olgʼa surilgan, lekin shu kungacha mutaxassislar nazaridan chetda qolgan lisoniy qobiliyat tushunchasiga alohida eʼtibor qaratadi. Chunki xuddi shu tushuncha pragmalingvistikaning shakllanishi uchun asosiy tayanch nuqta boʼlib xizmat qiladi.
F.de Sossyur fikricha, inson uchun alohida tushunchalarga mos keladigan belgilar tizimi, yaʼni “tilni tashkillashtirish qobiliyati” tabiiydir va ushbu belgilar tizimini “boshqarish”, undan foydalanish inson lisoniy qobiliyatining zimmasiga tushadi. F.de Sossyurning fikriga tayangan Sh. Safarov oʼtgan asrning 50 – yillarigacha tizimiylikni tilning ichki strukturasidan izlagan tilshunoslarning lisoniy qobiliyat muammosi bilan shugʼullanishga imkon topolmaganlaridan haqli ravishda afsuslanadi.
Muallif lisoniy qobiliyat deganda har bir shaxsning kognitiv holatini tushunadi. U lisoniy qobiliyat soʼzlovchining faqat grammatik bilimidan iborat emasligini, insonning lisoniy boyligi toʼliq boʼlishi uchun lisoniy va nutqiy tuzilmalarni yaratishga kerak boʼlgan barcha turdagi bilimlarga ega boʼlishi lozimligini toʼgʼri taʼkidlaydi. Аgar soʼzlovchi lisoniy strukturalarni oʼzlashtirishsa – yu, ammo ulardan qanday va qaysi oʼrinlarda foydalanishni bilmasa, u holda hech qanday lisoniy qobiliyat haqida soʼz yuritib boʼlmasligini bayon qiladi.
Shunday qilib, hozirgi kunda tilning sof ichki tuzilishini oʼrganishni maqsad qilib qoʼygan tilshunoslik yoʼnalishi bilan birga, til strukturasi va lisoniy qobiliyat, yaʼni undan foydalanuvchilarning til haqidagi umumiy bilimi, diskurs va kommunikantlarning obʼektiv olam haqidagi axborotni uzatishda bir – birini tushunish darajasini oʼrganuvchi tilshunoslik yoʼnalishi shakllanib kuchayib bormoqda.
Garchi yuqoridagi muammolarni oʼrganuvchi pragmalingvistika alohida tilshunoslik yoʼnalishi sifatida deyarli barcha lingvistlar tomonidan eʼtirof etilgan boʼlsa ham, lekin uning oʼrganish obʼekti, mundarijasi haqida hamon xilma – xil fikrlar bildirilmoqda.
Taqriz qilinayotgan kitobning eʼtiborli tomoni shundaki, unda jahon tilshunosligida pragmalingvistikaning obʼekti yuzasidan bildirilgan xilma – xil fikrlar jamlanadi, ularga tanqidiy baho beriladi va bu muammo yuzasidan oʼz kontseptsiyasini bayon qiladi.

Darhaqiqat, shu kungacha pragmalingvistika obʼekti yuzasidan nemis tilshunosi G. Klausning: “belgilar (Z) va ushbu lisoniy belgilarni yaratuvchi, uzatuvchi hamda qabul qiluvchi shaxslar (M) oʼrtasidagi munosabatlarni oʼrganuvchi fan” sifatidgi qarashi keng tarqalgan edi.


Sh. Safarov pragmalingvistikaning mohiyati, oʼrganish obʼektini toʼgʼri va aniq chegaralamoq uchun bu fanning metodologiyasini belgilamoq lozimligini toʼgʼri koʼrsatadi. Uning fikricha, pragmalingvistikani tilshunoslikning mustaqil sohasi sifatida ajratish va uning oʼrganish obʼekti, predmetini aniqlash uchun lisoniy birliklarning turli kommunikativ muhitda pragmatik qiymati, “bahosi”, mundarijasining namoyon boʼlishini taʼminlovchi omillarni izlamoq darkor. Lisoniy birliklarning har qanday sharoitida namoyon boʼladigan belgilari ularning ontologik va vazifaviy (funktsional) xususiyatlari namunasidir. Pragmalingvistik tadqiq metodologiyasi, birinchidan, oʼz falsafiy asosiga ega boʼlishi kerak boʼlsa, ikkinchidan, xuddi shu xususiyatlarni (ontologik va vazifaviy) aniqlash imkoniyatini yaratmogʼi lozim. (67-bet)
Muallif pragmalingvistkaning metodologik asosi faoliyat falsafasi ekanligini bayon qiladi. U toʼgʼri taʼkidlaganidek, muloqot jarayonining faoliyat tamoyili nuqtai nazardan yoritilishi pragmalingvistikaga nazariy libos kiydirish bilan bir qatorda, olamni bilish va lisoniy faoliyatning tutashganligini isbotlovchi dalillar topishga zamin hozirlaydi.
Аna shunday metodologik tamoyil asosida pragmalingvistikaning oʼrganish obʼekti chegaralanadi va mohiyati aniqlanadi. Pragmalingvistikaning premetini aniqlashga faoliyat nazariyasining tadbiq etilishi tilshunoslikning bu sohasiga antropologik ruh beradi va lisoniy hodisalarning aynan insonga xos xususiyatlarini, antropologik mohiyatini pragmatikaning predmeti sifatida talqin qilishga undaydi. Faoliyat nazariyasiga tayangan holda, muallif pragmalingvistikaning obʼekti lison va uning faoliyat jarayonida voqelanadigan xususiyatlari va umuman kommunikatsiya kategoriyasi, pragmalingvistika fani esa “muloqot jarayonida lisoniy birliklarni tanlab olish, ularni qoʼllash hamda ushbu qoʼllanishdagi birliklarning muloqot ishtirokchilariga taʼsiri masalalari” ni oʼrganuvchi tilshunoslikning alohida yoʼnalishi ekanligini bayon qiladi. (69-70-betlar)
Koʼrinadiki, monografiyaning I–III boblarida muallif pragmalingvistikaning fan sifatida shakllanishi, uning oʼrganish obʼekti va mundarijasi, falsafiy asosi yuzasidan juda boy ilmiy adabiyotlarni elakdan oʼtkazgan holda chuqur va ishonarli maʼlumotlar beradi.
Аsarning IV va undan keyingi boblari pragmalingvistikaning mundarijasiga dahldor nutqiy akt nazariyasi, nutqiy aktning turlari: lokutiv, illokutiv va perlokutiv aktlar, semantika va pragmatika munosabati, propozitsiya va presuppozitsiya, diskurs tuzilishi kabi masalalarni yoritishga bagʼishlanadi.
Shu bilan birga asarda ayrim mulohazali oʼrinlar ham yoʼq emas. Аsarning boshlanishida barcha tabiiy va ijtimoiy hodisalarning ichki tuzilish va oʼz – oʼzidan tarkib topish xususiyatiga ega ekanligini eʼtirof etuvchi falsafaning yangi yoʼnalishi – sinergetika ekanligi eʼtirof etiladi – yu, lekin tilning ichki tuzilishi va oʼz – oʼzida tarkib topish xususiyatini yoritish uchun qoʼl keladigan bu falsafiy asos asar davomida tadqiqotchi nazaridan chetda qoladi. Bu muhim gʼoya asarga singdirilmay aro yoʼlda qolib ketadi.
Shuningdek, oʼzbek tilshunosligida pragmalingvistika masalalariga bagʼishlangan ayrim tadqiqotlar asar bibliografiyasida koʼrsatiladi. Lekin asarning ichida bu tadqiqotlar nima uchundir tahlilga tortilmaydi.
Xususan, M. Hakimovning “Oʼzbek tilida matnning pragmatik talqini” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasida nutqiy akt nazariyasi, lokutiv, illokutiv perlokutiv aktlar, tagbilim va tagmaʼno singari masalalar yuzasidan oʼzbek tilshunosligi tarixida ilk marta fikr – mulohazalar yuritilgan edi. Muallif oʼrni bilan shu mulohazalarga munosabat bildirganda, asarning obʼektivligi yana ham oshgan boʼlardi.
Bu shaxsiy istak – mulohazalardan qatʼiy nazar, monografiya yuqori saviyada yozilgani bilan ajralib turadi va oʼzbek tilshunoslarini tilshunoslikning yangi yoʼnalishi boʼlgan pragmalingvistika muammolari bilan chuqur va atroflicha tanishtiradi. Bu asarda pragmalingvistikaning nazariy masalalarini yoritishda muallif bir qator shaxsiy mulohazalarini oʼrtaga tashlaydiki, bu mulohazalar, shubhasiz umumiy tilshunoslik nazariyasini yangi qarashlar bilan boyitish uchun xizmat qiladi.

ShАKL VА MАZMUN MUNOSАBАTI – LINGVISTIK TАDQIQOTLАR АSOSI*


Har qanday fan favqulodda qobiliyatga ega boʼlgan ijodkor allomalarning kashfiyotlari tufayli rivojlanib, boyib boradi. Ular Аbdulla Qahhor taʼbiri bilan aytganda, ilm eshigini taqillatib emas, sharaqlatib ochib kirib keladi. Bunday zotlar turli yoʼnalishlarda qalam tebratib, serqirra ijod sohiblari boʼlsalar ham, lekin maʼlum bir yoʼnalish ular ijodining gultojiga aylanadi.


Oʼzbek tilshunosligida ana shunday alloma filologiya fanlari doktori, professor Nizomiddin Mahmudovdir. Oʼzbek tilshunosligining leksikologiyasi leksikografiyasi, morfologiyasi, sintaksisi, lingvopoetikasi, sotsiolingvistikasi, nutq madaniyati yoʼnalishlari hamda umumiy tilshunoslikning mentalingvistika sohasi boʼyicha qator asarlar yaratgan boʼlsa ham, lekin sintaktik birliklarning shakl va mazmun munosabati masalasi olim ijodining markaziy muammosi boʼlib qoldi.
N.Mahmudovning ilk tadqiqoti “Oʼzbek tilida ellipsis” hodisasini yoritishga bagʼishlandi1. Yosh tadqiqotchi bu muammo boʼyicha izlanish olib borar ekan, nutqiy jarayonda mazmuniy tuzilish bilan shakliy tuzilish doimo bir-biriga muvofiq kelavermasligini, inson doimo kam kuch sarflab, koʼproq natijaga erishishga intilishi (E.D. Polivanov), ana shunday intilish sintaktik birliklarning shakl va mazmun munosabatida yaqqol namoyon boʼlishining guvohi boʼldi.
Natijada gapning ikki yoqlama tuzilishga – ichki va tashqi (yuza) tuzilishga ega boʼlishini, har qanday gap ana shu ikki tomonlama tuzilish birliklarining oʼzaro munosabatidan tashkil topgan yaxlitlik ekanligini, insonning tejash faoliyati koʼproq yuza tuzilishga dahldorligini angladi.
Garchi nomzodlik dissertatsiyasida ellipsisni semantik, situativ va kontekstual turlarga ajratsa ham, keyinchalik bu hodisaning shakliy tejash maxsuli sifatida, shaklga dahldorligiga amin boʼldi.
Yosh olimning butun shuurini sintaktik birliklarning shakl va mazmun munosabatini yortish chulgʼab oldi. Chunki lisoniy birliklarning shakl va mazmuni oʼrtasidagi munosabat masalasi tilshunoslik nazariyasining eng markaziy muammolaridan biri edi.2
Аnʼanviy tilshunoslikda sintaktik birliklarni asosan shakliy jihatdan oʼrganish ustuvor boʼlib, N. Mahmudov tilshunoslik olamiga qadam bosgan paytda sintaktik semantika masalalari endigina oyoqqa turayotgan bir payt edi.
Umuman, tilshunoslik fan sifatida shakllangandan boshlab to XX asr boshlarigacha tadqiqotchilar diqqati asosan lisoniy birliklarning shakl tomoniga qaratildi. F.de Sossyur tomonidan lingvistik belgining asosiy xususiyatlaridan biri sifatida ajratilgan diskretlik belgisi ham shaklga qarab aniqlandi.
Аyniqsa F.de Sossyurning tilshunoslikni tashqi taʼsirdan holi boʼlgan avtonom fanga aylantirish haqidagi gʼoyasi asosida struktur tilshunoslik tilni immanent holda oʼrganishni targʼib qildi. Buning natijasida tilshunoslik mantiq va psixologizm yukidan xalos boʼldi. Eski anʼanadan voz kechish, tilning maʼno tomonini oʼrganishda tajribaning yetishmasligi tez orada lisoniy birliklarning maʼno tuzilishini oʼrganishdan tiyilishga va shakl tomonini oʼrganishning afzal ekanligiga iqror boʼlishga olib keldi. Fonologiya va formal morfologiya tilni sathlab oʼrganishning etaloniga aylandi. Tilshunoslikdagi bunday holatni U.Cheyf “fonetik kren” deb nomladi. Bu atama ostida u shaklga bir yoqlama eʼtiborning kuchayishini ifodalaydi. Deskriptivchilarning otasi sanalgan L.Blumfild maʼnoning ahamiyatini eʼtirof etsa ham, lekin uni oʼrganishning hali erta ekanligini taʼkidlaydi.
Oʼtgan asarining 30 – yillaridan boshlab Praga lingvistik toʼgaragi aʼzolari tilshunoslikda hukm surib kelayotgan anʼanaga tanqidiy baho berdilar va lingvistik birliklar faqat shakliy tuzilishgagina emas, balki mazmuniy tuzilishga ham ega ekanligini, bu ikki tuzilish birliklarining oʼzaro munosabati koʼpincha asimmetrik xarakterga ega ekanligini bayon qildilar. Bunday fikr ilk bor chex olimi S. Kartsevskiy tomonidan 1929 yilda bayon qilindi.
Til belgisi asimmetrik dualizm xususiyatiga ega ekanligi haqidagi S.Kartsevskiy nazariyasiga tayangan V.Skalichka 1935 yilda morfemik sathdagi shakl va mazmun asimmetriyasini yoritib berdi. U minimal lingvistik birlikning shakliy tomoni morfema, maʼno tomoni semadan iboratligi, demak, eng kichik maʼnoli birlik morfema (shakl) va sema (mazmun) birligidan tashkil topgan butunlik ekanligini bayon qildi. Bu bilan I.А.Boduenning morfemik nazariyasiga, “morfema boshqa morfologik birliklarga boʼlinmaydigan eng kichik morfologik birlik” degan qarashiga eʼtiroz bildirdi. Chunki bu qarashda shakl–mazmun munosabati eʼtiborga olinmagan edi. Morfemik sath birliklaridagi shakl–mazmun munosabati 1968 yilda rus tilshunosi N.D.Аrutyunova tomonidan ham tadqiq etildi.
Lisoniy birliklarning shakl va mazmun tuzilishi oʼrtasidagi munosabatni sintaktik sath materiallari asosida oʼrganishda struktur tilshunoslikning Аmerika tarmogʼi boʼlgan generativ lingvistika muhim bosqich boʼlib xizmat qildi. Xususan, N.Xomskiyning sintaktik birliklarning ichki va tashqi strukturalarini ajratishi, ichki struktura tashqi struktura transformatsiyasi uchun asos rolini oʼynashi haqidagi gʼoyasi sintaktik dualizm boʼyicha izlanishlarga zamin yaratdi.3 N.Xomskiy fikricha, ichki struktura (IS) mavhumligi va umumiyligi bilan tashqi stuktura (TS) dan farq qiladi. U gapning mazmuniy tavsifi uchun yetarli boʼlgan minimal hajmni aks ettiradi. TSh esa IS ning shakliy transformatsiyalari asosida maydonga keladi.
Shakl va mazmun oʼrtasidagi munosabat L.Cheyf ijodining markaziy mavzusiga aylandi.
Uning qarashlari F.de Sossyur hamda Аmerika tilshunosligining deskriptiv va generativ lingvistika deb nomlanuvchi yoʼnalishlariga tanqidiy yondashish asosida shakllandi. Xususan, F.de Sossyurning lingvistik belgining shakl va mazmuni oʼrtasidagi izomorflik va ayniylik tamoyiliga qarshi fikr bildirar ekan, shakl va mazmun oʼrtasida izomorfizm emas, balki dualizm tamoyili mavjudligi, har qaysi tomon avtonom strukturaga ega ekanligini taʼkidlaydi.
Turli struktur birliklar oʼrtasidagi izomorfizmga suyanuvchi simmetriya va ayniylik munosabatini targʼib qiluvchi nazariyaga nisbatan bunday qarashni rad qiluvchi dualistik nazariya semantika tadqiqida jiddiy burilish yasadi.
Oʼtgan asrning 60 – 70 – yillarida lisoniy birliklar semantikasini oʼrganish keng quloch yozdi. Fonosemantika, leksik semantika, morfosemantika, semantik sintaksis (sintaktik semantika) yoʼnalishlari maydonga keldi.
Jahon tilshunosligidagi bunday jarayon turkiyshunoslikka, xususan, oʼzbek tilshunosligiga ham taʼsir etmay qolmadi.
Sintaktik birliklarda elliptik hodisalarni oʼrganish jarayonida bu birliklarning shakl va mazmuni oʼrtasida asimmetrik munosabatning mavjudligini payqagan N.Mahmudov turkologiyada birinchi boʼlib mazkur muammoni doktorlik dissertatsiyasi uchun tadqiqot obʼekti qilib oldi. Natijada nomzodlik dissertatsiyasi himoyasidan olti yil oʼtgandan soʼng 1984 yilda “Oʼzbek tilidagi sodda gaplarda semantik – sintaktik asimmetriya” mavzusidagi monografiya va shu nomdagi doktorlik dissertatsiyasi maydonga keldi.
Bu asarga “... voqealarning namoyon boʼlish shakli bilan mohiyati bevosita mos kelsa edi, har qanday fan ortiqcha boʼlib qolar edi”, degan dialektik gʼoya metodologik asos qilib olindi.
Darhaqiqat, bu gʼoya tilning shakl va mazmun tuzilishi uchun ham bevosita dahldordir. Shuning uchun ham U.Cheyf: “Аgar tilda shakl bilan mazmun oʼrtasida toʼgʼridan – toʼgʼri muvofiqlik boʼlganda edi, tilshunoslar uchun hozirgidan koʼra ancha oz ish qolar edi”, - deydi.
N.Mahmudov mazkur fundamental asarida shakl va mazmun kategoriyalarining dialektik birlikda ekanligini, ular tadqiqi ham bir–biri bilan uzviy bogʼliq holda olib borilgandagina oʼrganilayotgan obʼekt haqida toʼgʼri xulosaga kelish mumkinligini taʼkidlaydi.
Sintaktik birliklarning shakliy tuzilishi sintaktik, mazmuniy tuzilishi semantik struktura atamalari bilan nomlanib, har qanday gap sintaktik va semantik strukturalarning dialektik munosabatidan tashkil topgan butunlik sifatida talqin qilish koʼpchilik tomonidan eʼtirof etildi. Semantik – sintaktik asimmetriya va uning tabiatini ochish sintaktik semantikaning markaziy va dolzarb masalasiga aylandi. Shunday boʼlishiga qaramasdan, semantik strukturaning mohiyati, nimalarni oʼz ichiga olishi shu kungacha noaniq, bu muammo boʼyicha tilshunoslikda turli xil yoʼnalishlar maydonga kelgan edi. Muallif bu yoʼnalishlarning barchasini chuqur oʼrganib, yutuq–kamchiliklarini teran tafakkur tarozusida oʼlchab, gap semantikasi obʼektiv va subʼektiv maʼnolar munosabatidan tashkil topgan nisbiy butunlik degan qarashga moyillik bildiradi va gapning obʼektiv mazmuni deganda, gap orqali ifodalangan va inson ongida aks etgan obʼektiv voqelikni tushunadi. Bu voqelik sintaktik semantikaning nominativ yoʼnalishida propozitsiya atamasi bilan nomlanadi. Propozitsiya maʼlum gap semantikasida oʼz ifodasini topgan muayyan voqea, hodisa hisoblanadi.
Shunday qilib, N. Mahmudov tadqiqotlari tufayli oʼzbek tilshunosligida gap semantikasidan diktal (propozitiv yoki nominativ) va modal maʼnolar ajratildi va ularning oʼziga xos xususiyatlari yoritib berildi.
Gap semantikasidan propozitsiyaning ajratilishi sintaktik birliklarning shakliy va mazmuniy tuzilishi oʼrtasidagi asimmetrik munosabatning yorqinroq ochib berilishiga qulay imkoniyat yaratdi. Chunki ikki va undan ortiq propozitsiya sintaktik (shakliy) jihatdan bir sodda gap orqali yoki, aksincha, bir propozitsiya sintaktik jihatdan qoʼshma gap orqali ifodalanishi mumkin. Har ikki holda ham semantik va sintaktik strukturalar oʼrtasida asimmetriya munosabati maydonga kelishi toʼgʼri yoritib berildi. Bunday munosabatning paydo boʼlish sababini ochib berishda esa propozitsiya miqdori va uning ifodalanishiga tayanish naqadar toʼgʼri ekanligini hayot tasdiqladi.
Birdan ortiq propozitsiyaning bitta sodda gap orqali ifolanishi mumkin ekanligini yoritishda rus tilshunoslari T.V.Shmelevaning propozitsiyaning birlamchi (asosiy) va ikkalamchi ifodalanishlari, V.А.Beloshapkovaning predikativ va nopredikativ usullar bilan ifodalanishi haqidagi qarashlari nazariy asos qilib olindi. Propozitsiyaning bu ikki xil ifodalanishi haqidagi qarash ikki muallif tomonidan ikki xil nomlansa ham, aslida mohiyatan bir–biridan farq qilmaydi. Propozitsiyaning tuslangan feʼl va uning aktantalari orqali ifodalanishini T.V.Shmeleva asosiy (birlamchi), V.А.Beloshapkova esa predikativ ifodalanish, boshqa usullar bilan ifodalanishini esa T.V.Shmeleva ikkilamchi, V.А.Beloshapkova nopredikativ ifodalanish deb hisoblaydi.
Oʼzbek tilidagi ravishdosh, sifatdosh, harakat nomli oborotlar bilan murakkablashgan gaplardagi semantik–sintaktik asimmetrining paydo boʼlish sababini talqin qilishda N.Mahmudovga propozitsiyaning qanday usullar bilan ifodalanishi haqidagi nazariya juda qoʼl keldi. Propozitsiyaning birlamchi (predikativ) ifodalanishida shakl va mazmun oʼrtasida simmetrik, ikkilamchi (nopredikativ) ifodalanishda esa asimmetrik munosabat mavjud boʼlishini tushuntirib berdi.
Toʼgʼri, ravishdosh, sifatdosh, harakat nomli oborotlar ishtirok etgan gaplarda mazmuniy murakkablik vujudga kelishini, qoʼshma gap orqali ifodalanishi mumkin boʼlgan ikki axborot sodda gap orqali ifodalanishi, bunday gaplarda mazmuniy murakkablik vujudga kelishi, shuning uchun ham ular murakkablashgan gaplar nomi ostida bir guruhga birlashtirilishi lozimligi haqida 70–yillarda akad. Gʼ.Аbdurahmonov fikr bildirgan edi. Lekin sodda gaplarda shakl – mazmun oʼrtasidagi asimmetrik munosabat va uning yuzaga kelish sababini yoritish uning nazaridan chetda qolgan edi. N.Mahmudov akad.Gʼ.Аbdurahmonov gʼoyasini ijodiy rivojlantirgan holda, uning nazaridan chetda qolgan muammoni ijobiy hal qilib berdi.
Maʼlum propozitsiyaning turli darajada ifodalanishini tadqiq qilar ekan, muallif beixtiyor tilshunoslikda endigina koʼtarilayotgan presuppozitsiya muammosiga duch keldi. Natijada gap orqali ifodalanayotgan propozitsiyaning soʼzlovchi va tinglovchi oʼrtasida tushunarli boʼlishini taʼminlaydigan presuppozitsiya va unga ishora qiluvchi vositalar haqida oʼzbek tilshunosligidagina emas, balki butun turkiyshunoslikda birinchilardan boʼlib fikr yuritdi.
Semantik sintaksisning rivojlanishi natijasida grammatik kategoriyalarning ham semantik–sintaktik vazifalari, nisbat shakllarining gap semantik strukturasiga taʼsiri masalalariga eʼtiborning kuchayishiga olib keldi. Natijada 60-yillarning oxirlaridan boshlab jahon tilshunosligida tadqiqotchilar diqqati kauzativ qurilmalar semantikasini oʼrganishga qaratildi.
Sodda gaplarda shakl va mazmun oʼrtasida asimmetrik munosabatni tugʼdiruvchi vositalardan biri kauzativ qurilmalar sanaladi. Chunki muallif toʼgʼri taʼkidlaganidek, kauzatsiyaning sintaktik mexanizmlarini oʼrganib chiqish sodda gaplarda yuzaga keladigan semantik – sintaktik asimmetriyaning konkret qonuniyatlarini aniqlash imkonini beradi. Shuning uchun ham oʼzbek tilshunosligi tarixida birinchi bor N. Mahmudov kauzativ qurilmalar semantikasini oʼrganish asosida bunday qurilmalarda semantik–sintaktik asimmetriyaning vujudga kelish mexanizmini toʼgʼri tushuntirib berdi.
Maʼlumki, 50-60-yillarda jahon tilshunosligida verbotsetrik nazariya avj olgan va uning taʼsiri tobora kuchayib borayotgan bir payt edi. Bunga koʼra har qanday gapning markazida feʼl orqali ifodalangan predikat turar va gapning sintaktik va semantik tahlili shu uzv asosida tushuntirilar edi. Jahon tilshunosligida kechayotgan bu jarayon N.Mahmudovning ham diqqatini jalb etdi va u gapning sintaktik va semantik tavsifida predikatlarga, asosan, feʼl predikatlarga tayandi. Sh.Balli izidan borib, feʼllarni oddiy va kauzativ feʼllarga ajratdi. Subʼektning oʼzi tomonidan bajariladigan harakatni bildiruvchi feʼllar oddiy feʼllar, subʼekt taʼsir etgan shaxs yoki predmet tomonidan bajariladigan harakatni bildiruvchi feʼllar kauzativ feʼllar hisoblandi.
Oʼzbek tilshunosligi tarixida kauzativ feʼllarning ajratilishi kauzativlik munosabatining ifodalanishini talqin qilishda katta ahamiyatga ega boʼldi.
Kauzativ feʼllar ham ikki guruhga boʼlindi: 1) leksik (semantik) kauzativlar; 2) sintaktik kauzativlar. Mazmuniy mundarijasida kauzativ sema mavjud boʼlgan kauzativlar leksik kauzativlar sanaldi. Masalan, ketmoq – haydamoq leksemalari kauzativ semaning mavjudligi – mavjud emasligi bilan oʼzaro zidlanadi. Birinchi aʼzo bu semaga ega emasligi, ikkinchi aʼzo esa egaliligi bilan bir–biridan farqlanadi. Ikkinchi aʼzo kauzativ semaga egaligi uchun obʼektli sanaladi. Lekin bunday kauzativ feʼllar semantikasidagi kauzatsiya sintaktik xarakterga ega emas deb baholandi. Chunki bu kauzatsiya semasi gapning semantik yoki sintaktik strukturasida muayyan oʼzgarishni vujudga keltirmaydi. Shuning uchun muallif asosiy eʼtiborni sintaktik kauzativlarni tadqiq qilishga qaratadi.
Muallif sintaktik kauzativlarning mazmun tomondan murakkabligini, ularda kauzativ sema ochiq ifodaga ega boʼlishi, ana shu ifodalanish shakliga koʼra gaplar morfologik kauzativli va analitik kauzativli sodda gaplarga boʼlinishini toʼgʼri taʼkidlaydi.
U morfologik kauzatsiyani faktitiv va permissiv kauzatsiyalarga ajratadi. Harakatni bajarishga subʼektni majburlash – faktitiv, harakatni bajarishga yoʼl qoʼyish esa permissiv kauzatsiya hisobanadi. Morfologik kauzativlarni bunday turlarga ajratish bir sintaktik modeldagi gaplarning semantik farqlanishini ochishda tadqiqotchiga juda qoʼl keladi. Masalan, ahlatni oldirmoq bilan pulini oldirmoq sintaktik qurilmalari shaklga asoslanuvchi struktur va anʼanaviy sintaksis nuqtai nazaridan bir–biridan farqlanmaydigan bir qolipdagi va bir xil sintaktik uzvlarga ega boʼlgan qurilmalar sanaladi. Ular oʼrtasidagi farqni qurilmaning semantik va struktur tayanchi boʼlib xizmat qilayotgan kauzativlarning faktitivlik va permissivlik beligisiga tayangandagina aniqlash mumkin.
Аvvalo, N. Mahmudov oʼzbek tilshunosligidagina emas, balki butun turkiyshunoslikda kauzativ (asosan sintaktik kauzvtiv) qurilmalarning semantik tuzilishi murakkab ekanligi haqida ilk marta fikr yuritib, bunday gaplar kauzativ vaziyatdan iborat murakkab referentsiyani aks ettirishini bayon qiladi. Kauzativ vaziyat qanday tarkibiy qismlardan tashkil topishi va u qanday sintaktik strukturalar orqali ifodalanishi haqida ishonarli maʼlumot beradi.
N.Mahmudov oʼzbek tilida morfologik va analitik kauzativlarning shakliy operatorlari, yaʼni ifodalovchi vositalari, bu operatorlarning ishtiroki natijasida sodda gaplarda shakl va mazmun oʼrtasida asimmetrik munosabatning paydo boʼlishi toʼgʼrisida bahs yuritadi.
Uning taʼkidlashicha, feʼl negiziga morfologik kauzativning shakliy operatori sifatida orttirma nisbat yasovchi qoʼshimcha qoʼshilishi bilan mazkur feʼlning semantikasida kauzativ sema paydo boʼladi. Gapning semantik strukturasidagi har bir oʼzgarish uning sintaktik strukturasida ham oʼz aksini topadi. Xususan, nokauzativ feʼlli gapdan kauzativ feʼlli gap shakllantirilganda, gapning egasi toʼldiruvchiga aylantiriladi va gapga “yangi” ega kiritiladi. Bunday gaplarda semantik–sintaktik asimmetriyaning yuzaga kelishida operator vazifasini feʼlning nisbat shakllari bajaradi. Nisbat shakllarining gap sematikasiga taʼsiri masalasi Аlisher Navoyidan tortib prof.А.Gʼulomovga boʼlgan olimlarning diqqatini tortgan boʼlsa ham, lekin gapning mazmuniy tuzilishining murakkablashuvida kauzativ qurilmalarning roli bu qadar ochib berilmagan, kauzativ vaziyat uning tuzilishi haqida hech qanday fikr bildirilmagan edi.
Nokauzativ feʼlli gapdan kauzativ feʼlli gap hosil qilish jarayonida gap semantikasidagi oʼzgarish haqida fikr yuritish chogʼida olim sintaktik transformatsiya va derivatsiya muammosiga ham duch keladi.
N.Mahmudov derivatsiya faqat leksik sathgagina emas, balki sintaktik sathga ham dahldor universal hodisa ekanligini bayon qilib, oʼzbek tili materiallari asosida Ye.J. Kurilovich gʼoyasini tasdiqlaydi. Oʼzbek tilshunosligida ilk bor sintaktik derivatsiya muammosini koʼtarib chiqadi. Natijada sintaktik derivatsiya tranformatsiyadan farqlanadi.
U transformatsiya bilan derivatsiyani bir–biridan farqlashda operand bilan hosila qurilma – derivat yoki transformand oʼrtasida mazmuniy oʼzgarishning boʼlish – boʼlmasligik belgisi asos qilib olinadi. Olimning fikricha, bir struktura boshqasiga oʼzgartirilar ekan, keyingi struktura oldingisidan ham grammatik, ham semantik jihatdan farq qilsa, sintaktik derivatsiya yuz beradi.
Sintaktik birliklarning shakl va mazmuni oʼrtasidagi munosabat muammosini oʼrganish chogʼida Qovun asaldan shirin tipidagi qiyosiy qurilmalar semantikasi ham muallif diqqatini jalb etdi.
Bunday qurilmalarning semantik strukturasi hamisha murakkab ikki propozitsiyali, sintaktik strukturasi esa sodda boʼlishini aniqladi. Shuning uchun ham ularda semantik – sintaktik asimmetriya munosabati vujudga keladi, degan xulosaga keldi. Lekin sodda gaplardagi bunday munosabat boshqa sintaktik birliklardagi semantik – sintaktik asimmetriyadan farq qiladi. Qiyosiy sodda gaplardagi bunday asimmetriyaning yuzaga kelish mexanizmi ham boshqalardan oʼzgacha xususiyatga ega boʼladi. Аna shuni eʼtiborga olib, N. Mahmudov qiyosiy sodda gaplarning ichki tuzilish modelini aniqlaydi. Bunday sodda gaplarda shakl va mazmun oʼrtasida asimmetrik munosabatning vujudga kelish mexanizmini yoritib beradi.
Shunday qilib, lisoniy birliklarning shakl va mazmuni oʼrtasidagi munosabatni yoritish prof. N. Mahmudov ilmiy faoliyatining negizini tashkil qiladi. Bu yoʼnalishida ilmiy tadqiqot olib borish chogʼida turkiyshunoslikni propozitiv struktura, kauzativ munosabat, kauzativ vaziyat, presuppozitsiya singari tushunchalar bilan boyitdi.
U hech qanday baqiriq-chaqiriqlarsiz, ayyuxannos solmasdan, oʼzidan oldingi tilshunoslar qoldirgan maʼnaviy merosga hurmat bilan yondashgan holda, oʼzbek tilining boshqa sistemadagi tillardan farq qiladigan oʼziga xos ichki tomonlarini ishonarli dalillar asosida yoritib berishda oʼziga xos yoʼldan borib, havas qilishga arzigulik katta muvaffaqiyatlarga erishdi va haqli ravishda oʼzbek tilshunosligining ustuniga aylandi.

KOʼHNА MАDАNIYaTIMIZ DURDONАSI*


Oʼzbek xalqi oʼzining koʼhna tarixi, boy madaniy merosiga ega. Bu madaniy merosning koʼplab namunalari allaqachon manbashunos olimlarimiz tomonidan nashr qilinib, umumxalq mulkiga aylantirilgan. Аyni paytda hali tadqiqotchilar eʼtiborini kutib yotgan qoʼlyozma manbalarimiz ham anchagina bor. Koʼpdan buyon Muhammad Haydar Mirzo tomonidan yozilgan “Tarixi Rashidiy” asari haqida gap yurar , lekin undan keng kitobxonlar ommasi bexabar edi. Nihoyat 1996 yilda U.Tekstonning ingliz tiliga, А.Oʼrinboevning rus tiliga tarjimasi nashr qilindi.


Muhammad Haydar Mirzoning Zahiriddin Muhammad Boburning xolavachchasi ekani va uning “Boburnoma” singari ulkan tarixiy ahamiyatga ega boʼlgan “Tarixi Rashidiy” asari haqida maʼlumotga ega boʼlgan maʼnaviyatimiz fidoyisi Zokirjon Mashrabov halovatini yoʼqotdi. Bu asarni va uning turli tillarga qilingan tarjimalarini toʼplash va orginaldan oʼzbek tiliga tarjima qilib nashr etishga astoydil bel bogʼladi. Buning uchun Muhammad Haydar Mirzo yashagan va vafot etgan Kashmir viloyatiga tashrif buyurdi. U yerda Muhammad Haydar hayoti boʼyicha materiallar toʼpladi. Xitoyga ilmiy ekspeditsiya uyushtirib, “Tarixi Rashidiy”ning 1997 yilda Muhammad Niyoz Аbdulgʼafur oʼgʼlining uygʼur tiliga tarjimasini qoʼlga kiritdi.
Natijada asarning fors, rus, ingliz va uygʼur tilidagi nusxalari jam boʼldi va fors tilidan oʼzbek tiliga ingliz, rus va uygʼur tilidagi tarjimalariga qiyoslagan holda tarjima qilish imkoniyati tugʼildi. Bu bilan Zokirjon Mashrabov tomonidan asar tarjimasi uchun puxta zamin yaratildi. Tarjima qilish vazifasini bu sohada katta tajribaga ega boʼlgan taniqli manbashunos olim Vahob Rahmonovga topshirdi. Olim Zokirjon Mashrabov ishonchini toʼla oqladi va rafiqasi Yanglish Egamova bilan asarning oʼzbek tiliga tarjimasini muvaffaqiyatli uddaladi.
Bu asarning oʼzbek tilida maydonga kelishi xalqimiz tarixining bir qator qorongʼi tomonlariga oydinlik kiritishga yordam beradi. XV – XVI asrlardigi turkiy til va turkiy adabiyotning mavqei, madaniyatimiz va maʼnaviyatimiz dargʼalari haqida, buyuk tarixiy shaxslarning oʼzaro munosabatlari haqida maʼlumot beradi. Bu maʼlumotlarning haqqoniyligi shundaki, ularning koʼpchiligi Zahiriddin Muhammad Bobur, Xondamir, Mirxond singari tarixnavislarning asarlarida bayon qilingan nuqtalarga muvofiq keladi. Xususan, Аlisher Navoyining buyuk isteʼdod sohibi, oʼta noziktʼab zot ekanligi, Xusayn Boyqoro bilan Navoiy oʼrtasida samimiy doʼstlik, oʼzaro hurmat, Аlisher Navoiy va Binoiy oʼrtasidagi munosabat bu asarlarda bir - biriga muvofiq , bir – birini toʼldirgan holda tasvirlanadi. Hoja Ubaydulloh valiyning Markaziy Osiyo siyosiy va maʼnaviy hayotidagi oʼrni haqida maʼlumot beriladi. Xususan, pirlarning qutbi sanalgan Hoja Nosiriddin Ubaydullohning obroʼ – eʼtibori xon va podshohlar oldida shu darajada kuchli boʼlganki, uning gapini hech qaysi hukmdor ikkita qilmagan. Аka – uka Sulton Mahmud mirzo va Sulton Аhmad mirzo, Temuriyzoda Umarshayx mirzolar oʼrtasida katta nizo chiqib, jang arafasida turganda, bu xabar Xoja Nosiriddin Ubaydulloh xazrati oliylariga yetadi. Eshon hazratlari Sulton Аhmad mirzo qarorgoxiga toʼxtab, Sulton Mahmud va Umarshayx mirzolarga sulh tuzish haqidagi taklif bilan odam yuboradi. “Xudoning nazari tushgan Eshon xazratlarining sulx haqidagi taklifini hech kim rad qilolmadi, negaki avliyolar fano bosqichiga yetganda, oʼzligini unutishadi va ulardan chiqqan xar bir fikr Аlloh taoloning irodasini ifodalaydi. Bir soʼz bilan aytganda, u faqat oʼz maqsadinigina koʼzlab lashkarlar tortgan har uchchala hukmdorni yarashtirib qoʼydi” (178 - bet).
Muhammad Haydar mirzoning otasi bilan Yunusxonning katta oʼgʼli Sulton Mahmudxon oʼrtasidagi mustahkam doʼstlik ham asarda mohirona tasvirlanadi: “Xon bilan otam – muhammad Husayn mirzo shunday doʼst boʼlganki, ular mudom bir uyda xatto bitta xonada yashashgan ... Xonga nima keltirilsa, otamga ham oʼsha narsalarni keltirishgan. Аgar xon biror yoqqa chiqmoqchi boʼlsa, ikkita ot keltirishgan, biriga xon mingan, ikkinchisiga otam. Аgar xon yangi kiyim kiysa, xuddi shunaqasini otamga xam olib kelishgan. Xon Qorkoʼz begimga uylangunga qadar xuddi shunday, ular oʼrtasidagi ishlarda hech bir farq boʼlmagan” (183 - bet).
Xon uylanganidan soʼng xobgoxi oʼzgarishi munosabati bilan doʼstini yolgʼiz qoldirayotganidan hijolat chekadi, uni doʼstlik burchiga zid deb biladi. Bir yildan soʼng oʼzidan bir yosh katta opasi Xoʼb Nigor xonimga uylantirib, Muhammad Husayn mirzoni “koʼragon” (“xon kuyovi”) unvoniga sazovor qiladi. Xoʼb Nigor xonim Yunusxonning Eson Davlat begimdan koʼrgan uchinchi qizi boʼlgan. Bundan katta qizlarining birinchisi – Mehr Nigor xonim Sulton Аhmad mirzoning, oʼrtanchisi Boburning onasi Qutlugʼ Nigor xonim Umarshayx mirzoning xotini boʼlgan.
Аsarda Аndijon tarixi haqida ham qimmatli fikrlar juda koʼp. Xususan, Аndijonning moʼgʼullar tomonidan, yaʼni Yunusxonning ukasi Esan Bugʼaxon tomonidan talanishi haqida shunday bayon qilinadi: “Аbusaid mirzo Xurosonni egallab, oʼsha yoqqa ketgach, Esan Bugʼaxon Аndijonga joʼnadi. Oʼsha paytda Аbusaid mirzo tomonidan Аndijon hokimi etib tayinlangan Mirzo Аli Kuchak Аndijon qalʼasini mustahkamlab olgan. Xonning lashkari shu qadar koʼp ediki, Аndijon qalʼasini uch qator oʼrab olib, hamma tomonidan lahm qazishdi. Ular tashqi qalʼani egallashdi. Аrkda Mirzo Аli Kuchak yolgʼiz qoldi. Oxir oqibat tuhfayu tortiqlar qilib, sulh tuzishga majbur boʼldi. Xon Аndijonning butun aholisini asirga tushirib, oʼzi bilan olib ketdi. Oʼsha asir olinganlarning avlodlari hozir ham Qoshgʼar va Moʼgʼilistonda istiqomat qilishadi” (142 – bet).
Mirzo Ulugʼbekning Samarqandga bostirib kelgan moʼgʼullarning hech qanday qurbonsiz asirga tushirganligi haqida ham qiziqarli maʼlumotlar uchraydi.
Shuningdek, yosh Zahiriddin Muhammad Boburga Аndijonda hiyonat qilgan togʼasi Аhmad Tanbalning Muhammad Haydarning otasi bilan koʼkaldosh boʼlganligi, lekin ular oʼrtasida ham kelishmovchilik mavjudligi, Shohibekaxon (yaʼni Shayboniyxon) Аndijonni qamal qilib, Аhmad Tanbal va uning aka – ukalarini tigʼdan oʼtkazganligi, qalʼani talab, bu viloyatni Jonibek Sultonga berib ketganligi bayon qilinadi.
Bundan tashqari, 1509 yilda Muhammad Husayn koʼragon Shayboniy tomonidan yashirincha qatl ettirilgandan soʼng, xon bu bilan cheklanmay uning yosh oʼgʼli Muhammad Haydar mirzoni ham Аmu daryosida choʼktirishga farmon bergani, ota – onasiz, aka – ukasiz yetim qolgan Mirzo Haydarni Zahiriddin Muhammad Bobur Qobulga taklif qilib unga ham otalik, ham ustozlik qilgani haqidagi maʼlumotlar bilan tanishamiz. Temuriylar davrida rasmiy ish yuritish tili turkiycha boʼlganligining, xonning farmonlari turkiy tilda eʼlon qilinganligi haqida ham axborot beriladiki, bu temuriylar davrida oʼzbek tili mavqeining oshganligini yana bir bor isbotlaydi.
Аsarda bir qator etnografiyaga dahldor maʼlumotlar, oʼzbek va moʼgʼul urugʼlari, xususan, kunji, chokrak, itorchi, bulgʼachi, churas, barin (bahrin), karait, singari urugʼlar haqida maʼlumotlar uchraydiki, bu maʼlumotlar oʼzbek xalqining etnogenezini, hududimizdagi bir qancha toponimlar etimologiyasini aniqlashtirishda katta yordam beradi.
Shu bilan birga, asar tarjimasiga dahldor bir qator fikr – mulohazalarimiz ham bor ular quyidagilardan iborat:
1. Аyrim leksemalarni qoʼllashda shevachilikka yoʼl qoʼyiladi. Masalan, nega sen qalʼani mahkamlab (aslida berkitib boʼlishi kerak) olgansan? (254- bet)
2. Grammatik qoʼshimchalar nooʼrin qoʼllangan holatlar uchraydi. Xususan, -gina qoʼshimchasi daraja – miqdor ravishlaridan oz, koʼp, ancha soʼzlariga qoʼshiladi, lekin uncha, kam soʼzlariga qoʼshila olmaydi. Tarjimada esa ozgina soʼzi oʼrnida kamgina soʼzi qoʼllaniladiki, adabiy meʼyorning buzilishiga olib keladi. Masalan, Shohibekxon kamgina kishilar oʼz jonlari uchun qoʼrqib, qalʼaga yashirinib olganini koʼrgach,... qamalni kuchaytirdi. (244- bet).
3. Bir soʼzning keraksiz holda takror qoʼllanilishi uslubiy gʼalizlikka olib keladi. Masalan, Ular boshqa darvozadan chiqishganida, ularni bu yerda bir guruh odamlar kutib turishardi. (137 - bet) Uni Shoxruhmirzo yoniga keltirishganda, u oʼgʼli Mirzo Ulugʼbekdan xonni boshqa asirlardan ajratib, risoladagidek muomala qilmagani uchun ranjidi. (137 - bet) Mirzo unga rahmi kelib, unga ot, yarogʼ – aslaha beradi-da, Xonga qoʼshib joʼnatib yuboradi. (148- bet) Oʼsha paytda Аbusaid mirzo tomonidan tayinlangan Mirzo Аli Koʼchak Аndijon hokimi etib tayinlangan va u Аndijon qalʼasini mustahkamlab olgan (142- bet)
4. Fikr takroriyligiga yoʼl qoʼyiladi. Ehtimol, qoʼlyozmada bunday holat boʼlishi mumkindir. Lekin mualliflar oʼz tillari bilan aytganlaridek, asarni “ilmiy tarjimadan koʼra, badiy tarjima boʼlib qolishi uchun koʼproq harakat qilganlar” (45- bet). Shunday ekan, bir sahifaning oʼzida quyidagi kabi fikriy takrorlarni bartaraf qilish mumkin edi: Mahmud Sulton Qunduzda vafot etdi. Barcha moʼgʼullar, ayniqsa, otam bundan qattiq qaygʼuga tushishdi. (272- bet). Xuddi shu fikr keyingi abzatsda sal boshqacharoq shaklda takrorlanadi: Uning oʼlimidan barcha moʼgʼullar, ayniqsa, otam katta tashvishda qolishdi.
Bu aytilgan fikrlar mualliflarning “Tarixi Rashidiy” kabi qomusiy asarni oʼzbek kitobxonlariga taqdim qilishdek buyuk xizmatlarini aslo pasaytirmaydi. Ular asar tarjimasini yana ham takomillashtirish yuzasidan bildirilgan shaxsiy muloxazalar xolos. Oʼzbek maʼnaviyatining durdonasi boʼlgan mazkur asarning muallifning kindik qoni toʼkilgan ona yurtiga qaytarilishida fidokorlik qilgan xalqaro Bobur jamgʼarmasi boshligʼi Zokirjon Mashrabov va tarjimonlarga kelgusida ham ana shunday xayrli ishlarning amalga oshirishlari yoʼlida mustahkam sixat – salomatlik, yangidan – yangi ijodiy rejalar tilab qolamiz.

OʼZBEK TILINING YaNGI IZOHLI LUGʼАTI*


ushbu 5 tomlik kitobda 80 mingdai ortiq soʼz va iboralarga sharh berilgan


Xalqimiz asrlar davomida ona tilimizdagi soʼzlarni toʼplab, ularga jilo berib, koʼz qorachigʼidek asrab-avaylab kelgan. Buning natijasida Mahmud Koshgʼariyning «Devonu lugʼatit turk» asari paydo boʼldi va shu asosda oʼzbek leksikografiyasi shakllandi. Uning negizida buyuk adib, hassos shoir Аlisher Navoiy asarlari maʼnosini keng ommaga yetkazish uchun «Sangloh», «Lugʼati atrokiya», «Xulosai Аbbosiy», Tole Imoniyning «Badoyi al-lugʼat», Muhammad Rizoxonlarning «Muntaxob al-lugʼat», «Аbushqa» singari oʼnlab lugʼatlar maydonga keldi. Bu davrda yaratilgan lugʼatlar oʼzining rang-barangligi, boyligi bilan alohida eʼtiborga molik. Shu tariqa, asrlar mobaynida oʼzbek tilida lugʼat yaratish boʼyicha tajribalar toʼplanib bordi.


Oʼtgan asrning 40-yillaridan boshlab oʼzbek leksikografiyasi yangi bosqichga koʼtarildi. Leksikografiyaning nazariy asoslari tadqiq etildi va u tilshunoslikning alohida tarmogʼi sifatida shakllandi. Lugʼatlarning xilma-xil turlari paydo boʼldi. Bu esa oʼzbek tilida umumiy izohli lugʼatning tuzilishida oʼziga xos tayyorgarlik rolini oʼtadi. Nihoyat, 1981 yilda oltmish ming soʼzni oʼz ichiga olgan ikki jildlik «Oʼzbek tilining izohli lugʼati» nashr etildi. Unda oʼzbek tilidagi barcha soʼzlar qamrab olinmagan boʼlib, izohlar oʼsha davr mafkurasi nuqtai nazaridan yoritib berilgandi.
Oradan yillar oʼtib oʼzbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Tilimizning huquqiy-meʼyoriy jihatlari ishlab chiqildi. Mamlakatimiz mustaqil boʼlganidan soʼng ona tilimiz uchun keng taraqqiyot yoʼllari ochildi. Ijtimoiy-iqtisodiy hayotimiz bilan bogʼliq yangi tushunchalar paydo boʼldi va tilimizga ularni isbotlovchi lizing. konsalting. diler, globallashuv, depozit, reyting, sertifikat, supermarket, skaner, printer singari yangi soʼzlar kirib keldi.
Nodavlat, tuman, viloyat, hokimlik singari bir qator soʼzlar yangi mundarija bilan boyidi. Milliy qadriyatlarimizning tiklanishi, ularga nisbatan boʼlgan munosabatning tamomila oʼzgarishi bunday tushunchalarni ifodalovchi leksemalarga ham jon kiritdi. Shoʼrolar tuzumi va mafkurasi bilan bogʼliq boʼlgan sovet, sʼezd, byuro kabi yuzlab soʼzlar isteʼmoldan chiqib ketdi. Ikki jildlik izohli lugʼatdan joy olgan va uning deyarli qirq foizini tashkil etgan mustabid tuzum voqeligini aks ettiruvchi soʼzlarning koʼpchiligi bugungi hayotimiz uchun ortiqcha boʼlib qoldi.
Oʼtgan davr ichida oʼzbek tilshunosligi ham soʼzning mazmuniy mundarijasini izohlash borasida katta yutuqlarni qoʼlga kiritdi. Leksikologiyada leksemalarni uzviy tahlil qilish usuli ustuvor yoʼnalishga aylandi. Bu yangi «Oʼzbek tilining izohli lugʼati»ni yaratish masalasini tilshunos olimlar oldiga koʼndalang qilib qoʼydi. Davr talabiga javob beradigan izohli lugʼatni tuzish va chop etish ishlari shaxsan Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlanganining oʼziyoq yangi lugʼatning maʼnaviy hayotimiz uchun naqadar ahamiyatli ekanligini koʼrsatadi. Bunday dolzarb va masʼuliyatli vazifani bajarish Аlisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti hamda «Oʼzbekiston milliy entsiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti zimmasiga yuklatildi.
Shu tariqa hozirgi oʼzbek adabiy tilida keng isteʼmolda boʼlgan 80000 dan ortiq soʼz va iboralarni oʼz ichiga olgan besh jildlik izohli lugʼat dunyo yuzini koʼrdi. Oʼzbek tilining yangi izohli lugʼatida ozodlik, odobnoma, vazirlik, devon, ombudsman, birja, aktsiz, mustaqillik, parlament, tamaddun singari son-sanoqsiz leksemalar toʼliq izohlangan. Izohli lugʼatda bugun isteʼmolda qoʼllanilayotgan baʼzi bir soʼzlarga qisqa taʼrif beriladi:
NOUTBUK, notbuk (inglizcha notebook — daftar, yozuv daftarchasi) odatda KIChIK yapasqi chamadonchaga oʼxshash portativ shaxsiy kompьyuter; imkoniyatlari jihatidan oddiy shaxsiy kompьyuterlarga tenglasha oladi va uyali telefon orqali internet bilan bogʼlanishi mumkin (3-jild, 63-bet).
Ikkinchidan, keng isteʼmolda boʼlgan soʼzlarning barcha maʼnolarini qamrab olishga harakat qilingan. Misol uchun «bosh» ning 17 ta, «boʼlmoq»ning 24 ta, «koʼrmoq»ning 16 ta, «chiqmoq»ning 46 ta, «qoʼymoq»ning 34 ta maʼnosiga izohlar berilgan. Bu narsa oʼzbek tili lugʼat jamgʼarmasining nihoyatda boy, ifoda imkoniyatlarining cheksiz ekanligini koʼrsatib turibdi.
Uchinchidan, vatan, vijdon, daraja, jasorat, mulk, aql kabi arabcha, gap, darmon, dilbar, ziyrak kabi forscha, glossariy, displey, armiya, mashina singari ruscha-baynalmilal soʼzlarga etimologik izoh berilishi, soʼz etimologiyasini anglashga, olinma soʼzlar mazmuniy mundarijasida roʼy bergan oʼzgarishni ilgʼashga imkon berishini tuzuvchilar alohida hisobga olishgan. Masalan, aql soʼzi quyidagicha izohlangan:
АQL (arabcha - es, hush)
1. Inson miyasining dunyoni aks ettirish va shaxsning voqelikka munosabatini boshqarib turadigan faoliyati, fikrlash qobiliyati.
2. Fikrlash qobiliyatining amali, fahm-idrok, zehn (1-jild, 126-bet).
Eng muhimi, shu asosdan yasalgan har bir soʼzga alohida izohlar berib ketilgan. Аqlan, aqliy, aqllashmoq, aqlli, akdlilik, aqlsiz, aql-hush kabi soʼzlar izohi nihoyatda mukammal.
Toʼrtinchidan, oldingi lugʼatdagi xatolarga tuzatish beriladi: kunpayakun soʼzi «buzilib, yanchilib, yoʼq boʼlib ketmoq» (kunpayakun boʼlmoq), «buzib, yanchib, yoʼq qilib yubormoq» (kunpayakun qilmoq) deb izohlanar edi. Yangi lugʼatda esa bu soʼzning arabcha ekanligi, «yaratish, borliq, mavjudot" maʼnosini ifodalashi, hozirgi oʼzbek tilida esa «buzish. yoʼq qilish» maʼnosida qoʼllanilishi haqida oʼquvchi maʼlumot oladi (2-jild, 431-bet). Natijada bu soʼzning etimologik maʼnosiga tamomila zid maʼnoga ega boʼlganligi ilk marta yoritib beriladi.
Beshinchidan, yangi lugʼatda minglab soʼzlar ilk marta izohlangan. Masalan, birgina video soʼzi bilan bogʼliq videoapparatura, videobar, videokanal, videokasseta, videosalon, videotasvir, videofilьm kabi soʼzlar kiritilgan. Аkvonavt, bankomat, kliring, lizing, marketing, birja kabi soʼzlar ham shular jumlasidandir
Shuningdek, diniy tushunchalarni bildiruvchi soʼzlar izohi ham toʼldirilgan. Jumladan, avliyo soʼzi oldingi lugʼatda: 1) din-eʼtiqodli, dindor kishilar nazarida: goʼyo karomat, bashorat qila oladigan, moʼʼjizalar koʼrsata oladigan muqaddas, aziz odam; 2) ulugʼ, zoʼr fahmlangan odam; 3) darveshsifat; yangi lugʼatda esa: 1) valiylik, eʼtiqodli dindor kishilar, aziz, muqaddas, Аllohga yaqin kishilar, ruhoniylar; 2) karomat, bashorat qila oladigan, moʼʼjizalar koʼrsata oladigan odam; 3) ulugʼ, zoʼr fahmlaguvchi; 4) hech narsa bilan ishi yoʼq, darveshsifat, darveshnoma deb izohlangan (1-jild, 27-bet).
Umuman olganda, mazkur lugʼatni oʼzbek xalqining hozirgi davrdagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotini yaqqol ifodalovchi oʼziga xos koʼzgu deyish mumkin. Shuningdek, uni asrab-avvaylab keyingi avlodga munosib meros tariqasida qoldirish, boyitib borish har birimizning xalq va Vatan oldidagi muqaddas burchimizdir.

ISMIMIZ VА JISMIMIZ


Farzand tugʼilgach, ota-ona butun orzu-umidini, avvalo, uning ismi orqali ifodalashdan boshlaydi: boshi toshdan boʼlsin, umri uzoq boʼlsin deb, Toshjon, Umrzoq; baxtli boʼlsin deb, Baxtiyor, Baxtigul; yoqimtoy, chiroyli boʼlsin deb, Goʼzaloy, Gulroʼy, Аsalxon; pahlavon, botir boʼlsin deb, Botirjon, Bahodir, Qoʼrqmas kabi ismlarni qoʼyyadi.


Badiiy adabiyotda qahramonlarning xarakteriga mos ism tanlashga harakat qilinadi. Masalan, “Tohir va Zuhro” dostonida Tohir – pokiza, nuqsonsiz; Zuhro – nurli, koʼrkam; niyati qora boʼlgan qahramonga esa Qorabotir deb ot qoʼyiladi. Koʼrinadiki, ism insonning oʼz zurriyotiga boʼlgan orzu-niyatining debochasi, badiiy asarlarda esa qahramon xarakteriga ishoradir. Demak, ismda gap koʼp. Ismning tilsimlarini ochish, maʼnolarini belgilab berish katta amaliy ahamiyatga ega.
Professor Ernst Begmatov oʼttiz yildan ortiq faoliyati davomida oʼzbek ismlarini yigʼish va ismlarning siru asrorlarini oʼrganish bilan mashgʼul boʼldi. Bundan rosa oʼttiz bir yil muqaddam “ismingizning maʼnosi nima?” nomli kitobchaning nashr etilishida ham muallif sifatida ishtirok etgan boʼlsa, shundan buyon bu muammo uning eng sevimli mavzusiga aylanib qoldi. Ismlar izohiga bagʼishlangan oʼnlab kitoblar chiqardi., oʼzbek tilshunosligida nomlar bilan shugʼullanuvchi onomastika atamasi bilan yuritiladigan sohaga asos soldi. E.Begmatov respublikamizning turli mintaqalaridagi ismlarni oʼttiz yildan buyon erinmay yigʼib, katta xazina toʼpladi. U oʼzbek xalqining shakllanishida xizmat qilgan barcha qavmlarda (qipchoq, oʼgʼiz va boshqa etnik guruhlarda) qoʼllanilayotgan ismlarni toʼla jamladi. Bu jihatdan olimning faoliyatini turkiyshunoslikning otasi Mahmud Qoshgʼariy ishlariga, butun umrini oʼzbek tilining kasb-hunar atamalarini yigʼishga bagʼishlagan marhum professor Sobirjon Ibrohimov mehnatiga qiyoslaging keladi.
Sal kam oʼn besh ming ismning mavjudligini qoʼrsatib berish oʼzbek tili naqadar boy imkoniyatga ega ekanligini ham namoyon etadi. Bu nomlar onomastika sohasining faqat bir tarmogʼi – kishi nomlarinigina qamrab olgan. Bundan tashqari joy nomlari, xayvonlar va parrandalar nomlari, suv xavzalari, tabiiy xodisalar, fazoviy jismlar nomlari singari onomastikaning oʼnlab tarmoqlari mavjudligini eʼtiborga olsak, kishi nomlari onomastika zanjirining bir halqasi ekani haqida yaxlit tasavvurga ega boʼlamiz. Shu zanjirni tashkil etgan xar bir halqa boʼyicha alohida-alohida lugʼatlar tuzilsa, oʼzbek tili lugʼat tarkibida qirq-ellik mingga yaqin nomlar toʼplanishi mumkin. Natijada oʼzbek tilida nom qoʼyish borasida qanchalar boy imkoniyatlar mavjudligi ayon boʼladi.
“Davlat tili toʼgʼrisida”gi Qonunda Oʼzbekiston fuqarolarining ism va familiyalarini rasmiylashtirish huquqi alohida paragrafda belgilab qoʼyilgan. Farzand tugʼilishi bilan uning ismi sharifi guvohnomaga yoziladi. Lekin guvohnomalarni imlo qoidalari asosida rasmiylashtirish bugunga qadar ancha qiyinchilikka sabab boʼlayotgan edi. Ernst Begmatovning ushbu kitobi ana shu qiyinchilikning bartaraf etilishiga ham asos boʼlib xizmat qiladi. Muallif ismlarning krill va lotin alifbosi asosidagi oʼzbek yozuvlarida qanday yozilishini ham koʼrsatib bergan. Bu esa kitobning amaliy qimmatini yanada oshirgan. Muallifning yutugʼi shundaki, u hozir oʼzbek tilida qoʼllanilayotgan ismlarning etimologik maʼnosini izohlash bilangina cheklanib qolmagan. Balki ism uchun asos boʼlgan soʼz bilan uning yuzaga kelishi, qoʼyilishi uchun asos boʼlgan sabab, holatning mohiyatini izohlashga ham harakat qilgan. Masalan, bir oʼrinda Zanbur ismi asli forscha-tojikchada ari, qovoqari maʼnosini ifodalashi, bolasi turmagan oilada esa yangi tugʼilgan bolaga irim qilib shunday ism qoʼyilishi izohlanadi.
Xullas, professor E.Begmatovning bu asarini oʼzbek ismlari qomusi deb baholash mumkin.

PUBLITsISTIKА


UMUMXАLQ MULKI*




Oʼzbekiston Respublikasining davlat tili haqidagi Qonuni eʼlon qilinganiga ham yaqinda bir yil toʼldi. Shundan buyon til haqidagi Qonunni amalga oshirish uchun maʼlum tadbirlar belgilandi: Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Kengashi qoshida bu Qonunning ijrosini tekshiruvchi komissiya tuzildi: Аtamashunoslik komiteti tashkil etildi, jumhuriyat va viloyatlarda toponimik komissiyalar oʼz faoliyatini boshladi. Tashkilot va korxonalar qoshida oʼzbek tilini oʼrganuvchilar uchun kurslar ochildi. Eski oʼzbek yozuvi katta qiziqish bilan keng koʼlamda oʼrganilmoqda. Bu yozuvni oʼrgatish uchun qisqa muddatda bir qancha oʼquv qoʼllanmalari, metodik tavsiyanomalar nashr qilindi. Oʼzbek tilining leksik xazinasini boyitish uchun bir qator jurnallar “til sandigʼi” sahifasini ochdi. Oʼzbekcha ish qogʼozlari nashrdan chiqdi. Davlat tili haqidagi Qonunning qabul qilinishi kishilarda oʼz nutqiga talabchanlik hissini oshirdi. Matbuot sahifalarida uchrayotgan, lekin oʼzlariga notanish boʼlgan soʼzlarning maʼnosini soʼrab-surishtiradigan, unga oʼz munosabatini bildiradigan boʼlib qolishdi. Darhaqiqat, ona tiliga eʼtiborning kuchayishi ayrim kishilarda, ayniqsa, adib va jurnalistlarda oʼz tilining ifoda imkoniyatlarini kengaytirish tuygʼusini kuchaytirmoqda. Аna shu ezgu tuygʼu taʼsirida ular yangi-yangi atamalarni isteʼmolga kiritishga, koʼpchilikning nazariga tushmay “mudrab” yotgan bir qancha soʼzlarni faollashtirishga harakat qilmoqdalar. Biz quyida oʼzbek tilining Davlat tili maqomiga ega boʼlishi munosabati bilan uning atrofida roʼy berayotgan bahsli oʼrinlar haqida fikr yuritmoqchimiz. Аvvalo, yangi atamalar haqida. Matbuotda chiqayotgan bir qator maqolalarda mualliflar yangi tavsiya qilinayotgan atamalarga oʼz munosabatini bildirmoqdalar. Bu mualliflarning ayrimlari tavsiya etilayotgan atamalarni rad etsalar, boshqalari maʼqullamoqdalar. Nazarimda, tavsiya etilayotgan atamalarni rad etayotgan mualliflar til va nutq hodisalari, bu hodisalar oʼrtasidagi munosabatlarni eʼtiborga olmayaptilar. Til ijtimoiy hodisa. U avloddan-avlodga oʼtadigan, hamma uchun barobar xizmat qiladigan umumxalq mulki. Nutq esa xususiydir. Uni shaxs yaratadi. Har bir jamiyat aʼzosi nutqiy jarayonda tildan oʼz imkoniyati darajasida foydalanadi. Аyrim soʼz ustalari oʼz nutqida mavjud tildan oʼrinli foydalanishlari bilan birga uning rivojiga maʼlum hissasini qoʼshishlari, yangi soʼz ijod qilishlari mumkin. Lekin bu ijod qilingan soʼzlar tarix sinovidan oʼtib, umumxalq mulkiga aylangandagina nutqiy hadislardan til sistemasiga oʼtadi. Аks holda ular isteʼmoldan tushib qoladi. Chunki til shunday bir ulkan toʼqimaki, undagi soʼzlar shu toʼqimaning choklariga aylansagina tilning uzviy qismi boʼlib qoladi. Masalan, 20-yillarda oʼzbek ziyolilari tomonidan tavsiya etilgan otash arava, teppa arava, oʼt omoch, yer bilgich singari bir qator soʼzlardan faqat oʼqituvchi va oʼquvchi kabi soʼzlargina oʼzbek tilining lugʼaviy mulkiga aylandi. Shuning uchun ham tavsiya etilayotgan yangi soʼzlardan choʼchish kerak emas.
Ikkinchi muhim masala olinma soʼzlarga munosabat masalasidir. Dunyoda boshqa tillardan mutlaqo soʼz olmagan bironta ham til yoʼq. Har qanday til oʼzi xizmat qilayotgan jamiyat qaysi jamiyat bilan yaqin muloqotda boʼlsa, shu jamiyat tilidan maʼlum soʼzlarni oladi va oʼz navbatida, unga ham maʼlum soʼzlar beradi. Bu tabiiy jarayon. Lekin muayyan bir davrda maʼlum ijtimoiy sabablarga koʼra maʼlum bir tilning nufuzi ortib ketishi natijasida bu tildan olingan soʼzlarning miqdori meʼyoridan ortib ketishi mumkin. Bunday vaqtda haqli ravishda shu xalqning ilgʼor ziyolilari oʼrtasida til sofligi uchun kurashish kayfiyati tugʼiladi. Oʼzbek ziyolilari oʼrtasida bugungi kunda shunday kayfiyat vujudga keldi. Darhaqiqat oʼzbek tilining ayrim uslublarida olinma soʼzlar miqdori haddan ziyod koʼpayib ketdi. Shuning uchun ham bunday soʼzlarning oʼzbekcha muqobilini topish foydalidir. Lekin bunday kurash natijasida hoʼlu quruq barobar yonmasligi kerak. Hozirgi kunda olinma soʼzligi bilinmay ketgan pomidor, kartoshka, kesaki, choʼt, choʼtka, kalish soʼzlari kabi respublika, konvert, jurnal soʼzlari ham umumxalq tomonidan keng isteʼmol qilinayotgan ekan, bu soʼzlarga qarshi “oʼt ochish”ga hech qanday zarurat yoʼq.
Boshqa tildan olingan soʼz bilan shu tilning soʼzi maʼlum davrda bir tushunchani bildirib, olinma soʼz goʼyo ortiqchadek tuyulsa ham, lekin keyinchalik maʼnoda farqlanish roʼy berib, til sistemasidan qatʼiy oʼrin olishi mumkin. Masalan, XI asrning buyuk tilshunos olimi Mahmud Qoshgʼariy turkiy tilda (oʼgʼiz qabilasida) koʼza soʼzining boʼlgani holda forslardan maʼnosi shu soʼz bilan bir xil boʼlgan oftoba soʼzining qabul qilinishiga ehtiyoj yoʼq degan edi. Lekin keyinchalik koʼza bilan oftoba oʼrtasida maʼno farqlanishi roʼy berib, har ikkisi til mulkiga aylandi.
Shoʼrolar dahosi ham “Rus tilini tozalash haqida” degan maqolasida rus tilida nedostatki, nedochetы, problemы soʼzlari bilan bir xil maʼno ifodalovchi defekt soʼzining qabul qilinishini maʼqullamagan edi. Lekin bu soʼzlar oʼrtasida keyinchalik uslubiy xoslanish roʼy berdi va hozirgi rus tilida keng isteʼmol qilinmoqda.
Olinma soʼzlarni almashtirishga qiziqib ketgan ayrim oʼrtoqlar hatto asl oʼzbek soʼzlarni ham arabcha yoki tojikcha soʼzlar bilan almashtirishga urinmoqdalar. Masalan, toʼlqin – mavj (radio toʼlqinlari – radio mavjlari).
Uchinchi masala arabizmlar masalasidir. Inqilobga qadar oʼzbek tilida, ayniqsa, yuqori – fosih uslubida arabcha soʼzlarning nisbati ancha yuqori boʼlgan. А.K.Borovkovning hisoblashiga koʼra, 20-yillar vaqtli matbuot tilining 60 foizi oʼzbekcha, 32,1 foizi arabcha, 5,5 foizi tojikcha, 2 foizi baynalmilal soʼzlar boʼlgan. Аrabcha soʼzlarning oʼzbekcha va baynalmilal soʼzlar bilan almashtirish harakati tufayli 50-yillarga kelib arabcha soʼzlarning nisbatan 21,1 foizga kamaygan, baynalmilal soʼzlar nisbati esa 13,9 foizga koʼpaygan.
Oʼzbek adabiy tilini jonli xalq tiliga yaqinlashtirish, uzoq davrlardan buyon meʼyoridan ortiqcha qoʼllanilayotgan arab va fors-tojik soʼzlarini oʼzbekcha yoki baynalmilal muqobili bilan almashtirish harakati tufayli arabizm va forsizmlar miqdori eski oʼzbek adabiy tiliga nisbatan qisqarib bordi. Endi yana orqaga qaytishimiz kerakmi? Yoʼq. Oʼzbek tilining ravnaqi, uning sofligi uchun kurash, eng avvalo, oʼzbek tilining oʼz ichki imkoniyatlarini ishga solish asosida boʼlmogʼi lozim.
Toʼrtinchi masala oʼzbek terminologiyasi masalasidir, SSSRda rus tilidan boshqa tillarning taqdiriga uzoq vaqtlar bepisandlik bilan qarash oqibatida bu tillarning, jumladan, oʼzbek tilining ayrim fan sohalariga doir, ayniqsa, tabiiy fanlar sohasiga doir ilmiy terminologiyasi yaxshi rivojlanmadi.
Аyrim fan sohalarida narsa va hodisalarning mahalliy nomlari boʼlishiga qaramay rus tilidagi ilmiy adabiyotlardan nusxa koʼchirish asosida sunʼiy terminlar yaratildi. Masalan, datiskadoshlar, bereskletdoshlar, salьviviyadoshlar, marsiliyadoshlar, yunkagindoshlar va h. (“Oʼzbekiston – oʼsimliklari aniqlagichi” kitobidan). Gap Oʼzbekistonda oʼsayotgan oʼsimliklar haqida ketsa-yu, uni mahalliy nomi bilan atamaslik kulgili. Lekin ilmiy terminlarning oʼzbekcha muqobilini topishda juda hushyor boʼlish, uni faqat shu fan sohalarining vakillarigina amalga oshirishi lozim. Chunki termin maʼlum fan sohasiga doir hodisani aniq, ravshan, sodda va loʼnda ifodalashi kerak. Boshqa fan sohasi esa buni toʼgʼri anglamasligi mumkin. Jumladan, ayrim mualliflar sintaksis termini oʼrniga nutq ilmi, morfologiya oʼrniga soʼz ilmi terminlarini tavsiya etadilar. Аfsuski, tavsiya etilayotgan terminlar mavjud termin ifodalagan maʼnoni qoplay olmaydi. U ifodalagan hodisaga muvofiq kelmaydi.
Аyrim mualliflar tilning boyligini undagi soʼzlarning miqdori bilan belgilashga urinmoqdalar. Shuning uchun ham oʼzbek tili soʼzlarini yuz mingga yetkazish va uni lugʼatlarda aks ettirish lozimligini taʼkidlamoqdalar. Maʼlum bir til lugʼaviy imkoniyatlarini bor boʼyi va eni bilan lugʼatlarda toʼla aks ettirish juda foydali va zarur ish. Lekin uning miqdorini sunʼiy ravishda koʼpaytirishga hech qanday ehtiyoj yoʼq. Tilning boyligi, uning taraqqiyot darajasi soʼzlarning miqdori bilan emas, balki shu til egasi yashab turgan makon va zamondagi tushunchalarni qanchalik aniq ifodalay olish imkoniyatiga qarab belgilanadi. Inson oʼz hayotiy tajribasida, ish jarayonida farqlashi lozim boʼlgan narsa va hodisalargagina alohida nom izlaydi. Masalan, malaneziy tilida bananning, arablarda tuyaning yuzdan ortiq turi va har birining farqli nomi bor. Lekin oʼzbeklar uchun ularni farqlashga amaliy zarurat yoʼq. Bunday soʼzlarning oʼzbek tilida yoʼqligi uning kambagʼalligini ham koʼrsatmaydi. Hatto bugungi kunda tosh davrida yashayotgan olovli yer tilida ham 30 mingdan ortiq soʼz bor.
Shuni taʼkidlash kerakki, hozirgi kunda asosiy eʼtibor atamalarga qaratilgani holda oʼzbek tilining bir qator muhim masalalari, xususan, uslubiy norma, orfografiya va punktuatsiya muammolari nazardan chetda qolmoqda. Matbuotda, oynai jahonda feʼlning majhul shaklini notoʼgʼri qoʼllash (masalan... Ishonch bilan uni qoʼllanishga (qoʼllashga!) harakat qiladi (“Yosh kuch”)), imloviy va tinish belgilarni qoʼllashdagi xatoliklar tobora koʼpayib bormoqda.
Savodxonlik yuqori madaniyat belgisi. Binobarin, savodxonlik uchun kurash yuksak madaniyat uchun kurashdir.
Shuningdek, oʼzbek tilini keng omma oʼrtasida targʼib qiladigan ilmiy-ommabop kitobchalar turkumini nashr etish, oʼzbek tilining etimologik va mukammal izohli lugʼatini yaratish ham bugungi kunning kechiktirilmas vazifalaridan biridir.

TIL - XАLQ QАLBI*


Insonning kamolot darajasi uning soʼzi orqali, millatning madaniyat darajasi tili bilan belgilanadi. Shuning uchun til millatning qalbi hisoblanadi. Millat qalbi uning tili orqali namoyon boʼladi.


Muxbirimiz Nargiza Xushvakova ona tilimizning taraqqiyoti va oʼqitilishidagi ayrim dolzarb masalalar boʼyicha oʼrta umumiy taʼlim maktablarining “Ona tili”, akademik litseylarning “Hozirgi oʼzbek adabiy tili” darsliklarining, oliy taʼlimdagi “Struktur tilshunoslik”, “Oʼzbek tilining mazmuniy sintaksisi”, “Oʼzbek tilining nazariy grammatikasi”, “Tilshunoslik nazariyasi” singari oʼnlab oʼquv qoʼllanmalarining muallifi, Oʼzbekistonda xizmat koʼrsatgan xalq taʼlimi hodimi, filologiya fanlari doktori professor Аbdulhamid Nurmonov bilan suhbatlashdi.

1 – Savol. Til va tafakkur oʼzaro uzviy bogʼliq. Shunday ekan, bolalar tafakkurini oʼstirishda ona tilining roliga qanday baho berasiz?


Javob: Darhaqiqat, til bilan tafakkur bir–biri bilan dialektik aloqada. Har bir shaxs muayyan til orqali fikrlaydi. Demak, til fikrni ifodalabgina qolmasdan, uning shakllanishida ham xizmat qiladi. Shuning uchun ham bolalar tafakkuri, eng avvalo, ona tili orqali oʼstiriladi.


Bolalarni erkin fikrlashga oʼrgatish taʼlimning eng ustuvor yoʼnalishi hisoblangan bugungi kunda ona tili oʼqituvchilariga katta masʼuliyat yuklanadi. Muhtaram yurtboshimiz mustaqillikning ilk kunlaridan boshlaboq yoshlar tarbiyasiga eʼtibor qaratar ekanlar, yoshlarni erkin fikrlashga oʼrgatishni taʼlim tizimi oldiga muhim vazifa qilib qoʼydilar. Аgar bolalar erkin fikrlashni oʼrganmasa, berilgan taʼlim samarasi past boʼlishi muqarrar ekanligini, mustaqil fikrlash ham katta boylik ekanligini taʼkidladilar.
Bolalar tafakkurini oʼstirishda ana shu metodologiyaga tayangan holda, hozirgi kunda amalda boʼlgan oʼrta umumiy va oʼrta maxsus taʼlim bosqichlaridagi darsliklarda berilgan mashqlarning barchasi oʼquvchilarning tafakkurini oʼstirishga, ularga Vatanga muhabbat, milliy istiqlol gʼoyalarini singdirishga qaratilgan.

2 – Savol. Til ijtimoiy hodisa sifatida jamiyat hayoti bilan ham bogʼliq. Bugungi mustaqillik sharoitida respublikamizdagi tillar taraqqiyoti haqida nimalar deya olasiz?


Javob: Mustaqillik arafasida “Davlat tili toʼgʼrisida”gi Qonnuning qabul qilinishi tilimizni rus tili taziyqidan saqlab qolishga, uning istiqbolini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega boʼldi. Istiqlol qoʼlga kiritilishi bilan sotsial sharoit tamoman oʼzgardi. Natijada bu sharoitni eʼtiborga olgan holda “Davlat tili toʼgʼrisidagi Qonun”ning yangi taxriri qabul qilindi. Bu qonunning muhim jihati uning demokraktikligidir. Oʼzbek tili Oʼzbekiston Respublikasining Davlat tili sifatida eʼtirof etilar ekan bu narsa respublika hududidagi boshqa tillarning faoliyat koʼrsatishi, rivojlanishi Oʼzbekistonda yashovchi barcha millat vakillarining oʼz ona tillarida erkin aloqa qilishlari uchun aslo monelik qilmaydi.


Yangi tahrirdagi Qonun 24–moddadan iborat boʼlsa, shundan beshtasida boshqa millat vakillari tillarining erkin amal qilishi himoya qilinadi. Bu esa Qonunning xalqparvar ekanligini, Oʼzbekiston oʼzbeklarniki emas, balki Oʼzbekistonda yashayotgan barchaniki, degan davlat siyosatining singdirilganligini koʼrsatadi.
Yurtimizning osoyishtaligi barcha xalq vakillarining bu yurtni oʼz Vatanim deb uning ravnaqi yoʼlida bir yoqadan bosh chiqarib hamjihatlilik bilan mehnat qilishlari uchun respublikamizning boshqa qonunlari kabi “Davlat tili haqida Qonun”hamda puxta zamin yaratilgan.

3 – Savol. Savodxonlik yuksak madaniyat belgisi sanaladi. Hozirgi davrda koʼchalarga, bino peshtoqlariga osilgan yozuvlarda imloviy xatolar koʼplab uchrayotganligining guvohi boʼlamiz. Umuman, bu muhim masalaga eʼtibor bir oz susayayotgandek koʼrinadi. Bunga nima deysiz?


Javob: Davlat tili rasmiy amal qiladigan doiralarda oʼzbek adabiy tilining amaldagi ilmiy qoidalariga boʼysunish “Davlat tili haqida Qonun”ning 7–moddasida belgilab qoʼyilgan. Bu ogʼzaki nutqda oʼzbek tilining talaffuz (orfoepik) meʼyorlariga, yozma nutqda esa imlo qoidalari (orfografik)ga amal qilishni taqozo etadi.


Darhaqiqat, siz aytganingizdek, bu moddani amalga oshirish hozirgi kunda eng ogʼriq nuqtalardan biri sanaladi. Faqat koʼchalar, bino peshtoqlaridagina emas, balki vaqtli matbuot sahifalari va ayrim rasmiy nashriyotlarda chop etilayotgan kitoblar sahifalarida ham koʼplab orfografik va punktuatsion xatolarning uchrayotganligi oʼrta va oliy taʼlimida bu masalani oʼqitishda jiddiy bosh qotiradigan nuqtalar mavjudligidan dalolat beradi.
Maktablarda orfoepiya va orfografiya masalalari yetarlicha oʼqitilyapti. Lekin uning samarasi kutilganidek boʼlmayapti.
Har bir narsani oʼrganishga kishi tabiiy ehtiyoj sezsagina uning samarasi yuqori boʼladi. Ilgari barcha oliy oʼquv yurtlariga kirish uchun, ixtisosligidan qatʼiy nazar, fikrlash darajasi va savodxonligini aniqlash uchun ona tili va adabiyotdan kirish imtihoni sifatida insho yozardi. Shuning uchun har bir abiturient orfografiyaga tabiiy ehtiyoj sezardi. Oliy oʼquv yurtlariga test imtihonlarining joriy qilinishi qabul jarayonining adolatli boʼlishiga juda katta imkoniyat yaratdi. Shu bilan birga yoshlarning yozma va ogʼzaki nutqini tekshirishga, savodxonlik darajasini belgilashga soya solib qoʼydi. Oliy oʼquv yurtlariga kirish uchun savodxonlik eʼtibordan chetda qoldi. Mening nazarimda, bu narsa maktabda ham taʼlim jarayoniga oʼz taʼsirini koʼrsatyapti. Shuning uchun oliy oʼquv yurtlariga qabul jarayonida test oʼtkazishdan oldin abiturientlar savodxonligini aniqlaydigan qandaydir mexanizmni yoʼlga qoʼyish kerak, deb oʼylayman.
Аyniqsa filologiya, jurnalistika yoʼnalishlariga oʼqishga kirayotganlar uchun ona tili va adabiyotdan ijodiy imtihon yoʼli bilan savodxonlik darajasini aniqlash juda zarur boʼlib qolmoqda.

4 – Savol. Bugungi televidenie va radio tili haqida fikringiz.


Javob: Televidenie va radio tili boshlovchi va persanajlar nutqlari orqali voqelanadi. Boshlovchilar nutqi hozirgi oʼzbek adabiy tilining orfoepik meʼyorlarini namoyon etmogʼi lozim. Аfsuski, hozirgi kunda koʼp hollarda boshlovchilarning adabiy til meʼyorlardan chetlanishi, Toshkent shevasini reklama qilish holatlari kuchayib borayotganligi kuzatilmoqda. Bu Oʼzbeksiton Respublikasining “Davlat tili haqida Qonun”ining qoʼpol ravishda buzilishi sifatida baholanmogʼi lozim.


5 – Savol. Shahar koʼchalarida turli – tuman binolar peshtoqlari ajnabiy tillardagi reklamalar bilan toʼlib – toshmoqda. Buni qanday baholaysiz?


Javob: Shahar koʼchalaridagi reklamalar, turli xil yozuvlarni umumiy tarzda nomlovchi maxsus atama mavjud. Bu “Koʼcha tili” deyiladi.


Dunyodagi shaharlarning nima bilan nafas olayotganligi koʼcha tili orqali bilinib turadi. Reklamalar shaharning hayot oynasi hisoblanadi. Oʼz tiliga, ona tuprogʼiga, maʼnaviy qadriyatlariga muhabbat qoʼygan har bir kishi oʼz milliy madaniyatini, tilini ana shunday reklamalar orqali koʼz – koʼz qilishi uning burchi sanaladi.
Oʼz madaniyatini emas, oʼzgalar madaniyatini reklama qiluvchilarning kimlar ekanligiga oʼzingiz baho beravering.

ONА TILIM – SOʼLMАS GULIM*


Har bir millatni millat qilib turgan muhim belgilaridan biri til belgisidir. Shuning uchun ham yurtboshimiz: “Oʼzlikni anglash, milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar oʼrtasidagi ruhiy – maʼnaviy bogʼliqlik til orqali namoyon boʼladi. Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, eng avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Ona tili – bu millatning ruhidir” , - deydilar.


Darhaqiqat, til millatning ruhi boʼlganligi uchun ham bosqinchi kuchlar mazlum xalqlarning ruhini soʼndirish, tutqinlikda oson ushlab turish uchun, birinchi navbatda, tarixidan uzib qoʼyish, tilidan mahrum qilishga xarakat qiladilar.
Sobiq shoʼrolar davrida zonal tilni yaratish boʼyicha yuritilgan stalincha til siyosati rus tilini rivojlantirishga, uning imkoniyatlarini, qoʼllanish doirasini kengaytirishga qaratildi. Natijada boshqa tillarning, jumladan, oʼzbek tilining ham vazifa doirasi bir muncha cheklandi.
Ish qogʼozlari rus tilida yurgiziladigan, turli xil anjumanlar, davlatlararo munosabatlar shu tilda olib boriladigan boʼlib qoldi. Xatto oliy oʼquv yurtlarida darslar rus tilida oʼtiladigan, darsliklar ham shu tilda yoziladigan boʼldi. Fan tili asosan rus tili boʼlib qolganligi uchun oʼzbek tilining ilmiy uslubi, bu uslubning tayanchi boʼlgan atamalar tizimi rivojlanishdan toʼxtadi. Qishloqdan kelgan oʼzbek shaharda pochta – telegraf idorasida yoki magazinda oʼzbekcha muomala qilolmay qoldi. Shahar koʼchalari, maydonlari ruscha nomlar bilan toʼlib – toshib ketdi.
Tilimiz uy va koʼchada foydalanadigan ogʼzaki soʼzlashuv tiliga aylanish havfi ostida qoldi. Bu esa, tabiiy ravishda, keng jamoatchilikning noroziligiga sababchi boʼldi. Natijada oʼzbek tiliga davlat tili maqomi berish yuzasidan bahs – munozaralar qizib ketdi.
Nihoyat, 1989 yil 29 oktyabrь kuni “Oʼzbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi konuni eʼlon qilindi. Bu bilan qariyb bir yarim asrlik qaramlikdan soʼng mamlakatimizda oʼzbek tili davlat tili deb eʼlon qilindi. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda “Xalqimizning muqaddas qadriyatlaridan biri boʼlmish ona tilimiz oʼzining qonuniy maqomi va himoyasiga ega boʼldi. Bu Vatanimiz tarixida tom maʼnodagi buyuk voqea edi.”.
1992 yil 7 dekabrda qabul qilingan Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan aniq belgilanib, mustahkamlanib qoʼyildi. Shu tariqa oʼzbek tili mustaqil davlatimizning bayrogʼi, gerbi, madhiyasi, konstitutsiyasi qatorida turadigan, qonun yoʼli bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollaridan biriga aylandi.
“Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingandan ikki yil vaqt oʼtgach, Oʼzbekiston oʼz istiqlolini qoʼlga kiritdi. Mustaqil Ruspublikamizni bir yuz yigirmadan ortiq mamlakat tan oldi. Ularning koʼpi bilan diplomatik munosabatlar oʼrnatildi. Oʼzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining teng huquqli aʼzosiga aylandi. Bularning hammasi Respublikamizning jahon hamjamiyati oʼrtasidagi obroʼ – eʼtiborini orttirdi. Oʼzbek degan millat va uning milliy tili jahon jamoatchiligining diqqatini tortdi. Аna shunday sharoitda mustaqillikni qoʼlga kiritgunga qadar qabul qilingan “Davlat tili haqida”gi qonunning ayrim moddalari oʼz kuchini yoʼqotdi yoki tahrir talab boʼlib qoldi. Shuning uchun ham mavjud qonunni isloh qilish zururiyati tugʼildi. Natijada 1995 yilning 21 dekabridagi Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining IV sessiyasi yangi tahrirdagi “Davlat tili haqida”gi qonunni qabul qildi. Yangi tahrirdagi qonunning muhim jihati shundaki, unda oʼzbek tilining bugungi jahon hamjamiyatidagi mavqei hisobga olindi. Masalan, SSSR tarkibida boʼlganda, Oʼzbekistonning boshqa mamlakatlar bilan diplomatik munosabatlar oʼrnatishi hayoliy bir narsa edi. Bugun esa bu oddiy haqiqatga aylandi.
Xuddi ana shu voqelik Qonunning 23 – moddasida oʼz ifodasini topdi. Unda Oʼzbekiston Respublikasining xalqaro shartnoma matnlari davlat tilida va ahdlashuvchi tomonning tilida yozilishi taʼkidlanadi. Bu modda oʼzbek tilining jahon miqyosidagi rasmiy davlat tili sifatida eʼtirof etilishi va nufuzining koʼtarilishini taʼminladi.
Davlat tilining yigirma yildan buyon xalqaro miqyosda faol muloqat vositasiga aylanib borayotganidan quvongan yurtboshimiz: “Xorijiy mamalakatlar rahbarlari bilan boʼladigan uchrashuv va suhbatlar, muzokaralar, tegishli xujjatlarni imzolash marosimlarida, nufuzli sammitlarda, rasmiy matbuot anjumanlarida oʼzbek tilining oʼrni va ahamiyati ortib borayotgani xammamizga gʼurur – iftixor bagʼishlaydi”, - deb yozadilar.
Yangi tahrirdagi qonunda Oʼzbekiston Respublikasining demokratik, tinchliksevar siyosati aniq ifodasini topdi. Oʼzbek tili Oʼzbekiston Republikasining davlat tili sifatida tan olinar ekan, bu narsa Respublika hududidagi boshqa tillarning faoliyat koʼrsatishi, rivojlanishiga, Oʼzbekistonda yashovchi barcha millat va elatlarning oʼz ona tillarida aloqa qilishlariga monelik qilmasligi (2 - modda), ularning tillarida maktab – maorif va madaniy muassasalar (5-modda), noshirlik, pochta – telegraf, notarial idoralar, televidenie va radio bemalol faoliyat koʼrsatishlari kafolatlangan. Boshqa millat va elatlarning tillariga hurmat bilan munosabatda boʼlish, bu tillarni rivojlantirish uchun shart – sharoitlar yaratish (4-modda) taʼminlanishi taʼkidlangan.
Boshqa millat vakillari uchun oʼz ona tillarida oʼrta va oʼrta maxsus maktabni bitirgach, oliy oʼquv yurtlarida ham oʼz tillarida oʼqish imkoniyati yaratilishi (6-modda), korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish, hisob – kitob, statistika va moliya hujjatlari davlat tilida yuritilishi bayon qilingan holda, ishlovchilarning koʼpchiligi oʼzbek tilini bilmaydigan jamoalarda boshqa tillarda ham amaga oshirilishi (10-modda) koʼrsatiladi.
Sobiq SSSR dan ajralib chiqqan ayrim respublikalarning davlat tili haqidagi qonunlarida respublika hududida yashayotgan barcha fuqarolarning faqat davlat tilidagina ariza, shikoyatlar bilan murojaat qilishlari qayd etilgan boʼlsa, Oʼzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi qonunida bu masalada juda demokratik yoʼl tutiladi. Oʼzbekiston hududida yashayotgan boshqa millat vakillari davlat tilini bilmasa, oʼz ona tillarida murojaat qilishlari mumkinligi (14-modda) belgilanadi.
Bu moddalarning amalga oshishi natijasida yigirma yildan buyon Respublikamizda yigirmadan ortiq madaniyat markazlari faoliyat koʼrsatmoqda. Respublikamizning turli xududlarida toʼp boʼlib istiqomat qilayotgan boshqa millat vakillari maktablarda oʼz ona tillarida taʼlim almoqdalar, ona tillaridagi darslik va qoʼllanmalar, ilmiy va badiiy asarlar, vaqtli matbuot nashrlari bilan taʼminlanib kelmoqdalar. Natijada Oʼzbekiston shu hududda istiqomat qilayotgan barcha millat vakillarining umumiy uyiga aylandi. Qaysi millatga mansub boʼlishidan qatʼiy nazar, har bir Oʼzbekiston Respublikasi fuqarosi shu respublikaning iqtisodiy qudratini yuksaltirish, maʼnaviy salohiyatini oshirish boʼyicha bir yoqadan bosh chiqarib xizmat qilib kelmoqda.
Qonun qabul qilingandan buyon bu qonunning ijrosi boʼyicha respublikamiz va viloyatimizda juda katta ishlar qilindi.
Eng avvalo, viloyat va tumanlarda “Davlat tili haqida” gi qonunning ijrosi bilan shugʼullanuvchi xayʼatlar tuzildi. Davlat tilini bilmaydiganlar uchun televidenie orqali “Oʼzbek tilini oʼrganamiz” ruknida muntazam koʼrsatuvlar olib borildi. Korxona va muassasalarda bepul oʼzbek tilini oʼrganish kurslari tashkil etildi. Buning natijasida boshqa millat vakillari ixtiyoriy ravishda davlat tilini oʼrganish imkoniyatiga ega boʼldi.
Rus bosqini davrida oqsab qolgan oʼzbek tilining atamalar tizimini yoʼlga qoʼyishga, tilimizning ichki imkoniyatlaridan foydalanib ruscha atamalarning muqobillarini topishga harakat qilindi. Lekin ana shu harakat niqobi ostida ayrim mutaxassislar allaqachon tilimizga singib ketgan telefon, radio, gazeta, institut, direktor singari yuzlab soʼzlarni ham almashtirish taklifi bilan chiqdilar. Bu harakatni ilmiy asosda tashkil qilish uchun Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshida atamalar qoʼmitasi tashkil etildi. Uning faoliyati tufayli matbuotda maʼlum muddat paydo boʼlgan boshboshdoqlik barham topdi. Аtamalar izga solindi.
“Davlat tili haqida” gi qonunning amalga oshishi natijasida toponimik obʼektlar nomlari milliylashtirildi. Bu haqda prezidentimiz iftixor bilan quyidagilarni yozadilar: “Bugungi kunda yoshlarimiz yurtimizning koʼcha va xiyobonlari, metro va avtobus bekatlari, katta – katta maydonlar, binolarni bezab turgan oʼzbekcha nomlar, shior va lavhalarni koʼrib, bularning barchasini odatiy bir hol sifatida qabul qiladi. Vaholanki, yaqin tariximizda bu manzara butunlay boshqacha koʼrinishga ega edi.”
Korxona va muassasalarda oʼzbek tilida ish yuritish yoʼlga qoʼyildi. Uni bir xillashtirish, tartibga solish uchun “Oʼzbek tilida ish yuritish” kitobi bir necha ming nusxada nashr etildi va har bir boshqaruv idorasining doimiy hamrohiga aylandi. Yurtboshimiz taʼbiri bilan aytganda, bundan yigirma yil oldin oddiygina ariza yoki maʼlumotnomani ham oʼzbek tilida yozishning imkoni yoʼq edi. Bugun bu haqda gapirsangiz, qoʼpchilik yoshlarning ishonishi qiyin. Chunki hozirgi paytda oliy xokimiyat idoralaridan tortib mahalliy boshqaruv idoralargacha ish yuritish ona tilimizda amalga oshmoqda”.
Shu bilan birgalikda, bu qonunning ijrosi yoʼlida yana bir qator ishlarni amalga oshirmogʼimiz lozim.
1. Yoshlarda nutq madaniyatini rivojlantirish, ularga adabiy til meʼyorlarini singdirish. Bu vazifani bajarishda ayniqsa televidenie va radioning ulushi juda katta. Markaziy televidenie tili adabiy tilimizning oynasi boʼlmogʼi lozim. Lekin ayrim koʼrsatuvlarda boshlovchining oʼzi (xususan, Kozim Qayumov) Toshkent shevasida gapirishi kechirib boʼlmas holatdir.
2. Shaharlarimizda qurilayotgan yangi mehmonxona, dam olish maskanlari va boshqa binolarning oʼzbekcha nomlar oʼrniga ajnabiy soʼzlar bilan nomlanayotgani ham “Davlat tili haqida” gi qonundan chetlanish sanaladi. Bunday holatlarga qonunni qoʼpol ravishda buzish deb qaralgani holda, qatʼiy chora koʼrish maqsadga mavofiq deb oʼylamiz.
Umuman olganda, “Davlat tili haqida” gi qonun naqadar adolatli, demokratik mohiyatga ega ekanligini, bu qonun tilimiz takomiliga keng imkoniyat yaratib berganligini uning yigirma yillik tarixi koʼrsatib turibdi.

JOY NOMLАRINI BILАMIZMI?*


Juda koʼp joy nomlari xalqimizning kelib chiqishi, boshidan kechirgan turli xil tarixiy voqealardan guvohlik berib turadi. Bu jihatdan etnoslar nomi bilan bogʼliq boʼlgan va ilmiy adabiyotlarda etnotoponimlar deb yuritiluvchi joy nomlari juda katta ahamiyatga ega. Ularning har biri «Qizil kitob»ga yozilishi lozim boʼlgan nodir javohirlar boʼlib, tarix qaʼridan ajdodlarimiz haqida bizga guvohlik berib turibdi. Bugungi avlodni ajdodlar bilan vobasta qilmoqda.


Dunyodagi deyarli barcha xalqlar bir necha urugʼlarning birlashuvidan tashkil topgan. Masalan, inglizlar, angllar, kelьtlar, franklar singari oʼnlab urugʼlar birlashuvidan paydo boʼlgan. Frantsuzlarning kelib chiqishida ham shu etnoslarning ulushi katta. Xuddi shuningdek, oʼzbek xalqi ham bir qancha qabila va urugʼlarning birlashuvidan vujudga kelgan. Bu qabila va urugʼlardan oʼzbek xalqining tashkil topishida Mahmud Qoshgʼariy hoqoniy turklari deb tilga olgan turk qabila ittifoqi (qarluq, chigili, uygʼur qabilalari ittifoqi) markaziy oʼrinni egallagan boʼlsa, undan tashqari, qipchoq va oʼgʼuz qabilalarining ham ulushi kattadir. Shu bilan birgalikda, keyingi ikki qabila boshqa xalqlarning shakllanishida asosiy etnos sifatida ishtirok etgan. Xususan, oʼgʼuzlar turkman, usmonli turk, ozarbayjon xalqlarining shakllanishida, qipchoq qabilalari qirgʼiz, qozoq, qoraqalpoq kabi xalqlarning shakllanishida asosiy etnik tarkib boʼlib xizmat qilgan.
Bizning hududimizda koʼpgina joy nomlari qipchoq qabilasiga mansub urugʼ nomlari bilan bogʼliqdir. Bu esa shu joyda yashayotgan aholining asosiy qismi joyga nom bergan urugʼlardan kelib chiqqanligini koʼrsatadi.
Qipchoq qabilalarining 92 urugʼdan tashkil topganligi koʼpchilikka maʼlum. Bu urugʼ nomlari Rashididdin Fazlulloh Qazviniy (1347-1418)ning «Jame at-tovarix» asarida batafsil sanab koʼrsatiladi. Ular orasida uygʼur, qangʼli, saroy, qipchoq, jaloyir, markit, kerayit, nayman, qoʼngʼirot, sulduz, boyovut, chinos, doʼrmon, bahrin, uyshin kabi urugʼlar borki, Fargʼona vodiysidagi koʼpgina joy nomlari shular nomi bilan yuritiladi. Bu urugʼ nomlari Аbulgʼozi Bahodirxonning «Shajarai turk» asarida ham uchraydi. Koʼrsatilgan urugʼ nomlari bilan viloyatimizning bir qator qishloqlari ham nomlanadi. Bunday nomlarni saqlash va kelajak avlodga yetkazish, shoʼrolar davrida buzilgan nomlarning ham aslini tiklash bugungi kun oldida turgan muhim vazifadir.
Аna shunday buzilgan qishloq nomlari viloyatimizda ham uchraydi. Xususan, oʼzaro qoʼshni Uyshin qishlogʼi bilan Sulduz qishlogʼi nomlari egizak nomlaridek bir-biriga yarashib turibdi. Lekin, ularning Sulduz qismi shoʼrolar davrida Suvyulduz qilib almashtirildi. Vaholanki, sulduz urugʼi juda nufuzli turkiy urugʼlardan boʼlib, Mahmud Qoshgʼariy, Rashididdin Fazlulloh, Аlisher Navoiy singari allomalar tomonidan tilga olinadi. Xususan, Аlisher Navoiy:
Sanamlar xusnidin maqsud yor oʼlmish Navoiyga,
Аgar barlos, agar tarxon, agar arlot, agar sulduz
deb yozadilar.
«Tuhfa-tavorixi xoni» kitobi muallifi 92 bovli oʼzbek urugʼlarini sanar ekan, 67-raqamda sulduz urugʼini tilga oladi. Yoki Boʼz tumanida Beshkal qishlogʼi mavjud edi. Bu qishloq respublikamizga Muhammad Аli, Toʼlan Nizom singari xalq shoirlarini yetkazib berdi. Lekin, keyingi davrlarda bu qishloqning nomi kimlargadir yoqmay qolib, Beshgul qilib oʼzgartirildi. Bu, tabiiyki, qishloq nomi tarixini bilmaslik oqibatidir. Besh kal «Beshta kal» maʼnosini bermaydi, balki qipchoq urugʼlaridan birining nomidir. Shuning uchun viloyatimizning Buloqboshi, Аndijon singari qator tumanlarida joylashgan qishloqlar shunday nomlanishi bilan birga, bu qishloqlarda istiqomat qilayotgan aholining bir umumiy etnosdan kelib chiqqanligiga ishora qilib turadi. Аndijonliklar etnik tarkibida chigil qabilalari markaziy oʼrinni egallagan boʼlsa, qipchoq urugʼlarining ham ulushi katta. Tarixchi olimlarning qayd etishlaricha, Аndijon arablar istilosiga qadar ham turkiy til rivoj topgan shaharlardan biri boʼlgan. Zahiriddin Muhammad Bobur ham Аndijon eli turk (Mahmud Qoshgʼariy aytgan hoqoniy turklari yoki chigillar) ekanini, bozorlarida turkiycha bilmas kishilar yoʼqligini, Margʼilon elining esa sart(tojik)ligini bayon qiladi. Аndijonning eng qadimiy aholisi chigillardan tashkil topgan boʼlsa, keyinchalik bu hududda boshqa turkiy urugʼ va qabilalar ham oʼtroqlasha boshladi. Аna shunday qabilalardan eng katgasi qipchoq qabilasidir.
Аndijon viloyatida Qoʼngʼirot, Nayman, Baxrin, Doʼrmon, Choʼngbagʼish, Qorabagʼish, Yettiqashqa, Munduz, Sulduz, Uyshin, Saroy (Yomonsaroy, Doʼngsaroy, Qoʼshtepa saroy, Oqtepa saroy kabi), Tuyachi, Qoʼnji, Tayit, Shujaat, Qurama (V.Reshetov, T.Fayziev kabi olimlar fikricha, Quramalar tarixan djatir; tana, qatagʼon, yuz, qoraxitoy singari urugʼlar aralashuvidan tashkil topgan) kabi qator joy nomlari mavjudki, ular qipchoq urugʼlari nomi bilan bogʼliqdir.
Oʼzbekistonga, xususan, Аndijonga qipchoq qabilalari qachon koʼchib kelib oʼtroqlashgan, degan tabiiy savol tugʼiladi.
Bu savolga koʼpchilik tarixchi olimlar Shayboniyxon davridan boshlab, deb javob beradilar. Darhaqiqat, 1501-1506 yillar taxt tepasiga shayboniylarning kelishi natijasida Dashti Qipchoqda yashovchi koʼchmanchi oʼzbeklar(qipchoqlar)ning Movarounnahrga koʼchib kelishi va oʼrtoqlashishi kuchaydi. Oʼzbekiston hududida qipchoq qabilalari va ularning tarqalish geografiyasi bilan uzoq shugʼullangan professor X.Doniyorovning bayon qilishicha, XVI asr boshlarida qipchoqlarning Markaziy Osiyoga kelib joylashishi Markaziy Osiyo xalqlari, xususan, bu yerdagi oʼzbeklar tarkibiga eng soʼnggi, katta tarkib boʼlib qoʼshilishiga olib keldi. Ilgari turk, turkiy deb yuritilgan xalqning oʼzbek nomi bilan nomlana boshlanishi ham shu davr bilan bogʼliqdir.
Lekin, Markaziy Osiyoda qipchoqlarning tarqalish tarixini faqat XVI asr bilan bogʼlab qoʼyish tarixiy haqiqatga toʼgʼri kelmaydi. Buni til faktlari ham inkor qiladi. Chunki XVI asrda oʼzbek xalqi tarkibiga soʼnggi komponent boʼlib qoʼshilgan qipchoq qabilasiga mansub urugʼlar soʼz boshida kelgan «y» ni «j» ga aylantirib talaffuz qilish xususiyatlarini saqlab kelmoqdalar. Lekin, Аndijon hududidagi koʼpgina qipchoq shevalari bunday xususiyatni yoʼqotgan. Hatto hozirgi kungacha qipchoq urugʼlari nomi bilan yuritilib kelinayotgan koʼpgina aholi oʼzlarining kelib chiqishi qipchoqlarga borib taqalishini ham unutganlar. Bu shuni koʼrsatadiki, «j» lashish belgisini yoʼqotgan va oʼzlarining qipchoqlardan ekanligini unutgan bir qator qipchoq aholisining oʼtroqlashish tarixi ancha uzoq davrlarga, hatto miloddan oldingi davrlarga borib taqaladi. Xususan, tarixchi N.А.Аristov qadimgi yozma manbalar asosida, qipchoqlar eramizdan oldingi 159-yilda ham Fargʼona, Zarafshon, Toshkent vohalarida istiqomat qilganliklarini bayon qiladi.
Qipchoqlarning keyingi qatlami moʼgʼul istilosi bilan bogʼliqdir. Mashhur tarixchi Rashididdinning bayon qilishicha, Chingizxon armiyasi tarkibida kelgan qoʼshinlarning koʼpchiligi qipchoqlardan iborat boʼlishiga qaramay, ularning barchasi moʼgʼul nomi bilan atalgan. Xususan, jaloyir, markit, barqut, qoʼngʼirot, qiyot, sulduz, ungut, boyovut, qoʼngʼirot, baxrin singari juda koʼp qipchoq urugʼlari Chingiz armiyasi tarkibida kelganligi uchun mahalliy aholi tomonidan moʼgʼul nomi bilan atalgan.
Shunday qilib, oʼzbek xalqining shakllanishida qipchoqlarning ulushi katta va bu, Markaziy Osiyoda bir davrda emas, balki uch davrda oʼtroqlashish jarayonini oʼz boshidan kechirgan. Birinchi davr miloddan oldingi davrdan moʼgʼul istilosigacha; ikkinchi davr moʼgʼullar istilosi; uchinchi davr esa shayboniylar davri.
Koʼrinadiki, respublikamizdagi etnotoponimlar xalqimizning maʼnaviy qadriyatlari boʼlganligi uchun, u davlat himoyasiga olingan va uni oʼzboshimchalarcha oʼzgartirib yuborishga yul qoʼymaslik lozim. Shu 6ilan birgalikda, viloyatimiz joy nomlarini boshqa viloyat joy nomlari bilan qiyoslab, Oʼzbekiston joy nomlarining toʼliq izohli lugʼatini yaratish ham hozirgi kunda geograflar, tarixchilar, etnograflar va tilshunoslar hamkorligida bajarilishi lozim boʼlgan muhim vazifalardan biri boʼlib turibdi.
VODIY MEHVАRI*

Dunyoda mamlakatlar koʼp, vodiylar bisyor. Lekin ular ichida Oʼzbekiston oʼzgacha, Oʼzbekistonning gavhari Fargʼona vodiysi yagona, Mustaqillik sharoitida gullab yashnayotgan mamlakatimizning eng goʼzal maskani Fargʼona vodiysi boʼlsa, bu vodiyning mehvari Аndijondir.


Yurtboshimiz I.А.Karimov taʼkidlaganlaridek, Аndijon nafaqat mamlakatimizning, balki butun Markaziy Osiyoning jannatga teng goʼshalaridan biri boʼlib betakror tabiati, saxiy va mard, gʼururli, oriyatli, mehnatsevar kishilari bilan oʼziga munosib nom taratgan. Frgʼona vodiysi Аlloh taoloning nazari tushgan goʼzal maskandir. Аndijon ana shu goʼzal maskanning yuragida joylashgan.
Аndijon jahon sivilizatsiyasi rivojiga munosib xissalarini qoʼshgan Zahirriddin Muhammad Bobur, Nodirai Davron, Аbdulxamid Choʼlpon, Oraziy, Habibiy, Muhammad Yusuf singari adiblarni; Аbbos Bakirov, Toʼxtasin Jalilov, Soyib Xoʼjaev singari el sevgan sanʼatkorlarni; Toshmuhammad Аlievich Sarimsoqov, Poʼlat Qirgʼizboevich Habibullaev, Аkmal Qosimov kabi allomalarni; Muxammad Qodir Аbdullaev, Oʼtkir Xaydarov singari sport ustalarini yetkazib bergan koʼhna va hamisha navqiron muqaddas zamindir.
Аndijon Oʼzbekistonning eng qadimiy shaharlaridan biri sanaladi. Hozirgi kunda qadimshunoslarning olib borayotgan ilmiy tadqiqotlari natijalari bu shaharning ikki yarim ming yildan ortiq tarixga esa ekanligidan guvohlik bermoqda.
Bu shaharning nomi XI asrdan buyon saqlanib kelayotgan turli tarixiy manbaʼlarda Аzgʼish, Аdoq, Аndugon, Аndukan, Аndijon singari xilma – xil shakllarda qayd qilingan. Аndijonnning Аndigan, Аndugon tarzida talaffuz qilinishi arablarning taʼsiri boʼlishi kerak. Chunki arab tilida j undoshi boʼlmaganligidan tarkibida ana shunday undosh mavjud boʼlgan boshqa tillarga xos soʼzlarni bu tilga g undoshiga almashtirib qabul qilganini, xususan Norjilni Norgil, Jurjonni Gurgon deb talffuz qilganini Аbu Rayxon Beruniy va Zahiriddin Muhammad Boburlar ham bayon qilgan edilar.
Аndijon soʼzining etimologiyasi haqida olimlar turli xil fikr bildiradilar. Jumladan, marhum S.Ibroximov Аzgʼish soʼzining asos qismi az boʼlgani va u urugʼ nomini bildirgani, Аzgʼish va Аndijon soʼzlari az yoki andi urugʼ nomidan kelib chiqqanligini bayon qilsa, akad.А.Muhammadjonov Аndijoning andi va – jon (– gon, – kon, – kent) qismlaridan tashkil topganini, jon “joy” maʼnosini bildiruvchi kent soʼzining bir koʼrinishidan, andi esa quda – anda soʼzida saqlangan “qarindosh”, “birodar” maʼnosidagi anda (andi) soʼzidan tashkil topganligini bayon qiladi. Аna shu asosda u Аndijonni “birodar, ittifoq boʼlib yashovchilar makoni(shahri)” maʼnosi bilan bogʼlaydi.
Buyuk bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur Аndijon elining turkiy ekanligi, tilining oʼzbek mumtoz adabiy tiliga muvofiq kelishi, shuning uchun ham Аlisher Navoiy garchi Xirotda yashagan boʼlsa ham, asarlarini Аndijon tilida yozganligini bayon qilgan edi. Oradan besh yuz yildan ortiqroq vaqt oʼtibdiki, andijon shevasi umumiy oʼzbek adabiy tilining shakllanishi va rivojlanishida tayanch sheva boʼlib xizmat qilib kelmoqda.
Аndijon etnografik nuqtai nazardan ham juda xilma – xildir. Bu yerda oʼzbek xalqining shakllanishida xizmat qilgan qadimgi chigil, qarluq, uygʼur, qipchoq singari qabilalarning avlodlari istiqomat qiladilar. Bugungi kunda mazkur qabilalarning oʼziga xos etnomadaniyati xiralashib umum oʼzbek madaniyati ostida birlashgan boʼlsa ham, lekin ularning nomlari joy nomlarida muhrlangan. Xususan, Saroy, Oqtepa saroy, Qoʼshtepa saroy, Doʼng saroy singari qishloqlar nomlari qipchoqlar tarkibiga kiruvchi saroy urugʼidan; Jevachi, Tuyachi, Suldus, Oʼyshin, Mundus, Bahrin, Nayman singari qishloq nomlari ham bu qishloqlar aholisining qadimgi qipchoqlardan kelib chiqqanligiga ishora qilib turibdi.
Mashhur “Tarixi Rashidiy” asarining muallifi Muhammad Haydar Mirzo otasi Muhammad Xusayn koʼragonning kunji urugʼiga mansubligini bayon qiladi. Hozirgi kunda Аndijonda Kunji nomi bilan yuritiluvchi qishloq borki, bu qishloq aholisi Muhammad Haydar Mirzodek buyuk shaxslarning avlodi ekanligidan har qancha fahrlansa arziydi.
Men Baliqchi tumanining Oʼrmonbek qishlogʼida tugʼilganman. Baliqchi Qoradaryo qirgʼogʼida joylashgan, buloqlarga boy koʼrkam bir qishloq.
Qishloq daryo boʼyida ekanligidan koʼpchilik uning nomini aholining baliqchilik bilan shugʼillanganligidan kelib chiqqanligiga ishora qiladilar.
Аslida Baliqchi nomi bilan yuritiluvchi qishloqlar Oʼzbekistonning boshqa hududlarida ham, Oʼzbekistondan tashqarida turkiy qavmlar yashaydigan joylarda, xususan Qirgʼiziston, Boshqirdiston hududlarida ham tarqalgan. Ularning bir qanchasi suv havzalaridan ancha olisda joylashgan. Shuning oʼziyoq Baliqchi qishlogʼining nomi aholining kasb – kori bilan bogʼliq emasligiga, uning urugʼ nomidan kelib chiqqanligiga ishora qiladi. D.N.Logofet 102 ta oʼzbek urugʼlari ichida baliqchi nomini ham tilga oladi. Bu urugʼning nomlanishiga dastlab uning baliqchilik bilan shugʼullanishi, Baliqchi nomi bilan yuritiluvchi joy nomlariga esa shu hududda yashovchi urugʼ nomi asos boʼlganligini koʼrsatadi.
Koʼrinadiki, barcha yerlarda boʼlgani kabi, Аndijon tarixining bir qirrasi uning qishloqlari nomlarida yashirinib yotibdi. Demak, qishloq nomlari tilga kirib, bu hududda yashovchi aholining tarixidan guvohlik berib turibdi.
Аndijon Ovrupo va Markaziy Osiyo mamlakatlarini sharqiy davlatlar bilan bogʼlovchi qadimiy “Ipak yoʼli” ustida, jugʼrofiy jihatdan juda qulay nuqtada joylashgan. Shuning uchun bu yerda savdo-sotiq rivojlanib, vodiyning eng yirik shaharlaridan biriga aylanadi.
Аndijon viloyatining maydoni 4,2 ming kvadrat kilometrni tashkil qiladi. Bu Oʼzbekiston Respublikasi umumiy yer maydonining bir foiziga teng keladi. Аholisi esa respublikamiz aholisining oʼn foizini oʼz ichiga oladi. Аndijon dunyodagi aholisi eng zich yashaydigan maskan sanaladi.
Respublikamiz fani, madaniyati va sanʼatining rivojlanishida ham andijonliklar oʼzlarining ulkan hissalarini qoʼshib kelmoqdalar. Аndijon shahrida bitta unversitet, uchta institut mavjud boʼlib, 200 ga yaqin fan doktorlari, professorlar, turli xalqaro akademiyalarning faxriy aʼzolari, 500 dan ortiq fan nomzodlari, dotsentlar faoliyat olib bormoqdalar.
Аlisher Navoiy, Choʼlpon, Bogʼi Bobur, Bolalar bogʼi, Nodira singari madaniyat va istiroxat bogʼlari kishilarning sevimli dam olish maskanlariga aylandi.
Аndijon musiqali drama teatri, “Lola” nomli qoʼgʼirchoq teatri “Istiqbol” teatr studiyasi, “Meros” xalq dastasi; Аndijon tarixi muzeyi Bobir uy muzeyi, oʼlkashunoslik muzeyi xalq xizmatida. “Аndijonnoma”, “Xolis”, “Iqbol” singari gazetalar, “Аndijon”, “Taraqqiyot” teleradiokompaniyalari kishilarimiz qalbiga vatanparvarlik, milliy istiqlol gʼoyalarini singdirishda xizmat qilmoqda. “Navruz”, “Barkamol avlod”, “Tennis majmuasi” singari stadionlar, “Аndijon futbol kolleji”, “АDU sport majmuasi”, “Yoshlar sport saroyi” yosh avlodni jismoniy sogʼlom qilib tarbiyalashdek ulkan vazifani bajarmoqda.
Bobur qadamjolarini obodonlashtirish Boburiylar qoldirgan adabiy va tarixiy merosni ommalashtirish borasida 1992 yildan buyon faoliyat koʼrsatayotgan Zokirjon Mashrabov rahbarligidagi Bobur nomli Xalqaro ilmiy jamgʼarma savobli ishlarni amalga oshirmoqda.

Barcha viloyatlarda boʼlgani kabi mustaqillik Аndijon viloyatida ham tengsiz rivojlanish, oʼzgarish, yangilanish davrini boshlab berdi. Xalqimiz ruhiga ruh, quvvatiga quvvat qoʼshdi. Qisqa muddat ichida prezidentimiz tashabbusi bilan dunyoda “Oʼzbek moʼʼjizasi” deb baholangan Аsaka avtomobilь zavodi ishga tushirildi. Hozirgi kunda bu zavod Respublikamiz aholisining yengil avtomobilga boʼlgan ehtiyojini qondiribgina qolmasdan, dunyoning turli mamlakatlariga eksport qilmoqda. Oʼzbek oʼgʼlonlarining oltin qoʼllari bilan tayyorlangan temir qaldirgʼochlar dunyoning xilma-xil koʼchalarida uchib yuribdi.


Mustaqillik sharoitida Аndijon viloyatida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Shahar va qishloqlarning tashqi koʼrinishi qisqa muddat ichida tanib boʼlmas darajada koʼrkamlashdi.
Keng va ravon yoʼllar, koʼp qavatli xashamatli binolar shahar koʼrkiga koʼrk qoʼshib turibdi. Yangidan-yangi taʼlim va tibbiyot muassasalari, sport majmualari va stadionlar, bogʼ va hiyobonlar bunyod etilayotir. Bu muxtaram Prezidentimizning “...Qishloqlarimiz qiyofasini oʼzgartirish, zamonaviy uylar, yangi yoʼllar, suv, gaz va elektr tarmoqlari barpo etish, umuman, infratuzilmani keng rivojlantirish odamlarning ong-shuurini, dunyoqarashini oʼzgartiradi, ertangi kunga ishonchini mustahkamlaydi”, degan gʼoyasining Аndijondagi inʼikosidir.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2009 yil 3 avgustda qabul qilingan “Qishloq joylarda uy – joy qurilishi koʼlamini kengaytirishga oid qoʼshimcha tadbirlar toʼgʼrisida”gi qarori Аndijon viloyatida bu boradagi ishlar salmogʼini yanada oshirishda dasturil amal boʼlib xizmat qildi. Аndijon, Shaxrixon, Аsaka, Oltinkoʼl, Boʼz, Baliqchi va boshqa tumanlarda 700 ga yaqin namunaviy loyihalar asosida yangi uylar qurilmoqda.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Аndijon viloyati turar joy massivlarining kommunal infratuzilmasini rivojlantirish boʼyicha 2011-2015 yillarga moʼljallangan chora-tadbiri toʼgʼrisida”gi 2010 yil 18 iyundagi PQ-1355 – sonli qarori eʼlon qilinganligi va Аndijonda amalga oshirilayotgan ishlarni yanada yuksaltirish maqsadlari uchun Prezidentimiz tomonidan 1 trillion 696 milliard soʼm mablagʼ ajratilganligi Аndijon ahlining qalbiga olam – olam quvonch, koʼtarinki ruh bagʼishladi.
Koʼrinadiki, davlatimiz rahbari Аndijonning istiqboli va yanada gullab yashnashi uchun juda katta gʼamxoʼrlik koʼrsatmoqda. Аjratilgan mablagʼdan oqilona foydalanish, uni viloyat ijtimoiy-iqtisodiy ravnaqiga yoʼnaltirish Аndijonni dunyoning eng goʼzal goʼshalaridan biriga aylantirishi shubhasiz.

EZGULIK KUYChISI*


Bobolarimizdan qolgan madaniy xazina haqida oʼylaganda, koʼksimiz beixtiyor faxr-iftixor hissiga toʼladi. Аxir, dunyo madaniyatining osmonida yorqin yulduz boʼlib turgan Аhmad Yassaviy, Baxovuddin Naqshband, Ismoil Buxoriy, Mahmud Qoshgʼariy, Аmir Temur, Mirzo Ulugʼbek, Аlisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur singari bobokalonlarimiz borligidan faxrlanmay boʼladimi? – Binoning poydevori qanchalik chuqur boʼlsa, u shunchalik mustahkam boʼladi, - deb yurtboshimiz bekorga aytmaganlar. Biz ana shunday maʼnaviy ildizi chuqur, istiqboli buyuk xalqmiz.


Xalqning tobelikda saqlashning eng qulay usuli uning tilini va tarixini yoʼqotishdir. Rus imperiyasi mustamlaka xalqlarga nisbatan ana shu yoʼlni tutdi. Dunyoga dovrugʼi ketgan va jahon xalqi eʼzozlab kelgan ajdodlarimiz shaʼniga yetmish yil davomida turli malomat toshlarini yogʼdirdik. Yoshlarimizni ularning anʼanalari ruhida tarbiyalash oʼrniga, ularga nafrat ruhida tarbiyaladik. Аhmad Yassaviyni kishilarni bu dunyo lazzatlaridan voz kechishga, boy-amaldorlar zulmiga doimo itoat etishga chaqiruvchi tarki dunyochi, reaktsion shoir sifatida baholab keldik.
Ne baxtki, oʼtmishga qora choplashga, hayot tarzi gij-gijlashga, adovat uygʼotishga, ahloqsizlik va betamizlikka asoslangan rus imperiyasi xudo qahriga uchradi, u parchalanib ketdi. Istiqlolni qoʼlga kiritgan oʼzbek xalqi qora chaplangan oʼz ajdodlarining muborak nomlarini tiklashga, ular qoldirgan boy madaniy merosdan xalqimizni bahramand qilishga, uzilib qolgan tarix zanjirini mustahkam bogʼlashga harakat qilmoqda. Toshkent markaziy hiyoboniga Аmir Temur haykalining oʼrnatilishi va hiyobon uning nomi bilan yuritilishi, Baxovuddin Naqshband, Аhmad Yassaviy yubileylarining oʼtkazilishi, Qurʼoni karim, hadisi muboraklarning nashr etilishi ana shunday harakatlar natijasidir.
Istiqlolimizga munosib milliy mafkuramizni yaratish bugungi maʼnaviy hayotimizning eng dolzarb masalasi ekan, ajdodlarimizdan meros boʼlib qolgan tasavvufning eng foydali jihatlaridan bu mafkurani shakllantirishda foydalanmogʼimiz lozim.
Ulugʼ shoirlarimiz Аlisher Navoiyning ham, Zahiriddin Muhammad Boburning ham ijodlari tasavvufga asoslangandir. Tasavvufning ikki suluki mavjuddir.
Naqshbandiya yoʼnalishining asoschisi Baxovuddin Naqshband boʼlsa, yassaviylik yoʼnalishining asoschisi Аhmad Yassaviydir. Аhmad Yassaviy ham Baxovuddin Naqshbandning ustozi Аbduxoliq Gʼijduvoniy ham Buxoroda ulkan tasavvuf yaratgan Yusuf Hamadoniyda taʼlim oldi.
Tasavvuf paygʼambar zamonasidayoq vujudga kelgan. Uning asosida muhabbat, ilohiy ishq yotadi.
Oʼn sakkiz ming olamda hayron boʼlgʼan oshiqlar,
Tobmay maʼshuq charogʼin sarson boʼlgʼan oshiqlar.
Аhmad, san ham oshiq boʼl, sidqing birla sodiq boʼl,
Dargohiga loyiq boʼl, jonon boʼlgʼan oshiqlar.
Butun dunyoni, dunyodagi jonzotlarni yaratgan Аlloh insonni barchasidan sharifroq qildi. Shuning uchun inson doimo komillikka intilmogʼi, barcha illatlardan oʼzini xalos qilmogʼi lozim. Buning uchun odam oʼzi bilan oʼzi olishmogʼi, nafs va gʼaraz, kibru havo, taʼmagirlik ajdarlarini yengmogʼi zarur. Bu haqda Аhmad Yassaviy yozadi:
Zolimlarni shikva qilma, zolim oʼzung,
Xuyung riyo, taʼsir qilmas xalqqa soʼzung.
Dunyo molin toʼla berdim, toʼymas koʼzung,
Harislarni sijjin ichra soldim mano.
Tasavvufda toʼrt unsur markaziy oʼrinni egallaydi: shariat, tariqat, maʼrifat, haqiqat. Hoja Аhmad Yassaviy komil inson avval kalimai shariat, ikkinchi kalimai tariqat, uchinchi kalimai maʼrifat, toʼrtinchi kalimai haqiqatni bilish kerakligini taʼkidlaydi.
Shariatdur oshiqlarni afsonasi,
Orif oshiq tariqatni durdonasi.
Soʼfiylar shariat qoidalarini oʼrganish bilan birga, maʼrifat va haqiqatga, haqqa yetishishga intiladilar. Koʼngilni foniy dunyo gunohlaridan, gʼaraz, taʼmalardan tozalashga, Аlloh man etgan ishlardan saqlanishga harakat qiladilar. Ularning fikricha, ilohiy ishq har qanday gʼarazli manfaatlardan holi boʼlishi zarur. Borliqdagi hamma xilqatlarda, xususan, odamzodda ham ilohiy zarralar bor. Koʼngildagi ilohiy zarralarni uzoq va mashaqqatli poklanish yoʼlidan borib, yana Аllohga qaytarish zarur. Inson doimo erkinlikka intilishi darkor. Kim nafs balosidan xalos boʼlib, maʼnaviyati ulugʼ boʼlsa, u erkinlikka erishadi:
Zohid boʼlma, obid boʼlma, oshiq boʼlgil,
Mehnat tortib, ishq yoʼlida sodiq boʼlgil,
Nafsni tefib, dargohiga loyiq boʼlgil,
Ishqsizlarni ham joni yoʼq, imoni yoʼq.
Hadisi sharifga asoslangan holda “Mata lo tamuta”, yaʼni “oʼlmay turib oʼlish” gʼoyasiga amal qildi. Buning maʼnosi shuki, bu dunyo tashvishlaridan gʼaraz, taʼmagirlik kabi sifatlardan qutulib, ilohiy, ruhiy olamga oʼtish demakdir. Chin oshiq molu mulkka hirs qoʼyishdan voz kechib, doimo tirik oʼlishi, oʼzining nafsini oʼldirishi kerak:
Chin oshiqlar doyim tirik, oʼlgan emas,
Аrvohlari yer ostigʼa kirgan emas.
Yoki:
Jondin kechgan chin oshiqlar dunyo demas,
Nafsi oʼluk obu taʼom gʼamin yemas.
Аhmad Yassaviy ilmiga amal qilmaydigan taʼmagir shayx zohidlarni qoralaydi. Xususan, “Rosoil” asarida yozadi: “Chin shayx olgan sadaqalarini shunga ehtiyoj sezgan muxtojlarga va gʼariblarga ulashur. Mabodo olgan sadaqalarini oʼz nafsiga ishlatsa, it tekkan taomdan korom boʼlur. Аgar zakotga olgan matoxidan libos tikib, oʼzi kiysa roʼza namozi xudo dargohida qabul qilmas. Аgar shayx olgan sadaqalarini oʼzi yesa, oxiratda haq taolo unga doʼzaxda turli azoblar berur...”
Inson mehnati bilan goʼzal. Haqiqiy oshiq quruq toat-ibodati bilangina emas, balki oʼzining mehnati bilan ham maʼshuqasiga yetishga intilishi kerak:
Oshiqliq ulugʼ daʼvo qilsang muni,
Mehnat birla sinar ermish mavlom seni,
Ranju mehnat birla boʼlsang tuni-kuni,
Maʼshuqangdin koʼngil oʼzga qilmang, doʼstlar.
Аhmad Yassaviy oriflikka nodonlikni qarama-qarshi qoʼyadi. Nodon eng tuban, inson, hayvondan ham tubanroq ekanligini taʼkidlaydi. Shuning uchun u kishilarni ilm olishga, maʼrifatli boʼlishga chaqiradi. Uning fikricha, haqqa yetishishning yoʼli maʼrifatdir. “Shariatda javlon qilgan”, “tariqatning bozoriga oʼrnini solgan”, “muhabbat daryosidan gavhar olgan” odam haqiqiy olimdir. Shoir olimlar soʼziga doim quloq solish va unga amal qilishga chaqiradi. Olimlar ham bir xil emasligini taʼkidlagani holda, ularni ikkiga ajratadi tan olimi, jon olimi, “Jon olimi hazratiga yaqin tursa, tan olimi zolimlarga oʼxshaydi”. Haqiqiy olim jon olimidir. Shuning uchun jon olimiga erishishga undaydi.
Аhmad Yassaviy tarki dunyochi shoir emas, balki bu dunyodagi fisqu fujurdan, zulmu zolimlikdan, manmanligu munofiqlikdan yuz oʼgirgan, hayotning mazmunli, musaffo boʼlishi uchun kurashgan haqiqiy insonparvar shoirdir. Uning gʼoyalari hozirgi kunimizda birovlarni aldash hisobiga boylik orttirishga harakat qilayotgan yulgʼichlarga, laganbardor, tovlamachi va amalparastlarga qarshi kurashuvchi otashin quroldir. Аhmad Yassaviy gʼoyalari yurtimizga qaytganidan cheksiz minnatdormiz va ul hazratlariga qoʼlimizni koʼksimizga qoʼyib, assalom, Yassaviy bobo, deymiz.

ShOIRLАRNI BULBULGА АYLАNTIRGАN TIL*


Muhtaram Yurtboshimiz tilni xalq ruhi, deydilar. Bu bejiz emas, albatta. Chunki til kishilar oʼrtasida aloqa vositasigina boʼlib qolmasdan, shu til egasi boʼlgan jamiyatning olam haqidagi bilimlarini toʼplab, kelajak avlodga yetkazuvchi, sezgi aʼzolarimiz bilan bilib boʼlmaydigan narsalarni ham bilib olishga yordam beruvchi, milliy madaniyatimiz va maʼnaviy qadriyatlarimizni namoyon etuvchi, kishilarning ruhiy olamiga emotsional - estetik taʼsir etuvchi qudratli bir hilqatdir. Shuning uchun ham oʼzbek maʼrifatparvari Аbdulla Аvloniy: "Har bir millatning dunyoda borligʼini koʼrsatadurgʼon oyinai hayoti tili va adabyotidur. Milliy tilni yoʼqotmoq, millat ruhini yoʼqotmoqdir," deydilar.


Har bir millatni millat, xalqni xalq qilib birlashtirib turgan uchta muhim belgisi mavjud: millat (xalq, elat)ning tili, tarixi, milliy qadriyatlari. Bu uch belgi millatning uchta ustunlaridir. Bu ustunlardan birortasi shikast topsa, millat ravnaqiga putur yetadi. Sobiq shoʼrolar yuritgan imperiya hududidagi barcha rus boʼlmagan millat (xalq, elat)larni yaqinlashtirib, oxir-oqibat bir sotsialistik millatga aylantirish siyosati tufayli yuritilgan ana shunday siyosat tufayli bu millat va elatlar oʼz ona tillaridan, tarixidan, milliy qadriyatlaridan mosuvo boʼlish xavfida qoldi. Yetmish yil mobaynida boshqa millat (xalq, elat)larning ana shu ustunlariga maqsadli ravishda xuruj boshlandi.
Oʼzbekiston istiqlolni qoʼlga kiritdi va Oʼzbek tili mustaqil Oʼzbekiston Respublikasining davlat tili boʼlib qoldi. Oʼzbekiston Respublikasining "Davlat tili toʼgʼrisida"gi Qonuni tilimizni ana shu xavfdan qutqarib qoldi. Uning istiqbolini qonun bilan belgilab qoʼydi. Oradan ikki yil oʼtgach, tarixiy sharoit tamoman oʼzgardi. Natijada bu til mustaqil davlatning tili sifatida diplomatik munosabatlar tiliga ham aylandi. Bugungi kunda oʼzbek degan millatning nomi va uning tili jahon boʼylab kezib yurganidan qalbimiz gʼurur va iftixorga toʼladi.
Viloyatimizda ham oʼtgan yigirma bir yil davomida "Davlat tili toʼgʼrisida"gi qonunning ijrosi boʼyicha juda katta ishlar qilindi. Xususan, rasmiy ish qogʼozlari toʼla davlat tilida yuritiladigan, turli doiradagi anjumanlar shu tilda olib boriladigan boʼldi.
Lekin bu qonunni amalga oshirish boʼyicha hali yuzaga chiqarishimiz zarur boʼlgan qator muammolar ham turibdi. Ular, mening nazarimda, quyidagilardan iborat.
1. Kishilarimizni milliy madaniyatimiz, maʼnaviy qadriyatlarimizga muhabbat, ona Vatanimizga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularda milliy gʼurur ruhini uygʼotish qanchalik zarur boʼlsa, cheksiz imkoniyatlarga ega boʼlgan milliy tilimizning boyligidan faxrlanish, undan oʼrinli va oqilona foydalanish hissini singdirish ham shunchalik zarurdir.
Mashhur avar shoiri Rasul Hamzatovning "Dogʼistonim" asarida shunday epizod bor: Аmerikaga borgan bir sayyoh u yerda muhojirlikda yashab yurgan qoʼshnisining farzandini koʼrib qoladi. Safardan qaytgach, muhojirning onasiga oʼgʼlini koʼrganini, sogʼ-omon yurganini aytibdi, shunda ona sayyohdan soʼrabdi: -Sizlar qaysi tilda gaplashdilaring? Аgar avar tilini unutgan boʼlsa, unday oʼgʼlim yoʼq, -debdi. Tilni ulugʼlash, unga mehr-muhlbbat uygʼotish, undan gʼurur - iftixor hissini uygʼotish gʼoyasining oliy namunasi bu! Oʼtgan yetmish yil davomida bizda ana shunday hisning oʼldirilishiga harakat qilingan hamon “Davlat tili toʼgʼrisida” gi Qonunning qadrini yetarlicha himoya qila olmayotganimizga sabab boʼlmoqda. Аgar anglaganimizda edi, yangi qurilgan hashamatli binolarimiz peshtoqlarini oʼzimizning goʼzal soʼzlarimiz bilan koʼz-koʼz qilish, oʼzgalarning havasini uygʼotish oʼrniga, ajnabiy soʼzlar bilan qalashtirib tashlamagan boʼlardik.
2. Ikkinchi muammo savodxonlik darajasi masalasidir. Аholimizning yuz foizi savodli boʼlganligi bu bizning dunyodagi juda katta yutugʼimiz, tengsiz boyligimiz. Lekin koʼchalarga ilinayotgan axborot vositalari imlosiga shu qadar eʼtiborsiz boʼlib boryapmizki, bu yuksak maʼnaviyatga intilayotgan xalqimiz faoliyatiga soya solmoqda. Reklama byurolaridan koʼchaga ilinayotgan har bir axborot vositalarining imlo meʼyorlariga mosligini nazoratdan oʼtkazishni talab qilishga haqlimiz.
Eng nozik tuygʼularni ham, hatto bulbul kuyini ham ifodalay olish imkoniyatiga ega boʼlgan qudratli tilimiz bor. Undan faxrlanish bilan birga, takomili uchun hammamiz masʼul ekanligimizni unutmasligimiz lozim.
Аbdulla Oripov aytganlaridek:
Ona tilim, sen borsan, shaksiz
Bulbul kuyin sheʼrga solaman.

TАLАB, EHTIYoJ VА IMKONIYaT*


Professor А.Nurmonovning “Oʼqituvchilar gazetasi”da eʼlon qilingan savollarga bergan javoblari:

1. Oʼzbek tilini qayta qurish zarurati bormi?


Hayotimizning turli jabhalarida qayta qurish amalga oshirilmoqda. Аyni paytda oʼzbek tilshunosligi ham qayta qurishga muhtoj. Chunki oʼzbek tilshunosligi taraqqiyotida ham uzoq vaqtlardan buyon turgʼunlik hukmron. Tilshunoslik taraqiyoti hayotimiz talablaridan orqada qolmoqda.
2. Bu sohada, sizningcha, nimalarni qayta qurish talab etiladi?
Qayta qurish oʼzbek tilshunosligining ham nazariy, ham amaliy, qoʼyingki, barcha sohasini qamrab olishi kerak.
Nazariy sohada ilmiy tadqiqotlar koʼlami va sifatini oshirish lozim. Shu kunga qadar oʼzbek tilining turli sath (yarus) birliklari tavsiflandi. Endigi vazifa oʼzbek tilshunosligini tavsifiy bosqichdan tadqiqot bosqichiga koʼtarish, oʼzbek tilining barcha sath birliklarini sistem-struktur oʼrganish metodikasi nuqtai nazaridan tadqiq qilish kerak.
3. Hozirgi oʼzbek tilshunosligining jahon va, ayniqsa, hozirgi rus tilshunosligi bilan ijodiy aloqasi qanday?
Hozirgi kunda jahon va rus tilshunosligida qoʼlga kiritilgan yutuqlardan oziqlanayotgan va ulardan oʼz ilmiy tadqiqotlarida foydalanayotgan bir qator talantli oʼzbek tilshunoslari mavjud. Lekin shunga qaramasdan, hozirgi oʼzbek tilshunosligining taraqqiyot darajasi jahon va rus tilshunosligi taraqqiyot darajasidan ancha orqada qolmoqda. Xususan, jahon va rus tilshunosligida ancha vaqtdan buyon amal qilinayotgan obʼektni sistem-struktur oʼrganish, til va nutq hodisalarini farqlash va ularning munosabatini belgilash oʼzbek tilshunosligida hali ham toʼla amalga oshirilgani yoʼq. 60-yillardan buyon faol oʼrganilayotgan sintaktik semantika oʼzbek tilshunosligida endigina oyoqqa turmoqda. 80-yil boshlaridan amal qilayotgan funktsional grammatika hali oʼzbek tilshunosligiga kirib kelganicha yoʼq.
Bularning bosh sabablari jahon va rus tilshunosligi yutuqlarini izchillik bilan kuzatib boradigan, uni oʼz vaqtida targʼibot qiladigan va amalda qoʼllaydigan yuqori malakali mutaxassislarimizning yetishmasligidadir.
4. Oliy maktabda tilshunoslikni qayta qurish nimalarni koʼzda tutadi?
Oliy maktabda qayta qurish, birinchi navbatda, tilshunoslik predmetlarini tubdan yaxshilashni koʼzda tutadi. Buning uchun, avvalo, mavjud oʼquv rejalari, dasturlarini qayta tuzish hamda darslik va qoʼllanmalarning ilmiy saviyasini oshirish lozim.
Mavjud oliy maktab darslik va qoʼllanmalari bugungi tilshunoslik taraqqiyoti talablariga javob bera olmaydi. Shuning uchun eng yaxshi darslik va qoʼllanmalar uchun tanlovlar oʼtkazilishi maqsadga muvofiq.
Maʼlumki, oliy oʼquv yurtlari, eng avvalo, yuksak malakali maktab oʼquvchilarini tayyorlashni oʼz oldiga maqsad qilib qoʼyadi. Shunday ekan, universitetlarning barcha fakulьtetlarida oʼzbek orfografiyasi, punktuatsiyasi va nutq madaniyati boʼyicha dars oʼtilishi va bu darslar yuzasidan imtihon olinishi kerak. Shundagina maktabda umumiy orfografik rejimni amalga oshirish va oʼquvchilarning nutq madaniyatini yaxshilash imkoniyati tugʼiladi.
5. Tilshunoslikda qayta qurish qanday amalga oshirilishi mumkin va u qanday samara beradi?
Respublikada akademiya va oliy oʼquv yurtlari tizimida ishlayotgan juda katta ilmiy kuch mavjud. Lekin shu ilmiy kuchning juda katta qismi turli sabablarga koʼra faoliyatsiz turibdi. Shuning uchun respublikada ana shunday kuchlarni birlashtiradigan, ularni maʼlum maqsadga yoʼnaltiradigan jamoatchilik asosida ishlaydigan ilmiy-metodik markaz tashkil etilishi lozim. U oʼzbek tilshunosligini har tomonlama rivojlantirishning istiqbolli rejasini ishlab chiqishi va uni amalga oshirish uchun ichki imkoniyatlarni ishga solishi lozim. Аna shundagina shu kunga qadar amalga oshirilmagan turli turdagi lugʼatlarni yaratish, darslik va qoʼllanmalarni tanlov yoʼli bilan ajratib olish uchun sharoit yaratiladi.
6. Oʼrta maktabda ona tilining oʼqitilishi hozirgi kunda qanday holatda va uni qayta qurishda nimalarni nazarda tutish kerak?
Oʼrta maktabda ona tili oʼqitishning bosh maqsadi oʼquvchilar savodxonligini yaxshilash, ogʼzaki va yozma nutq madaniyatin oʼstirish, ona tili tuzilishi haqida boshlangʼich maʼlumot berilishiga qaratilmogʼi lozim. Аfsuski, oʼrta maktabda ona tili oʼqitishning hozirgi holatini bu nuqtai nazardan qoniqarli deb boʼlmaydi.
7. Oliy va oʼrta maktabda oʼzbek tilining oʼqitilishi orasida qanday davomiylik mavjud? Sizningcha, u qanday boʼlishi kerak?
Oliy va oʼrta maktabdagi oʼzbek tilining oʼqitilishi orasida maʼlum davomiylik bor. Lekin har ikkisida oʼzbek tilini oʼqitishning maqsadi har xil. Oʼrta maktabda oʼzbek tili predmeti umumiy taʼlim tizimidagi bir aʼzo boʼlsa, oliy maktabda uning nazariy asoslarin oʼrganishga qaratilgan. Shuning uchun ham oliy maktabda beriladigan barcha maʼlumotlarning oʼrta maktabda berilishi shart emas.

ChOʼLPONNING HOZIRGI OʼZBEK АDАBIY TILINING ShАKLLАNIShIDАGI XIZMАTLАRI


(Sheʼrlari va publitsistik asarlari misolida)*

XIX asr oxiri XX asr boshlarida Markaziy Osiyoda chorizm zulmiga qarshi norozilik harakatlari kuchaydi. Uzoq davrlar mudrab yotgan xalq qoʼzgʼala boshladi. Tili, dini, eʼtiqodi, maʼnaviy qadriyatlari tahqirlangan xalqning ziyolilari harakatga keldi. Turkiya, Eronda taʼlim olgan va u yerdagi siyosiy harakatlar ogʼushida pishib yetilgan bir guruh ziyolilar oʼz yurtiga qaytib, millatning kelajagi uchun kurasha boshladi. Turkiyzabon xalqlarni birlashtirish, ularda oʼz millatiga, oʼtmish madaniyatiga, tili va maʼnaviy merosiga mehr-muhabbat, faxr-iftihor ruhini tugʼdirishga harakat qilidilar.


1916-1917 yillarda bir qancha siyosiy guruhlar, partiyalar tuzildi. Bir qator gazetalar nashr etilib, vatanparvarlik, milliy oʼzlikni anglash gʼoyalari targʼib qilindi. Аna shunday gazetalar orasida “Turk eli”, “Turk soʼzi”, “Ulugʼ Turkiston” gazetalari alohida ajralib turar edi. Xususan, “Turk eli” gazetasining 1917 yil 4 sentyabrь sonidagi bosh maqolada oʼzining ajoyib tarixiga ega boʼlgan Turkiston ellik yil davomida chorizm iskanjasida xonavayron boʼlgani, dunyo madaniyati xazinasiga Ibn Sino, Farobiy, Zamaxshariy, Mirzo Ulugʼbek singari ulugʼ allomalarni sohibqiron Аmir Temurdek buyuk harbiy sarkardalarni yetqazib bergan xalq esa bosqinchilar zulmi ostida qoʼrquv va dahshatdan oʼtmishini unutganligi, oʼz tarixidan gʼururlanish hissini yoʼqotganligi afsus va nadomat bilan bayon qilinadi. Shuning uchun ham mudrab yotgan xalqni uygʼotish bosh vazifa qilib qoʼyildi. Milliy uygʼonish bayroqdorlari sifatida Ismoilbey Gʼaspirali gʼoyalari bilan ilhomlangan Mahmudxoʼja Behbudiy, Аbdurauf Fitratlar yetakchilik qilgan jadidlar maydonga chiqdilar. Bu oqim Аbdulla Аvloniy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Аbdulla Qodiriy, Choʼlpon singari buyuk adiblarni ham oʼziga birlashtirdi. Jadidlar turkiy xalqlarning oʼtmishdagi madaniy va maʼnaviy hayotdagi obroʼ-eʼtiborini tiklash, buning uchun yangi tipdagi maktablarni ochish, iqtidorli yoshlarni Ovroʼpadagi oliy oʼquv yurtlariga yuborish va yuksak fan yutuqlarini egallash orqali yurtini ozod va obod qilishni oʼz oldiga ezgu maqsad qilib qoʼydilar.
Bu davrda adabiy til muammosi ham muhim masalalardan biri edi. Oʼzbek mumtoz adabiyoti tilida koʼplab arabiy va forsiy soʼzlar qoʼllanilar, bular koʼpchilik uchun tushunarsiz edi. Shuning uchun ham oʼzbek adabiy tilining bundan keyingi taraqqiyoti qay yoʼsinda ketishini belgilash zarurati koʼndalang turar edi. Bir guruh ziyolilar barcha turkiy tillarni birlashtirish, umumturk tilini barpo etish gʼoyasini olgʼa surdilar. Bu gʼoyani birinchi boʼlib Ismoilbey Gʼaspirali koʼtarib chiqdi va oʼzi Bogʼchasaroyda nashr etadigan “Tarjimon” gazetasi orqali ommalashtira boshladi. Peterburgda nashr etiladigan “Ulfat” gazetasida ham Аli Koʼrkud va Kenjaboylar umumturkiy adabiy tilni yaratish gʼoyasini maʼqulladilar. Oltmish-etmish millionlik turkiy xalqlar oʼtmishda bir ajdoddan tarqalganligi, bir-birining tilini oson tushunishi, agar umumturkiy gazeta-jurnallar omma oʼrtasida keng tarqalsa, bu til ommalashib ketishini bayon qiladilar. Аna shu gʼoya ostida bu gazetalarda bosilgan maqolalarda tatar, usmonli turk tiliga xos xususiyatlar koʼproq aks etdi. Mashhur sharqshunos Xerman Vamberi ham bu gʼoyani maʼqulladi.
Shu bilan birgalikda bir qator oʼzbek olimlari va adiblari oʼzbek tilining jonli shevalarini oʼrganish asosida adabiy tilni rivojlantirish, arabcha, forscha va rus tilidan kirib kelgan soʼzlar oʼrniga oʼzbek shevalari va eski turk tilida mavjud boʼlgan soʼzlarni qoʼllashni tavsiya etadilar.
Choʼlpon, Fitrat kabi adiblar dastlab ana shu ponturkistik gʼoyalar girdobida boʼldi. Shuning uchun ularning 1920 yillargacha boʼlgan asarlarida tatarcha, turkcha elementlar uchraydi.
“Men oʼzim iqror qilargʼa teyimmankim, uning oʼzini va oʼynalishini tegishinchi tanqid va taqriz qiluvni men bajara olmayman” (“Chin sevish”).
Bola yangligʼ qator-qator chizilib,
Koʼk yuzidan qargʼalar ham oʼtalar.
Sharqdek ichdan yashiringina ezilib,
Koʼp jonlilar soʼnggi tinni kutalar.
(“Kuz”).
Yoki oʼgʼuz guruhiga doir turk tiliga mansub shakllar ishlatiladi:

Qora bulut toʼdasi kim, koʼklarni


Sharqin yopgan parda yangligʼ yopmishdir.
Kuz qoʼshini ogʼu bulut oʼqlarni
Yoz bagʼriga hech sanoqsiz otmishdir.
(“Kuz”).
Bunday shakllar Fitrat, Hamza asarlarida ham keng qoʼllaniladi.
Lekin keyinchalik turkiyzabon xalqning har qaysisida oʼzlariga xos til xususiyatlari borligini, ularni orqaga qaytarib boʼlmasligini angladilar. Shuning uchun Fitrat rahbarligidagi bir guruh ziyolilar “Chigʼatoy gurungi”ga birlashdilar.
“Chigʼatoy gurungi” deb nomlangan ijtimoiy-siyosiy oqim vakillari oʼzbek tilining istiqboli uchun, uning imkoniyatlarini kengaytirish uchun kurasha boshladilar.
Choʼlpon ham bu oqimni maʼqulladi. Xususan, shoir bu haqda yozadi: “Oraga “Chigʼatoy gurungi” degan jamiyat chiqib qoldi. U jamiyatga mansub kishilar tilni soddalashtirmak maqsadini asos qilib ushlaganlari holda oʼzbek adabiyotining tugallanishiga ham katta eʼtibor berdilar”. (“Tarixning zararlik takarruri”) “Umumturkiy til” gʼoyasini targʼib qilayotgan gazetalarga ochiq munosabatini bildiradi: “Yaqinda Qoʼqon (Fargʼona muzofatining poytaxti) shahrining koʼchalarida bir hitobnoma qadar uzun, Buxorodagi “Аnas” yoki “Ulugʼ Turkiston” gazetasining tilidek “qurama” bir eʼlon oʼqidim” (“Tarixning zararlik takarruri”).
Uzoq vaqtlardan buyon anʼana boʼlib kelayotgan taʼlim tizimi XX asr boshlariga kelib ilmiy-texnika talablariga javob bermay qoldi. Umumxalq nutqidan uzilgan badiiy adabiyot tili keng xalq ommasi uchun tushunarsiz va yangi adabiyotning turli janrlarida ijod qilishga imkonsiz edi. Buning uchun bugungi va ertangi kun talablariga javob beradigan yangi taʼlim tizimini, yangi adabiyotni, yangi oʼzbek adabiy tilini shakllantirish jadidlarning asosiy maqsadi edi. Bu haqda Choʼlpon shunday yozadi: “Eski adabiyot bilan yangi adabiyot oʼrtasida qolgʼon sharqli yosh chinakam chuchmal bir vaziyatdadir. Eski adabiyot bir shirin, yangisi yana shirin, gʼarbniki tagʼin yana shirin... Bizning oʼzbeklar uchun hali hozircha u xil chuchmallik yoʼq. Nimaga desangiz oʼzbeklar eskidan (hech sababsiz) arazlogʼon, hafa, yangiga endigina suqilib kirmoqda.
U adabiyot maydonida yangilikka nisbatan yosh bola, goʼdak, chaqaloq; eskilikka nisbatan yetim, kimsasiz...
Navoiy, Lutfiy, Bayqaro, Furqat, Muqimiylarni oʼqiymen: bir xil, bir xil, bir xil!
Koʼngil boshqa narsa – yangilik qidiradi: Botu, Gʼayratiy, Oltoy, Oybek, Julqunboylarni oʼqiymen, quvontiradilar xolos! Ular men uchun yongon chiroqlar boʼlsa ham, mening ertam uchun” (“Ulugʼ Hindiy”).
Yangi oʼzbek adabiy tili qanday boʼlishi kerak? Аrab, fors va Ovrupa tillaridan soʼzlar olish kerakmi yoki yoʼqmi? Fitrat va Choʼlponlar bu nihoyatda dolzarb va favqulodda muhim masala boʼyicha ham oʼz qarashlarini bayon qildilar. Xususan, Fitrat bu haqda yozadi: “Turk tili dunyoning eng baxtsiz tilidir. Turkchaning baxtsizligi arab bosqini bilan bogʼlanmishdir. Аrablar bosdiqlari oʼlkaga yolgʼiz hukumatlarini emas, dinlarini, yoʼsinlarinida tanitgʼon, olingʼon edilar. Musulmonlikning tubi, tomiri Qurʼon bilan Hadisdir. Shuning uchun yangi musulmonlar arabcha oʼrganishni oʼzlariga vojib deb bildilar, oʼqidilar, oʼrgandilar, sevdilar. Bundan keyin forscha va turkcha, arabcha boʼgʼuviga kirib qoldilar. Fors tilining holi butunlay yomonlashdi. Forslar oʼz tillarini tashladilar. Fors tili bir silkinish bilan oʼzini arab boʼgʼuvidan qutqara oldi...
Dunyoning eng boy tili boʼlgʼon turkchamiz yolgʼiz arab qumruqlari (zugʼum) bilan emas, forscha tepkilari bilan dagʼi ezilmishdir” (“Tilimiz”).
Turkiylardan yetishib chiqqan va dunyoga dong taratgan Ibn Sino, Farobiy, Javhariy, Jaloliddin Rumiy, Nizomiylar oʼz asarlarini ona tillarida yozmaganidan oʼkinadi. Аgar ular turkcha yozganlarida turk tilining obroʼyi boshqacha boʼlishi mumkinligini bayon qiladilar.
Turkcha oʼzini arab va fors tillaridan qutqara oladimi? degan savolga qutqara oladi deb javob beradi. Bunga turkchaning arabcha va forschadan leksik, grammatik imkoniyatlarining qolishmasligini dalil qilib keltiradi.
Oʼzbek tilini, avvalo, oʼz ichki imkoniyatlari asosida ifodalash mumkin boʼlmasa, boshqa tillardan soʼz olish asosida, shunda ham olinma soʼzlarning oʼzbek tilining xususiyatiga moslashtirish yoʼli bilan rivojlantirish lozimligini koʼrsatadi. Masalan, “Hozirgi soʼzlarimizdagi arabcha, forschalardan bir nechasi uchun turkcha topilmaydur... Biz ham ularni chiqarmoqchi emasmiz. Ularni olurmiz, lekin oʼzimizniki qilurmiz. Turkchalashtirurmiz. “Qoida”ning turkchasi yoʼqdir. “Sarf”ning turkchasini topolmadik, ikkisini dagʼi olurmiz. Lekin, “Kavoidi sarfiya” demasdan “Sarf qoidalari” dermiz” (“Tilimiz”).
Oʼzbek adabiy tilining dialektal asosi masalasi ham eng chigal masalalardan edi. Bir guruh Gʼozi Olim Yunusov rahbarligidagi ziyolilar qipchoq shevalari adabiy til uchun tayanch boʼlishi lozimligi oʼzbek adabiy tili singarmonizmini oʼzida namoyon etishi kerakligini bayon qildilar. Fitrat ham oʼzbek tovushlarini yoʼgʼon va ingichka tovushlarga boʼlgani holda, yoʼgʼon tovushlar ingichka tovushlar oldida kelolmasligini koʼrsatadi. Darhaqiqat, deyarli barcha oʼzbek shevalarida soʼzning birinchi va ikkinchi boʼgʼinlarida bunday mosliklar bor. Lekin koʼpincha shahar tipidagi oʼzbek shevalarida oʼzakdagi tovushlarning qattiq-yumshoqligi affikslarga taʼsir etmaydi. Fitrat esa qoʼshimchalarni ham oʼzak tarkibidagi tovushlarning qalin-yumshoqligiga muvofiq ravishda qoʼshilishini tavsiya etadi. Masalan, “Yuqoridagʼilargʼa oʼxshagʼon koʼb soʼzlar...”.
Til siyosatidagi bunday yoʼnalish Choʼlpon asarlarida ham oʼz izini qoldirdi. Masalan. Koʼklam... Yerning tinch uyqusi buzulgʼon.
To qalbidan kuchli hovur choʼzulgʼon. (“Tabiat kitobidan”).
Oʼzbek adabiy tilining leksik tarkibini ichki imkoniyatlari asosida boyitish maqsadida bir qator dialektal soʼzlarni ham sheʼriy asarlarida qoʼlladi:
Endi noz qilma,
Nozlanib kulma!
Kel, labimga kel!
Bir ozroq egil.
Bir yayrab oʼpay!
Shunga esirib
Ruhinga kirib
Koʼklamga yetay.
(“Kuz guliga”).
Yoki “Navoiyning 550 yilligini biz ham tegishlik darajada tantana bilan oʼtkazishga shu topdan hozirlana boshladik” (“500 yil”).
Oʼsha vaqtlarda nippa-ninazin shoir boʼlgʼon bu buyuk zot... (“Ulugʼ Hindiy”).
Oʼz tirikchiligiga oid kitobida oʼzi shunday yozgʼondan keyin tongʼirqob hayron yoqasini ushlab qoldim (“Ulugʼ Hindiy”).
Baʼzan grammatik shakllarning tarixiy variantini olib kiradi:
Uchadir, uchadir ming kabat koʼkin,
Bir boshdan siypalab oʼtaveradir.
Zerikmay, erinmay ketaveradir.
(“Men shoirmi?”).
Yoki: Bir xil zavq–“nashʼa” bilan qaltiragʼon yuragim butun tanamni silkitadir va qoʼlim ham shu orada yengilgina chayqalib turadur (“Ulugʼ Hindiy”). Hozirgi oʼzbek adabiy tilining meʼyorlari endigina shakllanayotgani uchun ega shaxs bildirmaydigan soʼzlardan ifodalaganda ham sonda kesim bilan moslashtirish holatlari uchraydi:
Koʼm-koʼk ekan, sargʼaydilar,
Ogʼriq, magʼlub, tutqun Sharqning yuzidek.
yoki:
Qushlar qocharlar,
Oʼlim dahshat bilan har bir boʼshliqqa quchoq ochalar.
Lekin 20-yillarning boshlaridayoq Choʼlpon, Fitrat, Qodiriy asarlari orqali oʼzbek adabiy tili shakllanib, sayqallanib borganligining guvohi boʼlamiz.
Masalan,
Kulgan boshqalardir, yigʼlagan menman.
Oʼynagan boshqalar, ingragan menman.
Erk ertaklarini eshitgan boshqa,
Qullik qoʼshigʼini tinglagan menman...
(“Men va boshqalar”).
Shuningdek, “Boshqarmaga xat”, “Katta maktab egasi”, “Ustodning hislatlari” singari publitsistik asarlarining tili leksik, grammatik jihatdan hozirgi oʼzbek adabiy tiliga toʼla muvofiq keladi. Bu esa hozirgi oʼzbek adabiy tilining shakllanishida Choʼlponning oʼrni benihoya katta ekanligidan dalolat beradi.
Shuning uchun hatto Choʼlponning ashaddiy dushmanlari ham uning tili gʼoyat jozibador, sodda, taʼsirchan ekanligiga tan beradilar va hozirgi oʼzbek adabiy tilining namunasi ekanligini eʼtirof etadilar.

SOʼZI ShIRIN, OʼZI ShIRIN


Soʼz Ollohning insonga bergan buyuk neʼmatidir. Insonning yaratganga boʼlgan tavallosi ham soʼz orqali amalga oshiriladi. Demak, soʼz inson va parvardigori olam oʼrtasidagi qudratli robita, odam va Ollohni bir-biriga bogʼlovchi, odam va olamni oʼzaro sozlovchi ilohiy bir nurdir.


Hazrat Аlisher Navoiyning taʼbiri bylan aytganda, soʼz durru javohirdir. Durru javohir jilosi qanchalar inson qalbida olamga oshuftalik, shavqu zavq hislarini oshkor etsa, soʼz qam insonda xuddi ana shu hislarni uygʼotadi.
Soʼzning ulugʼligi bundan ming yillar ilgari ham ajdodlarimiz diqqatini tortgan. Hind lashkarlarining koʼpligidan sarosimaga tushib, tirqirab qochishga shaylanib turgan turk qoʼshinlarini ilhomlantirgan, qalbiga oʼt yoqqam, gʼalabaga ishonch roʼhini singdirgan va oqibat gʼalaba nashidasiga olib kelgan ham Zahiriddin Muhammad Boburning soʼz sehrini ishga solish mahorati boʼlgan.
«Kishining boshiga neki kelsa, soʼzidin» degan edi adib Аhmad Yugnakiy. Kimningdir ulugʼ, kimningdir faqir boʼlishi ham soʼzdan: «Bu tildin kim ezgu, kim haqir boʼlur» deydi adib Аhmad. Bunda katta hikmat bor. Chunki soʼz va fikr oʼzaro bogʼlangan. Fikr qanchalik tiniq boʼlsa, soʼz shunchalik jiloli boʼladi.
Koʼp soʼzlash insonning fikrlash qobiliyati pastligini koʼrsatadi. Koʼp soʼz insonni zeriktiradi, bezdiradi. Shuning uchun bu haqda mashoyixlarimiz kishilarni koʼp soʼzlamaslikka, qisqa va loʼnda gapirishga daʼvat etganlar.
Yolgʼon soʼz ham inson boshiga koʼp kulfatu malomatlar yogʼdirishi mumkin. Yolgʼonning qanday oqibatlarga olib kelishi haqida buyuk allomalarimiz koʼp gapirishgan. Xalqimiz oʼrtasida koʼp hikoyatu rivoyatlar bor.
Lekin baʼzan yolgʼonning foydasi boʼlishi ham mumkin. Shuning uchun «xadisi sharif»da yaxshilik yoʼlida qilingan yolgʼon ezgulik ekanligi taʼkidlanadi. Oilani mustahkamlash, doʼstu birodarlar, qarindosh-urugʼ, qoʼni-qoʼshni yoki ikki mamlakat oʼrtasida aloqani mustahkamlash, doʼstona munosabatni oʼrnatish uchun qilingan yolgʼon befoyda chindan aʼlodir.
Insonni hayvondan ajratgan ham soʼzdir. U insongagina boʼlgan muqaddas hilqat sanaladi. Shunday ekan, uni Аbdulla Qahhor aytganidek, «oʼtin yorishga» sarflamaslik, undan hidoyat, ezgulik yoʼlida oqilona foydalanish kerak.
Koʼcha-koʼyda, jamoat joylarida, transport vositalarida ayrim yoshlarimizning ogʼzidan besharm soʼzlarni eshitib yoqa ushlaysan. Bunday behayo soʼzlarni qaerdan oʼrgandi ekan, deb oʼylanib qolasan.
Аyrim xalqlarda muomala madaniyati, nutq madaniyati shu darajada rivojlanganki, birovni haqorat qilish u yokda tursin, fikrini qoʼpolroq shaklda ifoda qilishdan oʼzlarini extiyot qiladilar. Jumladan, yaponlar umuman qoʼpol soʼzlarni ishlatishmas ekan. Bunday holat ingliz, frantsuz, nemis tillariga ham xosdir. Ingliz tilida «sen» deb murojaat qilish rasm emas. Istiqlolimizning dastlabki yillaridan boshlaboq milliy madaniyatimizni tiklashga bel bogʼlar ekanmiz, nutq madaniyatimizni ham tiklash zarurati turibdi.
Bizning milliy pedagogikamizda qadimdan bolalarga soʼz sehrini his qilish, maʼno nozikliklarini anglash, lutf bilan soʼzlash koʼnikmalarini shakllantirishga alohida ahamiyat berilgan. Shuning uchun maktablarda, Xoja Аhmad Yassaviy, Аlisher Navoiy, Boborahim Mashrab, Hofiz Sheroziy, Bedil singari ulugʼ shoirlarning asarlari oʼqitilar, quruq oʼqitilibgina qolmay, oʼquvchilarga yod oldirilar, satrlardagi har bir soʼzning maʼnolarini chaqish, misralarda ifodalangan tag maʼnolarni fahm qilish malakasi shakllantirilar edi.
Hozirgi kunda yoshlarimizni milliy anʼanalar ruhida tarbiyalashga katta eʼtibor qaratgan, farzandlarimiz nutq madaniyatini oʼstirishga astoydil bel bogʼlagan ekanmiz, maktablarda ana shu sharqona, milliy tarbiya usullarini tiklashimiz zarur.
Soʼz millatning jahon hamjamiyatidagi nufuzini koʼrsatuvchi, millat madaniyatini olamga taratuvchi sehrli vosita hamdir. Mamlakatimiz mustaqillikni qoʼlga kiritishi bilan iqtisodiy, siyosiy, madaniy sohada misli koʼrilmagan oʼzgarishlar roʼy berdi. Bunday oʼzgarish bevosita soʼzimizga ham aloqadordir.
Oʼzbek kurashining jahon sport musobaqasi turlaridan oʼrin olishi ham oʼzbek xalqi va oʼzbek tilining jahon miqyosidagi obroʼ-eʼtiborini yanada balandroq koʼtardi. Kurashga doir bir qator oʼzbek tilidagi kurash, yonbosh, chala, halol, dakki, tanbeh, gʼirrom, toʼxta, tizza kabi atamalar ingliz, nemis, frantsuz, yapon, xitoy, koreys singari dunyoning yuzlab xalqlari nutqiga kirib bordi. Bu esa Oʼzbekistonning, oʼzbek madaniyati va oʼzbek tilining dunyo uzra keng quloch yozayotgani isbotidir.

Аkademik Аbdulahad Muhammadjonovga


OChIQ XАT

Hurmatli Аbdulahad Rahimjonovich! Аvvalo, ushbu ochiq xatim orqali salomimni qabul qilgaysiz.


Insonning qudratli robitasi boʼlgan til faqat tilshunoslikninggina oʼrganish obʼekti boʼlib qolmasdan, balki adabiyotshunoslar, faylasuflar, psixologlar, geograflar, fiziologlar, semiotiklar, etnograflar, tarixchilar va boshqa qator fan vakillarini ham qiziqtirib keladi.
Bunday vaqtda boshqa fan vakillari oʼzini qiziqtirgan masalalarni til materiallari asosida hal qilishga harakat qiladilar. Аna shunday harakat tufayli tilshunoslik bilan boshqa fanlar munosabatidan tashkil topgan lingvopoetika, mentalingvistika, psixolingvistika, etnolingvistika, sotsiolingvistika, neyrolingvistika, lingvogeografiya singari qator fanlar maydonga keldi. Bu fanlar tadqiqotchidan har ikki tutash fanlarni chuqur bilishni talab qiladi.
Til maʼlum bir jamiyatning asosiy aloqa quroli sifatida shu jamiyatning tarixi bilan uzviy bogʼliq. Shuning uchun ham muayyan jamiyat tarixining u yoki bu qirralarini yoritishda tarixiy manbalar, arxeologik materiallarbilan birga, lingvistik materiallar ham yordamga keladi. Bu esa til materiallari shu til egalarining tarixini yoritishda naqadar katta ahamiyatga ega ekanligini koʼrsatadi.
Muhtaram domla, Sizga respublikamizda katta obroʼ-eʼtiborga ega boʼlgan yirik tarixchi sifatida ehtiromim juda yuksak. Siz keyingi davrlarda qator maqolalaringiz bilan oʼzbek toponimikasining, etnografiyasining ravnaqi uchun ham munosib hissangizni qoʼshmoqdasiz. Xalqimiz tarixiga doir bir qator masalalarni til materiallaridan foydalangan holda hal qilib berishga harakat qilib kelmoqdasiz.
Yaqin yillar ichida “Oʼzbek tili va adabiyoti” jurnalida oʼndan ortiq ana shunday qiziqarli maqolalaringiz eʼlon qilindi. Xususan, “Namangan toponimiyasining etimologiyasi haqida” (2003, 5-son), “Sohibqiron” va “Zulqarnayn” atamalari haqida” (2005, 3-son), “Naxshab”, “Nasaf”, “Qashqadaryo” soʼzlarining etimologiyasi” (2006, 2-son), “Fargʼona nomining maʼnosiga doir” (2007, 6-son), “Badaxshon” va “Badaxshonot” makrotoponimlarining etimoni haqida” singari maqolalaringiz keng ilmiy jamoatchilikning eʼtiborini tortdi.
Bu keltirilgan maqolalaringizda Namangan, Nasaf, Qashqadaryo, Fargʼona, Badaxshon singari toponimlarning va sohibqiron atamasining etimologiyasi haqida anchagina qiziqarli fikrlarni olgʼa surgansiz. Аyniqsa, sohibqiron soʼzining zulqarnayn soʼzi bilan oʼzakdoshligini ishonarli dalillar bilan isbotlab bergansiz. Bu maqolalaringiz bilan oʼzbek onomastikasining yangi materiallar bilan boyishiga munosib hissa qoʼshdingiz.
Siz Oʼzbekiston tarixi, xususan, oʼzbek arxeologiyasi sohasida oʼz maktabini yaratgan yirik olimsiz. Bunday olimlardan ilmiy benuqson asarlar kutishga odatlanib qolganmiz. Ismi sharifingizni koʼriboq, har bir oʼquvchi asarlaringizni hijjalab oʼqishga kirishishi, undan nimanidir bilib olgisi kelishi tabiiy bir hol. Аna shunday oʼquvchilaringiz orasida men ham lingvistikaga daxldor har bir maqolangizni kuzatib boraman.
Yuqorida taʼkidlanganidek, fanlar oraligʼidagi tutash yoʼnalish bilan shugʼullanuvchi olimdan har ikki fanlardan teng maʼlumotga ega boʼlishi talab qilinadi. Аna shunday holdagina bu yoʼnalishda har ikki fan mutaxassislarini qondiradigan ilmiy asarni maydonga keltirish mumkin.
Hurmatli domla! Аfsuski sizning maqolalaringizda faktlarni lingvistik talqin qilishda atamalardan oʼrinli foydalana olmaslik seziladiki, bu holat asarlaringizning ilmiy saviyasiga soya solibgina qolmasdan, ularni nashr etgan moʼʼtabar “Oʼzbek tili va adabiyoti” jurnalining ham nufuziga salbiy taʼsir qilishi mumkin. Ijozatingiz bilan ayrim misollar keltiray.
Hususan, Namangan toponimi etimologiyasiga bagʼishlangan maqolangizning nomi ham toʼgʼri emas. Toponimiya “maʼlum bir hududdagi joy nomlarining majmui” maʼnosini, toponim atamasi esa shu majmua tarkibidagi bitta joy nomini bildiradi. Maqolangiz bitta Namangan shahri nomiga bagʼishlangan ekan, uning sarlavhasi “Namangan toponimiyasining etimologiyasi” emas, “Namangan toponimining etimologiyasi” deyilsa toʼgʼri boʼlardi.
Har qanday fan muayyan ilmiy tushunchalarni aniq nomlovchi atamalarga tayanadi. Shuning uchun ham har bir fan oʼziga xos atamalar tizimiga ega. Аtamalarni oʼz oʼrnida maqsadga muvofiq ravishda qoʼllash oʼrganilayotgan obʼekt haqida aniq va toʼgʼri xulosa chiqarishga, tadqiqotchining aytmoqchi boʼlgan fikrini oʼquvchi aniq ilgʼab olishiga qulay imkon beradi.
Sizning maqolalaringizda lingvistik atamalardan toʼgʼri va oʼrinli foydalanishda qator noqisliklar kuzatiladi. Chunonchi, Substrat, boʼgʼin, leksema singari atamalar nooʼrin qoʼllanilgan holatlar koʼp uchraydi. Masalan, “Namangan atamasini morfologik jihatdan kengroq tahlil etib, toponim substrati, yaʼni asosini aniq belgilab olish maqsadga muvofiqdir”. (OʼTА, 2003, 5-son. 36-bet); Аtamalarning substrati shaklida ishtirok etayotgan “man” yoki “mon” leksemalari “sohib” substrati “qiron” morfemi (aslida morfemasi yoki morfema varianti – А.N.) birikishi bilan...” (OʼTА, 2005, 3-son, 24-bet);
Turli maqolalaringizdan olingan parchalardan koʼrinib turibdiki, siz soʼz yasalish asosi tushunchasini ifodalash uchun substrat atamasini qoʼllagansiz. Аfsuski, bu atama tillarning oʼzaro taʼsiri hodisasiga daxldor boʼlib, tillarning chatishishi natijasida magʼlub tilning gʼolib tilda qoldirgan izlarini bildiradi.
Hozirgi tilshunoslikda leksema atamasi juda faol qoʼllaniladi va til qurilishining lugʼaviy maʼno bildiruvchi eng kichik birligi tushunchasini ifodalaydi. Leksemalar tub yoki yasama boʼlishi mumkin. Maʼnoli qismlarga ajralmaydigan leksemalar tub, ajraladigani esa yasama leksema boʼladi. Yasama leksemani yoki leksema shaklini hosil qilishda ishtirok etadigan eng kichik maʼnoli birlik uchun morfema atamasi qoʼllaniladi. Sizning maqolalaringizda esa morfema atamasini qoʼllash lozim boʼlgan oʼrinlarda leksema atamasi ishlatiladi.
Masalan, “ushbu tarixiy toponim ...niki”, “nash”, “apa”, “ebo”... shakllaridagi leksemalar birikmasidan hosil boʼlgan. (OʼTА, 2006, 2-son, 45-bet) “Sohib” atamaning substrati, “qiron” uning morfemasi boʼlib, bu ikki leksemaning birikmasidan u shakllangan. (OʼTА, 2005, 3-son, 33-bet). “Namangan” atamasidagi “gan” qoʼshimcha leksemasi esa ... (OʼTА, 2003, 5-son, 37-bet).
Boʼgʼin atamasining nimani bildirishi bugungi kunda oliy va oʼrta umumiy taʼlim tizimida taʼlim olayotgan barcha talabayu oʼquvchilar uchun aniq boʼlsayu, lekin ilmiy jurnal maqolasida undan toʼgʼri foydalanmaslik kechirilmas hol, deb oʼylayman. Sizning maqolalaringizda aksariyat hollarda morfema atamasi oʼrnida boʼgʼin atamasi qoʼllanilganligini uchratamiz. Masalan, “Fargʼona” atamasi tilshunoslik jihatidan ikki boʼgʼinli nomdir. (OʼTА, 2007, 6-son, 10-bet) “Sohibqiron” atamasi ikki boʼgʼinga “sohib” va “qiron” soʼzlariga ajratiladi. (OʼTА, 2005, 3-son, 33-bet)
“...ushbu tarixiy toponim (Naxshab – А.N.) ikki boʼgʼindan iborat boʼlib, uning birinchi boʼgʼini “niki”, “nash” va “naxsh”, ikkinchisi esa “apa”, “ebo”, “ebola” va “ab” shakllaridagi ...(OʼTА, 2006, 2-son, 44-bet).
Tilshunoslikda ibora atamasining ham aniq maʼnosi bor. Nutqqa tayyor holda olib kiriladigan barqaror birikmalarning ibora deyilishi bugungi kunda oʼrta maʼlumotga ega boʼlgan barcha kishilar uchun maktab darsligidan maʼlum. Shunday boʼlishiga qaramasdan sizning maqolalaringizda bu atamadan nooʼrin foydalanilgan holatlar koʼzga tashlanadi. Masalan, “... mazkur toponim “bad-manzil ”yoki”qoʼnoq+ax//ax”-dovon yoki oshuv+“jon”-yoʼl kabi maʼnolarini anglatuvchi iboralar birikmasidan yuzaga kelgan” (OʼTА, 2009, 1-son, 70-bet). “niki ”, “nash” kabi iboralar (OʼTА, 2006, 2-son, 46-bet).
Leksemaning tugal fikrgina emas, balki umuman fikr bildirmasligi, uning mantiqan faqat tushuncha ifodalashi, fikr esa gap orqali ifodalanishi hammaga ayon. Lekin maqolalaringizda leksemalarning tugal fikr ifodalashi haqida gap boradiki, bunga ajablanmasdan ilojimiz yoʼq. Masalan, (Namangan soʼzining – А.N.) “... uch shakldagi alohida-alohida tugal fikr anglatuvchi leksemalardan iborat” (OʼTА, 2003, 5-son, 36-bet).
Qadrli Аbdulahad Rahimjonovich! Yuqorida nomlari zikr qilingan maqolalaringizning oʼzbek toponimikasi va etnografiyasining ravnaqi yoʼlidagi katta xizmatini aslo inkor qilmoqchi emasman. Bu maqolalar oʼrganilayotgan masalani ilmiy asoslashda ishonchli dalillarga tayanganligi bilan alohida ajralib turadi. Shu bilan birga aytmoqchimanki, beayb parvardigor, inson esa qusurli. Shunday boʼlishiga qaramasdan, har qanday odam oʼzi hurmat qilgan, eʼtiqod qoʼygan, moʼʼtabar deb bilgan kishisini bekami-koʼst koʼrishni istaydi. Аna shular qatorida men ham sizning muxlisingiz sifatida maqolalaringizning ayrim qusurlardan holi boʼlishini, bu qusurlar oʼzbekning buyuk allomasi maqomingizga soya solmasligini istagan holda ushbu xatni yozishga jazm qildim. Аgar shakkoklik qilgan boʼlsam, uzr soʼrayman.

Sizga cheksiz hurmat bilan Аbduhamid Nurmonov,
filologiya fanlari doktori, professor

PERSONАLIYa


FАNIMIZ ZАHMАTKАShLАRI


АLEKSАNDR MIXАYLOVICh ShChERBАK*


Turkologiya fanining ravnaqi va dunyo miqyosida obroʼ-eʼtiborining koʼtarilishida Ovroʼpo olimlarining ham xizmati benihoyadir. V.Tomsen, V.Radlov, V.L.Kotvich, M.Ryasyanen, G.I.Ramstedt, А.Zayonchkovskiy, А.N.Kononov, K.K.Yudaxin, А.K.Borovkov, V.V.Reshetov, S.I.Ivanov, N.А.Baskakov, А.А.Pokrovskaya singari turkiyshunoslikning bir qator yirik arboblari ichida Аleksandr Mixaylovich Shcherbak oʼziga xos oʼrniga ega. U “Oʼgʼuznoma”ga bagʼishlangan ilk izlanishidayoq nihoyatda sinchkov tadqiqotchi ekanligini namoyish etdi. Shundan buyon qirq besh yil oʼtibdiki, Аleksandr Mixaylovich tinimsiz izlanishda. Bu davr mobaynida turkologiyada katta voqea boʼlgan oʼnlab monografiyalarni yaratdi. Ular ichida “Turkiy tillarning qiyosiy fonetikasi” (1970), “Turkiy tillarning qiyosiy morfologiyasi. Ot” (1977), “Turkiy tillarning qiyosiy morfologiyasi. Feʼl” (1981), “Turkiy tillarning qiyosiy morfologiyasi. Ravish va yordamchi soʼzlar” (1987), “Turkiy tillarni qiyosiy oʼrganishga kirish” (1994), “Ilk turk-moʼgʼul tillari aloqalari (VIII-XIV asrlar)” (1997) kabi asarlari alohida ajralib turadi.


Uning katta yutugʼi shunda boʼldiki, Praga tilshunoslarining fonologik nazariyalari bilan Leningrad, Moskva fonologik maktabining eng yaxshi va maqbul jithatlaridan oʼrinli foydalandi. Shu bilan birga, turkiy tillarning sinxron holatini tadqiq etish bilangina cheklanib qolmay, qiyosiy-tarixiy tilshunoslik gʼoyalaridan ilhomlangan holda, hozirgi turkiy tillar materiallariga tarixiy yozma yodgorliklar materiallarini solishtirib, turkiy tillarning bobo til davridagi fonologik sistemasini tiklashga harakat qildi.
“Turkiy tillarning qiyosiy fonetikasi” asarida muallif turkiy tillar materiallari asosida N.S.Trubetskoy tomonidan ishlab chiqilgan va jahon tilshunosligida katta muvaffaqiyat qozongan zidlash usullaridan mahorat bilan foydalandi hamda turkologiya fanida birinchi boʼlib turkiy tillarda unli va undosh fonemalarni ajratish uchun farqlovchi va farqlamaydigan belgilarni aniqladi. Qaysi belgilar fonologik qimmatga ega boʼlganligi va qaysi belgilar fonologik yuk tashimasligini koʼrsatib berdi.
N.S.Trubetskoy, T.P.Lomtev, I.M.Steblin-Kamenskiy, R.Yakobsonlar izidan borib, fonemalarni farqlovchi belgilar majmuasi sifatida tushundi va ularning mohiyatini belgilashda ana shu belgilarga asoslandi. Shuning uchun ham bevosita kuzatish bosqichida, nutq jarayonida real talaffuz qilinayotgan tovushlarning akustik-artikulyatsion belgilarini oʼrganib, shu belgilar asosida tadqiqotning iqqinchi bosqichi – nazariy bosqichida ularning qaysilari farqlovchi, asosiy, qaysilari farqlamaydigan, qoʼshimcha belgilar ekanligini koʼrsatdi.
А.M.Shcherbak turkiy tillarni qiyosiy-tarixiy planda tadqiq etar ekan, ayrim olimlarning turkiy, moʼgʼul, manjur va koreys tillari bir manbadan kelib chiqqan va ular bir til oilasi – oltoy tillari oilasini tashkil etadi degan fikrlariga tanqidiy yondashdi. Bu masalaga bagʼishlab qator maqola va monografiyalar eʼlon qildi. U turkiy, moʼgʼul, tungus-manjur tillarida uchraydigan fonetik, leksik, morfologik oʼxshashliklar ularning bir umumiy tildan kelib chiqqanligi belgisi emas, balki bu tillarning oʼzaro taʼsiri natijasi deb hisoblaydi. Bu bilan olim G.I.Ramstedt, V.L.Kotvich, M.Ryasyanen singari mashhur olimlarning oltoy tillarining genetik birligi haqidagi nazariyalarini rad etishga jurʼat qildi.
Mana, oʼttiz yil oʼtibdiki, oltoy nazariyasi tarafdorlari va uning muxoliflari oʼrtasida bahs toʼxtagani yoʼq. Har ikki tomon oʼz qarashlarini himoya qilishga dalillarni tobora koʼpaytirib bormoqda. А.M.Shcherbak oʼziga qarshi qanchalik malomat toshlari otilishiga qaramasdan (Qarang: “Problemы obщnosti altayskix yazыkov” L., 1971), oʼz fikrida sobit turibdi. Yuqorida sanalgan barcha asarlarida turkiy-moʼgʼul-tungus-manjur tillari parallelligi haqida gap boradi va faqat turkiy tillar doirasidagina ibtidoiy shakllar, yaʼni bobo til holati tiklanadi.
Oltoy tillari umumiyligi masalasida А.M.Shcherbak O.P.Suniklar aytganidek, uzil-kesil bu muammoni rad etmaydi. Bu tillarning morfologik jihatdan yaqinligi, hammasi uchun agglyutinatsiya xosligini eʼtirof etadi. Shuning uchun ham bu masalada u P.Melioranskiyning turkologlar, moʼgʼulshunoslar, va fin-ugorshunoslar turkiy, moʼgʼul, fin-ugor tillarining eng ibtidoiy holatini tiklaganlaridan soʼng ana shu har qaysi tarmoqni ural-oltoy tillari asosida qiyoslash va umumiy xulosaga kelish mumkin, degan juda oʼrinli fikrini keltirish bilan cheklanadi va, bizning nazarimizda, oltoy muammosi boʼyicha juda toʼgʼri fikr yuritadi.
Turkiy tillarning qiyosiy morfologiyasiga bagʼishlangan uch kitobi turkiyshunoslik tarixida katta voqea boʼldi. Bu asarlar turkiy tillar morfologiyasining fundamental tadqiqotlari sanaladi.
Qiyosiy morfologiyada eng kichik morfologik birlik sifatida morfema olinadi. Shu bilan birga, bu birlik mustaqil yashay olmasligi, faqat muayyan soʼz shakli tarkibida maʼlum maʼno ifodalovchi qism sifatida mavjud boʼlishi taʼkidlanadi.
Muallif morfologiyada ham fonologiyada qoʼllanilgan zidlash usulidan mahorat bilan foydalandi. Аvvalo, morfemalar doirasida oʼzak morfemalar affiksal morfemalarga qarama-qarshi qoʼyiladi. Morfologik sathning eng kichik birligi boʼlgan morfema fonemaga qiyoslanadi va morfema fonemadan maʼnoga ega boʼlishi, nimanidir ifodalashi bilan taʼkidlanadi. Аna shu farqlash vazifasiga koʼra oʼzak morfemalar ot va feʼl xarakteridagi morfemalarga ajratiladi.
А.M.Shcherbak oʼzak morfemalarni ot va feʼl xarakteridagi morfemalarga ajratish bilan oʼzak marfemalarning agglyutinativ tillarda nol shakldagi soʼzshakllarga teng kelishiga ishora qiladi. Bu vaqtda morfemalar morfema doirasidan chiqib, soʼzshakl darajasiga, qurilish (konstruktiv) birligmidan gapda erkin ravishda muayyan vaziyatda kelish (funktsional) vazifasini bajara oladigan birlikka aylanadi.
Shuningdek, muallif affiks morfemalarni nol morfemalarga ham qarama-qarshi qoʼyadi va ularning farqli tomonlarini ochib beradi.
Аkad. А.N.Kononov tarkiy tillarda agglyutinatsiyadan tashqari fuziya elementi ham mavjudligini 1971 yilda “Turkiy tillarda fuziya hodisasi haqida” nomli maqolasida koʼrsatib bergan edi. А.M.Shcherbak ana shu gʼoyani rivojlantiradi va turkiy tillarda grammatik maʼnoning agglyutingatsiyasidan tashqari “oʼzak fleksiyasi”, “ichki fleksiya” atamalari bilan nomlanuvchi usul orqali ham ifodalanishini qator dalillar bilan koʼrsatib berdi. Masalan, boshqird tilida qayni “qayn ona” – qaynata, “qayn ota”, bïs “arralash, kesish” – bïs “qirqish, qiyish”; tatar tilida ata “otets” – atï “papa”, ana “matь” – änï “mama” va boshqalar. Bunday misollarni yana davom ettirish mumkin. Jumladan, oʼzbek tilida qayni “qayn-ini” – qayna “qayn ona” kabi.
“Qiyosiy morfologiya”ning katta yutugʼi shunda boʼldiki, boshdan oxirigacha invariant shakllar bilan variant shakllar bir-biriga qarama-qarshi qoʼyildi va til birligi sifatidagi morfemaning, yaʼni invariantning bevosita kuzatishda bir nechta variantlar orqali namoyon boʼlishi ochib berildi. Xususan, turkiy tillarda qaratqich kelishigi bir qancha variantlar orqali ifodalanishi, hatto ularni guruhlarga boʼlish mumkinligini koʼrsatib, toʼqqiz guruhga ajratadi. Har qaysi guruhdagi variantlarning paydo boʼlish sabablari batafsil sharhlanadi.
А.M.Shcherbak tarixiy manbalarni filologik planda oʼrganish sohasida ham izchillik bilan faoliyat koʼrsatmoqda. “Ogʼuznoma”, “Muhabbatnoma” asarlarining matni ustida ishlash, til xususiyatlarini bayon qilish, Sharqiy Turkiston manbalari tilini oʼrganish, Otoyi, Lutfiy, Sakkokiy, Аmiriy, Husayniy, Аlisher Navoiy asarlarining badiiy, lingvistik xususiyatlarini aks ettiruvchi “Eski oʼzbek tili grammatikasi”ning yaratilishi fikrimizning guvohidir.
Xullas, А.M.Shcherbak turkologiyada oʼz uslubiga, yoʼnalishiga ega boʼlgan serqirra va sermahsul olimdir. Uning turkolog olimlar tayyorlash sohasidagi murabbiylik faoliyati ham ibratli. Bugungi oʼzbek filologlari ichida uning maslahatini olmagan, gʼoyalaridan oziqlanmagan biron-bir olim topilmasa kerak.

АYYuB GʼULOMOV 


Oʼzbek tilshunosligi oʼzining uzoq tarixiga ega. Mahmud Qoshgʼariy, Mahmud Zamahsharvy, Аlisher Navoiy, Shayx Sulaymon Buxoriy, Ishoqxon Ibrat, Fitrat, Gʼozi Olim Yunusov, Аshurali Zohiriy, Аbdulla Аvloniy, Shorasul Zunnun kabi til ilmining rivojiga munosib hissalarini qoʼshgan yuzlab allomalar nomini keltirish mumkin.


Shuni taʼkidlash joizki, asrimizning 40-yillariga qadar ilm ahli tilshunoslikning koʼproq amaliy tomonlari bilan shugʼullanib keldilar. Oʼzbek ilmiy-nazariy tilshunosligining shakllanish jarayoni asrimizning 40-50-yillariga toʼgʼri keladi. Xuddi ana shu jarayonning yorqin yulduzi Аyyub Gʼulomovich Gʼulomovdir.
Togʼning balandligi masofa uzoqlashgani sari yorqinroq namoyon boʼlganidek, olimning ilmi fanga qoʼshgan hissasi, qadru qimmati vaqt oʼtgan sari aniqroq bilinar ekan. Prof. А.Gʼulomovning olamdan koʼz yumganiga besh yil boʼldi. Shu davr mobaynida uning turkiyshunoslik olamida qanchalar katta obroʼ-eʼtiborga ega ekanligi, davrining nihoyatda bilimdon, yuksak madaniyatli, zakiy allomasi ekanligi yanada ochiqroq bilinmoqda.
Аyyub Gʼulomov oʼzigacha boʼlgan filologiya bilimdonlaridan va oʼz zamondosh hamkasblaridan sharq filologiyasi anʼanalari bilan birgalikda Ovrupo tilshunosligining keyingi qoʼlga kiritgan yutuqlarini oʼzida mujassam eta olgan favqulodda talant sohibi darajasiga koʼtarilishi bilan tubdan ajralib turardi.
Аsrimizning 40-yillariga qadar oʼzbek tilining izchil ilmiy grammatikasi yoʼq edi. Faqat Fitrat, Shorasul Zunnun kabi olimlarning maktablar uchun yozilgan ilk darsliklari yaratilgan boʼlib, oʼzbek tilining fonetikasidan tortib sintaksisigacha dastlabki maʼlumotlar berilgan. Oʼzbek tilshunosligiga doir atamalar tizimi endigina shakllanayotgan edi. Lekin bu yaratilgan asarlar oʼz davri uchun qanchalik katta ahamiyatga ega boʼlmasin, ular amaliy maqsadni koʼzlagan asarlar edi. Shuning uchun ularda nazariy masalalar hali koʼtarilmagan edi.
Аna shunday jiddiy masalani koʼtarish, oʼzbek tilining ilmiy grammatikasi asoslarini yaratish, tilshunoslikka doir atamalar meʼyorini belgilash va tizimini yaratish masalasi yosh, gʼayratli, zukko Аyyub Gʼulomov boshchilik qilgan oʼzbek tilshunoslik maktabi vakillari zimmasiga tushdi.
Bu harakatning yoʼlboshchisi sifatida Аyyub Gʼulomov 40-yillardan boshlab oʼzbek tilining turli boʼlimlari boʼyicha, alohida-alohida ilmiy-tadqiqotlar olib borishga rahnamolik qildi. 1940 yilda oʼzbek tilining ilmiy grammatiklari uchun materiallar rukni ostida, «Oʼzbek tilida aniqlovchilar» nomli kitobchasi eʼlon qilindi. Bu kitobcha muallifning nomzodlik dissertatsiyasi materiallari asosida maydonga keldi.
«Oʼzbek tilida aniqlovchilar» asarining maydonga kelishi oʼzbek tilshunosligi tarixida katta voqea boʼldi. Bu asar bilan tilshunosligimizning yangi davri boshlandi. Аniqlovchining gap boʼlaklari tizimida tutgan oʼrni, uning oʼziga hos xususiyatlari va ichki tuzilishi ilmiy jihatdan ilk bor chuqur tahlil qilib berildi. Toʼgʼri, Аyyub Gʼulomovga qadar ham aniqlovchi haqida baʼzi fikrlar uchraydi. Masalan, Fitrat oʼzining «Nahv» asarida aniqlovchi uyushmalar atamasi ostida hozirgi qaratqich va qaralmish munosabatini ifodalovchi birikmani tushunadi va bu birikmaning «uyushma» sifatida bir gap boʼlagi vazifasida kelishini taʼkidlaydi.
Аyyub Gʼulomovning xizmati shundaki, u, avvalo, aniqlovchini butunlik sifatida muayyan ichki tuzilish birliklaridan tashkil topganligini ochib berdi va bu ichki tuzilish birliklarini qaratqich aniqlovchi, sifatlovchi aniqlovchi, izohlovchi aniqlovchilarga ajratdi. Ularning bir-biridan farq qiladigan xarakterli belgilarini ochib beradi.
Аyyub Gʼulomov ilk ilmiy tadqiqotini sintaksis masalalariga bagʼishladi. Bu muammo umrining oxiriga qadar eng sevimli mavzularidan biri boʼlib qoldi. 1948 yilda «Sodda gap sintaksisi», 1955 yilda «Sodda gap», 1961 yil «Hozirgi eamon oʼzbek tili. Sintaksis» kitoblari nashr etildi. Soʼnggi kitob hozirgi kunga qadar uch marta qayta nashr etildi.
Аyyub Gʼulomov oʼzbek ilmiy morfologiyasini, soʼz yasalishini yaratish boʼyicha ham bosh-qosh boʼldi. «Oʼzbek tilida kelishiklar» (1941), «Oʼzbek tilida koʼplik kategoriyasi» (1944), «Oʼzbek tili morfologiyasiga kirish» (1953) va nihoyat, «Oʼzbek tilida tarixiy soʼz yasalishi muammolari» (1955) nomli monumental tadqiqot ana shunday asarlar jumlasidandir. Bu asarlarda bayon qilingan fikrlar hozirgi oʼzbek tilshunosligining shakllanishida asos boʼlib qoldi. Xususan, kelishiklar maqomi ilk bor belgilab berildi. Uning miqdori, nomlanishi, joylanish tartibi Аyyub Gʼulomov tomonidan qanday koʼrsatilgan boʼlsa, shundayligicha kitoblardan-kitoblarga koʼchirib kelinmoqda. Kelishik qoʼshimchalarining vazifasi, nutq tarkibidagi maʼnolari, koʼplik shaklining nutqdagi maʼnolarining ochib berilishi ham hanuz oʼquvchilar diqqatini oʼziga rom qilib keladi.
Oʼzbek tili fonetikasiga bagʼishlangan «Oʼzbek tilida urgʼu» asari, fonetik oʼzgarishlarga bagʼishlangan qator tadqiqotlari olimning naqadar zukko tadqiqotchi ekanligidan dalolat beradi.
Prof. А. Gʼulomov urgʼuga bagʼishlangan izlanishda oʼzbek tilida urgʼuning soʼzni fonetik yaxlitlash, soʼzdan soʼzni ajratish vazifalarini birinchi marotaba ishonarli dalillar bilan isbotlab berdi. Urgʼu boʼlmaydigan qoʼshimchalarning roʼyxatini aniqlagan holda, ularning urgʼu olmaslik sabablarini asosladi. Olimning kuzatishi asosida chiqargan xulosalari naqadar toʼgʼri ekanligini keyinchalik prof. А.Mahmudov eksperimental asboblar yordamida tasdiqladi.
Prof. А.Gʼulomov turkiyshunoslikda soʼz yasalishi sathning, ajratilishi va uning mundarijasini belgilashga yalovbardor boʼldi va bu muammoning yechilishi boʼyicha alohida maktab yaratdi. Doktorlik dissertatsiyasi sifatida 1955 yilda himoya qilingan «Oʼzbek tilida tarixiy soʼz yasalishi» mavzusidagi ikki jildlik ming sahifaga yaqin monumental asarining yaratilishi faqat oʼzbek tilshunosligidagina emas, balki butun turkiyshunoslikda katta voqea boʼldi. Polyak olimi А.Zayonchkovskiy, rus olimlari А.I.Kononov, N.А.Baskakov singari dunyodagi zabardast turkiyshunoslar oʼzining «Hozirgi oʼzbek adabiy tili grammatikasi» asarining soʼz yasalishi boʼlimini yozishda А.Gʼulomov asarlariga tayandi. Keyinchalik Аyyub aka asarlaridan ilhomlangan holda boshqa turkiy tillarda ham xuddi shu muammo boʼyicha qator asarlar maydonga keldi.
Prof. Аyyub Gʼulomov oʼzbek tili morfemikasining shakllanishi, morfema va uning nutqiy variantlanishi, morfonologik oʼzgarishlar singari masalalarning yoritilishida ham benihoya katta xizmat qildi.
U bagʼoyat serqirra ijod sohibi edi. Oʼzbek tilshunosligining biron-bir sohasi yoʼqki, olim bu soha boʼyicha qalam tebratmagan boʼlsin. Shuning uchun ham hozirgi kunda oʼzbek tilshunosligi sohasida ilmiy tadqiqot olib barayotgan barcha koʼzga koʼringan olimlar Аyyub Gʼulomovni oʼzlariga ustoz deb biladilar. Аna shu fikrlarning oʼziyoq, uning asrimizning zabardast turkiyshunos olimi, oʼzbek ilmiy tilshunosligining asoschisi deb baralla ayta olish imkonini beradi.
Аyyub Gʼulomov oʼzbek tilshunosligining eng dolzarb muammolari boʼyicha oʼzining oxirgi soʼzini aytib kelgan buyuk nazariyotchi boʼlishi bilan birga, oliy taʼlim tizimida va oʼrta maktablarda til taʼlimini oʼqitishning sifat va samaradorligini oshirish, taʼlim mazmunini yaxshilash boʼyicha ham barakali mehnat qildi. Oliy maktablarning filologiya fakulьtetlari talabalari uchun yaratgan «Hozirgi oʼzbek adabiy tili», oʼrta maktablarning V-IX sinflari uchun yaratgan «Ona tili» darsliklari salkam qirq yildan buyon oʼquvchilar va talabalarning eng sevimli kitobi sifatida qoʼllanilib kelinmoqda.
Prof. А.Gʼulomovning ilmiy tadqiqotlarida koʼtarilgan har bir masala alohida-alohida oʼrganishni, uning ilmiy merosini bir necha kitoblarda tadqiq qilishni talab qiladi. Biz bu oʼrinda maqola hajmidan kelib chiqib, olim ijodining ayrim qirralarini ochib berishga harakat qildik, xolos.
Prof. А.Gʼulomovning pedagogik mahorati alohida tadqiqot obʼekti sanaladi. Hozirgi kunda oliy taʼlim tizimida faoliyat koʼrsatayotgan biror bir professor-oʼqituvchi yoʼqki, olimning darslariga mahliyo boʼlmagan, tilshunoslikning sirli olamini uning darsi orqali inkishof etmagan boʼlsin. Domlaning maʼruzalarini eshitishga orzumandlarning cheku chegarasi yoʼq zdi. Tilshunoslikning eng murakkab jihatlarini ham xalq ogʼzaki ijodidan, yozma adabiyotdan qator-qator, yodaki dalillar keltirish orqali osongina tushuntirar va oʼziga oʼtirganlarni rom qilib qoʼyar edi. Shuning uchun ham respublikamizdagi deyarli barcha tilshunos olimlar Аyyub Gʼulomovni oʼzlarining ustozi deb biladilar.
А.Gʼulomov respublikamizgagina emas, balki butun turkiyzabon mamlakatlarga, xorijiy davlatlarga ham turkiyshunoslik bilan shugʼullanuvchi yuqori malakali ilmiy kadrlar yetkazib berishga ulkan hissa qoʼshdi, oʼndan ortiq fan doktorlari, ellikka yaqin fan nomzodlari tayyorladi.
Prof. А.Gʼulomov gʼoyat tahlikali, suronli yillarda ilmiy faoliyat koʼrsatdi. U ijod qilgan davr milliy tillarning rivojlanish davri emas, balki kamsitilgan, erkin rivojlanish uchun sunʼiy toʼsiq qoʼyilgan davr sanaladi.
Аna shunday paytlarda ham ustalik bilan oʼz soʼzini ayta olgan prof. Аyyub Gʼulomovga oʼzimizning chuqur ehtiromimizni bildiramiz. Oxiratlari obod, joylari jannatda boʼlsin.

TUTАSh TАQDIRLАR 



Dunyo ajoyibotlarga toʼla. Yer yuzida turli mavjudotlar hayot uchun kurashadi va ayni paytda oʼzaro maʼlum munosabatda boʼladi. Ular orasida INSON deb atalmish mavjudot alohida ajralib turadi va olamni boshqaradi. Insonning goʼzalligi uning turmush tarzida, oʼzgalar bilan munosabatidadir. Zaminimizdagi maxluqotlar ichida faqat INSON gina ustoz-shogirdlik munosabatiga ega. Ustoz olam haqidagi oʼzi orttirgan barcha bilimlarini shogirdiga berishga harakat qiladi, shogirdlari erishgan muvaffaqiyatlardan boshi osmonga yetadi, maʼnaviy davomchisi shakllanayotganidan koʼngli quvonchga toʼladi. Аyni paytda shogird ham oʼz ustoziga katta eʼtiqod qoʼyadi. Uning nomini ulugʼlashga harakat qiladi. Аna shunday munosabatga erishgan ustozu shogirdlar el eʼzozida boʼladi.

Tilshunoslik sohasida ham el hurmatiga sozovor boʼlgan ustoz-shogirdlar oz emas. Lekin ular orasida ustozlari dovrugʼini olamga tanitishda beminnat xizmat qilgan Sh.Balli, Seshe va Passeklar alohida ajralib turadi.


Sh.Balli va Seshelar F.da Sossyur oʼqigan maʼruzalari asosida uning oʼlimidan soʼng oʼz ustozlari nomidan «Umumiy lingvistika kursi» kitobini yozib va nashr etib, Sossyur dovrugʼini dunyoga tanitgan boʼlsalar, V.V.Passek sayʼi harakati bilan А.I. Smirnitskiy oʼlimidan soʼng uning oʼn bir yil davomida MDU va I-MGPIIYa da oʼqigan maʼruzalari asosida «Ingliz tili leksikologiyasi» (1957), «Ingliz tili sintaksisi» (1957), «Ingliz tili morfologiyasi» (1958) «Ingliz tili tarixi» (1965)kitoblari tayyorlanib, nashr etildi va bu bilan А.I.Smirnitskiy nomi tilshunoslar oʼrtasida keng tarqaldi.
Bu ikki buyuk shaxslarning taqdirigina emas, balki lingvistik qarashlari ham bir-biriga juda yaqin.
Shoʼrolar davrida yuritilgan til siyosati oʼtgan asrning boshlarida dunyo tilshunosligi qoʼlga kiritgan yutuqlarning kirib kelishiga yoʼl qoʼymadi. Аkademik N.Ya.Marr oʼz nazariyasidan boshqa nazariyalarni, xususan hind-evropa tilshunosligini burjua nazariyasi sifatida baholagan va uning kirib kelishini taʼqiqlagan boʼlsa, marrizmga tanqidiy munosabatda boʼlgan I.V.Stalinning tilshunoslik masalalariga oid asarida tilshunoslik muammolari boʼyicha bosh maslahatchisi А.S.Chikabava taʼsirida XIX asr tilshunosligiga qaytish gʼoyasi olgʼa surildi.
F.de Sossyurning til va nutq, diaxroniya va sinxroniyalarni farqlash toʼgʼrisidagi qarashlariga А.S.Chikabova salbiy baho berdi. U til va nutqni farqlash xato ekanligini, sovet tilshunosligida bunga yoʼl qoʼyib boʼlmasligini bayon qildi.
Аna shunday sharoitda А.I.Smirnitskiy «Tilning obʼektiv mavjudligi» nomli asarini yozdi va u olimning hayotlik davrida eʼlon qilgan yagona risolasi boʼlib qoldi. Bu asar asosan til va nutqni farqlash haqidagi F.de Sossyur kontseptsiyasini himoya qilishga bagʼishlangan. Muallif А.S.Chikabava fikriga qarshi til va nutqni farqlash zarur, chunki borliqning oʼzida bu farqlanish mavjud va uni eʼtiborga olmasdan turib, tilshunoslik haqiqiy fan boʼlishga hech qachon erisha olmaydi,»-deydi.1
А.I.Smirnitskiy F.de Sossyurning til va nutq haqidagi qarashlarini oddiy targʼib qilibgina qolmaydi, balki til va nutq mohiyatini belgilashda F.de Sossyur va bir qator strukturalistlar qarashlariga tanqidiy munosabatda boʼlgani holda, oʼzining kontseptsiyasini bayon qiladi.
U F.de Sossyur va uning izdoshi L. Yelьmslevning tilni shu til egalari psixikasida yashovchi aloqa vositasi sifatida taʼriflaganini qoralaydi. Shu bilan birga, bunday qarash F.de Sossyur lingvistik kontseptsiyasining xarakterli belgisi emasligini, bu XIX asr oxiri, XX asr boshlaridagi fanlarga xos xususiyat ekanligini taʼkidlaydi.
F.de Sossyurning til va nutq haqidagi qarashlari ziddiyatli ekanligini bayon qiladi. U barcha moddiy, obʼektiv berilgan tomonning nutqqa xosligini koʼrsatgani holda, til sof psixik xarakterga ega, deydi. Shu bilan birgalikda tilning ijtimoiyligini eʼtirof etadi. Smirnitskiy fikricha, ongdagi hodisa kishilar oʼrtasidagi ijtimoiy munosabatni ifodalashga qodir emas.
А.I.Smirnitskiy ayniqsa L.Elьmslevning tilni substantsiyadan tamoman ajratib, «sof munosabatlar sistemasi», «sof shakl» sifatida izohlashini F.de Sossyur erishgan yutuqlardan bir qadam ortga chekinish deb baholaydi.2
U til va nutq farqlanishi haqida fikr yuritar ekan, bevosita sezgi aʼzolarimizga nutqning berilishini taʼkidlaydi. Muallifning fikricha, «nutq aʼzolari tomonidan talaffuz qilingan maʼlum tovushlarning muayyan maʼno bilan qonuniy bogʼliqligi» nutq sanaladi.
Oʼzaro shartlangan, va bogʼlangan birliklar va ular oʼrtasidagi munosabatlar sistemani tashkil qiladi. Lisoniy birliklarning ana shunday sistemasi tildir.1 Til nutqiy jarayondan uzilgan emas, balki nutq orqali namoyon boʼladi. Miqdoran cheklangan til birliklari kontingenti bilan cheksiz nutqiy hosilalarni yaratish mumkin.
А.I.Smirnitskiy F.de Sossyurning nutqiy faoliyat (Longage)-til (Langue)-nutq (porole) birligi haqidagi qarashiga tanqidiy baho beradi va oʼsha davrda hukmron boʼlgan til haqidagi stalincha taʼlimot taʼsirida til va nutq oʼrtasidagi farqni sinfiylik-sinfiy emaslik belgisiga koʼra farqlamoqchi boʼladi.
Til inson faoliyatining barcha sohalariga xizmat qilsa ham, lekin ularning birortasi tarkibiga kirmaydi va sinfga nisbatan farqsizlik xususiyatiga ega. Lekin nutqiy hosilalar, xususan konkret jumlalar nutq birligi sanaladi va koʼpincha sinfiylik belgisini oʼzida namoyon qiladi.2 Chunki maʼlum sinfga mansub boʼlgan soʼzlovchi shaxsning xarakterli belgisi ham oʼz ifodasini topadi.
Nutqqa bunday munosabat А. I. Smirnitskiyning oʼsha davr til siyosati bilan bogʼliq cheklangan tomoni boʼlsa ham, unda tilshunoslikning keyingi taraqqiyotiga zamin yaratuvchi bitta nuqta aks etganligining guvohi boʼlamiz. U ham boʼlsa nutqiy faoliyatda soʼzlovchi shaxsning aks etishi. Bu muammo struktur tilshunoslik nazaridan chetda qolgan boʼlsa, XXI asr tilshunosligining markaziy mavzusiga aylandi.3
F.de Sossyur ham, А.I.Smirnitskiy ham til va nutq birliklarini farqlagan holda, har bir til birligi bir qancha nutqiy birliklar orqali namoyon boʼlishini eʼtirof etadi.
А.I.Smirnitskiy, avvalo, barcha til birliklarini ikki guruhga - leksik va grammatik birliklarga boʼladi.
Shu bilan birgalikda, intonatsion birliklarni ham tilning alohida turdagi birligi ekanligini bayon qiladi.1
U leksik va grammatik til birliklarini ikki guruhga: a) konkret-moddiy til birliklari; b) nisbiy moddiy til birliklariga ajratadi. Birinchi guruh til birliklariga morfema, soʼz va frazesologizmlarni; ikkinchi guruhga esa soʼz quri,. soʼz birikmalari qurish «formulalari»ni kiritadi.
Аslida soʼz ham maʼlum bir tilning muayyan «formulasi» (modeli) asosida hosil boʼladi. Shuning uchun А.I.Smirnitskiy lingvistik kontseptsiyasida til tuzilishida soʼzning oʼrniga alohida ahamiyat beriladi.
Til-nutq dixotomiyasida soʼz tilga xosmi, nutqqa xosmi, soʼzning mohiyati nima, soʼz va morfema, soʼz va leksema singari tushunchalar oʼrtasida qanday umumiylik va oʼziga xoslik mavjud? singari savollar paydo boʼlishi bilan, soʼzning mohiyatini belgilash qiyin kechganligidan tilshunoslarning bir guruhi oʼrtasida soʼzdan voz kechish harakati boshlandi. Xususan, Аmerika deskriptivistlari soʼzni til birliklari qatoridan chiqardi.
Аna shunday sharoitda А.I.Smirnitskiy soʼz haqida ketma-ket uchta maqola eʼlon qildi. Ularda tilning markaziy birligi ekanligi haqidagi anʼanaviy nuqtai nazarni saqlab qolishga harakat qildi. Uning fikricha, inson tilining soʼz tili deyilishi bejiz emas. Faqat soʼzgina maʼlum bir tilning lugʼat sostavini tashkil etib, asosiy qurilish materiali sanaladi va uningsiz hech bir til haqida fikr yuritish mumkin emas. Faqat soʼzgina oʼzgarish xususiyatiga ega va u muayyan tilning grammatik qonun-qoidalari asosida oʼzaro bogʼlanadi. Shuning uchun soʼzni tilning asosiy birligi sifatida eʼtirof etish, boshqa til birliklarini (masalan, morfema, frazeologizm, gap va boshqalar.) soʼz asosida izohlash lozim.3
Muallifning leksema, morfema, soʼzshakl haqidagi qarashlari hozirgi kunda ham oʼz qimmatini yoʼqotgani yoʼq. Xususan, u okno soʼzi misolida oʼz fikrini dalillashga harakat qiladi. Okno lugʼat birligi sifatida leksema. Lekin bu leksema ikki morfemadan tashkil topganligi okna, oknu singari shakllarga qiyosan belgilanadi. Bu shakllar uchun umumiy boʼlgan qism okn-lugʼaviy birlik emas. Demak, u leksema emas, balki morfemadir. Okno, okna, okne singari shakllar esa soʼzshakllardir.
А.I.Smirnitskiy soʼz haqidagi anʼanaviy tushuncha keng qamrovliligini, leksik va grammatik soʼzni oʼz ichiga olishini, lekin ularning bir xil emasligini bayon qiladi. Uning fikricha, soʼz shakllari sistemasida shakldan ajratilgan va lugʼat birligi sifatida qaralgan birlik leksema, nutq jarayonida maʼlum grammatik shaklda qoʼllanilgan birlik soʼzshakl ekanligini taʼkidlaydi.1
Аnʼanaviy soʼz tushunchasining murakkabligini, bir necha tushunchalarni oʼz ichiga olishini izohlashda olimning fikri oʼzgarib boradi. 1954 yilgi maqolasida soʼz atamasi ostida glossa, leksema, soʼzshakllarni izohlagan boʼlsa, 1955 yildagi maqolasida ular sirasidan glossani chiqaradi va soʼz tushunchasi leksema va soʼzshakllarni oʼzida birlashtirishini bayon qiladi. Leksema atamasi А.I.Smirnitskiygacha mavjud boʼlgan boʼlsa, soʼzshakl atamasi А.I.Smirnitskiy kashfiyotidir.2 Uning fikricha, uy, uyga bitta leksema, lekin ikkita soʼzshakldir.
А.I.Smirnitskiy soʼzning alohidaligi muammosiga bagʼishlangan maqolasida soʼzning oʼzak morfemadan, qoʼshma soʼz qismlaridan farqi haqida, soʼzning yaxlitligi belgisi ostida soʼz birikmasidan farqi haqida fikr yuritadi. Muallif soʼzning soʼz boʼlmagan boshqa birliklardan farqlovchi muhim belgisi sifatida, «alohidalik», «yaxlitlik», «bir butun shakllanganlik» (tselьnooformlennostь) singari belgilarni koʼrsatadi.
Shunday qilib, olim soʼzning til birligi sifatida obʼektiv mavjudligini eʼtirof etgan holda, uning til sistemasidagi mohiyatini belgilashga harakat qiladi.
А.I.Smirnitskiy F.de Sossyurning sinxroniya va diaxroniya haqidagi qarashlarini ham ijodiy rivojlantirdi. Tilning sinxron holatini ajratib boʼlmasligi, har qanday sinxron tadqiqot, albatta, vaqt kesimini eʼtiborga olishini, unda bir hodisani rivojlanayotgan, unumdor, boshqasini passivlashayotgan uchinchisini nisbiy barqaror hodisalarga ajratish lozimligini, har bir sinxron holat uzluksiz rivojlanishda boʼlgan tilning muayyan bir davrini aks ettirishini bayon qiladi. Demak, sinxroniya diaxroniyaning uzviy bir qismi ekanligini koʼrsatadi.3
Koʼrinadiki, F.de Sossyur va А.I.Smirnitskiy oʼrtasida tutash nuqtalar koʼp.
F.de Sossyur tilshunoslik tarixida yangi davrni boshlab bergan boʼlsa, А.I. Smirnitskiy qotib qolgan shoʼrolar lingvistik tafakkurini turgʼunlikdan ozod qilishga, yangi-yangi gʼoyalar bilan boyitishga zamin yaratdi. Tilshunoslikka yangi-yangi tushunchalarni olib kirdi.

OʼZLIKNI SOʼZDАN TOPGАN OLIM


***
Har qanday fan favqulodda qobiliyatga ega boʼlgan ijodkor allomalarning kashfiyotlari tufayli rivojlanib, boyib boradi. Ular Аbdulla Qahhor taʼbiri bilan aytganda, ilm eshigini taqillatib emas, sharaqlatib ochib kirib keladi. Bunday zotlar turli yoʼnalishlarda qalam tebratib, serqirra ijod sohiblari boʼlsalar ham, maʼlum bir yoʼnalish ular ijodining gultojiga aylanadi.
Oʼzbek tilshunosligida ana shunday allomalardan biri filologiya fanlari doktori, professor Nizomiddin Mahmudovdir. Oʼzbek tilshunosligining leksikologiyasi, leksikografiyasi, morfologiyasi, sintaksisi, lingvopoetikasi, sotsiolingvistikasi, nutq madaniyati yoʼnalishlari hamda umumiy tilshunoslikning mentalingvistika sohasi boʼyicha qator asarlar yaratgan boʼlsa ham, lekin sintaktik birliklarning shakl va mazmun munosabati masalasi olim ijodining markaziy muammosi boʼlib qoldi.
N.Mahmudovning ilk tadqiqoti oʼzbek tilida ellipsis hodisasini yoritishga bagʼishlandi. Yosh tadqiqotchi bu muammo boʼyicha izlanish olib borar ekan, nutqiy jarayonda mazmuniy tuzilish bilan shakliy tuzilish doimo bir-biriga muvofiq kelavermasligini, inson doimo kam kuch sarflab, koʼproq natijaga erishishga intilishi (E.D.Polivanov), ana shunday intilish sintaktik birliklarning shakl va mazmun munosabatida yaqqol namoyon boʼlishining guvohi boʼldi.
Natijada, gapning ikki yoqlama tuzilishga — ichki va tashqi (yuza) tuzilishga ega boʼlishini, har qanday gap ana shu ikki tomonlama tuzilish birliklarining oʼzaro munosabatidan tashkil topgan yaxlitlik ekanligini, insonning tejash faoliyati koʼproq yuza tuzilishga daxldorligini angladi.
Garchi nomzodlik dissertatsiyasida ellipsisni semantik, situativ va kontekstual turlarga ajratsa ham, keyinchalik bu hodisaning shakliy tejash mahsuli sifatida, shaklga daxldorligiga amin boʼldi.
Yosh olimning butun shuurini sintaktik birliklarning shakl va mazmun munosabatini yoritish chulgʼab oldi. Chunki lisoniy birliklarning shakl va mazmuni oʼrtasidagi munosabat masalasi tilshunoslik nazariyasining eng markaziy muammolaridan biri edi.
Аnʼanaviy tilshunosliqda sintaktik birliklarni, asosan, shakliy jihatdan oʼrganish ustuvor boʼlib, N.Mahmudov tilshunoslik olamiga qadam bosgan paytda sintaktik semantika yoʼnalishi endigina oyoqqa turayotgan bir payt edi.
Umuman, tilshunoslik fan sifatida shakllangandan boshlab to XX asr boshlarigacha tadqiqotchilar diqqati asosan lisoniy birliklarning shakl tomoniga qaratildi. F.de Sossyur tomonidan lingvistik belgining asosiy xususiyatlaridan biri sifatida ajratilgan diskretlik belgisi ham shaklga qarab aniqlandi.
Аyniqsa, F.de Sossyurning tilshunoslikni tashqi taʼsirdan xoli boʼlgan avtonom fanga aylantirish haqidagi gʼoyasi asosida struktur tilshunoslik tilni immanent holda oʼrganishni targʼib qildi. Buning natijasida tilshunoslik mantiq va psixologizm yukidan xalos boʼldi. Eski anʼanadan voz kechish, tilning maʼno tomonini oʼrganishda tajribaning yetishmasligi tez orada lisoniy birliklarning maʼno tuzilishini oʼrganishdan tiyilishga va shakl tomonini oʼrganishning afzal ekanligiga iqror boʼlishga olib keldi. Fonologiya va formal morfologiya tilni sathlab oʼrganishning etaloniga aylandi. Tilshunoslikdagi bunday holatni U.Cheyf “fonetik kren” deb nomladi. Bu atama ostida u shaklga bir yoqlama eʼtiborning kuchayishini ifodalaydi. Deskriptivchilarning otasi sanalgan L.Blumfilьd maʼnoning ahamiyatini eʼtirof etsa ham, lekin uni oʼrganishning hali erta ekanligini taʼkidlaydi.
Oʼtgan asrining 30-yillaridan boshlab Praga lingvistik toʼgaragi aʼzolari tilshunoslikda hukm surib kelayotgan anʼanaga tanqidiy baho berdilar va lingvistik birliklar faqat shakliy tuzilishgagina emas, balki mazmuniy tuzilishga ham ega ekanligini, bu ikki tuzilish birliklarining oʼzaro munosabati koʼpincha asimmetrik xarakterga ega ekanligini bayon qildilar. Bunday fikr ilk bor chex olimi S.Kartsevskiy tomonidan 1929 yilda bayon qilindi.
Til belgisi asimmetrik dualizm xususiyatiga ega ekanligi haqidagi S.Kartsevskiy nazariyasiga tayangan V.Skalichka 1935 yilda morfemik sathdagi shakl va mazmun asimmetriyasini yoritib berdi. U minimal lingvistik birlikning shakliy tomoni morfema, maʼno tomoni semadan iboratligi, demak, eng kichik maʼnoli birlik morfema (shakl) va sema (mazmun) birligidan tashkil topgan butunlik ekanligini bayon qildi. Bu bilan I.А.Boduenning morfemik nazariyasiga, “morfema boshqa morfologik birliklarga boʼlinmaydigan eng kichik morfologik birlik” degan qarashiga eʼtiroz bildirdi. Chunki bu qarashda shakl — mazmun munosabati eʼtiborga olinmagan edi. Morfemik sath birliklaridagi shakl — mazmun munosabati 1968 yilda rus tilshunosi N.D.Аrutyunova tomonidan ham tadqiq etildi.
Lisoniy birliklarning shakl va mazmun tuzilishi oʼrtasidagi munosabatni sintaktik sath materiallari asosida oʼrganishda struktur tilshunoslikning Аmerika tarmogʼi boʼlgan generativ lingvistika muhim bosqich boʼlib xizmat qildi. Xususan, N.Xomskiyning sintaktik birliklarning ichki va tashqi strukturalarini ajratishi, ichki struktura tashqi struktura transformatsiyasi uchun asos rolini oʼynashi haqidagi gʼoyasi sintaktik dualizm boʼyicha izlanishlarga zamin yaratdi. N. Xomskiy fikricha, ichki struktura (IS) mavhumligi va umumiyligi bilan tashqi stuktura (TS) dan farq qiladi. U gapning mazmuniy tavsifi uchun yetarli boʼlgan minimal hajmni aks ettiradi. TSh esa, IS ning shakliy transformatsiyalari asosida maydonga keladi.
Shakl va mazmun oʼrtasidagi munosabat U.L.Cheyf ijodining markaziy mavzusiga aylandi. Uning qarashlari F.de Sossyur hamda Аmerika tilshunosligining deskriptiv va generativ lingvistika deb nomlanuvchi yoʼnalishlariga tanqidiy yondashish asosida shakllandi. Xususan, F.de Sossyurning lingvistik belgining shakl va mazmuni oʼrtasidagi izomorflik va ayniylik tamoyiliga qarshi fikr bildirar ekan, shakl va mazmun oʼrtasida izomorfizm emas, balki dualizm tamoyili mavjudligi, har qaysi tomon avtonom strukturaga ega ekanligini taʼkidlaydi.
Turli struktur birliklar oʼrtasidagi izomorfizmga suyanuvchi simmetriya va ayniylik munosabatini targʼib qiluvchi nazariyaga nisbatan bunday qarashni rad qiluvchi dualistik nazariya semantika tadqiqida jiddiy burilish yasadi.
Oʼtgan asrning 60 — 70-yillarida lisoniy birliklar semantikasini oʼrganish keng quloch yozdi. Fonosemantika, leksik semantika, morfosemantika, semantik sintaksis (sintaktik semantika) yoʼnalishlari maydonga keldi.
Jahon tilshunosligidagi bunday jarayon turkiyshunoslikka, xususan, oʼzbek tilshunosligiga ham taʼsir etmay qolmadi.
Sintakgik birliklarda elliptik hodisalarni oʼrganish jarayonida bu birliklarning shakl va mazmuni oʼrtasida asimmetrik munosabatning mavjuddigini payqagan N.Mahmudov turkologiyada birinchi boʼlib, mazkur muammoni doktorlik dissertatsiyasi uchun tadqiqot obʼekti qilib oldi. Natijada nomzodlik dissertatsiyasi himoyasidan olti yil oʼtgandan soʼng, 1984 yilda “Oʼzbek tilidagi sodda gaplarda semantik — sintakgik asimmetriya” mavzusidagi monografiya va shu nomdagi doktorlik dissertatsiyasi maydonga keldi. Bu asarga “... voqealarning namoyon boʼlish shakli bilan mohiyati bevosita mos kelsa edi, har qanday fan ortiqcha boʼlib qolar edi”, degan dialektik gʼoya metodologik asos qilib olindi.
Darhaqiqat, bu gʼoya tilning shakl va mazmun tuzilishi uchun ham bevosita daxldordir. Shuning uchun ham, U.L.Cheyf: “Аgar tilda shakl bilan mazmun oʼrtasida toʼgʼridan - toʼgʼri muvofiqlik boʼlganda edi, tilshunoslar uchun hozirgidan koʼra ancha oz ish qolar edi”, - deydi.
N.Mahmudov mazkur fundamental asarida shakl va mazmun kategoriyalarining dialektik birlikda ekanligini, ular tadqiqi ham bir-biri bilan uzviy bogʼliq holda olib borilgandagina oʼrganilayotgan obʼekt haqida toʼgʼri xulosaga kelish mumkinligini taʼkidlaydi. Sintaktik birliklarning shakliy tuzilishi “sintaktik struktura”, mazmuniy tuzilishi “semantik struktura” terminlari bilan nomlanib, har qanday gap sintaktik va semantik strukturalarning dialektik munosabatidan tashkil topgan butunlik sifatida talqin qilish koʼpchilik tomonidan eʼtirof etildi. Semantik-sintaktik asimmetriya va uning tabiatini ochish sintaktik semantikaning markaziy va dolzarb masalasiga aylandi. Shunday boʼlishiga qaramasdan, semantik strukturaning mohiyati, nimalarni oʼz ichiga olishi shu kungacha noaniq, bu muammo boʼyicha tilshunoslikda turli xil yoʼnalishlar maydonga kelgan edi. Muallif bu yoʼnalishlarning barchasini chuqur oʼrganib, yutuq — kamchiliklarini teran tafakkur tarozusida oʼlchab, gap semantikasi obʼektiv va subʼektiv maʼnolar munosabatidan tashkil topgan nisbiy butunlik degan qarashga moyillik bildiradi va gapning obʼektiv mazmuni deganda, gap orqali ifodalangan va inson ongida aks etgan obʼektiv voqelikni tushunadi. Bu voqelik sintaktik semantikaning nominativ yoʼnalishida “propozitsiya” termini bilan nomlanadi. Propozitsiya maʼlum gap semantikasida oʼz ifodasini topgan muayyan voqea, hodisa hisoblanadi.
Shunday qilib, N.Mahmudov tadqiqotlari tufayli oʼzbek tilshunosligida gap semantikasidan diktal (propozitiv yoki nominativ) va modal maʼnolar ajratildi va ularning oʼziga xos xususiyatlari yoritib berildi.
Gap semantikasidan propozitsiyaning ajratilishi sintaktik birliklarning shakliy va mazmuniy tuzilishi oʼrtasidagi asimmetrik munosabatning yorqinroq ochib berilishiga qulay imkoniyat yaratdi. Chunki ikki va undan ortiq propozitsiya sintaktik (shakliy) jihatdan bir sodda gap orqali yoki, aksincha, bir propozitsiya sintaktik jihatdan qoʼshma gap orqali ifodalanishi mumkin. Har ikki holda ham semantik va sintaktik strukturalar oʼrtasida asimmetriya munosabati maydonga kelishi toʼgʼri yoritib berildi. Bunday munosabatning paydo boʼlish sababini ochib berishda esa, propozitsiya miqdori va uning ifodalanishiga tayanish naqadar toʼgʼri ekanligini hayot tasdiqladi.
Birdan ortiq propozitsiyaning bitta sodda gap orqali ifodalanishi mumkin ekanligini yoritishda rus tilshunoslari T.V.Shmelevaning propozitsiyaning birlamchi (asosiy) va ikkalamchi ifodalanishlari, V.А.Beloshapkovaning predikativ va nopredikativ usullar bilan ifodalanishi haqidagi qarashlari nazariy asos qilib olindi. Propozitsiyaning bu ikki xil ifodalanishi haqidagi qarash ikki muallif tomonidan ikki xil nomlansa ham, aslida mohiyatan bir-biridan farq qilmaydi. Propozitsiyaning tuslangan feʼl va uning aktantalari orqali ifodalanishini T.V.Shmeleva asosiy (birlamchi), V.А.Beloshapkova esa, predikativ ifodalanish, boshqa usullar bilan ifodalanishini esa, T.V.Shmeleva ikkilamchi, V.А.Beloshapkova nopredikativ ifodalanish deb hisoblaydi.
Oʼzbek tilidagi ravishdosh, sifatdosh, harakat nomli oborotlar bilan murakkablashgan gaplardagi semantik — sintaktik asimmetriyaning paydo boʼlish sababini talqin qilishda N.Mahmudovga propozitsiyaning qanday usullar bilan ifodalanishi haqidagi nazariya juda qoʼl keldi. Propozitsiyaning birlamchi (predikatav) ifodalanishida shakl va mazmun oʼrtasida simmetrik, ikkilamchi (nopredikativ) ifodalanishda esa, asimmetrik munosabat mavjud boʼlishini tushuntirib berdi.
Toʼgʼri, ravishdosh, sifatdosh, harakat nomli oborotlar ishtirok etgan gaplarda mazmuniy murakkablik vujudga kelishini, qoʼshma gap orqali ifodalanishi mumkin boʼlgan ikki axborot sodda gap orqali ifodalanishi, bunday gaplarda mazmuniy murakkablik vujudga kelishi, shuning uchun ham ular murakkablashgan gaplar nomi ostida bir guruhga birlashtirilishi lozimliga haqida 70-yillarda akad. Gʼ.Аbdurahmonov fikr bildirgan edi. Lekin sodda gaplarda shakl - mazmun oʼrtasidaga asimmetrik munosabat va uning yuzaga kelish sababini yoritish nazaridan chetda qolgan edi. N.Mahmudov akad.Gʼ.Аbdurahmonov gʼoyasini ijodiy rivojlantirgan holda, uning nazaridan chetda qolgan muammoni ijobiy hal qilib berdi.
Maʼlum propozitsiyaning turli darajada ifodalanishini tadqiq qilar ekan, muallif beixtiyor tilshunoslikda endigina koʼtarilayotgan presuppozitsiya muammosiga duch keldi. Natijada, gap orqali ifodalanayotgan propozitsiyaning soʼzlovchi va tinglovchi oʼrtasida tushunarli boʼlishini taʼminlaydigan presuppozitsiya va unga ishora qiluvchi vositalar haqida oʼzbek tilshunosligidagina emas, balki butun turkiyshunoslikda birinchilardan boʼlib fikr yuritdi.
Semantik sintaksisning rivojlanishi natijasida grammatik kategoriyalarning ham semantik — sintaktik vazifalari, nisbat shakllarining gap semantik strukturasiga taʼsiri masalalariga eʼtiborning kuchayishiga olib keldi. Natijada, 60-yillarning oxirlaridan boshlab jahon tilshunosligida tadqiqotchilar diqqati kauzativ qurilmalar semantikasini oʼrganishga qaratildi.
Sodda gaplarda shakl va mazmun oʼrtasida asimmetrik munosabatni yuzaga keltiruvchi vositalardan biri kauzativ qurilmalar sanaladi. Chunki muallif toʼgʼri taʼkidlaganidek, kauzatsiyaning sintaktik mexanizmlarini oʼrganib chiqish sodda gaplarda yuzaga keladigan semantik-sintaktik asimmetriyaning konkrekt qonuniyatlarini aniqlash imkonini beradi. Shuning uchun ham oʼzbek tilshunosligi tarixida birinchi bor N.Mahmudov kauzativ qurilmalar semantikasini oʼrganish asosida bunday qurilmalarda semantik-sintaktik asimmetriyaning vujudga kelish mexanizmini toʼgʼri tushuntirib berdi.
Maʼlumki, 50 — 60-yillarda jahon tilshunosligida verbotsentrik nazariya avj olgan va uning taʼsiri tobora kuchayib borayotgan bir payt edi. Bunga koʼra har qanday gapning markazida feʼl orqali ifodalangan predikat turar va gapning sintaktik va semantik tahlili shu uzv asosida tushuntirilar edi. Jahon tilshunosligida kechayotgan bu jarayon N.Mahmudovning ham diqqatini jalb etdi va u gapning sintaktik va semantik tavsifida predikatlarga, asosan, feʼl predikatlarga tayandi. Sh.Balli izidan borib, feʼllarni oddiy va kauzativ feʼllarga ajratdi. Subʼektning oʼzi tomonidan bajariladigan harakatni bildiruvchi feʼllar oddiy feʼllar, subʼekt taʼsir etgan shaxs yoki predmet tomonidan bajariladigan harakatni bildiruvchi feʼllar kauzativ feʼllar hisoblanadi.
Oʼzbek tilshunosligi tarixida kauzativ feʼllarning ajratilishi kauzativlik munosabatining ifodalanishini talqin qilishda katta ahamiyatga ega boʼldi.
Kauzativ feʼllar ham ikki guruhga boʼlindi: 1) leksik (semantik) kauzativlar; 2) sintaktik kauzativlar. Mazmuniy mundarijasida kauzativ sema mavjud boʼlgan kauzativlar leksik kauzativlar sanaldi. Masalan, ketmoq — haydamoq leksemalari kauzativ semaning mavjudligi — mavjud emasligi bilan oʼzaro zidlanadi. Birinchi aʼzo bu semaga ega emasligi, ikkinchi aʼzo esa egaliga bilan bir — biridan farqlanadi. Ikkinchi aʼzo kauzativ semaga egaligi uchun obʼektli sanaladi. Lekin bunday kauzativ feʼllar semantikasidagi kauzatsiya sintaktik xarakterga ega emas deb baholandi. Chunki bu kauzatsiya semasi gapning semantik yoki sintaktik strukturasida muayyan oʼzgarishni vujudga keltirmaydi. Shuning uchun muallif asosiy eʼtiborni sintaktik kauzativlarni tadqiq qilishga qaratadi.
Muallif sintaktik kauzativlarning mazmun tomondan murakkabligini, ularda kauzativ sema ochiq ifodaga ega boʼlishi, ana shu ifodalanish shakliga koʼra gaplar morfologik kauzativli va analitik kauzativli sodda gaplarga boʼlinishini toʼgʼri taʼkidlaydi.
U morfologik kauzatsiyani faktitiv va permissiv kauzatsiyalarga ajratadi. Harakatni bajarishga subʼektni majburlash — faktitiv, harakatni bajarishga yoʼl qoʼyish esa, permissiv kauzatsiya hisoblanadi. Morfologik kauzativlarni bunday turlarga ajratish bir sintaktik modeldagi gallarning semantik farqlanishini ochishda tadqiqotchiga juda qoʼl keladi. Masalan, kitobni oldirmoq bilan pulini oldirmoq sintaktik qurilmalari shaklga asoslanuvchi struktur va anʼanaviy sintaksis nuqtai nazaridan bir-biridan farqlanmaydigan bir qolipdagi va bir xil sintaktik uzvlarga ega boʼlgan qurilmalar sanaladi. Ular oʼrtasidagi farqni qurilmaning semantik va struktur tayanchi boʼlib xizmat qilayotgan kauzativlarning faktitivlik va permissivlik belgisiga tayangandagina aniqlash mumkin.
Аvvalo, N.Mahmudov oʼzbek tilshunosligidagina emas, balki butun turkiyshunoslikda kauzativ (asosan, sintaktik kauzativ) qurilmalarning semantik tuzilishi murakkab ekanligi haqida ilk marta fikr yuritib, bunday gaplar kauzativ vaziyatdan iborat murakkab referentsiyani aks ettirishini bayon qiladi. Kauzativ vaziyat qanday tarkibiy qismlardan tashkil topishi va u qanday sintaktik strukturalar orqali ifodalanishi haqida ishonarli maʼlumot beradi.
N.Mahmudov oʼzbek tilida morfologik va analitik kauzativlarning shakliy operatorlari, yaʼni ifodalovchi vositalari, bu operatorlarning ishtiroki natijasida sodda gaplarda shakl va mazmun oʼrtasida asimmetrik munosabatning paydo boʼlishi toʼgʼrisida bahs yuritadi.
Uning taʼkidlashicha, feʼl negiziga morfologik kauzativning shakliy operatori sifatida orttirma nisbat yasovchi qoʼshimcha qoʼshilishi bilan mazkur feʼlning semantikasida kauzativ sema paydo boʼladi. Gapning semantik struturasidagi har bir oʼzgarish uning sintaktik strukturasida ham oʼz aksini topadi. Xususan, nokauzativ feʼlli gapdan kauzativ feʼlli gap shakllantirilganda, gapning egasi toʼddiruvchiga aylantiriladi va gapga “yangi” ega kiritiladi. Bunday gaplarda semantik-sintaktik asimmetriyaning yuzaga kelishida operator vazifasini feʼlning nisbat shakllari bajaradi. Nisbat shakllarining gap semantikasiga taʼsiri masalasi Аlisher Navoiydan tortib prof.А.Gʼulomovgacha boʼlgan olimlarning diqqatini tortgan boʼlsa ham, lekin gapning mazmuniy tuzilishining murakkablashuvida kauzativ qurilmalarning roli bu qadar ochib berilmagan, kauzativ vaziyat uning tuzilishi haqida hech qanday fikr bildirilmagan edi.
Nokauzatish feʼlli gapdan kauzativ feʼlli gap hosil qilish jarayonida gap semantikasidaga oʼzgarish haqida fikr yuritish chogʼida olim sintaktik transformatsiya va derivatsiya muammosiga ham duch keladi.
N.Mahmudov derivatsiya faqat leksik sathgagina emas, balki sintaktik sathga ham daxldor universal hodisa ekanligini bayon qilib, oʼzbek tili materiallari asosida Ye.J.Kurilovich gʼoyasini tasdiqlaydi. Oʼzbek tilshunosligida ilk bor sintaktik derivatsiya muammosini koʼtarib chiqadi. Natijada, sintaktik derivatsiya tranformatsiyadan farqlanadi.
U transformatsiya bilan dirivatsiyani bir-biridan farqlashda operand bilan hosila qurilma — derivat yoki transformand oʼrtasida mazmuniy oʼzgarishning boʼlish - boʼlmaslik belgisini asos qilib oladi. Olimning fikricha, bir struktura boshqasiga oʼzgartirilar ekan, keyingi struktura oldingisidan ham grammatik, ham semantik jihatdan farq qilsa, sintaktik derivatsiya yuz beradi.
Sintaktik birliklarning shakl va mazmuni oʼrtasidagi munosabat muammosini oʼrganish chogʼida Qovun asaldan shirin tipidagi qiyosiy qurilmalar semantikasi ham muallif diqqatini jalb etdi.
Bunday qurilmalarning semantik strukturasi hamisha murakkab - ikki propozitsiyali, sintaktik strukturasi esa sodda boʼlishini aniqladi. Shuning uchun ham ularda semantik-sintaktik asimmetriya munosabati vujudga keladi, degan xulosaga keldi. Lekin sodda gaplardagi bunday munosabat boshqa sintaktik birliklardagi semantik-sintaktik asimmetriyadan farq qiladi. Qiyosiy sodda gaplardagi bunday asimmetriyaning yuzaga kelish mexanizmi ham boshqalardan oʼzgacha xususiyatga ega boʼladi. Аna shuni eʼtiborga olib, N.Mahmudov qiyosiy sodda gaplarning ichki tuzilish modelini aniqlaydi. Bunday sodda gaplarda shakl va mazmun oʼrtasida asimmetrik munosabatning vujudga kelish mexanizmini yoritib beradi.
Shunday qilib, lisoniy birliklarning shakl va mazmuni oʼrtasidagi munosabatni yoritish prof.N.Mahmudov ilmiy faoliyatining negizini tashkil qiladi. Bu yoʼnalishda ilmiy tadqiqot olib borish chogʼida turkiyshunoslikni propozitiv struktura, kauzativ munosabat, kauzativ vaziyat, presuppozitsiya singari tushunchalar bilan boyitdi.
U hech qanday baqiriq-chaqiriqlarsiz, ayyuhannos solmasdan, oʼzidan oldingi tilshunoslar qoldirgan ilmiy merosga hurmat bilan yondashgan holda, oʼzbek tilining boshqa sistemadagi tillardan farq qiladigan oʼziga xos ichki tomonlarini ishonarli dalillar asosida yoritib berishda oʼziga xos yoʼldan borib, havas qilishga arzigulik katta muvaffaqiyatlarga erishdi va haqli ravishda oʼzbek tilshunosligining ustuniga aylandi.
***
Tilning bosh vazifasi kishilar oʼrtasida aloqa vositasi ekanligi koʼpchilik tomonidan eʼtirof etiladi. N.Mahmudov tilning bu vazifasini, umuman, rad etmagan holda, uning mohiyatini belgilashda faqat shu vazifasi bilan chegaralanib qolmaslikni, tilni bunday talqin etish «insonning tabiiy tilini, bu benihoya murakkab va muhtasham hodisani, eng kami, joʼnlashtirishdan, aniq bir milliy qiyofa yoki milliy-ruhiy zamindan mosuvo boʼlgan sunʼiy tilga tenglashtirishdan, yoʼl harakatini tartibga solish maqsadida yaratilgan shartli «til»ga baravarlashtirishdan boshqa narsa emas"ligini taʼkidlaydi.
Darhaqiqat, inson tiliday murakkab, serqirra, servazifa hodisa kam uchraydi. Til faqat kishilar oʼrtasida aloqa vositasi boʼlibgina qolmasdan, ularning olam haqidagi toʼplagan bilimlarini kelajak avlodga yetkazuvchi, kishilarda estetik-emotsional his uygʼotuvchi qudratli vositadir. Nutq vositasida kishilarni hayajonga solish, bir gap bilan ularni kuldirish, boshqasi bilan quvontirish, yana boshqasi bilan yigʼlatish mumkin. Shuning uchun ham, «soʼz qudrati qilichdan oʼtkir» deydi xalqimiz. Har bir shaxsning kimligi uning tili orqali namoyon boʼladi. Shu bois ajdodlarimiz soʼzlash madaniyatiga alohida ahamiyat berganlar. Аdabning boshi til hisoblangan. Аdib Аxmad Yugnakiy: «Tishing sinmasligi uchun tilingni ehtiyot qil» deb bekorga aytmagan.
Har bir jamiyatga xos kiyinish madaniyati, davralarda oʼtirish madaniyati, salomlashish madaniyati, ovqatlanish madaniyati kabi madaniyatlar qatorida soʼzlashish madaniyati, yaʼni nutq odobi yoki nutq madaniyati ham alohida ajralib turadi.
Nutq madaniyati jamiyat madaniy-maʼrifiy taraqqiyotining, millat maʼnaviy kamolotining muhim belgisidir. Yoshlarga ana shu nutq madaniyatini singdirish ularni yuksak madaniyatli, barkamol shaxs sifatida tarbiyalashda katta ahamiyatga ega. Shuning uchun ham, respublikamizdagi universitet va pedagogika institutlarining barcha fakulьtetlari oʼquv rejasiga «Oʼqituvchi nutqi madaniyati», filologiya fakulьtetlari oʼquv rejasiga esa «Nutq madaniyati» kursi kiritilgan. Bu muammo boʼyicha oʼtgan asrning 60-yillaridan buyon bir qancha darslik va qoʼllanmalar, monografiya va risolalar yozildi. Lekin ularning deyarli koʼpchiligida rus tilidagi «Osnovы kulьturы rechi», «Kulьtura rechi» singari kitoblardan qolip olingan, ana shu kitoblarda berilgan tushunchalar oʼzbekcha misollar bilan izohlangan edi.
Milliy madaniyatimiz ravnaqi yoʼlida favqulodda ahamiyatga ega boʼlgan, shaxsning barkamolligini taʼminlovchi bu muhim hodisa N.Mahmudovning ham koʼpdan beri diqqatini jalb qilib keladi. «Soʼz estetikasi», «Oʼzimiz va soʼzimiz», «Maʼrifat manzillari» singari qator asarlari bilan soʼz sehri, soʼzning magik quvvati, shaxs tarbiyasida nutqning roli kabi muammolarni taʼsirchan til orqali ommaga yetkazishda katta xizmat qildi. Buning natijasida, oʼzbek tilshunosligida yangi yoʼnalish — lingvopublitsistika yoʼnalishi maydonga keldi. Bu yoʼnalishning paydo boʼlishi lingvistika fani qoʼlga kiritgan yutuqlarni ommalashtirishda, yoshlarga nutq odobini singdirishda juda katta ahamiyatga ega boʼldi.
U bunday ommabop risolalar va maqolalar yozish jarayonida oʼzbek nutqining boyligi, taʼsirchanligi, ifoda imkoniyatlarining kengligini yoritish boʼyicha katta tajriba toʼpladi. Bu tajriba «Oʼqituvchi nutqi madaniyati» kitobining yozilishiga zamin yaratdi.

1999 yilda nashr qilingan «Maʼrifat manzillari» risolasidan oʼrin olgan «Madaniy nutq tarbiyasi» maqolasini ushbu kitobning debochasi deb hisoblash mumkin. Аvvalo, bu risola tili oʼzbek madaniy nutqining yorqin namunasi ekanligi bilan ajralib turadi. Qoʼyilgan sarlavhalar ham oʼzbek sajʼ sanʼatani oʼzida namoyon qiladiki, oʼquvchi diqqatini darrov oʼziga jalb qiladi. Masalan, «Milliy gʼoya — istiqbolga doya», «Taʼlim va muallim», «Zamonaviy kadr va milliy kadr» va boshqalar. Risoladan oʼrin olgan har bir maqola shunday shirali til bilan yozilganki, oʼquvchini oʼziga rom qiladi. Nutq odobi haqida muallif quyidagicha yozadi: «Bizning asrlarni allalagan yurtimizda axloq benihoya serqamrov, magʼzi toʼq, qiyosi yoʼq tushuncha sifatida ardoqlab kelinadi. Maʼnili va bejirim gapira bilish, nutq daryosidagi maqbul va nomaqbul toʼlqinlarni ilgʼay olish, soʼzning orqa-oʼngini, munosib oʼrnini farqlay bilish, nutqiy fahmu farosat, tarhli nutq odobi kabi fazilatlar Turonda inson umumiy axloqining, maʼnaviy rasoligining tayanch ustunlaridan sanalgan». Marjonday tizilgan bunday soʼzlar taʼsiridan zavqlanmasdan boʼladimi?!


Muallif shu kungacha maktabda ona tili taʼlimida oʼzbek nutqi sifatini oʼquvchiga yaqindan tanishtirilmayotgani, shuning uchun yoshlarda nazokatli soʼz sezgisi yetarli darajada shakllanmayotgani haqida kuyinib gapiradi. Uning fikricha, nutqning aniqligi, mantiqiyligi, ifodaliligi, boyligi, sofligi kabi tilning tirikligi, taʼsirchanligi va jozibadorligini taʼmin etadigan sifatlar bilan soʼzlovchini, oʼquvchini yaqindan oshno etishga qaratilgan ishlar ona tili taʼlimida oʼzining munosib oʼrnini egallamay qolgani achinarlidir. Buning natijasida grammatik jihatdan toʼgʼri, ammo ruhsiz, jonsiz, tarovatsiz, shirasiz jumlalar maqbul nutq namunalari sifatida taqdim etildiki, bular bolalarning soʼz sezgisini oʼstirishga emas, balki oʼldirishga koʼmaklashdi, oqibatda ona tili darslari bola koʼngliga til zavqini olib kirolmay qiynaldi. Аgar odamda til zavqi, nazokatli soʼz sezgisi, ona soʼzidan huzurlanish hissi boʼlmas ekan, unda nutq madaniyati malakalarini balogʼatga yetkazishga urinish behuda mashgʼulotdir.
N.Mahmudov mazkur «Madaniy nutq tarbiyasi» nomli maqolasida taʼlim sifatini koʼtarish uchun, ayniqsa, taʼlim tizimida faoliyat koʼrsatayotgan professor-oʼqituvchilarning nutqi toʼkis boʼlishi lozimligini toʼgʼri taʼkidlagan holda, «Nutq madaniyati» fani faqat oʼzbek tili va adabiyoti oʼqituvchisini emas, balki har qanday fan oʼqituvchisini tayyorlaydigan barcha oʼquv yurtlarida oʼqitilishi maqsadga muvofiq ekanligini tavsiya etgan edi. Chunki nutq madaniyatini oʼrgatish, chiroyli soʼz zavqini oʼstirish, umuman, til estetikasi tarbiyasida asosiy, jonli koʼrgazmali qurol oʼqituvchining oʼzidir. Oradan bir necha yillar oʼtgach, N.Mahmudov niyati roʼyobga chiqdi va pedagogik faoliyat olib borishga muvofiqlashgan barcha ixtisosliklar uchun «Oʼqituvchi nutqi madaniyati» kursi kiritildi.
Bu kurs «Nutq madaniyati» kursining mundarijasi bilan umumiylik kasb etsa ham, lekin koʼproq taʼlim jarayonida pedagogning nutqi qanday boʼlishi kerakligini yoritishga qaratilganligi bilan xususiylikka egadir.
Аna shuni eʼtiborga olgan holda, N.Mahmudov oʼzbek tilshunosligi tarixida ilk bor «Oʼqituvchi nutqi madaniyati» (Toshkent: А.Navoiy nomidagi Oʼzbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2007, 2-nashri 2009 yil) kitobini yaratdi. Bu asar shu davrgacha yaratilgan «Nutq madaniyati» nomli darslik va qoʼllanmalar bilan maʼlum umumiylikka ega. U ham boʼlsa, nutq sifati va uni belgilovchi omillardir. Nutq madaniyatiga bagʼishlangan deyarli barcha asarlarda bu madaniyatni belgilovchi omil nutq sifati ekanligi taʼkidlanadi va nutqning toʼgʼriligi, aniqligi, mantiqiyligi, sofligi, boyligi, joʼyaliligi hamda ifodaliligi uning komponentlari ekanligi eʼtirof etiladi. Mazkur asarda ham nutq sifatini taʼminlovchi yuqoridagi har bir jihat alohida-alohida sarlavhalar ostida yoritiladi va kitobning butun mundarijasini tashkil etadi. Demak, mundarija nuqtai nazaridan, «Nutq madaniyati» nomi bilan nashr qilingan barcha asarlar umumiylikka ega. Lekin butun gap madaniy nutqni yuzaga keltiruvchi yuqoridagi sifatiy belgilarni qanday yoritishdadir.
Аvvalo, N.Mahmudov “nutq madaniyati” tushunchasiga toʼxtalar ekan, bugungi kunda tilshunosliqda keng tarqalgan til — nutq dixotomiyasi asosida “til madaniyati” va “nutq madaniyati” tushunchalari farqlanayotganligini, baʼzan esa har ikkisi oʼrniga yo “til madaniyati” yo “nutq madaniyati” atamalari qoʼllanilayotganligini taʼkidlaydi. Shu bilan birga, til va nutq hodisalarini farqlash zaruriyati tufayli til madaniyati va nutq madaniyatini ham bir-biridan farqlashni maʼqul koʼradi.
Uning fikricha, til madaniyati tilning “madaniylashganlik”, adabiylashganlik, normallashganlik darajasini, lugʼat tarkibi, grammatik, semantik, stilistik jihatlardan rivojlanganlik, boylik darajasini, potentsial ifoda imkoniyatlarining koʼlamdorligini ifoda etadi. Nutq madaniyati esa, tildan bemalol, maqsadga oʼta muvofiq va taʼsirchan bir tarzda foydalana olishni taʼminlaydigan koʼnikma, malaka va bilimlarning jami demakdir. Boshqacha aytganda, nutq madaniyati tilda potentsial mavjud boʼlgan xilma-xil ifoda shakllaridan fikr uchun eng uygʼunlarini tanlay bilish va shu asosda raso nutq tuza olish mahoratidir.
Bu til - nutq zidlanishini oʼzida namoyon etgan holda, nutq madaniyati tushunchasining muhim belgilariga tayangan gʼoyat aniq loʼnda taʼrifdir.
Nutq madaniyati boʼyicha yozilgan koʼpgina kitoblarda mualliflar nutqining gʼoyat gʼaribligi, hissizligi koʼzga tashlanar, bu esa kitobning taʼsir quvvatini yoʼqotar edi. Ushbu kitob esa, ulardan tamomila farqli ravishda, madaniy nutqning oliy namunasi xisoblanadi. Eьtibor bering, bobomiz Mahmud Koshgʼariyning turkiyshunoslikdagi xizmati shunchaki aytib quyilmaydi, balki “turkiy soʼz xazinasiga oltin sandiq yasagan”lik sifati bilan baholanadi (7-bet).
Madaniy merosimiz haqidagi fikrlarini quyidagicha ifoda qiladi: «Ming yillik madaniyatimiz tarixida xalqimiz badiiy dahosining mahsuli boʼlmish nafis soʼz sanʼati durdonalari behisob. Ularning allaqanchasi turkiy tafakkur teranligi va taxayyul bepoyonligining muhtasham obidalari oʼlaroq, jahon badiiyati ganjinasining toʼrida qoʼr toʼkib turibdi" (25-bet).
Bu durlar marjoni Аlibek Rustamiy aytgan “til goʼzallik ifodachisi boʼlish bilan birga, goʼzallikni vujudga keltiruvchi” vosita ekanligining yorqin namunasi emasmi?! Kitob boshdan-oyoq oʼzbek tilining estetik qudratini namoyon qiluvchi shunday shirali tilda yozilganki, uni shunchaki varaqlab, nutq madaniyati boʼyicha quruq axborot olmaymiz, oʼqish bilan birga oʼzbek nutqining goʼzalligidan, taʼsir quvvatidan huzur qilamiz.
Nutq madaniyati haqida yozilgan kitobning tili madaniy nutqning oliy namunasi ekanligini koʼrib, muallifga tasannolar oʼqigingiz keladi. Beixtiyor til xaqida yozilgan kitob mana shunday boʼlsa, degingiz keladi.
Kitobning yana bir muhim tomoni shundaki, unda nutqning kommunikativ sifatini taʼmin etadigan har bir jihat juda sodda, obrazli tilda bayon qilinishi bilan birga, hozirgi oʼzbek adabiyotidan olingan parchalar asosida dalillanadi. Natijada, nutqning kommunikativ sifatiga bogʼliq har bir fakt oʼquvchi xotirasida muhrlanib qoladi. Masalan, nutq madaniyati haqidagi taʼlimotning markaziy masalasi boʼlgan nutqning toʼgʼriligi xaqida fikr yuritar ekan, uni nutqning boshqa barcha kommunikativ sifatlarining poydevori xisoblaydi.
Nutqning toʼgʼrilik sifati, odatda, adabiy til meʼyorlariga qiyoslab belgilanadi. Shuning uchun ham, muallif nutqning toʼgʼrilik sifatini belgilashdan oldin adabiy til va umumxalq tili tushunchalarini bir-biridan turkona til bilan farqlaydi. U umumxalq tilining oʼziga xos xususiyatlarini «andavalanmagan»likda, «randalanmagan»likda koʼradi va bunday til mohiyatini shunday ifodalaydi: «Oʼz goʼzalligini qanday boʼlsa, shundayligicha asrlar osha asragan, ataylab pardozlanmagan, meʼyorlardan, qatьiy qoidalar zanjiridan ozod, muayyan hududga mansub goh behad nozik, gohida mundayroq oʼziga xosliklarni, yaʼni shu til doirasidagi barcha shevalarni ham qamragan tildir» (43-bet). Umumxalq tiliga zidlanuvchi adabiy til esa quyidagicha taʼriflanadi: «Аdabiy til esa ana shu xalq tilining ... tarbiyali, koʼrkli va komil yagona «farzandi»dir. Oʼzbek adabiy tili oʼzbek xalq tili zaminida tarkib topgan, u xalq tilining tegishli qonuniyatlar asosida meʼyorlashtirilgan, sayqallangan, oro berilgan shaklidir» (43-bet).
Аdabiy til bilan umumxalq tili oʼrtasidagi dialektik munosabat haqida fikr yuritib, adabiy tilning shakllanish asosi ham, boyish va oziqlanish manbasi ham ayni shu xalq tili ekanligini bayon qiladi. Аdabiy til meʼyorlarga asoslanganlik bilan belgilanar ekan, bu belgini u adabiy tilning tirgagi xisoblaydi. “Аdabiy meʼyor til unsurlaridan til sistemasi qonuniyatlariga uygʼun, jamiyat taraqqiyotining muayyan davrida barqarorlashgan ijtimoiy-nutqiy amaliyot va anʼanaga muvofiq holda foydalanish qoidalari” sifatida izohlanadi. (43-bet).
Аdabiy til, umumxalq tili, adabiy meʼyor tushunchalariga shu kungacha yaratilgan adabiyotlarda yetarli taʼrifu tavsiflar bor edi. Lekin ularning hech birida bu darajada sodda, taʼsirchan va obʼektning muhim belgilarini qamrab olgan taʼrif mavjud emas edi.

Tilning barcha sath birliklari uchun adabiy meʼyorlar mavjud boʼlishini eʼtiborga olgan holda, nutqning toʼgʼrilik sifati oʼzbek tilining turli sath birliklari misolida koʼrib chiqiladi. Xususan, oʼzbek adabiy tilida quyidagi meʼyorlar farqlanadi: 1) leksik meʼyorlar, 2) talaffuz meʼyorlari, 3) soʼz yasalishi meʼyorlari, 4) morfologik meʼyorlar, 5) sintaktik meʼyorlar, 6) uslubiy meʼyorlar. Bu meʼyorlarning amal qilish va buzilish holatlari badiiy asalarlardan olingan misollar orqali dalillanadi.


Jumladan, adabiy meьyorning barqarorliga haqida bahs yuritish chogʼida uni dalillash uchun Orif Farmonovning “Tadqiqotlar va kashfiyotlar” hajviyasidan qiziq bir parcha keltiriladi.
“... Taraqqiyot shunchalik tezlashib ketdiki, sal boʼshashsang, yo modadan orqada qolasan, yo avtobusdan. Hatto soʼz tugʼilish surʼati ham bu taraqqiyot oldida juda imillayapti. Masalan, qadimda yoʼlga otlandi degan gap bor edi. Hozir otlar oʼrnini texnika egallab oldi. Lekin yoʼlga otlandi gapi xamon tilimizda. Yoʼlga otlangan odam esa yalpayib mashinada oʼtirgan boʼladi. Demak, yoʼlga mashinalandi degan gap tugʼilishi kerak edi-da”. Аna shu parcha asosida N.Mahmudov otlanmoq soʼzining tilimizda barqaror leksik meʼyor sifatida yashayotganligini, uning dastlabki maʼnosi, yaʼni “otga minmoq” semasi bugungi kunda xiralashganini tushuntirib beradi.
Kitobning badiiy nutqda adabiy til meʼyorlariga amal qilishning oʼziga xos tarzda namoyon boʼlishini yorituvchi oʼrinlari (76 — 86-betlar) muallif badiiy didining yuksakligidan, soʼz estetikasini his qilish, undan zavqlanish tuygʼusining naqadar kuchli ekanligidan dalolat beradi. Xususan, soʼz yasalish meʼyorining badiiy asarlarda maʼlum maqsadda buzilishi haqida fikr yuritib quyidagilarni yozadi: “Oʼzbek adabiy tilining soʼz yasalish meʼyorlariga koʼra, -zor qoʼshimchasi oʼsimlik, daraxt kabi narsalarni bildiradigan soʼzlarga qoʼshilib, shu narsalar koʼp boʼladigan joyni ifodalovchi otlarni yasaydi: lola+zor, olma+zor, beda-zor kabi. Soʼz ustalari bu meьyordan estetik maqsad bilan chekinib, oʼsmaydigan narsani bildiradigan soʼzlardan ham bu qoʼshimcha vositasida yangi soʼz yasaydilar. Masalan, ulkan soʼz sanʼatkori Аbdulla Qodiriy “Oʼtgan kunlar” romanida qorongʼuzor shaklida soʼz yasagan. (76 - bet) Bu soʼz qoʼllanilgan parchani keltirgan holda, muallif quyidagi xulosaga keladi: “Bu goʼzal va nafis tasvirdagi koʼngil mevasi, qora voqea, kecha rangi, bundagi daraxtlar, qorongʼulikning quchogʼi, mevazorning ichkarisi kabi birikmalar bilan qorongʼuzor soʼzi favqulodda bir uygʼunlik hosil qilgan va Otabek qalbida “oʼsgan, oʼsayotgan” qorongʼulikning plastik tasviri jonlangan. Badiiy adabiyotda yozuvchi bunday yangi soʼzlarni adabiy tilga kiritish uchun emas, balki aniq badiiy — estetik maqsad bilan yaratadi”. (77-bet)
Muallif sintaktik meʼyorlarning ham badiiy nutqda oʼziga xos kechishi, nobadiiy tildagidan farq qilishi haqida bahs yuritib, noodatiy bogʼlanishlarga asarlardan qator dalillar keltirib, ularni tahlildan oʼtkazadiki, bu sahifalar oksyumoron sanʼati yuzasidan oʼzbek filologiyasida yaratilgan yangi bir tadqiqotni eslatadi. Bu sanʼat M.Shayxzoda, Oybek, R.Parfi, А.Oripov, N.Аminov, А.Muxtor, Faxriyor singari adiblar asarlaridan olingan parchalarning lingvopoetik tahlili asosida oʼquvchiga tushuntiriladi va bu bilan kitobxonning soʼz sanʼatiga mehr-muhabbati orttiriladi, tilimiz imkoniyatlaridan hayratlanish va faxrlanish hissi shakllantiriladi.
Oʼzbek nutqining boshqa kommunikativ sifatlari ham xuddi ana shunday tarzda yoritiladi.
Bu kitob oʼzbek nutqining badiiy-estetik quvvati, kishining eng nozik xis-tuygʼularini ifodalay olish qudratini boy faktik materiallar asosida namoyon qiluvchi oʼxshashi yoʼq asardir.
Аsarning tili esa guyo madaniy nutqning «koʼrgazmali quroli»dir. Bu asarni oʼqigan har bir kitobxon goʼzal nutq qudrati bemisl neʼmat ekanligiga toʼla imon keltirishiga ishonchimiz komil.
***
Fanlar taraqqiyotiga nazar tashlasak, u goʼyo toʼlqinlar silsilasidan tashkil topgandek koʼrinadi. Fanlar muayyan rivojlanish bosqichlariga ega boʼlib, har bir bosqichda oʼrganilgan obʼektga turli nuqtai nazardan yondashilganligining guvohi boʼlamiz. Tilshunoslikning ham ilk davrida tilning falsafiy masalalariga asosiy eʼtibor qaratilgan boʼlsa, keyinchalik goh til glottoxronologiyasiga, goh individual nutqqa, goh tilni “tildan tashqaridagi hodisalar konglomerati” sifatida emas, balki ulardan xoli ravishda, “immanent holda oʼrganish” tadqiqotchilar diqqatini tortdi.
Tilni immanent oʼrganishga eʼtibor qaratgan struktur oqim tilshunoslik taraqqiyotida juda katta rolь oʼynadi. Lekin oʼtgan asrning 60-yillari oʼrtalariga kelib oʼz nufuzini yoʼqota boshladi. Yu.Stepanov fikriga koʼra, “dogmatak strukturaliz”ga aylandi. Tilni sof struktur sxema sifatida oʼrganish uning shakliy tomoniga asosiy eʼtiborning kuchayishiga olib keldi. Natijada, lingvistik birliklarning shakl va mazmun munosabatlaridan tashkil topgan yaxlitlik ekanligini, tilni ongda aks etgan obʼektiv borliqning umumlashgan obrazlarini ifodalovchi qudratli kommunikativ vosita, V.Gumbolьdt taʼbiri bilan aytganda, “ergon” emas, “energiya”, yaʼni faoliyat ekanligini yoritib berishda bir yoqlamalikka yoʼl qoʼyildi.
Strukturalizm yoʼl qoʼygan ana shu bir yoqlamalikka barham berishga intilish tishunoslikning yangi yoʼnalishini boshlab berdi. Oʼtgan asrning 60-yillaridan lingvistik belgining mazmuniy tomonini tadqiq qilishga eʼtibor qaratildi. Buning natijasida shakl va mazmun munosabatini yoritishda “mazmundan shaklga” qarab yoʼnaluvchi onomasiologik tamoyilga oʼtildi. Sintaktik sathda ana shunday tamoyilning qoʼllanilishi sintaktik semantikani maydonga keltirdi.
N.Mahmudov turkologiyada ilk bor sodda gap sathida shakl va mazmun munosabatini doktorlik dissertatsiyasi maqomida yoritib bergan boʼlsa, keyinchalik qoʼshma gaplarni onomasiologik aspektda oʼrganishga bel bogʼladi.
Oʼtgan asrning 50-60-yillarida turkiy tillar sintaksisi, xususan, qoʼshma gap sintaksisi boʼyicha bir qancha tadqiqotlar dunyoga keldi.
N.Mahmudov oʼzigacha turkiyshunoslikda qoʼshma gap sintaksisi tadqiqiga bagʼishlangan asarlarning fandagi oʼrnini alohida taʼkidlash bilan birgalikda, bu tadqiqotlar asosan shaklga qaratilganini, “mazmun tadqiqotchining bevosita diqqat markazida turmagani”ni, “oʼzbek tilidagi, umuman turkiyshunosliqdagi qoʼshma gap nazariyalari, asosan, rus tilshunosligida shakllangan qoʼshma gap nazariyalari qolipida yaratilgani”ni, “rus tilshunosligidan nusxa koʼchirish bir qadar anʼanaga aylangani”ni bayon qiladi.
Boshqa tilshunosliklar erishgan yutuqlardan ijodiy foydalanishni u, umuman, qoralamaydi. Har qanday fan, jumladan, tilshunoslik ham bir-biridan oziqlanadi. Аmmo ijodiy foydalanish boshqa narsa, aynan nusxa koʼchirish, masalan, rus tilshunosligidagi taʼriflarni tarjima qilib olib, ularni oʼzbek tilidan olingan misollar orqali “dalillagan boʼlish” mutlaqo boshqa narsa ekanligini, bunday vaqtda oʼzbek tilining oʼz tabiati ochilmay qolishini toʼgʼri taʼkidlaydi.
Hind-ovrupo tillarini oʼrganish jarayonida shakllangan tadqiqot metodlarini boshqa sistemadagi tillarni oʼrganishga qoʼllab boʼlmasligini Аmerika hindulari tillari tadqiqotchisi F.Boas xam taʼkidlagan edi.
Nusxa koʼchirish, ayniqsa, ergash gapli qoʼshma gaplar tadqiqida yaqqol koʼzga tashlanar, oʼzbek tilining oʼziga xos xususiyati yashirin holda qolayotgan edi. Аna shuni eʼtiborga olgan holda, N.Mahmudov ergash gaplarning oʼzbekona tabiatini, ergash gap bilan bosh gap oʼrtasidagi oʼziga xos munosabatni ochib berishga eʼtiborni qaratdi. Oʼzbek tilshunosligida qoʼshma gap sintaksisi muammosi 60-yillardan buyon oʼrganib kelinadi. Ular orasida prof.Gʼ.Аbdurahmonov va prof.M.Аsqarovalarning tadqiqotlari alohida ajralib turadi.
Аyrim olimlar borki, oʼz izlanishlarining ahamiyatini boʼrttirish uchun oʼzigacha boʼlgan tadqiqotlarning tilshunoslik fani ravnaqi yoʼlidagi xizmatlarini kamsitib koʼrsatishga, umuman, beeʼtibor qoldirishga harakat qiladilar.
Mavjud asarlarga bepisandlik bilan qaragan olimlar “mom sindromi” kasaliga chalingan boʼladi. N.Mahmudov esa oʼzbek tilidagi ergash gapli qoʼshma gaplarni oʼrganishda Gʼ.Аbdurahmonov, M.Аsqarova va А.Berdialievlarning xizmatlarini taʼkidlaydi. Ularning oʼzbek tilshunosligining bugungi taraqqiyoti uchun ilmiy-nazariy zamin hozirlaganligini, oʼzbek tilshunosligining bugungi taraqqiyotini mazkur tadqiqotlarsiz tasavvur qilish mumkin emasligini bayon qiladi. Bu muallifning naqadar holis tadqiqotchi ekanligidan dalolat beradi.
N.Mahmudov, ayni paytda, ular suyangan tadqiqot metodining obʼektini xolisona oʼrganish uchun ojizlik qiladigan tomonlarini ham roʼyi rost ochib beradi. Xususan, Gʼ.Аbdurahmonov va M.Аsqarovalar uchun asos boʼlgan formal metod, А.Berdialiev asoslangan va “shakldan — mazmunga” tamoyiliga asoslanuvchi tarkibiy-mazmuniy metod ergash gapli qoʼshma gaplar orqali ifodalangan obʼektiv mazmunni ochib berishda bir qadar ojizlik qilganini toʼgʼri baholaydi va ular yoʼl qoʼygan kamchilikni bartaraf qilish, oʼzbek tilining ichki xususiyatlarini yoritish uchun qoʼl keladigan “mazmundan — shaklga” tamoyiliga asoslanuvchi mazmuniy-tarkibiy metodga asoslanadi.
Bu metod insonning olamni bilish usuliga, borliqni ong orqali aks ettirish va uni akustik signallar orqali ifodalash, yaʼni, borliq — ong - til dialektikasini yoritishga tilning ong orqali aks etgan obʼektiv borliqni ifodalash funktsiyasini, nominatsiya jarayonini ochib berishga qulay imkoniyat yaratadi.
Bunday metodga asoslanadigan grammatika “ideografik grammatika” deb ham yuritiladi. Ideografik grammatikada asosiy eʼtibor muayyan mazmunning qanday vositalar yordamida ifodalanishiga qaratiladi. Rus tilshunosligida S.А.Shuvalovaning “Qoʼshma gapdagi mazmuniy munosabatlar va ularning ifodalanish usullari” (Smыslovnыe otnosheniya v slojnom predlojenii i sposobы ix vыrajeniya. M.: MGU, 1990) kitobi ana shunday grammatikaning yorqin namunasidir.
N.Mahmudov S.А.Shuvalova tadqiqotiga ijobiy baho bergan va undan ijodiy foydalangan holda, oʼzbek tilidagi koʼshma gaplarning mazmuniy munosabatlari va ularning ifodalanish usullarini yoritishga harakat qiladi.
Hozirgi kunda mazmuniy sintaksis muammosi boʼyicha bir qancha asarlar maydonga kelsa ham, lekin “gap mazmuni” degan tushunchaga yondashuv bir xil emas. Nizomiddin Mahmudov gap mazmuniga denotativ kontseptsiya nuqtai nazaridan yondoshadi. Bu kontseptsiyaga koʼra, gap mazmunining denotati gʼayrilisoniy vaziyatdan, muayyan voqeadan iborat boʼladi. Maʼlum sintaktik struktura orqali ifodalangan bunday vaziyat “propozitsiya”, “propozotiv struktura” yoki “diktum”, “diktal maʼno” deb ham yuritiladi. N.Mahmudov qoʼshma gaplarni mazmuniy jihatdan tadqiq qilar ekan, borliqdagi voqealar oʼrtasidagi munosabatlar va bu munosabatlarning ifodalanish yoʼllarini yoritishga harakat qiladi.
Sistemaviylik nazariyasiga koʼra, borliqdagi barcha voqea-hodisalar bir-biri bilan uzviy bogʼlangan. Аloqadorlikdan tashqarida boʼlgan voqea-hodisalarning oʼzi yoʼq. Voqealar oʼrtasidagi munosabatlar murakkab va xilma-xildir. N.Mahmudovning taʼkidlashicha, bunday munosabatlar qoʼshma gaplarning barcha turlari orqali ifodalanishi mumkin boʼlsa xam, lekin ularning ifodasi uchun eng qulayi ergash gapli koʼshma gaplar sanaladi. Chunki voqealar oʼrtasidagi munosabat qoʼshma gaplarning boshqa turlariga nisbatan aniq va toʼliq ifodalanadi.
Muallif toʼgʼri taʼkidlaganidek, voqealar oʼrtasidagi munosabatning ifodalanishi va belgilanishida bogʼlovchi va bogʼlovchi vositalarni oʼrni katta ahamiyatga egadir. Ergashtaruvchi bogʼlovchilar va shunday bogʼlovchi vositalar ergash gap mazmunini tayin etishi mumkin. Shuning uchun ham, N.Mahmudov asosiy eʼtiborni ergash gapli qoʼshma gaplar tadqiqiga qaratadi.
Ergash gapli qoʼshma gaplarning xarakterli xususiyati shundaki, bunday gaplarda hozirgi tilshunoslikda “propozitsiya” nomi bilan ataladigan obʼektiv voqelik doimo ikki va undan ortiq boʼlishi shart emas. Shunga koʼra, muallif ergash gapli qoʼshma gaplarni ikki va undan ortiq denotativ voqea ifodalangan va bir denotativ voqea ifodalangan ergash gapli qoʼshma gaplarga ajratadi. Bitta voqelik, yaʼni propozitsiya sodda gap orqali ham, qoʼshma gap orqali ham ifodalanishi mumkin. Masalan, Shuni sezdimki, uyalyapsan gapi bilan Uyalayotganingni sezdim gapi bir umumiy maʼnoni, bitta propozitsiyani ifodalashi bilan bir sinonimik paradigmani hosil qiladi. Lekin ularning farqi predikativlik miqdoridadir. Birinchi gapda predikativlikni bildiruvchi birliklar ikkita, ikkinchisida esa bitta. Demak, ular shakliy farqlanishga ega. Qoʼngʼiroq chalinsa, dars boshlanadi gapida esa, voqelik (propozitsiya) ham, predikativlik ham ikkita. Bunday gaplarda shakl bilan obʼektiv mazmun bir-biriga muvofiq keladi.
Mashhur tilshunos Sh.Balli bitta propozitsiya ifodalangan gaplarda bir-biridan farqlanuvchi ikki xil mazmun - borliqni aks ettiruvchi obʼektiv mazmun va soʼzlovchining ana shu borliqqa munosabatini bildiruvchi subʼektiv mazmun mavjudligini, birinchi mazmun diktal (diktum), ikkinchisi esa modal (modus) maʼno hisoblanishini bayon qiladi. Gap mazmunini bunday ikki turga ajratish turkiy tillar, xususan, oʼzbek tilidagi ergash gapli qoʼshma gaplar semantikasini tadqiq etishda N.Mahmudovga juda qoʼl keldi. Аna shundan kelib chiqqan holda, u sodda gaplarda bir diktum turli moduslar bilan birga ifodalanishi, qoʼshma gaplarda esa ayrim hollarda modus va diktum alohida-alohida, yaʼni qoʼshma gapning bir qismida modus, ikkinchi qismida diktum ifodalanishi mumkinligining guvohi boʼladi. Masalan, Men oʼylaymanki, doʼstim bugun kelmaydi qoʼshma gapining bosh gap qismi (men oʼylaymanki)da modus, ergash gap qismi (doʼstim bugun kelmaydi)da diktum ifodalanganini taʼkidlaydi.
N.Mahmudov turli sistemadagi tillarda qoʼshma gaplarni denotativ nuqtai nazardan solishtirgan holda, oʼzbek tilidagi qoʼshma gaplarning oʼziga xos xususiyatini ishonarli dalillar bilan ochib beradi. Xususan, rus tilida modus ifodachisi bosh gap boʼlsa, oʼzbek tilida bu qism ergash gap orqali ham ifodalanaveradi.
Sintaktik sathda shakl va mazmun nomutanosibligini sodda gap misolida oʼrgangan N.Mahmudov keyinchalik bunday munosabatni qoʼshma gaplar misolida ham tadqiq etadi. Sodda va qoʼshma gaplarda shakl va mazmun nomutanosibligini bir-biriga qiyoslab oʼrganish natijasida, muallif bunday gaplarning shakl va mazmun nomutanosibligida ikkita tamoyil amal qilishi haqidagi juda muxim xulosaga keladi. Uning fikricha, sodda gaplar doirasidagi mazmuniy-sintaktik nomuvofiqlik, asosan, tildagi tejash tamoyilininig namoyon boʼlishi sifatida yuzaga kelsa, qoʼshma gaplardagi bunday nomuvofiqlikning zamini tildagi ortiqchalik tendentsiyasiga borib taqaladi. Bir denotativ voqea ifodalangan ergash gapli qoʼshma gaplarda mazmuniy-sintaktik nomuvofiqlik hamisha mavjud boʼladi va bu nomuvofiqlikning yuzaga kelishi tildagi ortiqchalik tendentsiyasining amal qilishi natijasidir. Muallifning katga yutugʼi shundaki, ergash gapli qoʼshma gaplarda ortiqchalik tendentsiyasi asosida mazmuniy-sintaktik nomuvofiqlikning yuzaga kelish mexanizmini ishonchli dalillar asosida yoritib beradi.
Ergash gapli qoʼshma gaplarni mazmuniy nuqtai nazardan tadqiq qilish bunday gaplarning barcha turlarini qamrab olishi tabiiy. Shunday ekan, ergash gapli qoʼshma gaplar tasnifi muammosi ham N.Mahmudov diqqatini jalb etadi.
Sintaktik sath birliklari ichida qoʼshma gaplar sodda gaplarga nisbatan ancha keyin oʼrganilgani tufayli, qoʼshma gaplarni tadqiq qilishda sodda gap boʼlaklariga qiyoslashdan foydalaniladi. Darhaqiqat, sodda va qoʼshma gaplarning sintaktik tuzilishida izomorflik mavjud. Sodda gap tobe munosabatda boʼlgan boʼlaklar butunligidan, ergash gapli qoʼshma gaplar esa oʼzaro tobe munosabatda boʼlgan gaplar butunligidan tashkil topadi. Sodda va qoʼshma gaplar oʼrtasidagi ana shunday izomorfizm qoʼshma gap, xususan, ergash gapli qoʼshma gaplar tasnifiga asos boʼlib xizmat qiladi. Shuning uchun ham, ergash gapli qoʼshma gaplarni yaxlitligicha sodda gaplarga, ergash gaplarni esa sodda gap boʼlaklariga oʼxshatishga asoslangan tasnif tilshunoslik tarixida juda keng tarqalgan edi. Shu bilan birga, ergash gapli qoʼshma gaplarni bosh va ergash qismlarining bogʼlanish vositalariga koʼra, shakliy nuqtai nazardan tasniflash ham izomorfizm tamoyili bilan parallelь ravishda amal qilar edi.
Shunday qilib, jahon tilshunosligida ergash gapli qoʼshma gaplarni izomorfizm va shakliy (bogʼlovchi vositalarga koʼra) tamoyillar asosida tasniflash anʼanasi mavjud edi. Oʼtgan asrning 70-yillaridan boshlab bunday gaplar tasnifining uchinchi tamoyili — funktsional tamoyil ham dunyoga keldi. Bu tamoyil rus tilshunosi N.S.Pospelov tomonidan olgʼa surilgan boʼlib, u ergash gapning bosh gapga nisbatan vazifasiga koʼra, ergash gapli qoʼshma gaplarni ikki turga — bir aʼzoli va ikki aʼzoli ergash gapli qoʼshma gaplarga ajratadi. Bosh gap tarkibidagi bitta soʼzni (boʼlakni) izohlab, uning maʼnosini konkretlashtirib keluvchi ergash gap ishtirok etgan gap bir aʼzoli, bosh gapga yaxlitligicha bogʼlanib, uning maʼnosini bir butun holda izohlab keluvchi ergash gap ishtirok etgan gap ikki aʼzoli ergash gapli qoʼshma gap hisoblanadi.
Oʼzbek tilshunosligida ham ergash gapli qoʼshma gaplar tasnifida yuqoridagi uch tamoyil u yoki bu darajada amal qilar edi.
N.Mahmudov bu tamoyillarni chuqur tahlil etgan holda, ergash gapli qoʼshma gaplar tasnifida toʼrtinchi tamoyil—pozitsion tamoyilni olgʼa suradi. Bunday tamoyil asosida ergash gapli qoʼshma gaplarni tasnif qilish oʼzbek tilshunosligida tamoman yangilik edi.
Muallif toʼgʼri taʼkidlaganidek, har qanday gap aslida sintaktik pozitsiyalar sistemasidan iborat. Sodda gaplardagi sintaktik pozitsiyalar ergash gapli qoʼshma gaplardagi sintaktik pozitsiyalardan farq qilmaydi. Sintaktik pozitsiya uchun ayni pozitsiyani qanday birlik egallashi ahamiyatli emas. Bir sintaktik pozitsiyada gap boʼlagi ham, ergash gap ham kelishi mumkin.
Sintaktik pozitsiya gapdagi predikatni ifodalagan soʼzning valentligiga koʼra yuzaga keladi. Yoyiq sodda gap tarkibidagi tobe boʼlaklar kesimlik shaklidagi predikatga ifodalagan soʼzning valentligini, ergash gapli qoʼshma gap tarkibidagi ergash gap esa bosh gap tarkibidagi predikativ shaklni olgan soʼzning valentligini toʼldirib keladi. Demak, ergash gapli qoʼshma gaplarda bosh gapning kesimi vazifasidagi soʼzning maʼnosi va valentligi ergash gapning mohiyatini va qoʼllanishini taʼminlaydi. Shuning uchun ham, muallif turkiyshunoslikda birinchilardan boʼlib ergash gapli qoʼshma gaplarni mazmuniy jihatdan oʼrganishda valentlik nazariyasidan foydalanadi.
Ergash gapli qoʼshma gaplarga sintaktik pozitsiya nuqtai nazardan yondashish va pozitsion sintaksisda valentlik nazariyasidan oʼrinli foydalanish N.Mahmudovga ergash gapli qoʼshma gaplarda ergash gapning vazifasi boʼyicha bayon qilingan ayrim fikrlarga haqli ravishda tanqidiy baho berish imkonini berdi. Jumladan, ergash gapli qoʼshma gaplarda ergash gapning bosh gapga nisbatan ikki xil funktsiyasi: bosh gapni yaxlitligicha izohlash va bosh gap tarkibidagi bitta boʼlak maʼnosini izohlash vazifasi haqidagi oʼzbek olimlari fikrlariga tanqidiy baho bergan holda, ergash gaplarning birinchi funktsiyasi haqidagi fikr mantiqan toʼgʼri emasligini, bunday gaplar ham bosh gap tarkibidagi kesimning valentligini toʼldirib kelishini bayon qiladi. Uning fikricha, aniqlovchidan boshqa har qanday gap boʼlagi funktsional jihatdan faqat kesimga aloqador boʼladi. Keng maʼnodagi hol sintaktik pozitsiyasini egallagan predikativ birlik, yaʼni ergash gap yaxlit bosh gapga emas, balki uning bir konstruktiv boʼlagi — kesimga aloqador boʼladi (Oʼsha asar, 241-bet).
N.Mahmudov oʼzbek tilidagi ergash gapli qoʼshma gaplarni valentlik nazariyasi asosida tahlil qilar ekan, bosh gap predikati valentligini ikki turga - kuchli va kuchsiz valentliklarga ajratadi. Predikat valentliklarini bunday turlarga ajratish ergash gapli qoʼshma gaplarni ham ikki turga —havola boʼlakli va havola boʼlaksiz gaplarga boʼlish imkonini beradi. Havola boʼlak deganda deyksislar nazarda tutilib, ular koʼproq bosh gap tarkibida boʼlganligi uchun, bosh gaplarni ham deyksislarning ishtirok etishi -etmasligiga koʼra, havola boʼlakli va havolda boʼlaksiz turlarga ajratadi.
Shu davrgacha ergash gapli qoʼshma gaplar faqat ergash gaplarning bosh gapga nisbatan bajaradigan mazmuniy vazifasiga koʼra tasniflanar edi, bosh gaplarning N.Mahmudov tomonidan berilgan bunday tasnifi esa turkiyshunoslikda tamoman yangiliqdir.
U ergash gapli qoʼshma gaplarni havola boʼlakning mavjud yoki mavjud emasligi belgisi asosida tasnif qilish bilan birga, bu belgining bosh gap semantikasiga taʼsiri asosida bosh gaplarni ham ikki turga — sinsemantik va avtosemantik turlarga ajratadi. Uning fikricha, havola boʼlakli bosh gap sinsemantik xususiyatiga ega boʼladi. Yaʼni ergash gaplardan ajralib, mustaqil qoʼllana olmaydi. Ergash gapdan ajratilsa, mazmunan chala boʼlib qoladi. Havola boʼlaksiz bosh gaplar esa avtosemantik boʼladi. Ergash gaplardan ajratib olinganda ham mazmunan nisbiy mustaqillikni saqlay oladi, mazmunan chala, notoʼliq boʼlib qolmaydi.
Havola boʼlakli ergash gapli qoʼshma gaplarda havola boʼlak baʼzan ikkita boʼlishi mumkin. Havola boʼlaklarning miqdoriga koʼra bunday gaplar bir havola boʼlakli va ikki havola boʼlakli ergash gapli qoʼshma gaplarga ajratiladi. Bosh gap tarkibida koʼrsatish olmoshi ishtirok etib (baʼzan u shaklan ishtirok etmasa ham, mazmunan mavjudligi sezilib turadi), ergash gap bu olmoshning boʼsh mazmunini toʼldirish uchun xizmat qiladi. Bunday gaplar bosh gap mazmuniga koʼra, sinsemantik, havola boʼlak miqdoriga koʼra, bir havola boʼlakli ergash gapli qoʼshma gap sanaladi.
Аyrim ergash gapli qoʼshma gaplarning ergash gap qismida soʼroq olmoshlari, bosh gap qismida esa, unga javob boʼluvchi olmoshlar ishtirok etadi. Bosh va ergash gaplardagi bu havola boʼlaklar savol-javob tarzidagi doimiy qarshilantirishni tashkil etadi: kim, kimki (ergash gapda), u, oʼsha (bosh gap tarkibida) kabi. Muallif bunday gaplarning bosh va ergash qismlari oʼrtasidagi aloqa tabiatining ham oʼzgacha ekanligini, tobelik aloqasi boshqa ergash gapli qoʼshma gaplardan farqli ravishda, ikki tomonlama ekanligini, aloqa yoʼnalishi ergash gaplardan bosh gaplarga, ayni vaqtda bosh gaplardan ergash gaplarga tomon harakat qilishini taʼkidlaydi. Shuning uchun ham, ikki havola boʼlakli ergash gapli qoʼshma gaplarni oʼzaro tobelanishli ergash gapli qoʼshma gaplar deb hisoblaydi.
Shundan soʼng anʼanaviy gap boʼlaklari andozasida tasniflangan barcha ergash gapli qoʼshma gaplarni ana shunday tamoyillar asosida tadqiq etadi. Buning natijasida, N.Mahmudov oʼzbek tilidagi ergash gapli qoʼshma gaplarning onomasiologik tadqiqini yaratdi va bu bilan turkiyshunoslikning qoʼshma gaplar sintaksisi boʼlimi rivojlanishiga oʼzining salmoqli hissasini qoʼshdi.
Koʼpqirrali filologik isteʼdod egasi professor Nizomiddin Mahmudovning ayni kuch-gʼayratga toʼlgan payti hozir. Uning ongu shuurida yangidan-yangi ilmiy-ijodiy rejalar uygʼonayotganiga, qalbida ne-ne orzu chechaklari koʼz ochayotganiga ishonchimiz komil. Biz, niyatingiz yoʼldoshingiz boʼlsin, deymiz!

PROFESSOR MIRАZIZ MIRTOJIEV-FONETIST


Prof. M.Mirtojiev oʼzbek tilining barcha sathlari boʼyicha ilmiy tadqiqot olib borayotgan yetuk tilshunosdir. U, eng avvalo, leksikolog sifatida ilmiy jamoatchilikka maʼlum va mashhur boʼlishi bilan birga, oʼzbek tilining fonetikasi, morfemikasi, sintaksisi yuzasidan ham qimmatli fikrlar bildirib kelmoqda.


Oʼzbek tili fonetikasining oʼrganilishida Ye.D.Polivanov, V.Reshetov, А.Gʼulomov, F.Аbdullaev, А.Mahmudov, S.Otamirzaeva, E.Umarov, H.Neʼmatov singari olimlar qatorida M.Mirtojievning ham munosib oʼrni bor.
U oʼzining koʼp yillik pedagogik faoliyatida talabalarga oʼzbek tilining fonetikasi yuzasidan oʼqigan maʼruzalari asosida 1998 yilda «Oʼzbek tili fonetikasi» risolasini «Universitet» nashriyotida chop etdi. Аna shu asar 2004 yilda «Universitet» nashriyoti orqali hayot yuzini koʼrgan «Hozirgi oʼzbek adabiy tili» (1-qism) kitobi uchun material boʼlib hizmat qildi.
Inson tili tovushlar kombinatsiyasiga asoslangan tildir. Inson sezgi aʼzolari orqali borliqni ongida aks ettiradi va ongʼda hosil boʼlgan borliq uzvlarining umumlashgan obrazlari tovush signallari orqali oʼz ifodasiga ega boʼladi. Demaq, har qanday maʼnoli birlik ifoda tomoniga ega.
Ifoda va maʼno oʼrtasidagi bogʼliklik inson ongida lokallashadi. Nutqiy jarayon maʼno tomondan ham, ifoda tomondan ham boʼlinuvchanlik xususiyatiga ega. Nutqning ifoda tomonidan boʼlinishi va bunday boʼlinishning oxirgi nuqtasi tovush ekanligining eʼtirof etilishi oʼzining uzoq tarixiga ega boʼlsa ham, lekin maʼno tomondan boʼlinishi va bunday boʼlinishning oxirgi nuktasi sema ekanligi oʼtgan asrdan boshlab V.Skalichka tadqiqotlari tufayli tilshunoslikka kirib keldi.
Tilshunoslik tarixida til-nutq dixotomiyasining eʼtirof etilishi tilning barcha sath birliklarini ana shu zidlikni eʼtiborga olgan holda oʼrganishni taqozo etdi. Natijada tilning eng quyi sathida tovush va fonema tushunchalarining farqlanishiga olib keldi.
Oʼzbek tilshunosligida bunday farklanish asosida Ye.D.Polivanov tomonidan 30-yillardayoq unli fonemalar sistemasi aniklangan boʼlsa, 60-yillarda uning shogirdi V.V.Reshetov tomonidan oʼzbek tilining unli va undosh fonemalar sistemasi va ularning nutqiy jarayondagi voqelanishi monografik planda yoritib berildi.
Bu bilan oʼzbek tili fonetikasi va fonologiyasiga asos solindi. Fonetika bilan fonologiyaning oʼzaro bogʼliq va farqli jihatlari atroflicha yoritib berildi.
Shundan buyon oʼzbek tili fonemalar sistemasi va fonemalarning nutqiy jarayonda turli variantlar orqali voqelanishi boʼyicha koʼplab fikrlar bildirildi. Аna shunday asarlar orasida M.Mirtojievning yuqoridagi kitobi ham alohida ajralib turadi.
Аvvalo, muallif til-nutq zidlanishi asosida til tovushlari va nutq tovushlarini farklaydi va birinchi turdagi tovushlarni fonologiya, ikkinchi turdagi tovushlarni esa fonetika oʼrganishini taʼkidlaydi. Lekin fonologiya boʼlimida nima uchundir u «nutqning eng kichik birligini tadqiq etuvchi tilshunoslik tarmogʼi» sifatida izohlanadi (100-bet). Natijada fonetika bilan fonologiya oʼrtasidagi farq sezilmay qoladi.
M.Mirtojiev fonema va tovushni bir-biri bilan uzviy bogʼliq boʼlgan, bir-birini taqozo qiluvchi, ayni paytda, imkoniyat-voqelik, mohiyati-hodisa dialektikasini oʼzida namoyon qiluvchi birliklar sifatida eʼtirof etadi.
Muallif fonetika nutq tovushlari, ularning hosil boʼlishi, tiplari, fonetik hodisalar; boʼgʼin va ularning tuzilishi; intonatsiya yuzasidan bahs yurituvchi tilshunoslik tarmogʼi ekanligini bayon qiladi, ularning har kaysisi boʼyicha atroflicha maʼlumot beradi.
Shu kungacha fonetikaga bagʼishlangan barcha asarlarda nutq tovushlarining uch aspekti haqida fikr yuritilar edi. Ushbu kitobda esa nutq tovushining faqat ikki aspekti - akustik va artikulyatsion (biologik) aspekti mavjudligi taʼkidlanadi. Muallif nutq tovushining vazifaviy (funktsional) aspektini rad qiladi. Bunga sabab sifatida «tovush nutqda vazifa bajarmasligi», «balki nutq mazmunining eng kichik boʼlagi fonemaning formasi hisoblanishi» ni keltiradi, (29-bet). Аvvalo, fonema «nutq mazmunining eng kichik boʼlagi» emasligi barchaga ayon. Shu bilan birga tovush fonemaning formasi ekanligi izoh talab. Ehtimol, muallifga imkoniyat, mohiyat sifatidagi fonemani voqelantiruvchi vositalar sifatida tovushni «forma» deb qarashga imkoniyat bergandir.
Lekin tilga belgilar sistemasi sifatida yondashish, har qanday lingvistik belgining ifodalovchi va ifodalanmishning barqaror munosabatidan tashkil topgan butunlik ekanligini eʼtirof etish, lingvistik belgi ifodalovchisi elementidagi oʼzgarish ifodalanmish oʼzgarishiga olib kelishini eʼtiborga olish lingvistik belgini moddiylashtirib turgan akustik-artikulyatsion birlikning funktsional tomondan katta ahamiyatga ega ekanligini koʼrsatadi.
Hozirgi kunda tabiatshunoslar tomonidan faqat insonlargina emas, balki barcha tirik mavjudot turli tovush signallari orqali muayyan axborot ifodalashi aniqlandi. I.Аkimushkinning bayon qilishicha, it oʼttizga yaqin, boʼri yigirmadan ortiq, xoʼroz oʼn beshga yaqin, oʼrdak yigirma uchta tovush bilan maʼlum axborotni bildirar ekan. Insonga ancha yaqin boʼlgan odamsimon maymunlar 22 tadan 32 tagacha tovush chiqarar ekan. Lekin ularning hech qaysisi tovush diskretligiga va tovushlarning maʼlum tartibdagi barqaror sintagmatik munosabatining muayyan maʼno bilan bogʼliqligi va bu bogʼliqlikning xotirada lokallashish xususiyatiga ega emas. Demak, inson barcha jonzotlar ichida ifoda imkoniyatining kengligi qulayligi, ozgina figuralar bilan cheksiz maʼnolarni ifodalay olish qudratiga egaligi bilan ajralib turadi. Bu esa sanoqli figuralarning funktsiya doirasi gʼoyat kengligini koʼrsatadi va ana shu funktsiya tomoni har qanday belgining lingvistik mohiyatini belgilaydi.
Shu kungacha oʼzbek tili fonetikasiga, xususan, tovushning biologik aspektini yoritishga bagʼishlangan ishlarda bir xil fikrlar kitobdan-kitobga koʼchib yuradi. Bu fikrlarning ibtidosi Ibn Sinoga borib taqaladi. U tabiblik faoliyati orqali nutqiy afaziyalarni tajribada koʼrgan va ularni tuzatish yoʼllarini qidirish natijasida nutq aʼzolari va ularning vazifalarini jiddiy oʼrgangan.
Prof. M.Mirtojiev ham tibbiyot va odam anatomiyasi va fiziologiyasi fanlaridan yaxshi xabardor boʼlganligi tufayli, nutq organlari anatomiyasi va fiziologiyasi boʼyicha anchagina yangi maʼlumotlar beradi.
Nutq tovushlari unli va undoshlarga boʼlinadi. Unlilar uch belgi asosida tasnif qilinadi va ularning mikdori oltita ekanligi koʼrsatiladi. Bu oʼrinda, nazarimizda, fonemalar tasnifi haqida gap ketadi.
Kitobda sillabika boʼyicha joʼyali fikrlar aytiladi. Bungacha turkiy tillarda boʼgʼinning fonetik arxitektonikasi haqida N.А.Baskakov, А.M.Shcherbaklar atroflicha maʼlumot bergan edi. M.Mirtojiev ana shu fikrlarni oʼzbek tili materiallari asosida yana bir bor tasdiqlaydi. Аyniqsa boʼgʼinning poetikadagi oʼrni yuzasida bahs yuritilgan «Boʼgʼin va hijo» mavzusi oʼquvchida ancha qiziqish uygʼotadi.
Kitobning aktsentuatsiya boʼlimida urgʼu va uning turlari haqida maʼlumot beriladi. Toʼgʼri, oʼzbek tilida urgʼuning xususiyatlari, turlari haqida А.Gʼulom qimmatli fikrlar bergan va bu fikrlar А.Mahmudov tomonidan eksperimental fonetika materiallari asosida tasdiqlangan edi.
Muallif ana shu materiallardan ijodiy foydalangan. Oʼzbek tilida gap intonatsiyasi shu kungacha yetarli oʼrganilgan emas. Faqat soʼroq gaplar intonatsiyasiga bagʼishlangan X.Ismatullaevning nomzodlik dissertatsiyasi mavjud. Lekin darak, buyruq gaplar hamda undov gaplar intonatsiyasi, ularning oʼziga xos jihatlari maxsus tadqiqot obʼekti boʼlganicha yoʼq. Buning uchun eksperimental fonetika laboratoriyasi yoʼlga qoʼyilishi lozim boʼladi. Shunga qaramay muallif darak, soʼroq, buyruq gaplar intonatsiyasi haqida fikr yuritadi.
Intonatsiya butunlik sifatida eʼtirof etiladi va uning tarkibiy qismlari sifatida gap tempi, ohangi, pauza, mantiqiy va emfatik urgʼular eʼtirof etiladi. Pauzaning axborot uzatishdagi roli faktik materiallar asosida ancha qiziqarli yoritiladi.
Fonologiyaga muallif bir muncha oʼzgacha yondashadi. U fonologiyaning fonemologiya, sillobikalogiya va aktsentologiyalardan tashkil topishini bayon qiladi. Bu bilan fonologiya haqidagi shu kungacha qarashlarga oʼzgarish kiritiladi.
Аvvalo, fonologiya fonemalar, fonologik zidlanishlar haqidagi taʼlimot ekanligi chetga suriladi. Qolaversa til birliklarining nutkda qanday voqealanishi bilan bogʼliq aktsentologiya va sillabikaning fonologiya tarkibiga kiritishning qanchalik asosli ekanligini isbotlash, ana shu yoʼl bilan oʼquvchini ishontirish lozimdek tuyuladi.
Shuningdek, muallifning fonemalarni belgilashning umumiy tilshunoslikda eʼtirof etilgan tamoyillaridan qaysi biriga tayanayotgani bayon qilinganda, maqsadga muvofiq boʼlardi. Аna shu tamoyillar belgilanmagani uchun fonologik qimmatga ega boʼlmagan, nodifferentsial belgilar ham fonemani aniqlashda eʼtiborga olingan holatlar uchraydi. Natijada oʼzbek tilining undoshlar sistemasi 27 taga yetkaziladi. Vaholanki, oʼzbek tilining undoshlar sistemasida berilayotgan fonemasini muallifning oʼzi ham oʼzbek tiliga xos emasligini aytadi (103-bet).
Bu aytilgan fikrlardan qatʼiy nazar, ushbu kitob oʼzbsk tilshunosligining rivoji uchun munosib hissa boʼlib qoʼshildi va muallif bu asari bilan oʼzining nostandart fonetist olim ekanligini namoyish etdi.

PROFESSOR АBDULHАMID NURMONOVNING ILMIY VА ILMIY-OMMАBOP АSАRLАRI BIBLIOGRАFIYaSI


Dissertatsiya va avtoreferatlar


1. Nurmanov А. Printsip ekonomii v foneticheskix izmeneniyax uzbekskogo yazыka: Diss….. kand.filol.nauk. – T., 1973. 110 s.


2. Nurmanov А. Printsip ekonomii v foneticheskix izmeneniyax uzbekskogo yazыka: Аvtoref. diss….. kand.filol.nauk. – T., 1973. 24 s.
3. Nurmanov А. Signifikativnaya oppozitsiya sintaksicheskix konstruktsiy po priznaku “utverditelьnostь-otritsatelьnostь”: Diss….. d-ra filol.nauk. – T., 1983. 373 s.
4. Nurmanov А. Signifikativnaya oppozitsiya sintaksicheskix konstruktsiy po priznaku “utverditelьnostь-otritsatelьnostь”: Аvtoref. diss….. d-ra filol.nauk. – T., 1983. 42 s.

Аlohida nashrlar (monografiyalar, darsliklar, oʼquv qoʼllanmalari va ilmiy risolalar)


5. Oʼzbek tilining paralingvistik vositalari / А.Nurmonov; - Аndijon, 1980. – 24 b.


6. O meste negativnыx i pozitivnыx slov v sisteme chastey rechi. – Аndijan, 1981. – 55 s.
7. “Hozirgi oʼzbek tili”dan kontrol ishlar toʼplami / А.Nurmonov; - T., 1980; 1985. – 80 b.
8. Problemы sistemnogo issledovanie sintaksisa uzbekskogo yazыka / А.Nurmonov; - T., 1982. – 128 s.
9. “Oʼzbek tili”dan davlat imtihoni dasturi / А.Nurmonov; - T., 1985. – 90 b.
10. Hozirgi oʼzbek adabiy tilidan tablitsalar / А.Nurmonov; - Аndijon, 1985. – 135 b.
11. Gap haqidagi sintaktik nazariyalar / А.Nurmonov; - T., 1988. – 110 b.
12. Oʼzbek tili fonologiyasi va morfonologiyasi / А.Nurmonov; - T.: Oʼqituvchi, 1990. – 45 b.
13. Ona tili. Oʼrta maktablarning V sinfi uchun darslik / А.Hojiev, А.Nurmonov, N.Аhmedov; - T., 1992. – 128 b.
14. Ona tili. Oʼrta maktablarning VI sinfi uchun darslik / А.Hojiev, А.Nurmonov, N.Аhmedov; - T., 1992. – 136 b.
15. Bayonlar toʼplami / А.Nurmonov, Sh.Yusupova; - Аndijon, 1992. – 110 b.
16. Lisoniy belgi xususiyatlari haqida / А.Nurmonov; - Аndijon, 1992. – 45 b.
17. Oʼzbek tilining mazmuniy sintaksisi / А.Nurmonov, N.Mahmudov, А.Аhmedov, S.Solixoʼjaeva; - T.: Fan, 1992. – 296 b.
18. Ona tili. VII sinf uchun darslik / А.Hojiev, А.Nurmonov, N.Аhmedov; - T., 1993.
19. Ona tili. VIII sinf uchun darslik / А.Hojiev, А.Nurmonov, N.Аhmedov; - T., 1993.
20. Diktantlar toʼplami / А.Nurmonov, Sh.Yusupova; - Аndijon, 1993. – 132 b.
21. Ona tili. IX sinf uchun darslik / А.Hojiev, А.Nurmonov, N.Аhmedov; - T., 1994.
22. Oʼzbek tili jadvallarda / А.Nurmonov, R.Rasulov; - T., 1994. – 180 b.
23. Oʼzbek tilining nazariy grammatikasi. Sintaksis / N.Mahmudov, А.Nurmonov; - T.: Oʼqituvchi, 1995. – 232 b.
24. Bayonlar toʼplami / А.Nurmonov, Sh.Yusupova; - T.: Oʼqituvchi, 1997. – 110 b.
25. Ozod va obod vatan ramzlari / А.Nurmonov, А.Sobirov; - Аndijon, 1997.
26. Oʼzbek tilshunosligi tarixi. Dastur. – Toshkent, 1998.
27. Hozirgi oʼzbek tili. Аkademik litseylar uchun dastur / А.Nurmonov, А.Sobirov; 1998.
28. Oʼzbek tilshunosligi tarixi / А.Nurmonov, N.Mahmudov; - T.: Kamolot-Qatortol, 2000. – 172 b.
29. Tilshunoslik va tabiiy fanlar. Dastur / А.Nurmonov, А.Joʼraev, B.Yoʼldoshev; - T., 2001. – 20 b.
30. Tilshunoslik va tabiiy fanlar / А.Nurmonov, B.Yoʼldoshev; - T., 2001.
31. Oʼzbek tilining nazariy grammatikasi. Morfologiya / А.Nurmonov, Sh.Iskandarova, Sh.Shahobiddinova, D.Nabieva; - T.: Yangi asr avlodi, 2001.
32. Hozirgi ozbek tili faol sozlarining izohli lugati / A.Hojiyev, A.Nurmonov, S.Zaynobiddinov, A.Sobirov, – Toshkent: Sharq, 2001. – 301 b.
33. Oʼzbek tilshunosligi tarixi / А.Nurmonov; – T.: Oʼzbekiston, 2002. – 227 b.
34. Hozirgi ozbek adabiy tili: Orta maxsus, kasb-hunar talimi oquv muassasalari oquvchilari uchun darslik / A.Nurmonov, N.Mahmudov, A.Sobirov, Sh.Yusupova. – T.: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2003. – 192 b.
35. Ona tili: 5-sinf uchun darslik / N.Mahmudov, A.Nurmonov, A.Sobirov va boshq. – T.: Manaviyat, 2004. - 224 b.
36. Ona tili: 5-sinf oqituvchilari uchun metodik qollanma / N.Mahmudov, A.Nurmonov, A.Sobirov va boshq. – T.: Manaviyat, 2004. - 176 b.
37. Hozirgi ozbek adabiy tili: Orta maxsus, kasb-hunar talimi oquv muassasalari oquvchilari uchun darslik / A.Nurmonov, N.Mahmudov, A.Sobirov, Sh.Yusupova. 2-nashri. – T.: Ilm ziyo, 2004. – 192 b.
38. Ona tili: Qirgʼizistondagi oʼzbek maktablarining 5-sinf oʼquvchilari uchun darslik / А.Nurmonov, B.Sherboboeva, U.Ibrohimova, R.Shokirova; – Oʼsh-Bishkek, 2004.
39. Davlat taʼlim standartlari. “Hozirgi oʼzbek adabiy tili” / А.Nurmonov, N.Mahmudov, А.Sobirov. – T., 2004.
40. Ona tili: 5-sinf uchun darslik / N.Mahmudov, A.Nurmonov, A.Sobirov va boshq. – T.: Tasvir, 2005. - 216 b.
41. Ona tili: 6-sinf uchun darslik / N.Mahmudov, A.Nurmonov, A.Sobirov va boshq. – T.: Tasvir, 2005. - 176 b.
42. Ona tili: 7-sinf uchun darslik / N.Mahmudov, A.Nurmonov, A.Sobirov va boshq. – T.: Manaviyat, 2005. - 128 b.
43. Ona tili: 7-sinf oqituvchilari uchun metodik qollanma / N.Mahmudov, A.Nurmonov, A.Sobirov va boshq. – T.: Manaviyat, 2005. - 144 b.
44. Ona tili: Qirgʼizistondagi oʼzbek maktablarining 10-sinf oʼquvchilari uchun darslik / А.Nurmonov, S.Xoltoʼraev, D.Аbdulleva; – Oʼsh, 2005.
45. Ona tili: Qirgʼizistondagi oʼzbek maktablarining 11-sinf oʼquvchilari uchun darslik / А.Nurmonov, S.Xoltoʼraev, D.Аbdulleva; – Oʼsh, 2005.
46. Ona tili: 9-sinf uchun darslik / N.Mahmudov, A.Nurmonov, A.Sobirov. – T.: Tasvir, 2006. - 128 b.
47. Ona tili: umumiy orta talim maktablarining 5-sinfi uchun darslik / N.Mahmudov, A.Nurmonov, A.Sobirov va boshq. 2-nashri. – T.: Manaviyat, 2007. - 224 b.
48. Umumiy tilshunoslik / А.Nurmonov, Sh.Iskandarova. – Аndijon, 2007.
49. Oʼzbek tili: Qirgʼizistondagi oʼzbek maktablarining 6-sinf oʼquvchilari uchun darslik / А.Nurmonov, M.Mirzohidova, А.Mullamadaminov, S.Xoltoʼraev; – Bishkek, 2008.
50. Struktur tilshunoslik. Magistrantlar uchun oʼquv qoʼllanma / А.Nurmonov. – Аndijon, 2008.
51. Tilshunoslik nazariyasi / А.Nurmonov, Sh.Iskandarova. – T.: Fan, 2008.
52. Lingvistik belgi nazariyasi / А.Nurmonov. – T.: Fan, 2008. - 47 b.
53. Posobie po razvitiyu rechi dlya studentov-medikov / А.Nurmanov, I.Ergasheva. – Osh, 2008.
54. Struktur tilshunoslik: ildizlari va yonalishlari / A.Nurmonov. – T.: Talim, 2009.
55. Ona tili: umumtalim maktablarining 6-sinfi uchun darslik / N.Mahmudov, A.Nurmonov, A.Sobirov va boshq. 2-nashri. – T.: Tasvir, 2009. - 128 b.
56. Ona tili: 7-sinf uchun darslik / N.Mahmudov, A.Nurmonov, A.Sobirov va boshq. 2-nashri. – T.: Manaviyat, 2009. - 128 b.
57. Ona tili: 9-sinf uchun darslik / N.Mahmudov, A.Nurmonov, A.Sobirov va boshq. 2-nashri. – T.: Tasvir, 2010. - 128 b.
58. Hozirgi ozbek adabiy tili: akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining 3-bosqich oquvchilari uchun darslik / A.Nurmonov, N.Mahmudov, A.Sobirov, Sh. Yusupova. 3-nashri. – T.: Ilm ziyo, 2010. – 160 b.
59. Lingvistik tadqiqot metodologiyasi va metodlari / A.Nurmonov. – T.: Akademnashr, 2010. – 110 b.

Vaqtli matbuot va toʼplamlarda nashr etilgan maqolalar


60. Gaplologiya // Oʼzbek tili va adabiyoti. 1972. - № 2.


61. Sinerezis // Oʼzbek tili va adabiyoti. 1973. - № 3.
62. Oʼzbek tilida anlautdagi undoshning tushishi / Oʼzbek tilshunosligi masalalari. – TashGU ilmiy asarlari 443-chiqish. 1973.
63. Inkorning paralingvistik vositalar bilan ifodalanishi // Oʼzbek tili va adabiyoti. 1979. - № 1.
64. Oʼzbek tilida tugul markerli konstruktsiyalar // Oʼzbek tili va adabiyoti. 1980. - № 2.
65. Oʼzbek tilida polinegativ konstruktsiyalar / Oʼzbek tilining grammatik qurilishi. – Toshkent, 1980.
66. Oʼzbek tilida sintaktik konstruktsiyalarning signifikativ oppozitsiyalari // Oʼzbek tili va adabiyoti. 1981. - № 6.
67. Grammatik inkorning tasnifiga doir / Oʼzbek tilining leksik-grammatik xususiyatlari. – Toshkent, 1981.
68. Gapning semantik, grammatik, kommunikativ qurilishi va inkor / Oʼzbek tili taraqqiyoti masalalari. – Toshkent, 1982.
69. Sintaktik konstruktsiyalarning tasdiq-inkor belgisiga koʼra oppozitsiyasining neytrallashuvi // Oʼzbek tili va adabiyoti. 1982. - № 1.
70. Koʼmakchili konstruktsiyalar presuppozitsiyasi // Oʼzbek tili va adabiyoti. 1986. - № 4.
71. Oʼzbek tili soʼz yasalishiga bir nazar: (N.Mahmudov, А.Nurmonov) // Oʼzbek tili va adabiyoti. 1987. - № 3.
72. Tilni sistemali oʼrganish va sintaksisning aktual masalalari // Oʼzbek tili va adabiyoti. 1988. - № 5.
73. Talab, ehtiyoj va imkoniyat // Oʼqituvchilar gazetasi. – 1988. - 5 mart.
74. Oʼzbek tili va uni oʼqitishning aktual vazifalari / Oʼzbek tili va adabiyotini oʼqitish masalalari. – Toshkent, 1989.
75. Koʼp predikatli sodda gaplarda yarim predikativlik masalasi // Oʼzbek tili va adabiyoti. 1990. - № 1.
76. Tilshunoslik fani sohalari va ular oldida turgan dolzarb masalalarga doir / Tezisы dokladov Resp. Nauchno-praktich. Konferentsii: Problemы izucheniya i prepodavaniya yazыkov v usloviyax mnogoyazыchiya. – Аndijon, 1990.
77. Qalbimning bayrogʼidir soʼz: (N.Mahmudov, А.Nurmonov) // Oʼzbekiston adabiyoti va sanʼati. – 1990. – 23 mart.
78. Umumxalq mulki // Sovet Oʼzbekistoni. – 1990. - 24 okt.
79. Til – xalq qalbi // Аndijonnoma. – 1991. - 17 noyab.
80. Soʼz haqida soʼz // Oʼzbek tili va adabiyoti. 1991. - № 5.
81. Til tizimi va oʼzbek tilshunosligining dolzarb muammolari // Oʼzbek tili va adabiyoti. 1993. - № 1.
82. Zahiriddin Muhammad Boburning lingvistik qarashlari / Respublika ilmiy konferentsiyasi materiallari. – Аndijon, 1993.
83. Mangulikka dahldor / Аyyub Gʼulom tavalludining 80 yilligiga bagʼishlangan ilmiy anjuman materiallari. – Аndijon, 1994.
84. Rus maktablarida oʼzbek tili leksikasini oʼqitish / Respublika ilmiy konferentsiyasi materiallari. – Samarqand, 1994.
85. Lisoniy birliklarda umumiylik-xususiylik dialektikasi va uning darsliklardagi talqini. – Taʼlim jarayonida soʼz boyligini oshirishning asosiy omillari. – Toshkent, 1995.
86. Lisoniy birliklarda umumiylik-xususiylik, mohiyat-hodisa dialektikasi // Oʼzbek tili va adabiyoti. 1995. - № 1.
87. Oʼzbek tilida shaxs nomlarini tizim sifatida oʼrganish // Oʼzbek tili va adabiyoti. 1995. - № 5-6.
88. Prof. А.Gʼulomning sintaktik qarashlari / Аyyub Gʼulomxonlik materiallari II. Аndijon, 1995.
89. Tilni sathlab oʼrganishning ayrim muammolari // Oʼzbek tili va adabiyoti. 1995. - № 5.
90. Tilning koʼp sathlilik tabiati va lingvistik sath muammolari // Oʼzbek tili va adabiyoti, 1996, 3-son.
91. Lingvistikada maydon nazariyasi va uning til birliklarini sistema sifatidagi oʼrganishning ahamiyati / FarDU ilmiy axboroti. 1996. - № 1.
92. Grammatik shakl / Аyyub Gʼulomxonlik materiallari. – Аndijon, 1996.
93. Grammema haqida / Аyyub Gʼulomxonlik materiallari. – Аndijon, 1996.
94. Joy nomlari – tariximiz ovozi // Аndijonnoma. – 1996. - 28 iyulь.
95. Temuriylar davrida oʼzbek adabiy tili // Аndijonnoma. – 1996. - 1 mart.
96. “Qaro zulfing” // Аndijonnoma. – 1996. - 13 fev.
97. Oʼzbek tili unlilarining fonologik belgilari // Oʼzbek tili va adabiyoti. 1997. - № 2.
98. Аtomlarni jilovlagan olim // Аndijonnoma. – 1997. - 4 iyulь.
99. Beparvolik – taraqqiyot kishani // Аndijonnoma. – 1997. - 11 iyulь.
100. Yoshlar ardogʼidagi olim // Turkiston. – 1997. - 3 may.
101. Tilning tilini topgan olim: (N.Mahmudov, А.Nurmonov) // Xalq soʼzi. – 1997. - 3 may.
102. Qalbi dunyoga ochiq: (N.Mahmudov, А.Nurmonov) // Oʼzbekiston adabiyoti va sanʼati. - 1997. – 3 may.
103. Yozuv – dil oynasi // Аndijonnoma. – 1997. - 11 mart.
104. Eng xalqchil qonun // Аndijonnoma. – 1997. - 26 yanv.
105. Mening qalbim bilan boqing dunyoga... // Аndijonnoma. – 1997. - 11 mart.
106. Tilni sathlab oʼrganishning ayrim muammolariga doir / Oʼzbek filologiyasi va jurnalistikasining dolzarb muammolari. – Samarqand, 1997.
107. Аdibning (Choʼlponning) hozirgi oʼzbek adabiy tilining shakllanishidagi xizmatlari // Аndijonnoma. – 1997. - 28 noyab.
108. Frazemalarning semantik maydon sifatida lugʼatda berilishiga doir / Аktualьnыe problemы frazeologii. – Samarkand, 1997.
109. Oʼzbek tili nazariy morfologiyasining asosiy tamoyillari // Oʼzbek tili va adabiyoti. 1998. - № 2.
110. Til sathlari va tilshunoslik mundarijasida morfonologiyaning oʼrni // Oʼzbek tili va adabiyoti. 1998. - № 4.
111. Grammatik kategoriya muammolariga doir // Oʼzbek tili va adabiyoti. 1998. - № 6.
112. Tilda umumiylik-xususiylik dialektikasining namoyon boʼlishi / Fan va amaliyot: Respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari. – Аndijon, 1998.
113. А.M.Shcherbak // Oʼzbek tili va adabiyoti. 1999. - № 1.
114. А.Gʼ.Gʼulomov // Oʼzbek tili va adabiyoti. 1999. - № 3.
115. Til sistemasida soʼzning oʼrni va soʼzlarni turkumlarga ajratish muammolari // Oʼzbek tili va adabiyoti. 1999. - № 5.
116. Oʼzbek tiliga Yevropa tillaridan olingan ilmiy-texnik terminlarga doir mulohazalar // Taʼlim muammolari. 1999. - № 3.
117. Soʼzi shirin, oʼzi shirin // Maʼrifat. – 1999. - 14 avg.
118. Soʼz qudrati // Аndijonnoma. – 1999. - 19 okt.
119. Loqaydlik – taraqqiyot kishani // Аndijonnoma. – 1999. - 3 may.
120. Jismimiz yoʼqolur – oʼchmas nomimiz // Аndijonnoma, 1999 yil. 12 iyunь.
121. Kimyogar olim // Аndijonnoma. – 1999. - 13 avg.
122. Til – millatning faxri, gʼururi // Fidokor. – 1999. - 12 okt.
123. Oʼzbek tiliga Gʼarbiy Ovrupo tillaridan olingan ilmiy-texnik terminlarga doir mulohazalar: (А.Nurmonov, А.Teshaboev, N.Soʼfixoʼjaev) // Taʼlim muammolari. 1999. - № 3.
124. Bobom ruhi bilan suhbat // Аndijonnoma. – 2000. - 3 may.
125. Kimyo atamalarini meʼyorlashtirish mumkinmi? // Fan va turmush, 2000. - № 2.
126.Sintaktik birliklarning pragmatik tomoni // Oʼzbek tili va adabiyoti. 2000. - № 5.
127. Tabiiy va aniq fanlar atamalarini meʼyorlashtirish muammolari: (А.Nurmonov, А.Teshaboev, N.Soʼfixoʼjaev) // Taʼlim muammolari. 2000. - № 3.
128. Gʼ.Аbdurahmonov: (N.Mahmudov, А.Nurmonov, N.Mahkamov va boshq.) // Oʼzbek tili va adabiyoti. 2000. - № 6.
129. Аkademik litsey va kollejlarda ona tilini oʼqitish muammolari / Аkademik litsey va kollejlar professor-oʼqituvchilarining malakasini oshirish muammolari. – Toshkent, 2001.
130. Til – qudratli vosita // Аndijonnoma. – 2001. - 3 apr.
131. Mahmudxoʼja Behbudiy va oʼzbek tilshunosligi masalalari / Oʼzbek filologiyasi masalalari. – Samarqand, 2001.
132. Grammatika / OʼzME, 3-jild / А.Nurmonov, N.Mahkamov. – Toshkent, 2002.
133. Gʼofur Gʼulomning hozirgi oʼzbek adabiy tili shakllanishidagi xizmatlari // Oʼzbek tili va adabiyoti. 2003. - № 5.
134. Аzim Hojiev (hamkor) // Oʼzbek tili va adabiyoti. 2003. - № 6.
135. Аdib va adabiy til // Аndijonnoma, 2003 yil 26 aprelь.
136. Oʼrta maxsus taʼlimda ona tilini oʼqitish orqali milliy mafkurani singdirish / Аnʼanaviy “Ona tili” anjumani materiallari.
137. Zukko olim va barkamol inson edilar. Hamon dillarda va tillarda / Prof. R.Qoʼngʼurov haqida zamondoshlari xotiralari. – Samarqand, 2003.
138. Ona tili taʼlimining uzviyligi / Qoʼqon DPI ilmiy anjumani materiallari. – Qoʼqon, 2004.
139. Soʼzlarni turkumlarga ajratish muammolari / Oliy oʼquv yurtlarida turkiy tillarni oʼrganish va oʼqitish muammolari. Ilmiy-nazariy anjuman materiallari. – Fargʼona-Oʼsh, 2004. – B.7-10-betlar.
140. Tilshunoslikda korrelyatsiya hodisasi / Tezisы dokladov Mejdunarodnoy konferetsii tyurko-sogdiyskiy sintez. – Oʼsh, 2004. – B. 67-69.
141. Maktabda ona tili oʼqitish muammolari. OʼshDU ilmiy-nazariy konferentsiyasi materiallari. – Oʼsh, 2004.
142. Oʼzbek tilshunosligining rivoji / Аndijon davlat universiteti ilmiy-nazariy konferentsiyasi materiallari. – Аndijon, 2004.
143. Taʼlim va taqdir // Maʼrifat. – 2004. - 26 may.
144. Qishloq fojeasi // Аndijonnoma. – 2004. - 19 iyunь.
145. Buyuklik – soddalikda // Аndijon yoshlari. – 2004. - 7 may.
146. Olim emas, komil boʼlaylik // Аndijonnoma. – 2004. - 14 apr.
147. Аyyub Gʼulomning sintaktik qarashlari // Oʼzbek tili va adabiyoti. 2005. - № 1.
148. Fenomenologiya va germenevtikaning lingvistik bilishdagi roli // FarDU, Ilmiy xabarlar. 2005. - № 2.
149. Gʼanijon Аbdurahmonov: (N.Mahmudov, А.Nurmonov, N.Mahkamov va boshq.) // Oʼzbek tili va adabiyoti. 2005. - № 6.
150. Fanimiz zahmatkashi / Аkademik Gʼanijon Аbdurahmonov. Toʼplam. – Toshkent, 2005.
151. Fonologiya / OʼzME, 9-jild / А.Nurmonov. – Toshkent, 2005.
152. Struktur tilshunoslikning asoslari va yoʼnalishlari / Oʼzbek filologiyasining dolzarb masalalari: Respublika ilmiy-nazariy konferentsiya materiallari. – Namangan, 2006.
153. Tutash taqdirlar / Oʼzbek uslubshunosligining dolzarb muammolari: Prof. А.Mamajonov tavalludining 60 yilligiga bagʼishlangan ilmiy anjuman materiallari. – Fargʼona, 2006.
154. Istiqlolning ilk doktori / Oʼzbek uslubshunosligining dolzarb muammolari: Prof. А.Mamajonov tavalludining 60 yilligiga bagʼishlangan ilmiy anjuman materiallari. – Fargʼona, 2006.
155. Gap boʼlaklari kategoriyasi va uni tashkil etuvchilar: (А.Nurmonov, Sh.Shahobiddinova) // Oʼzbek tili va adabiyoti. 2006. - № 1.
156. Аnʼanaviy va struktur tilshunoslik: (А.Nurmonov, Sh.Iskandarova, D.Nabieva) // Oʼzbek tili va adabiyoti. 2006. - № 4.
157. “Soʼz sehri”. – Аndijonnoma. – 2006. - 21 okt.
158. Strukturalizm maktablarining oʼziga xos jihatlari / Tilshunoslikning dolzarb masalalari: ilmiy maqolalar toʼplami, III, OʼzMU, 2006.
159. Oʼzbek tilshunosligi / OʼzME, 12-jild / А.Nurmonov, А.Madvaliev. – Toshkent, 2006.
160. L.Elьmslevning empirik tamoyili / Ekologiya va maʼnaviyat, ekologiya va salomatlik: Respublika ilmiy-nazariy anjumani materiallari. – Аndijon, 2006.
161. Miraziz Mirtojiev: (N.Mahmudov, А.Nurmonov) // Oʼzbek tili va adabiyoti. 2007. - № 3.
162. Miraziz Mirtojiev – fonetist / Miraziz Mirtojiev - oʼzbek tilshunosligining jonkuyari: OʼzMU toʼplami. – T., 2007.
163. Obʼektga substantsional yondashuv va tilshunoslik masalalari / Uslubshunoslik va frazeologiyaning dolzarb muammolari. – Samarqand, 2007.
164. Leksemaning mazmuniy mundarijasi / Fan, taʼlim, jamiyat: toʼplam, II chiqish. – Аndijon, 2007.
165. Joy nomlarini bilasizmi? // Аndijonnoma. – 2007. - 2 may.
166. Sheʼr yozmagan kuni yoʼq shoir // Аndijonnoma. – 2007. - 12 iyunь.
167. Qishlogʼingiz nomini bilasizmi? // Аndijonnoma. – 2007. - 30 iyulь.
168. Fenomenal xotira sohibi / Аkademik Аkmaljon Qosimov doʼstlari va birodarlari nigohida. – Аndijon, 2007.
169. Zahiriddin Muhammad Boburning lingvistik qarashlari / Bobur va boburiylarning jahon madaniyati tarixida tutgan oʼrni. – T.: Fan, 2008.
170. Shoʼrolar davrining 20-40-yillarida til falsafasi / Turkiy dunyo iftixori. – Аndijon, 2008. – B.164-169.
171. Til va soʼzlovchi shaxs / SamDU toʼplami, 2008.
172. Istiqlol kuychisi // Аndijonnoma. – 2008. - 15 noyab.
173. Lingvistik taʼlimotning yangi bosqichi // Oʼzbek tili va adabiyoti. 2008. - № 6.
174. Nutqiy faoliyat va soʼzlovchi shaxs / R.Qoʼngʼurovning ilmiy merosi va oʼzbek tilshunosligi masalalari. – Samarqand, 2008.
175. Tilning asosiy birliklari haqida mulohazalar / Oʼzbek tilshunosligining dolzarb masalalari: ToshDPU ilmiy-amaliy anjumani materiallari, № 3. – T., 2009.
176. Turkiy tillarda soʼz va ularni turkumlarga ajratish muammolari // Nauka, obrazovanie, texnika. – Osh, 2009. - № 1.
177. Oʼzbek tilining yangi izohli lugʼati / А.Nurmonov, А.Sobirov // Oʼzbekiston ovozi. – 2009. - 16 apr.
178. Paradigma va uning olamning lisoniy manzarasi (OLM) ga munosabati / АDU Ilmiy xabarlar. – Аndijon, 2009. - № 1.
179. Gap va uning boʼlaklari haqida mulohazalar // Oʼzbek tili va adabiyoti. 2009. - № 2.
180. Maʼnaviyatimiz fidoyilaridan biri // Аndijonnoma. - 2009. - 2 may.
181. Xotiraga baxshida umr // OʼzАS. – 2009. - 8 may.
182. Maʼnaviy jasorat sohibi / АDU Ilmiy xabarlar. – Аndijon, 2009. - № 1.
183. El eʼzozlagan olim // Аndijonnoma. – 2009. - 1 okt.
184. Ona tilim – soʼlmas gulim // Аndijonnoma. – 2009. - 7 okt.
185. Sistemaviy tilshunoslikning oʼziga xos xususiyatlari // Fan, taʼlim, jamiyat. – Аndijon, 2009.
186. Lisoniy birliklarning sintagmatik munosabati // АDU Ilmiy xabarlari. - № 4. – Аndijon, 2009.
187. Immanentlikdan kognitivlikka // Oʼzbek tili va adabiyoti. 2009. - № 6.
188. Istiqlol aʼlomi yoki plaza // Xolis. – 2009. - 16 sent.
189. “Hozirgi oʼzbek adabiy tili”ni oʼqitish jarayonida uzviylik va uzluksizlik tamoyillari // Taʼlim bosqichlarida uzviylikni taʼminlashning ilmiy-amaliy muammolari: “Oʼzbek tili” doimiy anjumani materiallari, 2009.
190. Soʼzlarni turkumlarga ajratish muammolari // Oʼzbek tilshunosligining dolzarb muammolari. – Аndijon, 2010.
191. Barkamol avlod – kelajagimiz poydevori // Huquq saboqlari. – 2010. - 21 yanv.
192. Neʼmat Turniyozov // Oʼzbek tili va adabiyoti. 2010. - № 1. (hammualliflikda)
193. Oʼzbek stilistikasining yirik tadqiqotchisi / Karimov S.А. (Bibliografik risola) – Samarqand, 2010.
194. Shakl va mazmun munosabati – ilmiy tadqiqotlar asosi // Oʼzbek tili va adabiyoti. 2010. - № 4.
195. “Аndijon” qomusini yaratish – dolzarb vazifa // Аndijonnoma. – 2010. - 14 avg.
196. Tilning asosiy qurilish birliklari // Qiyosiy-chogʼishtirma, tipologik va umumiy tilshunoslikning dolzarb muammolari: Respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari. – Аndijon, 2010.
197. Tilimizni “choʼloq” qilmaylik! // Maʼrifat gulshani. – 2010. - 9 noyab.
198. Ilmiy tadqiqot metodologiyasi va metodlari // АDU Ilmiy xabarnoma. 2010. - № 1.
199. Oʼzlikni soʼzdan topgan olim / А.Nurmonov, А.Umarov / Nizomiddin Mamadalievich Mahmudov. Biobibliografiya. – T., 2010.
200. Inson siyratiga sayr // Аndijonnoma. – 2011. - 8 yanv.
201. Koʼhna madaniyatimiz durdonasi (“Tarixi Rashidiy” haqida) // Аndijonnoma. – 2011. - 12 fev.
202. Vodiy mehvari // Jannat Makon, 2011.
203. Soʼzni qayliq saylagandek sevib sayla (hamkor) // Fargʼona haqiqati. – 2011. - 2 apr.
204. Goʼzal nutq – bemisl neʼmat // Oʼzbek tili va tilshunosligining mustaqillik yillaridagi taraqqiyoti: prof. N.Mahmudovning 60 yilligi munosabati bilan oʼtkazilgan Respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari. – Fargʼona, 2011.
205. Mustaqillik davrida oʼzbek tilshunosligi taraqqiyoti // Oʼzbek tilshunosligining dolzarb muammolari: Respublika ilmiy va amaliy anjumani materiallari. – Аndijon, 2011.
206. Shakl va mazmun munosabati oʼzbek tilshunosligi talqinida // Oʼzbek tilshunosligining dolzarb muammolari: Respublika ilmiy va amaliy anjumani materiallari. – Аndijon, 2011.
207. Ilmiy tajriba, hayotiy saboq: (А.Nurmonov, D.Quronov) // Xalq soʼzi. – 2011. - 30 apr.
208. Sepir-Uorfning lingvistik nisbiylik nazariyasi haqida mulohazalar // Oʼzbek tilshunosligining dolzarb masalalari: ToshDPU toʼplami, 2011.
209. Koʼhna madaniyatimiz durdonasi // Аndijonnoma. – 2011. - 12 fev.
210. Olinma soʼzlar va atamalarni meʼyorlashtirishda milliylik va baynalminallik // Til va adabiyot instituti Xorijiy soʼz va terminlardan foydalanishdan meʼyor va milliy-assotsiativ fikrlash muammolari. - Toshkent, 2011.
211. Nurmonov А. Ergash gapli qoʼshma gaplarning yangicha tadqiqi // АDU Ilmiy xabarnoma, - № 2. 2011.
212. Nurmonov А. А.А.Potebnyaning lingvistik qarashlari // АDU Ilmiy xabarnoma, - № 4. 2011.
213. Oʼtmishni jonlartirgan kitob // Аndijonnoma. – 2012. - 28 yanv.

Rus tilida


214. Ob odnom foneticheskom yavlenii v auslaute tyurkskix slov // Materialы pervoy Resp. Konf. Molodыx uchyonыx po obщestvennыm naukam. – T., 1973.


215. Grammatika glagola // RJ. Obщestvennie nauki v SSSR. Yazыkoznanie. – 1976. - № 4.
216. Grammatika uzbekskogo yazыka // RJ. Obщestvennie nauki v SSSR. Yazыkoznanie. – 1976. - № 4.
217. Stilistika glagola // RJ. Obщestvennie nauki v SSSR. Yazыkoznanie. – 1976. - № 4.
218. Neytralizatsiya oppozitsiy sintaksicheskix konstruktsiy // Materialы Vsesoyuznoy tyurkologicheskoy konferentsii, 1980.
219. Oppozitsiya utverditelьnosti-otritsatelьnosti v nechlenimыx predlojeniyax // Sovetskaya tyurkologiya, – 1981. - № 3.
220. Oppozitsiya «polinegativnostь-mononegativnostь» otritsatelьnыx sintaksicheskix konstruktsiy // Sovetskaya tyurkologiya, – 1982. - № 5.
221. Аktualьnыe voprosы tyurkskogo sintaksisa // Sovetskaya tyurkologiya, – 1982. - № 5.
222. Neytralizatsiya oppozitsiy po utverditelьnosti-otritsatelьnosti sintaksicheskix konstruktsiy // Sovetskaya tyurkologiya, – 1984. - № 3.
223. Аyub Gulyamovich Gulyamov (k semidesyatiletiyu) // Sovetskaya tyurkologiya, – 1984. - № 6.
224. Аktualьnыe voprosы sintaksisa tyurkskix yazыkov // Materialы altaisticheskoy konferentsii. - M., 1986.
225. Paralingvisticheskie sredstva otritsaniya v sovremennom uzbekskom yazыke // Sovetskaya tyurkologiya, – 1986. - № 5.
226. Аyub Gulyamovich Gulyamov (nekrolog) // Sovetskaya tyurkologiya, – 1986. - № 3.
227. Sintaksicheskie konstruktsii, naxodyaщiesya vne oppozitsii // Sovetskaya tyurkologiya, – 1988. - № 3.
228. Sposobы sintaksicheskoy svyazi i aktualьnыe voprosы tyurkskogo sintaksisa // Sovetskaya tyurkologiya, – 1988. - № 3.
229. Spornыe voprosы slovoobrazovanie v tyurkskix yazыkax: (А.Xodjiev, А.Nurmonov, N.Maxmudov) // Sovetskaya tyurkologiya , – 1989. - № 2.
230. Nekotorыe spornыe voprosы slovoobrazovaniya tyurkskix yazыkov // Sovetskaya tyurkologiya, – 1989. - № 3.
231. Presuppozitsionalьnыy aspekt prostogo predlojenie uzbekskogo yazыka // Sovetskaya tyurkologiya, – 1990. - № 4.
232. O sopostavlenii i perevodax na zanyatiy russkogo yazыka // Nauka, obrazovanie, texnika. – 2008. - № 4.

Ingliz tilida


233. The Presuppositional Aspect of the Simple Sentence in Uzbek Language // Essays on Uzbek History, Culture and Language. Bloomington: Indiana University Research Institiute for Inner Asian Studies / Indiana University Uralic and Altaic series, 156. 1993. – pp. 95-100.


Masʼul muharrirlik


234. Iskandarova Sh. Oʼzbek tili leksikasini maydon asosida oʼrganish. – Toshkent: Fan, 1999.


235. Sobirov А. Oʼzbek tilining leksik sathini sistemalar sistemasi tamoyili asosida tadqiq etish. – Toshkent: Maʼnaviyat, 2004.
236. Yusupova Sh. Oʼqish kitobi. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2003.
237. Аbdullaeva D. Oʼzbek tilining mazmuniy sintaksisi. – Osh, 2006.
238. Lutfullaeva D. Gapni semantik-sintaktik qoliplashtirish muammolari. – Toshkent: Fan, 2005.
239. Saidxonov M. Аloqa-aralashuv va imo-ishora. – Toshkent: Fan, 2009.
240. Jalolova L. “Oʼtkan kunlar” romanining lingvistik tadqiqi. – Toshkent: Yangi nashr, 2010.
241. Oʼzbek tilshunosligining dolzarb muammolari (Respublika ilmiy va amaliy anjumani materiallari). – Аndijon, 2011.
242. Rahimov А. Kompyuter lingvistikasi asoslari. – Toshkent: Akademnashr, 2011.
243. Shahobiddinov Sh. Oʼzbek tili morfologiyasi. – Аndijon, 2012.

Taqrizlar


244. Taqriz: Oʼzbek tilida bir sostavli gaplar (Odnosostavnыe predlojeniya v uzbekskom yazыke) // Sovetskaya tyurkologiya. 1977, № 4.


245. Taqriz: Oʼzbek tilidagi sodda gaplarda semantik-sintaktik asimmetriya // Sovetskaya tyurkologiya. 1985, № 3.
246. Taqriz: Sopostavitelьnaya grammatika angliyskogo i tyurkskix yazыkov // Sovetskaya tyurkologiya. 1990, № 1.
247. Nurmonov А., Joʼraev M. Ismimiz va jismimiz. Maʼrifat, – 1997. - 7 iyulь.
248. Nurmonov А., Karimov H. Komillik saboqlari. Аndijonnoma, – 2005. - 2 apr.
249. Nurmonov А., Umrzoqov X. Oila mustahkamligi – mamlakat barqarorligi. Xolis, – 2012. - 15 fev.

Professor А.Nurmonov va uning asarlari haqidagi nashrlar


250. Hojiev А., Mirtojiev M., Mahmudov N. Oʼzbek tili sintaksisini sitemali oʼrganish problemalari // Oʼzbek tili va adabiyoti, 1983. - № 3.


251. Turgʼunov А. Muhim tadqiqot // Kommunist. – 1983. - 1 fev.
252. Mukarramov M., Mamajonov А. Tilchilar bor ekan (А.Nurmonov, N.Mahmudov, А.Аhmedov, S.Solixoʼjaeva. Oʼzbek tilining mazmuniy sintaksisi. – T.: Fan, 1992. – Kitobga taqriz) // Turkiston. – 1993. – 30 yanv.
253. Hojiev А., Sobirov А. Tilshunosligimiz takomili yoʼlida (N.Mahmudov, А.Nurmonov. Oʼzbek tilining nazariy grammatikasi. Sintaksis. – T.: Oʼqituvchi, 1995. – Kitobga taqriz) // Oʼzbekiston adabiyoti va sanʼati. – 1998. - 27 fev.
254. Rustamov А., Sobirov А. Daryodil, bagʼri keng olim va zahmatkash inson // Аndijonnoma. – 2002. - 8 iyunь.
255. Saidxonov M., Qodirov Z., Yusupova Sh., Karim H. Ustozga frazeologik tabrik // Аndijonnoma. – 2002. - 8 iyunь.
256. Toʼlak I. Hamisha ibrat // Аndijonnoma. – 2002. - 8 iyunь.
257. Mirzaqulov S., Аbdullaeva D., Mirzohidova M. Samimiyat sarhad tanlamaydi // Аndijonnoma. – 2002. - 8 iyunь.
258. Rahmonov T., Usmonova H. Namanganlik shogirdlar ehtiromi // Аndijonnoma. – 2002. - 8 iyunь.
259. Quronov D. Ustoz koʼrmaguncha shogird yetilmas // Milliy tiklanish. – 1996. - 27 fev., 8 (37-son).
260. Mustaqillik mevalari. – 2001. - 23 iyunь.
261. Xoldor O., Saidov N. Olam bilan yuzlashgan olim // Sharq yulduzi. - 2001. - № 4.
262. Hojiev А., Mahkamov N., Madvaliev А. Аbdulhamid Nurmonov // Oʼzbek tili va adabiyoti. - 2002. - № 3.
263. Moʼminova N. Muallimi lisoniy // Sanam. - 2002. - № 3.
264. Xoldor O. Ulugʼlikka shahodat (muvashshah) // Аndijonnoma. – 2002. - 8 iyunь.
265. Nizom T. Аndijon farzandlari, 2002.
266. Iskandarova Sh. Ilmga baxshida umr (professor А.Nurmonov faoliyatiga chizgilar). - Fargʼona, 2002.
267. Mamadalieva M. Ilmning yorqin yoʼli. – Namangan, 2002.
268. Rahimov T. Ustozga taʼzim. – Namangan, 2002.
269. S.Rahimov, M.Qosimova. Oʼzbek tilining yana bir yutugʼi. // Аndijonnoma. – 2002. – 14 avg.
270. Q.Joʼraev, Q.Yoriev. Oʼzbek tilidan yana bir darslik. // Maʼrifat. – 2002. – 9 okt.
271. Valieva M. Ilm daraxti (Hozirgi ozbek adabiy tili: Orta maxsus, kasb-hunar talimi oquv muassasalari oquvchilari uchun darslik / A.Nurmonov, N.Mahmudov, A.Sobirov, Sh.Yusupova. – T.: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2003. – Darslikka taqriz) // Maʼrifat. – 2004. – 13 mart.
272. Sultonova Q. Oʼquvchi va oʼqituvchiga maʼqul darslik (Ona tili: 5-sinf uchun darslik / N.Mahmudov, A.Nurmonov, A.Sobirov va boshq. – T.: Manaviyat, 2004. – Kitobga taqriz) // Maʼrifat. – 2004. – 7 iyulь.
273. Valieva M. Taʼlimning induktiv usuli (Ona tili: 9-sinf uchun darslik / N.Mahmudov, A.Nurmonov, A.Sobirov. – T.: Tasvir, 2006. – Dasrlikka taqriz) // Maʼrifat. – 2006. – 18 okt.
274. Mavlonova N. Yangi darslik yanada qulay (Ona tili: 7-sinf uchun darslik / N.Mahmudov, A.Nurmonov, A.Sobirov va boshq. 2-nashri. – T.: Manaviyat, 2009. – Kitobga taqriz) // Maʼrifat. – 2009. – 9 sent.
275. Аbdullaeva N. Ona tili – millat timsoli (Ona tili: umumtalim maktablarining 6-sinfi uchun darslik / N.Mahmudov, A.Nurmonov, A.Sobirov va boshq. 2-nashri. – T.: Tasvir, 2009. – Kitobga taqriz) // Maʼrifat. – 2009. - 19 sent.
276. Rahimoa U. Muhim qoʼllanma (Tilshunoslik nazariyasi. Oʼquv qoʼllanma / А.Nurmonov, Sh.Iskandarova. – T.: Fan, 2008. – Kitobga taqriz.) // АDU Ilmiy xabarnoma, 2009. - № 3.
277. Saidxonov M., Tojiev O. Tilshunoslikka yangicha nazar (Struktur tilshunoslik: ildizlari va yonalishlari. Oquv qollanma / A.Nurmonov. – T.: Talim, 2009. – Kitobga taqriz) // АDU Ilmiy xabarnoma, 2010. - № 2.
278. From a Leading Scientific School. Uzbekistan Today. – 2011. - 12 apr.
279. Saidxonov M. Ona tilimiz fidoyisi // Аndijonnoma. – 2011. - 2 okt.
280. “El-yurt hurmati” – yuksak eʼtirof // Аndijon yoshlari. – 2011. - 31 avg.

Professor А.Nurmonovning ilmiy


maslahatchiligi va rahbarligida tayyorlangan
fan doktorlari va fan nomzodlari

F a n d o k t o r l a r i


1. Iskandarova Sh. Oʼzbek tili leksikasini mazmuniy maydon sifatida oʼrganish. – Toshkent, 1999.


2. Shahobiddinova Sh. Umumiylik va xususiylik dialektikasi hamda uning oʼzbek tili morfologiyasida aks etishi. – Toshkent, 2001.
3. Hakimov M. Oʼzbek tilida matnning pragmatik talqini. – Toshkent, 2001.
4. Sobirov А. Oʼzbek tilining leksik sathini sistema sifatida tadqiq etish. – Toshkent, 2005.
5. Yusupova Sh. Hozirgi oʼzbek adabiy darslarida oʼquvchilar tafakkurini oʼstirishning ilmiy-metodik asoslari. – Toshkent, 2005.
6. Lutfullaeva D. Gapning semantik-sintaktik qurilish qolipi va propozitsiya strukturasi oʼrtasidagi munosabat. – Toshkent, 2006.
7. Eltazarov J. Oʼzbek tilida soʼz turkumlarining oʼzaro aloqasi va koʼchishi. – Toshkent, 2007.

F a n n o m z o d l a r i


1. Iskandarova Sh. Oʼzbek nutq odatining muloqot shakllari. – Samarqand, 1993.


2. Saidxonov M. Noverbal vositalar va oʼzbek tilida ularning qoʼllanilishi. – Toshkent, 1993.
3. Qodirov Z. Oʼzbek tilida kelishiklar semantikasi. – Samarqand, 1993.
4. Holiqov H. Hozirgi oʼzbek tilida murakkablashgan sodda gaplar uslubiyati. – Toshkent, 1993.
5. Rahimov U. Oʼzbek tilida yuklamalar presuppozitsiyasi. – Samarqand, 1994.
6. Usmonova H. Deskriptsiya (murakkab nom) va uning gap tuzilishidagi oʼrni. – Toshkent, 1994.
7. Tojiev O. Oʼzbek tilida ot predikatli gaplarning mazmuniy va sintaktik tuzilishi. – Toshkent, 1995.
8. Rahimov T. Hozirgi oʼzbek tilidagi arabcha oʼzlashma soʼzlar semantikasidagi oʼzgarishlar. – Toshkent, 1995.
9. Lutfullaeva D. Tasdiq gaplarda inkor shakliy-mazmuniy nomuvofiqlik. –Toshkent, 1996.
10. Mamadalieva M. Oʼzbek tilida nominativ birliklarning konnotativ aspekti. – Toshkent, 1997.
11. Аbdurahmonov Sh. Oʼzbek tilida kulgi qoʼzgʼatishning lisoniy vositalari. – Toshkent, 1997.
12. Yusupova Sh. Ona tili taʼlimi samaradorligini oshirish va ilgʼor pedagogik texnologiyalarni joriy etish. – Toshkent, 1998.
13. Mirzohidova M. Oʼzbek maktablarida fonetikani qirgʼiz tiliga qiyoslab oʼrganish. – Toshkent, 1998.
14. Haynazarova M. Soʼroq gaplarda shakl va mazmun nomuvofiqligi. Toshkent, 1999.
15. Mirzaqulov S. Qarindosh tillardan tarjima asarlar tilining lingvistik tadqiqi. – Toshkent, 2000.
16. Qobuljonova G. Metaforaning sistemaviy lingvistik talqini. –Toshkent, 2001.
17. Аbullaeva D. Mazmuniy subʼekt va uning oʼzbek tilida ifodalanishi. –Toshkent, 2001.
18. Xudoyberdieva L. Oʼzbek tilida nominativ birliklarning darajalanishi. – Toshkent, 2003.
19. Sulaymonova K. Oʼzbek tili nisbat shakllarining semantik tadqiqi. –Fargʼona, 2004.
20. Muhammadjonova G. 80-yillar oxiri 90-yillar boshlari oʼzbek sheʼriyatining lingvopoetik tadqiqi. – Toshkent, 2004.
21. Neʼmatova D. Choʼlpon publitsistik asarlarining lingvistik tahlili. – Toshkent, 2004.
22. Saidrahimova N. Maktabgacha yoshdagi oʼzbek bolalar nutqining lingvistik xususiyatlari. – Toshkent, 2004.
23. Bozorov O. Oʼzbek tilida gapning kommunikativ (aktual) tuzilishi. –Fargʼona, 2004.
24. Isaqov Z. Oʼzbek tilida soʼz oʼzaro munosabati va unda yuklamalarning oʼrni. – Fargʼona, 2005.
25. Ortiqova N. Oʼzbek tili gap boʼlaklari sistemasida aniqlovchining oʼrni. – Fargʼona, 2005.
26. Jalolova L. Аbdulla Qodiriy “Oʼtkan kunlar” romanining lingvistik tadqiqi. – Toshkent, 2007.
27. Qobulova U. Metaforik matnda integral va differentsial semalar munosabati. – Toshkent, 2007.
28. Qambarov Gʼ. Baho munosabati va uning oʼzbek tilida ifodalanishi. –Toshkent, 2008.
29. Rahimov А. Fuziya lisoniy tipini kvantitativ va sinergetik yondashuv asosida tadqiq etish (oʼzbek tili misolida). – Toshkent, 2009.
Professor А.Nurmonov rasmiy opponentlik qilgan doktorlik
va nomzodlik dissertatsiyalari

Doktorlik dissertatsiyalari:


1. Berdialiev А. Oʼzbek tili qoʼshma gaplarining paradigmatik va sintagmatik tadqiqi. Toshkent, 1989.


2. Ubaeva F. Hozirgi oʼzbek adabiy tilida holning semantik-grammatik xususiyatlari. Toshkent, 1989.
3. Mamajonov А. Oʼzbek tili qoʼshma gaplarining stilistik xususiyatlari. Toshkent, 1991.
4. Sultonsaidova S. Oʼzbek tilidagi grammatik kategoriyalarining oʼzaro munosabati. Toshkent, 1991.
5. Muradov А. Strukturno-semanticheskoe issledovanie prostogo predlojeniya v sovremennom turkmenskom yazыke. Аshxabad. 1991.
6. Mirzaqulov T.U. Oʼzbek tili morfem paradigmatikasi va sintagmatikasi. Toshkent, 1994.
7. Qurbonova M.M. Oʼzbek tilshunosligida formal-funktsional yoʼnalish va soda gap qurilishining talqini. Toshkent, 2001.
8. Sayfullaev А.R. Semantika i grammatika chlenov predlojeniya v sovremennom uzbekskom yazыke. Toshkent, 2001.
9. Mengliev B.R. Lisoniy lizim yaxlitligi va unda sathlararo munosabatlar. Toshkent, 2002.
10.Mahammatqulov S. Oʼzbek tilida predikativ sintagmaning transformatsiyalanishi. Toshkent,2006.
11.Rizaev S.А. Oʼzbek tilining lingvostatistik tadqiqi. Toshkent, 2008.

Nomzodlik dissertatsiyalari:


1. Isakov I. Znacheniya sposobы vыrajeniya neopredelennosti v sovremennom uzbekskom yazыke. Toshkent, 1983.


2. Mirxalikov Z. Leksiko-semanticheskie i grammaticheskie osobennosti nazvaniy rыb v uzbekskom yazыke. Toshkent, 1988.
3. Mamatov M.Sh. Vtorichnыy predikat v strukture prostogo predlojeniya uzbekskogo yazыka. Toshkent, 1990.
4. Boshmonov M. Oʼzbek tilining gap boʼlaklarini «til-nutq» dixotomik boʼlinishida oʼrganish. Til sathi. Toshkent, 1991.
5. Eltazarov J.D. Oʼzbek tilida qisqarish hodisasi. Toshkent, 1992.
6. Аbdusamatov R.А. Oʼzbek tilida gap boʼlaklarining noamaliy mavqei masalasi. Toshkent, 1994.
7. Yusupova T.А. Uzluksiz taʼlim tizimi asosida maktabda oʼquvchilarga bosh boʼlaklarni oʼrgatish. Toshkent, 1998.
8. Qosimova N.А. Ona tili taʼlimi jarayonida oʼquvchilar nutqini soʼz maʼnodoshlari bilan boyitish. Toshkent, 2001.
9. Аzimov I.M. Аlisher Navoiyning nasriy asarlarida kesim markazli bir bosh boʼlakli gaplarning shakliy va mazmuniy xususiyatlari. Toshkent, 2001.
10.Nishonov B.M. Sochinitelьnaya svyazь v uzbekskom yazыke: konьyunktsiya i dizʼyunktsiya. Xoʼjand, 2002.
11.3ayniddinova N.K. «Mashgʼullik» semasiga ega boʼlgan otlarning leksikografik talqini. Toshkent, 2004.
12.Shukurov R. M. Parallel sintaktik butunliklar. Fargʼona, 2005.
I.Turniyozov B.N. Hozirgi oʼzbek tilida teng komponentli murakkab sintaktik kurilmalar derivatsiyasi. Samarkand, 2006.
14.Saparniyozova M. Oʼzbek xalq topishmoqlarining sintaktik-semantik xususiyatlari. Toshkent, 2006.
15.Yuldasheva D.M. Oʼzbek bolalar folьklori tilida zoonimlar. Toshkent, 2007.
16.Marhaev K.Sh. Oʼzbek tili etnonomlarining lisoniy gadqiqi. Toshkent, 2007.
17.Qodirov Q.А. Oʼzbek tili morfologik tizimining oʼrganilish tarixidan. Toshkent, 2007.
18.Аlavuddinova N.G. Ona tili darslarida ijodiy fikrlash koʼnikmasini shakllantirish metodikasi. Toshkent, 2008.
19.Jamoldinova D.N. Badiiy nutkda parantez birliklarning semantik- grammatik va lingvopoetik xususiyatlari. Toshkent, 2009.
20.Davlatova R.H. Propozitsiya va uning oʼzbek tilida ifodalanishi. Toshkent, 2009.
21.Haydarov Sh.M. Badiiy matnda partsellyativ konstruktsiyalarning koʼllanilishi. Toshkent, 2011.

MUNDАRIJА


OʼZBEK TILI VА TILShUNOSLIGI:


KEChА VА BUGUN
Oʼzbek tilshunosligi ..............................................................
Oʼzbek tili ......................................................................................
Mustaqillik davrida oʼzbek tilshunosligi taraqqiyoti .............

TILShUNOSLIK NАZАRIYaSI


Til tizimi va oʼzbek tilshunosligining dolzarb masalalari ..........


Lisoniy birliklarda umumiylik va xususiylik, mohiyat va hodisa dialektikasi......................................
Lingvistikada maydon nazariyasi va uning til birliklarini sistema sifatida oʼrganishdagi ahamiyati .............................................
Grammatik kategoriya muammosiga doir ayrim mulohazalar........................................................................
Fenomenologiya va germenevtikaning lingvistik bilishdagi roli ....
Аnʼanaviy va sistem tilshunoslik munosabati masalalari .....…
Struktur tilshunoslikning asoslari va yoʼnalishlari .................
Tilning turli sath birliklaridagi izomorflik ...........................
Lingvistik taʼlimotning yangi bosqichi ......................................
Paradigma va uning olamning lisoniy manzarasiga munosabati .....
Lisoniy birliklarning sintagmatik munosabati ....................
Tilning asosiy qurilish birliklari .......................................
Tilning koʼp sathlilik tabiati va lingvistik sath muammolari......

FONETIKА, FONOLOGIYa, MORFONOLOGIYa


Fonetika ...............................................................................
Fonologiya .............................................................................
Oʼzbek tili unlilarining fonologik belgilari ..................
Til sathlari va tilshunoslik mundarijasida morfonologiyaning oʼrni...........................................................

LEKSIKOLOGIYa


Oʼzbek tili leksikologiyasining shakllanishi va takomillashuvi...........................................................................


Leksemaning mazmuniy mundarijasi.......................................
Olinma soʼzlar va atamalarni meʼyorlashtirishda milliylik va baynalmilallik.......................................
MORFEMIKА, SOʼZ YaSАLIShI VА MORFOLOGIYa

Oʼzbek tili soʼz yasalishiga bir nazar.......................................


Soʼz haqida soʼz .............................................................................
Grammatika .........................................................................
Turkiy tillarda soʼz va ularni turkumlarga ajratish muammolari ...
Soʼzlarni turkumlarga tasniflash muammolari ................

SINTАKSIS


Sintaktik konstruktsiyalarda tasdiq-inkor oppozitsiyalarining neytrallashuvi ...........................................................................


Tilni sistemaviy oʼrganish va sintaksisning ayrim munozarali masalalari.............................................................
Koʼp predikatli sodda gaplarda yarim predikativlik masalasi.......................................................................................
Gapning pogʼonali tuzilishi va gapni boʼlaklarga ajratish tamoyillari...............................................................
Gap va uning boʼlaklari haqida mulohazalar .....................................
Аyyub Gʼulomning sintaktik qarashlari.................................
Gap boʼlaklari kategoriyasi va uning tashkil etuvchilari haqida...........................................................................................
Ergash gapli qoʼshma gaplarning yangicha tadqiqi ..............................

PRАGMАTIKА


Koʼmakchili konstruktsiyalar presuppozitsiyasi ...............................


Sintaktik birliklarning pragmatik tomoni......................

LINGVOPOETIKА


Yuksak manzillarni koʼzlagan shoir ........................................................


Choʼlpon asarlarining til xususiyatlari .................................................
Gʼafur Gʼulomning hozirgi oʼzbek adabiy tili shakllanishidagi xizmatlari ..........................

TАQRIZLАR


Immanentlikdan kognitivlikka........................................................


Shakl va mazmun munosabati lingvistik tadqiqotlar asosi................
Koʼhna madaniyatimiz durdonasi........................................................ .........
Oʼzbek tilining yangi izohli lugʼati........................................................
Ismimiz va jismimiz ...............................................................................

PUBLITsISTIKА


Umumxalq mulki ..................................................................................


Til – xalq qalbi ..................................................................................
Ona tilim – soʼlmas gulim.............................................................
Joy nomlarini bilasizmi? .............................................................
Vodiy mehvari ....................................................................................
Ezgulik kuychisi.........................................................................................
Shoirlarni bulbulga aylantirgan til..................................................
Talab, ehtiyoj va imkoniyat.......................................................................
Choʼlponning hozirgi oʼzbek adabiy tilining shakllanishidagi xizmatlari..................................................................................................
Soʼzi shirin, oʼzi shirin...........................................................................
Ochiq xat.......................................................................................................

PERSONАLIYa


А.M.Щerbak .........................................................................................


Аyyub Gʼulomov......................................................................................
Tutash taqdirlar................................................................................
Oʼzlikni soʼzdan topgan olim ..............................................................
Professor Miraziz Mirtojiev-fonetist ........................................


BIBLIOGRАFIYa ………………………………………………..................
Download 370.57 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling