Abdulla qodiriy hikoyalari publistik maqollari
Download 79.5 Kb.
|
ABDULLA QODIRIY HIKOYALARI PUBLISTIK MAQOLLARI
ABDULLA QODIRIY HIKOYALARI PUBLISTIK MAQOLLARI REJA: Abdulla Qodiriyning adabiy-tanqidiy va estetik qarashlari Abdulla Qodiriyning kichik hajviy asarlari Qodiriyga alamzadalik otasidan meros Abdulla Qodiriyning adabiy-tanqidiy va estetik qarashlari aks etgan maqolalari adib ijodiy merosining talaygina qismini tashkil etadi. Yozuvchi oʻzbek adabiyotiga yangi roman janrini olib kirishi bilan kichik asarlari adabiyotshunoslikda tanqidiy tafakkurning yangi bosqichini boshlab berdi. Qodiriyning adabiy-estetik qarashlari hanuz chuqur oʻrganilgan, oʻzining chinakam ilmiy bahosini olgan emas. Mazkur izlanishlar bugungi kunda yaratilishi moʻljallangan “Abdulla Qodiriy qomusi” ishtirokchilarining ham asl niyatlaridan biridir. Qodiriy hajviy asarlarining semantikasi haligacha koʻpgina adabiyotshunoslarimizning oʻzaro bahslariga sabab boʻlishi barobarida, yangicha talqinlari borligini koʻrsatmoqda. Zero, har bir davr badiiy asarga oʻzgacha munosabatda boʻlishga intiladi va bu tabiiy hamdir. Kimdir undan yuksak pafos qidirsa, yana kimdir undan diniy motivlarni izlaydi, boshqa birov esa uni estetik idealning eng yuksak namunasi sifatida koʻrgisi keladi. Qisqasi, har kim oʻz tasavvuridagi Qodiriyni talqin qiladi. Aslida, Qodiriyni biz yaxshi taniy oldikmi? Qomusga material yigʻish mobaynida shunga amin boʻldikki, hali yozuvchining ilmiy biografiyasi toʻliq yaratilmagan. Adib biografiyasidagi baʼzi mavhum nuqtalar, ochiq qolayotgan savollar bizni shunday xulosaga kelishimizga sabab boʻldi. Qodiriy oʻsgan oilaviy va adabiy muhit, uning dunyoqarashi shakllanishidagi muhim omillar, adibning adabiy-estetik qarashlari, ilk oʻzbek romanlarining yuzaga kelishi, uning yozilish vaqti bilan bogʻliq muammolar hozirgi kungacha mutaxassislarni oʻylatib kelmoqda. Yozuvchi tarjimai holiga kelsak, birinchidan, bu oʻrinda biz yozuvchining 1926 yilda sudga taqdim qilingan tarjimai holiga tayanib kelamiz. Ammo bu maʼlumotning sovet mafkurasi andozalariga asoslanib yozilganligi, uning necha bor tahrir qilinganligini ham eʼtibordan soqit qilmasligimiz lozim. Birgina adibning “boy yoki kambagʻal oilada” tugʻilganligini bilmasligi, otasining savdogar yoki bogʻbon, sarboz boʻlganligi kabi masalalardagi atay tushirib qoldirilgan nuqtalar fikrimiz isboti. Ikkinchidan esa yozuvchi biografiyasidagi asosiy manba H. Qodiriyning “Otamdan xotira” kitobidir. Ammo bu kitobning qachon, qaysi davrda yozilganligi masalaga yondashuvda bir oz sergaklikni talab etadi. Kitob nashr etilgan yillarda hali sovet mafkurasining shabadalari butkul yoʻqolmagan edi. Hatto”Yoshlik”(1989) jurnalidagi eʼlon qilingan maʼlumotlar kitob bilan jiddiy farqlanishining oʻziyoq fikrimizga dalil. H. Qodiriyning yozuvchi haqidagi maʼlumotlarni yigʻib, toʻplab, tartibga keltirib kitobni nashr ettirishi bu katta mehnat va adabiyotga yuksak sadoqat belgisidir. Lekin beayb parvardigor deganlaridek, bugungi kunda baʼzi maʼlumotlarda chalkashliklar koʻzga tashlanmoqda. Buning oʻz navbatida obʼyektiv va subʼyektiv sabablari bor. Farzand oʻz otasini ideal deb bilishi, uning kamchiliklarini ham fazilat sanashini islomiy oilada tarbiya koʻrgan har bir odam biladi. Qolaversa, bu holning ruhiy asoslariga eʼtibor qaratsak, nohaq qatagʻon etilgan ota va uning farzandi boʻlganligi uchun yillab qamalib chiqqan inson koʻnglidagi alamzadalik bilan ham izohlanishi mumkin. H. Qodiriy ham otasi, ham oʻzi uchun sovet hukumatidan alamzada boʻlishga maʼnan haqqi bor edi. Bu kabi ichki omillar “Otamdan xotira” kitobida oʻz izlarini qoldirgan. Qomusni yaratuvchilar esa bu kabi jihatlarga ortiqcha urgʻu bermasdan, balki kitob muallifini va yozuvchi shaxsini toʻgʻri anglab, tushunib xolisona baho berishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻyganligini aytib oʻtish joiz. Teranroq nazar solinsa, Abdulla Qodiriyning kichik hajviy asarlari va romanlaridagi uslubiy farqlanishni sezish qiyin emas. Adib kichik asarlari tili oʻquvchini sergaklantirsa, roman tili esa oʻziga ohanraboday tortadi. Bu esa, avvalo, yozuvchi mahoratidan dalolat boʻlsa, oʻz navbatida, adib dunyoqarashidagi oʻzgarishdan, ichki ziddiyatlardan darak. Uslubiy ifodaning bunday oʻrin almashinuv sababini qay oʻrindan qidirmoq kerak? Nima uchun yozuvchi uslub va usullarini yangilab turdi? Ehtiyojmi, zaruratmi, majburiyatmi? Bu savollarga javob topish niyatida adibning adabiy merosini yaxlit oʻrganib chiqdik. Yozuvchi ijodiy uslubining aynan kesishadigan va bir-biridan ayro tushadigan nuqtalarining kesishuv nuqtasi ijodkor shaxsiyatida jo boʻladi. Qodiriyning adabiyot maydoniga kirib kelishi dastlab u 1912 yilda oʻz davrining yirik savdogar, fuqaroparvar kishisi Rasulmuhammadboy qoʻlida ish yurituvchi boʻlib xizmat qilgan yillarga toʻgʻri keladi. Ishlash jarayonida Qodiriy bu xonadondagi gazeta va jurnallar bilan tanishuv imkoniga ega boʻladi. Bu, oʻz navbatida, uni butunlay yangi olam bilan bogʻladi. Bu vaqtda Qodirmuhammadbobo ancha keksayib, roʻzgʻor yuki bolalarga qolib, aynan tirikchilik tashvishi yozuvchini bu xonadonga yetaklagan edi. Rasulmuhammadboy ancha eʼtiborli, ochiqkoʻngil, kambagʻaldan chiqqan diyonatli boylardan boʻlib, oʻz davri ziyolilari bilan yaqin aloqada boʻlgan. Abdullaning zehni, farosati millatparvar boyning nazariga tushib, keyinchalik oʻziga kuyov qiladi. Abdullaning soʻz aytishga ehtiyoji ayni shu pallaga toʻgʻri keladi. Boy xonadonidagi savdogarlar, mahalliy tadbirkorlar oʻrtasidagi qizgʻin suhbatlar Qodiriy uchun bevosita axborot oqimi boʻlib xizmat qilgan. Bu haqda u yozadi: “Shu miyonalarda bozor vositasi bilan tatarlarda chiqadirgʻon gazetalarni oʻqub, dunyoda gazet degan gap borligʻiga iymon keltirdim. 1913 yilda oʻzbekcha “Sadoyi Turkiston”, “Samarqand”, “Oyna” gazetalari chiqa boshlagʻach, menda shularga gap yozib yuborish fikri uygʻondi”. Bu davrda adib hali oʻz yoʻlini aniq belgilab olmagan, adabiyotga havas ishi deb qaragandek koʻrinsa-da, davrning adabiyot oldiga qoʻyayotgan talablarini ham hisobga olgan edi. Adibning birinchi maqolasi 1914 yil 1 apreldagi “Sadoyi Turkiston” gazetasida, “Toshkent xabarlari” ruknida “Yangi masjid va maktab” nomi bilan chop boʻlgan. Abdulla Qodiriy matbuotda “Toʻy”, “Ahvolimiz”, “Millatimga bir qaror”, “Fikr aylagʻil” kabi sheʼrlari va “Baxtsiz kuyov”, “Juvonboz”(1915) kabi asarlarini “tatarlarda chiqib turgʻan hikoya va roʻmonlarga taqlidan” “roʻmon” deb eʼlon qiladi. Yozuvchining bu davrda yozgan asarlarida quruq axborot ruhi ustuvor boʻlib, uslubiy jihatdan tajribasizlik sezilib tursa-da, ammo ularda oʻz qarashlarida sobit boʻlgan eʼtiqod egasini, iymoni but ulkan Ruhni his qilish qiyin emas. Keyinchalik, yozganlaridan tamoman mazmun va mohiyatda farqlanuvchi “Uloqda” (1916) hikoyasini yaratadi. Bu oʻzbek adabiyotida estetik hodisa sanalib, yozuvchining usluban yangi bosqichga koʻtarilishi barobarida, badiiy pishiqligi jihatidan avvalgi asarlari bilan tenglashtirib boʻlmaydigan darajada yuqori boʻlib, Oybek “voizning oʻrnini sanʼatkor egallashini” oʻz vaqtida qayd etgan edi. Yozuvchi rus-tuzem maktabidan soʻng anʼanaviy taʼlim tizimiga koʻra madrasada oʻqishni maʼqul koʻradi. Bizga maʼlumki, madrasada mantiq, fiqh, nahv kabi ilmlardan dars berilgan. Adibning madrasaga oʻqishga ehtiyoj sezishi ham bizni mulohazaga chorlaydi. Qodiriy oʻsha davrning taomilga koʻra madrasada oʻqidimi yoki islom ilmini chuqurroq oʻrganish uchunmi yoki yozilajak romani uchun tayyorgarlikmi… Chunki yozuvchi romanlarida bu saboq taʼsirini, muallifning yetuk ilm egasi ekanligini his qilish qiyin emas. 1916–1917 yillarda yozuvchi Abulqosim madrasasida Usmonqori domladan arab va fors tillarini oʻrganib, oʻz davrining yetuk bilimdoni Alijon domla rahbarligi ostida Qurʼondan taʼlim olgan. Bu kabi jihatlar ham, oʻz navbatida, uning shaxs boʻlib oʻzini anglashi, tanishi uchun maʼlum saboq oʻrnini bajaradi. Yillar davomida Qodiriy shaxsi shakllandi, takomiliga yetdi va nihoyat oʻzligini topdi. Adabiyot maydoniga Qodiriy oʻzini tanigan, iymon – eʼtiqodi but, aytar soʻzi bor, niyati Haqqa bogʻlangan ruhi butun ijodkor sifatida kirib keladi. Bu ulugʻ ruh sohibi yillar, davrlar davomida baʼzida charhlandi, baʼzan egovlandi, gohida esa egildi, lekin sinmadi. Hayotning, taqdirning sinovlaridan, burilishlaridan oʻzi aytganidek, “iymon tazyiqi ostida” oʻtishni maqbul yoʻl deb bildi. Yozuvchi “ziyoli” va “ziyonli” soʻzlarini juda ehtiyotkorlik bilan qoʻllagan. Hurriyatning dastlabki yillarida Eski shahar ozuqa qoʻmitasining sarkotibi (1918), “Oziq ishlari” gazetasining muharriri (1919), Kasabalar shoʻrosining sarkotibi (1920) boʻlib, xuddi shu davrda taniqli jurnalist va yozuvchi sifatida eʼtirof etiladi. Bevosita bu davrda hurriyatga ishongan Qodiriyni koʻramiz. Dastlab bolsheviklarning yolgʻon vaʼdalariga ishongan yozuvchi keyinchalik vaqt oʻtishi bilan zulm saltanatining nayranglari guvohi boʻlgach, yovuz mustamlaka siyosati mohiyat eʼtibori bilan oʻzgarmay qolayotganini, munofiqlik, soʻz boshqa, amal boshqa ekanligini asta-sekin anglab yetdi. Hukumatga ishongan adib ikki yoʻl oʻrtasida qoladi. Analitik psixologiyaning asoschilaridan biri K. G Yung “insonga jamiyatdagi tanazzul, boshboshdoqlik, tuturuqsizlik, oxir oqibat, ommaviy ongsizlik psixologik epidemiya kabi zararlidir”[1], deb yozgan. Turkiston xalqlariga tiqishtirilayotgan ommaviy ongsizlik millat ertasini yoʻqqa chiqarar, javobgarlik hissi yoʻqolib itoat, mutelik xalq orasida epidemiyaga aylanib ulgurgan edi. Ayniqsa, Qoʻqon muxtoriyatining tor-mor etilishi koʻpgina hur fikrli ziyolilar qatorida yozuvchini ham befarq qoldirmadi, qalbini larzaga soldi. Nima uchun Qodiriy Choʻlpon, Fitratlar singari namoyishkorona kurash yoʻlini tanlamadi? Bizning anglashimizcha, Qodiriy bunday kurash yoʻlini maʼqul koʻrmagan. “Manzil uzoq, rohila oz”ligini bilgan. Adib “har kimga oʻxshab kuchana bergim kelmaydi”, deb yozgan. “Yomonning yaxshisi boʻlib yurgʻandan yaxshining yomoni boʻlib” yurishni afzal biladi. Qolaversa, adib “fardlik”ni yaxshi koʻrib, tabiatan vazmin, kamgap boʻlishi bilan birgalikda, nihoyatda ehtiyotkor boʻlgan. Oʻzining har bir soʻzini, harakatini jiddiy mulohaza qilib doimo oʻzini nazorat qilgan. Qodiriy inqilobni dastlab oʻzida, qalbida oʻtkazdi. Bu nihoyatda ogʻir psixologik jarayon boʻlib, borgan sari yozuvchiga ichida yongan alanga tafti azob berardi. Yozuvchi haqiqatga yetishuvning oʻziga xos yoʻlini tanladi. Tashqaridan murosaga oʻxshasa-da, barcha norozilik va nafrat alangasini oʻz vujudiga qamab ijod qilishni maʼqul bildi. Davr shiorlariga munosabat bildirishda Qodiriy boshqa yozuvchilarga nisbatan ehtiyotkorlik bilan yondashgan. Bu yillarda oʻzida ichki inqilob yasagan yozuvchi “men”ini koʻrishimiz mumkin. Adibning “Oʻtkan kunlar” romanini yaratishi ijodiy faoliyatining eng yuqoriga koʻtarilgan pallasi boʻlib, bu davrda yozuvchi oʻz “men”i bilan topishdi. Yana bir mulohaza. Qodiriy dinni niqob qilib olgan “nimcha ulamolar”ni oʻziga xos ravishda fosh etdi. Nima uchundir yozuvchi asarlaridagi diniy ulamolar, domlalar, hatto Buxoro madrasalaridagi ahvol tasvirida Qodiriy faqatgina qora ranglardan foydalangan. Bunga sabab munosabatmi, ahvolmi, darajami? Oʻsha davrda Turkiston ulamolari xalqni oʻz ortidan ergashtirish kuchiga ega yagona maʼnaviy kuch hisoblanib, ular bilan maʼlum maʼnoda hokimiyat ham hisoblashgan. Qolaversa, “Xudoyorxonning birinchi istinodgohi boʻlgʻan ulamoda insoniy his bitganligi”ni yozuvchi millat va yurt tanazzulining bosh sababi, deb hisoblagan. Ham alam, ham nafrat dinning asl mohiyatini tirikchilik vositasiga aylantirgan ulamolarni ayovsiz tanqid qilish adibning asosiy dasturiga aylandi, desak mubolagʻa boʻlmas. Xuddi shu oʻrinlarda “alamzada” yozuvchi “men”ini koʻrish mumkin. Umuman, alamzadalik yozuvchi hayotida muhim qiymatga ega. Avval uni oʻzi ishongan hukumat, siyosat uni aldadi. Keyinchalik aldangan yozuvchi nohaq tuhmatning (1926) jabrini tortdi. Munofiq hukumat yozuvchini yolgʻonchilikda aybladi. Xoʻrlik, ishonchsizlik, malomat Qodiriydagi alamzadalikni ulkanlashtirib yubordi. Yuqorida aytganimizdek, H. Qodiriyga alamzadalik otasidan meros boʻlishi ham mumkindir. 1926 yilda yozuvchi maʼlum sabablarga koʻra sudlanadi. Mashʼum sud voqealari uni butunlay oʻzi istagan maslakdan qaytishga undasa, boʻgʻizda qolgan armonlar yozuvchini azoblar edi. Alam oʻrtagan yozuvchi, maʼlum maʼnoda, hukumat talablari bilan hisoblashishga oʻzini koʻndirishga uringan holatlar ham yoʻq emas. Mana shu nutqi uning biroz boʻlsa-da, sovet hokimiyati talablariga boʻysunish majburiyatini olib, zamona zayliga koʻra oʻzini zoʻrlab boʻlsa-da, yon berib hukumatga qayishganini sezish qiyin emas. Bu yillarda Qodiriyni ilojsiz boshi berk koʻchaga kirib qolib, yoʻlini yoʻqotib qoʻyishdan hadik olgan imkonsiz inson sifatida adib “men”ini koʻramiz. U bu yoʻldan qanday chiqishni bilardi. Faqat iymoniga ishonardi. Har qanday oʻtkinchi kuylar ohangini ajrata bilish salohiyati yozuvchiga kuch berib turardi. Suddagi nutqida “jazoyingizdan qoʻrqub emas, balki vijdonim, iymonim tazyiqi ostida soʻzlayman”, deyishi fikrimizga dalil. Davr siyosiy izgʻirinlaridan bezib, oʻzini himoyalashga intilgan adib kuchini adabiyotga berib, oʻzini ovutish va sovutish yoʻlida yigʻilib qolgan faktlarni toʻplab yangi roman yozishga bel bogʻlaydi. Bu uning davrga oʻziga xos isyoni edi. Qolaversa, roman yozib mashhur boʻlgan yozuvchini yanayam yangi gap aytish istagi tinch qoʻymasdi. 1928 yilda esa adibning ikkinchi tarixiy romani “Mehrobdan chayon” dunyo yuzini koʻradi. Keyingi romani “Mehrobdan chayon”da oʻzini koʻndirgan va shu bilan birga, niyatini soʻz ortiga yashira olgan yozuvchi ruhini his qilish qiyin emas. Yozuvchi bu oʻrinda oʻz “men”iga bir qadar yaqinlashadi. Inson shaxsining evrilishi, davr bilan murosaga borishi nihoyatda murakkab jarayon. Ammo shuni qatʼiy ravishda ayta olish mumkinki, Qodiriy bu jarayondan oʻz “men”ini omon saqlay oldi. Katta maʼnodagi Haqiqatga sodiq, maslagida sobit qolish yozuvchining hayotdagi muhim javhari boʻlib qoldi. Oʻz davriga sigʻmagan, hammabop boʻlishdan chekingan, iymoni but isyonkor shaxs ruhiyati ijodkorning jamiki asarlarida bosh belgi – oʻzak yadroni tashkil qilgan. “Boylar, ulamolar, choʻntakchi xoin va oʻgʻrilar, umuman, Oʻzbekiston teskarichilariga”, “oʻchoqboshini xoli topgan olaqargʻalarga” nisbatan matbuotda “jihodi akbar” qilgan. Tergov (1926,1937) jarayonidagi yozuvchining oʻzini tutishi, jon talvasasi umidida oʻzgalarning panasiga bekinmagan, “xoʻrlikdan oʻlim tansiqligini” baralla ayta olishi uning iymon-eʼtiqod qoʻrgʻoni mustahkamligidan dalolat. Yozuvchining mazkur fikri uni yanayam yaqindan bilishimizga koʻmak beradi: “Oʻz butunligʻini saqlay olmagʻan boshqagʻa yeng boʻla olmaydir. Shaxsiy butunliq, mustaqil shaxsiyat qullik bilan ziddir. Shaxsiy butunligʻi boʻlmagʻan, yaʼni oʻzida haqiqatni ixtiyor qila bilish kuchi topolmagʻan ojiz, ixtiyorsiz odamlar jamiyat uchun foydalik va chin agʻzo boʻla olmaslar”.[2] Ijodkor ruhidagi kechinmalarni, iztiroblarni anglay olsak, uning asari tub mohiyatiga shu qadar chuqur kira olamiz. Zero, har bir asar ortida ijodkor ruhiyati mujassam. Bu jarayonni nafaqat adabiyotshunoslik, balki psixologiya, tarix, falsafa bilan bogʻliq holda oʻrganish barobarida Qodiriy ijodini tarixiy jarayon bilan chambarchas bogʻlash adabiyotshunoslikda hali ochilmagan nazariy ilmiy muammolar yechimiga koʻmak beradi. Download 79.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling