Abdulla Qodiriy O’tkan kunlar yozg‘uchidan


Download 1.12 Mb.
bet175/221
Sana05.01.2023
Hajmi1.12 Mb.
#1080095
1   ...   171   172   173   174   175   176   177   178   ...   221
Bog'liq
Abdulla Qodiriy-O\'tkan kunlar

www.ziyouz.com kutubxonasi 173

O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy



— Sening muddaong, — dedi hoji, — marg‘ilonliq kelinni o‘g‘lingdan ajratib yuborish va bu kelining bilan qoldirish — shundog‘mi?


— Albatta shundog‘!


— Mana bu harakatingni o‘rinsiz chiranish, deydilar. Nega desang, bilfarz o‘g‘lingni oldingg‘a olsangda, undan so‘rasang «qaysi xotining bilan bo‘lishni xohlaysan? Xohlamag‘aningni qo‘y», deb. Ana shu vaqtda o‘g‘ling nima der edi? Nima deyishini o‘zing ham yaxshi bilsang kerak, xotin!

— Bilaman, — dedi O‘zbek oyim, — marg‘ilonliq-ning domlasi kuchlik. O‘g‘lim bechoraning boshini aylantirib, ko‘nglini xippa o‘ziga bog‘lag‘an.


Yusufbek hoji o‘zini kulgidan yana to‘xtata olmadi:


— Yaxshi, — dedi, — sen ham-ku uch yildan beri Toshkanddagi hamma domlaxo‘jalarning eshigiga birma-bir kirib-chiqding. Bas, sen ham nega o‘g‘lingning ko‘nglini Zaynabka xippa qilib bog‘lay olmading?

O‘zbek oyim erining bu savolidan hayron bo‘lib turmadi:


— Marg‘ilonlikning domlasi sihirchi hindi edi. Men bo‘lsam, bu yerdan hindi domla topa olmadim.

Hoji endi kulmadi. Chunki xotinining holiga achina boshlag‘an edi.


— Bundog‘ aqlsiz ishlarni qo‘yayliq, xotin, — deb muloyimona so‘zlab ketdi, — bir oz aqlg‘a yon berib ish qilg‘an kishi hech bir vaqt dard qilmaydir. Modomiki, ikkimizning yolg‘iz ishonchimiz shu o‘g‘limiz ekan va uning sog‘liq, shodlig‘i bizning tirikligimizning tiragi ekan, bas, bizga lozimi uning xursandlig‘i nima bilan bo‘lsa, shuni axtarishdir. Men yaxshi bilamanki, sen bu ishlarni faqat o‘g‘lingni ayag‘aningdan qilasan va senda shundan boshqa hech bir maqsad yo‘q, bu tarafdan qarag‘anda seni ham ayblab o‘lturish oson emas... Shuni yaxshi bilg‘ilkim, o‘g‘lingning oy sayin Marg‘ilong‘a qatnab turishi seni xafa qilsa, meni ham sendan battar achchig‘imni qistatar, hatto ba’zi kezlarda so‘kib yubo-rish darajalarigacha borib qaytar edim. Ammo sening jahlingni chiqarib kulishim bo‘lsa, faqat «o‘lganimdan kulaman, yuzimni yerga suraman» qabilidan bo‘lib, bunga sen tushunmas eding. Nihoyat sen aytkandek jonim hiqildog‘img‘a yetdi-da, o‘g‘lingni bu gal Marg‘i-long‘a borma, deb yo‘ldan qaytarib qolg‘uchi ham men— o‘zim bo‘ldim...

O‘zbek oyim boshini tervatib so‘zni eshitib kelar edi. Bu keyingi so‘zni eshitkandan keyin boshini ko‘ksigacha yetkuzib, «barakalla, rahmat» degandek qilib qo‘ydi.


Hoji davom etdi:


— Manim bu to‘xtatib yubormay qo‘yg‘animdan xabarsizlig‘ing uchun bo‘lsa kerak, ko‘ngling dom-laxo‘janing duosiga ketib qoldi va men sening so‘zingdan kuldim. Chunki haqiqatda buning sababchisi o‘zim edim...

O‘zbek oyim eridan o‘pkaladi:


— Nega axir meni xabardor qilmaysiz?
— Bu to‘g‘rida menda ham ayb bor, — dedi hoji, — sen bilan o‘zimning muddaolarimiz bir, deb o‘ylag‘anim uchun Otabekni koyib to‘xtatqanimdan so‘ng seng‘a kengash olmasdanoq qudalaringga bir xat yozg‘an va kelin bolani Toshkandga olib kelishlarini so‘rag‘an edim. Haytovur so‘zimni yerda qoldirmag‘an o‘xshaylar, bu kun qudadan bitta javob xati oldim. Aqlli kishilarning sadag‘asi ketsang ham arziydir: «Shu choqqacha sizlarga ayttirmasdanoq ziyoratlaringizga borishimiz kerak edi. Xatingizni o‘qub nihoyatda xijolat chekdik, ayniqsa kelin bolangiz bek oyimg‘a qaysi yuz bilan qarayman, deb yuzini yuldi. Bu adabsizligini borg‘andan so‘ng albatta yuziga solmaslar, deb ishonamiz», deydir...
O‘zbek oyim eriga anqayg‘ancha qarab turar edi. Haqiqatan ham hojining ustalig‘i O‘zbek oyimdek dumbul tabi’atlik xotinlarni gangitarlik edi.

Ul xotinining javobini kutib o‘tirmasdanoq, tom ustiga tom yopa bordi:








Download 1.12 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   171   172   173   174   175   176   177   178   ...   221




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling