Abdulla Qodiriy O’tkan kunlar yozg‘uchidan


Download 1.12 Mb.
bet74/221
Sana05.01.2023
Hajmi1.12 Mb.
#1080095
1   ...   70   71   72   73   74   75   76   77   ...   221
Bog'liq
Abdulla Qodiriy-O\'tkan kunlar

www.ziyouz.com kutubxonasi 72

O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy



kunlari ayvonning to‘riga yoslanib Hasan-alining xotini bo‘lg‘an Oybodoqqa, cho‘ri qiz Hanifaga xamirni achitmaslikni, palovni qirmoch oldirmasliqni tanbihlabkina o‘lturar edi.


Otabekning Marg‘ilondan uylanib qo‘yishi otasi uchun uncha rizosizlikka mujib bo‘lmasa ham, ammo uning o‘g‘ul to‘yisidan boshlab, Toshkand qizlarini ost-ust qilib u «buning qizi yaxshi bo‘lsa ham, uy-joylari yaramas ekan; buning uy-joylari tuzik bo‘lsa ham, qizi ko‘rksiz ekan; buning qizida, uy-joylarida tuzik, biroq zoti pas ekan» deb qiz, quda, uy, joy, nasl va nasab tekshirib yurg‘uchi O‘zbek oyimning Otabekni uylandirib buning orqasidan ko‘raturgan orzu-havas, to‘yu tomoshalarini shartta kesib qo‘yg‘an bu uylanishka nima deyishi va qanday qarashi albatta ma’lum edi. Bittayu bitta o‘g‘li Marg‘ilon degan joyda, allakimlarning qo‘lida, asli noma’lum kishilarning qizig‘a uylansin-da, bu kun-erta o‘g‘lumning orzu-havasini ko‘raman, deb entikib o‘ltirg‘an va o‘g‘ul boqib katta qilg‘an ona — O‘zbek oyim ikki qo‘lini burniga tiqib qarab qolabersin...


Bu xabarni Hasanalidan eshitkan kunlari ul bu ishka chidab turolmadi: «Endi menga mundog‘ o‘g‘ul kerak emas... Oq sutimni oqqa, ko‘k sutimni ko‘kka sog‘dim... Endi Toshkandga kelmasin ul o‘zboshimcha betiyuq!” deb baqirib-chaqirib, yig‘lab-sixtab, dardu hasratni boshig‘a kiyib oldi. Oradan o‘n besh kun o‘tar-o‘tmas Marg‘ilondan Otabek keldi. Uch oylab ko‘rmagan o‘g‘lini quchog‘ig‘a olib ko‘rishmak o‘rniga undan yuzini o‘gurib, san kimsan, keldingmi, deb so‘ramadi va salomiga alik ham olmadi. Go‘yo uxlamoqchi bo‘lg‘an tovuqdek hurpayib oldi. Otabek onasining araziga al-laqachon tushungan, ham shu holni Marg‘ilondayoq kutkan edi. Bir-ikki qayta uzr aytib ko‘rgandan so‘ng O‘zbek oyimning epaqag‘a kelishiga ishonmay qoldi va shuning uchun ul ham go‘yo bilmagan, tushunmagan kishidek yuriy berdi.

Turg‘an gap, Otabekning Marg‘ilong‘a uzoq bormay turishi mumkin emas edi. O‘rtadan ikki hafta o‘tar-o‘tmas otasig‘a allaqanday bahona ko‘rsatib, yo‘l hozir-lig‘ini ko‘ra boshlaydir va onasig‘a bildirmayoq Mar-g‘ilon jo‘naydir. O‘zbek oyim o‘g‘lining «o‘lganni ustiga chiqib tepish» qabilidan bo‘lg‘an bu harakatidan tutuni ko‘kka chiqib, borliq qahru g‘azabini eri ustiga to‘kadir: «Siz qarib esingizni yeb qolibsiz, o‘g‘lingizni marg‘ilonliqqa topshirib qo‘yib, yana el ichida boshingizni ko‘tarib yurmakchi bo‘lasizmi?..» deydir.


Yusufbek hojining qiziq bir tabi’ati bor: xotin bilan-gina emas, umuman uy ichisi bilan har qanday masala ustida bo‘lsa bo‘lsin uzoq so‘zlashib o‘lturmaydir. Otabekmi, onasimi, Hasanalimi, ishqilib uy ichidan birartasining so‘zlari va yo kengashlari bo‘lsa, kelib hojining yuziga qaramasdan so‘zlab beradilar; maqsad aytib bitkandan so‘ng sekingina ko‘tarilib uning yuziga qaraydirlar. Hoji bir necha vaqt so‘zlag‘uchini o‘z og‘zig‘a tikiltirib o‘lturg‘andan so‘ng, agar ma’qul tushsa «xo‘b» deydir, gapka tushunmagan bo‘lsa «xo‘sh» deydir, noma’qul bo‘lsa «durust emas» deydir va juda ham o‘ziga noma’qul gap bo‘lsa bir iljayib qo‘yish bilan kifoyalanib, mundan boshqa so‘z aytmaydir va aytsa ham uch-to‘rt kalimadan nariga oshmaydir. Uy ichi uning bu fe’liga juda yaxshi tushunganliklaridan ko‘pincha bir og‘iz javob olish bilan kifoyalanadirlar. Ammo Otabek bilan birar to‘g‘rida so‘zlashmakchi bo‘lsa, uni aksar mehmonxonaga chaqirib yoki chaqirtirib oladir. O‘zbek oyim yuqoridag‘i o‘zining itob va xitobiga eridan bir iljayib qo‘yish javobini olib dami ichiga tushadilar va chor-nochor o‘ttuz kunlab bir zamonni o‘zicha marg‘ilonliqni qarg‘ash bilan kechiradir. Otabek Toshkandga qaytib kelib, «endi araz bitkandir» degan o‘yda onasig‘a salom beradir. Araz bitish qayerda, O‘z-bek oyimning o‘g‘lig‘a qarshi kinasi tag‘in bir necha qat ortqan, ammo bu gal salom berguchiga bir qaraydir-da, «O‘g‘lim, menga salom berib nima qilasan, marg‘ilonliq onangning duosini ol!» deb yuzini chetka o‘guradir. Ul onasining bu kinoyasini kulgulik bilan kechirib, yana eskicha arazda qolaveradirlar. Otabek yana o‘n besh kunni o‘tkazib, tag‘in bir nozik sababni o‘rtag‘a tashlab onasining ruxsatisiz Marg‘ilong‘a jo‘nab soladir.






Download 1.12 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   70   71   72   73   74   75   76   77   ...   221




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling