Abduqayum Yo‘ldosh. Otasining qizi (hikoya) To‘rt o‘g‘ildan so‘ng tug‘ilgan qizaloqning o‘rni boshqacha bo‘larkan
Isajon Sulton. Ota qasidasi (hikoya)
Download 70.56 Kb.
|
hikoya
Isajon Sulton. Ota qasidasi (hikoya)
Muhtasham bir binoning oynavand kirish eshigi oldida ko‘kish zarhal kiyim kiygan ikki baquvvat darbon zerikib turar edi. Yomg‘ir shivalab yog‘ar, qizil tosh terilgan yo‘laklar, qimmatbaho arobalar turli- tuman chiroqlar yog‘dusida tovlanib ko‘rinardi. Kishilar shosha-pisha yo‘lakdan o‘tib bormoqda edilar. Saldan keyin usti yomg‘irda anchayin ivigan, do‘ppi kiygan o‘rta yashar bir kishi darbonlar yoniga yaqinlashdi. Bashang yigitlar ilk qarashdayoq uning kimligini aniqlab bo‘lishgan, har holda yupungina bu odamning hashamatli restoranda qilar ishi yo‘qligi shu bir qarashdayoq aniq-ravshan bo‘lgan edi. Kishining sochlari oqargan, poyafzali ham ancha uringan. U bir nafas to‘xtab, turganlardan nimanidir so‘radi. Har holda, yuz-qo‘limni yuvib chiqsam maylimi, degan bo‘lishi mumkin. Darbonlar qosh chimirib, bosh chayqashdi. Shundan keyin u odam ikkilanib bir oz turdi. Keyin, yomg‘ir tomchilayotgan qizil yo‘lakdan qaddini bukkancha, yo‘lida ketdi. Bor-yo‘q voqea shu: bir yupun kishi keldi, eshik oldidagilardan bir nima so‘radi, javob olgach, yo‘lida davom etdi. Keling, xayol qushimiz shu odamning ortidan, boshi uzra aylanib uchaqolsin, yomg‘irdan pana qilib, shu bahona, uning o‘y-xayollariga, o‘tkazgan umriga nazar solaqolsin! Bu odamning onasi, ayoli, qizlari bor edi. Vaqti-soati yetib, ona olamdan o‘tgach va qizlar turmushga chiqqach, hayhotday uyda yolg‘iz ayoli bilan qolgan edi. Agar sen bo‘lmasayding, men hech kim edim, der edi xasta onasiga, aqli to‘lishgach, onasining oyoqlarini yuvib, ko‘ngli tusagan narsalarini olib kelib, og‘ziga ovqat tutib yonida o‘tirarkan. “Bor, bolalaringni oldiga chiqaqol, shuncha yonimda o‘tirding, yetar.” “Yo‘q, ona, yana bir oz o‘tiray, – der edi. – Diydoringga to‘yib-to‘yib olay. Axir, sira yoningdan ketgim kelmayapti. Qadringni endi bilmoqdaman, onam. Qadring shunchalarki, agar bu dunyoda sen bo‘lmasayding, men ham bo‘lmas edim. Sen bir sirli-sehrli mahak toshimiding, hayotimni, olamimni o‘zgartira oladigan? Bir yo‘nilmagan gavhar emasmidim, o‘zining qiymatini, nimaligini bilmagan, fikrlashni ham bilmaydigan bir g‘ovak tosh. Jonim ipiga boylanganim deb oh ursang, yuzingning pardalarini sidirib tashlab tashqariga yugurib chiqsang, ohingdan yetti do‘zaxning tutuni yengil bug‘ kabi bo‘lib qolsayu… bor-yo‘g‘i bir toshga qoqilib tizzam shilingani uchun yetti olamniyu farishtalarni, taqdirniyu qismatni kuyinib-kuyinib qarg‘agan ham sen eding. Meni deb Xudodan ham qo‘rqmasmiding, ona? Har narsada senga zor edim, sen bo‘lmasang hayvondan farqim yo‘q edi. Hayvonning ham bolasi shirin bo‘ladi-ku, ko‘zingga o‘sha hayvon bolasiday shirin ko‘ringan bo‘lsam ne ajab? Yeyayotgan narsamning nimaligini bilmasdim, cho‘g‘ nima, suv nimaligini bilmasdim, g‘oyat bechora va nochor bir jonzot edimu ne uchun menga bu qadar mehr qo‘yganingniyam bilmasdim. Hozir eslolmaymanu ammo aqlim yetadi, har holda emaklab yoki talpanglab yurib borib ariqqa yoki shundoqqina tuproq yerga necha martadir yiqilib tushgan, har safarida chirillab yig‘lab, senga talpingan bo‘lsam kerak. Har safarida ham meni orombaxsh bag‘ringga bosib, bisotingdagi eng shirin so‘zlaringni aytib ovutgandirsan. Unday shirin ovutishlaringni faqat mengagina ataganingni, o‘z joningdan ko‘ra meni ustun qo‘yganingni hozir yaxshi bilaman. Dunyoda hech bir kas sen kabi bo‘lolmasligiga endi aqlim yetadi. Totli bir mevani ko‘rsang, yeging kelsa ham yemay qo‘yningga solib, na u mevaning ta’mini farqlay oladigan, na o‘zining kimligini biladigan emaklab yuruvchi bir jonzotga opkelib tutganingni, tamshanib shuni yesam, olamga sig‘mas darajada suyunganingniyu mabodo yemasam, shuncha joydan avaylab olib kelganingga ranjimasdan, “jonim-jahonim” deb, injiqliklarimdan ham sevinganingni-yu “shunday shirin narsani yemadi-ya, bolaginamda bir hikmat bor, xudoyimdan o‘rgilay” deb, qo‘ni-qo‘shnilaringga suyunchilaganingga ham aqlim yetadi. Bu yorug‘ olamda shuncha yil yashasam-da, zotingning qanchalar ulug‘ ekaniga aqlim yetmasa nima qilay? Bunchalar mehrni xudoyim qay tarz dilingga solibdiki, o‘tgayam, suvgayam qaramay meni der eding? Yiqilganimda, bir joyim g‘urra bo‘lganida jonholatda hech nimaga qaramay chopib kelganlaring elas-elas esimda. Bir kuni ustimga taxlam tushib ketganida sen bir nima qavib o‘tirar eding, o‘shanda o‘tirgan joyingdan men sari emaklab intilganlaringgacha eslayman, ey ko‘zimning nuri, onaginam! Kulishlaring, gapirishlaring bari esimda. Arzimagan sifatlarimga suyunib men bilan maqtanishingni ham bilmasmidim? Bo‘y-bastimga qarab suyunganlaring-chi? “Eshigimdan kirib kelgan davlatim” deb suymasmiding meni? Qanday mushfiq, sira o‘zini o‘ylamagan zot ekansanki, xasta holingda ham men kelganimda “Voy bolajon, darrov ovqat pishiraqolay, ichingga issiq o‘tsin” deb qozon boshiga ketganlaring? Axir, o‘zingning ham onang hayot edi-ku, qoshiga bormasdan, diydoriga to‘yib-to‘yib olmasdan bolam deb mening qoshimda o‘tiraverganlaring? Shamollarda, yomg‘irlarda meni deb tut barglarini tashiganlaring? Boshingga bir g‘aram o‘t qo‘yib, bir qo‘lingda meni, bir qo‘lingda beshigimni ko‘tarib shiyponlarga borganlaring, dalalarda ishlaganlaring? O‘zing yemay menga yedirganlaring, ichmay menga ichirganlaring, axir, o‘zing bir tishlamgina yesang bo‘lmasmidi, onam? Voyaga yetib ulg‘ayganimda hayotimga yana bir ayol kirib keldi, u ham sen kabi bir mushfiqning bolasi edi. Ko‘nglingga olmasang, u haqda ham bir so‘z aytsam. To er yetilgunimcha mening sifatim senga o‘g‘illik edi. Uzorimda har qancha ko‘p xaqing bo‘lsa-da, bilmagan ekanman. Birov meni malomat qilsa, seni malomat qilgan bo‘lmasmidi? O‘zimcha ismingni, zotingni himoya qilar edim. Ammo sen-da, bir xato ish qilsam, xatoyimga shunchalar kuyinar edingki, ko‘zlaringni yoshi duvillab oqardi. Er yetilding, turmush qurmasang bo‘lmas deding, ammo meni qanchalar qizg‘anishingni bilib turardim. Axir, kuchga to‘lgan, mushtimni yerga ursam yer titraydigan, oyga ursam oy tariqday sochilib ketadigan yigit edim-ku? Qirda quyun bilan kurash tushardim. Shunchalar shiddatga, quvvatga to‘lgan edim. Qudratga to‘lganim sayin sen zaiflashib borardingu shu holingda ham meni asrab-avaylar, osh-ovqatimdan xabar olar eding. Qanchalar qizg‘ansang ham aytay, ona, qizg‘anganing shu ayol menga yana bir qadr-qimmat baxsh etdi. Men endi sening o‘g‘ling maqomidan tashqari, bir oilaga bosh bo‘ldim. “Qo‘zim” deb suyar eding, “toychog‘im” deb alqar eding. Kechagina quyunday yelib yurganing endi toqqa aylandi, ulkan, sobit, metin bir qoyatoshga. Shu kichkinagina hudud mening faqat mening saltanatim edi. Shu oilamda hukmim hukm, so‘zim so‘z bo‘ldi. Har qilgan ishimning malomati o‘zimga bo‘ldi, har hukmimning mas’uliyati ham o‘z yelkamga tushdi. Sen qilgan hamma narsani u ham qildi, ovqatimni tayyorladi, kiyimimni tuzatdi, uyimni saranjomladi, opkelgan rizqimni donolik va hushyorlik bilan taqsimlab, tejab-tergadi, umrimda yana bir halovat qo‘rg‘oni bor esa, u – oilam bo‘ldi. Hayotning olatasirlarida ozorlansam, rayhonlar isi anqigan, gullar ochilgan, suvlar sepilgan hovlimga kirishim bilan bari esimdan chiqib ketar va yosh oilaning malikasi jilmayib kutib olar edi. Bir yonimda sen – umrimning Ka’basi, bir yonimda u, xushbaxtlik ila hayot kechirar edimu shu xushbaxtligimning sababchilari bo‘lmish sizlardan ayirmasin deb Tangrimdan qo‘rqar, “Iloho, meni sevganlarim bilan imtihon qilmagin” deya iltijolar qilar edim. Aqlim yetgani shuki, u ham bir onaning bolasi – bir mahallar men kabi, o‘t nima, suv nima, bilmaydigan g‘oyat bechora va nochor jon edi, shu holida, mana shu zaifligiyu musaffoligi bois ota-onasi unga dunyo qadar mehr qo‘ygan edi. U ham bir mahallar emaklab yoki talpanglab borib, ariqqa yiqilgan va har safarida chirillab yig‘lab, onasiga talpingandir? Har safarida ham onasi uni bag‘riga bosib, bisotidagi eng shirin so‘zlarini aytib ovutgandir? Uning onaizori ham shirin mevani ko‘rsa qo‘yniga solib, na u mevaning ta’mini farqlay oladigan, na o‘zining kimligini anglay oladigan emaklab yuruvchi bir jon egasiga – bolasiga opkelib tutganini, tamshanib o‘shani yesa olamga sig‘mas darajada suyunganiniyu mabodo yemasa, shuncha joydan avaylab olib kelganiga xafa bo‘lmasdan “jonim-jahonim” deb, injiqligidan ham sevinganini-yu “shunday shirin narsani yemadi-ya, shu bolamda bir hikmat bor, xudoyimdan o‘rgilay” deb, qo‘ni-qo‘shnilariga suyunchilaganiga ham aqlim yetadi. Mana shu g‘alati charxpalak aro umrim o‘tib borar ekan, hayotimda yana bir ayol paydo bo‘ldi! Oy qizim, senga qaraymanu o‘zimning sendayligim esimga tushadi. Sen axir, o‘zingning kimligingni, o‘t nima, suv nima ekanini bilmaydigan nochor bir jon egasi edingu shu holingda, mana shu zaifliging aro senga dunyo qadar mehr qo‘ygan edim. Tabiiyki, bundan bexabar eding. Emaklab yoki talpanglab borib ariqqa yo hovli tuprog‘i ustiga necha martalab yiqilib tushar, har safarida chirillab yo onangga, yo menga talpinarding. Har safarida seni bag‘rimga bosib ovutganman-u... ammo bisotimdagi eng shirin so‘zlarim baribiram ichimda qolib ketgan. Ota o‘zining hissiyotlarini tiliga chiqaravermasligi kerak der edim-da. O‘zim bilgan hamma shirin so‘zlarim faqat sengagina atalganini ham, o‘z jonimdan ko‘ra seni ustun qo‘yishimni ham bilmasding. Dunyoda hech bir kas sen kabi bo‘lolmasligiga endi aqlim yetmoqda. Men ham, onang kabi, totli bir mevani ko‘rsam, senga opkelib tutganlarimni, tamshanib yesang, olamga sig‘mas darajada suyunganimniyu mabodo yemasang, shuncha joydan avaylab olib kelganimga xafa bo‘lmasdan, injiqliklaringdan ichimda suyunganlarimni bilmasligingga ham aqlim yetadi. Bu yorug‘ olamda shuncha yil yashasam-da, qanchalar ajoyib mo‘‘jiza ekaningga mahliyo esam, nima qilay? Buncha mehrni xudoyim qay tarz dilimga soldi ekanki, o‘tgayam, suvgayam qaramay seni der edim. Yiqilganingda, bir joying g‘urra bo‘lganida yig‘lab chopib kelganlaring, ovutsam, sal o‘tmay qiqir-qiqir kulganlaring, chug‘urlab gapirganlaring – bari esimda. O‘rtoqlaringga “mening dadam hammadan zo‘r”, deb maqtanishlaringni bilmasmidim? Seni koyisam yo urishsam, saldan keyin ko‘zingda yoshing bilan chopqillab kelib bag‘rimga talpinganlaringda, buncha mehrni Xudoyim qay tarz dilingga soldi ekan, o‘tgayam, suvgayam qaramay meni deysan derdim. Jujuqligingda seni “Oy qizim” deb suygan bo‘lsam, keyinroq “Ona qizim” deb suyar bo‘ldim! ...Ey onam mening, ey donom mening! Ko‘ryapsanmi, kuz keldi, yomg‘irlar yog‘moqda. Qushlar saf-saf bo‘lib qaylargadir uchib ketmoqdalar. Bir kuni tong saharda, seni shirin uyqungdan to‘satdan uyg‘otishganida, men ham shu qushlar kabi qaygadir uchib ketgan bo‘laman! Ashyolarimning hammasi o‘z o‘rnida turganidan, xuddi hozirgina ko‘chaga chiqib ketganmanu mana hozir qaytib kiradiganday tuyulishimdan ezilishingni, ko‘zlaringni yoshi duvillab oqishini, bo‘zlab-bo‘zlab qolishingni bilaman, onam. Lekin, falakning charxpalagini ko‘r, jonim qizim – sen ham bugun bir shahzodani sulton aylagan ajoyib malikasan, kun kelib, “sen bo‘lmasayding, men ham bo‘lmas edim” deydigan quyunday bir bolakayning onasi ham bo‘larsan. U mahalda men, har turli qilmishlarimdanu hatto ozorlarimdan ham suyungan onaizorimning, meni “pahlavonim” deb suygan, aytar so‘zlarining ko‘pi ichida qolib ketgan otamning oyoqlari poyida bo‘lsam ajabmas. Va albatta bir kuni, Xudoyim barchamizni bir yerga jamlashiga, sevganlarimiz bilan albatta yana qovushtirishiga ishonchim komil!..” Bas, hikoya mana shu yerda tugadi! Endi sizu bizning qilar ishimiz – eshik og‘zida turgan, muhtasham otelning muhtasham kiyimli malaylariga mana shu gaplarni yetkazib qo‘yishdan iborat, xolos. Yana, agar ko‘chada kiyimlari xiyla uringan, o‘z xayollari og‘ushida ketib borayotgan, sochlari barvaqt oqargan o‘rta yashar bir kishini ko‘rib qolsangiz, Yaratgan Egamdan nigohingizga teranlik, qalbingizga tiniqlik so‘rab iltijo qiling! Axir, u – Otadir! Ajabo, butun umrini, topgan-tutganini, boru yo‘g‘ini ota-onasiga va oilasiga sarf qilib yuborgan, hozir esa, g‘ofillar qarshisida bir dam muztar bo‘lib qolgan shu zotga bir og‘iz taskin so‘zi topa olarmikansiz? Topolmasligingizga ishonchim komil! Topolmasangiz, hech bo‘lmasa bir jilmayib qo‘ying. Bas. Yetar! Download 70.56 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling