Abu zakariyo yahyo ibn sharaf navaviy riyozus-solihiyn
Download 5.07 Kb. Pdf ko'rish
|
- Bu sahifa navigatsiya:
- «Ey Bizning oyatlarimizga iymon keltirgan va musulmon bo‘lib o‘tgan bandalarim, bu Kun sizlar uchun hech xavfu-xatar
- Mana shunday! Yana Biz ularga ohuko‘z hurlarni jufti halol qilib qo‘ygandirmiz. Ular u joyda tinch va xotirjam bo‘lgan hollarida
- Siz ularning yuzlarida ne’matlarning jilvasini tanirsiz-ko‘rursiz. Ular
- «Ularning yonboshlari o‘rin-joylaridan yiroq bo‘lur
- «Iymon keltirib, yaxshi amallar qilgan zotlarni esa iymon-e’tiqodlari sababli Parvardigorlari hidoyat qilur - noz-ne’mat bog‘larida ostlaridan daryolar oqib
372-bob Alloh taolo jannatda mo‘minlar uchun tayorlab qo‘ygan narsalar haqida Alloh taolo: «Taqvodor - parhezkor zotlar esa albatta bog‘lar va chashmalar ustidadirlar. (U zotlarga: «Jannatlar)ga tinchlik bilan sog‘-omon kiringlar», (deyilur). Biz Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy www.ziyouz.com kutubxonasi 333 (jannatlardagi) so‘rilarda do‘st-birodar bo‘lib, bir-birlariga ro‘baro‘ o‘tirgan zotlarning dillaridagi har qanday gina-kuduratlarni chiqarib tashladik. U joyda ularga biron charchoq yetmas va ular u joydan chiqarilguvchi ham emaslar» (Hijr surasi, 45-48-oyatlar); «(U Kunda ularga aytilur): «Ey Bizning oyatlarimizga iymon keltirgan va musulmon bo‘lib o‘tgan bandalarim, bu Kun sizlar uchun hech xavfu-xatar yo‘qdir va sizlar aslo g‘amgin bo‘lmaysizlar. Sizlar jufti halollaringiz bilan birga shod-xurram bo‘lgan hollaringizda jannatga kiringiz!» Ularga oltindan bo‘lgan laganlar (da taomlar) qadahlar (da sharoblar) aylantirilur. U joyda ko‘ngillar tilaydigan, ko‘zlar lazzatlanadigan (barcha) narsa bordir. Sizlar u joyda mangu qolursizlar. Qilib o‘tgan amallaringiz sababli sizlarga meros qilib berilgan jannat mana shudir. Sizlar uchun u joyda ko‘plab meva-chevalar bo‘lib, sizlar ulardan yersizlar» (Zuhruf surasi, 67-73-oyatlar); «Albatta taqvodor zotlar (U kunda) osoyishta joyda, bog‘lar va chashmalar ustida bo‘lurlar. Ular bir-birlariga ro‘baro‘ bo‘lgan hollarida ipak-shoyidan liboslar kiyib (o‘ltirurlar). Mana shunday! Yana Biz ularga ohuko‘z hurlarni jufti halol qilib qo‘ygandirmiz. Ular u joyda tinch va xotirjam bo‘lgan hollarida (xizmatkorlardan) barcha meva-chevalarni chaqirurlar. Ular (jannatda) birinchi o‘limdan (ya’ni, hayoti dunyodan ko‘z yumganlaridan) boshqa o‘limni totmaslar. (Alloh) ularni do‘zax azobidan saqlagandir. (Bu) Parvardigoringiz tomonidan bo‘lgan fazlu marhamatdir. Mana shu buyuk saodatdir» (Duxon surasi, 51-57- oyatlar); «Shak-shubhasiz, yaxshilar (ya’ni, mo‘minlar jannat) ne’matlaridadirlar. Ular so‘rilarda (Alloh taolo o‘zlariga ato etgan ne’matlarga) boqib (o‘tirurlar). Siz ularning yuzlarida ne’matlarning jilvasini tanirsiz-ko‘rursiz. Ular (jannatda) muhrlangan maydan sug‘orilurlarki, u (may)ning muhri mushk bo‘lur. Bas, bahslashguvchi- musobaqa qilguvchi kishilar (mana shunday mangu ne’matga yetish yo‘lida) bahslashsinlar. U mayning mijozi-aralashmasi Tasnimdandir. (Tasnim Allohning) yaqin (banda)lari ichadigan bir chashmadir» (Mutaffifun surasi, 22-28-oyatlar), deb aytgan. 1879/1. Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Jannat ahllari u yerda yeb-ichishadi, lekin xojat qilishmaydi, peshob etishmaydi va burunlarini qoqishmaydi. Ularning yegan ovqatlari mushk hidi kabi xushbo‘y kekirik ila hazm bo‘ladi. Nafas olishganda xuddi havo yutishganidek, tasbeh va takbirlar ila havo yutishadi», dedil ar. Imom Muslim rivoyati. 1880/2. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) aytdilar: «Alloh taolo: «Solih bandalarimga jannatda shunday ne’matlarni tayyorlab qo‘ydimki, ularni biror ko‘z ko‘rib, quloq eshitib, inson qalbi his etmagandir», dedi». Rasululloh (s.a.v.): «Agar xohlasangiz, Qur’ondagi «Ular uchun berkitib qo‘yilgan ko‘zlar quvonchini (ya’ni, oxirat ne’matlarini) biron jon bilmas» oyatini o‘qing», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 1881/3. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Birinchi jannatga kiruvchi jamoat tundagi to‘lin oy ko‘rinishida bo‘ladi. Keyingilari esa nur sochish jihatidan yaltiroq yulduzdan ham kuchli bo‘ladi. Ular peshob ham, katta hojat ham, tupuk ham, balg‘am ham chiqarishmaydi. Ularning taroqlari tillodan bo‘ladi. Terlari mushk kabi bo‘ladi. Tutatadigan narsalari xushbo‘y shoxchalardan bo‘ladi. Xotinlari shahlo ko‘zli hurlar bo‘ladi. Jannatdagilarning shakllari xuddi otalari Odam osmonda oltmish gaz bo‘lgani kabidir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy www.ziyouz.com kutubxonasi 334 Ikkovlarining boshqa rivoyatlarida shunday keltiriladi: «Jannatdagilarning idishlari tillodan, terlari esa mushk kabi bo‘ladi. Har birlarida ikkitadan xotin bo‘ladi. Ularning chiroylari shundayki, go‘shtlari orasidan oyoq iliklari ko‘rinib turadi. Ularning o‘rtasida ixtilof ham, adovat ham bo‘lmaydi. Qalblari bir kishining qalbiga o‘xshaydi. Ular ertayu- kech Allohga tasbeh aytishadi». 1882/4. Mug‘iyra ibn Sho‘‘badan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) aytdilar: «Muso alayhissalom Rabbilaridan jannatdagi eng martabasi past kishi haqida so‘raganlarida, Alloh taolo: «U shunday bir kishiki, jannat ahli jannatga kiritilgandan keyin keladi. Va unga: «Jannatga kir», deb aytiladi. U: «Ey Rabbim! Qanday kiraman, barcha odamlar o‘z joylarini egallab, oladigan narsalariga erishib bo‘lishibdi-ku?» deydi. Unga: «Dunyodagi podshohlarning mulkidek narsa senda bo‘lishiga rozimisan?» deyilsa, u: «Roziman, ey Rabbim», deydi. Alloh: «Senga o‘sha kabi, o‘sha kabi, o‘sha kabi, o‘sha kabi», deb beshinchisini aytganida, u kishi bunga rozi bo‘ladi. Alloh: «Bu aytilgan narsalar o‘n barobar qilib berildi», deydi. Va yana: «Nafsing tusagan va ko‘zing zavq oladigan narsalar senga berildi», deydi. U kishi: «Rozi bo‘ldim», deydi. Muso alayhissalom: «Ey Rabbim, jannatdagi eng yuqori martabali kishilar kim?» deganlarida, Alloh taolo: «Ular shunday bir toifa kishilarki, O’zim ularni xohlaganman, ularga ko‘rsatiladigan karam-izzat O’z qo‘lim bilan ekilgandir. U narsaga muhr urib qo‘yganman. U narsalarni ham biror ko‘z ko‘rmagan. Biror quloq eshitmagan. Biror kishining diliga ham kelmagan», deb ayt di». Imom Muslim rivoyati. 1883/5. Ibn Mas’uddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Men do‘zaxdan chiqishda oxiri chiquvchi kishini yoki jannatga kiruvchilar ichida oxirgi bo‘lib kiruvchi kishini bilaman. U kishi do‘zaxdan emaklab chiqadi. Alloh taolo u kishiga: «Borib jannatga kirgin», deydi. U kishi jannatga borib, u yer to‘lib qolgan, deb xayol qilib qaytib ketadi. Va: «Ey Rabbim, u yer to‘lgan ekan-ku?» deydi. Alloh taolo: «Borib jannatga kirgin», deydi. U kishi borib, u yer to‘lib qolgan, deb xayol qilib qaytib ketadi. Va: «Ey Rabbim, u yer to‘lgan ekan-ku?» deydi. Alloh taolo: «Borib jannatga kirgin. Chunki dunyo barobaricha yoki dunyoga o‘n barobar keluvchi maqom beriladi», deydi. U kishi: «Meni masxara qilyapsanmi yoki mening ustimdan kulyapsanmi? Sen O’zing bu narsalarning egasisan-ku», deydi», dedilar. Ibn Mas’ud (r.a.) aytdilar: «Rasululloh (s.a.v.) bu so‘zlarni aytib kulgandilar, tishlari ko‘rinib qoldi. Va: «Mana shu kishi jannatning eng past maqomidadir», dedilar». Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 1884/6. Abu Musodan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Mo‘min uchun jannatda bir chayla bor. U bitta marvariddan qilingan bo‘lib, ichi kovakdir. Uzunligi osmonda oltmish mildir. Mo‘minning u yerda ahllari bo‘ladi. Ular bir-birlarini ko‘rishmaydi. Sohibi hammalarini ko‘rgani borib turadi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 1885/7. Abu Said al-Xudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Jannatda bir daraxt bor. Uning ostidan tez yuruvchi chopar ot ustidagi kishi yuz yilda ham o‘ta olmaydi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. Ikkovlari Abu Hurayradan qilgan boshqa rivoyatlarida «Otliq u daraxt soyasi ostida yuz yil yursa ham, uni kesib o‘ta olmaydi» bo‘lib kelgan. 1886/8. Abu Said al-Xudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Jannat ahllari uning ustidagi boloxonada turuvchilarni mashriqdan yoki mag‘ribdan kelgan ufqda uchib yuruvchi yaltiroq yulduzni ko‘rgandek ko‘rishadi. Ularning oralarida farq borligi uchun shunday ko‘rinadi», deganlarida, sahobalar: «Ey Allohning rasuli! Bu payg‘ambarlarning manzillari bo‘lsa kerak-a, ulardan boshqa kishilar u yerga yetisha olmas-a?» deyishdi. Shunda Rasululloh (s.a.v.) «Ha! Jonim Uning qo‘lida bo‘lgan Zot - Allohga qasamki, (bulardan tashqari) Allohga iymon keltirib, yuborgan payg‘ambarlarni Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy www.ziyouz.com kutubxonasi 335 tasdiqlaganlar ham bu maqomga erishishadi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 1887/9. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Jannatdagi kamon o‘qidek joy Quyosh chiqib botishidan, ya’ni dunyoning hammasidan yaxshidir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 1888/10. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) aytdilar: «Jannatda (xuddi bu dunyodagidek odamlar to‘planadigan) bozor bor. Jannat ahli har juma u yerga kelishadi. Shimol tomondan shamol esib, yuzlari va kiyimlariga xushbo‘y narsa sochib, chiroy va husnlarini ziyoda etadi. Keyin ular chiroy va husnlari ziyodalashgan holda o‘z ahllariga qaytishadi. Ahllari ularga: «Allohga qasamki, chiroy va husnlaringiz ziyodalashibdi», deyishsa, ular: «Allohga qasamki, sizlarning ham bizdan keyin husn- jamolingiz ziyodalashibdi!» deb aytishadi». Imom Muslim rivoyati. 1889/11. Sahl ibn Sa’ddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Jannat ahllari jannat boloxonasidagi (fazilatli) kishilarni xuddi osmondagi yulduzlarni ko‘rishgani kabi ko‘rishadi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 1890/12. Sahl ibn Sa’ddan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Rasululloh (s.a.v.) bilan birga majlislarning birida edim. U zot jannatni sifatlab, so‘zlarining oxirida: «Jannatda ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan va inson dili his etmagan ne’matlar bordir», deb quyidagi oyatni o‘qidilar: «Ularning yonboshlari o‘rin-joylaridan yiroq bo‘lur (ya’ni, tunlarini ibodat bilan o‘tkazishib, oz uxlaydilar). Ular Parvardigorlariga qo‘rquv va umidvorlik bilan duo- iltijo qilurlar va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan infoq-ehson qilurlar. Bas, ularning qilib o‘tgan amallariga mukofot qilib, ular uchun berkitib qo‘yilgan ko‘zlar quvonchini (ya’ni, oxirat ne’matlarini) biron jon bilmas» (Sajda surasi, 16-17-oyatlar)». 1891/13. Abu Said va Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Agar jannat ahli jannatga kirishsa, bir nido qiluvchi nido qilib: «Sizlar tirik bo‘lib, aslo o‘lmaysizlar. Sog‘ bo‘lib, hech kasal bo‘lmaysizlar. Doim yigit bo‘lib, hech qarimaysizlar. Doim ne’matda bo‘lib, hargiz yomon holatni ko‘rmaysizlar», deb aytadi», dedilar. Imom Muslim rivoyati. 1892/14. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Sizlarning jannatdagi eng past o‘rningiz shundayki, bir kishiga: «Orzu qil», deyiladi. U orzu qiladi va yana orzu qiladi. Unga yana: «Orzu qildingmi?» deyilsa, u: «Ha», deydi. Shunda: «Senga orzu qilgan narsang va yana o‘shancha narsa berildi», deb aytiladi», dedilar. Imom Muslim rivoyati. 1893/14. Abu Said al-Xudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) aytdilar: «Alloh taolo jannat ahliga: «Ey jannat ahli!» desa, ular: «Labbay, ey Rabbimiz! Yaxshilik Sening qo‘lingdadir», deyishadi. Alloh taolo: «(Sizlarga bergan ne’matlarimizdan) rozimisizlar», desa, ular: «Nimaga rozi bo‘lmas ekanmiz? Sen bizga yaratgan maxluqotlaringdan birortasiga bermagan narsalarni ato etding-ku», deyishadi. Alloh: «Bulardan ham afzal narsani beraymi?» desa, ular: «Bundan ham afzal narsa bor ekanmi?» deyishadi. Shunda Alloh taolo: «Sizlarga roziligim tushdi. Bundan keyin sizlarga aslo g‘azab qilmayman», deb aytadi». Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 1894/15. Jarir ibn Abdullohdan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Biz Rasululloh (s.a.v.) huzurlarida edik. U zot kechasi to‘lin oyga qaradilar-da: «Sizlar Rabbingizni tez kunlarda xuddi mana bu oyni (ravshan) ko‘rganingizdek, zahmatsiz sof ko‘rasiz», dedilar». Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 1895/6. Suhaybdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Agar jannat ahli jannatga kirsa, Alloh taolo ularga: «Biror narsa xohlaysizlarmi? Men uni (sizlarga ato Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy www.ziyouz.com kutubxonasi 336 qilib, ne’matlarimni) ziyoda qilay», deydi. Ular: «Ey Alloh, Sen bizning yuzlarimizni oppoq qilding, jannatingga kirgizding va do‘zaxingdan panoh berding, yana boshqa ne’matlaring ham bormi?» deyishadi. Shunda Alloh taolo jamolini ko‘rsatish uchun to‘siq (parda)ni ochadi. Ular Allohning jamolini ko‘rishganidan keyin Unga nazar solishdan mahbubroq ne’mat yo‘qligini bilishadi», dedilar. Imom Muslim rivoyati. Alloh taolo: «Iymon keltirib, yaxshi amallar qilgan zotlarni esa iymon-e’tiqodlari sababli Parvardigorlari hidoyat qilur - noz-ne’mat bog‘larida ostlaridan daryolar oqib turur. U joydagi duolari: «Ey tangrimiz, O’zingni poklaymiz», deyishi, u joydagi o‘zaro salomlari (bir-birlariga) tinchlik tilashdir. Oxirgi tilaklari esa butun olamlar Parvardigori - Allohga hamdu sano aytishidir», deb aytgan (Yunus surasi, 9-10-oyatlar). Bizni (Islomga) hidoyat qilgan Allohga hamd bo‘lsin. Agar Alloh bizni hidoyat etmaganida, biz aslo hidoyat topmas edik. Allohim, quling, rasuling, nabiyying Muhammad alayhissalomni, ayollari va zurriyotlarini rahmat va yaxshilikda qil, xuddi Ibrohim alayhissalomni va oilalarini rahmat va yaxshilikda qilganingdek. Omi nabiy va Muhammad alayhissalomni, u zotning ayollari va zurriyotlarini barakotli qil, xuddi Ibrohim alayhissalomni va oilalarini olamlarda barakotli qilganingdek. Albatta Sen maqtovga loyiq ulug‘ Zotsan. Muallif Imom Navaviy (rahmatullohi alayh): «Bu kitobni 670 hijriy sana, to‘rtinchi ramazon, dushanba kuni nihoyasiga yetkazdim», deb aytdilar. Bu kitob tarjimasi ham Allohning yordami ila milodiy 2005 sanada, 28-zulhijja, dushanba kuni nihoyasiga yetdi. Ey Allohim! Noqis va ojizona urinishlarimizni amalga oshirishga muvaffaq etib, maqsadga yetkazganing uchun Senga behisob hamdu sanolarimiz bo‘lsin! Ixtiyorsiz qo‘yilgan savhu xatolarimizni kechirishingni so‘raymiz! Ahbobi oliymaqom muxlislardan esa g‘alat iboratlarimiz ustidan isloh qalamini yurgizib, muallif va mutarjim haqqiga g‘oibona duoi xayr qilishlarini samimiy qalb va astoydil o‘tinch ila so‘raymiz. Parvardigoro, qalblarimizni iymon, hidoyat nurlari ila ziynatlagin, kufr, fisq, ma’siyatni yomon ko‘ruvchi bandalaringdan qilgin, rizoligingga yetishmoq yo‘llarini bizlarga oson va nurafshon etgin, dunyo va oxiratdagi xotimamizni xayrli qilgin! Omin, yo Robbal- olamiyn! www.ziyouz.com 2008 Download 5.07 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling