Adabiyot nadir


Download 18.57 Kb.
Sana24.12.2022
Hajmi18.57 Kb.
#1051716
Bog'liq
nadur


Adabiyot nadir

Adabiyot har bir millatning hisli koʻngul tarixining eng qorongʻu xonalarida maishat (tirikchilik)ning ketishiga qarab har xil tusda va rangda yetishgan, fayzli til birla taqdir etula olmaydirgʻon bir guldir. Ushbu yashadigimiz muhit doirasinda aning toʻlquni odamning har xil maishatiga qarab oʻzgaradir.


Har sinf, xalqning oʻziga maxsus ohangi, oʻziga taʼsir qiladurgʻon zori boʻlur. Mana shul muhit boʻshliginda boʻlgan qatʼiy toʻlqunning bir-biriga birlashmagidan har odamga har xil shodliq va yo koʻb achchiq taʼsir etmagindan odamning koʻnglida oʻzi bilmasdan oʻrnashub qolgʻon va har vaqt, umrining oxiriga qadar saqlanaturgʻon qaygʻulanmak va yo koʻkrak kerib qoʻb dam olurday oh urmaklar – hamasi koʻngilda har xil rangda, har xil kayfiyatda toʻlub yotqon adabiyot xosasindan sanalur. Kishi baʼzi vaqtda shodlikdan kulur va baʼzi vaqtda koʻz yoshin toʻkub yigʻlar, oh tortar. Odamning mundogʻ har xil kayfiyatga kirub turmogʻi oʻz ixtiyori nla boʻlmay, balki maishati yoʻlida har vaqt uchrab turadurgʻon falokatning anga baʼzi vaqtda zulm koʻrsatmogʻi va baʼzi vaqtda bir yaxshilik koʻrsatub suyundirmogʻidin kelub – yaxshi koʻrganda suyunib, yomonliq koʻrganda yigʻlab – shundogʻ boʻlub ikki turli oʻzgarub turar, baʼzi vaqtda falak bir odamni qaygʻuga solar, ul oʻzi tushunib, oʻylab turub, oh tortub yigʻlar. Bu hasratlarni oʻz ichiga sigʻdirolmas. Birovga aytsa, “Voy bechora” deyurmukin, deb oʻz qaygʻusini birovga aytmakka tilar. Toʻp toʻgʻri aytganda u qadar taʼsir qilmas. Adabiyot ila aytganda albatta taʼsir qilar. Mening bir oshnamning oʻldigi xabari kelar. Men hech xafalanmayman. Bir vaqtda maktub kelar, maktubda alarning koʻrgan kunlari adabiyot ila bunday yozilur:
Gullar bila pok qaygʻuli mahzun boqurdi
Koʻz yoshlarimiz toʻxtamay tun-kun oqurdi.
Mana shuni oʻqub albatta bir taʼsir ila alarning qaygʻusiga qoʻshulurmiz. Bir bola uxlamasa alla aytarlar. Bola tez uxlab ketar. Chunki ul andin bir lazzat his qulur. Eski bobolarining bir maʼshuqa uchun Qoshgʻar taraflariga yayov borganini va yoʻlda oʻgʻrilar tarafidan oʻlturulgani gʻoyat yaxshi ohang bilan aytilur. Ul vaqtda bola taʼsirindan uxlab ketar. Shunga oʻxshash oʻzining shavkat va gʻayrati ila zamonasida butun dunyoni havor[1] va dahshatga solgʻon jahongirlarning oʻtkazgan kunlarin va davrlarin tarixlarda koʻrsa va eshitsa har kishi yuragida bir botirliq va bir fidokorlik his etar va qahramonona umidlarda boʻlinur.
Mana shunday qahramonona umid, qahramonona his va qahramonona gʻayrat – barchalari tarixiy adabiyotning natijasidan boshqa narsa emasdir. Hech toʻxtamasdan harakat qilub turgʻon vujudimizga, tanimizga suv-havo ne qadar zarur boʻlsa, maishat yoʻlida har xil qora kirlar ila kirlangan ruhimiz uchun ham shul qadar adabiyot kerakdir. Adabiyot yashasa – millat yashar. Adabiyoti oʻlmagʻon va adabiyotining taraqqiysiga chalishmagan va adiblar yetishdirmagʻon millat oxiri bir kun hissiyotdan, oʻydan, fikrdan mahrum qolub, sekin-sekin inqiroz boʻlur. Muni inkor qilib boʻlmas. Inkor qilgʻon millat oʻzini inqirozda ekanun bildirur.
Bizdan boshqa millatlarga koʻz solsak koʻramizki, alarning olti yoshdan oltmish yashar qarilarina qadar adabiyotdan bir lazzat olub oxir umriga qadar adabiyot oʻqub eshitmakni vazifai milliyasidan hisob qilur. Mana shuning uchundirki, Ovroʻponing har shahar va qishloqlarida har kun, har hafta adabiyot kechalari qilinur, adabiyot oʻqilur, nutq soʻylanub xalq koʻb kirub taʼsirlanurlar. Mana totor qardoshlarimiz yilda bir dafʼa boʻlsa ham shahar va qishloqlarida “Adabiyot kechalari” qilub xalqgʻa ruh berub koʻb olqishlar, ofarinlar oldigini gʻazetalardan oʻqub turmakdamiz. Bizlar esak adabiyotdan lazzat olmak bir tarafda tursun, hatto bobolarimiz va bolxosa[2] “Islom madaniyati” zamoninda katta roʻl oʻynagʻon va alarning maishatlarin koʻrsatgan taʼrix umumiylarni oʻqub anglamoqdin ham koʻb yiroq turamiz.
Bizni ulamo va eshonlarimiz toʻn kiymakdan, avomlarimiz choyxonalarga chiqub choy ichmakdan va ziyolilarimiz esa Ovrupo kiyumliklaridan va qiymatlik papiroʻslaridan lazzat olurlarki, “adabiyot nima?” desang, javobida yuqorida aytilgancha “yaʼni, masalan”dan boshqa javoblari yoʻqdir. Mana shuning uchundirki, kundan-kunga ruhimiz tushub, keladirgʻon istiqbolimizga umidsiz qarab, boshqa millatlar kabi shod va umidli yashamaymiz va bizda shodlik va ruh boʻlmagani uchun bir ishni qilamiz deb endi oʻylaganimizda oʻy yoʻq – fikrlar chochilub, aqllarimiz parishon boʻlub ketar.
Adabiyot chin maʼnosi ila oʻlgan, soʻngan qaralgan, oʻchgan, yarador koʻngilga ruh bermak uchun, faqat vujudimizga emas, qonlarimizga qadar singishgan qora balchiqlarni tozalaydirgʻon, oʻtkur yurak kirlarini yuvadurgʻon toza maʼrifat suvi, xiralashgan oynalarimizni yorugʻ va ravshan qiladirgʻon, chang va tuprogʻlar toʻlgan koʻzlarimizni artub tozalaydirgʻon buloq suvi boʻlgʻonlikdan bizga gʻoyat kerakdir.
Endi, ey, qardoshlar! Adabiyot oʻquylik. Adiblar yetishdirayluk, “adabiyot kechalari” yasayluk. Ruh, his, tuygʻu, fikr, ong va oʻy olayluk, bilayluk. Agarda “bayoz”[3] va bemaʼni bir-ikki dona kitoblar ila qolsak, mahvu inqiroziy boʻlurmiz. Yuragimiz kundan-kun toshdan ham qattigʻ boʻlur. Yurakni eritayluk, ruh berayluk, inqiroz boʻlmayluk. Menim bu ojizona fikrima qoʻshilaturgʻonlar boʻlsa adabiyotning foydasi toʻgʻrusinda “Oina” va “Sado”larimizga[4] tarixiy va adabiy maqola va sheʼrlar yozsunlar, kitoblar tartib bersunlar. Hozirda bizga birdan-bir lozim boʻlgʻon narsa – adabiyot, adabiyot, adabiyot…
Download 18.57 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling