Adabiyotshunoslikka kirish


Download 286.83 Kb.
bet40/46
Sana04.02.2023
Hajmi286.83 Kb.
#1157825
1   ...   36   37   38   39   40   41   42   43   ...   46
Bog'liq
ADABIYOTSHUNOSLIKKA KIRISH Dilmurod QURONOV

Tragediya (gr.- "echki qo'shig'i") qadimdayoq shakllangan dramatik janr bo'lib, genetik jihatdan u ma'bud Dionisning o'limi va qayta tirilishi munosabati bilan ijro etilgan marosim qo'shiqlari asosida yuzaga kelgan. Tragediyaning janr xususiyatlari tragik konflikt, tragik holat va tragik qahramon tushunchalari bilan belgilanadi. Tragik konflikt deganda mohiyatan yechimi yo'q, mavjud sharoitda hal qilib bo'lmaydigan ziddiyat tushuniladiki, u har vaqt qahramon ongida kechadi. Qadimgi tragediyalarda konflikt shaxs va taqdiri azal o'rtasida (mas., "Shoh Edip") kechgan bo'lsa, keyinroq bu konflikt tomonlarining ikkinchisi o'zgardi: taqdiri azal o'rnini endi shaxsdan yuqori turuvchi oliy ma'naviy kuchlar (bunda yozilmagan, biroq inson hayotini muayyan tartibga soluvchi ma'naviy qonun-qoidalar, masalan, burch hissi kabilar nazarda tutiladi) egallaydi. Tragik konflikt asosida yuzaga keluvchi tragik holatning mohiyati shundaki, qahramon tashqi kuchlar bilan emas, o'zi bilan o'zi olishadi, mana shu olishuv oqibati o'laroq chuqur ma'naviy iztirob, ruhiy qiynoqlarga duchor bo'ladi. O'zining foje holatida ham maqsad sari intilishlik, ruhiy iztiroblar-u qiynoqlarga qobillik tragik qahramonga xos xususiyatdir. Tragik qahramon qarshisida erkin tanlov imkoniyati mavjud — u maqsaddan voz kechishi, oson yo'lni tanlashi mumkin, biroq u bunday qilmaydi, o'zining jisman yoki ma'nan halokatga uchrashi mumkinligini bilgan holda ham maqsadidan, e'tiqodidan qaytmaydi. Xuddi shu asosda tragik qahramonning xarakter kuchi, uning favqulodda shaxsligi namoyon bo'ladi. Masalan, Edip yoki Gamletni oling: ularning ikkisi ham yuqorida tavsif etilgan yo'ldan boradi. Deylik, Edip yurt boshiga kelgan ofatning sababchisi o'zi bo'lishi mumkinligini sezganidayoq taftishni to'xtatishi, "yopiqliq qozon yopiqligicha" qolaverishi mumkin edi. Biroq u — tragik qahramon, chekiga tushgan iztirob-u qiynoqlar qadahini tubigacha sipqoradi. Realizm bosqichigacha yaratilgan tragediyalarda tragik qahramon sifatida ko'proq mifologik personajlar, shohlar, shahzodalar, malikalar-u sarkardalarning olinishi ham bejiz emas, zero, o'zining foje holatini idrok eta olish, qalbi-yu ongida ma'naviy-ruhiy iztiroblarni kechira olish, shunda-da sinmay maqsad tomon yurishlikka o'rtamiyona odamlarning chog'i kelmaydi. Shu bois ham XX asr o'rtalarida yaratilgan adabiyotimizdagi tragediya janri talablariga to'la javob berishga yaroqli "Mirzo Ulug'bek", "Jaloliddin Manguberdi" tragediyalaridan birining markaziga shoh, ikkinchisining markaziga sarkarda chiqarilgan. Tragediya janr problematikasi nuqtayi nazaridan turlicha: bu janrga mansub asarlarda ma'naviy- axloqiy ("Shoh Edip", "Qirol Lir"), millatning tarixiy taqdiri ("Jaloliddin
Munguberdi") yoki romaniy problematika ("Mirzo Ulug'bek") badiiy talqin qilinishi mumkin. Tragediya janri hozirda o'zining faolligini yo'qotgan sanalib, zamonaviy dramaturgiyada bu janr deyarli ishlanmaydi, biroq tragiklik badiiy adabiyotda estetik kategoriya (pafos) sifatida saqlanib qolgan.
Realizm bosqichiga yaqinlashgan sari dramaturgiyada tragediya o'rnini, yetakchilik mavqeini drama egallay boshlaydi. Drama o'zining mavzu jihatidan turfaligi, turfa hayotiy ziddiyatlarni badiiy talqin qilish imkoniyatlarining kengligi bilan xarakterlanadi. Dramaning tragediyadan farqi shundaki, tragik konflikt qahramon ruhiyatida kechsa, dramatik konflikt qahramon bilan tashqi kuchlar orasida kechadi. Ayni paytda, dramadagi konflikt ham juda keskin bo'lishi, qahramonni iztirob-u qiynoqlarga solishi va oxir-oqibat halokatga olib borishi mumkin. Biroq bularning bari tashqi quchlar bilan to'qnashuv natijasi o'laroq sodir bo'ladi, asar markazida dramatik konflikt turadi. Masalan, "Nurxon" musiqali dramasida eskilik va yangilik orasidagi kurash qahramon ruhiyatida emas, uning boshqa personajlar bilan to'qnashuvida namoyon bo'ladi va ayni shu ziddiyatlar Nurxonning o'limiga olib keladi. Drama turli mavzularni, xarakter va ziddiyatlarni badiiy talqin qilishga keng imkoniyatlar ochishi, real hayotga yaqinligi bilan dramatik janrlar orasida alohida o'rin tutadiki, uning realistik adabiyotda yetakchi mavqe egallashi shu bilan izohlanadi.
Komediya (gr. "komos" — ommaviy qo'shiq nomi) dramatik turning komiklikka asoslangan janridir. Komediyaning markazida komik xarakter turadi. Odatda komik xarakter deganda o'zida idealga tamoman zid illatlarni jam etuvchi yoki ulardan ayrimlarini namoyon etuvchi personajlar nazarga olinadi. Bu o'rinda asosiy shartlardan biri shuki, komik personaj o'zining mavjud holatini idrok etmaydi, o'ziga real baho berishdan ojiz. Aksincha, u o'zini bor holiga nisbatan tamoman teskari baholashga moyil: g'irt tentak bo'lgani holda o'zini aqlli sanaydi, ma'nan tuban bo'lgani holda o'zini pokdomon biladi — o'zini o'zgalarga shunday sifatlarda taqdim etishga chiranadi. Masalan, "Parvona"dagi O'tkuriy: u o'zining ma'nan tubanligini, axloqan buzuqligini, plagiatligini, oddiy mahmadanaligi-yu firibgarligini tan oladimi? Yo'q, aksincha, u o'zini aqlli, so'zamol, uddaburon, yashashni biladigan va h. fazilatlar egasi deb biladi, shunday ko'rinishga urinadi. Natijada xarakterning mohiyati bilan mavjudligi orasidagi nomutanosiblik, ziddiyat komiklikni yuzaga chiqaradi. Komediyada xarakter komikligi bilan holat komikligi ko'pincha uyg'unlashib keladi, bir-birini to'ldiradi. Komediya satirik yoki yumoristik ruhda bo'lishi mumkin. Har ikki holda ham u g'oyaviy-hissiy inkor qiladi: satirik ruhdagi komediya qalamga olingan xarakter yoki holatni to'la inkor qilsa, yumoristik ruhdagi komediya xarakter yoki holatdagi ayrim jihatlarni qisman inkor qiladi. Masalan, A.Qahhorning "Tobutdan tovush", "Og'riq tishlar" komediyalari satirik ruhdagi asarlar sanalsa, E.Vohidovning "Oltin devor" komediyasida yumoristik ruh ustuvorlik qiladi.
Yuqoridagi asosiy janrlardan tashqari kichik dramaturgik janrlar, shuningdek, turli janr modifikatsiyalari ham mavjud. Jumladan, janr modifikatsiyasi sifatida musiqali drama, musiqali komediyalar ko'rsatilishi mumkin. Musiqa jo'rligida ijro etishga mo'ljallangani, dialog va monologlar o'rnini qisman vokal (ariya va duetlar) egallashi ularning o'ziga xosligini, sintetik san'at namunasi ekanligini ko'rsatadi. Ayrim san'at turlarining, ommaviy axborot vositalarining rivojlanishi natijasida dramatik turning yangi janrlari paydo bo'ldi, borlari faollashdi. Masalan, estrada san'atining rivoji natijasida monolog janri dunyoga keldi, qo'g'irchoq teatrlari rivoji va modernizatsiyasi uning uchun yoziladigan pyesalarni faollashtirdi, televideniyening rivoji esa intermediya janrini faollashtirdi.

Download 286.83 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   36   37   38   39   40   41   42   43   ...   46




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling