5. A.Shtangelning vizual psixodiagnostika metodining mohiyati
Shaxs mavqyeini o’rganishda vizual psixodiagnostikaning ham ahamiyati katta. A.Shtangel o’zining “Tana tili” kitobida inson qaddi-qomati va yurishining tavsiflarini keltiradi. Masalan, uning izlanishlariga ko’ra, qomatning doimo erkin tutilishi – har qanday tayziqdan xolilik, erkinlik belgisi. Bo’shashgan qomat – bo’ysunuvchanlik, tobelik, ergashuvchanlik , mustaqil fikrning yo’qligidan alomat. Bundan tashqari, odam tanasi yelka qismi va umuman tana yuqori qismining xususiyatlari egasining mavqyei va rolidan dalolat beradi, masalan, kerik odam bilan kamtar odam, har narsaga burnini tiqaveradigan odam bilan o’z ishini bilib, bir chekkada band bo’lishni xohlaydigan odamning fe’li har xil bo’lishini bilamiz.
Odamning oyoqlari holati, hattoki, tovonlar ham ma’lum axborotlarni beradi. Masalan, dadil, shaxdam qadam tashlash bilan, immillab qadam tashlash, tovonini orqaga tashlab yuradiganlar bilan “oyoq uchida” yuradiganlarning mavqyelari ham har xil bo’ladi. Xushomadgo’y odamni tasavvur qiling: uning tanasi yaxlitligicha oldinga egilgan, qarashlari va nigohi esa faqat suhbatdoshning yuziga qaragan bo’ladi. Shaxsning qiliqlari ham ma’lumot manbai: masalan, avtoritarlilik belgilarini eslang: qo’llar ko’pincha orqada (ba’zan ikkala qo’l orqaga bog’langan ham), iyaglar doimo yuqoriga yo’nalgan, ko’kraklar kerik va hokazo. Odamning ovozi-chi? Masalan, suhbatdoshga nisbatan ovozni sozlashning yaqin (intim) masofasi hamda shaxsiy (uzoq) masofasi farqlanadi.
Shaxs mavqyeini o’rganishning yana bir muhim usuli – bu uning nutqini stilistik jihatdan o’rganishdir. Chunki nutqning xususiyatiga qarab, hattoki, odamning professional jihatlarini ham aniqlash mumkin. Masalan, kundalik – maishiy nutq, badiiy, ishchan, ilmiy, kriminal va shunga o’xshash. Bu jihatdan nutqning slengi – ixtisoslashgan turini o’rganish ahamiyatlidir. Kelib chiqishi jihatidan sleng – ma’lum tor doira yoki qatlamga mansub kishilarning yo kasbi, yo birgalikdagi hamkorligiga bog’liq sharoitlaridan kelib chiqadigan nutqning leksik xususiyatidir. Masalan, uchuvchilarning, ko’chada yurgan o’smirlarning, qamoq muddatini o’tayotganlarning o’ziga yarasha slengi shakllanadi. Ularni bilmaguncha o’sha ijtimoiy qatlam yoki guruhga ta’sir ko’rsatish mushkul bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |