Аl вukhari university nodavlat oliy ta’lim muassasasi
Xristianlik va Avreliy Avgustin falsafiy ta’limotining vujudga kelishi
Download 1.22 Mb.
|
Аl вukhari university nodavlat oliy ta’lim muassasasi
Xristianlik va Avreliy Avgustin falsafiy ta’limotining vujudga kelishi. Etuk patristika davridagi lotin tilida ijod etgan yirik namoyandalardan biri bu, shubhasiz, Avreliy Avgustindir (354-430-yillar). Uning “Tavba” asari hamda Possidyumning unga bag‘ishlangan biografik asarlari Avgustin haqidagi ma’lumotlarning asosiy manbai sanaladi. Avreliy Avgustin 354-yil 13-noyabrda Afrikaning Tagast shahridagi rimliklar oilasida tavallud topgan. U uncha badavlat bo‘lmagan, biroq nufuzli va ma’rifatli oilada voyaga etadi. U boshlang‘ich bilimlarni Tagast va qo‘shni shahar Madavrda oladi. O‘g‘lining an’anaviy lotin mumtoz adabiyotidan tahsil olishi va notiqlik san’atini egallashini istagan otasi Avreliyni 370-yilning kuzida mahalliy oliy ta’lim markazi bo‘lgan Karfagen shahriga yuboradi. Avgustin u erda 372-373-yillar Sitseronning “Gortenziy” dialogini katta qiziqish bilan mutolaa qiladi. Haqiqat izlab, muntazam falsafa bilan mashg‘ul bo‘lgan Avgustinning qalbida ushbu asar keskin burilish yasaydi: “Birdan ko‘nglimda behuda umidlar bosh ko‘tardi, men bu bezovtaligim bilan abadiy donishmandlikka erishishni istardim” (Avgustin. Tavba, III, 4, 7). Haqiqatga etishish maqsadida u dastlab, moniylik (215-277-yillar Moniy asos solgan) e’tiqodini qabul qiladi. Avgustin to‘qqiz yil mobaynida moniylikning kuchli ta’siri ostida bo‘ladi. (Tavba, II, 6 -7). 384-yilda Avgustin Mediolan shahriga ko‘chib o‘tadi. Bu erda u mashhur xristian ilohiyotchisi va namoyandasi mediolanlik Amvrosiy (340-397 yillar) bilan uchrashadi va bu uchrashuv uning hayotida katta ahamiyat kasb etadi. Aynan mediolanlik Amvrosiy bilan uchrashgan vaqtlarda
Avgustin falsafa bilan mashg‘ul bo‘lib, falsafani skeptitsizm hamda moniychilikdan afzal degan fikrda edi. O‘z-o‘zini taftish etish va cho‘qintirilishga hozirlik ko‘rish maqsadida onasi va yaqin do‘stlari hamrohligida u Mediolan yaqinidagi joy - Kassiatsin deb atalgan Yer mulkiga ko‘chib o‘tadi. 386-yili, qariyb yarim yil mobaynidagi do‘stlari bilan yozishmalari natijasida Avgustin o‘zining ilk falsafiy asarlari: “Akademiklarga raddiya”, “Tartibot haqida”, “Farovon hayot haqida”, keyinchalik “Ruhning abadiyligi haqida” dialoglarini hamda “Monolog” nomli asarlarini nihoyasiga etkazadi. 387-yilning bahorida Mediolan shahriga qaytgach, u Amvrosiy tomonidan cho‘qintiriladi. 387-yili onasining o‘limidan so‘ng boshiga tushgan kulfatga qaramay, Rimga yo‘l olib, u erda “Erkin tanlov haqida” dialogini hamda “Moniylar axloqi” deya nomlangan traktatini yozadi. Ehtimol, aynan shu vaqtlar uning ko‘nglida kelajakdagi hayotini cherkov xizmatiga bag‘ishlash istagi tug‘ilgan bo‘lsa ajab emas. 388-yilning kuzida u Tagast shahriga qaytadi va meros qolgan uyini sotib, pulini kambag‘allarga ulashadi. Do‘stlari bilan zohidona hayot kechirishi uchun esa boshpana sifatida kichkina bir uyni olib qoladi. Tagastda yashagan paytlarida “Ustoz haqida”, “Musiqa haqida”, “Moniylar axloqi” kitobining ikkinchi jildi, “Ruhning miqdori haqida” kabi asarlarini yozadi hamda dialog uslubida yozilgan “Erkin tanlov haqida” traktati ustida keng qamrovli ishlarini davom ettiradi. Asta-sekinlik bilan Avgustin Tagast va uning atrofidagi shaharlarda shuhrat qozona boshlaydi. 390-yilning oxirida Gippon shahri aholisining iltimosiga bilan episkop Valeriy Avgustinni ziyorat qiladi va o‘z navbatida, Avgustin ham Gippon shahriga mehmon bo‘ladi. Avgustin 395-396-yilning qishida og‘ir xastalikdan vafot etgan Valeriyning o‘rniga Gippon shahri episkopligi lavozimini qabul qiladi. U umrining oxirigacha shu lavozimda faoliyat ko‘rsatadi. Avgustin episkoplikning birinchi yilida muhim asarlaridan biri “Xristian dini haqida” traktati ustida ish boshlaydi hamda moniylikka qarshi ruhdagi “Favstamoniylikka raddiya” asarini yakunlaydi. SHuningdek, shu yillarda “Din haqiqati to‘g‘risida”, “Rimliklarga kelgan ba’zi sharoitlarning tahlili”, “Sakson uchta turli savol”, “Erkin tanlov haqida” dialogi yozib tugatiladi. Bundan tashqari, Avgustinning birlamchi gunohkorlik nazariyasini aks ettiruvchi “Simpliyatsinga bir qancha savollar” traktati ham yakunlanadi. 397-401-yillar Avgustinda 12 jilddan iborat o‘zining eng mashhur asari - “Tavba”ni yozib tugatadi. Taxminan 399-yilda u muhim nazariy ahamiyatga ega bo‘lgan hamda katta tanaffuslar bilan yigirma yil davomida yozilgan “Troitsa” (“Uchlanganlik”) deya nomlangan traktati ustida ish boshlaydi. 401-414-yillarda Avgustin o‘zining eng yirik ijod namunalaridan biri - 12 jilddan iborat “Borliq kitobiga sharhlar” nomli asarini yozadi. Avgustin umrining so‘nggi yigirma yilini ikki fundamental masalaning echimiga bag‘ishlaydi: ulardan birinchisi 410-yilda Rimga hujum qilgan vestgot Alorixabilan urush natijasida to‘plangan ma’lumotlar ta’sirida yozilgan “Ilohiy shahar haqida” mashhur asar ustida ish olib borish bo‘lsa, ikkinchisi - “Ilohiyotchi Pelagiyning birlamchi gunohkorlik haqidagi muhokamalari” edi. Pelagiyning ta’kidlashicha, Odam Ato qilgan gunoh avlodlarga tarqalmaydi, gunoh – bu nasliy tavqi la’nat emas, balki har bir insonning erkin tanlovi oqibatida sodir etiladigan harakatdir. Shuningdek, insonga gunohdan xalos bo‘lishda qandaydir g‘ayritabiiy kuchlar emas, o‘z ezgu tabiati ko‘mak beradi. Oddiy inson o‘z ezguligini zohidlik va taqvo yordamida topadi. 414-430-yillarda yozilgan ko‘plab asarlari bilan Avgustin Pelagiyning fikriga qarshi o‘laroq, o‘zining gunohkorlikning tabiati, ilohiy marhamat inson irodasi hamda g‘ayritabiiy kuchlar haqidagi qarashlarini bayon qiladi. Avgustin umrining so‘nggi yillarida toliqish va tobora kuchayib borayotgan zaiflikni his qiladi. U keksalik tufayli episkoplikning og‘ir vazifalari va ko‘plab traktatlar yozish bilan birdek mashg‘ul bo‘lishga qiynalardi. 426-yilda u qolgan umrini ilmiy mashg‘ulotlarga bag‘ishlash maqsadida episkoplik lavozimidan voz kechadi. Nihoyat, shu yillari “Xristianlik ta’limoti haqida” va “Ilohiy shahar” traktatlarini yozib tugatadi. SHuningdek, o‘limi oldidan o‘zi o‘ta muhim deya hisoblagan ayrim asarlariga tuzatish va qo‘shimchalar kiritadi. SHu tarzda uning ko‘p yillik izlanishlarini xulosalovchi ikki jilddan iborat “Tahrir etilganlar” deya nomlangan traktati dunyoga keladi. 430-yilning yozida Gibraltar bo‘g‘ozini kesib o‘tgan vandallar armiyasi Gippon shahriga kirib keladi. 430-yilning avgust oyida Avreliy Avgustin Gippon shahrida vafot etadi. Avgustin uchun bilish yo‘li – bu e’tiqod orqali xudoga eltuvchi aql yo‘lidir. Bilish hissiy sezgilardan boshlanganidek, xudoni bilish ham uning yaratgan narsalarini anglashdan boshlanadi. Bu xuddi haqiqatga zinalar orqali ko‘tarilayotganga o‘xshaydi (O Troitse, XV, 6, 10). Shu bilan birga, bilim sezgilar mujassam bo‘lgan refleks va idrok oqibatida shakllanadi. O‘z navbatida, aql o‘zo‘zini muhokama etadi va uning mavjudlik qudrati bevosita unga ayondir. (O svobodnom proizvolenii, II, 6, 13 — 8, 24). Avgustinning ayni qarashlari Dekartning mashhur “Men fikrlayapman, demak, men mavjudman” tezisini esga soladi. Biroq bu Avgustinda boshqacharoq: “Men shubha yoki xato qilyapman, demak, men mavjudman” shaklida namoyon bo‘ladi. (O svobodnom proizvolenii, II, 3, 7; Monologi, II, 1, 1; Ob istinnoy religii, 39, 73; O Troitse, X, 10, 14; O Grade Bojiem, XI, 26). Aql haqiqiy borliqning asosiy xarakterli jihati – bu uning o‘zgarmasligidir. Avgustinga ko‘ra, xudo mutlaq yakkalik bo‘lib, “Troitsa” – “Uchlanganlik” esa uning turli holda namoyon bo‘lishidir. U substansional birlik bo‘lib, bir vaqtning o‘zida uch qiyofada aks etadi. Avgustinning ta’kidlashicha, inson “dunyoviy va o‘limga mahkum tanadan foydalanuvchi aqlli ruh” (O nravax manixeev, I, 27, 52), aniqroq qilib aytganda, “ruh va jismdan iborat aqlli mavjudot” (O Troitse, XV, 7, 11). “Aql, – deya ta’kidlaydi Avgustin, – inson shaxsiyatidagi ilohiy uchlanganlikni anglaydi, iroda uni yo‘naltiradi, xotira esa uni qamrab oladi. Shu tarzda insondagi o‘z-o‘ziga aynanlik saqlanib qoladi (Tavba, I, 20, 31). Borliqni mavjud o‘zgarmas haqiqatga aynan deguvchi qator tasavvurlarni (olam g‘oyasi), shuningdek, olam tartiboti haqidagi qarashlarni va ezgulik bo‘lmagan narsa bu yovuzlikdir, degan tushunchalarni Avgustin neoplatoniklarning ta’limotidan o‘zlashtirgan. U qoida sifatida shuni ta’kidlaydiki, “har bir inson yaxshi ham, yomon ham bo‘lishi mumkin” (O svobodnom proizvolenii III, 13, 36; sr. “Nafaqat olam tartibotini buzuvchi, balki unga bevosita yondosh bo‘lgan mavjud narsalarni ham yovuzlik deb atash mumkin” (O svobodnom proizvolenii, III, 9, 25; O Grade Bojiem, XI, 18 — 19). Biroq Avgustin ko‘proq, “Axloqiy yovuzlik” tushunchasiga e’tibor qaratgan. O‘zining ilk asarlari, ayniqsa, yirik dialogi - “Erkin tanlov haqida” (388-395 yillar) asarida Avgustin yovuz iroda olamdagi barcha yovuzliklar va baxtsizliklarning manbai degan nuqtai nazarni ilgari suradi. SHaxsning axloqiy erkin tanlov prinsipi shundan iboratki, shaxs ongli tarzda o‘z xatti-harakatini ezgulikka bo‘ysundirmog‘i kerak; Oliy adolat har kimga haqli hukm qiladi. Avgustin ilohiy tarixni siklik emas, balki ilohiy rag‘bat g‘olib chiqib, insoniyat mukammal axloqqa ega bo‘lib, “gunoh qilmaydigan” holatga etmaguncha davom etuvchi pog‘onama-pog‘ona harakat, deya tasavvur etgan. Avgustin dunyoviy davlatni, o‘z manfaatini ko‘zlab umumiy kelishuv asosida tashkil topgan kishilar jamoasi, deya ta’riflaydi. Jamiyatni ko‘zga ko‘rinmas ilohiy shahar yoki cherkov boshqaradi. Dunyoviy yoxud shaytoniy shahar – bu aholisi kibr-u havo bilan yashovchi shahardir. Download 1.22 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling