«Albatta, Biz U(Qur’on)ni Qadr kechasida tushirdik»
Download 34.44 Kb.
|
ramazon tayyorgarlik
«Ramazon» so‘zi arabcha so‘z bo‘lib, lug‘atshunoslarning aytishlaricha, u «qattiq issiq», «jazirama», «qizib cho‘g‘ bo‘lish», «kuydirish» ma’nolarini anglatuvchi kalimadan olingan. Bu oyning aynan ushbu nomni olishi sababi haqida turlicha fikrlar bor. Jumladan, alloma Javhariy: «Aytishlaricha, arablar oylarning nomlarini eski tillardan o‘girishganida oylarni o‘sha paytda to‘g‘ri kelgan vaqtiga ko‘ra nomlashgan. O‘shanda ushbu oy issiqning eng jaziramasiga to‘g‘ri kelgan ekan», deydi. Ikkinchi bir fikrga ko‘ra, «Ramazon oyi gunohlarni kuydirib tashlagani uchun shu nom bilan atalgan. Zotan, bu oy johiliyat davrida «Notiq» deb atalar edi». Boshqalar aytishadiki, «Bu oydagi ibodat – ro‘za kishilarni tashnalikdan ichini qizdirgani uchun oy Ramazon deb nomlangan». Nima bo‘lganda ham, Ramazon oyini Alloh xossatan ummati muhammadiya uchun alohida barakotli, fazilatli qilib qo‘ygan. Ramazoning xususiyati, fazilati, barakasi juda ham ko‘p va beqiyos. Biz hozir ulardan o‘zimizga ma’lum bo‘lganlarini eslab o‘tamiz: 1. Ramazon oylarning sultonidir. Imom Tabaroniy Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qligan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Oylarning eng afzali Ramazon oyidir», deganlar. Bu haqiqatni quyida keladigan satrlar ham tasdiqlaydi. 2. Ramazon Qur’on oyidir. Ha, Ramazonning eng buyuk fazilatlaridan biri – bu uning Qur’on oyi ekanidadir. Alloh taolo O‘zining so‘ngi kitobi, Qiyomatga boqiy qoladigan, barchani ojiz qoldirgan mo‘’jiz kalomi Qur’oni Karimni nozil qilish uchun aynan Ramazon oyini tanlagan. Shuning o‘zi bu oyning qanchalar ulug‘ ekanini anglash uchun yetarlidir. Alloh aytadi: «Ramazon oyi – unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq-oydin hujjatlar bo‘lib Qur’on tushirilgandir» (Baqara, 185-oyat). «Albatta, Biz U(Qur’on)ni Qadr kechasida tushirdik» (Qadr, 1-oyat). Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinishicha, Alloh taolo Qur’onni avval Lavhul-mahfuzdan dunyo osmoniga butunicha nozil qilgan va bu Ramazon kechalaridan birida – Qadr kechasida bo‘lgan. Vaqti-soati kelib, Qur’onning Yer yuziga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil qilinishi ham aynan Qadr kechasida boshlangan. Keyinchalik har Ramazonda vahiy farishtasi Jabroil alayhissalom Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, u zotga shu Ramazongacha nozil bo‘lgan oyatlarni takrorlatadigan bo‘ldi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam vafot etadigan yillari Qur’onni Jabroil alayhissalomga ikki bora o‘qib berganlar. Zayd ibn Sobit, Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhumo bu muborak xatmga guvoh bo‘lganlar. Bu xatm manbalarda «arzai oxir» - «so‘ngi o‘qib o‘tkazish» degan nom bilan mashhurdir. Imom Buxoriy Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng saxiyi edilar. U zotning eng saxiyliklari Ramazonda – Jabroil u zot bilan uchrashganda bo‘lar edi. Jabroil Ramazonning har tunida u zot bilan uchrashib, Qur’onni dars qilishardi. Darhaqiqat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshilikda erkin shamoldan ham saxiy bo‘lib ketar edilar». Hadis kitoblarni o‘qisak, Ramazon bilan Qur’onni egiz shafoatchi tarzida tasvirlanganini ko‘ramiz. Imom Ahmad va Abu Fazllarning hadis to‘plamlarida Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ro‘za va Qur’on ikkisi Qiyomat kuni bandani shafoat qiladi: ro‘za: «Ey Robbim, men buni kunduzlari taom va shahvatlardan to‘sgan edim, uning haqida shafoatimni qabul qil», deydi. Qur’on: «Men uni kechalari uyqudan to‘sgan edim, uning haqida shafoatimni qabul qil», deydi. Bas, ikkovi hm shafoat qiladi», deganlar». Ana shundoq qilib, bu oy ilohiy tasarruf orqali Islom ummati uchun Qur’on oyi qilib berildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlaridan tortib bugungi kungacha bu holat butun musulmon olamida an’ana tarzida muvaffaqiyatli davom etib kelmoqda. Sahobai kiromlar va tobeinlar Ramazonda Qur’on tilovatiga alohida e’tibor berar edilar. Hazrati Umar roziyallohu anhu Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuga Ramazonda tarovehda Qur’onni odamlarga xatm qilib berishni topshirganlari ham bejiz emas edi. Buyuk tobein Sufyon Savriy rahmatullohi alayhi Ramazon oyi ichi barcha ibodat va vazifalarini to‘xtatib, Qur’on o‘qish bilan mashg‘ul bo‘lar edi. Hozirda ko‘plab musulmon yurtlarida mahalliy va xalqaro Qur’on musobaqalarini Ramazon oyida o‘tkazish urf bo‘lgan. Bizda ham «Xatmi Qur’on» degan Ramazon, «Ramazon» degana Xatmi Qur’on yodga tushadigan bo‘lib ketgan. 3. Ramazon Rayyon eshigining kalitidir. Jannatga kirishning o‘zi katta bir saodat. Ammo o‘sha jannatga Parvardigori olamning alohida e’tiboriga sazovor bo‘lib, maxsus tayyorlab qo‘yilgan eshikdan kirish yana bir o‘zgacha baxt va sharafdir. Imom Buxoriy va Muslim Sahl roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Jannatda bir eshik bor, uni «Rayyon» deb ataladi. Qiyomat kuni undan ro‘zadorlar kirishadi, ulardan boshqa hech kim undan kirmaydi. «Ro‘zadorlar qani?» deyiladi. Shunda ular turishadi. Ulardan boshqa hech kim undan kirmaydi. Ular kirishgach, u berkitiladi. Keyin hech kim undan kirmaydi», dedilar». 4. Ramazon bilan xushxabar beriladi, tabriklanadi, unga oshiqiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyini intiqlik bilan kutar, uning yaqinlashganini kishilarga eslatib turar va sahobai kiromlarni u bilan tabriklab, munosib tayyorgarlik ko‘rishga chorlar edilar. Imom Bayhaqiy Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Rajab oyi kirganda: «Allohim, bizga Rajab va Sha’bonda baraka bergin hamda Ramazonga yetkazgin», der ekanlar. Imom Nasoiy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarga Ramazon kirib keldi, muborak oy. Alloh sizlarga uning ro‘zasini farz qildi», dedilar». Abu Fazl o‘z «Musnadida» Salmon roziyallohu anhudan quyidagicha rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sha’bonning oxirgi kuni bizga xutba qilib bunday dedilar: «Ey odamlar! Darhaqiqat, sizlarga buyuk bir oy soya solmoqda. Muborak oy. Unda ming oydan yaxshi bir kecha bor. Alloh uning ro‘zasini farz qildi, kechasini ibodat bilan o‘tkazishni ixtiyoriy – nafl qildi. Kim unda ixtiyoriy ravishda bir yaxshi ish qilsa, xuddi bir farzni ado etgandek bo‘ladi. Kim unda bir farzni ado etsa, xuddi yetmishta farzni bajargandek bo‘ladi. U sabr oyidir, sabrning savobi esa jannatdir. U ko‘ngil ovlash oyidir. U mo‘minning rizqi ziyoda qilinadigan oydir. Kim bir ro‘zadorga iftorlik bersa, bu uning uchun bir qul ozod qilish va gunohlari uchun mag‘firat bo‘ladi», dedilar. Shunda: «Ey Allohning Rasuli, hammamiz ham ro‘zadorga iftorlik qilib beradigan narsa topa olmaymiz-ku?», deyildi. U zot: «Bu savobni Alloh ro‘zadorga bir tatim sut yo xurmo yoki bir qultum suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga ato etadi. Ammo kim ro‘zadorni to‘ydirsa, bu uning gunohlari uchun mag‘firat bo‘ladi va Alloh unga mening Havzimdan ichimlik ichiradi, u to jannatga kirgunicha chanqamaydi. Unga ro‘zadorning ajricha ajr bo‘ladi, u(ro‘zador)ning ajridan hech narsani kamaytirilmaydi. U avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat va oxiri do‘zaxdan ozod bo‘lish fursati bo‘lgan oydir. Kim unda o‘z mamlukiga (qul va cho‘risiga) yengillik yaratsa, Alloh uni do‘zaxdan ozod qiladi». Muallo ibn Fazl aytadi: «Salaflar olti oy Ramazonga yetkazishini so‘rab Allohga duo qilishar, keyin olti oy bu oydagi ibodatlarining qabul qilinishini so‘rab iltijo etishar edi». Yahyo ibn Kasir: «Allohim, meni Ramazonga salomat yetkazgin, Ramazonni men uchun omon qilgin. Uni mendan maqbul holida qabul qilib olgin», deb duo qilar ekan. 5. Ramazonda shaytonlar kishanlanadi. Imom Ahmad rivoyat qilgan hadisda «Unda bebosh shaytonlar kishanlanadi», deyilgan. 6. Ramazonda jannat eshiklari ochiladi va do‘zax eshiklari yopiladi. Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ramazon kirganda jannat eshiklari ochiladi, do‘zax eshiklari yopiladi va shaytonlar zanjirband etiladi», dedilar». 7. Ramazon rahmat oyidir. Ramazonda Alloh taoloning rahamati jo‘sh uradi. Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda: «Ramazon bo‘lganda rahmat eshiklari ochiladi», deyilgan. Ramazonning avvalgi o‘n kunligi nafaqat oyning, balki yilning «rahmat kunlari» hisoblanadi. 8. Ramazon mag‘firat oyi. Uning o‘rtadagi o‘n kuni nafaqat oyning, balki yilning «mag‘firat kunlari» hisoblanadi. Abu Fazl Ramazon fazilati haqida Salmon roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «U avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat va oxiri do‘zaxdan ozod bo‘lish fursati bo‘lgan oydir», deganlar. Ramazonning oxirgi kechasi mag‘firat kechasidir. Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «U (Ramazon)ning oxirgi kechasida ro‘zadorlarning gunohlari kechiriladi», dedilar. Ular: «Ey Allohning Rasuli, u Qadr kechasimi?», deb so‘rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yo‘q, lekin ishchi ishini ado etganidan so‘ng ajri – haqi to‘la qilib beriladi», dedilar. Imom Ahmad rivoyat qilgan. 9. Ramazon istig‘for oyidir. Ya’ni bu oyda farishtalar ro‘zadorlar uchun Allohdan mag‘firat talab qilishadi. Imom Ahmad va Bayhaqiy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ummatimga Ramazonda besh xislat berildi, ular oldingi biror ummatga berilmagan: ro‘zador og‘zining hidi Allohning nazdida mushkdan xushbo‘ydir; ularga farishtalar mag‘firat talab qilishadi; Alloh har kuni jannatni bezab, «Solih bandalarim ustilaridan mehnat va aziyatlar uloqtirilib, sening oldingga kelishlariga oz qoldi», deydi; unda bebosh shaytonlar kishanlanadi, natijada ular undan boshqa paytlarda erishadigan narsalariga erisha olmay qolishadi; oxirgi kechada ro‘zadorlar mag‘firat qilinadi», dedilar». 10. Ramazon do‘zaxdan ozod bo‘lish oyidir. Uning oxirgi o‘n kunligi «do‘zaxdan ozod bo‘lish» kunlari sanaladi. Shu bilan birga, Ramazonda har kecha son-sanoqsiz kishilar do‘zaxdan ozod qilinadi. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ramzonda har kecha Allohning do‘zaxdan ozod qilinadiganlari bo‘ladi», deganlar. 11. Ramazon taqvo oyidir. Ramazon mo‘min kishiga taqvo malakasini baxsh etuvchi oydir. Chunki bu oyning asosiy xossasi hisoblangan ro‘za ibodatining eng katta natijasi – bu ro‘zadorda taqvo sifatini hosil qilishidir. Alloh taolo Baqara surasida Ramazon ro‘zasini farz qilgan oyatida: «Ey iymon keltirganlar! Sizlarga sizlardan oldingilarga ro‘za farz qilgani kabi ro‘za farz qilindi, shoyadki taqvodor bo‘lsangiz», deb, ro‘zaning asosiy fazilatini, xususiyatini bayon qilgan. 12. Ramazon saxovat oyidir. Ramazonda xususan sadaqa va xayru ehsonlarning savobi yanada ko‘p va ajri ulug‘ bo‘ladi. Shu bois, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonda har doyimgidan ham ko‘ra ko‘proq saxovat qilar edilar, hatto, Ibn Abbos roziyallohu anhumoning ta’biri bilan aytganda, erkin shamoldan ham saxovatli bo‘lib ketardilar. Shuning uchun ham musulmonlar qadimdan zakot ibodatini Ramazon oyida ado etishga odatlanishgan. Erkin shamol – bu aynan biror tomonga yo‘naltirilgan emas, balki har tarafga yetadigan shamoldir. Bunday shamolning bahrasi hammaga, uchraganki kishiga tegadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham Ramazonda saxovat qilishda xuddi o‘shanday shamolga o‘xshab ketar edilar, u zot shu qadar qo‘li ochiq bo‘lib ketardilarki, buni oddiy so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaganidan Ibn abbos roziyallohu anhumo mazkur ta’birni ishlatishni ma’qul ko‘rganlar. 13. Ramazon tinchlik elchisi, go‘zal axloq va yaxshi odob fursatidir. Birov bilan tortishish, janjallashish asli yaxshi ish emas. Ramazonda bunday amallardan yanada uzoqroq bo‘lish, hatto birov so‘ksa ham, haqorat qilsa ham, unga ro‘zadorligini aytishdan boshqa javob qaytarilmaydi. Imom Buxoriy va Nasoiy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qachon birortangizning ro‘za tutgan kuni bo‘lsa, shahvoniy so‘z va amllarni qilmasin hamda baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi yoki urishmoqchi bo‘lsa: «Men ro‘zador kishiman», desin», deganlar. 14. Ramazon ruhan poklanish, axloqan yuksalish oyidir. Ramazonda shaytonlar kishanlanib, insonni yomonlikka chorlovchi vasvasalari cheklanib, kishilarga o‘zlarini tarbiyalashga imkon beriladi. Binobarin, bu oyda qilingan gunohning jazosi qattiqroq bo‘ladi. Shu bois, hadislarda Ramazonda barcha axloqsizliklardan, gunohlardan poklanishga qattiq targ‘ib qilingan. Hatto, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim yolg‘on gapirishni va unga ko‘ra amal qilishni qo‘ymasa, uning taom va ichimligini tark etishiga Allohning ehtiyoji yo‘q», deganlar. Bu hadisni Buxoriy, Abu Dovud va Ibn Mojalar Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan. 15. Ramazon sabr-bardosh oyidir. Ro‘za tutib, bir qator noqulayliklarga, mashaqqatlarga qaramay, o‘zining eng muhim ehtiyojlarini tiygan kishi sabr va chidamning eng yuqori darajalarini o‘zlashtiradi. Shuning uchun ham, Abu Fazl keltirgan hadisda: «U (Ramazon) sabr oyidir, sabrning savobi esa jannatdir», deyilgan. 16. Ramazon rizq-ro‘zlarga barka beriladigan oydir. Salmon roziyallohu anhuning hadisida: «U (Ramazon) mo‘minning rizqi ziyoda qilinadigan oydir», deyiladi. 17. Ramazon salomatlik oyidir. Qadimda ham, hozirda ham ochlik bilan davolash muolajalari tabiblar o‘rtasida eng keng tarqalgan davolash uslublaridan hisoblanadi. Musulmon bo‘lmagan mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, inson jismonan sog‘lom yurishi uchun bir yilda 28, 29 kun ixtiyori och yurishi kerak ekan. Ramazon oyi esa 29, 30 kun davom etadi. Alloh taolo siz bilan biz mo‘min-musulmonlarga sog‘ligimiz garovi bo‘lgan ushbu muolajani ibodat qilib berib, ulkan ajru savoblarni, yaxshiliklarni va’da qilgan ekan. 18. Ramazonning birinchi kechasining ham alohida fazilati bor. Imom Termiziy, Nasoiy va Ibn Hibbonlar Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ramazonning birinchi kechasi bo‘lganda shaytonlar va bebosh jinlar kishanlanadi, do‘zax eshiklari berkitiladi, ulardan birortasi ham ochiq qo‘yilmaydi va jannat eshiklari ochiladi, ulardan birortasi ham yopilmaydi. Har kecha bir jarchi: «Ey yaxshilik talabgori, kelgin! Ey yomonlik talabgori, to‘xtagin!», deydi», deganlar. 19. Ramazonda har kuni jannat bezatiladi. Jannat o‘zi ta’rifiga til, fikrlashga aql ojiz darajada go‘zal. Ammo Ramazon kunlari u yanada bezatilar ekan. Hadisda: «Alloh taolo Ramazonda har kuni jannatini bezatadi», deyilgan. Imom Ahmad va Bayhaqiy rivoyat qilgan. 20. Ramazon ro‘za ibodati oyidir. Ramazon oyining eng buyuk xususiyati, fazilati – uning ro‘za oyi ekanidir. Ro‘zaning dunyaviy va uxraviy: ruhiy, jismoniy, axloqiy, ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa ko‘plab foydalari barchaga ma’lum. Biz ushbu oyning sharofati bilan ana shunday buyuk ibodatga sazovor bo‘lamiz. Ro‘za ibodatiga tegishli barcha fazilatlar bevosita Ramazon oyiga bog‘liqdir. Islom dinining besh ruknidan biri bo‘lgan ro‘za ibodati uchun aynan Ramazon oyining tanlanishi bu oyning fazli uchun yetarlidir. 21. Qiyomul-layl va tahajjud fazilati. Qiyomul-layl – kechani ibodat bilan bedor o‘tkazishning fazilati juda ham ko‘p. Ammo Ramozon kechlarida ibodat qilishning alohida fazilati bor. Shu bois, bunga hadislarda qayt-qayta targ‘ib qilingan. Barcha Sahih to‘plamlarda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim Ramazonning kechasini iymon bilan, savob umidida ibodat bilan o‘tkazsa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi», deganlar. 22. Iftorlik fazilati. Iftorlik bir qaraganda kechki taomlanish. Ammo shu oddiy taomlanish ro‘zador shaxs uchun buyuk fazilatlar, xursandchilik va xayru baraka omiliga aylantirilgan. Hatto barcha payg‘ambarlar iftorlik qilishga buyurilganlar. Imom Tabaroniy Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Biz – payg‘ambarlar jamoasi iftorni erta qilishga va saharlikni kechga surishga buyurilganmiz», deganlar. Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda jumladan shunday deyiladi: Ro‘zadorga ikki xursandlik bordir. Ular ila suyungay. Iftor qilganda suyungay va qachon Robbisiga yo‘liqqanda, ro‘zasi ila suyungay», degan». Imom Buxoriy Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Odamlar modomiki iftorga shoshilar ekanlar, yaxshilikda bo‘lib boraveradilar», dedilar». Imom Tabaroniy Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Har iftorlik vaqtida Allohning do‘zaxdan ozod qilinadiganlari bo‘ladi», deganlar. 23. Iftorlik berish fazilati. Bu ham Ramazonga xos amallardan sanaladi. Ibn Moja Zayd bin Xolid roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim bir ro‘zadorga iftorlik bersa, unga o‘sha ro‘zadorlarning ajricha ajr bo‘ladi, ularning ajrlaridan biror narsa kamaymaydi», dedilar. Salmon Forisiydan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim bir ro‘zadorga iftorlik bersa, bu uning uchun bir qul ozod qilish va gunohlari uchun mag‘firat bo‘ladi», dedilar. Shunda: «Ey Allohning Rasuli, hammamiz ham ro‘zadorga iftorlik qilib beradigan narsa topa olmaymiz-ku?», deyildi. U zot: «Bu savobni Alloh ro‘zadorga bir tatim sut yo xurmo yoki bir qultum suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga ato etadi. Ammo kim ro‘zadorni to‘ydirsa, bu uning gunohlari uchun mag‘firat bo‘ladi va Alloh unga mening Havzimdan ichimlik ichiradi, u to jannatga kirgunicha chanqamaydi. Unga ro‘zadorning ajricha ajr bo‘ladi, u(ro‘zador)ning ajridan hech narsani kamaytirilmaydi», dedilar». 24. Iftorlik paytidagi duoning fazilati. Iftorlikdagi duoning ham alohida fazilati bor. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Bismillah (Allohning nomi bilan). Allohim, Sening uchun ro‘za tutdim. Senga iymon keltirdim. Sening rizqing bilan iftorlik qilgum. Bas, mening oldingijyu keyingi gunohlarimni mag‘firat qilgin. O‘zing mendan qabul qilgin. Albatta Sen o‘ta eshitguvchi va bilguvchisan», deb duo qilardilar. 25. Iftorlik paytidagi duoning qabul bo‘lishi ham Ramazonning fazilatidandir. Ibn Moja Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Uch kishi bor, ularning duolari qaytarilmaydi: odil rahbar, ro‘zador iftor qilgunicha va mazlumning duosi», deganlar. 26. Saharlikning fazilati. Imom Muslim Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Saharlik qilinglar, chunki saharlikda baraka bor», deganlar». Imom Tabaroniy Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Saharlik to‘la barakadir. Bir ho‘plam suv bilan bo‘lsa ham, uni tark etmanglar. Chunki Alloh va U Zotning farishtalari saharxo‘rlarga salavot aytadi», deganlar. Imom Abu Dovud Amr ibn Os roziyallohu anhumodan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bizning ro‘zamiz bilan ahli kitoblar ro‘zasi o‘rtasidagi farq – saharlik yeyishdir», dedilar». 27. Qadr kechasining fazilati. Butun insoniyatning yillik taqdiri qayd qilinadigan, eng yuksak qadrli kecha – Qadr kechasi ham aynan Ramazon oyiga yashirilgan. Bu kechaning qanchalar ulug‘ligini anglashga quyidagi oyatlarni tadabbur qilish kifoya: «Albatta, Biz U(Qur’on)ni Qadr kechasida tushirdik. Qadr kechasi nima ekanini senga nima bildirdi? Qadr kechasi ming oydin yaxshiroqdir. Unda farishtalar va Ruh Robbilari izni bilan barcha ishlar uchun tushadir. U to tong otguncha salom bo‘lib turadir». Qadr surasi, 1–5-oyatlar. Imom Abu Dovud Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: «Kim Qadr kechasini ibodat bilan o‘tkazsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi», deyilgan. Ayrim sahoba va tobeinlar Qadr kechasini topish va ulug‘lash maqsadida Ramazoning oxirgi o‘n kechasida g‘usl qilib, o‘zlariga xushbo‘yliklar surtishni mustahab sanashar ekan. 28. E’tikof fazilati. Ramazonga oid eng ko‘zga ko‘ringan ibodatlardan biri masjidda e’tikof o‘tirishdir. Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam har Ramazonda o‘n kun e’tikof o‘tirar edilar. Vafot etgan yillari esa, yigirma kun e’tikof o‘tirdilar». E’tikof o‘tirish – bu dunyo ishlaridan uzilib, ibodat uchun ajrab chiqishdir. E’tikof aslida Ramazon oyida ado etilgani uchun, ba’zi ulamolar boshqa oylarda e’tikof o‘tirmoqchi bo‘lgan kishi ham albatta ro‘za tutib olishi kerak, deganlar. Oisha roziyallohu anho aytadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam qachon Ramazonning oxirgi o‘n kunligi kirsa, belni mahkam bog‘lab, kechalarini ibodat bilan o‘tkazar va ahllarini ham uyg‘otar edilar». Buxoriy rivoyati. 29. Ramazonning yana bir fazilati – fidya sadaqasidir. Ramazon ro‘zasini tutishga umuman imkon topa olamaydigan kishilar har bir kun uchun bir miskin taomini sadaqa qiladilar. Alloh taolo: «Uni qiynalib tutadiganlar zimmasida bir miskin taomi fidya bordir», degan. 30. Fitr sadaqasining fazilati. Fitr sadaqasi Ramazonga xos moliyaviy ibodatdir. Imom Daylamiy Jarir roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: «Ramazon oyi yer bilan osmon o‘rtasida muallaq turib qoladi, Alloh taoloning huzuriga faqat fitr zakoti bilangina maqbul holda ko‘tariladi», deyilgan. 31. Ramazondagi umraning fazilati hajga barobar keladi. Bu ham Ramazonning sharofati, albatta. Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ramazondagi umra men bilan birga qilingan hajning o‘rniga o‘tadi», deganlar». 32. Ramazonda qullar, asirlarni ozod qilish alohida sunnat amaldir. «Mishkot»da Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyi kirganda barcha asirlarni ozod qilib yuborar ekanlar. Salmon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda janob Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim unda (Ramazonda) o‘z mamlukiga (qul va cho‘risiga) yengillik yaratsa, Alloh uni do‘zaxdan ozod qiladi», deganlar. 33. Ramazonning xususiyatlaridan biri – safardagi kishi uni safardan qaytgach, shar’iy uzrga yaroqli kasallaikka chalingan kishi tuzalgach qazosini tutib berishi mumkin. Alloh taolo aytadi: «Sizlardan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, sanog‘ini boshqa kunlardan tutadir». Baqara, 184-oyat. Shuningdek, hayzli ayol poklanganda, namozdan farqli ravishda, Ramazon ro‘zasining qazosini tutib berishi lozim. 34. Ramazondan boshqa biror oy to‘la ro‘za bilan o‘tkazilmaydi. Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam Ramazondan boshqa payt hech qachon bir oy to‘liq ro‘za tutmaganlar». Buxoriy rivoyati. 35. Ramazonda tungi nafl namozlar masjidlarda jamoat bilan o‘qiladi. Fiqhiy kitoblarimizda nafl namozlarni jamoat bo‘lib o‘qishga doir turli fatvolar bor. Xususan, masjidda nafl namozlarni jamoat bo‘lib o‘qishdan qaytariladi. Faqat Ramazon oyida taroveh va tahajjud namozlarini, ularga qo‘shib vitr namozini jamoat bo‘lib o‘qish sunnatligini jumhur ulamolar ta’kidlagan. Shunga ko‘ra, butun Islom olamida Ramazon oyida masjidlarda mo‘min-musulmonlar taroveh va tahajjud namozlarini jamoat bo‘lib o‘qishadi, ularda xatmi Qur’onlar qilishadi. Bularning barchasi ushbu oyning fazilatlaridandir. 36. Ramazon bolalarni ibodatga qiziqtirish va chiniqtirish fursatidir. Sahobai kiromlar bolalarni ro‘za bilan ibodatga o‘rgatar va buning uchun ularga odatdagidan tashqari e’tibor berishar, turli o‘yinchoqlar bilan ularni o‘ynatishar edi. Imom Buxoriy Rubayyi’ binti Mu’avviz roziyallohu anhodan rivoyat qiladi: «Biz yosh bolalarimizga ro‘za tuttirardik va ularga jundan o‘yinchoq qilib berar edik, birortasi ovqat deb yig‘ilasa, to iftor vaqti bo‘lguncha unga o‘shani berib qo‘yar edik». 37. Ro‘zadorning og‘zidagi hid Allohning nazdida mushkdan ko‘ra xushbo‘yroqdir. Aslida og‘izdan hech qachon xushbo‘y hid chiqmaydi. Ammo ro‘zaning sharofatidan o‘sha yoqimsiz hid Alloh toloning nazdida dunyodagi eng xushbo‘y narsa, xushbo‘ylik haqida gap ketganda zarbulmasal qilinadigan mushkdan ko‘ra yoqimlik, xushbo‘yroq sanalar ekan. Ana shunday fazilatga Ramazon sharofati bilan erishiladi. Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, ro‘zador og‘zining hidi Allohning nazdida mushkning hididan xushbo‘yroqdir», deganlar». Shuning uchun ham, ulamolarimiz kunning ikkinchi yarmida tishni misvok qilmagan yaxshi, chunki misvok Allohning nazdida mushkdan xushbo‘y sanalgan mazkur hidni ketkazib yuborishi mumkin, deydilar. 38. Ramazonda unutishning ham fazilati bor. Ibodatlarda unutishga yo‘l qo‘yish aslida yaxshi sanalmaydi. Ammo ro‘zadorning unutishi ham unga Alloh taoloning ikromi, inoyati va fazlu marhamatining nishonasi bo‘ladi. Deyarli barcha sahih to‘plamlarda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Agar esda yo‘q yeb-ichib qo‘ysa, ro‘zasini tugal qilsin. Chunki uni Alloh taomlantiribdi va sug‘oribdi», deganlar. 39. Ramazonda yaxshi amallarning ajru savobi bir necha barorbariga ko‘paytirib beriladi. Ramazon haqida Salmon Forsiydan rivoyat qilingan uzun hadisda jumladan: «Kim unda ixtiyoriy ravishda bir yaxshi ish qilsa, xuddi bir farzni ado etgandek bo‘ladi. Kim unda bir farzni ado etsa, xuddi yetmishta farzni bajargandek bo‘ladi», deyilgan. Ibn Rajab rahmatullohi alayhi aytadi: «Ro‘zaning shundoq ham boshqa amallarga nisbatan ajri bir necha barobar ko‘p bo‘lgach, Ramazonning ro‘zasi ham boshqa ro‘zalarga nisbatan bir necha barorbar ustun bo‘ladi. Bu uning vaqtining sharofati va u Alloh farz qilgan ro‘za bo‘lanligi hamda U Zot bu ro‘zani Islom barpo qilingan arkon – ustunlarning biri qilgani e’tiboridandir». Ramazonda yaxshi amal qilgan kishi tabiiy ravishda uni ro‘zador holda bajaradi. Bir amalni ibodat ichida qilish uni boshqa payt qilishdan ko‘ra fazilatli va savobli bo‘ladi. 40. Ramazon kafforotdir. Ramazon oyi oldingi gunohlarni o‘chirib yuboradigan oydir. Imom Nasoiy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim iymon bilan, savob umidida Ramazon ro‘zasini tutsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi. Kim iymon bilan, savob umidida Ramazon kechalarini ibodat bilan o‘tkazsa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi. Kim Qadr kechasini iymon bilan, savob umidida ibodat bilan o‘tkazsa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi», deganlar. Abdurrahmon roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda esa «Albatta, Alloh taboraka va taolo sizlarga Ramazonning ro‘zasini farz qildi, men esa uning kechalarini ibodat bilan o‘tkazishni sizga sunnat qildim. Kim iymon bilan, savob umidida uning ro‘zasini tutsa va kechalarini ibodat bilan o‘tkazsa, gunohlaridan onasi tuqqan kundagidek toza bo‘ladi», deyilgan. Imom Buxoriy Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: «Kishining fitnaga uchrashi o‘z ahli, moli, farzandi va qo‘shnisi sababli bo‘ladi. Uni namoz, ro‘za, sadaqa, (yaxshilikka) buyurish va (yomonlikdan) qaytarish o‘chiradi», deyilgan. 40. Ramazon hayiti. Ramzonni eson-omon, ibodat va mislsiz aju savoblar ega bo‘lib o‘tkazganlikni nishonlash va buning uchun shukrona keltirish ma’nosida Islom shariatida Ramozondan keyingi oy – shavvol oyining birinchi kuni musulmonlar uchun bayram qilib berilgan. Hayit kunining barcha fazilatlari bevosita Ramazonning sharofati sanaladi. Ibn Hibbon va Imom Bayhaqiylar Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilishlaricha, u kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Ramazon oyi fazilatlari haqida gapira turib, jumladan quyidagilarni aytganlarini eshitgan ekanlar: «Fitr kechasi bo‘lganda bu kecha «Mukofot kechasi» deb nomlanadi. Fitr kuni bo‘lganda Alloh azza vajalla farishtalarni shaharlarga yuboradi, ular yerga tushadilar va ko‘chalarning og‘zida turib olib, inson va jindan boshqa barcha Alloh azza vajalla yaratgan narsalar eshitadigan ovozda nido qilib: «Ey ummati Muhammad, ko‘p savob beradigan va katta gunohlarni mag‘firat qiladigan karamli Robbingiz tomon chiqing», deydilar. Qachonki ular namozgohlariga chiqqanlarida, Alloh azza vajalla: «Ey farishtalarim, ijaraga yollangan kishining ishini bajargandagi mukofoti nimadir?», deydi. Ular: «Ilohimiz, Xojamiz, uning mukofoti haqini to‘liq berilishidir», deydilar. Shunda Alloh: «Men sizlarni guvoh qilamanki, ey farishtalarim, albatta Men ularning Ramazon oyining ro‘zasini tutganlari va kechalarini qoyim qilganlari savobini O‘zimning roziligim va mag‘firatim qildim», deydi». Boshqa bir rivoyatda kelishicha, mo‘min-musulmonlar Ramazon oyi ro‘zasini ado etib, namozgohga chiqqanlarida, Alloh taolo: «Ey farishtalarim, har bir ishchi o‘z haqini talab qiladi, men ularni mag‘firat qildim», deydi. Shunda bir nido qiluvchi: «Ey ummati Muhammad, manzillaringizga qaytinglar, batahqiq, gunohlaringiz hasanotlarga alishtirildi», deb nido qiladi. Shunda Alloh taolo: «Ey bandalarim, Mening uchun ro‘za tuttinglar, Mening uchun og‘iz ochdinglar, bas, mag‘firat qilingan holda o‘rinlaringizdan turinglar», deydi. Shuni yana bir bor alohida ta’kidlash lozimki, bu aytganlarimiz Ramazon oyining fazilatlari haqida biz bilgan, yodimizga tushgan ma’lumotlar, xolos. Uning yana ko‘plab boshqa yaxshiliklari, xususiyatlari, barakalari bor, albatta. Aziz o‘quvchi! Ramazonni g‘animat biling! Har galgi Ramazonni o‘zingiz uchun so‘ngi fursat deb qarang! Kimning ajali qachon, hech kim bilmaydi. Agar nasib bo‘lib, keyingi Ramazonga yetsangiz, xayr, bo‘lmasa, siz fursatdan unumli foydalanib qolgan bo‘lasiz, nadomat chekmaysiz. Afsuski, ko‘plab kishilar shunday ulug‘ oyning qadriga yetmaydilar, uni g‘animat bilmaydilar. Qanchadan qancha odamlar bu oyning kechalarini uyqida, g‘aflatda o‘tkazadi! Qanchadan qancha odamlar ibodat o‘rniga turli serial va behuda lag‘v narsalar bilan band bo‘lishadi! Qanchadan qancha odamlar bu oyda turli bahonalar bilan ro‘za tutmay, bemalol kundizida ham ovqatlanib yuraveradi! Yana kimlardir ro‘za tutsa ham gunohlar bilan ovora, g‘iybat va yolg‘onini tashlamagan! Qanchadan qancha insonlar iymoni bo‘lmagani uchun bu oyda ro‘za tutish fazilatidan umuman mahrum! Imom Buxoriy va boshqa buyuk muhaddislarimiz Abu Hurayra va Anas ibn Molik roziyallohu anhumolardan rivoyat qilgan quyidagi hadis barchamizni xushyor tortishga undaydi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam minbarga ko‘tarildilar-da, «Omin», dedilar. Keying ikkinchisiga ko‘tarildilar-da, «Omin», dedilar. So‘ng tik turdilar-da, «Omin», dedilar. Shunda u zotning ashoblari: «Nimaga «Omin» dedingiz, ey Allohning Rasuli?» deyshdi. U zot dedilar: «Jabroil alayhissalom kelib, menga: «Ey Muhammad, huzurida siz zikr qilsangiz-u, sizga solovat aytmagan kishining burni yerga ishqalsin», – dedi. Men: «Omin», – dedim. Keyin: «Ota-onasini yoki ulardan birini topgan, biroq ular uni jannatga kirgiza olmagan kishining burni yerga ishqalsin», – dedi. Men: «Omin», – dedim. So‘ng: «Ramazon oyini topib, mag‘firat qilingmagan kishining burni yerga ishqalsin», – dedi. Men: «Omin», – dedim». «Burni yerga ishqalsin», degan so‘z arablarda «xor bo‘lsin, yuztuban bo‘lsin» degan ma’noda ishlatiladi. Demak, Ramazon oyidan unumli foydalana olmagan, unda gunohlardan forig‘ bo‘la olmagan kishining holiga voy ekan. Chunki Alloh taoloning eng muqarrab farishtasi shunday deb duo qilgan ekan va bu duoga Robbulolamiynning eng suyukli Rasuli, oxir zamon Payg‘ambari «Omin» degan ekan. Bunday duoning ijobat bo‘lishida shubha bo‘lishi mumkin emas. Mana shu haqiqatlarni doimo yodda tutishimiz lozim. Fursatdan foydalanib, shuni ham aytib o‘tish joizki, Ramazon oyidan unumli foydalanish uchun alohida tayyorgarlik ko‘rish kerak, bir qancha odoblarga rioya etish lozim. Jumladan: a) Ramazon bilan tabriklash, unga yetishgani uchun shukr qilish, xursandchilik izhor etish; b) Ramazon kirganini xonadon ahliga, xususan yosh go‘daklarga bildirish, sezdirish. Bu ularga maxsus Ramazon tuhfalari ulashish, saharlik-iftorliklarga alohida e’tibor berish, oilaning nafaqasini odatdagidan keng qilish kabi ishlar bilan ro‘yobga chiqadi; v) Yillik dam olish oyligini, hech bo‘lmasa, bir qismini Ramazon oyiga to‘g‘rilash; g) Kundalik yumushlar, tirikchilik ishlarini biroz yengillatish. Bu ro‘zani qiynalmay tutishga, kechalari xatmi Qur’onlarda ishtirok etishga yordam beradi. d) Qur’on tilovati va ta’limiga alohida e’tibor berish. Imkoni bo‘lsa, o‘zi o‘qib, hech bo‘lmasa, tinglab Qur’onni bir bora xatm qilish. Alhamdulilloh, bugungi kunda yurtimizda qariyib mingta masjidda xatmi Qur’on bo‘lmoqda. Qorilarimiz namozda turib Qur’onni o‘qib berishmoqda. Bu faqat xayru barakadir. Bundan unumli foydalanishga har bir musulmon shaxs mas’uldir. Yilning boshqa oyida bu imkoniyat topilmaydi. Yanagi yilga kim bor, kim yo‘q; e) Ramazon oyidan shaxsiy va oilaviy ta’lim-tarbiya, ruhiy-axloqiy poklanish uchun unumli foydalanish. Turli gina-adovatlarni unutish, shaytonlarning bog‘liq turganidan foydalanib qolish lozim. yo) Ramazondan chiqishda mahzun bo‘lish ham ushbu oyga nisbatan bo‘ladigan odoblardan sanalishini ham unutmaslik darkor. Alloh taolodan bu yilgi Ramazon oyini ham barcha Islom yurtlari qatori aziz va janatmakon diyorimiz uchun ham xayrli, barakali qilishini, jonajon xalqimiz uchun ulkan fazilat va manfaatlar fursati qilib berishini tilab qolaman. Manba: islom.uz Download 34.44 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling