Alisher navoiy (1441-1501)


Download 1.04 Mb.
bet2/2
Sana09.11.2023
Hajmi1.04 Mb.
#1759495
1   2
Bog'liq
Alisher Navoiy

NODIRA
(1792-1842)
Nodira, (taxallusi; ismi Mohlaroyim) 1792 yil Andijonda dunyoga kelgan.
Oʻzbek shoirasi, maʼrifatparvari va davlat arbobi.
"Komila" va "Maknuna" taxalluslari bilan ham sheʼrlar yozgan. Otasi Andijon hokimi Rahmonqulbiy — oʻzbeklarning ming qabilasidan, Fargʻona hukmdori Olimxonning togʻasi. Olimxon ukasi Umarxonga Margʻilon hokimligini beradi va uni 1807-yilda Nodiraga uylantiradi. Nodira shu xonadonda sheʼr yozishni mashq qiladi, shoira Uvaysiy bilan tanishadi, uni muallima sifatida saroyga taklif etadi. Nodiraning turmush yoʻldoshi Amir Umarxon ham Amiriy taxallusida ijod qilgan.
Nodiraning sheʼriy merosi bir nechta devonlarining qoʻlyozmalari orqali yetib kelgan. Oʻzbekcha sheʼrlarida Komila va forsiyda Maknuna taxalluslari bilan ham asarlar yaratgan. Uning 10000 misraga yaqin asari yetib kelgan. Gʻazal, muxammas, ruboiy, fard kabi koʻplab janrlardan faol foydalangan. 1810-yilda akasi Olimxon oʻrniga taxtga chiqqan Umarxon bilan Qoʻqonga keladi. 1822-yil Umarxonning fojeali vafotidan soʻng oʻgʻli Maʼdalixon bilan birga Qoʻqon xonligini boshqaradi. Madrasa, masjid, karvonsaroylar qurdiradi. Ilm ahliga rahnamolik, faqirlarga homiylik qiladi. 1842-yil Buxoro amirligi hukmdori Amir Nasrulloh tomonidan qatl etiladi.

G‘AFUR G‘ULOM


(1903-1966)
O‘zbek adabiyotining mashhur namoyandalaridan biri G‘afur G‘ulom 1903 yil 10 mayda Toshkent shahrining Qo‘rg‘ontegi mahallasida tavallud topdi. To‘qqiz yoshida otasidan, o‘n besh yoshida onasidan yetim qolgan G‘afur avval eski maktabda, so‘ngra rus-tuzem maktabida ta’lim oldi. Shoir 1930—1935 yillarda «Ko‘kan» dostonini, «To‘y», «Ikki vasiqa» balladalarini yaratdi. Biroq, shoirning bir qator she’rlari, xususan, biz ko‘p yillar jamoalashtirish mavzuidagi yirik asar deb maqtab kelgan «Ko‘kan» dostoni hozirgi davr talablari darajasida emasligi sezilib qoldi. Jumladan, unda boshdan-oyoq maqtalgan jamoalashtirish siyosati ma’lum ijobiy natijalari qatorida cheksiz zulm-fojealarga ham sabab bo‘lganligi bor bo‘yicha realistik ifodalanmagan. 30-yillarda G‘afur G‘ulom hikoya, ocherk, feletonlar qatori «Netay», «Yodgor», «Tirilgan murda» kabi qissalarini ham yaratdi. U «Sen yetim emassan», «Kuzatish», «Vaqt», «Sog‘inish» kabi she’rlar, publitsistik ocherk va maqolalar yozib, xalqni jang va mehnat g‘alabasiga otlantirdi. G‘afur G‘ulom o‘zbek tarjima maktabining maydonga kelishiga ham ulkan hissa qo‘shgan. O‘zbek she’riyatining otashin jarchisi, ulkan so‘z san’atkori G‘afur G‘ulom 1966 yil 10 iyulda Toshkentda vafot etgan.


OYBEK
(1905-1968)


XX asr o‘zbek adabiyotining rivojiga salmoqli hissa qushgan ulug‘ adib, shoir, olim, jamoat arbobi Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek 1905 yil 10 yanvarda Toshkent shahrida bo‘zchi oilasida dunyoga keldi. 1930 yili O‘rta Osiyo Davlat dorilfununini tugatib, oliy maktablarda siyosiy iqtisoddan dars berdi. Oybek adabiyotga 1926 yili chop etilgan «Tuyg‘ular» she’riy to‘plami bilan kirib kelgan. Shoirning «Dilbar— davr qizi» (1931), «O‘ch» (1932), «Baxtigul va Sog‘indiq» (1933), «Temirchi Jo‘ra» (1933) dostonlari o‘z davrining she’riy solnomalaridir. U yaratgan «Qutlug‘ qon», «Navoiy», «Ulug‘ yo‘l», «Oltin vodiydan shabadalar», «Quyosh qoraymas» kabi epik polotnolar o‘zbek realistik romanchiligi taraqqiyotida muhim bir davrni tashkil etadi. Adibning avtobiografik qissasi — «Bolalik» 1963 yilda yaratilgan. Qissaning bosh qahramoni yosh Muso, ya’ni Oybekning o‘zidir. Oybek iste’dodli shoir, yirik nosir bo‘libgina qolmay, mashhur olim, publitsist, tanqidchi va tarjimon, davlat va jamoat arbobi hamdir. Oybekning o‘lmas asarlari ma’naviy xazinamizdan mustahkam o‘rin oldi va umumxalq mulki bo‘lib qoldi.
Oybek 1968 yil 1 iyulda 63 yoshida vafot etgan.



MAQSUD SHAYXZODA
(1908-1967)
O‘zbek adabiyotining atoqli namoyandalaridan biri, mashhur shoir, zabardast dramaturg, adabiyotshunos olim va tarjimon Maqsud Shayxzoda 1908 yil 25 oktyabrda Ozarboyjonning Oqdosh shahrida tavallud topti. Shayxzoda 1928 yilda Toshkentga kelib, turli gazeta va jurnallar muharririyatlarida, 1935—1938 yillarda esa Fanlar Qo‘mitasi qoshidagi Til va adabiyot institutida ilmiy xodim, 1938 yildan to umrining so‘ngiga qadar Nizomiy nomli Toshkent Davlat pedagogika institutining o‘zbek mumtoz adabiyoti kafedrasida dotsent vazifasida xizmat qilib, yuqori malakali kadrlar tayyorladi. Shoirning adabiy faoliyati 1929 yildan boshlandi. Uning «O‘n she’r» (1932), «Undoshlarim» (1933), «Uchinchi kitob» (1934), «Jumhuriyat» (1935) to‘plamlarining nashr etilishi adabiyotga o‘ziga xos ovozli shoir kirib kelayotganidan darak berdi.
Shayxzoda Pushkinning «Mis chavandoz», Lermontovning «Kavkaz asiri», Mayakovskiyning «Juda soz» dostonlari va ko‘plab she’rlarini, Shekspirning «Hamlet», «Romeo va Juletta» tragediyalari va sonetlarini, Nozim Hikmatning she’rlarini, ozarboyjon shoirlari asarlarini o‘zbek tiliga ag‘dardi. Shayxzoda asarlari qardosh xalqlar va xorijiy tillarga tarjima qilingan. Shayxzoda 1967 yil 19 fevralda vafot etdi. U Toshkentning Forobiy qabristonida dafn etilgan.

USMON NOSIR
(1912-1944)
30-yillarning ko‘zga ko‘ringan, el og‘ziga tushgan iste’dodli shoiri Usmon Nosir 1912 yil 13 noyabrda Namangan shahrida dunyoga keldi. Yoshligi Qo‘qonda bolalar uyida o‘tgan Usmon o‘rta maktabni bitirgach, 1931 yildan boshlab Alisher Navoiy nomidagi Samarqand Davlat universitetining til va adabiyoti fakultetida Amin Umariy, Adham Hamdamlar bilan birgalikda tahsil oldi. Usmon Nosirning ilk she’rlari maktabda o‘qib yurgan vaqtlaridayoq matbuotda ko‘rina boshlagan edi. Shoirning «Quyosh bilan suhbat» (1932), «Safarbar satrlar» (1932), «Traktorobod» (1934), «Yurak» (1935), «Mehrim» (1936) kabi she’riy to‘plamlari, «Norbo‘ta» va «Naxshon» dostonlari birin-ketin nashr qilindi. Uning «Norbo‘ta» (1932) asarida Usmon Nosir she’riyati, avvalo, hayotiyligi, jozibadorligi va isyonkorligi, ayni chog‘da sodda va ravonligi bilan kitobxon qalbidan chuqur o‘rin olgan. Uning tarjimasida Pushkinning «Boqchasaroy fontani», Lermontovning «Demon» («Iblis») dostonlari o‘zbek kitobxonlarining qalbiga yetib borgan. Jo‘shqin iste’dod egasi Usmon Nosirning asarlari hamisha kishini hayajonga soladi. Usmon Nosir qatag‘on davrining qurbonlaridan biri sifatida yosh umrini sho‘ro lagerlarida azob-uqubatda o‘tkazib, tutqunlikda 1944 yili vafot etgan..



SAID AHMAD


(1920-2007)
Said Ahmad (Hasanxo‘jaev Saidahmad) 1920 yil 10 iyunda Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1980). O‘zbekiston Qahramoni (1999). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1968). Toshkent rassomchilik bilim yurtida, Toshkent pedagogika institutida o‘qigan (1940—43). Birinchi hikoyalar to‘plami — «Tortiq» (1940). Ijodining kattagina qismi hajviy-yumoristik hikoyalar, qissalar, komediyalardan iborat. «Er yurak» (1942), «Farg‘ona hikoyalari» (1948), «Cho‘l burguti» (1960), «Cho‘l oqshomlari», «Odam va bo‘ron, «Yo‘qotganlarim va topganlarim» (1998), «Qorako‘z majnun» (2001), «Kiprikda qolgan tong» (2003) kabi asarlar muallifi. «Ufq» trilogiyasi (1964—74), «Jimjitlik» romani (1988), «Xandon pista» (1994), «Bir o‘pichning bahosi» (1995) hajviy to‘plamlari, 3 jildli «Tanlangan asarlar»i (2000) nashr etilgan. Uning yumoristik mahorati «Kelinlar qo‘zg‘oloni» (1976), «Kuyov» (1986) komediyalarida yorqin namoyon bo‘lgan. Feleton janrida ham samarali ijod kilgan. 1947 yil «xalq dushmani» sifatida hibsga olingan. Stalin vafotidan so‘ng oqlangan. «Kelinlar ko‘zg‘oloni» dunyoning ko‘plab mamlakatlarida sahnalashtirilgan.
2007 yil 5 dekabrda Toshkent shahrida vafot etgan.

ASQAD MUXTOR
(1920-1997)
Atoqli shoir, nosir va dramaturg Asqad Muxtor 1920 yil 23 dekabrida Farg‘ona shahrida temir yo‘l ishchisi oilasida tug‘ilgan. U 11 yoshida otadan yetim qolib, bolalar uyida tarbiyalangan. Maktabni tugatgach, Asqad Muxtor O‘zbekiston Davlat universitetiga (1938) kirib o‘qiydi. Asqad Muxtorning Toshkentga kelishi uning faoliyatida yangi sahifa ochdi. U «Yosh leninchi» (1945), so‘ngra «Qizil O‘zbekiston» gazetalarining muharririyatlarida bo‘lim mudiri, mas’ul kotib, «Sharq yulduzi» jurnalida bosh muharrir (1960—1965), O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasida kotib (1957) bo‘lib ishlaydi.
Asqad Muxtor «Tilak», «Tong edi», «Totli damlar» singari ilk she’rlari (1935—1938)da she’riyatning maqsad va vazifasini, shoirning jamiyat oldidagi burchini aniqlab olishga intiladi. Asqad Muxtor «Mardlik cho‘qqisi» (1948), «Yaxshilikka yaxshilik» (1949), «Samandar» kabi pesalar ham yozgan. Yozuvchining «Daryolar tutashgan joyda» (1950), «Qoraqalpoq qissasi» (1958), «Buxoroning jin ko‘chalari» kabi qissalarida, «Opa-singillar» (1955), «Tug‘ilish» (1963), «Davr mening taqdirimda» (1964), «Chinor» (1973), «Amu» kabi romanlarida zamonamizning muhim muammolari o‘z ifodasini topgan.
1997 yil 17 aprelda Toshkent shahrida vafot etgan.

OZOD SHAROFIDDINOV
(1929-2005)
O.Sharofiddinov 1929-yil 1-martda Qo‘qon yaqinidagi Oxunqaynar qishlog‘ida tug‘ildi. Toshkentdagi 14-o‘rta maktabni, O‘rta Osiyo Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) filologiya fakultetini tugatdi (1951). Moskvada aspiranturani, keyinchalik fan nomzodi ilmiy darajasini oldi (1955).
Ozod Sharafiddinov XX asrning 60- yillaridan XIX asrgacha bo‘lgan o‘zbek adabiy jarayonidagi holatlarni “Talant – xalq mulki” (1979), “Adabiyot – hayot darsligi” (1981), “Go‘zallik izlab” (1985), “Haqiqatga sadoqat” (1988), “Sardaftar sahifalari” (1999), “Prezident” (2003) singari asarlarida aks ettirdi.
Ozod Sharofiddinov XX asrning 90-yillari o‘rtalarigacha O‘zbekiston milliy universitetida professor bo‘ldi. 1995—1997-yillarda “Tafakkur” jurnali bosh muharrir o‘rinbosari vazifasini o‘tadi.
U 1997-yildan "Jahon adabiyoti" jurnalining bosh muharriri. Ozod Sharofiddinov Beruniy nomidagi Davlat Mukofoti laureati (1970), “Buyuk xizmatlari uchun” (1999), “Mehnat shuhrati” (1997) ordenlari sohibi. 2002-yil 23-avgustda Ozod Sharafiddinovga “O‘zbekiston qahramoni” unvoni berildi.
Taniqli munaqqid Sharofiddinov 2005-yil 76-yoshida vafot etdi.


TO‘RA SULAYMON


(1934-2005)
To‘ra Sulaymon 1934 yil 15 fevralda Sirdaryo viloyatining Baxmal tumanida tug‘ilgan.
O‘rta maktabni 1952 yilda tugatgach, maktablarda o‘qituvchilik qilgan.
U 1958-1964 yillar Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetini sirtdan o‘qib bitirgan. Avval “Guliston” nomli tuman, so‘ng “Sirdaryo haqiqati” nomli viloyat gazetalarida mas’ul kotib bo‘lib ishlagan.
To‘ra Sulaymon shoir sifatida matbuotda 1958 yildan ko‘rina boshladi. 1962 yilda esa uning “Istar ko‘ngil” she’riy to‘plami chop etildi. Uning “Alhazar” nomli hajviy she’rlar to‘plami 1979 yil “Mushtum” jurnali sovriniga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, “O‘zbekiston xalq shoiri” mukofoti bilan taqdirlangan. She’rlar yozish bilan bir qatorda, To‘ra Sulaymon musiqiy jo‘rlikda baxshilik qilgan.
U hayotining so‘nggi kunlarida “Al-qasosu min Al-haq” nomli epopeyasi ustida ishlagan. Mazkur asar uchun u O‘zbekiston xalq shoiri unvoniga loyiq topilgan.
2005 yil vafot etgan, Gulistonga dafn etilgan.


MUHAMMAD YUSUF


(1954-2001)

Muhammad Yusuf 1954 yil Andijon viloyatining Marhamat tumani Qovunchi qishlog‘ida dehqonlar oilasida tug‘ilgan.


1971 yil o‘rta maktabni tugatib, u Respublika rus tili va adabiyoti institutiga o‘qishga kiradi, o‘qishni bitirib, O‘zbekiston kitobxonlar jamiyatiga muharrir bo‘lib ishga kiradi.
1996 yil shoir O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi bo‘ladi. Avvaliga, u adabiy maslahatchi, 1997 yildan umrining oxirigacha O‘zbekiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi rais o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi.
Shoirning adabiyot rivojiga qo‘shgan hissasi munosib baholangan. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning farmoni bilan, Muhammad Yusuf “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan, “O‘zbekiston xalq shoiri” sharafiga musharraf bo‘lgan.
Muhammad Yusuf uchun har bir so‘z, hayotidagi har bir hodisa she’riyat edi. Ijodiy pallasi parvoz vaqti uzilgan... Shoir 2001 yilning 29 iyul kuni vafot etgan.
Download 1.04 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling