Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy axloqiy-falsafiy qarashlaridagi mushtaraklik
Download 16.86 Kb.
|
maqola 2
Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy axloqiy-falsafiy qarashlaridagi mushtaraklik (“Mahbub ul-qulub” va “Bahoriston” asarlari misolida) Muftullayeva Gavhar O'zbek tili va adabiyoti yo'nalishi 1-kurs magistranti Alisher Navoiyning hayoti va ijodiy faoliyatini o’rganish asnosida biz shu narsaga amin bo’lamizki, buyuk fors shoiri Nuriddin Abdurahmon Jomiy Navoiy uchun eng yaqin maslakdosh, yoshi jihatidan ustoz, aslida esa yaqin do’st edi. Bu esa, tabiiyki, ularning ijodiy jarayonlariga ham o’z ta’sirini o’tkazgan. Jomiy o’zining “Nafohat ul-uns”, “Bahoriston” asarlarida Navoiyni hurmat bilan tilga oladi. Navoiy ham ustoz maqomida ko’ruvchi bu zotni ulug’laydi va “Xamsat ul-muttahayyirin” dek yodnoma asarini yozadi. Ushbu asarning o’zi Navoiy va Jomiy munosabatlari haqida yetarlicha tasavvur uyg’otadi. Asarda keltirilgan hayotiy voqealar ikki buyuk hikmat sohibining hamkorlik tarixidan lavhalar ekanligi shunday izohlanadi: Ayni zamonda poklik, halollik, iymon va diyonatgina hukm surishi mumkin bo’lgan ijod olamida kuzatilmagan yoxud kamyob hodisalar bu ikki alloma tajribasida namoyon bo’ladi.1 Abdurahmon Jomiyning “Bahoriston” va Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asarida ilgari surilgan g’oyalar, axloqiy tushunchalarning hamohangligi, fikrlardagi mushtaraklikning asosiy boisi shuki, bu ikki mutafakkir asarlari sharqning beqiyos va durdona asari bo’lmish, Sa’diyning “Guliston” asari ta’sirida yuzaga kelgan, ya’niki bosh ildizi aynan shu asarga borib taqaladi. Bu “Bahoriston” muqaddimasida Jomiy tomonidan quyidagicha izohlanadi: …Shu asnoda xotiramga uning sharif so’zlaridan sharaflanib va latif she’rlaridan ilhomlanib, shu turda va shu uslubda bir necha varaq ijod qilib, hozirlarga doston va g’oyiblarga armug’on etish fikri keldi.2 Jomiy Sa’diy ijodiga yuksak baho berar ekan, Navoiyning ham uning “Guliston” va “Bo’ston” asarlarini sevib mutolaa qilgani va undagi ma’no-mohiyat uning asarlari mohiyatiga singib ketgani bizga yaxshi ma’lum. Shuning uchun bo’lsa kerak, Navoiy umrining so’ngida yaratgan “Mahbub ul-qulub” asarida ham “Guliston” asari ta’siri sezilib turadi. Jomiy va Navoiy qarashlaridagi yaqinlik sabr-qanoat, saxovat va karam, do’stlik va do’stlikning qadriga yetmoq, baxillik, sir saqlash va tilni tiyish, so’zning qudrati va hasadgo’ylik kabi yaxshi va yomon xususiyatlar borasidagi fikrlarida yaqqol ko’rinadi. Quyida ularning ayrimlariga to’xtalamiz. Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarida do’stlikni shunchalik ulug’laydiki, do’stni inson o’zidan-da yuqorida ko’rishi va yomonlikni ravo ko’rish kerak bo’lsa ham, uni do’stiga emas, balki o’zi ravo ko’rmog’i lozimligini uqtiradi: Har kimki, birov bila yordur yoki yorlik da’viysida bordur, berakkim o’ziga ravo tutmog’onni yoriga ravo tutmasa, ko’p nimakim, o’ziga ham ravo tutsa, anga tutmasa.3 Jomiy esa inson do’stidan yomonlik ko’rganida ham shu jafo toshlari mehr uyini obod qilishi darkorligini aytadi: Chin do’st ul-do’stligi oshaversa gar, Do’stidan yomonlik ko’rganida ham Boshiga ming jafo toshi yog’ilsa Mehr uyi u toshdin bo’lur mustahkam (B. 6-bet). Mol-dunyo, boylik ilinjida kun ko’ruvchi, hayotini shunga baxshida etgan kimsalarni Navoiy ham, Jomiy ham qoralaydi. Mehnat bilan topilgan har qanday boylik do’stlar bilan baham ko’rilishi lozimligi, aks holda u dushmanlar qo’lida qolib ketishi har ikki ijodkorning asarlarida ham o’z aksini topgan: Zahmat bila topqoningni o’zingdin ayama va mehnat bila yiqqoningni do’stlar bila, dushmanlar uchun asrama (M.Q. 515-bet). …Karamlilar boylikni do’stlari bilan birga hisob etadilar va aqlsiz xasislar dushmanga qoldirib ketadilar (B. 11-bet). Jomiy va Navoiy asarlaridagi saxovat bobidagi qarashlarda ham mushtaraklik ko’zga tashlanadi. Ular maqtov uchun qilingan saxiylikni saxiylik deb bo’lmasligini ta’kidlashadi: Mubohot uchun bermak xudnamoliq va aning bila o’zin saxiy demak behayoliq (M.Q. 507-bet). Saxovat biror narsaga qarab yoki evaziga biror narsa talab bo’lsa, hatto talab etilgan narsa maqtov va minnatdorchilik bo’lgani taqdirda ham u saxovat emas. (B. 34-bet). Bu kabi axloqiy qarashlardagi o‘xshash jihatlar juda ko’plab topiladi. Sir saqlash va tilni tiya bilish borasida Navoiy va Jomiy fikrlari bir chashmadan suv ichgani shundoqqina bilinib turadi. Navoiy siringni o’zing asrolmaganing holda, uni birov qanday asrasin, degan o’rinli fikrlarni bildirsa, Jomiy hazratlari do’st deb bilib siringni aytgan insoning kun kelib dushmanga aylanishi mumkinligini uqtiradi. Xalqimiz orasida aforizmga aylanib ketgan “Avval o’yla, keyin so’yla” ibratli so’zlari ham “Mahbub ul-qulub” tanbehlaridan o’rin olgan. Navoiy bu borada yana quyidagi mulohazalarni bildiradi: So’zni ko’nglungda pishqormag’uncha, tilga kelturma, harnakim ko’nglungda bo’lsa, tilga surma (M.Q. 543-bet). Jomiy esa hikoyatlaridan birida Hind maliki tilidan: Har so’zki tilimdan uchdi, hukmronlik unga ko’chdi, aytmagan so’zimga esa o’zim hokim, qachon xohlasam shunda aytgum (B. 16-bet). Ko’rinib turibdiki, har ikki ijodkor ham so’zni o’rni bilan o’z vaqtida ishlatish insonni kamolot sari yetaklashi, aksincha o’ylamay chiqarilgan har bir so’z insonning o’ziga qarshi qo’yilmogi, uning ustidan hukmronlik qilmog’i juda chiroyli ifodalab berilgan. Adabiyotshunos Hamroqul Berdiqulov Alisher Navoiyning “Xamsa” dostonlaridagi Abdurahmon Jomiyga bag’ishlangan madhlarini o’rganar ekan, bu ikki qalam sohibining ruhan yaqinligi sababini tariqat yo’lidagi birlikda ko’radi: Navoiy “Hayrat ul-abror” baytlarida “tariqat ilmining qutbi markazi, haqiqat sirlarini ochuvchi zot” deb ta’riflagan Jomiy chindan ham zohir-u botin ilmini mukammal bilgan zamonasining eng mashhur kishisi edi.4 “Bahoriston” va “Mahbub ul-qulub” asarlarini tahlil qilish jarayonida shunday xulosaga kelish mumkinki, bu ikki asar tuzilishi jihatdan bir-biridan farq qiladi. Lekin ikkala asardagi didaktik tushunchalar, qarashlar, hikmat durdonalari bir-biriga juda yaqin turadi. Buning obyektiv va subyektiv sabablari esa, yuqorida aytib o’tganimizdek, Navoiy va Jomiy hazratlarining tariqat yo’li, ustoz-shogirdlik an’anasi, qolaversa, bu ikki asarlarining yaratilishi uchun ma’lum darajada asos bo’la olgan “Guliston” va “Bo’ston” asarlaridir. Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati 1. Abdurahmon Jomiy. Bahoriston. Yangi asr avlodi, 2007-yil. 2. A. Navoiy. Mahbub ul-qulub. To’la asarlar to’plami. 10 jidlik. 9-jild. 3. R. Vohidov,H. Eshonqulov. O’zbek mumtoz adabiyoti tarixi. Toshkent, 2006-yil. 4. H. Berdiqulov. A. Navoiy va A. Jomiy o’rtasidagi buyuk do’stlik namunasi.Uluslararasi turk lehce arastirmalari dergisi /TURKLAD/3. CILD. 2.SAYL.2019. TURKIYE. 1 R. Vohidov,H. Eshonqulov. O’zbek mumtoz adabiyoti tarixi. Toshkent, 2006-yil. 420-bet. 2 Abdurahmon Jomiy. Bahoriston. Yangi asr avlodi, 2007-yil.3-bet.(Keyingi misollar ham shu manbadan olinadi va sahifasi qavs ichida ko’rsatiladi). 3 A. Navoiy. Mahbub ul-qulub. To’la asarlar to’plami. 10 jidlik. 9-jild.512-bet. (Keyingi misollar shu manbadan olinadi va sahifasi qavs ichida ko’rsatiladi). 4 H. Berdiqulov. A. Navoiy va A. Jomiy o’rtasidagi buyuk do’stlik namunasi. Uluslararasi turk lehce arastirmalari dergisi/ TURKLAD/ 3.CILD. 2 SAYL.2019. TURKIYE. Download 16.86 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling