"Alpomish"dostonining badiiy xususiyatlari


Download 28 Kb.
Sana08.01.2022
Hajmi28 Kb.
#241942
Bog'liq
Alpomish


“Alpomish”dostonining badiiy xususiyatlari 

“Alpomish” dostoni badiiy jihatdan ham xalqimiz og’zaki ijodidagi eng mukammal asarlardan biridir. Fozil Yo’ldosh o’g’li mohir va tajribali baxshi bo’lgani uchun asardagi voqealarni bayon qilishda shoqiyofasini, ichki dunyosi, atrofdagi tabiat  manzaralarini, voqea-hodisalarini izchil ta’riflaydi. Tomoshabin ko’z oldida jonli voqea tasvirini hosil etadi. Qahramonning xatti-harakatlarini dalillashga alohida e’tibor beradi, shuning uchun ham tinglovchi ko’nglida doston mazmuni bilan bog’liq yechilmagan jumboq qolmaydi.

“Alpomish” dostoni mubolag’a, o’xshatish, sifatlash kabi badiiy vositalarga juda boydir. Masalan, Alpomishning yoshligi bilan bog’liq mana bu lavhani olaylik: “Hakimbek yetti yoshga kirgan. Alpinbiy bobosidan qolgan o’n to’rt botmon birinchdan bo’lgan parli yoyi bor edi. Ana shunda yetti yashar bola Hakimbek shul o’n to’rt botmon yoyni qo’liga ushlab ko’tarib tortadi, tortib, qo’yib yuboradi. Yoyning o’qi yashinday bo’lib ketdi, Asqar tog’ining katta cho’qilarini yulib o’tdi, ovozasi olamga ketdi”. Lug’atlarda og’irlik o’lchovi sifatida qayd etilgan “botmon” O’rta Osiyo xalqlari orasida 2 puddan 16 pudgacha vaznga ega ekani ko’rsatilgan. Agar har pud 16 kilogrammga teng ekanini nazarda tutsak, 14 botmon 224 kilogramm bo’ladi. 7 yoshli Hakimbekning turli metall ma’danlardan quyilgan (birinchdan bo’lgan) shu qadar og’ir yoyni  ko’tara olishi, unga mos o’q joylashi va o’qni otib, katta tog’ning cho’qqisini uchirib yuborishi tinglovchi mazkur voqeaning sodir bo’lganiga mutlaqo shubha bildirmaydi. Chunki Hakimbekning dunyoga kelishini ilohiy kuchlar bashorat qilgandilar, Shohimardon pirining o’zi qalandar qiyofasida kelib, Boybo’rining yangi tug’ilgan o’g’liga Hakimbek deb nom qo’ygandi. Mubolag’ali o’rinlar Hakimbek, to’qson alplarning tog’dek gavdalari, Barchin, Qaldirg’ochning go’zalligi tasvirida, botirlarning kurashlarida, otlarning poygasida juda o’rinli yaratilgan. Dostonda ajoyib o’xshatishlarni ham uchratamiz: 

Ostingda bedoving  halloslar qushday,

Achchig’ing chillali muzlagan qishday. 

Bu satrlarda uzoq masofani bir zumda bosib o’tadigan Boychibor qushga, Alpomishning g’azabi butun atrofni muzlatib yuboradigan qishga o’xshatilyapti.



Dostonda: 

Davlat qo’nsa, bir chivinning boshiga,

Semurg’ qushlar salom berar qoshiga.

Ot chopsa gumbirlar tog’ning dorasi,

Urushda bilinar mardning sarasi- 

kabi hikmatli so’zlar tez-tez uchraydi. Ma’lum bo’ladiki, “Alpomish” dostonining tashkil topgan mazmuni so’z san’atining go’zal badiiy vositalari bilan bezatilgan holda tinglovchiga taqdim etilgan. Shuning uchun ham doston asrlar osha xalqimiz tomonidan sevib tinglanmoqda va o’qib kelinmoqda.
Download 28 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling