Amir temurning harbiy yurishlari


III.Bob. Amir Temurning qo’shin tuzilishi


Download 63.14 Kb.
bet6/10
Sana16.06.2023
Hajmi63.14 Kb.
#1497706
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
Bog'liq
AMIR TEMURNING HARBIY YURISHLARI

III.Bob. Amir Temurning qo’shin tuzilishi.
Temurbek barpo etgan armiyaning tuzilishi CHingizxon tuzgan qo’shin tizimi va tuzilishiga ma`lum darajada yaqin bo’lsa-da, biroq quyidagi muhim jihatlari bilan farqlanar edi:

  1. CHingiziylar qo’shini yalpi majburiyat asosida harbiy xizmatga chaqiriladigan xalq lashkaridan iborat bo’lgan holda, Temurbek armiyasi umumxalq xarakteriga ega emas edi.

  2. CHingizxon davrida qo’shin asosini ko’chmanchi omma tashkil qilgan edi. Temurbek qo’shiniga oliy bosh qo’mondon ko’rsatgan aniq talabga binoan chorvadorlar qatori kosibchilik, hunarmandchilik, dehqonchilik bilan mashg’ul o’troq aholidan ham sezilarli miqdorda askar olingan.

  3. Temurbek qo’shinida harbiy kuchlarning asosini tashkil qiluvchi otliq askarlar bilan bir qatorda piyodalardan tuzilgan qismlar ham anchagina bo’lgan. Ma`lumki, CHingizxon qo’shini, zabt etilgan mamlakatlar aholisidan majburiy tartibda tuzilgan hasharni hisobga olmaganda, piyoda askarlarga ega bo’lmagan.

  4. Temurbek Sharqda birinchilardan bo’lib o’z armiyasiga o’t sochar qurol, ya`ni to’p-ra`dni olib kirdi.

  5. Sohibqiron tog’li hududlarda jang harakatlari olib boruvchi piyodalardan tuzilgan maxsus harbiy qismlarni tashkil qildi.

  6. Temurbek jahon harb san`ati tarixida birinchi bo’lib qo’shinni jang maydonida etta qo’lga bo’lib joylashtirish tartibini joriy etdi.

  7. Temurbek armiyasida ayollardan tuzilgan bo’linmalar bo’lib, ular jang chog’i erkaklar bilan bir safda turgan, qahramonlik va matonat namunalari ko’rsatgan.

Temurbek qo’shini tarkibini Movarounnahr, Dashti Qipchoq, Xuroson, eron, Badaxshon, Mo’g’uliston, Xorazm, Mozandaron, Jata singari erlardan yig’ilgan askarlar tashkil qilar edi.
Unda muntazam qo’shinga xos bo’lgan ko’pgina belgilar mavjud edi: qo’shin son jihatdan aniq va puxta tashkil qilingan, uning jangovar tartibi-yasol jangdan-jangga takomillashtirib borilgan, armiya o’z zamonasining ilg’or qurol va texnikasi bilan qurollangan, aynan bir turdagi qurol-yarog’, aslaha-anjom bilan ta`minlangan, qismlar bir-biridan kiyim-boshi, tutgan bayroq yoki tug’i orqali ham farqlangan. Bunday ajralib turish jang paytida qo’shinni boshqarishda juda qo’l kelgan.
Dushman mudofaasini turli usullar yordamida barbod qilish, g’anim tomonning yirik va mustahkam mudofaa inshootlariga ega bo’lgan shaharlariga qo’qqisdan kuchli zarba berish, zabt etilgan mamlakatning boshliqlarini va ayniqsa, lashkarboshilarini hibsga olish, qal`a va qo’rg’onlarni uzoq muddat davomida muhosara qilish, yov kuchlarini iloji boricha keng qamrovda qurshab olish, uning qishloq, shahar, tuman, viloyatlarini birin-ketin fath etish, dushmanni batamom yakson etgunga qadar ta`qib qilish. Fath bo’lgan yurtlarni boshqarish uchun o’zining ishonchli vakillarini tayinlash singari strategik maqsadlarini ko’zlab ish yuritish Temurbekka ko’plab zafarlar olib keldi20.
Taktika jihatdan Temurbek armiyasi o’ziga xos xususiyatlarga ega edi. Qo’shinning yasoli qoraxoniylar, G’aznaviylar, Saljuqiylar, CHingiziylar qo’shini jangovar tartibdan farqli o’laroq, etti qism-qo’lga ajratilgan, razvedka a`lo darajada yo’lga qo’yilgan, qismlarning jang maydonida hamda yurish vaqtida talab darajasida harakat qilishi uchun zarur tadbir va rejalar ishlab chiqilgan, ularni jang paytida operativ boshqarishga alohida katta e`tibor qaratilgan. Temurbek o’nlik, yuzlik, minglik hamda tuman qo’mondonlarini tanlash masalasiga bevosita ega bo’lgan qo’mondonlarning to’g’ri tanlaganligi va o’z joyiga qo’yilganligi aksar hollarda jang natijasining muvaffaqiyatli yakunlanishiga sezilarli ta`sir ko’rsatgan21.
Sohibqironning harb san`ati rivojiga qo’shgan ulkan xizmatlaridan yana biri-qo’shin qanotlarini jang chog’ida dushman hujumidan muhofaza qilish va aksincha g’anim kuchlarini yon tomondan aylanib o’tib, unga ortdan zarba berish maqsadida tuzilgan otliq qism-kunbulning joriy etilishidir. Bunday mutlaqo yangi harbiy qism, tarixning guvohlik berishicha, Aleksandr Makedonskiy, Gannibal, Lyudvig XIV, Buyuk Fridrix, CHingizxon kabi dongdor sarkardalar qo’shinida bo’lmagan. Faqat XIX asrning atoqli lashkarboshisi Napoleon Bonapart armiyasining jangovar tartibida qo’shin qanotlarini himoyalovchi qism mavjudligini kuzatish mumkin. Harbiy mutaxassislarning, Napoleon Sharq mamlakatlariga harbiy safar qilishdan avval Temurbek armiyasi tuzilishini, uning jang olib borish yo’l-yo’riqlarini sinchiklab o’rgangan, zarur topgan taktik usullarni o’zlashtirgan degan mulohazasi, har qalay, haqiqatdan yiroq emas.
Xo’sh, turk-mo’g’ul xalqlari armiyasining besh qismdan iborat an`anaviy jangovar tartibiga o’zgartirish qachon kiritildi, ya`ni yasolni etti qismga bo’lishga sohibqironni qanday zaruriyat majbur etdi, degan savolning tug’ilishi tabiiy.
Ushbu savolga qoniqarli javob olish uchun Temurbekning Balx hokimi amir Xusayn (1370 yili o’ldirilgan) bilan ittfoqda 1365 yili Jata (Mo’g’uliston) xoni Ilyosxo’jaga qarshi qilgan, tarixga «loy jangi» nomi bilan kirgan muhorabada ittifoqdoshlar cherigi qanday yasolda joylashganligini kuzatish kerik bo’ladi.
Tarixiy manbalarda keltirilgan ma`lumotlarga qaraganda, otliq askarlar Temurbek armiyasining zarbdor qismi hisoblangan, ular og’ir va engil qurollar bilan qurollangan suvoriy guruhlarga bo’lingan. Yoy, sadoq va qilich bilan engil qurollangan otliqlar asosan razvedka va soqchilikchilik bilan shug’ullangan, o’ta zarur chog’dagina dushman kuchlari bilan jang qilish huquqiga ega bo’lgan.
Yurishga jo’nashdan oldin Temurbek arkoni davlat vazirlar, sarkardalar, beklar, amirlarni harbiy kengash-mashvaratga chorlagan. Ayni chog’da ulusning turli viloyat va tumanlaridan, shuningdek tobe yurtlardan qo’shin to’plash uchun maxsus buyrak-tunqal e`lon qilingan. Farmon kerakli joylarga yuqori mansab egasi, bosh qo’mondonning ad`yutanti-tavachi tomonidan tezlik bilan etkazilgan. Tavachining zimmasiga askar jamlashdan tashqari qo’shin qismlarining qarorgoh yoki safardagi o’rni, jangovar tartib-yasolni hamda bir joydan ikkinchi joyga ko’chishni nazorat qilish ham yuklatilgan edi.
Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishiga ko’ra, Temurbek Dashti Qipchoqqa qilingan yurish (1390-1391) oldidan qo’shinni bir yilga etadigan oziq-ovqat, qurol-yarog’, kiyim-kechak va boshqa safar uchun zarur ashyolar bilan ta`minlashni o’z noiblariga buyurgan. Har bir suvoriyga bitta yoy, 30 ta o’q, bir sadoq, bir qalqon va bitta qo’shimcha ot ajratilgan. Yurish vaqtida har o’n jangchi bir chodir, ikki belkurak, bir kerki, bir o’roq, bir arra, bir tesha, bir bolta, 100 dona nina olgan.
Abdurazzoq Samarqandiy har bir jangchining shuningdek, yarim man og’irligida arqon, bir dona pishiq teri va bitta qozon olib kelishi lozim bo’lganligini qayd etadi.
«Temur tuzuklari»da ta`kidlanishicha, safar chog’ida oddiy askarlarning har o’n sakkiztasiga bitta chodir berilgan. Har bir jangchi ikkita ot, yoy, sovut, qilich, juvoldiz, qop, o’nta nina, arra va teri xaltaga (chanach) ega bo’lgan.
Sara jangchilarning har beshtasi bir chodirga joylashgan. Ularning har bittasi dubulg’a, sovut, qilich, o’q-yoy, sadoq va buyruqda ko’rsatilgan miqdorda ot bilan ta`minlangan.
O’nbegining alohida chodiri bo’lgan. U sovut, qilich, o’q-yoy, sadoq bilan qurollangan va beshta qo’shimcha ot olish huquqiga ega bo’lgan. Yuzbegining ham alohida chodiri bo’lgan. Uning qurol-yarog’i qilich, o’q-yoy, sovut, sadoq, gurzi, oyboltadan iborat bo’lgan. Unga o’nta qo’shimcha ot berilgan.
Mingbegi chodirdan tashqari soyabon bilan ham ta`min etilgan. Dubulg’a, zirih (chahoroyna), sovut, nayza, qilich, sadoq va o’q singari rang-barang qurol turlari bilan qurollangan22.
Piyoda askarlar asosan qilich, kamon va kerakli miqdorda o’q bilan safarga chiqqan. Miod erida oliy bosh qo’mondonning borgohi tikilgan va u turli rangdagi tug’ hamda bayroqlar bilan bezatilgan. Belgilangan vaqtda (miod vaqti) da lashkargohga etib kelgan askarlar qat`iy tartib va intizom bilan o’z bo’ljar (pozitsiya)larini egallagan hamda yurish oldidan o’tkazilajak an`anaviy harbiy ko’rikka puxta tayyorgarlik ko’raboshlagan.
Sohibqiron yurish paytida tajribali sipohiylarga katta ishonch bildirgan. Ko’p marotabali so’qishlarda suyagi qotgan, urushni o’zining bosh mashg’uloti deb sanagan jangchilar safar boshlanishidan avval jam qilingan. Ular kirim-chiqim daftariga, shuningdek davlatdan maosh-ulufa, oziq-ovqat, em-hashak oluvchilar ro’yxatiga kiritilgan. Tuzilishiga ko’ra Temurbek armiyasi turk-mo’g’ul xalqlari uchun an`anaviy bo’lgan o’n. Yuz, ming va tumanlarga taqsimlangan. Ularga o’nbegi, yuzbegi, mingbegi, tumanbegilar sardorlik qilgan. «Temur tuzuklari» da qayd qilinishicha, qo’shin qo’mondonlari safiga Temurbek oliyhimmat, oqil, mard, tadbirkor, sezgir, jur`atli, sabotli, harb ishiga jon-dilini bag’ishlagan iste`dodli shaxslarni jalb etish masalasiga katta e`tibor bergan. Har bir bek yoki amir o’z noibi-o’rinbosariga ega bo’lgan. Biror bek yoki amir hayotdan ko’z yumgan taqdirda noibi uning o’rnini egallagan23.
Rui Gonsales Klavixoning guvohlik berishicha, qo’shin to’plash to’g’risida farmoni oliy e`lon qilinishi bilan askarlar o’z oilasi, asbob-aslahasi, mol-mulki bilan miod eriga etib kelgan. O’rdagohdagi sohibqironning saropardasi atrofida har bir qism va bo’linmalar chodirlari tikilgan. Oddiy askardan yirik sarkardagacha har kim o’z joylashish o’rnini aniq bilgan. Barcha ishlar tartib-intizom bilan, shovqin-suronsiz bajarilgan. Qo’shin bilan birga qassoblar, bakovullar, qovurilgan va pishirilgan go’sht bilan savdo qiluvchilar, arpa va meva sotuvchilar, nonvoylar ham ko’chib yurgan. Turli kasb egalari askarlarga xizmat ko’rsatganlar. Hatto ko’chma hammomlar ham jangchilar xizmatida bo’lgan.
Temurbek tanlab olgan sarkardalar o’zlarining harbiy mahoratlarini nafaqat urush kezlarida, balki tinch mehnat chog’ida ham namoyish etishga tinmay harakat qilar edilar.
Harbiy san`atning o’ziga xos sir-asrorlaridan to’la voqif bo’lgan, dushman saflarini parokanda qilish yo’l-yo’riqlarini yaxshi egallagan, mushkul vaziyatlarda dadil va tez harakat qiladigan, hech qanday to’siqlardan tap tortmaydigan, qo’shin safida sodir bo’lishi ehtimolidan holi topilmagan tartibsizliklarni o’z vaqtida bartaraf eta oladigan iste`dod egalarigina Temurbek tomonidan lashkarboshilikka qo’yilgan.
Temurbekning farmoyishiga binoan atoqli lashkarboshilardan to’rttasi birinchi darajali sarkarda, ya`ni beklar begi mansabiga tayinlangan. Dongdor amirlardan biriga amir ul-umaro lavozimi berilgan va u oliy bosh qo’mondon, ya`ni Temurbekning noibi vazifasini ado etgan. Sohibqiron bevosita ishtirok etmagan urush va janglarda amir ul-umaro qo’shinga qo’mondonlik qilgan.
Zikr etilganlardan tashqari qo’shin qo’mondonligiga yana o’n ikki bek jalb etilgan ming kiishdan iborat suvoriylarga birinchi bek, ikki ming otliqlardan tashkil qilingan guruhga ikkinchi bek, uch ming otliqlifavjga uchinchi bek va shu tartibda o’n ikki ming otliq askarlardan tuzilgan qo’shinga o’n ikkinchi bek sardorlik qilgan. Quyi pog’onada turgan qo’mondon o’zidan yuqori lavozimni egallab turuvchi sarkadaga bo’ysungan.
Temurbek armiyasining turli qism va bo’linmalariga uch yuz o’e uch bek boshchilik qilgan. Ularning dastlabki yuztasi o’nbegilik, ikkinchi yuztasi yuzbegilik, uchinchi yuztasi esa mingbegilik rutbalarini egallagan. Tumanlarga sohibqironning farzandlari, nabiralari hamda amir Shayx Nuriddin, amir Jahonshoh singari nomdor lashkarboshilar rahbarlik qilgan24.
Temurbek qo’mondonlar tarkibining harb ishidan talab darajasida mahorat va malakaga ega bo’lgan shaxslardan shakllanishiga alohida diqqat qilgan.
Janglarda qahramonlik va mardlik namunalari ko’rsatgan sara jangchilar munosib ravishda taqdirlanib o’nbegi, takror jangovar xizmatlari evaziga yuzbegi va nihoyat mingbegi amaliga ko’tarilish imkoniyatiga ega bo’lgan.
Yovning askariy g’ururini tor-mor etgan mingbegi birinchi darajali amir unvoniga, yirik dushman qismini mag’lub etgan birinchi darajali amir o’z navbatida ikkinchi darajali amir mansabiga va shu yo’sinda o’zga bek hamda amirlar yuqoriroq harbiy martabaga ko’tarilib borgan. Janggohda mardlik va qahramonlik ko’rsatgan oddiy jangchilarning maoshi oshirilgan. Ba`zi sabablarga ko’ra jang maydonini tashlab qochgan askarlar o’lja taqsimotida ishtirok etishdan mahrum qilingan. Muhorabadan yarador bo’lib qaytgan shaxslarning izzat-xurmati joyiga qo’yilgan, ularga Onhazratning marhamati ko’rsatilgan.
Biror kishvarning fath qilgan yoki g’anim armiyasini mag’lubiyatga uchratgan sarkarda uchun uch xil mukofot ta`sis etilgan, ya`ni sharafli bahodir unvoni hamda tug’ va nog’ora berilgan. Ayni shunday yuksak mukofot bilan muxolifatchi taraf taxt vorislari rahnamoligidagi qo’shinni parishonlikka solgan amir yoki bekning ham shavkati ziyoda qilingan.
Jangu jadal chog’ida shijoat ko’rsatib dushman guruhini qochirishga muyassar bo’lgan o’nbegi shahar dorug’asi, yuzbegi esa viloyat hokimi vazifasiga tayinlangan. Muqotalada aduv hashamlari ustidan zafar quchgan mingbegi viloyat voliysi mansabi bilan taqdirlangan.
Biror mamlakat yoki yurtni egallagan amirga o’sha erlar ma`lum shart va imtiyozlar asosida boshqarilish uchun suyurg’al tarzida inoyat qilingan. Temurbek va temuriylar davrida suyurg’al keng tarqalgan feodal er egaligi turlaridan biri bo’lib. Nasldan-naslga o’tgan. Suyurg’al egasi davlat hisobiga to’lanishi zarur bo’lgan soliqlardan ozod qilingan. Bunday suyurg’al turi «darbasta suyurg’al» deb yuritilgan25.
Dovyurak pahlavonlar harblardan ko’rsatgan jasoratlari uchun baland darajaga erishib, baobro’ kishilar qatoridan o’rin olgan. Ular gurzi, olachuk (chodir), murassa` kamar, qilich va saman ot kabi pahlavonlik nishonlari bilan e`zozlagan. Botirlarning ko’pchiligi keyinchalik o’nlik, yuzlik, mingliklarga qo’mondonlik qilishdek ma`suliyatli vazifalarga qo’yilgan.
Yuqorida tilga olingan o’n ikki amirdan har biri yuz dovul (tabl) va bayrog’iga ega bo’lgan. Bosh qo’mondon nog’ora hamda alamdan tashqari shuningdek, burg’u, tumantug’ va chortug’ bilan nishonlangan.
Mingbegi tug’ va karnay, ya`ni qo’ragaga ega bo’lgan. Yuzbegi va o’nbegiga nog’ora berilgan. Turli qo’shun, ya`ni qism qo’mondonlari tegishli noshonlarga sazovar bo’lgan.
Biror lashkarboshining hayoti xavf ostida qolgan vaziyatda uni g’anim o’qidan asrab qolish yo’lida o’z ko’ksini qalqon qilgan jangchilar Sohibqironning xurmat-e`tiboriga va olqishiga sazovor bo’lgan, maxsus inoyatlar bilan taqdirlangan.
Sohibqiron yurishga jo’nashdan ancha avval yog’ining qurolli kuchlari, mudofaa inshootlari, u erdagi ichki vaziyat kabilar haqida aniq va to’la ma`lumotga ega bo’lish maqsadida uning yurti yoki qarorgohiga o’z ayg’oqchi (xabargir, josus) larini peshma-pesh yuborib turgan. G’anim to’g’risida zarur ma`lumotlarga ega bo’lgandan so’nggina yurishga taraddud ko’rilgan. Bu xususda ibn arabshoh yozadi: «Temur tengi yo’q fe`l atvorli, chuqur mulohazali kishi bo’lib, uning tafakkur dengizining qa`ri yo’q va (uning) tadbiri tog’iga na tekisligu, na g’adir-budir orqali yo’l topilardi. U erlarning barcha tomonlarida o’z ayg’oqchilarini tarqatib, qolgan mulklarida esa josuslar qo’ygan edi. Ular (josuslar) jumlasidan, uning amaldorlaridan biri Amir Otlamish bo’lsa. yanA biri faqih Mas`ud al-Quhoniy-u Temur devoni ashoblarining ko’zi edi. Josuslarning bunisi Qohirada, Muiziyada bo’lsa, unisi Damashqda, Shamiysoniyadagi so’fiylardan biri edi. Ularning biri chakanafurush bo’lsa, ikkinchisi yirik savdogar, badxulq polvon va hunarmand, munajjim va o’z tabiaticha ish qiladigan lar, gapchinoz qalandarlaru sayoq darveshlar. Zarofatli meshkoblar, latofatli etikdo’zlar, alvasti va xiylagar bo’lib, ular chor atrofda bo’layotgan hodisalar va ularning xabarlarini Temurga etkazib, o’zlari afzal ko’rgan ishlarini unga bayon etardilar. Ular vaznlar, narx-navolar to’g’risida unga zikr qilib, manzilu shaharlarni tavsiflardilar. Ularning tekis va notekis joylarining suvratini keltirib, uylari va diyorlari o’rinlarini chizib ko’rsatardilar, shular orasida u joylarning yaqin yoki uzoq, tor yoki kengligini ularning qaysi tevarak-atrofda, g’arb yoki sharqdami, shaharlar va qishloqlarning ismlarini, manzil va panohjoylar nomlarini, har joyning ahliyu boshliqlari, amirlari, ulug’lari, fozillari, shariflari, boylariyu faqirlarini, ularning hai birining ismi va laqabini, shuhrati va nasabini, ularning hunari va (ega bo’lgan) vositalarini (to’la-to’kis) bayon qilardilar. Natijada, Temur o’z fikri bilan shularni yaqqol ko’rib, tafakkuri vositasida o’z erlaridan xorij joylar ustidan ham tasarruf yuritardi».
Sohibqiron safar chog’i qo’shinni qiyin va o’tib bo’lmas joylardan boshlab boruvchi yo’lchi, ya`ni qajarchilarni mahalliy xalq ichida yollab olish masalasiga jiddiy yondashgan.
Safar arafasida Temurbek o’z pirlari va rahnamolari huzuriga sof ishonch hamda pok irodat bilan tashrif buyurib, ziyorat shartlarini bajo keltirgan. Muqaddas va muborak mozorlarni tavof qilgan. Mayib-majruhlarga, muhtoj va yo’qsillarga nazru sadaqalar ulashgan.
Temurbek armiyasida ichiga yonuvchi modda-naft solingan ko’zachalar irg’ituvchi o’t sochish quroli-ra`dning uzluksiz ishlab turishini ta`minlovchi maxsus to’pchilar-ra`dandozlar mavjud bo’lgan. Mustahkam qal`a va qo’rg’onlarni qamal qilishda samarali qurol hisoblangan ra`dni boshqaruvchi to’pchilarni soni, Nizomuddin Shomiyning fikricha, 10 ming kishiga etgan. Ra`dandozlar Temurbek tomonidan ilk marta 1379 yili Urganchni muhosara qilish vaqtida jangga solingan.
Kezi kelganda ta`kidlash lozimki, arab tiliga xos ra`d so’zi aslida «momoqaldiroq»ni bildiradi. To’pni ra`d termini bilan atashlarining boisi shundaki, undan o’q-snaryad otilgani kuchli gumburlagan tovush chiqqan.
Ra`dning Temurbek tomonidan qurollanishga kiritilishi XV-XVI asrlarda Movarounnahr, Xuroson va eronda artilleriyaning boshqa turlarining paydo bo’lishida turtki vazifasini o’tadi.
Amir Temurning hayoti asosan ikki davrga bo’lib o’rganiladi. Birinchi davr: 1359-1386 yillarni tashkil etadi. Bunda Temur Movarounnahrda mo’g’ul xonligidan mustaqil, kuchli markazlashgan davlat tuzish uchun kurashadi.
Ikkinchi davri: 1386 yildan boshlanib, umrining oxirigacha davom etadi. Bu davrda Temur uch yillik, besh yillik, deb nomlangan urushlar olib boradi va Xitoyga qarshi urushga tayyorgarlik ko’radi26.
Temur o’z hayotida 30 marta yurish qilgan va 27 mamlakatni zabt etgan. Lekin ulardan «uch yillik», «besh yillik», «etti yillik» urushlari mashhur bo’lgan.
Temur davlati uchun eng xavfli davlat uning shimolida joylashgan Oltin O’rda edi. Qora dengizdan Oltoly tog’larigacha cho’zilgan erlar Jo’ji ulusi ixtiyorida edi. Jo’ji ulusining Yoyiqdan Qora dengizgacha cho’zilib ketgan juda katta qismi Oltin O’rda edi. Yoyiq sharqida erlar Oq O’rda deb yuritilardi.
Amir Temurning Markaziy Osiyo hududidan tashqariga bo’lgan yurishi asosan Shimolga, ya`ni Oltin O’rda davlatiga qaratilgan edi. Temurning Oltin O’rdaga qarshi yurishidan maqsadi, uni o’z davlatiga qo’shib olish emas edi. Davlati uchun xavfli kuch bo’lgan Oltin O’rdani zaiflashtirish va faqat uning sharqiy qismini o’z saltanatiga qo’shib olish edi.
Bu davrda Oltin O’rda oq O’rdalarda ikkita mustaqil davlat tashkil topib, ular o’rtasida o’zaro janjallar davom etmoqda edi. Temur uning ichki nizolaridan ustalik bilan foydalandi. O’rusxon tazyiqidan Temur huzuriga qochib kelgan Oq O’rda xonlaridan To’xtamishga Temur bir necha marta yordam beradi. 1379 yilda To’xtamish Temur yordamida Oq O’rda taxtini egallaydi.
Turon ozodlik harakatining sarkardasi Temurning Oltin O’rda xoni To’xtamish ustidan qozongan g’alabasi nafaqat Markaziy Osiyo, butun Sharqiy Evropa, Russiya uchun ahamiyatga ega edi.
Temur Oltin O’rda xonligini tor-mor etib, uning qishloq va shaharlarini vayron qiladi. Sharq mamlakatlari bilan bog’lagan Buyuk Ipak yo’lining Oltin O’rda orqali o’tadigan shimoliy tarmog’iga xotima beradi27.
Ta`kidlash lozimki, temuriylar davrida yurish yoki razmdan oldin qo’shinni ko’rikdan o’tkazib, uning jangovar ruhi va holatini aniqlash an`ana tusiga kirgan. Ko’rikdan nafaqat asosiy jangovar qismlar, shuningdek, ular ortidan boruvchi og’ir karvon o’g’ruq (ovoz) ham o’tkazilgan.
Temurbek dushmaniga qo’qqisdan qaqshatqich zarba berish usuli bilan shuhrat qozongan edi. G’anim o’rdugohi aniqlangach, aksariyat hollarda Sohibqiron unga maxfiy yoki o’tish o’ta mashaqqatli bo’lgan, hech bir kimsaning oyog’i etmagan dovonlar, daralar, so’qmoqlar, tog’u toshlar orqali tunda ulovlarni jilovidan tutgan tarzda yaqinlashar, quyosh o’zining zarrin nurlarini bepoyon zamin uzra socha boshlashi bilan g’aflat uyqusida yotgan yog’iga quyundek yopirilar edi. Ibn Arabshoh hikoya qiladi: Temurbekning dorus-saltana Samarqandda imoratlar qurish, bog’u bo’stonlar barpo etish, ariqlar qazib, suv chiqarish singari obodonchilik yumushlari bilan band bo’lib turganligidan mujda topgan qo’shni mamlakatlar uning hujumini kutmasdan, mudofaaga tayyorgarlik ko’rmagan holda xotirjam hayot kechirar edi. Sohibqiron poytaxtdagi ishlarni nihoyasiga etkazgach, tovachilarga qo’shinni tez fursat ichida samarqandda to’plash haqida amr qiladi. Askarlar uchun o’zi o’ylab topib. Ixtiro qilgan yo’sinda tayyorlangan dubulg’alarni jangchilar kiyib, yurishga chiqishlarini buyuradi. Temurbek safarning yo’nalishini sir tutadi.
Temurbekning Hindga yurish qilib, Dehliga yaqinlashib qolganligidan tahlikaga tushgan hindlar shahzoda Sulton Mahmud, Malluxon va o’zga nomdor hind sarkardalari rahnamoligidagi o’n ming suvoriylar, yigirma ming sara piyodalar va bir yuz yigirma jangovar fillardan iborat qo’shin bilan unga ro’baro’ bo’ladi. Sohibqiron birinchi galda jangchilarning kapalagini uchirib, ularni dahshatga solgan fillarni daf qilish borasida bosh qotiradi. Zudlikda fillarga ofat keltiruvchi o’tkir tig’li uchburchak shakldagi sanchiq-mo’ndulardan minglab yasaladi va fillar kelishi kutilayotgan erlarga joylashtiriladi. Ikkala qo’shin jang harakatlarini boshlagach, Temurbek o’z askariy qismlarini chekinishga buyuradi. Temuriy jangchilarning tisarilganini ko’rib, dushman qochdi xayol qilgan hindlar olg’a tashlanadi28.
Fillar, ularning ketidan otliq va piyodalar junbushga keladi. Mo’ndu tikilgan erga etgan fillarning oyoqlariga o’tkir sanchiqlar tikon yanglig’ qadaladi. Og’riq zo’rligidan qutirgan fillar jon achchig’ida filbonlarni uloqtirib, orqaga tum-taraqay qocha boshlaydi. Ular ortda kelayotgan hind suvoriy va piyodalarini poymol qilib, yanchib o’tadi29.
Sohibqiron o’ta tahlikali onlarda ham sarosimaga tushmas, hissiyotga berilmas, metinday mustahkam irodasi ikkilanishga, qat`iyatsizlik ko’rsatishga aslo yo’l qo’ymas edi. Biror marta ham mag’lubiyat («loy jangi» bundan istisno) alamini tortib ko’rmagan muzaffar qo’shin oliy bosh qo’mondonning har qanday og’ir va chigal vaziyatdan ham tadbirkorlik bilan chiqib ketishiga butun vujudi bilan ishonar. Shuning uchun g’anim bilan faqat g’alabani ko’zlagan holda jon-jahdi bilan jang qilar edi.
Sohibqiron jang maydonini tanlashda bevosita ishtirok etgan. Janggohning tekis, keng va qo’shin qismlarini joylashtirishga qulay bo’lishi talab qilingan. Ayniqsa, ma`rakagohning ichimlik suv manba`iga yaqin bo’lishi hamda razm vaqtida quyosh nurining jangchilar ko’ziga tushmasligi maqsadga muvofiq hisoblangan.
Yirik muhorabalar paytida dastasi uchiga mahcha-yarim oy shakli qadalgan jangovar bayroq va tug’lar bilan bezatilgan oliy bosh qo’mondonning borgohi balandlikka tikilgan. U erdan qism va bo’linmalarning maydondagi harakati, jangning borishi Temurbek tomonidan kuzatib turilgan. Odatga ko’ra borgoh oldida harbiy orkestr askarlarni mardlikka rag’batlantiruvchi, ularning jangovar ruhini ko’taruvchi kuylarni tinimsiz chalib turgan.
Temurbek qo’shini zabt etilgan qal`a, shahar va viloyatlarni o’zboshimchalik bilan g’orat qilish huquqidan butunlay mahrum edi.
Faqat ommaviy talo-tarojga ruxsat berilganidan so’nggina yurishda ishtirok etayotgan har bir kishi, hoh u nomdor lashkarboshi bo’lsin, hoh oddiy askar bo’lsin, bundan qat`iy nazar teng g’animat olish huquqiga ega bo’lar, kimki biror o’ljani birinchi bo’lib qo’lga kiritsa, o’shanga ega bo’lar edi30.
Ko’p hollarda Sohibqiron obod va ko’rkam, madaniyati gurkirab yashnagan, ma`mur shahar va kentlarni, viloyatlarni g’orat qilishdan o’zini tiyar, u erlardagi muborak qabristonlar, mashoyix va akobirlarni ziyorat qilar edi.
Sohibqiron janglarda mardlik va qahramonlik namunalari ko’rsatgan har qanday raqibini xurmat qilar, jangchilarini undan o’rnak olishga undar edi. Bunga tarix shohid.
Sohibqiron biror hisor, shahar yoki viloyatni qancha vaqt ichida zabt etish mumkinligini oldindan yaxshilab hisoblab chiqar va sarkardalardan belgilangan muddatda harbiy harakatlarni nihoyasiga etkazishni qat`iy talab qilar edi.
Nizomuddin Shomiyning «Zafarnoma», G’iyosuddin Alining Temurbekning Hindistonga yurishiga bag’ishlangan tarixiy asarida bitilishicha, 1395 yili To’xtamishxonni mag’lub etgan Temurbek Samarqandga qaytadi va qish faslini Ohangaronda o’tkazadi. Shahzoda Pir Muhammadni Mo’g’ulistonga hokim etib tayinlab, chegaraoldi hududlarni mustahkamlashni, Xitoy va Xo’tanga qilinajak yurish uchun oziq-ovqat va emqhashak jamg’arishni buyuradi. Shu orada unga Hindistonda islomning mavjudligi, biroq u erdagi aholining asosiy qismini majusiylar tashkil qilishi, musulmon hokimlar budparast ommadan faqat o’lpon yig’ish bilan kifolanayotgani haqida birin-ketin xabarlar kela boshlaydi. Majusiy qaroqchilarning yovuz niyatlariga chek qo’yish, mo’minlarni ular o’tkazayotgan zulmdan ozod qilish, savdogar va sayyohlarning xavf-xatarsiz kelib-ketishini ta`minlash kabi maqsadlarda Temurbek Xitoy va Xo’tanga qilinishi lozim bo’lgan yurish o’rniga Hindiston tomon qo’shin tortadi31.
Bu urushni u Muhammad payg’ambar e`tiqodini yoyish, payg’ambar nomini ko’klarga ko’tarish, butparast va kofirlarni qirib, Hindistonda avj olib ketgan feodal tarqoqlik va o’zaro urushlarga barham berish bayrog’i ostida olib borgan. Sohibqironning o’zi bu haqda «Tuzuklar»da shunday yozgan edi: «qur`oni masjiddan fol ochsam, ushbu ulug’ oyat chiqdi: «Ey payg’ambar, kofirlarga va munofiqlarga qarshi jaxd qilgil»... So’ngra...iqbolimiz xonasi Hindistonga qarata qo’l ko’tarib, zafaru fath fotihasini o’qidim». Temur Qashqadaryo vohasidan chiqib Termiz orqali yurib avgustda Qobulni egalladi. U erdan Hindiston chegaralari tomon kirib borib tulumbi, Multon, Dipalpur, Sarasti, Fatxobod, Somona va boshqa shahar va qal`alarni birin-ketin egallab dekabr’ oyida Hind daryosidan o’tib Dehliga etib bordi. Boy va badavlat Dehli shahrini ham mag’lubiyatga uchratdi. Sohibqiron Samarqandga qaytib kelgandan so’ng G’arbga tomon bo’ladigan yurishlarga tayyorgarlik ko’ra boshladi. Bu urush asosan Turk sultoni Boyazid Yildirimga qarshi qaratilgan edi. Ikki buyuk turk hokimi o’rtasidagi ziddiyatlar borgan sayin kuchayib bordi.
Bu urushga sohibqiron shoshilmadi. Urushni oldini olishga va tinch hal qilishga harakat qildi, chunki islom himoyachisi bo’lgan sOhibqiron Boyazidning xristanlar bilan jang qilganini bilar edi. Lekin bunga Boyazid nazar-pisand qilmadi, Temurni kamsitdi, haqoratladi va o’rtada boshlangan urushga xamirturush bo’ldi. Qora quyunli turkman qabilasining hokimi Qora Yusuf 1388-1399 yillarda bir necha marta Temur lashkarlariga qarshi janglar olib borgan. Unga Ahmad Jaloyir ittifoqdosh bo’lgan. Qora Yusuf va Jaloyirni Boyazid o’z himoyasiga oladi va boshpana beradi. Amir Temur Boyazidga o’z elchisi orqali xat yozib, Qora Yusufni unga topshirishni talab qiladi. Boyazid nomani olgach, jahl bilan Sohibqironni haqoratlab, xatini so’nggida quyidagilarni yozgan edi: «...Men bilamanki, bu so’zlar seni hech to’xtatmasdan bizning mamlakatimizga tomon otlantiradi. Agar sen kelmasang, sening xotinlaring uch taloq bo’lsin. Agar sen mening yurtimga kelsangu men urush qilmay qochsam, mening xotinlarim uzil-kesil uch taloq bo’lsin». Bu haqorat va yuqoridagi ayollar haqidagi so’zlarga Temur juda g’azab bilan qaraydi, chunki u ayollarni hurmat qilar va hatto ularni ismlarini atab chaqirmas ham edi. Amir Temurning G’arbga yurishi 1399 yilda boshlanib 1404 yilgacha davom etgan. Bu tarixga «etti yillik urush» nomi bilan kirgan. 1400 yilda turk sultoni o’ziniki hisoblagan Kichik Osiyoning hosildor erlarida joylashgan ikkita muhim qal`a Sivoz va Milatiyani bosib oldi. Temur Msir sultonini tor-mor keltirib, uni qochishga majbur qildi va Damashqni egallab oldi, so’ng Musulga o’tdi. 1401 yilda u Bag’dod ko’rg’onlarini yakson qildi. 1402 yilda u erdan o’tib Gurjilarning isyonini yana bir marta bostirdi32.
Sohibqironning bu harakatlari sulton Boyazidning asablarini batamom ishdan chiqardi. Amir Temur 1402 yil aprel’ oyida Kuriya daryosini kechib o’tib birin-ketin Tartum, Kemox va Qaysariya qal`a shaharlarini egallab, Turkiya bilan Suriya va Bag’dod aloqa yo’lini kesib qo’yadi. Amir Temur bilan Sulton Boyazid o’rtasidatarixda nom qoldirgan «Anqara jangi» 1402 yil 28 iyunda boshlandi. Bu jangda Temurning buyuk sarkardalik mahorati, ayniqsa yaqqol ko’rindi. 200 ming kishilik Temur qo’shinining o’ng qanotiga o’g’li Mironshoh, chap qanotiga nabiralari Sulton Xusayn va Xalil Sultonlar, kenja o’g’li Shoxruh qo’mondonlik qildi. Qo’shin markazini Temurning sevimli nabirasi va valiaxdi Muhammad Sulton boshqardi, yana nabiralari Pirmuhammad va Iskandarlar ham bu jangga tayyor turdilar va jang Temurning erkin g’alabasi bilan yakunlandi.
Amir Temur 1404 yil kuzida nabirasi Ulug’bekning to’yini o’tkazish bahonasida o’z davlati qo’l ostidagi oqillar, viloyat hukmdorlarini, qo’shin boshliqlarini va boshqa amaldorlarni Samarqandga taklif qildi va qurultoy chaqirdi. Unda Xitoyga bo’ladigan yurish muhokama qilindi. Temur ulug’ tug’ni ko’tarib 1405 yil 8 yanvarda 200 ming lashkar bilan Xitoy sari yuzlandi. Qish o’sha yili juda qattiq kelgandi. Qishning sovuqligi shu darajada kuchli bo’lgan ekanki, Ali Yazdiyning yozishicha daryo ustidagi muzning qalinligi 2-3 tirsakka teng bo’lgan. Sovuq zarbidan juda ko’p askarlarning yuz, burunlarini sovuq urib ketgan, ba`zilari esa halok bo’lishgan. Ammo sohibqiron to’xtamay yo’lni davom ettirar edi. 1405 yil 14 yanvarda Temur O’tror shahriga etib keldi. U nu erda shamollab kasalga chalindi va uzoq muddat yotib qoldi. Uni O’tror hokimi Berdibekning saroyiga yotqizadilar. Kuni yaqinlashganini tushida ko’rgan sohibqiron hamsafar avlod-ajdodlarini, quroldosh amiru-akrabo va o’z o’rniga qoldirayotgan voris Pirmuhammad Jahongirga itoat etishga da`vat etadi va vasiyat qiladi. Saroyda hozir bo’lganlar nomidan amir Shohmalik va Shayx Nuriddin ulug’ Amirni oxirat yo’liga jo’natish oldidan uning vasiyatlarini bajarish va unga amal qilishga va`da berganlar. 1405 yil 18 fevral’ kechqurun buyuk saltanat sohibi Amir Temurning hayotiga yakun yasaldi. Uning jasadini Samarqandga olib kelib, o’z vasiyatnomasiga ko’ra piru ustozi Shayx Said Baraka hokining oyoq tomoniga dafn etdilar33.


Download 63.14 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling