Amir Temurning siyosiy kurashdagi faoliyati Reja: Amir Temur va Temuriylar davrida o`zbek davlatchiligi. Ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayot


Download 62 Kb.
Sana18.06.2020
Hajmi62 Kb.
#120012
Bog'liq
Amir Temur siyosiy maydonga kirishi


Amir Temurning siyosiy kurashdagi faoliyati
Reja:

1. Amir Temur va Temuriylar davrida o`zbek davlatchiligi. Ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayot

2.Amir Temurning markazlashgan davlat tuzish uchun kurashi va harbiy yurishlari


Buyuk davlat arbobi va mahoratli sarkarda Amir Temur 1336-yil 9-aprelda (hijriy 736, sha’bon oyining 25 kunida) Keshga qarashli Xo`ja Ilg‘or (hozirgi Yakkabog‘ rayoni) qishlog‘ida barlos beklaridan biri Amir Tarag‘ay ibn Barqal oilasida dunyoga keldi. Onasi Takinaxotun Keshning obro‘li bekalaridan biri bo‘lgan.

Temurning bolaligi va o`spirinlik yillari Keshda o`tdi. Ibn Arabshoh, Rui Gonzales de Klavixo va boshqa tarixshunoslar 1360 yilga qadar uning hayotini ayrim ma’lumotlar bilan izohlashadi.

1360-1361 yillarda Mo`g‘uliston hukmdori hoqon Tug‘luq Temur Movarounnahrning ichki hayotiga rahna sola boshlaydi. Uning bosqinchilik tadbirlari O`rta Osiyolik mustaqil hukmdorlarga ma’lum bo`lganidan keyin ular sarosimaga tushib qolganlar. Shular qatoriga Kesh amiri Hoji Barlosni ham kiritish mumkin. Tug‘luq Temur Xo`jandni ishg‘ol etish niyatida Sirdaryodan o`tganidan so`ng Movaraunnahr amirlari va Hoji Barlos qo`rquvdan o`z jonlarini xalos etish uchun Amudaryodan o`tib Xurosonga ketib qoldilar.

1360-1370-yillarda Movaraunnahr siyosiy hayotida Amir Temur bilan bir qatorda ta’sir o`tkazgan shaxslardan yana biri Amir Qozog‘onning nabirasi amir Husayn edi. Balx va uning atrofidagi yer-mulklar uning tasarrufida edi. 1361-yilda Amir Temur amir Husaynga yaqinlashgan edi. Endi ikkala hukmdor birlashib, mo`g‘ul xonlariga qarshilik ko`rsatish imkoniga ega bo`ldilar. Ma’lumki, Amir Temur mo`g‘ul hokimiga qaram edi. Vaqti kelib, Movaraunnahrni boshqarishni Tug‘luq Temur o`z o`g‘li Ilyosxo`jaga topshirdi. Mustaqil bo`lishga harakat qilib yurgan Amir Temur yangi hukmdorga itoat etmadi. Buning oqibatida yangi ziddiyat yuzaga chiqdi. Amir Xusayn bilan Sohibqiron Temurning bir-birlari bilan juda yaqinlashgan va yaxshi munosabatda bo`lgan davrlar 1361-1365-yillarni o`z ichiga oladi.

Amir Temurning hayotida ro`y bergan va bir umrga unga tan jarohatini muhrlagan voqea 1362 yilda Seyistonda bo`lib o`tgan. Amir Temur jang vaqtida o`ng qo`lini tirsagidan va o`ng oyog‘idan kamon o`qi tegishidan qattiq jarohatlanadi. Buning oqibatida u bir umr oqsoqlanib yuradi. Shu bois undan dahshatga tushgan dushmanlari Amir Temurni hasad bilan “Temurlang” deb atashgan.

Tug‘luq Temur o`limidan so`ng 1363-yilda Movaraunnahr tuprog‘idan haydalgan Mo`g‘ul xoni Ilyosxo`ja yangidan juda katta lashkar bilan avvalgi mulklarini egallab olish maqsadida Movaraunnahr tomon harakat qila boshlaydi. Mo`g‘ul xoni ayniqsa o`zining raqiblariga nisbatan qahrli kayfiyatda ekanligi ham ma’lum edi. Temur va Amir Husayn bo`lg‘usi qaqshatqich to`qnashuvga imkon boricha harbiy kuchlarni yig‘dilar. Tarixda “Loy jangi” nomi bilan kirgan mazkur jang. Chinoz bilan Toshkent o`rtasida 1365-yilning bahorida ro`y bergan. Amir Temur va Amir Husayn Chirchiq daryosi bo`yidagi bu jangda mag‘lubiyatga uchraganlar. Mazkur mag‘lubiyat sabablarini, har xil bayon etishadi. Ayrim solnomachilar mo`g‘ul xonining g‘olib chiqishida Amir Husaynning sust va layoqatsizlik bilan harakat qilishi deb izohlaydi. Ehtimol shundandir, yoki mo`g‘ul xoni qo`shinining soni ko`pligi hamda yaxshiroq tayyorlanganligi bu yutuqning asosiy omili bo`lsa kerak.

Qayta urinish behuda ekanligini anglab yetgan Amir Temur jang maydonini tark etib, qolgan-qutgan askarlari bilan Samarqand tomon qaytib ketgan. Samarqand shahriga kelgandan so`ng bu yerda ham uzoq turmasdan avvaliga Keshga so`ngra Amudaryo orqali Balxga o`tib ketadi. Yuqorida ta’kidlab o`tganimizdek, bu paytda Movarounnahrning bosh amiri Husayn edi. Biror qarorga kelish esa uning irodasiga bog‘liq bo`lgan. Shu sababli Amir Temur ham uning ko`rsatmasi bilan, ko`p hollarda Husaynning roziligi bilan ish tutishga majbur edi. Samarqand shahri, qolaversa, butun Movaraunnahr o`z holiga tashlab qo`yildi. Mo`g‘ul xoni changalidan qutilish samarqandliklarning o`ziga bog‘liq edi. Bu sharoitda Samarqand mudofaasini sarbadorlar o`z qo`llariga oldilar.

Sarbadorlar mo`g‘ullar zulmidan ozod bo`lish yo`lida o`zlarini qurbon qilishga tayyor edilar. Sarbadorlar harakati XIV asrning 30-yillarida Eronda ijtimoiy-siyosiy harakat sifatida paydo bo`lib, 50-60-yillarda Movarounnahrga ham yoyildi. Harakat qatnashchilarining asosiy maqsadi mo`g‘ul istilochilari va zulm o`tkazuvchi mahalliy qatlamlarga qarshi kurash edi.

Xurosondagi singari Samarqandda ham bu harakat qatnashchilarning ijtimoiy tarkibi aynan bir xil bo`lgan. Hunarmandlar, do`kondorlar ayrim madrasa mudarislari va talabalar mazkur harakatga faol qo`shildi. Ilyosxo`ja to`g‘ridan-to`g‘ri Samarqandga tomon yo`l oldi. Shahar jome’ machitiga yig‘ilgan aholi oldida sarbadorlarning bo`lajak rahbaridan biri bo`lgan, madrasa mudarrisi Mavlonozoda chiqib, shaharning har bir a’zosidan katta miqdorda soliq va to`lov yig‘ib, uni o`z bilganicha sarf etib yurgan hukmdorning shaharni o`z holiga tashlab qo`yganligini uqtirib o`tadi.

Mudofaa rahbarligiga Mavlonozoda qatoriga Mavlono Xo`rdak Buxoriy va Abu Bakr Kalaviy ham qo`shildilar. Mudofaa tashkil etilganligidan xabarsiz mo`g‘ullar hukmdorsiz shaharni himoyasiz deb o`ylashardi. Ularning asosiy qo`shinlari shaharga kiraverishdagi bosh ko`chadan hujum qiladilar. Xavf-xatardan shubhasi bo`lmagan bosqinchilar Mavlonozoda kamonchilari bilan pistirmada turgan joyga yaqinlashganlarida to`satdan kamon o`qlariga duch keladilar. Shahar mudofaachilari mo`g‘ullarga uch tarafdan hujum qildilar. Birinchi hamladayoq shaharni egallaymiz deb o`ylab bostirib kirgan mo`g‘ullar katta talofat ko`rib, orqaga chekinishga majbur bo`ldilar.

Samarqandliklarning ishlab chiqqan harbiy rejasi puxta chiqdi va o`z samarasini berdi. Bir necha hujum samarasiz tugagach, mo`g‘ullar shahar atrofini qurshab olib uzoq vaqt qamal qilish rejasini o`ylab chiqdilar. Lekin lashkar safida yuqumli kasallik tarqaldi. Buni ot vabosi (o`lati) deb atashadi. O`lat oqibatida Ilyosxo`ja qo`shinlariga mansub otlarning katta qismi qirilib ketdi. Ilyosxo`ja katta yo`qotishlar bilan dastlab Samarqandni keyin esa Movaraunnahrni tashlab ketishga majbur bo`ldi.

Bu paytda Keshda bo`lgan Amir Temur bu xabarni Amudaryo bo`ylarida bo`lgan Amir Husaynga etkazdi. 1366-yilning bahorida ular Samarqandga etib keladilar va sarbadorlar rahbarlarini o`z huzurlariga chorladilar. Uchrashuv Samarqanddagi Konigil degan joyda bo`ldi. Bu erda sarbadorlarning rahbarlari bilan kelishmovchilik yuz beradi va ular qatl etiladi. Amir Temurning iltimosi bilan faqat Mavlonozoda omon qoldirilib, Xurosonga jo`natiladi. Sarbadorlar harakati bostirilgandan so`ng Amir Husayn va Amir Temur o`rtasidagi munosabatlar keskinlashadi. Bunga Amir Husaynning sarbadorlarga nisbatan adolatsizligi ham bir qadar sabab bo`lgan edi.

1366-1370-yillar oralig‘ida Amir Temur o`z e’tiborini ichki ishlarga qaratdi. Amir Husayn va Amir Temur o`rtasidagi ziddiyatlar 1370-yilda Husaynning o`ldirilishi va Amir Temurning taxtga o`tirishi bilan yakunlandi. Movaraunnahrning amaldagi xoni Chingizxon avlodiga mansub bo`lgan Suyurg‘otmish qo`liga o`tdi. Davlat boshqaruv tizimi esa Movaraunnahr amiri nomini olgan Amir Temir qo`lida qoldi, hamda Kesh shahridan Samarqandga ko`chib, uni o`z davlatining poytaxtiga aylantirdi.

Amir Temurning Movarounnahrdagi birlashtirish siyosati boshlangan edi. U Amudaryo va Sirdaryo oralig‘ida turgan yerlarni o`ziga bo`ysundirib, o`ziga itoat ettirdi. Farg‘ona, Shosh viloyatlarini o`z tasarrufiga kiritish unga qiyin bo`lmadi. Sirdaryoning quyi oqimidagi Oltin O`rdaga qarashli erlarni egallashda u bu erlardagi ichki sulolaviy urushlardan foydalandi.

Amir Temur Xorazmni ham qaytadan Movaraunnahrga kiritishga intildi. 1372-yilda Husayn Sufi Amir Temurga boj to`lamasdan, buning ustiga Sohibqiron tomonidan yuborilgan elchiga shunday javob berdi: “Men mamlakatni qilich bilan fath etganman, shuning uchun ham uni faqat qilich bilan olish mumkin”.

O`sha yili Amir Temur Xorazmga qo`shin tortib keladi. Urganchga borish uchun Qiyot shahri orqali o`tish kerak edi, bu shahar bir oz qarshilik ko`rsatgandan keyin Temur qo`shini tomonidan ishg‘ol qilinadi. Qiyotning qo`ldan ketishi Xusayn Sufiga kuchli ta’sir ko`rsatadi. U Amir Temur bilan yarashishga, uni talablarini bajarishga rozi bo`ladi. Lekin ayrim hokimlar Amir Temurning tez baland martabaga erishishini ko`rolmay Husaynni unga qarshi gij-gijlay boshladilar. Husayn ularning yordamiga ishonib Amir Temurga qarshi chiqadi, ammo uning tomonidan tor-mor etiladi. Shundan so`ng Husayn Urganch qal’asiga berkinadi va tezda vafot etadi. Uning o`rniga akasi Yusuf So`fi (1372) hokimiyatga keladi va Amir Temur bilan yarash shartnomasi tuzadi. Lekin u yarash shartlarini xiyonatkorona buzib, Amir Temur qaytib ketgandan keyin Qiyot shahrini bosib oladi va unga qarshi ochiqdan-ochiq dushmanlik harakatlariga o`tadi. Shundan so`ng Amir Temur Xorazmga ikkinchi marotaba yurish qilishga majbur bo`ladi. (1373-1374-y.). Ammo bu harbiy to`qnashuvgacha bormaydi, chunki Yusuf Amir Temurga tavba qilib yarash shartlarini so`zsiz bajarishga va’da beradi. Bu ikkinchi yurish natijasidan Janubiy Xorazm Amir Temur davlati tarkibiga kiradi.

1374-yildan keyin Amir Temur Xorazmga uch marotaba yurish qildi. Buning sababi Oltin O`rda xoni To`xtamishning Xorazmga da’vosi tufayli edi.

1387-1388-yillarda To`xtamish, Amir Temurning Movaraunnahrda yo`qligidan foydalanib, Xorazmga hujum qildi. Xorazm hokimi bo`lgan Sulaymon So`fini Amir Temurga qarshi qo`zg‘olon ko`tarishga undadi. Sulaymon So`fi bunga rozi bo`ldi. Bu voqealar Amir Temurni 1388-yili Xorazmga yana yurishga majbur etdi. Temur Urganchni ishg‘ol qildi va sufiylar sulolasini tugatdi.

Shu vaqtdan buyon Xorazm Amir Temur davlati tarkibiga, keyin esa Temuriylar davlati tarkibiga kirgan. Shunday qilib, Yettisuvdagi va Sirdaryo etaklaridagi yerlardan tashqari, Turkiston yerlarining hammasi Amir Temur qo`liga o`tdi.

Amir Temurning harbiy yurishlari tarixda “uch yillik” (1386-1388) “besh yillik” (1392-1396) “yetti yillik” (1399-1405) urushlar deb nom olgan. Temur 1381 yilda Hirotga yurish qiladi. Bu davrda Hirotni kurdlar sulolasi boshqarar edi. Ularning hukmdori G‘iyosiddin Pir Ali Temurga qattiq qarshilik ko`rsatmadi. Lekin 1383 yilda Hirotda qo`zg‘olon ko`tarildi. Qo`zg‘olon bostirildi va kurdlar sulolasi qulashi bilan sarbadorlarning so`nggi hokimi bo`lgan Ali Muayyod ixtiyoriy suratda o`z yerlari va hokimiyatini Temurga topshirdi. XIV asrning 80-yillari o`rtasiga kelib butun Xuroson Amir Temur ixtiyoriga o`tdi. “Uch yillik” urush davrida Amir Teur Ozarbayjon, Tabriz, Mozandaron, G‘ilonni bo`ysundiradi. Shundan keyin u Kavkazga yurish boshlab, Tiflis, Arzirum va Van qal’asini egalladi.

Shunday qulay payt kelganidan, ya’ni Amir Temurning Erondaligidan foydalangan To`xtamish Movaraunnahrga Qamariddin etakchiligida qo`shin yubordi.

1388-yil yanvarida Amir Temurning qaytishini kutgan dushman orqaga qayta boshladi. Amir Temur amirlari Husayn, Shayx Ali Bahodir va boshqalarga dushmanni daf qilishni topshirdi. Ular Sirdaryo bo`yidagi Sarisuv degan joyda dushmanni quvib yetib unga katta talofat yetkazdilar. To`xtamish 1388-yil oxirida Amir Temurga qarshi qayta hujum boshladi. Amir Temur esa urushga tayyorlanish uchun Sagoron (Kattaqo`rg‘on)da qarorgohini tikib, qo`shinlarini jangovar holatga keltirdi. Amir Temur dushmanning orqa tarafidan hujum qilish uchun Qo`ng‘i o`g‘lon, Temur Qutlug‘ o`g‘lon, Shayx Ali Bahodir qo`mondonligidagi qo`shinlarni yuboradi. Hujum muvaffaqiyatli bo`ldi. Dushman tor-mor etilib, To`xtamish zo`rg‘a qochib qutuldi.

1393-1394-yili Amir Temur Sheki (Ozarbayjonning shimoliy qismi)da turgan paytda To`xtamish Kavkazorti viloyatlariga hujum qildi. Amir Temur Shekidan chiqib Qura daryosi bo`ylab yurdi. Oltin O‘rdaliklar Amir Temur qo`shinlari kelayotganini eshitib chekinishga majbur bo`ldilar. 1395-yil aprelida Amir Temur va To`xtamish o`rtasida urush harakatlari yana boshlanib ketdi. Jangning asosiy qismi o`ng qanotda bo`ldi. Ushbu qanotda mushkul vaziyat paydo bo`lgan. Amir Temur zahira qo`shin bilan jangga kirdi va dushmanni chekinishga majbur qildi. To`xtamish uchinchi jangdan keyin hokimiyatdan ajraldi.

To`xtamish qo`shinining Terek daryosi bo`yida tor-mor etilishi va 1395 yilda Saroy Berkaning xaroba qilinishi Oltin O`rdaga juda kuchli zarba bo`ldi. Shundan keyin u o`zini o`nglay olmadi.

Amir Temurning bir mamlakatga qilgan yurishlari uning boshqa mamlakatlarga qilgan yurishlari bilan ketma-ket borganligini urush voqealari ko`rsatib turadi. Amir Temur Ozarbayjonga bir necha marotaba hujum qilib bordi va 1387-yilda uni bo`ysundirishga muyassar bo`ldi. Armaniston va Gruziyani Amir Temur 1392 yilda bo`ysundiradi. Temurning uzoq Hindistonga yurishi 1398-yilda tamomlandi.

Sohibqiron Amir Temurning harbiy mahorati shunda ediki, u o`z dushmanlarini erkin nafas olishga qo`ymagan. 1400-yilda Amir Temur qo`shinlari turk sultoni Boyazid I va Misr sultoni Faraj bilan kurash olib bordilar. 1402-yilda Amir Temur Anqara yonida Boyazid bilan ikkinchi marta to`qnashdi va uni tor-mor etdi.

Amir Temur o`z qo`shinlari bilan 1404-yilning oxirida Xitoyga qarab yo`lga chiqqandi. O`sha yili qish O`rta Osiyo tarixida eng qahraton qish bo`lgan. Sirdaryoning suvi 1 metga muzlagan, askarlardan ko`pini quloq-burunlarini, qo`l-oyoqlarini sovuq olgan edi. Amir Temurning o`zi ham ko`p o`tmay shamollab qoladi. 1405-yil yanvar oyining o`rtalarida O`trorda to`xtashga qaror qilishadi va bu erda 18-fevral kuni buyuk jahongir Sohibqiron Amir Temur vafot etdi.

Amir Temur 35 yil davomida harbiy yurishlar qiladi. Bu yurishlar natijasida u buyuk davlat tashkil qilishga erishdi. Uning tarkibiga Movarounnahr, Xorazm, Kaspiy atrofidagi viloyatlar, hozirgi Afg‘oniston, Eron, Turkiya, Hindiston, Iroq, Janubiy Rossiya, Kavkaz va G‘arbiy Osiyoning bir qator mamlakatlari kiradi. Amir Temurning muvaffaqiyatiga avvalo uning nodir harbiy iste’dodi sabab bo`ldi. Amir Temur qo`shinida qat’iy tartib va intizom o`rnatilgan edi. Har bir jang rejasini va barcha qismlar uchun yo`l-yo`riqlarni o`zi ishlab chiqardi. Uning harbiy iste’dodi Anqara yaqinida Sulton Boyazidga qarshi jangda ayniqsa yorqin namoyon bo`ldi. Armiyaning yuragini va qo`mondonlik o`zagini barlos urug‘i vakillari tashkil etardi. Shu davr voqealarining shohidi bo`lganlarning guvohlik berishicha barloslar harbiy qo`nimsizlikka nihoyatda chidamli, yoydan o`q uzishga juda usta, o`z hukmdorlariga sodiq va sabr-toqatli bo`lganlar.



Mustaqillik sharofati hamda Respublikamizning birinchi Prezidenti I.Karimov tashabbusi bilan sovetlar davrida unut bo‘lgan buyuk Sohibqironning pok nomi qayta tiklandi. Tarixiy adolat qaror topib, 1996 yili Sohibqironning 660 yillik tavallud yoshi butun jahonda keng miqyosda nishonlandi.
Download 62 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling