An`anaviy va noan`anaviy o`qitish modellari. An`anaviy dars o`tishning asosiy tarkibiy qismlari. An`anaviy darsning afzalliklari. Noan`anaviy darsning tafsilotlari


Download 38.33 Kb.
Sana13.02.2020
Hajmi38.33 Kb.

Aim.uz

An`anaviy va noan`anaviy o`qitish modellari. An`anaviy dars o`tishning asosiy tarkibiy qismlari. An`anaviy darsning afzalliklari. Noan`anaviy darsning tafsilotlari.




Tayanch so`z va atamalar

An`anaviy dars. An`anaviy dars rejasi. Noan`anaviy dars. Noan`anaviy dars o`tishning asosiy tarkibiy qismlari. An`anaviy va noan`anaviy darsning afzalliklari va kamchiliklari.

An`anaviy dars — muayyan muddatga mo`ljallangan, ta`lim jarayoni ko`proq o`qituvchi shaxsiga qaratilgan, mavzuga kirish, yoritish, mustahkamlash va yakunlash bosqichlaridan iborat ta`lim modelidir. O`quv materiali yangi va ancha murakkab bo`lganda, an`anaviy dars — ko`p hollarda ta`lim jarayonining birdan — bir metodi bo`lib qolmoqda.

Ma`lumki, an`anaviy darsda ta`lim jarayonining markazida o`qituvchi turadi. SHu bois, ba`zida an`anaviy darsni markazida o`qituvchi turgan o`qitish usuli deb ham atashadi.

An`anaviy dars o`tish modelida ko`proq ma`ruza, savol —javob, amaliy mashq kabi metodlardan foydalaniladi. SHu sabab, bu hollarda an`anaviy dars samaradorligi ancha past bo`lib, o`quvchilar ta`lim jarayonining passiv ishtirokchilariga aylanib qoladilar.

An`anaviy dars o`tishda mashg`ulotning bosqichlarini quyidagicha rejalashtirish mumkin.

1. Kirish. O`tilgan materialni takrorlash; darsning maqsadini tushuntirish; yangi darsning mavzusi va mashg`ulot rejasi bilan tanishtirish.

2. YAngi mavzuni yoritish. YAngi mavzuni kichik — kichik bo`lakchalarga bo`lib berish; rang —barang misollarni imkoni boricha ko`rgazmali taqdim qilish; mavzudan chetlashmaslik; materialning murakkab tomonlarini qayta tushuntirish; o`quvchilarning tushunganlik darajasini tekshirib borish; teskari aloqani ta`minlash.

3. «Teta—poya» mashq. Biror misol (yoki masalani) o`quvchilar bilan qadamba — qadam hal qilish va tahlil qilish:

4. Yo`naltirib turiluvchi mashq. O`quvchilar mashq (yoki masalani) mustaqil bajarishadi, o`qituvchi esa ularni nazorat qilib, tuzatish kiritib boradi.

5. Mustaqil bajariladigan mashq. O`quvchilar mashqni mustaqil holda o`qituvchi yordamisiz bajarishadi.

6. O`quvchilarning tushunganlik darajasini tekshirish. Nazorat savollari bilan murojaat etish va mavzuni o`zlashtirish darajasini aniqlash.

7. YAkunlash. Dars mavzusining asosiy tushunchalarini va o`quv maqsadlarini jamlash.



Ko`rinib turibdiki, an`anaviy dars mashg`ulotida barcha dars bosqichlari qadamba-qadam amalga oshiriladi va hech qanday g`ayrioddiylik mavjud emas. Bu o`quvchini darsga bo`lgan ishtiyoqining sustligini va dars o`tishdagi bir xillikni ta`minlaydi. SHunday bo`lsada, an`anaviy o`qitishda o`ziga xos ijobiy va salbiy xususiyatlar mavjuddir. Zero, an`anaviy ta`lim metodlari quyidagi afzalliklarga ega:

  • Ma`lum ko`nikmalarga ega bo`lgan va aniq ma`lum tushunchalarni, fanni o`rganishda foydali ekanligi. Bu an`anaviy ta`limda ilmiylik tamoyilining amal qilayotganligi va o`quvchida tizimli bilimlarning hosil bo`layotganligidir.

  • O`qituvchi tomonidan o`qitish jarayonini va o`qitish muhitini yuqori darajada nazorat qilinishi, ta`limning tarbiyaviy xarakterini ifodalaydi. Bunda talabalar sust ishtirok etsalar ham, dars mashg`ulotida ular yuqori intizom na`munalari ko`rsatadilar.

  • Vaqtdan unumli foydalanish natijasida barcha mashg`ulot bosqichlarining to`liq amalga oshishi va vaqt taqsimotining izchillik bilan namoyon bo`lishi kuzatiladi.

An`anaviy ta`lim metodlari bugungi kunda qator kamchiliklarga ham egaki, bu o`quv jarayonida noan`anaviy ta`lim metodlarini qo`llash ehtiyojlarini paydo qiladi. Bu kamchiliklar quyidagilardir.

  • O`quvchilar passiv ishtirokchi bo`lib qoladilar, dars mashg`uloti markazida hamda asosiy boshqaruvchilik rolida o`qituvchining turganligi bunday passivlikka olib keladi.

  • O`qituvchining to`la nazorati barcha o`quvchilar uchun motivatsiyani vujudga keltirmaydi. CHunki, o`quvchilar tomonidan amalga oshirilayotgan barcha xatti-harakatlar qat`iy talab asosida sodir bo`ladi. Bu o`quvchida ijodiy tashabbusni uyg`otmaydi.

  • O`quvchilar o`qituvchi bilan bevosita muloqotga kirisha olmaydilar. CHunki, har bir dars bosqichi muayyan qoidalarga asoslanganligi va bu bosqichlar o`qituvchining ixtiyorida sodir bo`layotganligi muloqotning har xil shakllarini namoyon bo`lishiga ehtiyoj tug`dirmaydi.

  • Eslab qolish darajasi hamma o`quvchilarda bir —xil bo`lmaganligi sababli, sinf bo`yicha o`zlashtirish darajasi past bo`lib qolishi mumkin. YA`ni, an`anaviy ta`limda mashg`ulotga va bilish jarayoniga o`quvchilarni qiziqtiruvchi har xil uslublarni, xotirani mustahkomlovchi o`yinli texnologiyalarni qo`llash imkoniyatlaridan foydalanilmasligi mazkur oqibatlarni keltirib chiqaradi.

  • Mustaqil o`rganish va mustaqil qarorlar qabul qilish uchun sharoitlar yaratilmaydi. Talabani ijodiy fikrlashga undovchi kuchning mavjud emasligi tabiiy ravishda yangi g`oyalarni ishlab chiqish uchun sharoitlarni yuzaga keltirmaydi.

O`qitishning noan`anaviy modellarini shartli ravishda 3 ga ajratish mumkin.

Bu modellar asosan o`quvchi shaxsiga qaratilgan bo`lib, ularni boshqacha qilib markazda o`quvchi turgan ta`lim modellari deb ham atashadi.



Modellashtirish — real hayotda va jamiyatda yuz berayotgan hodisa va jarayonlarni ixchamlashtirilgan va soddalashtirilgan ko`rinishini (modelini) sinfxonada yaratish va ularda o`quvchilarni shaxsan qatnashishi va faoliyati evaziga ta`lim olishini ko`zda tutuvchi metod.

Hamkorlikda o`rganish modeli—o`quvchilarning mustaqil guruhlarda ishlashi evaziga ta`lim olishini ko`zda tutadigan metod.

O`rganishning tadqiqot modeli — o`quvchilarni muayyan muammoni yechishga yo`naltirilgan, mustaqil tadqiqot olib borishini ko`zda tutuvchi metod.

Noan`anaviy (ta`lim jarayoni markazida o`quvchi bo`lgan) o`qitish metodlarning afzalliklari:

  • O`qitish mazmunini yaxshi o`zlashtirishga olib kelishi.

  • O`z vaqtida aloqalarning ta`minlanishi.

  • Tushunchalarni amaliyotda qo`llash uchun sharoitlar yaratilishi.

  • O`qitish usullarining turli xil ko`rinishlari taklif etilishi.

  • Motivatsiyaning yuqori darajada bo`lishi.

  • O`tilgan materialning yaxshi eslab qolinishi.

  • Muloqotga kirishish ko`nikmasining takomillashishi.

  • O`z—o`zini baholashning o`sishi.

  • O`quvchilarning predmetning mazmuniga. o`qitish jarayoniga bo`lgan ijobiy munosabati.

  • Mustaqil fikrlay oladigan o`quvchining shakllanishiga yordam berishi.

  • Nafaqat mazmunini o`zlashtirishga yordam bermay, balki tanqidiy va mantiqiy fikrlashni ham rivojlantirishi.

  • Muammolar yechish ko`nikmalarining shakllanishi.

Noan`anaviy o`qitish metodlari quyidagi kamchiliklarga egadir.

  • Mashg`ulotga tayyorgarlik uchun juda ko`p vaqt talab etilishi.

  • O`quvchilarni har doim ham keraklicha nazorat qilish imkoniyatining pastligi.

  • Juda murakkab mazmundagi material o`rganilayotganda ham o`qituvchi ro-lining past bo`lishi.

  • «Kuchsiz» o`quvchilar bo`lganligi sababli «kuchli» o`quvchilarning ham past baho olishi.

  • O`qituvchining o`zi ham yaxshi rivojlangan fikrlash qobiliyatiga va muammolar yechish ko`nikmalariga ega bo`lishining talab etilishi.

SHunday qilib, bugungi kunda dars mashg`ulotlarida ham an`anaviy, ham noan`anaviy o`qitish modellaridan foydalaniladi. Bunda mavzuning xususiyatiga, o`zlashtiriladigan materialning mazmuniga va o`quv maqsadlarining tarkibiga va nazorat tizimining qanday tashkil etilish jihatlariga e`tibor beriladi.

Tadqiqotlar shuni ko`rsatadiki, an`anaviy dars shaklini saqlab qolgan holda, unga turli — tuman o`quvchilar faoliyatini faollashtiradigan metodlar bilan boyitish o`quvchilarning o`zlashtirish darajasini ko`tarilishiga olib kelar ekan.



Buning uchun dars jarayoni oqilona tashkil qilinishi, o`qituvchi tomonidan o`quvchilarning qiziqishini orttirib, ularning ta`lim jarayonida faolligi muttasil rag`batlantirilib turilishi, o`quv materialini kichik — kichik bo`laklarga bo`lib, ularning mazmunini ochishda bahs, munozara, aqliy hujum, kichik guruhlarda ishlash, tadqiqot, rolli o`yinlar metodlarini qo`llash, rang—barang qiziqtiruvchi misollarning keltirilishi, o`quvchilarni amaliy mashqlarni mustaqil bajarishga undash, rang — barang baholash usullaridan foydalanish, ta`lim vositalaridan joyida va vaqtida foydalanish talab etiladi.

Aim.uz



Do'stlaringiz bilan baham:


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2019
ma'muriyatiga murojaat qiling