Anton Chexov. Krijovnik (hikoya) Chop etilgan
Download 249.09 Kb. Pdf ko'rish
|
Anton Chexov Krijovnik
- Bu sahifa navigatsiya:
- Document Outline
Anton Chexov. Krijovnik (hikoya) Chop etilgan 26.09.2019 Muallif
Ziyouz.uz
Erta tongdayoq butun osmonni qora bulut qoplab oldi. Dala yuzini ko‘pdan beri qora bulut bosib yomg‘ir yog‘ay-yog‘ay deb turgan rutubatli kunlardagidek havo past, hamma yoq jimjit va ko‘ngilsiz edi. Veterinariya vrachi Ivan Ivanich bilan gimnaziya muallimi Burkinlar yura-yura charchadi va ularga dalaning poyoni yo‘qqa o‘xshab ketdi. Ularning yo‘lida uzoqdan Mironositskiy qishlog‘ining shamol tegirmoni elas-elas ko‘rinadi, o‘ng tomonda tizma tepalar cho‘zilib ketgan va qishloqdan ancha narida ko‘rinmay qolardi. Bu tepaliklar daryoning qirg‘og‘i bo‘lib, u tomonda o‘tloqlar, ko‘m-ko‘k tollar, qo‘rg‘onlar borligini, tepalardan birining ustiga chiqib qaralsa, nariyog‘ida ham shunday keng dalalar, telegraf va uzoqdan o‘rmalab ketayotgan qurtga o‘xshash poyezdlar, agar havo ochiq bo‘lsa, undan hatto shahar ham ko‘rinishini bularning ikkovi ham bilar edi. Havo tinch, butun tabiat yuvosh va o‘ychan bo‘lib ko‘ringan shu paytda Ivan Ivanich bilan Burkinga dalalar juda ham yoqib ketdi va ularning ikkovi ham, bu mamlakatning qanday ulug‘ va qanday go‘zal ekanligini o‘ylab ketishdi. — O‘tgan safar, biz oqsoqol Prokofiyning saroyida o‘tirganimizda, — dedi Burkin, — siz bir voqeani gapirmoqchi bo‘lgan edingiz. — Ha, o‘shanda men o‘z ukam to‘g‘risida gapirmoqchi edim. Ivan Ivanich gapini boshlash uchun chuqur nafas oldi- da, tamaki tutatdi, shu choqda, yomg‘ir yog‘a boshladi. Birpasdan keyin yomg‘ir qattiq quyib yubordi va uning qachon tinishini bilib bo‘lmas edi. Ivan Ivanich bilan Burkin o‘ylanib turib qolishdi; itlar ivib ketgan va dumlarini qisib, jovdirab turar edi. — Biror joyga berkinishimiz kerak. — dedi Burkin. — Yuring, Alexinnikiga boramiz. Uniki yaqin. — Mayli, boramiz. Ular burilishdi va to yo‘lga chiqquncha goh to‘g‘riga yurib, goh o‘ngga va goh so‘lga burilib, bug‘doypoyadan borishar edi. Tez orada teraklar, bog‘, so‘ngra omborlarning qizil tomlari ko‘rindi; daryo yaltirab turar, tegirmoni, cho‘milish joyi bor keng bir hovuz ko‘rindi. Bu joy Alexin turadigan Sofino qishlog‘i edi. Tegirmon yomg‘ir tovushini bosib ketgan, to‘g‘on titrab turar edi. Aravaning yonida ivigan otlar boshlarini quyi solib, boshlariga qop yopingan odamlar u yoq bu yoqqa o‘tib turardi. Havo nam, yerlar loy, hamma yoq besaranjom va hovuzning ko‘rinishi yoqimsiz va dahshatli edi. Ivan Ivanich va Burkin ivib, shilta bo‘lib ketgan, badanlari junjukkan, loydan oyoqlarini zo‘rg‘a ko‘tarar edi; ular to‘g‘ondan o‘tib, xo‘jayinning ombori tomon ko‘tarilishdi, ikkovlari ham bir-birlari bilan arazlashgan kishiday g‘iq etmas edi. Omborlarning birida sovurish mashinasi shuvullardi. Omborning eshigi ochiq, undan chang burqsab chiqardi. Ostonada Alexinning o‘zi tikka turardi. U qirq yoshlarda bo‘lib, novcha, to‘ladan kelgan, uzun sochli edi, u pomeshchikdan ko‘ra ko‘proq professorga yoki rassomga o‘xshardi. Uning egnida, ko‘pdan beri yuvilmagan oq ko‘ylak, ustidan chilvir bog‘lagan, shim o‘rniga ishton kiygan, etiklarining yuzi changga botgan va poxol ilashgan, burun va ko‘zlari changdan qorayib ketgan edi. U Ivan Ivanich bilan Burkinni tanidi va juda ham xursand bo‘lib kegganday ko‘rindi. — Kelinglar, janoblar, uyga marhamat, — dedi kulumsirab u. — Men hozir, darrov kiraman. Alexinning uyi ikki qabatli kattakon bino edi. Alexin pastda, peshtoqli derazalari kichkina ikki xonada turardi. Bu uyda bir vaqtlar prikazchiklar turgan bo‘lib, ichidagi narsalar soddagina edi. Bu yerdan javdari bug‘doy nonining, past aroq va ot abzallarining hidi kelardi. Yuqoridagi yasog‘liq mehmonxonada u kam turar, faqat mehmonlar kelgandagina bo‘lar edi. Ivan Ivanich bilan burkinni chiroyli bir cho‘ri xotin kutib oldi, u shu qadar chiroyli ediki, uni ko‘rish bilan ular to‘xtashdi va bir-birlariga qarab qolishdi. Alexin bularning ketidan dahlizga kirayotib: — Kelganlaringiz uchun juda ham xursand bo‘ldim, janoblar, — dedi. Men hech kutmagan edim! Pelageya, — deb chaqirdi cho‘rini u, — mehmonlarga boshqa ust-bosh bering, kiyimlarini almashtirib olsinlar. Darvoqe, men ham kiyimimni almashtirib olsam bo‘lar ekan. Ammo oldin borib cho‘milib kelishim kerak, bahordan beri cho‘milganim yo‘q. Janoblar, borib cho‘milib kelmaymizmi? Ungacha bu yerni rostlab qo‘yadi. Go‘zal, malohatli Pelageya choyshab va sovun olib keldi. Alexin mehmonlarni boshlab, cho‘miladigan joyga ketdi. — Anchadan beri cho‘milganim ham yo‘q, — dedi yechinayotib u. — Ko‘ryapsizlarmi, cho‘miladigan joyim yaxshi, buni otam qurdirgan edi, lekin cho‘milishga qo‘l tegmaydi. U zinapoyaga o‘tirib, uzun sochlarini va bo‘ynini sovunladi, uning oldidagi suv jigar rang bo‘lib ketdi. — Ha, shundayga o‘xshaydi… — dedi Ivan Ivanich, hayron bo‘lgandek uning boshiga qarab. Alexin xijolat tortib: — Men xiyla vaqtdan beri yuvinganim yo‘q… — deb takrorladi va yana sovun surtdi. Uning yonidagi suv bamisoli siyoh — to‘q ko‘k bo‘lib ketdi. Ivan Ivanich tashqariga chiqib, o‘zini suvga tashladi. U yomg‘ir ostida keng-keng quloch otib suzib ketdi, suvlar to‘lqinlandi va to‘lqindan oq nilufar gullar chayqalib turar edi. U suvning o‘rtasigacha suzib borib, sho‘ng‘ib ketdi va bir daqiqadan keyin boshqa joydan chiqdi-da, nariroqqa suzib bordi, suvning ostiga yetmoqchi bo‘lib yana sho‘ng‘idi. «Yo rabbiy… — deb takrorladi u rohatlanib, — yo rabbiy…» U tegirmongacha suzib bordi, unda mujiklar bilan allanimalar to‘g‘risida gaplashib, yana orqaga qaytdi va suvning o‘rtasiga kelib, yuzini yomg‘irga qilib yotdi. Burkin bilan Alexin kiyinishib, qaytish taraddudiga tushdilar. Ivan Ivanich esa hamon suzib va sho‘ng‘ib yurib: — Yo rabbiy… — derdi. — Yo rabbiy, o‘zing rahm qil, — derdi. — Bo‘ldi endi! — dedi Burkin unga. Uyga qaytib kelishdi. Yuqoridagi kattagina mehmonxonaning chirog‘i yoqilganda Burkin ham, Ivan Ivanich ham, shoyi xalat va tufli kiyib, kresloda o‘tirar, Alexin esa, yuvingan, tarangan, yangi kiyimlarini kiygan holda mehmonxonaning ichida yurar, aftidan, u issiqdan, tozalikdan, quruq ko‘ylak va yengilgina oyoq kiyimidan huzur qilardi. Go‘zal Pelageya gilam ustidan ohista qadam bosib va muloyimgina kulumsirab, patnisda choy va murabbo olib kelganida Ivan Ivanich hikoyasini boshladi. Uning gaplarini Burkin bilan Alexingina emas, oltin ramka ichidan tikilib qarab turgan keksa va yo sh xonimlar, harbiylar ham tinglayotganga o‘xshar edi. — Biz ikki og‘a-inimiz, — deb gap boshladi u, — men Ivan Ivanich va mendan ikki yosh kichkina Nikolay Ivanich ikkimiz. Men ilmning ketidan ketdim- da, veterinar vrach bo‘ldim, Nikolay esa o‘n to‘qqiz yoshidan davlat palatasiga ishga kirdi. Bizning otamiz Chimsha-Gimalayskiy kantonistlardan edi, ammo, ofitserlik darajasini olgandan keyin vafot etdi va undan bizga dvoryanlik nasabi hamda bir oz yer- mulk meros qoldi. Otam o‘lgandan keyin uning qarzlari badaliga yer- mulk qo‘ldan ketdi, ammo, bir amallab biz yoshlikni keng dalada o‘tkazdik. Biz ham dehqon bolalari kabi, kecha- kunduz dalada, o‘rmonda bo‘lar, otlarni poylar, daraxt po‘stlog‘ini shilar, baliq ovlar va shunga o‘xshash ishlarni qilar edik… Bilasizlarki, umrida biror marta yorsh balig‘ini ushlab olgan yoki kuz kunlarida maynalarning uchib yurishini, ularning havo ochiq va sovuq kunlarda qishloqning ustida to‘dalashib uchib o‘tishini ko‘rgan kishini shaharlik demasa bo‘ladi, u dalani qo‘msab turadi. Ukam davlat palatasida zerikib kun kechirardi. Yillar o‘tar, u hamon bir joyda o‘tirar, doim bir xil xatlarni yozar va doim bir to‘g‘rida o‘ylar: qanday qilib bo‘lsa- da, qishloqda yashashni xayol qilar edi. Uning zerikishi bora- bora ma’lum xohishga, biror daryo yoki ko‘lning bo‘yidan o‘ziga kichkina qo‘rg‘on sotib olish orzusiga aylamadi. U yaxshi, xushfe’l odam edi. Men uni yaxshi ko‘rar edim, ammo uning umr bo‘yi o‘z qo‘rg‘onida qamalib o‘tirish istagiga qo‘shilmas edim. Odatda, odamga faqat uch gaz yer kerak deb aytiladi. Ammo uch gaz yer odam uchun emas, o‘lik uchun kerak-ku, shuningdek hozir ham, agar bizning ziyolilarimiz yer- suv qilishga va qo‘rg‘on qurishga intilsalar yaxshi bo‘lur edi deb ham aytadilar. Ammo bu qo‘rg‘on ham uch gaz yerga teng-ku, axir! Shahardan, kurashdan, tirikchilik g‘amu g‘ussasidan qochib, o‘z qo‘rg‘onida yashirinib umr kechirish — umr emas, xudbinlik, dangasalik, bir turli monaxlik, monaxlik bo‘lganda ham nomardlikdir. Kishiga uch gaz yer emas, qo‘rg‘on ham emas, o‘z ozod ruhining hamma hislat va fazilatlarini erkin ko‘rsatish uchun butun kurrai arz, butun tabiat olami kerak. Ukam Nikolay kantselyariyada ishlab o‘tirganida, sabzavotlar ektirsam, o‘zim yetishtirgan sabzavot sho‘rvasini maza qilib ichsam, uning yoqimli hidi butun hovlini tutib ketsa, ko‘m-ko‘k o‘tlarning ustida o‘tirib ovqatlansam, soyada yotib uxlasam, darvoza yonidagi xarrakda o‘tirib, ancha vaqtgacha dalani va o‘rmonni tomosha qilsam, deb o‘ylar edi. Qishloq xo‘jaligiga doir kitoblarni va kalendarlarda beriladiga n maslahatlarni yaxshi ko‘rar va sevib o‘qib, ruhiy oziq olar edi; u gazeta o‘qishni ham yaxshi ko‘rardi, ammo gazetalardan faqat, qo‘rg‘oni, daryosi, bog‘i, tegirmoni, suvi oqib chiqib ketadigan hovuzi bor falon desyatina ekin yer va yaylov sotiladi deyil gan e’lonlarnigina o‘qir edi. Uning kallasini bog‘dagi yo‘llar, gullar, mevalar, chug‘urchuq uyalari, hovuzda o‘ynoqlab yurgan tovonbaliqlar va shunga o‘xshagan narsalar aylantirib yotar edi. U qaysi e’lonni o‘qir ekan, xayolida boshqa narsa paydo bo‘lar edi, ammo bularning har birining ichida, negadir, krijovnik ham bo‘lar edi. Krijovnigi bo‘lmagan bironta qo‘rg‘onni, bironta yaxshi joyni u tasavvur ham qilolmas edi. — Qishloq hayotining o‘z shukuhi bo‘ladi, — derdi, ba’zan u. — Boloxonada choyni puflab ichib o‘tirasan, hovuzda o‘rdakchalaring suzib yuradi, ajoyib hidlar dimog‘ingga urib turadi va… va krijovniklar ko‘karib yotadi, — derdi. U o‘z mulkining rejasini chizar va uning rejasi har safar bir xilda chiqaverar edi: a) xo‘jayinlar turadigan uy, v) xiz matkorlar turadigan uy, s) poliz, b) krijovnik. U xasislik bilan kun o‘tkazar: to‘yib ovqat yemas, to‘yib ichmas, xuddi gadoyga o‘xshab kiyinar, topgan pulini bankka qo‘yaverardi. Judayam qizg‘onchiq bo‘lib ketgan edi. Men uning ahvoliga achinardim. Uni-buni olib berardim, bayramlarda narsalar yuborardim, ammo u men yuborgan narsalarni ham yashirar ekan. Shunaqa bo‘lar ekan, ya’ni odam biror muddaoga qasd bilan kirishsa, uni hech qaytarib bo‘lmas ekan. Yillar o‘tdi, uni boshqa gubernaga ishga ko‘chirishdi, yoshi esa qirqdan ham oshdi, ammo u hamon gazetalardagi e’lonlarni o‘qir va pul to‘plar edi. Keyin, uylandi deb eshitdim. Uning maqsadi hamon o‘sha, krijovnikli qo‘rg‘on sotib olish edi, u yoshi katta, xunuk bir tul xotinga uylangan, uni yaxshi ko‘rganidan emas, puli borligi uchun uylangan edi. Ukam bu xotin bilan ham xasislikda ro‘zg‘or kechirdi, uni yarim och ahvolda tutdi, uning pullarini esa, bankka oborib o‘z puliga qo‘shib qo‘ydi. Bu xotin ilgari pochtmeysterga tekkan, unikida pirog yeyish, nalivka
ic hishga odatlanib qolgan ekan, ikkinchi erinikida esa, qora nonga ham qorni to‘ymaydigan bo‘ldi. Tirikchilik shu ahvolga tushib qolgach, xotin ozib- to‘zib ketdi va uch yildan keyin jonini jabborga topshirdi. Ukam esa, xotinining o‘lganiga o‘zi sababchi ekanini mutlaqo o‘ylamas edi. Pul degan narsa, araq singari, odamni jinni qilib qo‘yadi. Bizning shahrimizda bir savdogar bor edi. U jon berish oldida bir tarelka asal olib kelishni buyurgan- da, boshqalarga qolib ketmasin deb, o‘zining hamma pullarini va yutuq li biletlarini asalga qo‘shib yeb qo‘ygan. Bir vaqt men vokzalda podaga qarab turgan edim. Shu paytda bitta jallopning oyog‘ini parovoz kesib ketdi. Biz uni kasalxonaga olib ketayotgan edik, qon oqyapti, ahvoli qo‘rqinchli, ammo u hadeb oyog‘imni topib kelinglar der va bezovtalanar edi: bilsakki, uning qirqilgan oyog‘idagi etigining ichida yigirma so‘m puli bor ekan, u shu pulining yo‘qolishidan xavotir ekan. — Siz boshqa hikoyaga o‘tib ketdingiz, — dedi Burkin. Ivan Ivanich birpas o‘ylanib turgach: — Xotini o‘lgach, — deb gapini davom ettirdi, — ukam o‘ziga mulk axtarishga tushdi. Tanlab- tanlab toziga uchraysan deganday, ukam Nikolay ham, ko‘nglidagidek joy topolmadi. U qarzni komissioner orqali perevod qilish sharti bilan, xo‘jayin turadigan, xizmatkorlar turadigan uylari, parki bor bir yuz o‘n ikki desyatina mulkni sotib oldi, ammo unda mevali bog‘ ham, krijovnik ham, o‘rdaklari suzib yurgan hovuz ham yo‘q edi; mulkning yonidan daryo oqar, uning suvi kofe tusida edi, chunki mulkning bir tomonida g‘isht zavodi, ikkinchi tomonida esa, suyak kuydiradigan zavod bor edi. Lekin bizning Nikolay Ivanich unchayam xafa bo‘lmadi; u yigirma tup krijovnik oldirib kelib ko‘chat qildi va pomeshchiklarcha hayot kechirdi. O‘tgan yil men uni ko‘rgani bordim. Men uni borib ko‘ray, qaysi ahvolda ekan, deb o‘yladim. Ukam xatlarida o‘zining imeniyesini: «Chumbaroklova Pustosh, Gimalayskoye toj» deb atar edi. Men «Gimalayskoye toj»ga tushdan keyin yetib bordim. Havo issiq edi, hamma joyda ariqlar, devorlar, qator o‘tqazilgan archalar, — qovliga qayoqdan kirishni, otni qayerga bog‘lashni bilib bo‘lmaydi. Uyga tomon borar edim, qarshimdan semiz, cho‘chqaga o‘xshagan malla it chiqdi. U qurgisi kelsa- da, erinib turar edi. Oshxonadan yalangoyoq, semiz, bu ham cho‘chqaga o‘xshash, oshpaz xotin chiqib keldi- da, xo‘jayin ovqatdan keyin dam olyapti dedi. Ukamning oldiga kirdim, u o‘rinda o‘tirar, tizzasiga adiyol yopib olgan edi; u qarib, semirib, salqib qolgan; yuzlari, burni va lablari so‘ljayib, cho‘chqaday xurillab yuboradiganga o‘xshab o‘tirar edi. Biz quchoqlashib ko‘rishdik, shodlikdan hamda bir zamonlar ikkimiz ham yosh edik, endi keksayib, o‘lishimiz ham yaqin qoldi degan qayg‘uli fikr bilan yig‘lashib oldik, u kiyindi-da, mulkini ko‘rsatish uchun meni boshlab ketdi. — Qani ayt-chi, bu yerda qanday hayot kechiryapsan! — deb so‘radim. — Tuzuk, xudoga shuqur, yaxshi hayot kechiryapman. U endi avvalgi tortinchoq, bechora — chinovnik emas, haqikiy pomeshchik, xo‘jayin edi. U bu yerda turishga KUnikib, bu yerning past- balandiga o‘rganib ketgan edi; ovqatni ko‘p yerdi, hammomga tushib turardi, semirib ketgan, odamlar bilan va ikkala zavod bilan ham sudlashib olgan edi, mujiklar uni «janobi oliylari» demasa juda ham xafa bo‘lar edi. O‘z joni uchun jiddiy, pomeshchiklarday kayg‘urar, yaxshi ishlarni soddagina qilmay, savlat to‘kib, tantana bilan qilar edi. Ammo bu qanaqa yaxshi ishlar deng? U mujiklarni har qanday kasaldan soda va kanakunjut yog‘i bilan davolar va o‘zining tug‘ilgan kunida esa, qishloqning o‘rtasida shukrona ibodat o‘tkazar, so‘ngra yarim chelak aroq xayr qilardi; u shunday qilish kerak deb o‘ylar edi. Eh, bu yarim chelak nimalar qilmaydi, deysiz! Bugun bu semiz pomeshchik MUJIKlarning mol-otlari o‘zining ekiniga tushgani uchun ularni qishloq oqsoqolining oldiga sudrab boradi. Ertasiga, tantanali kunda esa, ularga yarim chelak aroq xayr qiladi, ular esa buni ichib olib ura, deb qichqirishadi va uning oyog‘iga bosh urishadi. Agar turmush yaxshilanib ketsa, to‘qchilik va mo‘lchplik bo‘lsa, rus kishisining dimog‘i shishib, juda bez bo‘lib ketadi. Bir vaqtlar davlat palatasida ishlaganida o‘z shaxsiy nuqtai nazariga ega bo‘lishdan qo‘rqqan Nikolay Ivanich, endilikda faqat haqiqatni gapiradigan, gapirganda ham xuddi ministrdek: «Ilm olish zarur, ammo xalqning ilm olishi uchun hali vaqt bor», «tan jazosi umuman zararli, ammo ba’zi holatlarda juda kerak va foydali» deydigan bo‘lib qolgan. — Men xalqni va u bilan munosabat qilishni bilaman, — dedi u. — Meni xalq yaxshi ko‘radi. Men barmog‘imni qimirlatib qo‘ysam bormi, xalq mening hamma aytganimni qiladi. Bilsangiz, bu gaplarning hammasi yoqimtoygina jilmayib turib aytilgan edi. «Biz dvoryanlar», «men dvoryanin…» degan iborani yigirma marta takrorladi; chamamda u biznivg bobomiz mujik, otamiz soldat bo‘lganini bilmay qolganga o‘xshardi. Hatto bizning Chimsha-Gimalayskiy degan familiyamiz kelishmagan familiya bo‘lsa-da, endi unga kelishgan, dongdor va juda yoqimli tuyulib qolibdi. Ammo gap unda emas, mening o‘zimda. Men uning qo‘rg‘onida bir necha soatgina bo‘lgan vaqtimda o‘zimda qanday o‘zgarish bo‘lganini sizlarga gapirib bermoqchiman. Kechqurun biz choy ichayotganimizda oshpaz xotin stolga to‘la bir tarelka krijovnik olib kelib qo‘ydi. Buni ukam sotib olgan emas, o‘zi ektirgan krijovnikning, ekilgandan beri endi birinchi bor terilgan mevasi edi. Nikolay Ivanich kulimsiradi va bir minutcha krijovnikka qarab, ko‘zidan yosh oqizib jim turdi, uning o‘pkasi to‘lib ketganidan gapirolmas edi, — keyin bitta krijovnikni og‘ziga tashladi va yaxshi ko‘rgan o‘yinchog‘ini olib xursand bo‘lgan go‘dakday, menga shodlanib qaradi va: — Qanday shirin-a! — dedi. U krijovnikni ishtaha bilan yer va birday. — Eh, qanday shirin-a! Sen ham yeb ko‘rgin! — deyar edi.
Krijovnik hali qattiq va nordon bo‘lsa ham, Pushkin aytganday: «bizga mingta haqiqatdan ko‘ra, ruhimi
zni ko‘taruvchi aldov qiymatliroqdir». Men yuragidagi umid-orzulariga, murodu maqsadiga yetgan, o‘z taqdiridan, o‘zidan rozi bo‘lgan baxtiyor kishini ko‘rgan edim. Men kishi baxti haqida fikr yuritganimda, fikrim negadir allaqanday g‘amginlik bilan aralashib ketar edi, endi esa, shunday baxtiyor kishini ko‘rib turar ekanman, men umidsizlikka o‘xshash og‘ir hisga cho‘mib ketdim. Ayniqsa kechasi og‘ir bo‘ldi. Menga ukam yotadigan uyning yonidagi xonaga joy solib berishdi; tunda ukamning uxlamagani, o‘rnidan turib krijovnik solingan lagan oldiga borgani va krijovnikni bir donalab olib, yeb kelishi menga eshitilib turar edi. Dunyoda turmushdan rozi, baxtli kishilar qanday ko‘p ekanligini fahmladim! Bu qanday ko‘pchilik! Siz bu hayotga bir qarang-da: kuchlilar beorligini va bekor yotishini, kuchsizlarning nodonligini va hayvonsifatligini, hamma joyda haddan tashqari faqirlik, torlik, aynish, mastlik, ikki yuzlamachilik, yolg‘onchilikni ko‘rasiz… Holbuki, hamma uylarda va ko‘chalarda jimjitlik, xotirjamlik; shaharning ellik ming aholisidan biror kishi ham qichqirmaydi, qattiq g‘azablanib gapirmaydi. Biz bozorga oziq-ovqat uchun ketayotganlarni, kunduzi ovqat yeb, kechalari uxlab, behuda gaplar gapiruvchilarni, uylanib, qarib, o‘lganlarini beg‘amlik bilan go‘ristonga olpb boruvchilarni ko‘ramiz, lekin biz azoblanuvchilarni, turmushdagi qo‘rqinchli va allaqayerlarda parda orqasida o‘tadigan narsalarni ko‘rmaymiz va eshitmaymiz. Hamma jim, tinch va yolg‘iz bir tilsiz statistikagina: faloncha kishi aqldan ozdi, shuncha c helak ichildi, to‘yib ovqat yemaslikdan faloncha bola o‘ldi… deb norozilik bildiradi. Aftidan, shunaqa tartib kerakka o‘xshaydi? Aftidan, baxtsizlar og‘irlikni jimgina ko‘tarib kelgani uchun baxtlilar farog‘atda yashaydi, bunday jimlik bo‘lmaganda baxt ham bo‘lishi mumkin emas edi. Hamma g‘aflatda. Har bir rozi, baxtli kishining eshigining orqasida bolg‘a ko‘tarib biron kishi tursayu, doim uning eshigini qoqib, baxtsiz kishilar ham borligini, u qanchalik baxtli bo‘lmasin, turmush ertami, kechmi unga do‘q urajagini, kasallik, faqirlik, judolik larzaga keltirishini va hozirda baxtli kishilar boshqalarni ko‘rmayotgani va eshitmayotgani kabi ularni ham hech kim ko‘rmasligini va eshitmasligini esiga solib tursa. Ammo bolg‘a ko‘tarib turadigan kishi yo‘q, baxtli k ishi o‘z holicha kun kechirmoqda, uni tirikchilik tashvishlari shamol terak uchini qimirlatib qo‘ygani singari sal-pal bezovta qiladi va hamma yoq xotirjamlikday ko‘rinadi. Ivan Ivanich, o‘rnidan turar ekan: — Mening ham qanday xursand va baxtli kishi ekanligim o‘zimga o‘sha kecha ravshan bo‘ldi, — deb gapni davom ettirdi. — Men ham obed mahalda va ov qilib yurganda yashash, e’tiqod qilish va xalqni idora etish yo‘llarini o‘rgatar edim. Men ham ilm odamning ko‘zini ochadi, bilim olish zarur, ammo oddiy kish ilar uchun savodli bo‘lishgina kifoya der edim. Men, ozodlik — baxt- saodat, havosiz yashash mumkin bo‘lmaganidek, ozodliksiz ham yashab bo‘lmaydi, ammo kutib turish kerak deyardim. Ana shunday deyardim, endi esa: nima uchun? — deb so‘radi. Ivan Ivanich jahl bilan Burkinga nazar tashlab. — Nima uchun kutish kerak? — Men sizdan so‘rayapman. Qanday mulohazalar bilan? Menga, har qanday ideya birdaniga emas, sekin-asta, vaqti kelganda amalga oshiriladi, deb aytadilar. Ammo kimlar shunday deydi? Buning haqqoniy gap ekaniga dalil bormi? Siz tabiiy tartibni, hodisalarning qonuniyligini dalil qilib keltirasiz, ammo men, tirik, fikr yurituvchi bir kishi bo‘lsam-u, jarning tepasiga borib, uning o‘zi qachon to‘lishini, yoki loy tushib qachon to‘lishini kutib tursam, holbuki, uning ustidan sakrab yoki ko‘prik solib o‘tib ketishim mumkin, bu tartib va qonuniyat bo‘ldimi? Yana, nima uchun kutish kerak? Ulay-o‘lay deb turganingda kut emish, holbuki kishiga yashash kerak, kishi yashashni istaydi! O‘shanda men ukamnikidan erta bilan barvaqt jo‘nab ketgan edim, shundan beri shaharga borishga toqatim yo‘q. Jimjitlik va xotirjamlik meni ezadi. Men derazaga qarashga qo‘rqaman, negaki, mening uchun endi, stolning atrofida o‘tirib choy ichayotgan baxtli oilani ko‘rishdan ko‘ra dahsha
tliroq tomosha yo‘q. Men endi qarib qoldim. Kurashga yaramayman, men hatto nafrat bildirishga xam layoqatli emasman. Men faqat ichimdan ezilaman, g‘ijinaman. Menga alam qiladi, kechalari fikrga cho‘mib ketib boshim yonadi, uxlayolmayman… Eh, agar yosh bo‘lsam edi! Ivan Ivanich hayajonlanib u burchakdan bu burchakka yurar va: — Agar yosh bo‘lsam edi! — degan so‘zni takrorlardi. U birdan Alexinning yoniga bordi- da, uning goh bu qo‘lini goh u qo‘lini siqa boshladi. — Pavel Konstantinich! — deb gapirdi u, yalingan ohangda. — Xotirjam bo‘lib qolmang, g‘aflatga berilmang! Hali yoshsiz, kuchingiz bor, dadilsiz, tinmay yaxshilik qiling! Baxt degan narsaning o‘zi yo‘q va uning bo‘lishi ham kerak emas, agar turmushda ma’no va maqsad bo‘lsa, u bizning baxtimizda emas, balki boshqa ma’qulroq va buyukroq ishla bo‘ladi. Yaxshilik qiling! Ivan Ivanich bu iltimosni o‘zi uchun so‘rayotgan kishiday achinarli, g‘aribona kulimsirash bilan gapirdi. So‘ngra bu uch kishi mehmonxonaning har burchagida indashmasdan kresloda o‘tirishdi. Ivan Ivanichning hikoyasi Burkinni ham, Alexinni ham qanoatlantirmadi. G‘ira-shira tirikdek bo‘lib ko‘ringan oltin ramkalardagi generallar va xonimlar qarab turgan bir vaqtda allaqanday krijovnikxo‘r bechora-chinovnik to‘g‘risida aytilgan hikoyani eshitish zerikarli edi. Bundagilar negadir, go‘zal kishilar, xotinlar haqida gapirilishini va ular haqidagi hikoyalarni tinglashni istardilar. Bular o‘tirgan mehmonxonadagi hamma narsa — jildli qandil ham, kreslolar ham, oyoq ostidagi gilamlar ham, ramkalardan qarab turgan kishilarning o‘zlari, bir vaqtlarda shu joyda yurganlarini va o‘tirib choy ichganlarini aytib turar, endi esa, bu yerda go‘zal Pelageyaning tovushsiz yo‘rg‘asi esa — har qanday hikoyadan yaxshi edi. Alexinning juda ham uyqusi kelgan edi; u xo‘jalik tashvishi bilan ertalab soat ikkidan oshganda turgan edi, hozir esa uning ko‘zlari yumilib ketayotgan bo‘lsa ham, mehmonlar uning yo‘qligida biron qiziq gaplarni gaplashib qo‘yishidan xavotir olib, ketmay o‘tirar edi. Ivan Ivanichning hozirgina aytganlari oqilona, haqqoniy gaplarmidi, buni Alexin tushunmas edi; mehmonlar yorma, pichan, qorayog‘ haqida emas, uning hayotiga aloqasi bo‘lmagan allanimalar to‘g‘risida gapirdilar, bundan u xursand edi va mehmonlarning gapni yana davom ettirishlarini istardi … Burkin o‘rnidan turar ekan: — Endi uxlash kerak, — dedi. — Yaxshi tush ko‘rib yoting. Alexin uzr so‘rab pastdagi o‘z xonasiga tushib ketdi, mehmonlar yuqorida qolishdi. Ularning ikkoviga kattagina xonaga joy solib berishdi. Bu xonada o‘yma naqshlar bilan bezatilgan ikkita eski yog‘och krovat bor edi. Burchakda esa, fil suyagidan yasalgan oyoq-qo‘llari mixlangan Iso surati turardi; biz uchun go‘zal Pelageya solib bergan keng, muzdakkina o‘rinlardan, toza ko‘rpa- yostiq, choyshabning yoqimli hidi kelib turar edi. Ivan Ivanich g‘ing etmasdan yechindi-da, yotdi. — Xudoyo, biz osiy qullaringni o‘zing kechir! — dedi u va boshigacha burkanib oldi. Uning, stol ustida yotgan trubkachasidan tamaki kuyundisining o‘tkir hidi chiqib turar edi. Bukrin esa, uzoq vaqt uxla madi. Uning bu o‘tkir hid qayerdan kelayotganiga sira ham aqli yetmasdi. Yomg‘ir tun bo‘yi derazani tiqirlatib chiqdi. S. Ibrohimov tarjimasi Document Outline
Download 249.09 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling