Arxeolgiya yo’nalishi inson evolutsiyasi va old tarixi fanidan kurs ishi


Download 213.22 Kb.
bet5/7
Sana07.02.2023
Hajmi213.22 Kb.
#1174947
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
Eshnorov Nurlanbek Old tarix fanining XX asrda rivojlanishi II bob

2.2 Atamalar va ularga izoh
XX asrning 30-40 - yillarga kelib shaxs bilan madaniyat munosabati tushunchasi etnografiyaning dolzarb va asosiy muammosiga aylandi hamda tobora koʻproq etnolog olimlarning eʼtiborini torta boshlagan edi. Mazkur muammo boʻyicha oʻz nazariyalarini ilgari surgan olimlar ikki oqimni tashkil etdi: birinchi oqim vakillari «inson xarakteri faqat tarbiya natijasida shakllanadi» degan nazariyani ilgari suruvchi Boasning madaniy determinizimi tarafdorlaridir (R.Benidikt, M.Mid), ikkinchi oqim tarafdori esa «neofreydizim - (yaʼni turli madaniyat shaxs tiplari) umumlashgan asosdagi cheklangan variatsiyaning natijasidir» degan gʻoya tarafdorlaridir (A.Kardiner, R.Linton, I.Xollouel). Etnopsixologiya maktabining rivojlanishida, shubhasiz, Boasning shogirdi M.Midning katta xizmatlari bor. U ustozining turli madaniyatlardagi tarbiya usuli shaxslar va ularga xos fao¬liyat¬lar¬ni keltirib chiqarishi haqidagi fikrini quvvatlaydi hamda inson xulq - atvori, faoliyati, shaxsiy xususiyatlarini biologik omil (irq) bilan emas madaniyat bilan bogʻliqligi haqida ilmiy xulosaga keladi.
M.Mid Samoa (1892-25) va Admiralteystva (1928-1929, 1965-1967) orollarida, Yangi Gvineya (1930-33), Indoneziyaning Bali (1936-390 orolida va boshqa hududlarda uzoq vaqtlar mobaynida etnografik dala tadqiqotlarini olib bordi. Mazkur dala tadqiqotlari maʼlumotlari asosida yozilgan, «Samoada balogʻatga yetish», «Uch ibtidoiy jamoalarda jins va temperament», «Gvineyada voyaga yetish» kabi asarlari bilan M.Mid butun dunyoga tanildi.
Etnopsixologik qiyofa tushunchasiga ham koʻp tadqiqotchilar oʻz taʼriflarini berib oʻtganlar. Masalan rus tadqiqotchisi S.I.Korolyov shakllangan etnik qiyofa «maʼlum darajada muhofaza qiluvchi mexanizm rolini oʻynaydi. U xuddi elakdek, yot narsalarni ajratib, uni yo qabul qiladi, yoki uni shu xalqda mavjud boʻlgan normalar asosida qayta ishlab beradi yohud inkor qiladi, -deb taʼrif bergan. Bu taʼrifni biroz boshqacharoq talqin etadigan boʻlsak, etnoslarning psixologik qiyofasi-ularning atrofdagi voqelikni, hodisalarni oʻziga xos ravishda idrok, tafakkur, tasavvur qilishi ularga boʻlgan munosabatning urf-odat, anʼanalar, xarakter tarzida namoyon boʻlishidir. Har bir xalqning psixologik qiyofasiga mos tarzda madaniyati, oilaviy va ijtimoiy munosabatlar tizimi, yosh va jinslar oʻrtasidagi farqlanish, diniy eʼtiqodga nisbatan munosabat va shu bilan bogʻliq harakatlar, kayfiyatlar hozirgi davrda esa siyosiy jarayonlarga munosabatlar ham shakllanadi. Muayyan bir etnik guruhlar maʼlum bir tarixiy rivojlanish bosqichida oʻziga xos ruhiy-ahloqiy hislatlarga ega boʻlib boradi va bu hol ularning madaniyatiga ham kuchli taʼsir koʻrsatadi. Masalan, biz ruhiy-axloqiy hislatlarimiz va shunga bogʻliq turmush tarzimiz bilan xuddi shu makonda bir asr oldin yashagan oʻz ajdodlarimizdan ancha farq qilamiz.
XX asrdagi AQSh etnopsixologiya maktabining asosiy xususiyatlari haqida toʻxtaladigan boʻlsak, u quyidagilardan iborat edi: Madaniyatni shaxs orqali tushuntirishga intilish, insonning bolalik davriga, ayniqsa, goʻdakning ruhiy-jinsiy shakllanishiga kuchli qiziqish, jamiyat rivojlanishida ijtimoiy-iqtisodiy omillarning oʻrniga yetarli baho bermaslik va psixik omillarni mutlaqlashtirish. AQSh etnopsixologiya maktabining fan oldidagi xizmatlari esa avvalo etnografiyani psixologiya va psixiatriya bilan yaqinlashuviga yordam berdi, etnografiyaga loyihalangan testlarni qoʻllash orqali bolalik davrini qiyosiy tadqiq qilishni rivojlantirdi. XX asrning 60-70 - yillariga kelib etnopsixologik tadqiqotlar hududi sifatida «madaniyat va shaxs»ni sotsial-madaniy sistema bilan bogʻliq tarzda oʻrganish yana dolzarb muammoga aylandi. Psixologik antropologiya sohasida Germaniyalik olim I.Eybl-Eybesfeldt, italiyalik V.Lantanari, gvatemalalik A.Mendea-Dominige va shu kabi olimlarning faol tadqiqot olib borib, etnopsixologiya rivojlanishiga muhim hissa qoʻshishlari etnopsixologiyaning amalda dunyo fanlari tizimida mustahkam oʻrin olganligidan dalolat beradi.
Psixologik antropologiya insonni bashariyatning va alohida madaniyatning bir boʻlagi sifatida tadqiq etar ekan turli sotsial va madaniy sistemalarda aʼlo darajadagi hamfikrlik va hamjihatlik vujudga kelishi uchun keng yoʻl ochadi. Bu esa davrimizga xos boʻlgan iqtisodiy-ijtimoiy, siyosiy, milliy va diniy muammolar globallashayotgan zamonda koʻplab muammolarni hal qilishning samarali vositasidir. Jahon etnografiyasida etnopsixologiyaning oʻrni haqidagi fikrlarimizni yakunlar ekanmiz, ilgʻor mamlakatlarning iqtisodiy-ijtimoiy muammolarni yechishda etnopsixologik tadqiqotlar natijasidan samarali tarzda foydalanganligini taʼkidlab oʻtish joiz. Ularning tajribasidan kelib chiqib, hozirgi davrda jamiyatimizdagi koʻplab iqtisodiy-ijtimoiy muammolar oʻz yechimini topmayotganligi yoki amalga oshirilayotgan islohotlar biz uchun kutilgan natijalarni bermayotganligiga ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning jamiyatdagi etnoslar xulq-atvori va ruhiyati bilan bogʻliq ekanligini toʻla anglamaganimiz sabab degan fikrga keldik.
Xalqimiz moddiy va maʼnaviy madaniyatining ajralmas qismi sanalmish uning eʼtiqodi, urf-odatlari, uy-joyi, kiyim-kechagi-yu taomlarini oʻrganish bilan bir qatorda ana shu oʻziga xos moddiy va maʼnaviy madaniyatni shakllanishida katta ahamiyatga ega boʻlgan xulq - atvori va ruhiyatini tadqiq etish ham muhimdir. Faqat etnopsixologik tadqiqotlar bilangina biz tariximizning keyingi davrida xalqimiz ruhiyati va xulq atvorida paydo boʻlgan loqaydlik, boqimandalik, maʼsuliyatsizlik, millatparvarlik va vatanparvarlik tuygʻularidan uzoqlashish kayfiyatlari, tashabbuskorlik va tadbirkorlikning sustligi kabi salbiy hislatlarning vujudga kelganlik sabablarini ochishimiz, jonkuyarlik, tashabbuskorlik, vatanparvarlik va boshqa shu kabi fazilatlarni rivojlantirishning yoʻllarini topishimiz mumkin.
Jahon tarixiga nazar soladigan boʻlsak, inglizlardagi kuchli tadbirkorlik, tashabbuskorlik va tarbiyadagi qattiqqoʻllik hislati, nemislardagi oʻta masʼuliyatlilik va oʻziga ishonch hislari, yaponlarning millatparvarligi va jamoa manfaatini eʼzozlashlari, fransuzlardagi doimo yangilikka va erkin fikrlashga intilish bu xalqlar yashayotgan yurtlarni dunyoda eng taraqqiy etgan mamlakatlarga aylantirdi.1 Etnografiyadagi yangi konsepsiyalar.
Keyingi yarim asr davomida etnografiya fanida koʻplab yangi nazariy-metodologik qarashlar hamda gʻoyalar paydo boʻldi. Shubhasiz bunday qarashlarning paydo boʻlishi dunyo miqyosda siyosiy jarayonlarning oʻzgarishi bilan bogʻliqdir. Ayniqsa, ikkinchi jahon urushidan soʻng mustamlakachi imperiyalarning yemirilishi etnografiyaning taraqqiyotiga sezilarli taʼsir qildi deb aytish mumkin. Yevropadagi yirik davlatlarning mustamlakalaridan mahrum boʻlishi mazkur mamlakatlarda etnografiyaga boʻlgan qiziqishning maʼlum maʼnoda susayishiga va oʻz navbatida etnologik tadqiqotlar uchun ajratiladigan mablagʻni kamayishiga sabab boʻldi. Etnografiyaga amaliy qiziqishning kamayishi ayrim mamlakatlarda (Niderlandiyada) qator ilmiy tadqiqot institutlarining yopilishiga olib kelgan boʻlsa, boshqa mamlakatlarda (Buyuk Britaniya va Fransiyada) etnografiyaning fanlar tizimidagi oʻrni va ahamiyati maʼlum maʼnoda pasaygan. Biroq bu jarayonlar Yevropa mamlakatlari etnografiyasida keyingi davrda hech qanday yangi qarashlar va nazariyalar yaratilmagan degan mulohazani bildirmaydi. Bu davrda Yevropa etnologlari tomonidan etnografiya sohasida bir qator yangi nazariyalar yaratildi. Jumladan, ingliz olimi Maks Gyulkman (1917-1975) tomonidan «neofunksionalizmning Manchester maktabi» nomi ostida mashhur boʻlgan yoʻnalishga asos solingan, Rodney Nidxem (1923 yilda tugʻilgan) tomonidan ijtimoiy strukturializmning yangi konsepsiyasi yaratilgan. Fransuz etnologlari XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab, garchi maʼlum maʼnoda Levi Stross qarashlari taʼsirida boʻlishlariga qaramay, Moris Godile, Klod Melissolar tomonidan tarixiy materializmga asoslangan qarashlarini shakllantirishga harakat qilganlar.
Oʻz navbatida shuni ham aytib oʻtish kerakki, XX asrning 50-yillaridan boshlab Yevropa mamlakatlaridagi etnografiya fani amerikalik olimlar qarashlari taʼsirida rivojlangan. Chunki, aynan mazkur davrda AQShda madaniy antropologiya juda ham rivojlangan edi. Masalan, 40-50 - yillar oraligʻida AQShda etnolog mutaxassislar tayyorlovchi kollej va universitetlar soni ikki baravarga koʻpaygan. Mazkur fanga boʻlgan qiziqishning ortishini ikki muhim vaziyat bilan izohlash mumkin. Birinchidan, AQShda madaniy antropologiya talabalarning umumiy taʼlim olishlarida muhim rol oʻynagan ijtimoiy-gumanitar fan hisoblangan. Ikkinchidan, ikkinchi jahon urushidan keyin jahon siyosiy maydonidagi vaziyatni oʻzgarishi AQShda etnografiya fanining taraqqiyotiga ham maʼlum maʼnoda oʻzining ijobiy taʼsirini oʻtkazgan. Amerikalik olimlar tomonidan ozod boʻlgan uchinchi dunyo mamlakatlari uchun tavsiya qilingan madaniy relyavitizm konsepsiyasi dunyoning yangi tartib-qoidasi tarzida qabul qilingan. Madaniy relyativizm bilan birga neoevolyutsionizm gʻoyalari ham sezilarli darajada tarqalgan.
XX asrning 80-yillarga kelib ijtimoiy biologiya maktabining qisqa muddatli taraqqiyot davri boʻlgan. Biroq tez orada mazkur yoʻnalish fandagi oʻzining yetakchilik mavqeini madaniy ekologiyaga boʻshatib berdi va mazkur nazariya bugungi kungacha Amerika madaniy antropologiyasida yetakchilik mavqeini saqlab kelmoqda. Tadqiqotchi olimlar bu oqimni funksionalizm, strukturializm va neoevolyutsionizm bilan birga amerika madaniy antropologiyasidagi asosiy yoʻnalishlar sirasiga kiritadilar.
Keyingi oʻn yilliklarda Amerika etnologlari orasida Klifford Girs (1926) va Rixard Terner (1920-1983)larning qarashlari asosida shakllangan yangi germenevtika yoʻnalishi ancha mashhur boʻlib bormoqda. Mazkur yoʻnalish tarafdorlari asosan ijtimoiy kommunikatsiyada simvollar va simvollarning zamonaviy madaniyatlardagi maʼnaviy-axloqiy ahamiyatini tadqiq qilishni maqsad qilib olgan. Bu borada Terner simvollarning paragmatik aspektiga koʻproq eʼtibor qaratgan va simvollar ijtimoiy jarayonlarda faol kuch tarzda namoyon boʻladi degan xulosaga kelgan. Ternerdan farqli tarzda Girs simvollarning ijtimoiy hayotdagi oʻrniga va ularning inson hissiyoti va ruhiyatiga boʻlgan taʼsirini muhim deb hisoblagan. Girs etnologlar emprik maʼlumotlarni tavsif qilish bilangina chegaralanib qolmasdan, mazkur madaniyat sohiblarining qarashlari va harakatlari tub mohiyatini aniqlashlari zarur degan gʻoyani ilgari surgan.
Etnografiyaning kelgusidagi istiqbolli mavzulari toʻgʻrisidagi mutaxasis olimlar orasida kechayotgan bahs-munozaralarda koʻplab tadqiqotchilar germenevtik antropologiyani fanning istiqbolli yoʻnalishi deb taʼkidlamoqdalar. Bunga sabab mazkur yoʻnalish tarafdorlari «madaniyat obʼektini tadqiq qilish subʼekti asosan yevropalik tadqiqotchilar boʻlishi kerak, yevropalik boʻlmagan jamoalar bunda tadqiqot obʼektigina boʻlishi mumkin» degan gʻoya asosida shakllangan yevrotsentirizm gʻoyasidan butkul voz kechishdi. Ular yer sharining har qaysi mintaqasida yashovchi tadqiqotchi tadqiqot subʼekti boʻlishi mumkin va oʻz navbatida yevropa madaniyati tadqiqot obʼekti tarzida tadqiq qilinishi mumkin degan gʻoyani ilgari suradilar. Qolaversa, hozir alohida madaniyatlarning oʻzaro yaqinlashuvi va birlashuvi jarayoni ularni yagona global madaniy tizimda birlashishlariga sabab boʻlmoqda. Shu bois hozir etnografiya fanida boshqa madaniyatlarni nafaqat tadqiqot obʼekti tarzida tadqiq etish, balki tarixiy-madaniy jarayonlar muammolariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda va mazkur yoʻnalishlar doirasidagi mavzular fanning istiqboldagi yoʻnalishlari deb eʼtirof etilmoqda.
Zamonaviy etnografiyada nafaqat «orqada qolgan» etnik birliklar, balki, zamonaviy taraqqiy etgan industrlashgan jamiyatlar ham tadqiq qilinmoqda. Qolaversa, aynan oxirgi yillarda olib borilayotgan samarali amaliy tadqiqotlar va etnografiyaning turli yondosh fanlar bilan oʻzaro tutashishi natijasida «etnosotsiologiya», «etnopsixologiya», «etnolingvistika», «etnodemografiya» kabi oʻzaro tutash yangi yoʻnalishlar paydo boʻldi. Etnografiyada koʻproq insoniyat va uning madaniyatini tadqiq qilishga va ularni ilmiy analitik tarzda tahlil etishga eʼtibor qaratilmoqda.
XX asr milliy gʻoyalar, harakatlar va milliy-etnik nizolar avj olgan davr hisoblanadi. Xalqlarning tarixiy-madaniy taraqqiyotining doimiy oʻsib borishi etnoslararo jarayonlarni va milliy-ozodlik harakatlarni bir muncha avj olishiga sabab boʻlgan deb aytish mumkin. Bu jarayonlarning aniq natijalari tarzida Norvegiya, Irlandiya, Polsha, Finlandiya, Boltiqboʻyi davlatlarining milliy mustaqillikni qoʻlga kiritishlari, Markaziy Yevropada va Bolqonda birinchi jahon urushidan keyin Avstriya-Vengriya imperiyasi oʻrnida qator milliy davlatlarning barpo boʻlishiga olib keldi. Ayniqsa, ikkinchi jahon urushidan keyin yirik kapitalistik mamlakatlarning oʻz mustamlakalaridan mahrum boʻlishi, Janubiy-sharqiy Osiyoda, Hindixitoyda, Afrikada qator mustaqil davlatlarni paydo boʻlishiga olib keldi. Shuningdek, 1991 yildan keyin sobiq ittifoq oʻrnida 15 ta mustaqil Respublikalarning paydo boʻlishi ham maʼlum maʼnoda milliy-etnik muammolar bilan chambarchas bogʻliqdir. Umuman olganda mazkur maʼlumotlar etnik omillarning muhim ahamiyat kasb etayotganligidan dalolat beradi. Oʻz navbatida yuqorida tahlil etilgan koʻplab etnologik nazariyalardan qay bir tarixdagi etnik jarayonlarni sharhlab tushuntirishda eng maqbuli hisoblanadi?-degan savol tugʻilishi tabiiydir. Bu borada ayrim tadqiqotchilar tarixdagi etnik jarayonlarni izohlashda eng maqbuli turli etnologik, sotsiologik va madaniyatshunoslikka oid maktablar orasidan sintez qilib olingan-tarixiy etnografiya deb hisoblaydilar .
XX asr oxiriga kelib dunyoning etnik manzarasini keskin tarzda oʻzgarib borishi tadqiqotchi olimlarni etnografiyaning tadqiqot obʼekti muammosiga yana qayta murojaat qilishlariga sabab boʻlmoqda. Yevropa va Shimoliy Amerikadagi turli-tuman muammolar natijasida paydo boʻlgan koʻp sonli diasporalar, emigrantlar va qochoqlar rivojlangan davlatlarning etnik tarkibini jiddiy oʻzgartirib yubordi hamda mahalliy avtoxton etnoslar orasida kamsonli etnik jamoalar oʻzlarining mustahkam mavqeini topishiga sabab boʻldi. Boshqa tomondan esa Farbiy Yevropadagi integratsion jarayonlar qator yangi etnik muammolarning paydo boʻlishiga olib keldi.
Yangi tarixiy vaziyat va jamiyat hayotidagi muammolar etnografiyaning tadqiqot hududini kengayishiga sabab boʻlmoqda. Hozirgi kunda etnografiya yangi mavzularning kirib kelishi tadqiqotchilarga fan ichida mustaqil tadqiqot mavzularini va yoʻnalishlarini ajratib koʻrsatish imkoniyatini bermoqda. Jumladan, Farbiy Yevropa etnografiyasida bugungi kunda iqtisodiy etnografiya, sotsial etnografiya, huquqiy etnografiya, siyosiy etnografiya, diniy etnografiya kabi yoʻnalishlar mustaqil tarzda taraqqiy etib, rivojlanib bormoqda.Xulosa qilib aytganda etnografiya fanining kelgusidagi asosiy tadqiqot obʼektlari tarzida quyidagilarni koʻrsatishimiz mumkin:
-etnik antropologiya (xalqlarning etnogenez va antrofizik taraqqiyoti muammolarini tadqiq etadi);
-etnik sotsiologiya (etnik guruhlar rivojlanishining sotsial aspektlari va mavjudligini, ularning oʻzlikni anglash va oʻz-oʻzini anglash shakllari, etnik guruhlar orasidagi aloqalar shakllarini tadqiq qiladi);
-etnik psixologiya (etnik stereotiplarning shakllanishi, etnik ong va etnik oʻzlikni anglash muammolarini oʻrganadi);
-iqtisodiy etnografiya (etnoslarning xoʻjalik yuritish va iqtisodiy muammolarini tahlil qiladi);
-etnodemografiya (mazkur yoʻnalishning asosiy vazifasi xalqlar sonini oʻsib borishi dinamikasi va demografik jarayonlarni oʻrganishdir);
-etnogeografiya (xalqlarning geografik joylashuvi, ularning taraqqiyotida hududiy omilning tutgan oʻrni va etnik hududlar va etnik chegaralar muammolarini tahlil qiladi);
-etnopedagogika (turli etnoslardagi taʼlim-tarbiyaviy jarayon¬larning oʻziga xos xususiyatlarini oʻrganadi).
Farb mamlakatlarida hozir etnografiya fani «postmodernizm» falsafasiga asoslangan boʻlib, bunda asosiy eʼtibor ijtimoiy guruhlar orasidagi jarayonlarga qaratiladi. Shuningdek, fanda lokal va global jarayonlarni oʻrganishda tadqiqotchilar tomonidan tadqiqiy tanlanish, yaʼni jamiyat hayotidagi barcha jarayonlarni emas, balki etnos va turli-tuman madaniyatlarning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda eng muhim deb hisoblangan koʻrinishlar boʻyicha tadqiqotlar olib borilmoqda. Boshqacha tarzda aytadigan boʻlsak, soʻnggi yillarda bajarilayotgan tadqiqotlarda asosiy eʼtibor insoniyatning rivojlanish bosqichlari, yaʼni paydo boʻlganidan to hozirgi davrgacha boʻlgan tarixiy yoʻlinining global miqyosdagi tavsif qilishga emas, balki muammoviy tanlanish asosidagi tadqiqotlarga koʻproq eʼtibor qaratilmoqda.1
Demak, yuqoridagi mulohazalarga yakun yasab umumlashma tarzida shuni taʼkidlash mumkinki, postmodernizm gʻoyasi bilan boyitilgan etnografiya fanining bugungi kundagi asosiy vazifasiga etnomadaniy munosabatlarni hosil qiluvchi etnosning oʻzining ichidagi va etnoslararo jarayonlarni tadqiq qilish kiradi. Tadqiqotchilar oxirgi paytlarda etnik madaniyatlarga va ularning lokal xususiyatlariga, odamlarning kundalik turmush-tarziga koʻproq eʼtibor qaratmoqda. Eng muhimi hozir bajarilayotgan koʻplab etnologik tadqiqotlar amaliyotda qoʻllanilmoqda va rivojlangan mamlakatlarda bajarilayotgan ilmiy tadqiqotlarning aksariyati jamiyat hayotida aynan muhim va eng dolzarb deb eʼtirof etilgan ijtimoiy muammolar doirasida amalga oshirilayotganligi yuqoridagi fikrlarimizga yanada oydinlik kiritadi.1

Download 213.22 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling