Asosiy vositalar auditi
Moliyaviy hisobotning asosiy vositalarga doir hisobot shakllari ko‘rsatkichlarining o‘zaro mosligini tekshirish
Download 1.7 Mb.
|
ASOSIY VOSITALAR AUDITI
Moliyaviy hisobotning asosiy vositalarga doir hisobot shakllari ko‘rsatkichlarining o‘zaro mosligini tekshirish.
Buxgalteriya hisoboti va Bosh daftar (yoki tegishli hisob registrlari) ko‘rsatkichlarining mosligini tekshirishda №3 shakldan foydalaniladi. Ushbu amallarni bajarish natijalari quyidagi tarzda rasmiylashtiriladi. Keyinchalik Bosh daftar ma’lumotlarini sintetik va analitik hisob registrlari ko‘rsatkichlari bilan solishtirish natijalari bo‘yicha tekshiruv davom ettiriladi. Asosiy vositalar analitik hisobining inventar kartochkalari ma’lumotlari bilan taqqoslanadi. Auditor asosiy vositalar guruhlari bo‘yicha harakat ko‘rsatkichlarini inventar kartochkalar bo‘yicha analitik hisob ma’lumotlari bilan mosligini tekshirishi mumkin. Auditor tekshiruvning mazkur bosqichida kuzatib chiqish amallari yordamida dastlabki hujjatlar ma’lumotlarining analitik va sintetik hisob registrlarida aks ettirilishini, Bosh daftar yozuvlarini tekshiradi. Natijada u asosiy vositalar harakatiga doir muomalalar buxgalteriya hisobi schyotlarida to‘g‘ri aks ettirilganligiga ishonch hosil qiladi. 4. Asosiy vositalar analitik hisobini tashkil etish auditi Dastavval, auditor moddiy javobgar shaxslarni va ular bilan tuzilgan to‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risidagi shartnomalar mavjudligini aniqlashi zarur. Agar shartnomalar bo‘lmasa, u holda auditor ularni tuzishni tavsiya qilishi lozim. Amaldagi tartibga ko‘ra, asosiy vositalarning analitik hisobi ularning tasnifiy guruhlari va inventar obyektlari bo‘yicha, shuningdek, obyektlarning moddiy javobgar shaxslarda turish joyi (bo‘linmalar, brigadalar, sexlar, uchastkalar va boshqalar) bo‘yicha yuritiladi. Korxonaga kelib tushgan asosiy vositalarni tekshirishda har bir obyekt bo‘yicha alohida tuzilgan qabul qilish-topshirish dalolatnomasi (nakladnoyi) (AV-1 shakl) ning rasmiylashtirilishiga e’tibor qaratish zarur. Bunda dalolatnomadagi obyektning tavsifi, turgan joyi, sotib olingan manbayi, chiqarilgan yoki qurilgan yili, ishga tushirilgan vaqti, obyektning sinov natijalari, uning texnik talablarga muvofiqligi va boshqa ma’lumotlar tekshiriladi. Ayrim hollarda bir turdagi va narxi bir xil xo‘jalik inventarlari, asboblar, stanoklar olinganda «Asosiy vositalarni qabul qilish-topshirish umumiy dalolatnomasi» tuzilishi mumkin. Bunda ushbu dalolatnoma ma’lumotlari, unga ilova qilingan passportlar, ishlatish tartibi, yo‘riqnomalar ham tekshirilishi zarur. Hisobga qabul qilingan har bir asosiy vosita obyektiga inventar raqam berilgan bo‘lishi lozim. Masalan, 001 dan 099 gacha inventar raqamlar binolarga, 100 dan 199 gacha inshootlarga, 200 dan 299 gacha bo‘lgan raqamlar uzatish qurilmalariga beriladi va hokazo. Berilgan inventar raqami asosiy vositalar obyektiga metall jeton bilan qoqib qo‘yilishi, o‘chmaydigan bo‘yoq bilan yozib yoki boshqa usullarda belgilab qo‘yilishi lozim. Bu belgilar obyekt foydalanishda bo‘lgan jami davr ichida saqlanib, buxgalteriya hisobining barcha tegishli dastlabki hujjatlarida va hisob registrlarida ko‘rsatiladi. Obyekt hisobdan chiqarilganidan so‘ng uning inventar raqami yangi kirim qilingan asosiy vositalarga berilmaydi. Asosiy vositalarni qabul qilish-topshirish dalolatnomasi (ilova qilingan hujjatlar bilan birga) buxgalteriyaga o‘z vaqtida topshirilgan bo‘lishi lozim. Korxona buxgalteriyasida asosiy vositalarning analitik hisobi, ularning har bir turi bo‘yicha ochiladigan AV-6 shakldagi inventar kartochkalarda yuritiladi. Bu kartochkada obyekt haqidagi barcha ma’lumotlar (dastlabki yoki tiklanish qiymati, amortizatsiya ajratmalari me’yori, kirim qilingan paytdagi eskirish darajasi) qayd etilgan bo‘lishi kerak. So‘ngra inventar kartochkalar ma’lumotlarining «Asosiy vositalarni hisobga olish bo‘yicha inventar kartochkalar ro‘yxati (AV-7 shakl) ga asosiy vositalarning tasnifiy guruhlari bo‘yicha o‘tkazilganligi tekshiriladi. Ro‘yxatga olingan kartochkalar asosiy vositalar kartotekasida tarmoq tasnifiy guruhlariga, guruh ichida esa turgan joyi, foydalanish joyi va turlari bo‘yicha guruhlangan bo‘lishi kerak. Ishlatilmayotgan asosiy vositalarning inventar kartochkalari alohida guruhlangan bo‘lishi kerak. Asosiy vositalar hisobdan chiqarilganida dalolatnoma tuzilab, uning ma’lumotlari tegishli inventar kartochkalarda qayd qilinadi va so‘ngra bu inventar kartochkalar kartotekadan olib qo‘yiladi. Ayni vaqtda auditor asosiy vositalar obyektlari qiymatini baholash va qayta baholash natijalarini inventar kartochkalarida, ham buxgalteriya hisobi schyotlarida aks ettirishning to‘g‘riligini tekshirishi maqsadga muvofiqdir. Bunda u O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (№129), Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi (№4) va Davlat Soliq qo‘mitasi (№2002- 86) tomonidan tasdiqlangan «1 yanvar holati bo‘yicha asosiy fondlarni har yili qayta baholashni o‘tkazish to‘g‘risida Nizom»da belgilangan qayta baholash usullarining qo‘llanilishini tekshiradi. Xususan, qayta hisoblash koeffitsiyentlarining qo‘llanilishi va hisob-kitoblar to‘g‘riligiga alohida e’tibor berishi lozim. Shu bilan birga qayta baholash natijasida narxlar oshgan yoki kamaygan summalarining buxgalteriya hisobi schyotlarida aks ettirilishi ham tekshiriladi. Qayta baholanib oshgan summa 0100-«Asosiy vositalarni hisobga oladigan schyotlar» (0110-0190) debeti va 8510-«Mulklarni qayta baholash bo‘yicha tuzatishlar» schyotining kreditiga yoziladi. Qayta baholangan asosiy vositalar obyektlari bo‘yicha tiklanish qiymati bo‘yicha inventar kartochkaning «Rekonstruktsiyalash, modernizatsiyalash» bo‘limida qayd etilgan bo‘lishi lozim. Shu bilan birga qayta baholangan eskirish summasi ham inventar kartochkaning tegishli bo‘limida aks ettirilgan bo‘lishi kerak. Har bir moddiy javobgar shaxs asosiy vositalar obyektlarining analitik hisobini AV-9 shakldagi vedomostda yuritishi kerak. Shuning uchun auditor tekshirilayotgan korxonada ushbu qoidaga rioya qilinayotganligiga ham ishonch hosil qilishi lozim. Bunda hamma moddiy javobgar shaxslar bilan belgilangan shaklda va ikki nusxada to‘la moddiy javobgarlik to‘g‘risida shartnomalar tuzilganligi, shartnomalarning bir nusxasi moddiy javobgar shaxslarning hujjatlar to‘plami (shaxsiy delosi) da, ikkinchi nusxasi esa shu xodimlarning o‘zlarida saqlanayotganligi tanlab tekshirilishi lozim. Bulardan tashqari, auditor barcha moddiy javobgar shaxslar asosiy vositalarni o‘z javobgarligiga olganligini tasdiqlab inventarizatsiya vedomostlarida imzo qo‘yganliklari hamda asosiy vositalarning keyingi kirimlari esa ularning dastlabki hujjatlardagi imzolari bilan tasdiqlanganini tekshiradi. Amaliyotda eng ko‘p uchraydigan kamchiliklardan biri - korxonalar bunday kartochkalarni yuritishni ortiqcha ish deb hisoblaydilar (korxona buxgalteriyasida inventar ro‘yxatlarning borligini nazarda tutib), inventar kartochkalarni yuritadigan korxonalar esa hamma vaqt ham bu kartochkalarning rekvizitlarini to‘liq to‘lg‘azishga rioya qilmaydilar. Bulardan tashqari, asosiy vositalar kirimga olingan, hisobdan chiqarilgan va korxona ichida joyi (moddiy javobgar shaxslar) o‘zgartirilganda, ularning inventar kartochkalariga bu haqda tegishli yozuvlar yozilganidan keyin, oy oxirigacha joy-joyiga qo‘yilmasdan alohida saqlanganligi aniqlanadi. So‘ngra shu kartochkalar asosida har oyda asosiy vositalar amortizatsiyasi (eskirishi) ni hisob-kitobi tuzilib, ularning har bir turi bo‘yicha jamlangan kirim, chiqim oborotlari va shu asosda tuzilgan «Asosiy vositalar harakatini hisobga olish kartochkasi» (AV-8 shakl) ma’lumotlar ham tekshiriladi. Asosiy vositalar harakatini hisobga olish kartochkasi (AV-8 shakl) joriy yilning 1 yanvariga ochilib, unda asosiy vositalarning mavjud qoldiqlari turlari bo‘yicha ko‘rsatilishi lozim. Undagi oylik oborotlar va oy oxiriga, ya’ni keyingi oyning 1-sanasiga chiqarilgan qoldiqlari tekshiriladi. So‘ngra uning ma’lumotlariga asosan tuzilgan asosiy vostalarning oborot vedomostlari tekshirilib, yakunlari esa Bosh daftardagi yakunlar bilan solishtirilib chiqiladi. Shular asosida «Asosiy vositalarning mavjudligi va harakati to‘g‘risidagi hisobot» (3-shakl) ma’lumotlari tekshiriladi. Xulosa qilib aytganda, inventar kartochkalarini korxona buxgalteriyasida tasnifiy guruhlar bo‘yicha, ularning ichida esa ishlatilish joylari bo‘yicha saqlash yillik moliyaviy hisobot tuzishda asosiy vositalar harakati to‘g‘risidagi hisobot (3-shakl) ni to‘ldirishni osonlashtiradi. Auditor buxgalteriya xodimlarining e’tiborini ushbu holatga qaratmog‘i lozim. Agar hisob jarayonlari avtomatlashtirilgan bo‘lsa, kartochkalarni qo‘lda to‘lg‘azishga ehtiyoj qolmaydi. Bunda axborotlar korxonada mavjud bo‘lgan analitik hisob mashinagrammalarida saqlanadi, lekin ular AV-6 shakldagi kartochkalarda hisobga olinadigan pozitsiyalardan kam bo‘lmasligi lozim. Download 1.7 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling