Asrga tatigulik kun
II fasl. Qissa tarkibidagi ixcham syujetli rivoyatlar talqini
Download 147.97 Kb.
|
Asrga tatigulik kun
- Bu sahifa navigatsiya:
- II BOB BO’YICHA XULOSALAR
- III BOB. “ASRGA TATIGULIK KUN” ROMANINING KOMPOZITSIYASI VA RIVOYATLARNING BADIIY UYG’UNLIGI I fasl.
II fasl. Qissa tarkibidagi ixcham syujetli rivoyatlar talqini Aytmatov asarlari sodda va ravon tuyulgani bilan o‘z o‘rnida kuchli psixologik sinchkovlikni talab qiladi. Agar e’tibor berilsa, obrazlari ichki ruhiyatida ham, qahramonlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatda ham, tabiat tasviridagi ko‘z ilg’amas nozik va murakkab detallarda ham qandaydir sir yashiringanini ko‘rish mumkin. Yozuvchi asarda Ona Bug’u rivoyatidan tashqari yana bir necha o‘rinda kichik rivoyatlarni keltirib o‘tadi. Bu rivoyatlar ham zamonaviylikni anglashda bir vosita vazifasini o‘tab, asarning markazida turgan Ona bug’u rivoyatini to‘ldirib, izohlab keladi. Yuqorida Ona bug’u va uning mantiqiy davomi sifatida berilgan “Boyning o‘limi” haqidagi rivoyatni tahlil qildik. Endi esa qissadagi qolgan rivoyatlarni ishimiz nuqtai nazaridan yondashib tahlil va talqin etishga harakat qilamiz. Har bir bobning oldida keltirilgan rivoyatlar shu bobning g’oyaviy yo‘nalishi bilan bog’liqlikda bo‘lishidan tashqari asardagi barcha rivoyatlar ham bir-birlari bilan o‘zaro bog’liq. Romandagi rivoyat, afsonalar mantiqan yaxlit bir guruhni tashkil etadilar va dam biror g’oyani ta’kidlash, tasdiqlash yoki inkor etishdek vazifani o‘taydilar. O‘z o‘rnida tabiat hodisalariga ham bee’tibor bo‘lmagan yozuvchi hatto shamol bilan bog’liq tabiat tasviriga bag’ishlab ham kichik epik rivoyatni asar syujetida keltirib o‘tadi: “Bobom hikoya qilgandilar: juda qadim zamonda dushman lashkarlari bizning o‘sha yerlarimizni bosib olgani yurish qilibdi. Ana shunda bizning San-Toshdan shunday shamol turibdiki, dushmanlar egarda o‘tirolmay qolishibdi. Otlardan tushishibdi, lekin piyoda ham yurisholmabdi. Shamol ularning yuzini qonga belabdi. Shunda ular shamolga orqa o‘girishibdi, shamol esa ularning yelkalariga urilib, qayrilib qarashiga imkon bermabdi., to‘xtagani qo‘ymabdi va ularni bitta qo‘ymay Issiqko‘ldan haydabdi”1. Bu bolaning tilidan aytilgan ertak bo‘lib, uni ham o‘z navbatida boshqa rivoyatlar singari bobosi Mo‘min choldan eshitgan edi. Bu rivoyatni janr jihatdan tarixiy rivoyatlar turkumiga mansubligini anglash mumkin. Ma’lumki, Vatan ozodligi hamma davrda insonlarning azaliy orzusi bo‘lib kelgan. Bu yo‘lda jonlarini xatarga qo‘yib bo‘lsa-da, birdamlik bilan kurashganlar. Shu bois ularni yov bosib olishga imkoni bo‘lmagan. Tinch yashayotgan qabila ahli ollohning nazariga tushib, birdamlik va ahillik bilan kun kechirayotgani uchun tangri ushbu qabila ahlini o‘zining qudratli kuchi ila yov changalidan xalos etadi. Rivoyatdan kelib chiqadigan asosiy xulosa, hamjihatlik va totuvlik kishilarni yaxshilik sari chorlab, osoyishta hayotni ta’minlagan. Yana bir o‘rinda keltirilgan rivoyatga e’tibor qarataylik: “Eski zamonda bir xon boshqa bir xonning qo‘liga asir tushibdi. Xon asir tushgan xonga debdi: “Agar istasang – mening qulim bo‘lib tirik qolasan, bo‘lmasa, eng so‘ngi tilagingni bajo keltiramanda, keyin o‘ldiraman”. Xon o‘ylab turib javob qilibdi: “Qul bo‘lib yashashni istamayman. Yaxshisi meni o‘ldirgin, lekin mening vatanimdan birinchi duch kelgan cho‘ponni chaqirtirib ber”. – “Uni senga nima keragi bor?” – “O‘lim oldidan uning qanday kuylashini tinglamoqchiman”1. Ushbu rivoyat ostida yozuvchi nima yashirayotgani, bu kiritma orqali nima demoqchiligini anglash uchun chuqur tafakkur ila fikrlamoq darkor. Yozuvchi uchun vatan tushunchasi muqaddas. U shu vatanga taalluqli bo‘lgan hamma narsani qadrlaydi. Shoxning orzusi o‘limidan oldin Ona yurt qo‘shig’ini tinglash ekanligi, u shu qo‘shiq orqali o‘z vatani havosidan oxirgi bor to‘yib nafas olishi rivoyatning mazmunini tashkil etadi. Nega aynan cho‘pon aytgan qo‘shiq degan savol tug’ilishi tabiiy. Bu yerda yozuvchi taniqli hofizni yoki boshqa biror kishini tanlamaydi. Cho‘pon obrazi qadimdan soddalik, beg’uborlik, soflik ma’nosini ifodalab kelgan. Cho‘pon aytgan qo‘shiq ham o‘zi kabi samimiy, ko‘ngilga yaqin, soxtaliklardan yiroq. U hayotdan olib, tabiatdan masrur bo‘lib ko‘ylaydi. Shoh ana shu tabiiylik va hayotiylikni cho‘ponning qo‘shig’ida ko‘radi. O‘z o‘rnida shohning qanchalik dono va oqilligini ushbu so‘nggi tilagidan ham anglasa bo‘ladi. Uni o‘limga mahkum etishganda ham o‘z qalbiga vatan qo‘shig’ini jo aylab vatan uchun jon berayotgani yozuvchining e’tiboridan chetda qolmaydi. Bola bobosi bilan yaylovdan qaytayotganida yoqimli qo‘shiq ularning qulog’iga chalinadi va cho‘pon qo‘shig’i haqidagi ushbu rivoyatni Mo‘min chol bolaga so‘zlab beradi. Bu rivoyatni ham tarixiy shaxslar haqidagi rivoyatlar turkumiga kiritsak bo‘ladi. Bolaning satiraga boy ertaklari ham mavjud edi. U bu galgi ertagini dadasiga aytib beradi (albatta hayolida). Chipalak otli jimjimaloqday bola bo‘ladi. Uni tuya yutib yuboradi. Chipalak barg-xazonlarning ostida uxlab qoladi, tuya esa shu atrofda tentirab yurgan bo‘ladi, “xap” etkizib barg-marglarga qo‘shib yutib yuboradi. Shuning uchun ham aytishadi-da: tuya nima yutganini bilmaydi deb. Chipalak chinqirib, odamlarni yordamga chaqiradi. Keksalar o‘zlarining Chipalaklariga yordam berish uchun tuyani suyishga majbur bo‘lishadi. Bo‘ri bilan ham shunga o‘xshagan voqea sodir bo‘ladi. U ham o‘zining ovsarligi tufayli Chipalakni yutib yuboradi. Oxirida bo‘zlab yig’laydi. Bo‘ri Chipalakka duch kelib qoladi. “Oyog’im ostiga o‘ralashgan qanaqa pashsha? Seni bir yamlab yutib yuboraman”. Chipalak esa shunday deydi:
“Tega ko‘rma menga, bo‘ri, aks holda, kuchukka aylantirib qo‘yaman”. - “Ha-ha, - xaxolaydi bo‘ri, bo‘rining kuchuk bo‘lib qolganini kim ko‘ribdi. Shu dag’alliging uchun men seni yeyman”. Shunday debdi-da, uni yutib yuboribdi. Yutibdi-yu, esidan ham chiqarib yuboribdi. Lekin shu kundan boshlab bo‘rilik rizq-ro‘zidan ayrilibdi. Bo‘ri pisib qo‘ylarga endi yetdim deganda, Chipalak uning qornida turib qichqirarkan: “Ey, cho‘ponlar, uxlamanglar! Bu men qo‘ng’ir bo‘riman, qo‘ylaringni bo‘g’izlagani pisib kelyapman!” bo‘ri nima qilarini bilmaydi. O‘zining biqinini tishlaydi, yerga dumalaydi. Chipalak esa hech jim bo‘lmabdi. “Ey, cho‘ponlar, chopinglar bu yoqqa, uringlar meni, do‘pposlanglar. Cho‘ponlar tayoq ko‘tarib bo‘riga tashlanishibdi, bo‘ri qochibdi. Cho‘ponlar hayratga tushib quvisharmish. Bo‘ri aqldan ozibdi, o‘zi qochadi-da, tag’in o‘zi qichqiradi, deb hayron bo‘lisharmish. Bo‘ri esa qichqirarmish: “Meni quvib yetinglar, og’alar, uringlar, rahmingiz kelmasin!” cho‘ponlar kulgidan yiqilib qolisharmish, bo‘ri esa arang qochib qutilarmish. Lekin bu bilan uning holi yengillashmabdi. Qayoqqa tumshuq suqmasin, Chipalak unga pand beraveribdi. Hamma joyda uni quvishaveribdi, hamma joyda undan kulishaveribdi. Bo’ri ochlikdan ozib ketibdi, terisi bilan suyagigina qolibdi. Tishlarini shaqirlatib ulibdi: “Bu qanaqa jazo bo‘ldi menga? Nega men o‘z boshimga o‘zim baloni sotib oldim? Qariganda jinni bo‘ldim, esimni yeb qo‘ydim”. Chipalak esa uning qulog’iga shivirlabdi: “Toshmatga chop, uning qo‘ylari semiz! Boymatga chop, uning itlari kar. Ermatga chop, uning cho‘ponlari uxlab yotibdi”. Bo‘ri esa o‘tirib olib hiqqillarmish: “Hech qayoqqa bormayman, yaxshisi, bitta-yarimtaga kuchuk bo‘lib yollanaman…”1. Momin cholning ertaklari orasidagi eng kulgili ertagi shu edi. Bola o‘z hayolida buni dadasiga so‘zlab beradi. Biz bu hikoyani ko‘proq afsonaga yaqinroq janr deb tahlil qildik. Chunki afsona hayoliy fantastika motivlariga asoslangan bo‘lib, mifologiya zamirida paydo bo‘lgan xalq og’zaki janrlaridan biridir. Yozuvchi bu asarida boshqa asarlari kabi rivoyatu ertaklarini tarqoq holda joylashtirmadi. Aksincha, ularni ketma-ketlikda bir-birini izohlagan, bir-birini to‘ldirgan holda kitobxonga havola etadi. Qissa “Uning ikki ertagi bo‘lardi. Biri o‘ziniki bo‘lib, uni hech kim bilmasdi. Ikkinchisini esa, bobosi so‘zlab bergandi. Keyin birortasi ham qolmadi” jumlalari bilan boshlanadi. Bolaning o‘zining ertagi haqiqiy ertak emas, balki bolaning tasavvuri, hayollari edi. Lekin bobosi so‘zlab bergan ertak yagona emas, “Shamol” haqidagi rivoyat, “Cho‘pon qo‘shig’i” haqidagi rivoyat, “Chipalak” haqidagi ertak, shundan so‘ng asardagi obrazlarni bir g’oya atrofida birlashtirib turgan, asarning kulminatsion nuqtasini tashkil etgan Shoxdor ona bug’u haqidagi ertak. Yozuvchi “Chipalak” nomli ertakomuz hikoyani bolaning tilidan so‘zlab beradi. Bu ertak ham ertakchi Mo‘min choldan eshitgan satiraga boy navbatdagi qistirmasi. Ushbu ertak bir qaraganda oddiygina, jo‘n ertakday tuyuladi. Lekin uning mag’zida olam mazmun mavjudligini anglash ancha mushkul. Bu yerda yozuvchi boshga turli kulfat keltiruvchi nafsga ishora qilmoqda. Bo‘ri o‘z nafsini jilovlay olmay, Chipalakning ogohlantirishiga qaramay, uni yutib yuboradi. Lekin aynan shu ochko‘zligi tufayli boshiga og’ir kulfatlar yog’iladi, o‘z o‘ljasidan ayrilibgina qolmay, cho‘ponlarga kulgi bo‘lib, ularning kaltaklashidan charchab, eti suyagiga yopishib qoladi. Yozuvchi ob’ektiv borliqqa sinchkovlik bilan nazar tashlar ekan, shukuhiy tabiat manzaralari ham sayroqi qushlarning yoqimli sayrashi ham, toshdan-toshga urilib oqayotgan shaffof suvlarning musiqiy ohangi ham, yilqilarni yerni larzaga keltiruvchi dukur-dukuri ham, oltin donalari kabi keksa xirmonchilarning panshaxalaridan sachrab tushayotgan bug’doy donalarining mayin shildirashi ham, ko‘kda parvoz qilib yurgan yolg’iz kalxatning qanot qoqishi ham, hatto oddiy ko‘z bilan ko‘rib, quloq bilan eshitib, ilg’ab olish mumkin bo‘lmagan har bir tovush, rang-barang bo‘yoqlar ham - hamma-hammasi uning nazar e’tiboridan chetda qolmaydi1. Rivoyatlar keltirish bilan bilan birga adib tabiat tasviri bilan bog’liq o‘xshatishlarni ham ustamonlik bilan qo‘llaydi. Ko‘klamda ko‘karmay qolgan daraxtlarni o‘rmonda yolg’iz qolib, qo‘rqinchdan qotib qolgan deb tasvirlash ham adibning qanchalik tabiat bilan bog’liq ajoyib o‘xshatishlar qo‘llaganidan dalolat beradi. U bir tarafdan ana shu barg xazonlar, dov-daraxtlarning, yani tabiat tasvirining mantiqiy davomiday tuyulsada, rivoyatdan kelib chiqadigan asosiy goya nafs va uning boshga keltiradigan kulfatlari xususida. Yozuvchi O‘razqul singari amal va jaholatdan esankirab qolgan, jismoniy zo‘ravonligini ko‘z-ko‘z qilgan bilan ma’nan ojiz, go‘zal qalbli odamlar ustidan hukmron, o‘z nafsining quliga aylangan, arzimagan choy-chaqaga ham o‘rmondagi qarag’aylarni yog’och o‘rnida pullab, mehmonma-mehmon izg’ib, qorni to‘q, kayfi baland uyga qaytishi, alamidan bepusht, tug’masak xotinini mushtlab, xumoridan chiqar, xullas nafsning qurboniga aylanganiga bir ishora sifatida bu ertakni keltirib o‘tgan bo‘lsa ajabmas. U aynan bo‘ridagi vahshiylikni, o‘zini o‘rmon hayvonlari ustidan hukmronligini, ko‘zi tushgan o‘ljani bir yamlab yutishi singari ochko‘zlik xususiyatlarini O‘razqul psixologizmiga qiyos qilgandek tuyuladi. Natijada bo‘ri kuchuk bo‘lib yollanishga rozi bo‘lsa, O‘razqul esa yolg’izlikka mahkum etiladi. Unga berilgan oliy jazo esa – bu uning tirnoqqa zor o‘tishi. O‘razqulning farzand ko‘rmasligi va yolg’izligi – bu uning yovuzligi va o‘z nafsinig quliga aylangani oqibatidir. O‘razqul go‘zallik, hayot ramzi hisoblangan Ona bug’u avlodlarining qotili. U ajdodlari an’analarini, xalqining urf-odatlarini nazar-pisand qilmaydigan, bir pul deb qaraydigan jaholat va yovuzlik timsoli. Yozuvchi bolaning hayolida Qulibek tildan aytilgan ushbu jumlalari orqali O‘razqulga nisbatan taqdirning jazo hukmini e’lon qiladi: - Senda hech qachon farzand bo‘lmaydi. Sen yovuz va yaramas odamsan. Seni bu yerda hech kim sevmaydi. O‘rmon ham, dov-daraxt ham, birorta giyoh ham sevmaydi. Sen – fashistsan, sen bu yerdan umrbod ket. Qani, tezroq tuyog’ingni shiqqillatib qol!”1. Bu rivoyatlar o‘z mazmuni va mantiqiy xulosalari bilan syujetning ma’lum qismini tashkil etib, asarning kompozitsion bo‘lagi sifatida voqealarning rivojlanishi va yozuvchi g’oyasining ravshan, ta’sirli ifodalanishini ta’minlaydi. Bu rivoyatlar asarga shunchaki kiritilgan emas, balki ular zamirida shu kunning muhim hayotiy muammolari yotadi. Ularda yozuvchining ijodiy izlanishlarining samarasi bo‘lgan falsafiy yechim va xulosalari ham bor. II BOB BO’YICHA XULOSALAR Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, yozuvchi “Oq kema” qissasida folklor an’analarining ayrim janrlaridan unumli foydalangan. Chingiz Aytmatovning “Oq kema” qissasi tom ma’nodagi ramziy obrazlarga burkangan, milliy zamin ruhida yaratilgan asar hisoblanadi. Unda keltirilgan rivoyatlar ham badiiy qimmati, didaktik ahamiyati bilan ajralib turadi. Rivoyatlarning asar voqealari bilan uyg’unlashib bir butunlikni hosil qilishi ham asarga o’zgacha ruh bag’ishlaydi. Asar tarkibida muallif voqelikni kuchaytirish maqsadida xalq og’zaki ijodining besh rivoyatidan unumli foydalangan. Ayniqsa, markaziy o’rinda turuvchi Shoxdor ona bug’u haqidagi rivoyatda olijanoblik, mehr-oqibat, go’zallikka bo’lgan intilish kabi g’oyalar o’z ifodasini topadi. Shuningdek, ushbu rivoyatning atrofida voqeilikni ifodalash vositasi va mantiqiy davomi sifatida “Boyning o’limi” haqidagi rivoyatni keltirib o’tadi. Bundan tashqari bolaning tilidan aytilgan “Shamol” haqidagi, “Cho‘pon qo‘shig’i” va “Chipalak” haqidagi rivoyatlar ham asarga o’zgacha joziba ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu rivoyatlar o’zining badiiy qimmati va didaktik ahamiyati bilan qissa mazmunini yoritib, tarix va zamonaviylik munosabatlarini anglash uchun bir vosita vazifasini o’taydi. Har bir bobning oldida keltirilgan rivoyatlar shu bobning g’oyaviy yo‘nalishi bilan bog’liqlikda bo‘lishidan tashqari asardagi barcha rivoyatlar ham bir-birlari bilan o‘zaro bog’liq. Romandagi rivoyat, afsonalar mantiqan yaxlit bir guruhni tashkil etadilar va dam biror g’oyani ta’kidlash, tasdiqlash yoki inkor etishdek vazifani o‘taydilar. III BOB. “ASRGA TATIGULIK KUN” ROMANINING KOMPOZITSIYASI VA RIVOYATLARNING BADIIY UYG’UNLIGI I fasl. “NAYMAN ONA VA MANQURT O‘G’IL” HAQIDAGI RIVOYATNING BADIIY QIMMATI Yozuvchi Chingiz Aytmatovning “Asrga tatigulik kun” romani jahon miqyosidagi shuhratiga yangi shuhrat qo‘shdi. “Asrga tatigulik kun” romani bilan adib romanchilik pallasiga qadam tashladi. Asar o‘zbek tiliga adabiyotshunos olim Asil Rashidov tomonidan mohirlik bilan tarjima qilingan. Bu o‘rinda Chingiz Aytmatovning so‘zlarini keltirib o‘tish o‘rinlidir: “Menga ixlos qilib, kitoblarimni o‘zbek tiliga tarjima qilgan do‘stlarimga, ayniqsa, adabiyotshunos, tarjimon Asil Rashidovga tashakkur aytmoqchiman. Chunki mening “Oq kema”, “Jamila”, “Alvido, Gulsari!” kabi bir qancha povestlarimni Asiljon o‘zbekchaga xuddi men qirgiz tilida yozganday jarangli tarjima qila oldi. Mana shuning o‘zi ham do‘stlikning kuch-qudratidir”1. Darhaqiqat, Chingiz Aytmatov o‘zbek xalqining tom ma’nodagi chin do‘sti edi. Adibning ushbu romanida esa do‘stlikning haqiqiy ifodasi sifatida O‘zbekistonning bir qancha joy nomlarining tilga olinishi bunga yorqin misol bo‘la oladi. Asil Rashidov roman to‘g’risida: “Alvido, Gulsari!” va “Oq kema” qissalarini qamrab olgan muhim hayotiy materiallarning ko‘lami va ularning badiiy yuksak darajada tasvirlab berilishi jihatidan roman janriga kiritish mumkin edi, biroq yozuvchi hali bunga o‘zini tayyor deb bilmadi, ijodning murakkab va yuksak cho‘qqilarini egallashda davom etdi. “Asrni qaritgan kun”(Bo‘ronli bekat) romani orqali esa ana shunday yuksaklikka ko‘tarila oldi”2, deb yozadi. “Asrga tatigulik kun” serqatlam, tadqiqotchilar qayd etganidek, intellectual-parabolik romandir. Asarning bunday baholanishiga sabab unda turli uslubiy-struktur qatlamlar mavjudligi, real hayot tasviri mif-afsonalar bilan qorishib ketganiyu turli jonivorlar roman sahnida harakat qilib, mustaqil nuqtai nazarga ega bo‘lishi va mazkur nuqtai nazarlarning asar vujudida salmoqli o‘rin tutishidir deyish mumkin1. Garchi roman voqealari atigi yetti oiladan iborat kichik temir yo‘l bekatida bir kunda bo‘lib o‘tsa-da, unda yetti iqlimni qamrab olgan muammo, ming yillarga tatigulik xalq dardi, tashvishi ifodalanadi. Asar voqealari Qozog’istonning Sario‘zak degan cho‘lidagi “Bo‘ronli” bekatida bo‘lib o‘tadi. Yozuvchi Sario‘zak cho‘lining tarixi bir necha asrlarga borib taqalishi haqida bir o‘rinda qisqagina to‘xtalib o‘tadi: “… ellik uchinchi yil arafasida bo‘ronliklar haqiqiy bayram qildilar. Bayramni Quttiboyevlar oilasi boshlab berdi. Yangi yil tayyorgarligiga Edigey kechroq kelib qo‘shildi. Hamma narsa Quttiboyevlar oilasi bolalarga atab archa yasatmoqchi bo‘lishganidan boshlandi. Archani qayerdan topishadi? Sario‘zakda dinozavr tuxumi topilsa topiladiki, archa topilmaydi. Yelizarov geologiya so‘qmoqlarida yurgan choqlarida bundan million yillar ilgari yashagan dinozavr tuxumini Sario‘zakdan topib olgan-ku, axir!”2. Bundan xulosa qilib aytish mumkinki, Sario‘zak cho‘lining ham million yillarga tatigulik tarixi borligini yozuvchi keltirib o‘tadi. Yoki Elezarovning Sario‘zak cho‘li haqida “Sario‘zak cho‘li – tarixning unitilgan kitobi” deb aytgan jumlalarining o‘ziyoq fikrimizga dalil bo‘la oladi. Chunki markazdan juda olisda va hech kimning nazariga tushmaydigan bu maskan umumiy hayot oqimidan chetda qolgan, lekin o‘ziga yarasha ichki bir bo‘ron bilan yashaydi. Bu yerning jazirama issig’iga, “Bo‘ronli” bekatining bo‘ronli izg’irinlariga (bekatning nomi ham shundan kelib chiqqan) yoki Sario‘zak cho‘lining quturgan shamollariga chidash uchun odamning joni mingta bo‘lishi kerak. Chingiz Aytmatov – xarakter yaratishga usta yozuvchi. Chunki u hayotni sezgirlik bilan kuzatadi. Insoniy fazilatlarni yorqin chizib berishga harakat qiladigan hayotiy konfliktlarni tanlaydi. Ayrim shaxslarning ziddiyatli ruhiy kechinmalari, ularning ijtimoiy ong shakllari bilan, ayni vaqtda, ro‘y berayotgan siyosiy voqealar bilan chambarchas o‘zaro aloqasi – har bir badiiy asarning asosiy mohiyatini tashkil etadi. Chingiz Aytmatov asarlari dolzarbligi, o‘tkir siyosiy muammolarni ko‘tarib chiqqanligi bilan xarakterlidir. Tasvirlanayotgan voqealarning markazida tarixiy hodisalarning o‘zi emas, balki shu hodisalar ta’sirida inson ichki dunyosining tarkib topishi haqida so‘z boradi1. Yozuvchi boshqa asarlarida bo‘lgani kabi bu asarida ham bosh qahramonni xalq orasidagi oddiy, halol, mehnatkash odamlar orasidan tanladi. Adib qahramonlari portretini yaratar ekan, u odatiy kasb egalarini emas, oddiygina temir yo‘l ishchisi yoki qo‘riqxona qorovuli kabi personajlarni qahramon sifatida tanlaydi. Romanda talqin etilgan barcha muammolar, xususan, tarixning murakkab hodisalari, asrimizning ulkan haqiqati, butun bashariyatni hayajonlantirayotgan, tashvishga solayotgan muammolar asarning ikkinchi yetakchi qahramoni, oddiy mehnatkash inson – Edigey taqdiri orqali badiiy inkishof etilgan2. Asar shu temir yo‘l bekatida Edegey bilan yelkama-yelka xizmat qilib, turmushning issiq-sovug’ini birga totib, qayg’u-quvonchlarini birga baham ko‘rgan, Sario‘zak cho‘lining keksa xizmatchisi Kazangapning dafn qilish voqeasi bilan boshlanadi. Kazangapni vasiyatini amalga oshirish uchun Edigey boshidan o‘tkazgan bir kunlik o‘sha mudhish voqealar zamirida bir asrlik tarixni yodiga oladi. Shuning uchun asar nomi “Asrga tatigulik kun” deb atalgan. Kazangapning vasiyatiga ko‘ra uning jasadini ajdodlari hoki yotgan muqaddas Nayman ona qabristoniga dafn etish kerak edi. Kazangap qirq to‘rt yil ana shu bepoyon cho‘lda ter to‘kib xizmat qildi. Xizmat qilganda ham qo‘l uchida emas, vijdonan, halollik bilan xizmat qildi. Edigey Bo‘ronning Kazangapni ko‘mish uchun yo‘lga otlanganlarida u haqida quyidagilarni o‘ylab achinardi: “Mana shunaqa odam edi Kazangap. Endi bunaqa odamlarni topib bo‘psan. Bu kunlarda Kazangaplar yo‘q. Mana, oxirgisini dafn etgani olib borayapmiz”3. Kazangapni oxirgi manzilga kuzatish uchun Edigey sevimli hamrohi – Qoranor bilan oldinda, traktorchilar Qulibek va Jumag’ali, temir yo‘l ishchisi Edilboy Daroz, Kazangapning o‘g’li Sobitjon va Kazangapning kuyovi – Oyzodaning eri Sari’o‘zakninig bepoyon quchog’ida Nayman ona qabristoni tomon yo‘l olishadi. Aynan shu jarayonda Edigey, Edilboy Daroz, Sobitjon xarakterining muhim qirralari ochib beriladi. Edigey hayollaridagi bir voqeilik davomini ikkinchisi egallab, uzilmas zanjirdek tizilib voqealar rivojini tashkil etadi. O‘z o‘rnida Sobitjon singari o‘z davrining qo‘shtirnoq ichidagi qahramonlari Edigey qalbiga tig’ uradi. Yozuvchi dafn marosimiga kelgan Sobitjonni bunday ta’riflaydi: “Ko‘z yoshi qilib olishgach, hol-ahvol so‘rashga o‘tishdi, ishdan gap ochishdi. Shu lahzada ma’lum bo‘lib qoldiki, arzanda, bilag’on o‘g’il otasini izzat-ikrom bilan ko‘ngildagidek dafn etishga emas, balki qarzdan qutulish uchun naridan-beri ustiga tuproq tortib, tezroq qaytib ketishga kelgan ekan…. Sobitjon hatto shu xususda aytiladigan qadimiy maqolni ham eslab qo‘ydi: o‘ladigan odamning o‘lgani yaxshi, ketadigan odamning ketgani yaxshi”1. U otasining dafn marosimiga ham yuzaki qaraydi. U marhum otasini o‘ttiz chaqirim yo‘llik Nayman ona qabristoniga dafn etish shart emas, yaqinroq biror yerga ko‘msak ham bo‘ladi, deb aytadi. Mana, yakkayu yagona o‘g’ilning so‘nggi yo‘lga uzatilayotgan otaga hurmati! Yozuvchi marhumga bunday munosabat sababini “zamonaviy manqurtlik” muammosi bilan bog’laydi. Cho‘lning qoq o‘rtasida otasiga qabr qazib, qabrni yomg’iru do‘llar ostida qolib ketishidan or qilmay, otaning so‘nggi vasiyatiga ham beparvo qaraydigan o‘gilni manqurtlardan ham havfliroq turkumga kiritish mumkin. Chunki manqurt shafqatsiz zolimlar tomonidan xotirasidan mahrum etilsa, bu toifadagilar esa o‘z xohish-istaklari bilan o‘z obro‘-e’tiborlari, shaxsiy manfaatlari uchun bu yo‘lni tanlaydilar. Manqurtga aylantirilgan mahluqotlar hech kimga yomonlik istashmaydi, ularga boylik ham, obro‘ ham shuxrat ham kerak emas, ularga faqat bir parcha qorni uchun yegulik va suv, sovuqdan himoyalanish uchun qalinroq ust-bosh bo‘lsa bas, shuning o‘zi ular uchun kifoya. Lekin Sobitjon singari telefon ro‘parasida o‘tirib “allo-allo” deb javob qaytarishdan boshqasiga yaramaydigan, lekin osmonni tutib turgan kabi manman, manfaatparast, shuxratparast, xotirasi, es-hushi joyida bo‘la turib, o‘z-o‘zligidan yuz o‘girgan kimsalar jamiyat uchun bashariyat uchun yuz chandon xavfliroqdir. U o‘z zamonasining quli. Sobitjon singari manqurtlar uchun xudo - uning boshlig’i: “Ilgari odamlar xudoga ishonishardi… bizning xudolarimiz esa yonginamizda – mana bu yerda, kosmodromda, Sario‘zak dashtida yashaydilar. Bu bilan biz butun dunyo oldida faxrlanamiz. Birortamiz ularni ko‘rmaymiz, birortamiz bilmaymiz, shunday bo‘lishi ham kerak. Ular to‘g’ri kelgan Mirqinboy-Shirqinboylar bilan “Hol-ahvollar qalay?”, deb so‘rashib o‘tirishmaydi. Ammo chinakam xudolar – ana shular!”1. Ana shu “xudolar” Sobitjonni o‘tmishini tortib olishgan, o‘zligini unutishga majbur etishgan, ota-onaga bo‘lgan hurmatni, umuman qalbidagi odamiylikni yulib olishgan. Sobitjon singari kimsalarning ko‘zini ko‘r qilib, xotirasini falaj qilgan o‘sha mash’um “xudolarga” la’natlar o‘qiging keladi. Asar boshida Edigey tulki voqeasini eslarkan shu o‘rinda Sobitjonga ta’rif berib o‘tadi: “Uni internatda o‘qitishdi, institutda o‘qitishdi, lekin odam qilisholmadi. Ichib olib, maqtanishni yaxshi ko‘radi, qadah aytishni do‘ndiradi, ammo ish deganda yo‘q. Xullas, puch yong’oq chiqdi, Kazangapning tirnog’iga ham arzimaydi. Diplomini ko‘z-ko‘z qilmasin, bari bir noshud chiqdi, otasiga tortmadi” 2. Bu yerda yozuvchi Sobitjon obrazini puch yong’oqqa qiyoslab, jonli bir o‘xshatishni yuzaga keltirgan. Yong’oqni ne umidlar bilan o‘stirib, undan hosil olaman deb chaqsangu, uni ichi puch chiqsa, qilgan mehnatiga achinadi kishi. Shu o‘rinda Edigey ham do‘sti Kazangapning mehnati ham zoye ketganini anglab, unga chin dildan achinadi. Shuningdek, yozuvchi o‘sha davr quliga aylangan Tansiqboyoevlar timsolida ham manqurtlik holatini ifodalaydi. Necha azoblar bilan Kazangap jasadini qabristonga olib kelgan Edigey bu yerda ham katta to‘siqqa duch keladi. O‘sha qozoq xalqining muqaddas onasi ko‘milgan qabriston simto‘siq bilan o‘ralib, qo‘riqlanadigan zonaga aylangandi. O‘sha qoriqlanadigan zonaning kattasi leytenant Tansiqboyev ularga jasadni qabristonga ko‘mishga ruhsat bermaydi. Qabriston bekor qilingani va o‘rniga allaqanday mikrorayon loyihasi haqida eshitganda Edigey Tansiqboyevga qarata: “…sening ota-bobolaring o‘lmaganmi, yoki o‘zing hech qachon dunyodan o‘tmaysanmi?”1 deb aytadi. Bu bilan Edigey leytenantga umr abadiy emasligini, qabristonni buzish esa gunoh ishligini, hech kim yerdan uzoq yashamasligini va taqdirdan qochib qutulolmasligini uqtirmoqchiday bo‘ladi. Bu munozaraga hatto Kazangapning piyanista kuyovi ham befarq qarab turolmaydi. Sobitjonning: “… Mana sizlarga Ona Bayit! Mana endi kaltaklangan itdek bo‘ldilaringmi?”2 deb masharalashiga javoban: “Agar oramizda it bo‘ladigan bo‘lsa – o‘sha sening o‘zingsan, ablah! Anavi it nimayu, sen nima? Yana maqtanganinga o‘laymi, men davlatning odami, davlatning odami deb! Sen umuman odam emassan!”3 deb haq gapni aytadi. Lekin yozuvchi asarda Edegeyning Qoplon nomli itini Kazangapning kuyovi aytganidek salbiy holatda emas, vafodorlik timsolida tasvirlaydi: “Edigey ko‘rinmay orqada qolib ketgan bekatga so‘nggi bor ugirilib qararkan, birdan jiddiy qiyofada yo‘rtib kelayotgan malla it Yo‘lbarsni ko‘rib hayratda qoldi” 4. Bu yerda itning Edigeyga hamroh bo‘lish holatida ikki ma’no ifodalanadi. Biri it – sadoqat ramzi sifatida egasiga sherik bo‘lgan bo‘lsa, ko‘chma ma’noda esa Sobitjon singari ayrim insonlarning yuragida hatto itchalik mehr-oqibatning mavjud emasligini uqtirib o‘tgandek bo‘ladi: “Balki, boyaqish it xo’jayinning shunday ahvolga tushishini oldindan his qilib, shunday paytda birga bo‘lish uchun birga kelgandir”5. Yozuvchining mahorati yana shundan iboratki, u tuya va it obrazini syujetda parallel holda keltiradi va ichki ma’noni kuchaytirish maqsadida tuyada ifodalagan mantiqni it obrazida ham ifodalaydi. Biz o‘rganayotgan romanda ikki jonivor – nor tuya Qoranor va it Yo‘lbars obrazi quyma holda tasvir etiladi. Ular asardagi hayotiy-maishiy qatlamning uzviy qismi bo‘lib, mustaqil nuqtai nazar tashuvchi alohida o‘ringa qo‘yilgan emas. Hattoki Qoranor obrazida ham – xalq xotirasi, tarixi mujassam. Yozuvchi Qoranorni Nayman onaning mashhur Oqmoyasining avlodlaridan deb ta’riflaydi. Edigeyning Qoranorini suratga olish uchun kelgan odamlar ham hatto bunday zotdor tuyani toza “olmos”ga qiyos qilishadi. Uning suratlarini esa zootexnika fakultetlariga mo‘ljallab chiqarilgan darslikning muqovasida chop ettirishadi. Edigey esa Qoranorni o‘ziga emikdosh, og’a-ini deb biladi. Chunki urushdan kontuziya bo‘lib qaytgan Edigey ana shu Qoranorning onasi Oqboshni sutidan ichib dardiga shifo topadi. Kazangapni Nayman ona qabristoniga ko‘mish uchun ruxsat ololmagan Edigey qilgan sa’y-harakatlari uchun – Qoranorning marosim jihozlariyu, piyanista kuyovning kechadan beri bir og’iz ham og’ziga aroq olmaganini, marhumni Ona Bayitga ko‘mish uchun yoshlarni ko‘ndirguncha ona suti og’zidan kelganini eslab bir kulgisi, bir yig’lagisi kelardi. Edigey Bo‘ron birgina jumla bilan Tansiqboyev ustidan eng haqqoniy xukmni chiqaradi: “Ona tilida so‘zlashni xohlamagan yoki bundan cho‘chigan kimsa, leytenantcha Tansiqboyev Qoranor ustidagi marosim jihozlarining qadriga qayoqdan yetsin!”1. Aytmatov asr va davr fojealarini Edigeyning ma’yus, g’amgin xotiralari fonida ochib boradi. Edigey Kazangapni so‘nggi manzil – qabrga qo‘yishni o‘ylarkan, o‘zi bilan kelayotganlardan birortasi ham Qur’on o‘qishni bilmasligidan o‘ksinadi2. Chingiz Aytmatov inson zoti sharafini, nainki inson, umuman tirik mavjudotni juda xilma-xil sharoitlarda, turli vaziyatlarda, ziddiyatli tang holatlarda, mas’ud damlarda, fojia ichida olib qaraydi. Insonni tavallud topishi, o‘sib-unishi, kamoloti, parvozi, inqirozi, yuztuban ketishi onlarida, chuqur ruhiy iztiroblar ichida ko‘rar ekan, shunisi tahsinga sazovorki, har qanday sharoitda – hatto yorug’ dunyodan abadiy ko‘z yumganida ham – inson ulug’ va mukarram bo‘lib qolishga arziydigan zot, deb talqin qiladi yozuvchi1. Muallif boshqa asarlarida bo‘lgani kabi “Asrga tatigulik kun” romanida ham rivoyatlarga tayanadi. Bunda romandagi rivoyatlar zamonaviylikni tushunish uchun bir vosita vazifasini o‘taydi. Asardagi rivoyatlarning joylashtira bilish mahorati, voqealar dramatizmining tez-tez almashinib turishi, kompozitsion markazlarning ko‘p qirraliligi roman strukturasining o‘ziga xosligini ko‘rsatib turuvchi belgilardan biridir. Shirali, favqulodda o‘ziga xos maroqli va jozibador usul-uslub: o‘tmish manzaralari, xalq donishmandligi, hikmatlar bilan omuxta qilingan real voqelik lavhalari, o‘zicha olganda aqlni lol qilishdan yiroq bo‘lgan odmi jo‘n turmush tarzining tafsilotlari bilan “to‘ldirilgan”, “bezatilgan”, “tasdiqlangan” rivoyatlar muallifning hikoya qilish samimiyatini ta’minlaydi. Natijada har qanday rivoyatning rivoyatdan boshqa narsa emasligini ro‘y-rost, ko‘rib-bilib, anglab turgan kitobxon muallifga o‘z ixtiyori bilan, ro‘y-rost, ko‘ra-bila ishonaveradi2. Roman kompozitsiyasining originalligi avvalo, muallif xalq og’zaki ijodining ikki rivoyatidan foydalanib, asar mazmunini yanada yorqinroq ifodalagani bilan xarakterlanadi. Bu ikki rivoyat ikki turli g’oyani, o‘ziga xos turli falsafiy-estetik maqsad va muammolarni uyg’unlashtirishi orqali o‘zgacha bir badiiylikni yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. “Asrga tatigulik kun” romanining badiiy asosi hisoblangan uslubiy-shakliy komponentlarni tashkil etuvchi rivoyatlarning birinchisi – “Nayman ona va uning manqurt o‘g’li” haqidagi rivoyatdir. Uzoq o‘tmishda bo‘lib o‘tgan voqealar haqida hikoya qiluvchi rivoyatlarda aniq, konkret obrazlarni uchratmaymiz, hatto ushbu rivoyatda ham manqurt obrazidagi yigit timsolida tarixiy konkretlikdan ko‘ra badiiy shartlilik, ramziylik ustunlik qiladi. Har bir rivoyat shunchaki badiiy bezak sifatida keltirilmasdan, asar kompozitsiyasini tashkil etuvchi poetic vositaga aylantirilgan. Muallifning badiiy niyati rivoyatlardan kelib chiqadigan xulosalarda namoyon bo‘ladi. Rivoyatlarda muallif pozitsiyasi, uning g’oyaviy-estetik qarashlari o‘ziga xos didaktik formada mujassamlashgan. Yozuvchi o‘sha davr kishilari taqdiriga mos falsafiy-estetik g’oyalarni o‘zida mujassamlashtirgan qadimiy rivoyatlarni topib, o‘tmish bilan bugunni yagona matn doirasida uyg’unlashtiradi. Rivoyatlardagi har bir badiiy obraz, fikr, g’oya va poetic detal zamondoshlarimiz xarakterini ochishga, psixologik dramatizmni kuchaytirishga xizmat qiladi. Har bir rivoyat o‘zidan keyin yoki oldin keladigan voqealar rivojiga singib ketganday, rivoyatda hikoya qilingan o‘tmish voqealarining bayoni o‘sha davr odamlarining real hayoti, o‘y-tashvishlarida davom ettirilganday tuyuladi. Rivoyat mazmuni konkretlashib, mohiyati chuqurlashadi, ramziy to‘lqinlar real ijtimoiy voqea-hodisalar fonida davrning dolzarb muammolariga, rivoyatdagi hayoliy-allegorik obrazlar esa tom ma’nodagi badiiy tiplarga aylanadi. Ushbu rivoyat asarning muayyan syujet tarmog’iga emas, balki butun roman kompozitsion qurilishiga, uning g’oyaviy-estetik yo‘nalishiga aloqadordir. “Asrga tatigulik kun” romani “Oq kema” qissasi singari na ertak va na ramziy asar bo‘libgina qolmay, balki yuksak mahorat bilan ertak va ramziylik ohanglariga chulg’ab berilgan chinakam real haqiqatdir1. Rivoyatda asosiy masala manqurtlik voqeasi bo‘lib, yozuvchi shuningdek, onaning farzandiga bo‘lgan cheksiz muhabbatini, xotiraning inson hayotidagi qudratini, vatanga, ota-onaga, el-ulusga sadoqatini keng misollar yordamida yoritishga harakat qiladi. Romanda keltirilgan Nayman ona qabristoni haqidagi rivoyat toponimik rivoyatlar turkumiga mansub bo‘lib, bu qabristonda qozoq ajdodining volidai muhtaramasi Nayman ona dafn etilgan. Biz rivoyatni toponimik jihatdan tahlil qilsak, shu qabristonning kelib chiqish tarixi haqidagi g’oya kelib chiqadi. Rivoyat qanday turga mansubligidan yoki uni tasniflashdan qat’iy nazar uning zamirida qandaydir tarixiy haqiqat yotadi. Toponimik rivoyatlarning mavzu qatlamlari rang-barang bo‘lib, bu tipga mansub folklor asarlarining rivoyat janri epik tizimida tutgan badiiy o‘rnini belgilashda xalq og’zaki nasri asarlarining genezesi, asosiy syujet guruhlarining shakllanish jarayonini bevosita tarixiy voqelik talqinlari bilan qiyosiy tahlil qilish muhim ilmiy ahamiyatga ega. Buning natijasida toponimik rivoyatlarning shu tipdagi boshqa asarlar, masalan tarixiy rivoyatlardan farqlanuvchi belgilarini aniqlash mumkin bo‘ladi. Folklorshunos olim Ulug’bek Sattorov o‘zbek xalq toponimik rivoyatlarini yaratilish davriga ko‘ra qo‘yidagicha tasnif qilgan: eng qadimgi toponimik rivoyatlar o‘rta asrlarda yaratilgan toponimik rivoyatlar yangi toponimik rivoyatlar Olim “tilshunoslikda turli xil joy nomlari o‘ziga xos belgilari, ya’ni atalish motivlari va muayyan nom bilan ifodalanayotgan ob’ektning xarakteriga ko‘ra farqlanishi” xususiyatini folkloristikaga tadbiq etgani holda o‘zbek xalq toponimik rivoyatlarini quyidagi tiplarga ajratadi: oykonimik rivoyatlar; gidronimik rivoyatlar; oronimik rivoyatlar; nekronimik rivoyatlar1 Biz o‘rganayotgan “Nayman ona” rivoyati toponimik rivoyatlarning nekronimik turiga mansubdir. Olimning yozishicha, “nekronimik rivoyatlarda muayyan hududdagi mozor, qabr, avliyo qadamjosi, ziyoratgoh yoki maqbaralarning paydo bo‘lishi, bunday joylar nomining kelib chiqish sabablari real hayotiy faktlar asosida izohlanadi. Tasvirlanayotgan voqelikning etnografik konkretlik kasb etishi, epik bayonning bevosita tarixiy haqiqat va hayotiy detallar asosida ifodalanishi, muayyan hudud doirasida lokallashishi, shuningdek, mozor yoki ziyoratgohning muqaddasligi haqidagi inonchlarni mustahkamlashga xizmat qilishi nekronimik rivoyatlarning o‘ziga xos epik xususiyatlarini tashkil etadi”2. Ana shu turkumga mansub ushbu rivoyatning bosh qahramoni Nayman ona o‘gli Jo‘lomon siymosida xalqining o‘zligi va kelajagini saqlab qolish ilinjida manqurtlikka qarshi yakka o‘zi isyon ko‘tarib jon bergan onaizordir. Adib ushbu rivoyat orqali mehnatkash xalqning o‘tmishda naqadar og’ir hayot kechirganligi Nayman ona va uning o‘g’li manqurt - Jo‘lomonlar epizodida g’oyatda hayajonli tasvirlagan. Rivoyatning qisqacha mazmuni quyidagicha: Qadim zamonlarda Sario‘zakni bosib olgan jungjanglar asirga tushgan janchilarga nisbatan shafqatsizlik qilar ekanlar. Ular asirlarni sochini qirib tashlab boshiga tuya terisidan teriqalpoq tortib, qo‘l-oyoqlarini bog’lab jazirama oftob tig’ida tashlab qo‘yadilar. Quyoshning issig’ida teri torayib, o‘sib boshlagan sochlarini qaytadan bosh terisiga qarab o‘sishi natijasida asirlarni chidab bo‘lmas og’riqqa solar edi. Tutqunlar bu azobdan es-hushidan butunlay ayrilib, ko‘zlangan maqsadga – manqurtlarga aylantirilar edilar. Bu jazoga ayniqsa, yosh yigitlar duchor etilar edi. Natijada ular hech narsani – ota-onasini-yu, el-ulusini eslolmaydigan holga tushishardi. Sario‘zakning ana shunday manqurtga aylantirilgan yigitlaridan biri Nayman onaning o‘g’li Jo‘lomon Do‘nanboyev bo‘lgan. Nayman ona naymanliklarning yurtiga karvonda mol ortib kelgan savdogarlardan Sario‘zak dashtida jungjanglarning tuya podalarini boqib yurgan manqurt yigit haqidagi suhbatini eshitib qoladi va shu manqurt yigit o‘g’li bo‘lib chiqishi mumkinligini o‘ylab uni qidirib yo‘lga chiqadi. Eridan ayrilgan Nayman ona o‘g’lidan ham judo bo‘lishni istamas edi. Nayman ona o‘sha manqurt o‘g’lini topish ilinjida Sario‘zakdek bepoyon cho‘lga yakka o‘zi Oqmoya nomli tuyasi bilan mushtdek yuragini dunyo qadar keng qilib yo‘lga chiqadi. U uzoq yo‘l bosib o‘tib, Sario‘zak cho‘li tomon yetib keladi. Nayman ona ancha vaqt poylab yotib va nihoyat tuyalar podasiga duch keladi. Shu onda o‘z o‘g’lini tanigan onaning qiyofasini yozuvchi shunday tasvirlaydi: “Birdan ona ahvolni tushundi. Tushundiyu , depsinib qichqirgancha yig’lab yubordi. Alam va dahshatdan lablari dirillab, shuncha urinsa ham o‘zini qo‘lga ololmasdi. Yiqilib tushmaslik uchun loqayd o‘g’lining yelkasiga yopishib olib, qachonlardan beri xavf solib turgan, endi esa uni bosib tushgan tog’day g’am yuki ostida ezilib faryod chekar, ko‘zyoshlari selday oqardi. Ona bo‘zlab yig’lar ekan, ko‘z yoshlari orasidan, ho‘l bo‘lib chakkalariga yopishib qolgan burul soch tolalari orasidan, yuzlarini chang bilan bulagan qaltiroq barmoqlari orasidan farzandining tanish qiyofasiga boqar, uning o‘ziga nigoh tashlashini orziqib kutar va meni tanib qolar, deb umid qilar edi. Axir, tuqqan onasini tanib olish qiyin emas-ku!”1. Nayman ona har qancha harakat qilmasin, unga hech narsani eslata olmaydi. U o‘tmishini xotirlash u yoqda tursin, hatto o‘zini qutqargani kelgan tuqqan onasini ham tanimaydi, na urug’ini, na otasining nomini eslaydi. Shunda Nayman onaning ohu-fig’oni butun Sario‘zak cho‘lini larzaga soladi: “Yerdan mahrum etish mumkin, mol-dunyodan mahrum etish mumkin, hatto insonni yashashdan mahrum etish ham mumkin, derdi ona o‘z-o‘zicha gapirib, biroq odamni xotirasidan mahrum etishni kim o‘ylab topdi ekan, bunga kimning qo‘li bordi ekan?! Yo rabbiy, agar olamda bor bo‘lsang, bandalaringa bu yovuzlikni qanday ravo ko‘rding. Yer yuzida usiz ham yovuzlik kammidi?” 2. Ona o‘g’lining xotirasini tiklash umidida u bilan suhbatlashadi. Ona manqurt o‘g’liga qarab turib, quyosh, xudo va o‘zi to‘g’risida to‘qigan mashhur marsiyasini aytdi. Shunda ona mashhur marsiyani boshladi, bilgan kishilar bu so‘zlarni hozirga qadar eslab yurishadi: Tulubin kelib iskagan, Bo‘tasi o‘lgan bo‘z moyaman… Tarjimon bu marsiyani quyidagicha izohlaydi: “Tuyaning bolasi o‘lganida, sut bermay qo‘ymasin, deb bo‘talog’ining terisiga somon tiqib, onasiga ko‘rsatiladi. Shunda hayvonning mehri tovlanib yeliniga sut keladi”3. Shu mahal tuya mingan junganglardan biri yetib keladi. Bu yerga begona kishi kelganini payqagan jungjang onani ortidan quvlaydi, lekin Oqmoyaga yetish amri mahol edi. Shunda jungjanglar manqurt o‘g’ilga u seni telpagingni olib, boshinga qaynoq suv solgani kelgan deb qo‘rqitishadi. Uni qo‘liga qurol berib agar yana o‘sha ayol keladigan bo‘lsa, uni otib o‘ldirishni buyuradi. Mushfiq ona jungjanglarni ketishini poylab yana o‘g’li tomon yo‘l olganda manqurt o‘g’il o‘z onasini o‘sha o‘q bilan ko‘ksiga tig’ sanchadi. “Bu o‘lim zarbasi edi. Nayman ona ikki bukildi va Oqmoyaning bo‘yniga yopishgancha shilq etib tushdi. Lekin undan oldinroq boshidan oq ro‘mol uchib ketib, havoda qushga aylanib chirqiray boshladi: “Kimning farzandisan, eslab ko‘r! Oting nima? Otangning oti Do‘nanboy! Do‘nanboy! Do‘nanboy!” deb sado chiqarar ekan”1. Asar so‘nggida esa ana qush tasviriga monand oqquyruq kalxat personaji dafn marosimi tugallanishi arafasida paydo bo‘ladi. Qush besaranjom odamlarning hatti-harakatini kuzatadi, ular haqida o‘zicha fikr yuritadi. Obrazning botiniy ma’nosi Edigeyning ichki o‘y-fikrlarida aniqlashadi: “Odam o‘lgandan so‘ng ruhi nimagadir aylanishi rost bo‘lsa, unda men chumoliga emas, balki oqquyruq kalxatga aylana qolayin. Negaki, huv osmondagi kalxatdek Sario‘zak uzra qanot qoqib parvoz qilib yuksaklardan qadrdon zaminimizga suqlanib qarayin. Vassalom”2. Ushbu rivoyat yakunida esa onaning manqurt o‘g’il tomonidan o‘ldirilgan holatida ham ushbu tasvirni uchratish mumkin, ya’ni onaning tanidagi ruh ham shu qushga o‘tadi. Yozuvchi bu rivoyatda o‘z-o‘zini anglash, o‘zligini tushunish singari muammolarni ilgari suradi. Manqurt o‘zi kim? Manqurtlik o‘zi nima? Asarda muallif manqurt atamasini asardagi obrazlar orqali ifodalashga harakat qiladi. Hayvonlar tangri tomonidan yaratilgan tabiiy hilqat, manqurtlar esa insonlar tomonidan hayvonga aylantirilgan, ya’ni xotirasidan mahrum etilgan, na ota-onani, na el-ulusni, o‘z xo‘jayinidan boshqa hech kimni tan olmaydigan mahluqot hisoblanadi. Hozirgi kunda “manqurt” so‘zi ko‘chma ma’noda o‘z yurti, o‘z tarixi, o‘z naslini unutgan kishiga nisbatan aytiladi. Manqurt so‘zi, atamasi xususida muallifning o‘zi Muxtor Shoxonov bilan qilgan suhbatida quyidagilarni bayon etadi: “Bundan o‘n asr muqaddam kuylangan va o‘shandan buyon qahramonlik, vatanparvarlik qomusi bo‘lib kelayotgan “Manas” eposida ilk bora manqurtlik to‘g’risida guvohlik berilgan. Eposda shunday parcha bor: kichkintoy Manas asov kuchga ega, jangari bo‘ladi. Bundan tashvishga tushib qolgan mahalliy hokimlar pinhona til biriktiradilar. Ya’ni kelajakda Manas yo‘lboshchi bo‘lmasligi uchun uni yoshligida manqurtga aylantirib qo‘ymoqchi bo‘ladilar: Boshiga xom terini yopishtiraylik. So‘ng, yurtimizga eltib qurg’urni Olti aymoq qalmiq bir bo‘lib, Bog’lab adabini beraylik!”1 Yuqorida aytib o‘tganimizdek, “Manas” xalq eposida ilk bora keltirilgan manqurtlik voqeasi yozuvchi asarlari tarkibidagi rivoyatlarning ilk ildizi hisoblanadi. Chingiz Aytmatov esa rivoyatdagi voqeani o‘sha davrdagi “zamonaviy manqurtlik” muammosi bilan bog’laydi. O‘z davrining manqurtlari deb e’tirof etilgan bu kimsalar faqat xo‘jayinga yoqish ilinjida uning hamma aytganlarini so‘zsiz ado etadigan, o‘zining mansabi, vakolati deb odamgarchilikdan yiroqlashgan, xalq urf-odatlarini mensimaydiganlar turiga kiradi. Muallif Qozongapning o‘g’li Sobitjon va kosmodromda xizmat qilgan qozoq leytenanti Tansiqboyevni ham o‘sha davr manqurtlari deb ta’riflaydi. Edigey ham xuddi Nayman ona singari najotsizlikdan ohu-fig’on qilgisi keladi: “Oting nima? Otangni oti nima? Otangni oti Kazangap, Kazangap, Kazangap…” deb Sobitjonga o‘z o‘tmishini eslatishga, uni ko‘zini ochib, o‘zligiga qaytarishga harakat qiladi. Lekin bularning barchasi Edigey orzu qilgandek bo‘lib chiqmaydi. Yozuvchi Edigey Bo‘ronning Sobitjonga nafratini shunday ifodalaydi: “Edigey Bo‘ron o‘kinardi - u bilan gaplashgani uchun qattiq o‘kinardi – so‘zlarini yelga sovurdi. Maslahatlashishga va yordam so‘rashga arziydigan odammi Sobitjon? Savodli, ma’lumotli, o‘ziga o‘xshganlar bilan oson til topishadi, deb umidvor bo‘lgandi-da. Turli kurslarda, institutlarda ta’lim olgan bo‘lsa nima qilibdi? Ehtimol, uni hozir qanday bo‘lsa, shunday bo‘lishi uchun o‘qitishgandir, Ehtimol, qaylardadir Sobitjonni boshqa birov emas, aynan Sobitjon bo‘lib yetishishi uchun ko‘p mehnat sarf qilgan iblisdek o‘tkir aql sohibi bordir”1. Ko‘rinib turganidek, Edigey Sobitjonni Sobitjon bo‘lib shakllanishida otasi Kazangapni emas, balki internatda uni tunu-kun o‘z o‘tmishiga, o‘z qadriyatlariga, ota-onasiga xullas barcha-barchaga shafqatsiz ruhda tarbiyalab, faqat kommunistik mafkuraga xizmat qilish uchun yo‘naltirilgan “radio orqali boshqariladigan odam” qiyofasida tarbiyalagan jamiyat tuzumini ayblaydi. Manqurtlar haqidagi rivoyat “Asrga tatigulik kun” romanining zamonaviy ahamiyatini belgilovchi eng muhim qism hisoblanadi.Yozuvchi qo‘llagan ushbu termin hozirgi davrga badiiy adabiyotda ham, publitsistikada ham ommalashib ketgan atama hisoblanadi. Asarda yozilishicha, Nayman ona haqidagi rivoyatni o‘z vaqtida faqatgina ikki kishi yozib oladi. Ulardan biri Abutolib Quttiboyev bo‘lsa, ikkinchisi Afanasiy Ivanovich Yelizarovdir. Ularning ikkalasi ham asosan Kazangapning og’zidan yozib olgan2 (137-b). Afsonani qalbida ardoqlab saqlab, el orasiga yoyib, avlodlarga yetkazgan aytuvchining o‘zi endi qabristonda so‘nggi oromini topishi kerak. Rivoyatlarda ko‘pincha tarixiy xotira va xalqning donishmandligi, tabiat hodisasi, tabiiy ofatlar haqidagi voqealar keltiriladi. Har bir millat o‘ziga xos qadriyatlariga, an’analariga, urf-odat va marosimlariga ega. Ma’lumki, yaratilajak asarning milliy zaminda, milliy ruhda bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. Zero har qanday san’at asari o‘zi mansub xalqning boy ma’naviy madaniyati, qadriyatlarining ajralmas mulkiga aylanadi. Unga shu xalqning dunyoqarashi, intilishi-yu orzu armonlari jo bo‘lishi, har bir detalda uning ishoralarini aks ettira olishi esa san’atkordan alohida mahoratni talab etadi. San’atda, adabiyotda milliylikni keng ma’noda tushunish mumkin. Gap shundaki, tasvirlanayotgan voqealar va ularga munosabatda milliy ruh sezilishi kerak. Lekin yozuvchining asar yozishdan maqsadini belgilovchi g’oya, fikr barcha millatlar uchun ham daxldor bo‘lishi kerak. Ya’ni asarning milliy zaminda umuminsoniy muammolarga qaratilishi undagi zaruriyat darajasini kengaytiradi1. Rivoyatda manqurtlik voqeasi bilan bir qatorda ana shu manqurtga aylantirilgan yigitning ajdodi bo‘lmish nayman urug’ining qadriyatlari o‘sha millatning umuminsoniy mazmunini o‘zida aks ettirgan. Yozuvchi adabiy asar yaratar ekan, avvalo u qanday mavzuda bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘sha xalq urf-odatlarini, an’analarini, insoniylik qadr-qimmatlarini asarga singdirishga va asarning jozibadorligini oshirishga harakat qiladi. Nayman urug’ining mergan yigiti Jo‘lomon ko‘pchilik qatori o‘z el-ulusini, vatan tuprog’ini himoya qilish uchun jangga otlanadi. Ana shu junjang qabilasi bilan bo‘lgan shafqatsiz jangda Nayman onaning o‘gli dom-daraksiz yo‘qoladi. Uni tirigi ham, o‘ligi ham topilmaydi. “Jangchining jasadini izlab naymanlar necha kunlab dala yo‘llarini kezib chiqdilar. Biroq na marhumning jasadini, na olib qochgan otini, na tushirib qoldirgan qurol-yarog’ini, na boshqa biron belgi alomatni topa oldilar”2. Bu qabilada inson qadr-qimmati qanchalik aziz ekanligini yozuvchi shunday ta’riflaydi: “Bu elat odatida halok bo‘lganlarni jang maydonida qoldirib ketish nomus sanaladi, qarindosh-urug’lari jangchining jasadini olib kelishlari lozim”3(112-bet). Yoki “yosh jangchining Sario‘zak cho‘lida dafn etilmay qolib ketgan o‘g’lining dardu hasratiga chidolmagan xotin-xalajlar erlari va og’a-inilari sha’niga ta’na toshlarini yog’diradilar: - Uning ko‘zlarini quzg’unlar cho‘qidi, shoqollar go‘shtini burdalab ketdi, endi sizlar qaysi yuz bilan el orasida bosh ko‘tarib yurasizlar!”4. Mana shu odatlarning o‘zi ham o’sha xalq qadriyatlarining qanchalik darajada oliximmat ekanligini ko‘rsatadi. Asarda ana shu mushfiq Nayman ona siymosida onaizorning farzandiga bo‘lgan cheksiz muhabbati, ummon singari bepoyon irodasi qalamga olinadi. Shuningdek, Nayman ona o‘g’lini qidirib yo‘lga otlanganini hech kimga sezdirmay faqatgina qaynsinglisiga qarindosh urug’larinikiga mehmonga ketayotganligini, undan so‘ng qipchoqlar manziliga hazrati Yassaviy maqbarasini ziyorat qilib kelishini aytadi. Bu bilan yozuvchi o‘sha xalq uchun hazrati Yassaviy ruhiga e’tiqod, ya’ni, buyuk ajdodlar ruhini ziyorat qilish shu xalqning milliy qadriyatlarga nisbatan hurmatini ham ko‘rsatib o‘tadi. Yoki o‘g’lini topgandan so‘ng, uni manqurtga aylantirilganini ko‘rgan onaning ahvolini tasavvur qiling. Shunday vaziyatda uning kuylagan mashhur marsiyasi butun Sario‘zak cho‘lini larzaga soladi. Biroq bu nola faryod manqurt o‘g’ilning to‘pig’iga ham chiqmaydi. Ona har qancha harakat qilmasin o‘zligini unutgan o‘g’ilga o‘tmishini eslata olmaydi va uning tirik murdaga aylangan, tosh metin singari qattiq qalbini erita olmaydi. Faqatgina onaning o‘g’liga aytgan allasidan so‘ng manqurt o‘g’ilning yuzida iliqlik nurlari paydo bo‘ladi. Bundan ko‘rinadiki, yozuvchi o‘z o‘rnida alla, marsiya, maqol singari xalq og’zaki ijodining bir qancha turlaridan unumli foydalangan. Adib manqurt haqidagi rivoyat tasviri orqali xalq tarixidan, urf-odatlaridan uzilishning dahshatini butun fojeasi bilan ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ladi. Biz bu mashhur adibning ijodiy tadrijini ko‘zdan kechirar ekanmiz, yozuvchi asardan-asarga ulg’ayib, barkamollik, ko‘lamdorlik kasb eta borganining guvohi bo‘lamiz. Kamdan-kam adiblarga nasib etadigan tahliliy tafakkur sohibi hisoblanuvchi Aytmatov umuminsoniy muammolar ustida jiddiy bosh qotirgani bilano‘z yo‘nalishiga egadir. Aytmatovning “hayotimizdagi g’oyat pinhona o‘ta murakkab muammolarni ham ilg’ab olish va nekbinlik bilan his qila bilish” qobiliyati, ayniqsa, qayta-qayta e’tirof etiladi. Darhaqiqat, Chingiz Aytmatov romannavis sifatida yangicha mushohada egasi bo‘lib, Zamon, Inson va Tabiatning o‘zaro chambarchas bog’liqligi muammosiga yangicha yondoshgan kashshof adiblardan biri bo‘ldi1. Chingiz Aytmatov o’z asarlarida qo’llagan ramziy rivoyatlari, ramziy obrazlari orqali dunyo ahliga ma’naviyat nurini ulasha bilgan yozuvchidir. Asarda falsafiy ma’noga yo’g’rilgan obrazlar, manzaralar, voqea-hodisalar g’oyat ta’sirli, kuchli ichki hayajon bilan ifoda etiladi. U romandagi rivoyatlari orqali insonlarni ezgulikka, yuksak sadoqatga, mehr-muhabbatga, moziy va zamonga ijobiy munosabatda bo’lishga undaydi. Asar shuning uchun ham kitobxon tasavvurida uzoq saqlanib qoladi. Aytmatov uslubiga xos rivoyat va afsonalardan dardli, insonni o‘ylantiruvchi, ogohlantiruvchi, o‘zini tanishga undovchi xulosalar chiqarish mahorati mazkur asarda yana bir yuksak maqomga ko‘tariladi. Ayniqsa, jungjanglar, manqurtlik dahshati haqidagi afsona romanning javhari – kalitidir. Yozuvchi real, hayotiy voqealar tarkibiga rivoyat, afsonalarni shunday olib kirib, shunday bir jozib uslubda, ta’sirchan tasvirlaydiki, bu voqealar rivoyat, ertaknamo ekanini bila turib, uning tabiiy shavqiga beixtiyor sho‘ng’ib ketasiz. So‘ngsiz savollar vartasi sizni o‘z domiga g’arq etadi2. Download 147.97 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling