Axborot va murabbiylik soati


Amir Temurning bunyodkorlik ishlari


Download 29.12 Kb.
bet4/4
Sana19.04.2023
Hajmi29.12 Kb.
#1366898
1   2   3   4
Bog'liq
29 xafta (3)

Amir Temurning bunyodkorlik ishlari
Mashhur davlat arbobi, Oʻrta asrlar islohotchisi, sarkarda, adolat uchun tolmas kurashchi, ilm-fan va madaniyat rahnamosi Amir Temur davrida ilm-fan, madaniyat va taʼlim mislsiz darajada yuksaldi.
Sohibqironning bunyodkorlik sohasidagi tarixiy xizmatlari beqiyosdir.
Tarix bu koʻhna dunyoda oʻtgan koʻp jahongirlarni biladi. Ularning aksariyati faqat buzgan. Amir Temurning ulardan farqi shundaki, u umr boʻyi bunyodkorlik bilan mashgʻul boʻlgan. Uning “Qay bir joydan bir gʻisht olsam, oʻrniga oʻn gʻisht qoʻydirdim, bir daraxt kestirsam, oʻrniga oʻnta koʻchat ektirdim” degan soʻzlari buning yorqin isbotidir.
Amir Temurga har bir zafarli voqea va sevinchli hodisani muhtasham meʼmorlik obidasi barpo etish bilan nishonlash odat boʻlgan. Shu maqsadda Hindiston, Sheroz, Isfahon va Damashqning mashhur usta-hunarmandlari mamlakatda hashamdor imorat-u inshootlar bino qilganlar.
Amir Temur zabt etgan mamlakatlarning bir qator shaharlari (Bagʻdod, Darband, Baylaqon)ni qayta tikladi. Amir Temur Tabrizda masjid, Sherozda saroy, Bagʻdodda madrasa qurdirgan boʻlsada, lekin asosiy eʼtiborini ona shahri Kesh va poytaxti Samarqandga qaratdi. Keshda otasining qabri ustiga maqbara, oʻgʻli Jahongirga maqbara bilan masjid qurdirdi. Amir Temur hukmronligining ilk davrida Kesh shahrining obodonchiligiga katta ahamiyat berdi, bu yerda mashhur Oqsaroy qad koʻtardi. Amir Temur Keshni Movarounnahrning madaniy markaziga aylantirishga harakat qildi. Shu boisdan bu shahar “Qubbat ul-ilm val-adab” unvoniga ega boʻldi.
14-asrning ikkinchi yarmida Movarounnahr Yaqin va Oʻrta Sharqning tijorat, iqtisod va madaniyat markaziga aylanib bordi. Chingizxon qoʻshinlari tomonidan tag-tubigacha vayron qilingan qadimiy shaharlar obod boʻla boshladi. Masjid-u madrasalar, maqbaralar, karvonsaroylar va hammomlar qurildi.
Meʼmor va bunyodkor ustalarning bahamjihat saʼy-harakatlari tufayli jahon meʼmorchiligida yangi yoʻnalish paydo boʻldi va u ijodning goʻzal namunalarini inʼom
Amir Temur XII asrda yashagan islom ilohiyotchisi, shoir va mutafakkir Xoja Ahmad Yassaviy dahosiga ehtirom koʻrsatib, uning sharafiga Turkiston shahridagi kichik daxma ustida ulugʻvor maqbara bunyod ettirdi. Maqbara bugungi kunda ham oʻzining salobati, koʻrki va ajoyib sopol bezaklari bilan kishini hayratlantiradi.
Xoja Ahmad Yassaviy adolatni, insonning axloqiy poklanish va komillikka erishish gʻoyalarini targʻib etguvchi soʻfiylikning “yassaviya” tariqati asoschisi edi. Amir Temur Xoja Ahmad Yassaviyni oʻzining piri deb bilar, dinga kishilarni maʼnaviy va axloqiy kamolotga yetaklovchi, mamlakat kuch-qudrati va ulugʻvorligini mustahkamlovchi kuch sifatida yondashardi.
Saltanat poytaxti Samarqand Amir Temur davrida ayniqsa gullab yashnadi. Shaharda Isfahon, Sheroz, Halab, Xorazm, Buxoro, Qarshi va Kesh shaharlarining meʼmor-u binokorlari qoʻli bilan saroylar, masjidlar, madrasalar, maqbaralar quriladi. Shahar tashqarisida esa bogʻ- rogʻlar va boʻstonlar barpo etiladi.
15-asr tarixchisi Sharafiddin Ali Yazdiyning guvohlik berishicha, Amir Temur “obodonchilikka arziydigan bir qarich ham yer boʻsh qolmasin”, deb qaygʻurardi.
Ulkan va qudratli saltanat barpo etgan Amir Temur yangicha tarixiy vaziyatda mamlakatda maʼnaviyatning gullab-yashnashi, yuksalishi va oʻtmish davrlarning oliy anʼanalari tiklanishi uchun shart-sharoit yaratdi. Amir Temur va Temuriylar sulolasi vakillarining gumanitar sohalarga alohida eʼtibori tufayli XIV-XV asrlarda yuksak ilmiy va ijodiy yutuqlarga erishildi.
Amir Temur va Temuriylarning ayollarga boʻlgan mehribonlarcha munosabatlarini alohida taʼkidlab oʻtish joiz. Amir Temur oʻzining suyukli rafiqasi Bibixonim sharafiga Samarqandda ulugʻvor jome masjid qurdirdi. Bibixonim nomi bilan ataluvchi bu masjid Amir Temur davrining eng mahobatli binolaridan biri sanaladi. Masjid 1399-1404-yillarda qurilgan va hozirga qadar yaxshi saqlangan. Buyuk bobokalonidan oʻrnak olgan boburiy Shohjahon suyukli rafiqasi Mumtoz Mahal begim uchun 1652-yilda maqbara — dunyo moʻjizalaridan biriga aylangan nodir meʼmoriy yodgorlik qurdirdi
Xususan Shohizinda meʼmoriy majmuasiga mansub Shodimulk ogʻo maqbarasi, Shirinbeka ogʻo maqbarasi va boshqalar quriladi. Shaharda Amir Temurning qarorgohi Koʻksaroy va Boʻstonsaroylar qad koʻtaradi. Umuman olganda Samarqand shahri Amir Temur davrida oʻzining qadimiy oʻrni Afrosiyobdan birmuncha janubroqda butunlay yangitdan qurildi. Shahar tevaragi mustahkam qalʼa devori bilan oʻralib, Ohanin, Shayxzoda, Chorsu, Korizgoh, Soʻzangaron va Feruza kabi nomlar bilan ataluvchi 6 ta darvoza oʻrnatildi. Movarounnahrning dehqonchilik vohalarida, xususan Zarafshon vodiysida oʻnlab sugʻorish tarmoqlari chiqarilib, dehqonchilik maydonlari kengaytirildi. Yangi qishloqlar barpo etildi.
Ibn Arabshohning yozishicha, Amir Temur Samarqand atrofida qad koʻtargan bir qancha yangi qishloqlarni Sharqning mashhur shaharlari Dimishq (Damashq), Misr, Bagʻdod, Sultoniya va Sheroz nomlari bilan atadi. Amir Temurning fikricha, Samarqand kattaligi, goʻzalligi hamda tevarak-atrofining obod etilganligi jihatidan dunyodagi eng yirik shaharlardan ham ustunroq turmogʻi lozim edi. Hofizi Abroʻning yozishicha, Amir Temur turk, arab va eronliklar tarixini chuqur bilgan. U davlat ahamiyatiga ega boʻlgan har bir masalani hal etishda, shu sohaning bilimdonlari va ulamolari bilan maslahatlashardi. Odatda u tibbiyot, riyoziyot, falakiyot, tarix, adabiyot, tilshunoslik ilmi namoyandalari, shuningdek ilohiyot va din sohasidagi mashhur ulamolar bilan suhbatlar oʻtkazardi.
Alisher Navoiyga Amir Temurning ilm va maʼnaviyat aqliga koʻrsatgan gʻamxoʻrligi juda yoqar edi. Bu haqda Navoiy shunday degandi: “Agar Temur qayerda fan, madaniyat va sanʼat ahlini uchratsa, ularni oʻz homiyligiga olar, ularga izzat-ikrom koʻrsatar, ularning tarbiyasiga ahamiyat berar hamda bu zotlardan oʻz oliy majlisida nadim (maslahatchi) sifatida va boshqa lavozimlarda foydalanardi”. Amir Temur davrida savdo va hunarmandchilik gʻoyatda rivojlanadi. Yangi bozorlar, savdo rastalari barpo qilinadi. Klavixo Samarqand bozorlarida bugʻdoy va guruchning moʻlligi va arzonligi haqida gapirib, shahar hunarmandchiligi mahsulotlarini — atlas, kimxob, har xil ip va jun toʻqima mollar, moʻynali va ipakli poʻstinliklar, attorlik mollari, ziravor va dorivorlar, zarhal va lojuvardlar hamda boshqa mollarning serobligini ham taʼkidlaydilar.
Bu aqlli va bilimli inson oʻz davlatining kuch-qudratini oshirish va mustahkamlash uchun birinchi navbatda harbiy va eng muhim iqtisodiy islohotlar oʻtkazdi. Bu islohotlar zaminida avvalgi davr donishmandlarining aql-idroki, gʻoyalari mujassam edi, ayniqsa, taraqqiyot uchun yagona davlat, oʻzaro totuvlik, ishbilarmonlarga qulay mulkiy va huquqiy sharoit yaratishga, ayniqsa savdo-sotiqni rivojlantirishga alohida eʼtibor berildi.
Amir Temur tarixda mohir diplomat va davlatlar oʻrtasida yaxshi munosabatlarni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy aloqalarini yoʻlga qoʻyish tarafdori sifatida chuqur iz qoldirdi. U Yevropa va Osiyo oʻrtasida oʻzaro aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan keng koʻlamli ishlarni amalga oshirdi. Sohibqiron dunyoning turli mamlakatlari bilan aloqalar oʻrnatdi: bir tarafdan – Xitoy, Hindiston, ikkinchi tarafdan – Fransiya, Angliya, shuningdek, Usmonlilar imperiyasi, Ispaniya, Italiya, Misr va boshqa davlatlar.
Amir Temur savdo-iqtisodiy munosabatlar orqali xalqlar va mamlakatlar orasida yagona makon yaratishda misli koʻrilmagan yutuqlarga erishdi. U Ispaniya qiroli Genrix III Fransiya qiroli Karl IV, Angliya qiroli Genrix saroylariga elchilar yoʻlladi; ayni paytda oʻz saroyida ispan, fransuz, ingliz, xitoy va boshqa xorijiy mamlakatlarning elchilarini qabul qildi.
Amir Temur Movarounnahrni yagona davlatga birlashtirish bilan chegaralanmadi, davlatning siyosiy, huquqiy, iqtisodiy va maʼnaviy asoslarini shakllantirib va mustahkamlab, buyuk saltanat darajasiga koʻtardi. 27 davlatni birlashtirgan Amir Temur saltanatiga mahobati, maʼnaviy va ilmiy kashfiyotlarining boyligi, barqarorligi va qudrati borasida oʻsha davrning birorta davlati tenglasholmaydi. Bu tarixiy haqiqatdir.
Amir Temur oʻrta asrlar davriga xos oʻz udumlari doirasida faoliyat yuritgan boʻlsa ham, inson manfaatlarini kuchaytirishga intilib, irqi, millati, dini va kelib chiqishidan qatʼi nazar insonlarning bir butun hududda yashashi mumkinligi toʻgʻrisidagi “yagona makon” gʻoyasining ilk tashabbuskoriga aylandi.
Amir Temurning tolerantlik (diniy bagʻrikenglik) siyosati alohida tadqiqotni talab etadi. U ilk marotaba ana shu gʻoyaga asos solgan hukmdorlardandir. Uning nasroniy qirollarga yoʻllagan maktublarida “Siz savdogarlaringizni biz tomonlarga yuborsangiz, toki biz ularni qizgʻin, barcha izzatlarni oʻrniga qoʻyib kutib olaylik. Bizning savdogarlarimiz Siz tomonlarga borsalar va ularga ham shunday izzat-ikromlar koʻrsatsalar. Mayli, ular hech qanday xavf-xatarsiz, toʻsiqsiz yoʻl yursinlar. Dunyoni savdogarlar farovon qiladilar, degan naqlni inkor etish befoyda” — deya koʻp bora taʼkidlagan.
Diniy nizolar kuchaygach, ellar shu sababdan oʻzaro yovlashgan, ayniqsa, Gʻarb va Sharq bir-birini yaqindan bilmagan, diniy adovatlar zamirida urushlar chiqqan oʻsha davrlarda har ikki qitʼalaro doʻstona munosabat oʻrnatilishi amri mahol edi. Amir Temur birinchi marta Gʻarb va Sharq oʻrtasidagi munosabatlarni shartnomalar orqali mustahkamlashni gʻarb qirolliklariga taklif etgan va bu muammoni rasmiy tarafdan hal etishga intilgan. Amir Temurning bu
xatti-harakatlarini tarixshunos olimlar bugungi kunda "Qoʻl choʻzish siyosati" deb atamoqdalar.
Amir Temurning tarixdagi bu ezgu amallarini Yevropa xalqlari ham tan oladi. Mustaqillikning dastlabki yillarida Fransiyaning oʻsha davrdagi Prezidenti Jak Shirak tarafidan Amir Temurning Sharl VI ga yoʻllagan nomalari nusxasi yurtimizga topshirildi va hozirgi paytda Temuriylar tarixi davlat muzeyida saqlanmoqda.
Amir Temur bunyodkorlik sohasida ham katta oʻzgarishlar qilib, jahon meʼmorchiligini bemisl darajada boyitdi. U saltanat mafkurasi, gʻoyasi va mahobatini oʻz bunyodkorlik ishlarida namoyon eta oldi. Amir Temur Samarqand atrofida oʻz davrida dunyoning siyosiy markazlari boʻlgan Sheroz, Sultoniya, Bagʻdod, Iroq, Damashq, Misr kabi 12 ta shahar nomi bilan qishloqlar barpo etib, saltanat poytaxtining ularga nisbatan tutgan mavqeyiga alohida urgʻu bergan. Shuningdek, sohibqiron Samarqand shahri atrofida oʻnlab bogʻlar yaratgan, bu bogʻlarda goʻzal imoratlar, favvoralar va boshqa inshootlar qurdirgan. Dunyoning eng chekka joylaridan turfa xil va goʻzal oʻsimliklar, jonivorlar keltirilgan. Nafaqat Samarqand va Shahrisabz shaharlari, balki, Temur saltanatining barcha burchaklarida ham keng bunyodkorlik ishlari olib borildi. Saltanatda masjid, madrasa, maʼmuriy imoratlar, koʻcha, bogʻ-rogʻlar, yangi qishloq va shaharlar, hammom, bozor, tim, koʻprik, shifoxona, kanal, ariq va boshqa inshootlar qurilishiga katta eʼtibor qaratildi.
Aytishlaricha, bu shaharning farovonligini taʼminlashga xizmat qiluvchi Nahri Barlos kanalining Amir Temur tarafidan qazdirilishi oʻz davrida katta shov-shuvga sabab boʻlgan. Bu kanalga hatto kemalar qatnovi yoʻlga qoʻyilgan.
Amir Temur tomonidan qurilgan imoratlarni yuz yillardan keyin koʻrgan va bundan qattiq hayratga tushgan olim X. Vamberi uning bu faoliyatiga shunday baho bergan: Samarqandning shavkatli davridan qolgan meʼmoriy asarlarni hozirgi zaif holi bilan qiyoslansa, bugungi muhtasham binolarning tavsiyalari mubolagʻali tuyulmaydi. Sulton Xudobanda tarafidan Sultoniyada yuz yil ilgari qurilgan masjidning goʻzalligi Temur tarafidan bunyod etilgan hozirgi Samarqandning xarobalari ustida qad koʻtargan “Masjidi shoh”ning goʻzal mahobati bilan tenglasha olmas.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, Shoʻrolar tuzumi davrida Amir Temur shaxsi va faoliyatiga adolatsizlik bilan yondashilib, bir yoqlama baho berilib kelindi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng bunday qarashlarga barham berildi. Amir Temurning jahon tarixida tutgan oʻrni oʻz joyiga qoʻyila boshlandi. Oʻzbekistonda uning faoliyatini oʻrganishga va uni ommalashtirishga keng yoʻl ochildi. Uning nomi Oʻzbekistonda abadiylashtirildi. Koʻplab shahar va qishloqlardagi shoh koʻchalar, maydonlar, jamoa xoʻjaliklari, maktablar, kinoteatrlar va boshqa uning nomi bilan ataldi. Toshkent, Samarqand, Shahrisabz va boshqa shaharlarning markaziy maydonlarida Amir Temurga haykal oʻrnatildi, Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida Temuriylar davri muzeyi barpo etildi (1996), “Amir Temur” ordeni taʼsis etildi (1996) va Xalqaro Amir Temur jamgʻarmasi tashkil qilindi (1995). Toshkent, Samarqand va xorijiy mamlakatlarda YUNESKO rahbarligida hazrat Sohibqiron tavalludining 660 yilligi keng nishonlandi (1996). Amir Temur haqida ikki qismdan iborat badiiy film, spektakllar va sheʼriy hamda nasriy asarlar yaratildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan 1996-yil – Amir Temur yili deb eʼlon etilishi va bu sana jahon miqyosida nishonlanishi Amir Temur nomi oqlanib, oʻzbek xalqiga butunlay qaytganiga yorqin dalildir.


Download 29.12 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling