Axborot xavfsizligi(4 soat masofadan mashg‘ulot). «Axborot xavfsizligi»


Download 0.88 Mb.
Sana21.02.2020
Hajmi0.88 Mb.

Axborot xavfsizligi(4 soat masofadan mashg‘ulot).

«Axborot xavfsizligi» tushunchasi turli xil hujjatlarda turlicha talqin etilgan. Rivojlangan davlatlarning axborot xavfsizligiga oid hujjatlarida bu atama milliy manfaatlar xavfsizligi, shaxsga, jamiyatga va davlatga tegishli bo‘lgan axborot resurslari xavfsizligi ma’nosida foydalaniladi.

Masalan, O‘zbekiston Respublikasining «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonuni 3-moddasida axborot borasidagi xavfsizlik tushunchasiga «axborot sohasida shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarining himoyalanganlik holati», deb ta’rif berilgan.

Shunga o‘xshash, «O‘zbekiston Respublikasi axborot resurslarini tayyorlash va ularni ma’lumotlarni uzatish tarmoqlarida, shu jumladan, Internetda tarqatish tartibi to‘g‘risida nizom»ning «Atamalar va ta’riflar» qismida quyidagi ta’rif keltirilgan: Axborot xavfsizligi - axborot sohasida shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarining himoyalanganligi holati.

Ushbu ikki hujjatda axborot xavfsizligi atamasiga milliy miqyosda qaralib, unga keng ma’noga ega bo‘lgan ta’rif berilgan. Boshqa manbalarda axborot xavfsizligi deganda axborotning muhofazasini ta’minlashga qaratilgan, axborotga ruxsatsiz murojaat qilish, uni buzish, o‘zgartirish va maxfiyligini oshkor qilish imkoniyatidan mahrum qilishga qaratilgan choralar tushunilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Axborot xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan tadbirlarning majmui axborot muhofazasi deyiladi.



Axborot xavfsizligi deb axborot tizimida tasodifiy yoki g‘arazli ravishda axborot egasiga yoki uning foydalanuvchisiga zarar etkazuvchi tahdidlardan himoyalanganlikka aytiladi.

Axborotga yoki uning infrastrukturasiga nisbatan amalga oshiriladigan hujum va taqdidlar tabiiy yoki sun’iy ravishda bo‘lib, ular axborot orqali munosabatda bo‘lgan sub’ektlarga juda katta zarar etkazishi mumkin.

Axborot xavfsizligini ta’minlashdan maqsad insonlar salomatligiga, atrof muhit holatiga jiddiy zarar etkazuvchi ta’sirlarni hamda axborotlarga nisbatan amalga oshiriladigan tahdidlar natijasida kelib chiqadigan moddiy zarar miqdorini kamaytirishdir.

Axborot tizimlaridan foydalanuvchi sub’ektlarning axborot xavfsizligi bo‘yicha manfaatlarini quyidagilar tashkil qiladi:



  • axborotga murojaat qilish imkoniyatini ta’minlash;

  • axborotning yaxlitligini ta’minlash;

  • axborotning maxfiyligini ta’minlash.

Demak, axborotga murojaat qilish imkoniyatini ta’minlash, uning yaxlitligini va maxfiyligini ta’minlash masalalari muvaffaqiyatli echilsa, ishonchli axborot xavfsizligiga erishiladi.

Axborot xavfsizligiga tahdidlarni oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish hamda axborotlarni qayta ishlash vositalarining to‘g‘riligi, ochiqligi, yaxlitligi va maxfiyligini qo‘llab-quvvatlashga erishish maqsadida axborotga bo‘ladigan hujum va tahdidlar hamda kompyuter viruslaridan himoyalanish usullaridan foydalanish tavsiya etish mumkin. Albatta, foydalanuvchi axborot xavfsizligini ta’minlashga oid huquqiy-me’yoriy hujjatlar, standartlar, dasturiy-texnik vositalardan xabardor bo‘lishi kerak.

“Elektron hukumat” tizimining asosiy tamoyillari (prinsiplari) dan biri axborot xafsizligini ta’minlashdan iborat.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 17 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 838-sonli qaroriga asosan, quyidagilar Markazining asosiy vazifalari etib belgilangan:



  • axborot xavfsizligiga hozirgi vaqtdagi tahdidlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va to‘plash, davlat organlari axborot tizimlari, resurslari va ma’lumotlar bazalariga noqonuniy kirib olish holatlarining oldini olishni ta’minlaydigan samarali tashkiliy va dasturiy-texnik echimlarni operativ qabul qilish bo‘yicha tavsiyalar va takliflar ishlab chiqish;

  • axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish sohasida huquqbuzarliklarning oldini olish masalalari bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish;

  • qonun buzuvchilarni tahlil qilish, identifikatsiyalashda, axborotlar makonidagi ruxsatsiz yoxud buzuvchi harakatlarni amalga oshirishda foydalaniladigan metodlar va vositalarni tahlil qilishda telekommunikatsiyalar tarmoqlarining operatorlari va provayderlari, huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlik qilish;

  • amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq axborotlashtirish ob’ektlarini attestatsiyadan o‘tkazish;

  • davlat organlariga axborot tizimlari va resurslari axborot xavfsizligi siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda ko‘maklashish;

  • davlat axborot tizimlari, resurslari va ma’lumotlar bazalarining, shuningdek Internet tarmog‘i milliy segmentining axborot xavfsizligini ta’minlash sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

  • Internetning milliy foydalanuvchilarini Internet tarmog‘i milliy segmentida axborot xavfsizligiga paydo bo‘layotgan tahdidlar to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qilish, shuningdek axborotlarni muhofaza qilish bo‘yicha maslahat xizmatlari ko‘rsatish;

  • Jamoat xavfsizligi va huquq-tartibotni ta’minlash tizimini to‘laqonli tashkil etish maqsadida «Xavfsiz shahar» yagona apparat-dasturiy kompleksini ichki ishlar organlari, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning axborot tizimlari hamda «Elektron hukumat» tizimlariga integratsiya qilinishi sharti bilan yaratish;

  • «Xavfsiz shahar» yagona apparat-dasturiy kompleksini yaratish va keyinchalik uni butun respublika hududi bo‘yicha joriy etish konsepsiyasini ishlab chiqish;

  • jamoat xavfsizligi va huquq-tartibotni ta’minlash sohasida faoliyatning samaradorligi va tezkorligini oshirish uchun yagona navbatchi-dispetcherlik xizmati va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini tashkil etish;

  • manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda yangi texnologiyalardan foydalangan holda jamoat xavfsizligi va huquq-tartibotni ta’minlash sohasida tegishli qonun va normativ-huquqiy hujjatlar, davlat standartlari hamda qoidalarni ishlab chiqish;

  • belgilangan vazifalarga muvofiq axborot xavfsizligi va jamoat huquq-tartibotini profilaktika qilish va ta’minlash sohasida xalqaro hamkorlikni tashkil qilish.

Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazining sayti bosh sahifsi quyidagi rasmda keltirilgan.

Elektron hukumat tizimla-ridan va YAgona portal xizmatlaridan axborot xavfsizligini ta’minlash tartib-qoidalariga rioya qilgan holda foydalanish uchun foydalanuvchi (ariza beruvchi) ga ID.UZ yagona identifikatsiya tizimi yordamida ro‘yxatdan o‘tishni tavsiya etish mumkin.

Do'stlaringiz bilan baham:


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2019
ma'muriyatiga murojaat qiling