Axmеdova m. A. umumiy muxarrirligi ostida


-§. Hozirgi davrda O‘zbekiston Respublikasi rivojining o‘ziga xos xususiyatlari


Download 1.55 Mb.
bet34/38
Sana23.10.2020
Hajmi1.55 Mb.
#135962
1   ...   30   31   32   33   34   35   36   37   38
Bog'liq
Falsafa (AXMЕDOVA M.A.). doc


2-§. Hozirgi davrda O‘zbekiston Respublikasi rivojining o‘ziga xos xususiyatlari
O‘zbekiston mustaqilligi e'lon qilingan paytdan boshlab uning rivojida yangi bosiqich boshlandi. Haqiqiy, real davlat suverenitetining ob'ektiv (ichki va tashqi) sharoitlari va sub'ektiv omillari vujudga keldi. Ta'kidlash joizki, butun postsotsialistik makonda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham yangi davlatchilikning qaror topishi va rivojlanishi jamiyatdagi chuqur ijtimoiy o‘zgarishlarning yuz berishi, sovetlar davridagi bir ijtimoiy tuzumdan boshqasiga, ya'ni hozirgi zamonda dunyoning ko‘pchilik mamlakatlari rivojining asosini tashkil etuvchi bozor iqtisodiyotiga o‘tish bilan mos keladi. Respublikada bu jarayonga boshchilik qiluvchi siyosiy kuchlar shakllandi, yangi milliy elita vujudga keldi. Mamlakatning siyosiy rahbariyati­­­­­­­­­ jamiyat oldida turgan yaqin va istiqboldagi maqsadlarni aniq belgilab berdi, ularni amalga oshirishning yo‘llari va mexanizmlarini ishlab chiqdi. «Pirovard maqsadimiz ijtimoiy yo‘naltirilgan barqaror bozor iqtisodiyotiga, ochiq tashqi siyosatga ega bo‘lgan kuchli demokratik, huquqiy davlatni va fuqarolik jamiyatini barpo etishdan iborat»440,-deb ko‘rsatildi.

Dunyoda shu singari masalalarni hal etishning boy tajribasi to‘plangan. Bu yerda gap O‘zbekiston xalqining milliy o‘ziga xosligi, tarixiy ildizlari, turmush ukladi, an'analari, mentaliteti kabi ko‘plab spetsifik omillarni hisobga olgan holda dunyoda to‘plangan ijobiy tajribadan oqilona foydalanish haqida bormoqda.

Eng avvalo, respublika qulay geosiyosiy sharoitga ega. U yevroosiyoning o‘zaro kesishadigan yo‘llari chorrahasida joylashgan bo‘lib, o‘zining mustaqil energetik va suv tizimi bilan Markaziy Osiyo mintaqasining qoq markazini tashkil etadi. Bu yerda agrar sektor rivoji va jahon bozorida ayniqsa xaridorgir bo‘lgan, qimmatbaho qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini, ayniqsa paxta yetishtirish uchun qulay tabiiy-iqlimiy sharoitlar mavjud. Shu bilan birga mintaqa iqtisodiyoti to‘g‘ridan-to‘g‘ri tabiiy omillardagi o‘zgarishlarga bog‘liq bo‘lib, unda sun'iy sug‘orish va irrigatsiya sistemalari hamda suv resurslari va hosildor yerlarning kamligi alohida ahamiyat kasb etadi.

Demografik vaziyatning o‘ziga xosligi – aholining yillik tabiiy o‘sishi nihoyatda yuqori (o‘rtacha 2,5%), oilaning tarkibi – o‘rtacha 5,5 kishidan iborat, bolalar aholining 43% ni tashkil etadi, 60% aholi qishloq hududlarida istiqomat qiladi, aholi migratsiyasi past va h.k. Aholi milliy tarkibining o‘ziga xosligi – 70% ga yaqini o‘zbeklar, qolganlar – o‘z madaniyati va an'analariga ega bo‘lgan 100 dan ortiq millat va elatlarning vakillari hisoblanadi.

Bu yerda oila manfaatlarining ustuvorligi, turmush faoliyatining jamoatchilikka moyilligi, ijtimoiy o‘z-o‘zini boshqarish instituti bo‘lmish – mahallani asrash va mustahkamlash kabilarda namoyon bo‘ladigan turmush ukladining milliy o‘ziga xosligi, musulmon turmush tarzi, sharqona sivilizvatsiyaga tegishli tomonlari mavjud.

Milliy mentalitetning o‘ziga xos etnopsixologik standartlari xususan, kishilarning qadriyatlar tizimida, qaror topgan xulq otvor normalari, qoidalari va stereotiplarida ro‘y berayotgan yangiliklarga, keskin o‘zgarishlarga ehtiyotkorona munosabatlarida kuzatish mumkin. Diniy hamda aslida xalq an'analari o‘zaro uyg‘unlashib ketgan.

Shuningdek, avvalgi davrda xulq-atvor va qadriyaviy mo‘ljallarda shakllangan stereotiplar – ijtimoiy tenglikka, mehnat qilish huquqining kafolatlanishi, bepul ta'lim va tibbiy xizmatga bo‘lgan intilishlarning mavjudligini ham hisobga olmasdan iloji yo‘q. Ma'muriy buyruqbozlik tizimi davrida vujudga keltirilgan insonning mulkdan begonalashuvi, egalik xissining yo‘qolishi boqimandalik psixologiyasi jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi.

Texnologik, ishlab chiqarish resurslari jihatdan boshqa davlatlarga bog‘liqlik respublika iqtisodiyoti uchun xarakterli bo‘lib, bu o‘z navbatida O‘zbekistonning ular bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarining o‘rnatilishiga asos bo‘ladi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston kuchli iqtisodiy potensialga, yer osti boyliklariga, mineral-xom-ashyo zahiralariga, boy energetik imkoniyatlarga, soflik darajasi eng yuqori bo‘lgan oltin, kumush, uran va boshqa qimmatbaho va nodir metallar, mis, molibden, qo‘rg‘oshin, sink kabi rangli metall konlariga ega. Bu yerda kuchli qishloq xo‘jaligi imkoniyatlari mavjud. O‘zbekiston paxta xom-ashyosini ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi va eksport qilish bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi, u pilla-ipak tolasi, qorako‘l, teri, jun, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha yetakchilik qiladi. Shuningdek, kuchli ko‘ptarmoqli sanoat ham vujudga keltirilgan. O‘zbekiston turizm sohasini rivojlantirishning keng imkoniyatlariga ham ega.

Respublikada transport va kommunikatsion aloqaning barcha shakllari rivoj topgan. Ayni paytda O‘zbekiston ochiq dengiz portlariga chiqish imkoniyati bo‘lmaganligi sababli, aksariyat yuklarni quruqlik orqali yetkazishga majbur, bu esa transnatsional kommunikatsiyalarni barpo etishda uning ishtirokini ta'minlashni birinchi darajali muammolardan biriga aylantirmoqda.

Mamlakat yuqori darajada mehnat resurslari bilan ta'minlangan, bu yerda Markaziy Osiyo mehnat resursining 40% i joylashgan. Respublikaning ilmiy va intellektual imkoniyatlari ham juda yuqori.

Shunday qilib, mamlakat boy xom-ashyoviy, ishlab chiqarish va intellektual imkoniyatga ega.

Bir tomondan yuqorida qayd etilgan, mamlakatning o‘ziga xos geosiyosiy holati, tabiiy-iqlimiy sharoiti, xo‘jalik ukladi, tarixi, turmush tarzi, xalq mentalitetining xususiyatlari, shuningdek, yaqin o‘tmishdagi qaramlik holati asoratlari, boshqa tomondan – boy xom-ashyoviy, ishlab chiqarish va intellektual imkoniyatlari O‘zbekiston iqtisodiy va ijtimoiy rivojining o‘z modelini yaratishga asos bo‘ldi. Bu modelning negizini Prezident I.A.Karimov tomonidan shakllantirilgan besh tamoyil tashkil etadi:


  1. iqtisodiyotni mafkuraviy aqidalardan xalos etish;

  2. davlat – bosh islohotchi;

  3. qonunning barcha sohalarda ustivorligi;

  4. kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish;

  5. bozor munosabatlariga bosqichma-bosqich o‘tish441.

Ushbu tamoyillar jamiyatni yangilash va mamlakatda bozor munosabatlariga o‘tishni ta'minlovchi islohotlarning asosiga qo‘yilgan. Lekin ularni amalga oshirish jarayonida islohotlarni olib borishdagi noizchillik, boshlangan islohotlarni mantiqiy yakuniga yetkazmaslik; konservatizm, kishilar ongida tafakkurning eskicha stereotiplarining o‘rnashib qolgani, shakllanayotgan tizimdagi buyruqbozlik; boshqaruv va xo‘jalik kadrlarning tayyor emasligi, tajriba va bilimlarning yetishmasligi kabi salbiy sabablar ham namoyon bo‘la boshladi442.

Bularning barchasi iqtisod, davlat va jamiyat qurilishini demokratlashtirish jarayonini mamlakatni modernizatsiyalash va fuqarolik jamiyatini shakllantirishning har bir bosqichining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda chuqurlashtirishni taqozo etadi.


3-§. O‘zbekistonning jahon hamjamiyatiga integratsiyasi
O‘zbekiston davlat mustaqilligiga erishish bilan deyarli bir asrdan ko‘proq davom etgan tashqi olamdan uzilishga barham berildi. O‘z vaqtida, Chor hukumatining bosqinchilik siyosati natijasida Qo‘qon xonligi o‘rnida Turkiston general-gubernatorligi, deb atalgan odatiy mustamlaka hudud tashkil etilgan edi. Buxoro amirligi va Xiva xonligi protektoratga aylantirilgan edi. Ular tashqi dunyo bilan mustaqil aloqalar o‘rnatish huquqidan mahrum etilgan. Sho‘rolar davrida xalqaro – siyosiy, iqtisodiy, madaniy va boshqa munosabatlarda markaz imtiyozli huquqlarga ega bo‘lgan. O‘zbeksiton SSR ularni tegishli ittifoq tuzilmalari orqaligina amalga oshirgan. Shu bilan birga O‘zbekiston sho‘rolar ittifoqi ichidagi mehnat taqsimotida paxta ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, paxta hamda boshqa milliy boyliklar – oltin, rangli metall va h.k.larni eksport qilish faqat ittifoq organlari tomonidan olib borilgan.

O‘zbekiston mustaqilligi e'lon qilinishi bilan u xalqoro munosabatlarning teng huquqli sub'ektiga aylandi. U jahonning 182 mamlakati tomonidan tan olingan, 142 mamlakat bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan443. Ko‘pgina xalqaro, davlatlararo va nodavlat tashkilotlarining vakolatxonalari ochilgan. O‘zining tashqi iqtisodiy strategiyasi ishlab chiqilgan, mamlakatning milliy va geostrategik manfaatlari, milliy xavfsizlik konsepsiyasi aniqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining asosiy tamoyillari uning Konstitutsiyasida belgilab qo‘yilgan. Ular davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalari va xalqaro huquqning umume'tirof etilgan boshqa qaoidalari va normalariga asoslanadi444. Respublikamizning tashqi siyosatiga mafkuradan xolislik, ochiqlik xos – u Sharq va G‘arbning barcha mamlakatlari bilan, ularning mafkuraviy va boshqa mo‘ljallaridan qat'iy nazar, xalqaro huquq tamoyillari va qoidalari asosida hamkorlik qilishga tayyor.

Tashqi siyosat mamalakatning ichki hayoti uchun osoyishta sharoitlarni yaratib berish, yangi jamiyatni shakllantirish maqsadida chuqur islohotlarni amalga oshirishga, shuningdek, milliy xavfsizlikni ta'minlashga xizmat qiladi. U xalqaro munosabatlarning barcha asosiy yo‘nalishlari va xillari – siyosiy, iqtisodiy, harbiy, madaniy, fan va texnika sohasi va h.k. larni qamrab oladi. Shundan kelib chiqqan holda oldiga mamlakatni jahondagi siyosiy, madaniy-intellektual, iqtisodiy makonga integratsiyasini ta'minlash vazifasini qo‘yadi. O‘zbekiston o‘zining tashqi siyosatini XXI asrda yuzaga kelgan jahondagi xalqaro barqarorlikka tahdidlar, mojaroli vaziyatlar xususiyatlaridagi keskin o‘zgarishlarni hisobga olgan holda qurmoqda. Endilikda xalqaro terrorizm, mintaqaviy ekstremizm, separatizm va narkotrafik tahdidi, shuningdek, yadro va ommaviy qirg‘in qurollarining tarqalishi miqyoslari jadal kengayib bormoqda. Bu esa mojaroli vaziyatlarni hal etishda yangicha yondoshuv va uslublarni talab qilmoqda. 2002 yil 11 sentyabrdagi Nyu-Yorkda, 2005 yil may oyida Londonda sodir etilgan va minglab kishilarning qurbon bo‘lishiga olib kelgan terroristik aktlar, boshqa mamlakatlarda ham terrorizmning avj olishi buning tasdig‘i bo‘lib, bunday tahdidlarga qarshi kurashda xalqaro kuchlarning birlashuviga va xavfsizlikni ta'minlashning yangicha uslublarini izlab topilishiga olib keldi.

Yuqorida qayd etilgan tamoyillarning izchil amalga oshirilishi, ob'ektiv xarakterdagi qiyinchiliklarning bartaraf etilishi Respublikamizni ijtimoiy hayoti bozor iqtisodiyoti va demokratik tizimga asoslangan ilg‘or davlatlar qatoriga olib chiqish kerak.

O‘zbekistonning siyosiy munosabatlar, diplomatik faoliyat sohasidagi muhim yo‘nalishlaridan biri – davlatlararo, shuningdek, nodavlat xalqaro tashkilotlar ishidagi ishtirokidir. Bu, eng avvalo, BMT va yevropa Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (yeXHT) tuzilmalariga taalluqli. O‘zbekiston 1992 yildan boshlab BMTning a'zosidir. Respublika yevropada xavfsizlik va hamkorlik Kengashining yakuniy bitimini imzolagan. O‘zbekiston Parlamenti yeXHTning parlamentlararo ittifoqi va parlament assambleyasining a'zosi. O‘zbekiston Qo‘shilmaslik harakatining a'zosi sifatida hyech qachon harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmaydi.

Tegishli bitim va kelishuvlar asosida ikkiyoqlama va ko‘ptomonlama davlatlararo munosabatlarni qaror toptirishi tashqi siyosiy faoliyatning muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi. MDH doirasidagi faoliyat ustuvor ahamiyat kasb etadi. MDH mamlakatlari bilan ikkiyoqlama o‘zaro manfaatli aloqalar ayniqsa samaralidir. Unda Rossiya bilan o‘rnatilgan aloqalar muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim yo‘nalishlaridan yana biri Markaziy Osiyo suveren davlatlari bilan aloqalarni mustahkamlashdan iborat. Ular bilan o‘rnatilgan aloqalar tarixiy taqdirining birligi, chegaralarning umumiyligi, madaniyat, til, urf-odat va an'analarning yaqinligiga asoslanadi. Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning umumiyligi bilan belgilanadi xamda ularga Hind, Atlantika va tinch okeani portlariga chiqadigan transport kommunikatsiyasi va quvurlarning yagona tizimini vujudga keltirish; mintaqadagi suv va energiya zahiralaridan oqilona foydalanish; dolzarb ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni hal etishda sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirish; sog‘liqni saqlash va ta'lim tizimini rivojlantirish; xalqaro terrorizmga qarshi kurashdagi harakatlarni birlashtirish kabilar kiradi. Mintaqada yashovchi barcha xalqlarning manfaatlaridan kelib chiqqan holda Markaziy Osiyoda yagona iqtisodiy, ma'naviy va siyosiy muhitning barpo etilishi – davr taqozosidir.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgan dastlabki yillardan boshlab sovet davrida uzilib qolgan chyegaradosh va yaqin sharq mamalakatlari bilan aloqalarni qayta tiklashga alohida e'tibor qaratib kelmoqda. Bu borada xalqaro aksilterroristik koalitsiya yordamida Afg‘onistonda 20 yil davom etib kelgan urushga chek qo‘yilishi, mamlakatni xalqaro terroristlar, ekstremistlar va aqidaparastlar poligoniga aylantirgan, Markaziy Osiyo mintaqasi va butun dunyo barqarorligiga tahdid solib turgan tolibonlar hukumatining yo‘q qilinishi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu yerda hukumat tepasiga kelgan yangi siyosiy boshliqlar mamlakatdagi etnik, hududiy va diniy kuchlarni tinchlik, barqarorlik, taraqqiyot va keyingi sivilizatsion rivojlanishni ta'minlash yo‘lida birlashtira olsa, Afg‘onistonning Markaziy Osiyo mintaqasidagi integratsion jarayonning tarkibiy qismlaridan biriga aylanish imkoniyatlari vujudga keladi.

O‘zbekistonning boshqa Osiyo mamlakatlari, xususan Xitoy va Hindiston bilan aloqalari keng shartnomaviy asosda qurilmoqda. Shu munosabat bilan respublikamizning 2003 yilda tashkil topgan va Markaziy Osiyo mamlakatlari, Rossiya va Xitoyni birlashtirgan Shanxay Hamkorlik tashkiloti (ShHO)ga a'zo bo‘lib kirishi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu nufuzli tashkilotning bosh vazifasi xalqaro terrorizm, keskin, tajovuzkor fundamentalizm va separatizmga, narkotrafik va yuushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘lib, shu maqsadda uning doirasida shtab kvartirasi Toshkentda joylashgan mintaqaviy aksilterroristik markaz tashkil etildi. Istiqbolda ShHO faoliyatining so‘nggi maqsadi mintaqada yashovchi xalqlarning turmush sharoitlarini yaxshilash va munosib kelajakni ta'minlashga yo‘naltirilgan iqtisodiy vektorning salmog‘i oshirib borishga qaratiladi.

O‘zbekiston Janubiy-Sharqning yangi industrial mamlakatlari bilan ham faol aloqalarni o‘rnatgan bo‘lib, mamlakatimiz iqtisodiyotini modernizatsiyalashni jadallashtirishda ularning tajribasidan foydalanish va investitsiyalarini jalb etishdan manfaatdordir.

O‘zbekistonning rivojlangan mamlakatlar bilan teng huquqli aloqalarining o‘rnatilishi alohida ahamiyatga ega. Uning AQSh, Germaniya, Yaponiya, Fransiya, Italiya va boshqa yetakchi mamlakatlar bilan o‘zaro aloqalari kengayib bormoqda. Bu zamonaviy texnologiyalarga yangi investitsiyalarni jalb etishga, mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi yangi mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojiga javob beruvchi yuqori malakali kadrlar tayyorlash uchun yo‘l ochadi. Xalqaro tashkilotlar doirasida samarali siyosiy faoliyati, xorijiy mamlakatlar bilan teng huquqli ikki tomonlama va ko‘ptomonlama aloqalarning o‘rnatilishi respublikamizning xalqaro madaniy makonga integratsiyalashuviga yordam beradi.



Madaniy aloqalar sohasida mamlakatimizning jahonga dunyoviy sivilizatsiyaning qadimgi o‘choqlaridan biri, umuminsoniy ahamiyatga molik bo‘lgan boy madaniy qadriyatlarning egasi sifatida qaytadan ochilishi nihoyatda muhimdir. Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabzdagi tarixiy-arxitektura obidalari nafaqat bizning milliy boyligimiz, balki inson ruhining buyuk ijodi, uning bunyodkorlik imkoniyatlarining guvohi sifatida butun insoniyatga tegishlidir. Shu o‘rinda bunday yodgorliklarning mamlakatimiz iqtisodining tarmoqlaridan bo‘lgan xalqaro turizm va turistik industriya tomonidan yetarlicha o‘zlashtirilmaganini ta'kidlash joizdir. YuNeSKO rahbarligida xalqaro miqyosda Amir Temur tavalludining 660-yilligi, Buxoro va Xivaning 2500-yilliklarining nishonlanganligi ham jahon madaniyati rivojida o‘zbek xalqining o‘rni va ahamiyatining tan olinganligidan dalolat beradi.

Respublikamizning jahon iqtisodiy hayotiga integratsiyasi muammolari nihoyatda muhimdir. Mustaqillik yillarida bozor shart-sharoitlari doirasida amalga oshiriladigan tashqi iqtisodiy faoliyatning huquqiy va normativ hujjatlari qabul qilindi. Respublika o‘zining tashqi iqtisodiy siyosatini eng avvalo, ko‘pgina nufuzli xalqaro iqtisodiy va moliyaviy tashkilotlarning a'zosi sifatida amalga oshiradi. Bu esa bir qator yirik transnatsional va mintaqaviy loyihalarni hamjihatlikda amalga oshirish imkoniyatini beradi. Xususan, O‘zbeksiton uchun Hind va tinch okeanlaridagi, Qora dengiz va O‘rta dengizdagi, Fors ko‘rfazidagi katta portlarga chiqishni ta'minlaydigan davlatlararo avtomobil va temir yo‘l magistrallari qurilishida ishtirok etish nihoyatda muhimdir.

Sharq va G‘arb, Shimol va Janubdan o‘tuvchi yo‘llar chorrahasida joylashgan O‘zbekiston, o‘zining geosiyosiy mavqyeidan kelib chiqib, faqatgina vositachi ko‘prik sifatidagina emas, balki o‘zining raqobatbardosh mahsulotlari va ishlab chiqarishni eksport sektorini rivojlantirishi orqali zamonaviy tarzda Buyuk Ipak yo‘li marshrutini tiklashni maqsad qilib qo‘ygan. Bu respublikamizning xalqaro savdo tizimida o‘z o‘rnini topishga imkoniyat beradi.

Mamlakatimiz iqtisodiyotiga tobora ko‘proq ochiqlik xos bo‘lib bormoqda. Xorijiy sarmoyalarning kiritilishi, qulay shart-sharoitlar, sarmoyadorlar uchun imtiyozlarning keng tizimi vujudga keltirilmoqda. Xorijiy hamkorlar ishtirokida ko‘pgina qo‘shma korxonalar, ishga tushirildi.



4-§. Mamlakat rivojining istiqbollari
Har qanday davlatning tashqi va ichki siyosatining samarasi ko‘p jihatdan yaqin va uzoq maqsadlarni belgilash, mamlakat istiqbolini aniq bashorat qila olishi bilan bog‘liq. O‘zbekistonga tadbiqan hozirgi bosqichda, uning yaqin istiqbolini aniqlash bozor munosabatlariga tadrijiy, bosqichma-bosqich o‘tish bilan aloqador. Har qaysi bosqichda mamlakat rivojining o‘z maqsadlari, vazifalari va ularni amalga oshirish mexanizmlari belgilanadi.

Bir qator rasmiy hujjatlarda uzoq muddatli maqsad va istiqbollar haqida ham fikr yuritilgan. Xususan, ularda yaqin kelajakda respublikamizni rivojlangan mamlakatlar qatoriga ko‘tarish vazifasi qo‘yiladi. Sovet Ittifoqi barham topgandan so‘ng uning hududida vujudga kelgan davlatlar, jumladan O‘zbekiston maqomi qandaydir noaniq bo‘lib qoldi. Goho ularni postsovet, postsotsialistik davlatlar deb atashadi. Bunday ta'rif – ikki qutbli dunyo, sotsialistik va kapitalistik tizimlarga berilgan nisbat natijasidir.

Ammo tasniflashning bundan boshqa asoslari ham mavjud. Iqtisodiy rivojlanish darajasiga qarab yuksak, o‘rta va kam rivojlangan mamlakatlar farqlanadi. Rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarga ham bo‘lish mavjud. Shu borada iqtisodiy ko‘rsatkichlardan tashqari, inson huquqining himoyasi, turmush darajasi, kishilarning ma'naviy ehtiyojlarini qondirilishi kabi ko‘rsatkichlar ham hisobga olinadi. Agar ushbu mezonlardan kelib chiqilsa, O‘zbekistonni Osiyodagi tez sur'atlar bilan rivojlanayotgan yangi industrial mamlakatlardan orqada qoluvchi, o‘rtacha rivojlangan osiyo mamlakatlari qatoriga kiritish mumkin. Ko‘pgina mezonlarga qarab, O‘zbekistonni rivojlanayotgan mamlakatlar qatoriga kiritish ham mumkin. Rivojlangan mamlakatlar darajasiga ko‘tarilish uchun, avvalo, bozor munosabatlari uzil-kesil qaror topishi, o‘tish davri yakunlanishi kerak. Muvofiq ravishda iqtisodiyotda tizimiy qayta qurishni, texnik va texnologik modernizatsiyani amalga oshirish, demokratiyalashtirish jarayonlarini tegishli darajaga yetkazish va fuqarolik jamiyatini barpo etish, kishilarning turmush darajasini yuksaltirish lozim. Umuman olganda, bu hal etilishi mumkin, lekin muayyan vaqt va katta mas'uliyatni talab etadigan vazifadir.

Mamlakatimizda «Kelajagi buyuk davlat»ni qurish bilan bog‘liq uzoq istiqbolga mo‘ljallangan vazifalar ham belgilangan. Shu munosabat bilan «buyuk davlat» tushunchasiga aniqlik kiritish lozim. Turli davrlarda buyuk davlat turlicha talqin etilgan. Industrlashganga qadar bo‘lgan davrda eng buyuk davlat deganda, juda katta hududlarni nazorat qilgan va ko‘pchilik aholini jamlagan davlatlar tushunilgan. Bunga Rim imperiyasi, Arab xalifaligi, Temur imperiyasi, Usmoniylar imperiyasi, Britan imperiyasi va boshqalar kiritilgan.

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng hududiy va demografik omillar o‘rnini harbiy, ayniqsa yadroviy kuch-qudrat egallay boshladi. «Qudratli davlat» tushunchasi paydo bo‘ldi, uning mezoni yadroviy qurolning soni va sifati bilan belgilandi. Yadroviy qurolni qo‘llash tahdidi orqali qudratli davlatlar – SSSR va AQSh – bir qator davlat va hududlarni mafkuraviy, siyosiy, iqtisodiy jihatdan o‘zlariga bo‘ysundirishga harakat qildilar. Jahon bir-biriga qarama-qarshi ikki blokka ajralib qoldi. Insoniyatning o‘z-o‘zini yo‘q qilish havfi haqiqatga aylandi. Ammo insoniyat o‘z-o‘zini saqlab qolishning ichki imkoniyatlarini ishga sola boshladi. Natijada ikkiqutbli tizim barham topdi.

Hozirgi davrga kelib, u yoki bu mamlakatning buyukligini belgilashda iqtisodiy ko‘rsatkichlar asos bo‘lmoqda. Olimlar tomonidan «iqtisodiy muvaffaqiyat omili»ni belgilovchchi mezon sifatida, xususan energiyani iste'mol qilishning nisbiy ulushi tushunchasi ishlab chiqilgan va qabul qilingan. Agar mamlakatda energiyani jon boshiga iste'mol qilinishi muayyan tabiiy shart-sharoitlar (iqlim, hudud, relef va hokazolar)ga mos kelsa, uning armiya yoki boshqaruv apparatini ta'minlash, nafaqaviy yoki tibbiy xizmatni ko‘rsatish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelmaydi, ya'ni davlat mexanizmi oqilona faoliyat ko‘rsatib turadi445. Umuman olganda, insoniyat sivilizatsiyasi, fan, texnika, texnologiyalar rivojlanib borgan sari har qanday davlatning buyukligi xalqning turmush farovonligi va madaniyati darajasi, inson huquqlarining ta'minlanishi va shaxs erkinligi bilan aynanlashib boradi. Agar shunday talqindan kelib chiqilsa, O‘zbekistonda buyuk davlatning qurilishi har tomonlama ro‘yobga chiqarish mumkin bo‘lgan vazifadir. Mamlakatning qulay geosiyosiy holati, tabiiy iqlimi, yer usti va yer osti boyliklari, iqtisodiy, madaniy, intellektual imkoniyatlari, mehnat resurslari, eng asosiysi esa – mehnatkash va tinchliksevar xalqi buning muhim omillaridir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov ta'kidlaganidek: «mamlakatimiz XXI asrda jahon iqtisodiyoti, madaniyati va siyosatida munosib o‘rin olish uchun tarixiy imkoniyatlarga ega»446.


XII bo‘lim. GLOBAL MUAMMOLAR FALSAFASI
1-bob. GLOBAL MUAMMOLAR XX ASR MAHSULI SIFATIDA
Global muammolarning paydo bo‘lishi

Bugungi kunda zamonamizning global muammolari deb ataluvchi muammolar haqida eshitmagan odamni uchratish qiyin. Bu muammolarga demografik, energetik, xom ashyo muammolari, urush va tinchlik muammosi, ekologiya va boshqalar kiradi. Albatta, ushbu muammolar ilgari ham mavjud edi, lekin faqat XX asrdagina ular global muammolarga aylandi. Insoniyat tarixida mavjud bo‘lgan oldingi shunga o‘xshash muammolardan ular shunisi bilan farq qiladiki, mazkur muammolar planetar xarakterga ega. XX arsning 40-yillardayoq K.Yaspers shunday deb yozgan: «Barcha mavjud muammolar dunyo muammolari bo‘lib qoldi, vaziyat - umum insoniyatning vaziyatiga aylandi»447. Bugungi kunda dunyoda bo‘layotgan har bir hodisa, u ekologik tanglik bo‘ladimi, urushmi, ochlikmi, energetik va boshqa resurslarning kamayib ketishimi, madaniyatdagi tanglikmi yoki demografik tanglikmi bundan qat'iy nazar ular endi lokal, mahalliy, milliy muammolar bo‘lib qolmay planeta miqyosidagi global xususiyat kasb etmoqda.



Global muammolar - bu shunday muammolarki, ular butun insoniyatning manfaatlariga daxl qiladi, uning kelajagiga xavf soladi hamda ular butun xalqaro hamjamiyatning ishtiroki bilangina hal etilishi mumkin.

XX asrgacha mavjud bo‘lgan muammolar hyech qachon butun planeta hamjamiyatining mavjudligiga xavf solmagan. Global muammolar XX asr mahsulidir va ularning paydo bo‘lishi inson faoliyati bilan bog‘liq. Global muammolarning paydo bo‘lishining sababi inson faoliyati bilan bugungi tabiatdagi va jamiyatdagi ahvol o‘rtasidagi qarama-qarshilikning o‘sib borishidir.

Ushbu sabab, o‘z navbatida bir qator ichki sabablarga bo‘linadi:


  1. «jamiyat-tabiat» tizimidagi qarama-qarshiliklar bilan bog‘liq sabablar.

  2. Jamiyatning o‘zining ichidagi ijtimoiy tuzilmalar (individ­lar, ijtimoiy guruhlar, davlatlar va xalqaro tuzilmalar) o‘rtasidagi qarama-qarshilik bilan bog‘liq sabablar.

Ushbu sabablarning mohiyati nimadan iborat?

1. XX asrgacha tabiiy boyliklarni o‘zlashtirish va tabiatga ta'sir ko‘rsatish lokal xususiyatga ega edi. XX asrda insonning xo‘jalik faoliyati planetar miqyoslarga ko‘tarildi. Tabiatga tushuvchi antropo­gen yuklar shu qadar ko‘paydiki, ular yangi geologik kuchga aylandi. (V.I.Vernadskiy). Bu kuch planetaning butun qiyofasini o‘zgartirishga, biosferada ortiga qaytmas sifat o‘zgarishlariga olib kelishga qodir. Bu o‘rinda ozon qatlamining buzilganligi yoki tropik o‘rmonlarning yo‘q qilinganligini eslashning o‘zi kifoya. Vaziyat shundayki, insonning o‘zining yashab qolishi haqidagi masala kun tartibiga qo‘yilgan.

2. Ijtimoiy rivojlanishidagi notekislik, mustamlakachilik, shuningdek, dunyo boyliklarini iste'mol qilishi va taqsimlashdagi adolatsizlik shunga olib keldiki, boy va kambag‘al mamlakatlar paydo bo‘ldi. Bu hol sobiq mustamlaka va rivojlanayotgan mamlakatlarning qoloqligi va shu bilan bog‘liq bo‘lgan ochlik, savodsizlik kabi global muammolarni tug‘dirdiki, bu o‘z navbatida insoniyat oldiga ana shu uzilishni yo‘qotishga qaratilgan yangi tartibni yaratishdan iborat global muammoni qo‘yadi.

Ijtimoiy rivojlanishdagi ana shu notekislik urushlarga ham sabab bo‘ldi. Biroq XX asrgacha davlatlar o‘rtasidagi nizolar va ularning oqibatlari lokal-mintaqaviy xususiyatga ega edi. XX asr jahon urushlarini yuzaga keltirdi. Hozirgi qurol-yarog‘larning xususiyatini hisobga oladigan bo‘lsak, uchinchi jahon urushi yuz bergudek bo‘lsa, bo‘lsa, butun insoniyat yo‘q qilinishi masalasi paydo bo‘ladi. Shu sababli xalqlar va davlatlarning tinch-totuv yashashlari insoniyatning global muammosiga aylanib q­olmoqda.

Ilgari ma'lum bo‘lgan global muammolar (demografik, ekologik, oziq-ovqat va hokazo) bilan bir qatorda XX asr oxirida va XXI asr boshida global muammolar xususiyatiga ega bo‘lgan yangi xavflari yuzaga keldi: xalqaro terrorizm, xalqaro uyushgan jinoyatchilik va boshqalar.

Ana shunday o‘ziga xosliklar tufayli global muammolarni xalqaro hamjamiyatning ishtirokisiz hal qilish mumkin emas. Ularni hal etishning zarur sharti insoniyatning yakdilligi bo‘lib, bu o‘z navbatida integratsiyaning o‘sishi va jahon hamjamiyatida bir-birini tushunishning ortib borishini taqozo qiladi.



Download 1.55 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   30   31   32   33   34   35   36   37   38




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling