Axmеdova m. A. umumiy muxarrirligi ostida


-§. Texnika falsafasining vujudga kelishi


Download 1.69 Mb.
bet22/38
Sana11.12.2020
Hajmi1.69 Mb.
#164968
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   38
Bog'liq
Axmеdova m. A. umumiy muxarrirligi ostida


1-§. Texnika falsafasining vujudga kelishi
Hozir jamiyat hayotida texnika hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Uning taraqqiyoti inson hayotining deyarli barcha sohalariga taalluqli bo‘lib, inson va tabiat o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni hal qiluvchi tarzda belgilab beradi, odamlar o‘rtasidagi munosabatlarga, insonning o‘zligini anglashiga chuqur ta'sir ko‘rsatadi. Shu sababli texnika fenomeni, uning genezisi, mohiyati, sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rni va rolini tahlil etish XX asr falsafasining diqqat-e'tibor predmetiga aylandi. So‘nggi vaqtlarda texnika bilan bog‘liq hodisalarni keng ko‘lamda tahlil etish, uning rivojlanishiga ta'sir o‘tkazuvchi turli omillarni, jumladan, tarixiy, iqtisodiy, siyosiy, antropologik va boshqa omillarni hisobga olish ishlari amalga oshirilayapti.

G‘arb falsafasida tadqiqotlarning «texnika falsafasi» deb nom olgan alohida yo‘nalishi paydo bo‘ldi. Nemis faylasufi Ernest Kapp o‘zining 1877 yilda e'lon qilingan «Texnika falsafasi asoslari» kitobida birinchi bo‘lib mazkur atamani ishlatgan. Undan yuz yil ilgari esa, ya'ni 1777 yilda I. Bekman «Texnologiyaga oid qo‘llanma» deb nomlangan kitobida texnika falsafasi haqida yozib qoldirgan. Texnikani rivojlantirishning nazariy va falsafiy masalalari, uning inson hayotidagi va ilmiy bilimlarni rivojlantirishdagi ahamiyati masalalariga Yangi zamon va Uyg‘onish davrida yashab o‘tgan yevropalik olimlar, temuriylar va Sharq uyg‘onishi davridagi mutafakkirlar, antik davr faylasuflari ham e'tibor qaratdilar. Biroq faqat XX asrga kelib texnika falsafasi falsafiy ilmlar tizimidan alohida o‘rin egalladi. Osvald Shpengler texnika muammolarining ahamiyatini birinchilardan bo‘lib baholagan tadqiqotchidir.

U ilk bor texnikaning insoniyat taraqqiyotidagi o‘rni, uning tabiat va jamiyatga o‘tkazadigan ta'sirining universal xususiyatlarini anglab yetish masalasini ko‘ndalang qo‘ydi. Shpenglar «Inson va texnika» kitobida sivilizatsiya hozirdan boshlab yagona, hamma narsa unga intiladi, unda umumbashariy «beshinchi harakat» – mashina texnikasi mavjud degan xulosaga keladi325. Shpengler texnikani yaxlit jamiyat hayotining jihatlaridan biri sifatida qabul qilishga chaqirib, uning avval boshdanoq inson bilan bog‘langan, insonning tabiati va intilishlarini o‘zida mujassam etgan noyob hodisa sifatidagi kengqamrovlilik xususiyatini ajratib ko‘rsatishga intildi.

Shpengler texnikaning mutlaq imkoniyatlariga, muxandislik tafakkuriga ishonadi: toki texnikada harakat qiluvchi tafakkur yuksaklikda ekan, u o‘z maqsadlariga erishish uchun vositalar yarataveradi va rivojlanaveradi.

O.Shpengler va XX asr boshlarida yashagan boshqa faylasuflar tomonidan ko‘tarilgan muammolar texnika fenomeni va uning madaniyat tarixida tutgan o‘rnining anglanishi munosabati bilan M.Xaydegger, K.Yaspers, F.Dessauera, L.Memford, X.Ortega-i-Gasset, X.Shelskiy, J.Fridman, O.Toffler va boshqa shu kabilarning ishlarida o‘z aksini topdi.

XX asrda turli nazariy va uslubiy asoslarda qurilgan ko‘plab har xil texnika tizimlari, modellari, konsepsiyalari paydo bo‘ldi. Masalan, L. Memford texnikaning nuqsonlari, ma'naviyatsizligi, cheklanganligi, uning insonga qarshi qaratilganligi, «mashina»ning jonsiz tabiatidan kelib chiqadigan dushmanligi xususiyati to‘g‘risidagi g‘oyalarni himoya qildi. Ekzistensialistlar va Frankfurt maktabi vakillarining qarashlari texnika taraqqiyoti istiqbollari ta'sirida yuzaga kelgan chuqur bezovtalik bilan yo‘g‘rilgan. J.Fridman esa «madaniyat va mehnatning insoniy mohiyatidagi yalpi inqiroz» to‘g‘risida xulosa chiqaradi326. Ayni paytda boshqa mualliflar texnika taraqqiyoti va uning jamiyat taqdiriga ko‘rsatadigan ijobiy jihatlarini ko‘rishga intiladilar. Bunday yondashuv xususan, Gelbreyt, Tofflerning texnokratik konsepsiyalarida, Shelskiyning «ilmiy sivilizatsiya» konsepsiyasida o‘z aksini topgan.

Mualliflarning qarashlaridagi farqlanishlarga qaramay, tadqiqotlardagi yangi yo‘nalishlarning umumiy masalalarini belgilash mumkin: texnika falsafasining muammoli maydoni texnika mohiyati, texnika tarixi va texnologiyalar taraqqiyoti, texnika va ilm-fan munosabatlari, texnika ilmining mazmuni va uning rivojlanishi, texnikani baholash va boshqa shu kabi tarkibiy qismlarni qamrab oladi. Mazkur barcha masalalarni inson va texnika munosabatlari muammolari nuqtai nazaridan ko‘rib chiqish zarur.
2-§. Texnikaning mohiyati va tadriji
Texnika nima? Bu tushuncha ilk bor qadimiy yunon faylasuflari Aflotun va Arastu asarlaridayoq qo‘llanilgan. Yunoncha «techne» bir nechta ma'noni- san'at, mahorat, mohirlik degan ma'nolarni anglatadi. «Nikomax etikasi» asarida Arastu techne so‘zining empeireia (tajribaviy bilim) va episteme (nazariy bilim) so‘zlaridan farqlanishiga e'tibor qaratdi327. Empeireia va episteme tabiiy predmetlar to‘g‘risidasi bilimlardan iborat bo‘lsa, techne – inson faoliyati va mehnati natijasida yuzaga keladigan va sun'iy mehnat qurollarini yaratish to‘g‘risidagi bilimlardir. Texnikaning mohiyatini tushuntirib beradigan boshqa atama ham mavjud. Masalan, V.A.Kanke shunday deb yozadi: «Inson tomonidan ishlab chiqarilgan ob'ekt ko‘pincha artefakt deb ataladi. Lotincha «artefaktum» aynan sun'iy tarzda bajarilgan degan ma'noni anglatadi»328.

Texnikaviy tizimlarning murakkablashib va rivojlanib borishi bilan «texnika» degan so‘zning mazmuni ham o‘zgaradi. Masalan, Nyuton davrida «texnika» atamasi ishlab chiqarishga taalluqli bo‘lgan barcha uchta vosita yig‘indisini anglatgan. Mashinalar yaratilgach (birinchi dvigatel 1776 yilda, elektromotor esa 1867 yilda yaratilgan), texnika deganda eng avvalo mashinalar va mexanizmlar tushunilgan. Ilmiy-texnika taraqqiyoti texnika hodisasini anglash jarayoniga jiddiy ta'sir ko‘rsatdi va bu tushunchaning predmet maydonini sezilarli ravishda kengaytirdi.

Ilgari texnikaning ta'siri ko‘proq uning dastlabki tarqalish chegarasi – moddiy ishlab chiqarish doirasi bilan chegaralangan edi, buning natijasida texnika ustun darajada mehnat qurollari bilan tenglashtirilgan edi. Endilikda bu doira shu qadar kengayib ketdiki, u mohiyatan, jamiyati hayotining barcha asosiy sohalarining o‘ziga qamrab oladi. Bugungi kundaa transport va telekommunikatsiya vositalari, inshootlar va qurilish mexanizmlari, elektr va issiqlik qurilmalari, ilmiy asbob-uskunalar va urush olib borish vositalari – barchasi texnika degan nom bilan ataladi. O‘z vazifasi va tabiatiga ko‘ra rang barang bunday ob'ektlarni birgina tushuncha bilan qamrab olish murakkab. Shu sababli «texnika texnik qurilmalar, mehnat qurollari, mashinalar, stanoklar, inshootlar majmuidir»329, «texnika artefaktlar majmuidir» degan ta'riflar yetarli emasdek tuyuladi. Texnika inson tomonidan tashqi dunyoni o‘zgartirish vositasi, inson yashaydigan muhit hamda insonning mavjudligi timsolidir.
Texnika tarixi inson tafakkurining behisob yutuqlarini: ixtirolar, kashfiyotlar, noyob ob'ektlar va qurollarni o‘z ichiga oladi. Shu bilan birga u faqat yangi texnika vositalarini ixtiro etishdan iborat emas. Texnika tarixi faqat tarixiy jarayonning umumiy mantiqi nuqtai nazaridan ko‘rib chiqilishi kerak.

Jamiyat taraqqiyotining turli bosqichlarida texnikaning takomillashib borishi kuzatiladi. Dastlab e'tibor moddiy-substrat darajaga qaratilgan: qurollar tobora chidamliroq materiallardan (tosh, mis, bronza, temirdan) tayyorlanadi. Insoniyat taraqqiyotining tarixiy bosqichlariga oid tushunchalar ham shundan kelib chiqadi: tosh asri, bronza asri, temir asri va boshqalar. Jamiyat taraqqiyotining sanoat bosqichigacha bo‘lgan davrda texnika asbob nuqtai nazaridan ahamiyatga ega bo‘lgan, ya'ni texnika – insonning tabiiy a'zolari imkoniyatlarini kengaytiriuvchi qurol hisoblangan.

Keyinchalik ixtirochilarning e'tibori energetik darajaga qaratilgan: energiyaning yangi va samarali turlarini izlab topish harakati boshlandi. Sivilizatsiya taraqqiyotining sanoat bosqichida mashina texnikasi hal qiluvchi rol o‘ynaydi, uning mukammallashuvi esa energiyaning yangi manbalari va turlaridan foydalanish bilan bog‘liqdir. Insonning texnikaga munosabati ham o‘zgardi, u mashinaning o‘ziga xos va jismoniy qo‘shimtasiga aylandi.

Keyingi o‘n yilliklarda e'tibor axborot darajasiga qaratila boshladi. Jamiyat taraqqiyotini belgilovchi texnikaviy tizimlar axborotni uzatish va unga ishlov berish vositasiga aylana bordi. Taraqqiyotning axborot texnologiyalari hal qiluvchi rol o‘ynaydigan sanoat bosqichida insonning o‘rni ham o‘zgaradi. U intellektual markaz sifatida, yangi texnologiyalar ijodkori, axborotning asosiy yaratuvchisi va iste'molchisi sifatida maydonga chiqadi.


3-§. Texnika va ilm-fan
Texnika falsafasida texnika va ilm- fan nisbati, texnika ilmining tabiati to‘g‘risidagi masalalar alohida o‘rin egallaydi.

Texnika ilmi ilmning quyidagi masalalar doirasini qamrab oluvchi alohida turidir: texnika ob'ektining genezisi va ijtimoiy mohiyati; texnikaviy ob'ektning rivojlanish qonuniyatlari; texnologiya jarayonlarining rivojlanish qonuniyatlari va tamoyillari. Jarayonlar ideal tarzda, «sof» ko‘rinishda tiklanadigan tabiyot ilmiga oid bilimdan farqli o‘laroq, texnika ilmida real konstruksiyalar sharoitiga ma'lum yaqinlashishlar asosida olinadi. Texnika ilmi amaliy yo‘nalishga ega bo‘lib, normativ hujjatlarda mustahkamlab qo‘yiladigan tushunchalar mazmunini standartlashtirishda o‘z ifodasini topadi.

Texnika ilmi texnikaviy ob'ektlarni (asbob, texnikaviy qurilma, texnika vositasi, texnika tizimi va boshqalar) hamda texnologik jarayonlarini (qurilish, mahsulot ishlab chiqarish, asbob-uskunalarni ishlatish va boshqa shu kabilarni) ta'riflovchi tushunchalar bilan ish olib boradi.



Texnikaviy ob'ekt – texnikaviy vazifani bajaradigan tabiiy yoki sun'iy predmet. Uning mavjudligi inson faoliyati bilan bog‘liq. Unda ishlab chiqarish vazifalari ob'ektlashgan va u odamlardagi bilimni gavdalantiruvchi vosita sifatida maydonga chiqadi. Texnikaviy ob'ektda tabiiy predmetdagi tarkibiy qismlarning tasodifiy birligi o‘rniga texnikaviy ob'ektning qurilmaviy barqarorligini ta'minlovchi hamda uning o‘z-o‘zidan yemirilishiga to‘sqinlik qiluvchi zaruriy va qonuniy birligi yuzaga keladi.

Texnologik jarayon yoki texnologiya - texnikaviy ob'ektning o‘zgartirilayotgan predmet bilan o‘zaro ta'siri jarayonidir. U mazkur o‘zaro ta'sir usullari, texnikaviy ob'ektning ta'sir ko‘rsatish izchilligi, predmetning o‘zgarish jarayonlaridan iboratdir.

Texnika ilmining o‘sishi texnika taraqqiyoti va texnologiyalar rivojining asosiy tamoyillari bilan belgilanadi. Qurol yasash sohasida faoliyat ilm-fan rivojiga qadar bo‘lgan texnika ilmining asosi va manbaidir. Texnika ilmi rivojidagi sifat o‘zgarishi mashina texnikasining paydo bo‘lishi bilan bog‘liqdir. Buning natijasida XVSh asrning oxiri va XIX asr boshlarida mashinalar mexanikasi paydo bo‘ldi. XIX asr o‘rtalariga kelib, mashina texnikasining tuzilishiga ko‘ra murakkab va bajaradigan vazifasiga ko‘ra rang-barang energetik, transport, axborot tizimlarini yaratishga qaratilgan butun boshli texnika fanlari majmui shakllandi. XIX asrda texnikaga oid ilmlar gurkirab rivojlandi. Texnika ilmi bugungi kunda fanning o‘nlab, yuzlab alohida sohalarini qamrab olgan.

Texnika ilmi taraqqiyotida nazariy bilimlarning rolini oshirish tamoyili aniq belgilab qo‘yildi. Bu texnika ilmi va fundamental fanlar nisbati muammosiga bo‘lgan qiziqishni belgilab berdi. Texnika va ilm-fanning o‘zaro munosabatini ko‘rib chiqish bo‘yicha turli yondashuvlar mavjud bo‘lib, bu yondashuvlar orasida quyidagi ikki model sezilarli darajada ajralib turadi:chiziqli va tadrijiy.

Chiziqli model texnikani fanning oddiy ilovasi sifatida yoki hatto amaliy fan sifatida ko‘rib chiqadi. Bu modelda ilmning ishlab chiqarish funksiyasi fan sifatida, ilmning qo‘llanilishi esa texnika sifatida e'tirof etiladi. Ilmiy bilishdan texnikaviy kashfiyot va innovatsiyagacha bo‘lgan chiziqli, izchil yo‘lni asos qoida qilib oluvchi bunday sodda model bugungi kunda ko‘plab mutaxassislar tomonidan asossiz deb e'tirof etilgan.

Ilm–fan va texnika taraqqiyoti jarayonlari avtonom, bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan, biroq muvofiqlashtirilgan jarayon sifatida ko‘rib chiqiladi. Taraqqiyotning ayrim bosqichlarida fan texnikadan xususiy natijalarni qo‘lga kiritish vositasi sifatida foydalanadi, shu bilan birga texnika ham ilmiy natijalardan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanadi, texnika ilmiy variantlarni tanlash uchun, fan esa o‘z navbatida texnik variantlarni tanlash uchun sharoitlar yaratadi. Fan va texnika o‘rtasidagi munosabatning bunday sxemasi tadrijiy model deb ataladi.


2-bob. TeXNIKA ANTROPOLOGIYaSI
1-§. Texnika va inson
Texnika falsafasida inson va texnika o‘rtasidagi o‘zaro munosabat markaziy o‘rin egallaydi. Texnika o‘z-o‘zicha mavjud bo‘lolmaydi, u faqat «inson-texnika» tizimining tarkibiy qismi sifatida ma'no-mazmunga ega bo‘ladi. Buni texnika taraqqiyotining butun tarixi ham tasdiqlaydi. Insoniyat tadrijining barcha bosqichlarida texnika inson faoliyatining narsa-ashyolarda ifodalanadigan natijasi, inson turmush tarzi va uning tadrijining o‘ziga xos xususiyatlarini amalga oshirishdan iboratdir. Texnikada inson borlig‘ini ramziy va shu bilan birga ratsional tashkil etish ko‘zga tashlanadi. Ayrim tadqiqotchilarning fikricha texnika insonning ramziy borlig‘idir, lekin bu aynan inson borlig‘idir330.

Hozirgi voqyelikda inson o‘zini axborot texnologiyalarida ramziy ifoda etadi, o‘z navbatida raqamli texnika ham ramziy jihatdan insonga o‘xshash tizim hisoblanadi. Bugungi kunda kompyuter insonning ikki ming yillikdagi imkoniyatlari ramzidir.

Texnika falsafasi inson va texnika o‘rtasidagi munosabatlarning salbiy tomonlariga ham e'tibor qaratadi. Texnikaviy taraqqiyot inson tomonidan tabiatning o‘zlashtirishdagi navbatdagi yutuqlardan birigina bo‘lib qolmadi. Bu taraqqiyot atrof muhitga haloqatli ta'sir ko‘rsatadi, inson tomonidan atrof olamni anglash xususiyatini ham o‘zgartirib yuboradi. Texnika taraqqiyoti natijasida inson va tabiatni bir-biridan ajratuvchi yangi soha yuzaga keladi. Fransuz sotsiologi J. Ellyulning taxminicha, tabiat endilikda bizning ko‘rkam muhitimiz bo‘lolmaydi. Texnikaning o‘zi yaxlit yashash makoniga aylanadi, inson ana shu makonning ichida yashaydi331. Olimlarning tili bilan aytganda – texnomakon shunday makonga aylandiki, inson unda nemis faylasufi M. Xaydeger ta'biri bilan aytganda o‘zining asil mavjudligidan voz kechadi.

Ispaniyalik faylasuf Ortega-i-Gasset insonning texnika bilan aloqasini tahlil etib, uning ikkiyoqlama ekanligini ko‘rsatadi. Texnika o‘z oldiga maqsad qo‘ya olmaydi,u yo ezgulikka yoki yovuzlikka xizmat qiladi, shu sababli texnikani yo‘naltirib turish kerak deb hisoblaydi texnika falsafasi sohasidagi taniqli mutaxassis K.Yaspers. Insonning o‘zi texnikaga mazmun bag‘ishlashi to‘g‘risidagi fikr mazkur mulohazalardan kelib chiqadigan umumiy xulosaga aylanadi. Jahondagi hozirgi texnikaviy faoliyat tadrijiy jarayonning bir qismiga, inson esa tadrijning ishtirokchisiga aylanadi. Shu sababli, nemis faylasufi A.Xuning fikricha, biz ishtirokchi sifatida dunyoning kelajagi uchun mas'uldirmiz. Shu bilan birga bizning mas'uliyatimiz to‘xtovsiz o‘sib bormoqda332. Insonning texnika taraqqiyoti oqibatlari, texnikadan foydalanish natijalari uchun javobgarligi to‘g‘risidagi masala texnika falsafasining yana bir muhim masalasi hisoblanadi. Bu masala texnika falsafasi alohida bo‘limlarining – texnoetika va texnikani baholash bo‘limlarining vujudga kelishida o‘z ifodasini topdi. Birinchi marta o‘tgan asr 60-yillarining oxirida AQShda istefoda etilgan texnikani baholash hozirki kunda sanoati taraqqiy etgan mamlakatlarda keng tarqalgan. Texnikani muntazam baholab borish, texnikaviy ta'sirlarning noxush oqibatlarini bartaraf etishning alternativini (muqobilini) va yo‘llarini izlab topish – texnikani baholash mohiyatini tashkil etadi.

Texnoetika texnikaning salbiy oqibatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida insonning texnikaviy faoliyatini tartibga soluvchi etika talablari tizimidan iboratdir. Yangi texnologiyalar: yadroviy, fazoviy, axborot texnologiyalari, biotexnologiyalar rivojlanishi bilan texnikaviy faoliyatni tartibga solish masalasi tobora dolzarb masalalardan biriga aylanib bormoqda. Sanab o‘tilganlar orasida ayniqsa axborot texnologiyalari jadal sur'atlarda rivojlanib bormoqda va u o‘ziga faylasuflar e'tiborini ko‘proq talab etadi.
2-§. Axborot sivilizatsiyasida inson va texnika
Axborot ishlab chiqarish, uni saqlash va qayta ishlash jamiyatning texnologik jihatdan rivojlanishini belgilovchi muhim sohaga aylandi. Faylasuflarning sivilizatsiya taraqqiyotining axborot bosqichi to‘g‘risidagi fikrlarida axborot, axborot tizimlari va texnologiyalarining insoniyat hayotidagi roliga katta ahamiyat beriladi.

Birinchi elektron hisoblash mashinalari yaratilgan vaqtdan boshlab o‘tgan 70 yil ichida kompyuter texnikasi ulkan elektron-hisoblash markazlaridan tortib to chindan mislsiz imkoniyalarga ega bo‘lgan kichik hajmli maxsus kompyuterlargacha bo‘lgan salmoqli natijalarni qo‘lga kiritdi. Kompyuter inqilobi ishlab chiqarish va ta'lim sifatini o‘zgartirib yubordi, maishiy sohani va insonning butun turmush tarzini jadal ravishda o‘zgartirib yubormoqda. Kompyuter texnikasi va axborot texnologiyalaridan foydalanish har qanday davlat tomonidan qo‘lga kiritilgan yutuqlar darajasining ko‘rsatkichiga aylandi. Bu birinchidan, ishlab chiqarish va hisoblash texnikasidan foydalanish bazasining mavjudligi, ikkinchidan, axborotning keng tarqalishini va foydalanuvchilarning ma'lumotlar bazasidan foydalana olishini, tez qaror qabul qilish va bu qarorni amalga oshirishni ta'minlovchi tegishli iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy institutlarning faoliyat ko‘rsatishi bilan bog‘liq.

Butunjahon axborot tarmog‘i Internetning yaratilishi va faoliyat ko‘rsatishi insoniyatning texnika sohasida erishgan yutuqlari ko‘rsatkichidir. Internet kompyuter tarmog‘idan iborat. Internet tarixi 35 yildan ziyod davrni qamrab olgan bo‘lib, uning tarmog‘idagi tarkibiy qismlar va texnologiyalar XX asrning 60-yillaridan ishlab chiqila boshladi. «Internet» atamasining o‘zi esa kompyuter tarmoqlari belgilangan texnikaviy andozalar bo‘yicha birlashtirilganda – 1982 yilda paydo bo‘ldi. Hamda yangi texnikaviy tizimlarning vujudga kelishidagi zarur bosqichga aylandi.U katta miqdordagi, turli tarmoqlarni birlashtirgan bo‘lib, tarmoq markazlarining o‘zi bir necha mingtani tashkil etar edi. 1991 yilda elementar zarralar fizikasi yevropa laboratoriyasi xodimi Tim Berners-LiningWord Wide Web (WWW) «Butunjahon o‘rgimchak to‘ri» loyihasi e'lon qilindi. Shu loyiha tufayli Internet ommalashib ketdi. WWW loyihasining yaratilishi Internetni rivojlantirish sohasidagi yirik yutuqlardan biri hisoblanadi. WWW ning asosini tashkil etuvchi Web tarmoqlari Internetda deyarli har qanday axborotni – matn, grafik tasvirlar, tovush, videotasvirlarni joylashtirish imkoniyatini beradi.

Bugungi kunda Internet o‘ta tez harakat qiluvchi yo‘ldoshli ma'lumotlar uzatish magistrallaridan tortib to asta-sekin ulanadigan telefon liniyalarigacha bo‘lgan turli kanallar yordamida bir-biriga bog‘langan millionlab kompyuterlardan iborat.333

Internetni rivojlantirish uchun telekommunikatsiyalarning – axborot uzatiladigan kanallarning ko‘p tarmoqli tizimi zarur. Telekommunikatsiya tarmoqlari va tizimlari hozirda texnikaning jo‘shqin rivojlanayotgan sohasini tashkil etadi. O‘zbekiston telekommunikatsiya texnikasini jadal sur'atlar bilan rivojlantirish hamda butunjahon axborot tizimidan foydalanishning muhimligini anglab yetgan holda telekommunikatsiyalarni rivojlantirish milliy dasturini va Internet imkoniyatlaridan ishlab chiqarish, ta'lim, fan va madaniyatni rivojlantirishda foydalanish samaradorlinini oshirish yuzasidan qator muhim qarorlar qabul qildi.
IX Bo‘lim . INSON FALSAFASI (ANTROPOLOGIYa)
1-bob. INSONNING KeLIB ChIQIShI
1-§. Insonning kelib chiqishi haqidagi nazariya
Insonning kelib chiqishi eng murakkab va jumboqli fenomenlardan biri hisoblanadi. Qadim zamonlardan boshlab ushbu fenomenni tushuntirishda bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan ikki paradigma mavjud: insonning xudo tomonidan yaratilganligi g‘oyasi va tabiiy tarixiy evolyusiya g‘oyasi.

Yaratish nazariyasi

Ibtidoiy miflarda odamlarning kelib chiqishi ko‘pincha mifik qahramonlarning transformatsiyasi, totem ajdodlar, butun mavjudot yaratilgan mifik davrdagi personajlarning transformatsiyasi natijasi yoki ularning ijod mahsuli sifatida tasavvur etiladi. Ayrim miflarda odamlarning paydo bo‘lishi tasodifiy xususiyatga ega bo‘lsa, boshqalarida demiurglar – totem ajdodlarning ongli ishi sifatida aks ettiriladi.

Yangi Gvineyadagi papuaslarning tangu qabilasi miflarida afsonaviy qahramon odamlarni qapqonga ilingan to‘ng‘izlarning mayda­lan­gan bo‘laklaridan yaratadi. Tasmaniyaliklarning tasavvur­lariga ko‘ra dastlabki odamlar Mopxerni nomli mifik mavjudot tomonidan dumli, bo‘g‘insiz oyoqlarga ega bo‘lgan hayvon qiyofasida yaratilgan. Keyinchalik boshqa bir afsonaviy mavjudot Drumerdim ularning dumlarini kesib tashlagan va yog‘lar yordamida tizzalarini bo‘kiladigan qilgan. Avstraliya aborigenlari va Yangi Gvineyadagi papuaslarning marind-anim qabilasining afsonalariga ko‘ra odamlar dastlab yarim odam, yarim hayvon qiyofasida, ko‘zlarsiz va og‘izsiz, oyoq-qo‘llarining uchlari yopishgan holda mavjud bo‘lgan. Demiurglar pichoqlar yordamida ularni hozirgi holatga keltirganlar.

Ancha keyinroq paydo bo‘lgan miflarda birinchi odamning paydo bo‘lishi xudolar tomonidan yaratilish g‘oyasi bilan bog‘lanadi. Jahon dinlarida mavjud bo‘lgan yaratilish aktining barcha tasvirlari o‘z ildizlariga ko‘ra aynan mifologiyaga borib taqaladi. Masalan, jahon dinlarida keng tarqalgan insonning xudo tomonidan loydan yaratilganligi haqidagi tasavvurning mifologik ildizlarga ega ekanligi yaqqol ko‘rinib turadi. Vavilonda yaratilgan poema - "Enum Elish»da tasvirlanishicha dastlabki odam tartib xudolari va tartibsizlik (xaos) xudolari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan urushdan so‘ng loy va qondan paydo bo‘lgan. Qadimgi Misrdagi afsonalardan birida Xnum degan xudo odamni kulolchilik charxi yordamida loydan yasalganligi aytildi. Ayolning erkak kishining qovurg‘asidan yasalganligi motivi Mesopotamiyada yaratilgan miflarga borib taqaladi. Insonning xudo tomonidan yaratilganligi haqidagi paradigma har doim diniy e'ti­qodlar va ishonchlarga asoslangan. Fan antropogenez jarayonini yoritib bera boshlashi va dindan bu sohani tortib olishi munosabati bilan kreatsianizm o‘z mavqyeini mustahkamlay boshladi. Bu hol te­gish­li institularning yaratilishi, ilmiy anjumanlar o‘tkazilishi, krea­si­nistik adabiyotlar va filmlarning paydo bo‘lishida o‘z aksini topdi.

Hozirgi zamon kreatsianizmi quyidagi yondashuvlarga asoslanadi.

Birinchidan, bu odamning azaldan mavjud bo‘lganligi g‘oyasidir va u odamning eng qadimgi davrlarga oid qazib topilgan hayvonlar (masalan, dinozavrlar) bilan bir paytda mavjud bo‘lganligini isbotlovchi dalillarni qidirib topishda ifodalangan. XX asr 60-80 yillarda Texasdagi Palluks daryosi havzasida topilgan 120 million yil ilgari qoldirilgan bir izni ana shunday dalillardan (insonning eng qadimgi davrdagi izi) biri sifatida ko‘rsatishga urinishlar bo‘lgan edi. Ammo keyinchalik ma'lum bo‘ldiki, u qadimgi kaltakesakning izi ekan.

Ikkinchidan, bu insonning va qazilmalar orqali topilgan primatlarning tadrijiy taraqqiyotida qandaydir oraliq bo‘g‘inlar bo‘lganligini inkor etishdan iborat. Kreatsianistlarning fikricha, qazilmalar chog‘ida topilgan barcha suyaklarni yoki odamniki, yohud maymunniki sifatida tasnif qilish lozim. Boshqacha qilib aytganda xudo hamma turlarni ular qanday bo‘lsa shunday yaratgan va odam ham avval boshdanoq odam bo‘lgan. Biroq, fanga ma'lum barcha qazilmalar chog‘ida topilgan gominidlar bunday bir xillikka ega emas, chunki ularda maymunlarga xos xususiyatlar bilan odamga xos xususiyatlar birlashib ketgan.

Uchinchidan, bu - yetarli ma'lumotlar bo‘lmaganligi uchun gipoteza sifatida qaraluvchi antropogenezga oid bir qator nazariyalarning tanqid qilinishidir.

Kreatsianizm bugungi kunda ham keng tarqalgan. Bir qator mamlakat(davlat)larda insonning kelib chiqishi haqidagi kreatsianistik va evolyusion qarashlarni maktablarda o‘qitish masalasida keskin kurash bormoqda. 1925 yilda (AQShning) Tennesi shtatidagi Dayton shahrida o‘qituvchi Djon Skops ustidan o‘tkazilgan sud bugungi kunda barchaga ma'lum. U o‘quvchilarga Darvin nazariyasi va uning odamning maymundan kelib chiqqanligi haqidagi gipotezasi xususida so‘zlab bergan edi. 1986 yilda esa Mobayla shahri sudi Alabama shtatining ta'lim boshqarmasiga qarshi da'vo bilan ish qo‘zg‘adi. Bunga ta'lim boshqarmasining «dinga va xudoga qarshi mazmundagi 45 darslikdan o‘rta maktablarda foydalanishga ruxsat berganligi»334 sabab bo‘lgan edi. Kaliforniyaning ayrim shaharlarida evolyusiya nazariyasini o‘z ichiga olgan darsliklardan foydalanish taqiqlangan.

Shu sababli yaqinda amerikalik yirik 72 ta olimlar - Nobel mukofotining sovrindorlari kreatsianistlarning insonning xudo tomonidan yaratilganligi g‘oyasi va evolyusiya nazariyasini «teng huquqli» ravishda o‘quv dasturlariga kiritish va o‘qitish uchun urinishlariga qarshi chiqdilar. Bironta boshqa hujjat shunchalik ko‘p sonli Nobel mukofoti sovrindorlari tomonidan nizolanmagan edi. Ularning mazkur qadami shu bilan taqozo etilgan ediki, zamonaviy, ilmiy bilishning yutuqlariga asoslangan ta'lim fan mezonlariga javob bera oladigan nazariyalarga asoslanadi. Bu eng avvalo, tegishli tarzda asoslab berish va isbotlashdir, kreatsianizm esa o‘zining haqligini ko‘rsatuvchi isbot-dalillarga ega emas.

Keyingi paytda «kosmik tajriba» nazariyalari paydo bo‘ldiki, ularning markazida ham odamning yaratilganligi haqidagi g‘oya turadi. Diniy talqinlardan farqli o‘laroq, ushbu nazariyalarda inson qandaydir o‘zga planetaga mansub sivilizatsiya tomonida yaratilgan deb tasdiqlanadi.

Ushbu konsepsiyaga ko‘ra, yerdagi ko‘plab noyob inshootlar (Misr ehromlari, Pasxa orolidagi toshdan yasalgan ulkan haykallar, faqat tepada qaraganda ko‘rinadigan benihoyat ulkan rasmlar va hokazo) ana shu o‘zga sayyoraliklar tomonidan yaratilgan deb hisoblanadi.

Fan o‘zga sayyoralarda sivilizatsiyaning mavjudligini va ular yerga kelgan bo‘lishlari mumkinligini prinsip jihatidan inkor etmaydi. Biroq, insonning o‘zga sayyoraliklar tomonidan yaratilgan­li­gi­ni tasdiqlovchi hyech qanday dalillar mavjud emas. Bu mavzuga oid barcha mulohazalar hozirga qadar mushohada-gipoteza bo‘lib qolmoqda.


Download 1.69 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   38




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling