1-§. Din falsafasining mohiyati va tuzilishi
Din falsafasi dinga nisbatan falsafadir. U dinning ma'nosi va mazmunini, dinning insonning individual hayoti va ijtimoiy turmushidagi o‘rnini oydinlashtirish masalalari bilan shug‘ullanadi.
Falsafaning din bilan munosabatdoshligi, har ikkisining ijtimoiy ong va nazariy faoliyatning alohida shakli sifatida paydo bo‘lgan vaqtdan boshlab doimiy ravishda birga yashab kelayotgani falsafaning muhim xususiyatlaridan biri hisoblanadi.
Dinni tadqiq etish tarixan har doim falsafaning ob'ekti bo‘lib kelgan. Ilk davrlarga tatbiqan olganda din haqidagi ayrim falsafiy bilimlarning paydo bo‘lishi va rivojlanishi to‘g‘risida gapirish mumkin. Din falsafasining falsafa ilmining maxsus predmet sohasi sifatida shakllanib borishi XVSh –XIX asrlardayoq B. Spinoza, F. Shelling, G.Xegel, L. Feyerbax kabi faylasuflar, shuningdek F. Shleyermaxer, T.Til, S.Kerkegor va boshqa shu kabi ilohiyotchi olimlar yaratgan ilmiy manbalar samarasi o‘laroq amalga oshdi. XX asrda din muammolari turli falsafiy oqimlarning ko‘zga ko‘ringan namoyandalari asarlarida tadqiq etildi.
Falsafiy-diniy konsepsiyalar dinni zamonaviy falsafaning tegishli yo‘nalishlari nuqtai nazaridan - naturizm, materializm, ekzistensializm, pragmatizm, pozitivizm, tahliliy falsafa, neopozitivizm va boshqa shu kabilar, shuningdek zamonaviy sharq falsafasining turli maktablari nuqtai nazaridan talqin etadi. Hozirgi vaqtga kelib din falsafasi o‘zining muammolari, predmetiga ega bo‘lgan nisbatan mustaqil falsafa fani sifatida shakllandi398.
Din falsafasi – dinshunoslik bilan falsafaning to‘qnashadigan nuqtadagi ilmdir. U bir tomondan dinshunoslikning, ikkinchi tomondan falsafaning bo‘limidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |