Axmеdova m. A. umumiy muxarrirligi ostida


Download 1.43 Mb.
bet94/235
Sana05.01.2022
Hajmi1.43 Mb.
#216220
1   ...   90   91   92   93   94   95   96   97   ...   235
Bog'liq
Axmеdova m. A. umumiy muxarrirligi ostida-fayllar.org

Li Dachjao (1889-1926) «Yangi madaniyat uchun harakat» ning faol ishtirokchilariga mansub edi. Li Dachjao fikricha, konfutsiychilik va konstitutsiya, Xitoy taraqqiyotining zaruriy omili sifatida bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi. U yozadi: «Konfutsiy va uning maslakdoshlari – muayyan davrning mutafakkirlari bo‘lib, hyech qanday o‘lchovda barcha zamonlarning ustozlari bo‘la olmaydilar»239. Va yana: «Konfutsiyni rad etib, men uni shaxsan ag‘darmoqchi emasman, balki rohiblar tomonidan Konfutsiydan yasalgan sanam obro‘siga putir yetkazmoqchiman. Men unga hamla qilayotganim yo‘q, balki istibdodning o‘zini mohiyatiga, uning ruhiga hamla qilayotirman»240.

Li Dachjao g‘arb nazariyalarini turlicha baholaydi. Maltus ta'limoti haqida u shunday yozadi: «Maltusning nazariyasi hozirgi tajovuzkorlar tomonidan bahona sifatida qabul qilingan»241. Darvin nazariyasiga to‘xtalib faylasuf shunday fikr bildiradiki, u «o‘zining yarim-yortiqligi va to‘liq bo‘lmaganligi, shuningdek, qabohat egalari tomonidan foydalanilganligi sababli urushlarning bo‘lishiga yordam berib, yomon ta'sir qoldirdi»242. Nitssheanlikni baholab Li Dachjao yozadiki: «Nitsshe ta'limoti ijobiy ma'noda munkillab qolganlarni tetiklashtirishi va yiqilganlarni ko‘tarishi mumkin, bizning an'analar vorisligini hurmat qiluvchi, qullarcha axloq biqiqligida bo‘lgan, qotib qolgan rasmiyatchilikdagi davlatimizda esa, u ayniqsa yoshlarni ruhlantirish, millatning jasoratli ruhini yuksaltirish» uchun vosita bo‘lib xizmat qilishi mumkin»243. Li Dachjao Xitoyda sotsializm qurishning tarafdori edi. Biroq uning sotsializmga bo‘lgan qarashlari, ayniqsa bunday jamiyatning siyosiy sistemasiga doir nuqtai nazari tugallangan ko‘rinishda emas edi. Li Dachjaoning qarashlari jiddiy qarama-qarshiliklardan holi emas edi: u bir xil tarzda «hatto istibdod davrida ham» sotsializmni barpo qilishga va yevropa me'yorlariga to‘g‘ri keladigan respublikani bunyod etishga ham jonbozlik ko‘rsatdi.



Xu Shi (1891-1962) konfutsiychilik me'yorlari va tasavvurlarini, eski jamiyat institutlarini tanqid qilish, amerikacha pragmatizm g‘oyalarini targ‘ib qilish, G‘arb mamlakatlarining madaniy, ilmiy va texnikaviy yutuqlarini tashviq qilish bilan nom chiqarib, mashhur bo‘ldi. «Men bizning sharq (ya'ni xitoycha) sivilizatsiyasini qaralayman va hozirgi zamon g‘arb sivilizatsiyasini zo‘r havas bilan maqtayman. Odamlar ko‘pincha aytishadiki, sharq madaniyati – bu ma'naviy sivilizatsiya, g‘arb madaniyati esa – bu moddiy yoki moddiylikka asoslangan sivilizatsiya. Bu tuhmatdir»244. Ijtimoiy taraqqiyotni Xu Shi shaxsning kamoloti sifatida talqin qiladi. Uning gaplariga qaraganda, Xitoy jamiyatida inson an'anaviy me'yorlar va tasavvurlar asoratidadirki, bu narsa jamiyat rivojini sekinlashtiradi. Shuning uchun u shaxs ozodligi shiorini qattiq turib tashviq qildiki, uning talqinicha bu narsa umumiy insonparvarlik va mutlaq ozodlik ruhidan kelib chiqar edi. «Har birimizning ozodlik uchun kurashimiz, - deb yozgan edi Xu Shi, - davlatning ozodligi uchun kurashdir. Har biringizning ozodlik uchun kurashingiz davlatning insoniy sifati uchun bo‘lgan kurashdir, negaki, davlat qullar ommasi tomonidan barpo etilmaydi»245. Shu davrning o‘zida Xitoyda shunday yo‘nalish tarqaldiki, uning asosiy tayanchi bo‘lib nazariy qism sifatida marksizm va amaliy qism sifatida leninizm (ruscha kommunizm) xizmat qildilar.

Bu ta'limotning bosh muxlisi Sun Yatsen (1866-1925) edi. Uning asosiy asari «Xalqchilikning uch prinsipi» (1924) bo‘lib, uning ma'nosi ostida millatchilik, xalq hokimiyati va xalq farovonligi yotar edi. Sun Yatsen birinchi prinsip mohiyatini shunday talqin qiladi: «… Millatchilik prinsipi aslo bizning mamlakatimizdan har bir boshqa qabilaga mansub kishini badarg‘a qilishni ko‘zda tutmaydi, balki bizning millatimizga taalluqli bo‘lgan hokimiyatni boshqa elatlar tomonidan bosib va bo‘lib olinishiga chek qo‘yishnigina nazarda tutadi»246. Uning taxminicha, millatchilik prinsipi keng ma'noda uch bosqichda amalga oshirilishi mumkin: 1. Millatni qutqarish; 2. Ezilgan boshqa millatlarni ozod qilish; 3. Barcha insoniyatni tinchlik, birodarlik va adolat asoslarida birlashtirishni bog‘ladi. «Millatchilikni amalga oshirish davlat uchun ozodlikka erishish ma'nosini anglatadi»247 - deb yozgan edi Sun Yatsen.

Xalq hokimiyati haqida gap borgan ikkinchi prinsip hokimiyatning besh sohasiga asoslangan davlat boshqaruvi tizimiga taalluqlidir:

1. Qonun chiqaruvchi.

2. Huquqiy masalalarni ko‘ruvchi sud.

3. Ijroiya hokimiyati.

4. Nazorat.

5. Imtihon qiluvchi.

O‘sha davrdagi Xitoy faylasuflari tomonidan xalq hokimiyati tushunchasi demokratiyani g‘arbcha tushunish bilan barobar edi. Uning asosida hukmdor haqidagi konfutsiyancha ta'limot yotar ediki, u doimo xalq haqida qayg‘urishi lozim edi. Bunday bo‘lmagan holatda xalq hukmdorni ag‘darish huquqiga ega bo‘lar edi. Shunday qilib, fozil bo‘lmagan hukmdorni ag‘darish va boshqasini tanlash xitoycha demokratiyani qabul qilishning eng muhim jihatlarini tashkil etar edi. Sun Yatsen, Li Dachjao va Xu Shu kabi respublika o‘rnatish uchun jonbozlik ko‘rsatdi. Xalq manfaatlarini qo‘riqlashda turgan konstitutsiya va parlament bu, Sun Yatsen fikricha, xalq hokimiyatining favqulodda muhim qurolidir.

Uchinchi prinsip – xalq farovonligi haqida bo‘lib, yer islohotlari va qudratli sanoatni barpo qilishdan boshlab, Xitoyni iqtisodiy taraqqiyotini ko‘zda tutadi. Bunda u chet el investitsiyalariga katta umid bog‘lagan edi.

Shunday qilib, XIX asrning boshidagi Xitoyning falsafiy va ijtimoiy-siyosiy tafakkuri an'anaviy jamiyat asosilarining qoniqarsiz ekanligi haqidagi xulosaga keldi, hamda Osmon ostidagi mamlakatni qutqarish yo‘llarini topish zarurligini ko‘rsatdi. Uning mohiyati bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgan ikki vazifani kun tartibiga qo‘yib bajarishda o‘z ifodasini topgan edi: Xitoy jamiyatini isloh qilish va Xitoy bilan G‘arbning madaniy an'analarini qo‘shish va birlashtirish.


Download 1.43 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   90   91   92   93   94   95   96   97   ...   235




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling