- Azot – rangsiz, hidsiz gaz; qaynash temperaturasi – 195,8°, suyuqlanish temperaturasi – 209,86°, 1 l azot 1,2506 g; 1 l suvda (0° da) 23,3 ml eriydi. Odatdagi sharoitda azot nihoyatda passiv, faqat litiy bilan birikishi mumkin; boshqa elementlar bilan qizdirilganda, bosim taʼsirida va katalizatorlar ishtirokidagina birika oladi. Vodorod bilan birikib, ammiak, gidrazin va boshqa birikmalar, kislorod bilan oksidlar, metallar bilan nitridlar hosil qiladi.
Ishlatilishi - Azot o‘simliklar uchun asosiy „oziq“lardan biridir. Mineral va organik birikmalari tuproqqa yog‘in-sochin bilan yoki o‘g‘it sifatida tushadi. Erkin azot ammiak sintezida, baʼzi kimyoviy reaksiyalarda inert muhit hosil qiluvchi sifatida, simobli termometrlardagi bo‘shliqni to‘ldirishda, yonuvchan suyuqliklarni bir idishdan ikkinchi idishga haydashda va boshqa maqsadlarda ishlatiladi. Suyuq azotdan past temperatura bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarda (kriostatlar, vakuum qurilmalar va boshqalarda) foydalaniladi. Azotning tabiiy birikmalari ammoniy xlorid va turli nitratlar (selitralar)dan iborat. O‘rta Osiyoning quruq cho‘l iqlimida ko‘p miqdorda selitra to‘planadi. Azot oqsillar, nuklein kislotalar,xlorofill va fermentlarning ajralmas tarkibiy qismi bo‘lganligidan o‘simliklar hayot faoliyatida asosiy ahamiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |