Badiiy asar tili va poetik nutq masalasi


Epik asarlar tili bilan ishlash yo‘llari


Download 292.5 Kb.
bet8/9
Sana18.06.2023
Hajmi292.5 Kb.
#1574993
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Bog'liq
BADIIY ASAR TILI VA POETIK NUTQ MASALASI

Epik asarlar tili bilan ishlash yo‘llari
Hayotiy ko‘lamning kengligi, murakkab insoniy taqdirlar, qahramonlar ruhiyatidagi sanoqsiz tovlanishlar voqealar asnosida idrok etilishi lozim bo‘lgan epik asarlarda tahlil ham o‘ziga xos tarzda amalga oshiriladi. Epik asarlarda personajlar kechinmasini tasvirlash, obrazlar yoki hikoyachi kayfiyati ifodasini berishdan ko‘ra, shu tuyg‘ularning paydo bo‘lish jarayoni, ularning ildizlari ko‘rsatilishiga ko‘proq e’tibor qaratiladi. Epik asarlarni badiiy tahlil etish ham ko‘lamdor va ko‘p bosqichli kechimdir. Epiklikning eng asosiy belgisi: voqeabandlik va tasvirda tafsilot mavjudligidir. Qaysi janrda bo‘lishiga qaramay, epik turga mansub asarlarda personajlar ozdir-ko‘pdir voqealar qo‘ynida tasvirlanadi va ularning tabiatlari hodisalar tasviri asnosida namoyon bo‘la boradi.
Tahlillanadigan asar qanchalik yirik, voqealar tasviri qanchalar serqatlam, personajlar soni nechog‘lik ko‘p bo‘lmasin, tahlil mobaynida asarlarning mazmunini qayta so‘zlab berish mumkin emas. Buning ikki sababi bor. Birinchidan, tahlilchi qanchalik mahoratli bo‘lmasin, badiiy asarni adibning o‘ziday aytib berolmaydi va buning zaruriyati ham yo‘q. Chunki matn bilan tanishganlar uni bilishadi. Asarni o‘qimaganlarga matnning tarovatini bir qadar yo‘qotib hikoya qilib berishning esa foydasi yo‘q. Negaki, bunda asarning o‘zi emas, uning skeleti etib boradi, xolos. Tahlilchi nechog‘lik urinmasin, u ayni asarni bitgan yozuvchi bo‘lolmaydi. Ayni asarni yorug‘ olamda ayni shu yozuvchigina yoza oladi. Tahlilchi asar mazmunini hikoya qilishi orqali asardagi qiziqarli voqealarni berishi mumkindir, ammo insoniy xarakterlarni, kechinmalarni, hissiyotlarni, ularni tug‘dirgan ochiq-yashirin sabablarni etkazolmaydi. Tekshirilayotgan asar mazmunini so‘zlab berish mumkinemasligining yana bir sababi bu holda matn tahlil qilinmay, asarning barchaunsurlari badiiy elakdan o‘tkazilmaydi, binobarin, uning zamiridagi estetik ma’no noma’lumligicha qolaveradi.
Epik asarlarni tahlil qilishda uning hajmi, tasvirning murakkablik darajasi hisobga olingan holda ish ko‘riladi. Hajmtaqozo etsa, asarni badiiy tahlilning avval aytilgan uch usulidan birini yoki barini qo‘llagan holda tekshirish zarur. Mabodo, tahlillanadigan asar juda yirik bo‘lsa, tahlilchi, albatta, asarning eng qiziqarli, badiiy jihatdan eng muhim, bir qator intellektual-estetik operatsiyalar yordamidagina anglashmumkinbo‘lgan jihatini tekshirishi lozim. Buning uchun asar umumiy estetik butunlikka zarar etkazilmaydigan tarzda badiiy ma’noli qismlarga ajratib olinishi lozim. Bunda o‘quvchi diqqatini o‘ziga beixtiyor tortadigan, personajlar tabiati yorqin namoyon bo‘ladigan, muallif mahorati ko‘zga balqib tashlanadigan, qahramonlar ruhiy dunyosi bo‘rtiq aks etgan o‘rinlar nazardan qochirilmasligi kerak.
Badiiy tahlilda matndagi muhim jihatni nomuhimdan ajratish, asar personajlariga jonli odam tarzida munosabatda bo‘lish kerak. SHunday qilinganda timsolning o‘ziga xosligi va adibning san’atkorligi namoyon bo‘ladi. Ko‘pincha, tadqiqotchilar epik asarlardagi qahramonlardan, avval boshdanoq g‘oya qidirishga tutinishadi va shu bois turli asarlardagi mutlaqo boshqa-boshqa personajlar ikki tomchi suvday bir xil talqin etilib, birday baholanadi. Chunki g‘oyalar o‘xshash bo‘ladi, bir xil g‘oyalar ham ko‘p, lekin cheksiz olamda bir-biriga to‘liq o‘xshash bo‘lgan ikki kishi yo‘q. Badiiy asar va undagi qahramonlar tasviri esa, ayni shu o‘xshamaslikning, o‘ziga xoslikning badiiy ifodasi sifatida paydo bo‘lgan hodisalardir. Shuning uchun ham adabiyotshunoslik amaliyotida Yo‘lchi va G‘ofir, Jamila va Gulnor, Saida va Zaynab, Otabek va Anvar, Kumush va Ra’no timsollariga uzoq vaqt mobaynida bir xil baho berib kelingan. Bunga sabab adabiyotshunoslikda bu qahramonlarga individual qiyofaga ega jonli odam sifatida yondashilmagan va ulardan faqat g‘oya qidirilib, ijtimoiy xulosa chiqarishga urinilgan.
Epik asar o‘rganilayotganda personajlar xatti-harakatlari uning
xarakter mantig‘iga muvofiq kelishi yoki kelmasligi muammosi
tahlilning markazida turishi kerak. Ya’ni epik asar tahlil
qilinayotganda, obrazlarning gap-so‘zlari, qiliqlari, fikrlari
ularning sa’jiyalariga muvofiqligi, ruhiy jihatdanasoslanganligiga e’tibor qilinishi va asarning asl qiymati ana shulardan keltirib chiqarilishi lozim. Epik asar tahlili faqat mantiqiy operatsiyaga aylanib qolmasligi, balki hamisha asardan go‘zallik topishga intilish diqqat markazida turishi joiz. Nasriy til jozibasini, turli-tuman badiiy vositalar tufayli tug‘ilgan estetik mo‘‘jizalarni payqay olish,bundan lazzatlanish hamda shu lazzatning manbasini tushunish va zarur bo‘lsa tushuntirib bera olish kishining ma’naviy yuksalishida beqiyos katta ahamiyat kasb etadi.
Abdulla Qahhorning XX asrning 30-yillaridan buyon tahlil etilib kelinayotgan "O‘g‘ri" hikoyasi misolida yuqoridagi nazariy qarashlarni amalda qo‘llab ko‘rish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu asarni tekstual tahlil qilish ko‘proq samara beradi. Negaki, hajman mo‘jaz bu hikoyada badiiy maqsadga xizmat qilmaydigan, personajlar tabiatinn ochishga qaratilmagan bironta so‘z ham uchramaydi. Binobarin, asarda nomuhim, ikkinchi darajali badiiy unsurning o‘zi yo‘q. Shu bois, xuddi lirik asarlarni tahlil qilgandek, mazkur hikoyani ham tekstual usulda o‘rganish samarali bo‘ladi.
Tahlilni kampirning tong qorong‘usida turishi va ho‘kizidan xabar olishi sabablarini aniqlashdan boshlagan ma’qul. Kampirning barcha o‘zbek ayollari, ayniqsa, qishloqda yashaydigan hamma kayvonilar singari saharlab turishi o‘z holicha hech kimning e’tiborini tortmasligi mumkin. Lekin yozuvchi asarda kampirning saharxezligini shunchaki odat tarzida emas, balki zaruriyat taqozosi sifatida ham ko‘rsatadi: u hamir qorishi kerak. Hikoya matnidan kampirning dastyori yo‘qligi ma’lum bo‘ladi. Demak, kampir kundalik yumushlar ko‘paymay, kun yoyilmay turib, non yopishga ulgurishi kerak. Buning ustiga, choli issiq non bilan ertalik qilsa yanada yaxshi bo‘ladi. Ehtimol, ertalikka ularda nondan bo‘lak eydigan narsaning o‘zi yo‘qdir. Endi e’tibor "...hamir qilgani" turgan kampirning ne bois ho‘kizdan xabar olganligiga qaratilishi joiz. Ma’lumki, har kim o‘zi uchun qimmatbaho hisoblangan narsadan bot-bot xabardor bo‘lib turadi. Farzandli ona hamisha bolalaridan xabar olishga, badavlat odam davlatidan ogoh turishga intiladi. Cholu kampir uchun o‘zlaridan keyingi qimmatbaho narsa — ho‘kiz. Shu bois kampirning o‘rnidan turiboq undan xabar olishi tasviri ham tushunarli, ham ishonarli.
O‘quvchilar diqqati hikoyada birgina tovushdan iborat "O!.." gapi tashiydigan serqirra ma’noga, ifodalaydigan holatlar ekstratsiyasiga qaratilishi lozim. Bu tovush-gap zamirida kampirning qanday kechinmalari borikin? Kitobxonlar kampirning ayni paytdagi holatini to‘liq his qilishsa, uning kechinmayu sezimlarini ilg‘ab olishsa, estetik maqsadga muvofiq bo‘ladi. So‘ng hikmatga o‘xshab ketadigan: "Dehqonning uyi kuysa kuysin, ho‘kizi yo‘qolmasin" jumlasiga kitobxonlar e’tibori tortilgani ma’qul.
Kambag‘al odamda yuksak orzular bo‘lmaydi. Chunki qashshoqlik atalmish bedavo dard insonni, avvalo, baland orzulardan mahrum etadi. Havas - imkoniyatdan tug‘iladigan hosila. SHu bois dexqonning uyi betakror me’moriy obida yoki kuyib ketsa kishining joni achiydigan koshona emas, shunchaki "...bir qop somon, o‘n-o‘n beshta xoda, bir arava qamish" bilan tiklanadigan kulba. Binobarin, uning kuyib ketishi uy egasi uchun juda katta yo‘qotish emas. Yangisini unchalar qiynalmay tiklab olish mumkin. Kambag‘alda uyi kuyganda yonib ketadigan boylik ham yo‘qki, unga achinsa.
Tahlilchi syujet rivojidagi har bir nuqtada kampirning reaksiyasi qanday bo‘lganiga diqkat qilishi kerak: ho‘kizning yo‘qolganini bilgan kampir eng avval nima qildi? Hamma ayollarning qurolini ishga soldi, ya’ni dodladi. Boshqacha bo‘lishi mumkinmidi? Uning o‘rnida Qobil bobo nima qilgan bo‘lardi? Bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak.
Hikoyaning keyingi jumlasi yanada g‘alati va bir qarashda asosiy tasvirga daxli yo‘qqa o‘xshab tuyuladi: "Odamlar dod ovoziga o‘rganib qolgan: birovni eri uradi, birovning uyi xatga tushadi..." "Odamlar dod ovoziga o‘rganib qolgan..." bo‘lsa, demak, bu holat tez-tez takrorlanib turgan. Axir o‘zbeklar andishali, ovozini balandlatishdan iymanadigan xalq-ku?! Buning ustiga, asar voqealari inqilob deb atalmish to‘ntarishdan oldin sodir bo‘lgan. Binobarin, keyinchalik ayollarni dod solishga majbur etgan asosiy sabab – ichkilik u zamonlar hali yo‘q edi. Shuni bilish kerakki, mustamlaka xalq hech qachon boy yashamaydi. Demak, xalqimiz Rossiya qo‘li ostida g‘oyat faqir yashagan. Kambag‘allikning azobini esa, eng avval, ayollar tortadi. Chunki ro‘zg‘orni ular yuritadi, uyda nima boru nima yo‘qligini ayollar yaxshi bilishadi. Ustiga ustak, ular onalardir. Farzandlarining extiyojlarini qondirish tashvishi avval onalarga tushadi. Ayniqsa, o‘zbek oilalarida bolalar o‘z dardlarini, asosan, onalariga aytishadi. Shu bois xotin kishi erkagini har kuni "u yo‘q, bu yo‘q deb "egovlaydi". Erkak ham ro‘zg‘orning to‘kis emasligini yaxshi biladi, ammo to‘kis qilishning yo‘lini topolmaydi. Xotin esa, tabiatiga ko‘ra uyda nimaningdir yo‘qligini eslataverishdan charchamaydi. Aytgani bo‘lavermagach, kemtiklik butlanavermagach, eridan norozi bo‘ladi, unga tik gapiradi. O‘zbekning erkagi qandayligidan qat’i nazar xotinidan gap eshitishga o‘rganmagani bois kambag‘allikni tug‘dirgan sababni bartaraf etishning emas, balki norozi bo‘laverib, erining hamiyatiga tekkan ayolining isyonini bostirish yo‘lini izlaydi. Va topadi: uni uradi.
O‘zbekning ayoli erining hamma kaltagiga ham dod sola bermaydi. Agar o‘zining aybi uchun kaltak esa, hech kimga bildirmaydi. Dod solish u yoqda tursin, keyinchalik ham birovga "tish yormaydi". Ammo janjal kambag‘alchilik tufayli kelib chiqsa-yu, musht bilan xotimalanadigan bo‘lsa, endi bizning ayollarni ma’zur tutib ko‘yasiz. U erining kambag‘alligini, noshudligini etti mahallaga yoyadi. Endi dod ovozi paydo bo‘lish sabablarining ikkinchi qismini ko‘rib chiqaylik: "...birovning uyi xatga tushadi". Bugungi o‘quvchi dastlab bu jumla zamiridagi haqiqatni payqamasligi mumkin. Shuning uchun unga oydinlik kiritilgani ma’qul: Kambag‘al odam bir balo qilib tirikchilik o‘tkazish, oilasining ochlikdan patorat topib ketmasligi uchun barcha yo‘qsullarning sinalgan usulini ishga soladi. Ya’ni birovdan qarz oladi.
Aniqki, qarz qachondir to‘lanishi kerak. Vaqtida to‘lanmagan qarz evaziga qarzdorning pichoqqa ilingudek mulki "xat"ga olinadi, garovga qo‘yiladi. Kambag‘alda qanday mulk bo‘lishi mumkin? Bola-baqrasi bilan yashab turgan va "bir qop somonu bir arava qamishdan" bino bo‘lgan uyda! Yomon bo‘lsada, boshpanasidan ajralgan odamning ahli ayoli dod solishi tabiiy. Bu xil dodlashlar tez-tez ro‘y berib turgani uchun ham, odamlarning qulog‘i o‘rganib qolgan. Hikoyada: "Ammo kampirning dodiga odam tez to‘plandi",- deb ta’kidlanadi. O‘ylab ko‘rish kerak: Nega? Chunki bu uydan shu paytgacha dod ovozi chiqmagan, uzoq yillar davomida cholu kampir bir-birlarini tushunib qolishgan, uy o‘zlariniki, xo‘qizlari ham bor edi. Hech kutilmaganda, kampirning dod solishi, odatdagi dodlovchi ovozlarga "begona" tovushning qo‘shilishi atrofdagilarni befarq qoldirmasligi aniq. Hikoyaning shu jihatlari ilg‘ab olinsa, undan kutiladigan estetik samaradorlik ortib boraveradi.
Hikoyadagi Qobil bobo holatini ham ichdan his etishga urinish lozim. Bunda ham eng yaqin asos – badiiy matn. Tasvirga e’tibor qaratilishi kerak: "Qobil bobo yalang bosh, yalang oyoq, yaktakchan og‘il eshigi yonida turib dag‘-dag‘ titraydi, tizzalari bukilib-bukilib ketadi, ko‘zlari jovdiraydi, hammaga qaraydi, ammo hech kimni ko‘rmaydi". Agar Qobil bobo holatini ichdan his etilmay, shunchaki o‘qib yoki eshitib ketilaversa, matn qudrati anglanmay qolaveradi. Qandaydir bir odamning qiynalganligini axborot sifatida bilib qo‘yish boshqa-yu, o‘sha odamning holatiga tushib, u kechirgan tuyg‘ularni his etish – boshqa. SHuning uchun ham Qobil bobo holatidagi hech bir chizgi nazardan chetda qolmasligi kerak. Nega Qobil bobo yalang bosh, yalang oyoq, buning ustiga yaktakchan? Qariyalarimiz hozir ham bosh yalang yurishni odobsizlik deb bilishadi. U paytlarda-ku yalang bosh yurish borib turgan shakkoklik hisoblangandir. Hikoyadagi bobo esa yalang bosh, yalang oyoq ekani kamlik qilganday, el ko‘ziga yaktaksiz ko‘ringanini qanday izohlash mumkin? Bu savollarga javob topish uchun e’tibor qahramonlarning tashqi holatini taftish qilishdan ichki dunyosini tekshirishga yo‘naltirilishi kerak. Shu o‘rinda "yaktakchan" so‘zi mamlakatimizning turli mintaqalarida turlicha tushunilishiga e’tibor qaratilishi lozim. Toshkent va Farg‘ona aholisining aksari qismi uchun "yaktakchan" degani yaktaksiz demakdir. Qolgan mintaqalardagi kishilar uchun esa faqat yaktakda mazmunini anglatadi. Badiiy vaziyatni anglab etgan tahlilchigina adib qaysi holatni ko‘zda tutganligini aniqlay oladi.
Cholning tizzalari "bukilib-bukilib" ketishiga sabab nima? Bu so‘zning ikki marta yozilganligiga diqqat qilish kerak. Chol nega "dag‘-dag‘" titraydi? Yaktaksizligi sabab sovqatganidanmi yoki boshqa ichki sabab bormi? Obrazning: "...hammaga qaraydi, ammo hech kimni ko‘rmaydi" tarzidagi holatini qanday tushunmoq kerak? Boboning ko‘zlari xirami yokikutilmagan baxtsizlik uning ko‘z oldini qorong‘ulashtirdimi? O‘zi aslida, cholning ko‘zi xiralashdimi yoki aqli?
Tahlil qamroviga ellikboshini ham olish lozim. Burunsizligi, ovozining pangligi tufayli boshdanoq yoqimsiz bo‘lgan ellikboshining dabdurustdan boboni sensirab: "Ho‘kizing hech qayoqqa ketmaydi, topiladi!" – deya karomat qilishi kishidagi noxush taassurotni yanada kuchaytiradi. Agar estetik nishon to‘g‘ri olinsa, asarda juda nozik ishoralar borligini ko‘rish, ularning tagiga ham etish mumkin.
Ellikboshi og‘ilning o‘g‘ri teshgan erini nima sababdan ikki bor taftish qilgani, qayta-qayta sinchiklab tekshirgani, hatto ustunni ham kimirlatib ko‘rganini izohlash zarur. Sal e’tibor qilgan kishiga bu harakatlar tagidagi g‘araz ko‘rinib qoladi. Ellikboshi o‘zini o‘g‘rini topishga astoydil urinayotgan kishi qilib ko‘rsatmoqchi, cholning ishonchini qozonib, undan biror narsa undirmoqchi. Buning uchun u jabrdiydaning ishonchini qozonishi kerak. Albatta, Qobil bobo bu g‘arazni sezmaydi. Chunki kutilmagan baxtsizlik uning keksa aqlini yanada xiralashtirib qo‘ygandi.
Shu vaqtga qadar karaxt bo‘lib turgan Qobil boboning ellikboshi ho‘kiz topiladi, deb ishonch bilan aytgandan keyin yig‘lab yuborganligi sababini anglatish kerak. Bu haqda bosh qotirish kishida boshqa insonni tuyish, o‘zgani tushunish sifatlarini shakllantiradi.
Ellikboshining keyingi harakatlari uning qanday shaxs ekanligini yanada yaqqol ko‘rsatadi: "Yig‘lama, yig‘lama deyman! Ho‘kizing oqposhsho qo‘l ostidan chiqib ketmagan bo‘lsa topiladi". Ellikboshining keksa odamga, buning ustiga, kulfatga yo‘liqqan yon qo‘shnisiga nega bunchalik dag‘dag‘a qilayotgani haqda o‘ylab ko‘rish kerak. Ellikboshi boshiga ish tushgan kishiga yordam berishni emas, balki undan biror narsa undirib qolishni o‘ylaydi. To‘g‘ri gapni to‘g‘rilikcha aytsa, avvalo, nimadir qilish kerak bo‘ladi, ikkinchidan, pora olish mumkin bo‘lmay qoladi. Ta’maning yo‘lini yaqinroq qilish va cholni ho‘kizi topilishiga ko‘proq ishontirish uchun esa uni sensirayadi.
Manfaatga qul bo‘lgan odam imondan ayriladi. Kishi o‘z manfaatining yugurdagiga aylanib qoladi. Bosgan, hatto bosmagan qadamidan ham foyda chiqarishga urinaveradi. Bu yo‘lda insof, shafqat singari tuyg‘ulardan ayriladi. SHu bois: "Ho‘kizing oq poshsho qo‘l ostidan chiqib ketmagan bo‘lsa topiladi»,- deb cholni masxaralagan ellikboshi hech narsa qilmay turib, pora olishdan tortinmaydi. Tahlil qiluvchi ellikboshining so‘zlari zamiridagi masxaraomuz ma’noga e’tibor qaratishi shart. Aks holda, ellikboshining qiyofasi to‘liq anglashilmay qolishi mumkin. "...Oq poshshoning qo‘l ostidan chiqib ketmasa" topiladigan ho‘kizni izlash ellikboshining xayoliga ham kelmaganligi tahlil maromidan sezilib turishi kerak. O‘g‘ri ho‘kizni go‘yo chet elga olib ketishi mumkinday, Afg‘on erlaridan to Xitoy mulkigacha bo‘lgan bepoyon hududdan chiqib ketmagan bo‘lsa, topaman deyish, qariyani masxaralashdan boshqa narsa emasligi anglashilishi zarur. Bu hol ellikboshi ma’naviyatining qanchalar qurum bosganligini ko‘rsatuvchi dalildir.
Endi kitobxonlar diqqati olingan pora evaziga ellikboshi ko‘radigan tadbirning nechog‘lik bema’ni va nokerak ekanligiga qaratilishi zarur. Choldan oladiganini olgan ellikboshi ho‘kizning yo‘qolgani haqida: "beto‘xtov aminga xabar qilaman",- deb va’da beradi. Anchagina pul hisobiga ko‘rmoqchi bo‘lgan tadbiri keraksizligi oldindan ayon bo‘lsada, u hatto shuni ham bajarmaydi. Xo‘sh, u holda ellikboshi aminni tilga olganligining sababi nimada? Buning sababi shundaki, amin ham o‘g‘rilik zanjirining muhim halqalaridan bo‘lib, boshiga ish tushgan himoyasiz bechoralar uni ham boqishlari darkor edi.
Ho‘kizi yo‘qolganidan xabardor qilish va undan: "beto‘xtov pristavga xabar qilaman",- degan g‘oyat "muhim" tadbir va’dasini olish uchun Qobil bobo aminga ham pora beradi. Daxshatlisi shundaki, oxir oqibatda pristavga ham boboning o‘zi xabar etkazadi va jabrlanganligini aytib yordam so‘rashning o‘zi uchungina ham o‘rislarning katta amaldoriga, ham uning "o‘zimizdan chiqqan" tilmochiga pora berishga majbur bo‘ladi. Pristavning ko‘rgan chorasi esa, ellikboshi va aminnikidan ham g‘aroyibroq, ya’ni "Aminga bor",-deyishdangina iborat.
Insonning qadri toptalgan, sha’ni, huquqi oyoq osti qilingan holatning shafqatsiz manzarasi kishi qalbini iztirobga to‘ldiradi. Nega bu odamlar bu qadar yuzsiz? Porasiz-ku qimir etmas ekan, jilla qursa, pora olishgach ham harakatga. qilishni ep ko‘rishmaydi. Hech qanday ish qilmay turib, birovdan ta’ma qilishdan xijolat bo‘lmasligi sababi nimada? Badiiy tahlil natijasida kishini shu xildagi o‘ylar bezovta qilsa, komil shaxsni shakllantirish jarayoni boshlangan bo‘ladi. O‘quvchilarda qarshilik ko‘rsata olmaydigan, haqini ajrata bilmaydigan ojiz odamlarni toptaydigan noinsof kimsalarga nisbatan nafrat uyg‘onishi, bechoralarga achinishi badiiy tahlil uchun yuksak natijadir.
Amin bilan Qobil bobo orasidagi munosabat atroflicha tahlil qilinishi kerak. Arzga kelgan cholni ko‘riboq "og‘zini ochmay kekirgan, so‘ng baqbaqasini selkillatib kulgan", ho‘kizni atay sigir deb cholni masxaralagan, "yo‘qolmasdan oldin bormidi", "Birov olib ketsa qaytib kela ber, deb qo‘yilmagan ekanda!"- deya qariya ustidan ochiqchasiga kulgan, Qobil bobo oldida "chinchalog‘ini ikkinchi bo‘g‘inigacha burniga" tiqib, so‘ng "etigining tagiga art"gan, hech tortinmay bobodan pora ta’ma qilgan amin qiyofasidagi belgilarni butun daxshati, bor xunukligi, butun murakkabligi bilan his etgan kishigina Qobil bobo fojiasini chuqur anglaydi. Uylab ko‘rish zarur: amin hamisha ham o‘zini shunday tutarmikin? Aminning o‘z chirkin qiyofasini bu qadar yashirmayotganligiga sabab nimada? Ehtimol, jazosizlikdadir?
Amin Qobil boboni odam o‘rnida ko‘rmaganligi uchun unga bir hayvon yanglig‘ munosabatda bo‘ladi. Qariyadan uyalishni ham lozim topmaydi. Uni uyalishga arzimaydi deb hisoblaydi. Shu bois chinchalog‘ini burniga tiqadi, qolog‘ini etigining tagiga artadi. Qanchalik befarosat va tarbiyasiz bo‘lmasin, amin boshqa kishining oldida shu jirkanch qiliqlarini qilmagan bo‘lardi. Qobil bobodan esa tortinmaydi. Chunki uningcha, bobo inson emas. Inson bo‘lmagan maxluqdan esa uyalib o‘tirilmaydi. Qadimgi Yunonistonda azamat va devqomat gladiatorlar bekalarini hammomga olib kirib yuvintirib qo‘yishgan. Sohibjamol bekalar qullardan uyalishni xayollariga ham keltirmaganlar. Chunki uyalish insonga xos bo‘lganidek, faqat insondan uyalinadi! Qul esa odam emas! Aminning Qobil boboga munosabatida ana shu holat belgi beradi.
Amin nechog‘lik yuzsiz bo‘lmasin, unda baribir qandaydir o‘zbeklik unsurlari saqlanib qolgan. Qobil bobo ilojsizlikdan, xo‘rligi kelganidan, masxara bo‘layotganidan alam qilib yig‘lasa, "yig‘lama" deya olmaydi, lekin "yig‘lamang" degisi ham kelmaydi. SHu bois "yig‘lanmasin" deb vaziyatdan chiqadi. Hikoyanavis timsollar tabiatidagi eng mayda holatlarni ham bexato ilg‘agan va mahorat bilan aks ettirgan. Ellikboshi Qobil boboga ta’sirinio‘tkazish, yolg‘oniga ishontirish uchun oldin unga sensirab gapiradi. Oladiganini olib bo‘lgach esa, hech narsa bo‘lmaganday, doimgiday sizlab muomala qilaveradi.


Xulosa
Axborot almashinuvning globallashuvi, dunyoning kichrayib, odam imkoniyatining ortishi adabiyot o‘qitishga tamomila yangicha yondashish zaruriyatini keltirib chiqardi. Bugungi odam badiiy asarga yaqin o‘tmishdagi kabi taqlid vositasi, ibrat yoxud o‘rnak manbai sifatidagina qaramaydi. XXI asr kishisi uchun badiiy adabiyot butunlay o‘zgacha mohiyat kasb etadi. Binobarin, uni ommaviy tarzda maktabda o‘qitish ham o‘ziga xos yo‘sinda amalga oshirilishi lozim bo‘ladi. Davr o‘zgarishi bilan badiiy adabiyotning mohiyati ham, adabiyotni o‘quv fani sifatida o‘qitish jarayonini uyushtirish yo‘sinlari ham jiddiy o‘zgarishlarga uchraydi.
Ma’lumki, adabiyot – bu so‘z san’ati. Binobarin, san’atni qoliplarga moslashtirish uning taraqqiyotiga to‘siq bo‘lishi mumkin. Bu hodisaning har qanday holatga ham tatbiq qilish mumkin bo‘ladigan universal jihati unchalar ko‘p emas. Agar shunday jihat bo‘lsa, adabiyot o‘z mohiyatini yo‘qotgan bo‘lardi. Lekin uni o‘qitish jarayoni adabiyotning o‘zi bilan bir narsa emas. To‘g‘ri, adabiyot – san’at. Ammo adabiyotni o‘qitish jarayoni adabiyotning o‘zidan farq qiladi. Bu jarayonning qonuniyatlarini kashf etish, universal jihatlarini topish mumkin.
Adabiyot o‘qitishdagi eng ilg‘or tajribalarni umumlashtirmay, deyarli barcha darslarda qo‘llash mumkin bo‘ladigan universal qonuniyatlarni kashf etmay turib, yoshlarga adabiy tarbiya berish samaradorligiga erishib bo‘lmaydi. Adabiyotshunoslik nazariyasi fani adabiy ta’lim kechimidagi ana shu eng umumiy jihatlarni o‘rganishi, adabiyot o‘qitishda qo‘llaniladigan metod va usullarni ishlab chiqishi kerak. Ammo “universal qoidalar” tushunchasini har qanday holatda ham hech bir o‘zgarishsiz qo‘llayverish mumkin bo‘lgan doimiy usullar tarzida qabul etmaslik kerak. Negaki, yoppa universalizmni tatbiq etish mumkin emas (universalizm - ta’lim jarayonida bir martadan ko‘proq ishlatish mumkin bo‘lgan didaktik usul va echimlar).
Adabiyot o‘qitish samaradorligini oshirish yuzasidan beriladigan tavsiyalar retsept yo‘nalishida, bir marta o‘rganib olib umr bo‘yi qo‘llayveradigan axborot sifatida emas, balki konseptual tabiatga ega bo‘lib, har qanday masala echimining turli variantlari bo‘lishi mumkinligi ko‘zda tutilishi kerak.
Adabiyotshunoslik nazariyasi fani adabiy jarayonni o‘rganish, umumlashtirish va ilmiy xulosalar chiqarish hamda bu yo‘nalishda ilmiy tadqiqotlar olib borishning o‘ziga xos metodlariga ega. Kuzatish, so‘rov, tabiiy sinov, laboratoriya eksperimenti, talabalarning yozma ishlarini tadqiq etish, og‘zaki javoblarni tekshirish singari qator ilmiy-tadqiqot metodlari borki, ular ko‘magida adabiyot bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib boriladi.
Adabiyotshunoslik yo‘nalishidagi fanlar, jumladan, “Adabiyotshunoslikka kirish”ni o‘qitishda xorijiy davlatlardagi ilg‘or tajribalardan foydalanish talabalarning mavzularni o‘zlashtirishida, unda qo‘yilgan masalalar mohiyatini anglab olishida yaqindan yordam beradi. Shuning uchun birinchidan, “Adabiyotshunoslikka kirish” fani tahlilga imkon qadar ko‘proq vaqt ajratishi lozim.

Download 292.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling