Bilish nazariyasi


Gnoseologiyada haqiqat tushunchasi


Download 18.15 Kb.
bet3/6
Sana15.06.2023
Hajmi18.15 Kb.
#1486533
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
Bilish va uning shakillari

Gnoseologiyada haqiqat tushunchasi muhim o‘rin tutadi. Haqiqat inson bilimlarining voqelikka muvofiq kelishidir. Haqiqatni ochish yoki ilmiy haqiqatga erishish har qanday ilmiy bilishning asosiy vazifasi hisoblanadi. Haqiqat o‘zining mazmuniga ko‘ra mutlaq va nisbiy bo‘lishi mumkin. Fan haqiqati hamisha nisbiy harakterga ega bo‘lib, ularning majmuasidan mutlaq haqiqat vujudga keladi.
Haqiqat o‘z mazmuniga ko‘ra hamisha obyektivdir. Ya’ni uning mavjudligi ayrim kishilarning xohish-irodasiga bog‘liq emasdir. Masalan, O‘zbekistonning milliy mustaqilligi obyektiv haqiqatdir. Ayrim kishilarning bu mustaqillikni tan olish yoki olmasligidan qat’i nazar, bu haqiqat o‘z mazmunini saqlab qolaveradi. Haqiqatni atayin buzish yoki soxtalashtirish oxir-oqibatda fosh bo‘ladi va o‘z qadrini yo‘qotadi. Shuningdek, haqiqat hech qachon mavhum emasdir. U hamisha konkretdir. Hegel so‘zlari bilan aytganda, nimaiki voqe bo‘lsa, u haqiqatdir, haqiqat — voqelikdir. Haqiqat mazmunining konkret harakteri joy, vaqt va sharoitni e’tiborga olishni talab etadi.
Gnoseologiyada tabiiy-ilmiy va ijtimoiy bilishning o‘ziga xos xususiyatlarini anglash muhim ahamiyatga egadir. Uzoq yillar davomida tabiatshunoslik fanlariga xos bo‘lgan obyektivlik, xolislik ilmiylikning muhim mezoni deb hisoblab kelindi. Biroq XX asr o‘rtalarida fan-texnika inqilobi insoniyat oldida paydo bo‘lgan muammolar tabiatshunoslik fanlari oldiga qadriyatli yondashuv vazifasini qo‘ya boshladi. Aqlli mavjudot bo‘lgan inson har qachon tabiatni o‘rganishda hamisha o‘z manfaatlarini ko‘zlaydi. Tabiat resurslari cheksiz va bitmas-tuganmasdir, degan bir yoqlama qarash oxir-oqibatda inson tomonidan tabiatga nisbatan shafqatsiz munosabatni vujudga keltirdi. XX asr oxirlariga kelib tabiatga nisbatan insonlarcha, qadriyatli munosabatda bo‘lish zaruriyati chuqurroq anglana boshladi.
Ijtimoiy fanlar hamisha mavjud siyosiy tuzum, davrning talab va ehtiyojlari bilan uzviy bog‘liq ravishda rivojlanadi. Ijtimoiy bilishda jamiyat ham bilish obyekti, ham bilish subyekti sifatida namoyon bo‘ladi: insoniyat o‘z tarixini yaratuvchi va o‘z-o‘zini biluvchidir.
Tabiatshunoslikda nisbatan barqaror sistemalar bilish obyekti hisoblanadi. Tabiatdagi narsa va hodisalar tadqiqotchiga hech qanday qarshilik ko‘rsatmaydilar. Ijtimoiy bilishda esa, nisbatan tez o‘zgaruvchi sistemalar bilish obyekti hisoblanadi. Ijtimoiy bilishga xos bo‘lgan muhim xususiyat shundaki, u moddiy ishlab chiqarish sohalarinigina emas, balki jamiyatning ancha murakkab ma’naviy hayotini, ijtimoiy-siyosiy munosabatlarni, qarashlar va g‘oyalarni ham o‘rganadi. Ijtimoiy fanlar milliy g‘oya va milliy istiqlol mafkurasini shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi.
Gnoseologiyaning maqsad va vazifalari, bilishning mohiyati va mazmuni to‘g‘risida zarur bilimlarga ega bo‘lish mamlakatimizda bilimdon, har jihatdan etuk barkamol inson shaxsini shakllantirishda alohida o‘rin tutadi. Bilish nazariyasi bo‘lajak mutaxassis-kadrlarda muayyan ilmiy layoqat va qobiliyatlarni shakllantirishga ko‘maklashadi. Milliy mustaqillik yillarida gnoseologiya oldiga qo‘yilayotgan eng muhim vazifalardan biri, ilmiy bilimlarning jamiyatimiz taraqqiyoti, tinchligi va farovonligi uchun xizmat qilishini ta’minlaydigan omil va mexanizmlarni o‘rganish, ulug‘ ajdodlarimizning ilmiy bilimlarni rivojlantirish borasida orttirgan tajribalarini keng ommalashtirishdir.

Download 18.15 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling