Bilmasboy quyosh shahrida
Download 352.1 Kb.
|
Bilmasboy quyosh shahrida
Sakkizinchi bob
SAYOHAT Pufakni iliq havo bilan to'ldirib bo'lishdi. Bilag'on qozonni olib ketishni buyurdi va iliq havo pufakdan chiqib ketmasin deb rezina quvurni arqon bilan o'zi bog'lab qo'ydi. Keyin hammaga savatga chiqinglar, deb buyurdi. Eng oldin Shoshqaloq, undan keyin Bo'g'irsoq chiqdi. U sal bo'lmasa boshqa mittilarning ustiga yiqilib tushayozdi. U semizgina, hamma cho'ntaklari mayda-chuyda narsalarga — qand-qurs va pechenyega to'la edi. Buning ustiga, har ehtimolga qarshi kalishini kiyib, qo'liga soyabonni ushlab olibdi. Bo'g'irsoqni ko'plashib savatga chiqarishdi, uning ketidan qolgan bolalar ham amallab chiqib olishdi. Sharbatjon savat atrofida o'ralashib yurib, hammani chiqarardi: Marhamat qilib, chiqa qolinglar, — derdi u, — yaxshilab joylashib olinglar, joy hammaga ham yetadi. — O'zing ham chiqib ol, — deyishdi unga. — Ha, chiqarman, — deb javob berdi Sharbatjon, — avval sizlar chiqib olinglarchi. U hammani qo'ltig'idan ko'tarib, orqasidan suyab yuqoriga chiqishiga yordam berardi. Nihoyat, hamma savatga chiqdi, pastda Sharbatjonning bir o'zi qoldi. — Sen nega chiqmayapsan? — deb so'rashdi undan. — Chiqmasam tuzuk bo'larmikin, — deb javob berdi Sharbatjon. — Juda semizman. Mensiz ham u yer sizlarga torlik qilyapti. Og'irlik qilamanmi deb cho'chiyapman. — Cho'chimay qo'ya qol, hech qanaqasiga og'irlik qilmaysan. — Yo'q og'aynilar, o'zlaring ucha qolinglar. Sizlarni shu yerda kutib turaman. Sizni qisib qo'yishning nima keragi bor! — Sen hech kimni qismaysan, — deb javob berdi Bilag'on, — chiqib ol. Hammamiz uchmoqchi bo'ldikmi. birgalikda uchamiz. Sharbatjon istar-istamas savatga chiqqan edi, to'satdan osilib turgan savat pufak bilan birga lop etib yerga tushib qoldi. — Ana uchishdi! — deb kuldi devorda o'tirgan Jinqarcha. — Sen nega kulyapsan? — deb unga baqirdi Tolib. — Bu yerda ko'ngilsizlik yuz berdi-ku, u bo’lsa kuladi-ya! — Hech qanday ko'ngilsizlik yo'q, — dedi Shishajon. — Havo pufagi faqat o'n besh bolaga mo'ljallangan, o'n oltitani ko'tarolmaydi. — Bundan chiqdi, uchishmas ekanda? — deb so'radi Tolib. — Birortasini qoldirishga to'g'ri keladi, undan keyin uchadi, — dedi Shishajon. — Ehtimol, Bilmasvoyni qoldirishar, — dedi Chivinoy. Havo pufagida uchishdan cho'chigan Sharbatjon xursand bo'lib: — Ana, aytmadimmi, og'irlik qilaman deb! Yaxshisi men tushib qolay, — dedi. U tushib qolish uchun oyog'ini ko'targan ham ediki Bilag'on bir qop qumni savatdan tashlab yubordi. Pufak shu zahotiyoq yengillashib tag'in yuqoriga ko'tarildi. Bilag'on qumli qoplarni nima uchun savatga soldirganini hamma shundan keyingina payqadi. Barcha chapak chalib yubordi, Bilag'on bo'lsa qo'lini yuqoriga ko'tarib, mittilarga qarata nutq so'zladi: — Xayr, og'aynilar! — deb qichqirdi u. — Biz uzoq o'lkalarga uchib ketyapmiz. Bir haftadan keyin qaytib kelamiz. Xayr, og'aynilar! — Xayr! Xayr! Oq yo'l bo'lsin! — deb mittilar baqirishar, qo'llarini, bosh kiyimlarini silkishardi. Bilag'on qalamtaroshini olib savatdan yong'oq shoxiga bog'langan arqonni qirqib yubordi. Pufak bir sirg'alib yuqoriga ko'tarildida, yoni bilan shox-shabbalarga ilinib qoldi, lekin shu zahotiyoq ilingan joyidan chiqib, tezlik bilan osmonga ko'tarila boshladi. — Ura! — deb baqirishdi mittilar. — Yashasin Bilag'on va uning o'rtoqlari! Ura-a! Hamma chapak chalib, qalpoqlarini osmonga ota boshlashdi. Mittivoylar sevinishganidan bir-birlarini quchoqlab olishdi. Hatto Chivinoy bilan Munchoqoy o'pishib olishdi. Gunafshaxon bo'lsa yig'lab yubordi. Pufak balandga ko'tarila bordi. Shamol uni yon tomonga uchirardi. U tez orada zangori osmonda zo'rg'a ko'rinadigan kichkina nuqtaga aylandi. Shishajon tomning tepasiga chiqib olib, durbinida qora nuqtani ko'ra boshladi. Uning yonginasida, tomning chetida shoir Gulshaniy turardi. U qo'lini ko'ksiga qo'yib, go'yo bir narsani o'ylaganday, shovqin solayotganlarga suyunib qarab turardi. U to'satdan qulochini keng ochib, bor ovozi bilan: — She'r eshitinglar! She'r! — deb baqirdi. Atrof birdan jim bo'lib qoldi. Hamma boshini ko'tarib, Gulshaniyga qaradi. — She'r! — deb shivirlashdi mittilar. — Hozir she'r o'qishar ekan. Gulshaniy jimlik bo'lishini kutib turdi. Keyin uchib ketgan pufakka qo'lini cho'zib, sal yo'talib qo'ydi, yana: — She'r, — dedi. Keyin hozirning o'zida to'qigan she'rini o'qiy boshladi: Ulkan pufakni to'ldirdik parga, Ko'tarilmadi ko'kka bekorga. Bizning mittilar qush bo'lmasa ham, Ko'kka uchishga yarar chinakam. Bu ish judayam oson-ku, attang! Endi aqlimiz yetibdi, qarang! Keyin birdan qiyqiriq ko'tarildi. Hamma yana chapak chaldi. Bolalar Gulshaniyni tomdan tushirib, uyigacha qo'lda ko'tarib borishdi. Ular gul barglarini yulib olib, Gulshaniyga otishardi. Bugun Gulshaniy go'yo havo pufagini o'zi o'ylab topib, unda ko'kka uchganday dovrug' qozondi. Uning she'rini hamma yodlab olib, ko'chalarda aytib yurishdi. O'sha kuni ancha paytgacha goh u yerda, goh bu yerda: Bu ish judayam oson-ku, attang! Endi aqlimiz yetibdi, qarang, — degan misralar eshitilib turdi. Download 352.1 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling