Biogeotsenoz (bio geo va yun koinos umumiy)
Download 17.1 Kb.
|
Биогеоценоз
Biogeotsenoz (bio..., geo... va yun. koinos — umumiy) — Yer yuzining muayyan bir qismi doirasida shakllangan tabiat sistemalarining oʻzaro boglangan va bir-birini taqozo etadigan murakkab majmui. Jami B.ning organik moddalari va energiya potensialini yaratuvchi yashil oʻsimliklar B.ning asosiy komponenti hisoblanadi. B. tabiatdagi eng murakkab sistemalardan biri. Avtotrof organizmlar (fotosintezlovchi yashil oʻsimliklar va xemosintezlovchi mikroorganizmlar) hamda geterotrof organizmlar (hayvonlar, zamburugʻlar, koʻpgina bakteriyalar, viruslar) B.ning tirik komponentlariga, atmosferaning Yerga yaqin qatlami, undagi gaz hamda issiqlik resurslari, Quyosh energiyasi, tuproq va uning suvmineral resurslari esa jonsiz komponentlariga kiradi. B. taraqqiy etib va oʻzgarib turadi. Yerning jami B.lari majmui biosferami tashkil etadi. B. oʻz tarkibining nisbatan turgunligi, bir xilligi bilan ajralib turadi, shu bilan birga ularning inson faoliyati bilan yaratiladiganlari juda oʻzgaruvchan. Har bir B. yagona murakkab organizMni tashkil etadi. Shuning uchun unga taʼsir etishda B.ning hamma komponentlari oʻrtasida vujudga kelgan aloqadorlik va oʻzaro taʼsirini hisobga olish zarur. B.dagi bir yoki bir qancha komponentlarning oʻzgarishi biogeotsenozaro boglanishning barcha majmui butunligini buzilishga olib keladi. Maye, dunyo boʻyicha qishloq xoʻjaligi ekinlari hosilining oʻrtacha 25% zararkunanda va kasalliklardan nobud boʻladi. Ularga qarshi kimyoviy preparatlar qoʻllash bevosita ijobiy natijalar berish bilan birga jiddiy salbiy oqibatlarga ham olib keladi va pirovardida inson tomonidan yaratilgan sunʼiy B., yaʼni agrotsenoz mahsuldorligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Oʻrta Osiyoning qurgʻoqchil yerlarida sunʼiy B.ning shakllanishi (mas, Mirzachoʻlning oʻzlashtirilishi) katta ahamiyatga ega boʻlib, insonning tabiatga rejali ravishda taʼsir koʻrsatishiga misol boʻla oladi. Har yili sugoriladigan yerlar agrotsenozlaridan olinayotgan millionlab tonna paxtani aytib oʻtishning oʻzi kifoya. Agrotsenoz, xususan paxta agrotsenozi, ayniqsa, monokultura sharoitida sodda, past darajada rivojlangan va shu sababli noturgun sistemaga aylanadi. Shuning uchun agrotsenozlarda turlar boʻyicha xilmaxillikka intilish zarur. Bu yoʻnalishda dala ihota oʻrmon mintaqalari barpo etish, ilmiy asoslangan almashlab ekishni oʻzlashtirish, qishloq xoʻjaligi zararkunandalariga qarshi kurashning biologik usullarini qoʻllash, yaʼni agrotsenozlarga foydali hayvonlarni, mas, entomofaglarni jalb etish va boshqa maʼlum ahamiyatga ega. B. haqidagi bilimlar, texnika imkoniyatlari, xoʻjalik yuritish iqtisodiyoti va madaniyati rivojlangan sari B. tarkibidagi agrotsenozlar ekinlar mahsuldorligini oshirishda yanada samarador boʻladi.[1] Download 17.1 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling