Biologik faol moddalar Oqsillar


Oqsil ishlab chiqarish biotexnologiyasi


Download 318.97 Kb.
Pdf ko'rish
bet2/7
Sana17.06.2023
Hajmi318.97 Kb.
#1535991
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
Biologik faol moddalar Oqsillar

Oqsil ishlab chiqarish biotexnologiyasi 
 
Ma’lumki, oqsillar inson iste’mol qiladigan ovqat tarkibidagi eng zaruriy 
oziq moddalardan biri hisoblanadi. Ular organizmda kechadigan barcha hayotiy 
jarayonlarda faol qatnashadi. Ularsiz tiriklikni tasavvur qilib bo‘lmaydi. 
Yuqoridagilardan tashqari oqsillardan oziq-ovqat sanoatining boshqa ayrim 
sohalarida, qishloq xo‘jaligida, chorvachilik, baliqchilik, parrandachilik kabi 
sohalarda, kosmetikada keng foydalaniladi. Muhimi aytib o‘tilgan sohalarning 
jadallik bilan rivojlanib borishi, kishilarning oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan 
talabining ortib borishi va boshqalar oqsil ishlab chiqarishni yanada 
jadallashtirishni taqozo etadi. Bu esa oqsillarni biotexnologik yo‘llar bilan ishlab 
chiqarish masalasini ko‘ndalang qo‘yadi. Buning boisi biotexnologik yo‘l bilan 
ishlab chiqariladigan oqsillar arzon, sifatli, samarali va tezkor xususiyatlari bilan 
ajralib turadi. 
Oqsil ishlab chiqarish keng ko‘lamli va murakkab sohalardan biri 
hisoblanib, hozirgi kunda kishilar ehtiyoji uchun zarur oqsillarni ozuqa achitqilari 
tarkibida olish, bakteriyalar sintezi yo‘li bilan olish, turli suvo‘tlar va boshqa 
o‘simlik mahsulotlaridan ajratib olish, mikroskopik zamurug‘lardan olish va 
boshqa usullar mavjud. 
Quyida ana shu usullar, ularning mohiyati, o‘ziga xos jihatlari
kamchiliklari, qulayliklari va afzal jihatlari xususida fikr yuritamiz. 
Ozuqa achitqilari oqsillari. Achitqilar qadim zamonlardan boshlab inson 
hayotida keng qo‘llanilib kelinmoqda. Ulardan hozirgi kunda ham samarali 
foydalanish istiqbollari ishlab chiqilgan. Biroq achitqi zamburug‘larining inson va 


hayvonlar uchun ishlatiladigan oqsil manbai sifatidagi roli dastlab birinchi jahon 
urushi davrida aniqlandi. Bunda Germaniyada pivo achitqilari (Saccharomyces 
cerevisiae) o‘stirishning sanoat texnologiyasi yaratilgan bo‘lib, olingan mahsulot 
oziqa mahsulotlari tarkibiga kiritilgan. 
Shunda so‘ng bu texnologiya boshqa davlatlarda ham keng rivojlantirildi. 
Sobiq Ittifoqda achitqi oqsillari texnologiyasi 1930 yillardan so‘ng ishga 
tushirilgan. Bunda dastlab achitqilar daraxtlarni va boshqa sellyuloza saqlovchi 
moddalarning kislotali gidrolizatlarida o‘stirilgan. Kislotali gidroliz oqibatida 
sellyuloza 
saqlovchi 
polimerlar 
kichikroq 
monomerlargacha 
(masalan, 
shakargacha) parchalanadilar, ular esa o‘z navbatida achitqilar uchun juda yaxshi 
ozuqa muhiti hisoblanadi. Bunday maqsadda somon, paxta sheluxasi, kungaboqar 
boshi, zig‘ir poyasi, makkajo‘xori poyasi, g‘o‘zapoyadan va boshqa sellyuloza 
saqlovchi substratlardan samarali foydalanish mumkin. 
Aytib o‘tilgan usulning mohiyati quyidagicha. Maydalangan katta miqdorda 
kletchatka, gemitsellyulozalar, pentozanlar saqlovchi o‘simlik mahsulotlari yuqori 
harorat va bosimda kislotalar yordamida parchalanadi. Buning natijasida 60-65% 
polisaxaridlar monosaxaridlarga aylanadi. Olingan gidrolizat lignindan ajratiladi, 
gidrolizdan ortib qolgan kislota qoldig‘i ammiak suvi yoki boshqa ishqor 
yordamida neytrallashtiriladi. Biroz tindirilib, sovutilgan gidrolizatga mineral 
tuzlar, vitaminlar va boshqa moddalar solinadi va fermenterlar sexiga o‘tkaziladi. 
Olingan substratga achitqilar ekib, o‘stiriladi. O‘simlik chiqindilari 
gidrolizatlarida o‘stirish uchun Candida, Torulopsis, Saccharomyces achitqilari 
mos kelib, ular geksoza, pentoza, organik kislotalarda (bu moddalar gidroliz 
natijasida hosil bo‘ladi) yaxshi o‘sib rivojlanadilar. Optimal sharoitda 1 t daraxt 
chiqindisidan 200 kg gacha ozuqa achitqisi tayyorlash mumkin. 
Ozuqa achitqi tayyorlash uchun ular suyuq muhitda maxsus ustqurmalarda 
(ular fermentyorlar deb ham yuritiladi) o‘stiriladi. Fermentyorlarda ozuqa muhitini 
doimiy ravishda aralashtirib turish hamda aeratsiya (ya’ni havo yetkazib berilishi) 
uchun optimal sharoit yaratilgan bo‘ladi. 


Belgilangan issiqlikni bir meyorda ushlab turish uchun fermentyorda 
ortiqcha issiqlikni chiqarib turadigan joy mo‘ljallangan. Achitqilarni o‘sish davri 
taxminan 20 soat davom etadi. Ammo ularni yarim uzluksiz usulda o‘stirish usuli 
ham ishlab chiqilgan. Bu usulga asosan har 6-8 soatda fermentyorda o‘stirilgan 
achitqining 3/4 qismi qo‘yib olinadi va qolganini ustiga sterillanib, sovutilgan 
oziqa muhiti yuboriladi va shu holda bir necha haftalab, hattoki oylab fermentyorni 
to‘xtatmasdan mahsulot olish mumkin bo‘ladi (1-ilovada shunday fermentyor 
chizmasi keltirilgan). 
Fermentyordan chiqarib olingan achitqi suspenziyasi maxsus nasoslar orqali 
flotatsiya qiladigan (ajratadigan) ustqurmaga yuboriladi va u joyda achitqi 
biomassasi o‘stiruvchi muhitdan ajratiladi. Bu jarayon davomida achitqi 
xujayralari ko‘pik bilan birga tepaga ko‘tariladi va suyuqlikdan dekantatsiya yo‘li 
bilan ajratib olinadi. Biroz tindirib qo‘yilgandan keyin achitqi massasi separator 
yordamida yana ham quyultiriladi. Achitqilar hayvon organizmida yaxshi 
so‘rilishi, ya’ni to‘la hazm bo‘lishi uchun ularga maxsus ishlov beriladi (masalan, 
mexanik, ultratovush, issiqlik, fermentativ usullar bilan). Bunda hujayra 
qobig‘ining bir tekis yorilishigacha olib kelinadi. Keyin achitqi massasi keraklicha 
suvsizlantiriladi va quritiladi. Tayyor mahsulotda namlik 8-10% dan oshmasligi 
kerak. Quruq achitqi massasida 40-60 % oqsil bo‘ladi. 
Shuni alohida aytish lozimki, achitqilar tarkibida oqsildan tashqari yengil 
hazm bo‘ladigan uglevodlar (25-30%), yog‘lar (3-5%), kletchatka va kul moddalari 
(6-7%), katta miqdorda (50 mg% gacha) vitaminlar bo‘ladi. 
Biotexnologik usullarning taraqqiy etishi bilan keyingi yillarda achitqilarga 
ultrabinafsha nurlar ta’sir ettirish orqali ularda vitamin D2 miqdorini oshirish usuli 
yaratilgan. D2 vitaminni ultrabinafsha nurlar ta’sirida achitqilarda ko‘p miqdorda 
mavjud bo‘lgan ergosterinlardan paydo bo‘ladi. Tayyor mahsulotning fizikaviy 
xususiyatlarini yaxshilash maqsadida ular granulalar (donador) holatida ishlab 
chiqiladi. 
Yuqorida achitqi zamburug‘lari uchun turli substratlar haqida fikr yuritdik. 
Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, achitqilarni o‘stirish uchun yaxshi substratlardan 


biri sifatida sutni qayta ishlash jarayonlarida chiqindi sifatida qoladigan zardobni 
keltirish mumkin. 1 t zardob tarkibida o‘rtacha 10 kg gacha sifatli oqsil moddasi va 
50 kg laktoza shakari saqlanadi. Bu moddalar mikroorganizmlar tomonidan oson 
iste’mol qilinadi. Zardob tarkibidagi oqsilni ajratib olish uchun samarali 
ultrafiltratsiya usuli ishlab chiqilgan. Bu usul membranalar yordamida yuqori 
hamda kichik molekulyar og‘irlikka ega bo‘lgan moddalarni ma’lum bosim ostida 
ajratishga mo‘ljallangan. Bu usul bilan ajratib olingan oqsil quruq sut tayyorlashda 
yoki qo‘shimcha oqsil ozuqasi sifatida ishlatiladi. Oqsil ajratib olingandan keyingi 
suyuq qoldiq tarkibida ko‘p miqdorda shakar moddasi (laktoza) saqlagani uchun 
achitqi zamburug‘larini o‘stirish maqsadida ishlatilib, osongina yuqori miqdorda 
oqsil saqlovchi mahsulotga aylanishi mumkin. 
Ko‘pincha zardobdan oqsil ajratilmay, to‘g‘ridan-to‘g‘ri achitqi o‘stirish 
uchun ishlatiladi. Bunday sharoitda o‘sish va rivojlanish uchun oqsilga muhtoj 
bo‘lgan, ko‘proq biomassa to‘playdigan zamburug‘ Torulopsisdan foydalaniladi. 
Zardobda achitqi o‘stirish jarayonida uch xil oqsil saqlovchi mahsulotlar olinadi: 
1. buzoqlarni boqishga mo‘ljallangan sut o‘rnini bosuvchi mahsulot; 
2. suyuq oqsil mahsuloti (bu mahsulot zardobga qaraganda 2,5-3,0 
marotaba ko‘proq oqsil saqlaydi); 
3. quruq yog‘sizlantirilgan sut o‘rnini bosuvchi, achitqi zamburug‘i 
oqsillari bilan boyitilgan mahsulot. 
Turli usullar yordamida achitqilarning ozuqaviy xususiyatlarini o‘rganish 
shuni ko‘rsatadiki, ular hayvon organizmida yetarlicha hazm bo‘ladi (80-90% 
gacha), ularning tarkibidagi almashinmaydigan aminokislotalarning umumiy 
miqdori meyor darajasida (lizin, treonin, valin va leytsin miqdori bo‘yicha esa 
meyordjan ham ustun). 
Biroq yuqoridagilar bilan bir qatorda achitqi oqsilining ayrim kamchiliklari 
ham mavjud. Jumladan achitqilar tarkibidagi metionin va umuman oltingugurt 
saqlovchi aminokislotalar miqdori nisbatan kam. O‘simlik manbalaridan olingan 
oqsillarga nisbatan achitqi zamburug‘i oqsili tarkibida nuklein kislotalar ko‘proq, 
ya’ni 4-6% atrofida, bu miqdor esa o‘z navbatida organizmga salbiy ta’sir 


ko‘rsatishi mumkin. Ya’ni nuklein kislotalar gidrolizi natijasida ko‘p miqdorda 
purin asoslari paydo bo‘ladi va ular siydik kislotasiga aylanib, organizmda tuzlar 
hamda toshlar hosil qiladi. Buning natijasida osteoxondroz kabi kasalliklar 
rivojlanadi. Shu bois achitqi massasi qishloq xo‘jalik hayvonlari ozuqasi tarkibida 
umumiy oqsilga nisbatan 5-10% dan oshmagan miqdorda, achitqi oqsili esa 10-
20% miqdorida ishlatiladi, xolos. 
Bakteriyalardan olinadigan oqsil konsentratlari. Achitqi oqsillari bilan bir 
qatorda hayvonlar ozuqasiga ishlatish uchun bakteriyalardan olinadigan oqsil 
konsentratlari ham muhim ahamiyat kasb etadi. 
Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, bakteriyalardan olinadigan konsentratlar 
tarkibidagi oqsil miqdori 60-80% ni tashkil etadi. Hozirda oqsil olish uchun manba 
bo‘lib xizmat qiladigan 30 dan ortiq bakteriyalar ma’lum. Bakteriyalarning muhim 
tomoni shundaki, ular achitqilarga nisbatan bir necha barobar tezroq va ko‘proq 
biomassa hosil qilish imkoniyatiga ega. Bakteriya oqsillari tarkibida oltingugurt 
saqlovchi aminokislotalar miqdori ham ancha yuqori. Yuqoridagi sabablar tufayli 
bakteriya oqsillari achitqi zamburug‘lari oqsillariga nisbatan yuqori biologik 
qiymatga ega hisoblanadi. 
Bakteriyalarning o‘sishi uchun uglerod manbai sifatida har xil gazsimon 
moddalar (tabiiy gaz, gaz konsentrati va b.), oddiy spirtlar (metanol, etanol), 
vodorod va boshqa moddalar xizmat qilishi mumkin. 
Gazsimon moddalardan foydalanilganda substrat sifatida metan xizmat 
qiladi, shuning uchun ham ozuqa aralashmalari bosim ostida purkagich tipida 
yasalgan maxsus fermentyorga yuboriladi (2-ilova). 
Gazli ozuqa muhitida ko‘proq Methylocoecus avlodiga mansub bakteriyalar 
o‘stiriladi. Bu bakteriyalar optimal sharoitda fermentyorga yuborilgan 85-90% 
metanni hazm qilishi mumkin. Fermentatsiya tugagandan keyin bakteriya 
hujayralari cho‘ktiriladi va separatorlar yordamida suyuqlikdan ajratib olinadi. 
Olingan bakterial massaga mexanik yoki ultratovush ishlovi beriladi. Shu yo‘l 
bilan qobiqlari yorilgan massa quritilib, ozuqa oqsil konsentratlari tayyorlash 
uchun ishlatiladi. 


Metan va havodan iborat bo‘lgan gaz muhiti alangaga o‘ta xavfli bo‘lganligi 
hamda bakteriyalar tomonidan metanni to‘lig‘icha parchalash uchun jarayonni bir 
necha bor qaytarish zarurligi sababli gazsimon moddalardan oziq-ovqat oqsili 
tayyorlash o‘ta murakkab va qimmatbaho texnologiya hisoblanadi. Odatda 
metandan oksidlash orqali olish mumkin bo‘lgan metanol asosida oqsil tayyorlash 
texnologiyasi ko‘proq ishlatiladi. 
Metanol saqlovchi oziqa muhitida o‘stirish uchun Methylomonas, 
Pseudomonas, Methylohillus avlodlariga kiruvchi bakteriyalar ko‘proq ishlatiladi. 
Bu bakteriyalar suyuq ozuqa muhitida, oddiy fermentyorlarda o‘stiriladi. Metanol 
asosida ozuqa oqsili tayyorlash dastlab Angliyada yo‘lga qo‘yilgan. Hozirgi kunda 
bu masala bo‘yicha bir qator davlatlarda keng ko‘lamli texnologiyalar joriy etilgan. 
Jumladan Rossiyada metanol asosida «Meprin» nomli bakterial oqsil massasi 
ishlab chiqariladi. Bu preparat tarkibida 70-74% oqsil, 5% gacha yog‘simon 
moddalar, 10% atrofida mineral moddalar, 10-13% nuklein kislotalari saqlaydi. 
Rossiyada shuningdek, Acinebacter avlodiga mansub bakteriyalarni etanolli ozuqa 
muhitida o‘stirish orqali yangi preparat ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. 
Oqsil moddalarni sintez qilish samaradorlgi bo‘yicha vodorod oksidlaydigan 
bakteriyalar o‘ziga xos o‘rin tutadi. Bu bakteriyalarning hujayralarida quruq 
modda hisobiga 80% gacha oqsil mavjud. Bu bakteriyalar karbonat angidridni, 
ba’zi shtammlar esa hattoki havodagi azotni utilizatsiya qilish uchun vodorodning 
oksidlanish energiyasidan foydalanadi. Vodorod oksidlaydigan bakteriyalarni 
o‘stirish uchun gazsimon ozuqa lozim bo‘lib, u tarkibida 70-80% vodorod, 20-30% 
kislorod va 3-5% karbonat angidrid saqlaydi. Bunday tarkibidagi ozuqa muhitida 
o‘stirilganda Pseudomonas, Alcaligenes, Achromobacter, Corenebacterium va 
boshqa avlodga mansub bakteriyalar yuqori samaradorlikka ega bo‘ladi. 

Download 318.97 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling