Bir daryoga ikki marta tushib bo’lmaydi
Download 13.24 Kb.
|
falsafa.6
Dialektika so’zi yunon tilida «suhbatlashuv san’ati», «bahslashuv san’ati» degan ma’noni bildiradi. Turli nuqtai-nazarlarni izohlash, o’z fikri to’g’riligini isbotlash mahorati Suqrot va Aflotunda yaqqol namoyon bo’lgan. Ularning ta’kidlashicha, haqiqatning qandaydir yangi narsa, ya’ni bahsning boshlanishida bo’lmagan, lekin muhokama jarayonida paydo bo’lgan narsa sifatida tug’ilishiga muloqot yordam beradi. Shu tariqa tafakkurning ijodiy asosi shakllanadi. Lekin, nima uchun insonning ijodiy tafakkuri dialektikdir? Borliqning ziddiyatliligi borliq haqidagi fikrlarning ziddiyatliligida o’z aksini topadi. Borliqning o’zi doimo o’zgarish va rivojlanishda bo’lganligi uchun odamlar ko’pincha shu haqda bahslashadilar. Uzoq vaqtgacha, dunyo o’zgarmasdir, deb kelingan edi. Keyinchalik uning o’zgaruvchanligi haqidagi g’oya paydo bo’ldi. Geraklitning bir daryoga ikki marta tushib bo’lmaydi, degan so’zlarini eslaylik. Xo’sh, faylasuflardan qaysi birlari haq? Dunyo o’zgarmasdir, deganlarimi yoki, u o’zgaruvchandir, deganlarimi? Sog’lom fikr dunyoda o’zgaruvchanlik ham, barqarorlik ham mavjudligidan dalolat beradi. Lekin ularning ziddiyatli birligini tushunchalar tilida aks ettirish oson emas ekan. Harakatning mohiyatini tushunishga uringan qadimgi yunon faylasufi Zenon (490-430 er. avv.) ana shunday muammoga duch kelgan. O’z mantiqiy muhokamalarining yakunida u to’g’ridan-to’g’ri qarama-qarshi xulosaga – harakat mumkin emas, degan xulosaga keladi. Bu mantiqiy paradokslar aporiyalar deb atala boshladi. Masalan, «Dixotomiya» deb atalgan mashhur aporiyani qarab chiqamiz. Zenon birorta predmet harakatini boshlang’ich nuqtasidan so’nggi nuqtasigacha qarab chiqadi. U quyidagi tarzda fikr yuritadi: harakatlanuvchi predmet dastlab o’z yo’lining yarmidan o’tadi, so’ngra qolgan yarmining yarmidan o’tadi va shu tariqa yo’lda cheksiz davom etaveradi. Shuning uchun hamisha yo’lning predmet o’ta olmaydigan biron bir qismi qolaveradi. Zenon shunga asoslanib, harakatdagi predmet qanday tezlik bilan harakatlanmasin hech qachon so’nggi nuqtaga yeta olmaydi, chunki, yo’lning o’tilgan qismlari uzunligining har qanday yig’indisi hech qachon yo’lning butun uzunligiga teng bo’lolmaydi, deb o’ylagan. Shuning uchun u harakat umuman mumkin emas, degan xulosaga keladi. Albatta, Zenon harakat mumkin emasligining mantiqiy isboti bilan uning mumkinligini hissiy idrok etish o’rtasidagi tafovutni ko’rgan. Shuni aytish kerakki, bugungi kunda ham bu ziddiyatni fan to’laligicha bartaraf eta olgan emas. Mazkur muammoning hozirgi zamon tadqiqotlarida (B.Rassel, A.Gryunbaum) bu dixotomiya differensial operasiyalar va integral operasiyalar qarama-qarshiligi asoslari to’g’risidagi muammo sifatida ta’riflanadi. Download 13.24 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling