Boburnoma” asaridagi shaxs fe’l-atvorini bildiruvchi lakunar birliklar abduvaliyeva Zarina Botir qiz, Alisher Navoiy nomidagi tdo‘tau
Download 30.26 Kb.
|
1 2
Bog'liqBoburnoma asar- 2
- Bu sahifa navigatsiya:
- Kalit soʻzlari
“BOBURNOMA” ASARIDAGI SHAXS FE’L-ATVORINI BILDIRUVCHI LAKUNAR BIRLIKLAR Abduvaliyeva Zarina Botir qiz, Alisher Navoiy nomidagi TDO‘TAU 4-kurs talabasi Annotatsiya: Ushbu maqola “Boburnoma” asaridagi fe’l-atvor bildiruvchi lakunar birliklar tahliliga bagʻishlangan. Maqolada Boburning soʻz qoʻllash mahorati, lakunar birliklarning asarda tarixiy shaxslar tasvirining berilishidagi roli, lakunar birliklar ifodalagan ma’no nozikliklari ochib berilgan. Kalit soʻzlari: lakuna, til, fe’l-atvor leksikasi, leksema, sema. Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy merosining eng yirik asarlaridan biri boʻlgan “Boburnoma” oʻsha davr oʻzbek mumtoz adabiyoti va adabiy tilining yorqin namunasi hisoblanadi. Asardagi rang-barang mavzular, beqiyos til va uslubning goʻzalligi hali-hanuz ilm ahlining diqqat markazini egallagan. “Boburnoma”ning til xususiyatlari haqida fikr yuritar ekanmiz, asarda qoʻllanilgan soʻzlarning qiymatini va jozibasini anglaymiz. Mazkur asarda tarixiy shaxslarning, tarixiy joylarning va tarixda yuz bergan voqealarning haqqoniy tasviri goʻzal chizgilar bilan bayon qilingan. Asarda tarixiy shaxslarning tashqi qiyofasigina emas, fe’l-atvori, ichki olami, ma’naviy dunyosi, ruhiyati, orzu-oʻylari, qiziqishlari mahorat bilan tasvirlangan.1 Asarida shaxslarning qiyofa va ichki olamini real tasvirlar orqali izchillik va tartib bilan bayon qilingan. Masalan, Sulton Mahmudning ikkinchi oʻgʻli Boysunqur Mirzo toʻgʻrisida anchayin mufassal ma’lumotlar berilgan: “Ulugʻ koʻzluk, qoʻba yuzluk, oʻrta boʻyluq, turkman chehralik, malohatliq yigit edi. Adolatpesha va odmi va xushtab podshohzoda edi.2 Ijodkor avvalo, tasvir obyektidagi shaxsning tashqi qiyofasini: koʻzi, yuzi, boʻyi tasvirini keltirish orqali oʻquvchi koʻz oʻngida uning jonli tasvirini chizadi, fe’li (adolatpesha), atvori (odmi) va mijozi (xushtab) haqidagi ma’lumotlar orqali esa shu tasvirga ruh bagʻishlaydi. Bu kabi mahoratli tasvirlar asar qimmatini oshirish bilan birga oʻsha davr leksikasi haqida qimmatli bilimlar berishi bilan ham diqqatga sazovardir. “Boburnoma”dagi shaxs fe’l-atvorini bildiruvchi leksemalarning bir qanchalari hozirgi kunga kelib lakunalarga aylangan. Ya’ni oʻsha davrda bu soʻzlardan unumli foydalanilgan, biroq hozirgi kunga kelib ularning oʻrni boʻshab bormoqda. “Boburnoma”da qoʻllangan fe’l-atvor ifodalovchi soʻzlardan biri jibilliy lkakunar birligi “tabiiy”, “tugʻma” ma’nolarini ifodalab shaxsning tabiiy fazilatini ifodalashda qoʻllanilgan: ... bu sifat anga jibilliy erkandur. Mazkur soʻz Alisher Navoiy asarlarida “vujud; tugʻma, tabiiy” ma’nolarida ishlatilgan: jibilliy xisol - tugʻma ( tabiiy) xislatlar.3 Bobur shaxs fe’l-atvorini ifodalashda nafaqatsoʻz, balki soʻz birkmalariga ham murojaat qilgan. Jumladan, shaxsning ijobiy faoliyati shirin harakot birligi orqali ifodalangan: Bisyor zoʻr va asru shirin harakot kishi edi. Bilamizki, shirin sifati maza-ta’m bildiruvchi leksema boʻlib, aksar holda predmetning real belgini ifodalashga xoslangan. Bobur ushbu leksemani mavhum otga qoʻllash orqali metaforik koʻchimning goʻzal namunasini yaratadi va obrazga xos boʻlgan xatti-harakatidagi oʻziga xoslikni, yoqimlilikni tasvirlaydi. Bunda muallif xarakterdagi ikki xil farqli belgini bir-biriga uygʻunlashtirib beradi, ya’ni zoʻr-kuchli , jismoniy baquvvat kishining bir paytda kishining koʻngliga yoquvchi nozik harakatlar egasi ekanini ifodalashga erishadi. Asarda fe’l-atvor bildiruvchi qoʻshma soʻzlardan ham iste’foda qilingan oʻrinlar mavjud. Masalan, shaxsning ma’lum bir usulni puxta oʻzlashtirgani sohib usul qoʻshma leksik birligi orqali yoritilgan: Ajab sohib usul kishi edi. Yozuvchi ma’lum faoliyatning bir turi yoki yoʻnalishini mahorat bilan egallangan kishilarga shu ta’rifni loyiq koʻradi va bu orqali uning boshqalardan alohida ajralib turuvchi qobiliyatiga urgʻu beradi. Bobur tarixiy shaxslarga ta’rif berishda haqiqatga zid yoʻl tutmaaydi, akssincha obrazga xos boʻlgan ijobiy fazilatlarni sanar ekan, unga xos boʻlgan salbiy xislatlarni ham keltirib oʻtadi. Asarda shaxsning salbiy sifatlarini bir qancha soʻzlar orqali ifodalaydi. Ular orasida hozirgi kunga kelib lakunaga aylangan birliklar ham mavjud: zumuxt, xudpisand, zobit, xushbosh, kovakrak, telbarak, lavand, darun, ayyosh, loda, mukaddar, mutamarrid, mugʻluq va boshqalar. Ijodkor “mayishatparast” ma’nosida ayyosh, “yalqov”, “bebosh” ma’nosida lavand soʻzlarini ishlatgan. Ma’lumki, Bobur bir necha tilni yaxshi bilgan. Shuning uchun bir tildan ikkinchi tilga oʻtgan soʻzning shu tilda ifodalagan ma’nosini, hatto oʻsha oʻtish davrida unda yuz bergan fonetik jarayonlarni ham izohlashga harakat qiladi. “Boburnoma”da ham bir qancha tillardan oʻzlashgan leksemalar mavjud. Ular orasida esa shaxs fe’l-atvorini bildiruvchi lakunaga aylangan birliklar yaqqol koʻzga tashlanadi. Masalan, zarofat soʻzi arab tilidan eski oʻzbek tiliga kirib kelgan leksema hisoblanadi. Zarofat asosan, “zariflik”, “nozikfahmlik” ma’nolarini ifodalaydi. Bobur esa bu soʻzni kinoyaviy ma’noda qoʻllaydi: Oʻsh avboshining zarofati budurkim, har kim anda uyqulansa, ul shahjoʻydin suv quyarlar. Zarofat leksemasini Navoiy ham oʻz asarlarida oʻz ma’nosida va kinoviy ma’noda qoʻllagan. Xulosa qilib aytganda, Bobur shaxs fazilatlarini, fe’l-atvorini tasvirlashda ijobiy fazilatlarni ulugʻlagan, insonga xos qusurlarni kinoyaviy tarzda bayon etgan. “Boburnoma”da qoʻllanilgan shaxs fe’l-atvorini bildiruvchi leksemalarning bir qanchasi xalq soʻzlashuvidan ancha yiroqlashib lakunaga aylanmoqda. Chetdan kirib kelayotgan ba’zi varvar soʻzlar oʻrniga mana shunday gʻoʻzal, ma’no jihatidan bir qancha qirralarga ega, hozirgi kunga kelib lakunaga aylangan soʻzlar qaytarilsa, oʻzbek tilining yanada jozibasi oshgan boʻlar edi. Download 30.26 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling