1-mashq. “Savatcha”ni yasatamiz (2-5 yoshli bolalar uchun). - Mashq maqsadi: kichkintoyning asosiy barmoqlarida (bosh barmoq, ko‘rsatkich va o‘rta barmoq) motorikani rivojlantirish. Bolani yozishga o‘rgatish.
- Kerakli jihozlar: savatcha yoki qalin karton qog‘oz (to‘g‘ri to‘rtburchak shaklida bo‘lishi kerak), kir qistirgich. Savatchaning cheti juda qalin bo‘lmasligi lozim. Bolaga kir qistirg‘ich solingan savatcha beriladi. Tarbiyachi unga har uch barmoq oralig‘idan keyin kir qistirg‘ichni savatcha chetiga terib chiqishni taklif qiladi. Bola topshiriqni mustaqil bajaradi.
2-mashq. “Rangli tomchilar” - Maqsad: bolalarda mayda qo‘l motorikasini rivojlantirish. Barmoqlar harakatini mustahkamlash. Diqqatni jamlashga o‘rgatish hamda qo‘llarni yozishga tayyorlash. Kerakli jihozlar: patnosda 12 katakchali suv muzlatgich idishi qo‘yiladi. Har to‘rt katakchaning ustiga qizil, ko‘k va sariq rang belgisi qo‘yiladi. Patnosda uch xil rangli stakanda suv qo‘yiladi. (Suvga qizil, sariq, ko‘k rangda iste’mol bo‘yog‘i solib rang beriladi). Har bir stakanda suv tomizgich (pipetka) turadi. Mashqning borishi: bolalar stakandagi rangli suvdan pipetka yordamida suv olib, rangiga mos muzlatkich idishiga tomizadi. Asta-sekin suv muzlatkich katakchalari rangiga mos suv bilan to‘ldiriladi.
3-mashq. “Munchoqlarni teramiz” - Mashq maqsadi: bolalarda mayda qo‘l motorikasini rivojlantirish va mustahkamlash. Koordinatsiya va qo‘llarni yozishga tayyorlash. Kerakli jihozlar: patnosda munchoq solish uchun bir necha katakchali quticha (sovun qutisidan ham foydalanish mumkin), pinset va turli rangdagi munchoq solingan stakan. Munchoqlar qutichada to‘la bo‘lishi uchun bir xil miqdorda bo‘lishi kerak. Mashqning borishi: bola o‘ng yoki chap qo‘li bilan (agar chapaqay bo‘lsa) pinset yordamida stakandagi munchoqlarni qutichaga soladi. Agar qutichalar to‘lsa, munchoqlarni olib yana stakanga qaytarib solishni taklif etish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |