Bolalar serebral falajligi


Download 182.5 Kb.
Pdf ko'rish
Sana04.02.2023
Hajmi182.5 Kb.
#1166115
Bog'liq
BOLALAR SEREBRAL FALAJLIGI(ДЦП) – Telegraph



BOLALAR SEREBRAL FALAJLIGI(ДЦП)
Doctor Muxtorov • November 10, 2019
Bolalar serebral falajligi (BSF) – serebral tipdagi harakat buzilishlari bilan 
namoyon bo‘ladigan klinik sindromlar majmuasi. BSF bosh miyaning prenatal, 
natal va postnatal davrdagi zararlanishlari sababli yuzaga keladi. Harakat 
buzilishlari (falajliklar, giperkinezlar) bilan bir qatorda aqliy rivojlanishdan orqada 
qolish, epileptik xurujlar, ataksiyalar, eshitish va ko‘rish funksiyasining buzilishlari 
ham kuzatiladi. 
BSF ning aksariyat klinik simptomlari erta bolalik davridayoq namoyon bo‘lsa-da, 
ular zo‘raymaydi. Demak, shakllangan nevrologik sindromlar yillar o‘tsa-da, 
o‘zgarmay qoladi. Biroq yosh bilan bog‘liq funksional buzilishlar yuzaga kelishi 
yoki chuqurlashishi mumkin. 
Tarixi.
«Serebral falajlik» atamasi XIX asrning o‘rtalarida paydo bo‘ldi. O‘sha davrda ingliz 
xirurgi Litll bolalarda uchraydigan spastik falajliklarni xirurgik yo‘llar bilan 
korreksiya qilishga uringan. Serebral falajliklarning asosiy sababchisi tug‘ruq 
paytida ro‘y beradigan bosh miya jarohatlaridir, deb yozgan edi Litll. U o‘z 


ishlarida «serebral falajlik», «spastik diplegiya» atamalarini ko‘p keltirib o‘tadi. 
Keyinchalik mutaxassislar bolalarda zo‘raymaydigan va deyarli turg‘un bo‘lgan 
falajliklarni «Bolalar serebral falajligi» degan umumiy nom bilan atay boshlashdi. 
Spastik diplegiya esa Litll kasalligi nomini oldi.
Etiologiyasi.
Bolalar serebral falajligi – ko‘p etiologiyali kasallik. 
Homiladorlik paytida onadagi mavjud turli infeksiya (SMV, toksoplazmoz va h.k.) 
va kasalliklar (toksikoz, og‘ir anemiya, surunkali intoksikatsiya, 
endokrinopatiyalar), zararli odatlar (chekish, ichish, giyohvandlik), yo‘ldosh 
kasalliklari, ona-bola rezus-omilining to‘g‘ri kelmasligi, embriotoksik ta’sirga ega 
farmakologik dorilarni iste’mol qilish BSF rivojlanishiga turtki bo‘ladi. 
Bola tug‘ilayotganda ro‘y beradigan bosh miya jarohatlari, serebral ishemiya, 
gipoksiya va gemorragiyalar ham ushbu kasallikning asosiy etiologik omillaridan 
hisoblanadi. Shu yerda bolaning muddatidan ilgari tug‘ilib qolishi va tana 
vaznining pastligini ham alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Chunki «bolalar serebral 
falajligi» tashxisi qo‘yilgan bolalarning aksariyati muddatidan ilgari tug‘ilgan va 
tana vazni 2000 g dan past bo‘ladi. Masalan, 1500 g tana vazni bilan tug‘ilgan 
bolalarda BSF rivojlanish xavfi tana vazni normal tug‘ilgan bolalarga qaraganda 
deyarli 30 barobarga oshadi. Tana vazni past bo‘lishining asosiy sabablari esa 
yuqorida ko‘rsatilgan etiologik omillardir. Erta (16 yoshgacha) yoki kech (40 
yoshdan keyin) homilador bo‘lgan ayollardan tug‘ilgan bolalarda ham BSF 
rivojlanish xavfi yuqori hisoblanadi. 
BSF ning yana bir etiologik omillaridan biri – bu genetik omil. 
Ota-onaning yaqin qarindosh bo‘lishi va shu kabi turli nasliy omillar bolada bosh 
miyaning rivojlanmay qolishiga (miya disgeneziyasi) sabab bo‘ladi. Bunday 
paytlarda genetik etiologiyali BSF haqida so‘z ketadi. 
BSF rivojlanishida erta postnatal davrda ro‘y bergan kasalliklar, ya’ni ishemik va 
gemorragik insultlar, gipoksik-ishemik ensefalopatiyalar, bosh miya jarohatlari 
(shu jumladan, gematomalar) meningoensefalitlar (qizamiq, qizilcha) ham 
etiologik omil sifatida qaraladi. Ammo BSF rivojlanishida postnatal omillarga 
qaraganda prenatal va natal omillarga asosiy urg‘u beriladi.
Patogenezi va patomorfologiyasi


 BSF patogenezi etiologik omilning bola miyasiga qaysi davrda, ya’ni prenatal, 
natal yoki postnatal davrlarda ta’sir etganiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Homiladorlik 
paytidagi turli infeksiya va kasalliklar yo‘ldosh orqali bolaning qon 
bilan ta’minlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu davrda oziq moddalar va kislorod 
bilan ta’minlanish ham sustlashadi. Natijada embriogenez izdan chiqadi. Embrion 
kislorod yetishmovchiligiga juda sezgir hisoblanadi. 
Shu bois embrion gipoksiyasiga BSF rivojlanishining asosiy etiopatogenetik omili 
sifatida qaraladi. Aynan gipoksiya bosh miyada ishemik ensefalopatiya va insultlar 
sababchisidir. Gipoksiya va ishemiya sababli homilaning markaziy nerv sistemasi 
rivojlanishdan orqada qoladi va uning anomaliyalari (mikropoligiriya, paxigiriya, 
agiriya, porensefaliya, mikrosefaliya, gidrosefaliya, qadoqsimon tana ageneziyasi) 
shakllanadi. 
Bu anomaliyalar, asosan, erta ontogenetik rivojlanish davrida yuzaga keladi. 
Patomorfologik o‘zgarishlar bosh miyaning turli joyida turlicha kechadi. Ko‘p 
hollarda piramidal yo‘llar o‘tadigan periventrikulyar sohada leykomalatsiyalar 
aniqlanadi. Buning sababi mielinizatsiya jarayonining izdan chiqishi yoki 
shakllangan mielin pardasining destruksiyasi bilan bog‘liq. Zamonaviy 
neyrovizualizatsiya usullari kasallikning serebral falajliklar bilan kechadigan 
turlarida periventrikulyar leykomalatsiya, piramidal neyronlar degeneratsiyasi va 
oq moddaning subkortikal sohasida nekrotik o‘choqlarni deyarli har doim 
ko‘rsatadi. Bu patologik o‘zgarishlar gipoksik-ishemik zararlanish, 
mikrogemorragiya va sitokinlar ta’siri ostida rivojlanadi. BSF ning giperkinetik 
turida patomorfologik o‘zgarishlar po‘stlog‘osti yadrolarida, ataktik turida esa 
miyacha yadrolari va yo‘llarida aniqlanadi.
Klinikasi.
Klinik sindromlar patologik jarayon bosh miyaning qaysi sohasida joylashganiga 
ko‘p jihatdan bog‘liq. Shu bois kasallikning quyidagi klinik turlari farqlanadi.
1. Spastik diplegiya (Litll kasalligi) – bolalar serebral falajligining ikkala oyoqda 
spastik falajlik (diplegiya) bilan namoyon bo‘luvchi turi. Bu holatni xalq tilida 
«ikkala oyog‘i shol bola» deb ham atashadi. Litll kasalligi, ya’ni spastik diplegiya 
BSF ning eng ko‘p uchraydigan va birinchi bo‘lib o‘rganilgan turidir. Bunday 
bolalar deyarli nogironlar aravachasiga mixlangan bo‘ladi. Ikkala 
oyoqdagi muskullarda spastik gipertonus notekis joylashadi, ya’ni sonni oldinga 


bukuvchi, boldirni yozuvchi va oyoq panjasini pastga bukuvchi muskullar tonusi 
keskin oshadi. 
Buning natijasida oyoqlar tizza bo‘g‘imida yozilgan va oldinga cho‘zilgan, oyoq 
panjalari esa pastga keskin bukilib ichkariga rotatsiya qilib qoladi. Bunday bolani 
qo‘ltig‘idan ushlab turg‘izmoqchi bo‘lsangiz, ikkala oyoqning ichkariga rotatsiyasi 
kuchayadi va oyoq panjalari bir-birining ustiga o‘tiradi yoki X-simon tarzda 
kesishadi. Bolani yurg‘izmoqchi bo‘lsangiz, uning tovonlari yerga tegmaydi, 
balki oyoq uchi bilan yurishga urinadi. Ikkala oyoqda ham periostal va tizza 
reflekslari keskin oshadi, biroq axill refleksi pasaygan bo‘lishi mumkin (muskullar 
tonusi noto‘g‘ri taqsimlanishi sababli). Bunday bolalarda spastik falajlik belgilari 
qo‘llarda ham namoyon bo‘lishi mumkin, biroq ular aksariyat hollarda yengil 
ifodalangan bo‘ladi. Ba’zida qo‘llarda apraksiya belgilari yaqqol ifodalanadi, xoreo-
atetoid giperkinezlar aniqlanadi. Buning natijasida bola qo‘l bilan bajariladigan 
ishlarni (qoshiq yoki piyolani ushlash, tugmalarni taqish va b.q.) bajara olmaydi, 
husnixati keskin buziladi. Agar apraksiya oral va mimik muskullarda 
ham kuzatilsa, bolaning og‘ziga berilgan ovqatni ham chaynab yutishi amrimahol 
bo‘lib qoladi. Ularda dizartriya ham aniqlanadi. Ikkala oyoqdagi ushbu patologik 
holat turli darajadagi mushak-bo‘g‘im kontrakturasi rivojlanishiga olib keladi. 
Kontrakturalar nafaqat oyoq bo‘g‘imlarida, balki umurtqa pog‘onasida ham 
rivojlanadi va ko‘pincha, kifoz va kifoskolioz bilan namoyon bo‘ladi. Buning 
natijasida ko‘krak qafasi shakli ham o‘zgaradi. Ba’zi bolalarda ruhiy va aqliy 
rivojlanishdan orqada qolish, psevdobulbar falajlik, kranial nevropatiyalar va 
dislaliya aniqlanadi. Ular doimiy parvarishga muhtojdir.
2. Gemiplegik (gemiparetik) turi ham BSF ning eng ko‘p uchraydigan turidir. 
Kasallikning ushbu turi, ko‘pincha, serebral insult yoki bosh miya yarim 
sharlaridan birining rivojlanishdan orqada qolishi bilan bog‘liq. Bir 
tomonlama falajlik belgilari turli darajada namoyon bo‘ladi. Bola 3-4 oyga to‘lgach 
faqat bir qo‘li bilan harakat qilayotgani ko‘zga tashlanadi. Bu holatni, ko‘pincha, 
bolaning onasi yoki boshqa yaqinlari sezib qoladi. BSF gemiplegik turining o‘ziga 
xosligi shundan iboratki, falajlik, asosan, bir qo‘lda yaqqol ko‘zga tashlansa, o‘sha 
tomondagi oyoqda esa yengil ifodalangan bo‘ladi. Qo‘lning distal qismi, ya’ni 
qo‘l panjasi ko‘proq aziyat chekadi. Keyinchalik, ya’ni bola 1 yoshga yetmasdan 
turib falajlangan qo‘l va oyoqda muskullar tonusi spastik tarzda osha boshlaydi, 
qo‘l tirsak bo‘g‘imida bukila boradi. Bunday bolalar kech yurishadi. Og‘ir holatlarda 


kasallik belgilari bola tug‘ilganidan bir oy o‘tmay bilinadi va vaqt o‘tgan sayin 
gemiplegiya belgilari yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bunday bola bir tomonini 
deyarli qimirlatmaydi (ayniqsa, qo‘lini), yon tomonga ag‘darila olmaydi, uni 
o‘tqazsa falajlangan tomonga og‘ib yiqiladi. Kasallik qanday namoyon bo‘lishidan 
qat’i nazar, falajlangan tomon o‘sish va rivojlanishdan orqada qoladi. Ko‘p hollarda 
ruhiy va aqliy rivojlanishdan orqada qolish, kortikal dizartriya, psevdobulbar 
falajlik, dislaliya, umurtqa pog‘onasi deformatsiyasi (skolioz), falajlangan 
tomonda bo‘g‘imlar qontrakturasi aniqlanadi. Bunday bolalar, odatda, 3-4 
yoshlarda yura boshlashadi, nutqi ham kech rivojlanadi. 
3. Ikki tomonlama gemiplegiya BSF ning ikki tomonlama spastik serebral falajlik 
bilan namoyon bo‘ladigan eng og‘ir turidir. Kasallikning bu turi, ko‘pincha erta 
ontogenetik davrda ro‘y bergan bosh miyaning og‘ir zararlanishlari (jarohatlari) 
sababli rivojlanadi. Bunday bolalar, ko‘pincha, qimirlamay tug‘ilishadi, ularni, 
odatda, kesar kesish orqali tug‘dirishadi. Go‘daklik davrining dastlabki 
kunlaridan boshlab ikkala tomonda ham muskullar gipotoniyasi aniqlanadi. Bola 
o‘ta nimjon bo‘ladi va sekin rivojlanadi. Bola bir yoshga yetmasdan ikkala tomonda 
ham muskullar tonusi spastik tarzda osha boshlaydi, pay reflekslari kuchayadi,ya’ni 
spastik tetraparez shakllanadi. Bunday bolalar na o‘tira oladi, na tura oladi. Ularda 
shartli va shartsiz reflektor faoliyat izdan chiqqan bo‘ladi. Bolaga yordam 
berishga urinsa, uning qo‘l va oyoqlarida sinkineziyalar paydo bo‘ladi, muskullar 
tonusi yanada kuchayib oyoq-qo‘llari patologik holatda qotib qoladi. Ko‘p hollarda 
mikrosefaliya aniqlanadi, deyarli 90 % holatlarda aqliy va ruhiy rivojlanishdan 
orqada qolish kuzatiladi. Shuningdek, epileptik xurujlar, kortikal dizartriya, kranial 
nevropatiyalar, psevdobulbar falajlik, dislaliya aniqlanadi. Bunday bolalar 
to‘la nogiron bo‘lib qolishadi. 
4. BSF ning giperkinetik turi birmuncha kam uchraydi. Uning rivojlanishi 
ekstrapiramidal yadrolar zararlanishi bilan bog‘liq. Giperkinzelar, ko‘pincha, 
xoreoatetoz va torsion distoniyalar, kam hollarda atetoz va ballizm ko‘rinishida 
namoyon bo‘ladi. Bu simptomlar, odatda, bola bir yoshga to‘lgandan so‘ng ko‘zga 
tashlanadi va ma’lum muddat kuchaya boradi. Ba’zi bolalarda giperkinetik 
sindrom yengil ifodalangan bo‘ladi va ular o‘zini-o‘zi eplashi mumkin. Og‘ir 
holatlarda esa giperkinezlar sababli distonik holatlar shakllanadi: bo‘yin, qo‘l va 
oyoqlar hamda gavda shakli o‘zgaradi, ya’ni ular bir tomonga buralib qiyshayadi. 


Giperkinezlar sababli ixtiyoriy harakatlar imkonsiz bo‘lib qoladi: bola qo‘li bilan 
narsalarni ushlay olmaydi, ushlasa ham ular qo‘lidan uchib ketadi, to‘g‘ri 
ovqatlanmaydi, o‘tira olmaydi va yiqilib tushaveradi. Bunday bolalar 6-8 yoshga 
borib o‘zini-o‘zi eplay olishi va to‘g‘ri o‘tira olishi mumkin. Maxsus reabilitatsiya 
muolajalari, albatta, bu jarayonni tezlashtiradi. Giperkinezlar va muskullar 
distoniyasi sababli oyoq-qo‘llardagi bo‘g‘imlar funksiyasi buziladi, ularda chiqishlar 
kuzatiladi (ayniqsa, katta amplitudali giperkinezlarda). Deyarli har doim 
ekstrapiramidal tipdagi dizartriya aniqlanadi. Oliy ruhiy funksiyalar, shu 
jumladan, aqliy faoliyat saqlanib qoladi. Ba’zida yengil kognitiv buzilishlar 
kuzatilishi mumkin. 
5. Ataktik (miyacha) turi koordinatsiya va muvozanatning turli darajadagi 
buzilishlari bilan namoyon bo‘ladi. Bu bolalarda miyacha atrofiyasi aniqlanadi. 
Asosiy nevrologik simptomlar – bular miyacha simptomlaridir. Hali bir 
yoshgato‘lmagan bolada dastlab to‘la gipotoniya, ya’ni» shalpaygan bola sindromi» 
aniqlanadi. Keyinchalik miyacha simptomlari yaqqol ko‘zga tashlana boshlaydi. 
Unda nistagm, skandirlashgan nutq, intension tremor, dismetriya, asinergiya, statik 
va dinamik ataksiya kabi simptomlar yuzaga keladi. Bola, ayniqsa, lokomotor 
sinamalarni bajarishda juda qiynaladi. Ma’lumki, miyacha tik turish va to‘g‘ri 
qadam tashlab yurishning shakllanishida muhim ahamiyatga ega. Shu bois bu 
bolalarda turib yurish qobiliyati 3 yoshga qarab (ba’zida undan ham kech) 
shakllanadi. 
Skandirlashgan nutqning dizartriya bilan birgalikda namoyon bo‘lishi oliy ruhiy 
funksiyalarning rivojlanishiga jiddiy ziyon yetkazadi. Bola ruhiy 
rivojlanishdan orqada qola boshlaydi. BSF ning miyacha turi juda kam uchraydi. 
6. Atonik-astatik turi tik tura olmaslik, yurolmaslik va muskullarning to‘la 
atoniyasi bilan namoyon bo‘ladi. Bunday bolalar o‘rnidan turolmaydi, o‘tira 
olmaydi, boshini to‘g‘ri ushlay olmaydi va qadam tashlab yurolmaydi. 
Demak, ularda astaziya va abaziya belgilarini kuzatish mumkin. Shu sababli bolada 
maqsadga yo‘naltirilgan ixtiyoriy harakatlar o‘ta sust rivojlanadi. Bunday bolalarda 
o‘tirish qobiliyati 2- 3 yoshlarda, tik turish va yurish qobiliyati esa, odatda, 7-
9 yoshlarda shakllanadi. Artikulyator nutq o‘ta sust bo‘ladi. 
Ba’zi bolalarda ruhiy va aqliy rivojlanishdan orqada qolish aniqlanadi. Kranial 
nevropatiya (ko‘ruv nervi atrofiyasi, g‘ilaylik) belgilari ham aniqlanishi mumkin. 
BSF ning aralash turlari ham mavjud bo‘lib, bunday holatlarda bitta bolaning 


o‘zida yuqorida ko‘rsatilgan ikkita yoki undan ham ko‘p sindromlar aniqlanadi. 
Erta bolalik davrida, ko‘pincha, spastik diplegiya (Litll kasalligi), gemiplegik turi 
va ikki tomonlama gemiplegiya kuzatilsa, biroz katta yoshdagi bolalarda aralash 
turlari, ya’ni giperkinetik-distonik, ataktik va atonik-astatik turlari ko‘p uchraydi. 
BSF da vegetativ va neyroendokrin buzilishlar ham ko‘p aniqlanadi. Bular – doimiy 
taxikardiya, vestibulyar bosh aylanishlar, ortostatik gipotenziya, ko‘p terlash, 
kseroftalmiya, og‘iz qurishi, giperkeratoz, semizlik, ginekomastiya, jinsiy 
a’zolarning rivojlanmay qolishi, enurez va trofik yaralardir. BSF ning yengil 
turlarida ham psixoemotsional va serebrastenik simptomlar ko‘p aniqlanadi. BSF 
da klinik sindromlar har doim ham yuqorida ko‘rsatilgan tarzda to‘la 
shakllanavermaydi. 
BSF gidrosefaliya, oligofreniya va bir qo‘lning monoparezi yoki mikrosefaliya, 
epileptik xurujlar va ataksiya yoki faqat oligofreniya, fokal giperkinezlar va kranial 
nevropatiyalar bilan namoyon bo‘lishi mumkin. Ba’zida sindrom faqat kranial 
nevropatiyalar (g‘ilaylik, nistagm, ko‘ruv nervi atrofiyasi, gemianopsiya, karlik) 
yoki aqliy rivojlanishdan orqada qolish bilan namoyon bo‘ladi. 
Tashxis va qiyosiy tashxis. 
BSF tashxisini qo‘yishda e’tibor qilinadigan asosiy omil – bu paydo bo‘lgan klinik 
simptomlar turg‘unligi, ya’ni zo‘raymasligi. Demak, simptomlar turg‘unligi BSF 
uchun juda xos. Ammo bola ulg‘aygan sayin ma’lum muddatgacha yangi 
simptomlar qo‘shila borishini esda tutish lozim. Tabiiyki, bu holat kasallik 
rivojlanayotganini emas, balki yangi nuqsonlar paydo bo‘layotganini ko‘rsatadi. 
BSF tashxisini qo‘yish bola 3 yoshga to‘lgunga qadar qiyin bo‘lishi mumkin. Chunki 
bu davrgacha klinik sindromlar shakllanishda davom etadi. BSF tashxisini 
qo‘yishda bolaning psixomotor va nutq rivojlanishidan orqada qolishi, turg‘un 
nevrologik nuqsonlar (spastik falajliklar, dizartriya, dislaliya, distonik 
giperkinezlar, kranial nevropatiyalar, ataksiya, astaziya-abaziya) va 
neyrovizualizatsiya tekshiruv ma’lumotlari (bosh miyadagi struktur nuqsonlar) 
e’tiborga olinadi. Albatta, anamnestik ma’lumotlar (ayniqsa, tug‘ruqqacha va 
tug‘ruq davridagi) ham o‘ta muhim ahamiyatga ega. Turli nevrologik nuqsonlar 
bilan tug‘ilgan bolalarni har 1–1,5 oyda nevrologik ko‘rikdan o‘tkazib turish kerak. 
BSF simptomlari, ko‘pincha 1–2 yoshlarda shakllana boshlaydi. 
Bu davrda nevropatolog ularni darrov ilg‘ab nazoratga olishi o‘ta muhimdir. Bu esa 
keyinchalik yuzaga keladigan funksional buzilishlarni korreksiya qilib borishda o‘ta 


ahamiyatlidir. 
Qiyosiy tashxis erta bolalik davrida uchraydigan juda ko‘p nasliy- degenerativ 
kasalliklar bilan o‘tkaziladi. Ayniqsa, spastik paraplegiyalar (Shtryumpel kasalligi), 
spinal amiotrofiyalar (Verdnig-Goffmann kasalligi), tug‘ma miopatiyalar va nasliy 
neyrometabolik sindromlarni deyarli har doim BSF bilan qiyoslashga to‘g‘ri keladi. 
Davolash.
Davolash-reabilitatsiya muolajalari uzoq vaqt davom ettiriladi. BSF tashxisi 
qo‘yilgan bolani doimiy v rach nazoratiga olish va rejali davolash muolajalarini 
o‘tkazib turish kerak. Bunday bolalar nevrologik, neyropsixologik va ortopedik-
xirurgik reabilitatsiyaga doimo muhtoj. Shuningdek, ular maxsus pansionatlarda 
davolanadi, maxsus maktablarda o‘qishadi va tarbiyalanadi. Bolalarni zarur shart-
sharoitlarga ega dam olish sihatgohlariga olib borish, fizioterapevtik va reflektor 
davolash muolajalarini o‘tkazib turish ham o‘ta muhimdir. Nutqi rivojlanmay 
qolgan bolalar bilan logoped-defektologlar shug‘ullanishadi. Tarbiyasi qiyin bolalar 
psixolog yoki psixiatr nazoratida turishi lozim. 
Bugungi kunda BSF bilan kasallangan bolalarda funksional nuqsonlarni bartaraf 
etish yoki kamaytirish uchun kompyuterlashtirilgan moslamalar ishlab chiqilgan. 
Ular yordamida turli klinik sindromlar sababli yuzaga kelgan funksional nuqsonlar 
korreksiya qilinadi. Bu moslamalarning yanada mukammal turlari ishlab 
chiqilmoqda. Ulardan uy sharoitida ham foydalanish mumkin. Funksional 
buzilishlarni korreksiya qilishda qo‘l mehnatining ham ahamiyati kattadir. 
Dorilar bilan davolashda serebral metaboliklar (sitikolin, xolin al- fosserat, 
piriditol, pantogam, pantokalsin), aminokislotalar (lesitin, metionin, glutamin 
kislotasi), mushaklar tonusini kamaytiruvchi dorilar (midokalm, baklofen, 
sirdalud, levodopa dorilari), antikonvulsantlar va sedativ dorilar (fenobarbital, 
finlepsin, depakin, konvuleks, diazepam, amitriptilin), antixolinesteraz dorilar 
(galantamin, prozerin, kalimin), mikrosirkulatsiyasini yaxshilovchi dorilar (trental, 
ksantinol nikotinat), immunomodulyatorlar (immunomodulin, timalin, sikloferon) 
va vitaminlar (B1, B6, B12, PP, E, A, C ) tavsiya etiladi. Fizioterapevtik 
muolajalardan dorilar elektroforezi,muskullar elektrostimulatsiyasi, mineral 
vannalar (yod-bromli, kislorodli,radonli), gidrokinezoterapiya, suvosti uqalashi, 
suzish, balchiq va ozokerit bilan davolash, umumiy ortopedik uqalashlar 


o‘tkaziladi. Muskul-bo‘g‘im kontrakturalari ortopedik-xirurgik yo‘llar bilan 
korreksiya qilinadi. 
Prognoz.
Kasallik darajasi, klinik sindromlar turi va davolash-reabilitatsiya muolajalarining 
naqadar to‘g‘ri olib borilishiga bog‘liq.
Kanalga qo‘shilish:
https://telegram.me/joinchat/CqKXDkEMgIu4JjznATHSfQ

Download 182.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling