Borliq tushunchasining falsafiy taxlili Reja
Download 23.43 Kb.
|
falsafa
- Bu sahifa navigatsiya:
- Borliq tushunchasining falsafiy taxlili Reja
- Foydalanilgan adabiyotlar
ISLOM KARIMOV NOMIDAGI TOSHKENT DAVLAT TEXNIKA UNIVERSITETI OLMALIQ FILALI KONCHILIK ISHI FAKULTETI UMUMKASBIY VA IQTISODIY FANLAR KAFEDRASI FALSAFA FANIDAN MUSTAQIL ISH Bajardi: 5K-20 KEM guruh talabasi Qo`shmatov Sadriddin
Kirish Borliq tushunchasi va uning shakllari. Borliq kategoriyasi Xulosa Foydalanilogan adabiyotlar Kirish. Falsafa oʼrganadigan qaysi bir muammoni olmaylik, bu muammo borliq muammosi bilan bogʼliq ekanligini koʼramiz. Haqiqatdan ham, borliq, unga munosabat masalasi falsafiy qarashlarda markaziy oʼrinni tashkil qiladi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki borliq muammosi falsafadagi har qanday dunyoqarash va metodologik muammolarning asosi hisoblanadi. Darhaqiqat, diniy va ilmiy, idealistik va materialistik dunyoqarashlar oʼrtasidagi bahslar, qarama-qarshiliklar borliq muammosi atrofida, yaʼni borliq azaldan mavjudmi, u xudo yoki mutlaq ruh tomonidan yaratilganmi, degan masala yuzasidan olib borilgan tortishuvlardan iboratdir. Maʼlumki kishilar qadimgi davrdan oʼzlarini qurshab turgan tabiat va ular yashab turgan jamiyat, inson va insoniyat haqidagi, xususan oʼzlari haqida ham oʼylay boshlaganlar. Ular tabiat va jamiyatda, oʼz hayotlarida sodir boʼlgan turli-tuman oʼzgarishlarni kuzatganlar. Bu narsalar ular koʼz oʼngida reallik sifatida kelganlar: yaʼni ular bor mavjud, lekin baʼzi narsalar vaqt oʼtishi bilan yoʼq boʼlganlar, yaʼni mavjud boʼlmay qolganlar; aksincha, baʼzi yoʼq narsalar paydo boʼlib, bor boʼlganlar, yaʼni mavjud boʼlganlar. Shular asosida kishilarda «mavjudlik», va «mavjudsizlik» haqida qarashlar paydo boʼla boshlagan. Kishilar oʼzlarining ham dunyoga kelishi /paydo boʼlishi/, yashashi va nihoyat, dunyodan ketish /oʼlishi/ kabi jarayonlarni kuzatganlar, ular haqida ham fikr qila boshlaganlar. Shular asosida keyinchalik dinda «bu dunyo» va «u dunyo» / «narigi dunyo»/ yaʼni kishilarning real hayotlari kechadigan dunyo va vafot etishi bilan ularning ruhlari boradigan dunyo toʼgʼrisida tasavvurlar paydo boʼla boshlagan. Kishilar oʼz kundalik tajribalari asosida oʼz onglarida fikr yuritib, oʼzlari yashayotgan dunyoning ayni hozir mavjudligiga uning oʼzlaridan oldin ham mavjud boʼlganligiga, oʼzlaridan keyin ham mavjud boʼlishiga, oʼzlarining esa oʼtkinchi, vaqtincha yashab, soʼng dunyodan oʼtib ketishlariga ishonch hosil qila boshlaganlar. Bu ishonchlar asosida ularda «borliq» va «yoʼqlik» haqida qarashlar paydo boʼladi. Lekin bu oʼrinda dunyoning mavjudligi, yaʼni borligʼi toʼgʼrisida bahs yuritgan faylasuflar bu masalaga turlicha yondashganlar: ularning baʼzilari: dunyo avval ham boʼlgan, hozir ham mavjud bundan keyin ham mavjud boʼladi, deyishsa; boshqalari: dunyo avval mavjud boʼlmagan u xudo yoki ruh tomonidan yaratilgan; insonni ham dunyodagi hamma narsalarni, xususan, insonni ham xudo yoki ruh yaratgan shundan buyon ular mavjud deganlar. Uchinchi xil mutafakkirlar esa dunyo oʼz oʼzidan yaralgan, xudo, uning yaralishiga faqat sababchisi boʼlgan xolos, u shundan buyon mavjud, degan qarashni ilgari surishgan. Toʼrtinchi xil mutafakkirlar boʼlsa dunyo oldin ham boʼlgan, hozir ham mavjud, bundan keyin ham mavjud boʼladi; dunyoni hech kim yaratmagan u cheksiz va chegarasiz, deyishgan. Shunday qilib, dunyoning yaratilganligi uning fazo va vaqtda chegaralanganligi, chekliligi, cheksiz va chegarasizligi, shu bilan birga uning bir butunligi, doimiyligi, abadiyligi toʼgʼrisidagi qarashlar bilan almashinib borgan. Bu borada kishilar oʼzlarining oʼtkinchi muvaqqat hayotlari bilan cheksiz va abadiy mavjud boʼlgan dunyo, tabiat bilan boshqa kishilarning hayoti va ishlari bilan oʼzlarigacha boʼlgan va oʼzlaridan keyin keladigan avlodlarning hayot va faoliyatlari haqidagi qarashlari bilan solishtirishlari orqali fikr qilishib, keyinchalik doimiylik va oʼtkinchilik kabi qarashlarni hosil qila borganlar. Ularning bu qarashlari tabiiyki, oʼzlarining shaxsiy hayotidagi tajribalaridan kelib chiqqan boʼlib, ular butun koinotga ham oʼzlarining oʼtmishi va kelajagiga ham, oʼz tajribalariga taalluqli boʼlgan. Binobarin dunyoning doimiyligi va vaqtinchaligi, uning fazo va vaqtda chekliligi va cheksizligi toʼgʼrisidagi qarashlar butun insoniyat tarixida dastlab afsonalar va diniy qarashlarda, keyinchalik falsafa va fanlarda ifodalanib, muhokama qilinib kelingan. Bu muhokamalarning hammasi bir soʼz bilan aytganda, borliq muammosi bilan bogʼliq boʼlib kelgan ularning barchasi bilan mantiqiy xulosasi shu boʼlganki, dunyo avval ham boʼlgan, hozir ham mavjud va bundan ham keyin mavjud boʼladi. Demak, dunyo doimiy, abadiydir. Аmmo shu abadiy dunyodagi ayrim narsalar turli tuman jonsiz va jonli organizmlar, hatto insonlar va ularning faoliyati bir butun jamiyat, shubhasiz, vaqtincha, oʼtkinchidir. Bundagi borliq muammosining butun ildiz, maʼnosi va mazmuni shunday ediki; bir butunlik sifatidagi dunyoning doimiy mavjudligi va uni tashkil etgan narsalarning: notirik va tirik organizmlar, yaʼni tabiat, insonlar, jamiyat va ularning faoliyatlarining oʼtkinchiligi ziddiyatli birliqni tashkil qilishidir. Bundan shu narsa maʼlum boʼladiki, borliq muammosi falsafada oʼrganish dunyo «hozir, shu yerda mavjud» degan qarashdan boshlanib bu qarashlar bir butun dunyoning cheksiz va doimiy mavjudligi undagi predmet va hodisalarning, shu jumladan, insonlarning ham vaqtinchaligi va oʼtkinchiligi toʼgʼrisidagi qarashlarga tomon rivojlanib borgan. Bu borliq toʼgʼrisidagi falsafiy muammoning birinchi tomonidir. Borliq muammosining falsafiy tahlili shuni koʼrsatadiki, dunyo bir butun, abadiy mavjud, lekin uni tashkil etgan narsalar oʼz mavjudligi jihatdan har xil, oʼtkinchidir. Bir butunlik sifatidagi dunyo undagi mavjud narsalardan ajralmasdir. Bir jihatdan bir butun dunyo bilan uni tashkil qilgan narsalar, hodisalar va mavjudotlar oʼrtasida farq boʼlsa, ikkinchi jihatdan, dunyo oʼzini tashkil qilgan narsalar, mavjudotlar bilan ajralmas birliqdagi butunlikni hosil qiladi. Bunda borliq toʼgʼrisidagi falsafiy muammoning dunyoning birligi masalasi bilan bogʼliq boʼlgan ikkinchi tomoni kelib chiqadi. Kishilar oʼzlari faoliyat koʼrsatadigan dunyoda yashar ekanlar, oʼz faoliyatlarida doimiylikni oʼtkinchi narsalar bilan bogʼlashga, bir butun dunyo bilan har xil narsalar va hodisalar oʼrtasidagi obʼektiv munosabatlarni bilishga kirishadilar. Ular oʼzlari ham dunyodagi turli tuman narsalardan va ularda amal qiladigan qonuniyatlardan ham foydalangan holda turli tuman yangi predmet va hodisalarni yangidan yaratib, ulardan oʼz hayotlarida foydalanadilar. Shu bilan birga, kishilar oʼz kundalik amaliy, ijtimoiy faoliyatlarida dunyodagi predmet va hodisalar bilan, oʼzlarini qurshagan tabiat bilan, boshqa kishilar va bir butun jamiyat bilan muayyan munosabatlarda boʼlib, dunyodagi mavjud predmet va hodisalarning baʼzilari ular ongidan hohish irodasidan tashqarida, ularga bogʼliq boʼlmagan holda mavjud ekanliklariga boshqa predmet va hodisalar esa ularga, ular ongiga hohish va irodalarga bogʼliq mavjud boʼlishiga ishonch hosil qilib borganlar. Ular bu jarayonda tabiat bilan jamiyat oʼzlari bilan oʼzgalar, inson bilan tabiat, inson bilan jamiyat, inson bilan uning ongi, inson bilan inson, moddiy narsalar bilan maʼnaviy narsalar, tana bilan jon /ruh/ oʼrtasida umumiy birlik aloqadorlikni aniqlash bilan birga ular oʼrtasida muhim farqlar borligini ham bilib borganlar. Bora-bora ular insonning oʼzida ham tana bilan /jon/, tabiiylik bilan ijtimoiylik bir-birlaridan ajralmagan holda mavjudligini, birligini ham bila borganlar. Lekin kishilarning borliq muammosini falsafiy anglashi ularning dunyoning birligini ilmiy tushunishi emas, balki uning zaruriy asoslarini izlashdan iborat buladi. Chunki dunyoning borligʼi uning birligi uchun shart boʼlsada dunyoning birligi uning borligʼida emas edi. Dunyoning haqiqiy birligi uning moddiyligidadir. Shuni aytish kerakki borliq tushunchasi bunday moddiylikdan tashqari maʼnaviylikni ham oʼz ichiga oladi. Bu jihatdan inson ongi ham barcha ongli va ongsiz faoliyatlar va ong mahsulotlari, maʼnaviy va ruhiy hodisalar ham borliq tushunchasi tarkibiga kiradi. Chunki «ong hech qachon anglangan borliqdan boshqa narsa boʼlishi mumkin emas, kishilarning turmushi esa ular hayotining real jarayonlaridir» Bu borliq toʼgʼrisidagi falsafiy muammoning uchinchi tomonini tashkil etadi. Demak borliq keng maʼnoda eng umumiy tushuncha sifatida bir butun dunyo va undagi predmet va hodisalardan tortib, inson hayoti, ongi, ishlash yashash faoliyatining barcha obʼektiv va subʼektiv sharoitlari hatto jamiyatda sodir boʼladigan butun jarayonlardan iborat hamma realliklarni oʼz ichiga oladi. Borliq tushunchasi falsafiy jihatdan juda keng maʼnoda bir butun reallik sifatida tushuniladi. Shu sababli unga, yuqorida aytilganlardan tashqari inson hali oʼzlashtirib, bilib ulgurmagan, tabiat hodisalari ham, tabiat boyliklaridan foydalangan holda insoniyat ishlab chiqargan yaʼni yaratgan barcha predmet va hodisalar, jarayonlar ham kishilarning ijtimoiy hayotlari ham ularning oʼzlari, fikrlari, gʼoyalari, qarashlari ular yashaydigan joylar, ular mehnat qiladigan korxonalar, oʼqiydigan va ishlaydigan tashkilotlar ham, jamiyatdagi barcha ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy mafkuraviy va maʼnaviy munosabatlar ham kiradi. Binobarin, har bir kishining hayot faoliyati uning oʼzi ham, atrofdagi oʼzga kishilar uchun ham maʼlum reallik hisoblanadi. Shu bilan birga har bir kishi alohida narsaga, alohida kishiga, muayyan reallik sifatida munosabatda boʼladi. Kishilar, shu bilan birga, oʼz faoliyatlarida tabiiy boyliklar bilan bir qatorda, maʼnaviy boyliklarni ham yaratadilar. Falsafada bu tabiiy-moddiy va maʼnaviy boyliklar ham alohida oʼziga xos reallik xarakteriga ega boʼlgan borliq sifatida qaraladi. Demak, moddiy predmet va hodisalar bilan bir qatorda, maʼnaviy hodisalar ham borliq tushunchasi tarkibiga kiradi. Umuman borliq muammosini tadqiq etishda falsafa kishilarning amaliy, maʼnaviy-ahloqiy, siyosiy, huquqiy, diniy va shular kabi faoliyatlariga va bilimlariga asoslanadi. U bunda borliq kategoriyasini u bilan uzviy bogʼliq boʼlgan «mavjudlik», «reallik» va boshqa shular kabi bir qator falsafiy kategoriyalar yordamida oʼrganadi. Falsafa borliq tushunchasini eng umumiy tushuncha sifatida oʼziga boshlangʼich kategoriya qilib qabul qiladi. Lekin borliq kategoriyasini falsafaga bunday boshlangʼich kategoriya qilib kiritishga falsafada ikki yoʼnalish vakillari oʼz eʼtirozlarini bildiradilar. Birinchi yoʼnalish vakillari borliq kategoriyasi narsalarning konkret xossalarini ifodalamasligi sababli uni falsafadan chiqarib tashlash kerak, degan gʼoyani ilgari suradi. Bu eʼtirozning notoʼgʼriligi shundaki, falsafiy kategoriyalar narsalarning konkret belgilarini emas, aksincha, dunyodagi eng umumiy aloqadorliklarni, eng umumiy tomonlarni ifodalaydilar. Borliq kategoriyasi esa xuddi shunday eng umumiy tomonni; yaʼni hamma moddiy va maʼnaviy predmet va hodisalarni realligini ifodalaydi. Ikkinchi yoʼnalish vakillari esa, borliq avvalo, mavjudlik orkali ifodalanar ekan borliq kategoriyasini ishlatishda ehtiyoj yoʼq, chunki borliq tushunchasi mavjudlik tushunchasiga nisbatan hech bir yangilik bermaydi deyishadi. Gap shundaki, borliq falsafiy kategoriya sifatida faqat mavjudliknigina ifodalab qolmasdan, balki mavjudlikka nisbatan umumiyrok va kengroq mazmunga ega boʼlgan reallikni bildiradi. Demak falsafada borliq kategoriyasi dunyo,tabiat, inson, jamiyat, inson ongi, uning individuallashgan va moddiylashgan koʼrinishlarining shunchaki mavjudligini emas, balki ulardagi umumiy xarakterga ega boʼlgan reallikka xos eng umumiy aloqadorlikni ifodalaydi. Binobarin dunyo, undagi predmet va hodisalar oʼzlarining barcha xususiyatlari va hodisalari bilan birgalikda mavjud boʼlib, ular oʼz realliklari bilan umumiy birlikka egadir, ular oʼrtasidagi umumiy aloqadorlik borliq kategoriyasida ifodalanadi. Borliq tushunchasi falsafiy kategoriya sifatida kishilar bilishining ikkinchi - yuqori boskichi - abstrakt tafakkurgagina xos boʼlib, fikr jarayonda kishilar bu tushuncha orqali dunyodagi alohida narsalar, ularning konkret belgilari haqida emas, balki dunyodagi barcha narsalar, voqea va hodisalar jarayonlar oʼrtasidagi eng umumiy tomon- ularning realligi haqida fikr yuritadilar. Borliq kategoriyasi va uning oʼziga xos xususiyatlaridan hamda uning falsafada tutgan oʼrnidan kelib chiqib, toʼgʼri fikr yuritish bizni bir kator sohalarda xatolarga yoʼl qoʼyishimizning oldini oladi. Masalan, borliqni narsalarga yoki fikrning mavjudligiga oʼxshatish unchalik toʼgʼri boʼlmaganidek, uni faqat moddiy narsalarga nisbatan qoʼllash yoki aksincha, uni faqat maʼnaviy narsalar: sof fikr gʼoyalar, faqat ong va uning maxsulotlariga nisbatan ishlatish ham qoʼpol xatodir. Lekin shunga qaramay borliqqa shunday yondoshishlar falsafa tarixida ham, hatto hozirgi vaqtda ham uchrab turadi. Chunki borliq muammosi hamma vaqt faylasuflarni qiziqtirib kelgan. Masalan, qadimgi yunon materialistlaridan Demokrit boʼlinmas eng mayda zarracha-atomni borliq, deb tushungan boʼlsa, oʼsha davr yunon idealist faylasuflaridan Platon sezgi aʼzolari bilib boʼlmaydigan doimiy va oʼzgarmas «gʼoyalar dunyosi» ni borliq, deb biladi. Oʼrta asr faylasuflari ham borliq muammosi atrofida qizgʼin bahslar olib borishgan, maʼlumki, bu davrda din yagona hukmron ideologiyaga aylanganligi natijasida falsafa ham dinning xizmatkori boʼlgan. Shunga koʼra oʼrta asr sxolastik falsafasida xudo /olloh/oliy borliq sifatida talqin qilingan. Bizning Oʼrta Osiyolik mutafakkirlarimiz ham oʼz qarashlarida xudo /olloh/ ni oliy borliq, yaratuvchi kuch, deb bilganlar, jumladan, Ibn Sinoning borliqning uch xil shakli haqidagi quyidagi fikrlari xarakterlidir: 1. Yaratilmaydigan va yoʼqolmaydigan, yaʼni doimiy borliq. Bu oliy borliq Olloh borligʼidir. 2. Yaratiladigan, paydo boʼlib, rivojlanib, soʼng yana yoʼqoladigan yaʼni oʼtkinchi borliq. Bu borliq olloh yaratgan moddiy narsalar, xususan, tabiatdagi predmet va hodisalar; inson va jamiyat borligʼi. 3. Inson aqliy faoliyati bilan bogʼliq boʼlgan borliq. Bu inson ongining borligʼi, yaʼni maʼnaviy borliqdir. Borliqni Gegelь ham oʼzicha tushunadi. Gegelda borliq mutlaq gʼoyadir, borliq bilan tafakkur bir-biriga mos keladi. Tafakkur borliqning ichki mohiyatidir, shuning uchun aqlga muvofiqdir. Barcha subʼektiv idealistlar: butun borliq subʼekt, yaʼni inson sezgi va idroklarining yigʼindisi /kompleksi/, kombinatsiyasidan iborat, deydilar. Xullas, falsafa tarixida borliqni qaysi maʼnoda va qanday tushunishdan qatʼiy nazar, yaʼni qadimgi yunon faylasuflari oʼylaganlaricha, borliqni substantsiya /asos/ maʼnosidami yoki Shekspirning Gamleti oʼylaganicha, shaxs hayoti va taqdiri maʼnosidami, baribir, borliq kategoriyasi falsafada chuqur mazmunga ega boʼlgan asosiy boshlangʼich tushunchadir. Borliq kategoriyasi falsafiy kategoriyalar ichida boshlangʼich kategoriya boʼlib, oʼtmishdagi va hozirgi davrdagi juda koʼp faylasuflar oʼz qarashlarini kategoriya orqali ifodalashadi. Shu tufayli falsafada borliq toʼgʼrisida taʼlimot-ontologiya paydo boʼlgan. Bu taʼlimot atrofida falsafada qizgʼin tortishuvlar va munozaralar davom etadi. 2. Borliqning asosiy shakllari. Borliq oʼzining mavjudlik shakllariga koʼra xilma-xildir. Xoʼsh, bu shakllar qanday koʼrinishlarda mavjud? Аvvalambor, bizni qurshab turgan yaxlit bir butun dunyo, olam – bu eng umumiy borliq boʼlib u koʼpdan koʼp real mavjud narsalar, predmetlar, hodisalar, holatlar, organizmlar, tizimlar, elementlardan iboratdir. Ular oʼrtasidagi bogʼlanishlar va aloqadorliklar, ularning umumiy tomonlari borliq kategoriyasida ifodalanadi. Shu bilan birga, bu narsa va hodisalarning har biri oʼziga xos, nodir, boshqalarida boʼlmagan tomonlarga, xususiyatlarga ham ega. Lekin inson oʼz faoliyatida ularni bilish jarayonida borliqning bu turli koʼrinishlari qanchalik xilma-xil boʼlmasin ularni bir-birlariga oʼxshash tomonlaridan kelib chiqib umumlashtirishga, gruppalashtirishga maʼlum yaxlit bir tizimlarga birlashtirishga kirishadi. Shuni aytish kerakki, bunday inson yakka, ayrim narsa va hodisalarni ularga nisbatan butunlikka birlashtirib, har bir yakka, ayrimlikning mavjudlik xususiyatiga eʼtibor bergan holda ularning borliq koʼrinishdagi maʼlum umumiylik jihatdan bu narsa va hodisalarning mavjudlik usuli va mavjudlik sharoitlaridagi oʼxshashliklaridan kelib chiqib ularni turli gruppalarga, turlarga ajratadi. Dunyodagi barcha mavjud narsa hodisalarni ular borligʼining koʼrinishlariga koʼra, turli shakllarga ajratish va birlashtirish kishilarning kundalik hayotidagi oddiy jarayonlardir. Chunonchi ular oʼz amaliy faoliyatlarida oʼzlari anglamagan yoki anglagan holda, borliqning turli shakllari oʼrtasidagi umumiylik va farqlarga, albatta, eʼtibor beradilar. Borliq shakllarini bilishda ularni farqlash, ajratish kishilarning amaliy faoliyatida dunyoni tushunishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun falsafiy muammolarni oʼrganish borliq kategoriyasining mazmunini oʼrganishdan, borliqning asosiy shakllarini tahlil qilishdan boshlanadi. Shuni aytish kerakki, falsafadagi materializm va idealizm borliqning shakllari muammosiga turlicha yondashadi. Bunda materializm oʼz eʼtiborini moddiy borliqqa qaratib uni birlamchi, belgilovchi deb hisoblaydi. Idealizm esa, odatda, borliqning maʼnaviy shakllariga alohida eʼtibor beradi, u maʼnaviy borliq shakllarini birlamchi, belgilovchi deydi. Bir qadar izchil falsafa esa borliq shakllarini dastlab bir-biridan farq qiluvchi va ayni vaqtda bir-biri bilan oʼzaro aloqadorlikda boʼlgan quyidagi turlarga ajratadi: 1. Insondan, inson ongidan tashqarida obʼektiv reallik sifatida mavjud boʼlgan predmetlar, hodisalar, jarayonlardan iborat moddiy borliq. 2. Faqat inson ongida, ong bilan bogʼliq subʼektiv reallik sifatida mavjud boʼlgan fikrlar, gʼoyalar, qarashlar tarzidagi borliq. Bu maʼnaviy borliqdir. Borliqning bu turlari oʼrtasidagi fark nisbiydir, chunki ular bir-birlariga oʼtib turishadi. Shu bilan birga, ularning har biri oʼz navbatida yana bir qancha shakllarga koʼrinishlarga boʼlinadi. Insonni qurshab turgan tabiat, tabiatni tashkil qilgan turli predmet va hodisalar, barcha noorganik va organik moddalar dunyosi, oʼsimliklar va hayvonot dunyosi, kishilarning oʼzi va ularning oʼzaro ijtimoiy munosabatlaridan tashkil topgan jamiyat - bularning barchasi moddiy borliq koʼrinishlaridir. Shunga koʼra moddiy borliqni quyidagi konkret turlarga, ajratish mumkin: 1. Tabiiy borliq yoki tabiat borligʼi. 2. Insoniy borliq yoki inson borligʼi. 3. Ijtimoiy olam yoki jamiyat borligʼi. Moddiy borliqning bu turlarining har biri oʼz tabiatlari jihatidan yana bir necha koʼrinishlarga boʼlinadi. Ularni bunday koʼrinishlarga boʼlishning oʼzi nisbiydir, chunki ularning hech biri sof emas, biri ikkinchisi bilan, ikkinchisi uchinchisi bilan va hokazo qorishib ketganlar. Moddiy borliq turlari maʼnaviy borliq bilan uzviy bogʼlanib ketgandir. Maʼnaviy borliq inson ongi bilan bogʼliq barcha maʼnaviy va madaniy hodisalar, fikrlar, gʼoyalar, qarashlar ijtimoiy ong shakllari, inson va jamiyatning bir butun maʼnaviy-madaniy hayotidir. Shu jihatdan maʼnaviy borliqning quyidagi ikki koʼrinishi farq qiladi: 1) individuallashgan maʼnaviy borliq; 2) obʼektivlashgan maʼnaviy borliq; Xulosa Demak falsafada borliq kategoriyasi dunyo,tabiat, inson, jamiyat, inson ongi, uning individuallashgan va moddiylashgan koʼrinishlarining shunchaki mavjudligini emas, balki ulardagi umumiy xarakterga ega boʼlgan reallikka xos eng umumiy aloqadorlikni ifodalaydi. Binobarin dunyo, undagi predmet va hodisalar oʼzlarining barcha xususiyatlari va hodisalari bilan birgalikda mavjud boʼlib, ular oʼz realliklari bilan umumiy birlikka egadir, ular oʼrtasidagi umumiy aloqadorlik borliq kategoriyasida ifodalanadi. Borliq tushunchasi falsafiy kategoriya sifatida kishilar bilishining ikkinchi - yuqori boskichi - abstrakt tafakkurgagina xos boʼlib, fikr jarayonda kishilar bu tushuncha orqali dunyodagi alohida narsalar, ularning konkret belgilari haqida emas, balki dunyodagi barcha narsalar, voqea va hodisalar jarayonlar oʼrtasidagi eng umumiy tomon- ularning realligi haqida fikr yuritadilar. Borliqning murakkab tushuncha ekanligi yuqoridagi ma’lumotlardan ko`rininb turubdi. Biroq yaxshilab o`rganish va yaxshilab muloza yurutish bu mavzuni sal bo`lsada anglashga yordam beradi. Foydalanilgan adabiyotlar FALSAFA O‘QUV-USLUBIY MAJMUA Toshkent 2019 https://tfi.uz/storage/doc-pages/160/original/904c905561308df8123e757d91daf0b330868b1d.pdf Download 23.43 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling