Boshlang’ich sinf o’quvchisi kompyuter qarshisida hayajonlanmasin


Download 11.5 Kb.
Sana12.02.2020
Hajmi11.5 Kb.

Boshlang’ich sinf o’quvchisi kompyuter qarshisida hayajonlanmasin

.

O’zbekiston ta’lim tizimini tubdan isloh qilish borasida juda ko’plab munozara-yu mushohadalar uyushtirilmoqda. Zamona zayli bilan texnika asrida yashamoqdamiz. Bu endilikda bizdan kompyuterga, umuman, texnika dunyosiga yaqin bo’lishimizni talab etmoqda.

Umumiy o’rta ta’lim tizimini rivojlantirish uchun ko’pgina multimedia ilovalari mavjud. Ularda mujassamlashgan har bir topshiriq o’quvchilarning fikrlashi, og’zaki nutqining boyishiga tasavvur olamining kengayishiga xizmat qilmoqda. Bu multimediali ilovalarni o’qituvchi murabbiylarimiz o’z darslarida faol foydalanib, o’zlari uchun ajratilgan 45 daqiqani boyitayotgani bu – bizning faxrimiz. Lekin, tayyor AKTdan foydalanmayotgan ustozlarimiz borligi achinarli hol. Ushbu maqola orqali ularni tanqid qilishdan yiroqmiz. Aksincha, ularning faoliyatiga qo’shimcha taklif kiritmoqchimiz.

Kompyuterni darslarda faol qo’llash

Nega o’quvchi kompyuter oldiga kelganda hayajonlanadi? Sinf o’quvchilari jamoasi uchun bunday holatni butunlay yo’q qilishning imkoni bormi?

Bu integratsiyaga moddiy ta’minot to’sqinlik qilishi mumkin. To’g’ri, oddiy maktablarda har bir o’quvchiga noutbuk yoki netbuk yetkazib berishning iloji yo’q. Lekin bir sinf uchun bitta noutbukning o’zi bilan muammoni hal qilish mumkinligi to’g’risida hech o’ylab ko’rganmisiz?

Siz boshlang’ich sinf o’qituvchisisiz! Siz boshlang’ich sinf o’quvchilariga asosiy fanlardan darsga kirasiz. Demak, sizda o’quvchilarga kompyuterda ishlashni o’rgatish uchun yetarlicha imkoniyat bor ekan.



  • O’qish hamda ona tili darslari davomida “Sayohatchi kompyuter” metodini qo’llang. Bu metodda bittagina kompyuterning o’zi o’quvchilarning yozishni o’rganishi uchun yetadi.

  • O’quvchilar jamoasida tartibli muhitni yarating. Ya’ni bugun birinchi qator kompyuterdan foydalanadigan bo’lsa, ertaga ( yoki keyingi darsda) ikkinchi qator foydalansin, undan keyin uchinchi qator … Yoki bu ishni jurnaldagi tartib raqamiga asosan rejalashtiring. O’quvchilar bunga jon deb ko’nishadi.

  • Siz savodxonlik davridamisiz?! Alifbe darslarida o’rgangan harfni o’quvchilarga Microsoft Word dasturi orqali yozdirishga harakat qiling. Bunda harf 26 shriftda, Calibri yozuv turida bo’lsin. Sayohatchi kompyuterni dars davomida o’quvchilarning oldiga olib borib o’rganilgan harfni klaviaturadan terishga undang: a) harfni yozish b) probel tugmasi orqali harflar orasini ochish. Bu holatni bir necha bor takrorlatishga harakat qiling. So’ngra alifbe darsligidagi so’zlardan bir nechtasini yozdirib ko’ring. Bu ishni darslardan so’ng yana bir soatni ajratib bajarsangiz ham yaxshi samara beradi.

Siz savodga o’rgatish davridan o’tib bo’ldingizmi?! Bu vaziyatda ham sizni kechga qoldingiz deb ayta olmaymiz.

  • 3-4 sinf o’quvchilari 1-2 sinf o’quvchilariga nisbatan fiziologik, psixologik jihatdan ancha farq qilishi hech kimga sir emas. Bu oddiy hol. 1-2 sinfda o’quvchilar harflarni tanib, so’zlar, so’zlardan gaplar hosil qilish hamda fikr bildirishni o’rganishlari uchun qulay vaqt. 3-4 sinf bo’lsa elektron hisoblash mashinalari olamiga olib kirishning ayni fursati deb hisoblaymiz. Xususan, o’qish darslarida mavzu mazmunini tushuntirish xilma-xil metodlarni qo’llash bilan bir qatorda, kompyuterda yozish, o’qish, undan foydalanish integratsiyasini hosil qilish lozim.

  • O’quvchini kompyuter qarshisiga chorlang. Unga texnika oldida o’zini erkin his qilishni o’rgating. O’quvchingiz o’rganilayotgan mavzudan bir nechta so’zni yozishiga ruhsat bering. O’quvchi kompyuterda yozayotganda shu yuzadan berayotgan savollariga to’liq javob bering. Bir muddat o’quvchini noutbuk bilan yolg’iz qoldiring. O’quvchi matn yaratayotgan vaqtda klaviaturadan harflarni o’zi izlab topsin.

  • Dars davomida bir nechta o’quvchingiz bilan kompyuter mashg’ulotini olib boring. Bu mashg’ulotni har bir o’qish yoki ona tili darsingizda qo’llashga harakat qiling. O’quvchilarga kompyuterdan qo’rqmasliklarini, biror xatoga yo’l qo’yilsa, uni to’g’irlash mumkin ekanligini bot-bot takrorlang.

Bu yo’lda har bir o’quvchining kompyuterni o’rganishga bo’lgan qiziqishi o’qituvchining asosiy quroli bo’lib xizmat qiladi.

O’quvchilarni qiziqish intilishlariga yarashaularni kompyuterga jalb qilish.

O’quvchilarning turli ijodiy ishlar: matnlar, hikoyalar, she’rlar yaratishlarini va bu ijodiy ishlarni o’zlari kompyuterda yozishlari mumkinligini ayting. Bu o’quvchilarni ijodkorlikka yo’naltirishning ajoyib usuli – motivatsiyasi hamdir. O’quvchilarning ijodiy ishlarini elektron shaklda bolalar jurnallari elektron pochtalariga jo’nating. Buning uchun o’zingiz ham electron pochta manzilingizga ega bo’ling. Jurnallar tahririyati, albatta, bu ijod namunalarini e’tiborsiz qoldirmaydi.

Agar yuqoridagi tartibda kompyuterni boshlang’ich sinf darslariga jalb qilsak, kompyuter yonida o’quvchilarda kuzatiladigan hayajonlanish, qo’rquv, qo’l titrashi, klaviaturadan kerakli tugmani uzoq izlash kabi holatlarni yo’qqa chiqaramiz hamda kompyuterni o’quvchining chin yordamchisiga aylantiramiz. Bu bilan o’quvchilarda kompyuterda faqat o’yin o’ynash emas, foydali ish bilan band bo’lish ko’nikmasini shakllantirgan bo’lamiz.

O’quvchi boshlang’ich sinf davridan boshlab texnikani o’rganar ekan, u kelgusida yangi dasturlar yaratish haqida fikr yuritadi.



Bu ishni amaliyotda qo’llash uchun sizda bittagina noutbook bo’lsa yetarli.

Zero, ta’limdagi islohotni o’zimizdan boshlaylik, aziz hamkasblar.

Do'stlaringiz bilan baham:


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2019
ma'muriyatiga murojaat qiling