Boshlang‘ich sinflarga dars o‘tishda zamonaviy ta’lim texnologiyalari va vositalarining o‘rni Saitqulova Iroda Jizzax Davlat Pedagogika instituti Boshlang‘ich ta’lim fakulteti talabasi Ilmiy rahbar : D. Nusratova Annotatsiya
Download 16.57 Kb.
|
6133-Текст статьи-15239-1-10-20220611
Key words: Modern pedagogical technologies, interactive methods, smart textbook, education system.
Yurtimizda Mustaqillik sharofati bilan hamma sohada juda katta o‘zgarishlar davri boshlandi, bu holat ta’limni ham chetlab o‘tmadi. Jumladan, sanoqli mamlakatlardagina mavjud bo‘lgan 12 yillik bepul ta’lim tizimi yaratildi, o‘quv maskanlari zamonaviy uslubda barpo qilinib, foydalanishga topshirildi, o‘quv qo‘llanma va darsliklar chop etildi va yana bir qancha bunyodkor ishlari amalga oshirildi. Hech kimga sir emaski, ta’lim sohasi kundan kunga rivojlanib bormoqda. Bugungi XXI asr farzandi axborotlashgan muhitda ulg‘ayayotganligi sababli, ularning ko‘pchiligi kompyuter, smartfon kabilardan foydalanishni xush ko‘rishadi. Shuni hisobga olgan holda hozirda ta’lim tizimiga zamonaviy texnologik vositalardan foydalanish joriy qilindi. Biz buni boshlang‘ich sinflar misolida ko‘rib chiqamiz. Biz bilamizki, boshlang‘ich ta’lim umumiy o‘rta ta’limning asosiy bo‘g‘ini. O‘quvchi yoshlarning har tomonlama kamol topishi, kelgusidagi muvaffaqiyati ko‘proq boshlang‘ich ta’lim sifati bilan bog‘liq jarayondir. Bundan ko‘rinib turibdiki, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi mukammal o‘qituvchi bo‘lishi shart. Eng asosiysi tarbiyachi o‘quvchilarga turli xil qobiliyatlari, talant qirralarini rivojlantirishga, bilim va ko‘nikmalarini tez o‘zlashtirib olishlariga, milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz, an’analarmiz, sharqona odob normalarini rivojlantirishlariga yordam bera olishi kerak. Mamlakatimiz maktablari hozirgi kunda zamonaviy texnologiyalar bilan taʼminlanishi bilan bir qatorda oʻquv materiallari bilan ham taʼminlangan. Bu yutuqlar bilan bir qatorda yechilishi kerak boʻlgan bir nechta kamchiliklar ham koʻzga tashlanadi. Ular quyidagilar: - Boshlangʻich sinflarda bolalar sigʻimining koʻpligi; - 30 va undan ortiq oʻquvchilardan tashkil topgan guruhlarda dars vaqtining kamligi; - Chekka qishloqlarda malakali kadrlar yetishmovchiligi va hokazolar. Bizning fikrimizcha, yuqorida sanab oʻtilgan kamchiliklarni bartaraf etish mumkin va bu boshlangʻich sinf oʻquvchilari taʼlimini yanada oshirishda oʻz samarasini beradi. Ma’lumki, boshlang‘ich sinf o‘quvchisining diqqati ancha tarqoq va xilma-xil bo‘ladi. Ular yuqori sinf o‘quvchilaridan farqli o‘laroq, ancha harakatchan va o‘yinqaroq bo‘lishadi. Bu esa boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi zimmasiga yanada og‘ir yukni yuklab qo‘yadi. U faol va qiziqarli dars berishi lozim. Xo‘sh, o‘qituvchi bu natijaga qanday erishadi? Bugungi kun o‘qituvchidan ilg‘or pedagogik texnologiyalardan ta’lim jarayonida foydalanishni talab etmoqda. O‘quv jarayonida yangi axborotlar texnologiyalaridan samarali foydalanish mashg‘ulot samaradorligini oshiribgina qolmay, har qanday fikrga mantiqan yondoshadigan, mustaqil fikrlay oladigan yuksak ma’naviyatli shaxsni tarbiyalashdaalohida o‘rin tutadi. Pedagogik texnologiya tushunchasini ikki xil izohlash mumkin: Birinchidan, ta’limning rejalashtirilgan natijalarga erishish jarayoni bo‘lsa, ikkinchidan, tarbiya vositalarining maxsus yig‘indisi hisoblanadi. O‘qituvchi multimedia vositalaridan, turli xil rangli, mazmundor slaydlardan foydalanib darsni boyita olishi kerak. Shu kungacha ta’limda turli axboriy vositalardan foydalanib kelinayapti va yildan-yilga ta’limga zamonaviy texnologik vositalar kirib kelmoqda. Xususan, shu yili O‘zbekiston Respublikasi Xalq Ta’lim vazirligi tavsiyasi bilan Respublika ta’lim markazi tomonidan chop etilgan smart darsliklar fikrimizning yaqqol isbotidir. Ushbu darslikda eski daslikdan farqli o‘laroq, o‘quvchining mantiqiy tafakkurini rivojlantirishga qaratilgan rasmli topshiriqlar o‘rin olgan, qoidalar ham unchalik ko‘p emas. Eng quvonarli tomoni esa darslikka audiomatnning kiritilganlidir. Bu biz o‘qituvchilarga o‘qitishning turli o‘yinli shakllari va media texnologiyalaridan unumli foydalanish imkonini bermoqda. Ushbu jarayon ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilmoqda. “Maktabda o‘qitish metodikasi o‘zgarmasa, ta’lim sifati ham, mazmuni ham, muhit ham o‘zgarmaydi” degan gaplarini muhtaram prezidentimiz bot-bot takrorlayapdilar. [1] Hozirgi kunda ta’lim-tarbiya tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar bir yoki ikki yilda samaraga erishishga qaratilgan emas, balki chin ma’noda bir necha yuz yillarga tatiydigan o‘zgarishlar bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Dars jaryonida axboriy vositalardan foydalanishga qiziqish yildan-yilga oshib bormoqda. Bunday bo‘lishining sabablaridan biri an’anaviy ta’limda tayyor bilimlarni egallashga o‘rgatilgan bo‘lsa, zamonaviy texnologiyalar esa egallayotgan bilimlarini qidirib topib mustaqil o‘rganish, tahlil va xulosalarni ham o‘zlari qilish imkonini berdi. Bugungi kunda ta’limda “Aqliy hujum”, “Fikrlar hujumi”, “BBB”, “Rolli o‘yin”, “Beshinchisi ortiqcha”, “Yumaloqlangan qor”, “Sankveyn”, “Qarorlar shajarasi”, “Zigzag”, “Baxs-munozara” kabi zamonaviy texnologiyalar qo‘llanilmoqda. Dars mashg‘ulotlarida zamonaviy pedagogik texnologiyalardan o‘yin-topshiriqlarni takrorlash yoki mustahkamlash jarayonida qo‘llash yaxshiroq samara beradi. Ularni tanlashda o‘quvchilarning yoshi, bilim saviyasi, o‘yin topshiriqqa o‘rgatilganlik darajasi e’tiborga olinishi kerak. Chunki fiziologik xususiyatlarga mos holda tanlamagan mashg‘ulot o‘quvchiga mavzuni tushunishiga ancha-muncha qiyinchilik tug‘diradi. Birinchi prezidentimizning: “Har qarichi muqaddas bo‘lgan ona yerimizga nisbatan farzandlarimizda g‘urur va iftixor, sadoqat tuyg‘ularini uyg‘otish uchun, biz bugun nima qilyapmiz, degan savollarga javob izlab ko‘raylik…”[2], - degan fikrlariga javoban ta’lim berishning zamonaviy usullarini tatbiq etish orqali ko‘zlangan maqsadga erishishga o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak. Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy : “Yosh bolaga juda kichik yoshidan boshlab tarbiya bermoq zarur. Tarbiya insonga o‘zida yaxshi odat va fazilatlar hosil qilishga yordam beradi”, - degan edilar [3]. “Oʻzbek xalqining asrlar davomida yaratgan ogʻzaki ijod namunalarining til xususiyatlarini tadqiq etish, undagi lingvostilistik vositalarning oʻziga xos xususiyatlarini aniqlash tilimiz tarixining yetarli o‘rganilmagan tomonlariga aniqliklar kiritishi shubhasizdir." [4] Dars jarayonida oʻquvchilarga koʻrgazmali vositalar yordamida hamda oʻqituvchi nutqi yordamida milliyligimizni singdirib borish maqsadga muvofiqdir. O‘sib kelayotgan yosh avlod yoshligidan tarbiyali va bilimli qilib o‘stirilsa, uning ertangi kuniga poydevor bo‘lishi aniq. Saboqlar esa ona tili orqali bola yuragiga jo qilinadi. Shuning uchun boshlang‘ich ta’limda bilim berishi uchun xilma xil interaktiv metodlardan foydalanish yaxshi natija beradi. Bunday holatda o‘qituvchi ham o‘quvchilar ham birday faoliyat olib boradilar. Masalan, “Ikki qismli kundalik” metodini olaylik. Bu usuldan matn bilan ishlash jarayonida foydalanish mumkin. Birinchi navbatda oʻquvchilarga matn beriladi va oʻquvchilar berilgan matnni oʻqib chiqadilar, so‘ng daftar varagʻini ikki qismga bo‘ladilar. Birinchi qismiga “Parcha”, ikkinchi qismiga “Sharh” deb yozadilar. Birinchi qismidagi “Parcha” deb yozilgan qismga o‘quvchilar matn yuzasidan biror parcha yoki ularga qattiq ta’sir qilgan narsa yoki ularni haqiqatda hayron qoldirgan timsol haqida yozishlari kerak. Varaqning “Sharh” deb yozilgan ikkinchi qismiiga birinchi qismdagi parchaga sharh yoziladi. Bunda nima uchun ushbu parchani tanlab olganligi, bu narsa uni nima haqida o‘ylashga majbur etganligi, shu munosabat bilan unda qanday fikrlar tug‘ilganligi haqida sharh beriladi. Masalan, 2-sinf Oʻqish darsligidagi “Tandir” rivoyatini olaylik. Rivoyat dastavval bolalarga oʻqib beriladi, soʻng ulardan oʻzlariga yoqqan parchani tanlab yozishlari talab etiladi. Ular quyidagicha yozishlari mumkin: Parcha. - Soʻzimni eshit, - debdi Navoiy. - Birgina tandirni eplab qurolmaysan, ammo uyni sotmoqchi boʻlasan. Uyingni sotib qoʻyib, yangisini qura olmay, koʻchada qolib ketishni oʻylamadingmi? Bor, hunar oʻrgan, ishla, uying yonga qoladi, tirikchiliging ham oʻtadi... Endi oʻqituvchi bolalardan nima uchun aynan shu parchani tanlab olganliklariga sharh yozishlarini soʻraydi. Sharh. Parchada Navoiyning aql-u zakovati qanchalik kuchli ekanligi tasvirlangan. Xudoyberdi Navoiy boʻlmaganida notoʻgʻri qaror qabul qilib qoʻyar edi. Xudoyberdi hatto tandir qura olmayapti, Navoiy tandir orqali Xudoyberdiga saboq berib qoʻydi. Xalqimiz bekorga “Yetti oʻlchab -bir kes” deyishmagan. Parchada Xudoyberdining oʻylamay qabul qilgan qarori qoralanadi. Bu turdagi metodlardan ona tili darslarida unumli foydalanish mumkin. Bu xildagi qiziqarli metodlardan iborat mavzu tugatib bo‘lgandan so‘ng, o‘quvchilarga topshiriq berilyotgan vaqtda yoki bo‘lim tugaganida foydalanish maqsadga muvofiq. 1-sinf “Ona tili va o‘qish savodxonligi” darsligining 56-sahifasiga qaraylik. Bu mashqda rasmlarga qarab og‘zaki gaplar tuzish topshirig‘i berilgan. Bu jarayonda o‘qituvchi “Aqliy hujum” metodidan foydalanishi mumkin. “Gulning hidi” matnini tuzishda hamma o‘quvchi rasmlardan har xil foydalanadi. Bu topshiriqni qay tartibda bajartirish o‘qituvchining ijodiy mahoratiga bog‘liq. Darsda qo‘llanilgan har bir metod boshlang‘ich sinf o‘quvchisi uchun bilim manbayi bo‘libgina qolmay, balki ularga bir olam quvonch baxsh etadi, ularni diqqatini darsga qaratib beradi, bir so‘z bilan aytganda, o‘qituvchiga darsni qiziqarli tashkil etishiga ko‘maklashadi. Boshlang‘ich sinflarning, nafaqat ona tili darslarida balki boshqa har qanday dars turlari davomida yangi pedagogik texnologiyalarni qo‘llash, o‘qitishning interfaol usullaridan foydalanish, ta’lim-tarbiya jarayoniga yangicha yondashish juda ham katta samarali natijalar berishiga ishonch hosil qildik. Agar boshlang‘ich sinf o‘qituvchilar yuqorida ta’kidlab o‘tilganlarimiz asosida darsni tashkil etib borsalar, o‘quvchilarning boshlang‘ich sinf o‘quv kursi bo‘yicha bilim darajalarining kengayishiga, ularni har bir mavzuga befarq bo‘lmasligiga, o‘zlarining mavzu bo‘yicha erkin va mustaqil mushohada yurita olishlariga erishish mumkin bo‘ladi. Download 16.57 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling