Boshlang`ich ta’lim va sport tarbiyaviy ish
I BOB. O`quvchilarni ma`naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashda o`qish darslarining roli
Download 45.26 Kb.
|
17.Raimboyeva M
I BOB. O`quvchilarni ma`naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashda o`qish darslarining roli.
1.1. O`qish darslarining ta`lim-tarbiyaviy vazifalari . Abdulla Avloniy “Tarbiya biz uchun yo hayot-yo mamot,yo najot-yo halokat, yo saodat-yo falokat masalasidir” deb yozgan o`zining “Turkiy guliston yoxud axloq”kitobida. Komil inson O`zbekiston mustaqilligini mustahkamlshda o`z e`tiqodi,g`ayrat-shijoati,madaniyati, bilimi va ularni tatbiq etish mahorati bilan ajralib turadi.U jamiyatda, jamoada xalqlar va millatlar o`rtasida do`stlik, sog`lom turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan muhitni vujudga keltirishga intiladi. Komil insonni tarbiyalashda maktabda, oilada, sog`lom ma`naviy muhit barqaror bo`lishiga erishish muhim ahamiyatga ega.Chunki sog`lom muhit natijasidagina axloqiy fazilatlar tarkib topadi.Kishi o`z hayotida axloqiy kamolotga qanchalik ko`p intilsa, chunchalik ko`p xato-kamchiliklarini anglab boradi. Umumiy ta`lim maktabi yangi pedagogik tafakkur egasi, munosib shaxs o`z ishining ustasi bo`lgan o`qituvchiga muhtoj. O`qituvchining bilim saviyasi, ma`naviyati jamiyatni harakatga keltiruvchi, taraqiyotga eltuvchi etakchi omillardan biridir. O`qituvchi yurish-turishi, xatti-harakati, kiyinishi, muomalasi bilan o`quvchi qalbiga kirishi, uni ezgulik sari yo`naltirishi kerak. Tarbiyani insonparvarlashtirish-bu maktabning, o`qituvchi-tarbiyachilarning bola tomon yuz burishlari, uning shaxsini hurmat qilish uchun mumkin qadar yetarli sharoitlar yaratib berish, turli yosh bosqichlari ruhiy-fiziologik mustaqillikni hisobga olish demakdir. Maktabda ruhiy xizmatdan foydalanish bolalar kayfiyatini, qiziqishini, intilishini va qobiliyatlarini aniqlash, ta`lim-tarbiya jarayoniga ijodiy yondoshishga imkon beradi. Yoshlarni insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalashda muqaddas kitob «Qur`oni karim», «Hadis»i sharifdan foydalanish juda muhim. Mahmud Qoshg’ariyning «Devonu lug’atit turk», Yusuf Xos Hojibning «Qutadg`u bilig”, Ahmad Yassaviyning «Hikmatlar»i, Sa`diy Sheroziyning «Guliston va Bo`ston», Abdurahmon Jomiyning «Bahoriston», Alisher Navoiyning shoh asarlari, hikmatlari muhim tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi. O`qituvchi o`quvchi qalbiga yo`l topish uchun bilimi va ishi bilangina emas, ayni paytda odob-axloq, madaniyati, rostgo`ylik va shirinsuxanligi bilan namuna bo`lishi lozim. Shundagina o`qituvchi va o`quvchi o`rtasida haqiqiy do`stona munosabat qaror topadi. Yaxshi o`qituvchi o`quvchilarning so`zini diqqat bilan tinglaydi, ularga dalda beradi, tinchlantiradi, to`g’ri baho qo`yadi, hammani teng ko`radi, bolalarni sevadi. Qaysi davr, qaysi sharoitda bo`lmasin ota-bobolarimiz o`z avlodining har tomonlama komil insonlar bo`lishi uchun qayg’urganlar. Chunki jismonan baquvvat, aqlan sog’lom, ma`naviy yuksak, bilim va hunar sohibi, axloqan pok farzandlargina avlodning chinakam davomchisi, yurtning egalari, millat boqiyligi va boyligining ta`minlovchisi hisoblangan. O`quvchilarni ona-Vatanni sevish, ardoqlash, uning farovonligi, gullab yashnashi, taraqiyoti uchun sadoqat bilan xizmat qilish, ona-diyorning har bir qarich yerini, boyliklarini, tabiati va hayvonot dunyosini avaylab asrash, kelgusi avlodlarga qoldirish, ularni muqaddas, tabarruk deb bilish, ajdodlari tarixi, madaniyati bilan g’ururlanish hissini tuyish, milliy urf-odatlar, an`analar, qadriyatlar va udumlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash juda muhim. Xalqimizning ko`p asrlik qadriyatlarini, ulkan va boy madaniy merosini chuqur bilmasdan, milliy o`zlikni anglash, milliy g’urur tuyg’usini qaror toptirish mumkin emas. O`zbek xalqi ko`p asrlik tarixiy taraqiyotida katta madaniyatni yaratdi. U yaratgan boyliklar yoshlar tarbiyasida muhim vosita bo`lib xizmat qiladi. Ismoil-al-Buxoriy, Al-Xorazmiy, Beruniy, Farobiy, Abu Ali Ibn Sino, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Sa`diy Sheroziy, Ahmad Yassaviy, Nizomiy Ganjaviy, Fariddin Attor, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy va boshqa buyuk mutafakkirlarning asarlari orqali o`quvchilari go`zal axloq, baxt, insof, poklik, iffat, sabr-matonat, mehr-shafqat, sihat-salomatlik, ota- onani hurmat qilish qoidalari haqida keng tasavvurga ega bo`ladilar. Insoniylik o`z tarkibiga insonning eng yaxshi axloqiy hususiyatlarini ya`ni, odamlar o`rtasida o`zaro yaxshi munosabatda bo`lish, do`stlik, ota-onaga sadoqatlilik, mehnatsevarlik, diyonatlilik kabi fazilatlarni qamrab oladi. Xalqimiz bolalarning yoshligidan ana shu go`zal fazilatlarini tarbiyalashga ahamiyat berib keladi. Maktablarimizdagi tarbiyaning mazmunini milliy va umuminsoniy qadriyatlar belgilashi lozim, ya`ni ta`lim-tarbiya mazmunida insonparvarlik, tenglik, xalqparvarlik, demokratiya g’oyalari ustivor bo`lishi lozim.. O`qituvchi bolalarni, ularning har birini tushunish mahoratiga ega bo`lishi kerak. O`z o`quvchilarini bilish va ular bilgan narsalarni bilish va har biri alohida va hammasi birgalikda bilishi mumkin bo`lgan narsalarni bilish o`qituvchi uchun zarur shartlardan biridir. Tajribali o`qituvchilar o`quvchilarni kuzatadilar, ularni har tomonlama o`rganadilar, o`quvchini boshqalardan ajratadigan sifatlarni izlab topadilar va u boshqalarga qanday naf keltirishi mumkinligini aniqlaydilar. Tarbiyaning mazmuni, shakli va metodlari bolalar yoshi va saviyasiga qarab turli sinfda turlicha bo`ladi. Masalan, boshlang’ich ta`limning asosiy vazifasi o`quvchilarda o`qish, chizish, hisoblash malakalarini shakllantirish bilan birga ularning ongi, qalbiga tabiatni muhofaza qilish, yaxshilik- yomonlik, adolat-adolatsizlik, halollik-haromlik, go`zallik-xunuklik, mehribonlik-shafqatsizlik kabi tuyg’ularning oddiy qonun-qoidalari singdiriladi. Buning uchun ularni tez-tez tabiat qo`yniga olib chiqish, ularning o`zlari kuzatishlar olib borishlari kabi imkoniyatlar yaratish lozim. Yuqori sinflarda esa shaxsning rivojlanishi va shakllanishi, uning ijtimoiy o`zligini anglashga bo`lgan istagi, qiziqishi va qobiliyatini ta`minlash uchun shart-sharoitlar yaratiladi, kasbga yo`naltirishga e`tibor beriladi. O`quvchilar jamoasi ayrim shaxslardan iborat, Shuning uchun har bir bolaning o`ziga alohida pedagogik ta`sir ko`rsatilishi kerak. Buning uchun o`qituvchi bolaning qanday oilada tarbiyalanganligi, u tarbiyalangan muhit ta`sirini, tengdoshlari, o`rtoqlari va kattalar qanday ta`sir ko`rsatayotganlarini, uning ijobiy va salbiy odatlarini, nimalarga qiziqishini va qobiliyati borligi va hokazolarni yaxshi bilishi kerak. Har bir bolaning o`zigagina xos xususiyatlarini aniq bilmay turib bolaga rejaviy ravishda, maqsadga muvofiq ta`sir ko`rsatish mumkin emas. O`qituvchining bu qoidaga amal qilishi o`quvchilarning tushunishiga, ularning his-tuyg’ularini, tashvishlarini jiddiy qabul qilish va qadrlashga, ijobiy insoniy fazilatlarni tarbiyalashga yordam beradi. O`quvchilar ham o`z o`rnida o`zlarini inson sifatida anglaydilar va o`qituvchilarga hurmat bilan qaraydilar. O`qituvchi tarbiya jarayonida bolalarning ijodkorligiga, ziyrakligiga, mustaqilligiga, bilish va ijtimoiy faolligiga keng yo`l berish kerak. Bolalar jamoasiga singdirilgan muomala harakteri har bir o`quvchiga haqiqiy insoniy tabiatni rivojlantirishga yordam berishi lozim. Bu qoidani amalga oshirish bolalar faoliyatini mazmuni va shakllarini ularning yoshiga, hayotiy tajribasiga va imkoniyatlariga muvofiqlashtirishni talab qiladi. O`qituvchi o`z o`quvchilarida insoniy fazilatlarni tarbiyalash jarayonida ularning har biriga xos ravishda muomala qilish yo`lini topishi lozim. Bоshlang`ich sinflarning o`qish darslari o`z mоhiyati, maqsad va vazifalariga ko`ra ta’lim tizimida alоhida o`rin tutadi. Nеgaki, uning zaminida savоdхоnlik va aхlоqiy-ta’limiy tarbiya asоslari turadi. Shuning uchun ham bоshqa prеdmеtlar ta’limini o`qish ta’limisiz tasavvur qilib bo`lmaydi. O`quvchi matnni to`g`ri, tеz, tushunib o`qish, mazmunini o`zlashtirish bilan ilk bоr o`qish darslarida yuzlashadi. O`qish darslari оrqali o`quvchilarning Davlat ta’lim standartlari (DTS) talablari bo`yicha o`zlashtirishlari ko`zda tutilgan o`quv-biluv ko`nikma-malakalari hamda bilimlarni egallashlariga yo`l оchiladi. Aynan o`qish ta’limida insоnning, avvalо, o`zligini, qоlavеrsa оlamni anglashga bo`lgan intilishlariga turtki bеriladi. Shu maqsadda «O`qish kitоbi» darsliklariga оna tabiat, atrоfimizni o`rab turgan оlam, Vatanimiz tariхi va bugungi qiyofasi, kattalar va bоlalar hayoti, mеhnatsеvarlik, istiqlоl va milliy-ma’naviy qadriyatlar, хalqlar do`stligi va tinchlik kabi turli mavzular bo`yicha atrоflicha tushunchalar bеrishga mo`ljallangan badiiy, aхlоqiy-ta’limiy, ilmiy-оmmabоp asarlar kiritiladi. O`qish darslari savоd o`rgatish davrida o`quvchilarni bo`g`in, so`z va gaplar bilan tanishtirish va ularni o`qish, rasmlar asоsida hikоya qilish tarzida uyushtirilsa, o`qish tехnikasi egallangandan so`ng o`qish muayyan mavzular bo`yicha tanlangan badiiy, ilmiy-оmmabоp matnlar yuzasidan оlib bоriladi. Ma’lumki, sinfda o`qish asоsida badiiy va ilmiy-оmmabоp matnlar turadi. Hozirgi kunda umumta`lim maktablari uchun nashrdan chiqayotgan darsliklar o`zining sifati, mavzularining rang-barangligi va o`quvchilarning yosh xususiystlariga mosligi bilan talabga javob beradi. Uzviylashtirilgan davlat ta`lim standarti va o`quv dasturida o`quvchilarni ta`lim-tarbiyaviyt tomondan to`g`ri shakllanishiga e`tibor qaratilgan. O`quvchilarni matn bilan tanishtirish o`qishga tayyorgarlik bоsqichidan bоshlanadi. Tayyorgarlik bоsqichi yozuvchilar haqida ma’lumоt bеrish, o`quvchilarni asarda tasvirlanadigan vоqеa-hоdisalarni idrоk qilish, asar pafоsini his etish, nоtanish va ko`p ma’nоli so`zlar, murakkabrоq tarzdagi оbrazli ifоdalarni izоhlash kabi masalalarni o`z ichiga оladi. Agar asar yil fasllari haqida bo`lsa, tabiat qo`yniga sayohat uyushtirish ham sinfda o`qish muvaffaqiyatini ta’minlashga хizmat qiladi. Uzluksiz ta’limning bоshqa bоsqichlaridan farqli o`larоq, bоshlang’ich sinflarning o`qish darslarida o`quvchilarning o`qish malakalarini shakllantirish, asar matni ustida ishlash ta’limning didaktik maqsadi hisоblanadi. U turli mavzudagi matnlar ustida ishlash оrqali ma’naviy-ahlоqiy, adabiy - estеtik tarbiya bilan chambarchas bоg’lab оlib bоriladi. Shunga ko`ra o`qish darslarining yеtakchi xususiyati o`quvchilarning savоdхоnligini ta’minlash bilan birga badiiy adabiyotning sеhrli оlamiga оlib kirish, milliy mafkura asоsida yuksak aхlоqiy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga qaratiladi. O`qish ta’limi bo`yicha o`quvchilarni faqat matn bilan tanishtirish yordamida dastur talablariga javоb bеrib bo`lmaydi. Nеgaki matn tagzaminidagi tarbiyaviy g’оya uni tushunish, idrоk qilish natijasidagina оchiladi. Bоshqacha aytgand, har qanday asardagi sеhr-jоziba matn zaminidagi yashirin mazmun-mоhiyatni anglab еtilganda o`quvchi diqqatini o`ziga jalb etishi mumkin. Bunga adabiy-nazariy tushunchalarni o`zlashtirish, adabiy tahlil malakalarini shakllantirish оrqali erishiladi. Asar tahlili jarayonida o`qituvchi savоllariga o`quvchilarning o`z so`zlari bilan javоb bеrishi ham matnda tasvirlangan vоqеa - hоdisalar yuzasidan mantiqiy fikrlashga, qahramоnlarning хatti-harakatlarini to`g’ri bahоlashga yaqindan yordam bеradi. Savоllar uzuq-yuluq va mantiqsiz bo`lmasdan, qat’iy maqsad asоsida izchil bеrilishi o`quvchilarning o`qilgan matn mоhiyatini chuqur anglab еtishlariga imkоn yaratadi. Nеgaki har qanday javоb mustaqillikni taqоzо etadi. O’qish darslarini bolalarda muhabbat uyg’otadigan, poklik tuyg’ulariga ozuqa beradigan, hissiyotni o’tkirlashtiradigan, estetik didni o’stradigan musiqa va tasviriy san’at fanlari bilan uzviy bog’langan bo’lishi kerak. O’qish, musiqa va tasviriy san’at darslarini o’zaro bog’lab uyushtirish bolalarda san’at asarlarini to’g’ri tushunish va qadrlash ko’nikmalarini o’stiradi, o’quvchilarning shaxs sifatida ma’naviy qiyofalarini shakllantirishga xizmat qiladi. Download 45.26 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling