Bo‘ylakim, paydo bo‘lur yulduz, nihon bo‘lg‘ach quyosh


Download 20.62 Kb.
Sana17.12.2022
Hajmi20.62 Kb.
#1026108
Bog'liq
Alisher Navoiy o


Alisher Navoiy o‘zining juda ko‘p asarlarida buyuk zamondoshlari Mavlono Lutfiy bilan Abdurahmon Jomiyga bo‘lgan hurmati va botiniy e’tiqodi haqida so‘z yuritadi. Ularning siymosiga, ijodiga oid fikrlari “Majolis un-nafois”, “Muhokamat ul-lug‘atayn”, “Holoti Pahlavon Muhammad”, “Nasoyim ul-muhabbat” va boshqa asarlarida mavjudligi ma’lum.

Alisher Navoiy o‘zining “Majolis un-nafois” tazkirasida Lutfiyni, “o‘z zamonining malik ul-kalomi erdi, forsiy va turkiyda naziri yo‘q erdi, ammo turkiyda shuhrati ko‘prak erdi va turkcha devoni ham mashhurdur va mutaazzir ul-javob matla’lari bor…”, deya ta’riflaydi.

Ma’lumki Alisher Navoiy 10—12 yoshlaridan she’r yoza boshlagan. Tarixchi Xondamirning yozishicha, yosh Alisher Navoiyning iste’dodidan mamnun bo‘lgan mavlono Lutfiy, uning:

Orazin yopqoch, ko‘zumdan sochilur har lahza yosh,


Bo‘ylakim, paydo bo‘lur yulduz, nihon bo‘lg‘ach quyosh

matla’li g‘azalini tinglab: «Agar muyassar bo‘lsa edi, o‘zimning o‘n-o‘n ikki ming forsiy va turkiy baytimni shu g‘azalga almashtirardim…» degan. Alisher Navoiy 15 yoshida shoir sifatida keng tanilgan. She’rlarini turkiy (Navoiy taxallusi bilan) va forsiy (Foniy taxallusi bilan) tillarida yozgan.

Jomiy Alisher Navoiy bilan birinchi marta temuriy Abu Said xukmronligi davrida Xiyobon mavzesida hamma qatori ko‘rishgan. Shunda Jomiy unga o‘zining bir risolasini taqdim qilgan. 1476—77 yillarda Navoiy ham Jomiyni o‘ziga pir, deb taniydi. Garchi Jomiyning Navoiydan yoshi ancha ulug‘, rasman pir hisoblansa ham, mohiyatan ular chin do‘st va hamkor bo‘lganlar. Jomiy o‘zining («Nafaxotuluns», «Bahoriston» va b.) bir qancha asarlarida Navoiyni, Navoiy ham o‘z asarlari («Xamsat ul-mutahayyirin», «Majolis un-nafois» va b.)da Jomiyni hurmat b-n tilga oladi.

Atoqli adabiyotshunos olim Najmiddin Komilov ta’kidlaganidek,Abdurahmon Jomiy turkiy tilni yaxshi bilgan, bu tilda yaratilgan asarlarni o‘qib zavqlangan. Shuning uchun u Navoiyning faqat dostonlarinigina emas, balki lirik asarlarini ham mutolaa qilib, yuksak baholagan, Navoiyni ulug‘ ijodiy ishlarga ruhlantirib turgan. Navoiyning so‘zlaridan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, Jomiy ulug‘ o‘zbek shoirining forsiy she’rlariga ham, turkiy asarlariga ham javobiya aytgan, biroq turkiy she’rga turkiy tilda emas, balki forsiy tilda tatabbu’ bitgan. Bu o‘ziga xos nodir adabiy hodisa, ikki xalq hamkorligi, ruhiy yaqinligining ifodasi edi.

MAVLONO LUTFIY NAVOIY NIGOHIDA
Suyima G‘ANIYEVA
07
0 Navoi Djami Poet 75.jpgAlisher Navoiy o‘zining “Majolis un-nafois” tazkirasida XV asrda ona tilida ijod qilgan shoirlar — Atoyi, Gadoiy, Sakkokiy, Amiriy, Yaqiniy, Muqimiy va boshqalar haqida alohida fiqralarda ma’lumot beradi. Mavlono Lutfiyni esa, “o‘z zamonining malik ul-kalomi erdi, forsiy va turkiyda naziri yo‘q erdi, ammo turkiyda shuhrati ko‘prak erdi va turkcha devoni ham mashhurdur va mutaazzir ul-javob matla’lari bor…”, deya ta’riflaydi.

Lutfiy haqida “O‘zbek adabiyoti tarixi”da N.Mallayev, besh jildlik “O‘zbek adabiyoti tarixi”da S.Erkinov yozgan. Ergash Rustamovning “Uzbekskaya poeziya v pervoy polovine XV v.” kitobida Lutfiy she’riyatining g‘oyaviy-badiiy jihatlari ochib berilgan, ayniqsa, shoir xalq og‘zaki ijodidan g‘oyat unumli foydalanganiga e’tibor qaratilgan.

Lutfiy ijodiga qiziqish o‘z davridayoq boshlangani ma’lum. Davlatshoh Samarqandiy, Xondamir, Abdulloh Kobuliy va boshqalarning asarlarida ta’rif qilingan. Alisher Navoiyning Lutfiy siymosiga, ijodiga oid fikrlari “Majolis un-nafois”, “Muhokamat ul-lug‘atayn”, “Holoti Pahlavon Muhammad”, “Nasoyim ul-muhabbat” asarlarida mavjud.

“Nasoyim ul-muhabbat”dagi Navoiy fikrlari boshqa asarlari kabi keng tarqalmagani uchun keltirib o‘tish joiz: “Tahsil ayyomida Mavlono Shihobuddin Xiyoboniy xizmatig‘a yetar ekandur va odobi tariqat sulukini andin kasb qilur erkondur. Agarchi shoirliq tariqida ma’ruf va mashhur bo‘ldi. Ammo darveshlik tariqini dag‘i ilkidin bermadi. Bu faqir borasig‘a ko‘p iltifoti bor erdi va fotihalar o‘qur erdi va doim volida mulozamatig‘a va rizoye xotirig‘a targ‘ib qilur erdi. To‘qson yoshidin tajovuz qilg‘onda, Hazrat Maxdumi (nuvvira marqaduhu nuran) otig‘a radifi “suxan” saj’ qasidaye aytib erdiki, zamon xushgo‘ylari barcha xubluqqa musallam tuttilar va ul hazrat dog‘i insof berdilar va oning matlai budurkim,

Bayt:
Zihi hadisi labat quvvatu ruhu jon ast,
Guli ruxat chamanoroyi bo‘ston ast.

(Mazmuni: Xusho, labingdan chiqqan so‘zlar — ruh ozig‘i, so‘zning jonidir. Yuzing guli — so‘z bo‘stoni chamanlarini bezovchidir.)

Ul Hazrat shukrguzorlik yuzidin ma’zirat izhori qilib, dedilarkim, bu she’rning silasi uhdasidin biz chiqolmasbizki, magar muqobalada ham qasidaye sizning otingizg‘a aytqaybiz. Mavlono dedilarkim, ani sizga oson qilurbiz. Sizing kiygan eski to‘nungizni gadoyliq qilurbizki, hulla bo‘lg‘ay. Ul hazrat uzrxohliklar bila kisvatni Mavlonog‘a kiydurdilar. Mavlono bag‘oyat so‘xta kishi erdi. To‘qson to‘qquz yoshida olamdin o‘tti, qabri Dehikanordadurki, o‘z maskani erdi. Bu matla’idin bu toifa mashrabining choshnisi zohirdur:

Ulki, husn etti bahona elni shaydo qilg‘ali,


Ko‘zgutek qildi seni o‘zini paydo qilg‘ali”.

Mazkur fiqrada Navoiy Mavlono Lutfiyning Abdurahmon Jomiyga bo‘lgan hurmati va botiniy e’tiqodi haqida so‘z yuritadi. Lutfiy davrning taniqli tariqat peshvolaridan Shihobuddin Xiyoboniy xidmatlariga yetishib (“Majolis un-nafois”da Navoiy uni “aziz va mutabarrak kishi erdi”, deb ta’riflaydi), tariqat yo‘llarini kasb qilgani bayon etiladi. Lutfiy tabiatida darveshlikka moyillik ustuvor bo‘lgani ta’kidlanadi. Binobarin, Lutfiy ijodida tasavvufiy aqidalar, sufiyona ta’birlar mavjud bo‘lgan. Shoir ijodining bu jihatlari yoritilmagani izoh talab qilmaydi. Demak, “Nafahot ul-uns” tarjimasi ustida ishlaganda Navoiy uni to‘ldirishga ahd etar ekan, turkiy mashoyix, tasavvufga daxldorligi bor turkiygo‘y shoirlarni kiritgani tasodifiy emas.

Navoiyning “Holoti Pahlavon Muhammad” asarida shunday bir nukta bor. Unga ko‘ra, Lutfiy she’riyatida dunyoviylik tushunchasi ustunligi anglashiladi. Kunlarning birida Pahlavon Muhammad Navoiydan turkiygo‘y shoirlardan qaysi biri yaxshiroq yozgan va sen xush ko‘rasan, maqbul ko‘rasan, deb so‘rabdi. Navoiy debdi: — Mavlono Lutfiy holo musallamdurlar va bu qavmning ustodi va malik ul-kalomidur. Pahlavon Muhammad: — Nechuk Sayyid Nasimiy demading? — deganida, Navoiy: — Xotirg‘a kelmadi va bar taqdir kelmoq, Sayyid Nasimiyning nazmi o‘zga rang tushubtur, zohir ahli shuarosidek nazm aytmaydur, balki haqiqat tariqin ado qilibdur. Bu savolda sening g‘arazing majoz tariqida aytur el erdi.

“Majolis” oxirida “Xilvat” deb berilgan, Husayn Boyqaroning Navoiy “oliy majlis” deb ta’riflagan adabiy anjumanlarining birida Sultonning “g‘ayri nazm latoyifidin”, deya Lutfiy bilan bog‘liq naql keltiriladi.

Bahor kunlarining birida shiddatli yomg‘ir yog‘ayotgan paytda Lutfiy Navoiyni uchratadi va unga Xusrav Dehlaviyning hinducha she’rlaridan bir ma’noni aytib beradi:

Bahor chog‘ida mahbub qaygadur ketayotgan ekan. Yog‘indan yer balchiq bo‘lib, u toyib ketib, yiqilayozibdi. U shunday nozik ekanki, yog‘in torini tutib, o‘nglanib olibdi. Navoiy Xusravning juda nozik xayolidan xushhol bo‘lib, tab’ ahlidan ba’zilarga aytib berganda, ular ham qoyil qoladilar. Navoiy ko‘p hayajon bilan Husayn Boyqaroga aytib berganida, u tabassum qilib, fikr bildirmaydi — e’tiroz etgandek tuyuladi Navoiyga. Navoiy yana shu haqda so‘z ochganda, Sulton deydi: “E’tiroz budurkim, ul yog‘in qatrasi yuqoridin quyi inib keladur, muqarrardurkim, rishtasig‘a dag‘i hamul holdur. Rishtayekim, mayli quyi bo‘lg‘ay, aning madadi bila yiqiladurg‘on o‘zin asramog‘i maholdur”. Mana bu baytdagi fikrga esa, e’tiroz qilish maholdur, deydi Husayn Boyqaro:

Za’fdin kulbamda qo‘pmoq istasam aylar madad.
Ankabute rishta osqon bo‘lsa har devorg‘a.

Mazkur lavhada Husayn Boyqaro she’rda mantiqqa rioya etishga e’tibor bergan. Lutfiy, Navoiy va boshqalar esa, fikrning noyobligiga e’tibor qilganlar. Demak, Navoiy majoziy yo‘nalishni Lutfiy she’riyatida asosiy deb qaragan.

Alisher Navoiy Lutfiyning uch g‘azaliga muxammas bog‘lagan.

Ey, soching shaydo ko‘ngullarning savodi a’zami,


Halqa-halqa ruxning sarmanzilidur har xami

matla’li g‘azaliga muxammasida Navoiy 4-baytni 3-qilib olgan va maqta’ni

Lutfiyni boshtin yana tirguzsang, ey Isonafas,
Kim yetibdur, vah, ani o‘lturgali hijron g‘ami —

tarzida beradi.

Anqara nashri va “Sensan sevarim”da ikkinchi misra shunday:

Kim tanindin bo‘ldi ko‘p jon olg‘ali hijron g‘ami.

2-muxammas Lutfiyning quyidagi matla’li g‘azaliga bog‘langan:

Ko‘ktadur har dam fig‘onim ko‘rgali sen mohni,


Da’vii mehringga tonuq tortadurmen ohni.

G‘azal 7 baytli bo‘lib, 7 baytdan 5 bayti olingan va 3-bayt 4-o‘rinda keladi. 5—6-baytlar tushirilib qoldirilgan.

“Zulfu oy yuzing” — “zulfungu yuzing”, “qil nadirkim” — “rahm qilkim”, “zakoti husn uchun” — “zakoti husn anga” deb tahrir etilgan.

3-muxammas Lutfiyning:

Laylat ul-me’rojning sharhi sochi tobindadur,
Qoba qavsayn ittihodi qoshi mehrobindadur

matla’li g‘azaliga bog‘langan. Navoiy 4-baytni ikkinchi qilib olgan, 3 — 4-baytlarni tushirib qoldirgan.

Shunisi diqqatga sazovorki, bular Navoiyning ilk rasmiy devoni “Badoe’ ul-bidoya”da keltirilgan. Demak, ular 870—885/1465—80 yillar o‘rtasida yozilgan.

Navoiyning 10 muxammasidan uchtasi Lutfiy g‘azallariga bog‘langan.

Navoiy Lutfiyning:

Ey, jamoling loyazolu bebadal husnung jamil,


Oy yuzingdur ahsani taqvim uchun ravshan dalil…

Ey, qading to‘biyu jannat xaddi gulgun ustina,


Ko‘rmadi davron seningtek oy gardun ustina

matla’li g‘azallariga musaddas ham bog‘lagan — tasdis qilgan. Bular ham “Badoe’ ul-bidoya”da keltirilgan.

Bugina emas, Navoiyning Lutfiy g‘azallariga tatabbu’ va tavrlari, javobiyalari ham bor. Lekin ularni o‘rganish darkor.

Muxammas bog‘lashda shoir olinayotgan g‘azalning har baytiga mazmun ham badiiy tafsillarning uyg‘un bo‘lishiga e’tibor berishi zarur bo‘lgan. Navoiy Lutfiy g‘azallaridan muxammas va musaddaslar bitar ekan, ulardagi g‘oyani yanada teranlashtiradi, badiiyatini ochib beradi. Natijada Lutfiyga hamovoz Navoiy g‘azalni idrok etish, undan ruhiy ta’sirlanishga noil bo‘ladi.

Lutfiy g‘azallaridan birida shunday mahbubaga ko‘z qorachig‘imni vatan ayla, degan ma’noli matla’ bor. Navoiyning mashhur, o‘z davridayoq maqom yo‘llarida ijro etilgan “Qaro ko‘zum kelu mardumlig‘ emdi fan qilg‘il…” g‘azaliga Lutfiydagi nozik nukta ilhom baxsh etgandir.

Mashhur ozarboyjon shoiri Muhammad Fuzuliy Lutfiyning

Ey, azaldan to abad ko‘nglum giriftoring sanin,
Chora qilkim, bo‘ldu jonim asru darmoning sanin

matla’li g‘azaliga taxmis bog‘lagan, faqat asliyatdagi “afgoring” qofiyasi “darmoning” deb xato olingan.

XIX asrning ko‘rkamli shoiri Amiriy ham Lutfiy g‘azallaridan

Ey, sanavbar bo‘yli dilbar, fikri hijron qilmag‘il,


Shavq o‘tinda men gadoni asru biryon qilmag‘il…

Ishq tushsa ham ko‘ngulga, dardu g‘amdin chora yo‘q,


Yetsa chun nashtar jarohatqa, alamdin chora yo‘q…

Nortek yangoqlaring kibi sham’ anjumanda yo‘q.


Sarv qading mengizli sanavbar chamanda yo‘q…

Ey jafodin bir zamon ko‘ngli pushaymon bo‘lmag‘on,


Qoni bag‘rim zarrayi qayg‘ung bila qon bo‘lmag‘on

matla’li g‘azallariga muxammas bog‘lagan.

“Gul va Navro‘z”ga kelganda, shuni aytish kerakki, Navoiy uni “Majolis”da yodga olmagan. (Bu asar muallifi haqida Yo.Is’hoqov 1972 yili maqola yozib, uning Haydar Xorazmiyniki ekanini aytgan.) Faxriy Hirotiy (“Majolis”ning forsiyga birinchi tarjimoni) Sulton Iskandar mirzoga bag‘ishlangan fiqrada “Mavlono Haydar turkiygo‘yki, sohibi “Mahzani asror” va “Gul va Navro‘z” az ust va maddohi u buda va on du kitobro xub go‘fta, ba nomi u tamom karda”, deb yozadi.

Bobur ham o‘z “Aruz risolasi”da “Gul va Navro‘z” Mavlono Abdul Haydar Xorazmiy asari, deb yozgan.

Lutfiy devonining Anqara nashrida esa, Jalol Tabibning “Gul va Navro‘z”ini Lutfiy forsiydan turkiyga o‘girgan, deb yozadi Gunoy Qoraog‘och.

Fors mumtoz adabiyotining mashhur nomoyandalaridan Hoju Kermoniy (Kamoluddin Abul Mato’ Mahmud, vafoti 753/1352-53) “Xamsa”sidagi besh dostonning biri “Gul va Navro‘z”dir. Bu doston matni bilan Lutfiyga nisbat berilgan dostonni muqoyasa qilganimizda butunlay boshqa asar ekanligi ma’lum bo‘ldi…

Manba: “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2010 yil, 5-son.

BUYUK DO‘STLIK NAMUNASI


Dilnavoz YUSUPOVA
033
0_1eL.jpgFors-tojik adabiyotining buyuk va eng so‘nggi klassigi deb e’tirof etiladigan Jomiy badiiy ijodining deyarli barcha sohalarida forsiy shoirlar e’tirofini emas, aynan Alisher Navoiy fikrlarini alohida e’tiborga olgan. “Hayrat ul-abror” dostonida Navoiyning faxriya tarzida Jomiy yaratgan asarlarni oldin Navoiy, keyin boshqalar ko‘rishini yozganligi bunga yorqin misoldir:

Nomag‘akim roqim etib xomasin,


Ko‘rmadi men ko‘rmayin el nomasin.

Aslini olganda, mavlono Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiyning do‘stona munosabatlari alohida e’tibor va e’tirofga molik hodisa hisoblanadi. “Xamsa” dostonlarining har birida Abdurahmon Jomiy uchun alohida bob ajratilganligi hamda “Xamsat ul-mutahayyirin” (Besh hayrat) asarining mavlono Jomiyga bag‘ishlab bitilganligi buni yaqqol tasdiqlab turadi. Alisher Navoiy “Xamsat ul-mutahayyirin” asarining kirish qismida asar mundarijasini keltiradi. Unga ko‘ra, mazkur asar muqaddima, uch maqolat va xotimadan iborat. Asarning har bir qismi muayyan maqsadni yoritishga mo‘ljallangan. Muqaddimada mavlono Jomiyning nasl-nasabi, tutgan yo‘li va hazrat Navoiy u kishining xizmatiga kirganligi haqida gap boradi. Birinchi maqolatda Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy o‘rtasida bo‘lib o‘tgan suhbatlar hamda qiziqarli voqealar, ikkinchi maqolat mavlono Jomiy va Alisher Navoiyning o‘zaro yozishgan xatlari, uchinchi maqolatda mavlono Jomiyning yozgan asarlari, xotimada Alisher Navoiyning Jomiy huzurida o‘qigan kitob, risolalari hamda mavlono Jomiyning so‘nggi yillari to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan.

Asarda keltirilgan qiziqarli voqealardan biri quyidagichadir: bir majlisda Udiy ismli hofiz Xoja Hasan Dehlaviyning g‘azalini kuylaydi. Shunda g‘azalning:

Misoli qatrai boron sirishki man ham dur shud,


Chunin asar dihad, ore, to‘lui chun tu Suhayle –

“Yomg‘ir tomchisi kabi mening ham ko‘zyoshlarim durga aylandi, haqiqatan, sening suhayl yulduziday chiqishing shunday ta’sirlantiradi” – baytiga kelganda majlis ahli misradagi “dur” so‘zidan ko‘ra ko‘zyoshni qon (xun)ga o‘xshatish badiiy ta’sirchanlikni oshiradi, deyishadi. Hamma shunday fikr aytib, Navoiyning ham fikrini bilishga qiziqadilar. Shoir g‘azaldagi ifodaning o‘zi chiroyli, lekin buni isbotlab berolmayman, kelinglar, bir kishini hakam qilamiz, u to‘g‘ri fikrni aytsin, garov o‘ynaymiz, deydi. Hamma rozi bo‘ladi va g‘azal bayti Abdurahmon Jomiyga yuboriladi. Baytdagi “dur” yoki “xun” (“qon”) so‘zlarining qaysi biri ma’qul ekanligini so‘rashadi. Shunda Jomiy:

Suxan durr astu taalluq ba go‘shi shah dorad –

“So‘z – dur, shoh qulog‘iga taalluqi bor” mazmunidagi bir misrani bitib yuboradi. Davra ahli javobning nozik va qisqaligidan, Navoiy va Jomiyning shu qadar hamfikr ekanligidan hayratga tushadilar. Bu voqea butun Hirotga tarqalib ketadi, majlislarda uzoq vaqt aytib yuriladi.

Yana bir voqeada bir qurilishga sarv daraxtlari kesilib olib ketilayotgani bilan bog‘liq holat tilga olingan. Aravada qurilishga sarv daraxtlarining olib ketilayotganini ko‘rgan Jomiy aravakashdan sarv daraxti qoldimi, nechta yog‘och olib ketyapsan, deb mutoyiba bilan savol bersa, aravakash “bir yuz to‘rtta” deydi. Shunda Navoiy sarv yorning qaddiga qiyosdir, “qad” so‘zining adadi ham bir yuz to‘rtdir deydi. Chunki “qad” – “قد” so‘zi abjad hisobida 104 raqamini hosil qiladi. Bunda ﻖ – 100, ﺪ – 4 ni bildiradi. Jomiy Navoiyning zakovatiga qoyil qoladi.

Yuqorida aytilganidek, Alisher Navoiy “Xamsa” dostonlarining har birida Abdurahmon Jomiyga alohida bob bag‘ishlagani bejiz emas. Buyuk shoir o‘z asarlarini yozish uchun piridan ma’naviy madad olib turgan. Xususan, “Saddi Iskandariy” dostoni xotimasida shunday voqea keltiriladi:

Navoiy o‘z beshligi kitobxonlar tomonidan qanday baholanishini bilish uchun ustozi Abdurahmon Jomiyning huzuriga boradi va unga “Xamsa”ni taqdim etadi. Jomiy asarni birma-bir varaqlab, shoirga lutf bilan munosabatda bo‘ladi va bir qo‘lini shoirning yelkasiga qo‘yadi. Ustoz va pir Jomiyning qo‘li yelkasiga tekkach, shoir bir lahza hushini yo‘qotadi va taxayyul olamiga g‘arq bo‘ladi: Navoiy ajoyib bir gulistonda sayr qilib yurib, bir guruh suhbatdoshlarni ko‘rib qoladi. Ulardan biri shoir tomonga kelib, o‘zini fors-tojik shoiri Hasan Dehlaviy deb tanishtiradi va davradagilar shoirni ko‘rmoqchi ekanliklarini aytadi. Navoiy hayajon bilan davra ahliga yaqinlashadi. Hasan Dehlaviy davradagilarni Navoiyga tanishtiradi. O‘rtada Nizomiy Ganjaviy, uning ikki yonida Xusrav Dehlaviy va Abdurahmon Jomiy, ularning atrofida o‘tirganlar esa Firdavsiy, Unsuriy, Sa’diy, Sanoiy, Hoqoniy va Anvariylar edi:

“… O‘rtodag‘i piri farruxjamol


Ki, vasfida keldi xirad nutqi lol,

Erur hazrati Shayx, ogoh bo‘l!


Niyoz aylabon xoki dargoh bo‘l.

O‘ng ilgi sori anga payravdurur,


Jahon ofati – Mir Xusravdurur.

Yana bir yon ustodu piring sening,


Raqamxoni lavhi zamiring sening

Chu Sa’diyu, Firdavsiyu, Unsuriy,


Sanoiyu, Xoqoniyu, Anvariy”…

Davradagilar Navoiyni ko‘rishlari bilan o‘rinlaridan turadilar. Uning bir qo‘lidan Xusrav Dehlaviy, ikkinchi qo‘lidan Abdurahmon Jomiy tutib, Nizomiyning yoniga o‘tqazadilar. Navoiy Nizomiyga ta’zim bajo keltirib, uning yoniga o‘tiradi. Nizomiy Navoiyning “Xamsa”siga yuksak baho beradi va Jomiydan shoir haqqiga duo o‘qishini so‘raydi…



Shu onda Navoiy taxayyul olamidan qaytib qarasa, Jomiy qo‘lini uning yelkasidan olgan va unga qarab turgan ekan. Jomiy Navoiyni ulug‘ muddaoga yetishganligi bilan qutlab, Tangriga shukrona keltirishga chorlaydi.

Umuman olganda, XV asrning ikki buyuk namoyandasi bo‘lmish mavlono Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiyning o‘zaro samimiy munosabatlari hamma zamonlar uchun ustoz-shogirdlik va do‘stlikning chinakam namunasi bo‘la oladi.
Download 20.62 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling