Brahmanning ovchilar haqidagi hikoyati Ovchilar hayvonlarni tutish uchun cho‘lda bir
Download 10.51 Kb.
|
Sehriyo
Brahmanning ovchilar haqidagi hikoyati Ovchilar hayvonlarni tutish uchun cho‘lda bir quduq qazib, ustini berkitib qo‘ygan edilar. Bir kuni bars, maymun, ilon, ulardan keyin bir zargar haligi quduqqa tushib ketdi. Hayvonlar o‘zlari bilan ovora bo‘lib, zargarga zarar yetkazmadilar. Bu hodisadan bir necha kun o‘tgandan so‘ng u yerdan bir sayyoh o‘tib qoldi. Zargarning ahvolini ko‘rib: «Bu kishini chohdan qutqarishdan ham ortiq savob ish bo‘lmasa kerak», – deb arqon keltirib quduqqa soldi. Birinchi bo‘lib maymun, ikkinchi bo‘lib ilon, uchinchi bo‘lib bars yuqoriga chiqdilar. Ularning har uchalasi sayyohga qarab dedilar: – Har birimizning bo‘ynimizda qarzing bor. Sen bizga juda katta yaxshilik qilding. Lekin afsuski, bizlar hozir yaxshiligingni qaytara olmaymiz. Maymun dedi: – Mening vatanim shahar chekkasidagi tog‘dadir. Bars dedi: Men shu yaqin oradagi o‘rmonda yashayman. Ilon dedi: – Mening uyam shu shahar qo‘rg‘onining tagidadir. Yordamga muhtoj bo‘lsang, bizga xabar et, balki bizga qilgan xizmating evaziga yaxshilik qaytararmiz. Endi esa bir maslahatimiz bor: u kishini quduqdan chiqarma. U yolg‘onchi, yaxshilikka yomonlik qiluvchi, vafosiz odam. Vajohatiga aldanma, xulq-atvori juda-juda yomon. Bir necha kun birga bo‘lib, uning xususiyatlarini bilib oldik. Hech kimning qadrini bilmaydi. Aytganimizni qilmasang, oxirida pushaymon bo‘lasan... Sayyoh ularning so‘ziga qaramay, arqon tushirib, zargarni quduqdan tortib oldi. Zargar minnatdorchilik bildirdi va dedi: – Agar yo‘lingiz falon yerdan tushsa, hamisha xizmatingizga tayyorman. So‘ngra vidolashib, har qaysilari o‘z uylariga ketdilar. Oradan bir necha vaqt o‘tgach, sayyohning yo‘li haligi shaharga tushdi. Maymun uni uzoqdan ko‘rib, yugurganicha oldiga keldi va dedi: – Maymunlarda seni xursand qiladigan hech narsa yo‘q, bir nafas kutib o‘tirgin, meva keltiraman. Ozgina vaqt o‘tgandan keyin maymun meva olib keldi. Sayyoh undan to‘yib yeb, yo‘lga ravona bo‘ldi. Uzoqdan uni bars kuzatib turar edi. Sayyoh uni ko‘rib qo‘rqib ketdi, qochmoqchi bo‘lib turganda, bars kelib, salom berdi va dedi: – Qo‘rqma, biz hali sening yaxshiligingni unutganimiz yo‘q. Bir nafas sabr qil, hozir kelaman. Bars saroy bog‘iga kirib amirning qizini o‘ldirdi va uning marjonini olib kelib sayyohga berdi. Sayyoh tashakkur bildirib, shaharga jo‘nadi. Birdan uning yodiga zargar tushib, o‘z-o‘ziga dedi: «Hayvonlar ahdlariga vafo qilib, meni shunchalik hurmat bilan kutib oldilar. Zargar qanday izzat-hurmat bilan mehmon qilar ekan? Menga hadyalar taqdim etib, sovg‘ayi salom bilan kuzatsa kerak, chunki u zargar hayvon emas, odam-ku». Shunday qilib, sayyoh shaharda zargarning uyini axtarib topdi. Zargar sayyohni ko‘rishi bilan g‘oyat sevinib, mehribonlik bilan qarshi oldi. Ular bir soatcha u yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tirishdi, o‘tgan kunlarini eslab dardlashishdi. So‘ngra sayyoh marjon haqida so‘z ochdi. Uni sotish fikrida ekanligini, bu ishda zargarning yordamiga muhtoj ekanligini aytdi-da, marjonni yonidan chiqarib ko‘rsatdi. Zargar tasalli berib, dedi: – Hech tashvish tortma, buni sotmoq menga suv ichishdek oson gap. Bir nafas sabr qil, hozir kelaman. Zargar chiqib ketdi. U marjonni ko‘rishi bilanoq tanigan edi – uni zargardan amirning o‘zi qizi uchun sotib olgan edi. Zargar o‘z-o‘ziga dedi: «Qo‘limga nozik narsa tushdi, agar fursatdan foydalana olmasam, meni odamlar ahmoq deydilar, zo‘r davlat, sarupo va in’omdan mahrum bo‘laman». Xiyonat qilish qaroriga kelib, u saroy tomon yo‘l oldi va amirga qizini o‘ldirib, marjonini o‘g‘irlagan odamni tutganligini xabar qildi. Amir bir odam yuborib, sayyohni saroyga keltirdi. Shoh sayyohni shaharda sazoyi qilib aylantirib, so‘ngra zindonga solishni, ertasiga ertalab esa dorga osishni amr etdi. Shahar devori yonidan o‘tayotganlarida ularni ilon ko‘rib qolib dedi: – Vafosiz odamga yaxshilik qilsang, yomonlik qiladi, deb aytmabmidim?.. Kimki razil, pastkash va nonko‘r odamdan mardlik kutsa, uning oqibati mana shu bo‘ladi. Men seni bu ahvoldan qutqarmoq uchun bir tadbir ko‘rayin. Borib amirning o‘g‘lini chaqib olay, butun shahar uni muolaja qilolmay seni maslahatga chaqirsinlar. Sen avval o‘z boshingdan o‘tganlarni gapirib ber, so‘ngra mana bu o‘tni kasalga ber, u yesin, o‘sha soat shifo topadi, balki sen mana shu yo‘l bilan najot toparsan. Sayyoh tashakkur aytib dedi: – Men o‘z sirimni nomardga aytib, katta xato qilibman. Ilon dedi: – Pushaymon yeb o‘tirishning vaqti emas. O‘tgan ishga salovat derlar. Oxiri xayrli bo‘lsin. Ilon saroyga yo‘l oldi va u yerga borib, amirning o‘g‘lini chaqdi. So‘ngra hammaga eshittirib: «Shahzodani ilon chaqdi, davosini faqat qamalgan sayyohgina biladi», – dedi-da, yugurganicha iniga kirib ketdi, uni hech kim ko‘rmay qoldi. Sayyohni zindondan chiqarib, amir yoniga olib bordilar. U avval boshidan o‘tganlarni gapirib berdi, so‘ngra shahzodani muolaja qila boshladi. Shahzoda sog‘aydi. Sayyohning gunohsiz va to‘g‘ri odam ekanligi amirga ayon bo‘ldi. Sayyohga qimmatbaho libos va yaxshi in’omlar berib, uning o‘rniga zargarni dorga osdilar. Xoinning qismati dor yog‘ochi bo‘ldi. Kimiki birovga choh qazisa, o‘zi yiqiladi, yaxshilik hech vaqt unutilmaydi, yomonlik esa jazosiz qolmaydi, deb bekorga aytmaganlar. Aqlli odamlar birovga jabr qilishdan qochib, yaxshilik qiladilar, shu bilan ham bu dunyoning, ham u dunyoning noz-ne’matlarini qo‘lga kiritadilar. Shohlarning xizmatchilar tanlash, raiyatning xususiyatini o‘rganish, tasodifiy odamlarga vazifa va mansab topshirib bo‘lmaslik haqidagi hikoya mana shundan iboratdir... Download 10.51 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling