"Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y


Download 343.88 Kb.
bet1/5
Sana18.06.2023
Hajmi343.88 Kb.
#1582046
  1   2   3   4   5
Bog'liq
2501 14.08.2013




[OKOZ:

1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.29.00.00 Buxgalteriya hisobi. Moliyaviy hisobot / 07.29.01.00 Umumiy qoidalar]

[TSZ:

1.Moliya / Buxgalteriya hisobi]

PDF-faylidagi rasmiy manba
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining
buyrug‘i
Buxgalteriya hisobining milliy standarti (20-sonli BHMS) “Kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan buxgalteriya hisobini yuritishning soddalashtirilgan tartibi”ni tasdiqlash to‘g‘risida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 14-avgustda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2501]
“Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 9-son, 142-modda) 5-moddasiga muvofiq buyuraman:
1. Buxgalteriya hisobining milliy standarti (20-sonli BHMS) “Kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan buxgalteriya hisobini yuritishning soddalashtirilgan tartibi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan 1999-yil 23-noyabrda 87-son bilan tasdiqlangan “Kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan hisob yuritishning va hisobot tuzishning soddalashtirilgan tartibi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Buxgalteriya hisobining milliy standarti (20-sonli BHMS) (ro‘yxat raqami 879, 2000-yil 24-yanvar) (O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralarining me’yoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-y., 2-son);
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2003-yil 9-oktabrdagi 113-sonli “Kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan hisob yuritishning va hisobot tuzishning soddalashtirilgan tartibi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Buxgalteriya hisobining milliy standarti (20-sonli BHMS)ga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi buyrug‘i (ro‘yxat raqami 879-1, 2003-yil 13-oktabr) (O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralarining me’yoriy hujjatlari axborotnomasi, 2003-y., 19-20-son);
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2006-yil 14-iyundagi 51-sonli “Kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan hisob yuritishning va hisobot tuzishning soddalashtirilgan tartibi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Buxgalteriya hisobining milliy standarti (20-sonli BHMS)ga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi buyrug‘i (ro‘yxat raqami 879-2, 2006-yil 11-iyul) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 28-29-son, 280-modda).
3. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Vazir R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 16-iyul,
70-son
O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining 2013-yil 16-iyuldagi 70-sonli buyrug‘iga
ILOVA
Buxgalteriya hisobining milliy standarti (20-sonli BHMS) “Kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan buxgalteriya hisobini yuritishning soddalashtirilgan tartibi”
Mazkur Buxgalteriya hisobining milliy standarti (bundan buyon matnda BHMS deb yuritiladi) “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 9-son, 142-modda) muvofiq, kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan buxgalteriya hisobini yuritishning soddalashtirilgan tartibini belgilaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur BHMSning maqsadi kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan buxgalteriya hisobini yuritishning soddalashtirilgan tizimini tashkil etish va uning uslubiyotini aniqlash tartibini belgilash hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Mazkur BHMS talablari barcha kichik tadbirkorlik subyektlariga nisbatan tatbiq etiladi, yakka tartibdagi tadbirkorlar va fermer xo‘jaliklari bundan mustasno. Yakka tartibdagi tadbirkorlar o‘zlarining daromadlari va xarajatlari hamda boshqa soliq solish obyektlari hisobini soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga, fermer xo‘jaliklari esa, o‘zlarining buxgalteriya hisobini Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobining soddalashtirilgan tizimini tashkil etish to‘g‘risida nizomga (ro‘yxat raqami 1781, 2008-yil 26-mart) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008-y., 12-13-son, 81-modda) muvofiq yuritadi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
3. Kichik tadbirkorlik subyekti o‘z faoliyatida boshqa buxgalteriya hisobi milliy standartlari hamda buxgalteriya hisobi va hisobotining umumqabul qilingan qoidalaridan foydalanadi.
II bob. Buxgalteriya hisobini tashkil etish
4. Buxgalteriya hisobi kichik tadbirkorlik subyekti rahbari tomonidan tashkil etiladi.
5. Kichik tadbirkorlik subyektlarining rahbari quyidagi huquqlarga ega:
bosh buxgalter rahbarligidagi buxgalteriya hisobi xizmatini tashkil etish yoki shartnoma asosida jalb qilingan buxgalter xizmatidan foydalanish;
buxgalteriya hisobini yuritishni shartnoma asosida ixtisoslashgan buxgalteriya firmasiga yuklash;
buxgalteriya hisobini mustaqil yuritish.
6. Buxgalteriya hisobini yuritishning soddalashtirilgan tartibi kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan ixtiyoriy ravishda tanlanadi.
7. Kichik tadbirkorlik subyekti tomonidan bir nechta turdagi faoliyat amalga oshirilganda, buxgalteriya hisobi ushbu faoliyat turlari bo‘yicha alohida yuritiladi.
III bob. Buxgalteriya hisobining soddalashtirilgan tartibini yuritish
8. Buxgalteriya hisobi obyektlarining hisobi tegishli buxgalteriya hisobining milliy standartlari talablariga muvofiq yuritiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Kichik tadbirkorlik subyekti hisob siyosatini o‘z moliyaviy-xo‘jalik faoliyati ehtiyojlari va xususiyatlaridan kelib chiqib, mustaqil ishlab chiqadi, buxgalteriya hisobini esa, buxgalteriya hisobining qonunchilik hujjatlarida belgilangan asosiy qoidalariga muvofiq yuritadi.
(8-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
9. Kichik tadbirkorlik subyekti qo‘llanilayotgan buxgalteriya hisobi registrlarini o‘z faoliyatining xususiyatlariga mustaqil ravishda moslashtirishi mumkin. Bunda quyidagi talablarga rioya qilinadi:
yagona uslubiy asos (ikki yoqlama yozuv tamoyili)ga;
analitik va sintetik hisob ma’lumotlarining o‘zaro bog‘liqligiga;
boshlang‘ich hisob hujjatlari asosida barcha moliyaviy-xo‘jalik operatsiyalarini hisob registrlarida to‘liq aks ettirishga;
boshlang‘ich hisob hujjatlari ma’lumotlarini boshqarish, nazorat qilish va moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tahlil qilish hamda moliyaviy hisobot tuzish uchun zarur bo‘ladigan ko‘rsatkichlar bo‘yicha jamlash va tizimlashga.
10. Quyidagilar buxgalteriya hisobini yuritish bosqichlari hisoblanadi:
barcha moliyaviy-xo‘jalik operatsiyalarini hujjatlashtirish;
boshlang‘ich hisob hujjatlarida aks ettirilgan ma’lumotlarni qo‘llanilayotgan buxgalteriya hisobi registrlarida qayd etish;
moliyaviy hisobotni tuzish.
11. Boshlang‘ich hisob hujjatlari moliyaviy-xo‘jalik operatsiyalarining buxgalteriya hisobini yuritish uchun asos hisoblanadi. Boshlang‘ich hisob hujjatlari moliyaviy-xo‘jalik operatsiyalari amalga oshirilayotgan vaqtda yoki ular amalga oshirib bo‘linganidan keyin tuziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Boshlang‘ich hisob hujjatlari qonunchilik hujjatlarida belgilangan namunaviy shakllarda yoki kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan mazkur BHMS talablariga muvofiq ishlab chiqilgan blankalarda tuziladi.
Kichik tadbirkorlik subyektlari qonunchilik hujjatlarida belgilangan namunaviy shakllarga o‘z faoliyatining xususiyatlaridan kelib chiqib, qo‘shimcha ustunlar va qatorlar kiritishga haqli.
(12-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
13. Boshlang‘ich hisob hujjatlari tekshirilishi shart. Bunda boshlang‘ich hisob hujjatlari shakl (hujjatlarning rasmiylashtirilishi to‘liqligi va to‘g‘riligi, rekvizitlarning to‘ldirilishi) va mazmun (hujjatlashtirilgan moliyaviy-xo‘jalik operatsiyalarining qonuniyligi, alohida ko‘rsatkichlarning mantiqiy bog‘liqligi) bo‘yicha tekshiriladi.
14. Buxgalteriya hisobini soddalashtirilgan shaklda tashkil etish uchun kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Buxgalteriya hisobining milliy standarti (21-sonli BHMS) Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning moliya-xo‘jalik faoliyati buxgalteriya hisobi schyotlar rejasi va uni qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnomaga (ro‘yxat raqami 1181, 2002-yil 23-oktabr) (O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralarining me’yoriy hujjatlari axborotnomasi, 2002-y., 20-son) muvofiq Moliyaviy-xo‘jalik operatsiyalari buxgalteriya hisobining ishchi schyotlar rejasi tuziladi.
15. Kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan buxgalteriya hisobining soddalashtirilgan shakli buxgalteriya hisobining oddiy yoki kombinatsiyalashgan shakllari asosida yuritilishi mumkin. Ushbu shakllar kichik tadbirkorlik subyektlarining ishlab chiqarish va boshqaruv talablaridan kelib chiqib, mustaqil tanlanadi.
16. Hisobot davrida amalga oshirilgan moliyaviy-xo‘jalik operatsiyalari xronologik tartibda mazkur BHMSning 1-ilovasiga muvofiq shakldagi jurnalda qayd etib boriladi. Mazkur registr kitob ko‘rinishida yuritiladi hamda u tikilgan va raqamlangan bo‘lishi shart. Registrda moliyaviy-xo‘jalik operatsiyalarining hisobi hisobot davri uchun oylar yoki choraklar kesimida yuritiladi hamda uning so‘nggi varag‘ida “Mazkur Jurnalda __________ varaq raqamlangan” deb yoziladi va kichik tadbirkorlik subyekti rahbari tomonidan imzolanadi va muhr bilan tasdiqlanadi. Varaqlar soni yozuv bilan ko‘rsatiladi.
IV bob. Buxgalteriya hisobining oddiy shakli
17. Kichik tadbirkorlik subyekti faoliyatida buxgalteriya hisobi obyektlari hisobini oddiy shaklda yuritish uchun mazkur BHMSning 2-ilovasiga muvofiq shaklda Moliyaviy-xo‘jalik operatsiyalarini hisobga olish kitobi qo‘llaniladi. Ushbu registr kitob ko‘rinishida yuritiladi hamda tikilgan va raqamlangan bo‘lishi shart. Moliyaviy-xo‘jalik operatsiyalar hisobi hisobot yili davomida mazkur Kitobda qayd etib boriladi. Mazkur Kitobning so‘nggi varag‘ida “Mazkur Kitobda __________ varaq raqamlangan” deb yoziladi va kichik tadbirkorlik subyekti rahbari tomonidan imzolanadi va muhr bilan tasdiqlanadi. Varaqlar soni yozuv bilan ko‘rsatiladi.
18. Mazkur Kitobda moliyaviy-xo‘jalik operatsiyalari natijalari tegishli schyotlar bo‘yicha Moliyaviy-xo‘jalik operatsiyalarini qayd etish jurnalida keltirilgan ma’lumotlar asosida aks ettiriladi.
19. Moliyaviy-xo‘jalik operatsiyalarini hisobga olish kitobida kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan qo‘llaniladigan barcha schyotlar mavjud bo‘ladi.
20. Moliyaviy-xo‘jalik operatsiyalarini hisobga olish kitobi uning “20___yil __ ________dagi qoldiq” qatorida aktivlarning, majburiyatlarning va xususiy kapitalning har bir turi bo‘yicha hisobot davrining boshida mavjud bo‘lgan qoldiq summasini qayd etish bilan ochiladi. Aktiv schyotlar bo‘yicha qoldiq ushbu schyotlarning debetida, passiv schyotlar bo‘yicha qoldiq esa ushbu schyotlarning kreditida yoziladi.
Har bir qatorda tegishli buxgalteriya schyoti bo‘yicha yozuvlar Moliyaviy-xo‘jalik operatsiyalarini qayd etish jurnalida qayd etilgan buxgalteriya yozuvlari (provodkalari) ma’lumotlari asosida pozitsiya usulida xronologik ketma-ketlikda amalga oshiriladi.
21. Har oyning yoki chorakning oxirida kichik tadbirkorlik subyekti tomonidan o‘z moliyaviy-xo‘jalik faoliyatining natijasini aniqlash uchun Moliyaviy-xo‘jalik operatsiyalarini hisobga olish kitobida oy yoki chorak bo‘yicha qoldiq chiqariladi.
22. Moliyaviy-xo‘jalik operatsiyalarini hisobga olish kitobida qayd etilgan aktivlar, majburiyatlar va xususiy kapitalni hisobga oluvchi schyotlar bo‘yicha qoldiqlar 1-sonli shakl — buxgalteriya balansiga, daromadlar va xarajatlarni hisobga oluvchi schyotlar bo‘yicha hisobot davridagi aylanma 2-sonli shakl – moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotga o‘tkaziladi.
V bob. Buxgalteriya hisobining kombinatsiyalashgan shakli
23. Buxgalteriya hisobining kombinatsiyalashgan shakli bir necha buxgalteriya hisobi qaydnomalarini qo‘llash orqali yuritiladi. Buxgalteriya hisobi qaydnomalaridagi yozuvlar Moliyaviy-xo‘jalik operatsiyalarini qayd etish jurnali va boshlang‘ich hisob hujjatlarida keltirilgan ma’lumotlar asosida aks ettiriladi.
24. Kombinatsiyalashgan shaklni yuritishda quyidagi buxgalteriya hisobi qaydnomalaridan foydalaniladi:
mazkur BHMSning 3-ilovasiga muvofiq shakldagi Asosiy vositalar va nomoddiy aktivlarni hisobga olish qaydnomasi;
mazkur BHMSning 4-ilovasiga muvofiq shakldagi Moliyaviy investitsiyalarni hisobga olish qaydnomasi;
mazkur BHMSning 5-ilovasiga muvofiq shakldagi Kapital qo‘yilmalarni hisobga olish qaydnomasi;
mazkur BHMSning 6-ilovasiga muvofiq shakldagi Tovar-moddiy zaxiralarni hisobga olish qaydnomasi;
mazkur BHMSning 7-ilovasiga muvofiq shakldagi Xaridor va buyurtmachilar bilan hisob-kitoblarni hisobga olish qaydnomasi;
mazkur BHMSning 8-ilovasiga muvofiq shakldagi Boshqa debitorlik qarzlarini hisobga olish qaydnomasi;
mazkur BHMSning 9-ilovasiga muvofiq shakldagi Pul mablag‘lari va ularning ekvivalentlarini hisobga olish qaydnomasi;
mazkur BHMSning 10-ilovasiga muvofiq shakldagi Mol yetkazib beruvchi va pudratchilar bilan hisob-kitoblarni hisobga olish qaydnomasi;
mazkur BHMSning 11-ilovasiga muvofiq shakldagi Hisobdor shaxslar bilan hisob-kitoblarni hisobga olish qaydnomasi;
mazkur BHMSning 12-ilovasiga muvofiq shakldagi Mehnatga haq to‘lash bo‘yicha hisob-kitoblarni hisobga olish qaydnomasi;
mazkur BHMSning 13-ilovasiga muvofiq shakldagi Boshqa majburiyatlarni hisobga olish qaydnomasi;
mazkur BHMSning 14-ilovasiga muvofiq shakldagi Xususiy kapitalni hisobga olish qaydnomasi;
mazkur BHMSning 15-ilovasiga muvofiq shakldagi Mahsulot (ish, xizmat)larni ishlab chiqarish xarajatlarini hisobga olish qaydnomasi;
mazkur BHMSning 16-ilovasiga muvofiq shakldagi Hisobot davri daromadlarini hisobga olish qaydnomasi;
mazkur BHMSning 17-ilovasiga muvofiq shakldagi Hisobot davri xarajatlarini hisobga olish qaydnomasi;
mazkur BHMSning 18-ilovasiga muvofiq shakldagi Yakuniy moliyaviy natijani hisobga olish qaydnomasi;
mazkur BHMSning 19-ilovasiga muvofiq shakldagi Moliyaviy-xo‘jalik operatsiyalarini hisobga olish jamlanma qaydnomasi.
Oldingi tahrirga qarang.
25. Kichik tadbirkorlik subyektlari aktivlar, majburiyatlar, xususiy kapital, daromadlar va xarajatlar haqidagi ma’lumotlarni to‘plash uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan majburiy rekvizitlarni ko‘rsatgan holda qaydnomalarni mustaqil ravishda ishlab chiqish, tasdiqlash va tatbiq etish huquqiga ega.
(25-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
26. Har bir qaydnoma bir yoki bir necha foydalanilayotgan buxgalteriya schyotlari bo‘yicha operatsiyalar hisobini yuritish uchun qo‘llaniladi.
Har bir moliyaviy-xo‘jalik operatsiyasining summasi bir vaqtning o‘zida ikkita qaydnomaga yoziladi. Bunda birinchisida – schyotning debeti bo‘yicha kreditlanadigan schyotning raqamini ko‘rsatgan holda, ikkinchisida esa – korrespondensiyalanadigan schyotning krediti bo‘yicha va xuddi shunday debetlanadigan schyotning raqamini ko‘rsatgan holda yoziladi. Ikkala qaydnomalarda ham tegishli ustunlar bo‘yicha yozuvlar Moliyaviy-xo‘jalik operatsiyalarini qayd etish jurnali va boshlang‘ich hisob hujjatlarida keltirilgan ma’lumotlar asosida amalga oshirilgan moliyaviy-xo‘jalik operatsiyalaridan kelib chiqib aks ettiriladi.
27. Qaydnomalar o‘tgan davr oxiridagi qoldiqlarni hisobot davrining boshida qayd etish bilan ochiladi. Ushbu qaydnomalardagi aktivlar, majburiyatlar va xususiy kapitalni hisobga oluvchi schyotlarning qoldiqlari yozuvlarni amalga oshirishga asos bo‘lgan tegishli boshlang‘ich hisob hujjatlari ma’lumotlari bilan solishtirilishi shart.
28. Har bir qaydnoma kichik tadbirkorlik subyektlarining rahbari va buxgalteri tomonidan imzolanishi lozim. Kichik tadbirkorlik subyektining rahbari buxgalteriya hisobini mustaqil yuritayotgan bo‘lsa, qaydnomalarni buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqarish vazifalarini amalga oshiruvchi shaxs sifatida o‘zi imzolash huquqiga ega.
29. Asosiy vositalar va nomoddiy aktivlarni hisobga olish qaydnomasi — asosiy vositalarni hisobga oluvchi schyotlar (0100) bo‘yicha va moliyaviy ijara shartnomasi bo‘yicha olingan asosiy vositalarni hisobga oluvchi schyotlar (0300) bo‘yicha asosiy vositalarning, nomoddiy aktivlarni hisobga oluvchi schyotlar (0400) bo‘yicha nomoddiy aktivlarning, asosiy vositalar eskirishini hisobga oluvchi schyotlar (0200) bo‘yicha eskirishning va nomoddiy aktivlar amortizatsiyasini hisobga oluvchi schyotlar (0500) bo‘yicha amortizatsiyaning mavjudligi va harakatlanishining analitik va sintetik hisobi registri hisoblanadi. Mazkur qaydnomada asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar bo‘yicha ma’lumotlar pozitsiyali usul bilan har bir obyekt bo‘yicha alohida yozib boriladi.
Asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar bo‘yicha harakatlanish mavjud bo‘lgan taqdirda, ularning aylanma summalari har oyda hisoblanadi va hisobot oyidan keyingi oyning 1-sanasiga qoldiq chiqariladi.
Asosiy vositalar, shuningdek moliyaviy ijara shartnomasi asosida olingan vositalar bo‘yicha eskirish O‘zbekiston Respublikasi Buxgalteriya hisobining milliy standarti (5-sonli BHMS) “Asosiy vositalar”ga (ro‘yxat raqami 1299, 2004-yil 20-yanvar) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 3-son, 35-modda) muvofiq hisoblanadi.
Nomoddiy aktivlar bo‘yicha amortizatsiya tanlangan usulga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Buxgalteriya hisobining milliy standarti (7-sonli BHMS) “Nomoddiy aktivlar”ga (ro‘yxat raqami 1485, 2005-yil 27-iyun) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 25-26-son, 188-modda) asosan hisoblanadi.
30. Moliyaviy investitsiyalarni hisobga olish qaydnomasi — uzoq muddatli moliyaviy investitsiyalarni hisobga oluvchi schyotlarda (0600) va qisqa muddatli moliyaviy investitsiyalarni hisobga oluvchi schyotlarda (5800) hisobga olinadigan moliyaviy investitsiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni umumlashtiruvchi registr hisoblanadi.
31. Kapital qo‘yilmalarni hisobga olish qaydnomasi — kapital qo‘yilmalarni hisobga oluvchi schyotlarda (0800) hisobga olinadigan asosiy vositalar va nomoddiy aktivlarga qo‘yilgan investitsiyalar va boshqa kapital qo‘yilmalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni umumlashtiruvchi registr hisoblanadi. Mazkur qaydnomada buxgalteriya hisobi o‘rnatiladigan asbob-uskunalarni hisobga oluvchi schyotlarda (0700) yuritiladigan qurilayotgan, rekonstruksiya qilinayotgan obyektlarga kapital qo‘yilmalar orqali keltirilgan, o‘rnatish uchun mo‘ljallangan va montajni talab qiluvchi texnologik, energetik va ishlab chiqarish asbob-uskunalarning (laboratoriya, tajriba moslamalari va ustaxonalar uchun mo‘ljallangan asbob-uskunalar) mavjudligi va harakati to‘g‘risidagi axborotlar ham aks ettiriladi.
32. Tovar-moddiy zaxiralarni hisobga olish qaydnomasi — materiallarni hisobga oluvchi schyotlarda (1000), tayyor mahsulotlarni hisobga oluvchi schyotlarda (2800) va tovarlarni hisobga oluvchi schyotlarda (2900) aks ettiriladigan tovar-moddiy zaxiralarning analitik va sintetik hisobi registri hisoblanadi. Mazkur qaydnoma bir oy yoki chorak uchun ochiladi va moddiy javobgar shaxslar bo‘yicha barcha turdagi qimmatliklar kesimida ularning har bir turi bo‘yicha hisobot davridagi harakatlanish bo‘lgan yoki bo‘lmaganligidan qat’i nazar, alohida yuritiladi.
33. Xaridor va buyurtmachilar bilan hisob-kitoblarni hisobga olish qaydnomasi — olinadigan schyotlarni hisobga oluvchi schyotlarda (4000) hisobga olinadigan xaridorlar va buyurtmachilar bilan hisob-kitoblarning hisobi registri hisoblanadi. Mazkur qaydnomada olinadigan schyotlarni hisobga oluvchi schyotlarning (4000) debeti bo‘yicha pozitsiyali usulda, xaridor va buyurtmachilarning sotilgan tovar-moddiy zaxiralari va boshqa aktivlar uchun debitorlik qarzlari qayd etib boriladi. Olinadigan schyotlarni hisobga oluvchi schyotlarning (4000) kreditida yakuniy hisob-kitoblar bo‘yicha operatsiyalar (xaridor va buyurtmachilardan olingan avanslarni hisobga olish) qayd etiladi.
34. Boshqa debitorlik qarzlarini hisobga olish qaydnomasi — kichik tadbirkorlik subyektining mahsulotlar va boshqa aktivlarni sotish bilan bog‘liq bo‘lmagan moliyaviy-xo‘jalik operatsiyalari natijasida yuzaga keladigan debitorlik qarzlarining analitik va sintetik hisobi registri hisoblanadi. Mazkur qaydnoma uzoq muddatli debitorlik qarzlari va kechiktirilgan xarajatlarni hisobga oluvchi schyotlar (0900), 4120 “Shu’ba va qaram xo‘jalik jamiyatlaridan olinadigan schyotlar” schyoti, 4210 “Mehnat haqi bo‘yicha berilgan avanslar” schyoti, mol yetkazib beruvchilar va pudratchilarga berilgan avanslarni hisobga oluvchi schyotlar (4300), budjetga avans to‘lovlarini hisobga oluvchi schyotlar (4400), maqsadli davlat jamg‘armalariga va sug‘urtalar bo‘yicha avans to‘lovlarini hisobga oluvchi schyotlar (4500), ustav kapitaliga ta’sischilarning ulushlari bo‘yicha qarzini hisobga oluvchi schyotlar (4600), xodimlarning boshqa operatsiyalar bo‘yicha qarzlarini hisobga oluvchi schyotlar (4700) va turli debitorlar qarzlarini hisobga oluvchi schyotlarda (4800) hisobga olinadigan boshqa debitorlik qarzdorliklarining har bir turi uchun alohida ochiladi. Mazkur qaydnomada boshqa debitorlik qarzlari ularni hisobga oluvchi schyotlarning debeti bo‘yicha pozitsiyali usulda, boshqa debitorlik qarzdorliklarning har bir turi uchun alohida debitorlar kesimida qayd etib boriladi. Boshqa debitorlik qarzlarini hisobga oluvchi schyotlarning kreditida yakuniy hisob-kitoblar bo‘yicha operatsiyalar aks ettiriladi.
35. Pul mablag‘lari va ularning ekvivalentlarini hisobga olish qaydnomasi — pul mablag‘lari va ularning ekvivalentlarini hisobga oluvchi schyotlarda (5000, 5100, 5200, 5500, 5600, 5700) hisobga olinadigan pul mablag‘lari va ular ekvivalentlarining hisobi registri hisoblanadi. Mazkur qaydnomada hisob-kitob schyoti va bankdagi boshqa schyotlar bo‘yicha operatsiyalar yozuvlari bank ko‘chirmalari va unga ilova qilingan hujjatlar asosida qayd etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Pul mablag‘larini qabul qilish va topshirish, kirim va chiqim hujjatlarini rasmiylashtirish, kassa kitobini yuritish, kassa operatsiyalari to‘g‘risidagi hisobotni tuzish Yuridik shaxslar tomonidan kassa operatsiyalarini amalga oshirish qoidalarida (ro‘yxat raqami 2687, 2015-yil 22-iyun) belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(35-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining 2015-yil 21-iyuldagi 68-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2501-1, 29.07.2015-y.) tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 30-son, 400-modda)
36. Mol yetkazib beruvchilar va pudratchilar bilan hisob-kitoblarni hisobga olish qaydnomasi — mol yetkazib beruvchilar va pudratchilarga to‘lanadigan schyotlarda (6000, 7000) hisobga olinadigan mol yetkazib beruvchilar va pudratchilar bilan hisob-kitoblarni hisobga olish registri hisoblanadi. Mazkur qaydnomada mol yetkazib beruvchilar va pudratchilarga to‘lanadigan schyotlarning (6000, 7000) krediti bo‘yicha olingan moddiy qimmatliklar uchun mol yetkazib beruvchilar va pudratchilarning schyotlari pozitsiyali usulda qayd etib boriladi. Mol yetkazib beruvchilar va pudratchilarga to‘lanadigan schyotlarning debetida (6000, 7000) ular bilan yakuniy to‘lov operatsiyalari (berilgan avanslarni hisobga olish) aks ettiriladi.
37. Hisobdor shaxslar bilan hisob-kitoblarni hisobga olish qaydnomasi — 4220 “Xizmat safarlariga berilgan avanslar” schyoti, 4230 “Umumxo‘jalik xarajatlari uchun berilgan avanslar” schyoti va 6970 “Hisobdor shaxslarga qarzdorlik” schyoti bo‘yicha hisobdor shaxslar bilan hisob-kitoblarning analitik va sintetik hisobi registri hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
38. Mehnatga haq to‘lash bo‘yicha hisob-kitoblarni hisobga olish qaydnomasi — mehnat haqi bo‘yicha xodimlar bilan hisob-kitoblarni hisobga oluvchi schyotlarda (6700) hisobga olinadigan mehnat haqi bo‘yicha hisob-kitoblar hisobi registri hisoblanadi. Mazkur qaydnomaning “6710 — schyoti kreditidan quyidagi schyotlar debetiga” bo‘limida hisoblangan ish haqi summalari, “6710 — schyoti debetidan quyidagi schyotlar kreditiga (ushlab qolingan)” bo‘limida ish haqidan qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan barcha ushlanmalarning (jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, berilgan avanslar summasi, hisobdor shaxslar tomonidan o‘z vaqtida qaytarilmagan summalar, ijro varaqalari bo‘yicha summalar) summalari, “To‘lanadi” ustunida to‘lanishi lozim bo‘lgan summalar aks ettiriladi. Mazkur qaydnomadan ish haqini to‘lash uchun to‘lov hujjati sifatida foydalanilishi mumkin.
(38-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
To‘lanishi lozim bo‘lgan ish haqi o‘z vaqtida olinmagan taqdirda, mazkur qaydnomaning “To‘lanadi” ustuniga “Deponentlangan” deb yoziladi va tegishli summa har bir xodim bo‘yicha keyingi oyning qaydnomasidagi “20__yil________oyidagi qoldiq” ustuniga o‘tkaziladi.
39. Boshqa majburiyatlarni hisobga olish qaydnomasi — asosiy ishlab chiqarish faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan moliyaviy-xo‘jalik operatsiyalari natijasida yuzaga keladigan boshqa majburiyatlarning analitik va sintetik hisobi registri hisoblanadi. Mazkur qaydnoma 6120 “Shu’ba va qaram xo‘jalik jamiyatlariga to‘lanadigan schyotlar” schyotida, kechiktirilgan majburiyatlarni hisobga oluvchi schyotlarda (6200), olingan avanslarni hisobga oluvchi schyotlarda (6300), budjetga to‘lovlar bo‘yicha qarzlarni hisobga oluvchi schyotlarda (6400), sug‘urta va maqsadli davlat jamg‘armalariga to‘lovlar bo‘yicha qarzlarni hisobga oluvchi schyotlarda (6500), ta’sischilar oldidagi qarzlarni hisobga oluvchi schyotlarda (6600), qisqa muddatli kreditlar va qarzlarni hisobga oluvchi schyotlarda (6800) va 6970 “Hisobdor shaxslarga bo‘lgan qarz” schyotidan tashqari turli kreditorlar oldidagi qarzlarni hisobga oluvchi schyotlarda (6900), 7120 “Shu’ba va qaram xo‘jalik jamiyatlari oldidagi uzoq muddatli qarzlar” schyotida, kechiktirilgan uzoq muddatli majburiyatlarni hisobga oluvchi schyotlarda (7200), xaridorlardan va buyurtmachilardan olingan avanslarni hisobga oluvchi schyotlarda (7300), uzoq muddatli kreditlar va qarzlarni hisobga oluvchi schyotlarda (7800) va turli kreditorlar oldidagi uzoq muddatli qarzlarni hisobga oluvchi schyotlarda (7900) hisobga olinadigan boshqa majburiyatlarning har bir turi bo‘yicha kreditorlar kesimida alohida ochiladi.
Mazkur qaydnomada boshqa majburiyatlar ularni hisobga oluvchi schyotlarning krediti bo‘yicha pozitsiyali usulda boshqa majburiyatlarning har bir turi bo‘yicha har bir kreditor kesimida alohida aks ettiriladi. Boshqa majburiyatlarni hisobga oluvchi schyotlarning debetida yakuniy hisob-kitoblar bo‘yicha operatsiyalar aks ettiriladi.
40. Xususiy kapitalni hisobga olish qaydnomasi — hisobot davri uchun xususiy kapitalning holati va harakatlanishi haqidagi ma’lumotni uni shakllantirish manbalari bo‘yicha aks ettiruvchi registr hisoblanadi. Mazkur qaydnoma hisobi ustav kapitalni (8300), qo‘shilgan kapitalni (8400), rezerv kapitalni (8500), sotib olingan xususiy aksiyalarni (8600), taqsimlanmagan foydani (qoplanmagan zararni) (8700) va maqsadli tushumlarni (8800) hisobga oluvchi schyotlarda yuritiladigan xususiy kapitalning analitik va sintetik hisobini yuritishda qo‘llaniladi.
41. Mahsulot (ish, xizmat)larni ishlab chiqarish xarajatlarini hisobga olish qaydnomasi — ishlab chiqarish jarayoni bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan va mahsulotlarning tannarxiga kiritiladigan ishlab chiqarish xarajatlarini umumlashtiruvchi registr hisoblanadi. Mazkur qaydnomada hisobot davrining ishlab chiqarish xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar xarajatlarni hisobga oluvchi (2000, 2100, 2300, 2500) schyotlar aylanmasidan kelib chiqib aks ettiriladi. Xarajatlarni hisobga oluvchi schyotlarning debetidagi xarajatlar turli schyotlarning kreditlaridan boshqa qaydnomalardagi ma’lumotlar va tegishli boshlang‘ich hisob hujjatlaridagi ma’lumotlardan yig‘iladi.
Ishlab chiqarish jarayoni tugagan mahsulotlar, bajarilgan ish va ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha ularning haqiqiy tannarxi aniqlanadi va ular xarajatlarni hisobga oluvchi schyotlarning (2000, 2300) kreditidan mahsulot (ish va xizmat)lardan foydalanish yo‘nalishlariga qarab tegishli schyotlarning debetiga hisobdan chiqariladi. Bunda mahsulot omborga qabul qilinganda 2810 “Ombordagi tayyor mahsulotlar” schyoti, mahsulot realizatsiya qilinganda 9110 “Realizatsiya qilingan tayyor mahsulotlar tannarxi” schyoti, ish va xizmatlar realizatsiya qilinganda 9130 “Bajarilgan ish va ko‘rsatilgan xizmatlarning tannarxi” schyoti qo‘llaniladi. Hisobot davri oxirida tugallanmagan ishlab chiqarish tannarxi yil boshidagi tugallanmagan ishlab chiqarish qiymatiga joriy hisobot davridagi ishlab chiqarish xarajatlarini qo‘shib, undan tayyor mahsulot, bajarilgan ish va ko‘rsatilgan xizmat tannarxini ayirish yo‘li bilan aniqlanadi.
42. Hisobot davri daromadlarini hisobga olish qaydnomasi — daromadlar kesimida hisobot davri daromadlarini umumlashtiruvchi registr hisoblanadi. Mazkur qaydnomada hisobot davri daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar daromadlarni hisobga oluvchi schyotlarning (9000, 9300, 9500, 9700) aylanmasidan kelib chiqib aks ettiriladi.
Daromadlarni hisobga oluvchi schyotlarning kreditidagi daromadlar turli schyotlarning debetlaridan boshqa qaydnomalardagi ma’lumotlar va tegishli boshlang‘ich hisob hujjatlaridagi ma’lumotlardan yig‘iladi. Hisobot davrining yakunida daromadlarni hisobga oluvchi schyotlarning aylanma summasi 9910 “Yakuniy moliyaviy natija” schyotiga o‘tkaziladi.
43. Hisobot davri xarajatlarini hisobga olish qaydnomasi — mahsulot (ish, xizmat)larni realizatsiya qilish xarajatlari va ishlab chiqarish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmagan xarajatlar kesimida hisobot davri xarajatlarini umumlashtiruvchi registr hisoblanadi. Mazkur qaydnomada hisobot davri xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar xarajatlarni hisobga oluvchi schyotlarning (9100, 9400, 9600, 9700, 9800) aylanmasidan kelib chiqib aks ettiriladi. Xarajatlarni hisobga oluvchi schyotlarning debetidagi xarajatlar turli schyotlarning kreditlaridan boshqa qaydnomalardagi ma’lumotlar va tegishli boshlang‘ich hisob hujjatlardagi ma’lumotlardan yig‘iladi. Hisobot davrining yakunida xarajatlarni hisobga oluvchi schyotlarning aylanma summasi 9910 “Yakuniy moliyaviy natija” schyotiga o‘tkaziladi.
44. Yakuniy moliyaviy natijani hisobga olish qaydnomasi — hisobot davri daromadlari va xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni umumlashtiruvchi hamda hisobot davridagi sof foydani (sof zararni) aks ettiruvchi registr hisoblanadi.
45. Kichik tadbirkorlik subyektlarining hisobot davri qaydnomalarida aks ettirilgan moliyaviy-xo‘jalik faoliyati natijalari Moliyaviy-xo‘jalik operatsiyalarini hisobga olish jamlanma qaydnomasida umumlashtiriladi. Hisobot davrining yakunida har bir schyotning debet va krediti bo‘yicha aylanma summasi hisoblanadi va hisobot davrining oxiriga qoldiq chiqariladi.
Moliyaviy-xo‘jalik operatsiyalarini hisobga olish jamlanma qaydnomasi — hisobot davrining oxirida mablag‘larning va ularning kelib chiqish manbalari mavjudligini aniqlash hamda moliyaviy hisobotni tuzishda qo‘llaniladigan registr hisoblanadi. Mazkur qaydnoma tegishli hisobot davri uchun ochiladi va unda hisobot davridagi moliyaviy-xo‘jalik operatsiyalari hisobi umumlashtiriladi.
Mazkur qaydnomaning “Schyotning raqami va nomi” ustunida buxgalteriya hisobini yuritishda qo‘llanilgan barcha schyotlar aks ettiriladi va “20 ___yil “__” __________dagi qoldiq” ustuniga mablag‘larning turlari va ularning kelib chiqish manbalari bo‘yicha hisobot davri boshidagi mavjud qoldiq summalari o‘tkaziladi. Aktiv schyotlarning qoldiqlari ushbu ustunning “debet” qismida, passiv schyotlarning qoldiqlari esa – “kredit” qismida aks ettiriladi. Mazkur qaydnomaning “20___yil _________oyi (chorak) uchun jami aylanma” ustunida hisobot davridagi ushbu schyotlar aylanmalarining jami aks ettiriladi. “20___yil “__” __________dagi qoldiq” ustunida aktivlarni, majburiyatlarni va xususiy kapitalni hisobga oluvchi schyotlarning har biri bo‘yicha hisobot davrining yakunidagi mavjud qoldiq summalari aniqlanadi. “Qaydnoma nomi” ustunida esa, keltirilgan schyotda buxgalteriya hisobi obyekti yuritiladigan tegishli qaydnomaning nomi ko‘rsatiladi.
Mazkur qaydnomada qayd etilgan aktivlar, majburiyatlar va xususiy kapitalni hisobga oluvchi schyotlar bo‘yicha qoldiqlar 1-sonli shakl — buxgalteriya balansiga, daromadlar va xarajatlarni hisobga oluvchi schyotlar bo‘yicha hisobot davridagi aylanma 2-sonli shakl – moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotga o‘tkaziladi.
46. Kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan faqat 1-sonli shakl – buxgalteriya balansi va 2-sonli shakl – moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotlardan iborat bo‘lgan yillik moliyaviy hisobot taqdim etiladi.
Buxgalteriya hisobining milliy standarti (20-sonli BHMS) “Kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan buxgalteriya hisobini yuritishning soddalashtirilgan tartibi”ga
1-ILOVA


Download 343.88 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling