2017yilda O’zbekiston Respublikasida har bir tuman va shaharlarda Prezidentning xalq qabulxonalari ochilishi va uning ahamiyati
2017 yil 12 dekabrda Prezidentimizning “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi va ushbu hujjat asosida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tashkil etildi. Bu ham, albatta, aholiga barcha sohalarda qulay imkoniyatlar yaratish, ortiqcha ovoragarchiliklarga barham berish yo‘lida tashlangan yana bir muhim qadamdir. Ilgari “Yagona darcha” tizimi faqatgina tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatib kelgan bo‘lsa, endilikda oddiy fuqarolarga ham davlat idoralari bilan bog‘liq ishlarda ushbu tizim orqali xizmat ko‘rsatish maqsad qilindi. Natijada aholiga eng zarur va talab yuqori bo‘lgan davlat xizmatlarini “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatish uchun mamlakatimizning barcha shahar va tumanlarida Davlat xizmatlari markazlari tarmog‘i vujudga keldi. Mazkur tizimning davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan va amalda munosib samara bergan Xalq qabulxonalari negizida barpo etilgani ayniqsa ahamiyatlidir. Chunki shu jamiyatda yashayotgan har bir fuqaro hayoti davomida turli ehtiyojlar bilan davlat idoralariga duch kelishi tabiiy hol. Xalqning davlat idoralari bilan munosabatlarida yengillik yaratish, mushkulini oson qilish esa bugungi kunda davlatimizning asosiy e’tibor markaziga ko‘tarilgan. Davlat xizmatlari ko‘rsatishning yangi, zamonaviy konsepsiyasida fuqarolarning navbat kutib turishlarini keskin kamaytirish, hujjatlarni elektron tarzda yuritish hisobiga qog‘ozbozlikni qisqartirish, turli xil buyruqbozlik va sansolarliklarga chek qo‘yish ko‘zda tutilgan. Eng muhimi, davlat xizmatlari markazlarining ish prinsipi “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” degan tamoyilga asoslangan.Qisqa fursatda respublikamizdagi har bir tuman va shaharda Davlat xizmatlari markazlari tashkil qilindi. Joriy yil boshida ushbu markazlarda aholiga qariyb 30 turdagi xizmatlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, 1 apreldan e’tiboran bunday xizmatlar soni 50 tadan ortdi. Iyun oyidan boshlab esa ular qatoriga yana 30 dan ortiq xizmat turlari qo‘shildi. Bu odamlarning qimmatli vaqtlarini tejash bilan birga, ortiqcha sarf-xarajatlarning oldini olish imkonini ham bermoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |