Buxoro tarixi: Órta asrlarda buxoro
Arablarga qarshi qaratilgan xalq harakatlari
Download 1.6 Mb.
|
BUXORO TARIXI
Arablarga qarshi qaratilgan xalq harakatlari
Buxoro va uning atrofida 750 yilda abbosiylarga va Abu Muslimga qarshi qo‘zg‘olon boshlangan. Qo‘zg‘olonga asli arablardan bo‘lgan Sharik ibn Shayx al-Maxriy boshchilik qilgan. Harakat abbosiylar va ummaviylar o‘rtasidagi kurash natijasi ham edi. Narshaxiy ma’lumotlariga qaraganda, Sharikning tarafdorlari ichida hatto Buxoro amiri Abduljabbor ibn Shayb va Xorazm amiri Abdulmalik ibn Xuzayl kabi nufuzli kishilar ham bor edi, lekin bu ikki amir qo‘zg‘olonga rahbarlik rolini o‘ynamagan. Oradan ko‘p o‘tmay, 770-780-yillarda Movarounnahrda “oq kiyimliklar” ko‘zg‘oloni deb nom olgan Muqanna boshchiligidagi harakat keng yoyiladi. Harakatga Muqanna (Niqobdor) laqabi bilan mashhur bo‘lgan marvlik hunarmand Hoshim ibn Hakim rahbarlik qiladi. U Mazdak g‘oyalariga (ijtimoiy tenglikni, xususan er-zamin, boylik-zar, hokimiyat-zo‘r, ayollar-zanni teng ravishda taksimlash) asoslangan ijtimoiy tenglik va erkin hayotga da’vat etuvchi ta’limotni targ‘ib etib, paygambarlikni da’vo qilgani va Xuroson noibining xalifaga qarshi isyonida qatnashgani uchun xalifa Mansur tomonidan zindonga tashlangan edi. Zindondan qochib, 769-yil yana Marvga qaytib keladi va atrofiga tarafdorlarini to‘plab, arablar zulmiga va xukmronligiga karshi ko‘zg‘alishga da’vat qiladi va Movarounnahrning barcha viloyatlariga tashviqotchilarini yuboradi2 Ushbu harakat tarixda “oq-kiyimlilar”qo‘zg‘oloni nomini bilan mashhur. Samarkand, Kesh, Buxoro va Narshax shaharlari qo‘zg‘olonchilar markaziga aylanadi. Narshax qo‘rg‘oni (hozirgi Vobkent tumani markazi yaqinida) qo‘zg‘olon markazlaridan biri bo‘ldi. Umuman, Buxoro shahri atrofi harakatning eng yirik markazlaridan biri edi. Bu erda harakatni islom dinidan qaytgan buxorxudot Buniyot ibn Tug‘shodaning o‘zi qo‘llabquvvatlardi. U arablar hokimiyatini juda yomon ko‘rgan va Buxoro erini hamda uning mustaqilligini qayta tiklash uchun qo‘zg‘olonda ishtirok etadi. Muqannaning Buxoro shahri atrofida juda tez muvaffaqiyat qozonishi buxoroliklarni juda tashvishga soladi. Shaharning musulmon doiralari Muqannaga qarshi darhol qat’iy kurash olib borish bilangina o‘zimizni qutqara olamiz, deb o‘ylaganlar, chunki Buxoroning o‘zidayoq Muqannani qo‘llashga tayyor turgan guruhlar ham bor edi. Bular ichida Muqannaning qizg‘in tarafdori bo‘lgan Hakim ibn Ahmad degan kishini ko‘rsatib o‘tish lozim. Narshaxiy uning uch yordamchisining ismini keltiradi. Ulardan ikkitasi - Xashariy yoki Hishriy va Bohiy, aftidan, Buxoro atrofida joylashgan Fuzaiy keshkidan chiqqan bo‘lib, Hakim ibn Ahmadda sarxang (ya’ni kichikroq qo‘shin lashkarboshisi) bo‘lib xizmat qilishgan. Uchinchi sarxangning nomi Girdak edi. U g‘ijduvonlik bo‘lgan. Ismlariga qaraganda, ularning uchchovi ham so‘g‘dli bo‘lganlar. Chamasi ular arab ismlaridan namoyishkorona voz kechib, o‘zlarini so‘g‘d ismlari bilan ataganlar. Narshaxiy ularning, shubhasiz qobiliyatli bo‘lganliklarini inkor qilmaydi, lekin o‘zi Muqanna harakatining dushmani bo‘lgani uchun ularni ayyorlar, deb ataydi. Ular Narshax qo‘rg‘onini mustahkamlab, Buxoroga hujum qiladilar. Bu vaqtda Buxoro amiri bo‘lgan Husayn ibn Maoz halifa Maxdiy tomonidan maxsus yuborilgan Jabroil ibn Yahyoni yordamga chaqirdi. Buxoro amiri buyrug‘i bilan musulmonlar 776-yil aprelida katta qo‘shin bilan Narshax devorlari tagiga keldilar. Buxoro qozisi Amir ibn Imronning taklifi bilan Muqanna tarafdorlarini xato yo‘ldan voz kechib, islom diniga qaytishga undash uchun harakat qilib ko‘rildi. Biroq oq kiyimlilar qattiq turdilar va sharmandalarcha taslim bo‘lish to‘g‘risidagi taklifni eshitgilari ham kelmadi. Yana to‘qnashuvlar boshlandi, to‘rt oycha davom etgan qattiq to‘qnashuvlardan so‘ng Muqanna tarafdorlari engildilar va bu jangda ular faqat o‘lganlar hisobidan 700 kishi yo‘qotdilar. Ular sulh tuzishga majbur bo‘ldilar. Tuzilgan shartnomaga muvofiq, qo‘zg‘olonchilar o‘z qishloqlariga tarqab ketishlari, qonuniy amirlarga bo‘ysunishlari, yo‘llarda musulmonlarni talamasliklari, musulmonlarning uylariga hujum qilmasliklari va qaytadan musulmon bo‘lishlari kerak edi. G‘oliblar esa qo‘zg‘olonchilardan o‘ch olmaslikka va’da berdilar. Shartnomaga Buxoro oqsuyaklari imzo chekdilar. Biroq, musulmon askarlari Buxoroga qaytib kelishga ulgurmaslaridanoq Muqanna tarafdorlari yana qo‘zg‘olon ko‘tardilar. Buxoro atrofi yana qo‘zg‘olonchilar qo‘liga o‘tdi. Download 1.6 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling